Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)

IZN ISTAB…

Avvalo: Bismillahir rohmanir rohiym
So‘ngra: Judolik diyorida kechgan bu tarixning davomi va uni Alloh qodir etganicha yozganimiz xususida. Umidim bor, shoyad Alloh chiroyli etsa.
«Qissalarning go‘zali Qur’on qissalaridir», to abad tildan tushmagay. Qolganlari unutilib, alal-oqibat yo‘qolishga, o‘chishga mahkum. Ular qusurli bandaning qusurli so‘zi, bitigi, xolos. Faqat… faqat shular orasida Alloh taborak va taolo O‘zi izn berib, jindek yuqtirganlari, O‘zi xush ko‘rib, ixlos to‘nini yopgan va qabul bezaklari ila bezab, kam-ko‘stini to‘ldirganlari ham borki, ana o‘shalar yashab qoluvi, o‘qiganlarga har gal chiroyli ko‘rinuvi va to qiyomatga qadar mo‘minlarning qo‘lidan tushmasligi mumkin.
Demak, Alloh azza va jallaga xush keladurgan bir nimalar bitmak mumkin?..
Axir, mehr-muruvvat, silai rahm, yetimlarning boshini silamoq tsingari chiroyli amallar, shahidlik sharobini totmog‘u hidoyat topmoqqa o‘xshash go‘zal ajrlar hali tugab bitmagan. Bu haqida qancha go‘zal rivoyatu qissayu tarixlar mavjud. Nafas yutmay eshitganmiz ularni. Qolaversa, eng mushkul damlarda diniyu iymonini kaftida laxcha cho‘g‘day tutib, tog‘-toshlarga chiqib ketgan, o‘z diyorlaridan hijrat etganlarning Alloh subhonahu va taologa ham xush kelguvchi judolik tarixlari-chi?!.
Bilmam, notavon ko‘nglimga qachon, qaydan ilashdi bu havas, judolik diyori tarixining ilk kitobini yozib tugatib ham taskin topmadim. Bitganlarim ayriliq qo‘shig‘ining debochasi, xolos edi go‘yo. Hali oldinda zo‘r imtihonlar, saragu puchakka ajralishlar turgandek edi. Kimga jahon ahli ayollari havas etsa arzigulik sabri jamiil, kimga shahidlik martabasi ato etiluvi mumkindek, kecha jaholat va razolat dunyo-sida zo‘r sanalib yurganlar esa nihoyati bir qoqiluv ila adolat tarafga yuz beruvi, hidoyat topmog‘i mumkindek edi, vallohi a’lam.
Shundan beri o‘zimni bu yumushga chog‘lar edim. Tungi duolarimu tonggi iltijolarimda so‘rardim. Haftalab, oylab «tirnoq»lab bir nimalar topgan-jamlagandek bo‘lardimu… o‘shal qayg‘uli qissa tasavvurimda munglig‘ ertakdek jonlanib kelib, uni birovdan qizg‘ongandek, xuddi uch-ketini yo‘qotib qo‘yadigandek shoshib-entikib yoza ketardim. Ammo nadomatlar bo‘lsinkim, bu hol bir oy va yo undan ortiqqa cho‘zilmay yana aro yo‘lga kirib, qayon borarini bilmagan musofirdek turib qolardim. Ich-ichimdan sezib turibman, nimadir monelik qilyapti. Nima qilsam, tizginni qo‘lga olaman? Yana o‘sha samimiyat, o‘sha yoniq hislar, shirin bir titroq qayta mehmon bo‘lib keladi — bilmasdim, bilolmasdim.
Axiyri topdim! Yolg‘iz O‘zidan so‘ramoq lozim ekan. Murod doram — umidim bor, deb iltijo etsang, albatta, baroyad, yo rab — iloyo, yetgin, javobi berilgusi ekan!
Bilasiz, «Judolik diyori»ning birinchi kitobida chin ko‘klamni sog‘ingan bog‘lar misoli aldamchi nasimlarga uchib qolgan qavmim judoliklaridan hikoya etgan edim, endi esa, uning najoti uchun bosh tikib chiqqan bir hovuch kishilar — botir akalarimizning alamli qissalarini davom ettirmoqqa yo‘l izlab, izn istardim.
Akalarimizni jindek bo‘lsa-da, taniysiz. Eshitgansiz ular haqda. Ular o‘z yurtlariga sig‘mab edilar. Ular iymonlarini qutqarmoq-chun eng ayamli narsalari — moli, holi, jigarlaridan ayrilib, vatanlaridan judo bo‘lib, bo‘lak diyorlarga bosh olib ketmish edilar.
Ana o‘shal hijrat yurti — Tangritog‘ tomonlarda Dorilamon bir diyor qurib, uni maskan tutmoq-chun kurashgan o‘sha boturlar qissasi mana, necha yildirki, og‘izdan-og‘izga, nasldan naslga ertakday ko‘chib kelmoqda. Zabt etilmagan iymon qal’asiyu halovat diyori misol, hijron qo‘shig‘i kabi!..
Yo, qodir Alloh! O‘zing izn ber, shul qo‘shiqning davomini yozmog‘imga, Ijozat et, Vataniyu dinini deb tog‘larga chiqib ketgan, iymonini asrab qololgan birodarlarim qissasini bu yoqda qolganlarga yetkazmagimga. Samimiyatlar ato etib, ilhomu kushoyishlar ber, avvalo O‘zingga, qolaversa, jumla mo‘minga manzur bo‘larli bir nima bitmagimga. Uni O‘zing mumtoz et. Suyukli qil. To qiyomat qadar yashab qolguvchi asarlar jumlasiga qo‘sh.
Hasbiyallohu va ne’mal vakil — O‘zingga tavakkul aylab, rahmat oyi — Mohi ramazon ichi boshladim va bu tarixni o‘qigan nasllarga sening hidoyatingni sog‘inib, kitobning bu qismini «Najot farishtasi» deb atab, yozilajak uchinchi kitobini «Rushdi hidoyat» deb belgiladim. Iloho, nihoyasiga adashmay oson yetmagimga O‘zing musharraflar aylagaysan. Omin ya Robbil olamiyn.

MUALLIF
Ramazoni sharifning beshinchi kunlari.
Toshkent, fazilatli «Qoziguzar» mahallasi

JINDEK IZOH:
Asarning avvalini o‘qib, davomini kutmoqda bo‘lgan aziz o‘quvchilarimga ma’lum bo‘lsinkim, Sultonmurod va Mahfuza tarixining judolik yurtiga tegishli qismini avvalgidek Maqsud hikoya qilib, o‘rtadagi voqealarni Alloh izn berganicha o‘zim to‘ldirib bormoqni ixtiyor etdim.
Alloh o‘zi bu murobitlarni hammamizga suyukli etib, o‘qiganlar qalbiga rushdi hidoyatini solsin. Uni bitmagimga ilhom bergan va shoshtirgan narsani ham aytib qo‘ya qolay.
Bu Alixonto‘ram Sog‘uniy janoblarining bir og‘iz kalomlari — «Ey bor Xudoyo, agar menga jannatingdan nasib etgan bo‘lsang, boturlarimsiz kirgizmagil», degan duolari bo‘ldi.
Farishtalar omin degan bo‘lsin. Omin ya Robbil olamiyn.

Murod MANSUR,
1 mart, 1999 yil

Birinchi bo‘lim

O‘ShA BIRAVNING MAHFUZASI

1. KIMNING ERKASISIZ, YoDGORMUROD?

Mezbonqog‘oz jimitdekkina-yu, juda bejirim edi.
Yozuvlari ham bir boshqacha, ishqilib mening tishim o‘tmaydurgan bir imloda edi. Men bunaqasini umrim bino bo‘lib, endi ko‘rib turardim.
