Qamchibek Kenja. Juma yomg‘iri (hikoya)

U jazm qilgan ishiga ikki kundan beri tayyorgarlik ko‘rardi. Avvalgi kuni hovlini aylanib, bejo yotgan o‘tin-cho‘p va boshqa mayda-chuydalarni yig‘ishtirib saranjomladi, kuchi yetmaganlarni o‘g‘liga buyurdi. Kelinga hovli ancha ivirsib ketibdi, ertaga supurib-tozalab qo‘ying, deb tayinladi. Kecha tunda hamma uxlagani o‘z uylariga chiqib ketgach, katta sandiqni ochdi, o‘limligiga yig‘ib yurgan narsa-matolarni ko‘zdan kechirdi. Hammasi joyida, beshta yuz dollarlik pul ham qo‘ygan o‘rnida – oq surp qatida turibdi. Cho‘ntagida bor so‘mlarni ham olib qo‘shib qo‘ydi. Chamasi, yetarli, yetmasa, bir gap bo‘lar…
Anchadan beri juma kunini mo‘ljallab yurardi.
Kecha ertalab sartaroshda soch-soqolini oldirdi. Keyin shaharga ketdi. Bozorga emas. Saroy degan mavzedagi bolaligidan ma’lum va ma’qul hammomga tushib, poklandi. O‘sha yerda ichki kiyimlarini almashtirdi, ohorli yaktak kiydi. Uyda payshanba deb palov damlashgan ekan, yemadi, yengilroq, ham ichni tozalaydi, deb, keliniga bir siqim guruchga shiringuruch pishirtirdi, ammo baribir ta’bi tort­madi, uch-to‘rt qoshiq tanovul qilgan bo‘ldi. Kichkina-sho‘qatoy o‘g‘il nevarasini sustgina suyub-erkaladi. O‘g‘liga nimalarnidir uqtirib-pishiqtirib qo‘yish fik­ri yo‘q emas edi. “O‘lim haq. Qazoim yetib qolsa… har payshanba ehson qilish, ko‘p odam yig‘ish shartmas, qurbingga qarab, har zamonda besh-to‘rt odamga ikki-uch tovoq osh berib, duoyi fotiha qildirib qo‘ysang, bas”, demoqchi edi. Aksiga olib, shu kuni ham bo‘kib ichgan shekilli, uyiga kirib, gumdon bo‘lib ketdi. O‘zi uni “Ichib kelgan kuning ko‘zimga ko‘rinma”, deb ogohlantirgan edi. Ha, mayli, baribir o‘rgatadiganlar ko‘p. Imom-domlaga o‘xshagan, “Ota-buvang qilganini qilasan-da”, deydiganlar bor. Lekin lahadga qo‘yishni mahalladagi eng to‘g‘ri, halol odam, o‘lim-yitimlarda doim kamarbasta bo‘lib turadigan Shahobiddinga, omadi gap, deb aytib qo‘ygan. Shuni eslab, taskin topdi.
Xufton namozlarini shoshilmay o‘qigach, joynamoz ustida o‘tirganicha o‘tgan umrini hisob-kitob qilib chiqdi, qarindosh-urug‘lar, yoru birodarlarini, olasa-berasa qilinib yurgan olib-sotar hamkorlarini bir-bir ko‘z oldiga keltirdi. Biron kimsada yirikroq haqi yo qarzi borligini eslolmadi. U asli qarz degan narsani yomon ko‘rardi, o‘g‘liga ham birovda haqing qolsa-qolsin, qarzing qolmasin, deb tayinlagani-tayinlagan edi.
Yarim tunda turib oldi, bomdoddan keyin “Ixlos” surasini ming marta tak­rorladi, kalima keltirib yana ancha o‘tirdi. “Hazrati Yosin”ga sabri yetmadi. Tong oqarib qolayotganga o‘xshadi. Havoning avzoyi buzilganini ko‘rib, bir zum ikkilandi, keyingi jumaga qoldirsammikin, dedi, yana fikridan qaytdi. Yomg‘ir – obi rahmat, ayniqsa, juma kungisi…
O‘z hujrasidan sassizgina chiqib, yengil shippak kiydi. Ayvon chetidagi ustunlar orasiga tortilgan sim dordan o‘g‘lining bir poy qora paypog‘i yerga tushib ketgan ekan, qoqib-silkib, juftining yoniga ildi. Dorda oppoq mayka ham yoyig‘lik edi, olib yuziga birpas bosib turdi-da, uni ham g‘ijimlangan bo‘yi joyiga qaytarib tashlab qo‘ydi. Keyin o‘g‘li va kelini yotadigan xona tomonga ko‘z yugurtirdi, chirog‘i o‘chiqligidan xotirjam tortgach, zinadan ohista pastga tushib, tomorqa sari yurdi.
Yomg‘ir bitta-ikkita tomchilardi…
Tomorqaga o‘tiladigan, azbaroyi eskiligidan ranglari o‘chib, qurib-qaqshab ketgan, qiyshayib, tag tomoni yerni sirpaydigan bo‘lib qolgan pastak eshik g‘iytil­lamasligi uchun uni yog‘och tutqichidan tepaga ohista ko‘tarib ochdi-da, ichkariga oyoq qo‘ydi va ikki qo‘llab, qanday ochgan bo‘lsa, shunday, ammo mumkin qadar zichlab yopib, yiltillab turgan zanjirni mix ilgakka soldi. Xayolidan bu ilgak, zanjirni nimaga qo‘yishuvdiykin, degan fikr kechdi va bolalik paytlarida tomorqaning qo‘rg‘on emasligi, ya’ni to‘rt tomoni devor bilan o‘ralmagani yodiga tushdi. Avvallari qishloq xonadonlari ikkiga bo‘linar – ichki, oldi qismida uy-joylar, sahnda esa uzum va bir-ikki tup olma yo behi, qolgan barcha mevali-mevasiz daraxt, ekin-tikin hovlining ikkinchi qismida – imoratlar orqasida bo‘lar, shuning uchun ham u yoq tomorqa (ya’ni tomning orqasi) deyilardi. Uylar chetidan qo‘shni xo‘jalik chegarasigacha davom etgan o‘q devorning qulay yeriga yuqoridagiday darcha-eshik qurilar, hojatxona ham ana shu devor ortida, ya’ni ko‘zdan panaroqda bo‘lardi.
