Nargiza Asad. Holva (hikoya)

Mastura qiya ochiq darvozadan ichkariga kirib, atrofga alangladi, tushlik payti bo‘lgani uchunmi hech kim ko‘rinmadi. Hovlining bir chetida kuzak gullari sariq, qizil, pushti rangda jilolanar, egatda jimir-jimir suv oqardi. O‘ng tomonda ishkomdagi husaynilar oftob nurida tovlanar, endigina kelib qo‘ngan qushlar galasi uning tepasidagi qo‘lbola «qo‘riqchi»ni pisand qilmay, uzum cho‘qirdi.
«Hech narsa o‘zgarmagandek, o‘sha-o‘sha…» xayo¬lidan o‘tkazdi u. Hovli to‘ridagi peshayvonga yaqinlasharkan, beixtiyor ayvonning yog‘och us¬tunni silab qo‘ydi. Bir paytlar bu xonadonga viqor, ko‘rk bag‘ishlab turgan ustun endi ancha cho‘kkandek, yoriqlari ko‘paygandek tuyuldi. Baribir bu xonadondagi boshqa narsalar qatori qadr¬li, suyukli. Chunki u mana shu ustunga suyanib necha marta Xudoga iltijolar qilgan, bolalik osmonining qo‘l yetmas orzulari bo‘lmish yulduzlar bilan so‘zlashgan, sirlashgan.
Ayvonda qancha turdi, bilmadi, bir payt o‘ng tarafga bejirim qilib solingan yangi uydan chiqib qolgan kelinchak ostonada turgan mehmonga avval ajabsinib qaradi. So‘ng:
– Assalomu alaykum, yaxshimisiz, keling, – dedi nim tabassum bilan boshidagi simro‘molini mahkamroq o‘rarkan. Atlas ko‘ylak-lozimda yal-yal yoni¬b turgan kelinchakning kulib turgan ko‘zlarini, samimiyligini ko‘rib, xonadonga ham go‘zal, ham aqli raso kelin tushibdi, deb xayolidan o‘tkazdi u.
– Yaxshimisiz Shohistaxon, men Mastura opan¬giz bo‘laman, adangizni jiyani, – dedi u kelinchak bilan xushlashib. So‘ng qo‘lidagi tugunni mezbonga tutarkan. – Ibodat opani… – dedi hamon charos ko‘zlari bilan hayron boqib turgan mezbonga.
– Ha, bo‘ldi-bo‘ldi, toshkentlik jiyani bo‘lasiz. Anvar akam aytgandi. Yaxshi yetib keldingizmi? Uy ichilar tinchmi? – deya kelinchak uni ichkariga taklif etdi.
– Hozir kiraman, kiravering, – dedi Mastura bog‘ tomonga ishora qilib. Ziyrakkina kelinchak esa:
– Bemalol, – dedi kulib va darrov toza sochiqni obdasta oldiga qo‘yib ketdi. Mastura as¬ta odim¬lab tevarakni kuzatib borarkan, hovli to‘ridagi hujra tomonga yo‘naldi. Ko‘zdan sal nari, hovlining chetidagi hujra onasi ikkisining kechmish¬lariga, hasratli kunlariyu orzuli tunlariga guvoh. «Yanayam eskiribdi», dedi ohak¬lari o‘ngib, suvog‘i to‘kilgan devorga boqib. «Eshigi o‘sha-o‘sha, almashtirilmabdi», o‘yladi u asta yog‘och eshikni ochib, ichkariga mo‘ralarkan. Is bosib ketganiga qaraganda, anchadan beri bu joyga odam kirmagan, lash-lushlar qalashib yotganidan esa es¬ki hujraning omborxonaga aylangani ko‘rinib turardi. Ilgari eshik tutqichi oldidagi mana bu teshikka qo‘li bemalol kirib chiqardi, endi yo‘q. Sig‘maydi-da, axir oradan qancha vaqt o‘tdi. Tog‘asi rahmatli eshikni yangilab beraman deganda, yangasi ko‘nmagan. «Uni¬ng o‘rniga anavi yangi uyni bitiring!», deb baqirgandi qumsuvoq qilingan uyni ko‘rsatib. Yozda-ku bilinmasdi. Ammo qahraton qish kunlari mushtdek keladigan shu tirqishdan xirmondek shamol guvullab kirar, onasi eski sholchani eshik¬ka qavat-qavat parda qilib to‘sib qo‘yardi…
Hayallab qoldi shekilli, ortidagi sharpadan Mastura to‘zg‘igan xayollarini yig‘ib, kelinchak bilan uyga qaytdi. Ichkarida dasturxon bezatilgan, faqat yangasi ko‘rinmasdi.
