ANTIK ADABIYoT OHANGLARIDA
Ikki pardali dramatik rivoyat
IShTIROK ETUVChILAR:
1-roviy
2-roviy
R o v i y l a r } 3-roviy
x o r i 4-roviy
5-roviy
O n a
X o q o n
Sh o i r
I s k a n d a r
O‘ g‘ i l
A yo l
Ya s o v u l b o sh i
1-qo‘riqchi
Q o‘ r i q ch i l a r } 2-qo‘riqchi
3-qo‘riqchi
A ’ yo n l a r, s o q ch i l a r, n a v k a r l a r, sh a h a r a h l i.
BIRINChI PARDA
Sahnada tabiat manzaralari aks etgan. Antik teatr an’analari yo‘sinida, biroq milliy qiyofa va liboslarda r o v i y l a r x o r i sahnaga sokin ohanglar og‘ushida some’ holatda, asta kirib keladilar. Nigohlarini uzoq-uzoqlarga
qadab, hikoya boshlaydilar.
X o r
1 – r o v i y
Tangri taolo yeru ko‘kni yaratib,
Uni quyosh nuri ila munavvar etdi.
Suv, havo, o‘tni paydo qildi,
Nabototu hayvonotni bunyod etdi.
2 – r o v i y
Mahluqotlar ichra insonni mukarram bilib,
Unga aqlu qalb bag‘ishladi,
Tilu so‘z ne’matini berdi.
3 – r o v i y
Olamni bezamoq va dunyoni mudom yashartirmoq uchun,
Hayotni abadiy davom ettirmoq uchun,
Har jonzotni juft yaratdi.
4 – r o v i y
Kabutarni kabutarga, zog‘ni zoqqa vobasta etdi.
Inson atalmish mukarrami Odam Atoni,
Momo Havo birla yo‘ldosh qildi, yostiqdosh qildi.
Avlod degan silsilani poydor etib,
Insonlarni bir-biriga qarindosh qildi.
5 – r o v i y
Ko‘ribsizki, olam go‘zal, manzara to‘liq.
Nurli maskan tegrasida jujuqlar shodon,
Chah-chah o‘ynab, kulib, qiyqirib,
Bor tabiat, bor jonzot ila
Xudoyimga shukronayu salovot aytar…
Olislardan qushlar chug‘uri, so‘ng salavot sadolari hamda shodon ohanglar eshitilib, goh yaqinlab, goh yana olislab quloqqa chalinadi. Bu sadolar asta “Alla” ohanglari bilan almashinadi.
Sahnaning boshqa bir qismi yorishib, beshik tebratib o‘tirgan ona
qiyofasi jonlanadi.
O n a. (Ohangga solib.)
Bolam seni allalab,
Tunni tongga uladim.
Toleingga avaylab
Etkazmoqni tiladim.
Alla bolam, allayo,
Ko‘rar ko‘zim, allayo,
Orom olgin xiylayo,
Jajji qo‘zim, allayo!
Dunyo seni kutadur,
Dunyolarga borgum yo‘q.
Dunyo notinch turadur,
Jafolarga bergum yo‘q.
Alla bolam, allayo,
Ko‘rar ko‘zim, allayo!
Orom olgin xiylayo,
Jajji qo‘zim, allayo!
Ohanglar asta pasayib, yana Roviylar jonlanadi.
X o r
1 – r o v i y
Koshki dunyo shundayin tursa!
2 – r o v i y
Onalarning allalari mudom so‘nmasa!…
3 – r o v i y
Alloh, Alloh, o‘zing mehribon!
Rizq berguvchi, qismat bitguvchi!..
4 – r o v i y
Onalarning yozug‘ini buncha sho‘r bitding?!
Bolasini tug‘arkan-u, suyub opichlab,
Elkasidan tushirmayin katta qilarkan.
Va derkanki, vaqti kelib u ham meni ardoqlar…,
Boshda tutib, boshlarimga bolishlar tutar…
5 – r o v i y
Kelin-kevat, yor-oshno qilib,
Atrofimni jujuqlarga to‘ldirib yurar.
To‘ylar berib elu yurtga, nomu shon topar.
Inson degan a’molin oqlab, nasabini sharafga ko‘mar…
1 – r o v i y
Bolasining jajji qo‘llarin ushlab,
Jajjigina baxt so‘raydi Allohdan ona.
Xor
Bihamdulloh, tilaklari ijobat bo‘lsin!
(Umidbaxsh qo‘shiq taraladi.)
1 – r o v i y
Afsus, olam o‘zgaruvchan, odamlar makkor.
Dunyo ichra dunyo topib yashasam deydi.
Har tong borliqqa quyosh nur sochib,
Gullar ifor taratganda qushlar chah-chahi bilan uyg‘onsa-yu,
Olloh bergan nasibadan qanoat topib,
Shukronalik tavajjuhin qilib yashasa odam…
2 – r o v i y
Taassufki, nafs degan bir yuho bordir olamda.
Uning makru hiylasiga dosh bermoq dushvor.
Necha-necha saltanatlar yemirilmushdir nafs uchun.
Qancha-qancha zo‘r insonlar shu tufayli xoru zor…
Bir kaft tufroq solsa, to‘lguvchi ko‘zlar
Nega buncha razolatga doya bo‘ladi!
3 – r o v i y
Keng olamga och nazarla nazar tashlarkan odam,
Xudbin hislar changaliga tushmog‘i beshak.
“Nega menikimas”, degan so‘roqlar ichra bor borliqqa
–Eru suv, g‘imirlagan jonzot, nish urgan maysa
–Bari-barchasiga ega chiqqisi kelar.
Ne hiylalar, necha makru yolg‘on o‘ylab topadi…
4 – r o v i y
Eh, bu dunyoning turfa fe’lu havodisi ko‘p,
So‘ylayversak so‘zlarimiz adog‘i bo‘lmas.
Biroq maqsad andishasi xayolni g‘ashlab,
Tafakkurni taftish etadi…
5 – r o v i y
Ayo mardum, biz aytmoqchi bo‘lgan afsona muruvvatga,
Matonatga va jonbaxshlikka
Ibrat bo‘lsa deymiz so‘z olib mudom…
1 – r o v i y
Hikoyaning ibtidosin pok guhar bilan
Onalarga hamd demoqdan boshlamoqchimiz.
2 – r o v i y
Axir, u-ku, ibtidodan balog‘at qadar
Barchamizga hayot berib, suyib erkalab,
Mehr nuri ila o‘rab, avaylab,
Manzillarga yo‘llaguvchi mushfiq va munis.
3 – r o v i y
Keling uni sharaflaylik, alqab, ulug‘lab,
So‘nmas hayot manbaiga mengzab kuylaylik.
Chunki uning qarshisida o‘lim tiz cho‘kar.
O‘ldirmoqni hunar bilib,
Zulm, vahshat sochgan necha hukmfarmon xoqon bosh egar…
4 – r o v i y
Ana shunday xoqoni mutlaq
Yashagandi ko‘hna bir zamon.
Derdilarki, uning qahri to‘fon misoli
Bor jonzotni g‘orat etarkan.
5 – r o v i y
Ne manzillar, ne mamlakatlar
Chumolining inin bosgan fil oyog‘idek
Hukmdorning temir hukmi ostida
Qo‘rquv va xavotir-la yashar ekan g‘amgin, alamnok.
1 – r o v i y
Qahri kelsa, daryolarda suv o‘rniga oqar ekan qon.
O‘lim bilan bahslasharkan yovuz qudrati.
2 – r o v i y
Ammo mehri jo‘sh urganda kasb etib himmat,
Dahosiga dalil bo‘lguvchi
Obidalar tiklar ekan falakka doxil.
Yo‘llar qurib, suvlar chiqarib,
Bog‘u rog‘lar bunyod etib, zavqlanar ekan.
3 – r o v i y
Alloh, Alloh,
g‘alat zidliklar-la sirli bu olam.
Har narsadan nedir sinoat…
Hech bir narsa tugal bir tusmas.
Oq deysan-u, shubha qilasan.
Qora deysan
qo‘rqibgina, o‘yga tolasan.
4 – r o v i y
Balki sen ko‘rmagan, ko‘rolmayotgan
“Oq”lik bordir “qora” ortida…
5 – r o v i y
Inson bir mo‘jiza, murakkab mato,
Zohirda bir ma’ni, botinda bo‘lak.
Goh qahr-la qo‘rqinch, goh mehr-la saxiy.
Ta’rifin bir so‘z-la aytmoqlik mahal…
1 – r o v i y
Xullaski shundayin qahru mehrli,
Dovrug‘li hukmdor yashagan ekan.
Mehrini iydirgan aziz farzandi
Navqiron yoshida jon taslim etib,
Otasin beadad alamga ko‘mib,
Zaxmini ko‘nglida qoldirgan ekan.
2 – r o v i y
Shundan hukmdorning yuragida g‘am,
Ko‘zlarida jahl, intiqom hissi.
O‘limdan o‘ch olmoq uchun o‘ttiz yil
Qirg‘in-barot qildi, o‘t sochdi, chopdi.
Miyig‘iga bir qur kulgu yugurmay,
Motam libosiga o‘ranib tamom,
O‘ttiz yil jangu jadallarda halovat topdi.
Bosh egmadi hech mardumga, hech bir qudratga.
3 – r o v i y
Biroq… biroq bir zot borki,
Ta’zim etmasa bo‘lmas.
