Qamchibek Kenja. Eron bo‘ylab (lavhalar)

MASJIDDA TUNALGAN KEChA

Soat bizning vaqtimiz bilan kechki olti yarim, Eronda besh (o‘n yetti) bo‘layotgan edi. Rahbarlar ketib qolishgan ekan. Navbatchilar pasportlarimizni shoshilmay, sinchiklab, ancha muddatda tekshiruvdan o‘tkazishdi. Eng asosiysi, avtoulovni rasmiylashtirish ko‘p fursat talab etardi. Shuning uchun avtobusimiz bojxonada qoladigan bo‘ldi. Oqsoqollar va ularning mahrami asrorlarini Saraxs shaharchasiga kuzatdik. Qolgan uch og‘ayni botir «Otayo‘l» ichida tamaddi qilgach, Ilhomjon mashinada qoldi, boshqa gapga zinhor ko‘nmadi (unga yuklatilgan mas’ul vazifalardan biri — avtobusni ko‘z qorachig‘iday asrash edi). Muhammad Sodiq ikkimiz safar to‘shaklarimizni ko‘tarib, hovli o‘rtasidagi haybatli masjidga kirib ketdik. Devorlarga Eron xalqi va hukumatining buzurglari Oyatillo Humayniy bilan Muhammad Hotamiylarning yirik suratlari osilgan, polga bir xil qaymoqrang gulli, qalin sheroziy gilamlar to‘shalgan. Kun chiqish tarafida teatrlarning orqa lojasiga o‘xshagan boloxona bo‘lib, uning oldi kulrang mato bilan to‘sib qo‘yilgan, bu xonai xos — ayollar namozgohi edi…
Sahar turib qarasak, avtobus oynalarini oppoq, qalin muz-qirov qoplabdi, motor ishlatib qo‘yilgach, anchadan keyin eridi.
Saraxsga ketgan hamrohlarimiz kelishdi.
Bojxonachilar bizning vaqt bilan soat to‘qqizdan ish boshlashlari kerak edi, ancha o‘tdi, bizga zarur kimsalardan darak yo‘q. Kutayapmiz. Saraxs, demakki, Mashhad tomondan yuk ortilgan ulkan va poyezd vagoni kabi uzun mashinalar qatorlashib kirib kelmoqda.
Tanish dasht oralab Mashhad sari ketdik. Afg‘onistonda ko‘rganim — tepa qismi qal’ani eslatuvchi tog‘lar silsilasi bu yoqda ham bor edi. Davrdosh, qismatdosh tog‘lar bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
Ko‘cha soz va ozoda, tog‘lar, adirlar giyohli, istarali. Yonboshdan yana yangi, g‘oyat puxta yo‘lga hozirlik ko‘rilmoqda edi.
Har o‘n chaqirimda yo‘l ko‘rsatkich lavhalar, ustunlar.
Shuncha uzoq — ikki yuz kilometrdan ziyod masofada solyarka bo‘lmadi. Bir yonilg‘i quyish shaxobchasi uchradi-yu, u ham berk ekan.
Har safargiday, Mashhadga oqshom tushganda, ammo chiroqlar ko‘chalarni, shaharni charog‘on qilib turganda kirib bordik.

MAShHAD. IMOM RIZO VA UNING HARAMI

2004 yil, 24 dekabr, chorshanba

Ertalab mashvarat, ya’ni qisqa majlis bo‘ldi. Umumiy tartib-qoidalar, kelgusidagi rejalar, xususan, shu bugungi dastur, iqtisodiy-moliyaviy masalalar yana bir karra muhokama qilindi, fikrlashib olindi.
Opalar mehmonxonada qolishdi. Boshqalarimiz Imom Rizo haramiga jo‘nadik.
Hamma ko‘chalarning ikki betidagi zich do‘konlar yanada qalinlashgan, binolar chiroyli peshtoqlaridagi nom-lavhalar, reklamalar quyuqlashgan, go‘zallashgan. Do‘kon ichlarida mol bisyor, rang-barang va xilma-xil.
«Mashhad»ning asli lug‘aviy ma’nosi «shahidlar qoni to‘kilgan joy», «shahid bo‘lgan joy» degani, ammo endilikda u mulki tijoratga aylangan, shahar katta bozoru, ahli faqat oldi-sotdi bilan shug‘ullanadiganday taassurot uyg‘otadi odamda.
Mashhad — hayratlar shahri! Zero, u mamlakat viloyatlari ichida eng kattasi va mashhuri bo‘lmish Xuroson muzofotining markazidir.
Shahar haqida avvalgi safarnomalarda qisman to‘xtalib o‘tgan edim. Kitobxonlarimiz e’tiboriga yana shularni havola qilish mumkin: Mashhad ham ancha qadimiy shaharlardan bo‘lib, bu nom dastlab X asr arab jug‘rofiyunlarining asarlarida tilga olingan. Undan avval Mashhad o‘rnida Sanobod degan qishloq bo‘lgan. XI-XII asrlarda g‘aznaviylar va saljuqiylar hukmronlik qilishgan. XIII asr oxirlarida shaharga mo‘g‘ullar hujumidan jiddiy shikast yetgan. Temuriylar, safaviylar davrida Mashhad har jihatdan ravnaq topgan. 1736-47 yillarda Nodirshoh davlatining poytaxti bo‘lgan. 1795 yili shaharni kajorlar egallagan. Shaharda Imom Rizo haramidan tashqari, Gavharshodbegim masjidi, Madrasa, karvonsaroylar, Nodirshoh maqbarasi va boshqa arxeologik yodgorliklar, tarixiy obidalar saqlanib qolgan.
Darvoqe, «Boburnoma»da keltirilishicha, Mashhadda bir qancha muddat Sulton Husayn Mirzo (Boyqaro)ning o‘g‘li, Bobur Mirzoning yaqin jigarlaridan Haydar Mirzo ham hokimlik qilgan.
Alalxusus, Imom Rizo kim bo‘lgan? Avvalo, mazhab haqida. Shariatimizdagi mazhablar diniy huquqlar, yo‘nalishlar, vazifalarni belgilab beradigan oqim, ta’limot mazmunidan vujudga kelgan. Hozir sunniylikda to‘rtta – hanafiya (asoschisi Abu Hanifa -Imomi A’zam), molikiya (asoschisi Molik ibn Onas), shofi’iya (asoschisi ash-Shofi’iy), hanbaliya (asoschisi Ibn Hanbal), shialikda esa bitta — Ja’fariya (asoschisi Ja’far as-Sodiq) mazhablari mavjud.
Sunniylik «sunna» so‘zidan olingan bo‘lib, an’ana, xatti-harakat tarzi degan ma’nolarni ifodalaydi va Muhammad payg‘ambarimiz so‘zlari, ya’ni hadislari, sa’y-harakatlariga asoslangan yo‘nalishdir. Mutaxassislarning hisoblariga ko‘ra jahon musulmonlarining qariyb to‘qson foizini sunniylar tashkil etadi. (Sunniylikda choryorlar (to‘rt do‘st) — Abu Bakr, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib Muhammad payg‘ambarimiz davlatining qonuniy vorislari, davomchilari hisoblanadi). Qolgan o‘n foiz ham sunniylar kabi Qur’oni karimni ilohiy deb e’tirof etsalar-da, xalifalar davrida uning ayrim qismlari tushirib qoldirilgan deb hisoblaydilar va faqat Hazrati Ali va uning avlodlarini, shu jumladan, o‘n ikki imom hokimiyatini tan oladilar. Xalifa Ali bilan Fotima (Muhammad alayhissalomning qizi)dan tarqalgan, islomning qonuniy rahnamolari deb hisoblanuvchi imomlar sulolasi quyidagilardir: 1. Ali ibn Abu Tolib. 2. Hasan. 3. Husayn, 4. Zayn al-Obiddin Ali. 5. Muhammad al-Bakir. 6. Ja’far as-Sodiq. 7. Muso al-Kozim. 8. Ali ar-Rizo. 9. Muhammad at-Taqiy. 10. Ali an-Naqiy. 11. Hasan al-Askariy. 12-imom Muhammad al-Mahdiyni yashiringan (dunyoviy ilm kitoblarida g‘oyib bo‘lgan) deyiladi va zamona oxirida yerga qaytib kelib, adolatli tuzum o‘rnatadi, deb hisoblaydilar.
Mashhad shahrining muqaddas ziyoratgohga aylanishining asosiy sababchisi, o‘n ikki imomning tartib bo‘yicha sakkizinchisi, mana shu, biz haramini hayrat bilan tomosha qilayotganimiz Ali ar-Rizo (Ali ibn Muso ham deyiladi) sakkizinchi asr oxiri va to‘qqizinchi asr boshlarida Madinada yashagan. Kitoblarda yozilishicha, xalifa al-Ma’mun shialar bilan yaqinlashib, ular yordamida hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Ali ar-Rizoni taxt vorisi deb e’lon qiladi. Sunniylar bunga qarshi chiqadilar. Ko‘p o‘tmay Ali ar-Rizo Xurosonning Tus shahri yaqinida zaharlab o‘ldirilgan va Sanobod qishlog‘iga dafn etilgan. Keyinchalik uning qabri ustiga maqbara barpo etilgan va qishloq uning sharafiga Mashhad Ali Rizo (Ali ar-Rizo shahid bo‘lgan joy) deb atala boshlangan, oradan yillar o‘tib Mashhad nomidagi yirik shaharga aylangan.

