Qishloqqa bormaslikning iloji yo‘q edi.
Said uf tortib, ko‘zlarini yumdi.
Qishloqqa borgach…
…qori eriy boshlagan ola-chalpoq, sirpanchiq yo‘llardan toyg‘ana-toyg‘ana, chetan devorlari qulab yotgan hovliga kirib boradi. Qishloq uyi, zebsiz go‘shalar. Hayhotdek hovli etagidan — molxona yonidagi gung o‘yumidan hovur ko‘tariladi, irkit qor ustidan qalin kul sepilgan tor yo‘lkaga xas-xashak sochilgan.
U ostonada birpas serrayib turadi, keyin odam sharpasini sezib, ichkari uylarning biridan lippasiga qistirilgan ro‘dapo qo‘ng‘ir ko‘ylagining etagini shosha-pisha tuzatgan ko‘yi semiz, badqovoq xotin chiqib keladi. Shishgan qovoqlari ostidagi ko‘kimtir ko‘zlarini qisib, so‘yloq tishlarini ko‘rsatgancha so‘rashgan kishi bo‘ladi. Ayol ishshayib hol-ahvol so‘rarkan, talaffuzidan Saidning ko‘ngli ozadi: «Jaxshi juribsizmi, Soyijjon?.. Qani, juringizlar, uyga kirayik! Hoy, kimsan, Junusbay, jugur, otangni aytib kel!..»
O‘gay onasining ortidan shifti past, ivirsigan uyga kiradi. «Qirrasi qovun so‘yadigan» shimiga hardamxayol razm solib, u to‘shagan ko‘rpachaga omonatgina tiz cho‘kadi. Sanoqsiz tokchalarda qalashgan idish-tovoqlarga, qoziqlarga ilingan ust-boshlarga alanglab qaraydi. Xotin sandal ustidagi shira tomgan dasturxondan burda-surda non, murabbo yuqi piyolalarni yig‘ishtirib olarkan, karaxt pashshalarni sochiq bilan quvlaydi. Eshik yonida tizilishgan past-baland bo‘yli uch-to‘rt bola — o‘gay ukalari uning yelkasiga tushgan patila-patila sochlariga, poygakdagn poshnasi baland tuflisiga, ajnabiy yozuvlar bilan bezalgan sumkasiga oshkora qiziqish bilan termilishadi.
Said sipogarchilikni qo‘ldan bermagan holda, ularni erkalagan bo‘ladi, ammo zum o‘tmay bu soxta mulozamat joniga tegib, jim qoladi. Devorlardagi rangi o‘chgan dorpech, so‘zanalarga tikiladi.
Otasi keladi. Soqoli o‘sgan, nimdosh kitelidan ter va nos hidi anqiydi. O‘g‘lini bag‘riga bosarkan, sezdirmay mijjalarini artadi. O‘gay onasi kaftlarini ochib, qovushmaygina fotiha o‘qiydi: «Omin, jurti elimiz tinsh, bala-qaza jo‘q bo‘lsin!..»
U barmoqlarining uchini hafsalasizlik bilan yuzlariga tegizadi.
Ota-bola hol-ahvol so‘rashgach, gap-so‘z tugaydi. U otasining yelkalari cho‘kib, yuzlari bir burda bo‘lib qolganini payqaydi.
Qo‘shnilar chiqishadi. Choy ustida undan-bundai hangomalashadilar. «Toshkentda kartoshkaning kilosi qancha?», «Uy opsanmi, Saidjon, to‘y qachon endi?», «To‘qqiznnchi qavat degin, o‘h-ho‘, qanday chig‘asan bunga?», «E, qo‘ying-e! Shunaqami, hojatxonasiyam ichidami, Said?», «Ho‘v, bu… falonchi artist ishpiyon ekan, deyishadi, rostmi shu gap?» qabilidagi savollarga javob berarkan, ko‘ngli alag‘da…
Mehmonni maroq bilan kuzatayotgan qo‘shnilarga uning opera teatrida ishlashi ham, turq-tarovati ham aql bovar etmas mavhumot kabi tuyuladi…
U yuragi siqilib o‘rnidan turdi. Pardalarni surib, tashqariga tikildi. Nimqorong‘i burchakdagi toshosha xiyol yorishib, yarim yalang‘och yigitning qomati aks etdi. Ulkan shahar oppoq tuman ichra go‘yo erib yotganga o‘xshardi. Said hushi og‘ib turarkan, telefon jiringladi.
