Qulman Ochil. Tangrining toshi (esse)

Bir hikoya tegrasidagi o‘ylar

Chin ixlos

Men bu hikoya haqida ko‘nglimdan kechgan o‘y-fikrlarimni anchadan beri yozgim kelardi. Tunov kuni uni qaytadan o‘qidimu qanday qilib qo‘limga qalam olganimni bilmay qoldim.

Asar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida o‘n besh yilcha burun – 2009 yil 13 noyabr kuni chop etilgan. Esimda, gazetaning uchinchi sahifasini ochib, “Stupka”ga ko‘zim tushgan: “Vah! O‘zbekchasini topolmabdilarmi? Erkin aka-ya?!”

Bilaman, Erkin A’zam yozgan yangi asar qo‘liga tushsa, adabiyotning chin ixlosmandi bor ishi-tashvishini chetga surib qo‘yib, mutolaaga beriladi: “Arslon akamiz dunyodan o‘tgandan so‘ng Marina yangamiz mana shu kunni intiqib kutadigan bo‘lib qolgan…”

Bu – boshiga kallapo‘shini dol qo‘ndirgan lalmi boysunlikning gapi. Ichida doim nur o‘ynab turadigan jaydari o‘zbekkina mana shunday – “akamiz”, “yangamiz”, “tog‘amiz”, “momomiz”, “bobomiz”, “oshnamiz” deb mehri iyib gapiradi. Bunday so‘zlarga ko‘zi tushgan adabiyotning o‘sha chin muxlisi qiyqirib yuborishi tayin: “Faqat Erkin A’zamgina shunday yozishi mumkin! Faqat Erkin A’zam deganlari mana shunday jaydari gurunglardan olishi mumkin!”

Bu – hozirgi zamon tilida aytganda, Erkin A’zamning adabiyotdagi o‘ziga xos brendi: ilk satrlaridanoq taniysiz! Taniysizu mutolaaga sho‘ng‘iysiz! Sarxushlantiradigan ichimlikdan totina boshlaganday, o‘tirgan joyingizda beixtiyor bir qo‘zg‘alib olasiz-da, bosh ko‘tarmay o‘qiyverasiz: avval mahliyo, bora-bora mubtalo bo‘lib qolganingizni o‘zingiz sezmaysiz. San’atning kuch-qudrati asli shunda: muallif ixtiyoringizni sizdan olib, o‘z ko‘yi-ohangiga solganida. Ashk daryosiga otib, suzishga majbur qilganida.

O‘z ijodiy kontseptsiyasida qoyim va sobit Erkin A’zam brendi o‘zbekona bag‘rikenglik, insoniy mehr va yuksak so‘z madaniyatining yorqin timsoliga aylanganiga yarim asr bo‘ldi. Bu brendga xos asarlarda soxtalik, tilyog‘malik, tama, esnoqni keltiradigan kitobiylik yo‘q.

Jonsarak yozuvchi bosh muharrir sifatida “Tafakkur” brendini yaratganini ham hech kim inkor eta olmaydi. Majallaning o‘ttiz yillik faoliyati mobaynida  ilmiy-badiiy tafakkur, til va muayyan talablar bo‘yicha milliy mezonlar shakllantirildi va boyitildi. Tahrir san’at darajasiga ko‘tarildi.

Zahmatkash adibning barcha asarlarida bo‘lgani kabi “Stupka”da ham o‘qiganingiz sari voqealar rivoji sizni qahramonlar hayotining goh g‘aroyib, goh  mungli-ma’yus puchmoqlariga tortib ketadi.

O‘sha kuni hikoyani o‘qigan adabiyotning chin muxlislaridan biri –sobiq askar yigitning ko‘zlarida yosh g‘iltillaganiga o‘zim guvohman. “Qarasam, – deydi u, – satrlar ayqash-uyqash bo‘lib, bir-biriga mingashib ketyapti. Ana-mana deguncha ko‘z oldimni tuman bosganday hech narsani ko‘rmay qoldim!..”

“Nima bo‘ldi, taqsir? – deya taajjub izhor etdim men. – Kap-katta odam, sochingizga oq oralamasdan, go‘dakfe’l chollarga o‘xshab?..”

Sobiq askar shosha-pisha mijjalarini artdi: “Xizmatda yurgan vaqtlarim esimga tushib, ko‘nglim bo‘shab ketdi, savil!”

