Ilgari bilimi bor ilm qilgan bo‘lsa, hozir sharoiti bor ilmiy ish qilyapti, deb hisoblaydi ko‘pchilik.
Haqiqatan, hamyoningiz qappaygan bo‘lsa, har qanaqa asarni bir zumda yozib beradiganlar serob.
Lekin men bitta odamni uchratganman – uni haqiqiy kitob titib, tirishib o‘qib asar yozgan deb qo‘rqmay ayta olaman. Mana tasavvur qiling, biror sohada biror narsa yozmoqchi bo‘lsangiz, mavzu nomini shart internetga kiritasiz – bir dunyo kitob taqdim qiladi. Ayniqsa tabiiy fan soha olimlariga qulay bu. Insofi borlari sal-pal uyoq-buyog‘ini o‘zgartirib yozadi. Bir olim yozgan dissertatsiyaning teskarisini yozib yana bittasi olim bo‘lib ketibdi. Adib Abdulla Qahhor aytgandek “bo‘rining tishiga sera kislotasining ta’siri”yu , “baqaning asab sistemasi” bo‘yicha ham ancha-muncha bilimlar to‘planib qoldi.
Lekin u odamni ko‘pchilik tanimaydi. Bilganlar uni Taxtaxo‘jayev deyishadi, aslida To‘xtaxo‘jayev bo‘lsa kerak. Xonasida kitoblarga ko‘milib o‘tiradigan odam.
Shu Taxtaxo‘jayev bir narsa ustida izlanish olib borayotgan ekan. Mavzusi: adabiy asarni o‘qib muallifi kimligini aniqlash. “Kitob muqovasiga qarab aniqlab qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi”, deb so‘radim. Keyin u mavzuning ahamiyatini tushuntirib ketdi, baribir tushunmadim, sizga aytsam ham baribir tushunmaysiz.
Muhimi, men uning tadqiqoti bilan tanishdim. Ba’zi joylarida asar muallifini aniqlashda noaniqliklar ham mavjud ekan, hali tadqiqot davom etadi. Sizga ham ayrim qismlarini taqdim etmoqchiman, ko‘ring-chi..
Demak, boshladik:
Agar ilmiy muallif o‘quvchiga sensirab murojaat qilsa, Beruniy yo Ibn Sinoniki.
Agar “ey farzand” deb murojaat qilsa, Kaykovusniki.
She’rda mabodo “galdir” so‘zi uchrasa Cho‘lponniki.
Agar asar voqealari o‘ta sovuqqonlik, qisqalik va betaraflik bilan hikoya qilinsa va qahramonlar aqlli so‘z o‘yinlariyu istioralar bilan so‘zlashishsa, ulug‘ yozuvchi Abdulla Qahhorniki.
Asarni o‘qib bo‘lib eski Toshkentning tor, chang ko‘chalarida Xadradan Govkushga qarab yo‘l chetidagi cho‘qqisoqol chollarning “voy, xuvori”, “xumpar”, “qo‘y, chirog‘im” deyishlariga qaramay g‘izillab yugurayotgan kir ishtonli bolachalar esingizda qolsa va voqealar har kuni takrorlanadiganday bo‘lsa, ulug‘ adib Oybekniki.
Zamonaviyroq g‘azal “nur” bilan yakun topsa, Chustiyniki.
Agar asardagi har bir sahifada 20 talab maqol va iboralar uchragani yetmaganday, boblarning nomi ham maqoldan tashkil topsa, atoqli adib Shuhratniki.
Aslida badiiy sanalgan asarda G‘afur G‘ulom, Usmon Yusupov kabi tarixiy shaxslar ham ko‘rinib qolsa Said Ahmadniki.
Asar aniq biror bir kasb-sohaga bag‘ishlangan bo‘lib, salbiy qahramon asosan nopok ziyoli bo‘lsa Pirimqul Qodirovniki.
Shumgina bolakay oila a’zolarini buvijonim, oyijonim, dadajonim deb chaqirsa Xudoyberdi To‘xtaboyevniki.
Asarning xushro‘y qahramonlari go‘zal manzaralarda tasvirlansa va hattoki ularning ismlari ham chiroyli tanlangan bo‘lsa O‘lmas Umarbekovniki.
Ehtirosli asarning ehtirosli qahramoni tez-tez bokira va pokiza xayollarga tutqun bo‘lib tursa, “nachora”, O‘tkir Hoshimovniki.
