O‘shanda 1980 yilning rutubatli kuzi edi. Bu kunlarni mashhur yozuvchining ta’biri bilan tavsiflasak:”…Kuz shu qadar g‘amgin ediki, beixtiyor kishining yig‘lagisi kelardi”. Lekin bu g‘amginlikni har qanday kas ham his qilavermasdi. Ulug‘ me’mor besh qo‘lni baravar qilib yaratmaganidek, ko‘ngillar ham turlicha-da. Shuning uchun ham dunyoni anglash, tiriklikdagi muddaoni idrok qilish, har kimda o‘z qarichiga munosib kechadi.
…Ertalab ko‘cha eshigimizdan kimdir ovoz berdi. Qarasam, qo‘shnimiz Abdi oshpaz ekan.
– Otang qani? – dedi Abdi amakim.
Uning yuz-ko‘zlarida allaqanday sarosima bor edi.
– Otam bozorga ketganlar…
Rostdan ham o‘sha kuni ertalab otam onam bilan opamning to‘yiga u-bu xarid qilish uchun bozorga tushib ketgan edi.
– Otangga ayt, bozordan kelishi bilan Bo‘riboy akanikiga borsin, bechora bandalik qilibdi, – dedi Abdi amaki. So‘ngra ortiga burildi-da, tez-tez yurib ketdi.
Darvozada hangu-mang bo‘lib qoldim. Abdi oshpazning gapiga ishonish qiyin edi. Axir, Bo‘riboy aka qanday qilib o‘ladi, kuni kecha el-yurtga dong‘ini chiqarib to‘y qilib bergan edi-ya… O‘ziyam to‘ymisan to‘y bo‘ldi-da. Poytaxtdan eng taniqli artistlar tashrif etdilar. Tumanimizdagi ne-ne kazo-kazolar to‘y sohibiga, uning mehru saxovatiga hamdu sanolar o‘qidilar. Ushbu kechaning asosiy “aybdorlari” kelin bilan kuyovga keyingi hayotlarida baxt-saodat tiladilar. Xullas… ana shunday to‘y qilib bergan Bo‘riboy aka hali to‘y tarqamasi… bo‘lishi mumkin emas. Nahotki o‘lish shuncha oson bo‘lsa? Balki bo‘lishi mumkindir, lekin Bo‘riboy akaning o‘lishi mumkin emas. Nima uchundir menga shunday tuyulardi. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor.
Biz Akmal bilan bir sinfda o‘qiganmiz. Akmal Bo‘riboy akaning to‘ng‘ich o‘g‘li. U hech qayerda ishlamaydi. Lekin har doim cho‘ntagida puli ko‘p bo‘ladi. Tagidagi mashinasini har olti oyda yangisiga almashtirib turadi. Lekin, to‘g‘risini aytish kerak, u qanchalik boyvachcha bo‘lmasin, manmanlik qilmaydi. Men uni shuning uchun ham boshqa jo‘ralarimdan ko‘proq yaxshi ko‘raman.
Men bu xonadonga yoshligimdan tez-tez borib turardim. Ularning uyida har doim mehmon bo‘lardi. Chunki Buriboy aka tuman markazida joylashgan Aroq zavodining direktori edi.
Kuni kecha Akmalning to‘yi bo‘ldi. U o‘zi xohlaganidek shaharlik qizga uylandi. Darvoqe, Akmalning uylanishi qiziq bo‘ldi. Atigi bir oyning ichida qiz ham topildi, fotiha ham bo‘ldi, to‘y ham. Dono xalq bekorga: “Pul bo‘lsa changalda sho‘rva” demagan ekan.
