Ozod Mo‘min Xo‘ja. Pahlavon Mahmudning Hindiston safari (tarixiy hikoya)

O‘z nafsiga g‘olib bo‘lgan – albatta marddir.
Asirlikni haqir bilgan – albatta marddir.
Mag‘lublarni tepish, urish – nomardning ishi,
Notovonga yordam qilgan – albatta marddir.
Pahlavon MAHMUD

Insoniyat tarixida o‘tgan har bir davrning o‘ziga xos yashash va xordiq chiqarish shakli bo‘lgan. Jumladan, Pahlavon Mahmud yashagan XIII asrdagi turkiylar va forsiylar istiqomat qiladigan mamlakatlar chingiziylar hukmronligi ostida bo‘lsalar-da, u yerdagi aholi istilodan avvalgi o‘z yashash tarzini o‘zgartirmagan. Mo‘g‘ullar faqat kelishilgan miqdordagi o‘lponni talab qilganlar. Shuning uchun, bu o‘lkalarda bir necha zamonlardan odat bo‘lib kelgan kurash musobaqalari xalqaro darajada ham o‘tkazib turilgan. Bizning asrimizda futbol bellashuvlari ishqibozlar orasida qanday hissiyotlarni junbushga keltirib, katta bahs va munozaralarga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, o‘rta asrlarda o‘tkazilib turiladigan kurash musobaqalari ham xuddi shunday ehtiroslarga zamin yasaganlar. Qadimiy odatga ko‘ra, ayrim mamlakatlarning hukmdorlari tez-tez turli yurtlardan polvonlarni chaqirib, katta-katta sovrinlar ajratib, xalqaro bellashuvlar uyushtirib turganlar.
Pahlavon Mahmudning dovrug‘i, oxirgi ikki yil ichida, ayniqsa Mozandaronda barcha polvonlarni yenggandan so‘ng, turkiy va forsiy tilli o‘lkalarga yoyilib ketdi. U tirik afsonaga aylandi. U o‘ziga yangi nom orttirdi. Endi, uni barcha mamlakatlarda “Mozandaron yo‘lbarsi” deb atay boshladilar. Ko‘pchilik uni eronlik deb o‘ylardi. Lekin, chin ishqibozlar bilishardi: Pahlavon Mahmud – xorazmlik.
“Kim o‘zi u – Mozandaron yo‘lbarsi? Nahotki, uni hech kim yengolmaydi? Chaqiring uni, bir mahoratini ko‘raylik. Lozim topsak, mukofotini beramiz!”, deydigan farmonbardorlar paydo bo‘ldi.
Mahmud Eron bo‘ylab aylanib, uzoq safardan qaytgach, Xivada ikki yil yashadi va yana Mozandaronga ketishga shaylandi. Biroq, birdan uni shahar hokimi chorlab qoldi. U mo‘g‘ullar tomonidan qo‘yilgan turkiy millatli, xorazmlik kishi edi.
Mahkamaga kirib kelgan polvonni xodimlar darhol qabulxonaga olib kirdilar. Hokim kelbatli yigitga so‘z qotdi.
– Seni Hind sultoni o‘z yurtiga chaqirmoqda. Maxsus chopar yuboribdi. Ular turkiy va forsiyda so‘zlashar ekanlar. Bemalol tillashasan.
Mahmud so‘radi.
– Qanday maqsadda?
Hokim jilmaydi.
– Sendek pahlavonni nimaga chaqirishardi, kurash tushishga-da! Uning saroyida bir zo‘r polvoni bor ekan. U o‘z yigitining sendan kam emasligini butun olamga ko‘rsatmoqchi emish. “Kim o‘zi u – Mozandaron yo‘lbarsi? Mening yo‘lbarsim uni tilka-pora qiladi! Chaqiringlar, yo‘l harajatlarini to‘layman!”, debdi u.
Hokim shu so‘zlarni aytib, mulozimiga imo qildi. U darhol Mahmudga yaqinlashib, pahlavonning qo‘liga bir kichik xaltachada tangalar tutqizdi.
– Mana, uning yuborgan puli! – dedi u va gapini davom etdirdi. – Sen o‘sha polvonni albatta yengib kel! Xorazmliklarning qanday ekanligini olamga ko‘rsat! Yurtimizning dovrug‘ini yoy! Ertagayoq yo‘lga tush. Biror odamni hamroh qilib ol. Yolg‘iz ketma. Istasang, men bir chaqqon mulozimimni beraman. U yo‘lda xizmatingni qiladi. Rozimisan?
– Ha! – qisqagina javob qildi Mahmud. – U ertaga tongda uyimga kelsin. Savdogarlar karvoniga qo‘shilib, yo‘lga tushamiz. Faqat, aytib qo‘yay, aytganlarimni bekamu ko‘st bajarmasa, jig‘ini ezib qo‘yaman. Yaxshi xizmat qilsa, yaxshi haq oladi.
– Juda soz! Hozir uni chaqiraman.
Hokim mulozimiga buyurdi.
– Bekjon! Bor, Yoqubni olib kir!
Xonaga kirib kelgan yigit Mahmudga ma’qul bo‘ldi.
– Yaxshi! – dedi u. – Yoqub! Tongda, bomdoddan so‘ng, seni uyimda kutaman. Bugun safar anjomlaringni hozirla.
Yoqub tabassum qildi.
– Xo‘p bo‘ladi, Pahlavon Mahmud aka!
Mahmud hokimga yuzlandi.
– Endi, menga ruxsat bering! Yo‘l tadorigini ko‘raman.
Xiva shahri boshqaruvchisi bosh irg‘adi.
– Oy borib, omon kel, yigit!..
Mahmud mahkamadan chiqib, to‘g‘ri ustozi xonaqohiga bordi. U polvon bo‘lish bilan birga Kubroviya tariqatida ta’lim olayotgan murid ham edi. Shuning uchun, piri – Hazrat Sayid A’louddindan ruxsat va duo olib, safarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ketdi.

