Normurod Norqobilov. Chol va bola (hikoya)

Bolakay past bo‘yli, miqti gavdali, chiroyli kuzalgan soqoli nimdosh kulrang to‘ni ostidan kiyib yuradigan yaktagidek oppoq, qo‘shni Abdulla cholni yaxshi ham, yomon ham ko‘radi. Chunonchi, chol ham oq sariqdan kelgan, jigarrang qiyiq ko‘zlari hamisha kulib turadigan, allaqachon maktab yoshiga yetgan esa-da, jussasi besh yashar bolaga kelbat beradigan Erali otliq bu bolakayni, dam-badam tinchini buzib, xavotirga solishini aytmasa, xuddi o‘z nevarasidek suyadi.
Abdulla cholning bezovtaligiga kelsak, qilig‘i va yurish-turishi ovul bolalariga sira o‘xshamaydigan bolakay keyingi paytda, chol ta’biri bilan aytganda, dala-dashtda sayoq itdek sumanglash bilan qanoatlanib qolmay, eng baland cho‘qqisi ming gazdan ziyoda bo‘lgan Qaritoqqa zimdan intila boshlagan edi. Ellikdan oshiq qo‘y-qo‘zidan iborat choqqina suruvi ketidan soyaday ergashib, oppoq tongni dashtda qarshilab, shomda eran-qaran ovulga enadigan cholga bolakayning bu xatti-harakati yoqmas – falokat bosib, biror o‘nqir-cho‘nqirga yiqilib tushishidan xavfsirab, doim jonhalak edi. Turgan gapki, bo‘lak kimsa bolakayning bu tarzda yakka-yolg‘iz uloqib yurishidan allaqachon uyidagilarni ogoh etgan bo‘lardi. Biroq keksalik sarhadiga qadam qo‘yib, cho‘ponlik tayog‘ini ermakka qo‘liga tutgunga qadar, uzoq yillar maktabda bolalarga saboq berib kelgan, boz ustiga, tabiatan o‘ta bolajon bo‘lgan Abdulla chol dunyo teskari evrilgan taqdirda ham bunday qilolmas, ziyrak, yoqimtoygina bolakayni kechda gohida xud-gohida bexud kayfiyatda yumushdan qaytadigan ota-onasining g‘aza­biga duchor etmoqni istamasdi. Chol biladiki, ota-ona mehri, o‘rni kelganda, qahrdan ming chandon yomon – bolani anglash o‘rniga, darrov tazyiqqa olib, ruhini misli qurigan cho‘pdek sindirishadi. Shuning uchun chol bu haqda devor-darmiyon qo‘shnisiga churq etmaydi. Ammo dashtda bolakayning qorasini ilg‘ashi bilan, hay-haylab yoniga chorlaydi, avvaliga yaxshi gapirib, yelkasini silab-siypalaydi, so‘ng esa yo‘liga do‘qlab-so‘qlab, ovulga haydab soladi va har safar ketidan taajjub-la tikilib qoladi: “Yo tavba-a, bu bolani tuqqincha enasining boshi dala-dashtga qorong‘i bo‘lganmi deyman-a?”
Bolakay anoyilardan emas, bosh egib, so‘zsiz itoat etgan kishi bo‘ladi-yu, sershuvoq katta-kichik do‘ngliklar ortiga o‘tishi bilan, cholning ko‘zini panalab, ichida uni yanib-ya­nib, tag‘in tog‘ni qoralashga urinadi. Inchunin, chol har doim ham do‘qlayvermaydi, ba’zan, geografiya muallimi emasmi, kasb-koriga nisbatan sog‘inch hisini tuyib, goh dasht-u dalalar, gohida esa g‘arbdan sharqqa cho‘zilib ketgan keksa tog‘ xususida gap ochib, nechun uning “Qaritog‘” deb atalishini alohida ta’kidlagan holda, u olis paleozov erasida yuzaga kelgan burmali tog‘lar qoldig‘i ekanini aytib, o‘sha olis zamonlarda kelbati hozirgiga nisbatan o‘n baravar cho‘ng bo‘lgani haqida maroq bilan so‘ylagisi kelib qoladi, so‘ylaydi ham. Chol tog‘-u toshlar bilimdoni, qo‘yib bersa, bu mavzuda tongdan shomgacha so‘zlamog‘i mumkin. Afsuski, uni tinglovchi doimo qahat – kundalik ikir-chikirlarga o‘ralashib qolgan ovul ahliga qandaydir tog‘-u toshlarning, jumladan, Qaritog‘ning qizig‘i, chunonchi, sariq chaqachalik qadr-qimmati yo‘q. Chunki bu keksa tog‘dan kishilarga naf yo‘q – na o‘tinlikka yaraydigan dov-daraxti, na mol-hol boqishga tuzukroq yaylovi bor – yalang‘och tog‘-u toshloq. Bir jihatdan, chol shu vajdan ham cho‘ponlik tayog‘ini oshna tutgan – ovulning biqiq, tanggu tor muhitidan keng dashtni afzal bilgan. Bolakayga kelsak, qulog‘i yonidan sirpanib o‘tayotgan ayrim notanish ilmiy iboralarni idrok etmoq­qa chog‘i va qurbi yetmaganidek, xuddi tirik jondek, tog‘larning qarib-churushini, shusiz-da juda cho‘ng ko‘rinmish Qaritog‘ning esa o‘sha olis zamonlarda bundan o‘n chandon yuksak bo‘lganini hech tasavvuriga sig‘dirolmaydi, ammo shunga qaramay, cholning gap-so‘zlari­ni juda berilib tinglayotganidek tutadi o‘zini.
