Buzaveradilar, quraveradilar… Buzaveradilar, quraveradilar…
Odamlar eskisini buzib, yangisini qurishdan charchamas, bu ba’zan to‘xtamaydigan ishdek tuyulardi.
Shahardagi ko‘hna – ming yilgi ilon izi ko‘chalar. Egri-bugri, tuprog‘i ko‘pchib yotgan ensiz va boshi berk muyulishlar birin-sirin yo‘qolib borardi: xuddi shuningdek, baland paxsali ichki-tashqi hovlilardan iborat mahallalar asta-sekin nom nishonsiz yer bilan bitta bo‘lmoqda.
O‘tmish abadiyat qa’riga sokin, ba’zan suron ko‘tarib, masrur va mahzun cho‘kmoqda.
Yoshi Xudogagina ayon asriy chinorlarning bir zumda yerparchin bo‘lishiga o‘zini anchayin kerakli odam ekanligini hamisha ko‘rsatib qo‘yish istagida yuruvchi kimsalarning mudroq, sabil ko‘zlarining nogahoniy tushib qolishigina sabab bo‘lishi mumkin edi.
Mabodo sening ham yoshing yetmishdan oshib ketgan bo‘lsa-yu mahallaning bezagi, faxri hisoblangan chinorning xotirang qa’ridagi qudratli, soya-salqin berish uchun atrofga bir tekis cho‘zilgan shoxlari qo‘pollashib, quriyozgan esa yoki quloch yetmas tanasining qattiq po‘stloqlari uvalanib ketgan, boz ustiga yonveriga o‘rmalagan yo‘g‘on ildizlari tufayli zarang, toshdek yer qo‘porilay deb, do‘ngalak hosil qilgan bo‘lsa, unutmagilki, endi sen ham yosh, qaddi-qomati raso, sambitdek yigit emassan. Ayovsiz umrning beshafqat tamg‘asidan birov qochib qutulolgan emas. Ammo xotira qanchalik olis bo‘lsa, u shunchalik chuqurroq ildiz otadi.
Ikki arava ro‘baro‘ kelib, esi joyidaroq aravakash hamkasabasini ayab, yo‘l bo‘shatsagina narigisi o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan tor Chig‘atoy ko‘chasi bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilsang, albatta shahar savdo boshqarmasiga qarashli omborlarga duch kelasan. Eh-he, allazamonlar Junaidxonning so‘nggi ayg‘oqchilari bandi qilingan chog‘larda, bu karvonsaroy obod, gullab-yashnagandi. O‘sha-o‘sha daricha-tirqishsiz, doimo chang-to‘zonga belangan omborlarning nomi Karvonsaroy bo‘lib qolgan.
Shu ko‘chaning istagan chekkasidan turib qarasangiz, ayqash-uyqash uylar aro bir juft minora ko‘zga yaqqol tashlanardi. Chap tomonidagisiga hali gard ham yuqmagan: tik, adl va tekisdi. Dahriylar avlodiga mansub odamlarning ko‘pchiligi hamda merov nigohlari qandaydir yoqimsiz, puch sayyohlar bu minorani o‘n yilcha oldinroq – to gumbaz ustiga bir juft laylak kelib qo‘nmagunga qadar bironta fabrikaning yoki shunchaki bug‘xonaning mo‘rkoni deb yurishardi. Laylaklar uchib kelgach, bu minora uncha-muncha emas, balki uzoq tarixga aloqador minora ekani haqidagi tushuncha birpasda chor atrofga ayon bo‘ldi-qoldi.
O‘sha qushlar kelgan ko‘klam choyxonada o‘tirishdan bo‘lak muhim va qiziqarliroq ishi qolmagan bir mo‘ysafid ham: «Ha-a, bu bejiz emas, Xudoyimga tegishli narsani dunyoviy narsadan ajralib turishi uchun bo‘lsa kerag-ov», deb gap qilgandi. Minora hamon hech kimga xalaqit bermay qad kerib turar, olis o‘tmishning mahzun bir qo‘shig‘i – mo‘minlarni bomdod namoziga chaqirish uchun so‘nggi marta tik zinalaridan ko‘tarilgan muazzinni besh-olti keksalargina eslab qo‘yardi.
Ikkinchi minora esa avval qanday bo‘lsa hozir ham shunday: oddiy, ko‘rimsiz, ko‘zga uncha tashlanmasdi. Zamonlar o‘tishi bilan tagida tasmadek yaltirab jo‘shqin soy oqib yotgan jarlik tomonga sezilarli darajada og‘ib qolgan edi. Qaysiki o‘zlarini o‘qimishli ekanliklarini pisanda qilib yuruvchi kimsalar bu minoraga «Qulayotgan minora» deb nom taqab Italiyaning allaqaysi shahrida ham xuddi shunga o‘xshash minora borligini e’tirof qildilar. Mahalla esa uni oddiygina qilib «Qiyshiq Mirzakarim» deb tilga olardi.
Xalq orasida bu minorani maymoq Mirzakarim nomli o‘lgudek xasis, bo‘lmag‘ur odam fisabillo puliga qurgani, garchi u shaxs Makkai Mukarramaga haj qilgan bo‘lsa ham minoraning o‘sha yiliyoq Qurbon hayitidan keyin og‘a boshlagani haqida uzunquloq gaplar yurardi.
Soy tomonga og‘ayotgan mezana go‘yo aldangan, halol odamlarning sudxo‘rga ta’na-tazarrusining ifodasi edi go‘yo. Minoraning shikast-rextasini tuzatish uchun hoji qanchadan-qancha pul va’da qilmadi deysiz, ammo baribir bu ishga qo‘l uradigan bironta zot topilmadi. Bu mish-mishlar afsonaga aylanib, hojining bosgan izlari tuproqqa qorishib ketganiga ancha zamonlar bo‘ldi hamki, minora hamon soyga qarab og‘ar, biroq hali-veri qulaydiganga o‘xshamasdi.
Chig‘atoy ko‘chasi bo‘ylab yo‘l harakatini buzgancha hamma yoqni changitib yuk tashuvchi mashinalar, hatto ba’zan mahalla bolalari tinchini o‘g‘irlab, qirmizi rang mashhur futbol komandasiga qarashli «Ikarus-Lyuks» avtomobili shundoqqina nuragan devor yonidan ohista o‘tib qolardi.
Deyarli har kuni joyini o‘zgartiruvchi ho‘ppa semiz leytenant shunday kezlar ko‘chaning salqin joylarida yashirinib turar, o‘zlaricha uddaburro va epchil haydovchilarni bozor tomondan yelib chiqayotganlarida to‘xtatib: «Okosi, Chig‘atoy ko‘chasida bir tomondan yuradilar», deb guldurak ovozda nasihat qilardi.
Bu ko‘chada eskilik bilan yangilik, kechagi hayot bilan bugungi hayot, o‘tmish bilan kelajak mana shu tariqa jipslashgan holda namoyon bo‘lardi…
* * *
Boris Mixaylovich Krasnov ilk bor 1959 yili bu mahallaga kelgandi. U paytlar uni oddiygina qilib: «Borya, Boris», deb chaqirishardi.
Shaharga kelgach, birinchi kuniyoq tayinlangan yerga kechikyapman, degan xayolda g‘izillagancha Chig‘atoy ko‘chasidan uchib borarkan u yo‘l-yo‘lakay har bir narsani xotiriga mixlab qo‘ygudek atrofni kuzatib ketardi. Uning yumshoq, haroratli ranglarga o‘rganib qolgan o‘tkir, sinchkov ko‘zlari quyoshning sarg‘ish nurlariga cho‘milgan chinorni ham, minorani ham va boshqa narsalarni ham payqab ulgurgan edi.