Xullas, men ham shaharga kuyov jo‘ra bo‘lib bordim. Kelinning ismi jismiga monand Surayyo ekan. Buni qarangki, ana shunday baxtli kunda Bo‘riboy aka…
Men Akmallarning hovlisiga kirib borganimda qiyomat qoim bo‘lib yotardi. Supaning bir chetida Akmalning onasi, chorpoyada esa buvisi hushidan ketib yotardi. Akmal esa yuzlarini changallaganicha, bir chekkada o‘tirardi. U meni ko‘rishi bilan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Bunday kunni yaratgan hech kimning boshiga solmasin. Lekin nachora, takdirga tadbir qilib bo‘lmaydi. Bo‘riboy aka yurak xurujidan vafot etibdi. Uni o‘sha kuni ko‘mib kelishdi. Qo‘sha-qo‘sha mashinalar, dang‘illama uylar bari sabil qoldi. Kuni kecha bu xonadonga o‘yin-kulgi bilan kirib kelgan do‘stu yoronlar butun boshi egilgan ko‘yi ko‘zlarida yosh bilan chiqib ketdilar. Bir kunda barchasi bir uyum tuproqqa aylandi.
Oradan ikki kun o‘tdi. Ertalab onam xunuk xabar topib keldi. Rahmatli Bo‘riboy akaning yangi kelini yo‘qolib qolibdi. Quloqlarimga ishonmadim. Apil-tapil kiyindim-u, Akmallarnikiga chopdim. Borsam, uyda Akmalning onasi yig‘lab o‘tiribdi. Aytishlaricha, kechasi kelini qayergadir ketib qolibdi. Akmal ertalab shaharga qaynonasinikiga ketibdi.
Menga bu ko‘rgiliklar ham bormidi. Endi el-yurt orasida qanday bosh ko‘tarib yuraman. Otasining o‘rniga men o‘lib ketaversam bo‘lmasmidi, – bechora ona o‘rtanib yig‘lardi.
Men onaizorga tasalli berishga ham jur’at qilolmadim. Bunday vaziyatda ortiqcha nasihatgo‘ylik qilish insofsizlikdek tuyuldi. Aslida, rostdan ham bu voqea… ayniqsa bizning o‘zbekchiligimizda sharmandali edi.
… Surayyoni uch kun deganda topishdi. U uzokroq bir qarindoshining uyida ekan. Eng qizig‘i, yangi kelin nima uchun uyidan ketib qolganini hech kimga izohlab berib o‘tirmadi. “Men erim bilan yashamayman, tamom vassalom” dedi. Tabiiyki, bu javob kuyovto‘raning hamiyatiga tegdi. Qolgani o‘zingizga ma’lum. Shunday qilib, ne-ne orzu-umidlar bilan tiklangan oilaning umri atigi to‘rt kungina bo‘ldi. Bu mudhish voqeani eshitganlar turlicha taxminlarga borishdi. Birov kelinning o‘ynashi bor ekan desa, yana kimdir kuyov… anaqa ekan deyishdi. Yana kimdir asli kelinning kuyovda ko‘ngli yo‘q desa, boshqa biri… Xullas, shu to‘rt kunlik oilaning qismati og‘ziga kuchi yetmaganlar uchun zo‘r hangoma bo‘lib qoldi. Aslida, voqelar rivoji ham hangoma qilishga arzirdi-da. Tasavvur qiling, sevishib turmush qurgan kelin dabdurustdan “men bu odam bilan yashamayman” deb turib olsa. Biror sababsiz shunday bo‘lishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lmasa, Akmal bilan Surayyo nima sababdan ajrashib ketishdi? Men bu savollarning javobini oradan roppa-rosa o‘n yil o‘tib bilib oldim. Bu javoblar shu qadar mudhish va sharmandali ediki, bunga inson bolasi chiday olmasdi.
Bir kuni qandaydir ish bilan shaharga tushdim. Qaytishda bozordan ul-bul xarid qilib endi chiqayotsam… qarshimda bo‘yniga chiroyli ro‘mol tashlab olgan bir juvon tabassum qilib turardi.