Bolakay tinglagani sayin chol tobora ochila boradi.
Bunga sari bolakay dasht janubida go‘yo sumbatini ko‘z-ko‘z qilganday, qomat kerib turgan qizg‘ish, kulrang tusdagi qoyalarga, buralib, burmalanib ketgan tizmalarga, soya­lanib turgan ungurlarga harislik bilan boqar­kan, nazdida, keksa tog‘ tinmay o‘zi tomon chorlayotganday tuyiladi.
Aksiga olib, bunday paytlarda chol uni yonidan jildirgisi kelmaydi. Kampiri uzoq-yaqin ovullarga tushgan qizlaridan birinikida qo‘noqlab, tunab qolgan kezlari, oqshom jilmaygancha, taom to‘la kosa bilan eshikdan kirib keladigan bolakayni tog‘-u toshda tanho izg‘ishini istamaydi. Ba’zan “yirtqich” so‘zini atay tilga olib: “Buytib yolg‘iz daydima, tovda yirtqich bo‘rilar bor”, deya qo‘rqitib qo‘ygisi keladi. Lekin ziyoli odam emasmi, bunday demoqdan o‘zini tiyadi. Boisi, cholning o‘zi bolaligida qur yoxud iliq sandal tevaragida kechadigan tungi gurunglarda, umrlarida biror xavfli yirtqichga to‘qnash kelishmagan esa-da, shunchaki quloqlariga chalingan oldi-qochdi uydirmalar asosida og‘iz ko‘pir­tirishni xush ko‘radigan ayrim kimsalarning ayiqlar yovuzligi-yu, bo‘rilar vahshiyligi to‘g‘risidagi hikoyalarini tinglayverib, qo‘rquv hisiga haddan ziyod to‘yingan emasmi, bu noxush tuyg‘u kishi yuragida bir umrga to‘ng‘ib qolishini nazarda tutib, buni bolakayga ravo ko‘rmaydi.
To‘g‘ri, keyinchalik chol Qaritog‘dan bo‘lak tog‘-u toshlarga o‘rlab, yirtqich jonivorlarning yovuzliklari ko‘pincha qo‘rsoqlariga bog‘liqligini, ya’ni to‘q jonivorlar u archazorda uchratgan qo‘ng‘ir ayiq singari imi-jimida ketiga qayrilib, u duch kelgan bo‘rilar kabi naridan soyalanib o‘tib ketishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Lekin shunga qaramay, bolaligida yuragiga mixlanib qolgan qo‘rquv hisidan baribir qutula olmagan – “bo‘ri” desa, haligacha eti junjikib, tani jimirlaganday bo‘ladi. Mana shu tufayli, deylik, mabodo bolakay qiziqsinib: “Qaritovda bo‘rilar bormi, bovo?” deya so‘rab qolgan taqdirida ham, tabiiyki, birinchi o‘rinda, uning yuragiga qo‘rquv solmaslik, ikkinchidan esa, tog‘da bo‘rilar, dashtga yaqin o‘ngirlardan birida inlari borligini bilmasligi vajidan chol qat’iy yo‘sinda: “Ie, qurib, qaqshab yotgan bu tovda bo‘ri nima qiladi, bo‘tam”, degan bo‘lardi.