Birinchi taassurotlar, navqiron shafqat, yangi va noma’lum, ilgari sirayam tatib ko‘rmagan favqulodda o‘zgarishlar yosh, serg‘ayrat injenerning yuragiga bir umrlik bo‘lib naqshlanib qoldi. Hatto u ancha yillardan keyin, ulkan shaharning butunlay boshqa qismida yashay boshlagan mahallari eski shaharga kelib qolgan chog‘ida tuyqus yoshlik yillaridagi kabi ko‘ngli birdan hapriqdi va shu-shu har safar mavhum, masrur o‘zgarishlarning zarif harorati hamda umid tomirlaridagi qonni qizdirib yuborayotganini sezadi.
Ish joyida uni iliq, samimiy kutib oldilar. Chig‘atoy ko‘chasi bo‘ylab odamlardan so‘ray-so‘ray borayotgan Krasnovning bu pastqam, tor ko‘chalar, nuragan devorlar biron-bir korxona va ma’muriy tashkilot borligi tasavvuriga sig‘magan, hatto: menga yanglish manzil bermadimikinlar, degan shubhali xayol ko‘nglidan kechdi.
Montaj qilish boshqarmasi joylashgan bino juda g‘alati edi.
Krasnov salqin sahnida ola-chalpoq shu’lalar o‘ynagan hovlini topganidan keyin oradan bir soat o‘tgach, o‘ziga berilgan alohida xona kalitini oldi. Shifti baland, bag‘ri keng xonadagi jihozlar, to‘sinlardagi nodir arab yozuvlarini eslatuvchi jimjimador naqshlarni ko‘zdan kechira turib, u ajabsinar va o‘zicha shirin xayolga berilar edi: «Shahrizoda… Ha, ha, xuddi o‘zi…» deb qo‘yardi.
Kunlar ketidan haftalar o‘tdi. Olisda, Krasnov tug‘ilib o‘sgan taraflarda allaqachon ekin-tikinlar yig‘ishtirib olingan. Ship-shiydam, huvullagan dalalarga saharlab qirov tushar, yoqimsiz, zax, yomg‘irli kunlar boshlangan edi.
Boshqarma hovlisida esa yoz harorati zabtiga olar, tok novdasida og‘ir uzum boshlari osilib turar, hamon quyoshning yumshoq, sokin nurlari quruqshagan yaproqlar oralab mo‘l-ko‘l sochilar va bu harorat, bu nurning cheki-chegarasi yo‘qdek tuyuladi.
Shunday kezlarda Krasnov uzoq, sovuq o‘lkalarda ishlayotgan hamkurslarini esga olardi, ularning issiq kiyim-kechak, quloqchin, yomg‘irpo‘sh olish uchun yugurib-elishlarini tasavvur qilgisi kelar va beixtiyor: «Qanchalar issiq… Shunday emasmi?.. Sahroi Kabir xuddi…» deb shivirlardi.
Uning maoshi hozircha yuz so‘m. Bu oylik ko‘p ham, oz ham emas, xullas kun kechirsa bo‘lardi. Krasnov bir kuni ko‘ylaklari sitilib, kamzuli tor kelib qolganini, poyafzalining mutlaqo yaroqsiz ahvolda ekanini tuyqus payqadi va hamon talabalik chog‘idagi singari g‘arib ahvolda yashayotganidan ko‘ngli cho‘kdi. Undagi bu favqulodda o‘zgarish bo‘lim boshlig‘ining xizmatga har kuni qordek oppoq ko‘ylak va mardona yaraqlagan boshmoq kiyib kelishi tufayli yuz bergandir balki; harqalay Krasnov uning oroyishi va po‘rimligini payqab qolgach, oyog‘iga qarab «Injener emas, qo‘riqchining o‘zginasi bo‘libman-ku», deya o‘kinib qo‘ydi.
Nafsilamrini aytganda, Krasnov jismonan zaif, ammo ruhan tetik, irodali, tashqi mahobatidan ma’naviy olami go‘zal va bardam avlod – urushdan ilgari tug‘ilgan avlod vakili edi. U o‘sha kundan e’tiboran qishloq odamlariga xos o‘jarlik bilan poytaxt udumini o‘zlashtira boshladi. Dastavval havas qilsa arzigulik shijoat bilan nazarida xira, anchayin nochor tuyulgan madaniy saviyasini oshirishga kirishdi. Ittifoqo, uning yon daftarchasi varaqlarida albatta borib ko‘rishi kerak bo‘lgan spektakllar nomi, teatrlarning repertuarlari; shu yerlik odamlarning ko‘pchiligiga hali noma’lum bo‘lgan muzeylar: tabiat muzeyi, etnografik muzey, o‘lkashunoslik, dahriylik, amaliy san’at muzeylarining manzili paydo bo‘ldi. So‘ng ko‘rgazma zallari, bilim jamiyati, kutubxonalar, kinoteatrlarning aniq manzilini ham talabaligidan xotira sifatida saqlayotgan daftarchasiga yozib qo‘ydi.
Bu voqealar bo‘lib o‘tgan paytda, Krasnov Chilonzordagi yotoqda yashardi. Shahar shunchalar katta ekanini o‘sha vaqtda payqagan, nazarida asosan bir qavatli uylardan iborat bu shahar ertangi o‘zgarish – o‘sish kunlarini kutib, juda katta maydonda yaslanib yotgandek edi.
Bir yildan beri u deyarli har kuni Hadragacha trolleybusda qatnar, ertalabki bu qatnov unga go‘yo bir sayohatdek xush yoqardi. Ko‘pincha u chang-chung oyna yonidan ketmay, qandaydir mavhum, uzuq-yuluq xayollar og‘ushida shaharni tamosha qilib borar va konduktorning erinchoq ovozda: «Beshyog‘och… Qoratosh… Olmazor…» deb e’lon qilayotgani qulog‘iga chalinar, shunda u beixtiyor musiqaviy, g‘alati nomlarni o‘zicha takrorlardi.
Bu nomlar faqat ohangdorligi bilan emas, balki zamirida bir sir yashiringandek uning e’tiborini jalb etardi.
Hadrada u trolleybusdan tushib, boshqa transport kutib o‘tirmas, chuqur soyni kesib piyoda jo‘nar, o‘shanaqasi mashhur bozor oralab, Chig‘atoy ko‘chasiga kirib borishni yaxshi ko‘rardi.
U shoshilmasdi, oyog‘i ostida piyoz po‘stidek muz qoplagan yo‘lka qirsillar, u yer-bu yerda yupqa asfalt qatlami ostida qolib ketgan toshloqni muttasil his qilardi.
Saharlarda ariqlar to‘lib, suv shaldirab oqardi. O‘ng tarafdan bog‘ning lang ochiq darvozalaridan musaffo tong nafasi gurkirab esar, panjarasimon to‘siqlar ortida qizg‘ish qum to‘kilgan kimsasiz xiyobonlar ko‘zni yashnatadi. Bu so‘lim bog‘da – shahar aholisi qanchalar turli-tuman tilda so‘zlashmasin, tatarcha kalom tez-tez eshitilib turishini Krasnov yaxshi bilardi. Sokin, xushmanzara bog‘ shahardagi tatarlarning sevimli maskaniga aylanib qolgan, hayitlari, sayillari va bayramlarini ular hamisha shu yerda o‘tkazardilar.
