Ettinchi qavatda yashab turgan Sadir uyini sotdi-yu to‘qqizinchi qavatdagi Hikmatulla domlaning tinchi buzildi. U uy oldi-sotdisidan bezillab qolgan. Sotib olgan odam albatta ta’mir qiladi. Gulqog‘ozlarni ko‘chiradimi, devor bo‘yoqlarini qiradimi yoki eshikni ko‘chirib tashlab, eng so‘nggi, g‘aroyib qulflar o‘rnatilgan va temirdan yasalganini qo‘yadimi, domlaning bular bilan ishi yo‘q. Uning uchun eng xatarlisi — beton devorlarni buzish.
Domla odamlarning ko‘nglini tushunadi. Uy olgan odam orzu-havas bilan kelishi tayin. Bunda-ay qaraydi: xonalarning o‘rnashuvi, katta-kichikligi, oshxona, hojatxona deganlari, hammasi ko‘ngildagidek joylashgan bo‘lavermaydi. Baraka topkur loyihalagan me’morlar ham xom sut emgan banda-da, o‘zining aqli yetgancha loyihalaydi, hammaga birdek ma’qul keladigan qilolmaydi-ku.
Hikmatulla domla yashaydigan uy loyihasi, agar eshitgani to‘g‘ri bo‘lsa, frantsuzlardan olingan emish. Farangilar o‘zbek uchun loyihalamagandir? O‘z vatani, o‘z sharoiti va o‘zining farangilariga moslab loyihalaganu bizning amaldorlardan kimgadir yoqib qolib, sotib olgan bo‘lsa bordir, deb o‘ylardi domla.
Tez kunda xavotiri rost bo‘lib chiqdi. Tongda ishga ketmoqchi edi, qayerdandir asta “tiq-tiq” etgan tovush keldi. Domla quloq soldi. Yon qo‘shnim bir nimani tuzatayapti, deb o‘yladi. Devorga qulog‘ini yaqinlashtirdi. Ha, yon qo‘shnisinikidan eshitilayapti. Narigi xonaga o‘tib, quloq bergandi, u yerda ham shunaqa ahvol. Tiqillagan ovoz go‘yo ikkinchi tomondagi qo‘shnidan chiqayapti. Gilamga yotib, qulog‘ini bosgan edi, pastdan kelayotgani bilindi.
Ishga kechikishdan qo‘rqib, domla ovozga ortiqcha e’tibor qilmadi, yettinchi qavatdan kelayotgan bo‘lsa ham tahlika uyg‘otadigan emasdi.
* * *
Domla ishdan barvaqt qaytayotib, uyiga yaqinlashganda to‘qqiz qavatli sun’iy “tog‘” va uning “g‘or”lariga razm soldi. Yo‘laklarning o‘rni pastdan tepagacha oppoq, ajralib turibdi. Shulardan o‘ziga tegishlisini topdi. Yettinchi qavatning beton panjarali kichkina ravog‘ida nimadir qorayib, do‘mbayib ko‘rindi. Domlaning yuragi achishdi — yangi qo‘shni nima qilmoqchi ekanini sezdi. O‘z yo‘lagiga yaqinlashgunicha ko‘zi tepada bo‘ldi. O‘sha tomondan gursillagan ovoz baralla eshitilardi.
O‘n daqiqalardan keyin yangi qo‘shni eshigining tugmasini bosdi. Eshikni ust-boshi chang bir o‘ris yigit ochdi.
— Vы xozyain kvartirы?
— Xozyaina net. Utrom pridyot.
Domla ruxsat so‘rab o‘tirmay, ichkariga kirdi, xonalarga mo‘raladi. Kichik ravoqqa chiqiladigan eshik, deraza, uning ostidagi beton poydevor olib tashlangan, endi panjarani buza boshlashgan.
— Chto vы delayete! — qichqirdi domla, nima qilayotganini ko‘rib turgan bo‘lsa ham.
— Lomayu, — javob qildi o‘ris xotirjamgina, go‘yo domla hech narsani bilmayapti-yu u tushuntirayapti.
— Pochemu?!
— Xozyain skazal.
— A vы znayete, chto lomayete prochnost zdaniya? Ne day bog, yesli zavtra budet zemletryaseniye, chto togda budet s jiltsami?
— Nu, — ponimayu… mne platyat, ya lomayu.
— Nelzya! Prekratite! Ya doloju v JEK, militsiyu!
O‘risning rangi o‘chdi, indamadi. Domla ham unga ortiqcha gap bekor ekanligini sezib, ortiga burildi.
Aksiga olib, qo‘shnilardan birontasi topilmadi, to‘g‘ri JEKka yo‘l oldi.
* * *
Achchiq ichakdek cho‘zilib ketgan to‘rtta to‘qqiz qavatli uyning oxiriga yetguncha domlaning xayoli buzildi, fikrlari to‘zitilgan qushlardek har tomonga uchdi.
“Qayoqdanam shu to‘qqizinchi qavatni olaqoluvdim? Ozgina chiqimidan qochmaganimda pastroqdan, hech bo‘lmaganda birinchi qavatdan olgan bo‘lardim. Imkonim bor edi. Eh, men qanaqa odamman, o‘zi! Qarigan chog‘imda yana ko‘chimni ko‘tarib yuramanmi? Qayoqqa boraman, endi?!”