***

XIII asrning boshlarida Hindistonning shimolida turkiy davlat – Dehli sultonligi paydo bo‘ldi. Bu mamlakatning vujudga kelishiga X – XI asrlarda, avvaliga, Buxoroda hukmronlik qilgan somoniylar sulolasining so‘nggi vakili tomonidan qadr etilmagan, natijada uning xizmatidan ketgan mohir turkiy sarkarda Alptegin, keyin uning izdoshi Sabuktegin va uning o‘g‘li Sulton Mahmud G‘aznaviylarning hindlar mamlakatini musulmonlashtirish uchun olib borgan jangovar kurashlari sabab bo‘lgan edi. XII asrda G‘aznaviylarning ulkan imperiyasi parchalangandan so‘ng, Dehli sultonligi mustaqil davlat sifatida faoliyat yurita boshlagandi.

***

Hindiston deb ataluvchi Dehli sultonligi Pahlavon Mahmudni va Yoqubni quchoq ochib kutib olmadi. Ular yo‘lda horib-charchab, poytaxt shaharga kirib kelishdi. Hindlarning qurgan uylari, binolari na Xorazm, na Mozandarondagiga o‘xshamas ekan. Ular o‘rinlimi, o‘rinli emasmi – farqi yo‘q, turli xil qayrilmaliklarni, jimjimalarni sevishar ekan. Polvon yigit charchagani sababmi, birinchi uchragan karvonsaroydan xona oldi. Bu yer uncha ozoda emasdi. Devorlarda turli hasharotlar o‘rmalab yurishardi. Xojatxonasi ham ko‘ngliga xush kelmadi. Ammo, nachora!.. Sheriklar amallab bir kun dam olishdi. Kechki payt ovqatlanishdi. Hindlar o‘z taomlariga turli, qo‘lansa va achchiq ziravorlarni ayamay qo‘shishar ekan. Shu tufayli, qimmat bo‘lsa-da, faqat go‘sht tanavvul qila qolishdi. Lekin, uni ham bir amallab yeyishdi. “Ajabo, go‘shtga ham tuz, ham shakar sepilar ekanmi?!”, hayron bo‘ldi Mahmud. So‘ng, qidirib-qidirib, nihoyat topib, hammomga tushishdi. Hindlarning ko‘pchiligi hammomga bormas, ular odatda daryoga borib, naridan beri cho‘milib keta berishar ekan.
Ertasi kun, u yordamchisi Yoqubni olib, sulton saroyi tomon yo‘l oldi. Ammo, o‘ziga xos shakl-shamoyilga ega bo‘lgan muhtasham bino qo‘riqchilari kiyimlari va ko‘rinishlaridan musofirligi bilinib turgan odamlarga shubha bilan boqishdi.
– Sizlar kimsizlar? Nima kerak? – so‘radi forsiy tilda va dag‘al tovushda ularning biri. Aftidan, u bosh qo‘riqchi lavozimida edi.
– Biz sizning sultoningiz taklifi bilan keldik. Xorazmlik polvonlarmiz.
So‘zlashayotgan kimsaning tovushi muloyimlashdi.
– Siz bugun sultonimiz bilan uchrasha olmaysiz. Ovga ketganlar. Buguncha kutib turing. Markaziy guzarda yaxshi karvonsaroy bor. Saranjom va sarishta joy. Odatda, u yerda u yerda bo‘sh xonalar bo‘lmaydi. Ammo, bir-ikkitasi hamisha ehtiyot shart, hech kimga berilmaydi. Boring-da, noibga mening nomimni aytib, joylashing. Rad etsa, ta’zirini beraman. Dam olib, yuvinib-taranib ertaga tong mahal keling. Tashrifingizni sultonimizga bildirib qo‘yaman.
Musofirlar uning aytganini bajo keltirib, xursand bo‘lib, yaxshiroq, ozodaroq karvonsaroyga ko‘chib o‘tishdi.
Ertasi kuni, Dehli sultoni saroyida Pahlavon Mahmud va Yoqub juda xushtavo’zelik bilan kutib olindi. Mehmonlar hukmdorga ta’zim bajo etib salom berishdi. Alik olgach, sulton ohista so‘z qotdi.
– Pahlavon Mahmud! Sizning nomingiz butun dunyoga taralgan. Taklifimga labbay deb javob berib, mamlakatimizga yetib kelganingiz uchun tashakkur! Siz – zo‘r polvonsiz. Ammo, bizda ham ajoyib kurashchilar bor. Faqat, ular Eron va Turonga bormaganliklari uchun o‘zga yurtlardagi xalqlar ularni yaxshi bilishmaydi. Bularning ichida bir azim polvonimiz borki, u dunyodagi barcha kurashchilarni mag‘lub etishga qodir. Bir haftadan so‘ng, shaharning bosh maydonida, tumonat odam guvohligida katta kurash musobaqalari uyushtiriladi. Ungacha, uzoq-yaqindagi barcha elatlarning manaman degan polvonlari yetib kelishadi. Ana shunda ko‘ramiz, kimning haqiqatda kim ekanligini. Ungacha, hurmatli mehmonlar dam oling, kuch to‘plang, saroyimizning o‘ziga xos zo‘rxonasi mavjud, ana o‘sha yerda mashqlar qiling. Biz bu haqda vazirimizga aytamiz: u bir odam tayinlaydi, u esa sizning barcha istaklaringiz bajo keltiradi.
Pahlavon Mahmud bu so‘zlarni eshitgach, qulluq qildi.
– Rahmat, ulug‘ sulton! Xizmatingizga tayyorman!
– Biz sizni roppa-rosa bir haftadan so‘ng kurash maydonimizda kutamiz! – dedi sulton.
Mehmonlar bosh egib, orqalari bilan yurib, xonani tark etdilar. Chiqaverishda bir saroy xodimi ularga yaqinlashib, o‘zini tanitdi.
– Janoblar! Mening ismim – Saodat. Sizlarda qanday talab yoki istak bo‘lsa, menga aytavering. Har kuni shu yerdaman. Kelib, so‘rasangiz, darhol topib berishadi. Ertadan boshlab, zo‘rxonamizga tashrif buyuravering. U saroy orqasida joylashgan. Men u yerning mutassadisiga siz haqingizda tayinlab qo‘yaman. Nomingizni aytib kiraverasiz!
– Rahmat, muhtaram Saodat! – minnatdorchilik bildirdi Mahmud. – Albatta, kelamiz.
Ular karvonsaroy tomon tomon yo‘l olishdi.
– Ismi ayolcha ekanmi? – ajablandi Yoqub.
– Bu saroy xodimi asli eronlik. Ularda esa bunday ismlar erkaklarga ham qo‘yilaberadi, – javob qildi Mahmud. – Kel, yaxshisi, Dehli bozoriga borib, aylanamiz, tomosha qilamiz.
– Mayli, – rozilik bildirdi Yoqub.

