Said Anvar. Kasb tanlamay men o‘lay! (hajviya)

Dadam rahmatli: “Junadulla, ota kasbini tanlagan odam xor bo‘lmaydi, qassoblikda hikmat ko‘p…” desa, “Go‘ng hidlab, ichak sudrab, suyak izlab yuramanmi?” deb burun jiyiribman-a! Barmog‘imni osmonga niqtab:
– Men aktyor bo‘laman, aktyor! – deb hayqiribman kamiga. Xom sut emgan bandamiz-da.
Raqamlarga murojaat qilamiz: sakkiz marta o‘ng qo‘lim sindi, yetti marta chapi. Uch marta o‘ng, ikki marta chap oyog‘im shifokorlar xizmatidan bahramand bo‘ldi. Oyoq-qo‘limning chiqqan, solinganining, singan qovurg‘alarimning sanog‘iga yetolganim yo‘q. Olti marta nokaut holatiga tushdim. Burnimda o‘tkazilgan plastik operatsiya hozircha bitta. To‘rt marta qoshimni, besh marta labimni tiktirdim. Tishlarimni butkul yangilaganman.
Qalay, ko‘rsatkichlar yomon emas-a? “Aktyor emas, boksyor bo‘libsiz-da!” dersiz? Topolmadingiz, aktyor bo‘ldim, aktyor!
Teatrga ishga kelib, dastlabki uch oyni hushtak chalib o‘tkazdim. Hushtakchi rolini o‘ynamadim, hushtakning o‘zi bo‘ldim. Sahnada o‘ynayotgan aktyor “visht, visht, visht!” deb itini chaqirishi kerak. Afsuski, aktyor hushtak chalishni uncha eplolmadi. Aniqrog‘i, uning hushtagiga it tugul, mushuk ham kelmadi. Meni yollashdi. U sahnaga chiqadi, men pardaning orqasida turib, hushtak chalib, itni chaqirib beradigan bo‘ldim. Yana spektaklning uch joyida: boshida, yarmida, oxirida. Oldin yoki keyin chalib yuborish mumkin emas – tomosha buziladi. Ko‘zim bilan sahnani teshib yuborguday bo‘lib o‘tiraman. “Hushtak joyiga tushmadi”, degan gap bo‘lishi mumkin-da. Men-ku hushtakni xo‘p o‘rniga tushirdim. Ammo padar la’nati it asli nasliga tortib egasi qolib, men tomonga chopib qolsa bo‘ladimi? Eshshakday keladi o‘ziyam. Qochmay ko‘ring, yeydi! Spektakl bu yoqda qoldi, tomoshaning kattasini it ikkovimiz ko‘rsatdik: tomoshabinlar ichida ham itdan qochib yuribman-da!
Spektakldan keyin meni xo‘p chilyosin qilishdi. Itni ham egasining oldiga boradigan qilib o‘rgatishdi. Ammo hushtakchilik ham jonga tegdi.
– Hushtak chalib yuraveramizmi? – dedim rejissyorga.
– Rol o‘ynaysanmi? – so‘radi u.
– O‘ynayman, – dedim men.
– Unda sahnaga chiq! – buyruq berdi rejissyor.
Shifokorlar haqida allaqanday spektakl qo‘yilayotgan ekan. Narvonda tepaga chiqayotgan odam tomga yetay deganda gursillab yiqilib tusharkan. Ana shu yiqiladigan odam rolini menga berishdi. Repetitsiya boshlandi, yiqildim.
– Yo‘q, uncha o‘xshamayapti, tomoshabin ishonmaydi. Yurakdan chiqarib yiqil! – dedi rejissyor.
Yurakdan chiqarib yiqilishim uchun yetti qavat ko‘rpani solib qo‘ygan bo‘lsa ekan! Quruq polga qulashim kerak. Balandlik uch metr. Kamiga:
– Yiqilganingda boshing mana bu toshga tushsa, yanayam ishonarliroq chiqadi! – deb ham qo‘yadi.