– Siz meni tanimadingiz-a, – dedi u siniq ovoz bilan. – Men… Surayyoman.
– Tushunmadim, qaysi Surayyo?
– Akmal akam yaxshi yuribdilarmi?
Tepamdan bir chelak sovuq suv quygandek bo‘ldi. Men uni tanidim. Nahotki shu Surayyo bo‘lsa?
– Menda nima ishingiz bor edi? – dedim beixtiyor.
– Shunaqa deyishingizni bilgan edim. Lekin siz ozgina haqiqatdan xabardor bo‘lganingizda hozir menga bunday muomala qilmagan bo‘lardingiz.
Uning gaplaridan hayron qoldim. Tavba, u qanday haqiqat haqida gapirayapti o‘zi?
– Siz Akmal akaning yaqin do‘stisiz, shuning uchun barcha sirlardan ogoh bo‘lishga haqqingiz bor. Ushanda men bekorga uydan ketib qolmagan edim.
Surayyo meni qo‘yarda-qo‘ymay bozor chetidagi oshxonaga boshladi. U menga nima uchun Akmal bilan ajrashganini bafurja aytib bermoqchi bo‘ldi. Bu hikoya men uchun juda qiziq va ayni paytda juda muhim ham edi.
– “Bandaning boshi, Ollohning toshi”, der edi rahmatli buvim. Bir paytlar bu gaplarga unchalik tushunmasdim. Bugun aminmanki, “qari bilganni pari bilmas ekan”. Rostdan ham odamzodning boshi toshdan-da qattiq bo‘lar ekan. Mening yoshim endi o‘ttizdan oshdi. Lekin meni bugun hech kim o‘ttizga kirgan juvon demaydi.
Surayyo beixtiyor yig‘lab yubordi. Uning yig‘ilarida juda og‘ir va alamli iztiroblarning sharpasi bor edi. Men esa juvonning qarshisida hayronu lol edim. Nimalar bo‘lyapti o‘zi? U sumkasidan ro‘molchasini olmoqchi bo‘ldi. Shunda… uning oppoq qo‘llariga ko‘zim tushdi. Vo ajab, uning qo‘llari oqarib qolgan edi.
– Qo‘llarimni ko‘rib hayron bo‘lyapsiz-a? Hayron bo‘lmang, bu mening gunohlarimga berilgan jazo. Men har safar qo‘llarimga ko‘zim tushganida Akmal akamni eslayman. Qilib qo‘ygan nomaqbul ishlarimni eslayman. Aka, iltimos, siz mening gaplarimni yaxshilab eshiting, ehtimol, bu gaplarni vaqti kelib Akmal akamga ham aytib berarsiz.
Men Surayyoning aytganlarini o‘zi istaganidek diqqat bilan tinglay boshladim.
– O‘sha kuni negadir ishdan kechroq qaytishimga to‘g‘ri kelgan edi. Avtobus vaqtida kelmaganidan yo‘lovchi mashinada uyga yetib olmoqchi bo‘ldim. Shu niyat bilan havorang “Volga” avtomashinasini to‘xtatdim. Haydovchi nihoyatda xushmuomala kishi ekan. Aytishiga qaraganda, u shahardagi allaqanday zavodning direktori ekan. Manzilga yetib borgach, men unga yo‘l haqi uzatdim. U kishi olmadi. “Men sizni pul uchun olmadim”, dedi. Men rahmat aytib tushib qoldim.
Tasodifni qarangki, shu voqeadan ikki kun o‘tib, yana xuddi shu mashinaga duch keldim.
– O‘tiring, tashlab qo‘yaman, – dedi eski tanishim.
Bu safar u-bu haqida ancha gaplashdik. Uning ismi Akrom aka ekan. Tanishim yaxshi odam chiqib qoldi. Manzilga borgach, har qancha qistasam ham yana pul olmadi. Rostini aytsam, bu xil voqea shundan keyin ham bir necha marta takrorlandi. O‘lay agar, o‘sha paytlari ko‘nglimga hech narsa kelgani yo‘q. Rostda… otam tengi odam bo‘lsa, ko‘ngilga nima ham kelishi mumkin.