Ichki telefondan tarjimonga sim qoqdim:

– O‘rischaga o‘girib bersangiz, iltimos! Pulidan g‘am yemang!

Birpasdan keyin javob qo‘ng‘irog‘ining sasi xonamga yoyildi:

– Pul-mulingizni qo‘ying! – dedi O‘zA tarjima tahririyatining bosh muharriri, jahon adabiyotining u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqqan nozikta’b olima, ikki tilga ham tarjimani pistaday chaqib tashlaydigan Zebo Boboyeva hiqillashdan o‘zini to‘xtata olmay. – Jon-jon deb tarjima qilaman!..

– Yig‘layapsizmi? – deya talmovsiradim men. – Tinchlikmi?

– Dahshat!.. Sho‘rlik ayollarning qismati yurak-bag‘rimni ezib yubordi!

Hayajonim ichimga sig‘may, endi muallifni izlashga tushdim.

– Ha, oynam? – guldiragan sado keldi simsiz go‘shakdan.

– Qaylardan so‘raymiz, aka?

Erkin aka bilan necha yillardan beri qo‘ru davramiz bir. Ukasining erkinsirab aytgan asov gaplarini ko‘taradi. Malol kelganini sezdirmaydi.

– Boysunda kinochilar bilan yuribman.

– Tabriklayman, aka! Chin dildan tabriklayman! “Stupka”ni qotirib qo‘yibsiz!

– Buni qarang! Buni qarang!.. Asli o‘zi, sizning tilingiz bilan asal yalash kerak, inim!..

– Bor gapni aytyapman!.. Ishonmasangiz, ana, so‘rang: tarjimon bechoraning ko‘zyoshlaridan gazeta ivib ketdi.

– Tushunmadim… Bugun chiqqan hikoyaga tarjimonning nima daxli bor?

Muddaoni aytdim: “Stupka”ni zudlik bilan rus tilida chiqarish kerak. Marina yangamizning qavmi ham o‘qisin, bilsin!

– Obbo! – deya yayrab kuldi ustoz. – Yana-chi?

– Yana, kinochi og‘aynilaringizga ayting, – deb ilhomim jo‘shib davom etdim. – Insoflisi bo‘lsa, asarni film qilsin. “Oskar”ga loyiq kartina bo‘ladi!..

– Hay-hay! – dedi muallif zavqlanib. – Ko‘z-po‘z tegib qolmasin tag‘in!..

“Stupka” ko‘p o‘tmay Moskvadagi nufuzli adabiy jurnalda e’lon qilindi. 2017 yili adibning asarlari «Heirs to the Great Sinner Sheikh San’on» («Buyuk osiy Shayx San’on vorislari») degan umumiy nom bilan kitob holida Britaniyada chop etildi. Dunyoning eng yirik madaniyat markazlari – Parij, Vashington, London kabi shaharlarda YuNESKO shafeligida o‘tkazilgan taqdimotlarda nomdor yozuvchilar, adabiyotshunoslar, diplomatlar, madaniyat va siyosat arboblari ishtirok etdi.

Inglizcha nashr jahonga mashhur onlayn kitob do‘koni – Amazon.com tarmog‘ida sotuvga chiqarilgach, dunyoda ham o‘z o‘quvchilarini topdi. Sinchkov munaqqidlar uning nafaqat ingliz, balki frantsuz tilidagi tarjimasini ham tahlil va tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazib, yuksak baho berdilar.

Bu orada Erkin aka ilhom bilan ishga kirishib, hikoyani “Tangrining toshi” degan nom bilan badiiy filmga moslab qayta ishladi. Ahli kino chapaklar bilan kutib olgan stsenariyning peshonasiga chalpakning qismati bitilgan ekan: qaysidir stol tortmasiga tushdi-yu, chiqmay qolib ketdi. Aftidan, o‘zbek kinosining osmonida ob-havo o‘zgarib qolgani ziyon qildi. “Ajab emas, – deydi nekbin muallif, – havo ochilib, chinakam san’atu azaliy mavzular yodimizga tushganda, ehtimol, bu masalaga yana qaytilar. Yo nasib!”

O‘qigan borki, kimnidir qiqir-qiqir kuldirib, boshqasining ko‘nglini xun qiladigan, munaqqidlar nazaridan tushmay kelayotgan “Stupka”ning siri nimada?