Boshim toshga tushsa, jonim chiqib ketishini o‘ylamaydiyam, kasofat. O‘n uchinchimi, vallohu alam, yo o‘n to‘rtinchi marta yiqilganimda:
– Original! Klass! – dedi rejissyorim shodon. – Aftingni burishtirib, voy-voylaganlaring ham nihoyatda tabiiy chiqdi. Ertangi spektaklda ham xuddi shunday yiqil!
Haqiqatan ham zo‘r, zardaning hammasini shunga sarflab yiqilgandim, repititsiyadan to‘g‘ri shifoxonaga ketdim. Bir oy qo‘limni taxtakachlab yurdim: Xudoga shukr, sahnaga chiqmadim. Taxtakachni oldirgan kunim rejissyorim yo‘qlab turibdi-yu!
– Dublyoring yiqilishni uncha o‘xshatolmayapti, ertadan boshlab o‘zing o‘ynaysan, mashq qilib tur.
– E, yo‘q, zo‘r yiqilyapti, o‘zi o‘ynayversin. Kechagina qo‘limning taxtakachini oldirdim, rahmingiz kelsin.
– San’at qurbonsiz bo‘lmaydi, o‘ynaysan!
Boshlandi. San’at yo‘lida oyoq, qo‘l, bel, qovurg‘alarni birin-ketin “qurbon” qilishni boshlab yubordim. Spektakl ham to‘xtab-to‘xtab (aniqrog‘i, mening tuzalishimga qarab) rosa ikki yil qo‘yilsa bo‘ladimi! O‘ynayman, yiqilaman, shifoxonaga jo‘nayman. O‘ynayman, yiqilaman, shifoxonaga jo‘nayman… Shifokorlar bilan ham oshno bo‘lib ketdik. Spektal bo‘ladigan kunga gips, doka, taxtakachlarni tayyorlab turishadi. Ketayotganimda:
– Birodar, navbatdagi tomosha qachon bo‘ladi? – deb so‘rab ham qo‘yishadi.
Ustiga-ustak, spektalda biror og‘iz so‘z aytmayman: faqat yiqilaman! Belimning gipsini oldirgan kunim, endi otib yuborsa ham o‘ynamayman, dedim o‘zimga o‘zim. Yo‘q, harqalay yangi rolga taklif qilib qoldi.
– Yana yiqiladiganmi? – belimni uqalab turib so‘radim.
– Yo‘q.
– Unda qahramonim biror og‘iz ham gapirmasa kerak-da?
– Gapiradi. Anchagina so‘zi ham bor. Xarakteringga juda mos, – rejissyorim bosh barmog‘ini ko‘rsatdi, – klass!
Aytganiday juda zo‘r rol ekan. Boksyorning sevgilisiga Boltavoy degan shilqim ortiqcha gap qiladi. Qiz buni zumda boksyorga yetkazadi. Boksyorning jahli chiqib, Boltavoyni panada poylab turadi. Ammo Boltavoy qolib sahnada begona yigit paydo bo‘ladi. Uning yuziga musht kelib tushadi, aft-basharasi qonga bo‘yaladi. Ana shu musht yeb, qonga belanadigan yigit roli bizga tegdi. Yana so‘ziyam bor. “Nega urasiz?” deyman yuzimdagi qonni artib. “E, kechirasiz, men sizni Boltavoy debman”, deydi boksyor. Tamom. Aftimga ro‘molchani bosgancha sahnadan tushib ketaman. Odamga alam qiladigani, boksyor yigit rolida eski raqibim: talabalik yillari xotinimning orqasidan gul ko‘tarib yurgan kursdoshim!
Shunaqangi yurakdan chiqarib uradi, la’nati, tishlarimni g‘ijillatib, “Biz tomonlarda ham bayram bo‘lib qolar!” deyman ichimda. Yaxshiyam xotin bilan teatrda birga ishlaymiz, sahnadan tushishimga sho‘rpaxtani tayyorlab turadi, bosamiz, qonni to‘xtatamiz. Ertasiga grimm bilan yuzlarni bo‘yab, chiqib boraman, qarsillatib mushtni yeyman, sahnadan tushaman, xotin sho‘rpaxtani tayyorlab turgan bo‘ladi…
– Hov! – dedim bir kuni rejissyorga barmog‘imni ko‘ksimga niqtab turib. – Buyam erkak, biror musht ursin!