Domla chuvalgan xayollarini idrok qilishga ulgurmayoq, JEKka yetib keldi.
Boshliq chiqib ketgan ekan, navbatchi o‘ris xotin domlaning arzini eshitdi-da, “Opyat lomayut!” deya xitob qildi-da, bir parcha qog‘ozga manzilini yozib oldi va sim qoqish uchun bir telefon raqamini berdi.
Domlaning ichi yorishib, uyi tomon shahdam odimlay ketdi. To‘qqizinchi qavatdan uy olganiga ichidan zil ketib yurgani endi arzimas narsadek tuyuldi.
Xonadoniga kelganida, boyagi taraq-turuq ovozlar eshitilmayotgandi. Demak, o‘ris yigit panjara buzishni to‘xtatgan. O‘ris-da, gapga tushunadi. To‘g‘ri gapni tan olishadi bular.
Navbatchi o‘ris xotin bergan telefon raqami terilganda, kimdir erinibgina javob qildi. Gapning ohangidan o‘zbek kishi ekanligi bilindi, domla faqat “Batalyon” degan so‘zni ilg‘ab qoldi, hayron bo‘ldi.
— Kechirasiz, qayoqqa tushib qoldim?
— Militsiya sanitar batalyoni.
— Menga shu raqamni berishuvdi.
— Nima masalada?
— Beton uyni buzishayotgandi, shunga…
— Unday bo‘lsa, JEKka boring, hokimlikka boring.
— Sizlar bunaqa ishga qaramaysizlarmi?
— Yo‘q. Ruxsat etilmagan joyga axlat tashlangan bo‘lsa, boramiz.
— Kechirasiz.
Domlaning hafsalasi pir bo‘lib, xomush bir alfozda o‘tirgancha qoldi. Ko‘z oldiga navbatchi o‘ris xotin keldi. Bilib turib shu raqamni berdimi yoki bilmay?..
Bir pas xayol surib o‘tirdi-da, telefonda “09” raqamini terdi, tuman hokimligining telefon raqamini aniqlab, bir necha bor sim qoqdi. Nihoyat, kotiba javob qildi.
— Qizim, odamlar beton uyni buzishayotgan bo‘lsa, kimga arz qilish kerak?
— JEKka chiqing.
— Hokimlikdan hech kim shug‘ullanmaydimi?
— Qurilish bo‘limiga ayting.
— Telefonini bilmayman-da.
Kotiba aytdi, domla yozib oldi.
Qurilish bo‘limida go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Domla uf tortdi, boyagi tushkun ruh yana bostirib kela boshladi. Yelkasidan tog‘ bosdi, qaddini rostladi-da, yana kotibaga sim qoqdi.
— Qizim, qurilish bo‘limidagilar javob berishmayapti. Iltimos, arzimni o‘zingiz yozib oling.
— Men yozib ololmayman. Hozir hamma majlisda, bir pasdan keyin chiqib qolishadi, yana qo‘ng‘iroq qiling.
Domla yana xayollar og‘ushida. O‘n besh yil burun uy olaman, deya yugurib yurganlarini esladi. Ezilib-la ketgan edi, o‘shanda. Uy-joy shirkatiga hujjat tayyorlash juda qiyin kechdi.
* * *
Domla yana sim qoqqandi, haytovur, go‘shak ko‘tarildi.
— Qurilish bo‘limimi?
— Ha.
— Beton uyimiz devorini buzishayapti.
— Kim?
— Yangi ko‘chib kelgan odamlar.
— Mirshabga boring, ayting hammasini. Kelib, qanaqa odamligini tekshiradi.
— Qanaqaligida gap yo‘q. Sotib olgan, endi ta’mir qilayapti.
— JEKka chiqib ayting.
— Sizlar bunaqa ishga aralashmaysizlarmi?
— E, oka, aralashvurib balolarga qoldik-ku.
— Endi nima qildim? Devor buzilsa, uyning zilzilabardoshligi pasayib, erta bir kun yer qimirlab bersa, nima bo‘ladi? Nahotki, sizlar aralashmaysizlar?
— Yo‘q. JEKka boring.
— Balki, qarab turmassizlar? Bir o‘ylab ko‘ring. Har ehtimolga manzilni yozib oling.
— Xo‘p, aytaqoling.
Domla aytdi, u odam yozdimi, yozmadimi, yozsa ham bu odamning soddaligidan kulib qo‘ydimi, telefon orqali ko‘rib bo‘lmasa!..
* * *
Qosh qoraydi. Domla qo‘shnilar bilan gaplashishga ahd qildi. Bu ishda ko‘plashib urinmasa, bo‘lmaydi. Ko‘pchilikning gapi — gap-da! Ishni o‘z qavatidagi, ro‘para qo‘shnisi Usmondan boshladi. Uning to‘rtta bolasi bor, hammasi maktab yoshida. Eshikni Usmonning o‘zi ochdi.
— E, keling, domla! Kiring.
— Yo‘q. Siz bu yoqqa chiqing.
Qo‘l berib ko‘rishdilar.
— Usmonjon, shu uydan ko‘chib ketmasam bo‘lmaydi, shekilli.
— Nega, domla?
— Ko‘rmaysizmi, yana buzishayapti-ku.
— E-e-e…
— Yangi qo‘shniga bir narsa deymizmi?
