Tevarakdan allaqanday dori-darmonlarning achimsiq isi anqiydi.
Elkasiga yelvagay tashlangan oppoq xalat tugmasini asabiy o‘ynagan ko‘yi shifoxona yo‘lagida betoqat yurinib turgan Qayum Ochilovich Idrisov qarshisidagi oynaband eshikka tez-tez umidvor ko‘z tashlab qo‘yardi. U yon-bu yon sassiz, sharpasiz o‘tib qaytayotgan hamshiralar, xizmatchilar siyrak sochlariga quyuq oq oralagan, po‘rim ust-boshli, amaldornusxa bu kishiga beixtiyor bosh irg‘ab salom berishadi. Xayollari parishon Qayum aka esa ularni deyarli payqamaydi.
Bir payt oynaband eshik ohista ochilib, ko‘kish libosli, yalpoq yuz, qiyiq ko‘z shifokor horg‘in chiqib keldi.
– Qalay, yangangiz yaxshimi? – deb so‘radi Qayum Ochilovich unga yuzlanib.
Shifokor xomush bosh chayqagan ko‘yi eshigiga “Bosh vrach” deb yozilgan xona tomon yurdi. Qayum Ochilovich xavotir bilan unga ergashdi.
– Hozircha zarur muolajalarni qildik, aka, – dedi shifokor baland suyanchiqli stuliga o‘ychan o‘tirarkan, – lekin yangamni Toshkentga olib borishingiz kerak. Zudlik bilan. Bilasiz, poytaxtda imkoniyatlar keng, mashhur mutaxassislar bor.
– Masalan, siz kimni tavsiya qilishingiz mumkin?
Bosh shifokor o‘sha o‘ychan qiyofada stol ustidagi qog‘oz taxlamlarini nari-beri surdi.
– Masalan…akademik Vosilovni, yoki… o‘zimizdan chiqqan professor Moyliyevni…
– Moyliyevni?! – Qayum Ochilovich o‘tirgan joyida bir sapchib tushdi. – Anovi Boltaboyning bolasini aytayapsizmi?
Bosh shifokor mamnun bosh irg‘aganicha jilmaydi.
– Ha o‘shani. Adashmasam, u kishi sizga hamqishloq…
– Hamqishloqmas, – Qayum Ochilovich g‘ijingannamo qo‘l siltadi, – qizilqoqlik, bizdan narida.
– Ha, endi-i… baribir sizga ham, bizga ham hamqishloq sanaladi-da, hammamizning faxrimiz, yosh bo‘lsa ham respublikada ko‘zga ko‘ringan kardiologlardan.
– Masalan, mening faxrim emas, soxta bir professorcha-da u! Hammani laqillatib yuribdi. Bor-yo‘g‘i bir bog‘bonning bolasi, nonini arang topib yeb yurganlardan, bunaqalardan ilmdor vrach chiqishiga, masalan, men ishonmayman.
Bosh shifokorning yuz-ko‘zida olis poytaxtdagi hamkasbiga e’zoz-ehtirom balqib turgan bo‘lsa-da, ammo qarshisidagi amaldordan qo‘rqib ortiqcha tortishuvga botina olmadi.
– Bu mening fikrim, – deb ming‘irlabgina qo‘ydi.
– Masalan, bizning fikrimiz boshqacha, – deya qad kerdi Qayum Ochilovich, – yangangizni biror bir chet mamlakatda davolatish niyatidaman, masalan… Germaniyadami, Isroildami, bunga siz siz nima deysiz, masalan?
– Ixtiyoringiz, lekin xorijda davolatish osonmas, serxarajat, sertashvish ish.
– Bu yog‘ini o‘zimga qo‘yib beravering.
– Bilaman, balki sizday martabali kishiga qiyin bo‘lmasligi mumkin, lekin o‘zimizda zo‘r mutaxassislar turganda, boshqa mamlakatni ko‘zlash, menimcha, oqilona yechim emas.
Qayum Ochilovich yana tutoqib ketdi.
– Zo‘r mutaxassis deganingiz o‘sha Boltaboyning bolasimi? Masalan, men bunday mishiqilarni bir tiyinga ham olmayman.