Tavba, Chaman aka shunaqa zo‘r odam bo‘lib ketgan ekanmi — xorijlarga chiqadurgan, chet elliklar bilan bordi-keldilar qiladurgan?! Uzoq-uzoq yo‘q bo‘lib ketishi… shundanmikan?
Ammo tashrif qog‘ozini o‘ngarib, quvonib ketdim. Bu yog‘i — o‘zbekona edi: Janob Chaman Ubaydulloh o‘g‘li. Manzil-mavozemiz: Toshkandi azim, Qumloq mavze, 17-Zarqaynar ko‘cha (Kalkovuz yoqalab o‘tgaysiz), 58. Telefunumiz… va hokazo.
Ol-a! Ko‘zimni bog‘lab qo‘ysalar, topib borarman! Talabalik yillarim qayerda turibman?! Kechalari dars qilib o‘tirib, uyqu bosib kelganida Kalkovuzga sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib olishlarimiz yodimga tushib ketgan edi. O‘sha yerda turib, Chaman akani uchratmagan ekanmanmi?
Ertasiga ishga o‘tiboq sim qoqishga tushdim. Ammo men ko‘zga to‘tiyo etib, terayotgan raqamlarim hech ulanmasdi. Axiyri ishga unnab, chalg‘ib ketibman. Indiniga bir qistalang topshiriq bilan Andijonga jo‘natib yuborishdiyu shu bilan yoddan ko‘tarilibdi. Chaman aka shu haftaning ichi qidirib topsin, deb tayinlagani ham bir bo‘pti, mening alahsiganim ham…
Shanba kuni hamma yumushlarni yig‘ishtirib, izlashga tushdim. Bu safar qo‘ng‘irog‘im ulana qolib, telefonni shirintoygina bolakay ko‘tardi;
— Aluyo, Siz kim bo‘lutsiz? — derdi u shirin bir tilda jovurlab.
— Sen tanimaysan, — dedim.
U bolalarcha ijikiladi:
— Nega tanumaskanman?
— Chunki ko‘rmagansan-da, — dedim. U gaplashgan saring gaplashging keladigan — yoqimtoy edi.
— Hich kelmaganmusiz? — dedi u erkalanib.
— Yo‘q, okovsi, bormaganman.
— Unda qayerdan bilutsiz telufunimiznu?
— Bilaman-da…
— Ha-a, aldoqchi, bilarkansiz-ku…
— Unda nima deyish kerak?
— Undamu?.. Xassalomu alaykum, — dedi u qarz salomini eslab.
— Vallaykum assalom! Kat-to yigit bo‘ling, — dedim men erib. — Otingiz nima edi, toy bola?
— Manimu? — dedi u teng ko‘rib gaplashayotganimdan tantiqlanib. — Manu otum…
— Xo‘sh?
— Otum o-ot, — dedi kutilmaganda tegajog‘lanib.
— Yilingiz toychoq! — dedim men ham.
U qiqirlab kuldi va gaplashgichni tushirib yuborib, bir nimalar taraqlab ketdi. Bola uni ola, «fuf-fuf»ladi:
— Aluyo, kechiras, tushub kettu. Eshitopsizmu?
— Sinmadimi, ishqilib?
— Yo‘q, sinmaptu.
— Xayriyat. Ehtiyot bo‘ling-da, toy bola.
— Xo‘p bo‘ladu, — dedi u odob bilan. Nimagadir u ba’zan-ba’zan «bo‘ladu-keladu»lab qolar edi .
Men so‘rashimni qo‘ymasdim:
— Otingizni aytmadingiz-ku, toy bola?
— Manmu?
— Ha-da.
— Manu otum, — dedi u dona-dona qilib, — Yod-gor-muro-od. (U erkalanib, boshini bir chiroyli burib qo‘yganini… yaqqol tasavvur etdim.)
— O‘-ho‘, zo‘r-ku, Chiroyliykan! — dedim besh ketib.
— Siznuki-chi? — dedi u qiziqib.
— Meniki Maqsud.
— Siznukiyam chiroyluykan, — dedi havasi kelib. — Siz biznukiga hicham kelmaganmusiz?
Borganman, deya qolsamu… ana, kelganakansiz-kelganakansiz, deb sakrab-quvnay ketsa! Bo‘ladi-ku, shunaqa bolalar: birpasda elakishib, sirachdek yopishib oladigan…
— Yo‘q, og‘ayni. Xudo xohlasa, endi boraman, — dedim uni sevintirgim kelib. — Boravuraymi?
— Kelung-kelung-kelung! — deb o‘ynoqladi u.
— Kim bor? Yolg‘iz o‘zing zeriki-ib o‘tiribsanmi?
— Buvijon borlar, opoqum borlar. Chaqiraymu opoqumlarni? — u shoshib qolganidan gaplashgichni tashlab, tashqariga chopdi. — Opoqu! Asal opoqu! Amaqum chaqiroptula.
Ana, xolos! Halitdan amaki ham bo‘lib qoldim! Men miyig‘imda kulib, uni o‘ylardim: kim ekan, bu shirintoy? Chaman akaning o‘g‘li desam, «opoqu»lab turipti? Yo numerda adashdimmikan?
Bu orada kimdir kelib, gaplashgichni ko‘tardi:
— Lab-bay?! — dedi ayol kishi chars ovozda, go‘yo boshimdan qaynoq suv quygandek qilib. Uning bir og‘iz so‘zi shunday zahar-zaqqum aralash ediki, hushim uchib, kalavaning uchini yo‘qotib ham qo‘ydim.
— Gapiring! — dedi u boyagidan ham tersroq qilib.
Adashib tushibman shekilli, deb o‘ylab:
— Chaman akaning uylari…masmi? — deyoldim zo‘rg‘a.
— Uylari!.. — dedi ayol «Nimaydi?!» degan kabi. Tavba, ayol kishi ham shunaqa chars bo‘larkanmi! Iloji boricha yumshoq so‘rashga unnaldim:
— Kechirasiz, opoy. — Men uni boshqa millatdan deb o‘ylab, qovun tushiribman.
— «Opoy»izga balo bormi?! Gapiravuring gapizzi?! — deb jerkib berdi u.
— Kechiras, — Damim ichimga tushib ketgan, tezroq kimligimni aytmasam, gaplashmay qo‘yaqolishi ham mumkin edi. — Chaman aka tunov kuni so‘rab borganakanlar. Men Maqsudman, og‘aynilarining ukasi, — dedim.
Ammo ayol yumshash tugul, voy, shunaqami, deb qo‘ymasdi. Bunga sari yuragim po‘killab, dedim:
— Eshityapsizmi, men…
— Eshityapman, — dedi u «kar emasman!», degan kabi. — Topib kelalasizmi?
— Borolaman. Ammo o‘zlari, qattalar?
Ayol gapni kalta qildi:
— Kelsangiz — bilasiz.
Vo-oh, ana sizga opoqu!.. U gaplashgichni ildi-qo‘ydi. Faqat bolakayning «Kim, opoqu? Adamlani o‘rtoqlarimu?», degani chala-yarim eshitilib qoldi.
Bechora, har bitta qo‘ng‘iroqqa chopib borayotgani, «aluyo, kimsuz»lab ijikilayotgani… shundanmi ekan? Adajonisini ichikib kutayotgan u toychoq — kimning erkasi ekan?..