Boris bozorda ortiqcha o‘ralashib yurmasdi. Har doim ikkita po‘rsildoq non, bir bosh uzum yoki bir juft shaftoli, ba’zan sharbati oqib yotgan nok, ba’zan esa ehtimol ko‘pinchadir, qizlar yonog‘idek mayin qantak o‘rik sotib olardi.
Keyin bozorning chekkarog‘idagi odam siyrak choyxonalardan birida ko‘k choy ichib, nonushta qilar edi. Krasnov ishqibozligi tufayli deyarli har kuni boshqa biron choyxonada tamaddi qilishni yaxshi ko‘rardi. Ammo qiziq, hamma yerda ham samovarchi non bilan piyolani qo‘yish uchun bir xil qip-qizil gul solingan barkash berar, Boris bunga negadir ajablanardi. Ko‘rinishdan o‘xshash, hatto bir xil bo‘lgani bilan bu choyxonalarning o‘ziga xos jihati borligini Krasnov juda tez tushunib yetdi. Chindanam ba’zilarini asosan ulkan shahar shovqin-suronidan garangsigan dehqonlarning payida bo‘lib, atrofga o‘g‘rincha alanglagan, igna ustida o‘tirgandek betoqat baqqollar egallagandilar. Ular sovub qolgan choylarini tizzalariga yaqin surib shivirlab gaplashar, dehqonlarga zimdan ko‘z yugurtirib, gap poylashardi.
Boshqa birisida esa takabbur, shallaqi, taqir bosh qassoblar yig‘ilardi. Ularga oson tutib bo‘lmasdi. Bir yarim pudli bolta bilan shunday go‘sht maydalar edilarki, nimtani surish, kundaga yaxshilab joylashga ulgursang bas!
Peshin bo‘ldi deguncha samovarchining jiyanlari mo‘ylabi endi sabza urgan bolalar yangi choynak va piyolalar ko‘tarib, kanora tomon yugurardilar. Qassoblar azaldan bozorning «kazo-kazolari» bo‘lib kelgan.
Bir kuni Boris qozoqlar tanda qo‘yib olgan choyxonada ham bo‘ldi. U yerda qozoqlar choyxonani boshlariga ko‘targudek baqirib-chaqirib o‘tirishar, dam-badam qiyqirib kulishardi. Qozog‘iston yerlari g‘arb tomondan shaharga juda yaqin ekani u vaqtlarda Krasnovga hali ayon emasdi…
Boshqarmada u zudlik bilan ishga kirishib ketdi. Buning sababi, bir jihatdan, Krasnovning ixtisosi – metallar chirishi bo‘yicha injenerligi bo‘lsa, ikkinchi jihatdan shu soha odamlariga o‘sha paytda, ayniqsa, O‘rta Osiyoda talab katta edi, kadrlar yetishmasdi.
Bu o‘lkalarda ximiya sanoati endigina rivojlanayotgan, hattoki ulkan gazgolderlar, elektrolit va ishqor tsexlari, fosfot tuzi ishlab chiqaruvchi zavodlar qurish ishlarini Chig‘atoy ko‘chasining gadoy topmas tupiklaridan birida joylashgan montaj boshqarmasi hal qilardi.
Qish kezlari bosh injener o‘qtin-o‘qtin Chirchiq, Olmaliq, Angren, Ohangaron kabi sanoat shaharlaridagi ob’ektlarni borib ko‘rishga, buyurtmachilar bilan hamda ministrlikda o‘tadigan kengashlarga o‘zi bilan Krasnovni ham ola ketadigan bo‘ldi.
Tez orada ishlab chiqarish bo‘limidagi olifta ham, har doim undan maslahat so‘rab turadigan laboratoriya qizlari ham, hatto xonasi kelsa otasiga ham ishonmaydigan dog‘uli, Mirg‘iyos aka ham Boris bilan hisoblashadigan bo‘lib qolishdi. Omborchi esa yangi bo‘yoqlarning xususiyati, erituvchi moddalar, kukunsimon ranglarning o‘ziga xos jihatlari haqida laboratoriyadan emas, albatta Krasnovdan ko‘rsatmalar olardi.
Shunday chog‘larda xavfli moddalar, suyuqliklar omborida tokchalar va javonlarni ko‘zdan kechirib, Krasnov haqida o‘zicha: «Uning har baloga aqli yetadi. E-e-ey, o‘qishda ham o‘qish bor ekan-da», deb qo‘yardi.
Oxiri hech kutilmaganda uni «Boris Mixaylovich, Boris aka», deb chaqiradigan bo‘lishdi. Qishning zamharir tonglaridan birida egnida yangi palto, qo‘ynida issiq non Krasnov ishga shoshilardi. Qarasa, u ko‘zlab kelayotgan choyxona – berk. U bir lahza taraddudlanib turdi-da, qorovul bilan choy icharman, degan xayolga keldi. Hamisha – butun qish davomida uning xonasida chovgum qaynab turardi.
U Chig‘atoy ko‘chasi bo‘ylab, qo‘ltig‘idagi yangi uzilgan non isini tuyib, kap-katta odam ko‘chada bir tishlam uzib yeb ketishdan istihola qilib borarkan, orqa tomondan birovning chaqirganini eshitib o‘girildi.
– Assalomu alaykum, o‘rtoq injener. Bir piyola qaynoq choyim bor, kiring.
Uch qadamcha naridagi lang ochiq eshik oldida – norg‘ul, pocha-po‘stinli kishi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib kulib turardi.
Boris u odamning yelkasi osha ichkariga qaradi. Dimog‘iga pista ko‘mir va allaqanday ohorli buyumlardan, ayniqsa gilamlardan keladigan hid urildi. Boshqarmadan beriroqdagi bu choyxonani Krasnov allaqachon ko‘z ostiga olib qo‘ygan, mavridi bilan kirarman, deb yurardi. Bu choyxonaning mahallaga qarashli ekani ham unga ma’lum edi. Shunday bo‘lsa-da, u biroz ikkilandi va ildam yurib, samovarchi bilan so‘rashdi-da, so‘ng ichkariga kirdi.
Shu-shu Boris bu yerga tez-tez kelib turadigan odat chiqardi, ayniqsa u kech kuzning junjikkan tonglari va qishda ko‘p qatnardi.
Sovuq yoki loygarchilik paytlar, Eski shahar endigina ko‘z uqalagan chog‘da tvit paltosining ensiz yoqasini ko‘tarib olgan Krasnov har doimgidek bozor oralab yugurardi. U hech yerda to‘xtamay, biron narsaga alahsimay, allaqachon tanish bo‘lib qolgan novvoy yoniga yetgach, ikkita issiq non olib, yana odamlarga turtinib-surtinib yo‘lida davom etar edi.
Tong chog‘i negadir bozorda fayzli jimlik hukm surar, saharxez odamlar ham negadir past ovozda so‘zlashar, ajabo peshin chog‘i bozorni larzaga soladigan aravakash ham hozir favqulodda past tovushda gapirardi.