— Allo, Said? — deb so‘radi mayin ayol tovushi.
— Ha, men.
— Nima qilyapsan? Meni o‘ylayapsanmi?
— Trubkadan sho‘xkulgi eshitildi.
— Ha.
— Said, boramizmi?
— Qayerga?!
— Unutdingmi, a? Eh, quloqsiz bola!..
— Xudo haqqi, Lilya, nima gap?
— Unutibsan-da, a? Chimyon-chi?
— Chimyon?! Chimyonda nima qilamiz?
— Chimyonda nima qilinardi? Qatiq ichamiz!.. Eh, sen!
— E, bo‘ldi! — Ko‘ngli suv ichgandek birdan yorishdi. — Boramiz. Albatta boramiz!
— Ertaga! — degan nozli farmon yangradi.
— Ertagami… ertaga… — Said «Xo‘p!» deb yuborayozdi, biroq pastak stol ustida yotgan telegrammaga ko‘zi tushgach, tutilib qoldi. «Tez yetib kel!» degan uch so‘z g‘aribona mo‘ltirab turgandek tuyuldi.
— Allo, eshityapsanmi, Said?
— Said, senga nima bo‘ldi?!
— Hech narsa, Lilya, — dedi u kresloga cho‘karkan. — Faqat… ertaga borolmayman. Ha, ishim bor. Boshqa safar… Telefon qilganing uchun rahmat.
Trubkani qo‘ygach, telegrammaga xomush ijirg‘anish bilan tikildi. «Tez yetib kel…» Bundan ortiq mavhumlik bo‘lmas!
Qo‘ngli g‘ashlanib o‘rnidan turdi, chor-nochor galstugini bog‘ladi.
Vagonda yo‘lovchilar kam edi. Said deraza yoniga joylashib olgan, qor bosgan poyonsiz dalalarga, ahyon-ahyonda lipillab o‘tib qoladigan qishloqchalarga noxush tikilib borar edi.
U bundan yigirma sakkiz yil burun Mirzacho‘ldagi shunday qishloqlarning birida tug‘ilgan. O‘n yasharligida otasi uni Toshkentga olib kelib, muzika maktabiga o‘qishga berdi. Hali-hanuz otasining — ma’lumoti olti sinf, hafsalasi kelganda hijjalab gazeta o‘qiydigan kolxozchining — o‘g‘lini qanday qilib poytaxtga (yana muzika maktabiga!) o‘qishga berganini u aslo tushunolmaydi. To‘rt yil avval qishloqqa oxirgi bor kelganida otasidan shu haqda so‘ragan edi — dudmal javob qaytardi: go‘yo qo‘shni hovlida G‘izzatullin degan muzika o‘qituvchisi ijara o‘tirgan ekan, shu odam: «Bolangizda muzikaga qobiliyat zo‘r», deb dalolat qilgan emish. Har qalay, adog‘i yo‘q dalalarda sigir boqib, yalang oyoq chopib yurgan bolakay o‘sha yili kuzda muzika maktabining yarqiragan formasini kiydi. O‘qishning uchinchi yili onasi vafot etdi. Hamisha kasalmand, ko‘zlari katta-katta bu rangpar ayol uzoq dard tortib ko‘z yumdi. Keyin otasi Saidni yana Toshkentga eltib qo‘ydi. So‘ng oy sayin, goh ikki oyda bir xabar olib turdi. Sakkizinchi sinfga ko‘chib ta’tilga borganida qora baxmal nimcha kiygan, semiz, oq-sariq xotin og‘zidagi nosni tuflay-tuflay peshvoz chiqdi. Said hammasini birdan tushundiyu ko‘ngli muzladi. Otasi uning ko‘ziga qarolmas, erta ketib, kech kelar edi.