Kalkovuz yoqasidagi qator tollar qiyg‘os sochpopuk chiqarib yuborgan edilar. Shamol bu yerda ham ular ustida quvlashmachoq o‘ynab charchamas, hali novdalariga osilib halinchak uchar, hali allaqayoqlarga izg‘ib ketar edi. Jaladan keyingidek bo‘tana suv qirg‘oqlargayu tollarning yo‘g‘on qora ildizlariga bosh urib haloplardi. Shaharning ichida, yana jinko‘chalaru tomi-tomiga tutashib ketgan mahallalar oralab shunday katta suv oqib yotganiga aqlim bovar qilmay anhor yoqalab, aytilgan joyni izlab borardim. Yonginamdan tandirdan yangi uzilgan non hidini anqitib, velosipedli bolakay o‘tib ketdi. Oldida non savati — bozorligiyu ko‘zi tomda, varrak sog‘ayotgan bolakaylarda. O‘zi esa shuvillab boryapti. Qoyil! Osmoni-haftimdan dardaraklari darillab varrak ovozi keladi, ammo o‘zini ilg‘ab bo‘psiz!
Bolakaylar olamni unutib, qiyqirishardi:
Shamo-ol, bag‘ring kamo-ol,
Varragimni osmoningga o-ol.
Yashavor! Bular ipni bo‘shatgani sari osmon varrakni yutib boryapti…
Ko‘cha oxirlab, Kalkovuz allaqanday tashlandiq bog‘-maydonga kirib boradigan joyda esa… asta’firulloh, uni qarang! Chaqmoq uribmi, yonibmi, batamom ku-yib tushgan, bahaybat yolg‘iz daraxt ko‘rinar, u yong‘oq desam yong‘oqqa, qayrag‘och desam, qayrag‘ochga o‘xshamasdi. Shunaqa abgorki, kuyib ko‘mir bo‘pqopti.
Men qayerga kelganimni bilolmay garangsib turarkanman, yakka tavaqali eshik ortidan ayol kishining o‘qday ovozi yangrab qoldi:
— Akbar-uv, baloginaga yo‘liqqur-uv?!.
— Ketvotman. — Tol tagida ko‘ringan bola chelagini ko‘tarolmay inqillab, ikki egilib kelardi.
— Hu, qirilibgina ketkur! Man nimaga yuboruvdim, otginang o‘chgur? — Ayolning o‘zi ko‘rinmasa ham qarg‘ishi qiya ochiq eshikdan o‘qday chiqar edi.
— Mana, opkevotman.
— Hu, opkemay ket. Samovar erib bitdi-ku.
Bola suv to‘la paqirni u qo‘lidan bu qo‘liga olgan sari o‘sha tomonga obkashdek egilar, har qadamida paqir to‘pig‘iga urilib, suv chayqalar, chayqalgani mayli, ishtonining yoni shalabbo bo‘lib borardi. Qadamimni tezlatdim:
— Qani, menga bering-chi, saritoy.
Yuzlariga sepkil toshib, shu sepkili o‘ziga yarashib tushgan bolakay qaddini rostlab, aftimga tikildi. Kemshik tishi uni yana ham beg‘ubor qilib ko‘rsatardi.
— Bizanikiga kevotsizmi? — dedi qiziqsinib.
— Shunaqaga o‘xshaydimi? — dedim jilmayib.
— Rostizzi ayting. — Kemshiktoy endi bu tomonimdan aylanib o‘tdi.
Men chelakni olib, unga ergashaverdim:
— Yaxshisi, o‘zingdan so‘rab qo‘yaqolay: sen Chaman amakini taniysanmi?
— Nega amaki bo‘larkanlar?!. Tog‘amla-ku!.. He-hey, Sizni qarang-u! — U oldimga tushib o‘ynoqladi.
— Tog‘ang? — Men hayratlanib qaradim unga. Bolaning sap-sariq yuzida qilcha ham o‘xshashlik… ko‘rinmasdi. — Rostingni ayt?
U boyagidek irg‘ishladi:
— Bizanikiga kevotganakansiz-ku… — So‘ng haligi yakka tavaqali eshikka qarab chopdi. — Oyi, bizanikiga kelishvotti, bizanikiga…
Bu orada men ostonasiga katta xarsangtosh yotqizilgan eshikka yetib qolgan edim. Qiya ochiq eshik ortida esa, bir qo‘li tizzasida, bir qo‘li bilan hovli supurayotgan qora nimchali, rangpar juvon ko‘rinardi. U ham ko‘zi menga tushib, chimirilib qaddini rostladiyu supurgini yo‘lga tashlab, burilib keta boshladi. Yupqa lablari xunuk qimtilib ketdimi-ey. «Ko‘zim uchib turuvdi o‘zimam» degandek. Men to‘xtab qolgan joyimda… noiloj bolaga ergashdim.
Eshik almisoqdan qolgan, oftobda o‘ngib-oqarib ketgani bilan hovli juda katta, yuqoridagi boloxonali uzun uyga borguncha ishkom tagilab allaqancha yurish kerak edi. Hali toki ochilmagan ishkomlar necha qator bo‘lib, bir yoni haligi tashlandiq maydonga tutashib ketgan. Tepada gir atrofini qari qora tollar o‘ragan ovloq hovuz ham ko‘rinyapti. Tagida qorashaqshaqlar uchib-qo‘nib, ora-chira bir chiroyli shaqillab-sayrab qo‘yadilar.
— Endi bera qoling, — dedi bolakay ostonadan o‘tishimiz ila paqirning bandidan tutib.
— Sen shoshma, — dedim men uni ayab.
Biz poyadan ko‘tarilgan so‘ri tagi bilan pastak oshxona tomon yurdik. U yerda ikkita g‘isht ustida qo‘nqaygan samovar burqsib, o‘txonasi jizillar edi. Kemshiktoy chopib borib, samovar karnayini olib tashladi-yu, qopqog‘ini ocha turib, qo‘li kuyib «otib» yubordi.
— Hazir bo‘l. — Men suvni solib, qopqog‘ini yopib berdim.
Shungacha ham boyagi chimirilgan ayol ko‘rina qolmasdi. U tepadagi uyga kirib ketgancha… ketib borardi. Elakishib bo‘lgan bola qo‘limdan tortqilab, qistay boshladi:
— Siz yuravuring, u yoqda opoqbuvimla borla. Kirmasayiz xafa bo‘ladila.
— Kim deding?
— Oyto‘ra buvimla…
— Shunaqami? — dedim ichim yorishib kelib. — Shoshma, sening oting… Akbarmidi?
U ajablanib tikildi:
— Qayoqdan bilasiz?
— Yodgormurod-chi, u qayerda? — dedim battar hayratga solib.
— He, sizni — aldoqchi, bizanikiga kevotganakansiz-ku, hammovzani bilarkansiz-ku, — deb u beg‘ubor iljaydi, so‘ng yana qistashga tushdi. — U o‘shatta, opoqbuvimlaga qarab o‘tiribdi.
— Obbo, toy bolalar-ey, katta yigit bo‘lib, qarab o‘tiribdi degin? — Men ularni alqab qo‘yib, o‘smoqchiladim: — U seni ukachangmi yo?.. — O‘zim esa bu ayolga qolgan bolalarning sho‘ri qursin, deb o‘ylardim. Tanimagan odamga shuncha dimog‘-firoq, bularni nima qilmaskan? Chayonning o‘zi-ku?
Hovlining o‘rtasiga borib qolganimizda katta uyning eshigi ochilib, haligi juvon ko‘rindi. U kovshandozda kalishini kiyarkan, yelkasidan qora ilondek sirg‘alab tushavergan sochini zarda ila orqasiga otib, menga qarab yurdi. Qo‘lida bir parcha qog‘oz.
Men beizn kirib kelayotganimdan xijolatga tushib, to‘xtab qoldim: to‘xtamasam, chaqib olishi ham tayindek edi. Ammo u chimirilib kelib, qarshimda to‘xtadi-yu, tomdan tarasha tushgandek qilib:
— Mana, shunga kelganmisiz? — dedi qo‘lidagini uzatib.
