Sobir O‘nar. Sel (hikoya)

– Checha, checha deyman, – xuddi onam uning so‘zlarini eshitmayotganday, ammam turtkilaydi. – Bir tomog‘im kuyishdi-ya, tovonim ham qizidi. Ortidan boray dedim. Chopiblar ketay dedim, tizza sabil qaqshaydi, chol o‘lgurga qarasam, og‘zida nos, uzalib mudrayapti. Xudo meni boyladi, men xarom o‘lgurni boyladi.
– Qizjon, taqdirga ta’bir yo‘q. Oyingiz botsa, oftobigiz chiqib kelyapti. Ollodan domongir bo‘lmang.
– Checha, chechajon-ov…
Ammam onamni uyg‘otmoqchiday go‘yo. Chelakdan bir piyola muzday suv olib uzatadi. Dog‘ suv qilib beraymi, deganday mo‘ltayib qaraydi, ammam so‘zsiz tushunib:
– Bo‘ldi, kerakmas, ichim yondi, shu bas, – deydi.
Tog‘amning o‘g‘li Alimurod mulla kelib qoldi. Ajab savdoning ustidan chiqqanday bo‘ldi: ikki ayol ham jim edi. Vaziyatni anglab, o‘zicha bir tebranib, tomoq qirgach, ko‘zlarini pirpiratdi, so‘ngra qoboqlarini yirib ochib:
– Amma, – dedi salmoqlab, – bilsangiz, bu bola sizning xaloskoringiz. Tushungan tushunadi, ayol kishiga buni anglatish og‘ir masala, chunki u bugunni, hozirini o‘ylaydi, ojiza, zaifa… – deb boshqa gap topolmaganday: – O‘zi hammamizam shu, – deb qo‘shib qo‘ydi.
Boshqa davom etmadi. O‘rnidan turdi.
– Xudoning hikmati ko‘p, – dedi eshikka yo‘nalib. – Ortiga bir qayrildiyu, ayollardan sado bo‘lmagach, olg‘a qadam bosdi.

* * *

Qirq yilda bir ofat keladi.
Suv – ofat.
Yo‘q, suvsiragan bu dashtga asli namgarchilik kerak. O‘zlarining ta’biri bilan aytganda osmonga qaragan odamlar. Yomg‘iru qor mo‘l bo‘lgan yil hayotlariga baxt kirganday bo‘ladi. Qurg‘oqchilik boshlansa buloqlarning suvi kamayib, qurib hammaning abgori chiqadi. Ichgulik suv axtarib har yoqqa yeladi. Lekin o‘sha yili yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan, ko‘klam adog‘ida ham yomg‘ir yog‘averib, shifer bilan yopilmagan molxonayu somonxonalar ivib qulab tushgan. Odamlar quyoshni sog‘inib qolgan. Sal yomg‘ir sevalasa, ariqlar loyqalanib, soydagi sharqiroq katta suv ham bo‘tanaday bo‘lib qolar, og‘iz suv ham arzanda bo‘lgach, erta-kech tarnovlar tagiga paqirlarni eltib qo‘yishar, harna shiferli tomdan juda loyqa suv tushmas edi-da.

* * *

Sel degani balo. Baloi azim. Soy to‘lib qiyomat oqib keladi.
O‘sha yili bahorda bunday vahimali sel kelgani yo‘q. Huv saratonning boshida, iyun oyoqlaganda bir jala yog‘diyu hamma yoqni suvga botirdi.
Sel tog‘ning boshidan kelmaydi. Aksincha, adirlardan, jilg‘a, jar, jirnalardan to‘planib katta soyga bir paytda tushganida selga aylanadi. Tikka toqqa o‘rlab ketadigan qishloqning to‘ridagi odamlar seldan talofat ko‘rmaydi, chunki ular bosh tomonda joylashgan, qishloq adog‘ida esa nima bo‘lsa bo‘ladi. Ammo selning haybati shu darajaga yetadiki, mol-hol, daraxtlarni qo‘lbola o‘yinchoqday oldiga solib “haydagani” holda, odam bo‘yi toshlarni ham yumalatib kelaveradi.
Burnog‘i yillarda sel tufayli falonchining piston kelini beshigi bilan oqqani, soyda arqonlangan sigiri selga qo‘shilib ketgani va hokazo gaplar bolalab yurgan. Ammo esimizni tanibmizki, har yili sel ko‘rdik, soyga uyi yaqin Rayim domla, Hikmat qorovulning imoratlariga ham zaha yetganini bilmadik.
Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ham ajali yetgan o‘ladi…
O‘sha yili yer namga to‘ygan edi. Yer chanqoq bo‘lganida bugina jala, bir pasilgina jadal yoqqan yomg‘ir olam-jahonni suvga bo‘ktirib ketmas edi.