– Hozir kiradilar, dasturxonga qarab o‘tiring, – dedi issiq choy uzatib kelinchak. So‘ng “Men hozir”, dediyu chaqqongina uydan chiqdi. Xonada yolg‘iz qolgan Mastura atrofni kuzata bosh¬ladi. Bu jihozlar chol-kampirning chog‘roq xonasini eslatar, ilgari bu uyga ruxsatsiz kirmas, bugun esa mehmon bo‘lib o‘tiribdi. Gilam tepasiga osilgan tog‘asi rahmatlining suratiga kelganda nigohi birdan to‘xtab qoldi. Rasmda o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi do‘ppi kiyib olgan, ko‘zlari onasinikidek mehrli bu inson xotini bilan necha bor san-manga borardi-ya? Ikki tomonga birdek turish, ko‘ngli yarim singlisiga suyanch bo‘lish uchun qancha tirishdi. To‘g‘ri, gohida yangasining yolg‘on-yashiqlariga ishonib, ularni koyigan ham, biroq, baribir mungli ko‘zlarida jigarlariga nisbatan mehr, oqibat borligi sezilib turardi. O‘zi bugun ona¬si majbur qilmasa Mastura kelmasdi. Tog‘asi vafot et¬gandan beri bu uyga qadam bosmagan, shunga ham ancha yil bo‘lib ketdi. Ona¬si «Yangang seni ko‘p so‘raydi, mazasi yo‘q-da, yo‘qsa o‘zi kelardi. Sen kichiksan, bor qizim. Odam degani kechirimli bo‘ladi», deb qo‘ymadi. Mana endi kelib, o‘tmish bilan yana bir karra yuzlashgandek, uning og‘riqli kunlarini yan¬a ko‘rgandek bo‘lyapti. U tog‘asining nav¬qiron suratiga boqib shularni o‘ylab o‘tirarkan, uyga yangasining kirganini sezmay qoldi.
– Xush kelibsiz, Mastura qizim, omonmisiz? – dedi yangasi unga quchoq ochib. Qarindosh¬lar bir-birovini bag‘riga bosarkan, Mastura yangasining titragani, hayajonlanganini sezdi. Haliyam ovozi o‘ktamu, lekin o‘zi bir oz xorigandek, tik qomati cho‘kkandek edi.
– Peshinni o‘qiyotgandim, uzr, aylanay. Bu keladigan kuningiz ham bor ekan-ku, biz taraflarga, – dedi yangasi unga ginaxonlik qilib.
– Ha, tashvishlar bilan bo‘lib, kelolmadik. To‘ylar yaxshi o‘tdimi? Kelinlar chaqqongina xizmatingizni qilib yurishibdimi? – dedi u ham mulozamat uchun.
– Rahmat, aylanay. Shukr, shu kunlarga yetkazganiga. O‘zingiz yaxshimisiz, Murodjon, bolalar yaxshi yurishibdimi? Kelishmadimi ular? – dedi yangasi non ushatarkan.
– Ish, o‘qish degandek. Bir-birimizni kutsak, haliyam qolib ketamiz. Shuning uchun o‘zim kelaverdim. Hammasi salom aytishdi sizga, – dedi u dasturxonning gulli naqshini qo‘li bilan silab.
Yangasi likobchada yangi uzilgan xusayni olib kirgan keliniga:
– Shohistaxon, holva ham olib kiring, Mas¬tura opangiz yaxshi ko‘radi, – dedi unga qarab kulib qo‘yarkan. So‘ng birdan nimadir yodiga tushgandek, jim bo‘lib qoldi.
– Ha, yaxshi ko‘rardim, – dedi Mastura ham tasdiqlab va esiga bolaligida bo‘lgan bir voqea tushdi…
O‘shanda tog‘asinikiga mehmon kelgan, odatdagidek dasturxon bezatilar, taqchillik zamonida unda-munda yo‘q qand, turshak, yong‘oq, ayniqsa, u juda yaxshi ko‘radigan sedanali holva, albatta, qo‘yilardi. Bola emasmi, o‘sha holvadan bir dona yegi¬si keldi. Mehmonlarga choy tashib yurgan onasiga shuncha yalinsa-da, eshit¬maganga oldi. Chunki biladi, yangasining fe’li yomon. Mastura bir chetda o‘tirib, bir gapirib-o‘n kulayotgan erkagu ayollarga birma-bir qarab chiqdi. Ula¬r g‘ishtpechka yonida o‘tirgan qizaloqqa ahamiyat berishmas, oldilariga qo‘yilgan noz-ne’matlarni bemalol, tortinmay tanovul qilishardi. Yangasi ham bisotidagi bor taqinchoqlarini taqib olgan, go‘yo u xonzodayu ona¬siga cho‘ridek buyruq berib o‘tirar, shu bilan o‘zini juda sipo, dono ko‘rsatishning evi¬dan chiqardi. Mastura chiroyli libos kiyib olgan mehmonlarni, ulardan ham ko‘ra ko‘proq dasturxondagi shirinlik¬larni kuzatar, tamshanar, kichkina barmog‘ini o‘ynab, o‘tirganlar kulsa u ham jilma-yib, o‘zini ham ular safidagidek his etardi. Shu payt az¬baroyi yegisi kelganidan hamma gap bilan ov¬vora bo‘lganida das¬turxonga yaqin surilib, asta holvaga qo‘l cho‘zdi. Lekin yangasi tushmagur kuzatib turgan ekan-da. Birdan shaxd bilan urilgan tarsaki, qo‘lchasini lovullatib yubordi. Bir zum dovdirab qolgan Mastura yangasining «Voy-voy-ey, kuydim, shu yetimlardan. To‘yarini bilmaydi, ko‘zi och-da, ko‘zi. So‘rasa beraman-ku, o‘g‘irlik qilmasdan!», deganini eshitib, o‘ziga keldi. Qo‘rqib ketganidan qo‘lidagini olishni ham, tashlashni ham bilmay turganda, eshikdan kirib qolgan onasi uning bilagidan mahkam tutib o‘zlari yashay¬digan huj¬ragaolib kirib ketdi. Ortidan yangasining «Shularni to‘ydiramiz deb yurib¬miz-da, aylanay» deganiyu tog‘asining «Bas qil!» deb xotiniga o‘shqirgani eshitildi.
