Mirkarim Osim. Cingan setor (qissa)

1. O‘TMISh BILAN UChRAShUV

— Namangan shahridin ketganimga o‘n sakkiz yil bo‘libdur-a. Tavba, vaqt ham tog‘din ayqirib tushayotgan soydek tez oqib o‘tar ekan. Yaqinginada shu ko‘chalarni changitib yurar edik-ku — dedi Mashrab jome yonidagi tor ko‘chada eshagidan tushib.— Mana, uyimga ham yetib keldim. Nazarimda jum’a masjid ham, mahallamizdagi uylar ham kichrayib qolg‘ondek.
— Bolalikda har narsa ko‘zga katta ko‘rinadur. Esingizdami, yoshligimizda yog‘och ot minib, mozor aylanib kelar edik. Keyin shu machit ichidin oqib o‘tgan suvda «otlari» mizni sug‘orib, alarni qantarar edik-da, o‘zimizni havzaga tashlar edik, — deb javob qildi, yuz-ko‘zini ajin bosgan Shodavlat iljayib.— Ba’zi vaqtlarda nega otimg‘a yem bermading, deb meni koyirdingiz.
— Xo‘b vaqtlar edi-da! Bolaligimiz shu ko‘chalarda qolib ketdi.
Yuzini oq doka ro‘mol bilan berkitgan bir ayol o‘tib ketayotib ularning gaplariga quloq solib turdi-da, keyin tezgina jo‘nab qoldi.
— Sen Qitmirni o‘zing bilan olib ket. Buvim itni yomon ko‘radilar,— dedi Mashrab o‘ymakor qilib ishlangan pastgina ko‘hna darvoza oldida to‘xtab.
— Xavotir olmang, uni och qo‘ymayman, parvarishlayman. Bir burda non topsam, yarmi uniki,— dsdi Shodavlat, tumshug‘ini ko‘tarib unga tikilayotgan qora itni silab.
Torgina tashqari hovlini supurayotgan novchagina ayol ko‘chada gaplashib turgan ikki kishining so‘zlariga quloq solib turdi-da, yuzi yorishib ketdi, bir ozdan so‘ng, darvozani lang ochib, eshagini yetaklaganicha kirib kelayotgan Boborahimning oldiga yugurib keldi, uning yelkasini qoqib ko‘rishdi-da:
— Voy, aka, eson-omon… keldingizmi? — dedi hovliqib.— Tan-joningiz sog‘mi? Sizni ham ko‘rar kun bor ekan, kutaverib o‘lib bo‘ldik-ku!— Mashrabning singlisi o‘z og‘asini ko‘pdan buyon ko‘rmagan bo‘lsa ham, boshqalardan ajralab turadigan shakli-shamoyilidanmi, ishqilib uni darhol tanigan edi.
— Mana, ko‘rib turibsan, sog‘-salomatmsn. O‘zlaringiz bardammisizlar? Buvim sog‘-salomatmilar?
— Egamga shukr, hammamiz sog‘-salomatmiz, eson-omonmiz.
— Buni qara-ya! Seni zo‘rga tanibman. Bo‘ying yetib, uy-joyli bo‘libsan, eshitdim.
— Ha, ikki bolam bor, o‘ynab-kulib yurishibdur, ammo buvimlar ko‘rpa-to‘shak qilib olg‘onlar, ko‘zlari xira… Bizni tashlab ketganingizdan so‘ng firoqingizda yurak-bag‘irlari o‘rtanib, toblari qochib qolg‘on. «E jonim o‘g‘lim, voy ko‘rar ko‘zim», deb yotadurlar…
— Andog‘ bo‘lsa, qo‘qqisdin oldilariga bostirib kirmay. Shodlikdin yuraklari yorilib ketmasin tag‘in. Men eshagimni og‘ilxonaga bog‘lab, tashqarida aylanib yuray. Sen ichkari kirib, mendin gap och: «Tush ko‘ribmen, falon-pistovon», deb diydor ko‘rishmakka buvimni tayyorlab tur.
Sochlari ham, ajin bosgan yuzi ham qordek oqarib ketgan kampir devorga tirab qo‘yilgan yostiqqa suyanib, o‘zi bilan o‘zi gaplashib o‘tirar edi. Baland bo‘yli qizi uning oldiga kirib, qiyshayib qolgan yostiqni, boshidagi doka ro‘molini to‘g‘riladi-da, sekin gap boshladi:
— Buvi, men tongotarda qiziq bir tush ko‘ribmen. Og‘am ko‘chadan eshaklarini yetaklab o‘tib ketayotgan ekanlar, borib yelkalaridin quchay desam, oyog‘im yurmaydur, alamimga chiday olmay, yig‘lab yuboribman.
— Yaxshi tush ko‘ribsan, qizim. Xudo xohlasa, Boborahim bilan diydor ko‘rishamiz. Kimki tushida yig‘lasa, o‘ngida shod bo‘lgay. Ko‘rishmaganing yaxshi bo‘libdur.
Ichkari hovliga kirib panada turgan Mashrab onasining ovozini eshitib hayajonga keldi. Yugurib kirib u bilan ko‘rishgisi keldi-yu, o‘zini arang to‘xtatib qoldi. Nafasini rostlagandan keyin mayin ovoz bilan kuylay boshladi:

Saharlar to‘lg‘onib, to‘lg‘onimda topgan bir bolang keldi,
Yuzi oqu qizil guldek, shahidi karbalong keldi.

