May oyining boshlari. Ayni quyosh zabtiga ola boshlagan, hali bahor tugamagan bo‘lsa-da, yozning nafasi sezilib qolgan kunlar. Ishdan horib-charchab qaytayotgan Mazura yopgan non xarid qilish uchun bozor tomon qayrildi. To nonning pulini to‘lab bo‘lgunicha, nonchilarning orqa tarafi qator tizilgan rastalarning biridagi oshko‘kilar orasida turgan tok barglariga ko‘zi tushdi. Birdan kovatok yegisi kelib ketdi. “Bahor tugay deyapti, haliyam kovatok qilganimiz yo‘q-a!” deb o‘yladi u beixtiyor.
Manzura ko‘kat sotuvchi qiz bilan uzoq savdolashib, oxiri ikki ming so‘mga sakkiz bog‘ tok bargi olishga kelishdi. O‘h-ho‘, shuncha bargdan naq ikki lagan kovatok chiqadi. Eri kovatokni juda yaxshi ko‘radi, bir to‘ysin…
Manzura hovliqqancha uyga kelib, kovatokka harakat boshladi. Go‘sht to‘g‘rab ovora bo‘lmadi, balki muzlatgichda turgan tayyor qiymadan ko‘proq qo‘shib yubora qoldi. Shu orada institutga kirishga tayyorlanayotgani uchun tarixdan qo‘shimcha dars beruvchi repetitorga ketgan qizi Sarvinoz qaytib keldi-yu, ishlari ham tezlashib, darrovgina bir qozon kovatokni tugib tashlashdi.
Ayni ovqat pishar mahali Sarvinozning bir qavat pastki xonadonda yashovchi dugonasi qo‘ng‘iroq qilib qoldi-yu, u “Oyijon, Dilfuzaning bir gapi bor ekan. Bir zumga tushib kelay” dedi-yu, onasining xo‘p deyishini ham kutmasdan g‘oyib bo‘ldi-qoldi. Dilfuzasi tushmagur kiyim-kechaklar va yasan-tusanga o‘ta berilgan qiz, yangi narsa oldimi, darrov Sarvinozni chaqirib, unga maqtanishga urinadi. Koshki, shahar markazida yashaydigan zamonaviy qiz bo‘lishiga qaramay, ayni shunaqangi narsalarga sirayam qiziqmaydigan Sarvinozning bundan ichi kuysa ham mayliydi…
Kechqurun Solijon ishdan qaytganida ishtahaochar ikki lagan kovatokning bug‘i burqirab, xontaxta ustida kutib turardi.
— Voy-bo‘, bizning uyimizga ham bahor kelibdimi? — dedi Solijon kaftlarini bir-biriga ishqalab, oshxonaga kirib kelarkan.
— Ie, esingizdan chiqdimi, fevral oyidanoq ko‘k somsalar pishirib berganimda uyimizga bahor kirib kelgandi-ku? — darrov “chaqib” olishni unutmadi Manzura.
Ammo birinchi kovatokni og‘ziga soliboq, Solijonning afti burishdi. Yuzini tirishtirgancha kovatokni uzoq chaynadi, keyin nima bo‘lganini tushunolmay, qo‘lidagi kovatokni yeyishini ham, yemasligini ham bilolmay turgan xotiniga xo‘mrayib qaradi.
— Shungayam pul ketkazib sotib oldingmi? — u ikkinchi kovatokni shahd bilan siltagandi, qiyma o‘ralgan barg ochilib, ichidagilar laganga sochilib ketdi. — Tok bargi qarib ketibdi-ku! Rezinkaga o‘xshaydi o‘ziyam, shuni yeb bo‘ladimi?! Pul topib aql topmagansan-da, bozorchilar narsa deb qo‘lingga tutqazib yuborishsa, indamay ko‘tarib kelaverasan! Qarib ketgan barglarni falon pulga olgandirsan, hali?!
— Ikki mingga sakkiz bog‘… — ikkilanibroq dedi Manzura va shoshganidan qo‘lidagi kovatokni og‘ziga soldi.
Taomning ta’mi yaxshi, sirayam nordon emas… Rezinkaga ham sira o‘xshamayapti…. Qiziq, buning nimasi yoqmadi ekan?
— Ko‘rdingmi nordonligini?! — xotinidan ko‘zini uzmay turgan eri g‘olibona xitob qildi. — Mundo-oq bir narsani ochib ko‘rib, tekshirib, qarab olsang bo‘lmaydimi? Bozordagi hammadan qolgan-qutgan narsalarni olib kelib, oshqozonimni o‘ldiryapsan o‘zi! Men buni yemayman!