Ilhomjonning Mashhadga, Imom Rizo harami ostonasiga beshinchi bor qadam ranjida etishi, lekin biror marta yodgorlik ichiga kirmagan, ziyorat qilmagan ekan. (Boyaqish mashinani poylaydi-da). Bu gal ham shunday qarorga kelinayotgan edi, men ko‘riqchilikdek sharafli vazifani zimmamga olib, o‘z vakolatimni kamtarin va kamsuqum safardoshimizga berdim. Uning chehrasiga mamnunlik rangi yugurganini ko‘rib, o‘zim ham xushnud bo‘ldim.
Mashina ko‘p, qatnov, tig‘iz, haydov shitob — haramga kirib-chiquvchilar oqimining oxiri yo‘q. Xususan, ayollar ko‘p — bari qora ridoda. Boyaqish ojizalar… kamiga qo‘lqop ham kiyib olishgan.
Majmua hududi katta — bir necha gektar bo‘lsa kerak. Uni xotirjam, astoydil aylanaman desangiz, Mashhadda bir necha kun qolish kerak bo‘ladi.
Ziyoratgoh bilan yondosh Imom Rizo maydoni mavjud. U ham keng, undan chor atrofga yo‘llar ketgan. U yoqdan-bu yoqqa g‘izillab yurgan mashinalarni ko‘rib boshingiz aylanadi. Maydon tagidagi yer osti ko‘chalarida esa aqlingiz shoshadi: tepadagi kabi doira yo‘l, har yer-har yerdan o‘ngga yurib, xuddi sportloto koptogiday chetga — yuqoriga chiqib ketiladi. Orqaga qaytish mumkin emas, buning iloji ham yo‘q. Biz ham uch martacha aylanib o‘tib, haramning asosiy kirish darvozasiga olib chiqadigan burilishni arang topib oldik. Chunki qatnov bir necha qat, tez, shiddatli, fors va ingliz yozuvi va tillaridagi osma lavhalarni — yo‘l ko‘rsatkichlarni o‘qib, anglashga ulgurish qiyin.
Haram tevaragida qad ko‘targan temir havozalar ziyoratgoh kengaytirilayotganidan dalolat beradi.
Nazorat rastalari avvalgi safar ko‘rganimizday: «devorlari» matohdan, chor burchakli chodirsimon «xona»chalar. Erkaklar alohida, ayollar alohida «xona»dan o‘tishadi. Tekshiruvchilar qo‘ltig‘u cho‘ntaklaringizni paypaslab turishadi. Fotoapparat, videokamera olib kirish qat’iyan taqiqlangan.
Avtobus atrofida aylanib yuribman — vazifa o‘ta mas’uliyatli. Xiyladan keyin Muhammad Sodiq haramning bir xodimi bilan chiqib, covg‘a-salomlar va «Usmon qur’oni» kitobining mikrofilmini olib kirib ketdi.
Haram ziyoratidan chiqib, Jom qishlog‘iga jo‘nadik — «Shohnoma» asarining muallifi Abulqosim Firdavsiy qabrini — «Oromgohi Firdavsiy»ni ziyorat qilgani. Ilgari ikki yoni asosan tutqator bo‘lgan yo‘l kengayib, o‘zgarib ketibdi, qurilishlar, yangi binolar ko‘p edi. Darvoqe, Jomni endilikda Tus shaharchasi deyiladi — u Mashhadning g‘arb tomonida.
Firdavsiy bir zamonlar o‘z yurtiga sig‘may, darbadarlik hirqasini yelkasiga tashlab chiqib ketgan edi, endi uning sharafli nomini ulug‘ shoir qabr-maqbarasini tavof aylamoqqa kelgan ming-minglab insonlar yod etmoqda.
Muhammad Sodiq telejurnalist do‘stimiz Farrux Rasulovdan ham sinchkovroq chiqib qoldi. U qo‘liga tushgan narsa borki, obdon kavlab, ichki sir-asrorini to‘la o‘rganib, tuzukni ishdan chiqarib, buzuqni o‘nglamaguncha qo‘li ham, ko‘ngli ham tinchimasdi. Rahbarning fotoapparatini buzib, xiyla ta’zir yeb edi, ammo etagi hazil-huzulga (ko‘pchilik yaxshi-da) aylanib, tanbeh tig‘ining dami o‘tmaslashdi. Qolaversa, u beg‘araz, samimiy inson, dili kibru g‘ubordan xoli, yugurib-elib xizmat qilib yuribdi. Birgina shaxsning tarjimoni bo‘lishlik qanchalar og‘ip, zahmatli yumush. Olti kishiga tilmochlik qilishni ayting. Yana, hammasi har xil toifa… Buning ustiga, u avval ham ekspeditsiyaning bir necha safarida ishtirok etgani uchun rahbarning fe’lu odatlarini, uning jahli ko‘pga cho‘zilmasligini tushunib qolgan edi.
Safarda yuzni qattiqroq, oriyatni sal yumshoqroq tutib yurgan ma’qul. Aks holda, uzoqqa borish qiyin. Safardagi askiya, hazil-huzullarda yosh uncha inobatga olinavermaydi, amal, martaba ham…
Opalar palov damlashdi. Bir lazzatli bo‘libdi. Eron turpi ham Andijon oshiga xo‘p aytarkan-da!
Rejamizda atoqli turkman shoiri Maxtumqulining qabrini ziyorat qilish mo‘ljali ham bor edi. Bobur ekspeditsiyasi uchun buyuk zotlarning millati, tug‘ilgan joylari emas, ularning ma’rifiy-ijodiy faoliyati, ilmu fan rivojiga, Sharq, umumjahon madaniyatiga qo‘shgan hissasi muhim! Qolaversa, bilim va zakovatini mukammallashtirish maqsadida Movarounnahru Xurosonning ko‘pgina ma’lum va mashhur shaharlarida bo‘lgan adibning yoshligida Xiva, Buxoro bilan bir qatorda Andijondagi madrasalardan birida tahsil ko‘rganligi ham biz uchun alohida e’tiborga molik dalildir. Shoirning badiiy tasvir vositalari Farg‘ona vodiysiga xos iboralar, ramzlar, ko‘chirimlar bilan boyitilgan ayrim she’rlari Andijonda istiqomat qilgan vaqtlarida yoki o‘sha davrlarning xotiralari, taassurotlari asosida yozilgan, deb taxmin etish mumkin.
Xullas, Maxtumquli ham o‘z vatani, elidan mosuvo bo‘lib, ma’rifat va ziyo izlab yurtma-yurt kezgan siymolardan. Shoir qabrini Eronning mashhur Mozandaron shahrida, Mashhaddan yetmish chaqirim narida, deb eshitgan edik, undoq emas ekan, 500-550 kilometr atrofida ekan. Surishtirganimizda u yerga Gurgon (Astrobod) shahri yaqinidagi Oq qal’a orqali ham borish mumkin, deyishdi. Oq qal’aning imom-xatibi Muhammad Sodiqqa tanish ekan, mehmonxona telefonidan mulozimlar yordamida qo‘ng‘iroq qilib gaplashdi.
Masofa ham, vaqt ham ketmoqda — Mashhadgacha ikki ming kilometr yurib, muddatning, umrning besh kunini sarflab ko‘ygan edik. Yo‘nalishlarni o‘rganish muammosi tug‘ilib, menga Eron xaritasini topib kelish topshirildi. Ko‘chaga chiqdim — yo‘l bilmayman. Xarita sotadigan do‘kon qayda, xaritani nima deyishadi — so‘rolmayman — gungman. Xullas, ancha qidirib, do‘konni topdim, imo-ishora bilan xaritani sotib oldim.
1 dollar –830-840 tuman — 8300-8400 riyol, ya’ni 1 tuman — 100 riyol.
Mehmonxonaning uncha katta bo‘lmagan qabulxonasi — kutish zali devorlarida ham eronliklar dahosi, piri Ruhullo Humayniy, mamlakatning hozirgi diniy, oliy rahbari Said Ali Hameniyning ulkan suratlari osib qo‘yilgandi. Prezident Said Hotamiy rasmi negadir kamroq.
Kecha charchab, dong qotib, uxlab, tuni bilan mashina qatnovi tinmasligini bilmagan ekanmiz, shekilli. Bezovta bo‘lib uxladim. Ertalab Muhammad Sodiq bilan Ilhomjon ham (uchovimiz xonadosh edik) vujudlarining ezilib ketganidan shikoyat qilishdi. Menimcha, sharoitning azbaroyi yaxshiligidan. Avtobusda tosh yo‘llarda silkinib yurgan badanlarga bu yerdagi parqu to‘shaklar o‘ta yumshoqlik qilyapti, chog‘i.

2004 yil, 25 dekabr, payshanba

Kecha Zokirjon aka Imom Rizo majmuasidagi «Ostoni quds» («Muqaddas ostona») kutubxonasida «Xatti Boburiy»dan nusxa olishni iltimos qilganida kutubxona mutasaddilari yuqori mahkamalardan so‘rab ko‘ramiz, deyishgan ekan, bugun yana bordik.
Nazorat maskanlaridan chiqilgan joyda, haramga kiraverishda ichkariga o‘tgan ziyoratchilarga bir-ikki donadan konfet ulashib turishardi. Surishtirib bilsak, bugun Imom Rizo singlisining tavallud kuni ekan.
Kitobxonada 2000 yili bizni Qur’on muzeyigacha kuzatib qo‘ygan, shaxsan menga hamroh, bo‘lib, g‘alcha-nazoratchi huzuriga borgan odamni ko‘rib qoldim — uni pastak, g‘o‘lasimon gavdasidan, oldi tomoni siyraklasha boshlagan, kalta kuzalgan moshguruch sochidan tanidim. U ham bizni eslagandi, jilmayganicha qo‘l uzatib: «Shomurodiy, sizlarchasiga Shomurodov», deb hazillashdi.
Lekin, bu tashrifimizning ham samarasi naqd bo‘lmadi.
«Qisqa fursatda kitobdan nusxa ko‘chirib berish imkonimiz yo‘q, agar Mashhadda ko‘proq tursalaringiz tayyorlab qo‘yishimiz mumkin», — dedi kutubxona mudiri og‘oi Mirjova go‘yo taassuflangan ohangda.
Hayotiy tajribasi mo‘l, nozik holatlarni nozik his qiladigan Zokirjon akada hamisha ehtiyot shart fikr, chora bo‘lardi.
– Xo‘p, necha kun muhlat berasizlar bizga? — deb so‘radi u buyurtmachilik huquqini kutubxonachilarga in’om etib.
– Kam deganda o‘n besh-yigirma kun… — deyishdi.
– Va’dalaringizga umid qilsa bo‘ladimi? — so‘radi rahbar sal bo‘shashganday.
– Bizning siyosatimiz — ayni diyonat, diyonatimiz — ayni siyosat, — deb o‘zicha lutf qildi Mirjova janoblari. U har qanday ekspeditsiya ham bir shaharda shuncha uzoq muddat turolmaydi, deb o‘ylardi.
– Bir oy desangiz ham kutamiz, — dedi Zokirjon aka qat’iy. Zero, rahbarning ushbu ekspeditsiyadan ko‘zda tutgan asosiy maqsadlaridan biri ham Bobur Mirzoning ana shu tabarruk asarini qo‘lga kiritishdan iborat edi. Qolaversa, biz keyingi mamlakatlarni aylanib kelgunimizcha bir oydan ham ko‘proq fursat o‘tishi aniq edi.
Kutubxonaning iltifotli farmonbardorlari bir-birlariga qarashdi. Ular rahbarning dangalligi, qaytmasligiga hayratlarini yoki «endi bu yog‘i nima bo‘ldi?», degan savolni bir-birlariga so‘zsiz izhor etishdi, chamasi. Zokirjon aka xuddi shu joyda mubohasaga nuqta qo‘yilganiga shama qilganday, mezbonlar bilan tezgina xayrlashdi.
Xullas, peshindan keyin, soat uchlarga yaqin otlandik. Mehmonxonaning ish yurituvchisi Muhammad Nosir shahar tashqarisigacha olib chiqib, yo‘lni ko‘rsatib yubordi.
Nishopurning eski yo‘li yangi ko‘cha bilan anchagacha yonma-yon bordi-da, keyin o‘ngga burilib, bir bog‘ ichiga kirib ketdi.
Yomg‘ir sevalay, yo‘q, zarralay boshladi, keyin savalashga o‘tdi va bir kuchayib-bir susayib, oxiri qorga aylandi.
Daraxtzor ichidan boshlangan yo‘l dasht, tog‘lar oralab davom etdi. Tog‘likdan tushganimizda qor yo‘q edi, yana ozgina yurganimizda bulutlarni yirib-yirtib quyosh yiltilladi-da, ko‘p o‘tmay charaqlab ketdi. Xullas, bir yo‘lda, bir necha soat mobaynida qish va kuz havolariga shohid bo‘ldik.
Bevazan (tul xotin), Mashhad, Aliobod, Muhammadobod, Ishratobod, Husaynobod qishloqlaridan o‘tdik. Chindan-da, obod, sarishta maskanlar edi. Ammo, har to‘kisda bir ayb deganlariday, yonilg‘i quyish shoxobchasi uchramasdi. Nishopurga kiraverishda bor-u, navbat katta ekan, o‘zbekchasiga «yonbosh»dan borib quydirib oldik.

