Mirzapo‘lat Toshpo‘latov. Bozor (hikoya)

To‘raqul maktabni naridan beri bitirdi-yu, o‘zini bozorga urdi, bir amallab qassobga shogird tushdi, ko‘p o‘tmay ustozidanam o‘tib ketdi, mustaqil qassob bo‘lib oldi. Bozordagi go‘sht sotuvchilar qatoridagi rastadan ustozining joyiga ega chiqdi. Labi-labiga tegmay: “Keling, aka, go‘shtdan oling, go‘shtni zo‘ri, dodasi bizda, kelavering”, deya narxini so‘ragan odamni qo‘yib yubormay, salomlasha turib qo‘liga go‘shtni tutqazadi. “Qanaqasidan kerak? Oshgami, kabobgami, xohlaganingizdan qilib beraman, o‘zimning mijozimsiz, achinmaysiz”, deya yonidagi Boltaboy qassob ham qolishmaydi.
– Aka, buni ko‘ring, go‘sht desa-degulik, ertalab o‘zim so‘yib olib kelyapman.
Xaridor To‘raqul qassobning yoniga boradi.
– Bir kilo qovurg‘a, bir kilo lahm go‘sht.
Boltaboy xaridorga qarab baqirdi.
– Aka, taroziga qo‘yib turibman-ku, qovurg‘ali joyini ham, lahmni ham ko‘nglingizdagidek qilib berdim, qarang, go‘shtmisan-go‘sht.
To‘raqul Boltaboyga g‘azab bilan qaradi.
– Burningni tiqaverma, ho‘-o‘v Bolta, bu kishi azaldan “kliyentim”, faqat mendan oladilar. Keling, yaxshimisiz, kelinoyim, ukalarim yaxshimi, yashang amaki, kayeridan beray?
Xaridor ko‘rsatgan go‘sht orasiga katta suyak qo‘yib tortib, tsellofan xaltaga solarkan: “Kelib turing, pulni begona qilmang-a”, dedi.
Xaridor xursand bo‘lib ketdi. Boltaboy tirjayib To‘raqulga qaradi.
– Xumpar, boplading-ku. Ustozingdan ham o‘tding.
– Ja-a, unchalikmas. Senga o‘xshab xaridor talashmayman. Buni savdo deydilar.
Ikkalasi ham xaridor chaqira ketishdi.
Gumbaz ichra yana baqir-chaqir, xaridor talashishlar, tortishuvlar quloqni qomatga keltiradigan darajada shovqin.
Bu gumbaz ostida xiyonat, qalloblik, ucharlik, muttahamlik, yuzsizlik, vijdonsizlik… Hammasidan bor. Hammasi avjida. Hammasi gumbaz ichidagi hayotning mazmuni.
To‘raqulning oldiga keksa bir nuroniy ayol kelib qo‘lidagi sumkani rastaga qo‘ydi.
– Bolam, insofing bormi? Uch kilo go‘shtdan yarim kilo urasanmi, – u sumkani ochdi, – buning ustiga mana bu suyakka qara, buni it ham yemaydi-ku, xudodan qo‘rqmaysanmi, vijdonsiz!
To‘raqul sumkani olib taroziga qo‘ydi.
– Qarang. Tarozi uch kiloni ko‘rsatadi, To‘raqul qo‘lini paxsa qilib kampirga qaradi.
– Ko‘rdingizmi, bu davlatning tarozisi. Nimaga tuhmat qilasiz? 50 gramm og‘iri bilan, kap-katta ayol bo‘lib tuhmat qilishingizni qarang.
Kampir taroziga tikilib qaradi, yelka qisdi.
– Hozir anavi yerdagi taroziga qo‘yganimda 2,5 kilo chiqdi-ku?!
To‘raqul kampirning bo‘shashganini ko‘rib ovozini balandlatdi: Bu elektron tarozi, xolajon, davlat chiqargan. ayol xijolat tortib, yelka qisdi.
– Qaysi to‘g‘ri, qaysi noto‘g‘ri, kim bilsin, gunohi ham, savobi ham o‘zlaringniki, – go‘shtni olib sumkaga soldi-da, “Kechiring, bolam”, deb, suyakni qoldirib ketdi.