Solijon kutilmaganda oldidagi laganni nari surdi. Charchab kelgani ustiga shuncha ovqat pishirib, holdan toygan Manzuraning bu ahvoldan jahli chiqib, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
— Men sizni o‘ylab, mazza qilib yeysizmi, deb…
— Ha, juda mazza qildim, rahmat! — eri jahl bilan kaftini yuziga tortib, o‘rnidan turdi. — Boshqa ovqat qilib ovora bo‘lma, to‘yib ketdim! Yaxshisi non-choy ichganim ma’qul!
Solijon o‘rnidan turib, mehmonxonaga kirib ketdi. Oshxonada ikki lagan kovatokka termulgancha qolgan Manzuraning xayollarini eshik qo‘ng‘irog‘ining jaranglashi buzdi. Dugonasinikida soatlab qolib ketadigan qizi buncha vaqtli qaytibdi? Tinchlikmikan o‘zi?
Manzura hatto odaticha “Kim-m?” deb so‘ramayoq, shoshib eshikni ochdi. Eshik oldida shipdek bir yigit iljayib turardi. Yigit ko‘ziga issiq ko‘rindi-yu, ammo Manzura shoshganidan uni dastavval tanimadi ham.
— Voy… — dedi u ortiga bir qadam tisarilib, cho‘chib ketganini yashirolmay. — Sizga kim kerak?!
— Shunaqasan-da, o‘zing qarindosh-urug‘laringnikiga borish yo‘lini unutib qo‘yasan-u, yana izlab kelganlarni tanimaysan! — degan shaddod ovoz yangradi yigitning ortidan, keyin uni chetga surib, eng kichik xolasi Sayyora paydo bo‘ldi. — O‘zi sanoqli jiyanlaring bor-u yana uyingga izlab kelsa, “Kimsiz?” deysanmi?
Xolasining iddaolarini eshitib, Manzuraning kulgisi qistadi-yu, lekin o‘lardek arazchi xolasining achchiq-tiziq gaplari favvoradek otilib ketishidan cho‘chib, o‘zini bosdi. Sanoqli jiyaning bor, deydi-ya, yana! O‘zi sakkizta xolasi, ikkita tog‘asi bor Manzuraning. Ularning har birini uch-to‘rttadan farzandlari bo‘lsa… Jiyanlarining sanog‘i yuzning yarmidan oshadi, to‘y qilgudek bo‘lsa, begona odam chaqirishga hojat yo‘q.
Xolasi o‘g‘li bilan mehmonxonaga kirib, uyning to‘rini egallagach, Solijon ular bilan bir og‘iz hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldi-yu, ammo haliyam arazidan qutulolmayotgani uchunmi, yotoqxonaga kirib gum bo‘lib ketdi.
— Kuyovingizga e’tibor bermang, o‘zi ishxonadan kayfiyati buzilib qaytdi, gap-map eshitganmi, bilmadim, — deb bahona qilib qo‘ya qoldi Manzura xijolatpazlikdan chiqish uchun.
— Qo‘yaver, hamma erkak ham shu! — shang‘illadi xolasi. — Biznikiyam shu ahvol, qachon qarama, kimdir arpasini xom o‘rib qo‘ygandek qovog‘idan qor yoqqani-yoqqan.
— E, nimasini aytasiz, bugun ozib-yozib bozordan tok bargi olib kelib, kovatok qilsam, “Barg qarib qolibdi, yemayman”, deb arazlayaptilar.
— E-e, avvalroq shunaqa demaysanmi? — shinavandaroq xolaning ishtahasi ochilib, yuziga tabassum yugurdi. — Bilasan-ku, kovatok — joni-dilim. Qani, olib kel-chi, o‘zim bir baho beray!
Manzura yelib-yugurib, yana choyni yangiladi, ikkala lagandagi kovatokni ham dasturxonga keltirib qo‘ydi.
— Im-m, zo‘r-ku! — xitob qildi Sayyora bir dona kovatokni og‘ziga solib, mazza qilganidan ko‘zlarini yumib, boshini chayqatarkan. — Juda qo‘ling shirin-da, o‘ziyam! O‘zi birovni maqtashni yoqtirmayman-ku, ammo seni maqtamasam gunoh bo‘ladi, bunisi aniq! Ishqilib, qizing ham o‘zingga o‘xshab pazandaginami?
— Ha, endi… — Manzura gap topolmay, dasturxonning chetini himardi. — Har holda onasidan o‘tib qayoqqayam borardi?
— Ha, buni o‘zim ham bilaman! — Sayyora o‘g‘liga imo qildi. — Jahongir, ol o‘g‘lim, zo‘r bo‘pti o‘ziyam! Xolangni judayam qo‘li shirin-da!
Bo‘yi salkam ikki metrga yaqin, yelkalari ham shundan qolishmaydigan polvonkelbat Jahongir onasining birgina ishorasini kutib turgandek, darrov ishtaha bilan oldidagi laganga qo‘l uzatdi.