– Ixtiyoringiz, – bosh shifokor vaqti ziqligiga ishora qilganday qo‘l soatiga ko‘z tashlab qo‘ydi, – xullas, yangam yana uch kuncha bizda yota turadi, keyin uyga ketishiga ruxsat beramiz, shu orada o‘zingiz biror qarorga kelarsiz, aka.
– Xo‘p, bugunoq masalaga kirishaman.
Qayum Ochilovich iddao bilan o‘rnidan turdi-da, eshik tomon yurdi.
O‘sha Boltaboy deganlari aslida Qayum Ochilovich Idrisovga ona tomondan qandaydir tomirlari tutashgan, uzoq qarindosh hisobida edi. U butun oilasi bilan Kaltaqir etagidagi bog‘da ishlaydi, o‘sha yerdagi bir parcha tomorqani tirnoqlab amal-taqal tirikchilik qiladi. Qishin-yozin egnidan ohorsiz, olacha to‘n tushmaydi, qari eshagini qichab boqqa borib-kelib yuradi. Bu aslida badavlat odam, qurumsoqligidan yupun-yuvosh yuradi, deb kulishadi ko‘plar. Hazil-mazax bilan uning ismiga atay “boy” qo‘shib “Boltaboy” deb atashadi. Shuning uchun ham butun urug‘-aymog‘i bilan o‘qimishli, baland kursilardan tushmagan Idrisovlar Bolta akaning qarindoshligini tan olish nari tursin, ko‘rganda ters qarab o‘tishga harakat qiladi. Ammo qari bog‘bon ahyon-ahyon bog‘ning meva-chevalaridan, tomorqaning sabzavotlaridan ko‘tarib, qiyshayibgina darvozdan kirib keladi. Keng-mo‘l hovlidagi chorpoyaga omonatgina ket qo‘yib, uzundan-uzoq duo qiladi, undan-bundan suhbatlashgan bo‘ladi. U har gal qop qo‘ltiqlab uy yonida qora berganida Qayum Ochilovichning afti burishadi, hoynahoy, biror yumush bilan kelgan bo‘lsa kerak, degan o‘y xayolidan o‘tadi. Ammo Bolta aka bu uzoq qarindoshidan shu paytgacha hech qanday iltimos qilgan emas. Andak o‘tirgach, indamaygina ortiga qaytib ketadi. Shu qurumsoq cholning kenja o‘g‘li tibbiyot institutiga o‘qishga kiribdi, degan xabar bir zamonlar Qayum Ochilovichning ham qulog‘iga yetganday bo‘lgan edi. Ammo unchalik e’tibor bermadi. Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deb dimog‘ida kulibgina qo‘ydi. Vo ajab, o‘sha bola bugun mashhur, hoziq shifokor bo‘lib ketgan emish!
“Yo‘q, men bunday firibgarlarga ishonmayman, – deya xayolidan o‘tkazdi Qayum aka battar tajanglashib. – U shoxida yursa, men bargida yuraman”.
Yon-atrof kech kuzning sarg‘ish-qizg‘ish bo‘yog‘iga belanib yotar, kuni kecha sharros quyib o‘tgan yomg‘irda ivigan dov-daraxtlar diydirabgina turardi.
Qayum Ochilovich shifoxona eshigidan chiqishi bilanoq poytaxtda yashaydigan o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qildi.
– Xurshidjon, – dedi u uzun-qisqa salom-alikdan so‘ng, – masalan, Germaniyagami, Isroilgami, zudlik bilan uchishga to‘g‘ri kelyapti.
– Tinchlikmi, dada?
– Bilasan-ku, onangning yuragida dard bor, masalan, kecha shu yana xuruj qilib qoldi. Hozir tuman shifoxonasida yotibdi.
– Ahvollari yaxshimi? – Xurshidning tovushi titrab eshitildi.
– Tashvishlanma, hozircha tuzuk. O‘g‘lim, onangni xorijda davolatib kelsak, degandim, masalan.
– Yaxshi bo‘lardi, dada! Eng zo‘r kardiologlar Germaniyada deb eshitganman.
– Balli, bolam. O‘sha yoqqa uchadigan samolyotga bilet-milet topib qo‘ygin.
