Safar Kokilov. Elchiga o‘lim yo‘q (hajviya)

Ular avval kichkina bir xonaga yig‘ilishdi. Eshikni ichkaridan tambalashdi. So‘ng shu korxonada qirq yildan beri ishlayotgan, sochlariga oq tushgan, afti g‘ijimlangan qog‘ozday Darozov ping‘illab gap boshladi.
-Shu desangizlar, men juda yaxshi bilamanki, obuna bo‘lish ixtiyoriy! Masalan chet ellarda… obuna qilishga hech kimning haqqi yo‘q…
-To‘ppa -to‘g‘ri aytasiz, aka. Qari bilganni, pari bilmas degani shu-da. Men yuz poiz qo‘shilaman gapingizga…-deydi baqaloq, tepakal Gurjiyev, og‘zining burchagidan doim oqib turadigan so‘lagini qo‘li bilan artar ekan:- Axir bizda ham endi demokratiya-ku. Har kimning erki o‘z qo‘lida bo‘lsa…
-He, har yili ahvol shunaqa. Ming dod voy degan bilan baribir majburlab obuna qildirishaveradi.-deydi ming‘illab boshini egib o‘tirgan Muloyimxonov.
-Yana tag‘in qaysi go‘rdagi kerak emas gazeta-jurnallarga obuna qilganiga o‘laymi. Tavba!-deydi ingichka ovozli, xipchabel, qoraqosh Kaltayev.
-Bo‘ldi, o‘rtoqlar! Endi bunga chek qo‘yish kerak. Yuqorida shikoyat yozamiz, tamom-vassalom!-dedi stolni mushtlab Darozov aka.
-Shunday qilish kerak. Dardimizni eshitadiganlar bordir yuqorida…-deb, uni qo‘llab-quvvatladi baqaloq Gurjiyev
-Yo‘g‘-e, darrov yozish shartmikan –a?! Avval boshliqning oldiga bir kirib chiqsak bo‘lmasmikan. Balki uning bu gaplardan xabari yo‘qdir. Barisini anovi bosh hisobchi bilan kassir qilayotgandir…-
-Uyoq-buyog‘iga qo‘rqa-pisa qaragancha ming‘irladi Muloyimxonov .
-He-e, bari bir go‘r. Hammasining tili bir, boshliq ham ular bilan… – chiyilladi Kaltayev
-Bu gap ham ma’qul-bosh irg‘adi Darozov:- Bo‘pti, avval boshliqqa kiramiz. Vaziyatni shunday-shunday deb tushuntiramiz. Obuna bo‘lmaymiz. Obuna ixtiyoriy deymiz. .. Ko‘nmasa, yuqoriga yozamiz deymiz-da. To‘g‘rimi? … -To‘g‘ri shunday qilish kerak-dedi Gurjiyev.
-Xo‘sh, kim kiradi boshliq oldiga?-hammaga bir-bir qaradi Darozov.
-Aka, o‘zingizdan yaxshisi yo‘q bu yerda. Kattamizsiz. Gapni bilasiz. O‘zingiz kiring aka- dedi Kaltayev uni yelkasini silab.
-Yo‘q. Men kirmayman-dedi qat’iy ovozda Darozov bosh chayqab:- axir men yaqinda nafaqaga chiqib ketaman-ku. Sizga nima demaydimi? Men kirolmayman…
-Muloyimxonov kirsin bo‘lmasam. Qachon qarasam xotinlar bilan til topishib yuradi. Demak gapni biladi-da-dedi Gurjiyev ko‘z qisib.
-He qo‘y-e. Shunday bo‘lgan bilan qo‘rqoq. Boshliq oldida tili kalimaga kelmay qoladi. Boshliq senga xotin emas-ku, aylantirsa…Bo‘maydi-dedi Darozov va qo‘shib qo‘ydi:- Kaltayev eplaydi. Shu kira qolsin.
Ha-a ana topdik. Kaltayev kirsin. Shu ichimizda eng dadilroq. Gapni ham o‘xshatib gapiradi. –dedi birdan jonlanib Gurjiyev.
-Voy, qanday bo‘larkan. Nima deyman?-Qiyshangladi Kaltayev.
-Ha, aytdik-ku endi. Shartta kirda, men jamoa nomidan elchi bo‘lib keldim degin. Shunday –shunday, Biz obuna bo‘lmaymiz, tamom-vassalom… qo‘rqma, izingda mana biz bor. O‘sha yerda eshik orqasida turamiz. Qolaversa, elchiga o‘lim yo‘q degan gaplar bor… Bo‘pti, qani, bor bo‘lmasam,-Darozov shunday deb o‘rnidan turdi. Ular yetaklashib korxona boshlig‘i kabineti tomon yurishdilar. Kattayevni orqasidan itarib-itarib boshliq xonasiga kirgizib yuborishdi-da, go‘yo qochib chiqmasin degandek eshik orqasidan yelkalab itarib turishdi. Butun vujudlari quloqqa aylanib kuta boshladilar.
