Qulman Ochil. Botil (hikoya)

Isitmasi ko‘tarilib, terisi qovun po‘stidek sarg‘ayib ketgan bemor qontalash lablarini yalashga urinardi-yu, uddasidan chiqolmas, ko‘zini-da ocholmas edi. Sho‘rlagan yuzlarida ko‘zyoshi izlari. Qaddi raso odamning qorni shishib, tog‘day ko‘pchib ketsa, vahmali ko‘rinar ekan.

Samar Arziyev dam hud, dam behud yotgan otasini ko‘rib, boshidan xushi uchdi. Uchmasinmi, bechora bir zamonlar o‘zi paxsadan ko‘targan uyda emas, derazasining ko‘ziga yostiq tiqib qo‘yilgan fayzsiz, tarovatsiz ayvonda hush-behush yotar edi. Yonida o‘tirgan ayoli, o‘g‘lini ko‘rib, o‘kirib yubordi:

–Bu kunlarni ko‘rmay men o‘layin, bolam-a!

O‘g‘li xastaning  yoniga tiz cho‘kdi:

– Otajon, men Samarman! – Padarining o‘ng qo‘lini kaftlari orasiga oldi. Sertomir, sertuk bilaklari ingichka tortib qolgan bemor javob berolmadi. O‘g‘lining qo‘lini holsizgina qisgan bo‘ldi. Moshkichiri soqoli yarashgan horg‘in yuzi, qovoqlari uchib-uchib qo‘yadi. Yigit dimog‘iga urilgan balchiq hididan ajablandi.

Tashqariga chiqib, supaning chetida omonatgina o‘tirgan akasi Sindorga qaragan edi, jigari  o‘z-o‘zidan sayray ketdi:

– Hech gapirgiligi yo‘q! – Qo‘lini asabiy siltadi u. – Men senga aytsam: otamning o‘zi aybdor!

Minbarda ma’ruza o‘qiyotganday o‘zi bergan savolga o‘zi javob qaytaradi. Savoli ko‘p, javobi tayin. Gapini ikki qilgan qarolni qaysi xo‘jayin xush ko‘radi? Hech bir! Raykom, ich desa, tozagina suvdan bir-ikki qultum yutsa, osmon o‘pirilib yerga tushmasdi. Yo tusharmidi? Yo‘q, tushmasdi. O‘sha kuni satildagi suvdan ichgan ikki sherigi, ana, shataloq otib, to‘ylab yuribdi.

U birpas yonida o‘tirgan har qanday odamning qulog‘ini qoqib qo‘liga beradi. Ovozi baland, shang‘illagan, yoqimsiz. Ilgari bunchalik emasdi. Endi qiyomatga aylanibdi.

–Otam qanday dardga chalingan o‘zi?

– Tilim bormaydi-yu, aytaman! Ichak-chovog‘ini qurt ilma-teshik qilib tashlagan!..

Ukasi tushunmadi. Akasi go‘yo kuya tushgan eski ko‘rpachaning astari haqida gapirayotganday beparvo javob qilgan edi.

– Bu yog‘ini so‘rasang, – dedi Sindor, – o‘tgan ramazon  ashaddiy issiq keldi. Hammayoqni quritib-qaqshatib ketdi. Ha, xuddi shunday! Otamga aytdim. Ko‘p aytdim, uka. Joningizni azobga qo‘ymay, og‘zingizni ochivora qoling, dedim. Yalindim, yolvordim. Yaratgan Egam o‘zi kechiradi, dedim. Qayoqda! Qulog‘iga kirmadi. – U  umidsizlik oldida bosh ekkan odamday oriq yelkalarini uchirdi va to‘satdan so‘radi: – “Sovetskiy sport” opkemadingmi, Samarjon?

Harbiyga chaqirilgunicha ukasi shahardan har gal bir uyum gazeta-jurnal ko‘tarib kelardi.

– Yo‘q, –   dedi bu safar.

“Mushtariy” aka tumshayib oldi va alamini qaysidir futbol jamoasining sho‘ring qurg‘ur bosh murabbiysidan olaketdi. Sho‘rtumshuqning laqabi ko‘p ekan.

– Ana shu naynov stadionda beshiktebratarday chayqalib o‘tirguncha, bo‘rdoqilariga qarasa o‘ladimi! Ayt, o‘ladimi? Biriga non kerakdir, boshqasiga – suv. Bo‘rdoqilariga duo ketganmi, o‘lsayam jonini koyitmaydi. – Birdan to‘xtaydi va xomush o‘tirgan ukasiga termilib qoladi: – Afg‘oniston esingga tushib ketdimi, Samarjon? Unda, urushdagi gaplardan ol! Odam o‘ldirish oson ekanmi? Rosa ozib ketibsan. Burning qopti.

Samarning, garchi bundan beshbattar gaplarni eshitaverib qulog‘i, fojialarni ko‘raverib diydasi qotib ketgan bo‘lsa-da, jigarining aytganlari, qiliqlari g‘ashini keltiradi:

– Gap yo‘g‘ida gap kavlamaylik, aka! – deydi zarda bilan, og‘ringanini yashirmay.

Javob yoqmagan aka yuzini teskari burib, qoshini norozi keradi. Ukasining ko‘z oldi qorong‘ulashib ketadiyu leytenantning “Kinjal!” – deb shivirlagani quloqlarida aks-sado berganday bo‘ladi. Zobit buloqboshi tomonga ko‘za ko‘tarib enayotgan xipcharoq sharpaga ishora qiladi. “Ayol kishi”, –  deb pichirlaydi Samar. “Yo‘q, – deydi komandiri. – Qo‘lining uchigacha yengiga bekitib olgan!.. Tayyorlan! Hozir biz tomonga buriladi. Ana! Ur!..”

Qo‘sh tig‘li po‘lat hanjar harir chimmatni yirtib, tomog‘ining chuqurchasiga borib kiradi va ko‘za ko‘targan ojizaning yuzi ochilib ketadi: o‘n olti-o‘n yetti  yoshlardagi qosh-ko‘zi qop-qora, chehrasi oyday qiz ekan!

Bo‘yin – eng serharakat a’zo, nishonga olish oson emas. Yagona to‘g‘ri yo‘l – kekirdakning tagiga qadash. Nishon sas chiqarib, atrofdagilarni hurkitib yubora olmasin. Ingichka bo‘yniga tig‘ urilgan qiz nima bo‘lganini anglay olmay, qarshisidagi butazor tomonga bir soniya hayratli ko‘zlarini tikib turadi va yuztuban yiqiladi. Sopol ko‘za bo‘laklari soyga sochilib, jildirab oqayotgan suv qirmizi rangga kiradi.