* * *

Ammamning uyi qishloqning teparog‘ida, shu bois jalani selga aylanadi deb o‘ylamagan chiqar, katta o‘g‘li Barot o‘zini oynaga solib, uzun o‘sgan zulfini bir-ikki tupuklab, ko‘ngli to‘lmagach, vazelin surib, shu holida kelib onasiga termulib qarashi ham hech narsani aglatmas edi aslida. Hatto:
– Tog‘amnikiga boraman, qiziga uylanaman, – deyishi ham hech kimni hadiksiratmadi. Shu xushbichim, kelishgan, lekin aqli noraso yigitcha balki yillar o‘tib, es-hushi to‘lishib, bir norg‘ul insonga aylanishi mumkinmikan, degan umid paydo qilardi ota-onasining ko‘kayida.
Yigit chindan ham go‘zal raftorga ega edi. Po‘rim yigitlardek tor boloqli shim kiyar, tor ko‘ylak, uning tepa qismidan ikki tugmasini yechib, hali tuk chiqmagan ko‘kragini namoyon etar, chap engagidagi xoli atrofidagi besh-o‘nta soqolsifat tuklar ham o‘ziga yarashib tushgan, sochi jingalakka moyil, egiluvchanligidan ortga tarasa bo‘lar, shu holicha qoldirsa yaxshi, biroq sochga alohida oro berardiki, taram-taram, uchlari jingalak bo‘lib, oxir-oqibat yaltirab ham turardi. Qoshlari, hatto hali mo‘ylab deb atab bo‘lmaydigan mo‘ylarini ham silab yaltillatib, olifta o‘smir ko‘rinishiga kelgach, bir mo‘min bo‘lib onasiga termuldi. Turdi-turdi-da, o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ini alohida ko‘kka nuqib:
– Tog‘amning qiziga uylanaman, oti Zulfiya, – dedi.
– Mayli, bolam, avval tog‘angning xotini qiz tug‘sin, katta bo‘lsin, keyin uni senga bermay kimgayam berardi.
Yigit bu gapning ma’nosini tushunganday bo‘lib indamay qoldi, onasi o‘yladiki, hozir u quchog‘ini ochib keladi, bag‘riga bosadi, hatto yuzidan cho‘lpillatib o‘pib oladi, odatda, mehribon, es-hushi joyida bo‘lgan farzand shunday qiladi. Yigitcha xuddi shu shasht bilan onasiga yuzlandi, yaqinlashib keldi, quchoq ochguday holatda ediyu, tag‘in aqlli insonlarga xos, g‘oyat mehr bilan yuzini ikki qo‘llab siladi, ko‘zlariga bir boshqacha tikildi, so‘ng shartta qo‘llarini olib sochlarini atay to‘zitib eshikka qarab tez yurdi, ketayotib tokchadan fonarini oldi, yo‘l-yo‘lakay uni yoqib-o‘chirib ko‘rdi. Onasi kuppa-kuduzi fonarni nima qilarkan, degan xayolga bordi, so‘ng tunda qaytsa kerak bo‘lar-da, deb indamadi. Shu bir soniyada farzandi biram aqlli tuyuldiki, ortidan borib quchib erkalagisi keldi.
Yigit uzoqlashib ketgan edi.
Quyosh charaqlab tursa ham yengil yomg‘ir sevalar, somonxona darchasida qo‘nib olgan qizg‘ish patli tovuq tuxum qo‘yish ma’nosini beruvchi mayin, bir xil ohangda qoqolashni boshlagach, ortiga burildi.
Shunda tomog‘i qurishganini sezdi…
Tovoni ham qiziyotgan edi. Darhol paypog‘ini yechib, oyog‘ini dahlizdagi zax yerga bosdi…
Eri beparvo, og‘zida nos, ko‘zlari yarim yumuq, mudrab yotar edi…
Egizaklari Hasan va Zuhro – biri deraza raxiga o‘tirib, biri gilamda, oyog‘ini uzatib televizordagi “multik”ni berilib tomosha qilishmoqda.