NIShOPUR

Eronning shimoli-sharqiy qismida, Xuroson ostonasida joylashgan ushbu shaharga uchinchi asr o‘rtalarida asos solingan, nomi Shopur-1 yoki Shopur-2 ismi bilan bog‘liq deyiladi manbalarda (tarixiy asarlarda «Naysaburi» ham yoziladi). Yettinchi asr o‘rtalarida uni arablar egallagan. To‘qqizinchi asrda Tohiriylar, X asrda Somoniylar davlatiga qaragan, XI-XII asrlarda Saljuqiylar qarorgohi bo‘lgan. So‘ng shaharni o‘g‘uzlar vayron qilishgan.
Ha, Nishopur ham Balx kabi, Bomiyon kabi jabrdiyda shahar. Manbalarda bitilishicha, yovuz mo‘g‘ul bosqinchilari 1221 yilning ayni bahorida bog‘u gulzorlar chaman-chaman gul ochgan, yerdan rizqu ro‘z tafti kela boshlagan bir pallada Nishopurga bo‘ri galasidek yopirilib kiradi. Shaharni ishg‘ol etish paytida halok bo‘lgan har bir sarkardaning o‘chi, qasosi uchun to‘rt yuz hunarmanddan boshqa hammani tig‘dan o‘tkazadilar, shaharni yer bilan yakson etib, o‘rnini shudgorlab tashlaydilar.
XIV-XV asrlarda shahar qayta tiklanadi.
Shuhrati Balxdan qolishmaydigan, bir zamonlar Xuroson poytaxti bo‘lgan Nishopur va uning atrofida tabiiy va qo‘l mehnati bilan bunyodga keladigan boyliklar ko‘p, masalan, shaharga yaqin joyda feruza koni mavjud. Ammo, biz — ma’naviyat kishilari uchun Nishopurning eng katta boyliklari — Umar Xayyom va Farididdin Attor kabi buyuk siymolari aziz va qadrliroqdir. Shuningdek, bu fayzli shaharda yurtdoshimiz — shoir, olim va musavvir Adib Sobir Termiziy (XI asr) ham ko‘p yillar istiqomat qilgan, taniqli davlat arbobi, ma’rifat homiysi, al-jabr va ilmi nujum olimi Abulqosim Ali binni Ja’far tomonidan qurilgan rasadxonada ishlagan.

UMAR XAYYoM

Hakim, faylasuf, riyozatchi-munajjim, shoir Umar Xayyom — Fiyocuddin Abdulfath Umar ibn Ibrohim (XI asrning ikkinchi yarmi, XII asr boshlari) Nishopur, Balx, Buxoro, Samarqand, Isfahon shaharlarida o‘qigan, ilmu fanning juda ko‘p sohalari bilan izchil shug‘ullangan. Masalan, Isfahon rasadxonasi olimlariga rahbarlik qilib, bu yerda al-jabr, falakiyot bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan. «Al-jabr va al-muqobala isbotlari haqida risola» asarida sonlardan butun musbat ildiz topishning umumiy qoidasini matematika tarixida ilk bor isbotlagan, Grigoriy taqvimidan ham aniqroq quyosh taqvimini yaratgan, afsuski, bu ixtiro o‘sha paytda soha bilimdonlarining kamligi va xalqaro miqyosda ommalashmagani bois hayotga tatbiq etilmagan.
U «Koinot va uning vazifalari haqida risola», «Borliq haqida risola», «Borliqning umumiyligi haqida risola» va boshqa o‘nlab falsafiy asarlarida Pifagor, Arastu, Ptolomey, Al-Xorazmiy, Ibn Sino kabi ulug‘ mutafakkirlarning qarashlarini yoqlaydi, sharhlaydi, munosabat bildiradi, tabiat sirlari, hayot haqiqatini izlaydi, o‘z kuzatishlari, mulohazalarini bayon etadi.
Umar Xayyomning «Navro‘znoma» asari Sharq xalqlarining Yangi yil bayrami bo‘lmish Navro‘z, uning kelib chiqish tarixi, ajdodlarimizning shu bahor, shodlik ayyomi ila bog‘liq taomil, urf-odatlari to‘g‘risida mufassal ma’lumot berish bilan birga, fors adabiyoti tarixida nasr janri taraqqiyotiga ma’lum darajada xizmat qilgan.
Ammo Umar Xayyomga uning dunyodagi ko‘p tillarga tarjima qilingan ruboiylari olamshumul shuhrat keltiradi. Shoirning hajman g‘oyat siqiq, falsafiy teran, inson va hayot, umrning g‘animatligi, uni xush, mazmunli o‘tkazishga da’vat etadigan, badiiy jihatdan yuksak ruboiylari hali-hanuz turlicha talqin etiladi. Bir zamonlar (hatto o‘zi hayotligida va eng keyingi sho‘ro davrida) faylasuf shoirni dahriyga chiqardilar. Holbuki, uning asarlari muqaddimasidagi Ollohga hamdu sanolar va Muhammad alayhissalomga salomu salovotlar bayoni, umri oxirida Buxoroga kelib sahih, hadislar to‘plami muallifi Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilib, so‘nggi ruboiylaridan birida Tangriga istig‘for aytgani, shundoq islomiy yurt — Eronda shoir sha’nining shunchalar izzatu ikromga burkalib, xotirasiga muhtasham yodgorliklar bunyod etilgani bu g‘alat fikrlarning aksini isbotlab turibdi. Ijodkor iste’dodining kuchi, siri ham shundaki, uning asarlarini o‘qigan har bir kitobxon o‘zicha ma’no va g‘oya topadi, aqli va dunyoqarashi doirasida xulosa chiqaradi.
Qisqasi, Umar Xayyom to‘rt satrdan iborat bo‘lgan she’riyat turi — ruboiyning mumtoz adabiyotimizda mustaqil asar — janr sifatida shakllanishiga va takomiliga mislsiz hissa qo‘shgan. Uning bu boradagi o‘ziga xos an’analari keyinchalik ko‘plab ahli qalam tomonidan davom ettirildi va davom ettirilmoqda. 1912 yili ummonga cho‘kib ketgan mashhur «Titanik» kemasida Umar Xayyomning ruboiylari qo‘lyozmasi ham bo‘lganligi va uning qimmati nihoyatda yuqori baholanganligi bejiz emas, albatta.

Ko‘hna Nishopur ko‘chalari bo‘ylab borar ekanmiz, beixtiyor Umar Xayyom ruboiylari yodga tushadi:

Sen-mendan oldin ham tun-kun bor edi,
Aylangan falak ham butun bor edi.
Tuproqqa avaylab qadamingni qo‘y,
Bu tuproq qaro ko‘z bir nigor edi….

Shahar markazida bir necha tarixiy obida bo‘lib, eng sodda, kamtarona, ayni vaqtda ko‘rkam qurilgan, Umar Xayyom xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan, rasmiy ma’lumot-kitoblarda «Pavilon-roton» deb nomlanuvchi sag‘ana-yodgorlikdir. Odatdagi maqbaralardan batamom farq qiluvchi mazkur qurilma bir qarashda qabr ustiga tiklangan inshootga ham o‘xshamasdi: qabr toshi atrofida salobat, viqor bilan ko‘kka bo‘y cho‘zgan, uzun romb shaklidagi o‘nta guldor, naqshli marmar-beton ustun yarim yo‘lda bir-biri bilan kesishib, ro‘yo handasaviy burchaklar hosil qilib, uchlari gumbazsimon ko‘rinishda tutashib ketgan. Bir qarasangiz, ilmi nujumga ishoratday, to‘garak jahon — falakiyot ramziday… Yana bir boqsangiz, gulchambarni ham eslatib yuboradi. Sarasaf solib kuzatsangiz, o‘tovga, tomi baland qilib ko‘tarilgan chodirga ham mengzash mumkin. Zero, shoirning taxallusi «Xayyom» ota kasbi chodirdo‘zlikdan olingan-ku.
Mening nazarimda esa, dahma Umar Xayyomning ruboiylariga qiyosan, taqlidan yaratilganday: sirtdan soddaga o‘xshaydi — kam so‘z sarflangan, lekin ulardan turfa ma’no jilvalanib turadi.

RIVOYaT. Maktabdosh uch do‘st — Nizom-ul-mulk, Hasan Sabboh va Umar Xayyom bir-birlariga bir umr sadoqatli bo‘lishga, qay birlari yuksak martabaga ko‘tarilsa, boshqalariga homiylik qilishga va’dalashadilar. Voqean, Nizom-ul-mulk mansab pillapoyalaridan yuqorilab, saljuqiylar sulolasining podshohi Malikshohga vazir darajasiga yetishadi. Hasan Sabboh yirik ruhoniy bo‘lib ketadi. Umar Xayyom esa ilmu ijod yo‘lidan borib, qashshoqlikda kun kechiradi. Bir kuni u Nizom-ul-mulkka bolalikdagi ontlarini eslatganda: «Senga Nishopur hokimligini berdim», deydi vazir. «Ulusga hokimlik qo‘limdan kelmas, — deb e’tiroz bildiradi Umar Xayyom. — Yaxshisi, buyur, menga yilda bir bora nafaqa bersinlar, bir piyola sariq suv, bir burda non bilan kunim o‘tar, ilm cho‘qqilarini egallasam bas». Nizom-ul-mulk Nishopurdan keladigan soliqlardan do‘stiga 10 ming dinor nafaqa tayin qiladi.
Umar Xayyom yodgorligi ro‘parasida joylashgan Imomzoda Muhammad Mohpyh nomidagi hashamatli, ammo eski maqbara-masjid ostonasida xufton namozini o‘qib chiqayotganlarga duch keldik. Mening e’tiborimni aksariyat keksa erkaklarning qotmaligi o‘ziga tortdi. Taajjubki, qora hijob yopingan ayollar ham shunday edi.