***

Pahlavon Mahmud bir hafta tinimsiz mashq qildi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa-da, mo‘l yurib, tanasidagi kuch mushaklari yetarli zo‘riqmaganligi uchun ancha bo‘shashib qolgan ekan. Birinchi va ikkinchi kunlari qiynaldi. Og‘ir-og‘ir toshlarni ko‘tarish, murakkab jismoniy mashqlarni bajarish tanasida og‘riq uyg‘otdi. Uchinchi, to‘rtinchi kunlari ko‘nikma paydo bo‘ldi. Beshinchi kun esa uning asl kuchi qaytib keldi. Endi, u har qanday kurashga shay edi. U o‘zida xattoki, afsonaviy dev bilan ham kurashish va yengish qudratini his etdi.
Bu vaqt ichida Erondan, Samarqandu Buxorodan, xattoki Chin-Mochin tomonlardan ham polvonlar keldilar. Ular birin-sirin, kunma-kun Zo‘rxonaga kirib kelishardi. Va Mahmud bilan tanishardilar. Polvonlar bir-birlariga, mashqlariga sinovchan boqar edilar. Bu musobaqaga Mozandarondan ham ikki polvon kelib, kurashchilar safiga qo‘shildilar. Mahmudga ko‘zlari tushib, baravariga jilmaydilar.
– Bekor kelibmiz, – dedi ularning biri. – Sening shu yerda ekanligini bilganimda, ovora bo‘lib yo‘l yurmas edim!
Mahmud uni yaxshi tanir edi, ko‘p bor kurash tushgandi. Biroz yupatdi.
– Polvon doimo o‘ziga ishonishi kerak! Maydonga tushmasingdan ilgari mag‘lubiyatni bo‘yningga olma! Harakat qil, balki mutloq g‘olib bo‘larsan!
U jilmayib, xorazmlik pahlavonning so‘zlariga rozi bo‘ldi.
– Ha, gaping rost! Hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Xudo, “Ol qulim!”, desa bo‘ldi-da!
Mahmud, o‘z nuqtai nazaridan, sherik bo‘lib kelgan Yoqubni ham qochirmadi.
Uni ham mashqlarga jalb etdi.
– Menga qara, Yoqub! Sen yosh yigitsan, tanangni esa yumshoq xamirdan farqi yo‘q! Bunaqada tez chol bo‘lib qolasan-ku! Mashq qil! Mana, mendan o‘rnak ol!
– Men baribir, sizdek bo‘la olmayman! – xo‘rsindi u.
– Albatta, pahlavon bo‘la olmaysan. Ammo, jismonan chiniqasan. Kuchli bo‘lasan. Yelkalaring kengayadi. Bilaklaring taranglashadi. O‘zingga ishonching ortadi. A’zoi badaning bo‘shligidan yo‘lda rosa charchab qiynalding. Chiniqqan bo‘lganingda buncha azoblanmasding! Mashq qil! Erkaksan-ku!
Bu gaplardan so‘ng, u ham Zo‘rxonaga borganda o‘ziga mos toshlar ko‘tara boshladi, turli jismoniy mashqlar bajarishga ko‘nikdi.
Bir hafta shu taxlit o‘tdi. Nihoyat, musobaqa boshlanadigan kun yetib keldi.
Dehli shahriga butun musulmon dunyosidan qirq nafar polvon yig‘ilibdi.
Maydon turli rangdagi matolar, bayroqlar bilan bezatilgandi. To‘rt tarafda bir xil kiyingan sipohiylar qurol ushlab turishardi. Har bir bellashuv boshlanishi oldidan nog‘orachilar bu haqda o‘z do‘mbiralarini do‘rillatib xabar berishar edi.
Bu, dabdabali uyushtirilgan musobaqa ham xuddi Mozandarondagi kurashlarda g‘olibni aniqlash usuli orqali o‘tkazildi. Lekin, shoshilinmadi. Har kuni faqat besh martagina bellashuv bo‘lardi. To‘rtinchi kun ikki polvongina musobaqani mag‘lubiyatsiz o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi.
Birinchisi, Pahlavon Mahmud edi. Ikkinchisi esa Dehli sultonining avaylab asrab yurgan polvoni edi.
Mahmud uning mahoratini va kuchini chamaladi. Haqiqatdan, u juda zo‘r edi. Lekin, xolisanillo baho berilganda, baribir xorazmlik polvondan ustun kelishi juda qiyin edi. Mahmud har qanday vaziyatda uni yiqitib, kuragini yerga tekkizishi muqarrarligini his etdi. Bundan tashqari, raqibidan farqli o‘laroq, u holdan toygandi.
Bu holatni, norasmiy ravishda bosh hakam vazifasini bajarayotgan sulton ham sezdi. Va unga ikki kun kuchlarini yig‘ishga imkon berishga qaror qildi. U xaloyiqqa va hakamlarga yuzlandi.
– Polvonlar musobaqasi juda ajoyib o‘tmoqda. Bir necha kun ichida murosasiz va keskin kurashlar bo‘lib o‘tdi. Natijada, mana man degan eng zo‘r polvonlardan faqat ikki kishi qoldi. Endi, ular kim bu dunyoda eng zo‘r degan savolga javob berishlari lozim. Ular bu musobaqa davomida ozroq toliqishdi. Ularning janggini to‘la kuch-quvvatga to‘lgan xolda o‘tkazsak, ham halol, ham mazmunli o‘tadi. Shuning uchun, hal qiluvchi bellashuvni ikki kundan so‘ng tomosha qilamiz. Bu vaqt ichida ular yaxshi dam olishsin, zarur tayyorgarlik ko‘rishsin. Omin. Ollohu akbar!
Haloyiq ham “Ollohu akbar!” deb javob qaytardi.