O‘sha lahzada narigi sohildan “Sho‘ravi-i!” degan hayqiriq yangraydi-yu, Samarning yuz-ko‘zi, qulog‘i va bo‘yniga qaynoq qatiq uriladi. Go‘yo, anchadan beri oftobda turgan qatiq to‘la bonka portlab ketgan. Chap yoniga ko‘z qirini tashlab, atrofni durbindan kuzatib turgan komandiri – Bogdan Nazarning  xarsangga suyanganicha o‘tirganini ko‘radi. Keng yelkalari silkinib-silkinib qo‘yadi. Faqat boshi yo‘q. Pistirmadan otilgan o‘q boshini majaqlab ketgan. “Bogdan! – deb pichirlaydi askar. – Oshnaginam!” Insonning yaxshisi edi, deb o‘ylaydi. O‘z ishiga berilgan, kuydi-pishdi, tinib-tinchimagan ofitser. “Har qanday sharoitda, har qanday jangda, radvedkachining eng muhim quroli – uning aqli, fahm-farosati, – derdi. – Aqlini ishga solsa, yo‘lidan chiqqan jo‘ngina tuproq –  granataga,  oyoq-qo‘li – pulemyotga, so‘zi bombaga aylanadi”.

Endi uning boshsiz jasadini rux tobutga soladilar va Kiyevga jo‘natadilar. Qabri tepasida otashin nutqlar so‘zlanadi: “Baynalmilal burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan jasur sovet zobiti Bogdan Nazarning nomi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi!”

Uchinchi sherik – aloqachi Vladimir Medvedev g‘animning manzilini qo‘mondonlikka ma’lum qiladi. Biqiniga qizil yulduz naqshlangan vertolyotlar paydo bo‘ladi va  soy bo‘yidagi afg‘on qishlog‘idan tutab yotgan kultepa qoladi. Raketalarning portlashini o‘ngirdan kuzatib o‘tirgan Samarning xayolida faqat bir o‘y aylanadi:  “O‘zimizning o‘zbek qizlariga o‘xshar ekan!..”

O‘q aslida Samarning boshini olib ketishi kerak edi. Omon qolganida ne sinoat borligini keyinchalik anglaganday bo‘ladi.

Kremldagi bo‘yinlari qiltillab qolgan qurdosh qariyalar o‘ylay-o‘ylay oxiri afg‘onlarni taraqqiyotning nurafshon cho‘qqilari sari sakratish rejasini tuzgan edi: “Mana, O‘rta Osiyodagi xalqlar feodalizmdan to‘g‘ri sotsializmga sakrab o‘tdi. Endi behishti beminnat – kommunizmning darvozasidan kirmoqqa shaylanib turibdi. Sizlar ham sakranglar. Qarab turmaymiz. Neki zarur bo‘lsa, so‘ranglar. Gap yo‘q, yetkazib beramiz!”

Urushishdan boshqa kasb-kori bo‘lmagan afg‘onlarning boshi qotib, ummon ortidagi Oq uyga qarab yutinadi: “Siz nima deysiz, janoblar?”  Oq uy ahli  ham, barakat topsin,  qarab turmaydi, ularni qutqarishga shoshiladi: “Sho‘ravining qasam ichganiga ishonib, sakrayman deb o‘ylamanglar! Oyoqlaring-ku, mayli, boshlaringdan ham ayrilasizlar. Sakraganlar go‘rgayam borgani yo‘q. Borolmaydi ham!”

Mardumi Afg‘oniston ikkiga bo‘linadi: sakraydiganlar va qarshilar. Bangimi, sog‘mi – hammasi bola-baqrasigacha  qurolga yopishadi. Birlari sovet kommunistlarining qurdosh  qariyalari – sho‘ravi hadya qilgan, qolganlari yiroq-yiroqlardagi mehribon janoblar – yanklar bergan qurolga.  Qir-pichoqni chetdan tomosha qilishga, tomosha asnosida Afg‘onistonni bemalol talashga nima yetsin.

– Nima deyotgandim, Samarjon? – deb so‘raydi akasi. – Alahsib ketdim.

Ukadan sado chiqmaydi.

– Ha, otam o‘ziga o‘zi jabr qildi, – deya gapining uchini topib olganidan quvonib ketgan aka hikoyasini ishtiyoq bilan davom ettiradi. – Ay, jonim otam-a! Otaginam-a! Raykom – raykom-da. Partiya-hukumat bilan o‘ynashib bo‘ladimi, uka! Mening qo‘limdan bir ish kelmasa. Ko‘kayginamda bir dod qotib qolgan!  Muallimning shu dodiga kim quloq soladi? Ayt, kim? Hech kim! O‘jarligini ko‘rib, otamning boshini balchiqqa tiqqan. Raykom bechorayam nima qilsin? Qamchisidan qon tommasa, suyib olgan xotinchasiyam yo‘rig‘iga yurmaydi. Yuqorining talabi mingta bo‘lsa. Biri paxtani so‘rasa, ikkinchisi chorvani so‘raydi. Boshqasi g‘allang qani, deydi. Enag‘arning birortasi futbolni so‘ramaydi. Bu dunyoda birorta mard yo‘qki, futboling nega chiqqan joyiga kirib ketgan, deb so‘rasa! So‘ramaydimi, demak, bu mamlakat, bu xalq o‘lsa-o‘ladiki, odam bo‘l-may-di!.. – U o‘rnidan turib ketadi: – Ixtiyor menda bo‘lsa, bosh trenerning kallasiniyam balchiqqa tiqardim. Ichi qurtlab o‘lsin edi!

Ayon bo‘ladiki, ramazonning o‘rtalarida, ayni peshin mahali fufaykali uch ro‘zador – ikki suvchi va brigadir, ya’ni  Sattor Arziyev dala shiyponiga soyalagani kiradi. Etiklarini yechib, oyoqlarini cho‘zgan mahali eshikda rayon partiya qo‘mitasining birinchi kotibi paydo bo‘ladi. Ana falokat!