FARIDIDDIN ATTOR

Fors-tojik mutafakkiri, tasavvuf she’riyatining yirik namoyandalaridan biri, «sirlar javohirini tuzuvchi» (Navoiy) Shayx Farididdin Attor — Muhammad ibn Abubakr binni Ibrohim o‘n ikkinchi asr o‘rtalarida, hijriy 513 yilda Nishopur yaqinidagi Xadkana qishlog‘ida tavallud topgan. So‘fiylikning taniqli targ‘ibotchilaridan Boyazid Bistomiy (IX acp), Husayn ibn Mansur al-Xalloj (IX-X asrlar) g‘oyalarini davom ettirgan. U o‘z asarlarida inson va tabiat xususiyatlari, axloq va madaniyat, yaxshilik va yomonlik, kamtarlik va takabburlik, olijanoblik va xudbinlik haqidagi ezgu qarashlarini ramziy kuchlar, timsollar vositasida ifodalab, do‘stlikni, vafo, sadoqat, saxiylik kabi odamiy fazilatlarni ulug‘laydi, ijtimoiy illatlarni qoralaydi.
«Sulton-ul haqiqatyor» deb nom qozongan shayx va shoir Fariduddin Attorning turli soha va mavzularda «Muxtornoma», «Xisravnoma», «Asrornoma», «Bulbulnoma», «Gul va Xurmuz», «Ushturnoma», «Vasiyatnoma», «Ilohiynoma», «Me’rojnoma», «Musibatnoma», «Javohirnoma» va boshqa o‘nlab asarlari ma’lum. Shular jumlasiga kiruvchi «Tazkirat ul-avliyo» islom olamida mo‘tabar, «Mantiq ut-tayr» esa ma’naviyat, badiiyat ahli o‘rtasida mashhuru mukarramdir.
«Buyuk tilshunos, yuzlarga boqib yuraklarni o‘quvchi», o‘zi ham avliyo maqomini olgan bu ulug‘ zotning «Go‘zal axloq bitigi» deya ta’riflanmish «Tazkirat ul-avliyo» («Avliyolar kitobi») risolasida pirovard maqsad-mazmuni imon-e’tiqod sobitligi, ma’naviy-ruhiy poklik, komil insonlikka erishish yo‘llari, valiylarning ibratli hayotlari, hayratomuz karomatlari, o‘gitlari, his-tuyg‘ulari misolida ko‘rsatiladi.
«Tazkirat ul-avliyo» («O‘zbekistan milliy entsiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, Mirzo Kenjabek tarjimasi), asarining tarjimasi ilovasida naql etilishicha, shoir alloma 29 yil Nishopurda, 85 yil Shodibax shahrida yashagan.
Jaloliddin Rumiy Balxdan quvg‘in qilingan otasi Bahouddin Valad bilan Makkai mukarramaga borayotganida Nishopurda Fariduddin Attor huzuriga kirishgan va bo‘lg‘usi ulug‘ donishmand pir, ustoz diydori, suhbatidan bahra olgan. Mavlono u mahal yosh bola, Attor esa keksaygan edi. Jaloliddinga «Asrornoma» asarini hadya qiladi. U kitobni yonidan qo‘ymay, doimo o‘zi bilan olib, o‘qib yuradi.
Farididdin Attor vafoti bilan bog‘liq bir rivoyat mashhurdir. Shayx Attor umrining oxirida uzlatni ixtiyor etgan. 114 yoshga yetganda mo‘g‘ul Chingizxon askari qo‘liga asir tushada va bir mushtariy-xaridor uni ming dirhamga sotib olmoqchi bo‘ladi. «O‘z asarlarida insonning kamolot yo‘lini chizib bergan, o‘nlab she’riy kitoblari ila dunyoga dong taratgan, lekin hech qachon davlatdorlar va sarvatdorlar madhida qalamini bulg‘amagan bir siymo» (Radiy Fish) bu himmatni rad etadi:
– Sotma, — deydi dushman askariga, — mening narxim bundan balanddir.
Oxiri yana bir mo‘g‘ul navkari sherigini masxara qilib:
— Bu pirni bir qop somonga sotasanmi? — deb so‘raydi. Shunda Shayx:
— Endi sotgil, mening narxim shudir, — deydi.
G‘azablangan mo‘g‘ul navkari qari, zaif cholning bo‘yniga qilich tortadi va hazrati Attor shu tariqa kofirlar qo‘lida shahid ketadi.
Tasavvuf mulkining durdonalaridan biri sanalmish «Mantiq ut-tayr» asari butun Sharq madaniyati olamida beqiyos shuhrat qozongan. U Jaloliddin Rumiy, Mahmud Shobistariy va boshqa yirik shoirlar ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. O‘sha ruhda, o‘sha mavzuda yana bir qancha asarlar vujudga kelgan.
«Bu dunyoning eng toza gavharlarini bag‘riga jo etgan» (R.Fish) «Mantiq, ut-tayr»ni yod olgan, uning taassurotlari va ta’sirotlarini bir umr ongida, yuragi qatida saqlab yurgan Alisher Navoiy ham nihoyat, umri poyonida u mo‘tabar asarga javob, tazmin tarzida «Lison ut-tayr» («Qush tili») asarini yozgan.
Farididdin Attor maqbarasi, shahardan bir necha chaqirim kunchiqish tomonda bog‘simon, xiyobonsifat joyda bo‘lib, yaqin-atrofida bir-ikki tijorat do‘konchasiyu choqqina yemakxonadan boshqa bino yo‘q, unga olib boradigan yo‘l ham alohida, keng, tekis, ikki betida daraxtlar saf tortgan, shinam edi.
Afsuski, kechikkandik. Yodgorlikning ishchi-xizmatchilari ketib qolishgandi, hatto qorovulni ham topib bo‘lmadi. Maqbarani tevaragidan — temir panjara orasidan va ustidan tomosha qilish bilan cheklanishdan o‘zga choramiz yo‘q edi. Ziyoratchilar uchun rus tilida chiqarilgan «Nishabura» sarlavhali, to‘g‘rirog‘i ruschaga no‘noqlarcha o‘girilgan suratli buklamda (uni bizga Xayyom sag‘anasi oldida berishdi) shunday fikr va dalillar bitilgan edi: Shayx Fariduddin Attor Nishopuriyning maqbarasi dastlab shahar bosh qozisining sa’y-harakati bilan barpo etilgan. Mazkur sag‘ana buzilib ketgach, Alisher Navoiy Attor qabri ustiga chiroyli bir dahma qurdirgan. Ammo u maqbara ham Kajorlar hukmronligining so‘nggi davrlarida vayron bo‘lgan. Hozirgi yodgorlik 1341 (hijriy-qamariy bo‘lsa kerak – Q. K.) Milliy meros jamiyati tomonidan burji musamman usulida ikki gumbazli qilib tiklangan.
Fariduddin Attor yodgorligi yaqinida yana bir tarixiy obida — o‘z davrining yetuk ijodkorlaridan bo‘lgan Kamololmulk sag‘anasi ham bor. U mumtoz me’morchilik bilan zamonaviy binosozlik an’analarini o‘zida mujassamlantirgan ko‘rkam inshoot hisoblanadi.

ODAMLAR VA OTLAR

Vaqt kech bo‘lishiga qaramay Nishopurdan jo‘nab ketdik. Ikki soatcha yurib, durustroq joyda tunamoqchi edik. Biz adashdik. Shu adashish jarayonida Sabzavor bikinidan ham o‘tdik.
Sarbadorlar davlati vujudga kelgan, o‘n to‘rtinchi asr oxirlarida Amir Temur o‘z mamlakati hududiga qo‘shib olgan bu taniqli shaharga ma’lum muddat Alisher Navoiyning otasi G‘iyosiddin Kichkina hokimlik qilganini esladik.
Sabzavor bilan bog‘liq, xotirlashga munosib yana bir dalil, tarixiy shaxs bor edi — bu qadimiy shaharda teran ma’noli, nozik qochirimlar, lutflarga mo‘l hikoyatlar ustasi, ko‘hna va boy Sharq adabiyotida birinchi bo‘lib o‘zidan avval o‘tgan buyuk tarixiy shaxslar, adiblar haqidagi naqlu rivoyatlarni to‘plab, katta adabiy-ilmiy qimmatga ega bo‘lgan «Latoif-ut-tavoif» («Turli toifalar to‘g‘risidagi latifalar») degan kitobiga jamlagan va Alisher Navoiyning yuksak bahosini qozongan Mavlono Faxriddin Ali Safiy tavallud topgan. Bo‘lajak adib yoshligida Hirot madrasalarida o‘qib, Abdurahmon Jomiydek ustoz ta’limini olgan, keyinchalik Samarqandga kelib, Xoja Ubaydulla Ahrorga kotiblik qilgan.

SAFIY HIKOYaTLARIDAN:

— Sho‘rvani arab tilida nima deydilar? — so‘rashibdi bir arabdan.
— Saxun! — javob beribdi arab.
— Sovug‘ini-chi? — yana so‘rashibdi.
— Biz sho‘rvani sovutmasdan ichib qo‘yamiz, — debdi u hozirjavoblik bilan.

* * *

Ota-bola aybdorni hokim oldiga keltirishib, avval otani yuz darra urdilar — ota voy, demadi. Ammo o‘g‘lini yotqizib, bir darra urishlari hamon «oh!», deb yubordi.
— O‘zing yuz darra kaltak yeganingda g‘ing demading, nega endi bunga bir darra urishimiz bilan faryod chekasan? — deb so‘rashibdi.
— Avvalgi kaltaklar mening tanamga botgandi, bu zarba jigarimga tegdi, — debdi padari buzrukvor.

