U mashinasini garajdan olib chiqayotganda motorning eski «dardi» qo‘zib, hadeganda o‘t olavermay biroz qiynaganini hisobga olmaganda, o‘sha kuni ancha omadi keldi. Yo‘l chetida ketma-ket, xuddi oldindan kelishilgandek qo‘l ko‘tarib turgan yo‘lovchilarning hojatini chiqarib, kichkina oilasining bir kunlik xarajatiga yetadigan pulni ishlab oldi. Navbatdagi yo‘lovchini shohbekatga eltganida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. Vajohati xunuk ikkita barzangi mashinaning oldingi eshigini ochib, dag‘dag‘a qilishdi:
– Bu yer bizga tegishli! Haqqing yo‘q tumshug‘ingni suqishga!
Ikkinchi sherigi mashina kalitini sug‘urib olib, talab qildi:
– Jarimasiga bugun ishlagan pulingni berasan.Qani, tez bo‘l!
– Voy, nimalar deyapsiz? – ayol kutilmagan tahdidlardan qo‘rqib ketdi. Najot qidirib atrofiga alangladi. – Nima, sizlar bu yerni sotib olganmisizlar?
– Hamma joyning xo‘jayini bor. Bilmaysanmi shuni? Sen osmondan tushganmisan? Bilmasang bilib qo‘y – bu yer bizga tegishli! Cho‘talini to‘lab tursang ishlayverasan. Bo‘ldi, sen bilan adi-badi aytishga vaqtimiz yo‘q. Qani, puldan cho‘z!
Barzangi shunday deya ayolning yonida turgan sumkachaga qo‘l cho‘zdi.
– Yordam beringlar! Yordam! – ayol jon-jahdi bilan sumkasiga yopishib, chinqirdi.
Shu mahal ayolning yonidagi yo‘lovchi shosha-pisha mashinadan tushdi. Barzangini yoqasidan tortib, mashinadan chetlatdi-yu basharasiga qulochkashlab musht tushirdi. Barzangi yerga qapishib qoldi. Yo‘lovchi yerga tushgan kalitni oldi-yu shoshib ayolning yoniga o‘tirdi:
– Qani, tezda haydang! Tezroq!
Ayol qaltiroq qo‘llari bilan kalitni zo‘rg‘a joyiga suqib, mashinani o‘t oldirdi. Orqadan militsiyaning uzun hushtagi eshitildi. Ayol tezlikni oshirdi. Shohbekatdan ancha uzoqlashgach, «Xayriyat!» deya yengil tortib, yonidagi xaloskoriga qaradi. U qotmadan kelgan, ko‘rinishdan ellik yoshni qoralagan, xushro‘ygina erkak edi.
– Rahmat sizga! – dedi ayol hamrohiga birinchi marta sinchkov nazar solib. – Agar… agar siz bo‘lmaganingizda bilmadim, holim nima kechardi. Ayni vaqtida yordam qildingiz. Sizni Xudo yetkazdi.
– Mening o‘rnimda boshqa odam bo‘lganda ham shunday qilgan bo‘lardi, – dedi yo‘lovchi haydovchining gaplaridan sal o‘ng‘aysizlanib. – Umuman olganda, ayol kishiga zug‘um qilish nomardlik.
– Sizdan boshqa odamlar oraga tushmadi-ku, tomoshabin bo‘lib turaverishdi-ku. Demak, vijdoni butun odamlar ko‘p emas.
– Bir joyda o‘qigandim, «Vijdonning borligi muhim emas, uning qiynalishi muhim»!
– Siz…ko‘p o‘qiysizmi? – ayol chorrahadagi qizil chiroq oldida mashinasini to‘xtatarkan, hamrohiga qiziqsinib qarab qo‘ydi.
– Agar ko‘p o‘qiyman desam nokamtarinlikday tuyulishi mumkin. Endi, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, o‘qimagan kunimni bekor o‘tdi deb hisoblayman. Shunga odatlanganman.
– Baxtli odam ekansiz. Afsuski, hozir odamlar kitob o‘qimay qo‘yishdi. Nega shunday – bilmayman.