Bir-birini kuvib kunlar o‘taverdi. Bir kuni yana havorang “Volga”ga chiqishga to‘g‘ri keldi.
– Agar yo‘q demasangiz, sizni bitta joyga olib bormoqchiman, – dedi Akrom aka. – Iltimos, ko‘nglingizga hech narsa kelmasin. Biz bormoqchi bo‘layotgan joy uyg‘urlarning oshxonasi. Uyg‘ur taomlarini yemabsiz, dunyoga kelmabsiz…
Men… rozi bo‘ldim. Nega? Nima uchun? Bilmadim. Bilganim shuki, biz o‘sha kuni uyg‘urlarning oshxonasiga bordik. Qiziq, u yerdagilarning hammasi Akrom akani tanir ekan. Birpasda dasturxon turli-tuman noz-ne’matlarga to‘lib ketdi. Bu dabdabani ko‘rib, beixtiyor ko‘nglimga g‘ulg‘ula tushdi. Ketmoqchi bo‘ldim.
– Surayyoxon, endi sizga to‘g‘risini aytmasam bo‘lmaydi, shekilli, – dedi Akrom aka mendagi sarosimani ko‘rib. – Rostini aytsam, bugun mening tug‘ilgan kunim. Bugun qirq yettiga to‘ldim. Agar meni hurmat qilsangiz, bir piyola vino ichasiz, xolos. Chunki bu vinoni atayin tug‘ilgan kunim uchun Parijdan olib kelganman.
Ichdim!!! Yeru osmon chirpirak bo‘lib ketdi. Tanamda allaqanday kuch uyg‘ongandek bo‘ldi. Qolganini… bilmayman. Ko‘zimni ochsam… yarim yalang‘och holda divanda yotibman. Yonimda Akrom aka ishshayib o‘tiribdi. Dahshatdan ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Dod solib unga tashlandim. Lekin men kechikkandim. Hammasi tamom bo‘lgan edi. Otam tengi nusxa meni aldagan edi. U mal’un menga o‘zi ham bilmagan holda shu voqea sodir bo‘lganini, endi meni nikohiga olishini aytdi. Mening esa qulog‘imga hech narsa kirmasdi.
Shundan keyin bir necha kun o‘zimni o‘zim o‘ldirishga qasd qilib yurdim. Lekin jonim shirinlik qildi. Mening yuzimga qarab uydagilar ham, ishxonadagilar ham hayron edi. Bu orada Akrom aka bilan yana uchrashdik. To‘g‘risi, u kishi meni o‘ziga ipsiz bog‘lab qo‘ygan edi. Men faqat bir narsadan, homilador bo‘lib qolishdan qo‘rqardim. Shuning uchun ham oradan kunlar o‘tib, unga turmushga chiqishga ham rozi bo‘ldim. Mening bu qarorimdan Akrom aka quvonib ketdi. Rosti, men bu kishidan nafratlanar edim, lekin unga hozircha bo‘yin egishdan boshqa ilojim ham yo‘q edi-da.
Bir-birini quvib yildirim kunlar o‘taverdi. To‘satdan Akrom aka yo‘qolib qoldi. Tasavvur qilayapsizmi, bu men uchun dahshat edi. Endi uni qidirishga tushdim. Qarang-a, men endi o‘zim nafratlangan odamning ortidan sarson edim. Bu orada bir necha marta Akrom akaning shahar tashqarisidagi hovlisiga borib keldim. Bu uy mening yodimda o‘chmas bo‘lib qolgan edi. Chunki mening fojiam aynan mana shu uydan boshlangan edi-da. Sizga hozirgina aytgan o‘sha mash’um kunda sodir bo‘lgan voqeaning shohidi mana shu o‘t tushgur uy bo‘ladi. Xullas, Akrom akani yo‘qotib qo‘ydim.
