Rayhon opa yolg‘iz yashaydi, asrab olgan bolasi ham uzoq shaharga ketib qolgan. Rayhon opa kunini bozorga qatnab o‘tkazadi, oz-ozdan xarid qiladi. Chunki… bir o‘zi… bitta kartoshka, bitta piyoz, yarim piyola guruch yoki makarondan ovqat qiladi. Undan tashqari yana bir odati bor, so‘ligan sabzavotlardan ovqat qilmaydi. Bugun u “Farhod” bozoriga bordi, chunki bir kilo-yarim kilo oladigan xaridor sotuvchiga yoqmaydi, shuning uchun har safar har xil bozorga boradi. Bozor oralab narx-navoni surishtirib yurdi-da, kartoshka rastalarida to‘xtadi. Kartoshkani ushlab ko‘rdi. Qo‘liga to‘rtta kartoshkani oldi-da, taroziga qo‘ydi.
– Singlim, shuni tortib yuboring”.
Ko‘hlikkina ayol Rayhon opaga:
– Qancha olasiz?
– Shu yetadi.
Sotuvchi shart kartoshkani olib joyiga tashladi-da:
– Donalab sotilmaydi, – dedi jahl bilan.
– Unda bir kilo qilib bera qoling, singlim.
– Ertalabdan bir kilo, yarim kilo sotsam, savdo yaxshi bo‘lmaydi. Kechgacha donalab o‘tiraman keyin.
Rayhon opa uning yonidagi sotuvchiga qaradi.
– Siz beraqoling bir kilo kartoshka.
– Boshqa joydan olaqoling, xolajon, birinchi savdo qanaqa sotilsa, kechgacha shunaqa ketadi.
– Men ham bir paytlar sizlarga o‘xshab bozorda tirikchilik qilganman, bir kilomi-yarim kilomi, sotaverganman, avvalo barakasini bersin. Ozgina taroziga xiyonat qilganman.
Rayhon opa xomush tortib turganda, uch-to‘rt sotuvchidan naridagi erkak sotuvchi opani chaqirib qoldi.
– Opajon, keling buyoqqa.
Rayhon opa o‘sha tomonga bordi. Sotuvchi besh-olti dona kartoshkani tsellofan xaltaga solib, tarozida tortmasdan uzatdi.
– Oling, xola.
– Tortmaysizmi, uka?!
– Tortib nima qildim xola, duo qilasiz.
– Albatta duo qilaman, lekin tekinga olmayman. Xudoga shukr, o‘zimga to‘qman, faqat yolg‘izman, bir o‘zimga ko‘plik qiladi. Turib qolsa eskirib qoladi, ortiqcha olib nima qilaman?
– Aybga buyurmaysiz, bu… farzandlaringiz yo‘qmi?
– Bir o‘g‘lim bor, uzoq shaharda turadi. Bir yilda bir keladi. Keladi-yu tezda qaytib ketadi. Kelinimga qaynona, o‘g‘limga ona, nabiralarimning buvijonisi bo‘lib yashashni orzu qilganman. Sizlarga o‘xshab men ham savdo qilganim o‘sha paytlar xaridorlarni ranjitganim, ularni norozi qilganim, rozi-rizosiz topgan pulim bilan o‘g‘limni boqib katta qilganim uchun Yaratganning jazosi shekilli, farzand mehriga zorman. Sotuvchi bir on jimgina Rayhon xolaga tikilib qoldi.
– Shoshmang-shoshmang, siz Rayhon opa emasmisiz, mabodo.
Rayhon opa yalt etib sotuvchiga qaradi.
– Ie, Cadirjonmisiz? E buni qarang, xaliyam shu yerda tirikchilik qilasizmi?
– Ha, shu joyga o‘rganib qolganman, – u o‘ng tomonni ko‘rsatdi, – mana shu joyda siz o‘tirardingiz. Esingizdami?
– Ha, esimda. Shuncha paytdan beri bozorga kelib, sizni ko‘rmabman-a.
Shu payt xaridor keldi, Sadir xaridor bilan andarmon bo‘lib qoldi. Haliyam o‘sha-o‘sha shirinso‘z, og‘ir-bosiq muomala qiladi. Bir zum Rayhon opaning bozordagi o‘tgan kunlari ko‘z oldiga keldi, u xayolan xaridor bilan savdolashardi. Oldida to‘kilgan kartoshka, sabzi, piyoz…
– Saralab olmang, kimga sotaman qolganini… xohlasangiz shu… Bir kilo… Yo‘q, sotmayman, yalinmang…, E-e, nega baqirasan? Xohlasang, ol, xohlamasang, katta ko‘cha… Vijdon deysan, vijdon yo‘q. Vijdon senda bo‘lsa bo‘ldi. Taqqan bo‘yinbog‘ingga qara, olifta… Bir so‘m ustida tortishadi, o‘rgildim sendaqa erkakdan…
– Nima? Yarim kilo? Sotilmaydi. Yarim kiloyam deydimi kishi?
– Pulim yarim kiloga yetadi.
– Unda kartoshka yemay qo‘yaqoling.
– Iltimos, opa!
– Qo‘ying, yalinmang, rahmimni keltirib. Yarim kilo sotmayman… Hoy, qarg‘amang, kartoshka meniki, xohlasam sotaman…
– Rayhon opa, Rayhon opa…
Sadir opaning xayolini bo‘ldi.
Rayhon xola bir seskanib o‘ziga keldi, o‘sha kunlarni eslab o‘zidan nafratlanib ketdi. Go‘yo hozir bo‘lib o‘tgandek xijolat tortdi, mungli ko‘zlarida yosh miltiradi.
– Ha, Sadirjon uka.
Sadir kartoshka solingan xaltani uzatdi.
– Qancha bo‘ladi?
– Puli kerakmas, dedim-ku, duo qilsangiz bo‘ldi.
– Tilanchi emasman-ku.
– Sizni hech kim tilanchi degani yo‘q. Ko‘p yillik qadrdonmiz, birga savdo qilganmiz, hamma narsa pul bilan o‘lchanmaydi-ku, opa, – kuladi Sadir nimanidir eslab, – tilingiz ham, o‘zingiz ham botir edingiz-da, arzon sotganim uchun, esingizdami, tarozining pallasi bilan tushirgandingiz.
Rayhon opa xo‘rsindi. Sadir uzatgan kartoshkani olib, uch ming so‘m pulni rasta ustiga qo‘ydi. Sadir ikki mingini olib, mingini qaytarib berdi.
– Opajon, ko‘p berdingiz, kartoshkani narxi ikki ming.
– O‘sha-o‘sha arzonchisan, lekin sening ishing Yaratganga ma’qul. Xaridorning pulini rozi qilib olasan. Vijdoning pok. Tinch uxlaysan. Men-chi? Azobdaman, ko‘zlarimdan uyqu qochadi. O‘sha paytlar ko‘z oldimga kelaveradi. O‘z-o‘zimdan jirkanib ketaman. Qanchalar tubanlashganimni eslab, o‘zimni la’natlayman. Na kechasi, na kunduzi halovat bor. Halollik bilan yashaganga yetmas ekan. Odamlardan rahmat eshitib yashashga nima yetsin! Xayr, omon bo‘l, uka!
Uning gapini eshitganlar achinish bilan orqasidan qarab o‘zlari ham o‘yga botishdi…
“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 5-son