* * *

Ammam to‘rt farzandning kattasi, bobomning bosh bolasi bo‘lgani bilan yagona qiz bo‘lgani boismi, juda erka edi. Shaharda o‘qib domullo bo‘lib kelgan Ahmad muallimdan sovchi kelgandayam obdon tixirlik qilgan, tegmayman deb turib olgan, otasining ana-mana ovutuvchi gaplariga bo‘yni yor bermagan, oxiri onasining:
– O‘qimishli odam, xo‘p de, bo‘lmasa qancha farishtalar tegaman, deb o‘lib turipti. Kimsan, bir o‘tirikchi attorning qizi bo‘lsang, he, o‘lmaganing yaxshi, – deganidan so‘ng bir qur o‘ngirini yig‘ishtirib mayl bildirgan, kattalarning qistovi bilan, kuyov bo‘lmish bilan ko‘rishgach esa yana bir qarra:
– Sap-sariq pishakday narsa ekan, – deb tolxoshovlik qilgan, “pishakday narsa” bora-bora mehr ko‘rsatib, o‘z izmiga solgach, mo‘min qobil kelinchak bo‘ldi-qoldi. Lekin qismati achchiq keldi. Naryoq-beryog‘i yigirma yilga yovuq tirnoq kutdi. Xudoyim ol qulim demadi. Do‘xtir-po‘xtirga ko‘ringan chiqar, albatta, biroq Asal momo, qushnoch enamiz farzand bobida juda bilgich edi. Kimlardir irim bilan bir narsalar, misol deylik, toshbaqaning moyagini tavsiya qilsa, hadeganda bolali bo‘lib ketganlarini bot-bot eshitar edik. Ahmad domlaga kelganda esa doim sukut saqlardi.
Tush ko‘rardi momom. Tushida ayon bo‘lardi. Lekin yomon gapni, ayniqsa ajalni tilga chiqarmasdi. Bir kuni onamni yaqin olib:
– Shu qizjonning kuyovining pushti sog‘ emas, – debdi.
Bu – tushining ta’biri. Bo‘lar gap ham shu. Asal momomning bu borada xato qilgani yoxud aldam-qaldam qilib, birovning puliga erib ish qilganini eshitmaganman.
So‘ngroq, domlaning ta’ziyasidan keyin ma’lum bo‘lishicha, domla shaharda o‘qib yurganida, yadro fizikasi laboratoriyasida ish olib borganida, o‘zi bilmagan, urug‘i kuygan ekan. Hatto buni ammamga o‘zi ochiq aytgan, laboratoriyada birga ishlagan sheriklari ham befarzand ekanliklarini aytib, shu sohani tanlagani chakki ekanidan pushaymon bo‘lgan, lekin umrining oxiriga qadar ammamni va ayvonida, yakkamixda arqonlanib turgan qizil samanini yonidan jildirmagan. Ne dard bilan ajal kelgan, birov bilmaydi, biroq muallimning ortidan farzandi, bolasi emas, ammam dod solib, oti… mung‘ayib yig‘lagani rost!
Saman oti yig‘lagan edi, ko‘rganman, desam yolg‘on gap bo‘ladi, ammo janozasi kuni mayyit hovlidan chiqarilayotganda ot bezovta bo‘lib kishnayverganida, oxiri oqsoqol:
– Qani, no‘xta-yuganini olib qo‘yib yuboringlar-chi, ko‘ramiz, – degan.
Bo‘shatilgan ot odamlar bilan mozorga ergashib borgan. Odamlar tarqalganda ham turavergan. Qarindoshlar zo‘rlab keltirib bog‘lab qo‘yishgan. Ertasiga borishsa, ne ko‘z bilan qarashsinki, ot qabr ustiga bosh qo‘yib… yig‘lab yotganmish…

* * *

Ammam bu obod, ammo endi shamol esib yotgan hovlida bir yil turdi. Sochi oqardi. Bir xotini o‘lmish so‘qqabosh kelib yetaklab ketdi. Ammam shu uyni gullatdi. Bolalarini – bolam, dedi, erini to‘ram, dedi. Xudo ol qulim, dedi: sochi oqarganda – Barotni tug‘di, keyin egiz: Hasan-Zuhro, keyin yana qiz…
Baxt beraman desa, kechi bo‘lmas ekan-da.

