Qatag‘on qurboni bo‘lgan samarqandlik
Habiba Aliyeva (1917-1937) xotirasiga
1937 yil. May. Bibigul kiyimlarini ichkari hovlidagi dorga ilar ekan, osmonda charaqlab turgan yulduzlarga iymanib qarab qo‘ydi. Kunduz quritsa ham bo‘lardi, odamlarning ko‘zidan pana, devorlari baland. Biroq, quyosh nur sochgan dam hovli o‘rtasida ayol kishining kiyimlarining osilib turishi unga ma’qul bo‘lmadi. Uyaldi. O‘zidan uyaldi. Quyoshdan uyaldi… Kiyimlarni ilgach otxona tomon yurdi. Qoziqqa bog‘langan Qorabayir sergaklandi. Nimanidir sezib burun kataklarini kergancha og‘ir-og‘ir nafas oldi. Bibigul paypaslanib eri berib ketgan “Smit-Visson” rusumli to‘pponchani topdi… “Smit-Visson” yaxshi to‘pponcha. Bosmachilarning bosqinchilarga qarshi kurashida ko‘p qo‘l kelgan. Xiyonatkor xoinlaru yuzsiz sotqinlarni bemalol otib o‘ldirsa bo‘ladigan to‘pponcha! Bibigulning qo‘li qurolni yaxshi tanisa-da, o‘zi Lutfiyni yod biladi, Koshg‘ariyga tishi o‘tadi. Harqalay, “oqposhsho”ning yaloqxo‘rlaridan aqlliroq! U bosmachining qizi! Ko‘p qon ko‘rdi. Qon ko‘rgan otadi, otiladi. Qon ko‘rmagan sotadi, sotiladi, deydilar. Otish keragida otdi. Ammo, sotmadi, sotilmadi!.. “O, mening sodda begim-a!” xayolidan o‘tkazdi Bibigul, “…Ko‘rishishga ruxsat tegdi. Kelinglar! Qizimni ham olib kel. Sog‘indim. Bir ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q…” deb yozibdi xatida. Borsa eriga yana-da qiyin bo‘lishini ko‘ngli sezsa-da bormakka qaror qildi. Xotin uchun er – Er! “Kelinglar” debdimi, boradi! Faqatgina, qizi… ertaga o‘ylab ko‘rar.
Bibigul to‘pponchani kamzulining ichiga qistirib ertangi safar uchun tadorik ko‘rish maqsadida oshxona taraf yo‘naldi. So‘ng oshxonadan chiqib uyiga kirdi. Uyning to‘rida ayiq terisidan ishlangan po‘stakda o‘g‘ilchasi pishillab uxlar, qizining qo‘lida otasidan kelgan bitik titrab turar, u ko‘zlaridagi yoshni onasiga sezdirmaslik uchun deraza tomonga termulardi.
– Ining vaqtli uxlab qoldimi? – so‘radi Bibigul.
– “Go‘ro‘g‘li”ni aytib edim, eshitib uxladi…
Bibigul tashlangan o‘ringa cho‘zildi. Chiroqni puflab o‘chirgan qizi bilan allamahalgacha dardlashib yotdi. Tong oldi yolg‘on tong otishi bilan o‘rnidan turdi. Tashqariga chiqib tevarakka quloq soldi. Hatto biror xo‘rozning qichqirig‘i ham yo‘q. Qichqirar xo‘rozlarni esa o‘g‘ri o‘marishi ravshan. Atrof muhtojlarga to‘lmish…Bibigul farzandlari uyqudan turguncha u yoqdan bu yoqqa ivirsib yurdi. Farzandlari uyg‘ongach u otni egarladi. Xurjunning ikkala tomonini ham emakka to‘latdi. Bir qo‘lida Qorabayirni, bir qo‘lida o‘g‘ilchasini etaklab adir tomon yurdi.
– Men dadamni ko‘yishga boymaymanmi? – deb so‘radi to‘rt-besh yoshlar chamasidagi o‘g‘li.
– Yo‘q, siz shu makonda bo‘lishingiz kerak, podshohim!
– Aya, siz ketsayiz men qayeyga boyaman?