Mahmud birinchi dam olish kunini to‘liq hordiqqa bag‘ishladi. Faqat, yengil mashqlar qildi. Ikkinchi kuni, peshingacha o‘zining og‘ir mashqlarini bajardi va keyin tanasiga dam berishga qaror qildi. Ammo, bekorchi bo‘lib xonada yotishni istamadi. Vaqtdan unumli foydalanish lozim edi. Yodiga, piri Hazrat Sayid A’louddinning o‘giti tushdi: Aziz-avliyolarning maqbaralarini ziyorat etish va ular dargohida Yaratgandan madad so‘rash – juda savobli ishdir.
Shuning uchun, u saroy xodimi Saodat oldiga borib, so‘radi.
– Taqsir! Dehlida musulmonlar qabristoni qayerda va u yerda biron valiyning maqbarasi bormi?
– Ha, albatta bor! – dedi u. – Istasangiz, olib boraman!
– Qaysi avliyo u yerda dafn etilgan?
– Bu shaharga musulmonlardan ilk bor sarkarda Alptegin, somoniylar xizmatidan ketgach, islom dinini yoyish uchun kelgan. Shaharni ishg‘ol etishda Ollohning valiysi Xoja Ne’mat Marviy o‘z maslahatlari bilan unga ma’naviy yordam berib turgan. Alptegin qo‘shini hindlarnikidan oz bo‘lsa-da, cho‘chimay hujumga o‘tishga undagan. Natijada, bu shahar osonlik bilan egallangan. Hazrat bu yerda yashab qolgan ilk musulmonlarga bosh bo‘lib, juda ko‘p majusiylarni imonga kiritgan ekan. O‘sha tabarruk avliyoning nafasi juda o‘tkir bo‘lgan deyishadi. Vafotidan so‘ng o‘sha qabristonga dafn etilgan. Kimki, u zotning marqadini ziyorat etsa, Ollohdan ne tilagi bo‘lsa, ijobat etilar emish.
– Rahmat, muhtaram Saodat! O‘zingiz ovora bo‘lmang. Menga u yerga qanday borishni tushuntirib bersangiz kifoya. Ziyoratni bir o‘zim qilishni xush ko‘raman.
Saroy xodimi unga yo‘lni batafsil tushuntirdi.
Pahlavon Mahmud musulmonlar qabristoniga kirib, buyuk valiy Xoja Ne’mat Marviyning maqbarasini topdi. Maqbaraning shakli shamoyili musulmon olamiga xos bo‘lsa-da, unda hindcha tarxlar ham ishlatilgandi. Uning tomi jimjimalar va qayrilma chiziqlarga boy edi. Polvon ichkariga xatladi. Qabr usti marmar taxtalar bilan yopilib, ular naqshinkor arabiy yozuvlar bilan bezatilgan ekan. Ikki yonga ko‘rpachalar to‘shalgan. Istagan tomonga o‘tirib, Qur’on suralaridan tilovat qilib, ziyoratni ado etish mumkin. Mahmud ko‘rdiki, bu yerda yoshi ellik-ellik beshlar orasidagi bir ayol past ovozda tilovat qilmoqda. Unga xalaqit qilmaslik uchun, biroz kutishga, ayol ziyoratini ado etib, chiqib ketishini kutishga qaror qildi.
Ayol tilovat qilib bo‘lgach, Yaratganga yolbora boshladi.
– Yo, Olloh! Iltijo qilib so‘rayman! Ertangi bo‘ladigan kurashda o‘g‘limning qo‘lini baland qilgin! Unga O‘zing madad ber, toki u xorazmlik polvonni yengsin! Aks xolda, sultonimiz uni jazolaydi. “Agar, kuraging yerga tegsa, seni zindonga tashlataman!”, debdi. Yo, Olloh! Men onaizorni qaqshatma! O‘zing bilasan, erim vafot etgan. Boshqa farzandlarim hali yosh. O‘g‘lim yengilsa, holimiz ne kechadi?! Yo, parvardigor! O‘zing rahm qil! O‘zing yordam ber!… Omin. Ollohu akbar!
Ayol o‘z iltijolarini aytib, maqbaraga kirib o‘tirgan yigitga parvo qilmadi, indamay chiqib ketdi.
Pahlavon Mahmud bu iltijodan hayronu lol bo‘ldi. Nahotki, Dehli sultoni shunday qabih ishga qaror qilgan? Nahotki, u o‘z polvonini kurashda yutqazgani uchun zindonga tashlatsa? Ajabo, unda javonmardlikdan asar yo‘g‘-a! Mayli, nomard sulton shunday ishga qaror qilgan bo‘lsa, bechora onaga o‘zi yordam beradi. Ertangi kurashda yutdi nima-yu, yutqazdi nima? Gap olinadigan katta sovrindami? Olloh unga atagan rizqini boshqa yo‘l bilan beraveradi.
Mahmud ziyoratni ado qildi-da, maqbarani tark etdi.
Ertasi kuni kurash maydoniga tumonat odam yig‘ildi. Atrofni ajabtovur kiyingan, haybatli qilichlar taqqan, yupqa salla o‘ragan mo‘ylovdor sipohiylar o‘rab olishdi. Bir qancha kishilik nog‘orachilar guruhi har kungidek o‘z san’atlarini namoyish eta boshladilar. Barcha sultonning kelib, o‘z joyiga o‘tirishini va kurashni boshlashga ishora qilishini kutardi.
Nihoyat, Dehli sultoni qo‘riqchilar qurshovida bu yerga o‘rnatilgan taxtga kelib o‘tirdi. U atrofga mamnuniyat bilan bir qarab olgach, bosh hakamga ishora qildi. Shu damdayoq nog‘oralar dahshatli dirillab, keskin va murosasiz jang boshlanishidan atrofni ogoh etdilar. Maydon o‘rtasiga ikki chekkadan polvonlar tushib keldilar. Xalq ularni olqishladi.
Kurash boshlandi. Mahmud raqibining ko‘zlariga boqdi. Ularda hadik va g‘ulg‘ula bor edi. Buni u yaqqol his etdi. Bunday kurashchini osonlik bilan yengish mumkin. Lekin, bugun u yutqazishi kerak. Notovonlarga yordam berishi lozim. Bu – haqiqiy javonmardlikdir!
Mahmud hech kimda shubha tug‘ilmasligi uchun jarayonni cho‘zishga qaror qildi. Shunda, u charchagandek bo‘ladi va bexosdan raqib usuliga chap berolmay yiqiladi. O‘raga sichqon tushdi – guldur gup.
Uzoq davom etgan ikki tomonning urinishlaridan so‘ng, dehlilik polvon bir usul qo‘llab, kutilmaganda “Mozandaron yo‘lbarsi”ning kuragini yerga tekkizdi.
Ana qiyqiruvlaru, ana olqishlar! Ana shodligu, ana xursandlik! Ana hayajonlaru, ana quvonch yig‘ilari! Ta’riflashga so‘z ojiz!
Katta sovrin tantanali ravishda, nog‘ora sadolari ostida hindistonlik musulmon polvonga topshirildi. Sulton uning yelkasiga zarbof to‘n tashlatdirdi. Xorazmlik kurashchi ham e’tibordan chetda qolmadi, unga alohida mukofot berildi.
Mahmudning soxta mag‘lubiyatini hech kim sezmasa ham, buni mozandaronlik polvonlarning biri his qildi. U xorazmlik polvonning kuchini juda yaxshi bilar edi. Barcha tantanalar tugagandan so‘ng, u ohista kelib so‘radi.
– Mahmud, nega yutqazib berding?
– Hindistonlik polvonni zindondan asrash uchun. Faqat, iltimos hech kimga churq etma!
– Mayli, – dedi u. – tushunaman. Javonmardsan! Qoyilman senga. Ko‘pchilik bunday ishga qodir emas. Haqiqiy g‘olib o‘zingsan! Nainki g‘olibsan, balki qahramonsan!