Basharti o‘sha kuni kechki peshin oldidan bolakay do‘ngliklarni panalab, o‘z ko‘nglida cholning ko‘zini shamg‘alat qilib, tag‘in tog‘ni qora tortmaganida, tuyqusdan uning ortidan ko‘rib qolgan chol har galgidek iziga qaytarganida, keyin ham bilmasligi, butun ovulga shov-shuv bo‘lgan quyidagi voqea yuz bermasligi mumkin edi.
Quvligi malol keldimi, yo bu yozmish avvaldan bolakayning manglayiga bitilgan ekanmi, chol bu marta bolakayni o‘z holiga qo‘ydi: “Mayli, aylanib, bi-i-ir xumoridan chiqib kelaqolsin, qaytishida yaxshilab qulog‘ini cho‘zib qo‘yaman”, deya o‘zini ovutgan bo‘ldi. Bolakay esa imkonsiz to‘siqdan osongina hatlab o‘tganday, o‘zicha shodlanib, dikonglagancha, ilgarilashda davom etdi.
Bunga qadar toqqa yondosh do‘ngliklarga o‘rlash bilan kifoyalanib, nariga qadam qo‘yishga hali ulgurmagani bois, bu daf’a rejasi bo‘lakcha – yo‘lida to‘nkarilgan qozonday to‘nqayib turgan tepalikning o‘ng yonlab o‘tib, olis-yaqindan viqor-la ko‘zga tashlanib turg‘uvchi yuksak, qizg‘ish qoya poyidagi tik va baland qiyalikka tirmashish o‘yida edi. Chunki har quyosh botish oldidan to‘q qirmizi tus olib, g‘aroyib bir tarzda tovlanishga tushadigan qizg‘ish qoya mana shu jihati bilan azaldan uning xayolini o‘g‘irlab, diqqatini jalb etib kelar va natijada, qiyalikka ko‘tarilib, qoyaning qizg‘ish sirtini bolalarcha qiziqish bilan atiga bir bora silab-siypalab ko‘rish istagi so‘nggi vaqtda bolakayning birdan-bir orzusiga aylangan edi. Agar qoya poyi bo‘ylab, har ikki yonga cho‘zilib ketgan ensiz, silliq, qizg‘ish tosh yo‘lakka chalg‘imaganida, shu bilangina cheklanib, hayallamay ortga qayt­mog‘i mumkin edi. Ammo…
Bolakay toshloq qiyalikka dadil o‘rlab, qoya poyidagi yo‘lakka qadam qo‘yar ekan, dastlab uning silliqligidan ajablandi, so‘ngra ikki tomonga cho‘zilib ketgani bilan qiziqsindi. O‘ng kafti bilan qoyaning g‘adir-budur sirtini siypa­lab ko‘rarkan, nafas rostlash asnosida, o‘zini yuksak-yuksakda his etib, quyidagi dashtga, cholning qorayib turgan suruviga mag‘rur nazar tashladi va o‘zicha cholni g‘irt o‘tirikchiga chiqardi. Chunki o‘tgan safar chol, odatdagidek, “paydo bo‘lgan” demay, “o‘sib chiqqan” jumlasini tilga olib, shunday degan edi-da: “Bu-u Qaritov deganlari yerning orqasi tortib, telbalarcha jazavaga tushganida, qo‘ziqorin singari zamin bovridan o‘si-i-ib chiqqan…” O‘shanda bolakay dashtdagi o‘t-o‘lanlarga ser solganicha, tomorqalari adog‘idagi adl teraklarni, o‘rtaliqdagi o‘rikni ko‘z oldiga keltirib, bu gapga ishonmagan va shuning uchun cholning ustidan kulgan bo‘ldi: “Xih-h, tov sizga o‘t yoki daraxtmidiki, yerdan o‘si-i-ib chiqsa…” Keyin ichini ayovsiz timtalayotgan o‘sha qiziqish zabtida yo‘lak bo‘ylab kunbotish tomon jildi.
