I
Fursatni kesadi soat kafgiri,
Tilka-pora qilar visol damlarin.
Go‘yo u Isfahon, Temur shamshiri,
Adolat – vaqtning qoqar changlarin.
Men. Menejment bo‘yicha ingliz mutaxassisi Matt Driver “komanda”da faoliyat yuritish haqida gapirib, shunday bir voqeani hikoya qilib bergan edi: “Jon Kennedining (J.Kennedi Amerikaning sobiq prezidenti – Yo.X.) falon muddatda oyga odam yuborishimiz kerak, degan g‘oyasi oddiy farroshgacha yetib borgan. Undan (farroshdan) nima qilayapsiz, deb so‘rashganida “oyga odam yuboryapmiz”, degan ekan…”
O‘zim. Demak, muayyan bir loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishida “komanda”ning ahamiyati katta, shundaymi?
Men. Nafaqat turli loyihalar. Umuman, hayotning o‘zi “komanda”lardan iborat. Deylik, oiladagi er-xotin, bolalar yakdil bo‘lgandagina xonadon turmushi yaxshi kechadi. Bunday oila hayotda ko‘p narsalarga erishishi mumkin. Yoki bo‘lmasa, ishlab chiqarish jamoalaridan tortib, davlatlarni boshqarishgacha “komanda”lardan iborat. Hamma gap ularning qanday ishlashida. Agar yuqoridagi rivoyatda aytilganidek, prezidentdan to farroshgacha bitta g‘oya atrofida birlashsa, chakki bo‘lmasa kerak. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyoti ham bir jihatdan ana shunday “komanda” bo‘lib harakat qilishning natijasi desak, mubolag‘a emas. Tarixda ma’lum maqsadlar yo‘lida birlashgan, ammo dastlabki chorrahadayoq yo‘llari, ko‘ngillari ayro tushgan katta miqyosdagi “komanda”lar ko‘p bo‘lgan… Ayni paytda, muayyan bir “komanda” boshlagan yovuzlik, jaholat yuz yillar mobaynida davom etgani yoki etishi mumkinligi ham tarixdan ma’lum. Masalan, Sho‘rolar tuzumini yuzaga chiqargan kishilar ana shunday “komanda”lar sirasiga kiradi…
O‘zim. Kommunizm g‘oyasi sof g‘oya sifatida (biz istaymizmi-yo‘qmi) insoniyatning ma’lum qatlami orzusi edi. Orzuga esa ayb yo‘q. Men aytmoqchimanki, mazkur g‘oyaga chin dildan ishongan, uni e’tiqod darajasiga ko‘targan odamlar (kommunistlar desangiz ham bo‘ladi) dunyoda ancha-muncha edi. Hatto bu tuzumning fazilatlari xususida jahonga mashhur kishilar ham to‘lqinlanib fikr yuritishgan. Masalan, buyuk yozuvchi Rabindranat Tagor xotiralarida shunday yozadi: “Moskvada bo‘lgan chog‘imda ularning milliy siyosati menda chuqur taassurot qoldirgan edi. Ushbu mamlakatda musulmon va musulmon bo‘lmagan odamlar o‘rtasida ayirmachilik yo‘q: hokimiyat o‘z vazifasini ikkala taraf manfaatlarini himoya qilishda deb biladi”.
Rabindranat Tagorning sho‘ro tuzumi haqidagi bunday e’tirofi Rossiya tarixida “Potyomkin qishloqlari” deb nom qoldirgan hangomani eslatadi. Albatta, bu hangoma tarixchilar, yozuvchilar tomonidan turlicha talqin etiladi. Uni rus yozuvchisi Valentin Pikul o‘zining “Jazman” romanida oshirib-toshirib hikoya qilsa, Chingiz Aytmatov mana bunday yozadi: “Har xil mojarolar bilan tarixda yorqin iz qoldirgan Yekaterina Ikkinchi hukmronlik qilgan davrlarda Ukraina bilan Qrim ham Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan edi. O‘sha o‘lkalarning general-gubernatori lavozimiga qirolichaning jazmani bo‘lmish oliymaqom knyaz Grigoriy Potyomkin tayinlanadi.
Qirolicha Kichik Rossiya aholisining ahvoli bilan tanishish maqsadida 1787 yili safarga chiqadi. U Peterburg bilan Kiyev o‘rtasida yetmish olti stantsiya, o‘ttiz beshta qishloqda to‘xtab o‘tadi. Tushlik qiladi, dam oladi. Son-sanoqsiz mulozimlari bilan oldindan belgilab qo‘yilgan yo‘llardan o‘tayotgan qirolicha safarining ikkinchi kuniyoq boy-badavlat, o‘ynab-kulib hayot kechirayotgan fuqarolarini ko‘rib, bag‘oyat xursand bo‘ladi. Vaholanki, qo‘li ostidagi o‘lkalarni qirolichaga yaxshi ko‘rsatish uchun gubernator kecha-kunduz tinim bilmay… tomoshaxona hozirlaydi: so‘qimga boqilgan hayvonlarni yo‘l chetiga qatorlashtirib qo‘yadi, odamlarni ham to‘tiqushday sayrashga o‘rgatadi”.
Sirasini aytganda, bunday yaltoqlanish – podshohga yaxshi ko‘rinish “kasali” inson tabiatiga xosdir. “Kasal”lik o‘zaro munosabatlardan o‘sib chiqib, siyosat darajasiga ko‘tarilganida xunuk oqibatlarni yuzaga chiqaradi.
Sirdaryoda uzoq yillar rahbarlik lavozimida ishlagan Ashur boboning hikoya qilishicha, 60-yillarning boshida sobiq sho‘ro davlatining o‘sha paytdagi boshlig‘i Nikita Xrushchyov Mirzacho‘lga keladi. Uning tashrifiga bu yerda juda katta tayyorgarlik ko‘riladi… Toshkent, Farg‘ona bog‘larida ochilib turgan atirgullar tagi bilan tuvaklarga solinib, oliymaqom mehmon o‘tishi ko‘zda tutilgan yo‘l chetlariga o‘rnatib chiqiladi… Sho‘ro hukumatining boshlig‘i bunday qarasa, asriy cho‘l o‘rnida guliston barpo etilibdi… Katta rahbar yo‘ldan o‘tib ketgach esa “guliston” tag‘in oddiy cho‘lga aylanishi bilan o‘sha paytda hech kimning ishi bo‘lmagan. Mahalliy rahbarlar faqat maqtovga sazovor bo‘lishni, “mana, ko‘rib qo‘ying, biz nimalarga qodirmiz” deb maqtanish uchun ana shunday ko‘zbo‘yamachiliklarga borishgan… Albatta, o‘sha paytlarda ham Mirzacho‘lning o‘zlashtirilgan joylarida gullar o‘sgan, ekinlar hosil bergan, daraxtlar meva tukkan. Lekin bunday yakkam-dukkam, g‘arib manzara mahalliy rahbarlarni qoniqtirmagan. Ular o‘zlarining kattalariga “Potyomkin qishloqlari” kabi gullab-yashnayotgan Mirzacho‘lni, “Lolazor”ni (M.M.Do‘st asari) ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan.