– Qorin orqali fikrlaydiganlar ko‘payganda shunday bo‘ladi, – yo‘lovchi istehzo bilan kulimsirab qo‘ydi.
– «Qorin orqali fikrlash» – qiziq gap ekan, – ayol zavqlanib jilmaydi.
– Chunki bu haqiqiy fikrlash emas. Donolardan biri aytgan ekan: «Odamlar o‘qishdan to‘xtaganda fikrlashdan ham to‘xtaydilar».
– Yo‘limda har xil odamlarni uchrataman, ammo sizga o‘xshagan o‘qimishli, madaniyatlisi ko‘p uchrayvermaydi.
– Suhbatimiz menga ham yoqyapti, – dedi yo‘lovchi xijolatomuz, – ammo sizni…tirikchilikdan qoldiryapman. Shuning uchun meni o‘zingizga qulayroq biron joyda qoldirib ketavering.
– Qayoqqa bormoqchisiz o‘zi? Tortinmay aytavering, oborib qo‘yaman.
– Menga baribir. Kechqurun poyezdga chiqishim kerak, men boshqa shahardan kelganman.
– Agar xohlasangiz, sizga shahrimizni tomosha qildirishim mumkin, – dedi ayol samimiy ohangda. – Ozgina maqtanib qo‘yay: me’moriy yodgorliklarni sizga hech kim menchalik tushuntirolmaydi. Chunki mening asl kasbim – me’morlik, o‘z soham bo‘yicha fan nomzodi bo‘lganman.
– O, unday bo‘lsa rosa omadim chopibdi-da, – dedi yo‘lovchi mamnun bo‘lib. – Uyga borganda o‘g‘limga maqtanaman ko‘rganlarimni aytib. U quruvchilikka qiziqadi.
– Onasiga ham maqtanasizmi? – haydovchi ayollarga xos sinchkovlik bilan so‘radi.
– Onasi yoshligida o‘lib ketgan, shundan buyon so‘qqaboshman. Hayotimning bor mazmuni, bor umidim-ilinjim – shu yolg‘iz o‘g‘lim!
– Ha, biz shunaqa xalqmiz, o‘zimiz uchun emas, farzandimiz uchun yashaymiz, – dedi ayol o‘ychan xo‘rsinib. – Farzandlarimiz ham, Xudo xohlasa, xuddi o‘zimizga o‘xshagan bo‘ladi. Mening ham bo‘yi yetib qolgan yolg‘iz qizim bor, otasi bilan o‘n yil oldin ajrashganmiz. Qizim institutda shartnoma asosida o‘qiydi. Pulini to‘lashga maoshim yetmaydi, shuning uchun mana ayol boshim bilan kirakashlik qilyapman.
– Tirikchilikning aybi yo‘q, siz odamlarning hojatini chiqaryapsiz.
– To‘g‘riku-ya, ammo baribir ayol kishiga oson tutib bo‘lmaydi, ayniqsa, u yolg‘iz bo‘lsa…
Yo‘lovchining nazari beixtiyor ayolning qo‘lidagi uzukka tushdi. Xayoliga kelgan savoldan o‘zini tiyolmadi:
– Kechirasiz, bu uzuk…nimaning alomati?
– E-ha, – dedi ayol kulib, – bu shilqimroq yo‘lovchilarni chalg‘itish uchun bir niqob.
– Shilqimroq yo‘lovchilar ko‘p uchraydimi?
– Ha, uchrab turadi. Ayol kishi notanish erkakka shunaqa deyishi mumkinmi?
Yo‘lovchi ayolning mashina oynasidan jilmayib turgan yuziga birinchi bor sinchkovroq razm soldi. Ayolning jonsarak boquvchi chehrasida so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan, allaqanday siniq, iztirobga yo‘g‘rilgan g‘aroyib bir joziba, nazokat bor edi.