Sharqqa xos sinoat… Ajabo…
Deyarli har kuni Sag‘bondan chapga burildi deguncha Boris eng avval chiroqlari porlab turgan choyxonani ko‘radi. Tez yurganidan u terlab ketadi, manglayi, bo‘ynini dam-badam artadi, ostonada to‘xtab, qo‘ynidan ikkita nonni olib ichkariga qadam qo‘yadi. Saharlab choyxona kimsasiz bo‘ladi. Choynaklarni artayotgan Maxsum aka uning salomiga bardam, quvnoq ohangda: «Salom aleykum, injener, keling, keling», deydi.
Xira tortgan ulkan mis samovardan issiq ufuradi, mijozlar yo‘q paytda eshik qarshisidagi bittagina qandil yoniq bo‘lib, choyxonaning ichkarisi nimqorong‘i bo‘ladi; onda-sonda ko‘chadan o‘tib ketgan mashina farasining shu’lasida devorlardagi to‘q qizil gilamlar ko‘zga tashlanadi.
Birozdan so‘ng Boris novvot, parvarda bilan choy ichib, Maxsum aka bilan gurunglashayotganda yana bir odam kirardi. U uzun, keng choponiga o‘ralib Maxsum akaga bir-ikki gap tashlar, so‘ng Krasnov bilan hol-ahvol so‘rashardi: «Yaxshi yotib turdingizmi, o‘rtoq injener?..»
Uni mahallada shu nom bilan ataydiganlardan tashqari hamma, xuddi Mirg‘iyos aka o‘rgatib qo‘ygandek, sal izzatli urg‘u berib murojaat qilishardi.
O‘sha vaqtda injenerlik kasbi – hajvchi-yumoristlarning bitmas-tuganmas mavzui hisoblanmas, bir tomoni mahalla odamlarining hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari Boris Mixaylovichga yoqar ham edi.
Ishga tez kirishib ketib u yerda obro‘-izzatini topganidanmi yoki odamlarning o‘ziga bo‘lgan iliq munosabati tufayli hayajonlanadimi, ishqilib kunlardan bir kun Krasnov «…Shu yerda qolaman… Bola-chaqa qilaman… Shu o‘zbek tuprog‘ida yashayman», degan aniq, kutilmagan, ammo muhim qarorga keldi.
Kolonxonadagi uyg‘urning somsasidan keltirib, Boris Mixaylovich bilan ovqatlanayotgan Mirg‘iyos aka uning yuzidagi o‘zgarishni payqab: «Boris aka, nima bo‘ldi sizga?» deb so‘ragandi, Krasnov hayajondanmi, omborchining tashvishini ko‘ribmi, bir lahza indamadi, keyin atrofdagi odamlarga ko‘z yugurtirib chiqdi, Mirg‘iyos akani hang-mang qilib:
– Uylanmoqqa ahd qildim, Mirg‘iyos aka… – dedi.
Bu qaror ertagayoq ZAGS dan o‘tib kelaman degani emasdi, shaharda qolaman degani esa: «Bola-chaqa orttirib, jiddiy uy-joyli bo‘lib bir umrga…» deganini bildirardi.
Uning sevgan qizi bor edi. U olisda, bir vaqtlar Krasnov o‘qigan sovuq Sibir shaharlarining birida yashar, darvoqe, qiz ham institutni tugatish arafasida edi.
O‘sha shaharning chekkasida, keksa akas daraxtlari og‘ushidagi uychaga muttasil maktub kelar va ba’zan, bu maktublar «umidim» yoki ochiqdan-ochiq hayajonli «azizim» degan kalom bilan boshlanar edi. Krasnov ba’zan qizni qallig‘im deb qo‘yardi. Yuragida uyg‘ongan uylanish va o‘z oilasi bilan shu yerda qolish fikri uning hayot yo‘lini tubdan, keskin o‘zgartirib yubormadi, albatta, faqat bir kuni daf’atan shu choqqacha atrofidagi jamiki narsalar, voqea va hodisalarni shunchaki kuzatib ularning mohiyatiga tushunmay yashab yurganini, endi esa o‘sha jamiki narsalarning o‘ziga xos botiniy olamini ko‘rayotganini his qildi.
Boris Mixaylovich qallig‘iga o‘z qarorini aytmadi, faqat qishki ta’tilda bir kelib ketishini iltimos qildi. Binobarin u qiz bilan uchrashishdan ko‘ra, sevgilisining o‘zi hanuz yangilik axtarib, kashf etishdan charchamayotgan yuragiga borgan sari chuqurroq kirib borayotgan shaharni qanday qabul qilishi, bu o‘lka qanday taassurot qoldirishi haqida o‘ylar, hayajonlanar edi. Qiz kelgach, ichiga sig‘may xatlarida ta’rif-tavsifini keltirgan choyxonaga ham olib bordi.
Biroq qiz uning hayajonini baham ko‘rmadi, choyxonani tutib ketgan tarvuz hidini hisobga olmaganda ko‘p narsalarga e’tibor qilmadi. Krasnov uning O‘rda, Chorsuga ham, ko‘hna chinorlar va ustini muz qoplagan hovuzlarga ham befarq, loqayd bo‘lganidan qayg‘urdi.
Ammo qizning tushunmasligidan qayg‘urish bir soniya davom etdi, xolos. Kutilmaganda Krasnov yorining chehrasidagi mayin, ta’sirchan ifodalarni ko‘rib, iyib ketdi. Kim biladi, qiz nimasi bilan uning tashvishli xayollarini to‘zg‘itib yubordiykin?! Yoshlik chog‘larida odam hamisha o‘z sevgani dunyoga go‘yo uning ko‘zlari bilan qarashini istaydi, o‘rni kelganda chindanam shundaydir deb yanglishadi. Keyinroq oila qurib, birga hayot kechira boshlaganida Boris o‘zaro tushunmaslik, bo‘lmag‘ur ikir-chikirlarga ro‘para bo‘laverib, yoshlikdagi yorqin kunlarni, hatto tarvuz hidi tutgan choyxonani ham eslaydigan odat chiqardi.
Oxiri qiz sovuq, qor bo‘ronlari o‘ynagan shahriga, ikki yildan so‘ng bir umrga qaytib kelish umidi bilan jo‘nab ketdi. Boris Mixaylovich esa yosh yigitlar uchun favqulodda muhim qarorga kelganiga qaramay ilgarigiday yashab yuraverdi. Hatto u qonuniy otpuskasini ham olmadi.
U vaqtlarda na teatr, na kitoblar bugungidek odamlarni o‘ziga jalb qilmas, kassalarda istagan vaqtda bilet, kerak bo‘lsa, kitob ham topilardi. Krasnov vaqt-bevaqt kitob do‘konlarini aylanar, kontsertlarga muntazam ravishda qatnar edi.
Darvoqe, mahalladan orttirgan o‘rtoqlari, chol-kampir yashaydigan uyda arzimas ijara haqi evaziga yashashni maslahat qilsalar ham unamagan Krasnov hamon Chilonzorda yashardi. U yana har kungi beminnat sayohatdan voz kechishni ham istamasdi. Goho u sayr yo‘nalishini o‘zgartirib, Hadradan chapga burilib, Chorsuga tushar, so‘ng yana o‘sha bozor oralab Chig‘atoy ko‘chasiga chiqardi. Shoshma-shosharlik, shallaqilik singari odatlarni Sharqda yomon xulq deb sanashlarini tez fahmlab olgan Krasnov har bir narsani me’yorida, qizig‘ida qilishga harakat qilardi. Atrofdagi ilgari payqamay qolgan narsalarni endi sinchkovlik va maroq bilan kuzatadigan bo‘lib qoldi. Shaharning o‘ziga xos shovqini, chang-to‘zonli ko‘chalari, bo‘yoqlari, odamlarining ko‘ptilliligi hamda muntazamlikni u chanqoqlik bilan yuragiga jo qilar, shu tariqa anovi qarorini eslab: «Men shu yerda yashashim kerak», deb damo-dam xayolan takrorlab yurardi.