Keyingi ta’tilda qishloqqa bormadi — lagerga ketdi. Otasi hamon tez-tez kelib turar, biroq, taajjubki, u kelgan sayin oradagi masofa tobora uzoqlashar edi.
Maktabdan so‘ng konservatoriyaga kirdi. Uydan butunlay oyog‘ini tortdi. Konservatoriyani tugatgach, opera teatrida ishlay boshladi. Ba’zan dunyoning bir chetida tug‘ilgan uyi, otasi, o‘gay bo‘lsa-da, ukalari borligini, o‘zining «inkubatordan chiqmaganini» eslab qolar, ammo bu tuyg‘u kul bosgan cho‘g‘ kabi yilt etib, so‘ngra suv sepgandek o‘char edi.
To‘satdan kelgan vahimali telegramma shoshirib qo‘ydi. «Otam! — deb o‘yladi darhol. — Otam!»
Otasi bultur ko‘rgani kelganida u ishxonasidan berilgan to‘qqiz qavatli binodagi uyga ko‘chib ketgan, chol ko‘p sarson bo‘lib arang topgan edi…
Huvillab yotgan bo‘m-bo‘sh dalalar sukunati ko‘ngliga rutubat solardi. «Naqadar zerikarli!» — dedi xayolan.
Qishloqqa shom qorong‘isida yetib keldi. Hovli, darhaqiqat, kimsasiz edi. Ko‘cha tarafdagi tuproq bostirmalar yonida uch-to‘rtta tovuq go‘ng titib yurar, hovli o‘rtasida ko‘mir kukuni qorayib ko‘rinar edi. Yuragi uvushib, ro‘paradagi kichkina derazadan sarg‘ish nur to‘kilib turgan ayvonga chiqdi.
Eshik g‘iyqillab ochilib, yalang bosh, sochi tap-taqir olingan, qisiq ko‘z o‘spirin paydo bo‘ldi.
— Assalom… — dedi u bir oz dovdirab.
— Salom. — Said ko‘risharkan, ukasining ismini eslolmay, kalovlandi. Bola shoshib iziga qaytdi, vag‘illab yotgan televizor ovozini pasaytirib, ko‘rpacha to‘shadi.
— Hech kim yo‘qmi? Otang… otam qani? — deb so‘radi Said ostonaga qadam qo‘yayotib.
— Ishda.
— Tinchlikmi? Nega chaqirishdi?
O‘spirin yelka qisdi:
— Bilmadim.
— Ukalaring qayerda?
— Junus maktabda. Sapurani onam rayonga opketgan.
Rayon markazida o‘gay onasining qarindoshlari bor.
Said battar bezovtalanib:
— Otam qachon keladi? — deb so‘radi. — Kech bo‘ldi-ku? Aytib kelasanmi?
— Hozir, — dedi ukasi choy uzatib. — Choy iching.
Dasturxonga uchta non qo‘yib tashqariga chiqdi.
Said choy ho‘plab, yon-veriga alangladi. Uy o‘sha-o‘sha: oxirgi bor kelganida qanday bo‘lsa — hozir ham shunday. Faqat burchakdagi tokchalarga oq surp parda tutilgan. Televizor tagidagi oyog‘i siniq stol xonaki javon bilan almashibdi. Son-sanoqsiz tilla baliqchalar tasviri tushirilgan palosnusxa mato bundan yigirma yil avval to‘rdagi devorga qoqilgan bo‘yi turar, faqat rangi o‘chib xiralashgan edi. Esida: bolaligida shu xonada uxlar, sanog‘i yo‘q baliqchalarga termilib yotarkan, mudroq bosib, o‘zini xuddi dengizda suzib borayotgandek his qilar edi. Ko‘ngli bir xil bo‘lib, tilla baliqchalarni siypalamoqchidek devorga beixtiyor qo‘l cho‘zdi-yu, dahlizda qadam sharpasini sezib, shosha-pisha o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Otasi, yonida ketmon, zinaga teskari o‘tirgancha etigini yechmoqda edi, yalt etib qaradi:
— Said?! Qachon kelding?..