Bilag‘onlar sarkotibni asrandiga chiqaradi: “Ota-onasining tayini yo‘q, sag‘irxonaning bolasi”. Yoshu qarini ayamasligi shundan. Vaj-korsoni ham asosliday: darozligi, tutashib ketgan qoshlarining yo‘g‘onligi, ko‘zlarining kattaligi, burun kataklarining kengligi, badanidagi mo‘ylarining qalinligi. Yolidan gilam to‘qiyvering. Naqd maymun! Taxmin ko‘p, g‘iybat ko‘p, aniq gap kam. Yaqqoli – na dam olishni biladi, na uyquni. Na o‘zining tinimi bor, na boshqalarni tindiradi. Qarabsizki, rejalar oshirib bajarilgan, dimoqlar choq, yuzlar yorug‘. Doim nazarda.

Paxta terimi boshlanishi bilan dunyoni ostin-ustun qilib yuboradiki, haloyiq qo‘rqqanidan o‘zini qayoqqa urishini bilmay qoladi. Go‘yo avom  tovushqonu sarkotib – qobon. Yo‘l yoqasida pista sotib o‘tirgan kampirning xaltasini tepkilagan, qassobning go‘shtini tuproqqa belagan, olmasini bozorga olib chiqqan bog‘bonning mevasini yer bilan bitta qilgan: “Hammang bozorga chopasan, paxtani enang teradimi!”

Tuman prokurori bilan militsiya boshlig‘ini yonidan  jildirmaydigan sarkotib achchig‘ini chiqarganning adabini beradi. Mahalliy roviylarning biri olib, biri qo‘yib bayon etishlaricha, uning hunari ko‘p. Shunchalik ko‘pki, ayrimlarini eshitib, yoqa ushlasangiz, ba’zilariga o‘lsangiz ham ishonmaysiz.

Paxtaning uvatiga ikki qatorgina makka ekkan bir chol eshagiga so‘ta ortib ketayotgan ekan. Ko‘rguligi tutib, katta yo‘lda sarkotibga yo‘liqibdi. Mashinasidan tushib, qariya bilan ota-boladay issiq ko‘rishibdi, hol-ahvolini so‘rabdi. Xurjunidagi so‘tani qayerdan olganini, jo‘xorini kim ekkanini bilganidan keyin: “Buvajon, sizga aytadigan ikki og‘izgina gapim bor edi, – deb mo‘ysafidni eshagidan tushirib, paykalning o‘rtasiga boshlabdi: – Xo‘p desangiz, chetroqqa chiqsak”.

Ikki soatdan keyin cholning o‘g‘illari otasini qonga belangan holda topgan emish.

Dala-dashtdagi ishlar botqoqqa botgan traktorday joyidan siljishi dushvor kunlar. Erta ko‘klam ekaniga ishonish mahol: havo behad dim, nafas olish qiyin. Chigit qadaladigan yerlarning qumloqdan farqi qolmagan. G‘ir etgan shamol esgudek bo‘lsa,  osmonu falakka botmonlab chang-to‘zon ko‘tariladi.

– Bilaman, hammang ro‘zasan, – deydi sarkotib shiypondan olib chiqilgan kursiga joylashib olgach. – Og‘zing qurib, hansirab yotibsan…

– Ro‘za emasmiz, katta buva! – deydi uning ro‘parasida  sidqu itoat bilan turgan suvchilar. Vajohatli rahbarning qorasini ko‘rgandayoq tizzalariga tushgan titroq to‘xtamaydi. – Og‘zimiz ochi-iq!..

Faqirlarning iqrori tuman rahbarini jahl otidan tushirolmaydi:

– Birortangning o‘ldim deganingga ishonmayman. Hammang qasamxo‘rsan! Iloji bo‘lsa, xudoniyam aldaysan!..

Jamoa xo‘jaligi raisi Nurboy sarkor, ilgari partqo‘m kotibi bo‘lgan emasmi,  e’tiroz bildirmoqqa shoshiladi va xo‘jaligi ilg‘orlar qatorida ekanini aytadi. Ilg‘or xo‘jalikda ro‘zador ham, namozxon ham bo‘lishi mumkin emas. Inshoolloh, bo‘lmaydi ham! Ahil jamoa a’zolarining hammasi shonli kommunistik partiyaning odilona siyosatini yaxshi tushungan, ongli odamlar…

– Sen, javraqi, dallollik qilma, – deydi sarkotib o‘zidan besh-olti yosh katta raisga. – Sendan birov so‘rayotgani yo‘q. Gap sotguncha, borib suv opkel!

Rais qahraton qishda ham peshonasidan ter arimaydigan, qiyiq  ko‘zlari mudom horg‘in, royish odam. Yo‘rg‘alab borib, shiypondan yarim chelak suvni halloslagancha ko‘tarib keladi:

– Piyola topolmadim, savil!..

– Qani endi, bitta-bitta kel bu yoqqa, – deya amr qiladi tumanbegi. – Ko‘ktelpak, sen boshla!

Telpagining manglayidagi besh yulduzning izi o‘chib ulgurmagan suvchi satilga yaqinlashar ekan, yutinadi.

– Ro‘zamisan?

– Yo‘q, katta buva. Og‘zimiz ochiq, dedik-ku.

– Unda, suvdan ich!

Suvchi satilning yoniga cho‘nqayadi va mo‘ylovini botirib, qult-qult yutadi. Qonib ichganidan so‘ng: “O‘zingga shukr!” deb qo‘yadi.

– Endi sen bu yoqqa kel!

Ikkinchi ro‘zadordan ham ro‘za yoki ko‘za ekanligi so‘raladi. Bunisi ham saharda, nafsi orom olishidan avval parvardigoriga qilgan niyatu iltijolaridan tonadi va suvdan rohatlanib simiradi. Tuman hukmdori og‘zi ochiqlarga dalani ko‘rsatadi:

– Paykalga qarab quri! Yana yalpayib yotganingni ko‘rsam, kapangni kuydiraman!

– Xo‘p-xo‘p! – Ikki faqir iziga alanglay-alanglay paykal sari ravona bo‘ladi.

– Xo‘sh, soqoltoy, – deydi sarkotib, – sen nega serrayib turibsan? O‘zingcha  nimalarni pichirlayapsan?.. Qani, suvdan ich!

Sattor brigadir boshini ko‘taradi:

– Meni kechiring, katta buva, – deydi haddi siqqan qadrdoniday iliq ovozda. – Icholmayman. Ro‘zaman!

– Uh, zo‘rsan-ku! Ro‘za bo‘lsang nima qilaylik? Orden beraylikmi?

Oraga noqulay jimlik cho‘kadi.

– Boshimni qotirma-da, satildagi suvdan ich!