Ishga kelayotganida ertalab yo‘lda uchragan odamlar bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ochiq yuz bilan salomlashar, ularning ham o‘ziga nisbatan samimiy, do‘stona munosabatda ekanini his qilib, ko‘ngli qaynoq, charog‘on tuyg‘ulardan gupirib ketardi. Rangpar, bedarmon buxoro yahudiylarigina bazo‘r bosh irg‘ab qo‘yishardi.
Krasnov yosh edi. Shu sababli yahudiy chollarning istamaygina qilgan harakatlari keksalik ulug‘vorligimi yoki chindanam quvvatsizlik oqibatimi – bilolmasdi.
Hayotda ko‘pni ko‘rgan bu chollar uchun ishoraning kuchi so‘zdan ko‘ra ziyoda ekani ayondir, kim biladi deysiz. U sokin yahudiy chollarini yaxshi ko‘rardi. Zero, oq jujuncha kamzul kiygan bu odamlarni asosan bahor va kuzning haroratli oylaridagina uchratardi. Yog‘ingarchilik, saraton va qahratonda Krasnov ularni mutlaqo uchratmasdi.
Ularni ertalab parranda bozorida ko‘p ko‘rardi. Tirik tovuq yoki xo‘rozni sotib olgach, boyaqish parrandalarni ular shunday sehr-jodu bilan sulaytirib qo‘yardilarki, Krasnov hayron bo‘lib, buning tagiga hech yetolmasdi. Darvoqe, bundan atigi bir necha daqiqa avval butun bozorga eshitilgudek ovozda qichqirgan jangari xo‘roz to‘shi, biqiniga yahudiy cholning nimjon, ojiz barmoqlari tegdi deguncha shilqillab, tovushi o‘chardi.
Ammo eng qizig‘i shunda ediki, bular har safar deyarli bir xil tovuq sotib olishadi. Krasnov bu qariyalarni Chig‘atoy ko‘chasi bo‘ylab itoatkor, shalviragan parrandalarni oyog‘idan ko‘tarib kelayotgan vaziyatda uzoqdan tanirdi.
Shahar bilan yaqindan tanishgan sari mahalla choyxonasi Krasnov diqqatini tobora o‘ziga jalb etardi. Bu yerning o‘z odatlari, qonunlari nimalardan iboratligini istasa bir kechada Mirg‘iyos akadan bilib olishi mumkin edi. Ammo u barchasini o‘zi ko‘rib, o‘zi his qilib o‘rgangisi kelardi. Endi u, ayniqsa, ishlab chiqarish bo‘limidagi oliftaning lavozimiga tayin etilganidan beri ishda ushlanib, oqshom uyga qaytar, shunday chog‘larda choyxonaga kirmay qo‘ymasdi. Goho gavjum choyxonani sinchiklab kuzatar, so‘ng ochiq deraza orqali ko‘cha, ayvonga nazari tushar, chelaklarning taraqlagani, suvning sachraganini eshitar, dimog‘iga issiq tuproq va ko‘kat isi urilardi.
U ba’zan: «Maxsus erkaklar klubi» deb choyxona haqida o‘ylar va xayoliga negadir ingliz klublari kelardi. Ammo bu ikki dargoh orasidagi farq osmonu yercha edi. Angliyada klublar faqat mumtoz yoki imtiyozli shaxslar uchun bo‘lib, oddiy fuqaroning kirishi man etilar, bu yerda esa choyxona eshiklari hamma uchun ochiq edi. Undan tashqari, bu yerda odamoxun, mehribon odamlarga hurmat bilan qaralar, askiya, xushmuomalalik singari fazilatlar ko‘proq qadrlanardi.
Krasnov har oqshom changitmay rezina ichakni chizillatib suv sepishdan rohat qiladigan taksopark direktorini yaxshi tanir; uning choyxona uchun beminnat yaxshiliklari, ko‘mir olib bergani bormi, bir mashina o‘tin keltirgani bormi, yo bo‘yoq topib bergani bormi – hammasidan xabardor edi. U odam yana bu yaxshilikni har xil ko‘zlardan yashirib qilar, undan keyin buning uchun hech kim ortiqcha iltifot ko‘rsatmasdi ham.
Keyinchalik uning o‘zi ham boshqarmaga rahbarlik qilayotgan chog‘da choyxona uchun ko‘p xizmat qiladi, ammo odamlar ilgari qanday muomalada bo‘lgan bo‘lsa, shunday oddiy, samimiy tarzda salom-alik qilaverardilar.
Qosh qoraydi deguncha Krasnov shaxmat donalarini qutisiga solarkan, choyxonada yosh-yosh bolalar paydo bo‘lardi, u bolalarning yumshoqqina yuzlaridagi yuvvosh ifoda uchun, otalari yoniga borib ularning qulog‘iga nimadir deb tezgina qaytib ketishlari uchun yaxshi ko‘rar, tuyqus yuragida hazin bir umid, ehtimol istak qalqib ketar, beixtiyor qachondir u ham bir-ikki qo‘l shaxmat o‘ynagani yoki choyxo‘rlik qilgani chiqqan kezlari o‘zining ham ortidan ovqat pishib onasi chaqirayotganini aytish uchun o‘g‘li yoki qizi chiqishi haqida xayol surib yotardi.
Krasnov bu mahalla ahlining to‘yu hashamlarida ko‘p qatnashar, illo boshqarma xizmatchilari ham ma’rakalarga taklif qilishardi. Shuning uchunmi, bu bolalarning qariyib barchasini yaxshi tanir, hatto qaysi hovlidan chiqib kelganigacha bilardi.
Bir vaqtlar obod, so‘lim bog‘lar o‘rnida barpo bo‘lgan bu mo‘jazgina hovlilarning fayzi bo‘lakcha, issiq, yoqimli edi. Azamat tut yoki o‘riklar hamon o‘sha bog‘larni eslatib turgandek keng quloch yoygan, bahoru yoz mo‘l-ko‘l, ko‘m-ko‘k, toza barglarining quyuq soyasi salkam butun sahnga yetardi. Bu hovlilardagi bo‘yradekkina yerga ekilgan namozshomgul, rayhonlar qulf urib yotardi. Bolaxonali, derazalari ichkariga qarata qurilgan uylarda hayot begona ko‘zdan holi, o‘z holicha, bir tekis davom etar, har qanday yangilik, favqulodda, odamni shoshirib qo‘yadigan baxt ham ko‘z-ko‘z qilinmas edi.
Ana shunga o‘xshash kamsuqumlik hamda tantilik choyxonada ham bor ediki, Krasnov buni payqamay iloji yo‘q edi. Chindan ham bu yerda uning na juldur kamzuli, na yirtiq boshmog‘iga qaraydigan odam topilardi. Hamma uning shaxsiyatini, odamgarchiligini tan olardi, xolos.