Poyiga bosh egib, bosgan izlarin
Tavof aylamoqlik muqarrar beshak.
X o r
Bu zot onadir ul, onadir!…
* * *
4 – r o v i y
Anvoyi gullarga burkangan bir vodiyga,
So‘lim maskanga o‘n besh mingta chodir tikib,
Tug‘ hilpiratib, makon etmish edi lak-lak suvoriy.
5 – r o v i y
Chodirlar tegrasida qo‘r to‘kib yakkash
Sultonlar sultonin baytul hazani.
O‘n ikki tillo rang ustunlar uzra
Tiklangan lojuvard gumbaz ostida
Hukmdor o‘ltirar taxti-zarida.
(Tasvirlanayotgan manzara jonlantiriladi.)
1 – r o v i y
Ko‘zlar xira tortar mahobatidan.
2 – r o v i y
Aql shoshar qirg‘iy qarashi,
Sinchkov, sovuq nigohlaridan.
3 – r o v i y
Uchmoqqa shaylangan bir sor misoli kuzatib,
Tahdid-la o‘ltirar ko‘rib,
Huzurida jam bo‘lgan jamoa-jonni.
4 – r o v i y
Atrofda vaziru vuzaro, a’yonlar-nomdor, qorindor…
5 – r o v i y
Quyida mashshoqlar, hofizu xalfa,
qiziqchi, polvonlar,
Ko‘zboylog‘ich-afsungar, dorbozlar chapdast…
1 – r o v i y
Barchasi hunarin ko‘rsatsam deydi
Va koshki ilinib oliy nazarga,
Nishonu mukofot olsaydim deydi.
2 – r o v i y
Xullaski, bir bazm — bazmi jamshidiy.
Dasturxon anvoyi ne’matga to‘liq.
Soqiylar may suzar tillo ko‘zadan.
3 – r o v i y
Chog‘ir harorati tob berib yuzga,
Surur-la o‘ltirar shohga baqamti
Go‘zal so‘z diyorin sultoni — Shoir.
4 – r o v i y
O‘rni kelsa, o‘ylab, o‘rinlab,
Haq so‘zni aytguvchi shu zot muhtaram.
U haqda har qancha so‘z desang arzir.
Chunki kor-a’moli, bori ezgulik.
Yorug‘ andishada qalam suradi.
Yo‘qlikmi, ochlikmi, zorlikmi chidab,
Haqiqat mash’alin baland tutadi.
5 – r o v i y
Va lekin haq qolib, hamd xirqasin kiyganda
Bu zotdan mal’unrog‘i yo‘q.
Bu endi shoirmas, she’rfurush maddoh,
Shoirlik shevasin olis shu’lasi…
Yoki… balki shu’la emas, so‘ngan soyasi…
1 – r o v i y
Demakki, she’ru soz, kuyu may, turlik tomosha
Muzayyan bo‘lgan bir farahli davra.
2 – r o v i y
Kimki bor, barchasi lolagun,
Masrur Shohning shuhratiga doxillikdan shod.
Vale surur g‘urur bilan chog‘ishsa-da bot,
Xavotir va qo‘rquv hissi bir on yo‘qolmas.
3 – r o v i y
Chunki xoqon huzurida adab poydor.
O‘ylamay so‘z aytmoq boshingizga dor.
Shu bois bodadan har qancha sarafroz bo‘lmang.
Na qo‘lga, na tilga erk bera ko‘rmang!
4 – r o v i y
Hamonki sen tobe o‘z o‘rningni bil!
Garchi aqllisan, tadbirkor, topqir,
Vale ayni zamon u sohibi fe’l.
5 – r o v i y
Ana shundan hadik bila shodlik kezib,
Bazm avjlandi va tuyqus…
(Tashqaridan guldurab ovoz eshitiladi.)
A yo l
Xoqon…
X o q o n
(Seskanib.)
Bu ne qichqiriq…?
Sh o i r
(hushyor tortib, hayron holda.)
Oddiy qichqiriqmas,
O‘kirik — bamisli chaqmoq,
Guldurab kelmoqda alamli faryod…
A yo l
(Yana o‘sha ovoz, o‘kirik aralash nola.)
Xoqoon…
X o q o n
Ozurda ko‘ngilga tanish bu nola…
(Yasovulboshi kiradi.)
Ya s o v u l b o sh i
Shohim, bir ayol kelibdi,
Yalang oyoq, juldur, aftoda.
Yuzlari za’faron, ko‘zi qahrli.
Aqldan ozganmi… nuqul bir talab…
X o q o n
Talab?..
Ya s o v u l b o sh i
Haq rost, shohim, talab qilmoqda,
Xoqon huzuriga olib kir deya.
H o q o n
Olib kir, bo‘lmasa…
(A yo l kirib keladi va xoqon qarshisida to‘xtab, mag‘rur tikiladi.)
A yo l
Senmi necha yurtni fath etgan fotih?
X o q o n
Ha, menman, g‘oliblarning g‘olibi!
Yoalaba qilmoqdan toliqqanim yo‘q…
O‘zing-chi, ojiza, kimsan, ne deysan?
Nega buzmoq bo‘lding bazm kechasin?
A yo l
Ne bo‘lsang-da, ne qilsang-da,
sen bir insonsan!
Men esa – Ona!
Sen o‘lim sochasan, men esa Hayot!
Gunohing yuvgin deb qoshingga keldim,
Bir gunohing bordir mening qoshimda.
Derlarki, shioring adolat emish.
Magar shunday bo‘lsa, adolat qilgil.
Zero men Onaman, adolattalab!
X o q o n
Keskir so‘zlaringning sherdek shiddati,
Tinglamoqqa undar, o‘tir va so‘yla!
A yo l
Ummon ortidagi go‘zal vodiyda,
Maskan tutib baliqchi otam
Va suyukli zavjim bilan yashar edik, shodumon.
Ummongamas, baxtga cho‘mar edik, aytib shukrona.
Baxtimizni ziyod etgan o‘g‘limiz bor edi,
Go‘zallikda yakto, yagona.
X o q o n
(asta o‘z-o‘ziga.)
Xuddi mening o‘g‘limdek…
A yo l
Chiroyda tanho, aqlli ham raso!
O‘g‘lim olti yoshni qoralaganda,
Qora quzg‘un misol qallob-qaroqchi galasi
Taladi yurtni, elatni.
Otamni o‘ldirdi, erimni
Va yana qancha begunohni qonga beladi.
Bolamni o‘g‘irlab, zor qaqshatib,
Kunimni tongi yo‘q tunga uladi.
To‘rt yildirki, sarson kezaman,
Mujda bormikan deb ko‘z qarog‘imdan.
Oxir xabar topdim, sening lashkaring
O‘sha qaroqchilarni mahv etibdi
Va bori mulkini tortib olibdi.
Angladimki, ko‘zim qarosi sening tasarrufing,
Cening mulkingda. Sen uni albatta,
Bilmog‘ing kerak va bolamni menga bermog‘ing kerak!
(A’yonlar kulib yuboradi.)
1 – A ’ yo n
Aqldan ozibdi…
2 – A ’ yo n
Devona, tentak!
Sh o i r
(jiddiy tikilib.)
Bolam degan barcha onalardek
aqldan ozgan!
X o q o n
(hayrat bilan.)
Ey ayol! Ummon oshib, dengiz – suv kechib,
Tog‘u toshdan o‘tib, o‘rmonlar kezib,
Noma’lum yurtlardan qandayin kelding?
Na biron hayvon,
Na-da inson – vahshiydan vahshiy
Hech narsa daxl etmay kelganing ajab?
Tanda quvvati bor kimsa safar qilarkan,
Ojiz qolsam ishonganim
Shu bo‘lar deb yarog‘ tutadi.
Qo‘lda qurol bo‘lsa, qo‘rquvdan xoli,
Har joyda hadiksiz, shaxdam yuradi.
Sen esa yarog‘ ham tutmabsan mutloq,
Azbaroyi xudo, ishonging kelmas.
Seni anglamog‘im uchun ayt menga!
Ne xislating bordir, qanday sinoat?…
X o r
1 – r o v i y
Shon bo‘lsin Onaga, sharaflar bo‘lsin!
2 – r o v i y
Ona mehri cheksiz, chegara bilmas!
3 – r o v i y
Uning siynasidan jon topgan jonzot!
4 – r o v i y
Insondagi bori go‘zallik
Saxiy quyosh nuridan va Ona sutidan!
5 – r o v i y
Hayot zavqi shundandir,
Shudir tiriklikning nash’u namosi!
A yo l
Dengiz yoqasida o‘sgan odamga
Suv kechmoq qiyinmas va boz ustiga
Suyukli dilporang vaslidir mayoq.
Baliqchi kemalar yo‘limni rostlab,
Oroldan orolga beziyon eltdi.
Hatto shamol esh keldi sog‘inchim sezib.
Tog‘u toshlar esa g‘ov bo‘lmadi hech.
Sh o i r
Mehring toshsa, tog‘u toshlar qir-adirga aylanar!
A yo l
Yo‘limda o‘rmonlar uchradi albat.
Necha darrandayu gazanda zoti.
Ko‘zi qonga to‘lgan vahshiy yirtqichlar
Hamlaga shaylanib chiqdi yo‘limdan…
Men ularning ko‘zlariga tik boqdim.
Xuddi senga tikilgandek tikildim.
Xuddi sen-la so‘ylashgandek so‘ylashdim.
Axir ularning ham yuraklari bor.
Na-da yurak, axir farzandlari bor.
Ular ham shubhasiz, go‘dagi uchun,
Uning erki, hayoti uchun sira tap tortmaslar
O‘tdan, suvdan, xavfu xatardan.
Ular meni tushundilar qalb qo‘ri bilan.
Neki tushunmoqlik, hatto hamdardlik
Ila kuzatib qoldilar achinib, kuyib.
X o q o n
Rost aytasan, ayol,
Vahshiy hayvonlar odamlardan ko‘ra
Qattiqroq olishar go‘dagi uchun!
A yo l
Insonlar o‘z onasi uchun hamisha – bola.
Zero har birining onasi bordir,
Har biri farzanddir bir mushtiparga.
Sen ham bir ayolning zurriyodisan,
Neki zurriyodi, jigar qonisan.
Barchadan kechishing mumkindir, ammo,
Onadan tonmassan va bu dunyo!
Sh o i r
Oriy rost, ey ayol, haloling bo‘lsin!
Bir uyur ayg‘ir ot qulun tug‘olmas,
Quyoshsiz taralmas gulning ifori.
Sevgisiz baxt bo‘lmas, ayolsiz sevgi,
Onasiz yaralmas na shoir,
Na bir jahongir.
Ona chun bolamiz hargiz, har yoshda.
To‘qsonga kirsa ham onam bechora
Soch-soqoli qirov mo‘ysafid o‘g‘lin
Biron-bir yumushga solmasam deydi.
Joniga hech ozor yetmasa deydi.
Kuzak edi bir kun xizmatdan qaytib,
Onam huzuriga kirdim ko‘rgali.
Hovlida tup anjir g‘arq pishgan rosa,
Ko‘zlarni quvnatib durdek terilgan.
Beixtiyor uzib olmoqchi bo‘ldim,
Daraxtga tirmashib betizgin
Nafsimni qondirmoqchi bo‘ldim.
Shu payt buni ko‘rib turgan onam koyidi:
“Daraxtdan tush ey, sen tentak huvari.
Yiqilib tushasan, lat yeb bir sari,
O‘zim senga anjir uzib beraman,
To‘qsonga kirsam-da, tetikman hali”.
(Engil kulgu ko‘tarilib, barcha tasdiq ishorasida bosh chayqaydi.)
A yo l
Topib ber bolamni xoqoni zamon!
Onalik bardoshim sinaldi obdon…
X o r
1 – r o v i y
Jannat onalarning poyida, deydi,
Payg‘ambari zamon, noibi Xudo.
2 – r o v i y
Zero payg‘ambar ham ona zuryodi.
3 – r o v i y
Barcha nabiylarni, valiy-avliyo onalar
Keltirmish yorug‘ jahonga.
4 – r o v i y
O‘likka jon bergan Isoi Masix,
Olamni fath etgan Iskandar Maqdun…
5 – r o v i y
Navjuvon Iskandar nomin yod etding.
Uning qismati ham ibrat bo‘lgulik.
Onadan tug‘ilib, hayot shomida
Yana Onaizoriga tazarru qilmish.
(Iskandarning o‘lim oldida onasiga yozgan maktubi o‘qiladi.)
«Iskandar: Buzilgan tanimning joni, vujudim bebaho la’lisining koni bo‘lmish onajon. Men seni ayriliqlarga tashlab, firoq o‘tida qiynaldim. Boshimga behuda andisha va orzular tushib, olamni fath etmoqchi bo‘ldim. Nimani o‘ylagan va xayol qilgan bo‘lsam, barchasi havasga ichilgan may kabi befoyda ekan. Aslida esimni tanigan, aql miyamga harorat bergan kunidan boshlab senga o‘g‘illik qilsam, quling bo‘lib xizmatingda tursam bo‘lmasmi edi?! Aslida sening ostonang tuprog‘iga aylansam-u, uning otini shohlik deb bilsam bo‘lmasmi edi?! Endi o‘lar chog‘imda pushaymon bo‘lib, o‘zimni-o‘zim o‘ldirmog‘imdan ne naf? Yoam bilan ezilgan bolangdan rozi bo‘l! Gar rozi emassan, men bechoraning holiga voy, yuz qatla voy! Men xoh yaxshi, xoh yomon edim, farzanding edim. Umrim omonlik bermay, bu dunyodan ko‘z yummoqdaman. Goho baxtiyorlik soatlaringda men o‘lgan g‘aribingni yod aylagil, duo birla ruhimni shod aylagil!..»
1 – r o v i y
Bu mungli sarguzasht afsona emas.
2 – r o vi y
Garchi afsonada haqiqat beshak.
3 – r o v i y
Eng mushkul damlarda har qanday inson
Ona degan so‘zdan topadi najot.
4 – r o v i y:
Xoh hayotdir ul, yoki arshi a’loda
Daf’atan onani yo‘qlaymiz ong uyg‘onmasdan.
5 – r o v i y
Dastlabki sezgimiz, tuyg‘u-hissimiz
Ona suti bilan kirgan tanaga.
Onamiz yetaklab murg‘ak vujudni
Olam mehvariga o‘tkazib qo‘ygan.
Shul sabab onadan g‘urur ham, shon ham.
Sh o i r
(chuqur o‘yga tolgan shohga qarata)
Teran o‘yga toldirdi g‘amgin hikoya,
Shohim xayolingiz ne manzillarda?
X o q o n
Men tangri quli Xoqon, xoqoni zamon!
Necha yil yashadim ko‘hna zaminda,
Tilagim dunyoni titratmoq bo‘ldi.
Qalbim quyoshini so‘ndirgani uchun
O‘limni qo‘rqitib, o‘ttiz yil mudom,
O‘g‘limning xunini olmoqchi bo‘ldim.
Saltanatlar deya, kent-shahar deya
Men bilan savashdi ne-ne sultonlar.
Ammo inson deya biror mard kimsa
Qarshimga chiqmadi jonini tikib.
Inson bu bir xaski, nazaring ilsa.
Olchoq qiliqlari g‘ashingni qo‘zg‘ar.
Qurt-qumursqa misol yumushi kemirmoq
Va nafsini qondirmoq hayvon singari.
Bunday odamlarga zarra rahmim yo‘q,
Nazdimda ularning qilcha qadri yo‘q.
Va lekin o‘ltirgan mana bu ayol…
Go‘yo barcha ayollardek, farqi yo‘q xiyol.
Biroq, biroq shudir qalbimda
Yoalat hislar uyg‘otgan… u men bilan yuzlashdi
Va teng turib so‘zlashdi.
Tilagin so‘ramadi, aksincha o‘ktam turib,
Yoururla talab etdi.
Ko‘rdim va tushundimki
Ayol buncha qudratli.
Uning bori qudrati so‘nmas muhabbatida.
Ona muhabbatining timsoli farzand ekan.
Sh o i r
Haq rost, shohim, u xohi qizdir,
Xoh o‘g‘ildir, muhimi dilband ekan.
Go‘yoki farzandlar go‘dak pallasi.
Misoli bir uchqun, uchqundan esa gulxanlar yonib,
Necha asrlarni yoritmoq mumkin.
Fikr aylang, valiylar, bir go‘dak bo‘lib,
Jahongir fotihlar bola emasmidi ojiz-notavon…?
X o q o n
O, o‘g‘lim, nuridiydam, qalbim porasi,
Balki sen ham olamni yoritarmiding?!
Men alam o‘tida qon to‘kkan bo‘lsam,
Sen zilol suv berib yashnatarmiding?!…
(Xoqon shu so‘zlarni aytarkan, yana o‘yga tolib, uzoq sukut saqlaydi.
Barcha unga tikilgan.)
Sh o i r
Shohim noxush xotiralar
Sizni tark etsin.
Barchamiz Allohning izmida banda.
Ne kelsa rizodan o‘zga chora yo‘q.
Bir baxtu taxt berib, bir kulfat berib,
Bandasin sinarkan Tangri taolo.
X o q o n
Shuur bu hikmatni e’tirof etar,
Biroq ko‘ngil degan nozik matohni
Qayga berkitayin, qanday yashiray?!
Unutgandim butkul uni
O‘sha mash’um ayriliq kuni.
Hissiz boqar edim bori dunyoga.
Vo darig‘, bu ayol, mana bu aftoda ona
Yana yodga soldi ko‘ngil mulkimni.
Isyonchi galalar kallalaridan
Minora qurganda titramagan qalb,
Mushtipar onaning shijoatidan
Larzaga keldiki, toqatim yetmas…
Men tangri quli Xoqon, xoqoni zamon,
Mashriqdan Mag‘ribga qadar borguncha
Mulkimda kimki bor,
Bariga so‘zim:
Izlangiz va topingiz bu jasur ayolning o‘g‘lin.
Topganki mardum bor, tolei kulgay.
Boshidan zar sochgum, to‘ydim deguncha!
Sh o i r
Shohim farmoningiz muborak bo‘lsin!..
Ayol chehrasiga indi tabassum.
X o q o n
Ey ayol, iloho, tilaging ijobat bo‘lsin!
Ollohga omonating omonda bo‘lsa,
Bag‘ringga qaytguvsi sog‘u salomat.
Buyuk zafarlardan, shonu shavkatdan
Falakka yuksalgan mo‘ysafid boshim,
Mehrobdan boshqaga egilgan emas.
Vale Senga yakkash ta’zim etaman!
Azmu qaroringga, jasoratingga.