Bolakay ushbu xayolda qoya girdi yoqalab borib, janubga qayrilar ekan, biror muddatdan so‘ng o‘ng qanotda, quyida yuz ochgan manzaraga – kunbotish hamda shimol, ya’ni dashtga qaragan tarafi sarg‘ish tusdagi baland jarliklar bilan o‘ralgan dara tubidagi keng sayhonlikdan o‘rin olgan turli shakl-shamoyildagi katta-kichik qoyatoshlar majmuasiga ko‘zi tushib, hayratdan lol turib qoldi va zumda miyasiga kelgani shu bo‘ldi: “O‘h-ho‘, bekinmachoq o‘ynashga judayam zo‘r joy ekanmi!” Keyin o‘zicha orzulandi, qani endi, bu qoyatoshlar ovuli yaqinida bo‘lib qolsa-yu, jo‘ralari bilan kunda maza qilib bekinmachoq o‘ynasa, mudrayotgan filga o‘xshash beridagi kulrang qoyatoshning xartumiga tirmashib, horigan otdek boshini quyi solib turgan naridagi qoyatoshning yag‘riniga minib olsa…
Bolakay tik qotgancha g‘aroyib qoyatoshlarni zo‘r qiziqish bilan ko‘zdan kechirar ekan, sayhonlik janubidagi jarsimon qiyalik belidagi oraliqni – ikki chetida ikki qoyatosh xuddi soqchilardek qomat kerib turgan yo‘lakni so‘ng ilg‘adi. Bu yo‘lakdan keyin dara o‘zani qayta kengayib, sirli bir tarzda uzun-qisqa qoyalar va do‘ngliklar oralab, nariga cho‘zilib ketgandi. Agar o‘y-xayolini qoyatoshlar band etib qo‘ymaganida, tengdoshlaridan farqli o‘laroq, dala-dasht va jarliklarda tentishning obdon hadisini olgan bolakay dara o‘zani bo‘ylab ulog‘ib ketishdan ham toymasdi. Ammo shu tobda u nim hadik aralash masrurlik, olg‘a undovchi qutquli tuyg‘u og‘ushida bo‘lib, tezroqqina quyiga enib, qoyatoshlar oralagancha, mudroq filtoshning uzun xartumiga tirmashishdan o‘zgasini o‘ylamasdi.
U ushbu tuyg‘u izmiga bo‘ysinib, o‘tgan davrlar mobaynida qoya bag‘ridan uzilib, dara tubidagi sayhonlikka qiyalanib tushgan toshloq betda qalashib, sochilib yotgan xarsanglar ora­lab, issiq-sovuq ta’siridan yuzaga kelgan chag‘ir toshlarga tiyg‘ana-tiyg‘ana quyiga ena boshladi. Yuragi hapriqib, oyog‘i ostiga qaramas, ikki ko‘zi sayhonlikda edi. Axir, bu xildagi qoyatoshlarga hech duch kelmagan edi-da. Qani endi, ildamlashiga jiddiy xalaqit berayotgan manovi xarsanglardan sakrab-sakrab o‘tib, birinchi galda filtoshning xartumiga tirmashsa, ovulga qaytganida esa, koptok tepishdan boshqasini bilmaydigan baqiroq jo‘ralarining ichini yondirib, rosa maqtansa.
Bolakay xayolan jo‘ralarining ichiga o‘t yoqib borarkan, etakdagi o‘ngir tepasiga yetganda, yuragi nimanidir sezganday, beixtiyor sekinlab, quyiga nazar tashladi. Shunda ko‘zi o‘ngirning chog‘roq o‘tov o‘rnidan xiyol kichikroq tubida bir-birlarini tishlab, tortqilab, sho‘x-shodon g‘imirlab yurgan mitti jonivorlarga tushdi. Xa­yoli bo‘linib, diqqati pastga og‘di. Turgan gapki, ularni bo‘ri bolalari ekanini o‘yiga ham keltir­madi. Boisi, uning baxti shunda ediki, cholga o‘xshab kechki yig‘inlarda bo‘rilarning aql bovar qilmas yovuzliklari to‘g‘risidagi dahshatli gurung­larga to‘yinmagan; bilaks, ayni damda baxtsizligi shunda ediki – gar to‘yinganida ne baloga duch kelganini zumda fahmlab, shu ondayoq juftakni rostlab qolgan bo‘lardi. Bu kamdek, bungacha urg‘ochiligi tufayli ko‘chaga haydalgan va oqibatda, dala-dashtdagi harom qotgan jonivorlar loshi va shu xildagi boshqa yemishlar bilan qanoatla­nib, jardagi ovloq o‘nqir-cho‘nqirlarda bolalashga ko‘nikkan sayoq it bolalariga bir necha marta duch kelgan emasmi, tubdagi mitti jonzotlarni kuchukvachchalar deb o‘yladi.