Ular mashinada shaharni obdon aylanishdi. Ayol shaharning diqqatga sazovor joylarini erinmay ko‘rsatdi, me’moriy obidalar haqida zavqlanib hikoya qildi. U faqat o‘z sohasini emas, tarixni ham yaxshi bilardi. Yo‘lovchi xayolan moziyga sayohat qilgandek bo‘ldi. Tasavvur ufqi ham kengayib qolgandek tuyuldi. Beixtiyor hamrohiga ixlosi ortdi. Unga iliqroq bir so‘z aytgisi keldi, ammo iymandi – ayolning suykalyapti deb o‘ylashini istamadi.
Oqshom cho‘kib, shahar tungi hayot og‘ushiga cho‘ka boshlaganda shig‘alab yomg‘ir yog‘a boshladi.Namchil asfalt yo‘llar yanada qorayib, sutrang chiroqlar shu’lasida yiltillab qoldi.
– Men yomg‘irni yaxshi ko‘raman, – dedi ayol mashina oynasiga urilayotgan tomchilarga tikilib, – yomg‘irda butun dard-u armonlaring arib, ko‘ngildagi jamiki g‘uborlar yuvilib ketayotganga o‘xshaydi. Agar shoir bo‘lganimda yomg‘ir haqida zo‘r bir she’r yozgan bo‘lardim.
– Shunday she’r yozilgan, istasangiz o‘qib beraman, – dedi yo‘lovchi kulimsirab.
– Qani, qani, eshitaylik.
– Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Tomchilar tomchilar sochimga.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Ham qayg‘umga, ham quvonchimga.
– Esladim, bu she’rni rahmatli shoir Rauf Parfi yozgan edi,– dedi ayol mamnun bo‘lib. – Bu she’rni talabalik yillarimizda maza qilib o‘qirdik. Agar yanglishmasam, u birinchi marta ustoz adib Asqad Muxtorning oq yo‘li-tavsiyasi bilan «Sharq yulduzi» jurnalida chop etilgandi.
– Siz faqat me’morchilikka emas, adabiyotga ham jiddiy qiziqar ekansiz, – dedi yo‘lovchi ayolga hayrat bilan tikilib.
– Axir adabiyotga qiziqmay bo‘ladimi? “Adabiyot yashasa millat yashaydi”, – degan edi Cho‘lpon.
– Ha, u-bu gapini o‘n yetti yoshida aytgan. Hozirgi o‘n yetti yoshlilarning kallasida hech vaqo yo‘q.
– Hammasi yengil hayotning payida, hamma narsaga osonlikcha, ortiqcha zahmat chekmay erishsam deydi.
– Bunga avvalo o‘zimiz aybdormiz, o‘zimiz shunga o‘rgatib qo‘yganmiz.
– To‘g‘ri aytasiz.
Oraga sukunat cho‘kdi. Mashina yomg‘irli ko‘chalardan sekin yurib borardi.
– Darvoqe, biz qayoqqa ketyapmiz o‘zi?– nogoh so‘rab qoldi yo‘lovchi.
– Siz qayoqqa desangiz – shu yoqqa-da. Mashina bugun sizning ixtiyoringizda! – dedi ayol yo‘lovchiga ochiq chehra bilan boqib.
– Mashinaning… egasi-chi? – yo‘lovchi hazilomuz jilmaydi.
– Egasi…xaloskorining xohishini baholi qudrat inobatga oladi, albatta,– ayol kuydirmajon tabassum bilan javob qildi.
– Unday bo‘lsa sizning xayrixohligingizni ortiqcha suiste’mol qilsam insofdan bo‘lmas, – dedi yo‘lovchi ayolga minnatdor nazar tashlab. – Shuncha vaqtingizni sarfladingiz, sizga katta rahmat. Bugungi kunni hech qachon unutmayman. Endi meni vokzalga oborib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.
– To‘xtang, to‘xtang, hali xayrlashishga erta-ku, – deya ayol shoshib soatiga qaradi. – Poyezdingiz qachon jo‘naydi?
– Soat o‘n birda.
– Soat endigina yetti bo‘lyapti. Yana to‘rt soat vaqtingiz bor. Shuncha vaqt vokzalda nima qilasiz?
– Xo‘sh, unda…
– Unda biznikiga boramiz. O‘z qo‘lim bilan sizga bitta osh damlayman. Keyin choy ichib, yaxshi qo‘shiqlar eshitib gurunglashamiz. Qizim bilan ham tanishtirib qo‘yaman.
