Qishloq men uchun hikoyasi yarim qolgan odamlar yashaydigan makon edi. Har kuni o‘nlab, yuzlab odam o‘z hikoyasining davomini qidirib gavjum shaharlarga ketib boradi, deb o‘ylar va o‘ylarimning to‘g‘riligiga ishonardim. Men uchun qishloq loysuvoq tomli uylardan boshqa narsa emas edi. Darvozasining ustiga bolaxona qurilgan uylar osmono‘par bino bo‘lib ko‘rinardi ko‘zimga. Yo‘l desang, yo‘l emas g‘irt dushman. To‘rt fasl mobaynida yo‘l bilan olishib chiqasan. Bahor va kuzda loygarchilikdan bezib ketasan. Yozda tuproqlar qizib oyoqlaringni po‘rsildoq qilib tashlaydi. Issiqda ariq chetidagi ajriqlar ustida yurishga majbursan. Qishda sirpanchiq, toyg‘oq. Ayniqsa, qishloqning qishi azobning o‘zginasi. Kallakalangan tutlar so‘ppayib shundoq ham xunuk manzarani battar ko‘rimsizlashtirib yuboradi. Bir kitob o‘qigandim, unda qishloq bilan chinorning butunlashib ketgani hikoya qilingan. Qishloqdagi butun hayot, barcha suhbatlar, o‘y-xayollar shu chinor bilan bog‘liq holda kechishi yozilgandi. Bizning qishloqning bori yo‘g‘i esa tutlar edi…
Tutlar qishloq odamlariga o‘xshaydi. Joni qirqta. Bahorda ipak qurti uchun oldin bargini terib olishadi, keyin navdasini kesishadi. Sal o‘tib bechora tutlar yana navda chiqaradi, barg yozadi, meva beradi. Odamlar tagiga etaklarni yozib mevasini qoqib oladi. Kimdir tutdan shinni qiladi, kimdir tomga yoyib quritadi. “Qishda nonga qo‘shib yesang maza qilasan, sovuq ham o‘tmaydi”, deb ta’kidlashdan charchamaydi kattalar. Tutmayizlar bo‘z xaltalarga solinib balandda, bolalar qo‘li yetmaydigan joyda saqlanadi. Yetsa ham bolalar olib yeb tugatmaydi-ya, har ehtimol ehtiyot shart. Ayniqsa, xaltani ayollar tugsa ko‘ravering, go‘yo tugunagiga barmoq izini taniydigan qurilma joylab qo‘yishgandek, o‘zidan boshqasi yecholmaydi. Qishda sandalga oyoqlarini tiqib, tutmayiz yeb o‘tirib, dunyoning g‘iybatini qiladi ayollar. Tutmayiz va g‘iybat suhbatning mag‘zi bo‘ladi. Ularsiz gap-gapga qovushmaydi. Shinni pishirishni uddalolmagan qishloq kelinlaridan so‘z ochiladi, dastlab. Keyin tutni amallab mayiz qilolmay uvol qilgan kelinlarga o‘tiladi. Bu g‘iybatlarda “men shinnini ham boplayman, mayizakni ham, ro‘zg‘orni ham” degan qishloqcha g‘urur “kamtargina” bo‘lib bo‘y ko‘rsatib turadi. Bolalar eng zo‘r mayizning o‘zlariniki ekanligiga ishonib, shunday onalari borligidan quvonib o‘tirishadi. Erlar xotinining epli ekaniga, tutni uvol qilmaganiga shukr aytib qo‘yishadi.
Tutlar qishloq odamlariga o‘xshaydi. Mehnatdan qo‘llari qotib ketgan, yuzi oftobda kuyib yaltirab ketgan. Bularning poycho‘kirligi-chi? Necha marta kallaklashsa ham qulingman deb turaveradi.