Bu yaqin atrofda qanjiqning qorasini ilg‘amagach, o‘ngir to‘rida qorayib turgan in og‘ziga picha hadiksirab qarab turdi-da, so‘ng quyilab, sayhonlikka tutash enishdan sirpanib pastga tushdi.
Ushoq jonivorlar kutilmagan tashrifdan cho‘chib, aniqrog‘i, cho‘chinqirab, nari-beri chekingan bo‘lishdi-da, saldan keyin dumchalarini likillatgancha, ko‘zlari ko‘ngilni iydiradigan darajada jaynoqlab, cho‘kkalagan ko‘yi barmoq o‘ynatib, lablarini cho‘lpillatib, ularni o‘zi sari chorlayotgan bolakayni tevaraklab kelishdi – biri tizzasiga suykalib, boshqa birlari choti orasiga suqilib, o‘ynasha boshladilar. Bolakay g‘o‘rligiga borib, qorin va quloqlari ichidagi tuklari oqish, tana tuklari och qo‘ng‘ir, qoramtirga moyil bo‘lgan bu mittivoylar nechun bir tusdaligini, odatda, it bolalari turli ko‘rinishda bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmadi.
Qiliqlari xush yoqib, ularni sanagan bo‘ldi.
To‘rtta, yo‘q, beshta… iya, kunjakda yana bittasi bor ekan… oltita.
Bolakay bo‘ri bolalarining hali unisi, hali bunisini qo‘liga olib, bag‘riga bosib, silab-siy­palab, erkalashda davom etarkan, ularni o‘tgan yili qish adog‘ida jardagi kovaklaridan birida bolalagan yuvosh, qo‘ng‘ir itning bolalari deb gumon qildi. Bundan ko‘ngli yanada xotirjam tortib, bu daf’a qanjiq nechun jarda emas, tog‘da bolalaganidan ajablangan bo‘ldi. Keyin qo‘lidagi jonivorni bag‘riga bosgancha, o‘ngir devori tagidagi yapaloq tosh ustiga borib cho‘kdi. Qolgan jonivorlar pildillagancha ortidan ergashishdi. Bolakay biladiki, qo‘ng‘ir it to‘satdan kelib qolgan taqdirida ham aksariyat itlar kabi gidiklarini qizg‘anmaydi, irillab-sirillab, akillamaydi, qachon daf bo‘lasan, deganday sabr-toqat-la bir chekkada mung‘ayib turaveradi. O‘tgan ko‘klamda gidiklaridan birini o‘zi bilan olib ketganida monelik qilmagan, ketidan g‘ingshib qolgan, xolos. Lekin kuchukchani asrashga otasi izn bermagan, hoziroq ko‘zimdan yo‘qot, degan.
Bu orada chol xavotir og‘ushida toqqa yaqinlashib qolgan edi. Bunga qadar bolakayning tezroq qaytishini kutib, ora-sira u ketgan tomonga qarangancha, xotirjam o‘tirgan edi. Biroq qizg‘ish qoya poyida bir lahzaga ko‘lankalanib, so‘ng to‘satdan g‘oyib bo‘lgan qorani tasodifan ilg‘ab qolgach, tinchi buzilib, paytavasiga qurt tushgan, bolasi tushmagur yomon haddidan oshib ketdi, deya govron uchini zarda bilan yerga do‘q-do‘q urgancha, toqqa yo‘l tortgan, egasiz qolayotgan suruvini o‘ylab, yaqinda bevaqt ajal topgan itiga achinib qo‘yishni ham unutmagandi.