Uzoq yurib, Sultonobod, Feruz, Buzg‘on, Chakand shaharchalaridan o‘tib, Eron vaqti bilan kechki o‘n bir, bizda tungi o‘n ikki yarim — kechaning deyarli qoq belida Kuchan shahriga yetib bordik. Mehmonxona izlab chorak kam bir soat ko‘cha kezdik. Nihoyat, bir musofirxona (bundan boshqa so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi) topdik. Uyqusirab eshikni ochgan mulozim — pastak bo‘yli keksa kishi bizni xushlamaygina qarshi oldi, tezroq kirishga da’vat etib, ostona hatlab o‘tishimiz bilan ancha puturdan ketgan yog‘och eshikni sharaqlatib yopdi, hatto avtobusda qolayotgan Ilhomjonga «yaxshi yotib turing» deyishga ham ulgurmadik.
Otaxon bizni kichkina, besarishta hovlidagi binoning ikkinchi qavatiga tor, g‘irchillaydigan liqildoq zinalardan boshlab chiqdi-da, ikki xonani ko‘rsatdi. Biriga opalar kirishdi, ikkinchisiga — biz. Ko‘nglimizga uncha o‘tirishmadi, boshqa kengroq, durustroq xona yo‘qmi, deb so‘rab edik, chol jussasiga yarashmagan qo‘rslik bilan:
— Yo‘q, xohlasanglar shu, — dedi, — yarim kechada kelishadi-yu, tag‘in joy tanlashadi, — deb to‘ng‘illadi yana.
— Hay, mayli, — dedik noiloj. Charchaganimiz uchun apil-tapil yechinishga kirishdik. Tavoze yuzasidan bir oz poygah ham talashdik. Lekin endi uyqusi ochilib ketgan jikkak qariya karavotlardan biriga astoydil o‘tirib olib, bizni surishtirishga va gapga solishga tushdi. Uy egasini chiqib keting, deyish noqulay, buning ustiga, sirkasi suv ko‘tarmaydiganroq ko‘rindi. To‘nini teskari kiyib olmasin, shu joydan ham mahrum bo‘lib qolmaylik, deb esnab-esnab o‘tirdik. «Ochilgan qo‘riq» ro‘monidagi Shukar boboni eslatadigan hoji Qulomon bobo yetmish sakkiz yoshda ekan. Asli amali nima bilmadig-u, o‘zini xuddi xo‘jayinday tutardi. Ikki yo‘l haj qilibdi. Lekin u Makkai mukarramani nazarda tutdimi, Mashhad (Imom Rizo harami)nimi — so‘ramadik. Soch-soqoli bir xil rang — kumushsimon, bir xil qalinlikda — qisqa; soqoli maxsus qo‘yilmasdan, shunchaki o‘sib ketganga o‘xshardi.
Mo‘ysafid quvgina, shaytongina edi. Gapirish asnosida ehtirosga berilganida barmoqlarini siltab qisirlatar, goh-goh tishlari orasidan hushtak chalib qo‘yardi. Aslida yoshiga nomunosib bu bachkana qiliqlar o‘ziga yarashib turar, lekin azbaroyi toliqqanimizdan uning almoyi-aljoyi gaplarini kesishga majbur bo‘ldik.
Shunday qilib, bir-biriga tegib turgan karavotlarga to‘rtovlon joylashdik. Karavotlar taxtali ekan. Eng basavlatimiz Zaynobiddin akaning beli og‘pip edi, qattiq va tor o‘rin foyda berdi shekilli, sahar ancha dadil turdi. Hatto bomdodni ham karavot ustida boshlari pastak shiftga tegay-tegay deb, biroz engashib o‘qidilar (erda o‘qishga joy ham yo‘q edi-da).
Ilhomjon yuvingani kirdi. Yaxshi uxlay olmaganmi, mashqi pastroq edi. Boyaqish avtobusda sovqotgan bo‘lsa kerak. Kecha rulda uzoq yurib charchagan edi. Buning ustiga rahbar:
– Ilhomjon, qalaysiz, sovqotmadingizmi? — dedi baland, tantanavor ovozda, go‘yo shu ohang bilan unga dalda, ruh bermoqchi bo‘lganday.
– Hm, — deb qo‘ydi Ilhomjon. Boshqa nimayam desin. Bomdod¬¬dan keyin yo‘lga chiqdik.
Shirvondan o‘tdik. Yo‘lga gap yo‘q. Ikki tomon dashtliklar, haydalgan, haydalmagan, nimadir ekilgan, ekilmagan bepoyon yerlar. Ammo daraxt degani juda kam. Yaqin-uzoq tog‘lar bepoyonlikka qandaydir ruh, fayz bag‘ishlab turganday…
Mashina ichi sovuq.
Shahar va shaharchalar tartibli, ozoda. Do‘konlar serob. Shahru yo‘llarda kunduzgiyu tungi chiroqlar behad ko‘p: chekka, xilvat joylarda ham hadiksiz yurish mumkin.
Bojurga yaqinlashyapmiz. Ko‘chadagi oq hoshiya-chiziqlar, ular o‘rtasidagi sariq rangli tungi yoritgichlar yo‘lning bezagidek. Turli ko‘rsatgich-belgilar behisob.
Past tog‘ yonboshlari va qirshovlarida bir-biriga o‘xshash uylar… Ajabki, tomlari tekis – shiferli, tunukaligi yo‘q. Qandaydir shiyponnamo binolar tepasi esa oq tunuka bilan yopilgan edi.
Bojurga kiraverishda, shahar ichida ham, yo‘lning ikki tarafi, o‘rtadagi xiyobonlarda turli daraxtlar, xususan, qarag‘ay va archa ko‘p edi.
Shaharni kesib o‘tadigan ko‘chada non yopishayotgan ekan. Zobitlar kamaridan enliroq, uzun-uzun tasma non desa ham bo‘ladi. O‘n dona oldik. Pul bersak, mehmon ekansizlar, deb qaytarishdi. Saldan keyin bir oshxonada 1 termos dog‘ suv uchun 150 tuman to‘ladik! Joylar band ekan, qo‘shni oshxona stolida (yo‘l bo‘yidagi bunday yemakxonalar nihoyatda tor, tashqariga ikki yo uchta stol qo‘yilgan edi) o‘tirib tamaddi qilayotganimizda egasining g‘ashi kelib, to‘ng‘illadi. O‘zi ham tund odam edi…
Bir oz yurganimizdan keyin avtobusga solyarka quymoqchi edik, navbat katta, mashinalar uch saf edi, noto‘g‘ri turib olgan ekanmiz, bir haydovchi o‘z o‘rnini berib, manavi qatorga kirib olinglar, bo‘lmasa, sizlarga hali-veri navbat yetmaydi, — dedi.
Ha, shunaqa dunyo-da bu!..
Bir tepalikdagi chiroyli tulpor ot surati hammamizning diqqatimizni tortdi. Uning yoniga yirik husnixat bilan «Turkman oti — dunyoda eng oliy zotli otdir» degan yozuvli ulkan panno o‘rnatilgan edi.
— Demak, shu yaqin-atrofda turkmanlar yashaydi va ularning yilqichilik xo‘jaligi bo‘lsa kerak, — dedi Zokirjon aka.
Shu munosabat bilan otlardan gap ketdi. Hayvon turlaridan insonga eng yaqin va sadoqatli bo‘lgan bu aqlli jonivorning turlari, fazilatlari to‘g‘risida har kim o‘qigan, eshitganini o‘rtaga tashladi.
Otlarning kelib chiqishi xususida taxminiy mulohazalar bor-u, aniq dalillar yo‘q. Ammo avvalda yovvoyi hayvonlar sirasida erkin yurgan bu jonivorlarning xonakilashtirilib, tizgin urilganiga besh ming yildan oshgan, deb yozadilar. Ularning zoti ikki yuzdan ortiq bo‘lib, og‘ip yuk tortadigan, yo‘rtoqi (yo‘rg‘a), aravakash, sport otlari, bo‘rdoqiga boqiladigan, poygaga mo‘ljallangan va boshqa turlarga bo‘linadi. Ularning nomlari ham rang-barang va o‘ziga xos: vladimir, persheron, golland yo‘rg‘alari, amerika standartberedi, fin, nemis, venger, latish otlari, shuningdek, qirg‘iz, kabarda, laqay, qopabog‘, axaltaka, arabi, karib, yovmut, barbari va hokazo…
O‘zbekistonda esa otlarga ularning tusi, tashqi alohida belgilariga, fe’l-atvoriga qarab ism qo‘yadilar: jayron, saman, ko‘kqashqa, qorabayir, to‘riq, zaxcha ko‘z… Otlarning aqlliligi, inson zotiga do‘stligi, egasiga sadoqati va boshqa sifatlari aks ettirilgan hujjatli, badiiy asarlar, filmlar ko‘p. Chingiz Aytmatovning «Alvido, Gulsari» qissasi esa zahmatkash ot (aslida ramziy, albatta) tarjimai holi, umrlik faoliyati, insoniyat, jamiyat hayotida tutgan o‘rni, chekkan azobu uqubatlari, alamli keksalik qismatiga bag‘ishlangan, ya’ni ot yirik va zo‘r bir asarning bosh qahramoni timsolida gavdalantirilgan.
Ot haqidagi rivoyatu hikmatlarning canog‘i yo‘q.
Men soxt-sumbatidan mardonalik, shiddat, jo‘shqinlik yog‘ilib turadigan bu go‘zal maxluqning, ayniqsa, bir xislatiga qoyil qolaman. Ayg‘ir qarindosh baytalga «yaqinlashmas» ekan. Mabodo zot olish maqsadida onasi yo boshqa avlodiga ko‘zini bog‘lab qochirishsa va keyin ayg‘ir o‘sha biyani tanib qolsa, balandlikdan jarga sakrab, o‘zini halok qilarkan!