Men. Sen aytayotgan voqealar tasodifan tarix sahnasiga chiqib qolgan sovetlarning xurmacha qiliqlaridan biri, xolos. Bugungi yoshlar sobiq SSSRning qanday paydo bo‘lgani, bu tuzumning “arxitektorlari” kimlar ekani haqida kam bilishadi yoki umuman bilishmaydi. Mening nazarimda, ular haqida hadeb gapiraverish, eslataverish o‘rinli emas. Har zamonning o‘z dovrug‘i, o‘zining gapi bo‘ladi…
O‘zim. Yo‘q, biroz adashding, chog‘i. Tarix xato qilmaydi. Unda tasodiflar bo‘lmaydi. Shu jumladan, sovetlarning tarix sahnasiga kelishi ham tasodif emas. Qadimgi Rim imperatori Tiberiy o‘zining bo‘lajak vorisi butun dunyoga musibat keltirishini bashorat qilgani kabi, kommunistlarning otalari Karl Marks va Fridrix Engels ham “Evropada bir sharpa kezib yuribdi, bu kommunizm sharpasi”, inqilob bu safar Sharqdan boshlanadi, deya bashorat qilishgan. Agar bu “sharpa” rostdan ham o‘zi “kezgan” Yevropada qolib ketganida edi, balki tarix butunlay boshqa tomonga “g‘ildiragan” bo‘lardi. Tarix taqozosi bilan o‘sha “sharpa” Rossiyaga ko‘chdi. Chunki bu “sharpa”ning voqelikka aylanishi uchun zarur bo‘lgan kerakli shart-sharoit, boya aytganimizday, “komanda” Yevropada emas, aynan Rossiyada mavjud edi. Jumladan, mehnatkash xalqning pomeshchiklar tomonidan qattiq ekspluatatsiya qilinishi, iqtisodiy va ijtimoiy qoloqlik ana shu shart-sharoitga asos bo‘lgan edi. Jumladan, 1861 yilda krepostnoylik huquqining bekor qilinishi va Rossiyada kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishi va albatta, Birinchi jahon urushi oqibatlari Rossiyadagi inqilobiy vaziyatni yuzaga chiqarib qo‘ya qoldi. Oxir-oqibat Yevropada kezib yurgan “sharpa” Rossiyada hayqirdi, chaqiriqqa aylandi. XIX asrning 60–70-yillarida Rossiyada har yili 800 tadan g‘alayon yuz bergan. Men senga aytsam, hatto 1916 yildagi Turkiston qo‘zg‘olonlari ham Rossiyada burjua revolyutsiyasining, keyin esa ishchi-dehqon inqilobi yuz berishiga xizmat qilgan.
Men. Biz “komanda”lar haqida suhbat qilayotgan edik. Radiodan bir xabar eshitdim: Dushanbe shahridagi V.I.Lenin nomi bilan yuritiladigan markaziy xiyobondan dohiy haykali olib tashlanibdi. Haykalni olib tashlash marosimida yoshlar ham ishtirok etgan. Radio muxbiri yoshlarga mikrofon tutib “Lenin kim edi?” deb so‘raganida ko‘pchiligi uning kim ekani haqida bilmasliklari ma’lum bo‘lgan. Ulardan biri esa Lenin shoir, ko‘plab she’rlar yozgan deb javob bergan… Holbuki, Lenin va uning revolyutsion “komanda”si jahonning oltidan bir bo‘lagida yetmish yildan ortiq hukmronlik qildi… Agar tarixni bir odam sifatida tasavvur etsak, o‘sha inson o‘z burnini sassiq deb kesib tashlaydimi?..
O‘zim. O‘sha “sassiq burunli” odamning yaxshi fazilatlari ham bor edi, demoqchisan-da?! Yaqinda Rossiya gazetalaridan biri sobiq SSSRning yaxshi va yomon jihatlarini “taroziga” solib ko‘rdi. Mazkur taroziga ko‘ra, SSSRning 7 moddadan iborat yaxshi (gazetaga ko‘ra, ijobiy) va 7 moddadan iborat yomon (salbiy) jihati bo‘lgan. Jumladan, 1921 yilning 30 dekabrida tashkil etilgan Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi o‘sha choqqacha hech qayerda mavjud bo‘lmagan printsiplar: o‘z ixtiyori bilan tarkibidan chiqish huquqiga ega bo‘lgan mustaqil respublikalar federatsiyasi asosida tuzilgan. Ikkinchidan, sanoat ishlab chiqarishining qat’iy hajmi bo‘yicha SSSR 1937 yilga kelib AQShdan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib olgan (Chor Rossiyasi 5-o‘rinda edi). Uchinchidan, elektrlashtirishning misli ko‘rilmagan loyihasi mamlakatni sanoatlashtirishning lokomotivi bo‘lib xizmat qilgan, o‘n yil ichida 30 ta issiqlik va gidroelektr stantsiyalari barpo etilgan. To‘rtinchidan, shimoliy dengiz yo‘lini o‘zlashtirish Kol yarim orolidan Chukotkagacha bo‘lgan mamlakatning butun Arktika hududlarini birlashtirgan. Beshinchidan, Yerning birinchi sun’iy yo‘ldoshi, insonning ilk marta koinotga parvoz qilishi, u joyda orbital stantsiyalarning barpo etilishi kabi qator dasturlari amalga oshirilgan. Oltinchidan, 1959 yilga kelib SSSRda savodsizlik to‘laligicha tugatilgan (XX asr boshida aholining yarmi yozish-o‘qishni bilmas edi). Yettinchidan, “eng katta va qudratli” vatandan faxrlanish tuyg‘usi davlat tomonidan keng targ‘ib etilgan. Sezib turibman, tarozining “yaxshi” pallasi seni qoniqtirmayapti. Mana shunday “yaxshi” va “yomon” jihatlar bor edi: axir, SSSR (jumladan, chor Rossiyasi ham) bo‘lmaganda edi, biz hali-hanuz eshak minib, salla-chopon bilan yuraverarmidik… Yon qo‘shnimiz Afg‘oniston bunga misol… Bu sen va senga o‘xshaganlarning eng katta himoya devorlaring.
To‘g‘ri, ruslar kelib qora chopon o‘rniga kostyum-shim, palto kiyishga, boshimizga shlyapa, kepka, shapka (yana nima balolar) kiyishga o‘rgatishdi. Bulargina emas, ichkilikka, kashandalikka, fohishalik va fohishabozlikka o‘rgandik. Lekin ana shu sen aytgan tsivilizatsiya “ehrom”lari o‘zingni birov eshak qilib minib olgan chog‘da bir chaqachalik qadri qolmaydi.