Orqamda sharpa yo‘qmikin, deya, daroz qaddini engashtirib eshik tirqishlariga qulog‘ini birpas tutib turdi va oldinga, ya’ni tomorqaning etak tarafi tomon qadam tashladi.
So‘qmoq ensiz bo‘lib, ikki qirg‘og‘ini ajriq bosgan, ajriq orasida o‘rib tashlangan g‘o‘zag‘ar, talxa va boshqa o‘simliklarning cho‘karlari tikkayib turar, shuning uchun asta, avaylanib yurishga to‘g‘ri kelardi. Sirasini aytganda, u shoshayotgani ham yo‘q.
U tomorqa – bog‘ etagidagi ancha ilgari ko‘z ostiga olib qo‘ygan va o‘shandan beri u yerga bot-bot o‘tib, azmoyish olib kelayotgan joy – o‘zi kabi qari subhoni o‘rik daraxti ostini ko‘zlab borardi.
Bu reja unda bir yil avval qat’iylashgan, bunday savdolarga sabab bo‘lgan hodisa esa roppa-rosa qirq yil burun ro‘y bergan edi. Hozir yetmish beshga kiryapti, demak o‘shanda ayni qirchillama yoshda – o‘ttiz beshda bo‘lib, hozirgiday og‘ir-bosiq emas, serg‘ayrat, shiddatkor va ancha gerdaygan edi.
Bultur qo‘shni qishloqdagi bir ehsonda qotillik haqida gap ketdi. Juda keskin fikrlar aytildi.
– Odam o‘ldirish islomda eng og‘ir jinoyat – gunohi kabiralardan biri, – dedi birovi.
– Ha, to‘g‘ri aytasiz, har qanday osiy bandaning gunohi kechirilishi mumkin, illo shirk keltirgan bilan birovni nohaq o‘ldirganniki afv etilmas ekan, – quvvatladi boshqasi.
– Qanday noma’qullikki, o‘ziga o‘xshagan bir bandani jonidan ayirib, uning xotinini tul, bolalarini yetim qoldirib, besh-olti yil o‘tirib chiqishadi-da, yana hech narsa ko‘rmaganday, mahallada bemalol bosh ko‘tarib yuraverishadi. Payg‘ambarimiz erining xunini talab qilib kelgan bir ayolni qo‘liga qilich tutqazib, mana men tayyorman xun to‘lashga, degan ekan. Hozir shunaqa odam bormi?.. Jazodan qutulish uchun jinnixonaga yotvolishdanam toyishmaydi.
Luqmalar unga juda og‘ir botdi, jon-jonidan o‘tib ketdi. Xuddi uni nazarda tutishganday… Senga tegishli bu, eshitib qo‘y, deyishganday. Rostdanam, bilib gapirishdimi, bilmaymi, u anglamadi. Bir ko‘ngli, ha, atayin senga tekkizib gapirishyapti, desa, bir ko‘ngli “U bo‘lib o‘tgan ishlarni bular eshitishmagan, endi, bir omadi gapni aytishyapti-da. O‘zimizni qishloqdagilar ham allaqachon esdan chiqarib yuborishgan…” deya uni ovutardi. “Lekin o‘zingning yodingdan ko‘tarilgani yo‘q-ku, doim ich-etingni yeb yurasan-ku”, derdi boshqa bir ovoz kesatib. Aslida boshqalar ham unutmagan ekan…
Chorsi shaklidagi, jannatning bir parchasidek tomorqa ham ikkiga bo‘lingan bo‘lib, darchadan to‘g‘ri yo‘lak ochilgan, o‘ng tomon anorzor, chekkaroqda ikki-uch tup anjir ham bor edi. Chapda esa anvoyi mevalar: qo‘qon gilos, xurmo, olma, shaftoli, ikki-uch nav o‘rikning eng kattasi – eng etakdagi devorga yopishib o‘sgan, shoxlari tarvaqaylagan, tanasi baquvvat subhoni edi. Uning yonboshga ketgan yo‘g‘on bir shoxi niyatini amalga oshirish uchun juda qulay bo‘lib ko‘rinardi.