— Buzsa, buzar, sotib olgan, o‘zining uyi.
— Butun uyning zilzilabardoshligi pasaymaydimi?
— E… buzsa, buzar, — kuldi Usmon. — Butun shahar buzib yotibdi-ku. Bitta bizdami? Odamlar pul bilan nim-ma ishlar qilmayapti! O‘ziz tushunasiz-ku.
— Men ham o‘zimni shunday yupatishim mumkin edi, lekin bu — to‘g‘ri ish emas-da.
— Xo‘p. Biz nima qila olamiz? Davlat chiqarib qo‘ygan qonun-qoida bormi, o‘zi?
— Bunaqa narsa umuman yo‘q.
— Unda biz nima deya olamiz?
— Uyni buzmaysan, deymiz, sababini tushuntiramiz. Odamlar indamay yuraversa, davlat ham qonun chiqarmaydi.
— Yangi qo‘shni nima qilmoqchiykan, o‘zi?
— Kichik ravoqning beton panjaralarini sindirayapti, eshik-derazasini ko‘chirib bo‘pti.
— O‘sha kichkina ravoq nimaga kerak, o‘zi? Bir narsa qo‘yolmasang, bemalol kirib chiqolmasang. Ko‘rpa taxlab qo‘ymoqchi bo‘lsang, sig‘masa! Nima keragi bor? Ochig‘ini aytganda, shu yerda yashab qoladigan bo‘lsam, men ham buzmoqchiman. Eshik-derazasini olib tashlab, mundoq, bolalarimning ustol-ustulini bemalol qo‘yadigan joy qilmoqchiman.Frantsuzlar bu ravoqni kashandalik uchun ajratgan bo‘lsa kerak. Bizga bunaqasi to‘g‘ri kelmaydi.
Domla: “Ravoq siz aytganchalik tor emas, mana biz bemalol ko‘rpa taxlaymiz, kirib-chiqaveramiz”,— demoqchiydi, Usmonning gavdasiga qarab: “Ehtimol, bunga torlik qilayotgandir”,— degan fikrga bordi.
— Menga qarang, Usmonjon! Yaxshimi, yomonmi, loyiha riyoziy hisob-kitoblar bilan ishlab chiqilganmi?
— Ha, xuddi shunday.
— Beton panjaralar ichida po‘lat zuvalalar bormi?
— Bor.
— Shu zuvalalar kesib tashlansa, devorga ta’sir etayotgan kuchni nima o‘ziga olib, boshqa yoqqa o‘tkazadi-yu tarqatib, so‘ndirib yuboradi? Siz riyoziyotchisiz, zuvalaning vazifasi emasmi, bu?
— Aynan, mening soham bunaqa hisoblar. Panjaraning zuvalalariga hech qanaqa kuch tushmaydi.
— Yo‘q! Men bunga ishonmayman. Siz o‘zingizni chetga tortish uchun shunday deyapsiz.
— Ochig‘i, men bunaqa ishga aralasholmayman, vaqtim ham yo‘q.
— Men sizni yugur-yugurga jalb qilmoqchi emasman. Hokimlikka arznoma yozsam, qo‘l qo‘yasizmi?
— Hamma qo‘l qo‘ysa, men ham qo‘yaman.
* * *
Qo‘shnilarning bittasi bilan maslahat puchga chiqdi. Ziyolining munosabati shunday bo‘lgach, boshqalardan nimani kutish mumkin?
Hikmatulla domla nima qilishini bilmay qoldi. Hamma qavatda yashaydiganlarni bir-bir ko‘z oldiga keltirdi. Qay biri jiddiyroq qararkin, qo‘llab-quvvatlarkin? Bizga bari bir deb qolishsa, domla nima degan odam bo‘ladi. Yuzi shuvut bo‘lib, orada “yozg‘uvchi” degan isnod orttirib olmasmikin.
Qo‘shni yo‘lakda yashaydigan Isroil qo‘l qo‘yishi mumkin. U ham domla, ancha yosh, to‘qqizinchi qavatda emas, sakkizinchida istiqomat qiladi.
Hikmatulla domla unga murojaat etishni o‘ziga ep ko‘rmadi, chunki bu yo‘lakdagi buz-buzlar unga ko‘pam tashvish keltirmaydi, qolaversa, o‘zining yo‘lagida o‘n sakkizta oila bo‘la turib, qo‘shni yo‘lakdan madad so‘rasinmi?
Domla ko‘p o‘yladi, endi bir ilinji sakkizinchi qavatdagi Azizdan.. Devor buzayotgan qo‘shni uning shundoqqina pastida, taraq-turuq, gursillagan ovozlardan u ko‘proq aziyat chekadi, uyga bir kori hol bo‘lsa, eng avval unga zarar yetadi. Oltinchi qavatdagilar ham Aziz bilan baravar bezovta bo‘lishadi, lekin har bir xonadon o‘z ostidagi uydan xavotir qilishi tabiiy, tepadagidan qo‘rqmaydi. Bundan tashqari, Hikmatulla domla eshitishicha, oltinchi qavatdagi qo‘shni panjaraga tegmagan bo‘lsa-da, kichik ravoqni ajratib turgan to‘siqni allaqachon olib tashlabdi…
Novchagina, doim labida tabassum ilinib turadigan, lekin hech qachon kulmaydigan Azizning bolalari ko‘p, bir etak norasidalar. Domlani iliqqina qarshi oldi-yu, maslahatga kelganda terslik qildi.