O‘zim. Hozir, bugunga kelib shunday deb o‘ylayapsan. Ammo o‘sha zamonda ruslarning kiyimiga birinchi bo‘lib senga o‘xshagan “ziyolilar” o‘ranishganini hamma biladi… Men senga aytsam, xonliklarni agar rus bo‘lmasa, boshqa birov – inglizmi, frantsuzmi, albatta, bosib olgan bo‘lar edi… Inson tabiatan xudbin bo‘ladi. Aytaylik, juda ham chekkim kelib turibdi. Ammo kulini tashlash uchun kuldon yo‘q. Stol ustidagi kuldonlikka yaraydigan birdan-bir narsa nariroqda turgan likopcha. Ammo likopchada po‘sti archilib, kesib qo‘yilgan olma bor. Mening hozir olma yegim yo‘q… Lekin chekkim kelyapti. Chekish uchun esa kuldon zarur… Mening chekishga bo‘lgan ehtiyojim olmaga bo‘lgan ehtiyojimdan ustun keladi va men olmani yeya boshlayman. Chekishga bo‘lgan ehtiyojimni qondirish uchun. Aslida Rossiyaning O‘rta Osiyoni bosib olishi ham o‘z qudrati bilan Angliyani qo‘rqitib qo‘yish ehtiyojidan boshlangan edi.
Davlatlararo munosabatlar qarshisida men keltirgan misol, albatta, o‘ta jo‘n. Ammo, nachora, bu dunyoga chuqurroq nazar bilan qarab ko‘rmoqchi bo‘lsang, hamma narsaning azaldan jo‘n, arzimas ekanini sezib qolasan. Faqat tug‘ilish va o‘limgina boqiy. Chunki bu ikki qonuniyat ilohiydir. Boshqa hamma narsa inson irodasiga bog‘liq, demakki, dunyoviy hissiyotlar, munosabatlar zaruriyatidan yuzaga keladi.
Men. Sen men o‘ylagandan chuqurroq ko‘rinasan yoki shunday ko‘ringing kelyapti…
O‘zim. Yo‘q, men gapning sirasini aytyapman, xolos. Sen bilan men sovet mustamlakasi ostida ko‘p yashadik. Hatto, aytish mumkinki, umrimizning katta qismi ana shu sho‘rolar davrida kechdi. Bugun “demokratik jarayon” deb aytayotganimiz yo‘lning asosiy arxitektorlari, quruvchi va muhandislari ham ana shu davr mutaxassislaridir. Shunday ekan, vaqt – ulug‘ hakam, degan aqida bizning asosiy qurolimiz bo‘lmog‘i lozim. Shu mazmunda nemis shoiri Erix Fridning “Kim bizni hamma narsadan ayirmoqchi” degan bir she’ri “komanda” haqida yorqinroq taassurot qoldiradi:
Kimdir fikrimizdan ayirmoqchi.
Bunga uning
Dasturin o‘qib, iyak qoqmoq
Etarlidir.
Kimdir tuyg‘umizdan ayirmoqchi.
Bunga uning
She’rlarini misol qilib,
Etar iqtibos olish.
Kimdir ayirmoqchi
Urush va Tinchlikni
Tanlash huquqimizdan…
Biz-chi, tanlaymiz o‘shani yana…
Zotan, bordir
Yukinishga arzir
o‘nlab boshqa nom…
Ammo ular
Ayiradi
hayotimizdan…
O‘zim. O‘zbek buni “Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozu”, deydi. Yanayam batafsilroq aytadigan bo‘lsak, balki, O‘rta Osiyoni ruslar emas, inglizlar bosib olganda hayot qanday kechar edi, degan masala bir paytlar ko‘pchilikning boshini qotirgan bo‘lsa, ehtimol. Ammo tarix g‘ildiragi O‘rta Osiyoga inglizlarni emas, ruslarni olib keldi. Bugun o‘rtaosiyoliklar chorizm davrida yaxshi yashaganmidi yoki sovet davrida yaxshi hayot kechirishganmi, degan masala o‘rinli emas. Bugun Valter Skott o‘zining tarixiy romanlarida kelgan xulosani qaytarish o‘rinli: tarixning bir davrida odamlar qanday – yaxshi ham, yomon ham yashamaganidek, boshqa bir davrda ham inson hayoti birday kechmaydi. Shu bois, o‘tmish kelajak uchun har doim ham namuna emas, balki saboq bo‘lishi kerak…
II
Men. Dostoyevskiyda bo‘lsa kerak, shunday sahna bor. Oltin buzoqqa butun dunyo bo‘ylab ruju qo‘yish o‘smirning shundoq ham beshafqat ongiga singib boradi. Hokimiyat aldovi, jamiyat tomonidan ko‘ngilli ravishda oyoq ostiga tashlangan pul to‘la qop bilan uning tasavvurini zaharlaydilar. O‘zini aynan iste’dodsiz, o‘rtamiyona odam sifatida tasavvur etish va dunyo ustidan kulish unga o‘ta yoqadi: “Ey, siz Galileylar va Koperniklar, Buyuk Karllar va Napoleonlar, Pushkinu Shekspirlar, siz feldmarshalu gofmarshallar, mana men – talantsizlik va qonunsizlikning naqd o‘zi – har holda men sizlardan yuqoridaman. Zotan, buni o‘zlaringiz istadingiz”.
O‘zim. Nachora, bu haqiqat. Odamzod nima qilsa, o‘ziga qiladi va o‘zi qiladi. Fan-texnika taraqqiy etgan XX asrda yuz bergan va XXI asrda yuz berayotgan ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar, urushlar, qatag‘onlar… Umuman, tarixga razm solsangiz bunday ketma-ket urushlar, qatag‘onlar xalqni jismonan va ma’nan halok qilib borganini ko‘rasiz. Axir, ularning barchasi inson qo‘li va aqli bilan amalga oshiriladi. Inson fikri bilan boshqariladi. Bu o‘sha barchamizning ustimizga chiqib olib: “…buni o‘zlaringiz istadingiz”, degan olomonning ishi… Mana shunday sharoitda xalqning eng katta yutug‘i – yashashda davom etishi. Hayot uchun olib borgan mardonavor kurashi. Xalqning o‘lmasligi ham shunda.