***

Pahlavon Mahmud kurash musobaqasi tugagach, o‘z yurtiga darhol qaytib ketishga shaylanmadi. U bu diyorda yana bir hafta qolib, dam olishni va tevarak atrofga kichik sayohatlar uyushtirishni diliga tugdi. Chunki, tabiat go‘zalliklaridan zavqlanishni sevardi. Dehli atrofi esa ajabtovur manzaralarga ega edi.
Ertasi kuni, u to‘yib uxlashni mo‘ljallagani uchun, odatdagidek barvaqt uyg‘onmadi. Kecha kechqurun yotish oldidan bu niyatini Yoqubga ham aytgani tufayli, sherigi bundan quvonib, tong otishi bilan xizmat uchun dik etib turmadi. U ham pishillab, uyquni davom etdira berdi.
Ammo, baribir ular uzoq uxlay olmadilar. Kun ko‘tarilmay ular joylashgan karvonsaroy xonasi eshigi taqilladi.
Dehli sultoni xorazmliklarga mutassadi bo‘lgan Saodatni bu yerga yuboribdi. Ikki mehmon tashqariga chiqib yuvinib kelishgach, saroy xodimi ularga murojaat qildi.
– Siz sultonimizga bag‘oyat yoqib qolibsiz, muhtaram Pahlavon Mahmud janoblari! – so‘zini boshladi u, taklif etilgan joyga o‘tirgach. – Olampanohimiz rejangiz qanday ekanligini bilmaganlari uchun qoshingizga meni lutfan jo‘natdilar.
Mahmud jilmaydi. Saroy polvonining “Mozandaron yo‘lbarsi”dan ustun kelgani uchun sultonning ko‘ngli xush bo‘lsa kerak, o‘yladi u.
– Bunday lutfdan juda minnatdorman, muhtaram Saodatxon! Mo‘ljalimiz mamlakatingizda yana biror hafta turish, shahar atrofiga biroz sayohat qilish, qaytishga kuch to‘plab, sovg‘alar olib, so‘ng yaxshi karvonga qo‘shilib yurtimizga ravona bo‘lishdir.
– O, ayni muddao! – xitob qildi saroy xodimi. – Biz darhol jo‘nab ketmadingizmi degan xavotirda edik. Sultonimizning o‘zingizga atalgan alohida in’omlari bor. Uni sizga tantanali ravishda topshirish niyatidalar!
– Bundan minnatdorman. Shart emas edi. Rahmat!
– Muhtaram Pahlavon Mahmud janoblari! Sultonimiz in’omdan tashqari, sizni o‘zlari ishtirok etadigan yirtqich hayvonlar oviga ham taklif etadilar!
– O, qachon ekan?
– Ikki kundan so‘ng. Ikkalangiz bomdoddan so‘ng sultonimiz saroyiga darhol yetib kelishingiz lozim! Ovning ertasiga esa, siz bilan xayrlashuv ziyofati ham uyushtiriladi!
– Nechuk, menga bunday e’tibor? Men axir mamlakatim saroy vakili emasman, oddiy polvonman.
– Siz juda kamtarsiz muhtaram Pahlavon Mahmud janoblari! Sizning javonmardlik madh etilgan ruboiylaringiz Hindistonga qadar yetib kelgan. Shoirlar har qanday zamonda e’zozlanganlar. Hamda, butun islom olamiga mashhur Shayx Najmiddin Kubro izdoshlaridan ekanligingiz ham bizlarga ma’lum. Tariqat ahli ham ulkan hurmatga loyiq ahllardandir. Dono va qudratli sultonimiz saroyida siz e’zozlanmasangiz, kim e’zozlanadi?
Pahlavon Mahmudning bu so‘zlarga g‘ashi keldi. “Dono va qudratli sulton javonmardlik haqidagi ruboiylarni sevar ekan, demak mag‘zini tushunadi. Shunday bo‘lsa, nega bechora saroy polvoniga zug‘um qiladi?”, o‘yladi u.
Mahmud biroz sukut saqladi-da, javob berdi.
– Mayli, dono va qudratli sultoningizga yetkazing: albatta barcha takliflariga roziman. Aytilgan vaqtda, saroyingizga sherigim Yoqub bilan yetib boramiz.
Saodat jilmaydi.
– Sizni kutamiz, janoblar! – dedi u va xonani tark etdi.
Mahmud bu taklifni rad qilmasligiga ikki sabab bor edi. Birinchidan, u – hukmdor tomonidan aytildi, ikkinchidan, o‘zining mo‘ljallariga mos tushadi.