GURGON — QADIMIY ASTROBOD

Oppoq qor bilan qoplangan bu hududlarda quyosh charaqlab turardi.
«Safaringiz bexatar bo‘lsin!», «Ohista yuring!» kabi yozuv-shiorlar kishida qandaydir iliq kayfiyat hosil qilardi. Uncha baland bo‘lmagan, «chig‘anoq»lari nisbatan kam dovonlarda ham «Ehtiyotkorlik — salomatligingiz garovi» degan lavha haydovchi va yo‘lovchilarni hushyorlikka, sergaklikka da’vat etardi.
Uzoqdagi bargsiz daraxtlar va har turli handasaviy shakllarni eslatuvchi pastak tog‘lar hayratni oshiradi.
Yo‘lda «DAN» nazoratchilari borligidan ogohlantirib chiroq yoqib o‘tish bu yoqlarda ham bor ekan, demak, bu borada butun dunyo haydovchilarining tili bir, yakdil, shekilli-da.
Saldan keyin isib, to‘nlarni yechdik, telpaklarni do‘ppiga almashtirdik.
Ozod shahriga o‘n chaqirim qolganda tog‘lar yiriklashib, yo‘lni qurshab oldi. Ularning tusi, shakl-shamoyili o‘zgacha — qalin daraxtli tog‘lar. Yo‘l yoqalab ketgan darasimon pastlikdagi daraxtlarning bir dona ham yaprog‘i yo‘qligi uchun qurib qolganga o‘xshab ko‘rinardi. Shunchalar zichki, ularni bargi bilan tasavvur qilib, yopiray, deysiz.
Minudasht shahridan chiqaverishdagi manzara go‘zal edi. O‘ngdagi tekis qora tuproqli yerlar, chapdagi adirlar, past tog‘larning yonlari shudgorlangan, pushta tortilib, ekishga taxt qilib qo‘yilgan edi. Ora-orada, katta-katta maydonlarda qarichga kelgan yam-yashil bug‘doy go‘yo olamga husn berib turibdi.
Tutzor, po‘rtahol va boshqa mevali bog‘lar…
Qirshovlari archazor tog‘lar…
Tomlar asosan shiyponnamo…
Shu yo‘lda Aliobod degan uchta qishloq va bir shahar bor ekan. Bu — shialarning to‘rtinchi xalifasi Hazrat Ali ibn Tolibni nihoyatda ulug‘lashlaridan nishonadir (Ammo, Muhammadobod degan joylar ham kam emas).
Bu hududlarda, xususan, aylanma yo‘l o‘rtasidagi maydonlar, xiyobonlarda tanasi yo‘g‘on, barglari ingichkaroq turdagi chiroyli palmalar ko‘p edi.
Yo‘l bo‘ylarida bolalar boqib yurgan qo‘y suruvlariga duch keldik.
Yana bir Aliobod degan manzilga yetmay tushlik qildik. Ovqatlarning narxi xiyla qimmat edi: yetti hissa guruch-palov 14500 tuman — 18 dollar!.. Lekin qatiqxo‘rlik zo‘r bo‘ldi. Bir banka qatiq va bir termos qaynagan suvni olijanoblik qilib, bepul bervorishdi!
Shahardan chiqqanda noranj, turunj bog‘lari boshlandi: bo‘lak-bo‘lak, ko‘rgazma uchun maxsus ekilganday; zangor yaproqlar orasidan ko‘zga tashlanadigan, deyarli bir xil hajmdagi to‘q-sariq mevalari go‘yo qo‘l bilan terib chiqilgan kabi edi. Bu yoqlarda hatto hovlilarda ham nuqul po‘rtahol va mandarin yetishtirish urf ekan — bizning Gurkirovda faqat anor ekilganday.
Ilgariroq Xuroson ostoni (viloyati)ning bo‘sh yotgan bepoyon yerlarini ko‘rib, qishloq xo‘jaligiga e’tibor mundayroq, shekilli, deb o‘ylab edim. Guliston viloyatidan, xususan, Aliobod shahridan o‘tgach, fikrim o‘zgardi. Yerlar nihoyatda tekis haydalgan, chiroyli egatlar olingan edi. Shudgorlangan yerlarni yana qayta haydashmoqda edi. Demak, bular «kuz haydasang yuz hayda», degan aqidaga amal qilishadi chog‘i…
Katta-katta paykallarga karam, pomidor va boshqa poliz, sabzavot ekinlari ekilgan, ekilmoqda edi. Nibu zotli o‘simliklar, gul ko‘chatlari pacta-rasta bo‘lib ulg‘aymoqda, umuman, qarovsiz yer yo‘q hisobi.
Toshkent vaqti bilan kechki soat beshlarda Guliston viloyatining markazi Gurgonga kirib borganimizda havo ancha iliq, odamlar yengil kiyimda yurishar, aksariyati bosh yalang edi.
Daraxtlarning ko‘pligi, ularning yo‘l bo‘ylariga, xiyobonlarga tartib bilan ekilganligi shaharga chiroy bag‘ishlab turardi.
Hozirgi Eronning shimoli-sharqiy qismida joylashgan yirik shaharlardan biri Gurgonning avvalgi nomi Astrobod bo‘lib, bronza davridayoq janubi-sharqiy Kaspiy bo‘yining yirik markazlaridan edi. Shahar yaqinida olib borilgan qazishmalarda qo‘lga kiritilgan qadimshunoslik topilmalari Astrobodning miloddan avvalgi 3–2-ming yilliklar davomida yuksak taraqqiyotga ega bo‘lganligidan shohidlik beradi, deyiladi manbalarda.
Astrobod uzoq yillar temuriylar saltanati tarkibida bo‘lib, ayniqsa, Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi paytlarida eng boy va muhim viloyatlardan, umuman, mulki Xurosonda har jihatdan poytaxt Hirotdan keyingi kent, tayanch nuqta hisoblanadi, shu boisdan u yerda asosan podshoning xos, sodiq kishilari, valiahd shahzodalar hokim bo‘lganlar.
Jumladan, mumtoz adabiyotimizning ko‘kka bo‘y cho‘zgan poydor, serjilo ustuni, g‘azal, nafaqat g‘azal, badiiyat mulkining sultoni — shohi, Hirot madaniyat-ma’rifat gulshanining o‘ktam bog‘boni Navoiy ham…
Astrobod Turkman davlati bilan chegaradosh edi, mana shu hududni mustahkamlash, qo‘shnilar bilan munosabatni yaxshilash zarurati tug‘iladi. Akademik Aziz Qayumovning «Ajoyib kishilar hayoti» turkumidagi «Alisher Navoiy» nomli ilmiy-badiiy biografik asarida va boshqa adabiyotlarda yozilishicha, turkman davlatining hukmdori Yoqubbek Navoiyni g‘oyatda hurmat qilardi.
Tarixiy va zamonaviy kitoblarda Alisher Navoiyning Astrobodga yuborilishi sababi borasida turlicha fikrlar mavjud. Ya’ni, Navoiyning insonparvarligi, halolu rostgo‘yligi Sulton Husayn saroyidagi ayrim vaziru vuzarolar qalbida g‘ashlik, hasad olovini yoqib, ular adolatparvar amir va shoir ustidan podshoga takror-takror arz etadilar. Masalaga yana o‘zgacha tus beruvchilar — Husayn Boyqaro o‘z do‘sti-qadrdoni, ulkan iste’dod egasi, nozik ko‘ngil shoiri allomani g‘alamis a’yonlar qutqusi, g‘arazidan ehtiyot qilish maqsadida uni Hirotdan vaqtincha uzoqlashtirib turishni ma’qul ko‘radi, deguvchilar ham bor. Bizningcha, farazlarning bari ham ma’lum asosga ega edi. Harnechuk, aksariyat tadqiqotchilarning qarashlarida, badiiy asarlarda Navoiyning Astrobodga hukmdor etib tayinlanishini Mir Alisherning xohish-irodasisiz yuz berganday, bu hodisa, bu davrni shoir umr daftarining zerikarli, zorlig‘u iztiroblarga to‘la sahifalari sifatida talqin qilishga moyillik yaqqol seziladi.
Navoiyning Astrobodga yuborilishi tafsilotlari ulug‘ shoir bilan zamondosh atoqli muarrixlarning kitoblarida ham qisman yoritilgan. Jumladan, saxovatpesha alloma homiyligida kamol topgan Xondamir bobosi va ustozi Mirxondning tarixiy ma’lumotlarini takrorlab, davom ettiradi: «…Oliy- makon xoqon (Sulton Husayn Boyqaro — Q. K.) Jurjonda hokim bo‘lib turgan amir Mo‘g‘ulni poytaxtga chaqirib olish, sulton hazratlarining yaqin do‘sti Nizomuddin Alisherni dorulfath Astrobodning hokimligi bilan sarafroz qilishga mayl qildi, ravshan dilidagi sirni to‘g‘ri tadbirli amir oldida o‘rtaga qo‘yganda, Tangriga shukrkim, avval tariqat sulukiga muhabbati ortiqligidan muattar xotiriga xoqoniyning muhim ishlariga kafil bo‘la olishi va bu amrni qabul qilishi xususida og‘iz ochmadi. Lekin xoqon o‘tinib so‘ragandan va mubolag‘adan keyin rozi bo‘ldi»
Tarixchi olimning ta’kidlashicha, adolat xislatli Amir (Navoiy)ning kelishi munosabati bilan ulamoyu fuzalolar bag‘oyat mamnun bo‘ladilar, raiyat, dehqonlar amnu omonlikka, farog‘at va osudalikka erishadilar. Mozandaron, Rustamdor, G‘ilon viloyatlarining hokimlari Astrobodga tuhfalar bilan elchilar yuborib, mulki Xuroson peshvolaridan birini hokimiyat tepasiga kelganligi bilan muborakbod aylashib, uning amru farmoni adosiga, yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkam tutishga hozir ekanliklarini ma’lum qiladilar. Sulton Yoqub Mirzo ham bir necha bor ulug‘ shoir-hokimga ishonchli kishilari orqali sharafli liboslar, tansiq taomlar, Astrobod rahbariyati va ahli manfaatlariga mos keladigan farmon va yorliqlar jo‘natib, yuksak iltifot ko‘rgizadi, kamoli muhabbat va yaqin do‘stlik tuyg‘ularini izhor etadi.
Kitoblardagi tasvirlarga qaraganda, Astrobod tabiatida o‘sha zamonda ham so‘lim va tarovatli, shoirga ilhom berguvchi manzaralar mo‘l bo‘lgan.
Xullas, Navoiy Astrobodda ilmu ijod bilan ham, davlat yumushlari bilan ham jiddiy shug‘ullanadi: idora ishlarida tartib o‘rnatadi, xalqqa zulmu ozor yetkazayotgan ayrim mansabdorlarni vazifasidan chetlashtiradi, olimu ulamolar, shoiru fuzalolar, ahli san’at bilan gurunglar, ijodiy suhbatlar uyushtirib, ularga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatadi. Shahar obodonchiligi borasida bir talay tadbirlarni amalga oshiradi, «gul sochuvchi Astrobod ul kishining sharofatli qadami barakotidan gulistoni Eramning rashkini keltiradi»gan darajaga yetadi. Ayni vaqtda Navoiy Hirot bilan uzviy aloqada bo‘lib, Husayn Boyqaro va boshqalarga bot-bot maktublar yozadi, poytaxtdan olisda turib ham podsho va uning amiru a’yonlarini adlu insofga, imonu e’tiqod mustahkamligiga, xalqparvarlik va ma’rifatparvarlikka da’vat etadi.
Mutafakkir, adib va davlat arbobi Alisher Navoiyning Astrobodda bor-yo‘g‘i ikki yilga yaqin (1487-88 yillar) hokimlik qilishi muzofot nomining keng yoyilishiga, yanada ravnaq va shuhrat topishiga katta hissa qo‘shdi. Rahbarimizning uzoq bo‘lsa ham, bu yo‘nalishni tanlashi boisi ham shu — bobokalonimiz, faxru iftixorimiz qadami tekkan zaminni ko‘rmoq, ziyorat qilmoq orzusi edi. Avvalgi safarlar Eron hududidan o‘tganimizda bu ko‘hna va tarixiy voqealarga boy maskanga yo‘limiz tushmas va Navoiy qadamjolarini tavof etish armon bo‘lib qolar edi. Ollohga shukrki, shul orzu-niyatimiz mustajob bo‘ldi, buyuk armonlarimizdan yana biri ushaldi. Faqat Gurgon zamonaviylashib, tarixiy joylar kamayib ketgani uchunmi, bino va yo‘llarda, archalarning yam-yashil yaproqlari qatida hazrat Navoiy bo‘y-basti, nafasi sezilib turgan, shaxsan mening tasavvurimdagi shaharga unchalik o‘xshamasdi. Lekin, baribir yorqin tuyg‘ularga to‘layotgan ko‘nglimning taskin topayotganini aniq his qilardim.
Shahar markazidan to‘g‘riga — Tehronga, o‘ngga — Oq qal’aga ketilar edi. Biz shu tarafga burildik…

