Shoyim Bo‘tayev. Urug‘ (hikoya)

Yilqiboy To‘xliyevning Ilash degan akasi bo‘lgan ekan. Podachilik qilib, podaga eshak, echkilarni ham qo‘shib boqavergan ekan.
Yilqiboy uni ko‘rmagan.
Bir kuni tuman qalin tushganida Naimning xo‘tigi podadan qaytmapti. Naim Yilqiboylarning uylariga uch-to‘rt marta kelipti, Ilashni holi-joniga qo‘ymapti, otalaringning quloq bo‘lib ketgani senlarga kammidi, deb do‘q-po‘pisa ham qilipti. Ilash eshagini minib, Naimning xo‘tigini qidira ketipti. Shu-shu, dom-daraksiz ketgan ekan.
— Tog‘a, nonga qarang…
Xayol surib o‘tirgan Yilqiboy seskanib boshini ko‘tardi.
Hamma dasturxondan bir nima qidirayotgandek, unga jim-dim tikilib o‘tirardi, dasturxonda nondan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi.
Yilqiboy ko‘zlarini qisib, lablarini yig‘ib oldinga cho‘zdi-da, o‘ylab o‘tirgan fikrini tiliga chiqardi:
— E, begonaning…
Davraning to‘rida siyrak soqolini ozg‘in barmoqlari bilan siypalab o‘tirgan yetmish yoshlardagi bir chol so‘z demay, hayron bo‘layotganday unga og‘zini ochib qaradi.
Yilqiboy so‘zining davomini aytolmay… o‘ylab qoldi.
Jiyanlar ilkis cho‘chib tushishdi.
Yilqiboy xatosini to‘g‘rilashga majbur bo‘ldi.
— Pochcha, siz o‘zimizniki… qarindo-osh! — dedi.
Chol ishonqiramayotgandek g‘iltillab turgan ko‘zlarini Yilqiboyga yiribroq tikildi. Yilqiboy bu qarashga dosh berolmayotgandek, kichik jiyaniga qarab, shosha-pisha gapirdi:
— Sen, Yozibek, Toshkandga borsang…
— Mayli! — rozi bo‘ldi Yozibek, nima gap-so‘zligini surishtirib o‘tirmay, lekin birortasiga artist-partist gaplashish kerakdir, degan tusmolda: — o‘zimizning qiziqchilar… — deya endi so‘z ochgan edi, tog‘a cho‘rt kesdi:
— Artisni boshingga urasanmi hozirgi vaqtda? Gapim gap: aqling bo‘lsa, ularning orasiga tushma. Hozir Toshkanga tog‘angni olib kelgani borasan.
— Tog‘amni?
— Ha. Ilash tog‘angni!
Shu mahal ostona tomondan kampirning ohista ingragani eshitildi.
— Aka-a-m!.. — bazo‘r sas chiqardi u. — Tiri-ik!..
Boshqa so‘zga holi kelmadi, shilq etib yiqildi.
Cholning ko‘zlari pirpiradi.
Tog‘a-jiyanlar sarosar o‘rinlaridan turishdi, kampirni suyashdi.
— Opa! — bezovtalanib chaqirdi Yilqiboy. — I-i-i… Sizga nima bo‘ldi?
O‘g‘illar uning betiga suv sepishdi.
Kampir sal-pal o‘ziga keldi:
— Ayog‘ining tagiga siynisi o‘lsin! — dedi.
Yilqiboy hovliqib xato qilganini payqadi.
Shundayam sir boy bergisi kelmay:
— Ha-a, turing endi! — dedi o‘zini achchiqlanganday ko‘rsatib. — Xudo deng, akamizni topib kelaylik…
— Ertayu kech Xudo deyman, oblo deyman, — kampir kaftlarini yozib, tepaga uzatdi. — Tirik ekanini ko‘rsam bas edi. Iloyim, Naimning go‘ri kuysin, deyman, avlod-ajdodi ro‘shnolik ko‘rmasin.
Kampir Naimning avra-astarini ag‘darib yana xo‘p qarg‘adi, ko‘nglini bo‘shatib olsin, deb unga indashmadi.