Bibigul o‘g‘lini dast ko‘tarib otga mindirdi. Qorabayirning jilovini tog‘asi yashaydigan qo‘shni ovul tomon burdi-da:
– Ot sizni xor etmas, omon saqlar, o‘g‘lim… To‘g‘rimi, Qorabayir?!. – deb otga va ot ustidagi o‘g‘liga mehrizorlik bilan termuldi. Qattiq diydasi yumshab ko‘zlaridan yosh dumaladi. Egarga chirmashib olgan bolakay esa, “meni tulpoyim, meni Qoyabayiyim” deya, bir qo‘li bilan otning o‘mganiga shapatilab erkalardi. Bo‘yni egilgan otning-da ko‘zlarida yosh qalqirdi. Sharq tomondan esayotgan shamol otning yollarini to‘zg‘itar, Bibigulning boshi uzra orqasiga sidirib qo‘ygan chachvonini tortqilar, yam-yashil adirdagi qo‘zigulu qo‘ng‘irboshlarni o‘z og‘ushida bir tomonga tarab-tebratardi. Ot ketishga izn so‘raganday boshini ko‘tardi. Bibigul bitta qilib o‘rilgan, to‘pig‘idan uzun sochlarini uzun barmoqlarida qamchidek o‘ynatib, Qorabayirga “Chu, jonivor” – deganicha sochlari bilan otning yag‘riniga ohista urdi. Ot sekingina yo‘rtib ketdi. Shamol esa Bibibigulning quloqlariga o‘g‘lining shirin ovozini olib keldi: “ Chu, qoya yo‘yg‘am, chu, qoya toychog‘im. Muyodga qasd qilib yuguygan etuy!..”
* * *
Tandir somsa va zig‘ir yog‘li oshning isi qamoqxonani tutdi. Ochlik va tashnalikdan sillasi qu-rigan mahbuslarning boshi g‘uv aylandi. Xo‘rlangan va haqoratlangan, inson zoti o‘ylab topgan qiynoqlarning barchasini totib ko‘rgan tanalari madorsizlandi.
– Mang‘itulini xotini ovqat olib kelibdi, – dedi-da, elkasiga miltiq osgan zobit tugunni ko‘tarib to‘rdagi kabinet tomon yo‘rg‘aladi. Yo‘lakda kelayotgan podpolkovnik Konstantin Konstatinovich va tergovchi X. zobitga qarab “bizga ham olib qo‘yinglar” dedi va Bibigul hamda uning o‘n to‘rt yoshli qiziga ortimdan yuringlar deya imo qildi…Mahbuslar, mayli… qaniydi, Bibigulning eriga hech bo‘lmasa oshdan bir chuqum tegsa, yo‘q-yo‘q, oshdan emas, tandir somsadan bir to‘g‘ram tegsa. Tegmasligini Bibigul ham yaxshi biladi…
Qamoqxonaning birinchi panjarasidagi zanjirlar sharaqlab tushdi. Alohida saqlanayotgan Mang‘ituli sergaklanib ko‘zini ochdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, panjara ortida Bibigul va qizi turardi. Mang‘itulining sog‘inchdan orziqqan yuragi bir entikdi. Erining ozib ketgan rangpar chehrasi Bibigulning yuragida o‘kinch uyg‘otdi. Sog‘inchli diydordan yig‘lamsirab turgan qiz dadajonini quchay desa o‘rtadagi sovuq temirlar yo‘l qo‘ymasdi. Diydor tilagan ko‘zlar to‘yib suhbatlasha olmadilar. Ikki-uch minut o‘tar-o‘tmas ularni qaytarib olib ketishdi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich bilan tergovchi X. eshik oldida so‘ppayib turgan zobitga javob berdi-da, tergovni davom ettirmakka kirishdi. Tergovchi X. Mang‘itulining o‘ngiriga yopishtirilgan 775927 mahbuslik raqamiga tikilib:
– Xo‘sh… Xotiningni,qizingni ko‘rding. Endi, ular bizning qo‘limizda… Aytganlarimizga ko‘nsang ozodlik beramiz. Uyingga qaytasan, erkinlikda yurasan, – dedi.
– Ozodlik, kurashlarda qo‘lga kiritiladi! Erk– har qanday oqbilaklar kaftidan tortiq qilinadigan sadaqa emas!
– O‘ylab ko‘r. Xonliklar parchalandi! Bosmachilar otildi! Bosh ko‘targanlar qo‘zg‘olonchi sifatida dorga osildi. Sara yigitlar mardikorlikka tortildi. Mustaqil Turkiston muxtoriyati emirildi. Ozodlik degan o‘g‘lonlar endi qatag‘on etilajak. Omon qolganlari bizning bayroq ostida bosh egib kurashlarga chog‘lanadi. Qaysarlik qilsang sen ham urug‘-aymog‘ing bilan qirilasan!
– Men qirilsam-da, Turkiston yashaydi! Turkiston yashnaydi, haliki bitta turkiy bor – butun Turkiston bor!