Oradan yillar o‘tib, uning qo‘li ishdan bo‘shamay choyxonaga kam chiqib o‘sha paytlarni o‘ylab o‘tirgan chog‘larida ko‘z oldiga oqshomlari yig‘ilib turadigan bir davra kelardi. So‘ng maktab direktori, kinoteatr pattachisi, bank boshqaruvchisi, qo‘li gul usta, shop mo‘ylovli inspektor, taksopark direktori, omborchi Mirg‘iyos aka, kamgap qassob, aviazavod chilangari hamda kunda-shunda odamlardan iborat bu davra anchagina xayolini band etib yurardi. Ushbu taxlit muloqot zo‘rlik bilan birlashtirish mumkin bo‘lmagan bu xil majlis faqat choyxonadagina yig‘ilishini Boris Mixaylovich o‘z tajribasidan bilardi. Balki atrofdagilarning tuyqus va shiddat ila mutlaqo boshqacha manfaat yo‘lidagina do‘st tutinayotganlarini qadamida uchrataverganidan odam bu beminnat, ozod, axil davralarni eslarmikin?!
Boris Mixaylovichga choyxonaning o‘z axloq-qoidalari ham manzur edi. Masalan, choyxonaga birontasining mast holda kirib kelishi u yoqda tursin, u yerda hech kim ochiqdan-ochiq, oshkora ichmasdi ham. Hatto yoshi katta, martabali odamlar ham oshdan oldin kishi bilmas choynakdan qultillatib quyib, yashirincha ichayotganlarini bir necha bor ko‘rgan Krasnov hayratga tushardi. Beixtiyor uning xayolidan shishani dasturxonga qo‘yib, bemalol gurung qilib, qadahlarni urishtirib, har kim o‘z istagi, niyatini aytib ichsa, birov urisharmidi, degan savol o‘tardi. Darvoqe, hech kim buni taqiqlamasdi. Faqat andisha, hayo bunga yo‘l bermasdi. Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi, deganlaridek hech zog‘ bu udumni bosib o‘tmas, istamas, har biri o‘z urfi, udumiga nisbatan chuqur hurmat, e’tiqod ko‘zi bilan qarar. Mabodo bu udum buzildimi – tamom, endi uni hamma vaqt (ayniqsa yoshlar) buzaverishi mumkin bo‘lgan bir narsaga aylanib qolishini yaxshi tushunardilar. Yana yoshlarning xulq-odobini Boris Mixaylovich yoqtirardi. Bir kuni choyxonaga adashib kirib qolgan ikki qishloqlik yigitlarning bir umr esdan chiqmaydigan saboq bilan ketganlarini guvohi bo‘lgandi.
Yigitlarning biri duch kelgan toza ko‘rpachaga yonboshlab, oyog‘ini uzatib yubordi. U devorga yaqin yotgani tufayli, hech kimga halaqit bermayotganini his qilib, beparvo yotaverdi. Tabiatan ziyrak Maxsum aka kishi bilmas ularning tepasiga borib, muloyimgina bir narsa dedi. Oyoqlarini kerib yotgan yigitning isitmasi chiqib, o‘rnidan dik etib turishiga ikki og‘iz kalom kifoya qilgandi…
Vaqt o‘tib borardi. Boris Mixaylovich allaqachon farzandli bo‘lgan, uni endi yakshanba kunlari atak-chechak qilayotgan o‘g‘li Pavlikni yetaklab yurgan holda bog‘da uchratish mumkin edi. Binobarin, turmushi sokin o‘zanga tushib qolgan, bir maromda davom etar, ishida ham, hayotida ham favqulodda o‘zgarish ro‘y bermasligi kundek ravshan bo‘lib turgan chog‘da aprelning oxirlari – bodom barq urib gullagan kezlari shahar aholisi boshiga og‘ir musibat tushdi – zilzila ro‘y berdi.
Zilzilaning uchinchi kuniyoq uni raykomga chaqirib, Eski shaharda tashkil etilayotgan qurilish boshqarmalarining biriga rahbar qilib tayinlanganini ma’lum qilishdi. Boris Mixaylovich avvaliga yoshligini, keyin esa quruvchi injener emasligini ro‘kach qildi. Rozi bo‘lishmadi. Ammo bu partiyaning topshirig‘i, qolaversa, buyrug‘i, deb uni shashtidan tushirishdi.
Eski shahar zilziladan deyarli zarar ko‘rmagandi. Tabiiy ofat asosan aholi zich joylashgan Qashqar mahallasi hamda markaziy rayonlarga zarar yetkazgan, u yerlardagi talafot katta edi. Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas qozoq birodarlar jo‘natgan qudratli buldozerlar Qashqar mahallasini tamom buzib tashladi va o‘sha kuniyoq Krasnov rahbar boshqarma turar-joy binolari qurishni boshlab yubordi.
Mana, o‘shandan buyon qancha suvlar oqib ketdi, ammo Krasnov hamon buzadi, quradi, buzadi, tiklaydi.
Inson og‘ir zamonlarda, murakkab sharoitda bilinadi, uning matonati va bardoshi avvalambor amalga oshirilgan ishda sinovdan o‘tdi.
Majlislar, kengashlar, yig‘ilishlarda, partiya komitetida Boris Mixaylovich ko‘plab o‘zi singari yosh rahbarlarni ko‘rdi, ba’zilari bilan yaqindan tanishdi, ba’zilari haqida iliq, yaxshi gaplar eshitib g‘oyibona hurmat qilib yurdi. Iste’dodli hisoblangan hamkasblarining adosi yo‘qdek tuyulayotgan ishlarni yarim yo‘lda chala tashlab ketganlarini ko‘rib, afsus chekdi. Zotan, yashash, xalqqa yaxshilik qilish, foyda yetkazish uchun iste’dod hamda tashabbuskorlikning o‘zi kamlik qilishini, odam bolasiga chidam, shijoat kerakligini u o‘sha yillarda tushunib yetgandi.
Ishga boshi bilan sho‘ng‘igan Boris Mixaylovich ba’zan o‘zi sevgan harorat, saranjomlik asta-sekin, ammo qaytmas bo‘lib sillasini tark etib borayotganini his qilar, er-xotin orasidagi o‘zaro tushunmovchilik kuchayayotganini esa sira hazm qilolmasdi. Xotini Boris Mixaylovichning nega, nima sababdan tong qorong‘isida jo‘nashi va yarim kechada horib-charchab kelayotganini bilolmas, bilishni ham istamas edi.
U dunyoda bola-chaqasi, oilani hamma narsadan yuqori qo‘yadigan erlar borligini, ular o‘z umr yo‘ldoshlarini sevib, hurmat qilibgina qolmay, anchayin uy-ro‘zg‘or ishlaridayam xotinlariga yordam berishlari haqida tinmay gapirar, va’z aytar, hikoya qilar, shunday mahallarda hamma vaqt aksari ishyoqmas, oilada befarq, loqayd erkaklarga qarshi isyon ko‘tarayotgan hurmatli ayollar ulug‘lanayotgan filmlar, gazeta-jurnallardan misol keltirardi.
Uning bilgani «Boshqalar… boshqalar uchun», topib olgani «ular…» edi.
Xotinining gaplariga quloq solarkan, Boris Mixaylovich hamon tamom o‘zga narsalar haqida o‘ylardi. Binobarin, u haqiqatan, olijanob ishlar bilan band minglarcha odamlarni bilar, teng huquqlilik haqida har qancha to‘lib-toshib gapirmasinlar, baribir, bironta ayol bu erkaklarning ishini uddalay olmasligini yaxshi tushunardi. Hamisha, har qachon, har qanday zamonda ham o‘z imkoniyatlarini chamalab, buni to‘g‘ri hal etib, zarur ishlarga dadil, jur’at bilan qo‘l uruvchi odamlar yashab kelgani holda keyin ham yashashlarini Krasnov anglab yetgandi. Pirovardida, u bunday haqiqiy va olijanob ishlar doimo erkaklar zimmasiga tushsa kerak, degan xulosaga kelardi.