– Menga sal…noqulay-da, harqalay…
– Harqalay, boshi ochiq ayolning so‘qqabosh erkakni uyiga taklif etishi… mentalitetimizga unchalik to‘g‘ri kelmaydi demoqchisiz-da?
– Yo‘q-yo‘q, men…
– Tashvishlanmang, globallashuv davrida mentalitetlar ham o‘zgaryapti, tahrir qilinyapti. Muhimi, ko‘ngil to‘g‘ri bo‘lsa– bo‘ldi.
– To‘g‘ri aytasiz.
– Xo‘sh, unda ketdikmi?
– Mayli, siz nima desangiz – shu.
Ayol navbatdagi burilish joyida mashinani qayirib olgach, uyi tomon haydab ketdi. Qorong‘ilik ancha quyuqlashgan bo‘lsa-da, ko‘chalarda qatnov hali siyraklashmagan edi.
– Mashinangizni ustaga yaxshilab bir ko‘rsatishingiz kerak ekan, – dedi yo‘lovchi motor ovoziga diqqat bilan quloq solarkan, – nosoz mashinada yurish havfli.
– To‘g‘ri, ammo yaxshi ustani topish oson emas ekan, ko‘pchiligi qo‘l uchida ish qiladi, hammasining dardi bitta – pul.
– Agar mendan astoydil iltimos qilsangiz, yaxshi ustani o‘zim topib beraman.
– Buning uchun sizning shahringizga borishim kerak-da?
– Yo‘q, usta… shu yerda.
– Tushunmadim, shu yerda deganingiz… qayerda?
– Usta shu yerda – yoningizda o‘tiribdi.
– Yo‘g‘-e, siz…avtoslesarmisiz?
– Xuddi shunday, o‘ttiz yillik ish stajiga ega bo‘lgan avtoslesarman.
– O-o, bugun rosa omadim chopgan kun ekan-da.
– Xudo degan odamsiz-da.
– E-e, yo‘q, mashinani bugun baribir tuzatolmaysiz.
– Nega endi?
– Birinchidan, ulgurolmaysiz – poyezdingiz bor, ikkinchidan, uyga borgan mehmonni darrov ishga sololmayman.
– Agar mehmon o‘z xohish-ixtiyori bilan ishlayman desa, buning aybi yo‘q. Qolaversa, bu ish menimcha, ko‘p vaqtni olmaydi, siz oshni damlab bo‘lguningizcha men ham mashinani tuzatib bo‘laman.
Garajga yetib keldilar. Yo‘lovchi shu yerning o‘zidayoq ish boshlamoqchi edi, mezbon ko‘nmadi:
– Oldin uyga chiqib, o‘zbekchasiga duoyi fotiha qilamiz. Ish bo‘lsa, qochmas.
Besh qavatli uyning oxirgi qavatiga chiqdilar. Ikki xonali xonadondagi saranjom-sarishtalik va ozodalikni ko‘rgan yo‘lovchining havasi keldi. Mehmonxonadagi par yostiqlar qo‘yilgan yumshoq divanga o‘tirib duo qildilar. Yo‘lovchi shundagina uzzukun yurib qattiq charchaganini his etdi. Bir lahza yonidagi divanga yonboshlab mizg‘ib olgisi keldi. Ammo qiladigan ishi esiga tushib, noiloj joyidan qo‘zg‘aldi.
– Shoshmang, men sizga kerakli narsalarni olib beray.
Ayol ayvonga chiqib, eskiroq korjoma va asbob-uskunalar solingan sumkani ko‘tarib chiqib, yo‘lovchining qo‘liga tutqazdi.
– Garajning qayerdaligini eslab qoldingiz-a? Yo birga chiqaymi?
– Yo‘q, tashvishlanmang, o‘zim topaman, – dedi yo‘lovchi tashqariga chiqayotib.