U aybdorligini, jinoyatining qanchalar og‘irligini o‘zi ham tan olardi. Umriga zomin bo‘lgan hammahallasining o‘g‘il-qizlarini ko‘rsa o‘zini qayoqqa urishni bilmay qolardi. Kechalari uyqusi o‘chib, tashqariga aylangani chiqarkan, yulduzlarga to‘la sirli osmonga, qora tunni nurafshon aylagan to‘lin oyga tikilib, bir mo‘min bandasini shunday mo‘jizalardan mahrum etgani uchun Parvardigordan mag‘firat tilab, iltijo qilar, pushtipanohsiz, bosh egasiz qolgan beva-bechora onani, norisadalarni o‘ylab yuragi ezilardi. O‘sha – o‘tgan yilgi, qo‘shni qishloqdagi izdihomda aytilgan, unga kaltak bo‘lgan, yuragiga tig‘day tekkan dashnomlardan keyin endi yorug‘ dunyoda yashashi qiyinligiga aqli yetgan va qariyb qirq yildan beri bot-bot diliga g‘ulu solib turadigan vasvasaga bo‘yin egish mavridi kelganligiga ishonch hosil qilgan edi. Lekin xotini o‘tib ketgach, unga qaraydigan – kirini yuvib, ovqatini pishirib, yotar ko‘rpasini to‘shab-yig‘ib qo‘yadigan nevara qizining sepi tayyor emas edi. O‘g‘li o‘ziga o‘xshab araqxo‘r chiqdi. To‘g‘ri, u o‘g‘lining hozirgi yoshidan (qirq beshga borib qoldi) ancha ilgari, aniqrog‘i, boshiga o‘sha mash’um kulfat tushganidan keyin, og‘ziga shaytonning suvidan bir qultum ham olmay qo‘ygan, chekishni ham butkul tashlagan edi. Ammo arzandasini hech yo‘lga sololmadi. Unga qattiq tegishdan o‘zini tiyar, chunki odamkushlik balosidan so‘ng Ollohning biron bandasini “sen” demayman deb o‘ziga o‘zi so‘z bergan edi.
Buni qarangki, uning otasi ham ichuvchi, ya’ni bu “kasb” ularga ota-bobo “meros” edi. Padari buzrukvori shahar bozorida qovun-tarvuz olib sotardi. Uning yonida yurib savdo-sotiqni, ya’ni dehqon bilan savdolashishni, talashib-tortishishni, qisqasi, arzonga olib qimmatga pullashni o‘rgandi, meva-cheva bozoriga o‘rnashib oldi. Otasidan keyin ham shu “hunar”ni davom ettirib, shu yo‘l bilan tirikchilik o‘tkazardi. Ammo jonini jabborga berib yubormasdi. Fazilat bilan illat – o‘t bilan suv, ikkisi bir vujudda makon qursa-da, hech qovushmaydi, aksincha, ikkalasi ikki tomonga tortadi – fazilat fazilatga yetaklaydi, illat illatga sudraydi. Ishyoqmaslik ichkilik bilan topishdi. Ichkilik uni qartabozlarga oshno tutintirdi. To‘g‘ri, ular katta gardkamchi emas, savdo yurishmay qolgan kezlarda ermakka besh-o‘n so‘mdan tikib o‘ynashardi, xolos. Ammo ko‘ngilsizliklar, fojialar arzimagan narsalardan boshlanadi. Qartabozlik ham ichkilikka, giyohvandlikka o‘xshagan girdob – o‘rtasiga tushib qolgan kimsaning omon chiqishi dargumon, aksincha, uning bir falokatga giriftor bo‘lishi hayotda ko‘p isbotlangan.
U qamoqdan kelganida yigirma olti yoshli o‘g‘il kashandalikka, mayxo‘rlikka mukkasidan ketib bo‘lgan edi. Farzandi uning tarbiyasini olmadi, xalq ta’biri bilan aytganda, ota tiyig‘ini yemadi, qiblagoh yolg‘izgina jigargo‘shasini yedirib-kiydirolmadi, uylanishida ham asqatmadi. Bu tashvishlarning bari sho‘rpeshona xotinining zimmasiga tushdi: u hovlidagi mevalarni (yaxshiyam ota-bobolari ekib ketishgan ekan) tirnoqlab parvarishlar, qush-parrandalardan qo‘rib, sotib, ro‘zg‘or tebratardi. O‘g‘lini aka-ukalarining yordami bilan uyladi. Aslida, to‘yni otasi kelganda o‘tkazishni mo‘ljallashuvdi, kelinning xasta onasi ko‘zim ochiqligida qizimning tinib-tinchiganini ko‘ray, deb qo‘ymadi. Xullas, uning tili ham qisiq, o‘g‘liga qattiq tegishga haddi sig‘masdi. Yaxshilik bilan ko‘p aytib ko‘rdi, yerga qarab, “xo‘p-xo‘p” dediyu, o‘zgarmadi. Ellikka kiryapti. U tengilar hozir besh vaqt namozni kanda qilishmaydi.
O‘sha voqeadan keyinoq er-xotin o‘rtasiga sovuqchilik tushib, oilaviy munosabatlar darz ketgan, xonadondan halovat, totuvlik yo‘qolgan edi, u qamoqdan qaytganda ham iliqlik tiklanmadi. Ayol juda azoblanib yashardi: u yoqqa qarasa – jigarlari, bu yoqqa qarasa – eri va bolalari. Bechora ikki o‘tning orasida kuyib-yonib adoyi tamom bo‘ldi. Odam nima uchun yashaydi – oila qurish uchun. Hayotning mazmuni – oila. Oila – eng avvalo umr yo‘ldoshi, tanmahram. U bo‘lmagandan keyin oila ham yo‘qday gap ekan.