Men taxta bo‘lib qolgandim. Qog‘ozni qanday olganimni ham bilmayman.
— U yog‘ini o‘zingiz bilarkansiz! — Juvon mensimaganday burnini bir jiyirib qo‘yib, boya supurgisini tashlab kelgan joyga qarab yuraverdi.
Ol-a, xo‘p odamiga uchrabman-ku! Na salom bor, na alik, na mulozamat… Men xatchani o‘qishimni ham, ketishimni ham bilmay ang-shang qolgan edim. Ko‘z oldimdan esa, boyagi qop-qora daraxt ketmasdi, tavba.
Bir mahal qarasam, Kemshiktoy tirsagimdan tortqilab, qulog‘imga shivirlayapti:
— Siz yuravuring, opoqbuvimlaning oldilariga kiravuring. — U ko‘z qisib, nimadir demoqchi bo‘-lardi.
Noiloj ergashdim. Shundayam haligi ayoldan xavfsirab turibman. Nazarimda, hozir undan eshitadiganimni eshitib oladigandekman. Nihoyat, boloxonaga chiqiladigan yog‘och zinaning yonginasidagi katalakday bir uyga burildik. Uning kovshandozi ham ichkarisida edi.
Men xolamgilarnikida turib, o‘qib yurgan kezlarim shu atrofdagi ko‘p uylarga kirganman. Bosh suq-ganingizdanoq gup etib, ming yillik zax tuproq hidi dimog‘ingizga urilaveradi. Necha qayta tezlab ham undan qutulisha olmaydi. Kovshandoz chetiga qirrasi bilan terib chiqilgan musulmon g‘ishtlar ham bu uy qadimdan qolganidan darak berib turar, ammo undan tanish zax hidiga qo‘shilib, yana allaqanday mushk-anbar hidlari ham ufurardi.
Men mo‘jaz xonaga kiriboq uning to‘ridagi xonlar zamonidan qolgan qubbali ruh karavotda oppoq choyshablar o‘rtasida o‘tirgan halimdekkina kampirshoga hayratlanib tikilib qolibman. U qiblaga qarab tasbeh o‘girib o‘tirar edi. Qo‘lim o‘z-o‘zidan ko‘ksimga qarab ketib:
— Assalomu alaykum, xolamoyi, — dedim.
Men o‘zimni yaqin olganimcha bor edi: ajinlariyam bir ajabtovur nur bilan to‘lgan kampirsho chindan ham xolalarimgami, kimgadir o‘xshab ketar edi. U kishi tasbeh o‘girishdan to‘xtab, bosh silkidilar:
— Vaalaykum, keling, bolam. O‘ta qoling.
Derazaga yaqin yerdagi sandalning ko‘rpayu govra-po‘shlari hali yig‘ilmagan, o‘rtadagi bo‘yradekkina namat ustida bir bolakay daxanini mushtchasiga tirab yotvolgancha, rasmli kitob varaqlab, oyoqchalarini o‘ynatib qo‘yar edi.
U bizni ko‘ra sakrab turdiyu menga osmondan tushgan odamga tikilganday tikildi-qoldi. U yuz-ko‘zlari judayam tanish, hatto shu indamay turishidayam allaqanday yoqimtoy edi.
— Voy, keldizmu? — dedi u chapak chalib.
Tanidim, u men bilan simda gaplashgan bolakayning o‘zginasi edi. Ovoziyam, o‘ziyam — shirin bolalar bo‘ladi-ku, o‘shanaqa edi.
U jilmayib, qo‘lchasini uzatdi.
— Man Yodgorman. Siz…. Siz telefunda chaqirub ediza? Topdimmu? — dedi u sakrab-quvnab.
— Topding, — dedim uning qo‘lchasini kaftlarim orasiga olib, keyin o‘zini bag‘rimga tortdim-da, peshonasidan o‘pib qo‘ydim. — Chindan asaltoy ekansan.
— Yo‘q, men Yodgortoyman. Ayam qo‘yganlar, — dedi u maqtanib.
— Ayang chiroyli ot topgan ekanlar, — dedim men.
— Nega toy bo‘larkansan? Yodgormurodsan, — dedi meni boshlab kirgan kemshiktoy.
— Ha-ha, u Saritoy. Men esam, Yodgormurodman! — tan olib quchog‘imda o‘ynoqladi bola.
— Yana ham yaxshi,— deb boshiyu yelkalarini siladim.
— Chiqib o‘tiring. Chaqirmaysanmi, bo‘tam, — dedi kampir tasbehini yig‘ishtirib, yoniga qo‘yarkan. Lekin o‘zi oq choyshab ichidagi oyoqlarini (yig‘olmasmi) o‘sha-o‘sha uzatib o‘tirar, allaqanday o‘ngarilolmas edi. Karavotning bosh tomonida ulug‘ kitob solingan jild bilan yo‘l-yo‘l matodan tikilgan naysimon bir narsa osig‘lik. Unisi tushunarli, lekin yonidagisi nima ekan, bilolmay, tancha yoniga cho‘kkaladim. Buvi o‘sha o‘tirgan ko‘yi momiqday oppoq qo‘llarini duoga ochdilar:
— Iloho omin, siylab kepsiz, sizni Ollohimning o‘zi siylasin. G‘animat dunyoda oqibatlilar qatorida qilsin, Ollohu akbar.
Kampir oppog‘oyimlarni esga solib, ko‘nglim iyib keldi. Beixtiyor bularning duolarini olib qolish katta davlat ekanini o‘ylab, u kishining yuzlariga tikildim. Tikilardimu o‘ylardim.
Yuzlaridan taralayotgan bu tarovatli nur qayerdan chiqib, hech ado bo‘lmayapti? Bu joylarning qadim zax hidlarini ham unuttirib, uni mushk-anbar bo‘ylariga to‘latib o‘tirgan ham balki shu oq-oppoq kampirshoning o‘zidir?
— Yaxshi keldizmi, o‘g‘lim? Uy ichilariz bilan yaxshimisizlar? Oyiz, kelinim omonmilar? — Kampir xuddi qarindoshlardek yaqin olib, tavoze ila hol-ahvol so‘rar edi. Men esam hamon iyib borayotirman bu mulozamat, bu so‘rashishlardan. Bir lazzat olayotirmanki, qo‘yaverasiz.
— Rahmat, o‘ziz bardam-baquvvatginamisiz?
— O‘ziga ming qatla shukr. Ko‘rsatganiga shukr. Turolmasam ham, mana, o‘tiribman-ku: eplagancha ibodatlarimni ado etib… namozlarimni o‘qib… Har odamlar bor-boshini bir ko‘tarishga zor, qo‘lini qimirlatishga, o‘ngarilishga intiq. O‘shandan asrasin. Hech bandani ibodatdan qo‘ymasin. So‘nggi nafasigacha chiroyli amallarga hamroh etsin, ilohim.
— Nima, oyog‘izmi?.. — deya oldim men.
— Bumi, bir yog‘i qarichilik, qolaversa, ko‘rgilik ekan: ko‘p bo‘ldi o‘tirib qolganimga. Savil, ikkalasi ham ketgan, jonsiz, — dedi buvi choyshab ustidan o‘sha jonsiz narsani siypab qo‘yib. — Shunisigayam shukr. Qo‘l-oyog‘imni birdan olganida nima qilardim? Buyam bo‘lsa, Xudoyimning marhamati. Manavi jujuqlarning baxtigami, boshqagami — meni tirik ushlab turibdi. Bo‘lmasa, bular kimning qo‘lida qolardiyu kim bularning boshini silardi! Bilmadim, mendan keyin bularning holi nima kechadi? Chamanning yurishi unday, Asalning fe’li bunday… Onasi boyaqishning-ku, peshonasi sho‘rdan-sho‘r ekan. Menga suyanib qolishdi bular. O‘zim esa yolg‘iz Ollohga suyanguliman. — Buvi ovozi o‘zgarib, ko‘zlarida yosh aylandi. So‘ng shishin-qiragan barmoqlarini o‘pib, uchayotgan ko‘zlariga surtarkan, Oyto‘ra buvi hamd aytib shivirladi: — Al-hamdulilloh, alhamdulilloh: ishqilib, yaxshilikka bo‘l-sin.