Ayol yolg‘iz qolgach, oshxonaga chiqib ovqatga unnab ketdi. Qizining institutdan qaytadigan vaqti bo‘lsa ham kelmayotganidan g‘ashlanib, devordagi soatga bir qarab qo‘ydi. «Balki yigiti bilan uchrashib qolgandir» deb o‘yladi.Otasiz o‘sgan yolg‘iz qizini o‘ksimasin deya ancha erkalatib yuborgani, endi uni qayirib olish oson bo‘lmasligi xayolidan o‘tdi.
Dahlizdagi telefon jiringlab qoldi. Ayol piyozdan achishgan ko‘zlarini yengiga artib, o‘rnidan turdi. Go‘shakdan eski dugonasi Feruzaning shaddod ovozi jarangladi:
– Tezda oldimga yetib kel. Senga zo‘r tomosha ko‘rsataman. Faqat tezroq bo‘l.
– Hozir borolmayman.
– Nega kelolmaysan?
– Uyda mehmon bor, uni tashlab ketolmayman.
– Ie, qanaqa mehmon?
– Sen uni tanimaysan.
– Mehmoning erkakmi yoki urg‘o…
– Erkak kishi.
– Ie, bunaqa odating yo‘q edi-ku. Qiziq, judayam qiziq, o‘zing bilmagan holda bir-u bir qilibsan-da!
– Tushunmadim – bu nima deganing?
– Kelsang bilasan – qo‘yasan. Darvoqe, seni xuddi shuning uchun chaqiryapman.
– Ilojim yo‘q hozir, mehmon otangdan ulug‘.
– Mayli, ammo keyin pushaymon qilasan. Bu sening taqdiringga bog‘liq masala.
– Agar borishim shu qadar shart bo‘lsa, mayli, bir ilojini qilarman.
– Tezroq kela qol, o‘sha har gal o‘zimiz ko‘rishadigan joyda kutaman.
Ayol osh masalliqlarini to‘g‘rab, tayyor qilib qo‘ygandi. Oshxonada bir zum o‘yga toldi-yu kiyimlarini yana almashtirib, tashqariga chiqdi. Garajga borganda yo‘lovchi ishini bitirib, mashina kapotini endi yopayotgan edi.
– Mana, ishni qabul qilib oling, – dedi u ayolga yuzlanib. – Xudo xohlasa, endi ishkali chiqmaydi.
– Sizga katta rahmat, – dedi ayol yo‘lovchiga mamnun jilmayib, – agar aybga buyurmasangiz, mumkin bo‘lsa, yana bitta iltimos chiqib qoldi.
– Qanday iltimos ekan? Tortinmay aytavering.
– Men hozir shoshilinch ish bilan bir joyga borib kelishim zarur bo‘lib qoldi, shunga siz…
– Siz sira xijolat bo‘lmang, men vokzalga bora qolaman, jo‘naydigan vaqtim ham yaqinlashib qolgandir.
– Yo‘q, yo‘q, siz meni tushunmadingiz. Avvalo, hali ketadigan vaqtingiz bo‘lgani yo‘q, ikkinchidan, sizni palovsiz jo‘natmayman. Oshning hamma masallig‘ini tayyorlab qo‘yganman, siz men kelguncha uyga chiqib, oshni damlab turolmaysizmi demoqchi edim. Erkaklar oshga usta bo‘ladi deyishadi-ku.
– E-e, shunday demaysizmi. Bir og‘iz so‘zingiz. Pazandalik mening «hobbim» – ikkinchi hunarim. Qolaversa, palovday jiddiy narsani ayol kishiga ishonib topshirib bo‘lmaydi!
– Unday bo‘lsa juda soz. – dedi ayol xursand bo‘lib. – Kechirasiz, men juda shoshib turibman, mana uyning kaliti, o‘zingiz bemalol chiqib hunaringizni ko‘rsataverasiz.
– Siz hali meni… yaxshi bilmaysiz-ku, – dedi yo‘lovchi kalitga ikkilanibroq qo‘l cho‘zarkan. – Mutlaqo tanimagan-bilmagan odamga ishonyapsiz…
– Men ichki sezgimga ishonaman, ichki sezgim esa shu odamga ishonsa bo‘ladi deyapti.