Tutlar qishloq odamlariga o‘xshaydi. Faqir va mag‘rur. O‘zgalar koriga yaraganidan xursand, baxtiyor. Hayotining mazmunini shunda deb biladi, qishloq tutlari. Jaziramada soyasi bilan joningga oro kiradi. Qishda olov bo‘lib, cho‘g‘ bo‘lib isitadi. Bargi ipak qurtingni, mol-qo‘yingni boqadi. Mevasi qorningni to‘yg‘azadi. Keksalar bahorda tut pishig‘iga yetib olganiga shukronalar aytishadi. Ularning shukri bemorlarnikidan farq qiladi. Kasallar tut pishig‘iga yetganda “endi sog‘ayib ketaman, o‘lmayman” deb o‘ylashadi. Keksalar esa tuproq ko‘pchiganidan xomushgina sevinishadi. Navda butalganda bolalar cho‘zma otar uchun ayri qidirishadi. Eng yaxshi ayrilar tut navdasida bo‘ladi. Tolniki nimjon, tor va egiluvchan bo‘ladi. Tut ayrisining orasi keng, qattiq bo‘ladi. Tosh otganda tolnikiga o‘xshab ortga qaytarmaydi. Tut butoq mahali hamma bolalarning qo‘lida cho‘zma otar, hamma o‘zining lapshasi bilan maqtanadi. E’tibor ham lapshangga yarasha bo‘ladi. Sariq, keng va qalin lapshali cho‘zma otarlarga xavas bilan qaraladi. Qora, ingichka lapsha arzon, chidamsiz bo‘ladi. Sal qattiqroq tortsang uzilib ketadi. Attorlar bitta limonat shishasiga bir juftini beraveradi. Sariq lapsha qimmat turadi. Lapshasi yo‘qlar ishton cho‘zmasidan kesib bog‘lashardi. Lekin bunday cho‘zmalar ikki-uch marta tosh otishga zo‘rg‘a yaraydi. Cho‘zma otarda chumchuq urgani haqida hamma bolalar og‘iz ko‘pirtirib maqtanishardi ammo hech kim bir-birovining ovini ko‘rgan emasdi. Qizlar oq, qizil, pushti tutlarni shishaga solib ingichka novda bilan ko‘pirtirib ezishadi. Kimniki shirin va qipqizil chiqqani bilan maqtanishadi. O‘g‘il bolalarning ko‘zini kuydirib maza qilib ichib o‘tirishadi. Xullas, qishloq odamlarining hayoti ham xotirasi ham tutlar bilan bog‘liq…
Bahorda ariqdagi suvlar sariq loyqa bo‘lib oqadi. Qirg‘oqlaridan toshib yo‘llarni sarg‘aytirib yuboradi. “Tog‘dan katta suv tushib, kanallarga sig‘maganidan bu yoqqa burib yuborganmish” deb ma’lumotfurushlik qilishadi erkaklar. Katta ariqda mollarning o‘ligi hatto odam jasadi ham oqib kelganini aytishadi. Bunday mahalda cho‘milib bo‘lmasligi, kasallik yuqtirib olishi mumkinligidan ogohlantiriladi. Atrofidagi ezilaverib qalinlashib ketgan ajriqlar ko‘zga xunuk ko‘rinadi. Ilonizi yo‘l va pastak tartibsiz uylardan iborat qishloq kulrang bo‘yoqda chizila boshlangan ammo tugallanmay qolgan surat tasavvurini beradi…
Shahar-chi, shahar butunlay boshqacha. Manavi tutlarni qarang. Juda bejirim qilib shakl berilgan. Keraksiz navdalari butab tashlangan. Ustdagi shoxlari bir-biriga yoysimon qilib bog‘langan. Yaproqlari orasidan rango-rang mevalari ko‘rinib qoladi. Ko‘rinishidan qora balxi tut bo‘lsa kerak ammo hali yaxshi yetilmagan. Osmono‘par binolariga boqib boshing aylanadi. Tartibli uylari, toshyo‘lakli ko‘chalari, parklari, yam-yashil maydonchalarini ko‘rib xavasing keladi. “Ana hayotu mana hayot” degandim hayratga tushib. “Biz ham qishloqda mol boqib o‘tkazibmiz-da umrni” deya nadomat qilgandim. Tunggi chiroqlarning shu’lasidan aqlim shoshgandi. “Kechalari ko‘kdagi yulduzlar dam olgani shaharga tusharkan-da” deb ajablangandim. Odamlari-chi?! Tonggacha ko‘chada tentirashadi. Ular nim qorong‘i ko‘chalarda ortidan uzun-uzun soyalar qoldirib nimalarni qidirisharkan deb xayronu lol bo‘lgandim.