Men esam dardim boshqa yoqda: Chaman akamni so‘ray olmay dog‘daman. Qachon qaytadilar degim bor-u, kampirning dardini yangilab qo‘yishdan istihola etib turibman. Nihoyat, u kishi qayrilib so‘radilar:
— Asal opchiqib berdimi Chamanimning omonatini? Yo gaplashgisi ham kelmay…
— Berdilar, — dedim boyagi qog‘oz yodimga tushib.
— Nima debdi, ko‘rdingizmi?
— Yo‘q, hali, — men cho‘ntagimni kavlashtirdim.
— O‘qung-o‘qung, — deb qistab, o‘tirgan yerimda yelkalarimga suykaldi Yodgormurod, — Opoqbuvimam eshitsunla.
— Sen tinch o‘tir, Yodgor. Uyat bo‘ladi: mehmonga shunday yopishadilarmi? — dedi tanbeh berib u kishi.
— Hechqisi yo‘q, ukachamday gap, — dedim men.
Lekin Yodgormurod bir og‘iz so‘zdan:
— Xo‘p, opoqbuvijon, xo‘p, — deb yonimga qo‘ndoqdek bo‘lib o‘tirib olgan edi.
Men xatchani topib, qatini yozdim. U ikki enlikkina edi-yu, ichi to‘la jumboq edi. Xuddi Chaman akaning o‘zidek:
«Maqsud, kutdim-kutdim, kelmading, — deb yozgan edi u. — Bir rijoyim: oyimlarga uchramay ketma! Xudoning xohlashi shunday ekan, ko‘risholmadik. Noumid bo‘lma, g‘aflatdayam qolma. Kennoyingni senga, seni Xudoga topshirdim. Qolgan gaplarni aytishadi. Chaman akang».
«Qanaqa kennoyim? Kimni aytyapti?…» Nima gapligiga aqlim yetmay boshimni ko‘tarsam, buvi yarim qayrilgancha yuzimga tikilib turibdilar:
— Siz Sultonmurod oshnasining kimi bo‘lasiz?— Aftidan, akamga o‘xshatolmay turar edilar.
— Xolavachchamiz… — dedim to‘g‘risiga ko‘chib.
— Ha-a… — deb bosh silkidilar-da, Yodgormurodga yuzlandilar: — Aytmoqchi, anuv kungi xatni nima qilding? Ehtiyotlab qo‘yganmisan?
— Qaysu? Anuv berganizmu? Turibdu mimit choynukda, — dedi bola pildirab kovshandozga tusharkan.
— Optushaqol, bolam. Shoshma, — deb to‘xtatdilar-da, menga qaradilar. — O‘zingiz birga chiqa qoling. Bolaga ish buyur, ketidan o‘zing yugur bo‘lmasin.
— Yaxshi, — men turib Yodgorga ergashdim-u, ammo o‘zimning ichim qurib boryapti. Chaman aka ham qiziq: aytadiganini mana shu xatda aytib qo‘ya qolmaydimi! Kimdan yashiradi? Anuv chirsillagan zaqqumoydanmi?
Bu orada biz tashqari chiqib, almisoqdan qolgan yog‘och zina bilan ko‘tarila boshladik. Opoqbuvining shirin nevarasi — Yodgormurod zinani to‘pillatib chiqib borayotib, dam-badam orqasiga qayrilib, meni qistaydi:
— Yuravuring, faqat ehtiyot bo‘lung, boshizzi urvolas…
Men uning shirinligidan ham burun aqliga besh ketib borayotibman: mana, kimni pakana pari desa bo‘ladi! Qolaversa, yuzi buncha issiq, buncha tanish? O‘g‘il bola ham shunchalik ko‘hlik bo‘larkanmi? Har gapiga bir tegishgim kelardi.
— Urvolsam-chi? — dedim atay.
— G‘urra bo‘ladu, — dedi u qayrilib, so‘ng o‘sha g‘urrani tasavvur etib, qiqirlab kuldi.
— G‘urra ham ko‘rk, — dedim hazillashib.
— Bo‘lmasa, urvola qolung, — yana qiqir-qiqir kulgancha zinani to‘pillatib chiqib keta boshladi. Rostdan boshimni urib oladigandek engasharkanman, so‘radim:
— Sizlar shu boloxonada turasizlarmi?
Yodgor qayrilib to‘xtadi:
— Siz bilmaysiz-de. Zo‘r bu yer!
— Yo‘g‘-e…
— Ko‘rmagansiz-de, Kalkovuzning oqishinu… bog‘larimiznu… Bu yoqdan ko‘rsangizmu!..
— Tomga chiqvolib, degin?
— Ha-de. Siz chiqung avval, — u eshikni ochib, kalishchasini chechib qoldirdi, — kelung-kelavuring.
Men pastak eshikdan engashib o‘tib, mo‘jazgina xonaga oyoq qo‘ydimu hovliga qaragan deraza pastida u aytganidan ham faraxli bir manzaraga ko‘zim tushib, «voh», deb yubordim: chindan zo‘r-ku!..
Rostdan boloxonamisan, boloxona edi. Bu yerdan hovli bir ajoyib ko‘rinardi! Zebolanib desammi, kaftda turgandek desammi, ishqilib, ta’riflasa, ta’riflagudek edi. Hali toklari ko‘tarilmagan yalang‘och ishkomlaru boyagi ko‘chadagi sochpopuk chiqarib yuborib endi barg yozib kelayotgan qator tollaru uning tagida sarig‘ ilondek to‘lg‘onib oqqan Kalkovuzgacha — bari-bari ajoyib, bir jonli suvratga o‘xshar edi. Ularning bariga soatlab tikilib o‘tirmoq mumkin edi. Bu yerdan hatto anuv kuygan daraxt ham bor bo‘yi-la ko‘rinib tursa-da, lekin ajabki, boyagidek yomon taassurot qoldirmas edi. Nega, tushuna olmadim.
— Joyni xo‘b topgan ekansizlar-ku!
— Yoqdimu sizga?
— Yoqqanda-chi! — Shunday deb o‘girildimu nogahon ko‘zim uyning to‘ridagi devorga tushib, qotib qoldim. U yerda hozir ko‘rganlarimdan yuz chandon chiroyliroq narsa osig‘liq turar edi.
— Iya, Marg‘u kennoyim-ku!.. — deb yuboribman.
Men yo‘qotib qo‘ygan kishisini uchratgan odamdek gangib qolgan edim.
— Kim deysuz?
— U kishi-ku! Kennoyimlar-ku! Bu suvratni… qayerdan olgansizlar? — dedim hech narsaga tushunolmay. O‘sha oy desa, oy degudek, suluv desa suluvlardan o‘tgudek, kim malak deb atagan, kim parilar mamlakatidan deb ta’riflab esi ketgan… xusnu jamol egasi… Kattabog‘ go‘zali, mening aziz kennoyimning suvrati bu yerda nima qilib turibdi? Qanday kelib qolibdi bularnikiga? Hech aqlim bovar qilmasdi.
— Manu ayamlar-ku bu… — dedi Yodgor iljayib.