Bir poy etigini yechishga sabri chidamay o‘rnidan turdi, quchoq ochib yaqinlashdi, biroq o‘g‘li kulimsirab qo‘l uzatganini ko‘rib, chap qo‘lini darhol yoniga tushirdi. Said otasining shalviragan ko‘k paxtaligiga tezgina qarab oldi-da:
— A?.. Yo‘q, o‘zi yaqinda keldim, — dedi.
Uyga kirishdi. Otasi poygakka omonat tiz cho‘kib, yuziga fotiha tortdi.
— Hech kim yo‘q ekanmi? — deb so‘radi atrofga olazarak qarab.
— Bor edi. Nima… kim… sizni aytib kelgani ketuvdi. Ko‘rmadingizmi?
— Yusuppi?
— Ha, ha, Yusuf! — dedi u jonlanib.
— Ko‘rmadim-ku. Choyxonani qaragani ketgandir.
— Choyxonadamidingiz?
— E, yo‘q, qo‘l tegadimi hozir. Izbir tozalastuvdik. Bizzi brigatda ozginasi qolgan edi, shuni bo‘p qo‘yaqolaylik, deb… Allamahal bo‘p ketibdi-ku. Choy ichib tur. Yuz-qo‘limni yuvib olay…
Yusuf onasi qaynatib ketgan sho‘rvani suzib keltirdi. Said harchand gapga solmasin, ukalari odob saqlagandek qimtinib indamay ovqatlanishar, otasi suhbat ipini ulayolmay alag‘da edi.
Ovqatdan keyin bolalar narigi xonaga chiqib ketishdi. Chol uniqqan do‘ppisini xontaxtaga tashlab, yostiqqa yonboshladi.
— Tinchlikmi, ota? — deb so‘radi Said do‘ppiga tikilib. — To‘satdan chaqiribsiz?
— Tinchlik, tinchlik bo‘lmay… — dedi otasi yarg‘oq boshini siypab bamaylixotir. — Yusupga: «Tilgirom bergin», degan edim, chatoqroq yozibdimi? Ha, shu… hech gap yo‘q. Bir kichkina ma’raka qilmoqchi edik, sen ham kelsang, deb…
— Qanaqa ma’raka?
Chol choyni simirib, piyola ustiga kaftini qo‘ydi.
— Shu… onang rahmatlikka jindek obi-xudoyi qilsak, degan edim. O‘n besh-o‘n olti yil bo‘p qoldi, axir.
Said indamay sigareta tutatdi.
Kelganing yaxshi bo‘ldi. Hamma narsa taxt. Ertaga kunduzi o‘tkazamiz-da, a? Besh-o‘nta odam kelar… Qo‘ni-qo‘shni… Nima deysan?
— O‘zingiz bilasiz, — dedi Said, so‘ngra taraddudlanib so‘radi: — Bu, Sapuralar nega ketishdi?
Chol tomoq qirdi:
— Bilmadim, shu tog‘a-pog‘asini aytib keladimi…
— Onam biladimi?
Otasi — sezgir odam.
— Ha, bo‘lmasa-chi! Nima?.. E, yo‘q, u ham o‘ladi-da axir bir kun.
Ukalari kirishdi. Yusuf televizor qo‘ydi.
— Balet ekan-ku, — dedi hafsalasi pir bo‘lib.
Otasi cho‘zib xomuza tortdi-da:
— O‘chiraqolinglar, — dedi. — Yotinglar, ertalab barvaqt turasizlar. Akangga o‘rin solib beringlar. Yo ko‘rmoqchimiding, Said?
Said bosh chayqadi:
— Yo‘q, bunaqa tomoshani har kuni o‘zimiz ko‘rsatamiz.