— Nima bo‘pti? Buzsa buzvursin, o‘zining uyi.
Hikmatulla domla, bir kun yer silkinib bersa, xatarli ekanini tushuntirmoqchi edi, Aziz qo‘l siltadi:
— E, Xudo saqlasin, deng. Nafasizzi issiqroq qiling.
Boshqa gap ortiqcha edi, domla indamay to‘qqizinchi qavatiga jo‘nadi.
* * *
Ertalab domla JEKka yo‘l olgandi, bir narsa xayoliga kelib, ortga qaytdi. Oldin yangi qo‘shni bilan gaplashib ko‘ray, gapni tushunadigan odam bo‘lsa, devorni buzmay qo‘yar, balki. Uning oldidan o‘tmay, JEKdan odam boshlab kelsam, yaxshi bo‘lmas, dedi. Yo‘lakka kiraverishda bir pas turib qoldi, nazarida yangi qo‘shni ana-mana kelib qoladigandek. Hali tanimaydi, lekin notanish odam kelsa, qadam bosishiga qarab o‘zidan so‘raydi-da.
Bir yigitcha yo‘lakka kirdi. Yurishi o‘xshamaydi, u emas. Saldan keyin ikki kishi uyning qavatlariga qarab-qarab: “Shumi? Shu yoqdami?” — deb gaplashib kelaverdi. Domla indamay kuzatdi. Yoshi qirqlar atrofida, ikkalasi baravar salom berdi. Yettinchi qavatdagi xonadon raqamini so‘rab, shu yo‘lakdami, deyishdi va domla tasdiqlagach, “Telefon qilishgan ekan”, deb kirib ketishdi. Domlaning yuragi bir sira hapriqdi. Nahotki, hokimlikdan kelishgan bo‘lsa? Lekin kiyinishidan ishchilarga o‘xshaydi-ku. Borib, bilib kelinglar, deb yuborishdimikin?
Domla ham yettinchi qavatga chiqdi. Eshikni boyagi kishilardan biri ochdi.
— Sizlar hokimlikdanmisizlar?
— Yo‘q, — dedi eshik ochgani. — Chilangarmiz. Uyimizga telefon qilib, ishga chaqirishibdi.
— Xonadon xo‘jayini shu yerdami?
— Hozir kelib qoladi. Gaplashdik.
Uy egasi ko‘p kutdirmadi. Eshikdan kirib kelgan gavdali ayolning ko‘zi domlaga tushib, allanechuk chaqnab ketdi. Domla ham uni qayerdadir ko‘rgandek. Ish izlab kelganlar gap boshlab, domla o‘ylab olishiga imkon yaratishdi. Ayol xonadan xonaga o‘tib, qilinadigan ishlarni ko‘rsatdi. Nihoyat, domlaga qarab,
— O‘tirishga taklif qiladigan joy ham yo‘q, — dedi.
— O‘tirishning mavridi emas. Man to‘qqizinchi qavatdan qo‘shniz bo‘laman.
— E, kecha siz keluvmidiz?
— Ha, avvalo, uy muborak. Buyursin. To‘ylar qiling.
— Rahmat, amaki. Ahil qo‘shni bo‘lib yuraylik.
— Ko‘zimga issiq ko‘rinayapsiz.
— Ha, biror yerda ko‘rgandirsiz-de, amaki, — kuldi ayol.
— Qayerdaligini eslolmayapman-de.
Ayol yana kuldi, aftidan, u domlani eshikdan kirib kelgandayoq tanigandi.
— Balki, siz eslatarsiz?
— Bozorga har kuni kirib turasiz-ku, — deb yana kuldi ayol.
— E, ha! Bo‘ldi, bo‘ldi! Endi esimdan chiqmaydi. Mana, qo‘shni bo‘bmiz. Yaxshi. Endi, muddaoga o‘tsam, sizdan bir iltimos, qancha ta’mir bo‘lsa qiling-u, lekin devorni buzdirmang.
— Naga?
“Naga”ligini domla tushuntirdi, birgina o‘zi emas, boshqalar uchun ham xatarli ekanini aytdi. Qaysidir mamlakatlarda kuchli zilzila bo‘lib, uylar bosib qolganigacha misol keltirdi.
— Voy, amaki, bundan hecham qo‘rqmang! Hech nima qimiydi. Man quruvchilarni obkeb ko‘rsatdim, olib tashlayvering deyishdi.
— Quruvchi o‘ziga ish topish uchun aytaveradi,— domla bo‘sh kelmadi. — Nima bo‘lganda ham loyihachilar hammasini hisob-kitob qilishgan. O‘zi-ku, quruvchilar uyni ne ahvolda ko‘tarishgan, faqat o‘zlari-yu yana Xudoga ayon. Loyihani buzmasdan ishlay olmaydilar, bu — oydek ravshan. Shunisi yetmagandek, har bir oila yana allaqayerlarini buzsa, uyning zilzilabardoshligidan asar qolmaydi-ku.
— Voy, amaki! Endi, sizni deb uyni sotib ketarkanman-de!..
— Qani, bir gaplashib ko‘ray-chi, gapga tushunadigan odamlardir, deb kelganim. Endi, mandan xafa bo‘lmaysiz, JEKka, hokimlikka boraman.