Zero Ona tuqqan meni va pokiza nur o‘g‘limni.
Sh o i r
(Quvonch bilan she’r o‘qiydi.)
Gulu yulduzlardan go‘zalroq ne bor?
So‘rsalar aytgumdir sevgi shevasi!
Quyosh nur sochganda, undan fusunkor
Oshiq der — ma’shuqam vaslin shu’lasi!
Bilaman qaro tun yulduzlar chaqnoq
Yoz kuni quyosh ham yorqinroq, nurli.
Sevgilim ko‘zlari tundan qoraroq,
Kulgusi quyoshdan taftli, yoqimli.
Biroq kuylanmagan eng go‘zal alyor
Olamu odamning ilk ibtidosi.
Dunyoning yuragi, boqiy barqaror
Ona degan kalom — borliq duosi!
X o q o n
Alloh o‘z qudrat-u, mo‘jizalarin alqamog‘i uchun
Shoir zotini dunyoga keltirgan bo‘lsa, ne ajab!
Sh o i r
Qulluq taqsir, so‘zlaringiz rost.
Asli tangri o‘zi shoir, kalomi bizlarga meros.
1 – r o v i y
Bu kechmish voqea bari haqiqat!
2 – r o v i y
Gar so‘rasangiz, so‘zlarimiz tasdiq etar onalarimiz.
3 – r o v i y
Darhaqiqat, boqiy haqiqat!
4 – r o v i y
Jahonga donishu shoirni bergan,
Bahodir farzandlar, olim ulamo,
Inchunun dunyoning bori koriga
Yaragan zotlarning bunyodkori u.
5 – r o v i y
Abadiy yaralish bor ekan mudom,
Onalar yashagay o‘limni bilmay!
P a r d a
IKKINChI PARDA
Sahna obod va go‘zal shahar qiyofasida.
O‘sha r o v i y l a r chiqib keladilar.
X o r
1 – r o v i y
Onani ulug‘lab xo‘p alyor aytdik,
Zero, onalar haqida hikoyatlar ko‘p…
2 – r o v i y
So‘ylaganing sari mehring toshadi…
3 – r o v i y
Ne mehring, hurmating tog‘dan oshadi.
4 – r o v i y
Mehr ham, hurmat ham bemisl ayon,
Vale qudratiga aqling shoshadi.
5 – r o v i y
Mehri qudratini ko‘rdik, kuyladik.
Sharaflab bitilgan qasidalar mo‘l.
Va lekin tiriklik yuki ham og‘ir,
Hayot lavhalari halqalar kabi.
Bir-biriga ulanib, oxir-oqibat
Umr degan zanjirni barpo etadi.
Bilhaq, biz so‘ylagan yorug‘ qasida,
O‘sha umr deb atalmish zanjirdan halqa.
1 – r o v i y
Demak, hikoyamiz etadi davom?
2 – r o v i y
Nahot shohlar shohi chiqarib farmon,
Ona farzandini topmabdi omon?
3 – r o v i y
Muhtaram jamoa, ishtiboh etmang!
Shap-shap demoqdan murod pashmak yemoqmi?!
4 – r o v i y
So‘zni qayirmasdan naqdini so‘yla!
Norasta o‘g‘liga yetishib ona,
Allohga beadad aytib shukrona
Xoqoni zamonni qilib duolar
Ona Vataniga qaytdik-u, ana…
5 – r o v i y
Ha, ana, xuddi o‘sha bola,
Ko‘chani changitib, quvnab, quvalab,
Butun shahar ahli ardog‘ida o‘sib unibdi.
1 – r o v i y
Qarang, bunchalar chiroyli, farishta monand,
Ko‘zlari dengizrang, tiniq va moviy,
Sochlari, qo‘ng‘iroq to‘lqinli, yo rab,
Samoviy, g‘alat bir maftunkor ruxsor!
2 – r o v i y
Go‘zal qizga ta’rif bergandek go‘yo,
Nazokat-la tasvir etasiz uni.
Er o‘g‘lon tavsifi o‘zgacha bo‘lar.
Kelbati, chopqiru chapdastligidan,
Bo‘lg‘usi pahlavon sharpasi kelar.
3 – r o v i y
Shamshir yasab kaltakdan, qamishdan kamon,
Va o‘q yoy tutishi gumon uyg‘otar.
Qaroqchi qo‘lida to‘rt yil salt yurib,
Savashdan, chopishdan, nayza urishdan
Va o‘lja deb ayovsiz talash, toptashdan
Saboq olmadimikan murg‘ak tasavvur?!
4 – r o v i y
Yoshlikdagi olgan ilm bamisli,
Toshga o‘yilgan naqsh, abadiy o‘chmas.
Taassufki, bolamiz ilm istaganda,
Jaholat jariga yetaklovchi o‘zimiz.
Albatta to‘g‘rilik bo‘lar so‘zimiz.
Ammo ibratimiz, tutar yo‘limiz
So‘zimizdan ko‘ra o‘tkirroq saboq.
Har qancha pand berib, nasihat aytmang,
So‘zingiz boshqa-yu, ishingiz boshqa,
Bilingki, aqlga amal vobasta.
Degannimas, ko‘rganni qilar,
Tafakkur harorat bermasdan boshga.
5 – r o v i y
Alhazar, alhazar… yomon o‘ylardan,
Nomarg‘ub qismatdan o‘zi asrasin.
Nahot tog‘day bardosh,
Matonat, jasorat uchun
Ona sho‘rlik zig‘ircha baxt ko‘rmasa?!
Tilagi-ku axir bir luqma halol rizq,
Kelin-kevat, sho‘x nabiralar.
Axir xoqoni zamondan adolat topgan,
Nahot charxi kajraftordan marhamat ko‘rmas?!
Qaroqchi qo‘lidan don cho‘qilasa,
Qaroqchi tusiga kirmas-ku, har kas.
Qo‘ying, nomatlub xayolni supurib chetga,
Onayu bolaga nigoh qadaylik
Va mehr bulog‘idan qonib ichaylik…
Sahna markazi yorishib suhbatlashayotgan O n a v a o‘ s p i r i n y i g i t namoyon bo‘ladi. Suhbat asnosida yigit qo‘lbola qurol-yarog‘ini o‘ynab, qilichini
sermab, nayza va o‘q-yoyni shunchaki bir mo‘ljalga o‘qtalib turadi.
O n a
Husnu-jamolingga to‘ymay termulib,
Goho ko‘zim tegishidan cho‘chib ketaman.
Ota-bobolaring qoniga tortib,
Kamol topganingdan zavqqa to‘laman.
Kuch-quvvatga to‘lib, balog‘at yetib,
O‘sha ajdodlaring kor a’molini
Olarmikansan deb umid qilaman.
Buvang mashhur va mohir baliqchi edi.
Otang ham birovdan kam bo‘lmadi
Shu yo‘lni tutib.
Sen ham qaznoqdagi chor to‘rni olib,
Tengdoshlaring bilan dengizga otlan.
To‘ringga mo‘l baliq tushib mabodo,
Oving yursa bilginki kasb-koring marg‘ub.
Xudoga xush kelib,
Bobolar ruhi qo‘llabdi seni…
O‘ g‘ i l
Xo‘p qiziq xayollar surasan, ona.
Mayli, faraz qilgil, dengizga otlanib,
Ovim dov yurib, mo‘l baliq ortmog‘lab
qaytib kelarman.
Xo‘sh keyin-chi…, keyin nima bo‘ladi?
Har gal shu hol — boraman,
To‘lqin-to‘fonlar-la olishib, horib,
Yana ancha baliq tutib kelaman.
Shu bo‘larmi bor ko‘rarim,
topgan-tutganim?!
O n a
Nima, bu bir yigit umri uchun ozmi?
Ortiq ne qismatni tilarsan o‘zga?
Tutgan baliqlaring sotib, pul to‘plab,
Ota meros uyimizni ta’mir etamiz,
So‘ng qayrilib boqquncha oy-yillar o‘tib,
Kamolot yoshingda to‘y taraddudi…
E-he, bir to‘y qilaylikki,
Bari shaharni chorlab,
Kunimizda yaragan barcha mardumning
Ko‘nglini olaylik, siylab, mehmonlab.
Axir og‘ir damda
Seni yo‘qotganimda,
Ana shu odamlar oqibat qildi.
Safar jabdug‘ini sozlab,
yo‘llarga eltib,
To‘siq-to‘lqinlardan omon saqladi
Va so‘ng seni olib qaytganim zamon,
Suyunib shodon,
Barcha shahar ahli quvnab to‘yladi.
Shundan beri yana necha yillar o‘tibdi,
Butun shahar senga ota-ona, akayu uka.
Bundagi har bir tosh seni biladi,
Kechmish sarguzashting so‘ylab turadi…
Qara, qancha barno qiz
Ishqingda pinhona kuyib yuribdi.
Birini tanlaysan
Oqila, orasta, mehnatkash, ma’qul…
U senga bir etak o‘g‘il-qiz tug‘ib beradi.
Men esa opichlab,
Etaklab nabiralarim,
Yurt koriga, ota-ona, yaqinlariga
Yaroqli bir insonlar bo‘lsin deya
O‘git berib katta qilaman.
Keng xonadon bo‘lib, shahrimiz ichra,
Do‘stu yor oldida obro‘ topasan.
Davru davron surib halol rizq bilan
Yana uylar qurib, yurtga to‘y berib,
Orzu-havas qilasan
Va xuddi ota-bobong kabi yashab o‘tasan.
