Xolmuhammad Karimiy. Tosh qoya (hikoya)

To‘l mavsumida besh boyning suruvlari Katmanning dashtiga enib keladi. Biyday kenglik. Adirlarda bahori o‘t juda zo‘r bo‘ladi. Yovvoyi no‘xatlar belga urib ketadi. Toyloq yorildi degan soylarda-ku qoramollar ham o‘tga suzib yuradi. Saraton kirishi bilan adirlar tilla rangga bo‘yaladi, soylarga shamol xasni ko‘rpadek to‘shaydi. Xo‘jaipokning selgasi yoqalab besh-o‘n tom-toshli ovullar har-har joyda ko‘zga chalinadi. Ammo bahorda bu dashtda hayot qaynaydi. Cho‘pon-cho‘liqning davri keladi.
Ayni to‘l olish mavsumi dashtliklar orasida bir mishmish tarqaldi. Bunga birov ishonib-birov ishonmay gap bolalab ketaverdi. Boysun begi tayinlagan Katman oqsoqoli mishmishning tagiga yetish uchun quduq boshiga dashtning gapga yetar odamlarini to‘pladi. Bu mishmish oqibatida ko‘pchilik xavotirga tushgan. Ziqna laqabli Bekmirza boyning to‘ni teskari, katmanlik og‘aynilaridan o‘pkasi qozondek. Soriboy cho‘ponni ko‘rganda esa g‘azabdan ko‘zidan o‘t chaqnadi.
Hamma yig‘ilgach, Soriboy o‘rtaga chiqdi. Oqsoqol unga pand berdi:
– Gaping rost bo‘lsa, isbotlab ber. Tuhmat qilayotgan bo‘lsang jazolanasan.
Soriboy gap boshladi.
– Hayla ko‘rinib turgan tosh qoyaning ustiga chiqib zerikkanim uchun tomosha qilib yotdim. Bir mahal to‘qqiz qoq tarafdan chang ko‘tarildi. Bir suruv qoramol ko‘rindi. Otliq podachini darrov tanidim. Bekmirzaboy podani suvlotdan haydab endirdi. Katmanliklarning suruvi tog‘ o‘rlamda, bir shu boyning podasi dashtda qolgan. Dashtda egasiz haydab qo‘yilgan qancha qoramol o‘z erkicha yuribdi. Bu yerlarga bo‘ri oralamasa, o‘g‘ri yo‘q. Hamma buni biladi. Poda suvlotdan qaytgach, xos kapalab suvlotga kelgan ovulning ikki-uch qoramolidan birini boy otning oldiga solib haydaganini ko‘rib qoldim. Podasiga xalal bermasa, ovulning podasi bilan nima ishi bor ekan degan o‘yda tomosha qilib yotaverdim. Avvaliga podasi yaqiniga haydab bordi. Suvlotdan uzoqlagach, urib yiqitdi. Keyin otidan irg‘ib tushib, xurjun-xaltasidan asbob olib yiqilgan molni teriladi. Menga kaftdagidek ko‘rinib turardi. Qoyaning ustida mening o‘tirganimni boy o‘ylab ham ko‘rmadi. Aslida, qoyaning ustiga qush qo‘nmasa, odam bolasi unga chiqmaydi. Bir maydonda terisini siyirib tashladi. Keyin xurjun-xaltasini otiga bo‘lib-bo‘lib ortdi-da, podasi ortidan ketdi. Shu payt oldimdan bir sharpa lip etib o‘tgandek bo‘ldi. Osmonga qarasam, g‘ojir aylanyapti. Boy o‘z yo‘liga ketgan, qiziqqanimdan mol muchalagan joyga tomon yugurdim. Yetib borganimda allaqachon quzg‘unlar ichak-chavoqlarini, terisini titib so‘zg‘ilayotgan ekan. Mendan hurkkan o‘laksaxo‘rlar serpilib ketdi. Meni hayron qoldirgani terilangan molning gavarasiga tig‘ tegmagan, faqat lahm go‘sht sidirib olingan edi. Ichak-qorni, o‘pka-bovurigacha joyida turibdi. Rosa ajablandim, men qaytishim bilan quzg‘unlar to‘y qilib ketishdi.
O‘sha yillari dashtdagi mollarni quzg‘unlar yeb ketayotganidan katmanchi boylar yurak oldirib qo‘ydi. Ammo ota-bobosidan qolgan joylar. Yana beixtiyor molini haydab yuboraveradi. Dashtdagi molga qorovul qo‘yish hech aqlga sig‘maydigan ish. Bu gapni jon qulog‘i bilan eshitib o‘tirgan katmanliklar Bekmirza ziqnani o‘rtaga chiqardi. U bundan tondi. Soriboy cho‘pon quruq gapdan nariga o‘tolmadi. Oqsoqol dalil keltirishni talab qildi. Ikki o‘rtada mojaro boshlandi. Katmanning boylariga cho‘ponning gapi olovga moy sepgandek bo‘ldi. Boylar jazavaga tushgan, qo‘yib bersa ziqnani tilka-pora qiladi. Oqsoqol hammani bosib turibdi. Har kim kallasiga kelgan gapni sayrab yotibdi. Birov cho‘ponning yonini oladi. Birov boyga tuhmat qilmanglar deydi. G‘ala-g‘ovur kuchaygandan-kuchayib borayotganda Davla gazar o‘rtaga chiqdi. U qirchillagan yigit, haybatidan boy-kambag‘al birdek hayiqadi. Gazar juda g‘ayratli odam. Gap-so‘zlarga qaraganda, piyoda otliq qatori yurarkan. O‘ziyam naq shaytonning o‘zi bo‘lgan, uch otliq quvib borganda Bo‘ri kamarning ustidagi zovdan sakrab o‘tib qochib qutulib ketadi. Shundan keyin gazar laqabini oladi. Abjir va chaqqonligiga marsinib g‘ayrati ichiga sig‘may yurgan davri.
– Ho‘ boybobolar, qaysidir bir cho‘ponbachchaning ertagiga ishonib boyning obro‘yini to‘kmang. Mard bo‘lsa hammaning oldida isbotlasin. Bu sarimashakning ko‘ziga ko‘ringandir, qushnochga o‘zini xoloslatsin. Elni notinch qilib qo‘yib pisib o‘tirgani nimasi? Shu abravda mening qadamim tegmagan joy qolmagan, hamma biladi. Men hech narsani ko‘rmayin-da, bu shalpangquloq ko‘rsin. Molini g‘ojir yegan bo‘lsa, kimdir aybdor bo‘lishi kerakmi? Shu elga qorama-qora yashaganimi Bekmirza boyning aybi? Qoni bir bo‘lmasa ham, suvloti bir, o‘rishi bir. Men bilganim beklikdan boyning muhrlangan qog‘ozi ham bor. Ana, oqsoqol biladi. Elning oqu qorasi bilan ishi yo‘q, xotin-xalajga ola qaramagan bo‘lsa, bu boy ham o‘zimizdek xudoning bir bandasi.
Davla gazarning gapidan g‘ijingan odamlar tarqala boshladi. Oqsoqol hammani to‘xtatib Bekmirza boydan cho‘ponga uzr so‘ratdi. Jazolay desa, janjal boshlanadigan. Yaxshiyam, Davla gazar bor ekan. Shu bilan mishmish ham to‘xtadi.
Hamma o‘z yo‘liga ketdi. Mishmishlar unutildi. Dashtga qor tushdi. Qishli-qirovli kunlar ortidan iliq-iliq kunlar keldi. Katman dashtiga bahoroy poyandozini soldi. Yana hayot qaynadi. To‘l mavsumida boylarning hamyoni to‘lishdi. Kambag‘alning qorni to‘ydi. To‘li tugal tushgan boylar «jurt jovlar» qilib, irqin-tirqin ziyofat berdi. Yomg‘ir toqalagach, o‘tning uchi qaytdi. Kunlar isigandan-isib o‘t-o‘lan qovjiradi, odamlar ko‘ch-ko‘roni bilan toqqa jo‘nadi. Katmanning hovari yana huvillab qoldi. Odatdagidek, toqqa yaramaydigan mol-hol, sog‘in sigirlar xos kapalab dashtda qolaverdi. Davla gazar ham ushoq molini boylarning suruviga qo‘shib haydadi. Manzilga yetib borgunlaricha oradan o‘n-o‘n besh kun o‘tib ketdi. Cho‘ponlar borib joylashgach, yordamlashib borganlarga ruxsat berishdi. Gazar mishiqilarning oyog‘iga qarab o‘tirmay ilgarilab ketdi. Shu yurishda tol tush mahali Usmon daradan chiqib keldi. Shu yerga yetganda qiziqish bilan Soriboy ko‘rsatgan qoyaga o‘rlab bordi. Qoyaga chiqqan gazar Katmanning hovarini kaftdagidek ko‘rib hayratlandi. Shu paytgacha quruqqa halloslab yurgan ekanman. Mendan yuragan odam bo‘lmasa, hamma joyni tepkilab chiqdim deb quruqqa oyoqni charchatganim qolibdi. Qurg‘ur cho‘pon ham qayerga chiqishni bilgan ekan. Shu gaplarni xayolidan o‘tkazib chopon to‘shab yotib oldi. Quyosh jazillab tursa ham, shamol hurillaydi. Bir rohatijon joy ekan. Suvlotdagi qora-qura mollar yaqinginadan ko‘rinadi. Bir mahal Ziqnaning joyuvidan chang ko‘tarildi. Poda ko‘rindi. Hushyor tortib o‘sha yoqqa qarab o‘tirdi. Nihoyat, qirdan otliq oshib keldi. Ziqnani aniq-tiniq tanidi. Biror cho‘ponidir deb rosa sinchiklab qaradi. Yo‘q, aniq o‘zi edi. Ukkag‘ar cho‘ponbachcha tusmollamay ko‘rganini aytgan ekan.
Bekmirza ziqna molini suvlab ortiga qaytardi. O‘zi suvlotda kavush qaytarib turgan bir qora molni qir tomon haydashga tushdi. Gazarning ichiga muz oraladi. Joylashib yotib oldi-da, bor e’tibori bilan kuzata bosh­ladi. Qoyaning ustidagi odamni pastdan ilg‘ash qi­yin. Qoyaning parrak uchqur toshlari ko‘zni chalg‘itadi.
Ziqna suvlotdan uzoqlagach haydab borayotgan molni urib yiqitdi. Otdan sakrab tushib, hash-pash deguncha saranjomlab otiga ortmoqlab podasining ortidan ketdi. Davla gazar ilon avragan quyondek qaltirab o‘tirganida g‘ojirlarga ko‘zi tushdi-yu, oyog‘ini qo‘liga oldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, mishmishdagi manzaraga duch keldi. Molning bironta suyagi sindirilmagan, jonivorning ichida bolasi bor ekan deb achinish bilan bosh tomoniga o‘tib taxtadek qotib qoldi. O‘zining bo‘g‘oz olaqashqa g‘unajini. Og‘irlashib qoldi, yosh mol tog‘da bola tashlab qo‘ymasin degan o‘yda dashtda qoldiruvdi. Davla gazar g‘azabi qaynab ziqnani tilka-pora qilishni o‘yladi. Ammo boshqa bir narsa shashtini tushirdi. Shu nokasning nomini oqlab hammani mulzam qilgan o‘zi-ku. Endi uning gapiga birov ishonarmikin? Ziqna ham uncha-munchaga jon beradiganlardan emas. Yolg‘iz o‘zi halloslab borgan bilan g‘unajinining kuni boshiga tushishi mumkin. Lattasi suvga tushib uyiga ketdi. Uyiga borgandan keyin ham damini chiqarmadi. Olaqashqani g‘ojir yebdi degan xabarni eshitib ham g‘ing demadi. Bironta mol bilan shoxlashgan bo‘lsa, qornini yorib tashlabdi degan sabab bilan uy ichidagilar achinib qolaverdi.
Davla gazar ilon chaqqandek to‘lg‘ondi-yu, tilini tish­ladi. Keyinchalik ham kimningdir semiz molini g‘ojir yeganini eshitganida hech kimga eshittirmasdan ziqnani bo‘ralab so‘kardi, xolos.
Oradan yillar o‘tdi. Davla gazar qarigan chog‘ida o‘g‘liga gurung berdi. Oyog‘imga ishonib pand yedim, shundan keyin umrim o‘tib hech bir baland joyga chiqmadim deya o‘sha voqeani esladi.
Katmanda hozir Davla gazarning nevara-chevaralari yashaydi. Odamlarning gurungiga qaraganda, bular ham hech baland joyga chiqmasmish. Bu mishmishlardan buyon uch avlod umrguzaronlik qilib o‘tib ketdi.
Agar bugungi kunda ayni ko‘klam fasli Usmon daraga yo‘lingiz tushsa, Davla gazar chiqqan qoyani ko‘rasiz. Qiziquvchilar bo‘lsa, qoyaga chiqish osongina. Katmanning hovarida hayot qaynaydi, endi g‘ojirlar yo‘q. Dashtning qoq belidan kanal o‘tgan, keng-keng g‘allazorlaru paxta maydonlari cho‘zilib ketgan. Mehnatkash el javlon uradi.
Qizg‘aldoq qoplagan qirlar qonga belanib yiqilgan bahodirlar kabi yer bilan bitta bo‘lib ko‘rinadi qoyada turgan odamga. Erinmasdan chiqqanlar xuddi kino tomosha qilgandek bo‘ladi.