Endi, oradagi ikki kunni qanday o‘tkazish haqida o‘ylash kerak edi. Mahmud bu haqda Yoqubga maslahat qildi.
– Xo‘sh, oldimizdagi ikki kunni qanday o‘tkazamiz? Karvonsaroyda o‘tiraberamizmi?
Yoqub o‘z fikrini bildirdi:
– Men eshitib qoldim, sultonning saroyida xorazmlik qullar bor ekan. Ularning ba’zilari ruxsat so‘rab, sizning kurashingizni tomosha qilishga kelishibdi. Bir-ikkitasi bilan suhbatlashdim ham.
Mahmud darhol sergaklashdi. Va so‘radi.
– Ular qancha ekanlar?
– Roppa-rosa yigirma besh kishi.
– Ayollar bormi?
– Yo‘q! Barchasi erkaklar. Yigirma yoshdan qirq yoshgacha. Janglarda asir tushishgan. Ularni qul qilib, olib kelib sotganlar. Saroybon xarid qilgan. Barcha yurtdoshlarimiz shu yerdagi xodimlarga xizmat qiladilar. Otlarga qaraydilar. Hamma yoqni tozalaydilar. Yuklar tashiydilar. Xullas, barcha qullik mehnati bo‘ynilarida.
– Ular bilan gaplashsa bo‘ladimi?
– Saodatga aytsak, uyushtirib berar?! Balki birmuncha pul berarmiz…
– Unda, juda soz! Ketdik! Hamyurtlarimizni ko‘rib, suhbatlashib kelamiz. Ular ham o‘z vatandoshlarini sog‘inishgandir.
– Bo‘pti, ketdik!
Saodat haqiqatdan ham vatandoshlarning uchrashishiga yordam berdi. Uzatilgan tangalarni olmadi.
– Siz meni kim deb o‘ylayapsiz? – ajablandi u. – Bu axir, savobli ish-ku! Menga yaxshi maosh berishadi.
Natijada Mahmud va Yoqub o‘z vatandoshlari bilan ancha gaplashishdi. Ularning barchasining ko‘zlarida qandaydir mung va ilinj bilinib turardi. Ular juda uylariga qaytishni istashar edi. Lekin, ular bandi edilar. “Ularni Xorazmga olib ketishning iloji bormikan?.. Kuch ishlatish nojoiz va falokatli. Yaxshisi, sotib olish kerak…”, o‘yladi Mahmud. Bu haqda Saodatdan so‘radi.
– Ularni qayta sotib olish mumkinmi?
U bosh chayqadi.
– Yo‘q. Saroybonimiz ularning mehnatini juda qadrlaydi. Xorazmliklar har bir ishni sidqidildan, puxta bajaradilar. Bunday kishilarni muntazam urib, kaltaklab turish shart emas. Shuning uchun, sotishi dargumon.
Shundan so‘ng, Mahmud xorazmlik qullar bilan xayrlashdi. Ularning har biri polvon yigit va Yoqub bilan quchoqlashib xayrlashdi. Ayrimlarining ko‘zlaridan xattoki yosh ham oqdi.