Chol bolakay yonlab o‘tgan tepalikka yetgandi hamki, kunchiqishdagi do‘ngliklar orasidan sobiq o‘quvchilaridan biri, o‘rta bo‘yli, keng yag‘rinli O‘rol chavandoz kulimsirab chiqib keldi. Salom-alikdan keyin uning: “Buytib yuribsiz, nima, qo‘zi-po‘zi yo‘qotdingizmi, malim?” degan so‘roviga javoban, chol, vaqtimni olma, degan ohangda: “Hamsoyaning uli shu tarafga o‘rlaganday bo‘luvdi”, deya gapni qisqa qildi. O‘rol chavandoz: “Ha-a endi, bola-da, ular yoshida bizam go‘r emasdik, g‘irt kuydirgi edik”, degach, chol, yo‘ldan qoldirma, degan ma’noda manglay tirishtirib, shunday-shunday, deya olg‘a jildi. Ammo O‘rol chavandoz ketmog‘iga qo‘ymadi, ulovdan irg‘ib tushib, dedi: “Siz ovora bo‘mang, malim, o‘zim qarayman. O‘zi qayon ketdi u, tirmizak?” Chol qoshidagi qizg‘ish qoyaga imo qilishga qildi-yu, lekin bolakay qoyaning qaysi tarafiga yo‘nalganini aytolmadi. O‘rol chavandoz etigi poshnasi bilan temir qoziqni yerga qoqarkan, o‘zicha tusmol qildi: “Aniq daraga ketgan. Bizam doim shu tomonga chopardik”. O‘rol chavandoz, siz qoling, deya harchand qistamasin, chol ko‘nmadi: “Hali oyoqdan qolganimcha yo‘q…” deya o‘zi oldinga tushib, yo‘l boshladi.
Haligacha qo‘rquv neligini anglab yetmagan, mitti jonivorlar bilan ovora bo‘lib o‘tirgan bolakay o‘ngir labiga sharpa yanglig‘ kelib bosgan ona bo‘rini payqamadi. Qachonki, qo‘rqinchli sas qulog‘iga chalingachgina boshini ko‘ta­rib, enish tepasida so‘yloq tishlarini irjaytirib dahshatli tarzda irillab turgan yirtqichni ko‘rdi. U ne gapligini idrok etguncha bo‘lmay, bo‘ri bir sakrab, uning naq qoshida paydo bo‘ldi.
Agar chol bolaligida obdon to‘yingan gap-so‘zlar haqiqat ersa, qanjiq shu zahotiyoq bolakayni tilka-pora qilib tashlashi lozim edi.
Biroq bunday bo‘lmadi.
Nechun?
Nechunligi shundaki, xuddi ona tabiatdek, yovvoyi jonivorlarning ham o‘ziga xos sir-sinoatlari, aql bovar qilmas amallari bisyor bo‘lib, har doim ham odam bolasi tasavvuridagi ayanchli voqea-hodisalar yuz beravermaydi. O‘ngir chetiga panja qo‘yishi bilanoq jigargo‘shalari bilan o‘ynashib, ularni erkalab o‘tirgan bolakayning yalang‘och novdada zo‘r-bazo‘r ilinib turgan kuzgi yaproqdek zaifligi-yu, hamisha oson o‘lja bo‘lmish uzun quloq tovushqondek beziyon, beozorligini tuyishga ulgurgan, shunga ko‘ra, qahr aralash rashkdan olovlangan holda unga ro‘baro‘ bo‘lgan bo‘ri qo‘rquvdan tarashaday qotib qolgan bolakayga tashlanish o‘rniga, ushoq­qina vujudidan o‘z bolalarining, bolalaridan esa bolakayning hidi burqib turganidan hayratga tushganday, irillashdan tiyilib, cho‘nqaygancha tek turib qolgan edi. U yirtqich sifatida nechog‘li tajovuzkor bo‘lmasin, qarshisidagi ojiz jonga nisbatan nafrat hisini sezmadi, uni g‘anim deb bilmadi. Bo‘rilar yo‘rig‘i shu – deylikki, xuddi o‘ta darajada qopag‘on it yerbag‘irlab qimir etmay yotib olgan kimsaga qopinmaganidek, yirtqichlar ham zaif jonga g‘anim, nafsi qoniq paytda esa, o‘lja yo‘sinida qarayvermaydi. Boz ustiga, shu payt havoda o‘tkir peshob hidi anqib, bu hidga chalg‘igan qanjiqda dahshatdan ishtonini ho‘llab qo‘ygan odam bolasini iskab ko‘rish istagi paydo bo‘ldi. Ammo namchil tumshug‘ini u tomon cho‘zgan yerida, nechundir niyatidan qaytib, kesakdan farqsiz bolakayga, nima qilsam ekan seni, deganday tikilib qoldi.
Qanjiqning boshi qotgandi.
U yosh – bu yil birinchi bolalashi edi.
Bu ham yetmagandek, har qanday mushkul holatda doimo unga aql bo‘ladigan arloni yonida yo‘q edi.