— O‘chiraqol. Anavilarni qara-ya! Shuncha odam, hammasi bitta marsh chaladimi, a?
— Ha.
— Sen-chi, nima chalarding, hech esimda turmaydi?
— Violonchel.
— U qanaqa asbob edi?
— Nima desam ekan? G‘ijjakka o‘xshagan.
— E, shunaqami? Said, shu… o‘zimizning tanburgami, naygami o‘qimagan ekansan-da, a? G‘ijjak yomonmi yo?
— Yo‘q. — Said kulimsiradi. — Endi, o‘zingiz-ku shu o‘qishga bergan.
— Men qaydan bilay, G‘izzatullin rahmatli shundoq desa… Ha, mayli, vilanchiling ham yomonmasdir?
— Yomon emas.
— Bo‘pti-da. Faqat bizni tishimiz o‘tmaydi-da, bo‘lmasa… Xo‘p, yotaylik, soat ham o‘n ikki.
Said ayvonga chiqib yana sigareta tutatdi. Havo sovuq. Izg‘irin. Osmon to‘la yulduz paxtasi bodrab ochilgan paykalga o‘xshaydi.
Dahlizda timirskilanib yurgan otasining tovushi eshitildi:
— Yusup, eshakni og‘ilga bog‘ladingmi?
Said derazaga qaradi: Yusuf taxmondan ko‘rpacha olmoqda edn.
— Yo‘q! — dedi u zarda bilan.
— Iya! Sovuq bilan o‘ynashyapsanlarmi? Tosh qotib o‘ladi-ku hovlida.
— Ulsa-o‘lar, — dedi Yusuf. — Qutulamiz qaytaga. Toza jonga tegdi o‘zi.
— Ahmoq, odam bunday toshbag‘ir bo‘lmaydi, — dedi chol yuvindi to‘la chelakni ko‘tarib. — Tilsiz jonivor-a, rahming kelmaydimi?
— Rahmim kelganda nima? Bir tiyinlik foydasi yo‘q, bekor yemga balo bo‘lib…
Otasi zinaga qadam qo‘yarkan:
— Bular loaqal molga achinmasa… — deya g‘udrandi.
Said uyga kirib Yusuf to‘shagan to‘rdagi o‘ringa yonboshladi. Ukasi yana qator uchta o‘rin yozgach, chiroqni o‘chirdi.
Said devor tomonga o‘girilib ko‘zlarini yumdi. Yumshoq yostiq xush yoqib, vujudida yoqimli horg‘inlik tuydi. Mudroq bosib og‘irlashayotgan qovoqlarini bazo‘r ochib, tilla baliqchalarni siypaladi. Negadir mo‘jiza ro‘y berishini, o‘zini bolalik chog‘laridagi kabi dengizda suzib borayotgandek his qilishni istadi. Ammo ayvondan tushib turgan g‘ira-shira yorug‘da noaniq dog‘-dug‘larni ko‘rib, ta’bi aynidi. Birdan uyqusi qochdi. Shiftdagi olachalpoq ko‘lankaga tikilgancha xayolga toldi.
Otasi kalta-kalta yo‘talib zinadan chiqdi, chiroqni o‘chirdi-da, qorong‘ida nimanidir taqirlatib, xonaga kirdi. Bolalarning bosh tomonidan sharpasiz o‘tarkan, Yunusning ko‘rpasini tuzatdi. Said nafas chiqarmay yotardi. Bir ozdan keyin otasining xurrak tovushi eshitila boshladi.
Uyqusi butunlay o‘chgan edi. Achishayotgan ko‘zlarini chirt yumib chap yonboshiga ag‘darildi, bir necha marta yuzgacha sanadi. Miyasi g‘uvillab, boshi shishib ketgandek tuyular, biror narsani o‘ylashga urinsa, ko‘z o‘ngiga qop-qora bo‘shliq kelar edi. Tuyqusdan boyagi — eshak haqidagi gap esiga tushdi.