Chol o‘zicha g‘o‘ldirab qo‘ydi:
— Yurtda odam qolmagach, to‘ng‘iz tepaga chiqadi.
Yilqiboy Yozibekning qo‘liga bir jurnal tutqazdi:
— Mana bu yerini o‘qi, — dedi, chamasi, yod bo‘lib ketgan sahifani tez-tez varaqlab ocharkan.
Yozibek o‘qidi: «Qadimgi yodgorliklar».
— Pastrog‘ini, — tushuntirdi Yilqiboy. — Shuni yozgan odamning ism-sharifini o‘qi.
Yozibek o‘qidi: «To‘lqin To‘xliyev, arxeologiya fanlari nomzodi».
— Ismi bo‘lakcha-ku! — dedi hayron qolgan katta jiyan, tilining ostiga nosvoy tashlarkan.
— O‘sha! — dedi kulli ishonch bilan Yilqiboy. — Faqat bu akamning o‘zi emas, uning o‘g‘limi, nevarasimi bo‘lishi kerak. Fan nomzodi deganmi? Hazilakam odammas, shekilli.
— O‘sha paytlarda Ilash tog‘amni o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlarda bo‘lgan, deysizlar. Nahotki, shu yoshda o‘zining uyini topib kelolmasa? — dedi Yozibek.
— Baribir o‘lgan deysanmi? — dedi Yilqiboy chaqchayib.
— Yo‘g‘-e!
— Ja-a aqllisizlar-da, jiyan!
— Qo‘ysangiz-chi…
— Tog‘alaringda… oriyat kuchli edi.
Kampir aralashdi:
— Mirzali amakim permaga mudirligida har kuni ko‘chada doshqozon osdirib, och-yalang‘ochlarga bir kosadan ko‘cha oshi berdirtirardi…
— Harom oshi… — deya chol o‘zicha to‘ng‘illagandi, uni hech kim eshitmadi, eshitsa ham eshitmaslikka olishdi.
— Qozonning atrofini bola-chaqa bosib ketardi-ey, — davom etardi kampir. — Ilash akam… yaqin yo‘lamadi. Bir kosa yovg‘on keltirib qo‘liga tutqazishdi, olmay turaverdi. Axiyri, ovqatni qaytarib olib ketishayotganida chidolmay yig‘lab yuboruvdi.
Chol mamnun bo‘lganday ko‘rindi.
— Endi-i, unaqa oriyat-poriyat, nomus-pomus deganlaringiz rasmu rusumdan qoldi, — dedi katta jiyan.
Chol qiya qarab qo‘ydi.
— Xo‘tik-po‘tiging bilan qo‘shmozor bo‘l, deyishi kerak edi, — deganicha Yozibek akasiga hamfikr ekanligini bildirdi.
Cholning qovog‘i osilib ketdi.
— Elning xizmatidagi odam bunday deyolmaydi, — dedi Yilqiboy negadir bo‘shashibgina.
— Elingiz kimidi?
— Buni sizlar bilasizlar! — dedi Yilqiboy rangi gezarib, uning ko‘zlarida allaqanday o‘t yonib o‘chdi.
— Bas endi, — dedi gardanini qashiy bosh­lagan chol to‘ng ovozda, hech kimning aftiga qaramay.
Hammalari pusib qolishdi.
— Yo‘qsa, erta-metan yo‘lga chiqaver, — dedi biroz jimlikdan so‘ng Yilqiboy Yozibekka qarab. — Qo‘shilishib borardimu aptobusda yurolmayman, ko‘nglim ag‘dariladi. Mana pul, besh yuz. Yetadimi?
— Qo‘yavering, o‘zimda bor.
— Olaversang-chi, taksi-paksiga asqotar.
— Boshqa odam bo‘lsa-chi?
— Baribir olib kelaver. Familiya bir-ku, urug‘dosh-da!
— Qizig‘akansiz, tog‘a. Shaharliklarning fe’lini bilmaysiz. Ichi torroq bo‘lsa, ostonasidan ichkari hatlaganiyam qo‘ymas…
— Qo‘yadi! — dedi sobit ishonch bilan Yilqiboy. — Bilib qo‘y, To‘xliyev u! To‘xliyevlar uyiga kelgan odamni mehmon qilmay, izzat-ikrom ko‘rsatmay jo‘natmaydi.