Biroq g‘imir-g‘imir qilib, dam u, dam bolakay atrofida o‘ralashayotgan tinib-tinchimas mittivoylar tezda uning hushini joyiga keltirib, onalik burchini eslatib qo‘yishdi. Bo‘ri o‘ziga yopishayotgan bolalaridan nariroq ketishni istaganday, ilkis o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, ular uchun qo‘rsog‘ida olib kelgan xo‘rakni – chala chaynalgan bir talay etni o‘ngir o‘rtasiga qayd qilib tashladi. Bu yumushdan so‘ng diqqati bolalariga bo‘lingan qanjiqning qarashlari birmuncha yumshab, juftini kutayotgandek, goh o‘ngir chetiga, goh tagidagi toshidan farqsiz holda qotib o‘tirgan bolakayga o‘qtin-o‘qtin ko‘z tashlab qo‘yishini demasa, ancha xotirjam tortgan edi.
Ammo, afsuski, dahshatdan adoyi tamom bo‘lgan bolakay bo‘ridagi bu o‘zgarishni payqay­digan ahvolda emasdi. Bolaning nazarida, vaqt allaqachon taqa-taq to‘xtab qolgandek edi. Yo‘q, vaqt to‘xtamagan – ana, sira kutilmaganda oyoq ostida toshlar shiqirlab, gangir-gungur ovozlar elaslana boshladi.
Bolakayga darrov jon kirib, bor ovozda dodlab, o‘zidan darak bermoqchi bo‘ldi. Biroq ko‘zlari qaytadan laxcha cho‘qqa aylanib, zumda hushyor tortgan qanjiqning yovuz, dahshatli vajohati bunga monelik qildi – gar xiyol qilt etar bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘g‘ziga chang soladigandek, tili tanglayiga chippa yopishib, nafasi chiqmay qoldi. Bu orada yirtqich xo‘rak bilan andarmon bolalarini tumshug‘i va oyog‘i bilan turtkilab, ini tomon oshig‘ich haydashga tushdi. Biroq yemakni ko‘zlari qiymagan nodon mittivoylar itoat etishni xayollariga ham keltirishmadi – birini haydasa, ikkinchisi, ikkinchisini haydasa, boshqasi xo‘rakka kelib yopishishda davom etdi. Bu esa bosib kelayotgan baloga tezroq yuzla­nishi lozim bo‘lgan bo‘rining sabri tugashiga sabab bo‘ldi. U tishga sapchidi, sapchish asnosida tevarakdagi voqea-hodisalarga butunlay befarq “quloqsiz” bolalariga, go‘yo ularni so‘nggi marta ko‘rayotganidek, shunday bir mungli qarash qildiki, o‘zi ne holatdaligiga qaramay, bolakay buni sezmay qolmadi.
Bo‘ri enish tepasiga sakrab chiqishi bilan qadam tovushlari – chag‘ir toshlarning shaqur-shuquri tinib, havoda hayajonli xitoblar qanotlandi:
– E! Jondormi?!
– Shunga o‘xshaydi!
– Qaysi go‘rdan paydo bo‘ldi?!
– O‘ngirdan chiqqanday bo‘ldi!
– Ini borga o‘xshaydi!
– Shunga o‘xshaydi!
– Endi nima qilamiz?!
Endi nima qilishni na toshloq betda haykalday qotib qolgan kimsalar, na irillagancha, keti bilan enishga yaqin qoyatoshlardan biri yoniga andak chekingan holda, shu tobda qaysi go‘rlardadir sang‘ib yurgan arlonining qora berishidan umidvor qanjiq bilardi.
Bu tang, karaxt vaziyatga to‘satdan o‘ngirdan o‘qday otilib chiqqan bolakay chek qo‘ydi. U rangi-qo‘ti bir ahvolda, bo‘g‘iq ovozda uzuq-yuluq dodlab, har ikki odimda qoqilib-suqilib, jonholatda ovuldoshlari sari intildi. Bir qarashdayoq sho‘rlikning ne hol, ne ahvoldaligini fahmlagan O‘rol chavandoz uni dast ko‘tarib, mahkam bag‘riga bosar ekan, qo‘rqma jiyan, qo‘rqma, deya dalda bergan bo‘ldi. Chol esa ti­nim bilmas sayoqni sog‘-omon ko‘rganidan o‘zida yo‘q quvonib, daydi it, sumang it, deya kafti sirti bilan nam ketiga ketma-ket tarsillatib tushirdi. O‘rol chavandoz ters o‘girilib, qu­chog‘idagi bolakayni choldan himoyalar ekan, uning o‘ngirdan, yirtqich ortidan otilib chiqqanini nazarda tutib, bundan chandon hayrati ortib, dedi:
– Jondor senga qotinmadimi-ey?