Ba’zan u ishlarini tashlab ketgan do‘stlari haqida o‘ylar ekan: «Balki ularning oilasi ko‘ngildagidek bo‘lmagandir», deb qo‘yardi o‘zicha. Bir hisobdan unga qiyin edi. Faqat ishdamas, uyda ham holi-joniga qo‘yishmasdi, ammo, ayniqsa mana shu bugungi kunda shahar uchun kerakli odam ekanligini ahyon-ahyon bo‘lsin his qilish Krasnovga bitmas-tuganmas quvonch baxsh etar, u ham emas, bu ham emas, shaharning ertangi kuni haqida qayg‘urib yashayotgani uchun kelajakda o‘z nomini ham tilga olajaklarini o‘ylab, faxrlanib ham qo‘yardi.
Chodirlar yo‘qolib, yotoqxonalar asta-sekin bo‘shab, og‘ir kunlarda bir-birini suyagan, aziz tutgan odamlar shinam uylarga ko‘chib o‘tayotganlarini ko‘rib, u behad quvonardi. Ittifoqning turli burchaklaridan umumhasharga kelgan quruvchilarning ham uy-joyli bo‘layotganlaridan shodlanardi. O‘sha yillari har bir yutuqlar sharafiga uyushtirilgan nog‘ora bazmlarda yangragan karnay ovozlari dillarni to‘lqinlantiruvchi g‘alaba sadolari singari xotirasida qolgandi.
Zilizila arafasida u Chig‘atoy ko‘chasidagi boshqarmaga yaqin xonadondan yangi uyga ko‘chib ketgandi, mahallada kam ko‘rinardi. Goho-goho biron-bir voqea, masalan aytaylik, boshqarmaning bir yilligi, birinchi massivning topshirilganini «yuvish», o‘zbek tuprog‘ida gruzin bolasi yoki eston qizining tug‘ilishi sharafiga osh uyushtirilar, shunday kezlarda turli shaharlardan kelgan quruvchi oshnalari bilan Boris Mixaylovich «o‘zining» mahallasidagi choyxonasiga tashrif buyurardi. Garchi u Bodomzordagi mashhur choyxona, Bo‘zsuv, O‘rdadagi so‘lim, gavjum choyxonalarni bilsa ham, do‘stlarini shu choyxonaga qistar, negaki u yerda o‘zi hamda ulfatlarini alohida ikrom bilan kutib olishlariga ishonar, boz ustiga osh damlashda Maxsum akaga duoi pir tekkanligini unutmagandi.
Endilikda Krasnov bola-chaqasi bilan Chilonzorda istiqomat qilardi. Bu atrofda choyxona yo‘q edi, bir-ikkita pivoxona bor edi. U yerda ham sovuq kunlari hech kim bo‘lmas, may oyidan boshlab to kuzgacha esa yaqiniga yo‘lash ilojsiz edi. Darvoqe, uning oqshomlari dilxushlik qilgani vaqti ham bo‘lmasdi. Ba’zan qosh qorayganda ishdan qaytarkan, yo‘l-yo‘lakay ajoyib damlari, bo‘sh paytlari choyxonada shaxmat o‘ynab bo‘lgach, deraza yonida o‘tirib, oilasi va bir zamonlar kelib tug‘ilajak o‘g‘li haqida uzoq, shirin xayol surganlarini eslab ketardi.
Mabodo, kunlardan bir kun o‘z stoli utida muqovasiga «Chig‘atoy ko‘chasi, 2- tupik» deb yozilgan qog‘oz papkaga ko‘zi tushmaganda o‘tmish balki Eski shahar, mahallaning choyxonasi, o‘z yoshligi va yigitlik davridan bir esdalikdek xotirada saqlanib qolarmidi?!
Boris Mixaylovich bir necha oy avval bevaqt vafot etgan shahar qurilish boshqarmasining boshlig‘i o‘rniga tayinlandi. Yo‘qsa, hech qachon bu qog‘oz papka uning qo‘liga yetib kelmasligi ham mumkin edi.
«Chig‘atoy ko‘chasi, ikkinchi tupik…» Shuni o‘qishi hamono Sag‘bon ko‘chasining boshlanish qismidagi muyulish, egri-bugri Chig‘atoy ko‘chasidagi transport qatnovini namoyish etuvchi ulkan qabariq ko‘zgu Krasnovning ko‘z oldiga keldi. Ikkinchi tupikka kiraverishda – burchakda mahalla choyxonasi joylashgan. Boris Mixaylovich stolda dasturxondek yozig‘liq planga qaramay har bir bino, diliga yaqin aziz joylarni xayolan eslashga harakat qildi.
Deyarli har kuni Boris Mixaylovich papkani ochib, buzish ob’ektlarini ko‘zdan kechirar, pirovardida afsus chekib, o‘ylanib qolardi. Chunki mahalladagi hamma narsa: «Qiyshiq Mirzakarim» ham, uning yonidagi minora ham, choyxona, montaj boshqarmasi joylashgan Ahmadjon boyvachchaning imorati ham buzilishi, hatto mahallaning iftixori – ko‘hna chinor ham qo‘porib tashlanishi kerak edi. Demak, ulardan tez orada nomu nishon qolmasligi aniq. Sobiq karvonsaroy esa yangi tushadigan yo‘lning qoq o‘rtasida joylashgan bo‘lsa-da, Boris Mixaylovichga unchalik ta’sir qilmadi, to‘g‘risi, bu daqqiyunusdan qolgan qandalaxonaga achinmasdi.
Shundan keyin u choyxonaga bir necha marta bordi, turli vajlarni peshlab, mahallani kezib chiqdi. Bir borishida boshqarmaga – boyvachchaning qo‘rg‘oniga ham kirdi. Serhasham, baquvvat, ikki qavatli shohona ko‘shkni eslatuvchi uyni ko‘zdan kechirarkan: «Shunday uyni nega endi buzadilar!..» deya boshi qotdi.
Uy shovqin-suron guzardan chetroq, sakkizinchi tupikda qad kerib turardi. Bino peshtoqi, deraza panjarasining dastagi bilan o‘yma naqshinkor eshikda «1911 yil» degan yozuv raqam etilgandi. Haligacha poli, deraza oynalari o‘zgartirilmagan sap-sariq maxsus g‘ishtdan tiklangan uyga zilziladan shikast yetmagandi. Alhol, bunday metindek uyni buzish oson emasdi. Hech bo‘lmaganda harbiy bo‘linmadan tank chaqirish yoki portlatish mumkin. Ammo nima uchun? Nahotki biron kori-holga yaramasa!
Bino tarixiy yodgorlik sifatida saqlanishi kerakligini Boris Mixaylovich ilgari bilmagan bo‘lsa ham bunga endi aqli yetardi. Buzaverib, quraverib bu sohada uncha-muncha tajriba orttirgan, hozir, ayni chog‘da bu uyning buzilishini hech kallasiga sig‘dirolmasdi. Holbuki, bu muhtasham binoning qurilishida g‘arb usuli bilan sharqona usullarning omuxtalashib ketganligidan, me’morlar O‘zbekiston iqlimini ham nazarda tutganliklaridan tashqari bu bino tarixiy yodgorlik edi. Krasnov salqin, bag‘ri keng, yorug‘ xonalarni birma-bir kezarkan, o‘tmish me’morchiligiga tahsin aytardi. O‘z vaqtida derazalari ko‘chaga qarata qurilgan birinchi uy ham shu bo‘lsa kerak.