Boltaboy tirjayib To‘raqulga qaradi.
– Kampirni tuzlading, kelganiga pushaymon qildirding, qassob emas, qallobsan.
– O‘zing-chi? Uchchiga chiqqani o‘zing-ku, nafsingga o‘t tushgur. Kecha besh kilo deb to‘rt kiloni berib yubording-ku..
Kuladi.
– Vijdoni bor odam bozorda o‘tiradimi?
Kulishadi. Ularning qahqahasini ham bozor shovqini yutib yuboradi. Gumbaz ichra yana qassob­lar va qalloblar, vijdonli-vij­donsizlarning xaridor chaqiruvchi ovozlari tinmaydi.
– Go‘sht emas, shokolad olyapsiz…
– Go‘shtmisan-go‘sht, og‘zingizda erib ketadi…
– Toza molning go‘shti! Tozasi!..
Qaysi bir joyda xaridor bilan qassob o‘rtasidagi tortishuv, qaysi bir joyda baqir-chaqir. Ularning qarshisidagi rastada qassob bilan xaridor o‘rtasida jang boshlanadi. Xaridorning g‘azabidan lablari titraydi, qo‘llari qaltiraydi.
– Hoy noinsof, vijdonsiz, uyalmaysanmi hidlangan go‘shtni sotishga?
– Bekor aytibsiz, bizda eski go‘sht bo‘lmaydi. Har kuni yangi go‘sht olib kelamiz. Tuhmat qilmang. Mana ko‘ring, – deb, go‘shtni ko‘rsatadi.
– Qasam ichasanmi “go‘sht meniki emas” deb?
– Qasam ichaman, xudo haqqi meniki emas bu eski go‘sht. Buni men sotmaganman.
Qassobning qo‘lida pichoq.
– Mana, xudo ursin bu go‘sht meniki emas, – deb qo‘lini paxsa qiladi.
Xaridor unga achinish va hayrat bilan qaradi.
– Xudodan ham qo‘rqmasdan qasam ichding-a, arzimagan pulni deb, hali ham kech emas, tavba de.
– Boring, yo‘lingizdan qolmang, go‘shtni olgan yeringizga boring, savdoga xalaqit bermang?!
Xaridor “go‘shting boshshingdan qolsin”, deb, go‘shtni rasta ustiga otib, jahl bilan burilib ketdi.
Qassob tsellofan xaltani ochib, go‘shtga qo‘shib sotgan suyaklarni ajratdi, go‘shtni olib hidladi, so‘ngra suyaklarni hidladi. Bo‘yin suyakni qo‘liga oldi va sherigiga ko‘rsatib kuldi.
– Xumpar, sodda odam ekan, mana shu suyakni olib tashlasa, bo‘ldi edi. Eh sodda odamlar-a, “nichevo” ellik ming foydaga qoldi.
Yana “kepqoling, opqoling, bizda bor dodasi” degan baqir-chaqirlar.
Ulardan sal narida Bahrom qassob go‘shtlarni sotib bo‘lib, rastani artib tozalab, uyiga ketishga shaylandi.
– Bahrom aka, jaa “kliyentingiz” ko‘pda, bizga ham bering imkon, – dedi To‘raqul.
– Xaridorning xaqqiga xiyonat qilmay, xalol ishlasalaring, tarozidan urmasdan, aldamasalaring, xaridor o‘zi kelaveradi. Tosh-tarozining javobi bor. To‘raqul basharasini tirishtirib, Boltaboyga qarab gapirdi.
– Yana boshlandi lektsiya. O‘zi Bahrom aka shuncha yil ishlab bitta mashina minolmaydi, yana gapini qara, o‘rgildim sizdaqa vijdonlidan!
Bahrom ularning gapini eshitsa ham eshitmaganga olib, bozordan chiqib ketdi.
Bozorda kutilmagan voqealar ko‘p bo‘ladi, xaridorning pulini olish uchun kimdir do‘sti bilan tortishadi, kimdir xaridorning dilini og‘ritadi, ba’zida xaridor sotuvchining dilini og‘ritadi.