— Qayoqqa borsayiz, borvuring!
Domla pishiriqlar sotiladigan bozorda shang‘illab turadigan ovozni endi tanidi. O‘z xonadoniga kirgan ham ediki, gursillagan zarbadan hamma yoq titrab ketdi. Zarba ketma-ket tushaverdi. Kampir derazani ochib, tokchasiga qoplangan tunukani taqillatdi.
— Qo‘yaver! Bari bir eshitmaydi.
* * *
JEKdagilar nimagadir yugurgilab qolishgan. Boshliq ayol — Hafiza dimog‘iga zo‘r berib: “Ha, bo‘l!” — qilayapti, boshqalar birma-bir tashqariga chiqishayapti. Hafiza domlani ko‘rib, iliqqina so‘rashdi, arzni eshitib: “Xabarim bor. O‘sha xonadonning telefonini bilasizmi? — dedi. Domla, yo‘q, degandi, “Muovinimga aytaman, hozir boradi,” — dedi-da, o‘ziyam tashqariga chiqdi.
Domla navbatchi ayolning ro‘parasiga o‘tirib, kecha sim qoqib daraklagan odamlarning bu ishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Kutaverib toqati toq bo‘lgach, nav-batchidan muovinni so‘ragandi: “Hamma narigi uyning hovlisida”, dedi. O‘sha tomonga borgandi, rostdanam JEK odamlari hovlidagi xazonlarni supurayotgan ekan. Hafiza qo‘lini beliga tirab kuzatayapti.
— Shu ish uy buzilishidan ham zarurmi? — dedi domla unga yaqinlashib.
— Hokimlikdan odam kelarmish, tozalab qo‘ymasak bo‘lmaydi, — dedi Hafiza manqalanib va muovinga qarata: — Bo‘lganidan keyin san bularning uyiga borib kelasan, — deb qo‘shib qo‘ydi-da, o‘zi idorasiga qaytdi. Domla unga ergashdi.
— O‘ziz borsayiz bo‘lmaydimi?
— Voy, man bir o‘zim qaysi ishga ulguraman? Hali unisi keladi, hali bunisi! Bir yoqda uylarga issiq suv berish kerak, bir yoqda…
— Uy buzilayapti! Hazilakam ish emas! Erta bir kun zilzila bo‘lib qolsa, uy bosib tushmaydimi?
— Xo‘p, amaki, o‘zim boraman, Faqat navbatchi mirshab kelsin, birga boraman. U bayonnoma yozadi. Buzayotgan odamga jarima solamiz, jazolaymiz.
— Jazolamang, kerakmas. Undan nima foyda? Buzishni to‘xtating.
— Xo‘p. Xo‘p. Hozir mirshab idorasini ochadi. Kelib qoladi, soat to‘qqizga yaqinlashdi. Bir pas kuting.
Yana kutish boshlandi. Uzoqdagi gursillagan ovoz bu yerga ham yetib kelayapti. Har gursillaganda, domlaning ichi uzilib ketayotgandek. Soat o‘n bo‘ldiyamki mirshabdan darak yo‘q. JEK xodimlari ham g‘oyib bo‘lishdi, faqat navbatchi bilan g‘aznachi o‘z joyida. Soat o‘n birda mirshab ko‘rindi. Boshyalang, qo‘lida kalit o‘ynab kelayapti, yonida bir yigit, korjomada. Ular JEK idorasi yonidagi temir eshikka tomon kelishayotgan edi.
U — mayor ekan. Domla kutib turganini tushundi-da, “Keling” deb qo‘ydi, eshikni ochayotib yonidagi yigitga aytayotgan gapini davom ettirdi: “Hozir tekshirib ko‘ramiz-da”.
Domla mayorga arzini aytdi.
— Mana, obkeldim. Shu bola buzayaptimi?
— Yo‘q, bu emas, — dedi domla hayron bo‘lib.
— Beshinchi qavatdagi derazani ko‘chirayotgan ekan.
— Yo‘q. Man aytayotganim yettinchi qavatda, panjarani buzayapti.
— Ha, u boshqa ekan. JEKka aytdizmi?
— Aytdim. Siz bilan birga borisharmish. Bayonnoma yozarkansizlarmi, Hafiza shunday devdi.
— Dalolatnoma tuzish JEKning ishi, biz buzayotgan odamni tekshiramiz. Kim u, qayerdan kelgan, propiskasi bormi, yo‘qmi?
— Hafizaxon o‘zim boraman, deb aytdi, faqat sizni kutib turuvdi. Qayoqqadir obketib qolishdi, shekilli. Birgalashib boringlar, man ishga kechikayapman.
— Xo‘p, amaki, boravering, o‘zimiz tekshiramiz, — dedi mayor.
Domla tashqariga chiqayotganida, mayor yigitga: “Yana bir marta ushlab olsam…” deya gap boshladi.
* * *
Domla kechqurun ishdan qaytayotsa, yettinchi qavatdagi gursillash hamon davom etardi. Xonadoniga kirmasdan to‘ppa-to‘g‘ri nazoratchi xonasiga yo‘l oldi. Mayor bilan leytenant o‘tirgan ekan.
— Amaki, ertaga bormoqchiydim. Hozir u odamni obkelib, o‘tqazib qo‘yay desam, kech bo‘b qoldi, bari bir chiqarib yuborishim kerak.