– Qani, repititsiya qilib ko‘ramiz. Mayli, sen ham biror musht ur. Ammo asosiy zarbani u beradi, – dedi rejissyorim.
Tilim qursin, tilim! U urdi. Shunaqangi o‘xshatib urdi, garang qo‘yday sahnada aylanib yuribman, ko‘rinmaydi, la’nati. “Qochvordimikan?” deb tursam, ikkinchi musht kelib tushdi! Voy-voy-voy-ey! Nokaut!
– Klass! – degan rejissyorimning ovozi uzoq-uzoqlardan eshitildi. – Bundan buyon xuddi mana shunday o‘ynaysizlar.
Bir musht o‘rniga ikkitasini yeydigan bo‘ldim. Yig‘laydigani, spektakl to‘xtovsiz uch oy o‘ynalsa bo‘ladimi? Yaxshiyam xotin bor – sahnadan tushishimga sho‘rpaxtani tayyorlab turadi, bosamiz, qonni to‘xtatamiz, ertasiga…
– O‘ynamayman! – deb ko‘rdim.
– Qanaqasiga o‘ynamaysan, tomoshabin seni deb spektaklga kelyapti! – degan javobga ega bo‘ldim.
Lekin juda mashhur bo‘lib ketdim. Hatto talabalar jamoaga qo‘shib, meniyam uchrashuvga taklif qilishdi. Oq kostyum-shimlarni kiyib, qizil galstuklarni bog‘lab (artist bo‘lib qoldik-da), savlat to‘kib uchrashuvga kirib bordim. Savol-javoblar bo‘ldi, yomon emas. Faqat oxiri…
– Sevimli rollaringizdan bittasini ijro etib bersangiz! – degan taklif tushdi.
“Hushtakchi”da umuman sahnaga chiqmaganman. Yiqilib beray desam, bu yerda na tom bor, na narvon. Noiloj kaltak yeydigan rolimni ijro etib beraqoldim. Yaxshi raqibim ham biqinimda o‘tirgandi, gumburlatib urdi: oq kostyumni qizil rangga bo‘yab, qo‘lda guldasta bilan uchrashuvdan qaytdim.
“Sho‘ring qursin!” deysizmi? Rahmat. Ammo hali-zamon sho‘rim qurimaydiganga o‘xshaydi. Uchta viloyatdan takliflar tushibdi: biletlarni sotib, joylarni hozirlab qo‘yishibdi – men kaltak yeydigan spektaklni bir oydan namoyish etarkanmiz! Ha, tabriklayvering, respublika bo‘yicha aylanib yurib kaltak yeb chiqarkanman! Xotinni safarga boradiganlar ro‘yxatiga kiritishmagan ekan, qo‘shtirib qo‘ydim. Uyam ketyapti, tog‘orasi bilan sho‘rpaxtasini ko‘tarib.
Ustiga-ustak rejissyorim meni yanada “xursand” qilib turibdi:
– Qo‘limga bir ajoyib tragediya tushdi. Gastroldan eson-omon qaytsang (ablahning nafasini qarang!) sahnalashtiramiz. Senga zo‘r – o‘lik roli bor. Jivoy o‘lib berasan!
Ha, peshana-da, peshana. Yiqitgani, kaltaklatgani yetmagandi, endi o‘ldirib, ko‘madi shekilli, meni!
Lekin juda xafa bo‘layotganim yo‘q. Men sahnada yiqilaman, kaltak yeyman, e, boring, ana, o‘larkanman. Ammo hayotda amal deb, o‘lib-tirilayotganlar – mening rolimni o‘ynab yurganlar kammi? Nima dedingiz?

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 2-son