– Meni kechiring. Icholmayman!

– Ich deyapman senga! – deya qahri keladi tumanboshining.

Ro‘zador qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, boshini egadi:

– Uzr, katta buva, – deydi aybdor ohangda. – Icholmayman!

– Nimaga lallayib turibsan? – deya o‘shqiradi endi tuman voliysi mirshabboshiga. – Ketiga tepmaysanmi!

Militsioner avval brigadirning bilagidan sudragan bo‘ladi. Kuchi yetmaganidan keyin uning qo‘lini orqasiga qayirib, chelakning yoniga tiz cho‘ktiradi:

– Ich, degandan so‘g‘in, ich-da!..

Brigadir boshini buradi. Mirshabboshi uning bo‘ynidan bosib, boshini chelakka tiqmoqchi bo‘lganida, ro‘zador suvni ag‘darib yuboradi va chelakni to‘nkarib tashlaydi.

Hamma  hangu mang.

– Satilni ol-da, bo‘chkadagi suvdan opkel! – deya jazavasi tutgan hukmfarmo mirshabboshiga buyuradi. – Suvga noz qilsa, sho‘rva ichiramiz!

Yong‘inga qarshi jihozlar yonidagi temir bochkaning zang bosgan suvi o‘n yilda ham yangilanmaydi. Sathini baqato‘n bosib, ichi qurt, xas-xashakka to‘lib ketgan. Hamma biladi.

Militsioner bochkaga tomon lapanglab chopganida Sattor brigadir joyidan turishga urinadi. Prokuror uning yelkasidan bosib, ikki qo‘liga kishan uradi:

– Qimirlama!

Tunuka chelakda chayqalib turgan qoramtir suvdan yoyilayotgan balchiq hidi dimoqni yoray deydi.

– Katta buva-a! – deb ovoz beradi Nurboy rais. – Bola-chaqasiga rahim qiling!.. Ro‘zai ramazon kunlari-ya!..

Bu so‘zlarni aytish unga oson bo‘lmagani sezilib turardi. Olgan javobi ham shunga yarasha – og‘ir bo‘ladi. Tuman kommunistlarining sardori ayab o‘tirmaydi:

– Nima-a?!. Sening masalangni byuroga qo‘yib, urug‘ingni quritaman! Hammasini boshingga chiqarib olgansan! Ham-masini!.. Tiling qisiq!

“Birortamiz sarkotibni shunchalikka boradi, deb o‘ylamagan edik, – deydi keyinchalik Nurboy sarkor. – Sattor akaning boshi murdor suvga tiqilganidan so‘ng qiyomat qoyim bo‘ldi. Boshimni changallab qoldim!”

Ro‘zadorning soqoli, yuzi, qoshlariga baqato‘n yopishib, og‘zi-burnidan zang bosgan qip-qizil suv otiladi. O‘qchiydi.

– Yana ro‘za tutasanmi?

– Tutaman, katta buva! – deya dangal javob beradi endi brigadir.

Alamdan gezarib ketgan hukmdor prokuror bilan militsionerga qarab o‘qrayadi. Ular burnini jiyirmoqdan beri bo‘lib, ro‘zadorning boshini balchiq to‘la chelakka boz tiqadi.

– Yana ro‘za tutasanmi?

– Tutaman, katta buva! – Uning ovozida na alamzadalik, na kesatiq va na qo‘rquv seziladi. Xotirjam. Shunchalar xotirjamki, go‘yo sarkotib chanqab qolgan bir musofirga chinni kosada zilol suv berib, duosini olayotganday. Qo‘noq esa xonadon sohibiga iltifoti uchun samimiy minnatdorlik bildirayotir. – Qancha umr bersa, shuncha tutaman!..

– Bir gapdan qoling endi, Sattor aka! – deya yalinadi talvasaga tushgan rais. U bo‘yni bo‘shgina brigadirning shunchalik o‘rlikka borayotganini ko‘rib, qo‘rqib-qaltirab qolgan. Birovning gapini ikki qilmagan mo‘min-a! – O‘lasiz-ku! Katta buvaning aytganini qiling, iltimos!..

Brigadir raisga burilib qaramaydi. Taqir boshi yana balchiqqa tiqiladi. Satildan tag‘in vaqir-vuqur pufaklar ko‘tarilib, ro‘zador tipirchilaydi. Boshini ko‘targanida soqolida mayda-mayda oq qurtchalar ko‘rinadi. Yuzi yashil bo‘yoq chaplanganday ko‘karib ketgan. Tinimsiz o‘qchiydi. Qusadi. Atrofdagilar ko‘ngli behuzur bo‘lib, yuzini chetga buradi. Kishan solingan qo‘llar bo‘shatiladi. Brigadir fufaykasining ostidagi belqarsini yechib, yuz-ko‘zlarini artgan bo‘ladi.

– Ana endi yo‘qol! – deydi tuman dorug‘asi. – Bilganingdan qolma!.. Ko‘rinib turibdi: hammang partiya-hukumatimizning siyosatiga qarshisan!..

Sattor brigadir nimadir demoqchi bo‘lib, og‘iz juftlaydi-yu bukchayib qoladi: o‘qchiq tutadi. Besh-olti qadam tashlab-tashlamasidan chayqalib ketadi va qari tutga suyanmoqchi bo‘lib qo‘lini uzatadi. Ulgurmaydi. Tuproq yo‘lga gursillab yiqiladi. Shu-shu,  turmaydi. Turolmaydi. Bemorxonadan gap ochilganida yuzini teskari buradi: “Do‘xtirxonasiga bormayman”. Balki tuzalmasligiga ko‘zi yetgandir, balki shifokorlar ham sarkotibning hukmidagi odamlar ekanini o‘ylagandir. Keyin hisoblashsa, ellik ikki yil yashagan bu mo‘minning boshi biror marta kasalxona yostig‘iga tegmagan ekan.

O‘sha mudhish fojia sodir bo‘lgan kuni sarkotib chetroqda mo‘ng‘ayib turgan raisni ko‘rsatgich barmog‘i bilan imlab chaqiradi. Nurboy sarkor uning oldiga yo‘rtib boradi.

–Orqa-oldingizga qarang, rais. Gap chiqib ketmasin!

–Xo‘p bo‘ladi!

Shunday deydi-yu, rais ichida ijirg‘anadi: “Olloh bokaram! Sen yaramasgayam atagani bordir hali!”