– Men ham shu yurtda…
– Uyat! Sotqin! Haromi!.. – dedi Mang‘ituli bo‘g‘ilib.
– Shuncha qiynoqlar kammi, deyman senga?!. Gar do‘stlaringni nomma-nom yozib bermasang, xotining bilan qizingni ko‘z oldingda zo‘rlaymiz. Undan keyin haromilar tug‘iladi, sen tomosha qilasan! O‘ynashdan bo‘lgan otasi noma’lum avlodlaringning ota talashib bir-birini go‘shtini eyishini men tomosha qilaman! Qonlarida mening qonim oqadi yo men nima desam qi-ladigan, labbay deydigan shu erdagi zobitlarni ngqoni oqadi, qonlarida… Oring bormi o‘zi?!. – deya tergovchi X. Mang‘itulini jon joyidan ushladi. Mang‘ituli biroz sukutga cho‘mib so‘ng:
– Do‘stlarni sotib orli bo‘lgandan, sotmasdan orsiz o‘lgan, afzal! – dedi.
Tergovchi X. quruq gapdan ma’ni chiqmasligini sezib jahl bilan ortiga burildi.
Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich o‘zbekchani yaxshi bilsa-da, tergovchi X. unga ruschalab nimalardir dedi. Ikkalasi chiqib ketib zum o‘tmay Bibigul va uning qizini oldiga solib kelishdi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich Bibigulning chap qo‘lini ushlab bilagiga kishan taqdi. Bibigul begona erkakning qo‘lini sezib bir seskandi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich kishanni ikkinchi xalqasini temir panjaraga o‘tkazib qo‘ydi. Tergovchi X. qizning ikala qo‘lini ham orqasiga qayirib nariroqqa olib bordi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich ohista unga yaqinlashdi. Bizni ham qamashsa kerak degan xayolga borgan qiz adashgandi. Endi, nima bo‘layotganiga aqli etib ularning qo‘lidan chiqishga intildi. Chiqolmadi. Chinqirdi. Foydasi bo‘lmadi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich qizning ko‘ylagini baquvvat qo‘llari bilan teng ikkiga ayirdi. Hadiksiragan qushdek potirlab chiqqan kichkina siynalar tergovchi X.ning ham hirslarini qo‘zg‘atdi. Panjara ortida turgan Mang‘ituli peshonasini beton devorga urdi. Bo‘lmadi. Temir panjaraga urdi. Bo‘lmadi. Faqatgina, peshonasidan qon sizdi. So‘kindi, baqirdi. Bo‘lmadi. O‘kirdi. Bo‘lmadi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich belidagi kamarini sug‘urib stolga qo‘ydi-da, shimining tugmalarini echa boshladi. Bibigul ozod qo‘li bilan etagini ko‘tardi va qo‘lini lozimi ichiga tiqdi. Uning bu ishiga ko‘zi tushgan podpolkovnik Konstantin Konstatinovich:
– O‘, o‘zbechka, eringning qamalganiga ancha bo‘ldi, sog‘inibsan-da! Hozir senga-da navbat keladi, – dedi “o‘risona” xayolda ko‘k ko‘zlari yiltillab. Podpolkovnik o‘risligiga bordi. Qattiq yanglishdi. Bibigul zudlik bilan lozimi ichidan o‘qlangan to‘pponchani chiqardi va birinchi bo‘lib tergovchini peshonasidan bexato urdi. Xato etishi mumkin emasdi ham. Axir, xonzodalar naslidan. Ota-bobolari, ena-momolari oddiy kamonlarda uchib ketayotgan qushni urib tushirishgan. Qarshingda mana men deb turgan yovni to‘pponchada urish ne bo‘pti. To‘pponcha Bibigulni qo‘llarida o‘yinchoqdek o‘ynardi. Tergovchi X.ni og‘zi oshga etmasdan so‘lagi oqib jon berdi. Shimi pochasiga tushib qolgan podpolkovnik Bibigulga tashlanmoqchi bo‘ldi. Biroq yonida osilib turgan qip-qizil – qon ranggidagi bayroqqa chalkashib yuztuban yiqildi. Bibigul tomonidan yo‘llangan ikkinchi o‘q uni ko‘ksini teshib o‘tdi.