— Sening ayang? — Mening esim joyiga kela boshlagandek edi.
— Bo‘lmasa, kim ekanlar, mening ayam bo‘lmay?
— Chiningni ayt? — dedim darvoqe deyish o‘rniga.
— Siz yaxshilab qarang… — dedi u. So‘ng bolalarcha qiqirlab kula boshladi. Uning kulgusi shunday beg‘ubor ediki, tavba, men tan bersamoq u sakrab-quvnab ketadigandek edi. Yo Olloh, yana adashganimni qarang. Men suvratga qayta qarab, ichim jizillab ketdi. Chindanam uning quloq yumshog‘i ostida tirnoq yuzidek, nozikdan-nozik nori bor edi:
— Darvoqe, bu kennoyimiz-ku! — deb yubordim. Qarang-a, u biznikida birozgina turib, keyin izsiz yo‘qolgan Mahfuz kennoyimning katta qilib oldirilgan suvrati edi! Oyim hali-hali kuyinadilar: qayerlarga sig‘di ekan, yo vataniga qaytib ketdimikan, deb. U bo‘lsa… Men xuddi shunday jajji yuzni yana qayerdadir ko‘rganimni eslab, yalt etib bolaga qaradimu hamma narsa op-oydin bo‘la qoldi! Men omi nega bu bolaning husni bunchalar o‘tkir, deb o‘tiribman! Gap bu yoqda ekan-ku!
— Sen… sen hali? — dedim dilimdagini tilimga chiqara olmay va asta borib cho‘kkalaganimcha ikki tirsagidan tutib, bag‘rimga tortdim.
— Siz rostdanam… taniysizmu ayajonimlarnu? — dedi u shodlanib.
— Ho‘-ho‘, taniganda qandoq! — dedim uning yelkasiga qoqib ham erkalab. Va devordagi o‘sha ayajonisiga qarab, battar tong qoldim. Yo tavba! Tushimmi-o‘ngimmi? Boyagi suvrat o‘rnida endi… tamomila bo‘lak siymo yuz ochgan edi. Suvratdan…
Ajab hol! Hatto ko‘zlarimni ishqab qo‘ydim. Yo‘q, o‘sha-o‘sha: devordagi oynavand gardish ichidan («yo subhonolloh, qanday mo‘jiza bu?») men sog‘inib, ichikish darajasiga borgan odam — Sultonmurod akam (!) qarab turardi. Nima bu, sarobmi, jodu? Esim og‘ib, bolaga qaradim.
U issiq jilmaydi:
— Siz hayron qolmang, bu o‘zu shunaqa! Shunaqa ishlungan!..
— Qanaqa… ish-langan? — Men hech narsa tushunmayotgan edim, hatto boshimni to‘lg‘ab-to‘lg‘ab qo‘yar edim.
— Shunaqa-shunaqa, — dedi u sakrab-quvnab, men tushunolmayotganimdan qiqirlab kulib, — bir qarasangiz ayam, bir qarasangiz u kishu, yana bir qarasangiz amaqum ko‘rinadular.
— Qaysi amaking?
— Voy, Siznu qarang-uv. Turing-turing. Bu yoqdan qarang,— deb u qistashga, tirsagimdan tortqilab, uyning bu chekkasiga boshlashga tushdi. — Siz o‘ziz ko‘rung.
Men u aytgan tomonga o‘tib (yo qudratingdan!) suvratda tamomila boshqa odam — Chaman akani ko‘rib, battar hayratda qoldim: bir suvratgardish ichidan uch kishi uch holatda ko‘rinar edilar! Tag‘in hech bekami-ko‘st! Bir-biriga quralashib ham ketmagan! Xalaqit ham etmaydi! Daf’atan, ajinalarning ishi emasmi, degan xayollarga borib qolasan kishi. Ammo bu «o‘zi shunaqa ishlangan»mish! Tavba, kim ishlatadi? Chaman akami yo Mahfuz kennoyimning o‘zi? Unda… unda buning oti nega Yodgormurod? Kimdan yodgor? Nahot o‘sha… ivir-sivir gaplar hammasi rost?
— Ayang?.. — dedim-u, u yog‘ini so‘rashga holim ham, majolim ham kelmay, ammo ich-ichimdan bir titroqmi, nimadir turib, bolaning ko‘zlariga tikildim. Ayang qayerdalar deyishga qani tilim aylana qolsa! Aylanmasdi. Ammo u tushundi. Tushunib, ko‘zlarini oldiyu, mung‘ayib bilagini silay boshladi.
— Yotub qoldula, — dedi ovozi o‘zgarib, — Manu… Manu yuborishmayaptu.
— Qayerda, shu Toshkentdamilar, axir?
U ko‘ngli to‘lib, chetga qaradi:
— Hm…
— Voy seniyu, boyadan beri aytmaysanmi?!— Sekin qarshisiga cho‘kkalab boyagidek yelkayu tirsaklarini siladim. — Qayerda ekanliklarini bilasanmi o‘zing?
Yodgormurod bosh to‘lg‘ab tisarildi va qo‘limdan bir alpozda sirg‘alib chiqdi-da, to‘g‘ri tokcha tomon borib boya o‘zi aytgan olma gulli jimit choynak ichini timirskilashga tushdi. Undan ikki buklog‘liq bir qog‘oz oldi.
— Mana, ko‘rung.
— Hammasi shunda aytilganmi?
— Bilmasam…
— Ha, darvoqe, bu buving aytgan omonatlari-ya?..— dedim o‘zimga kelib. So‘ng shoshib qog‘oz qatini yozdim.
«Maqsud, mening sendan bo‘lak ishonganim yo‘q, — deb bitilgan edi xatda. — Akangning daragini eshitib, jo‘nab ketyapman. O‘zing tushunasan-ku, uning menga kimligini! Sen bizning boshimizga tushgan ko‘rguliklarni bilmay eshikdan qaytib ketmagin, deb (Asal opamga qolsa, shunday qilishdan ham toymaydi!), oyimlarga uchragin, deb tayinlab edim.
Mahfuzdan ko‘nglim tinch emas. U og‘ir dardga chalinib qoldi. Zo‘rg‘a statsionarga joyladim. Lekin u yoqqa bormasam ham bo‘lmaydi. To‘g‘risi, hozir bormasam, bir umr armonda qolishim mumkin. Akangning daragi chiqib qoldi. Ammo sen unga zinhor bildira ko‘rma! Yuragi chiqib, ko‘tara olmay qolmasin. Asal opamga-ku, isini ham sezdirma. Sezsa, ishni buzadi u jodugar.
Sendan o‘tinib-o‘tinib-o‘tinib so‘rayman! Mahfuz kennoyingni yolg‘iz qo‘yma. Yonidan jilma. Va buni, (kennoying biznikida ekanini ham) hech kimga ayta ko‘rma! Men qaytgunimcha pochchadan ham, oyinglardan ham yashirib tur.
Shunday qilish kerak! Qaytgach hammasini o‘zim tushuntirib beraman. Akangning unga (Mahfuzga) atalgan maktublari bor, ko‘rsataman. O‘shanda senga hamma narsa ayon bo‘lgay.
Yolg‘iz o‘zingga ishondim. Mendan bemaslahat yoxud beruxsat biron ishga qo‘l ura ko‘rma. Yodgor onasini sog‘inib, juda-juda ichikkan. Xarxasha qilsa, yana ko‘rsatgani olib borib yurma.Undan ko‘ra, o‘zinglarnikiga — dalaga olib ket. Shu yaxshiroq: ham ovunadi, ham bexavotir. (Oyimlarga tayinlaganman, biladilar.) Ishqilib, ularni senga, seni Xudoga topshirdim. Mening yo‘qligimni bilintirma. Iloji boricha tez qaytishga harakat etaman. Chamang akang».