Sattor Arziyev poshshoyi xatdan savodi aytarli bo‘lmasa-da, aqli butun, xushsurat va oqko‘ngil odam edi. Qadim zamon aqidalariga yopishib olmagan, avomlikdan yiroq. Ko‘pni ko‘rgan, mo‘min-qobil, kayvonife’l, jaydari bir dehqon. “Hech kimga, hech narsaga ozor berma, – deb uqtirar edi o‘g‘li Samarga. – Yo‘lingdan tosh chiqsa ham, tepib o‘tma. Avaylabgina chetga olib qo‘y. Jonlimi, jonsizmi – hamma narsaning ruhi bor, bolam. Ruhini ranjitma. Rahbaring cho‘p bo‘lsa ham, ko‘ziga tik qarama. Itoatda bo‘l!”

O‘g‘li norozi to‘ng‘illardi: “O‘sha cho‘p deganingiz yaramas odam bo‘lsa-chi? Badkirdor bo‘lsa-chi?” Ota sabr bilan tushuntirishdan charchamas edi: “Qo‘yaver, bolam. Elning ko‘ziga cho‘p tiqqanning bu dunyodan ko‘rguliksiz ketganini ko‘rmadim. Bandasining zulm qilgani – o‘z boshiga o‘zi yetgani!”

Samar otasi daladan qaytganida qo‘lida mis obdasta, yelkasida guldor sochiq bilan peshvoz chiqardi. “Uxlayversang bo‘lardi-ku, Samarjon, –  derdi otasi mehribonlik bilan. – Vaqt allamahal bo‘p ketdi!..”

Baquvvat qo‘llarini obdan sovunlab, shoshilmasdan yuvar ekan, undan o‘qishlarini so‘rar va o‘g‘lining javobidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, duolar qilardi.  Endi u qo‘llar ham, u kunlar ham, u duolar ham  yo‘q.

Akasi topgan-tutganini o‘rtaga to‘kib, ostonasida ajal kutib o‘tirgan hovlining o‘rtasida askar bazmini gurullatib yuboradi. Keldi-ketdi, g‘ala-g‘ovur, qizargan yuzlar, suzilgan ko‘zlar, dikir-dikir, ahay-ahay, qistir-qistir qiziydi. Yelka qoqib tushilayotgan raqslar, mastona chalinayotgan chapaklar avjida. Yolg‘izgina askar g‘ussaga botgan. Go‘yo kimdir zimdan kelib, oyog‘idan chalganu urib-tepkilab, es-hushidan ayirgan. Xo‘rligi keladi. Yig‘lay desa, kimdan, nimadan alamini olishini bilmaydi. Ko‘ngli kultepaga aylangan o‘sha afg‘on qishlog‘i kabi huvillab qolgan. Esa, kelganlar o‘zbiri – og‘ayni-jamoat. Begonasi yo‘q. Biroq ko‘ngil yoradigan odam qani? Yuragi to‘la zardob, xo‘rsinib qo‘yadi. Xo‘rsinganida vujudi dir-dir titrayotganini sezadi. Chehrasi bokira va soddadil afg‘on qizining hanjar qadalgan tomog‘i, Bogdan Nazarning boshsiz tanasi ko‘z oldiga keladi. O‘zining qaltirayotgan qo‘llarida qon ko‘radi. Burnidan oqayotgan qonni.

– To‘y qochib ketmas, aka, – deydi eti junjikkanday qunishib o‘tirgan Samar. – Avval otamni do‘xtirga qaratsak degandim.

– Ukajonim, – deb uni bag‘riga bosadi shirakayf aka. –Akam qo‘l qovushtirib o‘tirgan ekan-da, deb o‘ylama! Do‘xtirlarning qadami uzilgani yo‘q. Buyog‘i endi xudodan, uka! O‘zining rahmi kelsin! Urushdan eson-omon qaytganingni eshitib, butun qishloq yopirilib kelayotir. Qo‘chqor atagan bo‘lsak, bosh-ko‘zingdan sadaqa, og‘ajon!

Ular – ikki aka-uka, ikki opa-singil. Akasi Samardan yetti yosh katta. Shaldir-shuldir, qo‘li ochiq. Jigarlaridan joniniyam ayamaydi. Ayniqsa, Samardan. Universitetning kechki bo‘limida o‘qiydigan ukasidan zo‘r yurist chiqishiga ishonadi.

Zamonning zaylidan gap ochadi. Boshqalar nari tursin, yaxshi niyat bilan olib qo‘yilgan uch yashik araqqa ne-ne hamkasblari – muallimlar ko‘z tikib o‘tirgan ekan. Xalqning ko‘zi och.  Hammasiga “Nortoji kal”, ya’ni komfirqaning bosh kotibi Mixail Gorbachyov aybdor, jilovni qo‘lidan chiqarib yubordi. Magazinlarda araq tugul, tuz ham yo‘q. Hamma yoq ship-shiydam!..

Kosadagi suvdan simiradi-da, ukasiga dalda beradi:

– Hali tirik otamga motam tutma, Samarjon. Qovog‘ingni ochib o‘tir, iltimos! Manavi odamlar seni deb kelgan!..

– To‘yimiz chiqib yotganini hamma biladi-ku!

– Tis-s!.. Ko‘rgan ko‘z, eshitgan quloq nima deydi, uka? Otangni ko‘rding, og‘ziga suv tomizishga ulgurding. Shukr qil!..

– Bilasiz-ku, ko‘nglim chopmagan ishga qo‘shilmayman.

Akasi uch yashik araqni topgunicha momosini ko‘rganidan gapiradi. U yoqqa chopgan, bu yoqqa chopgan. Shahardan topgan. Araq olib kelinganidan beri qarz so‘ragan qancha. Bir shisha berib tur, ikki shishagina berib tur, tug‘ilgan kunimni o‘tkazib olay. Sho‘ytib-sho‘ytib, bir yashigining joniga yantoq chiqib ketgan. Onasi qancha gap-so‘z qilgan. Elning aqidasi, deydi Sindor. Dindan chiqsak ham, eldan chiqmaylik. Bittayu bitta ukamni odamga o‘xshatib kutib olaylik. Bechora, urushdan qon kechib kelayotir, ena!..

Aka birdan to‘xtaydi-da, ogohlantiradi:

–O‘zini bozorga solyapti, deb o‘ylama, tag‘in!