Ular nam hidi anqib turgan xonaga kirishi bilan kutilmaganda onasi uning yuziga tarsaki tushirdi. O‘zi shundoq ham qo‘rqib ketgan Mastura endi yuzlarini berkitgancha chinqirib yig‘lab yubordi.
– Nega unday qilasan-a, nega? Bir bo‘lak holva bilan qorning to‘yib qolarmidi? O‘zi, shu turishimiz kammi, bolam?! – dedi onasi zorlanib, ke¬yin o‘zi ham yig‘ladi. Boyadan beri xo‘rligi kelib yig‘layotgan Mastura onasining ko‘z yoshini ko‘rib tinchib qoldi va ro‘parasida bir siqim bo‘lib qolgan bechora, mushtipar onasini yupatish uchun yuzlarini siladi:
– Boshqa qilmayman, faqat siz yig‘lamang, – dedi u. O‘ksib yig‘layotgan onasi esa yuzlarini ro‘molining uchiga artib, uni bag‘riga bosdi. Shu holda ona-bola ancha o‘tirishdi. Keyin yangasining ovozini eshitib, sapchib o‘rnidan turarkan, «Sen shu yerda o‘tir, maylimi, qizim» degancha shoshib chiqib ketdi. Mastura ko‘z yoshini ko‘ylagining yengiga artayotganda kaftidagi holvani ko‘rib jimib qoldi. Boyagina o‘zi tamshanib, ming bir istihola, qo‘rquv bilan olgan holvaga bir zum tikilib turdi-da, so‘ng otib yubordi…
Hozir shular xayolidan o‘tarkan, ko‘zi bilan yer chizib o‘tirgan yangasiga qaradi. Ayol ham uni ang¬lagandek, o‘tgan kunlarni his etgandek og‘ir «uh» tortdi. Keyin:
– Masturaxon, qizim. Mendan xafadirsiz-a? Xom sut emgan bandamiz-da, bilib-bilmay ko‘p gunohlar qilamiz. Lekin o‘tinaman, tog‘angizdan ranjimang. Ular sizni juda yaxshi ko‘rardilar. Kasal bo‘lganida ham alahsirab Ibodat bilan sizni chaqiraverdi, – dedi ko‘zlariga yosh to‘lib.
– Kelishingizni ayon qilgandek tushimga kiribdilar. Hadeb so‘ra dermish boyaqish. Endi bilsam, uzrxohlik so‘r, degan bo‘lsalar kerak-da. Ibodat baraka topsin, kelib turadi. Sizni, kuyovni juda maqtaydi. Qo‘sha qaring, iloyim. Besh kunlik dunyoda bir-birimizdan gina qilmaylik, endi qizim, – dedi yangasi qaltiroq qo‘llarini uning kaftiga bosib.
Bir paytlar hali pishib yetilmagan makka¬poya popugini uzib qo‘g‘irchoq qilib o‘ynaganda, uni o‘qlov bilan urgan mana shu qo‘llar edi! Ko‘klam chog‘i tomdan qizg‘aldoq terib tushib, shodlanib onasiga tutganda, «Undan ko‘ra, mollarga o‘t o‘r, yashshamagur!» deya shartta gullarni mayda-mayda qilib, oxurga tashlagan, sal bo‘yi cho‘zilib, husni ollanganda, tog‘asi qizlari qatori unga ham chit ko‘ylak olib kelganida, payt poylab ko‘ylakni tandirga tashlagan ham shu qo‘llar-da! Aytaversa, eh-he… Endi titrayotgan bu qo‘llarni kechirish, unu¬tish mumkinmi?!
Mastura og‘ir xayollariga g‘arq bo‘lib qancha o‘tirdi bilmadi, shu mahal patnisga yong‘oqli, pis¬tali, sedanali pashmak holvalar solib jilmaygan Shohistaxon kirib keldi. Mastura likopchalarni dasturxonga qo‘yayotgan yosh kelinchakning hali gard qo‘nmagan, hayotning zalvorli yuklari soya solmagan beg‘ubor nigohiga qarab turib:
– Shohistaxon, holva uchun rahmat, baraka toping, – deb minnatdorlik bildirarkan, yangasi yalt etib unga qaradi…

“O‘zAS”, 2019 yil, 29-son