Bir kuni o‘sha hovliga yana bordim. Darvoza qulf ekan. Ortimga qaytdim. Yo‘lda ketayotsam shundoqqina yonimga bir mashina kelib to‘xtadi. Ichida chiroyli bir yigit o‘tirgan ekan.
– Shaharga ketsangiz olib ketishim mumkin, – dedi chiroyli yigit.
Yigitdagi samimiyatni ko‘rib beixtiyor mashinaga chikdim. Yo‘lda tanishib oldik. Yigitning ismi Akmal ekan. Otasi tumandagi aroq zavodining direktori ekan. U bu yerga dala hovlisidan xabar olgani kelibdi.
Biz shaharga yetib keldik.
– Agar yo‘q demasangiz ovqatlanishga taklif qilaman, – dedi Akmal.
Men yo‘q demadim. Chunki, rostini aytsam, shu daqiqalarda ko‘nglimda yomon bir niyat tug‘ilgan edi. Sezib turibman siz hozir meni yomon ko‘rib ketyapsiz. Lekin nachora, men shunday qilishga majbur edim.
Restoranda xushchaqchaq o‘tirdik. Akmal akam juda sodda yigit ekan. Men ana shu soddalikdan foydalanmoqchi bo‘ldim. Bechora yigit o‘ylamadiki, nega bu qiz birinchi ko‘rishishdanoq buncha mulozamat ko‘rsatayapti? Ancha-muncha ichdik. Ikkalamiz ham sarxush bo‘lib restorandan chikdik.
– Endi nima qilamiz? – dedi Akmal akam.
– Bilmadim, yana ikki soat sizning ixtiyoringizdaman, – dedim sirli ohangda. Bildimki, bu ohang yigitning “ishtahasini” ochib yubordi.
Biz shaharning markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan to‘qqiz qavatli uyning to‘qqizinchi qavatiga ko‘tarildik. Uchta xonadan iborat uyga kirdik. Xonalar nihoyatda did bilan jihozlangan ekan. Men yana ichishni taklif qildim. Ichdik yana va yana. Bir payt Akmal akam meni og‘ushiga oldi.
– Akmal aka, o‘ylab ish tuting, men qiz bolaman, – dedim unga. Lekin ko‘nglimda xursand edim. Qolaversa, allaqachon g‘isht qolipdan ko‘chgan, yonimda taltayib yotgan sarxush yigit endi mening ixtiyorimda edi. Xullas, gunohkor muhabbatning g‘arazlarga to‘la visol onlari boshlandi. Ehtiroslar junbushga keldi. Murodlar hosil bo‘ldi. Va… fojialar boshlandi. Men bechora yigitni aldadim. “Sen meni benomus qilding, endi menga uylanasan” deb turib oldim. Kayfi tarqab, o‘ziga kelgan Akmal akam jimgina mening gaplarimni tinglab o‘tirardi.
– Surayyo, hammasiga roziman. Faqat menga… nishonani ko‘rsat, – dedi Akmal akam.
– Men uni yuvib tashladim. Ishonmasangiz, ana, vannaxonani ko‘ring.
Oldindan tayyorlab qo‘ygan anjomlarim ish berdi. Lekin Akmal akam gaplarimga unchalik ishonmadi. Undagi bu holatni ko‘rib qo‘rqib ketdim. Xalqimizda “O‘lar ho‘kiz boltadan qo‘rqmas”, degan gap bor. Menga endi baribir edi.
– Agar meni badnom qilganingizni tan olmas ekansiz, unda tegishli joylarga borishimga to‘g‘ri keladi, – dedim. Akmal aka gaplarimni eshitib qo‘rqib ketdi.
– Roziman!!!