Gapni cho‘zib o‘tirmayman: hayotiyligida, sodda-samimiyligida, tilining shirasida! Bir nafasda o‘qiysiz va qancha zavq-shavq olasiz. Ayni choqda, og‘ir-vazmin, xayolchan-o‘ychan tasvirlar, alamlar, iztiroblar bitilgan satrlar dilingizni o‘rtab, ko‘zingizni namlantiradi.

O‘ylaymanki (o‘ylarim esa asossiz emas!), mabodo, shu hikoyani G‘arbning biror adibi yozganida, darhol  uni ko‘tar-ko‘tar qilib, piar osmoniga olib chiqilar, jahon adabiyotidagi durdona asar sifatida ko‘k toqidan mangu o‘rin berilar edi. Bizda esa… Qo‘yavering, eng muhimi, uni o‘zbek adibi yozgan, Erkin A’zam yozgan!

Lofi yo‘q, o‘qib, ko‘rib, bilib yuribmiz, G‘arbning eng nomdor  tanlovlarida sovrinlarga loyiq topilib, jahoniy davralarning to‘ridan joy berilganlar orasida kitoblari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Erkin A’zam, Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sulton kabi adiblarimiz asarlarining yaqiniga ham yo‘lay olmaydiganlari qancha! Ularning omadi – qozonu cho‘michga yaqinligi.

Hartugul, insofu adolat ko‘tarasavdoga qo‘yib yuborilmagan ekan. Asarlarini mutaraqqiy Ovro‘poning nozikta’b ziyolilari kamoli ixlos bilan mutolaa qilayotgan va boshqalarga ham o‘qishni astoydil maslahat berayotgan yuz nafar zabardast so‘z san’atkorlari ro‘yxatida o‘zbek yozuvchisi Erkin A’zam ham bor. Qarorgohi Londonda joylashgan inglizzabon Salvertjournal.com nufuzli internet jurnali 2021 yili o‘tkazgan so‘rovning natijasi shunday. Tan bermay bo‘ladimi!

 

Qo‘rg‘ondagi alg‘ov-dalg‘ov

Qizig‘i, kitoblari ko‘plab tillarga tarjima qilingan, filmlari ne-ne xalqaro festivallarda oliymaqom sovrinlar olgan, pesalari nufuzli teatrlarda sahnalashtirilgan adibning o‘zi mudom jim! Biror joyda, biror minbar yoki davrada ko‘krak kerish nari tursin, faxrlanib gapirganini yoki yozganini ko‘rmaysiz.

Bu xokisorlikdan kibr qidiradiganlar ham yo‘q emas: “Ulay-bulay narsani nazarlariga ilmaydilar-da!” Nachora, har kimning ta’bi, a’moli bo‘lak. Faqat bir o‘kinch borki, talant bo‘y ko‘rsatgan joyda hasad ham o‘ralashib yuradi. Ana shu o‘ralashadiganlarning qo‘li ustun kelgani sababmi, ko‘pincha millatimiz farzandlarining ibratli ishlari haqida gap ochishdan cho‘chiymiz. Go‘yo ularning aybi – tirikligida – oramizda, to‘y-ma’raka, majlisu mashvarat va tadbirlarda elga ko‘rinib turganida. Ato qilingan umrini yashab o‘tishi bilan birimiz qo‘yib, birimiz osmonga ko‘tarishga tushamiz: “Buyuk so‘z san’atkori! Adabiyotimizning mumtoz vakili!”

Oramizda yurganida bu gaplarni aytsak, haqimiz ketadi go‘yo. Xasta qalbiga hasad in qurgan boshqa birovi  ustimizdan kuladi: ja, oshirib yuboribsiz! O‘zimiz qatori bir odam-da!

Bunday gaplarga Erkin aka beparvo qo‘l siltaydi: qo‘yavering, o‘ynasin! Bilasiz-ku, yaltir-yultir qog‘ozlarda tom-tom kitob chiqargan shoirlar borki, bir satr she’rini birov yoddan aytib berolmaydi. Yostiqday-yostiqday romanlar yozgan adiblar borki, birorta asarini birov, hechqursa ularni ko‘klarga ko‘tarib maqtagan o‘sha munaqqidlar ham oxirigacha o‘qimagan. Kori amali shunday bo‘lgach, nimayam deysiz? Xudoning nazari tushgan chin chavandoz baribir uloqni davradan uzib ketadi. Davridan o‘zib ketadi!