— Haliyam buzib yotibdi-ku.
— San borib obke, o‘sha odamni, — buyurdi mayor leytenantga. — Boya siz ko‘rgan bola prokurorning xonadonida ishlayotgan ekan. Oborib topshirvoruvdim, prokuraturadan telefon qilib: “Nima qivossila?” — deyishdi. Majbur bo‘lib, yana joyiga obkeb qo‘ydim.
Domla mayor berayotgan “hisobot”dan hayron bo‘ldi, buning manga nima aloqasi bor, demoqchi ediyu, aytolmadi. Ehtimol, ahamiyati bordir? Shu tariqa bir nimalarni anglatmoqchidir?
— Bu, odamlarga hayronman, — davom etdi mayor. — Uyni to‘qqiz ballga mo‘ljallab qurishgan bo‘lsa, shundan yettitasi qoldimikin?
“Shuni bilib, indamay o‘tirganingga man hayronman”, dedi domla ichida.
Domla leytenantni yettinchi qavatda tushirib, o‘zi to‘qqizga ko‘tarildi.
* * *
Yettinchi qavatda buz-buz boshlanganiga uch kun bo‘ldi. Domla ertalabdan JEKka yo‘l oldi. Hafizaga bir-ikki nordongina so‘z aytish niyatida kirib borsa, u navbatchi ayol oldida tik turgancha nimalarnidir muhokama qilayapti, domlani ko‘rishi bilanoq o‘zi gap boshladi:
— Kecha borishipti-ku. Prokuraturadan odam kelibdi,— dedi go‘yo hamma ishni bitirib qo‘ygan bo‘lib. Domlaning kostyumi yengiga chang yuqqan ekan, asta qoqib qo‘ydi.
— Prokuraturadagilar o‘z ishi bilan sim qoqishgan. Mirshabni kechqurun man obordim.
Hafiza endi domlaning yelkasida chang ko‘rgan bo‘lib, qoqib qo‘ydi, bu — allaqaysi kinodagi jinnixona bosh hakimining harakatlarini eslatardi. Domlaning g‘ashi kelsa ham gapidan chalg‘igisi kelmadi.
— Siz naga bormadiz? Muovinniyam yubormabsiz.
— Nazoratchiga o‘zim kirib aytib qo‘ydim, boripti-ku! — Hafizaning nafsoniyati junbushga keldi.
— Man sizni tushunolmayapman, — domlaning avzoyi buzildi.
— To‘xtang! O‘sha xonadon telefonini bilasizmi?
— Kechayam so‘ragan edingiz, bilmayman, degandim.
Hafiza navbatchi xotinning ustolidagi bir daftarni oldi-da, o‘z xonasiga kirdi. “Bu yoqqa keling, hozir telefon qilamiz”, dedi. O‘z o‘rniga o‘tirib, o‘sha xonadon yozilgan sahifani ochdi. “Mana, borakan raqami”, dedi.
Go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.
— Xo‘jayini hali kelmagan, bir pasdan keyin telefon qilaman, javobini sizga aytaman. Sizning telefoniz nechchi?
— Manga javob berish kerak emas, devor buzayotganni to‘xtatish kerak!
— Xo‘p devotman-ku! Ayting, telefonizni.
— Qo‘ying, sipolikni! Anavi daftarizda hammasi bor.
Domla shahd bilan chiqib ketdi.
* * *
Domla tuman hokimligiga ham shahd bilan kirib keldi. Qurilish bo‘limini surishtirib topdi-da, xonaga mo‘raladi.
Kattakon xonada odamlar ko‘p, chaqchaqlashib o‘tirishibdi. Ichkari kirib, odamlarga bir-bir qarab chiqdi. Hammasi yosh-yalang yigitlar. Bittasi allaqanday hangomani aytib, boshqalarini kuldirayapti. Domla ataylab indamay turaverdi. Domla qarasa, yigitlar insofga keladigan emas.
— Men bilan ham gaplashasizlarmi? — dedi.
— Nima gapiz bor, — dedi hangoma aytayotgan bola.
Domla arzini qisqagina tushuntirdi.
— Arizangizni kotibaga tashlab keting. Ular qayd qilib, keyin bizga yuborishadi.
— Ariza yozmadim. Og‘zaki aytaman.
Yigitchalar bir-biriga qarab olishdi.
— Unda, to‘rtinchi xonaga kiring, — dedi hangomachi va hikoyasini davom ettirishga chog‘landi.
To‘rtinchi xona hokim kotibasining ro‘parasida ekan. Eshikka “muovin” deb yozilgan. Domla tortib ko‘rmoqchi edi:
— Sizga kim kerak? — dedi kotiba.
— Mani shu xonaga kirasiz, deyishuvdi.
Kotibaning bir yuzi tirishdi. “Kutib turing, muovin hokimning huzurida” deb qo‘ya qoldi.
Domla ustulga cho‘kib, uh tortdi. Kirib-chiqayotgan xodimlarga, arznoma bilan kelganlarga razm solib o‘tirdi.