Menga shunisi kerak edi. Men baxtiyor edim.
Shundan keyin Akmal akam bilan yana bir-ikki marta uchrashdik. Men uni yana ishqiy o‘yinlarga rag‘batlantirmoqchi bo‘ldim. Endi uni butunlay o‘zimniki qilib olmoqchi edim-da. Biroq negadir u ko‘nmadi. Men uni tinimsiz to‘y qilishga qistar edim. U esa to‘yni paysalga solib yuraverdi. Oxiri bo‘lmadi. Bir kuni unga yolg‘ondan homilador ekanimni aytdim. Akmal akam qo‘rqib ketdi.
– Surayyo, – dedi o‘shanda Akmal akam og‘ir bir xo‘rsiniq bilan. – Rostini aytsam, men sizga uylanmoqchi emas edim. Chunki mening ko‘nglimda baribir bir g‘ashlik bor. Lekin sizning homilador bo‘lib qolishingiz… meni fikrimdan qaytardi. Mayli, hammasiga roziman! Shu oyning o‘zida to‘yimiz bo‘ladi.
U bu gaplarni shu qadar iztirob bilan aytdiki, ko‘nglida zarracha g‘ururi bor qiz bu gaplarga aslo chiday olmasdi. Lekin men chidadim. Mening g‘ururimni nomussizlik ado qilgan edi.
Akmal akam aytganidek, bir oyning ichida to‘y bo‘ldi. As’asa-yu dabdaba bilan kelin bo‘ldim. Kuyovnikida kechqurungi bazm boshlandi. Bir payt… davrada bir odam ko‘rindi.
Odam emas, mal’un, olchoq, iflos bir nusxa ko‘rindi. Bilasizmi, bu kim edi? Bu o‘sha meni badnom qilib, qochib ketgan kimsa edi. Boshimdan sovuq suv quygandek bo‘ldi. Tanam tinimsiz titray boshladi. Ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. Qarasam… Akrom aka biz tomonga qarab kelayapti.
– Surayyo, turing dadamlar kelayaptilar!
– KIM!!!
– Qolganini aytolmayman. Xayolimga kelgan birinchi gap… o‘zimni o‘ldirish fikri bo‘ldi. U bizning qarshimizga keldi. Ko‘zlar to‘qnashdi! Shu daqiqalarda har ne o‘tdi, o‘zimizdan o‘tdi. Akrom aka… to‘g‘rirog‘i, qaynotam Bo‘riboy aka indamay ortiga burilib ketdi. Shundan keyin bazm tugaguncha men uni davrada ko‘rmadim. Bazm tugadi. Men ham tugadim. Eh, qanday dahshat!
… Ertalab qaynonamning baqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Ne falokatki, qaynotam yurak xurujidan bandalik qilibdi. O‘shanda siz ham Bo‘riboy akaning o‘limidan hayron bo‘lgan edingiz, to‘g‘rimi? Lekin hayron bo‘lgan yolg‘iz siz emas edingiz. Bu o‘limdan hamma hayron edi. Bu o‘limning sirini birgina men bilardim. Men endi bu uyda ortiqcha qololmasdim. Bunga haqqim yo‘q edi!
Xullas, o‘sha sirli nikohning mudhish tarixi ana shulardan iborat. Nega ranglaringiz oqarib ketdi? Akmal akam bola-chaqali bo‘lib ketgandir-a. Ko‘rsangiz, mendan salom aytib qo‘ying. Hayotini zaharlaganim uchun meni kechirsinlar. Hozirgina eshitganingizdek, bu ishlarga yolg‘iz men aybdor emasman. Xayr, men ketdim.
U ketdi! Men u bilan xayrlashmadim, xayrlasha olmadim. Miyam karaxt edi. Uning ortidan tikilgancha qolaverdim. Surayyo… sho‘rlik Surayyo… xiyonatkor Surayyo… boshini egganicha ketib borardi.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son