Men. Sobiq SSSR ham XX asrning mudhish bir hodisasi edi. Uni “o‘zimiz istaganmiz”. Kishilik jamiyati yaratgan qonunlar hatto ashaddiy o‘g‘rini ham tan olgan: “qonundagi o‘g‘ri”, degan iborani eslang. Bolsheviklar (kommunistlar deb o‘qing – Yo.H.) o‘zlarining dastlabki qadamlaridanoq g‘ayriqonuniy ish yuritishdi. Rossiya tarixidan ma’lumki, 1918 yil boshida Muvaqqat hukumat hali yashab turgan davrida Umumrossiya ta’sis majlisi ochiladi. Ushbu majlisda ishtirok etish uchun saylangan 715 deputatdan bor-yo‘g‘i 183 nafarigina bolsheviklar edi. Tanaffus paytida bolsheviklar va sovetlar masalasida ularni qo‘llab-quvvatlayotgan eserlar bilan maslahatlashib olish uchun chiqib, zalga qaytishmagan. Majlisni olib borgan eser Viktor Chernov Ishchi va soldat deputatlari sovetining II s’ezdi dekretlarini ko‘pchiliksiz bekor qildi. Ammo kech bo‘lgandi. Petrograddagi vaziyatni kuzatib turgan xalq komissarlari kengashi Ta’sis majlisini tarqatib yubordi. Tarixchi olim Albert Nenarokov fikricha, “Bolsheviklar Ta’sis majlisini sovet hukumatining dekretlarini qabul qilmagani uchun emas, balki Ta’sis majlisi sovetlarni hokimiyat shakli sifatida qabul qilishni istamagani uchun tarqatib yuborgan, ya’ni Rossiyada hokimiyat shaklini Ta’sis majlisining o‘zi e’lon qilishi lozim edi. Aslida, Ta’sis majlisining tarqatib yuborilishi fevral inqilobi g‘alabalariga butunlay chek qo‘ygan yana bir (oktyabr revolyutsiyasidan keyingi) to‘ntarish edi”.
Mana shu dalillar ham ko‘rsatib turibdiki, Sovet hokimiyati xalqning inon-ixtiyoridan chetda, demakki, g‘ayriqonuniy bo‘lgan. Zotan, Rossiya tarixida qadimdan shunday bir taomil mavjud ediki, unga ko‘ra, mamlakat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan damlarda umumxalq yig‘ini chaqirilgan. Bunday yig‘in XVII asrda “vakillar yig‘ini” deb atalgan bo‘lsa, 1918 yildagi yig‘in “Ta’sis majlisi” deb ataldi. 1613 yildagi “Vakillar yig‘ini” alg‘ov-dalg‘ov zamonlarga chek qo‘ydi, 1918 yildagi “Ta’sis majlisi” esa bor-yo‘g‘i bir kun yashadi va mamlakatni fuqarolar urushiga olib keldi. Buning asosiy sababchisi bolsheviklar – Lenin “komandasi” edi…
O‘zim. Aytishlaricha, umr – vaqt. Vaqt esa o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi lahza. O‘tmish va kelajakni hatto “qo‘l bilan ushlab ko‘rish” mumkin, deyishadi. Ammo “hozir”ni, ya’ni o‘sha lahzani na ko‘rib bo‘ladi va na ushlab…
Men. Britaniyalik yozuvchi Robert Luis Stivenson esa inson uchun ikkita yo‘l: pok vijdonli yoki o‘g‘ri bo‘lish buyurilgan, deydi. O‘rta yo‘l yo‘q…
O‘zim. Aytmoqchisanki, sho‘rolar o‘zlarini qanchalik oliyjanob, xalqparvar qilib ko‘rsatishga urinmasin, ular insoniyatga “buyurilgan” ikkinchi yo‘lning odamlari…
Men. Yo‘q! O‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi “bir lahzalik” vaqtda qancha noxush hodisalar ro‘y berganidek, qandayin razil ishlar amalga oshirilishi mumkin bo‘lganidek, necha yuzlab o‘sha sen aytgan “ikkinchi yo‘l”ga buyurilgan odamlar tug‘ilgani kabi shu darajada yoqimli ishlar yuz ko‘rsatadi, necha yuz millionlab “birinchi yo‘l”ga buyurilgan insonlar dunyoga keladi… Agar ta’bir joiz bo‘lsa, dunyoning posangisini faylasuflar “ushlab, ko‘rib bo‘lmaydi”, degan ana shu vaqt – lahza to‘g‘rilab turadi. Shunday ekan, sho‘rolarni, ya’ni kommunistik tutumni tanlagan kishilarning hammasini ham diyonatsiz, o‘g‘ri deb atash borib turgan johillik, dunyobexabarlikdan boshqa narsa emas. Boshqacha aytganda, “kommunizm sharpasi”ni o‘ylab topganlar bor, bu “sharpa” bilan ommani qo‘rqitganlar bor, ushbu “sharpa”ga chin dildan ishonganlar bor. Aslida, “kommunizm sharpasi”ga sidqidildan ishonganlar uni o‘ylab topgan, u bilan qo‘rqitganlardan million-million chandon ko‘proq edi…
Xalqda “o‘n ishchiga – bir boshchi”, degan gap bor. Bunday iboralar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Zotan, insoniyat yaralibdiki, nainki o‘n ishchiga, balki yuz ming, millionlab odamga bir boshchi bo‘lib kelgan. Inson tabiatining o‘zi shunday: yetaklash, yetaklanish, boshqarish va boshqarilish tuyg‘usi unda yaratilganidan mavjud. Hamma gap uni qanday boshqarishda. Bu haqda ko‘plab qadimgi va hozirgi zamon mutafakkirlari bosh qotirgan bo‘lsa-da, ammo, ne tongki, mutafakkirlarning yo‘l-yo‘riqlari bir chetda qolib, har qachon ham uloqni olg‘irlar ilib ketaverishgan. Aytaylik, qadimgi Xitoy mutafakkiri Konfutsiy (miloddan avvalgi 551–479) ta’limotining markazida davlat va jamiyatni urf-odatlar, zarur xulq-atvorlar orqali boshqarish turadi. “Agar xalq faqat qonunlar vositasida boshqarilib, jazolar yordamida tartib saqlanadigan bo‘lsa, – deb ta’lim beradi mutafakkir, – xalq jazodan qochadigan bo‘ladi, axloq-odobni pisand etmay qo‘yadi…” Yoki Qur’oni karim – Ollohning so‘zi, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislari ibodat, odob-axloq, pand-nasihat, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq orqali insoniyatni yagona Ollohga itoat etishga qaratilmaganmi?!
Ammo, hayot ko‘rsatdiki, insoniyatning bir qismi Ollohga emas, o‘zlari istagan loydan yasalgan “tangrilari” – Lenin, Stalin, Gitler va boshqalarga sig‘inishdi. Va albatta, bu topinishlar beiz ketmadi. Loydan yasalgan “tangrilar” nafaqat o‘zlarini, ayni paytda o‘z izlaridan borgan millionlab kishilarni ham xarob qildi.
III
O‘zim. Bir narsani – suhbat mavzusini aniqlab olsak, deyman. Bu ketishda hamma narsa haqida gapiramiz-u, ammo hech narsani tushunmaslik mumkin.
Men. Mavzu – umr, vaqt, dunyoning evrilishlari haqida ekanini shu damgacha tushunib yetmadingmi?