Anodek mehribon qayda, atodek g‘amgusor qayda,
Alardek ichkuyar qayda, g‘arib o‘lg‘on bolang keldi.

— Voy, o‘g‘limning ovozini… eshitgandek bo‘ldim,— dedi kampir harsillab.— Tashqari chiqib qara… zora kelgani rost bo‘lsa!
Yuzi yorishib ketgan qizi hovliga chiqib, og‘asini yetaklab keldi Boborahim ohiyetalik bilan onasi oldiga tiz cho‘kib, uning qo‘lini yuziga surta boshladi. Kampir uning boshi, yuz-ko‘zini paypaslab entikib turdi-da, birdan yig‘lab yubordi.
— Egamga shukr, o‘chgan chirog‘im qaytadan yondi,— dedi u o‘pkasini bosib.— Chiltonlar nazar qildi, xonadonim qayta boshdin obod bo‘ldi… Balam, bir vaqtlar, oshiqlarning ota-onasi bo‘lmas, deb bizni tashlab kotgan eding, o‘rtanib qolavergandik. Mayli, taqdirda bori shul ekan. Ammo sendin xafa emasmen. O‘zing daydi bo‘lib tug‘ilgan eding.
— Rost, men bir yerda uzoq turolmaymen. Cho‘lu biyobonlar, tog‘u toshlar, notanish ellarda kozib yurishni yaxshi ko‘ramen. Ammo men bo‘lgan shahar va qishloqlarda tig‘i sitamdin yuragi pora bo‘lg‘on xalqni ko‘rdim, o‘zim falokatga yo‘liqdim. Qoshqar borib, ixlos tuzog‘iga ilindim, yoshligim xazon bo‘ldi…
— Sen aytma, men eshitmay. Ul tomondin kelgan devonalar boshingga tushgan ofatdin bizni xabardor qilg‘on edilar,— dedi kampir ko‘z yoshlarini ro‘molining uchi bilan artib. — Jabru jafolar ko‘ribsan, eshitib ko‘nglim vayron bo‘ldi. Balam, senda ayb yo‘q, taqdiri azal shul ekan.
Boborahim suhbatni boshqa yoqqa burish uchun qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larni so‘ray boshladi. Ularning ba’zilari o‘lganini, ko‘plari tirik ekailigini eshitib, mullo Bozor oxunddan gap ochdi.
— Bultur jon bahaq taslim etganlar,— dedi kampir xo‘rsinib. — Taomdin so‘ng borib, qabrlarini ziyorat qilib kelarsan.
Boborahim onasi bilan gaplashib o‘tirganida singlisi o‘choqqa olov yoqib, qozon osdi. Oradan ko‘p o‘tmay, dasturxon yozib, tovoqlarda ustiga bir qoshiqdan qiyma solingan serkashnich taom keltirib qo‘ydi.
— Hay, hay, muncha shirin! — dedi Boborahim oshni xo‘rillatib ichar ekan.— Qo‘ling dard ko‘rmasin, singlim.
— Ha, qo‘li shirii, pazanda, bichish-tikishni ham biladur, xati ham chiroyli,— deb qizini maqtay ketdi kampir jonlanib. — Yozgan g‘azallaringni anga ber, ko‘chirib bergay.
— Yaxshi, she’rlarimni parcha-purot qog‘ozlarga yozib tashlaganmen, kitoblarim ichida,— dedi Mashrab. — Qog‘ozga tushmagan g‘azallarim ham bor, alar yodimda, aytib turib yozdirarmen.
— Xo‘p, jonim bilan,— dedi singlisi xursand bo‘lib.— Ko‘rgan-kechirganlaringizni ham aytib berursiz. Siz to‘g‘ringizda bir doston yozmoqni niyat qilib qo‘yg‘onman.
Kechga yaqin Mashrab ko‘chaga chiqib, Namangan soyi bo‘yidagi xonaqo tomon yo‘l oldi. Yo‘lda eski tanish-bilishlari bilan uchrashib, ular bilan hol-ahvol so‘rashib, soy bo‘yiga yetib borganini ham sezmay qoldi. Xonaqoning katta darvozasi lang ochiq, u ostona tepasidan tortib qo‘yilgan yo‘gon zanjir ustidan hatlab o‘tib, ichkariga kirdi-yu, o‘ng tomonda qad ko‘targan baland sag‘anani ko‘rdi. Shu on birinchi ustodi, quyuq qoshlari qop-qora bo‘lsa ham paxmoq soqoli qordek oqarib ketgan mullo Bozor oxund ko‘z oldida gavdalandi.
Boborahim yetti yoshga qadam qo‘yganda onasi uni shu xonaqo ichidagi maktabga boshlab kelgani, bolalarni o‘qitib o‘tirgan mullo Bozor oldiga bir choponlik bo‘z bilan yettita non qo‘yib: «O‘g‘limni sizga topshirdim, o‘qiting, eti sizniki, suyagi meniki» degani esiga tushdi.

Qissaning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling