Ozod qo‘lida dori-darmon bilan tuman tug‘ruqxonasiga kirayotgan edi, ro‘parasidan chiqqan sinfdoshi Abdug‘afforni ko‘rib, hayron bo‘ldi.
– Ha, enang egiz tuvg‘ir, bu yerda nima qib juripsan?
Abdug‘affor maktabda birga ishlaydigan soddadil va hazilkash do‘sti bilan qo‘l berib ko‘rishdi. Uning ko‘tarib olgan narsalariga qaradi. Ammo gaplarini birov eshitib qoladigandek atrofga boqdi, boshini egib, negadir kalovlandi. Chetroqqa o‘tishdi.
– Abdug‘appor, senda bir gap bor! – dedi Ozod doimiy ko‘ngiletarlik bilan. – Tinchlikmi?
– Tinchlik, oshna. Shu… Salomatni olib kelgandim.
– Yangilik bormi?
– Nasib bo‘lsa… – dedi Abdug‘affor bosiqlik bilan. – Bilasan… oshna, to qo‘lga olmaguncha…
Ozod do‘stining o‘ychan holatiga boqdi. Nazarida, Abdug‘affor battar ozib, ko‘zlari kirtayib, ichiga tortib ketgandek edi.
– Niyatingni butun qil, oshna. Qachon opkeluvding?
– Yarim kechasi.
– Unday bo‘sa, tabriklaymizmi? Qo‘ybog‘armi yo holva kelarmi?
– Hali hech narsa bo‘lgani yo‘q. Do‘xturlar picha vaqti bor deyapti… Oyog‘im tortmay ishga ketyapman, peshinda kelaman endi. O‘zing-chi?
– Hozir saharda opkeldim. Enang egiz tuvg‘ir xotinning vaqti bo‘g‘anga o‘xshaydi.
– Ilohim, eson-omon qo‘liga olsin.
– Ha, aytganing kesin, oshna. Seniyam Xudoyimning o‘zi suyuntirsin.
– Ilohim… – Abdug‘afforning tovushi o‘zgardi, g‘ilt etib yutindi.
Abdug‘affor shunday deya shakarob suv sepilgan beton yo‘lak bo‘ylab ketdi. Ozod do‘stining ortidan kuzatib qolarkan, o‘yga cho‘mdi. Do‘stining uylanganiga o‘n ikki yil bo‘ldi, ammo tirnoqqa zor…
* * *
Uch o‘g‘il, bir qizning otasi Ozod onasi tayyorlab bergan atala, lochira nonlarni ko‘tarib, kechga yaqin tug‘ruqxonaga kelsa, birinchi qavatdagi zina yonida Abdug‘affor turibdi. Qovoqlari osilgan, tushkun.
– Ha, nima bo‘ldi, oshna. Tinchlikmi?
– Ay… – qo‘l silkidi Abdug‘affor. Keyin ruhsiz borib, zina tutqichiga suyandi.
– Sal ochig‘roq gapirsang-chi, ay?
– E, nimasini aytasan, Ozod, – xo‘rsindi u. – Yana bolaning ahvoli og‘ir deyishyapti. Salomatni operatsiyaga olib kirishdi.
– Hay, oshna, siqilmay tur-chi. – Ozodning tiliga boshqa so‘z kelmay, do‘stiga tikilib qoldi. Qitmir, yurgan joyida bir shumlikni o‘ylaydigan, o‘tirgan davralarida gap bermaydigan, Toshkentda o‘qiganning ta’siri saqlanib, qishloq shevasida emas, doim “madaniycha” gapiradigan Abdug‘affor ko‘zlarini eshikdan olmas, parishon edi.
– Abdug‘appor, – dedi Ozod uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, – ko‘nglingni keng qi, oshna. Xudoyim hech bandasini noumid qimaydi.
– Oxirgi ikki martayam shunday bo‘lgandi-da… – Abdug‘affor qo‘li bilan zinaning tutqichiga urdi. – Avval bolaning ahvoli og‘ir deyishgandi, keyin chaqaloq o‘lik tug‘ilgandi. Agar bu safar yana shunday bo‘lsa, bilmadim, men-ku balki chidarman, lekin Salomatning ahvolini o‘ylasam, qo‘rqib ketaman.
Abdug‘affor o‘tib-qaytayotgan odamlarga ham, hatto yonida turgan do‘stiga ham e’tibor bermas, butun o‘y-xayoli ro‘parasidagi “Jarrohlik xonasi”da edi.
Ozod hozir do‘stiga so‘z ortiqcha ekanligini bildi. “Men hozir manavilarni Malikaga berib tushay… Oldinga kelaman”, deb xuddi o‘ziga-o‘zi gapirganday ikkinchi qavatga chiqib ketdi.
Abdug‘affor shu ahvolda qancha vaqt turdi bilmaydi. Bilgani – Salomat bilan kechayotgan o‘n ikki yillik hayoti ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Sho‘xliklar bilan o‘tgan talabalik, qishloqda onasi topgan qiz… Salomat bilan birinchi uchrashuvi, uzuq-yuluq savol-javoblar… To‘ydan keyin paydo bo‘lgan muhabbat… Bedor tunlarni titratgan ko‘zyoshlar… O‘g‘il to‘ylarda alamiga chidolmay ichishlar… Keyin bir-birining ko‘ziga qarolmaslik… Go‘yo xotin aybor, er gunohkor… So‘ngra umid bilan shaharma-shahar nomi chiqqan do‘xtirlarni izlab borish… Davolanish, umid bilan kelish, kutish… Eshonlarga, aziz-avliyolarga jonliq atash… Ayrim odamlarning kinoyali nigohlari, “Biror yangilik bormi?” deb so‘rashlari… Nima deb javob berishni bilmaslik, uyga kelib, hissiz va sovuq bir ahvolda shiftga qarab yoki ba’zida teskari o‘girilib yotishlar… Yana tong. Ish bilan ovunish… Nihoyat, o‘n yillar deganda mo‘jiza ro‘y berishi, Salomatning homilador bo‘lishi, ammo yetdim deganda bu sarob bo‘lib chiqishi… Salomat oy oshadi, ammo endi bolasi turmaydi. Yo uch-to‘rt oylikda tushib qoladi, yo o‘lik tug‘iladi. Er-xotin bundan ham hikmat ko‘rishadi: “Avvallari shu ham yo‘q edi, faqat umid bor edi. Xudoyim endi beryapti, faqat o‘zimiz eplolmayapmiz…” deb goh o‘zlarini ovutishadi, gohida yana ko‘zyoshlarga belanib, o‘zlarini baxtsizlikda ayblashadi. “Nima gunohim bor edi?” deya tunlari uxlolmay to‘lg‘onib chiqishadi. Nogoh yana kutilmaganda quvonch bo‘y ko‘rsatadi, ammo ular quvonishga ham qo‘rqib qolishgan…
G‘amguzor o‘tirgan Abdug‘afforning yelkasiga kimdir qo‘lini qo‘ydi.
– Hali chiqmadimi?
U go‘yo tush ko‘rayotib uyg‘onib ketgandek qalqib, yoniga qaradi. Ozod – eng sodda va samimiy, yuragi toza do‘sti ayni damda yonida ekanligi uni to‘lqinlantirib yubordi.
– Yo‘q, hali, – dedi xo‘rsinib. – Tinchlik bo‘lsin-da, negadir juda cho‘zilib ketdi…
– Nasib bo‘sa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
– Ilohim, aytganing kelsin, oshna. Xudoyim bizlarning ham yuzimizni yorug‘ qilsin.
Orada jimlik paydo bo‘ldi. Ozod tashqariga qaradi. Qorong‘i tushibdi. Yo‘laklarning chirog‘i yoqilibdi. Ayrim do‘xtirlar ketishyapti. Tuqqan ayollarning oldiga keluvchilar ham sanjob bo‘lib qolgan.
– Yaxshiyam sen borsan-e, oshna, – dedi Abdug‘affor kutilmaganda. – Yaxshi kunimdayam, yomon kunimdayam, yonimda bo‘lasan.
– Enang egiz tuvg‘ir, nimaga bundaychiqin gaplarni gapiryapsan? – Ozod hayron bo‘ldi. – Senga tushunmayappan.
– Bilasanmi, ba’zida odamlarga shunchalar ko‘p yomonlik qildimmikan, deb o‘ylab qolaman.
– Aljirama-e, – Ozod uni qaytarib tashladi. – Nima sen bir amaldor eding-u, birovlarning haqini jeb, odamlarni qaqshatgan bo‘lsang. Oddiy malim bo‘sang.
– Gap bunda emas. Nohaqlik qilgan joylarim juda ko‘p, oshna. Ba’zan shularning javobini beryapmanmikan, deyman. Masalan, seni ham ko‘p tushirganman.
– Qo‘ysang-chi? Bitta anuv ziyofatlarda raqamlab qog‘oz tashlashingni aytmasa, boshqasini bilmayman.
– Bilasan… – Abdug‘affor unga bir qarab qo‘ydi. Hozir qilgan ishlarini kulib-kulib aytib berishi mumkin edi, ammo ko‘ngliga sig‘madi.
O‘ychan o‘tiraverdi. Bir mahal “Jarrohlik xonasi” eshigi ochilib, terga botgan do‘xtir chiqdi. Abdug‘affor yugurib eshik yoniga bordi.
– Nima bo‘ldi, do‘xtir?
– Chaqaloq tug‘ildi.
– Nima? Tug‘ildimi? – Abdug‘affor do‘xtirni quchoqlab oldi-yu, hiqillab yig‘lab yubordi.
– Ie, bunday qilmang-e, – do‘xtir uning yelkasiga urib-urib qo‘ydi. – Erkak odam ham yig‘laydimi?
– O‘n ikki yildan beri shu gapni eshitishga zormiz, aka! – Abdug‘affor ko‘zyoshlarini tiya olmadi. – Bizning bolamiz yo‘q!
– Endi bor, – dedi do‘xtir.
– Salomatning ahvoli qanday, aka?
– Ahvoli picha og‘ir. Reanimatsiyaga oldik. Hademay o‘ziga keladi. Keyin chaqaloqni beramiz.
– Chaqaloq qanday, do‘xtur?
– Chaqaloq soppa-sog‘. Qizcha…
– Qizchami? Xudoyim, o‘zingga shukr! – Abdug‘afforning ko‘zlarida yana yosh halqalandi. – Uni ko‘rsam bo‘ladimi?
– Yo‘q. Sizga ko‘rsatmaymiz! – Hazillashdi do‘xtir. – Kelin o‘ziga kelsin, keyin o‘zi olib chiqib ko‘rsatadi. Men hozir sizga bir-ikkita dori yozib beraman, shularni olib kelasiz.
– Rahmat, aka. Rahmat sizga! – Abdug‘afforning quvonchi ichiga sig‘masdi. U do‘xtir bilan uning xonasiga kirib chiqdi. Qaytayotib eshik oldida unga qarab, jilmayib turgan Ozodni ko‘rdi.
– O‘lay agar, sen esimdan chiqib ketibsan-a?! – dedi u xijolatomuz. – Quvonganimdan do‘xtirning izidan ketib qolibman.
– Nima bo‘ldi?
– Men ham ota bo‘ldim, oshna! – Abdug‘affor kela solib uni ko‘tarib oldi. – Mening ham endi qizim bor! Qiz bo‘lsayam mayli, oshna, qiz bo‘lsayam mayli… Mayli…
– Iloyim, umri bilan bergan bo‘sin. Izidan o‘g‘il-qiz ukachalari ham kesin.
Abdug‘affor do‘stini quchoqlab yig‘ladi. O‘n ikki yillik g‘ussalarini to‘kib-to‘kib yig‘ladi. So‘ngra uni qo‘yib yuborib:
– Uyga boraylik, oshnalarga bir haq beraman! – dedi Abdug‘affor Ozodning yelkasiga urib.
Ular shu tarzda kulishib, hazillashib, dorixonaga borib kelishdi. Abdug‘affor dorilarni berib chiqqach, ikki do‘st yana yo‘lakdagi o‘rindiqqa o‘tirishdi.
– Salomatning sabriga qoyil qolish kerak. O‘rnida boshqa ayol bo‘ganida chidolmasdi.
– To‘g‘ri… – Abdug‘affor chuqur uh tortdi. – Salomatning dardini men, o‘zi va yolg‘iz Xudo biladi. Bilasanmi, u homilador ayollarni ko‘rsa, chaqaloq emizib o‘tirgan onalarni ko‘rsa, jim bo‘lib, gapirmay qo‘yadi. Keyin o‘sha kuni tuni bilan yig‘lab chiqadi. Uxlolmaydi. Bir burchakka boradi-da, yig‘lab o‘tiradi. Nola qiladi… “Xudoyim, mening gunohim nima? Yo erimning shunchalar gunohi ko‘pmi? Nega hammaga, hatto yovvoyi itu mushukka bergan bolani bizdan ayading, Xudojon? Agar bizniyam bandam desang, bunday noumid qilmagin, Xudojon!” deb yig‘lardi. Bu gaplarni eshitgan qaysi odam jim tura oladi, Ozod?
– Abdug‘appor, mana qizchalik bo‘ldinglar… Endi hammasi joyiga tushib ketadi.
– Ha, Xudoga shukr. Mana, bizniyam dodimizni eshitdi.
Do‘stining hasratidan Ozod bir qalqib ketdi. Yana nimadir demoqqa og‘iz juftladi-yu, boshqa gapni aytdi.
– Oshna, boyadan beri senga bir gapni aytolmay o‘tirippan.
– Nimani? – Abdug‘afforning diqqati quloqqa aylandi.
– Bugun bizardi qizchamiz nobud bo‘ldi… – Ozod shunday deya chuqur xo‘rsindi.
– Yo‘g‘-e?! – titrab ketdi Abdug‘affor. – Yo, tavba!..
– Ha… Boyadan beri o‘zing bilan o‘zing bo‘lib, ahvolimni so‘ramading. – Ozod boshini egdi. – Hozir Malikaga tinchlantiruvchi ukol qip, uxlatib qo‘yishipti. Uyg‘onsa, uyga opketaman.
– Tavba… Mening xursandligimni ko‘rib, shuncha vaqtdan beri o‘zingning muammongni aytmabsan-a, oshna… – dedi Abdug‘affor. So‘ngra do‘stining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. – Ozod, bizning ham bolalarimiz tug‘ilishi bilan shunday nobud bo‘lganida ota-onam menga bir gapni ko‘p aytgan: “Xudoyim o‘ziga kerak bandalarini darrov yana o‘ziga qaytarib olarmish”. Siqilma, oshna. To‘rtta farzanding bor. U qizchaning umrini shu bolalaringga qo‘shib bersin.
Ozod ko‘zlarini yerdan olmasdan ma’yus bosh irg‘ab qo‘ydi. To do‘xtir chiqib, Salomatning o‘ziga kelgani, chaqaloqni qo‘liga berishganini aytmaguncha ikki do‘st shu ahvolda kutish zalida dardlashib, hasratlashib o‘tirishdi.
* * *
Kun choshgohga kelganda Ozod bilan ayoli mingan mashina tuman tug‘ruqxonasidan uzoqlashib, Chiroqchidan yetmish kilometr uzoqda, qir-adirlar orasida joylashgan Ayritomga qarab yo‘l olganida ko‘zyoshlarini ro‘molcha bilan artib kelayotgan Malika eridan so‘radi.
– Otasi, odamgarchilik deb, Xudoning roziligi uchun shu ishni qildik. Salomat-ku bilmadi, lekin Abdug‘appor sezib qomadima?
– Yo‘q, u kechadan beri terisiga sig‘may juribdi… – Ozod ayolining qo‘llaridan tutdi. – Enasi, bir telba taklifimga rozi bo‘lganing uchun rahmat senga. Bir oilaning bovri to‘lib qoldi-da…
Ko‘kraklari iyib ketayotgan onaning ko‘zlariga duvva yosh keldi.
– Hozir chiqishdan oldin ularni ko‘rgani kirdim. Salomat yoniga chaqaloqni olib, karavotda farishtaday bo‘p yotibdi. Meni ko‘rib, biram yig‘laydi. “Malikajon, dugona, Xudoyjonim meni noumid qilmadi. Qarang, menam ona bo‘ldim. Shuni tuqquncha qancha qonlar yutgandim, lekin hammasi bugun esimdan chiqib ketdi”, dedi. Operatsiyadan keyin o‘ziga kep, do‘xtirlardan, “Bolam tirikmi?” deb so‘rabdi bechora. Do‘xtirlar chaqaloqni bergach, go‘dakni quchoqlab, “Rahmat, rahmat!” deymish-u, faqat yig‘laymish. Chaqaloqning qo‘llaridan, ko‘zchalaridan o‘parmish. To‘yib-to‘yib hidlarmish. Men nima deyishimni bilmay, Salomatni tabriklab, qizchamni bir qo‘limga oldim-da, peshanasidan o‘pib, chiqib ketdim, – Malika hiqillab yig‘lab yubordi.
Er-xotinning gaplarini eshitib, salondagi ko‘zgudan ularni kuzatib kelayotgan haydovchi yigitning yuragi to‘lib, a’zoyi badani titrab ketdi. O‘girilib, er-xotinga nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, aytolmadi.
Mashina qir-adirlar osha Ayritomga olib boruvchi goh tekis, goh o‘nqir-cho‘nqir yo‘lning tanobini tortib borardi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 10-son