«Bu qanaqa eshak?.. O‘sha, men bolaligimda minib, daladan o‘t tashigan ko‘k eshakmikan yo boshqami? U eshak bormikan o‘zi?»
Shu fikr xira pashshadek yopishib oldi. Hech e’tibor bermagan ekan-da?.. Xo‘sh, buni bilishning nima qizig‘i bor? Tavba!
Allamahalgacha ilon chaqqandek to‘lg‘anib yotdi:
«O‘shamikan yo boshqa?..»
Nihoyat, chidolmadi. Karaxt boshi yorilgudek gangib, o‘rnidan turdi. Miyasini jazillatib kuydirayotgan savolga javob topmasa uxlashgina emas, balki nafas olish maholdek tuyuldi. Kostyumini yelkasiga tashlab, oyoq uchida hovliga tushdi. Uzun, tor yo‘lak bo‘ylab hovli etagida xo‘mraygan qator bostirmalarga yaqinlashdi. Tomiga pichan bosilgan og‘il eshigi o‘rniga tutilgan qanor pardani ko‘tarib ichkariga kirdi. Chirik somon va go‘ng hidi dimog‘iga urildi. Ostonada pishillab kavsh qaytarayotgan sigir bezovtalanib pishqirdi. Said cho‘ntagidan gugurt olib chaqdi. Lipillagan xira yog‘du pastak og‘ilxonani, ko‘zlari yaltiragan ola sigirni, devor tagida shumshayib turgan kulrang eshakni bir lahza yoritdi.
U paypaslanib ichkariroq kirdi-da, yana gugurt chaqdi. Eshak oqish tumshug‘ini cho‘zib, sekin hiqilladi. Said kaftida iliq nafas sezdi, so‘ngra chap qo‘lini eshakning beliga asta qo‘ydi. Eshak qunishib, belini bukchaytirdi. So‘nayotgan shu’la yorug‘ida tullagan yag‘rinidagi do‘mbaygan, qontalash yag‘ir ko‘zga chalindi.
«O‘sha ekan! — U negadir yengil tin oldi. — Shu qadar qarigan!..»
«Xo‘sh, ko‘ngling to‘ldimi?!» — dedi o‘ziga-o‘zi og‘ildan chiqarkan.
O‘rniga kirib cho‘zilgach esa:
«Bo‘zanjarga o‘tga borganlarimda meni qancha yiqitgan!.. Zo‘r edi», deb o‘yladi.
Yana xayol olib qochdi.
Tong yorishib kelar, u esa ko‘zlari achishib hanuz bedor yotar edi.
Saharga tomon «mushuk uyqu» elitdi-da:
…Avtobus bekati. Jazirama. Tirband odam. Oyoqlari mayishgan kulrang xo‘tik yetaklagan o‘n ikki yashar bola; jamalak soch, qo‘lida xivchin, yetti-sakkiz yoshli yalang oyoq qizaloq; qirs-qirs pista chaqib pattachi xotinga gap sotayotgan mo‘ylovdor, baqaloq haydovchi… tushiga kirdi.
…Bola, ko‘zlari olazarak, hadiksirab haydovchiga yaqinlashadi.
— Amaki, — deydi iltijo bilan.
Baqaloq gapdan to‘xtab unga qaraydi:
— Nima deysan?
— Haligi… Xo‘tigimni avtobusga chiqarsak maylimi? Ungayam bilet olganman, mana… Xo‘p, deya qoling?
— E, ne deydi bu o‘zi?! Esing bormi? Hech zamonda xo‘tikniyam avtobusga ortadimi?
— Amaki, mayli, deya qoling? U hali kichkina-da, yurolmaydi. Kasal-da, bo‘lmasa-ku. Biletimni ko‘ring, mana…
— Qo‘y-e, bola, boshimni qotirma. Qayoqqa borasan o‘zi?
— Uchtomga. Bo‘lamning xo‘tigi bu, onasidan adashib qolibdi.
— Yo‘q, bo‘lmaydi. Mumkin emas.