Bunday paytlarda 2014 yilning 28 aprel kuni Erkin aka bilan Abdulla Oripovning ziyoratiga, hukumat shifoxonasiga borganimizni eslayman.

Abdulla aka bizni ko‘rib juda xursand bo‘ldi. Divanda oq jildli bolishga suyanib o‘tirgan ekan. “Meni kresloga o‘tkazib qo‘yinglar-da, o‘zlaring divanga o‘tiringlar, – dedi. – Gurungga qulay”.

Ikkalamiz ikki qo‘ltig‘idan olib kresloga o‘tkazib, yelkasiga oq bolishni suyab qo‘ydik. Hanifa yanga ko‘k choy olib keldi. Abdulla aka qiynalibroq nafas olardi. Hamshiralar tomiriga tushishi qiyin bo‘layotgan ekan. Yuz-qo‘li shishgandek.

“Haliyam ancha pesh bo‘p qoldim, – dedi buyuk shoir. – Bu yerga kelganimda ahvolim xiyla og‘ir edi”.

Abdulla aka zerikibroq o‘tirgan ekan chog‘i, gurungimiz qizib ketdi.

Aytdiki, Abdulla Qahhor ham, Oybek ham hech kimga bosh egmagan, xushomad qilmagan. Yozuvchilar uyushmasiga tanda qo‘ymagan. Ular bu jihatdan o‘zlarining qo‘rg‘onini, ma’naviy qo‘rg‘onini yaratib ketdi. Erkinjon, siz ham shular qatorida turadigan zabardast ijodkorsiz. Shu paytgacha birovga yaltoqilik, xushomad qilmagansiz. Maydalashgan joyingizni ham ko‘rganim yo‘q. Shu fe’lingiz, shu yo‘lingiz menga juda yoqadi. Shu yo‘lingizdan qolmang, ukam! Bu dunyoda hamma narsa o‘tadi-ketadi. Chin so‘z qoladi!

Gap adabiyot maydoniga burilganida o‘zbek donishmandi go‘yo vasiyat qildi: “Bir-birlaringdan kamchilik emas, fazilat qidiringlar, ahil bo‘linglar. Mahalliychilikdan tiyilinglar”.

Endi sizdan so‘rayin, muhtaram gazetxon, u emas-bu emas, boshingizdan musofirlik o‘tganmi? Yolg‘izlik, g‘ariblik, judolik kunlari-chi? Qadrdon bir kalomga, suyanchiq bir dardkash qalbga zor qolgan damlaringiz bo‘lganmi?

Bo‘lmaganda-chi? Bo‘lmaganda ham “Stupka”ni o‘qigan borki, agar shuurini dunyo g‘aroyibotlaridan hayratlanish saodati tark etmagan bo‘lsa, lolu giryon qolishi tayin. Hikoya nedir iztiroblaringizni jonlantirib, dardingizni yangilaganday bo‘ladi. Befarq qololmaysiz. Aslini olganda, san’atning kuchi ham shunda – jonni o‘rtashida! Kishi qalbining tub-tubidagi eng nozik tuyg‘ularni junbishga keltirib, xotira qo‘rg‘onini alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlashida. Alg‘ov-dalg‘ovi bilan o‘chmas, ammo yorug‘ iz qoldirishida…

Gurunglarimizdan birida Erkin aka menga bunday degan edi: “Ko‘cha-ko‘yda karillab yurgan odamning ko‘ngliga mundoq qo‘l solib ko‘rsangiz, uning hayotda o‘z o‘rnini topolmagan bir sho‘rlik, siniq odam ekanini ko‘rasiz va tavba deysiz, hayron qolasiz. Bilamizki, “Odamzodning boshi – tangrining toshi”. Yaratgan qayerda istasa, o‘sha yerda rizq beradi. Istibdod zulmining temir panjaralari barham topib, xalqimiz istiqlolga erishganidan keyin “o‘troq” o‘zbeklar ham xorijga tariqday sochilib ketdi. Dunyoning avzoyini ko‘ring, ilgari tug‘ilgan qishlog‘ini tark etib shahar orzusiga tushishni o‘z ota-onasiga, kindik qoni tomgan yerga hurmatsizlik, hatto xiyonat deb bilgan xonanishin o‘zbegim endi qayerda nash’u namo topsa, o‘sha yerni vatan deb bilmoqda. Global – yalpi dunyoga tutashgan el borki, ko‘chmanchi musofirga aylanib bormoqda. Taqdir taqozosi bilan begona o‘lkalarda muqim qolib ketayotganlari qancha! Hatto ichki nizolardan tilka-pora bo‘lib yotgan olis Kambojadek o‘ta notinch davlatda ham umrguzaronlik qilib yurgan o‘zbek qavmi yo‘q emas ekan. Ular “o‘zga yurtda sulton bo‘lib” har qancha baxtu saodatga erishmasin, toabad dilida bir armon yashaydi. E, og‘ir, dardli mavzu bu!”