– Ishonchingiz uchun rahmat, uni oqlashga harakat qilaman, – dedi yo‘lovchi ayolning gaplaridan allanechuk ta’sirlanib. Beixtiyor ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi. U ko‘ngilchan odam edi. Ko‘zlarini yashirgancha ayolga qaramay tez yurib ketdi. Boyagina birrov kirib chiqqan uyning eshigini ochib, ichkariga kirdi.
Oradan yarim soatlar chamasi vaqt o‘tgach, gaz plitada oshning zirvagi mil-mil qaynar, obdon charchagan yo‘lovchi esa divanda dong qotib uxlab qolgan edi. Xuddi shu mahal ayolning qizi yigiti bilan uyga kirib kelishdi. Nogoh mehmonxonada uxlab yotgan notanish kimsani ko‘rgan qiz qo‘rqqanidan qichqirib yubordi.
– Qiziq, bu kim bo‘ldi ekan? – dedi qiz yigitning pinjiga tiqilib.
– Balki onangning bironta tanishidir? – taxminladi yigit.
– Onamning bunaqa begona erkakni uyga boshlab keladigan odati yo‘q. – dedi qiz achchiqlanib.
– Axir bu odam o‘z-o‘zidan, osmondan tushmagandir.
Gangir-gungur shovqindan yo‘lovchi asta uyg‘onib, ko‘zini ochdi. Atrofga alanglab, yigit bilan qizni ko‘rdi-yu sarosimaga tushib, xijolatdan boshi qotdi.
– Siz kimsiz o‘zi? Bu yerga qanday kelib qoldingiz? – deb so‘radi qiz notanish odamga hadiksirab, taajjub bilan tikilarkan.
– Men…shu xonadon bekasi bilan keluvdim. Shoxbekatda tanishib qoluvdik.
– Tanishgan bo‘lsangiz, ismi nima ekan xonadon bekasining, – dedi yigit iddao bilan va yo‘lovchiga sinchkov tikildi.
– Ismini…so‘ramabman, – yo‘lovchi xuddi ayb ish ustida qo‘lga tushgan bolakaydek qizarindi.
– Ho‘vv, menga qarang, – dedi yigit tahdid bilan yo‘lovchi tomon bir qadam tashlab. – Bunaqa cho‘pchagingizni pishirib yeng, kimni laqillatmoqchisiz? Siz birovning uyiga bostirib kirgan o‘g‘ri, bosqinchisiz. Hoziroq melisa chaqiraman.
Yigit yo‘lakka chiqib, telefon go‘shagini ko‘targan edi, qiz qo‘lidan tutib qoldi.
– Balki hojati yo‘qdir. Ortiqcha dahmazaning nima keragi bor? Yaxshilikcha o‘zi ketgani ma’qul.
Yo‘lovchi ichkarida bu gaplarni eshitib turgan edi. Indamay o‘rnidan turdi-yu dahlizdagi sumkasini ko‘tarib, uydan chiqib ketdi.
– Menimcha, baribir yaxshi ish bo‘lmadi, – dedi qiz afsuslanib, – onamning kelishini kutishimiz kerak edi.
– Kallamga zo‘r bir fikr keldi, – dedi yigit qizning gaplariga e’tibor bermay, qo‘llarini bir-biriga ishqab, – fursatdan foydalanib qolishimiz kerak.
– Nima qilmoqchisiz? – qiz yigitga xavotirlanib qaradi.
– Onangning pullarini qayerga yashirganini bilasan-a?
– Bilaman, – dedi qiz bo‘shashibgina, – lekin…
– Lekin-pekini yo‘q. Onang mashina olishimga qarz bergisi kelmay yuruvdi. Mana endi bemalol o‘sha pulni olib, aybni haligi notanish odamga to‘nkab qo‘yaversak bo‘ladi. Zo‘r o‘ylabmanmi?
– Zo‘r emas, g‘o‘r o‘ylabsiz. Axir qing‘ir ish qirq yildan keyin ham bilinadi-ku.
– O‘zing og‘zingdan gullab qo‘ymasang bo‘ldi-da. Kim bilib o‘tiribdi.
– Baribir ko‘nglim chopmayapti shu ishga.