TEHRONDA

Tehronga yaqinlashyapmiz. Qor hamon bo‘ralamoqda.
Shahar ostonasi (katta bir mamlakat bo‘sag‘asiday tuyuldi menga)ga yetdik. Ikki tomondagi adirsimon tog‘larning yonlarida, tepalarida, pastliklarda, yo‘l chetidagi jamiki bo‘sh maydonlarda boqiy yashillik timsoli bo‘lmish archalar qorni, sovuqni pisand etmay, qunishmay, egilmay, mag‘rur yashnab turardi. Shuncha katta va noqulay hududlarga ko‘chat o‘tqazib chiqishni esa tasavvur qilish qiyin edi!
Yo‘lda chetroqqa arang chiqib to‘xtadik. Rahbar bilan tarjimonimiz o‘sha atrofdagi mahkamadan elchixonamizga qo‘ng‘iroq qildilar. Elchixonamizda bizni, ya’ni Bobur xalqaro ekspeditsiyasini kutishmokda ekan.
Taksi yolladik. Taksichi ham O‘zbekiston elchixonasi manzili — Nastaron ko‘chasi joylashgan Farmoniya mavzeini yaxshi bilmas ekan, adashib-adashib, so‘rab-so‘rab (bir xiyobon yonidan to‘rt marta o‘tdik), sal kam ikki soatda vakolatxonamizni topdik. Elchimiz Ikromjon Akramov va uning yordamchilari kutib olishdi.
Taksi haydovchining adashuviga sabab, u «Nastaron»ni «Pastaron» deb (nariroqda shu nomdagi ko‘cha ham bor) eshitgan ekan.
Bizni bir necha ko‘cha nari Niovoron bog‘i yaqinidagi Eron tashqi ishlar vazirligi mehmonxonasiga olib borishdi. 3-qavatdagi ro‘parama-ro‘para bo‘lmalarga joylashdik. Gap yo‘q: xonalarda televizor, magnitofonli katta radiopriyomnik, o‘rindiqlar, yakka va juft karavotlar, yuvinish xonalari… Polning ochiq yeri yo‘q — qalin palos to‘shalgan. Sovutgichda turli-tuman shirinliklar, anvoyi idishlarda salqin ichimliklar… Shular orasida Bavariyaning spirtsiz pivolari ham marjondek terib qo‘yilgandi.
Oqshom televizorda shu kuni Eronning Bom shahrida sodir bo‘lgan tabiiy ofat — kuchli zilzila tufayli yuz bergan vayrongarchilik, talafotlarni namoyish etib qoldi. Ahvol o‘ta noxush va ayanchli edi. Zokirjon aka shitoblik bilan Andijonga, o‘g‘li Zohidjonga qo‘ng‘iroq qildi. Zohidjon Moskva televideniyesi mazkur ofatda avval yigirma besh ming, keyinroq qirq ming kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berganini, bizdan juda xavotirlanishayotganini bildirdi. Rahbar bizning zilzila bo‘lgan shahardan ancha olisda, Tehronda ekanligimizni aytib, uning ko‘nglini tinchitdi.

2004 yil, 28 dekabr, yakshanba

Ertalab elchimiz, konsulxonamiz kotibi Nizomiddin, elchixonamiz xodimi Bobur hamrohligida Eron Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Siyosiy va halqaro tadqiqotlar institutiga bordik. U yerda biz bilan uchrashuv mo‘ljallangan edi.
Anjumanni institutning tarix va madaniyat departamenta raisi janob Nazar Ovariy ochib, bizga mezbonlarni (ular yetti-sakkiz kishi edi) tanishtirar ekan, binoning institut huzuridagi xorijiy mamlakatlar bilan aloqador hujjatlar arxivi ekanligi, unda qirq milliondan ortiq qimmatli dalil-ashyolar mavjudligini ta’kidlab o‘tdi. Keyin elchimiz Ikromjon Akramov Bobur xalqaro fondi va uning ilmiy ekspeditsiyasi, ularning tashkilotchisi, rahbari, O‘zbekistan Respublikasi Oliy Majlisi deputati Zokirjon Mashrabov faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Rahbarimiz avvalo Bom shahridagi zilzila tufayli Eron xalqi boshiga tushgan og‘ip musibat munosabati bilan hamdardlik izhor qildi. Bobur fondining ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosni to‘plash va o‘rganishdan iborat maqsad va rejalari, ekspeditsiyaning o‘tgan gal ko‘hna va boy tarixga ega bo‘lgan Eron mamlakati zaminiga qilgan safari chog‘ida amalga oshirilgan ishlar, izlanishlar natijalari asosida yaratilgan filmlar, kitoblar haqida qisqacha axborot berdi. Mustaqillik tufayli O‘zbekistonda xalqning madaniy boyliklarini, qadriyatlarini tiklash, ulug‘ ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirishga e’tibor mislsiz darajada kuchaygani, Al-Farg‘oniy, Ismoil Buxoriy, Imom Termiziy va boshqalarning yubileylari xalqaro miqyosda nishonlangani, ularning qabr-maqbaralari batamom qayta ta’mirlanib obodonlashtirilgani to‘g‘risida jo‘shib gapirdi. Eron Islom Respublikasining avvalgi elchisi janob Narakiyon iltimosiga ko‘ra, noyob Usmon Qur’onining fotonusxasini bir necha kun avval Mashhaddagi Imom Rizo harami majmuining Qur’on kitoblari moziygohiga topshirganini alohida qayd etib, dedi:
— Bizning iltimosimiz, maqsadimiz ikkita: Tehrondagi milliy kutubxonada saqlanayotgan «Kulliyoti Bobur» va Imom Rizo harami muzeyidagi «Xatti Boburiy»dan nusxa olish. Bu borada ko‘rsatajak yordamlaringiz, o‘ylaymanki, O‘zbekiston bilan Eron mamlakatlari va xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalar, o‘zaro hamkorlikning mustahkamlanishiga va kuchayishiga xizmat qiladi.
So‘zi nihoyasida Zokirjon aka «Boburnoma»ning Bobur fondi tomonidan chop etilgan go‘zal nashrini institut kutubxonasiga hadya etdi.
Nazar Ovariy o‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, qoshlari kerilgan odam edi.
U so‘zining yakunida o‘n olti jildga mo‘ljallangan «Islom qomusi»ning hozirga qadar nashr etilgan olti kitobini (Bobur Mirzoga oid sahifalari alohida belgilab qo‘yilgan edi) ekspeditsiyamizga tuhfa qildi.
Zokirjon aka Nazar Ovariyni Andijonga lutfan taklif qildi.
— Bizda, mehmonga chaqirsang, u o‘sha zahoti yetib keladi, degan maqol bor, — deb kuldi rais.
— Bosh ustiga, — dedi rahbar va raisga qarsaklar ostida Buxoro zar choponini kiygizdi.
Muloqot mobaynida yonimda o‘tirgan Muhammad Sodiq pichirlab: «Zokirjon akaning fotoapparatini tuzatib qo‘ydim», deb suyunchiladi. U fotoapparatni Mashhadda buzib qo‘ygan, shundan beri boyaqish xijolatda edi.
Qaytishda bir hol e’tiborimizni jalb etdi.
Bomdagi zilziladan zarar va jabr ko‘rganlar uchun Qizil Yarim oy jamiyati tomonidan muyulishlarda, xiyobonlarda xayriya qutilari, chodirlari tashkil etilgan, ularga kimdir pul, kimdir kiyim-bosh, adyol va boshqa narsalar tashlab ketishardi. Chunki Kermon (mahalliy aholi, shu jumladan, tehronliklar «German» deb talaffuz qilishadi) viloyati markazi, poytaxtdan ming chaqirim sharqi-janubda joylashgan Bom — sayyohlik va madaniy ahamiyatga molik katta, nufuzli shahar yer bilan yakson bo‘lgan, Eron televideniyesi voqea yuz bergan joylarni, o‘lganlar, yaradorlar, devor-g‘ishtlar, betonlar ostida qolgan keksalar, ayollar, bolalarni, ularning faryod urib yig‘layotgan jigargo‘shalarini, boshqa ayanchli manzara-holatlarni hech yashirmay, xaspo‘shlamay dam-badam ko‘rsatib turardi. Yurt motamda edi.
Nizomiddin va Boburning aytishicha, Eron aholisining soni keyingi yigirma ikki yilda o‘ttiz milliondan oltmish millionga yetgan. 1970 yillarning oxiridan urushlar tufayli mamlakatda, xususan, qishloqlarda yashash darajasi pasayib ketgach, ko‘plar shaharga — markazga intila boshlagan. (Hamma joyda, barcha zamonlarda shunday bo‘ladi, chunki shaharda pul topish imkoni, yo‘llari ko‘p). O‘shanda Tehron nufusi ikki million bo‘lgan, ayni vaqtda esa o‘n-o‘n uch million orasida ekan.
Sobiq shoh Muhammad Rizo Pahlaviy davrida poytaxt aholisining ortib ketishi ustidan nazorat bor edi, hozir unchalik emas, deyishdi ular.

ELChIXONADAGI MULOQOT

Oqshom elchimiz bizni mehmonga chaqirdi.
Elchixonamiz mahkamasi mo‘jazgina hovlili, qo‘sh qavatli binoda edi. Foyeda ikki mamlakat rahnamolari birgalikda tushgan suratlar, shuningdek, Islom Karimov, Muhammad Said Hotamiy va Hamid Karzayning Tehrondagi uchrashuvlari (2003 yil) tasvirlari, O‘zbekiston manzaralari, Sohibqiron Amir Temur portreti, Alisher Navoiy siymosi tushirilgan paxta gulli likob, ko‘hna Buxoroning chinni buyumlarga solingan rasmlaridan jonajon vatanimiz tarovati ufurib turganday edi.
Foye to‘riga — rasmiy va norasmiy muloqotlarga mo‘ljallangan joydagi divan, o‘rindiqlarga endi o‘tirgan edik, Ikromjon Akramovni telefonga chaqirishdi. Toshkentdan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Norov ertaga samolyotda Bom zilzilasidan jabr ko‘rganlar uchun yordam kelayotganini xabar qilibdi. Prezidentimiz bolalarga ko‘proq e’tibor berish lozimligini tayinlabdi.
Birozdan keyin Eronning O‘zbekistondagi sobiq elchisi janob Muhsin Pokoyin kulimsirab kirib keldi va hammamiz bilan eski tanishlarday (Zokirjon aka bilan, shubhasiz qadrdon edi) bag‘irlashib ko‘rishdi. Uni rahbarimiz xohishiga ko‘ra elchimiz taklif qilgan ekan.
Janob Pokoyin haqida ko‘p eshitgandim-u, o‘zini ko‘rmagandim. U o‘rta bo‘yli, burun, soch-soqoli moshkichiri kishi edi.
Zokirjon aka gapni Bobur Mirzodan, uning «Xatti Boburiy» asaridan boshladi.
— Bu kitob nusxasining ma’lum bir qismini shaxsan o‘zim Bobur vataniga olib borib berganman, — dedi Muhsin Pokoyin o‘z ishidan mamnun bo‘lib.
Zokirjon aka mazkur parcha hozir Bobur Milliy bog‘idagi «Bobur va jahon madaniyati» muzeyining eng e’tiborli javonida saqlanayotganini aytdi.
Davrada forsiyzabon do‘stlar bilan bemalol tillashib o‘tirgan hamrohimiz Muhammad Sodiq hoji Shayx Sa’diy haqida so‘z ketganda, Mashriqu Mag‘ribda buyuk so‘z san’atkori sifatida shuhrat qozongan shoir she’rlaridan yod o‘qiy boshladi:

Baniy odam a’zoi yakdiygarand,
Ki dar ofarinash zi yak javharand.