Boshqaga uylanishi qiyin bo‘ldi. Odam o‘ldirib, salkam o‘n besh yil o‘tirib chiqqan qotil bilan bir dasturxondan ovqat yeb, bir yostiqqa bosh qo‘yishni tasavvur qila oladigan kam. Nihoyat bittasi tavakkal deb, rozilik bergan edi, kechalari bosinqirab, cho‘chib uyg‘onavergach, “Meniyam bo‘g‘ib-netib qo‘ysa-chi?” degan xavotirga tushib, ketib qoldi. Azbaroyi, tirikchilik uchun bozorga chiqadigan mo‘min-musulmon bir ayol bilan hamdard, hamhasrat bo‘lib, unga umid bog‘lab, juvon ham moyillik bildirib turuvdi, kimdir qulog‘iga shipshitib qo‘yganmi, birdan o‘zini tortib qoldi. Shundan keyin taqdirga tan berishdan o‘zga chorasi yo‘qligini angladi. Shundan buyon so‘qqabosh ichong‘ir o‘g‘li, kelini, ularning farzandlari – ikki qizi va bir o‘g‘li bilan umrguzaronlik qilishadi. Unga qarashga esa nevara-qizlarining kattasi tayinlangan. Ayolining ezilib, kasallanib yorug‘ dunyoni barvaqt tark etishiga (marhum uning suyukli, yolg‘iz tog‘asi edi), o‘g‘lining xulqi o‘zgarmayotganiga (balki u otasining jinoyatidan, qamalishidan oriyat qilib, alamidan ichar, balki kimlardir “qotilning bolasisan-da” deya yuragini ezishar…) o‘zini aybdor deb bilardi. Lekin baribir mahalla-ko‘ydan xijolat chekardi. Hoji odamning farzandi-ya…
Ka’batullohni ziyorat qilib, haj amallarini o‘taganlar butun gunohlari to‘kilib, onadan yangi tug‘ilganday poklanadi, degan gap unga umid, ilinj bag‘ishlardi. Ko‘p qiyinchiliklar bilan ro‘yxatga yozildi. Sudlanganim uchun bu qutlug‘ ibodat huquqidan ham mahrum etilganmikinman deb qo‘rquvdi. Olti yilda navbat keldi. Shukr qildi. Ollohning uyidan o‘zicha yengil tortib qaytgan edi. Masjid imomi juma ma’ruzalaridan birida “qoni nohaq to‘kilgan odamning xuni yuvilmaydi” degandan keyin tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib yurgan edi (masjidga ham qatnamay qo‘yuvdi), yuqorida zikr etilgan yig‘indagi muhokama va hukm dard ustiga chipqon bo‘ldi.
“Ha, demak, bu dunyoda yashashga chindan ham haqing yo‘q ekan” deganday bo‘lardi kimdir.
– Odam o‘ldirgan bir menmi? Dunyo qotillarga to‘lib yotibdi-ku? Chingizxon, Gitler, Stalin millionlab odamlarni qirib tashlagan-ku?!
– U boshqa masala, ular musulmon emas edi.
– Faqat musulmon odam o‘ldirsa gunohkor bo‘ladimi?
– Hamma gunohkor bo‘ladi, ayniqsa, musulmon…
Shunaqa paytda o‘zini qayerga qo‘yishni, boshini nimaga urishni bilmay qolardi. Ustiga-ustak, marhumning o‘g‘il-qizlari yo‘l-cho‘lda ro‘para kelib qolishganda oshkora ters qarab o‘tishsa, battar ichidan zil ketardi.
Ha, bu yoqda – ochiqda u nafratli qarashlar ta’qibiga dosh berish mushkulligini, ta’na-malomatlar nayzasi qamoq jazosidan-da o‘tkir va shafqatsizligini, odamning qalbini vayron, yuragini majruh qilishini obdan tushundi. U yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilganday his etardi o‘zini. Ayniqsa, marhumning tund basharali kichik o‘g‘li unga “qarimta qaytadigan dunyo bu, bir kunmas-bir kun sendan albatta otamning o‘chini olaman” deganday, qovog‘ini battar uyub, o‘qrayib tikilar, qasoskorning yengi ichida tig‘li bir yarog‘ yashirinday tuyulardi. Aslida u turmadaligida o‘lganning alamzada farzandlari oilasiga, xususan yolg‘iz arzandasiga bir ziyon-zahmat yetkazib qo‘yishlaridan cho‘chirdi. Baxtiga u xavotirlangan kor-hol yuz bermadi. Ochiqqa chiqqach, balki qarindoshlik tuyg‘usi yigitlarni yovuz niyatlaridan qaytargandir, ehtimol o‘zimdan qasd olishni chog‘lab yurishgandir degan gumon paydo bo‘ldi. Ularning gezarib, xo‘mrayib qarashdan nariga o‘tmasligi esa unga taskin bermas, aksincha, shubhalarini kuchaytirar, bu mash’um voqea ham qachondir sodir bo‘lishi mumkin degan hadik hech tark etmasdi uni. Kutilgan, ammo qay tarzdaligi noma’lum ko‘ngilsiz hodisaning cho‘zilishi, surunkali tahlika odamning jismi va yuraginigina emas, balki ruhiyatini ham pajmurda qilib qo‘yishi hech gap emas.
Shahardanmi, boshqa qishloqdanmi uy sotib olib, ko‘chib ketishni ham ko‘p mo‘ljalladi. Lekin shahardan joy olishga qurbi yetmas edi. Boshqa qishloqqa ko‘chib borsa, yoshi bir joyga yetgan odam yot mahalla ahli bilan kirishib, singishib ketishi qiyin, qolaversa, u yerdagilar ham “Kim ekan?” “Qayerdan kelibdi?” “Nimaga o‘z yurtini tashlab chiqibdi?” deb so‘rab-surishtirmaydi, deysizmi?
Goho-goho, yovqarashlar, pisandalar, ta’nalar jonidan o‘tib ketganda qabristonga borardi-da, marhumning go‘riga bosh urib yig‘lar, undan afv etishini so‘rab yalinib-yolvorar, ruhining bezovta bo‘lmasligini, bolalariga tasalli berishini o‘tinardi. Jabrdiyda qasoschilar sal shashtidan tusharmikin, deb bir-ikki marta o‘g‘lidan mayda-chuyda o‘tkazib yubordi, lekin uni haydab solishibdi. “Otamning qotili bergan narsani yeyishdan hazar qilamiz, itimizga ham ravo ko‘rmaymiz” deyishibdi. O‘z qishlog‘ida ham to‘y-hasham, ma’raka-marosimlarga aralashishdan bezillab qoldi. Televizorda kino boshlanishi bilan o‘rnidan turib ketardi – odam o‘ldiriladigan sahna-holatlarni yuragi aslo ko‘tarmasdi. Ko‘chada boshqalar ham bir-birini nuqib uni ko‘rsatishayotganday, “anavi-da, falonchining qotili” deyishayotganday tuyulardi.