O‘zim. Har holda tushungandayman, biroq uni yana ham chegaralab olsak, o‘qigan odamda tiniq bir tasavvur paydo qilish uchun biron-bir taqdirning kechmishlari asosida fikr yuritsak, qanday bo‘larkan? Olaylik, o‘zimizning taqdirimiz…
Men. Gapingda jon bor. Ammo sen bilan mening taqdirimda o‘quvchini qiziqtiradigan favqulodda hodisalar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, sen bilan mening taqdirim – millionlarning taqdiri. Bizning zamonamizda millionlar shunday – shovqin-suronli kunning o‘tganiga shukr qilib yashamoqda. To‘g‘risi ham shu: qachongacha oyga chiqqanlaru yulduzni benarvon urganlar, amaldorlaru deputatlar, yostiqday ro‘mon va she’riy kitoblarning mualliflari, kinoyulduzlaru qo‘shiqchilar “zamonamiz qahramonlari” bo‘lishadi?! Bizga o‘xshaganning ham bag‘riga shamol tegsin-da… Qani, boshla…
O‘zim. Unda biz – kimmiz? Qayerdan keldigu qayoqqa qarab ketyapmiz?
Men. Biz, avvalo, yakka-yu yagona Parvardigorimizning bandasimiz. Tarixda “turkiy xalqlar” deb nom olgan ulkan daraxtning bir bo‘g‘ini – o‘zbekmiz. Kelgan va borayotgan joyimiz – ikki eshikning orasi. Bir eshikdan kirib, ikkinchisidan chiqamiz… Bir eshik paydoga keltirsa, ikkinchisi fanoga yetkarur…
Nimaiki faoliyat qilsak, qandayki yashasak, ana shu ikki eshik orasida yuz beradi. Gunoh ham, savob ham, taqdiri azal ham ana shu joyda… Bu oraliqni esa hayot deydilar.
IV
Men. Yetti otangni bilasanmi?
O‘zim. Otam mulla Xo‘jamberdi, uning otasi Rizaqul Kichkina…
Men. Keyin-chi?
O‘zim. Eslay olmayapman…
Men. Bilmaysan! Yetti otani ko‘pchiligimiz bilmaymiz. Chunki bizga yetti otani emas, bitta – Lenin “ota”nigina o‘rgatishgan. Hozir ham bu narsaga unchalik e’tibor berilmayapti. Bugungi o‘qituvchilar, maktab dasturlarini tayyorlaydigan mutaxassislarning aksariyati sho‘ro tarbiyasini ko‘rgan yoki o‘sha odamlardan saboq olgan. Vaholanki, odam yetti otasini, qishlog‘ini bilmasdan, anglamasdan turib, boshqa birovni, boshqa yurtlarni tushunib yetmaydi… Biz va bizgacha bo‘lgan bir necha avlod o‘zinikidan ko‘ra boshqa xalqning, ayni paytda, ruslarning tarixini, ruslarning vatanini ko‘proq o‘rgandik. O‘zimizning otalarimiz taqdiri, vatanimiz tarixiga esa qulf solindi yoki buzib ko‘rsatildi. Eng qizig‘i, ana shu afsunlardan, ana shu sehrlardan haligacha qutula olmayapmiz.
O‘zim. Sirasini aytganda, sen haqsan. Ammo har qaysi zamonda ham, jumladan, sho‘ro davrida ham o‘zlikni tanish, aytaylik, o‘sha “etti ota”ni bilishga qiziqqan, o‘z mahallasini – “ota yurt”ini besh barmoqday bilgan odamlar ko‘p bo‘lmasa-da, ammo bo‘lgan. Bunday kishilar o‘ziga to‘q odamlar orasida ko‘proq edi. Kim nima desa desin, quruq qoshiq og‘izni yirtadi, bo‘sh qop tik turmaydi, och qoringa so‘z yoqmaydi, degan maqol-matal va iboralar bekorga aytilmagan. Uyida yegani bir kaft bug‘doyi bo‘lmagan odamning qulog‘iga qachon gap kirgan?! Sho‘ro davrida juda ko‘p ziyolilar, muhandislar o‘zlarini kambag‘aldan chiqqan deb ko‘rsatishgan. Surishtirib ko‘rsangiz, o‘sha “kambag‘al”ning uyida ikkita sigiri, qo‘rasida o‘nta qo‘yi bo‘lgan. Albatta, haqiqatan ham kambag‘aldan chiqqan olim kishilar bo‘lgan. Bu endi faqat Ollohning inoyati-yu oilasida qadimdan tarkib topgan – xoh u islomiy bo‘lsin, xoh dunyoviy bo‘lsin – tarbiyaning mahsuli.
Men. Sen o‘zi bunday almoyi-jalmoyi dalil-dastaklar bilan nima demoqchisan? Kambag‘aldan durust odam chiqmaydi, degan gapni aytyapsan, shekilli?
O‘zim. Aslo. Sen bilan men ham asli kambag‘alning bolasimiz. Men aytmoqchimanki, o‘sha Sho‘ro davrida kambag‘alga kun yo‘q edi. U na yolchitib savod chiqardi va na qorni nonga to‘ydi. Bilimi ham, turmushi ham kemtik bo‘ldi… Mana shunday bir sharoitda vatanini yo‘qotsa ham, ammo o‘zligini yo‘qotmagan odamlar bo‘lgan va ularning iymonlari mustahkam edi. Ular yetti otani ham, o‘z tarixlarini ham yaxshi bilishgan. Ular erkni, o‘zlikni yo‘qotish vatanni yo‘qotishdan ko‘ra og‘irroq bo‘lishini oldindan his qilishgan. Chunki yetti otani, tarixni bilish uchun odam kam deganda uyda, oilada yaxshi tarbiya topgan bo‘lishi kerak. Basharti oilaning eng birinchi tashvishi bir burda non topish bo‘lsa va bu tashvish o‘n yillar mobaynida ham arimasa, bu yaxshilik alomati emas… Senu menga o‘xshab ajdodimizni tanimay o‘taveriladi.
V
O‘zim. Ba’zan bolaligimni eslashga urinaman. Ammo uzuq-yuluq manzaralardan boshqa narsa xotiramga kelmaydi. Masalan, birinchi sinfda bo‘lsam kerak, dars boshlanishidan oxirigacha ham quyosh sinfimizni tark etmasdi. Issiqda mudrab o‘tirar edik. Yoki maktab hovlisidagi turnikka osilib turganim yodimda…
Men. Onamizni eslaysanmi?
O‘zim. Qachon onam haqida o‘ylasam, uning surpataxta ustida o‘tirgani ko‘z oldimda gavdalanadi. Shunday ostona ustida, uyga kiraverishda. Ostonadan o‘tib sandal yonida esa qo‘shnimiz Halimaxon aya o‘tirgan bo‘lardi. Men Halimaxon ayani juda yaxshi ko‘rardim. Buvimning (onamizni buvi derdik) yoniga chiqdi deguncha, hilpirab yuradigan keng ko‘ylagini ko‘tarib ichiga kirib ketardim va boshimni yoqasidan chiqarib olardim. Bola – poshsho, degani shu bo‘lsa kerak-da… Yana buvimning qora g‘ijimdan to‘ni bo‘lardi. Ana shu to‘nini kiyib turgani yodimda. Tag‘in bir lavhada esa buvim meni qo‘limdan yetaklab Jalolobod shahri ko‘chalaridan borayotganda oldimizdan chiqqan jamalak sochlari yuziga tushib turgan bir odamni eslayman. Buvim… buvijonimdan juda ham olislab ketganman, mehriga ham qonmaganman. Yosh bola edim… Uyimizda bitta rasmi bor.