“Musofir bo‘lmasdan, musulmon bo‘lmas” – darbadarlik azoblarini ko‘p tortgan ota-bobolarimizning xulosasi bu. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, bugun kurrai zaminda musofir-muhojirlar 300 milliondan oshgan.

Erkin A’zamning “Stupka”sidagi Marina yangamiz ham Rossiya va Ukrainaning turli joylaridan begona bir qishloq maktabiga muallimlikka kelib qolgan  yuzlab musofirlardan biri. Sirasi, “yuzlab” – mening taxminim. Pedinstitutni bitirganidan so‘ng komsomol yo‘llanmasi bilan O‘zbekistonga yuborilgan sanamlar ishlamagan qishloq maktabi bormidi?..

Chiroqchining cho‘lidagi maktabda ko‘kko‘z muallimalar bizga ham saboq bergan. Aksariyati “Stupka”dagi Arslon akamiz kabi davangir yigitlarga turmushga chiqib, yurt ahliga el bo‘lib ketgan. Ana shunday musofirlardan so‘nggisi – rahmatli Toshtemir akamizning ayoli, asli o‘zi osetiyalik tarso Sida momomiz yaqinda to‘qsonni qoralab qazo qildi. To‘qqiz farzandi, o‘ttizdan ziyod nevarasi bilan birga butun qishloq uni musulmoncha ada-qadasini joyiga qo‘yib, so‘nggi manziliga kuzatdi.

 

Tumor

Munaqqidlar e’tirofi haq-rost: Erkin A’zamning har bir asari – inson ko‘ngliga o‘ziga xos sayohat, sarguzasht. Qahramonlari befarqlikdan yiroq, serg‘ayrat, seroqibat, mard, tanti, halol va ruhi ozod odamlar. Yozuvchi, adabiyot gap san’ati emas, so‘z san’ati, degan oltin qoidaga qat’iy amal qiladiki, go‘dakning ko‘zyoshidek toza-pokiza, samimiy satrlari kitobxonning e’tiborini mehrigiyo kabi darhol o‘ziga tortib oladi.

Asarlarining ijtimoiy-falsafiy zaminida, avvalo, eng qudratli tuyg‘u – insonga mehr-muhabbat mujassam. Ana shunday ezgu g‘oyalari bilan kitobxonning ko‘ngliga nur, tafakkuriga quvvat bag‘ishlaydi. Ming izlasangiz ham gapdonlikka moyillikni topolmaysiz, har satrida so‘zga o‘ta ziqnalikni ko‘rasiz.

…Marina yanga – tomiridan uzilgan daraxt. Eri Arslon aka bandalik qilganidan so‘ng ko‘ngiletari, yurakdan dardlashadigani qolmaydi. Tirnoqqa zor oila yetimxonadan asrab olgan “aft-angori qoracha-yu, ko‘zlari pistoqinamo” qiz esa bo‘yi yetgach, Rossiya tomonlarga ketib qoladi. Yanganing ota-onasi allaqachon o‘tib ketgan. Yolg‘iz singlisi qay bir xorijlikka ilakishib, Portugaliyani vatan tutgan. Kelishidan, ko‘rishuvdan umid yo‘q. Bunday mahallarda bandasi, kim bo‘lmasin, ko‘ngil yoradigan do‘sti hamroz izlashi tabiiy. Marina eski dugonasi Lenanikiga otlanadi. Eridan qolgan mototsiklga hamsoyasining o‘g‘li Abdini haydovchilikka yollab, qo‘shni qishloqqa jo‘naydi.