Ana, xolos! Yolg‘iz o‘zimga shuncha omonat! Faqat bir narsaga hech aqlim yetmasdi. Bu suqsurday bolakayni nimaga ayasining oldiga olib bormaslik kerak? Ahvoli og‘irligi uchunmi yo boshqa sababdanmi? Agar kennoyimning o‘zi so‘rab qo‘ymasa-chi? O‘shandayammi? Hammasidan «o‘tinib-o‘tinib-o‘tinib so‘rashi» qiziq edi. Nega bunchalik qattiq tayinlayapti? Nimaning oshkor bo‘lib qolishidan cho‘chiydi? Bolanimi yo Mahfuz kennoyimni? Hech tushunuksiz. Xuddi sir oshkor bo‘lib qolsa, falokat ustiga falokat yog‘iladigandek, ulardan ajrab qoladigandek… yozibdi xatni.
Sekin ko‘z qirimni tashlasam, bolakay intiqib tikilib turibdi. Bir og‘iz so‘zimdan sakrab-o‘ynoq-labam ketishi, yig‘labam yuborishi mumkindek. Chin-danam ayajonisini ichikar darajada sog‘inibdi. Bir og‘iz so‘zimga mushtoq. Yur desam, chopib ketgudek! Ammo Chaman akadan beruxsat nima ham qila olardim?!
— Nima deptular, amaqum?
— Seni dalaga, biznikiga olib ketarkanman.
— Ur-re, talaga ketarkanmuz! O‘ynagani borarkanmuz!— Yodgormurod bir ajib quvnab, qo‘zichoqday sakrab o‘ynoqlay ketdi. Shodligi shunchalik: gir aylanib chopadimi-ey, ikki yoniga shatta urib, shataloqlar otadimi-ey. — He-hey, talalarga chiqarkanmuz, chuchmo‘malar terarkanmuz…
Keyin tizzamni quchib, qo‘llarimdan tortqilab, bir nimalarni ijikilashga tushib ketdi-ku…
— Siz talada turasizmu? Sizlarda ham varraklar bormu?
— Bizda uchirishsin-da! Ka-atta-kon quroqlar kechasiminan darillab chiqsin-da!
— Vu-uy, kechasuman deng? — Uning kipriklari uzun-uzun, ko‘zlari javdirab yonardi.
— Kechasiminan.
— Ipiniyam uzmaydimu?
— Uzmaydi.
— Birov tegmaydiyammu?
— Tegmaydiyam.
— Qanday yaxshu, — dedi u chapak urib.
— Bir uchirishgancha uch kunlab uchib yotadi, — dedim men.
U aqliga sig‘dira olmay aftimga termuldi:
— Uch kunlab?.. Vu-uy…
— Ha-da, u shunchaki varrak emas-da, — men qulochimni yoydim. — Mana bunday kelar-ov. Uni tushirib olish o‘zimas. — U aftimga termulgancha qolgan edi. — Ipini uzgan quroqlarni ho‘v qayoqlardan topib kelishadi.
— Qayerdan topib kelishadu? — qaytarib so‘radi u.
— Qaysinisini soyning narigi yog‘idan, qaysinisini yong‘oqzordan. Nimalarga ilinib-urilib, dabdalasi chiqib ketgan bo‘ladi. Qaytadan yasashadi.
— Zo‘r ekan, — dedi u besh ketib, ham chiroyli bosh silkib. Keyin yana boyagiday tirsagimga tarmashib, shoshirdi. — Otlar-chi, otlaram bormu?
— Bor, — dedi men uning ko‘ngliga qarab.
— Minishadimu bolalar?
— Minishadi. Istasang seni ham mindirishadi. Bedapoyalarga opchiqishadi. Soylarga optushishadi.
— Yana nimalar bor, ayting, ayta qoling, — deb qistardi u.
— Ariq bo‘ylaridan yalpizlar, binafshalar teradilar. Tepalardan esa qo‘ziqorinlar.
— Qo‘ziqorun? Nima u?
— Ho‘, uni o‘tga toblab yemabsan, bu dunyoga kelmabsan. Borsang, ko‘rasan.
— Borganum bo‘lsun, borganum bo‘lsun, — deb o‘ynoqladi u. So‘ng pastga oshiqa turib, qayrildi: — Hozur-la ketamuzmu?
— Ketamuz, — dedim men uning shirin tiliga meng-zab, — faqat opoqbuvinglardan so‘rayluk.
— So‘raymuz, so‘raymuz, — dedi u oshiqib.
Men esam, bu sirli go‘sha — boloxonadan tushish lozimligini, bu xonadonning duogo‘yi bo‘lib o‘tirgan anavu oq-oppoq kampirshodan ijozatu duolar olib ketishimiz lozimligini bilib tursam-da, qo‘zg‘ola olmas, to‘g‘rirog‘i, devordagi boyagi antiqa suvratdan ko‘z uzolmas edim.
Suvratdan esa o‘n to‘rt kunlik oyday balqib, Xudo husnidan qismay baxtdan qisgan kichik kennoyim qarab turar, negadir ko‘zlari yoshlanib-yoshlanib kelayotgandek tuyulaverar edi menga.
— Juring, so‘raymuz, — Yodgormurod qaytib, qo‘llarimdan tortqilamoqqa tushdi-yu, men unga ergasharkanman, kennoyimning ruxsori lip etib ko‘z o‘ngimdan g‘oyib bo‘lib, shu zahoti uning o‘rnida boshqa aziz qiyofa — men qachonlardan beri yo‘qotib qo‘ygan Sultonmurod akam suvratda yuz ochib, jilolmayin ham qoldim: yana bir qadam bossam, u ham yo‘qolib, Chaman akam chiqishi tayin edi.
Men esam, bu ajib suvratda faqat akamu Mahfuz kennoyim ko‘rinishlarini istardim.
Ammo shu tob boyagi kirgan joyimizdan ayol kishining qattiq-qattiq ovozlari kelib, to‘xtab qola qoldik. Asal opa uyni boshiga ko‘tarib, shang‘illar edi:
— Itniyam, bitniyam qo‘yavering. Nima, bu karvonsaroymi sizga?! Ana, bittasi shuncha turib, nima karomat ko‘rsatdi? Yetimini tashlab ketadi hali! Itdan bo‘lgan qurvonliqqa yaramas…
— Hay, sekinroq, uyalgin, axir, — o‘tinardi kampir.
— Nimadan uyalaman? Nega uyalaman? O‘z uyimda ham uyalaymi?!
— Hoy, Xudodan qo‘rqmagan, hoy, odam isi yoqmagan! Chaman eshitsa, nima deydi?! Jilla qursa, mendan uyal. O‘z onangdan uyal.
— Nima, Chamaniz? Birovning xotinini o‘z uyiga obkeb o‘tirgan u kishi pokdomon-u, men qora bo‘ldimmi? Men yomon bo‘ldimmi?
— O‘chir, — dedi ona, — hammani o‘ldirib, sil qilib, bezdirib, o‘zing so‘ppayib qolmoqchimisan bu uylarda? Xudodan qo‘rq! Shu fe’ling bilan-ku, hech yerga sig‘mading. Tirnoqqa zor o‘tib boryapsan. Yana odam isini yoqtirmay qayerga sig‘moqchisan? Qachon odam bo‘lasan?
— Bo‘lmayman! — dedi Asal, ostona xatlab ulgurmagan asrandisining ketiga tarsaki tushirib.
— Bo‘lmasang, bo‘lmay o‘t!