Nazarida endi unga birgina yo‘l qolgan, bu – dor ostiga eltadigan yo‘l edi.
Darchadan subhoni o‘rik tagigacha bo‘lgan so‘qmoq kalta, nari borsa, ikki-uch daqiqalik masofa edi, ammo ba’zan ana shunday qisqa manzilga yetib borish ham o‘ng‘ay bo‘lmasligini shu kuni fahmladi.
U esini tanigandan beri Xudodan jon qarzdorligini yodlab-o‘ylab, his etib yurar, baxtsiz hodisadan keyin esa bu hisobga bandasidan ham jon qarzdorligi qo‘shilgan edi. Bu ikki zil yuk uning yelkasidan tegirmon toshiday ezar, mahbuslar gardaniga solinadigan g‘ul singari qisib, erkin, bemalol qadam tashlashga, hatto nafas olishga ham monelik qilardi. Masjiddagi ma’ruzadan, izdihomdagi ta’na, tanbehdan so‘ng, endi o‘sha qiyomat qarzlarni uzish, majburiyatni zimmadan soqit etish muhlati yetib keldi shekilli, degan o‘y shuuridan ketmay qo‘ydi. Do‘ppini olib, bundoq o‘ylab ko‘rsa, jamiyatga, el-yurtga ham na o‘zi va na o‘g‘li tuzukroq bir naf yetkazmabdi. Lekin nazarida nabirasi oldidagi burch hammasidan muhimroq, hammasidan zarurroq edi. Ma’suma qiz o‘n-o‘n bir yoshidan boshlab, ya’ni yetti-sakkiz yildan beri unga sidqidildan xizmat qilardi. Uning bo‘yi yetib, turmushga uzatadigan palla yaqinlashib qolgan, ammo sep-sidirg‘asi, ularga qo‘shib beradigan hech vaqolari yo‘q, ichuvchi, ishi yurishmagan o‘g‘lining sabzifurushlik qilib topgani bo‘lajak kelinning hozirda urf bo‘lgan mebeli (devor shkafi), kiyim-kechagi tugul, ko‘rpa-to‘shagi, pardasiga yetishi ham dargumon. Shuning uchun yetmishdan oshgan odam yana belni mahkam bog‘lab, bozorga chiqib ketgan edi. Har qalay, bu sohadagi uquvi, ko‘p yillik tajribasiga ishonsa bo‘lardi. Bozorni-ku umuman tashlagani yo‘q ediku-ya, ammo shu paytgacha ermak uchun, vaqt o‘tkazish uchun yig‘inlarda kamroq qatnashish, mahalla-ko‘ydagilar, xususan marhumning yaqinlari nazaridan uzoqroq bo‘lish uchun shaharga borib, savdo qilsa qilib, yo‘qsa choyxonada o‘ziga o‘xshagan bekorchilar bilan valaqlashib, kunni kechkirtirib qaytib kelardi. Endi astoydil kirishmasa bo‘lmasligini anglagan, nevara-qizni bechora, o‘ksik holda tashlab bu dunyoni tark etish yana bir nomardlik, yana bir nohaqlik bo‘ladi, degan fikr­ga kelgan edi. Aksiga olib, biron tashkilot yo xo‘jalikda tuzuk-quruq ishlamagani uchun nafaqasi eng kam ish haqi miqdorida edi. Endi uydan sahar chiqib ketib, tong qorong‘isida bozorning katta, asosiy darvozasi oldida qishloqlardan yong‘oq mag‘izi, meva-cheva yo boshqa mahsulotlarini olib keladigan dehqon, bog‘bonlarni kutib turishadigan va yengil mashinalar yaqinlashishi bilan ularga ariday yopirilib, molni egasidan arzon-garovga, qariyb yulqib olishadigan haqiqiy olib-sotarlar – bozorning darvozasini ochib, kechasi berkitib ketadiganlar (yosh yigitlar, o‘rta yosh ayollar, katta erkaklar) qatoriga bir amallab (hammani ham sig‘dirishavermaydi) qo‘shilib oldi. Bu uning yoshiga, oppoq soqoliga, soxt-sumbatiga munosib yumush emasligini yaxshi tuyardi. Lekin boshqa qanday chora bor? Boshqa nima ham ish qilardi?.. Nima bo‘lsa ham chidaydi-da. Oson ovqat bormi? Hech yo‘q, mebeliga yetgulik mablag‘ to‘plab bersa, qolganini otasi qarz-havola ko‘tarib bo‘lsa ham amallar…
U xayolan o‘zi bilan o‘zi muzokara qilib, ikkilanib-ikkilanib, orqasiga qarab-qarab, sekin-sekin qadam bosar, ichki nimchasi ostidan beliga o‘rab bog‘lab olgan kanopdan to‘qilgan arqonni ushlab-siypalab qo‘yar va yana o‘zini, xayollarini taftish qilishga tushardi.