Eh-he, butun umri ayshu-ishrat, Istambul qahvaxonalarida o‘tgan Ahmadjon boyvachcha derazalari ko‘chaga qarata qurilgan uyda yashash bilan tengdoshlari, ulfatlariga o‘zining o‘qimishli, ziyoli ekanligini qanchalar namoyish etmoqchi bo‘lganligini bu bino hamon ko‘z-ko‘z qilib turardi.
Derazalar ko‘chaga qaragani rost edi. Ammo ularga ochib-yopiladigan panjara o‘rnatilgan bo‘lib, o‘sha paytda qandoq bo‘lsa, shundayligicha saqlanib qolgan edi. Xonadagi temir jihozlarning bariga: «Odessa Leman!» degan yozuv zarb etilgandi. Ha, ancha olisdan keltirilgandi bu jihozlar. Xususan, yog‘och buyumlar toqilar, tokchalarning peshonasidagi kungurador bezaklar, aylana zina, har bir xona eshigiga ishlangan nafis, jimjimador naqsh Krasnovni hayratga soldi.
Horib-charchab choyxonaga qaytgach, choy chaqirib Maxsum aka bilan bir chekkada uzoq, miriqib suhbat qurardi. Bu odam endi samovarchi emasdi, allaqachon mahallaning oqsoqollari safidan o‘rin olgandi… Gap orasida Boris Mixaylovich kirib-chiqib turgan odamlarga zehn solardi. Mana o‘sha tanish uchastka militsioneri kirdi. U allakimga bir narsalarni tushuntirdi, so‘ng mamnun ohangda iltifot qilib chiqib ketdi. Bir odam Maxsum aka yoniga kelib avval hol-ahvol so‘radi, keyin aholini ro‘yxatga olinayotgan-olinmayotganligini surishtirdi. Xiyol o‘tmay yana birov Maxsum akadan deputat bilan qachon uchrashuv bo‘lishini, shu kunlarda kimningdir qachon to‘y qilishini, qachon oshi ekanini so‘radi. Shunda Boris Mixaylovich birdan xayolga tolib qoldi. Beixtiyor mahalla hayotida choyxona qanchalar ulkan ahamiyatga molik joy ekanini his qildi.
Shu-shu Krasnov mahallaga yana tez-tez kelib turadigan bo‘ldi. Har safar odamlar bilan xayrlashib ketayotgan chog‘ida negadir yuragi achishar, qandaydir g‘ussa, o‘tkir og‘riq ko‘ksini changallar, oqibatda kayfiyati buzilardi.
Zotan, bu umidsizlik emasdi. Tabiatan ishbilarmon, serg‘ayrat Krasnov na bir darslik, na bir ko‘rsatmalarda eslatilmaydigan yangilikni o‘ta ta’sirchanlik bilan sezmoqda edi.
Milliy xususiyat, mahalliy ob-havo sharoitini hisobga olgan holda yaxshi, sifatli uylar qurish darkor, degan eski, hammaga ayon haqiqatni bilish uchun shahar qurilish boshqarmasining rahbari bo‘lish shart emasdi.
Birinchi zilziladan keyinoq ular Ittifoqdagi barcha qurilish kombinatlarining ehsonini indamay qabul qilib, istar-istamas uylar qurib tashlayverishgandi. Chunki qilichini qayrab ostonada qish turar, shoshilish kerak edi.
Ammo har qancha tez, oshig‘ich harakat qilgan bo‘lmasinlar, o‘sha paytdayoq shaharning ertangi qiyofasi haqida qayg‘urishgandi. Bir yil ichida uy qurish kombinatlari qayta tiklandi. Toshkentda birinchi bo‘lib qisqa muddat ichida oftobdan saqlash vositalarini tayyorlovchi zavod ishga tushirildi.
Bog‘ o‘rtasiga, dov-daraxtlarga beziyon maktab bino etgan bulg‘or quruvchilaridan ibrat olib yangi uylar qurila boshlandi. Bungacha ozmuncha ko‘hna daraxtlar, ko‘p asrlik chinorlar nobud qilinmadi, deysizmi?!
Mana endi, ayni chog‘da – qadrdon mahallasining buzilish plani stolida turgan bir paytda Krasnov o‘zi uchun shahar qiyofasini buzish emas, balki asrlar davomida qaror topgan, bugungi odamlarning qon-qoniga singgan turmush tartibi-tarzini buzmaslik juda muhim va ahamiyatliroqligini kashf etdi.
Bu mahalla ahli mana shu ko‘chalar o‘rnida qad ko‘targan go‘zal, qulay uylarga qachondir qaytib kelishlariga u ishonardi. Ammo o‘zaro muomala-munosabat hech qachon ilgarigidek bo‘lmasligi ham unga ayon edi. Chunki qulay, qadrdon maskanlar yo‘q joyda ular o‘zlarini anchayin qafasga tushgandek his qilishlari turgan gap edi. Krasnov buni juda yaxshi bilardi.
«Garchi talab bo‘yicha kutilgan natijalarni bermayotgan bo‘lsa-da, asrlar davomida sinovlardan o‘tgan uyni buzib, kimlar uchun va nima maqsadda qahvaxonalar, madaniyat uylari, saroylar quryapmiz? Odamlar uchun-ku, axir!»
Boris Mixaylovich ko‘hna avlodga bir merosdek qolib kelayotgan oddiy choyxonalar birin-sirin yer yutayotgandek kamayib borayotganiga ilgari yaxshi ahamiyat qilmagandi. Hozir esa hammasini ko‘rib-bilib turardi.
To‘g‘ri, zilziladan keyin yangi uslubda qurilgan choyxonalar ham bor. Biroq ular juda oz. Bundan tashqari, ularning ba’zilari go‘zal, qimmatbaho anjomlar bilan bezatilgan, faqat sayyohlar uchungina ochib qo‘yilgandi. Shahar markazlaridagi choyxonalar esa ertadan kechgacha tirband edi. Ichkariga kirish uchun navbat kutish kerak. Joy bo‘shashini kutsang, choyxona choyxona bo‘ladimi?!
Shaharning turli qismlaridagi choyxonalarning peshtoqlariga negadir «Tabarruk otaxonlar choyxonasi» deb yozib qo‘yilganini ko‘rganda Boris Mixaylovichning peshonasi tirishardi. Har bir ko‘chaning o‘z tabarruk qariyalari bor-ku, axir?!
Hayotimiz sahifalaridan aziz, salmoqli allanima butunlay yo‘qolib borayotganiga u ko‘ngli buzilgan holda iqror bo‘lardi.
Qo‘lida papka bilan mahallaga tashrif buyurar ekan, hujjatlarning buzish va qurish bo‘limida har safar yangi o‘zgarish, yangi qaydlar qoldirardi. Bir gal qaytishida esa hujjatlar muqovasiga dona-dona qilib «Yangi narsani shunday qurish kerakki, toki odam bolasi o‘tmishni afsus va pushaymon bilan eslamasin», deb yozib qo‘ydi.
Olim Otaxon tarjimasi
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 12-son