Hikoyadagi eng ta’sirli va unutilmas tasvirlar ana shundan – mehmonning hovliga kirib kelishidan boshlanadi. Ikki rus ayolining g‘irt o‘zbekona liboslariyu qiliq-odatlari, salomlashib-so‘rashishlari, achom-achomlari,  o‘zbekcha gaplashganda sizlashib, ruschaga o‘tganda senlashishlari, bir-da kulib, bir-da bo‘zlashlari… xotiringizda mixlanib, muhrlanib qoladi:

— Keling, keling, Marinaoy!

— Bormisiz, Lenaxon, bormisiz?

Ikki eldosh qizil musallasdan ozgina-ozgina totinib, ko‘ngillari buzilib o‘tirganida qo‘shnining qizchasi bosh suqadi:

— Ko‘kko‘z xola-a, xamirturushingizni berib turarkansiz, enam aytdilar.

Lenaning javobini qarang:

— Ko‘kko‘z xolang ham o‘lsin, iloyim, xamirturushi ham ordona qolsin!

Lena — qo‘ligul chevar. Yetimxonada o‘sgan, fe’li-atvori ham shunga yarasha, jikkilaganroq. Marina, muallima emasmi, xiyla vazmin, sipo.

Mezbon o‘zlarini “sho‘rpeshona” deb ataganida  mehmonning jahli chiqadi. Bu gapni noshukrlikka yo‘yadi. Lena qo‘lini yoqasiga olib borib, o‘zbekchasiga tavba qiladi:

— To‘g‘ri aytasiz, dugonajon, to‘g‘ri. Xudoga shukr, hazoron shukr!

So‘ng ashula aytgilari keladi va ruslarning mashhur “Podmoskovnыe vechera”sini tanlaydilar.

“Ikki g‘arib bir-birining kiftiga qo‘l tashlab, olis yurtlaridan esdalik, olis yurtlarining nafasini keltiradigan sog‘inchga to‘la shu hazin taronani ohista xirgoyi qila boshlaydi. Bir fursat tevarak-atrof o‘zgacha tus olib, allaqanday armonli oqshom sokinligi ingandek, qo‘shiq kuylayotganlar — sirdoshu jondosh Marfushalarga, huv devor bo‘ylab qad cho‘zgan bo‘zteraklar ham oqbadan qayinlarga aylanib ketgandek bo‘ladi”.

Ko‘kko‘z yangalarimiz-ku O‘zbekistonda o‘zining ona tilida dars bergan. Rossiyaning bilchillagan botqoq yeridan qor arimaydigan Kostroma viloyatida harbiyda yurganida bir yarim yil birorta o‘zbekni ko‘rmagan, birorta o‘zbekcha so‘zni eshitmagan, birorta o‘zbekcha kitob, gazeta-jurnal o‘qimagan anavi askar yigitning holini-ahvolini tasavvur qila olasizmi? Erkin A’zamning ko‘kko‘z yangalari “Podmoskovnыe vechera”sini mungli-mungli kuylab, yum-yum yig‘laganlarini o‘qiganida bir zamonlar Vatan sog‘inchidan ma’yuslanib yurgan askarning yodiga Botir Zokirovning qo‘shiqlari tushgan va kechmish nolalari  jolalariga ulangan bo‘lsa, ne ajab!

Bir yarim yil deganda akasi kulchadaygina  gramplastinka yuboradi va uka bo‘lmish uni tinimsiz aylantirib, ashula tinglashdan charchamaydi:

      Barnolar ichra barno Ra’no,
      Gulmisan, gulërmisan,
      Oshiqqa dildormisan,
      Hamma gullardan a’lo Ra’no.

“Bitta ashulani kuniga necha marta eshitish mumkin? Oxiri bir kuni sindirib tashlayman-ov!..”

Quroldoshi Sergoning yarim hazil-yarim chin bu gapini eshitib, askar yigitimiz o‘tirgan joyidan koptokdek sakrab turadi:

“Qo‘lingni tegizib ko‘r-chi! Naqd peshonangdan otaman!”

Ammo bir kuni dam olish xonasiga kiradi va undan o‘qday otilib chiqadi:

“Sergo-o! — deb hayqiradi u hayhotdek kazarmaning eshigidan. – Karapetya-yan!”