Orzulari osmonda. Tiramohda o‘g‘li Bloxinjonga to‘y qilib, katta futbol o‘tkazmoqchi. Qo‘li baland kelgan jamoaga bir tonnacha tosh bosadigan buqa atagan. O‘zlari sotib, pulini o‘zlari bo‘lib olaversin!.. Nimasi yomon?

Toshkentdagi mashhur futbol sharhlovchisi bilan kelishib qo‘ygan. Kelsa, oldiga mikrofon qo‘yadi: “Diqqat! Diqqat! Qadrli sport muxlislari! Bugun mikrofonimiz Chandir qishlog‘idagi futbol maydoniga o‘rnatilgan! Bu yerga yaqin-atrofdagi falonta qishloqdan falon nafar futbolchi chandirlik futbol muxlisi Sindor Arziyevning sevimli farzandi Bloxinjonning xatna to‘yi munosabati bilan yig‘ilgan…”

Chandirliklar ham palov yeydi, ham futbol tomosha qiladi, ham televizordan tushmaydigan sharhlovchining yoqimli ovozini eshitadi. Qo‘lini olib salom-alik qiladi. Birga suratga tushadi. Jahon chempionatini unutishi mumkin, lekin Sindorning to‘yini esidan chiqarib bo‘pti.

–Qalay? Zo‘r-a? Sen ham tezroq uylan. O‘g‘il ko‘rsang, otini Maradona[1] qo‘yamiz.

Ikki qizining ismini bobosi Sattor brigadir qo‘ygan. O‘g‘il nevaraga qolganda, Sindor otalik haq-huquqlarini pesh qilgan va ismini o‘zi atagan: “Bloxin!”  Boboning jahli chiqqan, momosi dodaylagan, qishloq sovetining kotibi chaqaloqqa guvohnoma yozib berishdan bosh tortgan: “Bloxin – pamiliya. Xoxollarning o‘zidayam yo‘q bunday ism!”

Hi-hi! Kulgan Sindor Arziyev. Familiya emish.  Chandirning yarmi – Bobur, qolgani – Ulug‘bek. Bu yog‘ida Temuriyam kam emas. Bunga nima deysiz? Bular familiya emasmi?

Rostmana kajligi tutsa, o‘lsayam, shashtidan qaytmaydi. Bu dunyoda talantning qadri bo‘lishi kerak, adolat bo‘lishi kerak, yoronlar! Sindor muallim bolasiga Eshbadal qimorbozning otini qo‘ysa, ko‘ngillaring ko‘lchiydimi? A, ko‘lchiydimi? Qo‘ysinmi?.. Ha-a, o‘lmanglar!  Vatanini, millatini dunyoga tanitgan buyuk futbolchiga havasi ketgan bo‘lsa, Sindor muallimning aybi nima? Aytinglar, axir, aybginasi nima? Futbolni yaxshi ko‘rganimi? Ulug‘larga tan berganimi? Shamol yalab tashlagan manvi tuproqning orasidan ham bir kuni buyuk futbolchilar chiqar! Chandir dunyoning tiliga tushar! Xitoylik bir olim o‘g‘liga Navoiy deb ism qo‘yibdi-ku!

Sattor brigadir bari bir ko‘nmaydi. Navoiy deb qo‘ygan bo‘lsa, otasiga rahmat! Bolasining umri uzoq bo‘lsin. Ulug‘larni birovlardan qarz oladigan joyimiz yo‘q, bolam! Lekin nevaraning otini o‘zbekcha, musulmoncha qo‘yaylik!

Bunday e’tirozga ham dastagini tayyorlab qo‘ymagan bo‘lsa, mahmadona muallim Sindor degan otini ko‘tarib yurarmidi. Qalashtirib tashlaydi: “Bloxin” g‘irt o‘zbekcha, musulmoncha, ota! “Bola oxun”ning asrlar osha o‘zgargani. Ya’ni “mitti mulla” degani!”

Ettiga to‘ladigan o‘sha “mitti mulla”siga endi bir dunyo to‘pteparni yig‘ib ziyofat bermoqchi.

–Xarajatini kim ko‘taradi, aka? – deb halitdan fig‘oni chiqadi ukasining. Akaning kishti keladi:

–O‘zim-da, ukajonim, o‘zi-im! Birovga og‘irligim tushgan kuni o‘zimni osaman!

Sindor ming so‘zamol, vaysaqi bo‘lmasin, qo‘l uchida ishlaganni ko‘rolmaydi: “Bebaraka! Xudo betini teskari qilsin!” Shunday odamlarni deb jamiyat o‘nglanmaydi, futbol rivojlanmaydi, mamlakat ko‘hna chorig‘idan forig‘ bo‘lolmaydi. Dangasaning hammasini birorta shalog‘i chiqqan moshinga ortib, boshqa sayyoraga olib borib tashlash kerak! Vassalom!

Qishloqning tepasidagi hashamli hovli Sindorniki. Xotini maktabda  mehnatdan, o‘zi jismoniy tarbiyadan dars beradi  Er  – ro‘zg‘orda ta’minotchi. Ikki qizi bilan ayoli taqsimotchi, qo‘li –  kasov, sochi  – supurgi.

Er xotin bir biriga bop tushgan. Klara yanga –  olov. “Bu kelinchak, – deb gapiradi chandirliklar, – og‘ilxonada qishlab, tomorqada yozlaydi. Boring-da, ko‘ring: qoramoli qator bog‘langan qo‘rasining taxta polida birorta xas yoki xashak topolmaysiz. Chandirning balnisasidan ham toza!”

Sindor buqalarini erta bahorda – semiz molning narxi favqulodda ko‘tarilib, odamlar chorvaning yemishiga dar qolganda – pullaydi.  Bitta buqaning puliga  uchta ho‘kizcha olib bog‘laydi.

– Pul topguncha kalla top, – deydi va xumori tutadi, chamasi, shosha-pisha so‘raydi. – Aytgancha, chekishdan bormi?

Uka bosh irg‘aydi: bilasiz-ku, bunday odatlardan nariroq yuraman.

– Haligacha ichish-chekishni o‘rganmagan bo‘lsang, xizmatda ikki yil nima qilding, uka? Hayronman! Men nosga o‘tdim. Tamakigayam qiron kelgan.