Shaharga birinchi marta o‘qishga hujjat topshirgani kelgandim. Yo‘lda “shaharda-yam tut bormikan, ishqilib” deb o‘ylagandim. “Tut nima qiladi shaharda, rosa qishloqisan-da” deb kulgandim o‘zimga-o‘zim. “Tut bo‘lmagandan keyin kallaklanmaydi-yam, kallaklangan daraxtlar juda xunuk ko‘rinadi” deb xayoldan o‘tkazgandim. Tut bo‘lmasa qurtga nima berishadi? Bolalar cho‘zma otar uchun ayrini qayerdan olishadi? Kelinlar shinnini nimadan qilishadi? Kasallarga tutni qayoqdan topib berishadi?.. Xullas, adoqsiz savollar bilan shaharga yo‘l olgandim. Bugungi bolalar uchun bunday savollar kulgili. Biz juda sodda bo‘lgan ekanmiz…
Qidirib-qidirib ijaraga bir uy topdim. To‘rt qavatli uyning to‘rtinchi qavati. Odatda, ijaraga beriladigan uylar yo birinchi qavat yo eng ustki qavat bo‘ladi. Yozda shiftdan quyosh urib beradi, uyning ichi alamazak bo‘ladi. Qishda sovuqdan xonani isitib bo‘lmaydi. Lekin baribir to‘rtinchi qavatdan shaharga qarash maza, ayniqsa erta tongda. Katta ko‘chaning ikki yoniga ekilgan archalarning hidi dimoqqa uriladi. Unda-bunda olmaxonlar uchrab qoladi. Ularning shoxdan-shoxga uchib o‘tishini kuzatish maroqli. Shahar ahli uyg‘onguncha yong‘og‘ini terib bo‘lishadi. Ko‘chada odamlar qatnay boshlagach, ular ham inlariga kirib ko‘rinmay ketishadi. Har tong qarshi tomondagi ko‘p qavatli uydan bir keksa odam chiqib keladi. Shapkasini bostirib kiygan, oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan bu qariya menga qishlog‘imizdagi tabib Hakim otani eslatadi. Hamma uni ota derdi. Qishloqdagilar nima dardi bo‘lsa, Hakim otaga yugurishadi. Otaning uyiga kiraverishda tarvaqaylab ketgan keksa oq tut daraxti bo‘lardi. Odamlar kamida ikki yuz yillik daraxt deyishadi. Uni otaning eng katta bobosi ekkan ekan, deyishadi. Otaning bobolari ham mashhur tabib o‘tgani, podshohlarni davolagani haqidagi rivoyatlar tildan tushmaydi. Ba’zilar Chingizxon askarlari qishloqdan o‘tib ketayotib hamma yoqni yoqib ketgani va bitta shu daraxtning yonmagani haqidagi rivoyatni aytishni yaxshi ko‘radilar. Bu rivoyatning chin yoki yolg‘onligini birov bilmaydi. Ammo hamma buning to‘g‘riligiga ishongisi keladi. Qishloqqa kelgan mehmonga o‘sha tut bilan bog‘liq rivoyatni aytib berib hayratda qoldirgisi keladi. Agar mehmon bu rivoyatga ishonmasa, boshqa rivoyatlarni qatorlashtirib tashlaydi. Balxi tut ichida bir pari bo‘larmish. Har oy to‘lgan kechada chiqib otaga kelasi bir oyda keladigan kasallarning ismi bilan shifosini aytib ketarmish. Bemorlar otani uyiga shifo izlab kelganida uning nomi yozilgan tayyor dorilarni olib chiqib berar ekan. Kasallar o‘sha dorilarni ichib tuzalib ketarkan…
Talabalik yillarimda xalq tabobati bilan bog‘liq kurs ishi yozish maqsadida qishloqqa bordim. Ota bilan suhbatlashib davolash usulini o‘rganishga bel bog‘ladim. Nima bo‘lganda-yam otaning tibbiy ilmi yo‘q. Odamlarni psixologik jihatdan aldab davolaydi, deb ishonardim. Beradigan dorilarining shunchaki kam dozadagi og‘riq qoldiruvchilardan ekanini tahmin qilardim. Uyiga borganimda xovlidagi supada bir nimalarni xovonchada ezib o‘tirgan ekan. Ko‘rinishidan ancha yoshga borgan edi. Munkayib kichkinagina bo‘lib qolibdi. Soqollari ham avvalgidek ko‘rkam emas. Bir tutam qolgan. Ko‘zlari kirtayib cho‘kib qolibdi. Kiyib olgan choponi ming yamoq bo‘lib ketgan. Eshigidan odam arimasa, el topgan-tutganini berib ketsa, shuncha pulni nima qilarkan, deb o‘yladim. Yaxshi yeb-ichib, yaxshi kiyinib o‘tirsa bo‘lmasmikan…