Cholning qovog‘i osildi.
Yilqiboy ketishga chog‘lanib, chol bilan, opasi bilan xayr-xo‘shlashdi. Jiyanlar uni tashqariga kuzatib chiqishdi.
— Tayyorgarlikni ko‘raveray, — dedi Yilqiboy Yozibekka. — Nasib etsa, kelishlaringga katta to‘y qilib yuboramiz.
— Bo‘pti-da…
Katta jiyan ham topshiriq oldi.
Yilqiboy ketdi.
Yomg‘ir kuchaydi, tuni bilan tinmadi.
Ertasi kuni quyosh yuz ko‘rsatdi.
Chol hovli o‘rtasidagi kundaga o‘tirib, isina boshladi.
Yozibek Toshkentga ketdi.
Chol ko‘zlarini qisib quyoshga qaragancha o‘y o‘ylashga tushib ketdi.
Oradan ikki kun o‘tgach, Yozibek bir o‘zi so‘ppayib, hafsalasi pir bo‘lgancha qaytib keldi.
— Topolmadingmi? — deb so‘radi Yilqiboy uni ko‘rishi bilanoq, hol-ahvol so‘rashni ham unutgancha, rangi o‘chib jiyaniga umidvor termuldi.
— Topdim… Faqat o‘zini emas, — dedi Yozibek ishshayib.
— Ie!..
— Ishxonasini topdim.
— Uyiga bormadingmi?
— Uyi yo‘q ekan. Munosibroq joy topolmay, har kimlarnikida yotib yurarkan.
— Ie!..
— Komandirovkaga ketganmish, ikki-uch oysiz qaytmasmish…
Yilqiboy indamadi. Uning bu javobdan qanoatlanmaganligi ayon bo‘ldi.
— Qayerga ketibdi? — deb so‘radi birpasdan keyin.
— Sibirga!
— Ha-ay, jahl qilma…
— Rostini aytyapman.
— U yerda nima qilarkan?
— Bilmadim, bilmadi-im, tog‘a, — dedi Yozibek. — Ishxonadagilarning aytishicha, urug‘doshlarini qidirib ketibdi.
— Ie!.. — Yilqiboyning og‘zidan yana shu so‘z beixtiyor chiqib ketdi.
— Sibirdagi allaqaysi daryolarning bo‘ylarida qadim-qadimlardan urug‘doshlarimiz yashagan ekan, o‘shalarning izlarini qidirib, arxeologik qazishlar olib borgani ketibdi, — deb tushuntirdi Yozibek.
— Ana xolos, bundan chiqdiki, u yoqlar bilan ham aloqamiz bor ekan-da, — dedi Yilqiboy.
— Shunaqa, shekilli, — dedi Yozibek va charchab kelganligini bahona qilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Kechqurun Yilqiboy uyiga mehmon yig‘ib, ularga ham ziyofat, ham gurung berardi.
— Ob-bo qistaloq-ey, kelib-kelib bizning urug‘larimizning izlari Sibirda topilib o‘tirsaya!.. Birovga aytsang, ishonmaydi, Sibir qaydayu Pastqo‘rg‘on qayda?! — derdi u qayta-qayta.
— O‘sha siz aytayotgan urug‘doshlaringiz chukchalar bo‘lib chiqmasin tag‘in? — deya so‘z qo‘shdi kimdir hazillashgan bir ohangda.
Kulgi ko‘tarildi.
— Murod devona ham o‘sha yoqlarga qaysi bir vaqtlar yong‘oq, mayiz olib borib uch-to‘rt yil qolib ketuvdi, qarindoshlarini topib olgan ekan-da! — xulosa chiqardi boshqa birov.
— Murod devona bilar ekan-da.
Yilqiboy negadir malollandi.
— E, silarmi, — deya qo‘l silkib g‘o‘ldiradi-da, mezbonligini ham unutganday uydan chiqdi-ketdi.
Ko‘p o‘tmay mehmonlar ham qo‘zg‘alishdi.

“O‘zAS”dan olindi.