Chu uzve badard ovarad ro‘zgor,
Digar uzv xoro nomonad qaror…

Pokoyin janoblari davom ettirdi:

Tu kas mehnati diygaron beg‘amiy,
Nashoyadki nomat nihand odamiy…

— Ulug‘ allomamizning mana shu baytlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi peshtoqiga bitib qo‘yilgan, — deya ta’kidladi mezbon g‘ururini yashirmay. Hikmatlar duri bo‘lmish ushbu she’rning o‘zbekcha matni bunday:

Bani odam a’zoi bir badandir,
Hammasi bir moya, bir gavhardandir.
Tanangda bir a’zo gar bo‘lsa bemor,
Hammasida qolmas sabr ila qaror.
O‘zgalar g‘amini chekmasa odam,
Anga noloyiqdir inson degan nom.

Badiiy merosi bashariyatning barcha madaniyatli ahliga tegishli bo‘lgan Sa’diy Sheroziyning falsafiy satrlari butun dunyo tinchliksevarlari, ezgu niyatli kishilari qadami uzilmaydigan xalqaro mo‘tabar bir dargohning shioriga, pand-da’vatnomasiga aylanishi, chindan-da, har bir sharqlik uchun faxr va iftixordir.
Muloqot-ziyofat oxirida Zokirjon aka azmoyish olish niyatida Iroqdagi holat, Eron bilan Iroq aloqalari, Eron hukumati va xalqining janggoh bo‘lib turgan qo‘shni mamlakatdagi voqealarga munosabati to‘g‘risida so‘radi.
Amerika raketalarining Iroqqa hujumi nisbatan sustlashgan, Saddam Husayn qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan, xullas, jang olovi bir qadar pasaygan palla edi. Ekspeditsiyamiz dasturida umrining so‘nggi yillarida Bag‘dodda yashagan va o‘sha yerda vafot etgan yana bir buyuk yurtdoshimiz Muso Xorazmiy qabrini izlash to‘g‘risida ham alohida band qayd etilgan edi.
Rahbarimiz dangalchi, lekin har bir tadbir, safar, qidiruvga vaziyatni har tomonlama o‘rgangan va hisobga olgan holda puxta kirishadiganlardan.
– Iroqdagi vaziyat hozir birmuncha durust, — dedi Muhsin Pokoyin mujmalroq qilib.
– Imkon bo‘lsa, Iroqqa, undan Quvaytga, so‘ng Saudiyaga o‘tib, qaytishda Iordaniya, Suriya, Turkiya bilan yursakmikin, degan niyatimiz bor edi, — deya maqsadga aniqlik kiritdi Zokirjon aka.
– Hali safarda besh-olti oy yurasizlar ekan-da. Bunaqada Marko Polo rekordini sindirasizlar-ku, — deb kuldi janob Pokoyin.
Kaminaning «Boburiylardan biri» nomli kitobimda sobiq elchining surati bor edi, Zokirjon aka ikkimiz dastxat yozib, tuhfa etdik. U ko‘p mamnun bo‘lganligini aytib, tashakkur bildirdi.

2004 yil, 29 dekabr, dushanba

Ertalab Alisher va haydovchi Yangiboy hamrohligida, elchixonamiz mashinasida shahar aylangani chiqdik.

Tehron… Elbrus tog‘ining janubiy etagida, dengiz sathidan 1100–1300 metr balandlikda joylashgan bu shahar qariyb sakkiz yuz yillik tarixga ega bo‘lib, XII asrda Rey yaqinida barpo etilgan, ikki yuz yillardan so‘ng yirik savdo markazi sifatida dovrug‘ qozongan. 1722 yili shaharni afg‘onlar vayron qiladi, lekin yana tezda tiklanadi. 1786 yili Kajorlar sultoni Tehronni o‘z davlatining poytaxti qilib oladi. 19-asr oxirlarida shahar kengaytiriladi. Yigirmanchi asr boshlarida Tehron mamlakat mehnatkashlarining inqilobiy harakatlari o‘chog‘iga aylanadi.
Tehron bilan bog‘liq dunyoviy ahamiyatga molik voqealardan biri shuki, 1943 yili bu yerda uch ittifoqchi davlat — sobiq SSSR Xalq komissarlari raisi I.V.Stalin, AQSh prezidenti F.Ruzvelt, Angliya Bosh ministri U.Cherchill ishtirokida Xalqaro konferentsiya o‘tkazilib, unda Germaniyaga qarshi urushda birgalikda harakat qilish, uch davlatning urushdan keyingi davrdagi hamkorligi va boshqa masalalar bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinadi.
Yigirmanchi asr fors nasrining asoschilaridan biri, taniqli Eron yozuvchisi Mushfiq Kozimiyning «Qo‘rqinchli Tehron», arman adibi Garegin Sevuntsning «Tehron» romanlarini eslayman. O‘tgan asrning yigirmanchi yillaridagi fors xalqining hayoti, jamiyatdagi tushkun holatlar, mamlakat, shu jumladan, poytaxt ahlining milliy-ozodlik harakatlari ifodalangan mazkur asarlarda Tehron shahrining mahobati bugungi darajada emas, zero, u kitoblardagi voqealar sodir bo‘lgan davrda bunchalik katta va salobatli, ko‘rkam bo‘lmagan, albatta.
Shahar markazida ilgari qurilgan va yangi qad ko‘targan zamonaviy inshootlar — ma’muriy idoralar, mehmonxonalar, istirohat bog‘lari, katta-kichik xiyobonlar serob edi. Odamlari asosan oq, bug‘doyrang yuzli, kalta soqolli va, albatta, mo‘ylovli.
Tehron atrofida va poytaxtning o‘zida yashovchilarning chehrasi kavkazliklarga — ozarbayjon, gurjilarga o‘xshab ketardi. Bir zaminda turli ulus va elatlarning istiqomat qilishi, xilma-xil elatlarning aralashib, almashinib turishi tarixning hamma davrlariga, deyarli barcha mamlakatlarga xos tabiiy jarayon. Lekin gohida bu holat ba’zi hukmdorlar xohish-irodasi, siyosati tufayli sun’iy ravishda, zo‘rma-zo‘rakilik bilan amalga oshirilgan zamonlar ham ko‘p bo‘lgan. Sho‘ro davrida mesxeti turklari, qrim-tatarlar va boshqa ayrim millat vakillarining Stalin siyosati va tazyiqi bilan tubjoylaridan majburiy ravishda ko‘chirilganligini eslaylik. XVIII asrda kurdlar Xurosonga (bir qismi Onado‘liga) surgun qilingan. XVI asrda esa Eronga armanlar bilan gurjilar g‘ayriixtiyoriy tarzda ko‘chirilgan.

FORS AYoLLARI

Ayollarning deyarli to‘qson to‘qqiz foizi uzun chodrada. Asli ular avvaldan chodra yopinishgan. Mamlakatda xotin-qizlarning hol-ahvoli yigirmanchi asr boshlarida ham judayam nochor, erksiz bo‘lganligini ayrim ijodkorlarning asarlaridan bilish mumkin. Jumladan, jasoratli shoira Bade’ Jolaning shunday satrlari bor:

Ey, sen Eronimning xandon ayoli,
Bu go‘zal bog‘imning guli, chiroyi.
Istiqbol onasi, mardonasisan,
Sen mehru vafoning durdonasisan.
Sen u nokaslarga qul tokaygacha?
Bo‘lmog‘ing xaslarga gul tokaygacha?
Gul yuzingni chimmating tokay to‘cap?
Dunyodan tokay yurarsan bexabar?
Hur jamolingni yoparsan ne uchun?
Hyp sochuvchi oyni berkitding nechun?
Cho‘rilik, bu zorliklar endi bas,
Notavonlik, xorliklar endi bas!

Albatta, endi Eronda hayot butunlay bo‘lakcha, binobarin, shoirlarning mavzulari, uslublari, maqsad-g‘oyalari ham tamoman o‘zgacha. Mamlakatning hozirgi zamon shoirlari ichida Mashriqzaminning orifmashrab, oshiq bir shoiri Suhrob Sipehriyni alohida tilga oladilar. «U so‘z san’ati sehri orqali sizni ilohiy nurlar tajalliysi bo‘lgan Borliq va Inson sirlari bilan oshno etadi», — deb yozadi fors adabiyotshunosi, filologiya fanlari doktori Ibrohim Xudoyor. Birgina dalil: Sipehriyning «Sakkiz kitob» nomli kulliyoti — devoni Eronda 17 marotaba qayta nashr qilinibdi!
1920 yili tuzilgan kommunistik partiya va mamlakatga suqilib kirgan inglizlar ta’sirida 1935 yili kiyim-bosh islohoti o‘tkazilib, xotin-qizlarning chodrani tashlashlari to‘g‘risida maxsus dekret qabul qilingan edi. 1979 yildagi inqilobdan keyin Islom respublikasi maqomini olgan hukumat tomonidan Eron musulmon ayollarining milliy kiyimi — yopinchig‘i sifatida qora chodra qayta, qat’iy joriy etilgan.
Dastlabki paytlarda tirnog‘iga lak surkaganlar egovlab jazolangan. Hozir asta-sekin chodralar tark etilib, oq va boshqa rangdagi ro‘mol, kaltaroq kiyimlar paydo bo‘lmoqda, ko‘paymoqda ekan. Chodrada yurganlarning ham dadil, shahdamligi sezilib turadi. Qolaversa, ularning harqalay yuzlari ochiq, zipillab mashina haydab ketayotgan fors qiz-juvonlarini ham tez-tez uchratish mumkin. Bu alomatlar umumiy taraqqiyot, ijtimoiy holat pog‘onasining yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
Umuman olganda, Eronning bugungi farovon, osuda kunlarga yetib kelishi ham oson kechmagan. Turli imperialistlar tazyiqi, siquvlaridan, ichki bosh-boshdoqliklar, to‘g‘ri tuzum izlab dovdirashlardan kushod bo‘lib, har jabhada erkin quloch yozib, taraqqiyot sari yuz tutganiga endi chorak asr bo‘ldi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son