Xo‘p, men-ku bir bandaning hayotiga bilmasdan, tasodifan zomin bo‘libman, aslida, Xudo shohid, bunaqa niyatim yo‘q edi, yiqilib joni uzildi, faqat yiqilishiga mening shapalog‘im sabab bo‘lgan, deylik. Anovi “dohiy”lar-chi, million-million odamlarni bilib, atayin, qasddan qirib tashlashgan-ku?! Qanchalarini tirik­layin ko‘mib yo yoqib yuborishgan. Ular orasida yuz minglab begunoh norasidalar, ayollar, keksa-notavonlar bor edi. Yana qancha-qancha insonlar o‘sha podsholarning nobop-noqobilligi, nodonligi tufayli ochlikdan, qahatchilikdan o‘lib ketishdi. Shuncha odamning yostig‘ini quritganlar hech qanaqa jazoga tortilishmadi-ku?! To‘g‘ri, ularam niyatlariga yetishmadi – osmonga ustun bo‘lishmadi. Ularniyam ikki qo‘li boshida ketdi, begunoh odamlarni qirib-qaqshatib yiqqan boyligi, mol-dunyosi, “dong‘i” hech narsaga asqatmadi, lekin qilmishlariga yarasha azob-uqubat ham tortishmadi…
So‘qmoqda ham qadamini tezlatishga xalal beradigan narsalar ko‘p edi. Kecha kechki paytgi qattiq shamolda yong‘oq, o‘rikdan sinib, uzilib tushgan, o‘sha to‘zonda yopirilib to‘kilgan ho‘l-quruq yaproqlar ko‘rpasi orasida yarmi ko‘rinib, yarmi qo‘rinmay ayqash-uyqash bo‘lib yotgan chakalaksimon shox-shabbalar oyoqlariga botar, ularni chetga olib tashlash uchun hadeganda to‘xtab, egilishga to‘g‘ri kelardi. Boshqa mahal bo‘lganda bu o‘tin-cho‘plarni bir joyga yig‘ib qo‘yish lozim edi, kelini tutantiriqqa ishlatardi. Illo, hozir shoshib turar, o‘g‘li yo kelinining g‘isiragan tovushni eshitib, eshik tirqishidan yo devor osha mo‘ralab qolishidan xavotirda edi. Holbuki, mayda va siyrak yomg‘ir zarralarining bargu xazonlarga urilib zaif shitirlashidan o‘zga bir sas yo‘q, atrof tong oldidan bo‘ladigan zarif bir sokinlikka chulg‘angan edi. Lekin bu, yomg‘ir hidini inobatga olmaganda, ko‘ngilga xush yoqadigan osoyishtalik emas edi.
Birdan oyoqlari chalishib ketayotganini sezib, o‘zini tetiklikka soldi va yelkasi osha orqasiga bir hurkak nazar tashlab qo‘ygach, so‘qmoqni ehtiyotkorlik bilan tozalab, yurishda davom etdi.
Rutubatli kuz kunlari edi. Yomg‘irli izg‘irin nayzalari yupqa barra choponni teshib o‘tib, badanga tikanday sanchilar va seskantirardi. Shunga qaramay, bog‘dagi mevasidan yengillab, shoxlari tikkaygan o‘rik, shaftoli, anor daraxtlarining hali ivib ulgurmagan, kechagi shamolda omon qolgan, pushti, zardoli, oltin ranglarga do‘nayotgan yaproqlari yanada tozarib, yanada tiniqlashib, tovlanib, ko‘zni oladigan darajada chiroyli ko‘rinar, faqat kechagina olamni yashil libosga burkab dillarni yashnatib turgan, bandidan barvaqt uzilib, xazon nomini olgan barglarning, sarg‘ayib, uchlari yerga bosh qo‘ya boshlagan turfa xil ko‘katlarning oyoq ostida zorlanganday, qisirlab sinishi noxush, ayanchli eshitilardi. U yoqdan bu yoqqa yopirilib uchayotgan to‘sday qora qarg‘alarning hali qish kelishiga ancha vaqt bo‘lishiga qaramay qag‘illashida, ya’ni, odamlarning aytishicha, “qor, yog‘, qor, yog‘” deya o‘tinishlarida ilinj, umidvorlik borday tuyulardi. Bechoralar qor yog‘ib, go‘nglar ko‘milsa, aynan o‘zlariga qiyin bo‘lishini idrok qilmaydilar-da. Bu ularning nodonligidan bo‘lsa kerak. Har qanday jonzot faqat o‘z zimmasiga yuklangan, tabiati, fe’liga xos vazifani ado etadi-ku. Balki bunda ham bir sir, hikmat bordir. Ehtimol, balki ana shu nodonligi tufayli qarg‘alar uzoq umr ko‘rishar… Yerni qor bossa, jamiki qush-parrandalar iniga urib ketib, hamma yegulik ularga qolar…
Shuncha behisob jonivorlar ham umri bilan, rizqi bilan yaratilgan-a. Yana, qarg‘alarning turdoshu noturdoshlaridan haddan ziyod uzoq – taxminlarga ko‘ra, uch yuz yil yashashi-chi… Zerikib, to‘yib ketmasmikin hayotdan? Xudo bergan umrni yashaydi-da. Demak, zerikishga, hayotdan to‘yishga haqlari yo‘qligini his etishadi. Qolaversa, qushlar va boshqa jondorlar bir-birini o‘ldirishmaydi, chunki ularda aql yo‘q, bo‘lsa ham, kam, ammo fahm bor. Demak, bir-birining qonini to‘kish – aqlli zotlarga xos bu fe’l, bu qismat faqat bandalarga ato etilgan…