***

Tayinlangan kun yetib keldi. Mahmud va Yoqub odatdagidan barvaqtroq uyg‘onishdi. Yuvinib, bomdod namozini o‘qib, to‘g‘ri Dehli sultoni saroyi tomon yo‘l olishdi. Borishgach, ko‘rishdiki tayyorgarchilik zo‘r. Hukmdorning ovga borishi ham dabdabali tashkil etilar ekan. Qurollangan sipohiylar, soqchilar, kamonchilar va oziq-ovqat ortilgan aravalar behisob edi.
Saodat ularni kutib turgan ekan, darhol qarshi oldi.
– Xush kelibsiz, mehmonlar! Siz sulton bilan yonma-yon ketuvchi hamrohlar safida bo‘lasiz!
Shu payt ikki soqchi hamrohligida, bir ajoyib ot mingan holda sulton o‘z saroyidan chiqib keldi. Hukmdorning ko‘zi Mahmudga tushib qoldi va u jilmaydi. Polvon shu zahotiyoq unga ta’zim qilib, salom berdi:
– Assalamu alaykum, onhazrat!
– Vaalaykum assalom, Mozandaron yo‘lbarsi! Xush kelibsan, ovimizga!
– Rahmat, olampanoh!
– Senga ot berishdimi?.. Saodat, qani polvonga atalgan arg‘umoq?
– Onhazrat! Ana, olib kelishyapti!
Mahmudga Saodat bir egarlangan arg‘umoqni ro‘para qildi.
– Ushbu ot sultonimizdan sizga sovg‘a! Ovdan keyin ham o‘z ixtiyoringizda bo‘ladi. Xorazmga olib ketasiz!
Arg‘umoq ancha baquvvat, uni tanlashda polvonnning haybatini hisobga olingan edi. Mahmud otga minib yaxshilab o‘rnashib oldi.
– Muborak bo‘lsin! Muborak bo‘lsin! – atrofdan tabriklar yangradi.
– Rahmat!.. Rahmat! – javob berdi polvon hammaga va sultonga yuzlandi. – Onhazrat! In’omingiz uchun tashakkur!
Hukmdor yana jilmaydi.
– Sendek polvonga mos keldimi?
– Juda yaxshi, oliy hukmdor!
– Yaxshi, unda ketdik!.. – xitob qildi sulton va ta’kidladi. – Sen mening chap tomonimda ketasan, o‘z polvonim esa o‘ng tomonimda yuradi.
Mahmud shu so‘zlardan keyingina “g‘olib”ga ko‘zi tushdi. Hindistonlik polvonning og‘zi qulog‘ida edi. Lekin, Mahmud unga ko‘p e’tibor bermadi va hukmdorga minnatdorchilik bildirdi.
– Rahmat, onhazrat!
Mahmud Dehli sultonining aytganini qilib, uning chap tomoniga o‘tib, yonida keta boshladi.