O‘rol chavandozning bo‘ynidan quchib olgan bolakay dag‘-dag‘ titragancha, yo‘q, degan ma’noda bosh chayqadi-da, so‘ng tomog‘iga yig‘i tiqilib, hiqillab dedi:
– Bolalari bilan o‘ynab o‘tiruvdim, kep qoldi! Lekin tegmadi…
Bu gapni eshitgan kattalar avval bir-birlariga, keyin o‘sha-o‘sha ko‘zlari cho‘g‘lanib, vahshat-la irillab turgan bo‘riga, ishongilari kelmaganday, ajabsinib qarab qo‘yishdi-da, so‘ng imi-jimida izlariga qayrilishdi.
Bir muddatdan keyin O‘rol chavandoz xiyla o‘ziga kelgan bolakayni yerga qo‘yib, kiftiga yengilgina qoqib-suqib, olg‘a yurishga undar­kan, taajjubini yashirolmay dedi:
– Qiziq… birovga aytsang, ishonmaydi.
– Yo‘q, ishonmaydi, – deya uni quvvatladi chol.
– Yaxshiyam arloni yo‘q ekan…
– Buyam bo‘lsa, manovu sang‘ining baxti, emasam…
– Ha-a, baxti…
– Tag‘in bu voqeani ovoza qip yurmang, – dedi quyida qolgan ona bo‘riga cholning ehtiromi jo‘shib. – Norqo‘ziga o‘xshagan esi kemtiklar bolalariga ziyon keltirib yurishmasin.
O‘rol chavandoz, buni elga ovoza qilmay bo‘larkanmi, degan ma’noda yelka uchirgan bo‘ldi-da, so‘ng taskin ohangida dedi:
– Siz sira xavotir olmang, ustoz. Yarim tunga qolmay bolalarini bo‘lak joyga ko‘chirib ketishadi.
– Shundaymi?
– Buni bizdan ko‘ra, o‘zingiz yaxshi bila­siz-ku, ustoz.
– Esiz, issiq o‘rinlarini sovutisharkan-da, – chol achingan bo‘ldi.
– Bo‘lak choralariyam yo‘q-da…
– Ha-a, bo‘lak choralariyam yo‘q.
Qoya poyidagi silliq yo‘lakka yetishgach, endi es-hushini butunlay o‘nglab olgan bolakay ortiga o‘girilib, pastga nazar tashladi. Qorasini o‘chirgan ona bo‘rini ko‘rish istagida, uni qidirib emas, xartumini cho‘zib turgan mudroq filtoshga boqdi, horigan otday boshi solinib turgan qoyatoshga boqdi.
Keyin xuddi kattalarday chuqur xo‘rsinib qo‘ydi.

* * *

Ertasi tongda chol nomiga darvoza qoq­qan bo‘lib, to‘g‘ri qo‘shni hovliga kirib bordi. Oynaband ayvonga yozilgan dasturxon chetiga chordana qurgancha, choynakdagi choyni endi qaytarishga tushgan hamsoyasiga, xuddi tomdan tarasha tushganday qilib, dedi:
– Abdivoy, shu bugundan ulingni menga cho‘liqlikka bersang.
Bu gapdan qo‘shni erkak ang-tang turib qoldi.
Chol esa boshi bilan qo‘rasi tomonga ishora qilib, tag‘in dedi:
– Mehnati haqiga, ana, qo‘ylarimdan istaganingcha sanab olaver.
– Nima deganingiz bu? – dedi uy egasi piyoladagi choy choynakka emas, dasturxonga to‘kilayotganini sezmagan holda. – Endi tov-u toshga chiqsang, naq oyog‘ingni urib sindiraman deganman! Sindiraman ham!
– Yo‘q, oyog‘ini emas, shashtini sindirasan, xarob qilasan bolani!
– Unda nima qil deysiz?
– Aytdim shekilli.
– Cho‘liqlikka yoshlik qilmasmikan?
– Yo‘q, yuradi qavatimda menga esh bo‘lib, qanot bo‘lib…
Bu paytda kecha oqshom otasidan tuzukkina kaltak yegan bolakay bu gap-so‘zlardan bexabar holda qo‘shni xonada dong qotib uxlab yotardi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 9-10-son