Xullas, bu bozor. Bozorda xiyonat ham, janjal ham bo‘ladi. Insof, vijdon, o‘g‘riyu qallob ham bor. So‘kishda, urush chiqarishda erkaklardan qolishmaydigan ayollar xam bor. Hech eshitganmisiz ayollarning so‘kishganini. Eshitmagan bo‘lsangiz bozorga boring. Yangi-yangisidan eshitasiz. Erkaklar yo‘lda qolib ketishadi. Ana so‘kinishu mana so‘kinish. E-e, ularning so‘kinishidan erkaklar ham uyalib ketishadi.
Tush payti edi. To‘raqulning to‘g‘risidagi rastada shovqin-suron, baqir-chaqir boshlanadi. Bunday baqir-chaqir, yoqavayron janjallar odatga aylangan. Odamlar ne ko‘z bilan ko‘rsinki, boyagina Ollohning nomi bilan qasam ichgan qassobning chap ko‘ziga uchli suyak qadalib turardi. U bolta bilan maydalayotganda kichik bir bo‘lagi uchib borib ko‘ziga kadalib qolgandi. Qassob og‘riqqa dosh berolmay dod solardi. Atrofiga odamlar yig‘ildi, hech kim suyakni tortib olishga jur’at etolmasdi. Birov “ehtiyotsizlik qilibdi” desa, yana birov “qasam urgan, ertalab qasam ichgan ekan, xiyonat yomon, xiyonat o‘z kuchini ko‘rsatdi” dedi. Qon bilan ishlagan qassobning butun badani qonga belandi va hushsiz yiqildi. Gumbaz ostidagi bozor birozgina to‘xtadi, sotuvchi ham, xaridor xam tomoshabinga aylandi. Shifokorlar qassobni olib ketishdi.
Gumbaz ostida bozor go‘yo hech narsa bo‘lmagandek yana jonlandi. Bu voqea To‘raqulga judda qattiq ta’sir qildi. Ko‘z o‘ngida kasaldan boshi chiqmayotgan qizalog‘i gavdalandi. Qizining ko‘zlarida ma’yuslik go‘yo “Bariga siz sabab­chisiz” deb ta’na qilayotgandek edi.
– Go‘sht necha pul?
– …
– Go‘sht necha pul, sizdan so‘rayapman?
To‘raqul uyqudan uyg‘ongan odamdek alahsirab:
– A, nima? – dedi.
Xaridor unga xo‘mrayib qaradi.
– Es-hushing joyidami o‘zi?
– Yaxshi, yaxshi, xizmat?
– Narxi qancha deyapman?
– Ha, go‘shtmi? Yigirma besh ming.
– Yigirma uch mingga berasizmi sho‘rvalik qilib?
To‘raqul bir kiloga mo‘ljallab taroziga go‘sht qo‘ydi. Xaridor olgan molidan xursand bo‘lib rahmat aytgancha ketdi. To‘raqul etsiz suyaklarning hammasini yig‘ishtirib, chiqindi idishiga tashlab keldi.
Bolta qassob hayron bo‘lib To‘raqulga qaradi.
– Bu, deyman, tashlab yubor­yapsan?
– Ko‘rmadingmi ro‘paradagi qassobga nima bo‘ldi, qarg‘ishga uchradi. Balki uydagi kasal qizim xaridorlar haqqiga xiyonat qilayotganim uchun tuzalmayotgandir? Balki bu ko‘zimizni ochishimiz uchun yaratganning irodasidir?
Bolta qassob biroz o‘ylanib qoldi-da, rasta tagidagi itemas suyaklarni tsellofan xaltaga solib, chiqindi idishiga tashlab keldi.
– Xuddi yelkamdan tog‘ ag‘darilganday yengil tortdim, – dedi Bolta.
– Asti qo‘yavering, shunday yengil nafas olyapman… Halollik… baribir…
To‘raqul meva-cheva to‘la bozor xalta bilan uyiga kirib keldi. Baqir-chaqir ham qilmadi. Betob yotgan qizalog‘ining yoniga bordi. Qizi otasini ko‘rib o‘rnidan turdi. Chiroyi ochiq, yengil nafas olardi. “Endi bolalarimga faqat halolidan yediraman” xayolidan o‘tkazdi u.
U haq edi. Birovning haqqi yomon.

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 5-son