* * *

Barot etakdagi ovulga, O‘tkir tog‘asinikiga otlangan. Tog‘asining xotini Ulbo‘sin to‘rt o‘g‘il o‘stiryapti, keyingisi – qiz bo‘ladi. Bir suluv qiz tug‘iladi, ko‘zlari, qoshlari uning… eh, ulg‘aysa uni xotin qilib oladi! Hammaning xotinidan go‘zal bo‘ladi u, ko‘rasiz, ha, ko‘rib qo‘yasiz!
Ketayotib u Shukur do‘mning jonoqi qizil olmalaridan terib yedi. Yaxshisini saralab yedi. Qishloqda faqat Barot o‘g‘ri emas, boshqalar olmaga tegsa – o‘sha zahoti muttahamga chiqadi. Birgina Barot xohlagan uyga hayqirib kira oladi, xohlagan narsasini so‘raydi va qozonida borini yeb ketaveradi. To‘xtab do‘mning olmasidan tishlab otarkan, devor bo‘ylab ko‘ringan do‘mning kampiridan ovqat ham talab qiladi. Qovog‘ini uysa, yomon ko‘radi. Kosani bo‘shatayotib Ulbo‘sin yangasi esiga tushadi. U ikki kosa ovqat beradi, birini issig‘ida, birini sal sovutib yeydi, lekin yangasi qovoq uymaydi, qaytanga ertaga tug‘ajak qizini kelinlikka tortiq qiladi. Ajoyib-da bu yanga. O‘tkir tog‘asi ham anov kuni velosiped tuzatayotib edi, tuzatsa jiyaniga bermoqchi. Bu ham mayli, kelasi bozor yaxshi bir “sotoviy” telefon obermoqchimish…
Aslida Barotning xohlagani mototsikl. U hammaga bu xohishini aytib ulgurgan, odamlar ayni ertakka ham ko‘nikib bo‘lgan, qachondir ulg‘aysa, esini tanigan chog‘da otasi balki bir eskiroq mototsikl olib ham olib berar, ammo bu taxminga birov ishonmaydi, to‘g‘rirog‘i, ertak ovuldagi tog‘asining unga velosiped tortiq qilishi haqiqatga yaqinroq bo‘lsa kerak. Sababi tog‘asi harqalay unga mototsikl va’da qilgan bo‘lsayam velosiped ramasini boshqa ehtiyot qismlari bilan to‘ldirib, rostmana velosiped tiklayotgani rost gap. Shu bois mototsikl masalasida ham tog‘asiga suyansa bo‘ladi. Qolaversa Barot o‘zi ham duch kelgan irgadan mototsiklga deya “zapchast”lar yig‘ib yurar, kun kelib ular qip-qizil rangli “IJ-Yupiter” rusumli, ariqlar, to‘lib oquvchi soylar ustidan deyarli uchib, vag‘illab yeladigan tulporga aylanar. Shu xayollar og‘ushida angrayib, xayollardan sarmast, iljayib ketayotsa, Ismoil fermerning chorbog‘ida to‘rt melisa mayovka qilib kayf surayotibdi. Ularning biri hushtak chalib Barotni chaqirdi. Bordi. O‘tir, dedi, o‘tirdi. Ichasanmi, dedi. Aroq achchiq bo‘ladi, dedi bu. Mo‘ylabing bo‘rtibdi, achchiq bo‘lsayam ichaver, dedi u. Ichmayman, zahardanam achchiq, dedi bu. Ismoil fermer kimning bolasi ekani, maktab o‘qimaganini shivirlab, sababiga:
– Chunki… – dedi olazarak bo‘lib. Qo‘li bilan miyasiga nuqib aylantirib “anaqa” ishorasini qildi. Barot buni ko‘rmay qoldi. Ko‘rsa… basharasini olib tepardi. Lekin boshqalar tushungansimon “ha”, “e”lab qolishdi. Biri cho‘ntagidan qo‘l telefonini chiqarib uzatdi. Barot darhol funktsiyalariga kirib o‘qiy ketdi, “igrы”ni topib “musobaqa”ga kirishdi.
– Ana, soppa-sog‘ bu, – dedi bir kapitan.
Barot unga o‘qrayib qaradi. Telefonni olib toshga urmoqchi bo‘ldi-yu, biroq apparat begonaniki edi-da.
Yomg‘ir sharros quyib berdi. Melisalar yostiq, ko‘rpachalarini boshlariga tutib fermerning uyiga qarab chopib qolishdi.
U ko‘chada qoldi. Birov bir og‘iz yur, demadi. Ayvonda angrayib turgan qizchaga qarab:
– Tog‘amnikiga boraman, qizini beradi. U sendan chiroyli, – dedi.
Qiz tilini chiqardi. Bu mushtini silkidi.