– Mashinada seni har kuni maza qilib sayr qildiraman. Aytgan joyingga olib boraman. Har kuni institutda darsdan chiqishingni kutib turaman mashinada. Eng muhimi, to‘yni ham tezlatamiz. Nima, menga…ishonmayapsanmi?
Yigit avray-avray qizni qaltis rejasiga ko‘ndirdi. Qiz mehmonxonadagi javonning pastki tortmasidan oq xatjildga solingan uch ming dollar pulni yigitning qo‘liga tutqazdi. Onasi bu pulga qizi uchun alohida uy olib bermoqchi bo‘lgan, ammo uylarning narxi kutilmaganda ko‘tarilib ketgani bois reja keyinga qoldirilgan edi.
Yigit pulni olgandan keyin uyda ko‘p o‘tirolmadi. Avtomobil salonida ishlaydigan do‘sti bilan maslahatlashishi lozimligini aytib, tezda jo‘nab ketdi.
Ona bu orada jamiki erkak zotidan nafratlangan holda, dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib uyga qaytayotgan edi. Unga uylanaman deb va’da bergan erkakning anchadan buyon boshqa ayol bilan ham don olishib yurganini Feruza bir necha bor kuzatgan, bu gal uni «jinoyat ustida» ko‘rsatish uchun dugonasini shoshilinch chaqirgan edi. Ayol o‘zi ishongan, o‘zi yoqtirib yurgan odamining xiyonatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, ko‘zi moshdek ochildi. Ko‘rganlari tushida emas, hushida bo‘lganiga hali hanuz ishongisi kelmas, endi yashashning ma’nosi ham, qizig‘i ham qolmagan edi.
Uyga kelib qizidan eshitgani dard ustiga chipqon bo‘ldi. Notanish yo‘lovchining pulni o‘g‘irlab ketganiga oppa-oson ishondi. Axir erkak zotining hammasi bir go‘r ekaniga o‘zi hozirgina guvoh bo‘lib kelgan edi-da. Yana qanday dalil-isbot kerak. Faqat endi qanday yashaydi? Qalbida odamlarga ishonch bo‘lmasa qanday yashash mumkin?
Ayol shu kecha mijja qoqmay chiqdi. Tun yarmiga borganda issig‘i ko‘tarilib, alahsiray boshlaydi. Qiz uydagi dori-darmonlar kor qilmasligini sezib, tez yordamga telefon qildi. Vrach ayolni kasalxonaga olib ketdi.
Onasining o‘sha kuni dugonasi bilan uchrashganidan, boshidan kechgan ko‘ngilsizliklardan xabarsiz qiz bu ko‘rguliklarga yolg‘iz o‘zim sababchiman deb o‘ylar, ammo aybini qanday yuvishni bilmas edi. Mabodo bor gapni aytsa, onasining dardi battar og‘irlashib qoladigandek tuyulardi. Aytmasa…aytmay yuraversa yuragini kemirayotgan vijdon azobidan qutulolmasligini anglab yetdi. Axiyri, bir kuni payt topib onasiga yorildi. Bor gapni aytdi. Negadir onasi pul voqeasiga ortiqcha parvo qilmadi, u gunohsiz yo‘lovchining behurmat qilinib, uydan haydab chiqarilganidan ko‘proq kuyindi. Halovati yo‘qoldi, ko‘ngliga hech narsa sig‘may qoldi. Nimadir qilishi lozimdek tuyuldi. Kasalxonadan uyiga qaytgan kuni qiziga qat’iy ohangda shunday dedi:
– Men baribir u odamni qidirib topishim kerak. Uning oldida gunohkormiz. Borib kechirim so‘rayman. U bag‘ri keng, tushungan odam. Kechirsa kerak.
– Axir uning ismini ham bilmaysiz-ku. Qanday topasiz uni?
– Yashaydigan shahri ma’lum, kasbi-korini bilaman. Kichkina shaharda hammaning ishi tushadigan odamni topish qiyin emas.
Ayol ertasi kuniyoq tanish notanish yo‘lovchini qidirib jo‘nab ketdi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.