“Buncha bo‘kirasan! Nima deysan?”

Sherday tashlangan askar yigit devday keladigan armani safdoshining basharasiga kalla qo‘yadi. Yonidagi yog‘och kursi bilan boshiga solganida kursi sinib, sochilib ketadi. Ikkalasining ham boshi yorilib, ikkalasi ham qonga belanadi. Qayerdandir paydo bo‘lgan Volodya Nesterenko o‘rtaga tushadi:

“Plastinkangni men sindirib qo‘ydim! Men aybdorman, meni ur!”

Dam olish xonasini yig‘ishtirayotganida qo‘lidan tushib ketgan emish. Musichadek  beozor, mo‘minqobil, qansharidan ko‘zoynak arimaydigan “professor” laqabli nozikkina askar bola  o‘lsayam buzg‘unchilik qilolmas edi.

“Men aybdorman! – derdi u nuqul. – Meni ur!”

So‘ng u gramplastinka parchasiga yoqut rangli shisha yopishtirib, qalampirnusxa chiroyli tumor yasab beradi. Ahyon-ahyonda askarlarning kiyim-boshi tekshirilganida zobitlar yigitimizdan so‘raydi:

“Bo‘yningga osib olganing nima? Tumormi?”

“Yo‘q, Vatanimning bir parchasi!”

Sobiq askarning aytishicha, o‘sha tumor haligacha uning yonida.

…Ikki dugona endi qahva ichish niyatida havoncha izlab qoladi va uning o‘z ona tili — ruschada qanday bo‘lishini eslay olmaydi. Har qancha urinmasinlar, eslariga kelmaydi. Marinaning kayfiyati buzilib, “ketaman”ga tushadi. Dugonasi uni uydan quruq chiqarmaslik uchun to‘rvasiga to‘rtta non va uch-to‘rt bosh uzum soladi.

No‘noq muallif hikoyani shu yerda tugatib qo‘yaqolishi mumkin edi. Biroq Erkin A’zam mavzuni umuminsoniy dard darajasiga ko‘taradi. Hikoyada “ustupka” va “stupka” so‘z o‘yinidek tuyuladi. Marina yanga Abdiga ustupkani taqdirga tan berish, murosa, ko‘nish qabilida tushuntirgan bo‘ladi. Havoncha esa qismat, ko‘rgilik, taqdir. Tangrining otilgan toshi!

— Bu dunyoda ustupka qilmasang, stupkaga yem bo‘lasan, ukajon. Mana, shunchasiga ko‘narkan-ku odamzod.

Stupka degan so‘zda inson qismati, sog‘inchi, armoni, baxti, mehr-muhabbati, fojiasi, alamlari, qo‘yingki, tirik odamga xos ne bir kechmishlar bo‘lsa, hammasi bor. Ha, hammasi! Adib ana shunday noyob yo‘lni topgan.

Yozuvchi nega Marinaning yo‘lini qabriston tomonga buradi? Bu yerda ham teran ishora bor. Yanga biladi, erta bir kun bu dunyodan o‘tar bo‘lsa, yostiqdoshi Arslonning yoniga qo‘yiladi.

Hikoyada yana bir lavha borki, yalt etgan o‘sha ibratli muqoyasasiz  asar kemtik bo‘lib qolishi tayin edi. Marina ona qishlog‘i Nikolni qo‘msab, Voronej viloyatiga  borganida o‘zini u yerda butkul yot-begona, musofir sezadi. Qachonlardir Marina kabi qizlarning ko‘zini o‘ynatgan Fedka abjir mayxo‘rlikka berilib, vahshiyga aylangan. Marinani hatto tanimaydi ham. Shu alfozda muallima yanganing o‘z tug‘ilgan yurti bilan barcha rishtalari uziladi.

Izlagan, mulohaza qilgan o‘qirman bu ruscha sarlavhali asl o‘zbekona hikoyadan yangidan-yangi ma’no-mazmun topaveradi. Darvoqe, vaqti-zamonida ushbu durdona asarni gazetada o‘qib, ko‘zlariga yosh qalqigan sobiq askar yigit — men, o‘zim edimki, ushbu esseni bitar chog‘imda o‘shal ajib lahzalarni-da yodga oldim, ma’zur tutasiz.

Jadid” gazetasi 2024 yil 9 avgust, 33-son.