Shu-da bir insonga yetgulik
Saodat, davlat, shon, qismat.
Ortig‘i ne kerak, umringga zavol!
Har yon o‘zin urib, beadad boylik
Va yengil umrguzaronlik istagan kimsa,
Bilgilki, baribir e’tibor topmas.
Hayot ne’matini behuda sarflab,
Bir hunar tutmasa baraka ko‘rmas.
O‘ g‘ i l
Ona, men bunday umrni orzu qilmayman.
Shonu shuhrat-la porlagan yorqin
Bir taqdirni o‘zimga ko‘raman ravo.
Men sen aytganday emas,
O‘zgacha sharhlayman o‘z toleimni.
Axir, ana menga tengdosh shuncha go‘dakdan
Nega meni saylab Xudoyim,
Kechmishim bu qadar nooddiy bo‘ldi.
Aynan meni o‘g‘irlab qaroqchi zoti,
Taqdirim noma’lum yurtlarga eltib otganda,
Tubsiz yo‘qlik qa’rida yo‘qolgandim-ku!
Axir, tangri inoyat etib,
Yillar o‘tib, armonlar yitib,
Men yana bag‘ringga qaytdim-ku, omon…
O n a
Seni menga qaytargan tangrimga shukur!
Ammo bilki, so‘ngsiz iltijolarim,
Tunlar yig‘lab, yolvorib, chorlab
Qilgan tavallolarim Allohga yetdi
Va yana beadad mashaqqat chekib,
Seni izlaganim tog‘-tosh, suv-dengiz,
Xavf-xatar demay,
Tinimsiz izillab giryon yurganim
Tilakka yetkardi, bo‘lib mo‘jiza…
O‘ g‘ i l
Ha, ha, ona, aynan mo‘jiza…
Shuningchun jo‘n taqdir istamam o‘zga.
Ko‘rasan, peshonam quyoshdek porloq.
Xudoyim men uchun bo‘lak to‘n bichgan.
Ko‘rasan va faxr etib yurasan, ona,
Onalar ichida bo‘lib yagona…
O n a
Iloho faxr etay, bo‘lib yagona!
Men ham baxting balqsin deyman.
Shon-shuhrat, davlatga yetishib yana
Davrug‘ topgan onlaring tushimga kirar.
Shodlanib g‘ururga to‘lganim mahal,
Seskanib uyg‘onib ketaman alhol.
So‘ng qo‘rquv va g‘ashlik bosar ko‘nglimni
O‘ylab qolaman:
Axir qaydan bu marhamat, ajabtovur baxt
Hushyor tortaman.
Savollar quyilib, halovat ketar.
Nazdimda tushlarim sarob va ro‘yo.
Ortingdan tun kabi qop-qora sharpa,
Joningga jahd qilib, xanjar o‘qtalar.
Shunda sen alqagan nurli istiqbol
Qum uzra qurilgan koshona misol,
Juda ham omonat, chirkin tuyular.
O‘ g‘ i l
Qo‘rqma, ona, tushingga ishon!
Falak bir aylandi,
Endi o‘g‘lingning yo‘llari ravon.
Hech kim qaytarolmas meni azmimdan.
Lochin parvozimni to‘xtatma sen ham
Va sudralgich hadsiz qumursqalar
Umrini tilama mubham…
Men ularni galalab
Mana bunday yanchaman, tamom!
U yog‘och qilichi bilan yerdagi chumoli inlarini kovlab, chumolilarni
urib-yanchib ko‘rsatadi.
O n a
Esingni yig‘, o‘z tashvishi, tirikchiligi bilan
Yurgan bu jonzotda nima ayb, tentak?!
O‘ g‘ i l
(harakatdan to‘xtab onasini quchib, erkalanib.)
Hali bu tentak
Dunyoni egallab, seni boshga ko‘tarar!..
Ona va o‘g‘il manzarasi qorong‘ilashib, r o v i y l a r chiqib keladilar.
1 – r o v i y.
Gumonu shubhalar bejizmas, mutloq…
2 – r o v i y
Ona bechoraga yana ko‘rgulik…
3 – r o v i y
Sho‘rlik, sho‘rpeshona bo‘lmasa agar,
Shuncha mehr uchun qaytarmi xo‘rlik?!
4 – r o v i y
Yig‘loqi o‘ylardan turaylik nari.
Nahot o‘g‘il orzulari keltirsa xo‘rlik?
Axir u-da inson, orzu qilmoqqa
Barcha inson kabi bordir-ku, haqi?!
5 – r o v i y
Bahsu munozara ilmda yaxshi.
Haqiqat tug‘ilar, yo‘llar ochilar.
Kori a’molimiz rivoyat aytmoq.
Kasbimiz qilaylik sokin va halol…
1 – r o v i y
Oriy rost… Va lekin taqsir,
Yuraklar bir mungli nolaga moyil…
(Mungli qo‘shiq taraladi.)
2 – r o v i y
Mug‘anniy, bir nafas tin ol, tarki hol…
Ko‘ngillar yig‘laydi, tinmog‘i mahol…
3 – r o v i y
Umr toshqin daryo, tinimsiz oqar.
Quvalashib o‘tar oy, yillar tezkor.
Qani biror soniyani ushlab qololsang.
Agar vaqt degani izmimda bo‘lsa,
Onayu bolaning betashvish, beg‘ubor
Quchishib turishin saqlardim mudom.
Onaning bolaga intizoru zor
Qolishin xayoldan o‘chirar edim. Afsus…
4 – r o v i y
Afsusu nadomat chekmoqni bas qil.
Taqdir kechmishidan ko‘z yummoq mushkul.
5 – r o v i y:
Alalxusus sarkash o‘g‘il yurtin tark etdi.
Onasini yana firoqqa duchor etdi.
Bosh oqqan tomonga yo‘l soldi yakkash.
Gohi och, gohi rizq topib yo‘llarda,
Iqboliga peshvoz yurardi shitob.
Necha kun deganda yetishdi
Muazzam bir kentga, ajabtovur shaharga…
1 – r o v i y:
Shaharki ko‘p gavjum, tashvishi o‘yinu kulgi.
Odamlari bir-biridan olishib ulgi,
Ertayu kech tomosha yasog‘in tuzar.
Sira anglab bo‘lmas –
Tirikchilik-daromad qaydan,
Qayerda bozoru qayerda guzar.
Hali u yon bir marosim, bu yonda tadbir.
Qay bir yerga bormang
to‘yxona, maydon-tomoshaxona.
2 – r o v i y:
Tadbirlar boshida podshohning o‘zi.
Bosh maydonda har kun bir musobaqa.
Goh qilichboz urishar,
goh o‘q-yoy tortishuvi,
Goh polvonlar olishar,
Gohida san’atkor aytishuvi.
Muhimi podshoh nazarin tortmoq
Va biror martaba, mukofot olmoq.
3 – r o v i y:
Shuhratparast xayol-chun bu qulay imkon bo‘lar.
O‘g‘lon sezdi, tolei shu yurtda ayon berar.
Omadi chopib qolsa, baxt, iqbol qayon borar?!
4 – r o v i y
Yigit o‘zin maydonga urdi.
Qilich, nayza bahsida,
Bexato kamon tortishda
Unga tengi bo‘lmadi.
Qaroqchidan orttirgan
Kasbin yengib bo‘lmadi.
5 – r o v i y
Nazarkarda bo‘ldi shohga hunari, husni bilan.
Lashkariga qo‘shilib jang-jadalda ish berdi.
Alalxusus, sultonga eng yaqin mahram bo‘ldi.
Lashkariga yo‘lboshchi oliy-qo‘mondon bo‘ldi.
1 – r o v i y
Shohning tarki odati
Bayram, as’asalardan so‘ng
Muhoraba-jang edi.
Zabt etib qo‘shni kentlarni,
Bo‘shab qolgan g‘aznasin yana to‘ldirar edi.
Alqissa o‘g‘lonni lashkari bilan
Dengiz bo‘yi yurtlarni fatx etish uchun
Omonsiz qirg‘inga-jangga yo‘lladi.
Dunyoni egallash g‘arazidan mast,
Yigit ham o‘ylamay shohni qo‘lladi.
2 – r o v i y
Axir dengiz bo‘yida o‘z eli, onasi, yaqinlari bor.
Uning kamoliga xayrixoh bo‘lgan
Vatandoshlaridan zarra qilmay or,
O‘z ona shahriga ot soldi shaxdam…
3 – r o v i y
Ana shahar yonar, har yon vayrona,
Dod-faryod betinim, ko‘zlar giryona,
Jang-jadal vahshati, otlar suroni,
Yarog‘lar jarangi, o‘lim dahshati
Havolarni tutmish, qiyomat qo‘pmish!…
Tasvirlanayotgan manzara shovqinlari hammayoqdan eshitiladi va birozdan so‘ng tinadi.
3 – r o v i y
Tun og‘di…
Har qancha shiddat-la urinsa-da yog‘iy,
Shahar devorlarin tagida qotdi.
Jonli chambar qilib o‘radi tugal.
Bir jon ham chiqolmas, hech zog‘ kirolmas.
4 – r o v i y
Shahar ahli qal’a tuynuklaridan
Gulxan yoqib, atrofida jam bo‘lgan yog‘iy lashkarin
Qo‘rquv iskanjasida kuzatar edi.