Men. Gap kelganda otangni ayama deganday, bir gap aytsam, xafa bo‘lmaysan. Adashmasam, Farg‘ona viloyatiga hayotingda yana bir necha marotaba borgansan, chog‘i, ana shular haqida so‘zlashsak.
O‘zim. Avvalo, ota-buvalarimning dini islomni mahkam ushlagan odamlar bo‘lgani haqida. Dadam mulla Xo‘jamberdi va uning akalari ham ilmli kishilar bo‘lgan.
Mulla Egamberdi domladan boshlangan qatag‘on uning qarindosh-urug‘, aka-ukalariga ham ta’sir qildi. Bizning dadamiz ana shu “qoch-qoch” yillari oilasi bilan Qo‘qon atrofidagi dasht-qishloqlarga borib qoladi. U joyda rahmatli Mashrab rais degan bir odam sababli (avvalo, Ollohning himoyasida) Qo‘rg‘oncha qishlog‘ining masjidida turadi. Keyinchalik masjid qavmi otamizning ilmli kishi ekanini bilishgach, o‘zlariga imom qilib olishadi va dadamiz bola-chaqalari bilan shu masjidga tutash hujrada yashay boshlaydi. Ular Qo‘rg‘onchada ancha yil istiqomat qilishgan. Hatto bir o‘g‘il-qizlari o‘sha yerda tug‘ilgan, ammo ular go‘daklik paytida nobud bo‘lishgan… Suyunchol, Qo‘rg‘oncha qishloqlaridagi ota qadrdonlarning farzandlari bilan shu kungacha bordi-keldimiz bor.
O‘zim. Sening baxtingga, yaxshi hamki, o‘zim borman… Mayli, hozir gap bundamas. Gap hech bir narsa vaqti-soatsiz amalga oshmasligida. Bu shunchaki hikmat emas, kerak bo‘lsa, bu Yaratganning ishi… Shu bois bunday gaplarga shak keltirib bo‘lmaydi. Imom G‘azzoliyda shunday so‘zlar bor: “Ey inson! Zohiringni tanimoqda bosh, yuz, qo‘l va oyoq va go‘shtdan o‘zgani tanimassan. Botining ahvolidin munchalik bilursenkim, vaqtiki gurusna (och) bo‘lsang, non yersan. Va tashna bo‘lsang, suv icharsen. Vaqtiki, g‘azabing kelsa, bir kishiga izzo berursen. Va shahvat g‘olib kelsa, xotun olursen. Va hama chaxorpo va hayvonlar bu ishlarda sening birla barobardurlar. Bas, senga lozimdurki, haqiqatingni talab qilg‘aysen, o‘z asling ne nimarsadur va na yerdin kelibsen va ne yerga borgungdir? Bu olam manzilgohiga nima ishga kelibsan va seni nima uchun ofarida (yaratilgan) qilibdur? Saodating ne ishdadur?” Agar sen bilan mening hayotimizga Imom G‘azzoliy qo‘ygan ana shu talablar nuqtai nazaridan yondashiladigan bo‘lsa, juda ham g‘amgin tortib qolishimiz shubhasiz. Ko‘p ishlarimiz botinimiz emas, zohirimiz, ya’ni bosh, yuz, qo‘l va oyoq va go‘sht manfaatlari yo‘lida qilinganiga guvoh bo‘lamiz…
Men. Imom G‘azzoliyning talablari o‘ta chuqur. “Dilingni bilsang, o‘zingni tanig‘aysen”, deydi alloma. Ammo bizning o‘z dilimizni tanishimiz uchun qachon sharoit bo‘ldi? Sal kitobiy so‘z qilsam kechirasan (zotan, men aytmoqchi bo‘lgan gap qanchalik kitobiy bo‘lmasin – haqiqat). Sharoitni inson o‘ziga o‘zi yaratishi kerakmasmi?!
O‘zim. Bu gaping agar uyingda hammoming bo‘lmasa, uni qurib, taningni poklashing uchun sharoit yaratishing lozim, deganga o‘xshaydi. Biroq dilni poklash, o‘zlikni tanish uchun juda ko‘p narsalar kerak bo‘ladi. Bir suhbatimizda aytganimizdek, bir qism odamning o‘z dinini asrash uchun muhojir bo‘lishi bilan butun bir olomonni dinsizlikdan qutqarib bo‘larmikan? Ularni qutqarish uchun o‘sha olomonning ichida bo‘lish lozim emasmi?! Olomonning ichida yurish esa o‘lim bilan barobar… Ko‘rib turganingdek, hayot sen bilan biz o‘ylaganimizdan yuz chandon murakkab. Yuz berajak o‘zgarishlar, evrilishlar, munosabatlarda, boya aytganimizdek, Ollohning buyurgan vaqti-soati, shart-sharoiti hal etadi.
Men. Endilikda olimlar tomonidan insonning nafaqat kasalliklari, ayni paytda siyosiy qiziqishlari, to‘g‘ri yo‘ldan adashishlari va boshqa ko‘pgina fazilat hamda qusurlari bilan bog‘liq bo‘lgan genlarning topilgani haqida gapirilyapti…
O‘zim. Yana o‘sha olimlarning o‘zlari bunga javoban, inson hissiyotlari, faolligi va psixologik holati ko‘p jihatdan ana o‘sha “oldindan belgilab qo‘yilgan genlar”ga bog‘liq bo‘lsa-da, ammo uning xulq-atvori va fikrlash tarzining shakllanishi birinchi navbatda tarbiya va shart-sharoit (muhit)ga bog‘liq, deyishmoqda…
Men. Bular hammasi shunchaki gaplar. Ammo G‘azzoliyning o‘n asr naridan turib “o‘zingni tani” degan o‘giti hamon dolzarbligicha qolmoqda. Buning uchun inson kerak bo‘lsa, olomon ichida halok bo‘lsin, ammo, bir zumga bo‘lsa-da, bu dunyodan o‘zini tanigan holda o‘tishini so‘nmas baxt deb bilaman. Buning uchun unga ko‘p narsa kerak emas, o‘z nafsidan ustun tura olsa bo‘ldi… Zotan, inson hayotining barcha muammolari ana shu NAFSdan boshlanadi… Podshohlar nega taxt talashib o‘tishdi? Hatto taxt uchun ota bolani, bola otani ayamadi. Bugun-chi? Arab davlatlarida, jahonning boshqa mintaqalarida taxt uchun bugun kurash ketmayaptimi? Albatta, bu kurashning vositalari endilikda xiyla madaniylashgan. Jumladan, taxtda o‘tirish muddatlari har holda chegaralangan. Ammo mohiyat o‘sha-o‘sha: hokimiyat.