— Endi-i, jiyan, gapning indallosini eshit…
Xolasi ishtaha bilan kovatok yeyishda davom etarkan, bu mashg‘ulot orasida yana Manzuraga katta o‘g‘lini uylantirmoqchi ekanligini, avji saratonda to‘y qilish niyati borligini, ammo Manzuraning qizidan boshqasini kelin qilmoqchi emasligini ijikilab tushuntira ketdi.
— Voy…
Manzura boshqa gap topolmay, jiyaniga mo‘ltirab qoldi. Jahongir esa bu vaqtda kovatokni mazza qilib pok-pokiza tushirish bilan ovora edi. Shu payt Manzura to‘satdan qizini tug‘ruqxonadan olib kelishgan kunni esladi. Sayyora jiyanining qo‘lidan chaqaloqni avaylab olarkan, yuzidan cho‘lpillatib o‘pib, baland ovozda “Buncha chiroyli bu qiz?! Xudo xohlasa, shu qizni o‘zim kelin qilaman” degan, o‘shanda besh yoshlarda bo‘lgan Jahongir esa onasining yonida turganicha Manzuraning qo‘lidagi “katta qo‘g‘irchoq”qa tikilib qolgandi…
— Voy, xola, qizim endigina o‘n oltiga kiryapti-ku?! — dedi Manzura cho‘chib. — Bu yil to‘qqizinchi sinfni tugatayapti, hali kollejdayam o‘qishi kerak axir!
— Yo‘g‘-e? — Sayyora bir jiyaniga, bir o‘g‘liga qaradi. — Hali maktabni bitirmadimi qizing?
— O‘zingiz hisoblang, qizim Jahongirdan besh yosh kichkina bo‘lsa…
— To‘g‘ri, Jahongir endi yigirma birga kirdi-ku! — Sayyora tizzasiga shappatilab kulib yubordi. — Voy, men o‘lay, tag‘in qizingni birontasi ilib ketmasin, deb qo‘rqib yugurib kelibman-a! Mayli, jiyan, unda biz turaylik. Ishqilib, gapingdan aynib, boshqa birontasiga qizingni berib yubormaysanmi?
— Yo‘q, yo‘q, — shoshib dedi Manzura. — Har holda kamida to‘rt yilsiz qizimni uzatmayman.
— Bo‘ldi! — xola o‘g‘liga imo qildi. — Qani, polvon, turdik. To‘yni qoldiramiz. Uch yildan keyin kelamiz. Jiyan, gapingda turasan-a?
— Xo‘p, dedim-ku! — Manzura qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. — Uch yildan keyin gaplashamiz.
Sayyora uzoq xayr-xo‘shdan keyin o‘g‘li bilan chiqib ketgach, Manzura yengil nafas oldi. Yaxshiyamki, bu ajabtovur sovchilar borligida qizi kelib qolmadi. Bola bechora nima deb o‘ylardi, kim bilsin…
— Ha-a, xolang nimaga kelibdi?
Manzura ortiga o‘girildi. Ostonada turgan Solijon “otdan tushgani, ammo egardan tusholmayotgani”ni namoyish qilgancha, xo‘mrayib turardi. Uni ko‘rib negadir Manzuraning kulgisi qistadi.
— Sovchilikka kelishibdi.
— Yo‘g‘-e, rostdanmi? Sen nima deding?
— Nimayam derdim, uch yildan keyin kelsangiz, gaplashamiz, dedim-da!
— E, buni qara-ya, qizim katta bo‘lib qolganiniyam sezmay qolibmiz-ku, — Solijon kelib xontaxtaning narigi tomoniga, Manzuraning qarshisiga o‘tirdi. — Voy-bo‘… — U bir zum xotiniga tikilib turdi-da, keyin chehrasi ochilib, jilmaydi. — Menga qara… qorin ochib ketdi-ku, ovqat-povqat olib kelsang-chi?
— Qanaqa ovqat? — Manzura eriga anqayib tikildi.
— Qanaqa ovqat bo‘lardi, kovatokni-da! Boya ovqat yemadim-ku!
— Kovatokmi?
Manzuraning ko‘zi dasturxonda turgan ikkita bo‘sh laganga tushdi. U kutilmaganda xandon otib kulib yubordi. Kula-kula ko‘zidan chiqqan yoshlarni artarkan, eriga stol ustidagi laganlarni ko‘rsatdi:
— Dadasi… kovatokdan shu qoldi, xolos. Mayli, xafa bo‘lmang, ertaga yana pishirib berarman… Sovchilar yeb ketishibdi!
Solijon bir laganga, bir xotiniga qaradi, keyin nima gapligini tushundi va xotinining qahqahasiga qo‘shildi. Shu orada dugonasinikidan qaytib chiqqan Sarvinoz xonaga bosh suqdi:
— Voy, nega kulyapsizlar? Aytinglar, men ham kulay!