Emga to‘ygan arg‘umoqlar kishnashin,
Qilichlarin sermab o‘t atrofida
Sakrab o‘ynayotgan barzangilarning
Yovvoyi qiyqiriqlarin eshitar edi.
Zada bo‘lgan qalblarga esa
O‘limning sharpasi qadalar edi.
5 – r o v i y
O‘lik bosib ketgandi tor ko‘chalarni.
Har xonadondan ingroq, alahsirash, aljirash
Va go‘daklar nolasi quloqni teshar edi.
Barcha giryon, jonsarak,
Go‘yoki har tomondan
Dushman pusib kelardi.
1 – r o v i y
Osmon to‘la yulduz-u, chaqnog‘ida farax yo‘q.
Suzib yurgan oyning ham charchog‘idan darakdek
Xira tortgan shulasi g‘ussa yukin oshirar.
2 – r o v i y
Hech yerdan najot kutmay,
Toliqib g‘am-anduhdan
Va suvsizlik, ochlikdan
Silla qurib borardi,
Umid so‘nib borardi.
Butun shahar borliqni
O‘lim hidi tutgandi.
3 – r o v i y
Ana shu qaro tunda
Ko‘chalarda saro-sar
Bir ko‘lanka kezardi.
Boshdan-oyoq tim qora
Ridosiga o‘ranib,
Unsiz ayol yurardi.
4 – r o v i y
Qo‘rquvdan zada bo‘lgan
Yuraklar ko‘rgani chog‘
Berkinib yashirinar
Yoki qochgan kabi moxovdan
Yugurib, shoshib ketar…
5 – r o v i y
Kattadan kichikkacha, mushukdan kuchukkacha…
Roviylar sahnasi davomida tasvirga monand shahar manzarasi namoyon bo‘lib boradi.
Avval o n a ko‘rinadi, so‘ng bir necha q o‘ r i q ch i l a r bilan
ya s o v u l b o sh i chiqib keladi.
Ya s o v u l b o sh i
(O‘z qo‘riqchilaridan so‘raydi.)
Bu o‘shami?
1 – q o‘ r i q ch i
Ha, o‘zi!
Ya s o v u l b o sh i
(ayolga yaqinlashib)
Siz yana ko‘chada yuribsiz, xonim?!
Ehtiyot bo‘ling – ko‘z tikkanlar ko‘p,
Bir kor-hol bo‘lsa, ayb qo‘yolmaydi
ularga hech kim…
(Qo‘riqchilarga qarata.)
Yuringlar, ketdik!
1 – q o‘ r i q ch i
(g‘azab bilan.)
Ona bo‘lmaganida, hisoblab uni josus,
So‘ngra nima qilishni o‘zim bilardim, afsus…
2 – q o‘ r i q ch i
Shundoq ham murdadek bo‘lib qolibdi.
Bilmasang, tanimasang arvohmi deysan…
3 – q o‘ r i q ch i
Arvoh emas, azroilga o‘xshaydi.
Qayda paydo bo‘lsa, bir ofatdan nishona…
1 – q o‘ r i q ch i
Yorib bola tuqqan qornini,
Tilka-pora qilsang butun jismini…
Ya s o v u l b o sh i
Bo‘ldi, bas!
Shundoq ham tarang turgan toqatni
toq qilmanglar!
Bolam deya ko‘rgan azobi qolib, bu
Yana sho‘rpeshona
shuncha malomatga chidab yuribdi…
Ketdik, tezroq qimirlanglar!
Qo‘riqchilar o‘tib ketgach, sahnaning boshqa chekkasi yorishib, jasad tepasida tiz cho‘kib turib, duo qilayotgan ayol va uning atrofida bir necha aftodahol
kishilar qiyofalari ko‘rinadi. Ona o‘sha ayolga yaqin keladi.
O n a
Ering o‘ldimi?
A yo l
Yo‘q.
O n a
Akangmi yo ukang?
A yo l
O‘g‘lim, o‘g‘lim jon taslim etdi.
Erim uch kun burun halok bo‘lgandi.
O n a
Sho‘rlik, yoshgina joni savil ketibdi…
A yo l
(o‘rnidan turib.)
Yo‘q, undaymas, Allohga shukur!
O n a
Nega shukur deysan, axir, bolang-ku!
Farzand dog‘i ona-chun o‘limdan og‘ir!
A yo l
O‘limimga roziman men ham…
Ammo shukur qilamanki,
O‘g‘lim Vatan deb jangda kurashib,
Halol o‘lim topdi, mana bular guvoh.
(Turganlarga ishora qiladi.)
Engiltak fe’lidan qo‘rqardim, rosti.
O‘yinqaroq edi, maishatga o‘ch.
Yolg‘on qutqularga, shirin aldovlarga berilib ketib,
Xiyonat yo‘liga kirmasmi derdim.
Axir ana yog‘iylarga yo‘lboshchi yigit —
Shahrimiz bolasi – oqpadar ekan.
Menga yurtdosh ona tuqqandir-ku, o‘sha mal’unni.
Yana qancha onalarning bag‘rin tilarkin?!
La’nat bo‘lsin unga, tuqqan tanga ham.
Harom sut berganki, iblis tus olmish.
Asti rozimasman u ko‘rnamakning
Jazosin bermasa, jonin olmasa!…
O n a yuzlarini qo‘llari bilan yashirib, yugurib ketadi.
Keyingi ko‘rinish. Kal’a darvozasi. O‘sha ya s s o v u l l a r. Ularning oldiga
O n a yaqinlashadi.
O n a
Ey savob topgurlar, o‘ldiring meni!
Xiyonatkor o‘g‘il tuqqan ona azobi,
Ta’nayu malomat o‘limdan qattiq.
Ya s o v u l b o sh i
Siz insonsiz, shu el fuqarosi.
Bu yurtning tuprog‘i sizga ham aziz.
Unga dushman bo‘lgan har kas.
Sizga ham dushman.
O n a
Onaman-men, farzandim bag‘rim.
Uni dushman qilib tuqqan menman-ku!
Shafqat tilamayman sizlardan mutlaq.
Meni yo o‘ldiring
Va yoki huzuriga qo‘yib yuboring!
Ya s o v u l b o sh i
Biz sizni o‘g‘lingiz gunohi uchun o‘ldirolmaymiz.
2 – q o‘ r i q ch i
Axir unga yurtni sotgin deb
O‘git bermagansiz,isnodga botib…
3 – q o‘ r i q ch i
Begoyim, farzand deb siz chekkan azoblar
Va tortgan mashaqqat
Ertak misol bizga so‘ylanar edi,
Kuyu qo‘shiqlarda kuylanar edi…
1 – q o‘ r i q ch i
Bulbuldan qarqunoq chiqibdi, demak,
Shuncha iztirobga solguncha Sizni
O‘sha o‘lkalarda yo‘q bo‘lib ketib,
Xudoning qarg‘ishi urmasmi edi?!
2 – q o‘ r i q ch i
Nega kuyunasiz u nobakorga?
3 – q o‘ r i q ch i
Bo‘ldi, yaraga tuz sepib, tilkalamanglar.
Axir bu sho‘rlikning alami o‘ziga yetar.
Ya s o v u l b o sh i
Xonim, o‘g‘lingiz Sizga ham achinmas sira.
Demakki, shafqat ham qilmagay, aslo!
1 – q o‘ r i q ch i
Arzimaydi asiralikka ham demoqchimisiz?
Unday bo‘lsa bu ayolni tutib turmoqning
ne hojati bor?
Boravermaydimi iblis o‘g‘li oldiga…
2 – q o‘ r i q ch i
Sotqin o‘g‘il bilan ro‘baro‘ bo‘lmoqning
O‘zi ham o‘limdan yomon.
O n a
Ha, yomondan yomon, adadsiz dahshat!
Ya s o v u l b o sh i
Darvozani ochinglar!
(Darvoza ochilib, o n a chiqib ketadi.
R o v i y l a r chiqib keladilar.)
1 – r o v i y
Darvozamas, bamisli o‘lat g‘ori ochildi.
Ona yurgan ona yer qonla bo‘yalgan edi.
Qadamida o‘liklar –
Shahar himoyachilarining pajmurda jasadlari…
2 – r o v i y
Ona qalbi ularga beparvo o‘tolmasdi.
Har biriga ko‘z tashlab, tanirdi allakimni…
3 – r o v i y
Mana qonga belanib yotardi
Erining do‘sti, qadrdon birodari.
O‘g‘lin yo‘qotgan kezlar ayolga hamdard edi.
Kema sozlab dengizga, dovul to‘fonlar uzra,
Yo‘lin rostlagan edi.
“Bolang tirik, topasan!” deya qo‘llagan edi.
Omon qaytgach Vatanga, do‘stim yodgori yo‘qlik,
Kamlik bilmasin deya himmat ko‘rsatgan edi.
4 – r o v i y
Uning shundoq yonida qo‘shni – hamsoya yigit
Ko‘kka tikilganicha, ko‘z ochiq qotgan edi.
Onasi to‘y dardida qayliq saylab yurgandi.
Tengdosh edi o‘g‘liga, sirdosh edi do‘stiga.
Uni ham Ona derdi, go‘yo qarindosh edi.
5 – r o v i y
Anavi boshsiz tana allakimni eslatar?…
Egnidagi kiyimi muallimlik jomasi.
Ha, o‘sha o‘qituvchi – “bolangiz bebosh” degan.
U esa gina qilib, uni koyigan edi.