Hindiston o‘rmonlari nainki o‘rmon, balki changalzordir. Yurish qiyin. Besh-olti qadamdan so‘ng seni nima kutib turganini bilmaysan. Biror chuqurlik yo jarlikka qulaysanmi, yirtqich hayvon oldingdan chiqadimi, beozor maymunga duch kelasanmi yoki ilon senga chirmashadimi – noma’lum. Ko‘r-ko‘rona botirlik qilib, bir o‘zing ichkariga kirib ketsang, adashib qolib, yo‘lbarsga yem bo‘lishing hech gap emas. Shuning uchun, tajribali odam boshchiligida yoki hamrohligida o‘rmon ichiga kirish darkor. Bu yurtdagi ov ana shu xavfliligi bilan ham jozibalidir. Axir erkak kishining fe’l-atvori qayerda va qanday sinaladi? Albatta, haqiqiy xatar va muqarrar o‘lim oldida o‘zini tutishiga qarab! Ana shunday vaziyatda uning qalbida shermi, tulkimi yo quyon yashiringanmi – aniq bilinadi! Hind sultoni bu narsani juda yaxshi his etardi, shuning uchun ayrim odamlarni ataylab ovga chorlardi. O‘rmonda, ochiq yovvoyi tabiat qo‘ynida ularning yurish-turishini kuzatardi, baho berardi va saroydagi mavqeini belgilardi yoki quvib solardi. Mahmudni ovga taklif qilinishiga ham asl sabab shu edi. Sulton bu xorazmlik devqomat yigitni ana shunday vaziyatda ko‘rishni istadi.
Shikorchilar o‘rmon orasidagi yo‘lga tushishgach, oldingi qatorda to‘satdan g‘ala-g‘ovur boshlandi. Sabab, kutilmaganda, odamlarning qarshisidan yo‘lbars chiqib qolibdi. U qandaydir soniyalar davomida insonlarga boqib turdi-da, orqasiga o‘girilib qochishga shaylangan edi hamki, kamonchilar uni o‘qqa tuta ketishdi. Bu uchi o‘tkir kichik nayzachalar yomg‘irining biri uning yuragiga sanchildi va u ko‘p kutdirmay, besh-olti qadam ham yurolmay gup etib quladi. Kamonchilar qiyqirib xursand bo‘lishdi.
Ovga chiqqan saroy ahli ham bundan xursand bo‘ldilar. Barcha yurishda davom etdi. Bir qancha masofa bosilgandan so‘ng, odamlar oldida katta bir o‘t- o‘lanlar o‘sib yotgan yalanglik paydo bo‘ldi. Bu yerda turli o‘txo‘r hayvonlar serob ekan. Sultonning ko‘zi bir kattagina kiyikka tushdi.
– U mening ovim! – qichqirdi u va kamonni qo‘liga olib, mo‘ljalga olayotgan edi, hurkak jonivor bir narsani sezganday ortiga qarab qochdi.
Sulton beixtiyor otini niqtadi va uning ketidan quvib ketdi. Mahmud ham hukmdordan ortda qolmaslikka intilib, arg‘umoqqa qamchi urdi. Saroy polvoni ham buni ko‘rib, zudlikda ular izidan tushdi. Lekin, u va boshqa ayonlar ancha orqada qolgan edilar. Yalanglik katta bo‘lgani uchun kiyik bemalol yugurardi. Nihoyat, u to‘xtashga hozirlanayotgandek bo‘ldi, ammo bu sakrashga tayyorgarlik ekan. U oldidan chiqqan jarlikning nariga tomoniga shunday yengillik va chaqqonlik bilan o‘tib ketdiki, Mahmud unga tan berdi. Sulton esa oldida jarlik mavjudligini oxirgi soniyalardagina sezib qoldi. Ot kiyikdan farqli o‘laroq bunday uzoq masofaga sakrashga qodir emas edi. Shuning uchun, sulton darhol o‘z jonivorining tizginini tortdi. Lekin, tabiatda inertsiya degan kuch bor. Harakatlanayotgan ob’ekt hech qachon bir nuqtada taqqa to‘xtay olmaydi. U ming urinsa-da, ma’lum muddatda qandaydir masofani baribir bosib o‘tadi. Natijada, sulton oti bilan jarlikka sirg‘alib tusha boshladi va bir qulochcha pastda jar devoridan o‘sib chiqqan daraxtning ikki baquvvat shoxiga ilinib qoldi. Bu o‘simlik sultonning hayotini asrab qolgandi. Ammo, xali ham xavf bor edi. Agar, u yuqoriga tez tortib olinmasa, tubsizlikka qulashi va halok bo‘lishi tayin edi.
Pahlavon Mahmud ortda kelayotgani uchun o‘z arg‘umoqini beriroqda to‘xtata oldi. Darhol yerga tushdi va jarga engashdi. Daraxtga ilinib qolgan sultonni va otni ko‘rdi. Hukmdor yuqoridagi xorazmlik polvonga najot so‘rash ifodalangan ko‘zlarini tikdi. Mahmud zudlikda belidagi kamarni yechdi, uning bir uchini qo‘liga chirmab, narigi tomonini sultonga tushirdi.
– Mahkam ikki qo‘lingiz bilan ushlang, onhazrat!
Sulton uning aytganini qildi va osonlik bilan yuqoriga tortib olindi.
– Rahmat, Pahlavon Mahmud! – dedi u va yengil tordi. U naqd o‘limdan qutilganini chuqur his etdi. Yaxshiyam, bu yigit paysallamay yetib kelibdi! Ollohga ming qatla shukur!
U o‘zini o‘nglab, jarga engashdi. Ikki shoxga ilinib turgan oti qimirlay olmay osilib turardi.
– Onhazrat! Ruxsat eting, men otingizni ham tortib olaman! – murojaat qildi xorazmlik yigit. – Faqat, sal chetroqqa o‘ting.
Mahmud yana kamarini bir uchini qo‘liga chirmadi va jarga engashib, temir ilgakli uchini pastga tushirib, tinchiy olmayotgan otning yuganiga ilintirishga harakat qildi. Birinchi, ikkinchi urinishlar zoye ketdi, lekin uchinchi urinishda yugan ilindi. Uni asta yuqoriga tortib, ikkinchi qo‘li bilan mahkam ushladi. Va bir zo‘r bilan otni ham tepaga tortib chiqardi.
Bu paytda ortda qolgan ayonlar yetib kelib, o‘z sultonlari omon qolgani uchun Yaratganga shukronalar ayta boshlashdi. Ular Mahmudning otni ham qutqarganini ko‘rib, unga, uning kuch-quvvatiga ham tasannolar o‘qishdi. Sulton hayajonlanayotgan, yuganini o‘z polvoni ushlab turgan jonivoriga yaqinlashib, uni shapatilab tinchitdi va erkalatdi. So‘ng, o‘z polvoniga qaradi.
– Sen Mahmudni qanday yenga olding?
Saroy kurashchisi yelka qisdi. Shundan so‘ng, hukmdor Xorazmlik pahlavonga yuzlandi.
– Sen shunday kuchli bo‘laturib, qanday qidib shu bo‘sh-bayovga yutqazding? Faqat to‘g‘risini ayt!
Shunda Mahmud unga hamma bo‘lgan voqealarni ro‘yi-rost gapirib berdi.
Uning so‘zlarini diqqat bilan tinglagan sulton xorazmlik yigitga boqdi.
– Pahlavon Mahmud! Sen meni va otimni naqd o‘limdan qutqarding! Sendan o‘la o‘lgunimcha qarzdorman. Istasang, saroyimda qol – yaxshi amal beraman –
eganing oldingda, yemaganing orqangda bo‘ladi. Agar, yurtimga ketaman, desang – boylik ol! Nima beray? Oltinmi, qimmatbaho toshlarmi? Go‘zal kanizaklarmi? Yo boshqa narsalarmi? Tila tilagingni!
Ayonlar qiziqib xorazmlik yigitga boqishdi. Hozir u mol-dunyo so‘raydi, deb taxmin qilishdi. Mahmud esa bir oz sukut saqladi-da, ohista jilmaydi. Sultonga so‘z qotdi.
– Onhazrat! Menga saroyingizdagi tinch-osuda hayot ham, bitmas-tuganmas boylik ham, kanizaklar ham kerak emas…
Mahmud shu so‘zlarni aytgach, jim bo‘lib qoldi. Yuz ifodasidan u nimanidir so‘ramoqchi bo‘layotgani, ammo ikkilanayotganligi sezilib turardi.
– So‘ra! So‘rayber, Pahlavon! Istihola qilma! Eshitaman! Ollohni guvoh qilib aytamanki, so‘raganingni beraman! – xitob qildi sulton.
Yigit nihoyat niyatini bayon etdi.
– Onhazrat! Saroyingizda yigirma besh nafar hamyurtim xizmat qilishar ekan. Shu insonlarga ozodlik bera olasizmi? Agar, ruxsat etsangiz, men ularni Xorazmga olib ketaman!
Sulton jilmaydi. O‘zining aziz hayoti oldida yigirma besh nafar qulning bahosi ancha pastda emasmi?..
– Bor-yo‘g‘i shumi?! Juda yaxshi, men albatta ularga ozodlik tuhfa qilaman. Va ularning o‘z yurtlariga eson-omon yetib olishlari uchun yetarli oziq-ovqat, pul ham beraman. Hamda ertaga musobaqada g‘oliblik mukofoti tantanali ravishda o‘zingga beriladi. Va mardliging uchun alohida tuhfa ham beraman. Rozimisan?
Mahmud darhol bosh egdi.
– Albatta, onhazrat!

Shunday qilib, Pahlavon Mahmud yurtiga yana bir mamlakat – Hindiston mamlakati g‘olibligini, asirlikdan ozod etilgan yurtdoshlarini va mukofotlarini olib yurtiga qaytdi.

Toshkent. 2017 yil, may-sentyabr.