Ota kulimsirab meni kuzatgandan keyin: “Xush kelibsan, o‘g‘lim. Kiyim-kechak yoshlarga yarashadi. Aybga buyurma, menga shu eski choponda ishlash yoqadi, otamdan qolgan-da” deb qo‘ydi. Men ham xijolat bo‘lib manzirat qildim. Kiyimiga e’tibor bilan qaraganimga shunday deyapti, deb o‘yladim. Endi savol bermoqchi bo‘lgandim “do‘xtir bolam, sen shu so‘rida o‘tirib tur, kasallarni kuttirmaylik, keyin savollaringga javob beraman” deb qoldi. Chetga o‘tib kuzatib o‘tirdim. Bemorlarning tomirini yo‘qlab nimalardir deyapti, allaqanday dorilarni beryapti.
Odamlarimiz juda omi-da, qanaqa kasali bo‘lsa ham shu yerga kelishadi. Hozirgi kunda tibbiyot nihoyatda rivojlangan bo‘lsa, hali-yam eski zamonlarda qolib ketgan usullardan madad kutishadi. Bu chol nima bilardi? Qanaqangi kasallik bilan kelsa ham qo‘rqmay dori tayyorlab beraveryapti. Aslida bu jinoyat, odamlarni aldashdan boshqa narsa emas. Saratonga yo‘liqqani ham shu cholni yoniga kelaverishganiga nima deyish mumkin? Men buni jiddiy masala sifatida ko‘tarib chiqaman. Gazetaga, televideniyega olib chiqaman. Xalqni ko‘zini ochish kerak, axir…
Oliy o‘quv yurtida taniqli professorlardan tinglagan ma’ruzalarim asosida bu tabibni mot qilish payida edim. Qattiq gapirmayman, faqatgina tashxis qo‘yishda va dori-darmon tayyorlashda qanday metod hamda texnologiyalarga asoslanishini so‘rayman, deb xayoldan o‘tkazdim. Uni mot qilish uchun shuning o‘zi kifoya. “Do‘xtir bolam” degani bejiz emas. U mening ko‘rinishimdan maqsadimni angladi. Endi shunga yarasha o‘zimni tutishim kerak. Bilimim bilan unga ta’sir o‘tkazishim kerak…
Ota ishlarini tugatib, bemorlarni kuzatib bo‘lgach, ichkaridan bir kosada oppoq tutni ko‘tarib so‘riga keldi. Dasturxonga tutni qo‘yib “ol, bolam, yeb o‘tir, bugun saharda tergandim” dedi. Bir dona tutni cho‘pidan tutib og‘zimga soldim. Chaynashga ehtiyoj yo‘q. Og‘zingda boldek erib ketadi. Mazasi tomoqdan o‘tguncha bolalik onlarim ko‘z o‘ngimdan o‘tdi.
Bir marta qattiq kasal bo‘lganimda otam uch kun tong saharda shu tut ostiga olib kelib yumalatgandi. Shundan keyin sira kasal bo‘lmagan ekanman. Bolaligimdan beri tutni chaynab yeyishni yoqtirmayman. Tilimga qo‘yib tanglayim bilan ezganimda shirasi butun og‘zimga yoyiladi. Buni huzuri boshqacha bo‘ladi. Yana, tut ostidagi kichik do‘nglikdan pastga yumalatganida xuddi tog‘dan yumalab tushayotgandek bo‘lganim ham yodimda. Faqat bu emas, yerga to‘kilgan tutlarni ezib, shirasini tirqiratib yumalab borar ekanman, ustimga to‘kilayotgan tutlarning xarsang toshlardek ekanini ham aniq-tiniq ko‘rgandek bo‘laveraman…
– Ota, tilni yoradigan bo‘pti bu tut, biz bolaligimizda ham xuddi shunday shirinmidi? – dedim.