– O‘rtoq Chernyaev, fon Kaufman, ey, Skobelev cho‘pon qayga haydasa ketadigan qo‘y ko‘rmadim… kim qarmoq tashlasa ilashadigan baliq ko‘rmadim… Bular sher-ku, sher! Sherning ayoli ham sher bo‘lar ekan! Ikki -uch to‘ng‘izni ko‘rdim demaydi… o, buyuk rus xalqi, bayrog‘ingdan o‘zimga kafan bichdim… – tantanavor ohangda va yana allanimalar deb podpolkovnik Konstantin Konstatinovichning boshi shilq etgancha bayroq ustiga tushdi. Bayroqdan qip-qizil qaynoq qon sizardi.
– Mardlar bayroqqa o‘ralib o‘ladi, nomardlar o‘ralashib o‘ladi, – dedi nafrat bilan tikilib Bi-bigul. Endi, bu erdan qutulishning imkoni yo‘q ekanligiga ko‘zi etgan Bibigul to‘pponchani tishlab soch o‘rimi orasidan o‘q oldi va to‘pponchaga mahorat bilan joyladi. So‘ng o‘z tanasini bekitish bilan andarmon qiziga to‘pponchani o‘qtalib:
– Kechir, qizginam. – dedi.
Ko‘zlarida qo‘rquvdan asar ham qolmagan qiz, hayrat bilan bir otasiga, bir onasiga tikilib:
– Rozi… – deya oldi.
O‘q otildi. Jigargo‘shasidan ayrilgan Mang‘ituli bir zum ko‘zlarini yumib engil tin oldi. Keyin Bibigulga mamnun boqib:
– Rahmat… O‘g‘limni holi ne kechar? – dedi.
– Qaydam… Tog‘asinikiga jo‘natib edim.
– O‘g‘limni oxirgi so‘zini ayt, ne dedi?
– “Chu, qora yo‘rg‘am, chu, qora toychog‘im. Murodga qasd qilib yugurgan etur…” degan she’r aytib edi.
– Qaydan yodlamish?.. Bu Usmonning she’ri-ku! Eh, Usmon, Usmon! Usmon
– Nosir olov-ku, olov! Zap yozadi-da! Eh, ota o‘g‘il. Bo‘ladigan bola! – dedi Mang‘ituli shu qonli dargohda iftixor tuyib.
Bibigulning ko‘zlarida hanuz qandaydir shahd va shiddat yonardi. Xotini va qizining ruxsoriga to‘ymagan Mang‘ituliga termulib:
– Begim, kechiringiz. Siz meni obqochib edingiz. Men sizni bu jahannamdan obqochib ketolmasman, – deb chap ko‘ksiga to‘pponchani tiradi.
Ayolining bu qilig‘idan esankirab qolgan Mang‘ituli bir so‘z deyishga ulgurmadi. Bibigul bir siltandi-yu “Begim” deya jon berdi. Uning chayir tanasi panjaraga kishanlangan qo‘liga osilib qoldi. Qaydandir halloslab kelgan qora qosh, qora ko‘z zobit ne qilishini bilmay, miltig‘ini to‘rttala jasadga bir-bir o‘qtalib chiqdi va Mang‘ituliga qarab:
– Qardosh, xotining balo, oshga zahar solgan ekan, bosmachining qizi! Yetti-sakkiz milisa kabinetda zaharlangan. O‘lib yotur. Yaxshiki, men unda bo‘lmaganim, – dedi va ikkilanib turdi-da, Mang‘ituli turar kamerani zanjirlarini tushirdi. Yana: – Men senga bir yaxshilik qilay… Qo‘lingdan kelsa tezroq bu erdan qoch! – dedi.
Mang‘ituli tashqari chiqib hali qoni sovimagan xotinini quchdi, qizi tomon yurib uning pesho-nasidan o‘pdi. Ko‘zlaridan dumalagan yoshni zobitga sezdirmasdan artdi-da:
– Xotinim va qizimning mayiti xor bo‘lmasin, qardosh, – deya chiqib ketdi. Temir panjaralarning sovuq iskanjasidan o‘tib qamoqxonaning bosh darvozasiga etgan ham ediki, ortidan “To‘xta!” degan juda tanish ovoz eshitildi. Mang‘ituli bir sekanib ortiga o‘girildi. Ko‘zlariga ishonmadi. Shinel kiyib, miltiq o‘qlab uning ortida madrasada birga tahsil ko‘rgan qadrdon do‘sti turardi. Mang‘ituli to‘xtamadi, olg‘a yurdi. Do‘st tomonidan otilgan o‘q uning o‘mganini teshib yubordi. Mang‘ituli quladi. Jon berar ekan, og‘zidan faqatgina bir so‘z otildi:
– Xoinlar-r-r!!!