O‘zim. Abdulla Oripov bir suhbatida taxminan shunday mazmunda so‘z aytgandi: dunyoning katta yolg‘onlari oldida bizning kichik yolg‘onlar nima bo‘pti… Ammo, har qanday yolg‘onda bir rost bo‘lgani kabi, biz chopgan poygada ham siyosiy nayranglarning bir parchasini ko‘rish mumkin… Va o‘sha bir parchagina nayrang mohiyatan katta nayranglardan farq qilmasligini ham keyinchalik tushunib yetdik.
Men. Bir narsaga doim hayron bo‘laman: amalda o‘tirgan siyosatchilar bilan gaplashsangiz, ularning aksariyati u yoki bu masalani muhokama etishar ekan, “Yo‘q, hozir bu masalani o‘rtaga qo‘yish uchun xalq tayyor emas”, degan so‘zlarni eshitamiz. Axir bu bechora xalq o‘z taqdirini o‘zi hal qilishi uchun qachon tayyor bo‘ladi? Vaholanki, odatda podshoh bo‘ladimi, zamonaviy siyosatchimi, “Men raiyatni o‘ylayman”, “Biz xalqning farovonligini istaymiz”, deyishgan va bundan keyin ham shunday deyishadi. Boshqacha aytganda, “Hukmlar o‘qilur sening nomingdan”, deganda ulug‘ shoir Abdulla Oripov yuz chandon haq edi. Biz ko‘pincha o‘zimiz taniydigan, shaxsan tanish bo‘lmasa-da, uzoq-yaqinda ko‘rib yurgan odamlar va ularga o‘xshash bir qism kishilarni xalq deb o‘ylaymiz. Masalan, bugun avtomobil salonlarida mashina olish uchun navbat tirband. Xalqimiz “demokratiyaga tayyor emas”, deyilganda ham o‘sha mashinali, dang‘illama hovli-joyli, qo‘lini qayoqqa uzatsa yetadigan o‘sha bir qism “xalq” tushuniladi. Chunki ularga hech qanday demokratiya yo islohot kerak emas… Shaffof parda ortidagi “olomon” esa bu “xalq”qa qarab miyig‘ida kulib turaveradi. Chunki ana shu miyig‘ida kulishdan boshqa ish uning qo‘lidan kelmaydi… Yig‘lamaganiga ham shukr.
O‘zim. Bu dunyoning sen bilan men ko‘ra olmaydigan puchmoqlari ko‘p. Qay bir puchmoqdagi qurt-qumursqa nima bilan oziqlanayotganini sen qaydan bilasan, men qaydan bilardim… Ammo bir narsa aniq – hamma yerda va barcha zamonlarda ham kambag‘al va rostgo‘y odamning hokimiyatdan o‘rin topishi mushkul. Hatto yo‘qsillarning nomini sotib hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklarning namoyandalari ham boshdan-oyoq biri mavqeini yo‘qotgan dvoryan avlodi bo‘lsa, boshqasi kapitalist boy, yana boshqalari esa mug‘ombir tovlamachi, mutaassib korchalonlar bo‘lishgan. Ularning orasida yer chopib dehqonchilik qilganini uchratmaysan…
Men. Bolalikning ertaklari-chi? Sahroda o‘tin terib yurgan do‘lvor yigitning yelkasiga bir qush kelib qo‘ndi… Yigitni bir to‘p kishilar kigizga o‘tqazishib, o‘zlariga podshoh saylashdi. Va hokazo. Nima, bularning barchasi shunchaki ertakmi?..
O‘zim. Yo‘q, sen aytayotganlar shunchaki ertak emas. Ular xalqning orzulari… Xalqning orzulari, demokratiya bilan hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlar haqida Chingiz Aytmatov Aflotun fikrlaridan kelib chiqib shunday degan edi: “…Bugun biz poklanish va uyg‘onish yo‘lini tanladik. Xo‘sh, qayoqqa ketyapmiz, qayerga borishimiz mumkin? Bu narsani aniq bilishimiz lozim. Aflotun bunday deb yozgan edi: “Mutaassiblik qandaydir begona tuzumda emas, aynan demokratiya davrida vujudga keladi: boshqacha aytganda, cheksiz ozodlik oqibatida eng dahshatli, eng shafqatsiz qullik paydo bo‘ladi. Demokratiya pinhoniy kasallikni qo‘zitadi. Menimcha, takasaltang va isrofgarchilikka moyil ayrim toifadagi kishilarning paydo bo‘lishi kasallikning ilk nishonasidir. Ilgari biz ulardan pilik o‘rnida foydalanardik. Endi achimsiq tutun burqsitib yotgan o‘sha “piliklar” nutq so‘zlaydilar, faoliyat ko‘rsatadilar. Boshqalar esa minbarga yaqinroq joyga surilib o‘tirmoqchi bo‘ladilar, ming‘irlaydilar va boshqacha fikr bildirmoqchi bo‘lgan odamga yo‘l bermaydilar. Oxir-oqibat bo‘htonchilar tomonidan aldanganini payqab qolgan xalq yovuzlashib ketgani uchun emas, ko‘r-ko‘rona ravishda ularni o‘ldirmoqqa shaylanadi-yu, “piliklar” haqiqatan davlat tarafdori bo‘lib oladilar… Demak, shundan ham ko‘rinib turibdiki, agar mutaassib paydo bo‘lsa, u aynan mana shu zamindan o‘sib chiqadi, ya’ni u xalqning gumashtasi bo‘ladi… Favqulodda itoatgo‘y olomon o‘z qo‘lida ekanini bilgan mutaassib qabiladoshlarining qonini to‘kishdan o‘zini tiya oladimi? Aksincha, adolatsiz ayblar bilan odamlarni sud qiladi va birovning jonini olib, o‘zini murdor qilib qo‘yadi. Odamlarni quvg‘in qilib, dahshatli usulda qatl etishga hukm chiqarib, ayni chog‘da qarzlarni bekor qilish va yerni qayta taqsimlash to‘g‘risida shirin va’dalar beradi. Uning birinchi vazifasi – fuqaroni doimo qandaydir urushga jalb etib turishdan iborat bo‘ladi. Shunday qilsa, xalq bitta yo‘lboshchiga muhtojlik sezadi. Agar kimdir mustaqil fikr bildirganini yoki hokimiyatdan norozi ekanini payqab qolsa, unday kishini dushmanga sotildi, degan bahonada darhol yo‘qotadi. Mutaassib ularni mahv etishi lozim. Oxirida qo‘lidan biror ish keladigan do‘stlaridan ham, dushmanlaridan ham hech kim tirik qolmaydi. U ich-ichidan yomon ko‘radigan razil olomon bilan og‘iz-burun o‘pishib yashashga yoki hayot bilan vidolashishga mahkum etilgan. Zevs nomi bilan qasam ichib aytamanki, xalq baribir qanday mahluqni dunyoga keltirganini, uni opichlab voyaga yetkazganini anglab yetadi”. Tan olmoq lozim, bunday ogohlantirish ortiqchalik qilmaydi.
