Nurullo Oston. Tadbirkorlik qonimizda (hajviya)

Bizning xalqimizday tadbirkor xalq bo‘lmasa kerak dunyoda. Yiliga uch marta yerdan hosil oladi, tovuq kechasi tuxum qo‘ysin, deb elektr chiroqini yog‘ib qo‘yadi, simyog‘ochga ulab. Fevral oyida tomorqasini molalab, rediska bilan sabzi urug‘ini aralashtirib sepadi. May oyida rediskani qo‘porib yeyaveradi, keyingi oyda sabzini sotadi. Elektr hisoblagich aylanmasligi uchun rozetkaga bir-biriga sim ulangan vilka tiqib qo‘yadi. Gazga hisoblagich qo‘yib, yerning ostidan quvur bilan gaz olib o‘tadi. Alximiyaniyam shu xalq kashf qilgan. Hali hanuzgacha ana shu usuldan foydalanishadi. Shu tufayli Angrenda qattiq qotishmalardan oltin ajratib olishayotgan o‘n beshtasi uzoq muddatli safarga qulog‘ini ushlab ketdi. Qo‘shrabodda Urganji degan qishloq bor, shu yerdagi tepalikni odamlar qazib, tuprog‘ini yuvib oltin olishadi. Hindilar to‘qqizta raqamni chalkashtirib, nima qilishni bilmay miyasi achib yotganida, al-Xorazmiy degan bobomiz chiqib “To‘xta!” -degan ularga. “Birning orqasiga nol qo‘ysang, 10 bo‘ladi, oldiga qo‘ysa
ng, 01 bo‘ladi, galvars”, -degan. Ana shundan millionlar, trillionlar ko‘payib ketgan, millionerlar, trillionerlar paydo bo‘lgan. 01, 02, 03 ham shundan paydo bo‘lgan. Bir millioner voy uyim kuydi, deganida 01 yetib borgan, orqasidan qolgan-qutganini eplashtirish uchun 02 etib kelgan, 03 uni hushiga keltirib, pul so‘ragan.

Mo‘g‘ullar orqasi yag‘ir bo‘lib, otga minolmay yurganida bir bobomiz chiqib “To‘xta!” degan va otning ustiga sholcha tashlab bergan. Ana shundan odam avratini yopib, kiyim kiyib yurishga o‘rgangan. “Al-jabr al-muqobala” asosida algebra, kibernetika, kompyuterlar kelib chiqqan. Ibn Sinoning tibbiy tomorqasidan butun dunyo tirikchilik qilib yotibdi. Bobolarimiz haqorat va xo‘rlanishlardan ham tadbirkorlik bilan foydalangan. Al-Motrudiy bobomiz tandirga non yopib turganlarida badjahl xotini kelib, tabarruk joylariga to‘rtta tepgan. Shunda bobomiz aytgan ekanlar-ki, beshinchi tepkini olish baxtiga muyassar bo‘lolmadim, agar o‘sha tepkini ham olganimda oliy saodatga yetishgan bo‘lardim, deb afsuslangan. Shuning achchig‘idan ul zot xotinlarini nega yana bir marta tepmading, deb tutib urgan bo‘lsalar ham ajab emas.

Bu priyomdan hozir keng foydalanishadi. Boshliq uradigan kayfiyatda bo‘lsa, tobe’ rahbar unga yaxshiroq joyini tutib beradi, zarbani olgach, oh-voh, deb yana boshqa joyini tutadi, qarabsizki ertaga kattaroq ishga ko‘tarilib ketadi. O‘sha paytda sal norozi bo‘lib e’tiroz bildirsa tamom, holiga maymunlar yig‘laydi. Shuning uchun “o‘ng yuzingga urganga chap yuzingni tut”, “Otangni o‘ldirganga onangni ber”, -degan maqol Amerikada emas, bizda chiqqan. Bu degani, otang onangdan qutilib jannati bo‘lib ketdi, endi onangni otangni o‘ldirganga ber, uni ham o‘ldiradi, degani.