Bola avtobus orqasidan ko‘tarilgan changga ma’yus tikiladi. Qizaloq ariq labidan o‘t yulib terak soyasida shumshayib turgan xo‘tikning tumshug‘iga niqtaydi: «Mah, mah, yegin…»
Said xiyla vaqt hushini yig‘olmay o‘tirdi. Nima bu? Xayolmi, tushmi?
Birdan chehrasi yorishib kulimsiradi.
«Jin ursin, bolalik-ku bu!..»
* * *
— Darrov-a? — deb so‘radi otasi siyrak qoshlarini chimirib.
— Boray, ota. Ma’raka bo‘lsa — o‘tdi. Ertaga premera.
— Nima-a?
— Yangi tomosha qo‘yiladi, ishga borishim kerak.
— Shunaqami? Unda, mayli, ishqilib…
Bu safar ham vagon deyarli kimsasiz, Saidning hamrohi ozoda kiyingan, ziyolinamo o‘ktam qariya edi. Said bir oz toliqqan, suhbatga tobi yo‘q, tashqariga termilgan ko‘yi jimgina o‘tirar edi. Chol, aksincha, xiyla hangamatalab ko‘rinardi.
— Soat necha bo‘ldiykin-a? — deb so‘radi u.
— O‘n bir.
— E? Buni qarang-a! Boshlanib ketibdi-da!
— Nima? — Said unga taajjublanib qaradi.
— «Hayvonot olamida» bor-ku, televizordagi ko‘rsatuv? Ko‘rib borasizmi? — Chol yigitga sinovchan tikildi. Said bosh chayqadi. — Attang! — Chol nadomat bilan tanglayini takillatdi, — Zo‘r narsa-ku! Muntazam ko‘rish kerak. Esiz, bugungisini ko‘rolmayman-da endi. Odamlar ham qiziq, shu mahalda meni bemaza bir majlisga chaqirishibdi. Nachora, ketyapman.
Bir muddat jim qoldilar. Derazadan yakkam-dukkam daraxtlar lip-lip ko‘zga chalinar, qor bosgan yalangliklar shitob bilan ortga chekinar edi.
— Samarqand issiqroq edi, — dedi chol.
— Samarqandda yashaysizmi? — deb so‘radi Said.
— Ha.
— Kechirasiz, biologmisiz?
— Yo‘q.
— Negadir sizni biolog, deb o‘ylabman.
— Geografman, — dedi chol stol ustidagi termosdan quloqpiyolaga choy qo‘yarkan. — Institutda dars beraman.
— Ha-a… — Said bosh irg‘adi.
Poyezd bir maromda yelib borardi.
— Anavi sho‘rliklarni qarang, — dedi chol bir payt derazaga ishora qilib.
Said oynaga tikilib, kun botar tomonda —dala etagida uch-to‘rtta qora sharpani ilg‘adi.
— Nima bu?
— Ko‘rmayapsizmi? Eshak-ku! Noinsof odamlar, ishlatib-ishlatib qishda haydavorishganini qarang! Eh! — Qariya o‘rnidan turib deraza oldiga keldi, so‘ng o‘zicha gapirgandek: — Dunyoda shu sho‘ring qurgurdek beqadr maxluq yo‘q, — dedi xayolchan. — Eng og‘ir ishni qiladi-yu, yemishi — nishxo‘rt. Tag‘in buni yuvoshu vafodorligi… Tavba! Menga qolsa, eshakka haykal qo‘yardim.
Said yalt etib cholga qaradi…
* * *
U qattiq charchagan edi — vokzaldan to‘g‘ri uyiga jo‘nadi. Premera oldidan bir oz dam olmoqchi edi, negadir mijja qoqolmadi…
Premera, odatdagidek, zo‘r muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Sahna gul va olqishlarga ko‘mildi. Zal qarsaklar zarbidan larzaga keldi. Hamma xursand bo‘ldi. Ammo ikkinchi qator o‘rtasidagi sozandaning bu oqshom violonchelini har qachongidan ko‘ra yomonroq chalganini hech kim sezmadi.
1979