– Avliyo tut bolam, avliyo tut degin. Ota-bobolarimni ko‘rgan, avliyo tut bu, bolam. Shohni shoh, gadoni gado demay dardiga malham bo‘lgan avliyo tut bu. Urushda butun qishloqni ochlikdan asrab qolgan ham shu avliyo tut bo‘ladi…
Ayb ish qilib qo‘ygandek, sergak tortib “avliyo tut” dedim otaga eshittirib. Hakim ota tabassum bilan soqollarini silab qo‘ydi.
– Ota, siz kasallikni qanday aniqlaysiz? Men shu sohada o‘qiyapman. Mana-man degan professorlardan ta’lim olyapman. Lekin sizning kasallikni aniqlash usulingiz meni hayratga solyapti. Davolashingizga-ku…
– Bolam, sen To‘xtavoyni o‘g‘lisan-a… Bilaman, “yaxshi o‘qiydi” deb maqtashadi seni. Yaxshi o‘qi, odamlarga nafing tegadi. Mening yo‘limni taftish qilmay qo‘yaqol. Mening dardim kasallikni aniqlash, uni yengish uchun kurashish emas. Men do‘xtir emasman, bolam.
– Unda qanday qilib odamlarni davolayapsiz? Buni, buni qanday…
– O‘zingni qiynama, bolam. Xayolingdan o‘tkazganlaringni bilaman. Hammasiga javob berishim mumkin. Ammo bilib qo‘y, men odamlarga kayfiyat ulashaman. Shifoni qayerdan izlash kerakligini aytaman. Tashqaridan emas, o‘z ichidan kuch topishni o‘rgataman. Berganlarim shu tut po‘stlog‘idan, yaprog‘idan yo tomiridan qilingan damlamalar, xolos. Kasaliga qarab shinni yo mayizidan aralashma qilib beraman. Hammasi shu avliyo tutdan.
– Sizga ishonib kasalligini o‘tkazib yuborishadi, keyin chorasiz qolganida kasalxonaga yugurishadi…
– Men otalarimdan nimani ko‘rgan bo‘lsam shuni qilaman. Mendan keyin bu amalni davom ettiradigan merosxo‘rim yo‘q. Do‘xtirlaring hamma narsani murakkab qilib tashlashadi. Kasallikni dushman deb o‘ylashadi. Uni o‘zlaridan boshqa yenga olmaydi, davolay olmaydi deb bilishadi. Ular kasalingni aniqlashadi, ular dori berishadi, ular tuzatishadi. Kasal bechora hech nima qilmay do‘xtirning tajribasini kutib o‘tiraveradi. Aslida kasallikning shifosi bemorning o‘zida. U ishonsa har qanday dardni yenga oladi…
Men bir necha kun qatnab otaga yordamlashdim. Haqiqatan ham har dardga dorini shu tutdan olarkan. Yangi tug‘ilgan bolani olib kelishdi. Kechasi bilan uxlamas ekan. Hakim ota unga tut yog‘ochidan qilingan beshikka belashni tavsiya qildi. “Beshikning gavronidan sumagigacha tutdan qilinglar” dedi. Yiqilib xotirasini yo‘qotgan bemorga tut yog‘ochidan qilingan do‘mbirani berib “chalishni o‘rgatinglar, shifosi shunda” dedi. Suti kam ayolga tut bargidan damlama berdi. Og‘zi chaqa bo‘lgan bolaga shotut bargi damlamasini berib og‘iz chayishni tayinladi. Tishi og‘riganga ham shundan berdi. Ichburug‘ga ham qaynatma, bavosilga tut yaprog‘idan malham. Sochi erta oqarishidan shikoyat qilib kelgan bemorga tut, tok va qora anjir barglarini qo‘shib tayyorlagan damlamasini berdi. Terisi kuyib yiringlagan bemorga tut po‘stlog‘idan malham qilib berdi. Darmonsizga quvvat deya tutmayiz ezmasidan berdi. Ko‘zi og‘rib kelganini ham, buqoqdan muztarib bo‘lganini ham, shamollagani-yu qon bosimidan shikoyat qilib kelganini ham ko‘rdim.