Ajalning insofi bor ekan, bo‘sag‘ada ikki kechayu ikki kunduz sabr bilan kutadi va payshanba kechasi ichkarilab, bemorni azobdan halos qiladi. Ikki kun avval hovlida shomdan tonggacha zikr tushganlar endi motam to‘nini kiyadi. Janozaga ko‘pchilik yig‘ilgan bo‘lsa-da, bosh egib, qo‘l bog‘lagan kam bo‘ladi. Birovniki o‘tdan, birovniki suvdan. Sattor brigadirniki bexosdan qo‘zg‘olgan darddan ekan. Jigari qurib qolgan emish. Rahmatli, juma kuni yerga qo‘yiladi.

Marhumning yettisiga kelgan Nurboy rais Samarning  tirsagidan tutib, sekin shivirlaydi:

– Vaqt topib, bizning idora tomonlarga bir o‘tsangiz.

Bu gap qulog‘iga chalingan Sindor qattiq bosh chayqaydi:

– Erta kunni kech qilmay, Toshkentingga oshib ol, uka. Ishingni, o‘qishingni o‘yla. Qishloqda xor bo‘lasan. Boshimizda tergab turadigan otamiz bo‘lgandayam boshqa gap edi.

Mubham bezovtalik girdobida ezilib yurgan ukaning xayoli boshqa tomonlarda. O‘sha kuni, o‘sha la’nati hanjarni otmaganida, balki uning ko‘z o‘ngida halok bo‘lganlarning hammasi tirik qolarmidi? Otasining ming azobda jon berganida ham, balki oyday qizning tomog‘iga qadalgan o‘sha tig‘ sababchidir? Otasining o‘limi to‘langan tovondir? Yo‘q, deb tan olgisi kelmaydi sobiq sarbozning, Samar Arziyev Afg‘onistonga o‘z inon-ixtiyori bilan boribdimi? Botil[2] ham, qotil ham, hatto maqtul ham – uni  urushga jo‘natganlar. Gunohi o‘shalarning gardanida.

– Shaharga yetishing bilan meni «Sovetskiy sport»ga yozdirib qo‘y. Qishloqdagi nodonlar limit yo‘q, deb boshimni qotirgani qotirgan.

Ukasining otasidan qolgan to‘riq otga minganini ko‘rib, Sindor hayratga tushadi: “Shu odamovi ukamning fe’li aynidi-yov!”

Nurboy rais Samarga yalinganday bo‘ladi. Yilning kelishi xurjun. Hammaning boshi qotgan. Kun bo‘yi dalada ter to‘ksa-yu, ikki kilo unning haqini olmasa, kim ishlaydi?  Beray desang, mablag‘ yo‘q. Ishsiz ko‘p, ishlaydigan mard yo‘q! O‘ttiz uchta brigadaning yarmi egasiz.  Shulardan birortasini tanlab olsangiz, Samarjon. “Ha-pa”, deb odamlarni boshiqtirib turilsa, bas. Qolgani o‘zi bo‘laveradi. Evaziga rais ko‘p narsa va’da qilolmasligini qistirib o‘tadi. Yaratgan yarlaqab, planlar to‘lsa, yil yakunida mukofotdan qarashishi, hovli quraman desa, yaxshi joydan yer berishi mumkin.

– Xohlasangiz, otangizning birgadini oling.

Samar elning ta’nasidan qochadi: “Otasining o‘rniga mahtal bo‘pturgan ekan-da!” Quloqning boshi, uyiga yaqinroq, katta yo‘lning bo‘yidagi brigadani olishi mumkin. Maydoni ham kamroq.

Raisning duosini, duosidan avval muhr bosilgan buyrug‘ini olib, vaqtini dalada o‘tkazishni odat qiladi. Amali to‘g‘ri ekani kun-bakun ayon bo‘la boradi: tekis ungan g‘o‘zalar qiyg‘os gulga kiradi. Qarabsizki, sirli qudratning inoyati bilan chanoqlar lo‘ppi-lo‘ppi ochilib, terim mahali yaqinlashib kelaveradi. Faqat yosh brigadirning qovog‘i ochilmaydi.

Samar shiypondan ko‘zini uqalagancha, mehmonlarning tashrifi malol kelganday, norozi g‘udranib chiqdi. Sarkotibga ko‘rishish uchun qo‘l uzatgan edi, gezargan yuzini teskari burdi.

Tuman rahbari issiqdan harsillab qolgan. Avzoyi o‘larday buzuq. Moli kasodga uchrab, qarzga botgan jallob deysiz. Oyog‘ida sarg‘imtil brezent etik, boshida tor kizakli yengil shlyapa, egnida astarsiz havorang keng kostyum. Kun bo‘yi horib-charchab, toqati tugay deganda bu yerga tasodifan bosh suqqani ko‘rinib turardi.

– Sen kimsan? – degan qahrli savol yangradi. – Bu yerda nimaga yalpayib yotibsan?

– Men brigadirman, katta buva, – dedi yigit og‘zini katta ochib esnar ekan. – O‘zim bilan o‘zim shaxmat o‘ynab o‘tirib, ko‘zim ilinib qopti!

– Ie, shunaqami? – Sarkotibning yuzida paydo bo‘lgan tahqiromuz kesatiq g‘azabga aylanib, pistoqi ko‘zlari o‘ynab ketadi. – Bugun qancha terimchi chiqarding?

– Kecha, bugun terimchi chiqarolmadim. Lekin yaqinda planni oshirib bajaramiz. O‘n yetti foizgina qoldi.

– Qancha-a?!

– Bor-yo‘g‘i o‘n yetti foiz.

Bu gaplarni eshitib turganlar ishkal ishdan endi qochib qutulish dushvor ekaniga ko‘zi yetib ulgurgan. Sarkotibning rangi olxo‘ri tusiga kiradi. Lablari titrab, kattakon ko‘zlari qinidan otilib chiqar darajaga yetadi. Boshini bir lahza quyi solib turadi-da, yigitning tirsagidan ushlaydi. Ichida lovullayotgan tug‘yonni arang bosib, tahqirli, lekin osoyishta ovozda deydi:

– Dalangni bi-ir tomosha qilsak, nima deysan?

– Mayli, – deya erinibroq javob qiladi yigit.

–Unda, ketdik!

Samarning bilagidan omburday qisib, paykal sari boshlaydi. Xos gapi bor aka-ukaday yetaklashib ketaveradilar. Ergashmoqchi bo‘lgan hamrohlariga “katta buva” boshini norozi silkiydi: “Maymun o‘ynatyapmanmi?”