Xullas, bir necha daqiqada yetib boriladigan so‘qmoq shu tariqa bugun juda cho‘zildi. Yana, yo‘lning yarmida oldidan kesib o‘tayotgan chipor ilonga ko‘zi tushib bir seskandi. Gazanda ham to‘xtab, bahaybat jonivorga ajablanganday qaradi va sira pisand etmay, keng og‘zidan pilikday cho‘zilib chiqayotgan ingichka, ayri tilini o‘ynatib bir zum turgach, vishillagancha, zipillab xazonlar orasiga singib ketdi. Badbaxt saharlab qayerdan kelyaptiykin? Buncha tajang bu? Yomg‘ir kuchayadi shekilli… La’natining dum-pumini bosib olmay deb oyog‘ini chekaroqqa tashlagan edi, qandaydir to‘ngakka qoqilib, munkib ketayozdi. G‘ijindi. “Ilon – xosiyatsiz maxluq” deb yandi ichida. Bu ham yetmaganday, yaqin atrofda boyo‘g‘li cho‘zib “quv-quv”ladi. Bu sado unga kinoyaday eshitildi (Balki bu ukkining shu tundagi so‘nggi qichqirig‘idir). Shu kecha u tonggacha deyarli mijja qoqmagan edi. “O‘limga shoshmasang ham bo‘lardi, – ko‘nglidan o‘tardi uning. – O‘zi, baribir to‘ringdan go‘ring yaqinligi ayon, yashaydiganingni yashab qo‘yding, yana qanchayam umr ko‘rarding, oshiqmasang ham, joningni olgani hademay kelib qolishardi…” Baribir osmonga ustun bo‘lmasligi aniq. Ertagami, bir yildan keyinmi, qachondir yorug‘ dunyo bilan vidolashadigan kun keladi-ku. Aslida melisa qo‘liga kishan urib olib chiqib ketgan paytdanoq hayotidan fayz, mazmun yo‘qolgan: temir idishda darchadan uzatib berganlarini (faqat odamning sovug‘ini oshirib, jig‘ildonini qaynatadigan, kekirtiradigan ovqatlarni) yeb-ichish (xuddi hayvonot bog‘idagi yo boshqa qafasdagi hayvonlarga o‘xshab, lekin u jonivorlarning har biriga ta’biga qarab, maxsus yegulik tayyorlab beradilar. Ularning har birini hafsala bilan, mehr bilan parvarishlaydilar, chunki ular jamiyatga, odamlarga zarur; mahbuslarga esa – hammasiga bir xil yemish – xohlasang ham, xohlamasang ham shu…) bilan nafsi balosining ehtiyojini qondirib, buyurilgan, zimmasiga yuklangan ishlarni o‘lganning kunidan, qo‘lining uchida bajarib, kunlarini muayyan tartib-intizom asosida va zug‘um ostida o‘tkazishdan iborat umrning qanday mazmuniyu qimmati bo‘lishi mumkin?
Salkam o‘n besh yil shunday kun kechirdi. Ha, kun kechirdi, yashagani yo‘q. Qamoqda odamning dili doim g‘ussayu, anduhga to‘lib turaveradi, ichi hech ilimaydi, yuragi hapriqmaydi, kulgi, tabassumi zo‘raki va qisqa bo‘ladi, sherigiga, suhbatdoshiga zavq bermaydi, yuqmaydi. Tong ottirish esa turgan-bitgani azob: afsuslar, pushaymonlar, nadomatlar kiprik qoqtirmaydi – tepangda devaylab turib oladi, bigiz o‘qtaladi, holi-joningga qo‘ymaydi. Birgina maroqli, umidbaxsh mashg‘ulot, ermak – kun sanash, oy sanash. Mahbuslar bu musibat makonini haftaning qaysi kuni tark etishlarigacha hisoblab chiqishardi. Yana, tuynukdan yulduzli osmonga (havo ochiq kechalari) tikilib, o‘zni chalg‘itish… edi. Xayriyat, g‘urbat qo‘rg‘onidan, zulmat, iztiroblar, tahqirlar, tahdidlar iskanjasidan xalos bo‘lib, tund basharalar, o‘qraygan ko‘zlardan qutuldim, desang, bu yoqda… Shu alpozda yashab nima huzur-halovat ko‘ryapti? Uzun kechalarni qisqartirishga sherik bo‘ladigan hamdard, hamtun xotin ham yo‘q. Bittagina o‘g‘ilning ahvoli bu – ora kunda ko‘zlariga qon to‘lganday, qizarib-bo‘zarib kelib, asabini buzadi. Ertalabdan kunni kechkirtirishning g‘ami, tashvishi bosadi. Izdihomlarda kulishib, yayrab o‘tirolmasang, to‘rtta odamga dadil qo‘shilolmay, hamsuhbatlaring yuziga tik qarolmay, bir nima deb qolarmikin deb, xavfsirab, hadiksirab tursang… Shu hayotmi? Birovdan tiling qisilmay, yuzing shuvit bo‘lmay, qaddingni g‘oz tutib yashasang tuzuk. Aks holda… Bozor ham jonga tegdi. Qarigan chog‘ingda bolang, nevarang tengi, pulning, foydaning oldida otasidan ham kechib yuboradigan surbetlar bilan mol talashib, daxshanda bozor ayollariga masxara bo‘lib yurish odamning hamiyatiga tegar ekan. Buning ustiga, yuragi ham qachondan beri qisadi, sal ildamroq qadam tashlasa, sal og‘irroq yuk ko‘tarsa, sal keskinroq harakat qilsa, hansiraydigan, harsillaydigan bo‘lib qolgan. Olamda haqi tugab borayotganidan belgi emasmi bular?.. Yo‘q, bir kun, bir soat, bir daqiqa bo‘lsa ham unga belgilangan muhlatdan ilgariroq, o‘z ixtiyori bilan omonatni egasiga topshirishi kerak. U dunyoga yelkasida shunday og‘ir yuk bilan qanday boradi? Yaratgan Egam “Men bandamga qarzga bergan jonni nega olding? Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, yuraverdingmi?” desa nima deb javob beradi? “Lekin janoza-chi, janoza nima bo‘ladi?” Janozani baribir o‘qishadi. Shayton vasvasaga solgan deyishadi. Bunaqa ishlar undan avval ham bo‘lgan. Balki chindan o‘sha iblis uni avrayotgandir. Yo, ehtimol, yozug‘i o‘zi shundaydir. Balki shu ishidan keyin o‘g‘li ham hushyor tortib, bemaza odatlariga chek qo‘yar, unda otaga nisbatan achinish va shafqat tuyg‘usi uyg‘onib qolar. Ich-etini yeyishdan, tavqi la’nat alamlaridan, yuzi qoralikdan xalos bo‘lsa, balki o‘zining ham ruhi yengil tortar… Yo, yengillamasmikin? Yanada ko‘proq jabru jafolar tortishi kerakmidiykin? Ammo qachongacha davom etadi bu?.. Ha-da, axir u ham atay qilgani yo‘q edi, birovni o‘ldirishni xayoligayam keltirmagandi. Inson bolasining jon taslim etishi shu qadar oson bo‘lishini ko‘rib o‘ziyam hushidan ayrilayozgan edi o‘shanda. Bor-yo‘g‘i gap talashib qolishgan edi. “G‘irromlik qilding!” “Sen g‘irromlik qilding!..” – Qartabozlar uchun odatiy ibaralar. Qarta o‘yinining mohiyati o‘zi g‘irromlikdan iborat-ku. Ayvondagi chorpoyada o‘tirishgan edi. Tikkalashib ketishdi. Ikkovi ham ancha qizib olishgandi. Yerga tushishdi. Jo‘ralar, har doimgiday, oshxo‘rlik qilib o‘tirishuvdi. Boshqalar “hay-hay”lashdi, lekin jiddiy e’tibor berishmadi. Birpaslik dahanaki jang deb o‘ylashdi. Haqiqatan ham “jang” uzoq davom etmadi. Ayvon poydevori baland, sahn esa ancha past edi. U mushtga javoban shapaloq tortdi – shapalog‘i kengroq, dag‘alroq edi – o‘smirligida, yoshligida ancha-muncha mushtlashib turardi – raqibining ayvondan pastga chalqanchasiga qulayotganini ko‘rib turdi, gursillab tushganini eshitdi. Hozir o‘rnidan turib ketadi, deb xayolladi. Biroq u negadir o‘rnidan turavermadi, pitirchilamas, qimirlamas ham edi. Irg‘ib tushdi. Raqib eshitilar-eshitilmas xirillab nafas olayotgan edi. Yengil mashina topish qiyin bo‘ldi. Qishloqlarda avtoulov kam edi u paytlarda. Tumanga yetkazib borisholmadi, yarim yo‘lda uzilib qoldi. Keyin sud-tibbiyot tahlilida ayon bo‘ldi – beton zinaning qirrasiga tekkanida bo‘ynidagi allaqanday tomir uzilib ketgan ekan. Bunga achinmabdimi, afsuslanmabdimi? Shapaloq tortganiga pushaymon bo‘lmabdimi? Qarta, qimor degan balolarni o‘ylab topganlarning ajdodu jaddodlari sha’niga “yog‘li” haqoratlar yog‘dirmabdimi? Ichkilikka ruju quygani uchun o‘zini o‘zi la’natlamabdimi?.. O‘n to‘rt yilu, yetti oy afsuslandi, anduh chekdi. Shuncha umri turmaning nimqorong‘i, zax xonalarida hayf ketdi-ku. Bu jazolar kammi? Aslida qisqaroq muddatga hukm qildirishning yo‘li, chorasi ham bor ekan, qamoqda aytishdi: ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyat deb, hatto “O‘zini himoya qilgan” degan modda qo‘yish ham mumkin ekan. Raqibi avval qo‘l ko‘taruvdi, bunga guvohlar ham bor edi. Lekin bu narsalar uning xayoligayam kelmagan o‘shanda. Advokat yollashni ham bilmabdi. “Ha, shunaqa bo‘ldi, aybdorman”, deb bo‘ynini qisib turavergan. Avaxtadan qutulib chiqqach qanchalar suyungan edi! Ammo mahallada marhumning o‘g‘liga, to‘g‘rirog‘i, uning nafrat to‘la nigohlariga ko‘zi tushgan chog‘dan butunlay bitmagan, faqat yuzasi qotgan yaralarning ochilib ketganini, bu jarohat azoblaridan, malomatlardan qutulish qiyinligini ham, chidashga, tishini tishiga bosib sabr qilishga majburligini ham anglagan edi. Lekin chidashning ham oxiri borligini, sabr kosasi ham bir kuni to‘lishini, shunda dunyo tashvishlaridan, adog‘i yo‘q iztiroblardan bezgan ojiz bandaga faqat bir chora – hamma narsaga etak silkish imkoni qolishini, hatto jonning ham ortiqchalik qila boshlashini o‘ylamagan ekan… Ammo… U hozir shimining pochalari shudringdan shilta bo‘lganini ham payqamasdi. O‘rik ostiga yaqinlasharkan, tizzalari qaltirayotganini sezdi va nigohlari bilan kecha qo‘l-oyoqlari tirnog‘ini olish bahonasida qoldirib chiqqan qo‘lbola kursichani qidira boshladi. Kursicha negadir ko‘rinmasdi. Belidagi arg‘amchini yechishga tutingan barmoqlari titrar, yuragi esa besaranjom gupillardi.
Yomg‘ir tezlab borar, u juda mayin, yoqimli va… huzurbaxsh edi.

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 8-son