Xullas, Hakim ota har dardga davoni shu tutdan olar ekan. Kurs ishimni tamomlab domlamga ko‘rsatdim. Domla o‘qib ko‘rib “qiziq, xuddi o‘rta asrlarga tushib qolgandek bo‘ldim. Maktab yo‘qmi, qishlog‘ingizda” dedi istehzo bilan. Shundan keyin men ham avliyo tut haqda hech kimga og‘iz ochmadim.
Shaharda muqim yashay boshlaganimga o‘n yildan oshdi. Tibbiyot universitetidan keyin shu yerda qolib ketdim. Uylandim, ikki farzandim bor. Shahar poliklinikasida o‘zimga yarasha o‘rnim bor. Kecha anxor bo‘yida balxi tut ko‘rdim. Bu ko‘chadan ko‘p o‘tganman lekin negadir e’tibor qilmagan ekanman. Quyosh nurida mevalari billurday tovlanadi. Baland shoxlaridagi boshmaldoqday tutlar ko‘zni kuydiradi. Pastki shoxlarida g‘o‘ralari qolibdi xolos. Yerga to‘kilganlari ezilib qorayib ketibdi. Asfalt ham shiradan qorayib yaltirab ketgan. Qo‘limni cho‘zib bir shoxni egdim. Duv etib ustdagi shoxlardan tut to‘kildi. Boshimga, yelkamga, ko‘ksimga tegib, ustimni shira qilib yerga to‘kildi. Ko‘zimni qisib tepaga qaradim. Qochmoqchi bo‘lgandim yerdagi tutlarni ezdim. Shirasi tirqirab atrofga sachradi. Oyog‘imni noto‘g‘ri yerga bosdim shekilli, yiqilib pastga yumalab ketdim. Tut ostidagi do‘nglikdan pastlikka bir-ikki odim yumaladim. Xuddi tog‘dan yumalab tushayotgandek bo‘ldim. Faqat bu emas, yerga to‘kilgan tutlarni ezib, shirasini tirqiratib borar ekanman, ustimga xarsang toshlar to‘kilayotganini his qildim… O‘zimga kelib o‘rnimdan turdim. Ust-boshimni qoqdim. Uyga qaytish o‘rniga uzoq muddat tut ostida o‘tirib qoldim. Shu tobda shahardan zerikkanimni, qishloqni qanchalar sog‘inganimni angladim.
Bu payt Hakim otaning asrlarni qaritgan tutidan boshqa hamma tutlar kallaklab bo‘lingandir. Navdalaridan bolalar allaqachon ayrilar qilib cho‘zma otarlar yasab olishgandir. Qizlar ham shishalarida tut o‘rniga endigina bo‘zargan olchalarni ezib suvini chiqarish bilan ovoradir. Kimniki shirin va qipqizil chiqqani bilan maqtanishib, o‘g‘il bolalarning ko‘zini kuydirib, maza qilib ichib o‘tirishgandir…
Hakim ota o‘tib ketgan, ajab, uning tutiga kim qarayotgan ekan? Merosxo‘rim yo‘q degandi. Ishqilib qurib qolmadimikan? Kesib o‘tin qilib tashlashmadimikan? Har holda, qishloqdagilar parili tut, derdi, kesishmagandir. Agar kesib tashlangan bo‘lsa yo qurib qolgan bo‘lsa qishloqning o‘zligi qolmaydi. Hakim otaning tuti qishloq bilan, odamlar va ularning taqdiri bilan birlashib, o‘zlashib ketgan. Usiz qishloq juda g‘arib, juda xunuk bo‘lib qoladi. U bo‘lmasa hikoyasining davomini izlab katta shaharlarga tarqab ketgan odamlar qishlog‘ini unutishadi. Qishlog‘ini unutgan kishilar shaharlarda ortidan uzun-uzun soyalar qoldirib kechalari tentirab yurishadi. Ziyolilari baland uylarning ayvonidan archalarga mahliyo bo‘lib o‘z hikoyasining davomini unutadi. Hikoyalar chala qolib ketadi…
Avliyo tut omonmikan?…
2016 yil. Izmir, Turkiya