O‘g‘li qolib, ustozga tanbeh aylagan edi.
Sezgan ekan bu zukko inson,
Vaqti kelib u bebosh bola
Qancha begunohni bebosh etishin…
1 – r o v i y
Ona borar ekan har bir shahidga
Asta ta’zim qilib, shivirlar edi.
Oxirat so‘rardi Xudodan,
Imon tilab har bittasiga.
2 – r o v i y
Ona borar ekan g‘ussaga to‘lib,
Tuyqus to‘xtadi-yu, ortga o‘girdi boshin.
Qadrdon shahriga uzoq tikildi,
Qarog‘ida shashqator yoshi…
3 – r o v i y
Birdan yana rostladi yo‘lin
Va dadil bordi yog‘iy chodralari tomon.
S o q ch i
Kimsan, qayga yo‘l olding?
O n a
Yo‘lboshchingning onasiman, meni olib bor!
S o q ch i
Shadi shiddatingdan sezilib turar,
Ona ekanliging u mard o‘g‘longa.
Soqchi onani muhtasham chodiraga boshlab keladi va eshik oldidagi boshqa soqchiga topshiradi. Soqchi kirib aytishi bilan o‘g‘il ichkaridan otilib chiqadi va ona-bola quchoqlashib, uzoq turib qoladilar. So‘ng ikkov chodiraga kiradilar.
Xona ichi shohona bezatilgan edi.
O‘ g‘ i l
Keldingmi, ona!
O n a
Keldim, o‘g‘lim, diydoringni juda sog‘ingan edim.
Ko‘zlaringga bir qur tikilay dedim.
Chaqnoq ko‘zlaringni ko‘rmaganimga,
Yurak tafting tuymaganimga,
Necha zamon bo‘ldi, qancha suv oqdi.
O‘ g‘ i l
Men ham sog‘ingandim seni, onajon.
Ko‘ksingdan issig‘roq narsani,
O‘zingdan mehrli boshqa bir kimsani uchratganim yo‘q.
Tog‘u toshda, dala-dashtda suvsiz, yemaksiz
Sarson yurganimda toleim izlab,
Faqat sening yoding yetkazdi madad.
Eng og‘ir damlarda alamga botsam,
Seni eslar, izlar edim ko‘zim jovdirab.
O n a
Ha, ko‘zlaring o‘sha-o‘sha yolqinli,
Xuddi yulduz misol porlab turadi.
Faqat, faqat endi samimiy shodon
Qarashlar o‘rnini shiddat olibdi.
(Sochlarini silab.)
Navjuvon yoshingda sochlaringga oq oralabdi.
Nega yosh boshingga shuncha tashvish ortmog‘lamasang?
Peshonangda ajin, yuzing salqibdi,
Bu bedor tunlarning ta’siri bilsang.
Oh ko‘zim, jigarim, aziz dilbandim
Yumushing buncha ko‘p, biroz tin olgin.
Tashvishlarni unutib,
Baridan voz kechib, yayrab quvongin.
O‘ g‘ i l
Oh, ona, onajonginam-a!
Dunyoda tashvishsiz yashab bo‘larmi?!
Qara mana bu atrofga,
(xonadagi boyliklar, shohona hayotga ishora qilib)
Shulardan kechib bo‘larmi?!
O n a
(endi atrofga tikilib)
Xuddi shu alpozda ko‘rgan edim tushimda seni.
O‘ g‘ i l
Tushingga ishon, deb aytgan edim-ku!
O n a
(o‘g‘liga tikiladi)
Ha, o‘sha sen, tug‘ilmasingdan to‘qqiz oy avval
Men tanigan yurak.
Faqat kimxob-ipaklarga o‘rangan.
O‘ g‘ i l
(yana onani quchib)
Tangriga shukurki, meni tushunib,
Huzurimga kelding…
Endi ertagayoq bu tosh shaharni
Ishg‘ol etaman!
O n a
O‘z shahringni-ya, shundaymi?
O‘ g‘ i l
Ha, shunday! Shaharmas, butun olam meniki, ona!
O n a
Axir shu shaharda tug‘ilgansan-ku!
Buncha shon-shuhratdan badmast bo‘lmasang?!
Kechagina qaddu bastingga boqib,
Ota-bobong xoki yotgan shu yurtga
Munosib bir voris o‘stirdim deya
Yoururlanib maqtangan edim.
Voris bo‘lasan deb ezgulikka, bunyodkorlikka.
Shahrimizning har toshida ajdodlaring izi bor.
Ular qurgan va yaratgan sening iqboling o‘ylab.
O‘ g‘ i l
Men dunyoda tug‘ilib, dunyo uchun yaraldim.
Hali uni hayratlarga ko‘maman!
Hech bir narsa shiddatimni to‘solmas.
Ammo bu shahar oyog‘imga kirgan zirapcha misol,
Qaytarmoqchi bo‘lar shashtimdan.
Aslida-chi, unda sen bor uchun bu uyani buzmay turgandim.
O n a
Axir shu uyada tug‘ilganmiz otang ham, men ham!
Uning har qarichi qadrdon menga.
Otang bilan kechgan baxtiyor kunlar,
Vujudim onalik hissidan titragan onlar,
Seni tug‘ish azoblari, uyqusiz tunlar –
Bari-barchasiga shu tosh uylar guvoh.
Asli sening jajji oyoqlaring ham
Quvvat olgan o‘sha toshlardan.
O‘ g‘ i l
Toshlar – soqov,
Agar uni so‘zlatmasa insonning irodasi.
Men ularni so‘zlataman, topib chorasin,
Kerak bo‘lsa hatto tog‘lar sharaflaydi
Mening otimni!
O n a
Odamlar-chi… ular nima der?
O‘ g‘ i l
Odamlarmi?.. Odamlar poda,
Ular bari yetovga muhtoj.
Faqat shamshir – siyosat bilan
Tutib turmoq lozim ularni.
Kimning siyosati o‘tkirroq bo‘lsa,
O‘shani alqaydi qo‘rqqani uchun.
Va hatto qahramon deb ko‘tarar boshga!
O n a
So‘ylaganing sari boshim xam bo‘lar!
Yovuz shuhratingga haykal qo‘ymoqchimisan?
Qiyofang go‘zal-u, qalbing muncha tosh qotgan?
O‘ynab turib, o‘ldirmoqlik odating bo‘pti!
Chiqib qara maydon uzra qonga belanib,
Qancha qadrdoning o‘lib yotibdi.
Men ularni ko‘rdim, ko‘rgandan ko‘ra
Ko‘zim oqib tushsa yaxshiroq edi.
Hammasi kuningga yaragan qardosh.
Men to‘yingga chaqirmoqni orzu qilganlar,
Qilichingdan qirg‘inbarot bo‘lib yotibdi.
Qanday chiday bu ko‘rgulikka!
Sen mavh etgan har bitta jonning,
Necha yaqini bor ta’ziya ochgan.
Axir endi ular ham tirik o‘lik-ku!
Shu insonlar seni qahramon dermi?!
Qahramon, eng avval yaratguvchidir!
Yaxshilik urug‘in sepguvchi, o‘limlarni yenguvchi zot
Mangu qolar el xotirasida!
O‘ g‘ i l
Ona, behuda diydiyo ko‘nglim yumshatmas.
Dengiz emas, qonlar kechib yetgum maqsadga.
Chunki menga bosh egmagan dushmandir beshak.
Qayda ko‘rding yo eshitding fotix zotini,
Qon to‘kmayin tarixlarda izin qoldirgan.
Xo‘sh, o‘sha buyuk zotlar nomi o‘chdimi?
Fath etilgan qaysi shahar, el-ulusning
Biror fuqarosin
Oti bitilibdi o‘lmas satrga?
Meni ayblama qardoshlaring g‘orat etding deb!
Hamshahar bo‘lgani uchun ham menga,
Ular avlodlari faxr topgusi.
O n a
Naqadar dahshatli fikru o‘ylaring!
Nahot shon topishning yakkash yo‘li shu?!
Muazzam shaharlar,
O‘lmas obidalar bunyodkorlari
Va yana tiriklik, yorug‘ zavq uchun
Umrini tikkanlar boqiy emasmi?!
Tanlari tuproqqa qorishsa-da gar,
Nomlari ming yillar qatida zarhal!..
Menga ham sharaf-shon begona hismas.
Har qanday yurakda yolqin bor ekan,
Shubha yo‘qki yonida tilaklar ham bor.
Faqat bu andisha hasad, zulm bilanmas,
Havas-la nish ursa totli, poyidor.
Seni dabdabalar ichra ko‘rsam gar,
Tushimda bo‘lsa ham g‘ururim bo‘lardi bisyor.
O‘g‘lim-ku, der edim, boladay sakrab,
Qondirib dil nafsim baloyi g‘addor…
Biroq, biroq qara ona shahringga, bir boq!
(Chodir eshigidan ko‘rinayotgan shaharga ishora qilib.)
O‘ g‘ i l
Nima ko‘rinardi, har yon tim qora.
O n a
Ha, qop-qora, biror uyda
Yilt etgan shu’la yo‘q, barcha motamda.
O‘ g‘ i l
Qo‘rqqanidan ular chiroq yoqmagan,
Lashkarlar nigohin tortmasin deya.
O n a
Yo‘q, yaxshiroq tikil, quloq sol!
Devorlar qurib qotgan qonlardan qora.
Unsiz nolalarga ko‘milgan shahar.
