Yo‘l bo‘lindi, qismatlar ayrildi. Er isyonga keldi: “Uch taloqsan! Ket”, dedi. Bu bor-yo‘g‘i uch so‘z edi. Lekin atiga shu uch so‘z dunyoni ostin-ustun qilishga kifoya bo‘ldi. Bu uch so‘zdan ulug‘ Arshi a’lo larzaga keldi. Bori dunyo chayqaldi. Eshitganlar larzaga tushdilar. Umrlar titroqqa tushdi. Mehr-muhabbat yig‘ladi, vaqt yig‘lar, jamiki ro‘zg‘or ustunlari bir-bir qular ekan, yig‘lashga tushdilar.
Kelinchak… baxti qaro, manglayi sho‘r kelinchak, bir o‘g‘li, bir qizini yetaklagancha, bir tugunchani olib, erining uyidan chiqib ketdi. Jajji bolakaylar hali gap nimada ekanligini tushunishmas, dam seli sebar bo‘lib yig‘layotgan onaga qarashar, dam esa ortda qolayotgan hovliga, u yerda darvoza yonida g‘azab otiga mingan otasiga qaray-qaray, javdiray-javdiray ketib borardilar. Bolakaylar hadeb ortga qarayverardilar, ona esa ularni siltab, oldga undardi. Go‘daklar esa yana…
Kelinchak ikki go‘dagini yetaklab, xazonrez kuz kunlarining birida tug‘ilib-o‘sgan ota makon – ona uyiga kirib bordi. Ota bilan ona qizlariga savol bermadilar. Ular so‘zsiz ham barcha narsani anglab yetgan edilar. Zotan, butun fojiani ko‘zyoshlaridan-da chiroyli, tushunarli tarzda aytib beradigan roviy yo‘q edi shu daqiqalarda.
…Yo‘llar boshqa qovushmadi. Qovushmasdi ham. Er va xotin taqdirning noma’lum yo‘llaridan tavakkal ketib borardilar.
Bir kuni ish qonuniy yechimga yetib keldi. Erning mol-mulkidan (aniqrog‘i o‘rtadagi mol-mulkdan) ayoli, o‘g‘li va qiziga falon miqdor ajratib berilishi, farzandlar toki voyaga yetgunga qadar falon so‘mdan aliment to‘lab turilishi haqida odil sud ajrim chiqardi. Er esa sobiq ayoli va ikki farzandining haqini bermaslikning, yillar osha aliment to‘lamaslikning barcha yo‘llarini axtara boshladi. Miyasiga zo‘r berdi, chora izladi va… topdi ham. Oxiri u mahalla odamlari orasida ham, sudda ham shunday deya baralla e’lon qildi:
– Bolalar aslida mendan emas edi!..
Eshitganlar hang-mang bo‘lib qolishdi. Bu gap xuddi yoz chillasidagi momaqaldiroq kabi barchani sarosimaga soldi.
– Axir, bolalar quyib qo‘ygan o‘zing-ku! – deyishdi odamlar.
Lekin er-ota gapida qaysarlik va sharmandalik bilan turib oldi.
– To‘g‘ri, biroz o‘xshashi ham mumkin, lekin mening bolalarim emas!
Shunda ko‘pni ko‘rgan bir qariya vazmin va sokin turib aytdi:
– Bolam, agar bu begunoh farzandlar sendan bo‘lmasa, u holda… sen qayerlarda, qaysi kavaklarda yotgan eding?! Bilib turibman nima uchun shunday deb aytayotganingni. Esingda tut bolam, u qulog‘ing bilan ham, bu qulog‘ing bilan ham eshitgil: pul, mol-dunyo qo‘lning kiri, topiladi. Hech g‘am tortma. Lekin… lekin or-nomusni qayerdan topasan, jon bolam?! Tirik turib o‘lganing nimasi endi, sho‘rbaxt bolam!
Shu gaplarni aytib bo‘lgach, chol yig‘ladi. Bu shunday yig‘i ediki, larzaga tushmaslikning hech bir iloji yo‘q edi. Balki bitguvchi bo‘lsa-da, bu g‘ussali holatni aytib beradigan so‘z lug‘atda topilmasdi. Bu yig‘i nomus-diyonati o‘lgan, oridan ayro tushgan, jasadi shunchaki dunyo oralab yurgan sho‘rpeshona bir yigitga ochilgan aza edi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 5-son