***

– Jala to‘xtamay yog‘di. Ko‘p o‘tmay sel keldi. Birdan qorong‘i tushdi, mol-hollarni kiritishga ham ulgurmadik. Bir odam fonar ko‘tarib temir ko‘prikning ustida yurgan ekan. Sel quturyapti, qaranglar-chi, kim ekan, bir palakat bo‘lmasin, dedim bollarga. Chiqib, ko‘rinmay qoldi, deb qaytib kirdi kattasi. Bilmabmiz-da, attang. Haliyam pushaymon qilaman, mayor, o‘zim chiqsam bo‘larkan.
Ismoil fermer melisaxonada shunday tushuntirish berdi.

***

– Ammam telefon qilganda uyquga yotayotgan edim. Chiqsam, guvillagan sel, hammayoq suv, vahima. Unga velosiped sozlab qo‘ygan edim. Bugun-erta kepqoladi-yov deb turuvdim o‘zimam. Qo‘lida fonari borligini eshitib u yoq-bu yoqqa qaradim, yo‘qda-e, zimiston, sel. Jala, bu yog‘i – hech narsa qilib bo‘lmaydi. Keliningizni bo‘lsa dard tutib qopti desangiz, roddomga eltishga moshin topish kerak, moshin topsak, seldan o‘tolmaydi, shuytib ovoragarchilik bilan, noiloj, onam uyda tug‘dirib oldi. Orada tong ham otdi. Qarasak, it huradi, bollarga qaranglar desam, olmaning tagida birov yotibdi, Barot akamga o‘xshaydi, deb qoldi. Uchib keldim. Na biron joyida yara, dog‘ bor, sochi ham qo‘qimagan, hatto hammayoq jala, sel – kiyimi ham ho‘l bo‘lmagan, bachchag‘ar jiyan, kulimsirab yotibdi. Xuddi hozir O‘tkir tog‘a-a, deb turib keladigandek.
Qiziq, shu kuni qoraqosh, oppoq qizim dunyoga keldi. Ismini Zulfiya qo‘ymoqchimiz. Ajablanaman-da, hayronlar qolaman, jiyan shu tug‘ilmagan qizning qo‘lini so‘rab yurar edi, hayotning zarbasimi, hazilimi – tushunmayman. O‘lay agar, hech tushunmayman, o‘rtoq mayor.

* * *

Mulla Alimurod ayollarni yupatmoqchi bo‘lganidan bexabar, Toshkentdan borib uyga kirsam… ikki kampir o‘tiribdi. Biri ammam ekanini ovozidan bilibman, Xudoyo tavba. Oy yuzli, bodom qovoq, bizni va bolalarini, ayniqsa, Barotini yeru ko‘kka ishonmaydigan shaddod ammam… bir kunda qarib, cho‘kib qolibdi.

Barot jiyanimni eslasam – ko‘nglim yorishadi, ammamga qarasam – qo‘rqaman…
– Boburmi? – dedi onamga yuz burib.
– Bobur bu yerdagisi. Bu – Sobir – dedi onam.
Beixtiyor xo‘rligim keldi…