O‘limning sharpasi har uyda shivirlab kezar.
Ko‘rgan sari yurak zirillar.
Axir shahardagi har giyoh, har cho‘p,
Har bitta xonadon, har bitta inson
Shunchalar yaqinki, qardosh, qadrdon,
Go‘yo barchasiga onaman, ishon!
Nazdimda hammasi mendan umidvor.
Xuddi Ona keltirguvchi rizqni
kutgan polapon misol.
Bilib qo‘y, onalar hayot tirgagi,
O‘lim, vayronalar inkor undagi.
O‘sha shahrim ichra jovdiragan
ming-ming ko‘z haqqi,
Hayot deb atalmish tansiq so‘z haqqi,
Qirg‘inlarni to‘xtat, urushni bas qil!
Buni onang aytgan so‘nggi so‘z deb bil!
O‘ g‘ i l
Baribir olaman, qattol shaharni!
O‘jarligi uchun o‘chim olaman…
Balki (qilichini o‘ynab)…
Birdan yopirilarmiz shu qaro tunda?
Quyosh nur sochganda o‘ldirmoq qiyin.
Qilichning tig‘ida nur o‘ynaganda,
Ko‘zni qamashtirar yorqin jilvasi
Va urgan zarblaring xato ketgusi.
O n a
Sira seskanmasdan, im qoqmay mutloq,
Qanday ayta olasan bu so‘zlarni sen!
Ey qodiri xudo,
Bardoshim sinama bunchalar, aslo…!
…Men ham fuqaroman yurtimga, bolam
Va senga onaman, oppoq sut bergan.
Qalbim tarozusin bir pallasiga
Yurtga muhabbatim qo‘yilsa agar,
Ikkinchi pallada ishqing poydor.
Qay birining toshi bosar,
bilolmam sira.
Ikki muhabbat-la yonaman takror-batakror!..
Beri kel, o‘g‘lim! Juda charchabsan…
Bolalik damlaring eslab,
Ko‘ksimga boshing qo‘yib asta, orom ol bir zum!
Xuddi o‘sha quvnoq, beg‘ubor
Va barchaga suyumli chog‘laring kabi…
O‘ g‘ i l
O, onajon!
Tizzangga bosh qo‘yib uxlab qolishni,
Orzulardim qachondan beri…
Onasining tizzasiga bosh qo‘yib, ko‘zlarini yumadi. Ona mehr bilan o‘g‘lining qo‘ng‘ir sochlarini siypalab o‘tiradi.
O‘ g‘ i l
(ko‘zi yumuq xolda.)
Bu dunyoda shon-shuhrat bilan
Seni sevaman ona,
Meni shunday qilib tuqqaning uchun.
O n a
Ayollar-chi? Ishqingda kuyganlar ko‘pdir?
O‘ g‘ i l
Son-sanog‘i yo‘q. Ammo…
O‘ta shirin narsadek, tez jonga tegadi ular.
O n a
Nima, farzand ko‘rishni istamaysanmi?
O‘ g‘ i l
Nega kerak?
Uni ham o‘ldirishlari uchunmi?
Yana bitta menga o‘xshagan chiqib,
Bolamni o‘ldirsa og‘ir botadi.
Unda men keksayib, kuch-quvvat ketib,
Xunin ololmayman alamda qolib.
O n a
(xo‘rsinib.)
Chiroylisan, o‘g‘lim, biroq chaqmoqdek izsizsan…
O‘ g‘ i l
(yotgancha kulib.)
Ha, ona, xuddi chaqmoqdek…
O‘g‘il uxlab qoladi. Shu paytda ona o‘g‘lining yuziga qora ro‘molini yopib,
uning yuragiga xanjar sanchadi.
O n a
Vujudingning eng suyuk joyiga botirdim xanjar.
Yurakkinang men-chun edi bebaho, buyuk.
Hayhot, bilmay qodim, qora ekan ul,
Qora ekan — kuyukdan kuyuk!..
Ey qodiri xudo, nimalar qildim?!
Shayton vasvasasi chulg‘adi meni.
Kimga qo‘l ko‘tardim, kimni o‘ldirdim?!
Axir har jonzotni yaratgan o‘zing!
Youncha ochilguncha umr berib kimga,
Kimlarga ulashmoq cho‘ng boqiy hayot,
Sen bitar qismat-ku, yozmish-ku, axir!
Shak keltirib senga men osiy banda,
Ne-ne orzularni etdimmi sag‘ir?!
Alhazar, alhazar!… Gunohim cheksiz!
La’natlarga ko‘mdim Ona otimni.
Yaratish qudrati ato etilgan,
Abadiy shonimni toptadim mutlaq…
O, iblis xayollar, ketingiz nari.
Men, axir, yurt deya, shu Vatan deya,
Necha qiz-o‘g‘lonning taqdiri deya
Bir ma’lun sotqinni qatl etdim-ku!
Nahot bu jur’atim yuvilmas gunoh?
Axir fuqaroman ona Vatanga,
Demakki, farzandlik burchim bajardim.
Qani biror mardum meni ayblab ko‘rsin?!
Himoyamga turar omon qolgan el!
Balki osmon qadar sharaflab nomim,
Haykal tiklamoqqa bog‘laydurlar bel?!..
Aqldan ozayapman, shekilli, yo rab!
Nima bu – o‘zni oqlamoqmi yo aldamoqmi?!
Bu ojiz ilinj, tuban istak,
Ablah bir xayol qayerdan fikrimga qutqu solmoqda?…
To‘xta, to‘xta, sen ey manfur fikratim!
Asli shonparast his, iflos nafs, riyo
Mening o‘z qonimda pinhonmasmidi?!
O‘sha tushlarimda o‘g‘limni ko‘rsam,
Kimxobu zar ichra boyu badavlat
Va shon-sharaf arg‘umog‘ida
Sira ajablanmasdim-ku, ne inoyat deb.
Go‘yo shundayin bo‘lmog‘i shartdek,
Kibrlanar edim o‘g‘lim mening, deb.
Hatto yog‘iylarga bosh bo‘lib kelib
Yurtiga xiyonat qilganida ham
Sheryurak deb aytsa, mard-chapdast desa,
Nodo‘stning so‘ziga chippa ishondim.
«Viqor-la o‘shshayib» g‘ururlandim ham…
Alhazar, alhazar…!
E voh, aslida, avvalo, o‘zimga hukm o‘qibman.
O‘g‘limgamas, o‘z-o‘zimga xanjar sanchib,
mahv etibman…
Bolam, meni kechir, so‘qir onangni!
O‘z holimni bilmay, holimga soldim.
Shonu shuhrat otlig‘ sovuq joziba
Qalbni zaharlashin sezmayin qoldim.
Endi zaqqum bosgan jonsiz tanamni
Ko‘tarib yurmoqlik nimaga kerak?!..
O‘zini o‘ldirmoq uchun xanjarni shahd bilan boshi uzra ko‘taradi va xanjar chodir tuynugidan tushayotgan tonggi quyosh nuridan yaltirab, jilvalanib, ona ko‘zlarini qamashtiradi. Va u shu holatda to‘xtab qoladi.
O n a
O‘g‘lim, bilib aytgan ekansan,
Quyosh nurlarida xanjar sanchmoq
Oson emas ekan, va lekin
Og‘riqli yurakni topmoq qiyinmas!..
O, hayot, bunchalar achchiq shirinsan?!
Jozib jilvalaring ko‘zlarni olar.
Men sendan bolamni uzgan bo‘lsam-da,
Onalar bag‘riga bolalarin qaytardim.
Vatan, vatan…
Farzand bo‘lib senga borimni berdim.
Endi farzandim-la qolaman, yo rab!
Xanjarni o‘z ko‘ksiga sanchadi.
Mungli qo‘shiq taraladi. Horg‘in va ma’yus holda r o v i y l a r kirib keladi.
1 – r o v i y
Naqadar alamli va mungli qissa!
2 – r o v i y
O‘g‘il tushunmadi, Onaning
Yaratguvchi va saqlaguvchi zot ekanligin.
3 – r o v i y
Biroq yaratganiga kim daxl qilarkan,
Uni omon qo‘ymas sherday o‘kirib.
4 – r o v i y
U o‘limga abadiy dushman!
Ajal urug‘ini sochguvchilarga
Qahri ham shafqatsiz yog‘ar begumon.
5 – r o v i y
Afsus, o‘g‘il bilmadi buni.
Yuraklarni mahv etguvchi qutquga uchdi.
Hayotbaxsh kuy sadolari tarala boshlaydi.
1 – r o v i y
Ey mug‘anniy, suruding boshla!
2 – r o v i y
Ohangingda yangrasin hayotga alyor!
3 – r o v i y
U shunday ne’matki, mangu barqaror!
4 – r o v i y
Chunki uni asraguvchi Ona zoti bor!
5 – r o v i y
Ona va hayotga esh bo‘lib mudom,
Barchamizga aziz Vatan atalmish kalom!
1 – r o v i y
Birini – biridan ayirib bo‘lmas.
2 – r o v i y
Ularga sadoqat – saodat abas!
3 – r o v i y
Ezgulik nish ursa inson dilida.
4 – r o v i y
Vatan obod, Hayot boqiy, Ona tilagi shu-da!
5 – r o v i y
Mug‘anniy, savti soz avjiga minsin!
Hayot, Ona va Vatan deganlar murodga yetsin!
Kuy avjlanib, tantanavor yangraydi.
P a r d a
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son