Amerikada moshinalar qabristoni bor. Amerikalik moshinasi salgina buzilsa o‘sha yerga olib borib tashlaydi. Bizning ustalarning qo‘liga shu moshinalar tushsa bormi, zavoddagidan yaxshiroq qilib tuzatib chiqishadi. Moshinalar qabristoni emas, moshinalar gulistoni qilib yuborishadi. Bizning ustalarning qilmagan ishi faqat o‘liklarga jon kirgizish qolgan, o‘shani ixtiro qilsa, o‘liklarning hammasini tiriltirib, milliarder bo‘lib ketardi. Hamma navbatda turgan, birov bobosining o‘ligini, birov katta xolasini ko‘tarib olgan, tezroq jon qo‘yib ber, deb yalinadi, ustalarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi, chaqaloqning jonini 90 yoshli boboyga qo‘yib yuborgan, baquvvatroq jonni tanishiga asrab qo‘ygan… Go‘rkovning oti go‘rboyga aylangan, kim unga pul tiqishtirgan, kim tanish-bilish qilib kelgan… Ba’zi birovlar o‘zlari yeng shimarib ishga tushib ketgan, tezroq go‘rni ochaylik, yaxshi jondan kelipti, gaplashib qo‘ydim va hokazo.

Amerikalik bir marta kiyilgan kiyimni yuvib, dazmollab ustiga sovg‘a-salom qo‘yib uyining oldiga qo‘yib qo‘yarkan, birovga kerak bo‘lsa olib ketsin, bizdan uyalmasin, deb. Bizda to‘qimning ustiga tezak yopib qo‘ysang ham bir martasiga titkilab ko‘rishadi. “Ie, tezak nega bu yerda do‘ppayib turibdi”, -deb atrofida avval bir marta aylanadi, keyin tagini ko‘tarib ko‘radi. “Ie, bu to‘qim-ku”, -deb, kerak bo‘lmasa ham yelkasiga tashlab ketaveradi, biror narsaga yarab qolar, deb.

Bizda tadbirkorlik kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Barcha tadbirkorliklar shu yerdan butun dunyoga tarqalgan. Hech bir tadbirkorlikka imkoni qolmaganida ham tadbirkor xaltasini yelkasiga tashlab, dala-dashtga chiqib ketadi. Kechqurun bir xalta o‘t ko‘tarib keladi. “Mana buning yarmisini go‘shtchoparda chopib, bolalarga barak qilib ber, -deydi xotiniga. -Qolganini ertaga bozorga olib borib sotasan”. Puli ko‘paysa, qavat-qavat uy quradi, xotinni ko‘paytiradi. Pulini Shveytsariya bankiga olib borib qo‘ymaydi. Xotinni ko‘paytiradi. Bitta xotinning azobi kamlik qiladi-da unga. Xotinni uchta qiladi. Ko‘r bo‘lib uchchovini ham boqadi. E, bu bo‘lmadi, deb bitta o‘ynash ham orttirib qo‘yadi har ehtimolga qarshi. Keyin “Yasha Sho‘ro” deb ashula aytadi. Chunki o‘zining kuni sho‘ra yeyishga qoladi.

Yaqinda tilvizirda bittasi “Qo‘ni-qo‘shniga mehr-muruvvatli bo‘laylik”, degan shior bilan chiqdi. Tasavvur qiling, tadbirkor uyiga to‘rt kilo go‘sht olib kelyapti, yonidagi narkoman, alkash qo‘shnisi chiqib “Mehringni katta onangga ko‘rsat, lekin go‘shtingning yarmisini qo‘shningga muruvvat qil-da!” deb tursa. Yoki tadbirkor yelib-yugurib pul topsa-yu, ishyoqmas, landovur qo‘shnisi bugun nima olib kelayapti ekan, deb uni poylab yursa. Undan ko‘ra keling, tomirida ota-bobolarimiz qoni oqib turgan barcha insonlarni tadbirkorlikka da’vat qilaylik, ana shunda turmushimiz farovon, hayotimiz go‘zal bo‘ladi. Ilgari tadbirkor xalqimiz hojatxonaga kesak ishlatgan bo‘lsa, hozir gazit ishlatadi, ayniqsa rangli bo‘lib chiqayotgan gazitlarni ishlatishni xush ko‘rishadi. O‘qib ulgurmaganini hojatxonada anglab yetadi. Shuning uchun hozirgi avlodning saviyasi yuqori ekanligi har qadamda sezilib turadi. Tadbirkorning tadbirkorligi ham ana shunda-da!