Tushundiki, bir o‘zining nomidan bo‘lsa ham arznoma bitib kelishi kerak ekan. Endi, kap-katta odam uchragan tirranchaga arz qilib yuribdi. Adolatsizlik qilishdan ko‘ra “yozg‘uvchi” degan nom dahshatliroq. Qayerda seni eslashsa, shu tamg‘ani bosib gapirishadi…
Domlaning xayollarini hokimning ochilgan eshigi tarqatib yubordi. Muovin chiqib keldi-da, eshik tagida o‘tirgan domlaga parvo qilmay, ichkari kirib ketdi. Domla kotibaga savol alomati bilan qaradi, u tushunib bo‘lmaydigan imo qildi. Domla eshikni jur’atsizgina ochib, kirishga ruxsat so‘radi. Uch daqiqa o‘tar-o‘tmas tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib chiqdi-da, kotibaga ham qaramay, tashqariga otildi.
* * *
Hokim muovini dastlab so‘ragani arznoma bo‘ldi. Keyin domlaning vajlarini eshitib, biroz norozi bo‘ldi, lekin manzilni, buzilayotgan uyni, domlaning ismi-nasabiyu uy telefonigacha yozib oldi: “Boravering , chora ko‘ramiz”, — deb gapni qisqa qildi.
U avtobusga ham tushmay piyoda yurgisi, xayollarini jamlab, ruhini muvozanatlab olgisi keldi. Chorrahani amallab kesib o‘tdi-da, uzun yo‘lakdan ketdi. Uning botinida g‘alayon qo‘pgan edi.
Muovin yomon odamga o‘xshamadi, masalaga jiddiy munosabat bildirdi, biroq “Chora ko‘ramiz” degani yoqmadi. Nima ekan, chorasi? Devor buzilishini zudlik bilan to‘xtatishni o‘ylagan odam o‘sha zahoti JEKka sim qoqib, “To‘xtating!” deb buyruq qilardi-da, keyin ko‘radigan chorasini ko‘raverardi.
Domla entikib nafas oldi, uzoq uf tortdi.
“To‘g‘ri gapni tan olishni bilmaymiz-da. Bu — haqiqatning yuziga tik qarolmaslik, degan gap. Hali ko‘p o‘rganishimiz kerak ekan, ko‘nikkunimizcha juda ko‘p qovun pishig‘i o‘tadi, shekilli.”
Xayollari o‘sha paytlar bermagan poraga borib taqalaverdi.
* * *
…Domla pul to‘lab qo‘ygan shirkat uy bir oy emas, ikki oyda arang bitdi. Uylarni taqsimlash kunini so‘rab, idoraga kelganida, shirkat raisi uni gapga tutib, qayerda yashab turganini, ish joyini so‘radi va nihoyat:
Sizga ham order yozib qo‘yganman, lekin hokimlikdan, bermay turinglar, deyishdi. Chunki hujjatlaringizda kamchilik bor ekan. To‘g‘rilashingiz kerak.
Domlaning yuragi shig‘ etdi. Axiri, o‘sha chatoq joyini topibdi-da? Bu juz’iy kamchilik, uni to‘g‘rilab bo‘lmasligini, hozirgi kunda ota-onadan qolgan katalakdek hovli-joyda ikkita katta oila yashab turganini, qo‘shimcha uy quradigan joyning o‘zi yo‘qligini, yana ancha-muncha asoslarini aytdi. Har qancha tushuntirmasin, boshliq bez bo‘lib, nuqul yuqoridagilarga ag‘daradi, men hech nima qilolmayman, deydi.
O‘sha kunlari domla devonaga o‘xshab qoldi. Og‘zi endi oshga yetganda, undan benasib qilmoqchilar. Kimga arzini aytsin? Hokimlik nomiga ikki varaq tushuntirish xati yozib qo‘ydi, lekin ijobiy hal bo‘lishiga ko‘zi yetmadi. Obormadi.
Nogohon, esiga sobiq tolibasi, shirkatda ishlaydigan ayol keldi. O‘sha zahoti idoraga borib, ayolni topdi, mushkulini aytdi. Ayol indamay eshitdi-da, xo‘p, gaplashaman, dedi va o‘zi ham dilidagi bir gapni aytdi:
— Siz hujjat topshirib chiqqanizdan keyin boshliq xonasiga kirib, “Mani o‘qitgan domla bo‘ladilar, pastroqdan uy bering”, deb iltimos qildim. “O‘zi so‘radimi?” devdi, man o‘shanda hech nima deyolmabman-a!
— Hechqisi yo‘q. Manga to‘qqizinchi qavat ham bo‘laveradi, — yana eski gapini takrorladi domla.
Deyishga dediyu, ichidan zil ketdi o‘shanda, mana, o‘n besh yildirki o‘sha gaplar yuragini alg‘ov-dalg‘ov qilib, ”Pora olmaganman, bermayman ham!” degan aqidasidan voz kechishga undaydi.
Sobiq toliba o‘z va’dasida turdi. Order qo‘lga tegadigan qilib, gaplashib berdi. Domla endi shirkatning bosh muhandisiga uchrashishi kerak. Ish vaqti tugashiga yaqin bordi. Mosh yegan xo‘rozdek qizarib yuradigan muhandis qabul qildi. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lib, shirkat boshlig‘i orderni uning qo‘liga topshirganini aytdi va “Qancha bermoqchisiz?” dedi.
— O‘ziz aytaqoling.
— Mani to‘g‘ri tushuning, o‘zimga so‘ravotganim yo‘q. Domla ekansiz, manga qolsa, shundoq bervorardim.