Men. Ming yillar avval aytilgan bu ogohlantirishga insoniyat tamadduni qay darajada e’tibor berdi? Aflotun kabi donishmandlarning eskartmalaridan dunyoni tebratgan hukmdorlar qanday xulosalar chiqardi?
O‘zim. Shunday bir mulohazani o‘qiganim bor: “Jamiyat to‘lqinga o‘xshaydi. To‘lqin sohilga qarab chopadi”, ammo to‘lqinni yaratgan suv joyidan qimirlamaydi… Boshqacha aytganda, Aflotun aytgan mutaassib hukmdor – suv yuzasidagi to‘lqin. To‘lqin esa qanchalik sarrin epkinlarni taratmasin, baribir to‘lqin – buzg‘unchi: sohilni yemiradi, kemalarni pachaqlaydi, yutadi… Xalq esa dengiz tubida sokin oqayotgan suv zarralari kabi jimgina o‘z tirikchiligi, o‘zining tashvish-quvonchlari bilan andarmon bo‘lib hayot kechiraveradi.
Men. Aytmoqchisanki, Aflotun (va yana yuzlab aflotunlar)ning ogohlantirishlari hukmdorlar uchun shunchaki bir soniyadan so‘ng yoddan ko‘tariluvchi nasihatdan boshqa narsa emas…
O‘zim. Har qanday hokimiyat nasihatni singdirolmaydi… Tanqidni esa ko‘tarolmaydi. Bu borada qiziq bir misolni keltiraman. Ma’lumki, Abdulla Qodiriyning 1926 yil boshlarida “Mushtum” jurnalida “Yig‘indi gaplar” nomli hajviy maqolasi chop etiladi. Maqola uchun Abdulla Qodiriy qamaladi. Sud paytida yozuvchi ushbu maqolaning uslubi, unda aytilgan kulgili holatlar, umuman, o‘zbekning kulgisi va uning ta’siri xususida izohnoma yozib ma’ruza qiladi. Abdulla Qodiriy ana shu sudda so‘zlagan nutqida kulgi, qiziqchilik haqida gapirib bir misol keltiradi: “…Misol uchun eski zamon kulgiligini bu kungi muzhika bilan tenglashtirib qaraylik: masalan, xon zamonlarida xonga yoki shuning kabi katta mansablik bekka hazil to‘qish mumkin emas, ammo quyi mansablik qozi, o‘nboshi, cho‘g‘al va shular singari kichik ma’murlarga muqallid va mutoyiba qilish mumkin edi. Bunga misol uchun tarixdan izlansak ko‘ramiz: o‘tkan asrning 80-yillarida Afg‘onistondagi taxt janjallari va ichki ig‘tishoshdan qochib, amir Abdulrahmonxon Turkistonga sig‘inadir. Munda bir necha vaqt qolub, toshkentlik Kalparash ismlik o‘z zamonasida mashhur bir qiziq bilan tanishib qoladir va uning haziliga, taqlidiga maftun bo‘ladi. Abdulrahmonxon bir necha zamondan keyin Afg‘oniston taxtiga o‘tirib, toshkentlik boyagi Kalparashni o‘z yoniga chaqiradilar. Kalparash ijobat etib Qobilga borgach, xon vositasi bilan undagi mansabdor va ayon bilan tanishadir. Xonning ishorati bilan anjumani oliylarda ayonga hazil to‘qib, ularga muqallid bo‘la boshlaydilar. Xon bilan bo‘lgan bir majlisda xonning ruxsati ila Kalparash oldin beklarga birma-bir hazil va taqlid qilib chiqqan. Kayfi kelib xursand bo‘lgan xon: “Menga ham muqallid bo‘l, hazil to‘qi!” deb Kalparashga buyuradir. Kalparash buyruq bo‘lg‘andan so‘ngra xonning o‘ziga muqallid bo‘ladi: xon kabi taxtda o‘ltirib, chilim so‘raydir. Poyasi chilimni yaxshi tayyorlamagani uchun g‘azablanib, uni o‘n darra urishga buyuradir. Bu taqlidni Kalparash shunday ado qiladirkim, ko‘rguchilar xuddi xonning o‘zini ayni holatda ko‘radirlar. Ammo xon o‘zining qilig‘idan orlanadir va shu holatda Kalparashni jallodga topshirib, o‘ldirtiradi. Bu misoldan muddao shundakim, – deb davom etadi A.Qodiriy, – bu kungi muzhika o‘zining eski siqiq doirasidan chiqqandek, bu kun ishchi-dehqon boshliqlari ham ularning, ya’ni ishchi-dehqonlarning o‘z oralaridan chiqqan o‘z og‘alaridirlar. Hozirgi kulgilik ham qanot-quyruqlanib, bu kungi bir Kalparash mazkur o‘z hukumatining arbobidan bir og‘iz… hazil va mutoyiba to‘qiy oladir, deb bilaman”.
Men. Sen keltirgan ko‘chirmadan bir nechta ma’nolarni uqqandayman. Avvalo, xalqning “Podshohlik bir shamki, ushbu shamga yaqin kelgan parvona kuyib kul bo‘ladi”, degan naqli Kalparash qiziqning taqdirida isbotlanadi. Ikkinchidan, garchi Abdulla Qodiriy “…bu kun ishchi-dehqon boshliqlari ham ularning, ya’ni ishchi-dehqonlarning o‘z oralaridan chiqqan o‘z og‘alaridir…” degan gapni ro‘kach qilib tursa ham, bu gapni u vaziyatdan chiqish uchungina aytadi, nazarimda. Aslida, yozuvchi “ishchi-dehqon oralaridan chiqqan boshliqlar” endi “o‘z oralaridan” uzilib ketganini va uning taqdiri ham Kalparashning taqdiriday bo‘lishi hech gap emasligini yaxshi tushungan.
O‘zim. Demak, o‘sha yuqorida aytganimizdek, odatda, hokimiyat ko‘chadan kelgan odamni yoniga yo‘latmaydi… Agarki, taqdir taqozosi bilan shunday bo‘lib qolsa, aytaylik, etikdo‘z hokimiyat tepasiga kelsa, insonlar boshiga “sovet xalqi”ning kunini soladi. Onadan tug‘ilganday toza qolishni istasang, yana bir zamonaviy qiziqchi aytgandek, uyda o‘tirishingga to‘g‘ri keladi.
Men. Soat kafgiri esa to‘xtamaydi.
O‘zim. Olloh buyurgan damgacha…
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 3-son