Kattayev boshliq xonasiga kirdi. O‘ziga tanish gavdalik, semizligidan xo‘kizga o‘xshab pishillab, to‘rdagi stolda nimadir yozayotgan boshliqqa ko‘zi tushganidanoq eti jimirlashib, tili kalimaga kelmay qoldi. Dir-dir titray boshladi. Boshliq unga bir qarab qo‘ydi-da, yozishdan to‘xtamasdan,
-Xo‘sh, nima gap?-dedi gulduragan ovoz bilan. Kattayev cho‘chib tushdi va qaltirayotgan qo‘li bilan og‘zini artgan bo‘lib, tomog‘ini qirib oldi.
-Men… Shu… Haligi… Elchiman…-dedi Kattayev qaltiragan ovozda.
-Nima?-Boshliq yozuvdan bosh ko‘tarib qo‘lidagi ruchkasini stolga tashladi-da, stol suyanchig‘iga yastanib olib, unga vajohat bilan tikildi.
-Elchiman deysanmi? Qanaqa elchi? Tuzuk gapir, chigirtkadek chirillamay…
-Men, jamoamiz xodimlari nomidan elchi bo‘lib kelgan edim, o‘rtoq boshliq…-dedi Kattayev chiyillab:-Tashqarida ham odamlar bor…
-Hmm, elchiman degin, xo‘sh chaqirmaysanmi qolganlarni ham. Chaqir tezroq. Meni vaqtim tig‘iz. Hozir hokimiyatga borishim kerak…-Boshliq shunday deb oldidagi qog‘ozlarni yig‘ishtira boshladi. Kattayev yugurib eshikni ochdi va kabinetdan tashqariga chiqdi. Karidorda hech kim yo‘q edi. Hovliga chiqib qarasa, sheriklari binoning narigi burchagida hadaha ketib borishardi. Chaqirgan edi “O‘zing kiraber, biz yo‘qmiz” degandek qo‘li bilan imo-ishora qilishdi-da, ura qochishdi. “Voy ablaxlar-ey”. Endi nima qildim…”
Kattayev bo‘yniga arqon solingan buzoqdek taysallay-taysallay yana boshliq oldiga qaytdi.
-Sheriklar ketib qolishibdi,-dedi yerga qaraganicha.
-Xo‘sh, elchiboy, nima darding bor edi. O‘zing gapiraver unda… Qo‘rqma, elchiga o‘lim yo‘q. Gapir…-miyig‘idan kuldi boshliq.
-Men … haligi … shu obuna masalasida…
-E-e, shunday demaysanmi. Obbo, buncha chaynalasan. Hoynahoy yana qo‘shimcha gazetalarga obuna bo‘lamiz deb kelgan bo‘lsalaring kerak-da. A?! Topdimmi?
-A?!… Ha! Yo‘q… E-e, shunday-shunday…
-Juda yaxshi . Mana men hozir hokimiyatga shu obuna bo‘yicha hisob bergani borayotgan edim. Yaxshi bo‘ldi. U yerga borib “bizning xodimlar yana… xo‘-o‘sh, yana yigirmata gazetaga obuna bo‘lishmoqchi. O‘zlari tashabbus ko‘rsatib, kelib aytishdi deyman. Molodets! Yashanglar! Qani endi hamma shunday bo‘lsa. Bo‘pti. Arzlaringni qabul qildim. Borib ayt jamoangga. Katta bizni qo‘llab quvvatladi degin. Obunaga ko‘nmaganlar ishdan ketish haqida arizasini yozaversin ekan de. Obuna- bu davlat ahamiyatidagi gap! Hamma ixtiyoriy-majburiy obuna bo‘lar ekan degin. Bo‘pti bor, bor. Men ham shoshib turibman…
Kattayev tashqariga otilib chiqdi. Yelkasidagi og‘ir yukni tashlagandek, chuqur nafas olib qaddini rostladi. Bir yutinib qo‘ydi. So‘ng xushtak chalib, ishxona tomon tez-tez yurib ketdi. Katta binoning burchagida uni kutib turgan sheriklariga qarab, labini cho‘chchaytib, chiyilladi.
-He o‘rgildim sizdaqa elchilardan baloga meni itarib, qochish ekanda,a?!
-Ha endi biz senga ishonamizda, uka-dedi Darozov qiypanglab:
-Xo‘sh, aytingmi dardimizni?
-Aytdim…
-Xo‘sh, nima dedi?
-Nima derdi. Gapimni ma’qulladi…
-Yo‘g‘-e?!-ko‘zi qinidan chiqqudek bo‘ldi Gurjiyevning.
-Nahotki?!-og‘zi katta ochilib ketdi Muloyimxonovning
-Xo‘sh, obuna nima bo‘ldi?-betoqlanib so‘radi Darozov.
-Nima bo‘lardi. Bo‘ldi. Yana yigirmata har xil gazetalarga obuna bo‘lar ekanmiz. Ixtiyoriy-majburiy ekan. Obuna bo‘lmaganlar arizasini yozsin ekan…
-A?!
-Nahotki?!
-Yigirmata?!
Ular ancha vaqtgacha boshiga tayoq tekkan mollarday qayoqqa yurishini bilmay sermalanib qolishdi. Nihoyat, Darozov tilga kirdi.
-He, elchi bo‘lmay o‘l-e…
-Kechirib qo‘yasizlar meni. Elchiga o‘lim yo‘q og‘ainlar. Bo‘lganim shu… O‘zlaring…
-He, seni elchi qilganlarning ham uyi kuysin-e…