Asarning salbiy qahramoni qayerda yashashidan qati nazar Buxoro shevasida biyron gapirsa Ne’mat Aminovniki.
Agar asarni birov bemalol joylashi-ib o‘tirib olib, do‘stona tarzda hikoya qilib bergandek tuyulsa, bu Shukur Xolmirzayevniki.
“Boshqacha”ni boshqacha qilib “digargun” deb yozilgan bo‘lsa kuyunchak yozuvchi Nusrat Rahmatniki.
Katta katta ijodiy davralardagi hazil-huzul gaplarni maroq bilan o‘qisangiz Shodmon Otabekniki.
Agar asarda xatboshilar juda ko‘p bo‘lsa, juft ravishlar (ishlab-ishlab, o‘ynay-o‘ynay) ham ko‘p qo‘llansa, Tog‘ay Murodniki.
Aksincha, agar asarda xatboshi ikki-uch varaqda bittagina uchrasa va dialoglar kamyob bo‘lsa Nurali Qobulniki.
Asarni o‘qib sal xavotirga tushsangiz Omon Muxtorniki.
Asar qahramonlariga nisbatan yengilgina kinoya bilan yozilgan bo‘lsa va bir qahramon boshqa bir asarda ham o‘z xarakteriyu galatepadagi uy-joyi bilan ko‘rinish bersa Murod Muhammad Do‘stniki.
Asar qahramonlariga nisbatan achchiqqina kinoya bilan yozilgan bo‘lsa Erkin A’zamniki.
She’rda “kangul” yozilgan bo‘lsa shoir Ikrom Otamurodniki.
She’rbop chiroyli so‘zlar orasidan lop etib qishloqcha, to‘pori so‘zlar chiqib qolsa va she’rda may sal pal eslansa Muhammad Yusufniki.
Agar asarda hali birorta lug‘atga kiritilmagan so‘zlarni (rasmoyna, zinayo‘lak, bog‘kursi) uchratsangiz va Oltiariq bodringi ta’mini sezsangiz, shubhasiz, Anvar Obidjonniki.
She’rda klassik shoirlarga (Navoiy, Bobur, Fuzuliy v.b) ssilka berilsa Xurshid Davronniki.
Agar asarga faqat Qo‘qon atrofidagilar o‘zgartirib qo‘llaydigan so‘zlar (hadim, payannik, karanda…..) asta-sekin o‘rmalab kirib kelayotgan bo‘lsa Said Anvarniki
Agar asar qahramoni (qahramon bo‘lgandayam haqiqiy qahramon) besh-o‘n kallakesarlar changalidan abjirlik bilan omon chiqsa va hech o‘q tegmasa Nuriddin Ismoilovniki.
Agar asarda birovga aytishga uyaladigan joylari ham batafsil yoritilgan bo‘lsa bu Olloyor Begaliyev yo Habib Temirov yoxud Solih Qahhorniki.(izlanishlar davom etadi)
Lirik she’rda texnikaga oid (avto, aero) atamalar uchrasa Umida Abduazimovaniki.
Ko‘ngilni aynitib yuboradigan manzaralar ham “changini qoqmasdan” to‘g‘ridan to‘g‘ri tasvirlangan bo‘lsa iste’dodli yozuvchi Salomat Vafoniki
She’r yo dostonni o‘qib tushunmasdan vahimaga tushsangiz Faxriyorniki.
Agar asarning katta-kichik har qanday personaji o‘zining shaxsiy chuqur falsafasi asosida harakatlansa Ulug‘bek Hamdamniki.
Asarning katta-kichik detallari, mayda chuyda ko‘za, qarg‘a, tosh, qum, it kabi elementlari ham faqat Ma’no tashisa unda Isajon Sultonniki.
Agar iste’dodli va betakror adiblaru ajoyib, dilbar shoiralar haqidagi maqolani o‘qib, ajib bir his va hayratlarga oshno bo‘lsangiz, bu maqola jurnalist Ismat Xushev tomonidan yozilgan.
Maqolada “intriga”, “vachach!”, “shok!!!”, “prikol” so‘zlari va “qum bormi?” degan original haqorat ham uchrab qolsa, unda siz sayyod.kom saytidasiz.
Izlanishlarimiz davom etyapti…