— Tushunaman, aytavering.
— Uch yuz so‘m beraqoling.
Xayriyat, dedi domla ichida. Cho‘ntagidan pul chiqarib, muhandisga uzatayotgan edi, u “To‘xtang” dedi va o‘rnidan turib eshikka yo‘nalarkan, “Yuring” dedi domlaga qarata.
Ikkovlashib yo‘lakning oxirigacha borishdi. Muhandis bir hujrani ochdi, bekor yotadigan xona ekan. Ichi gir aylana yog‘och taxtalar, hammasi liq-liq qog‘oz. Muhandis bir tokchadagi qog‘oz uyumini ko‘tardi-da, domlaga ko‘rsatdi.
— Mana shu yerga qo‘yib, keyin xonamga borasiz. Tushundizmi?
Domla muhandis aytgandek qilib, xonasiga bordi.
— Mana, orderiz.
O‘sha daqiqadan boshlab, domla to‘qqizinchi qavatdagi to‘rt xonali xonadonning qonuniy egasi bo‘lib, o‘zini yetti qavat osmonda his etdi. Endi bo‘lsa, o‘sha paytda qilib qo‘ygan ishlaridan yetti qavat yer ostiga kirib ketgudek bo‘lib yuribdi.
* * *
Domla kechqurun uyiga qaytib ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yettinchi qavatning ravog‘i bomba tushgandek o‘pirilib yotardi.
Tushunarli. Na JEK, na hokimlik qaragan! Bittasi kelib ko‘rmagan, hoy, nima qilayapsan, demagan. Kelgan, degan bo‘lsayam…
Domla ezilib ketdi, lift tugmasini bosgan edi, hech qanaqa ovoz bermadi. Bu yog‘i ham tushunarli: lift ishlamayapti. Har qavatda to‘xtab-to‘xtab, to‘qqizinchiga arang chiqib oldi. Yettinchidan o‘tayotganida bozorchi ayol, uymalashib yurgan ekan, piching qildi:
— Ha, amaki, qo‘lizdan nima ish keldi?
Domlaning nafasi tiqilganidan hech nima deyolmadi, demoqchi ham emas. Bunaqalarga pand-nasihat hayf.
Xonaga kirdi-yu katga tappa tashlab, qimirlamay yotdi. Kampiri gapga solib, chalg‘itib ko‘rdi. Charchadim, deb yotaverdi…
Qayerdadir devorga zarb bilan urishdi, hamma yoq larzaga keldi. Yana, yana. Uyning devorlari qisirlay boshladi. Domlaning ko‘z o‘ngiga o‘pirilib yotgan ravoq keldi, yaxshilab qarasa, to‘qqiz qavatli uyning hamma derazalari-yu ravoqlari shu ahvolda. Odamlar o‘z xonalarida turib, qo‘lidagi gurzi bilan uyining shipiga urayapti. Kampiri bo‘lsa, deraza tokchasiga qoplangan tunukani taqillatayapti. Domla yerdan turib, uni to‘xtatmoqchi bo‘ladi, lekin ovozi chiqmaydi.
Uy shamolda tebrangan daraxtdek borib-kela boshladi. Domla buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, ayni vaqtda o‘z xonadonida — to‘qqizinchi qavatida emish. Beton devorlar ag‘anay boshladi. Dod-voy, qiy-chuv! Dunyoni allaqanday, tushunib bo‘lmaydigan dahshatli ovozlar tutib ketdi. Qochish kerak! Lekin qayoqqa? Lift ishlamaydi, zinalarni ag‘anayotgan devorlar to‘sib tashlayapti. Domla o‘zini bo‘shliqqa otdi va… uchib ketdi. Oyoqlarini juft qilib uzatgancha, o‘tirgan ko‘yi havoda suzib borayapti. Bir-biriga tiralib qolgan devorlar orasidagi bo‘shliqlardan o‘tarkan: “Derazadan sakrasam bo‘larkan”,— deya afsuslandi va kampiri yodiga tushdi, shu zahoti yana o‘z xonadonida paydo bo‘lib qoldi. Kampiri dod solib, o‘zini duch kelgan tarafga urayapti. Domla uni dast ko‘tardi-yu derazadan pastga otildi.Bu gal uchish qiyinroq kechdi, shunday bo‘lsa ham qo‘nish uchun uyning etagidan nariroqni mo‘ljalladi. Pastdagi odamlar mitti bo‘lib ko‘rinadi. Domla yerga yaqinlashgani sari uchish qiyinlashaverdi: “Nimjongina kampirim muncha og‘ir bo‘lmasa?” deb, bundoq qarasa, ko‘tarib uchayotgani bozorchi ayol ekan.
Seskanib, ko‘zlarini ochdi.
Ertalab domla nonushta qilayotganida kampiri qo‘shnisinikiga chiqib, yangilik topib keldi: bozorchi xotin xonadonida uymalashib yotgan allanarsaga qoqilib ketib, oyog‘i sinibdi va tundayoq kasalxonaga tushibdi. Bu falokatni eshitib, domlaning eti jimirlab ketdi.
“Axir, man dil-dilimdan og‘rinmagan edim-ku. …Uyida odam bo‘lsa, ko‘ngil so‘rab qo‘yish kerak ekan”.