Titrab ketdim. Va beixtiyor bolakayni bag‘rimga tortdim. Shunchalik bo‘lib ketgan ekanmi u jodugar? O‘shanday xokisor onaning yuziga tik qaragan inson… bularning boshiga nima kunlarni solmayapti ekan? Qanday sig‘dilar ekan boyaqishlar bu uyga? Opketganim bo‘lsin bu do‘zaxdan! Qutqarganim bo‘lsin bu azob «farishtasi»dan! Va o‘zim yoqa ushladim: Bu qanday go‘shaki, manzil-mavozeki, bir yonda oq-oppoq bo‘lib, yuzlaridan nur, so‘zlaridan duo yog‘ilib, rahmat farishtasiday oq kampir o‘tirsa-yu, bir yoqda har so‘zidan chak-chak zahar tomib, chirsillab anavi «farishta» hukmini o‘tkazib yursa! Yaxshiyam, kampir bor, shirin so‘zi, duolari bor! Undan keyin nima bo‘ladi bu xonadon? Bular topgan manavi boshpana? To‘zib bitadimi? Bekorga kasalxonaga tushmagan ekan Mahfuz kenno-yim! Bechora, qanday chidadi ekan bu egovga, Xudoning bu boshli-ko‘zli balosiga? Uning zahar-zaqqum so‘zlariga? Chayondek chaqishlariga? O‘zining yozuqlari, boshiga tushgan musibatlar kam ekanmi?
Ko‘zim yoshlanib kelib, hamma narsa chaplashib ketdi. Bola ham, pastga ketgan zina ham, oyoqlarim osti ham… Faqat ko‘z oldimda bo‘yi baravar kuyib ketgan anuv qora daraxt turar edi!..
Biz ne alpozda, hatto miq etmayin zinadan bir-bir tushib bordik. Ming istiholayu andishaga botib o‘tirgan kampir bizni ko‘ra jonlanib, shoshib qoldilar:
— Voy, tushdingizlarmi, bolam. Topoldingizmi omonatini? Sizniyam tashvishga qo‘ydik, — derdilar ikkala kaftlarini o‘sha jonsiz tizzalaridan uzmay.
— Tashvishi bormi, mana, optushdik. Endi javob bersangiz… — deb yamlandim men.
— Kiring, o‘tiring, bir piyolagina choy olib kelsin. Shundayin ketasizmi, bolam, — deb Yodgorga yuzlandilar u kishi. — Sen nima qilib jim turibsan, opkir akangni…
Bola ham birdan jonlandi:
— Opoqbuvi-chi, opoqbuvi! Bilasizmu, biz qayerga ketyapmuz! — deb o‘zini buvining tizzalariga otib bijirlay ketdi. — Talaga ketmoqchimuz. Rostakam varraklar uchirishadugan yerlarga. Bilasizmu, kim aytub ketibdu?
— Bilaman, bolaginam, bilaman, — dedi buvi uning kuraklarini silab-erkalab. — Amaking tayinlagan. Sen zerikib qolmagin degan-da.
— Nega aytmaduz? Yashurub ekansuz, — arazlashga, sakrab karavotni lopillatishga tushdi bolakay. — Aldab ekansuz!..
Buvi uning kuragiga qoqib, peshonasidan o‘pdi.
— Har narsaning mavrudi bor, bolam. Vaqti bilan chiqasizlar ham. — Bolakay mung‘ayib qolgan, najot kutib, aftimga termulardi. — Avval ayangdan xabar olsinlar. Keyin opketgani keladilar. Tuzukmi, toychog‘im?
Bu gapdan men ham, Yodgormurod ham inday olmay qolgandik. Hatto men jindek mulzam tortib:
— To‘g‘ri aytadilar. Sen otlanib tur. Ertaga o‘tib, indinga opketgani kelaman, — dedim yupatib. — Bo‘p-timi?
Yodgormurod mo‘min ekan, arazini tashlab, ochila qoldi:
— Indinigamu?
— Indinga, — deb men ham qaytish taraddudiga tusha boshladim.
Buni ko‘rib, buvi o‘tirgan joylarida jonsarak alangladilar:
— Boradurgan bo‘lsangiz… biron nima berib yuborsam bo‘lardi? Shoshmang, — u kishi o‘girilib, yonlaridagi tokchadan eski chiyduxoba jildni oldilar-da, uning yonchig‘ini kavlashtirib, bir nima izlay boshladilar. — Mana, jilla qursa, shuni ola keting, vaqti-vaqti bilan hidlab tursa ham ruhi yengil tortadi.
Nima ekan, desam, u kishining oppoq kaftlarida bir ajoyib bo‘y taratib qalampirmunchoq shodasi turabdi. Uni olarkanman, bo‘yidan o‘zim ham g‘alati bo‘lib ketdim. Men go‘yo bolalik davrlarimga qaytib, qalampirmunchoq bo‘yining sirli olamiga tushib qolgandek edim. Shunday yengil edimki, kuragimdan qanot o‘sib chiqayotgandek edi…
Keyin Oyto‘ra kampir bilan qanday xayrlashdim, yalang‘och ishkomu so‘rilar tagidan o‘tib, xayhotdek hovlidan qanday chiqib bordim, yakka tavaqali eshikdan qanday o‘tib, Kalkovuz bo‘yidagi ko‘chaga tushdim — bilmayman. Xayolim joyida emasdi go‘yo. Faqat oq kampirning istihola bilan «Kelib turing, bolam, yo‘q bo‘lib ketmang, Yodgormurodimni o‘ksitib», degani aylanib-aylanib kelishini aytmasam, boshqa hech nimani eslay olmasdim.
Ancha nari borib, o‘girilib qarasam, meni boloxonaga boshlab chiqqan o‘sha shirin, o‘ksik bolakay yakka tavaqali eshik ostonasida oyog‘ini salanglatib o‘tirar, to‘xtab qayrilishimni kutar, jindak imo qilsamoq, uchib keladigandek, men bilan ketvoradigandek edi. Shamol ham endi tollar ustidan tushib, uni olib ket, olib ket, degan kabi nuqul huvillab yuzlarimga urilardi, yurgani qo‘ymasdi. Mening esa ich-ichimdan bir yig‘i bosib kelyapti. Nima balo, er yetib, bo‘y tortib ham bundan qutulolmasam?! Yetimlarning ko‘ngli o‘zi shunaqa o‘ksik bo‘ladimi, o‘sha buloqning ko‘zlari sal narsaga ochilaveradimi, o‘zimni tutolmasdim. Qayerdanam Chaman akani bu xonadonga izlab keldim? Yodgormurodni, Oyto‘ra buvini ko‘rdim? Boloxonaga chiqdim? Mahfuza kennoyim — (o‘sha Kattabog‘dagi hovlimizda yarim yilgina turib, keyin dom-daraksiz ketgan, biz izini ham topolmagan o‘sha tangritog‘lik kelin) so‘nggi paytda panoh topgan joyga kira qoldim? Mash’um taqdiridan xabar topdim? Devordagi u ajib suvratga ko‘zim tushdi? U nima edi? Nega u
ch yondan uch kishi ko‘rinib turardi?.. U ro‘yomidi yo Mahfuz kennoyimning o‘zi ishlatganmidi atay? Hech aqlim yetmasdi. Chin desam chinga, ro‘yo desam ro‘yoga o‘xshamasdi bu tarix, bu taqdir. Yaqinroq keling, men bu firoq qissasini, taqdir atalmish buyuk imtihon tog‘idan toymay, tiy-g‘onchiq yo‘llariga kirmay o‘tib borayturgan akalarim, kennoyilarim tarixini Sizga ilindim. Olloh ularni ne mushkul-mushkulotlarga soldi va oltinday toblantirib chiqardi — o‘zingiz bir ko‘ring. Shoyad ibrat olsak, o‘shalardek yashay bilsak…

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.