Uchalasi ham taqqa to‘xtaydi. Nurboy sarkorning ko‘zlarida sarosima aralash qo‘rquv qotib qolgan. Samarni falokatga o‘zi boshlaganini o‘ylab adoyi tamom bo‘lgan. Tuman rahbari yosh brigadirdan bir bosh baland, bir yelka keng. Ustiga shunchaki yiqilib tushsayam, bolapaqir uning tagidan sog‘-omon chiqib olishi gumon.

Sarkotib o‘zini tutib turolmaydi:

– Paxtang nisholdoga o‘xshab oqib yotibdi! Bu turishda chigitning g‘ozi qoladimi, haromi! Nega shu paytgacha terimchi solmading? Yo xalq dushmanimisan?

– Katta buva, iltimos, urishmang! Sizni o‘yladim. Kunda-kunora shu yo‘ldan o‘tasiz. Oppoq paxtamizni ko‘rib, ko‘zingiz quvonsin, dedim. Buning ustiga, televizordayam ertayu kech, hali dalalarda hosil mo‘l, deb javrashgani javrashgan…

– O‘-o‘, enag‘ar! O‘-o‘, tilginang kesilgur!..

– O‘ytmang, katta buva! So‘kinmang, iltimos!..

Ular gerbitsid sasib yotgan paykalda g‘o‘zalarning shoxini qayirib, sindirib, chanoqlardan to‘lib-toshgan paxtalarni bosib borardi.

– Iltimosingni hozir ketingga tiqaman! Ho-o-zi-ir!.. – U Samarning  bilagini qattiqroq ezg‘ilaydi.

– To‘g‘risini aytsam, bilib-bilmay kep qoldim bu ishga!..

– Tilingni tiy!

Brigadirning negadir tili tiyilmaydi:

– Ehtiyot bo‘laylik, katta buva, bu yerlarda jondor ko‘p. Bittasi yaqinda terimchi xotinning oyog‘idan chaqib oldi.

– Chaqsa nima bo‘pti?

– Nima bo‘lardi? O‘ldi-ketdi. Tag‘in ajal haydab kelayotgan bo‘lmasin, deyman-da! Qizlaringizning bo‘yi yetib qolgan, yangamiz Larisa  Ivanovna hali juda yosh, ko‘zga yaqin!..

–Shunday gaplarniyam bilaman de?..

“Katta buva” qadamini sekinlatib, xilvat joyga yetgan-etmaganini mo‘ljal olmoqchiday tevarakka olazarak ko‘z soladi. Moviy ufq alvon rangga kirib borar,  brigadir esa kuyib-pishib bidirlashga tushgan:

– Pastroqda katta ko‘lmak bor. Zovurning yig‘ilib qolgan suvi.  Atrofi g‘uj-g‘uj gazanda.

Brigadir indamasdan yo‘lni o‘sha tomonga oladi va sal yurmay ilkis  tislanib, baqirib yuboradi:

– Ilon! Katta buva, ilon! Oyog‘ingizning tagiga qarang!.. Ikkita ekan! Ikkita-a!..

Sarkotib bextiyor uning qo‘lini qo‘yib yuboradi. Samar yerga keskin engashib, o‘ng qo‘lining barmoqlarini ipakdek mayin qumga botiradi va chap qo‘li bilan mushtday kesakni olar ekan, “katta buva”ning tumshug‘iga tepadi: “Iy-ya!..” Havoni qilichday kesgan hayqiriqni hech kim eshitmaydi. Chang ko‘tariladi.

Nortuyaday sarkotibni paykaldan suyab, yetaklab chiqayotgan Samarni ko‘rgan borki, joyida qotib qoladi. Ko‘zlariga ishonmaydi. Basirga o‘xshab, har qadamda qoqilib-surinib kelayotgan “nortuya” tinimsiz egilib, tinimsiz qusadi. Yo‘taladi. Ichak-chavog‘i  og‘zidan chiqib ketguday bo‘lib o‘qchiganida brigadir uning yelkasidan suyagan bo‘ladi va qo‘liga bir tutam paxta berib, og‘zini artib olishini kutadi.

Tuman rahbarining paykal boshida qolgan ikki sherigi cho‘ntagidan yaltiroq kishanni baravar chiqarib, “nortuya” bilan brigadir tomonga baravar otiladi: “San, iflos bola, nima qipqo‘yding?!”

Sarkotib qora loyga botgan qo‘llarini ko‘taradi:

– Tegmanglar! – deb g‘o‘ldiraydi. – O‘zim yiqilib tushdim! O‘zimdan o‘tdi…

Botmon-dahsar loyqa siriqib turgan kiyimlaridan balchiqning qo‘lansa hidi guppilaydi. Uni kimdir balchiqqa bearmon bosgani-belagani, so‘ng boshidan qum aralash tuproq sochgani shundoqqina ko‘rinib turardi. Yoqavayron kostyumining ko‘kragi og‘zi-burnidan oqayotgan shilimshiq qonga qorilgan.

Samarning askariy botinkasida “shilq-shilq” loyqa o‘ynaydi. Tizzasigacha balchiq. Tirsagigacha loy. Go‘yo, ko‘lmakda yiqilib yotgan odamga tasodifan duch kelganu uni avaylab turg‘izgan. Rangi-quti uchganiga qaramay, og‘zining tanobi qochgisi bor.

Yigit sezdi: sarkotibning sheriklari ham yuz-ko‘zidagi hayratomuz jilmayishini yashirishga har qancha urinmasin, eplashi qiyin bo‘lyapti. Mabodo, Samarning o‘zi shu alpozda – jag‘i sinib, qonu balchiqqa belanib paykaldan chiqsa, balki ularning ichi achirdi. Yana kim biladi.

Tuman dorug‘asi yerdan ikki ko‘zini uzmasdan to‘g‘ri borib, mashinasining orqa eshigiga yuzlanadi va zaif ovozda bazo‘r g‘o‘ldiraydi: “Hamma o‘z ishiga borsin”. Brigadir epchillik bilan eshikni ochib, uning oppoq surp qoplangan orqa o‘rindiqqa o‘tirishini kutib turadi. Sarkotib shlyapasini olish uchun qo‘l uzatganida  Samar g‘azab bilan shipshiydi: “Umidingni uz, iflos!” Orqasiga burilib, qo‘lidagi shlyapani qulochkashlab shunday otadiki, soyabonli kallapo‘sh paykalning o‘rtasidagi  xazonlar ustiga borib tushadi.

––––––––––––––––
[1] Argentinalik mashhur futbolchi Diyego Maradona.

[2] Qallob, g‘irrom.

“Yoshlik” jurnali. 2024 yil 6-son.