– Dada,-deb kuldi Xurshid,-u yoqqa to‘satdan borib bo‘lmaydi.
– Nega? Masalan, nima qilish kerak?
– Men avval internet orqali bizga kerakli manzilni topib, xat jo‘natay, murod-maqsadimizni tushuntiray, so‘ng ularning javobiga qarab ish tutamiz.
Kompyuter, audio-vedio, internet degan zamonaviy daxmazalar aksariyat katta avlod vakillari kabi Qayum akaning ham ensasini qotirib, g‘ashini qo‘zg‘ar edi. Shu boisdan ham o‘g‘li hozirgina tilga olgan yumushlar o‘ta murakkab, bosh og‘riqli masaladek tuyuldi.
– Xurshid, – dedi u bo‘shashib, – sen aytgan ishlar qancha vaqtni oladi, masalan… uni kim bajaradi?
Otasining dovdirashini sezib turgan Xurshid zavq bilan kuldi
– Dada, qo‘rqmang, bu ko‘p vaqtni olmaydi, nari borsa, ikki kun ichida o‘sha manzillarni topib, xat jo‘nataman, hammasini o‘zim bajaraman.
– O‘zing bajarasan?! Sen… sen, masalan, ular bilan qanday tillashasan?
– Dada, men nemis tilini yaxshi o‘rganib olganman. Ular bilan o‘zim gaplashaman.
Eshitganlaridan Qayum akaning butun vujudi yayrab ketdi.
“Mana, haqiqiy o‘qmishli bola! – xayolidan chaqmoqday chaqib o‘tdi uning. – Allaqanday ketmonchilardan emas, Idirisovlar zurriyotidan! Xuddi shunday farzandlardan umid qilsa bo‘ladi. Institutni bitirgan yili ruscha, turkchani qoyillatardi, mana, ishga kirar-kirmas, nemis tilini ham o‘rganib olibdi, barakalla, ota o‘g‘il, barkalla!”
– Dada, nega indamaysiz, dada?
Xurshidning xavotirli tovushidan hushyor tortgan Qayum aka telefonni lab-dahaniga bosib, xushxandon qichqirdi:
– Eshitayapman, o‘g‘lim, eshitayapman, gapiraver.
– Xatimning javobi o‘n kunlar ichida ma’lum bo‘lsa kerak
– Yaxshi, o‘sha payt yoningga boraman.
– Ovora bo‘lib yurmang, dada, telefonda gaplashib qo‘ya qolamiz.
– E-e-e… boraveraman, masalan, seni, nevarachamni sog‘indim.
– Ha-a… unda o‘zingiz bilasiz.
Qayum Ochilovich, chindan ham, o‘z bilganidan qolmadi.. O‘n kun kutishga sabri chidamay, hafta oxirida poytaxtga kirib bordi.
Ulkan shahar ming-mililon chiroqlar yog‘dusida yashnab, yarqirab yotardi. Keng, ravon ko‘chalarni to‘ldirib, chinqirgancha yelib o‘tayotgan avto- ulovlar oqimidan bosh aylanadi.
– Hali javob kelmadimi? – deb so‘radi u o‘g‘lini quchib, alqab, erkalab bo‘lgach. – Bu nemislaringni qistab turmasang, qimirlashmaydi-yov..
– Kecha qaraganimda javobga ko‘zim tushmadi, mana, hozir yana ko‘ramiz.
Xurshid shinamgina xona burchagidagi kompyuter tugmalarini bosdi. Qayum aka uning har bir xatti-harakatini zavq bilan kuzatib turar, ko‘nglida mamnuniyat, g‘urur mavjlanar edi.
Shu orada dasturxon yoyib, qand-qurs keltirgan kelin norizo bosh chayqadi.
– Dadam yo‘lda charchab kelganlar, keyinroq kovlaysiz shu matohingizni.
– Kelinjon, mayli, xalaqit bermang, bi-ir qarab ko‘rsin-chi, – dedi Qayum aka yostiqqa yonboshlab.
– Dada! – nogoh qichqirib yubordi bir payt Xurshid. – Ana, javob kelibdi!
Qayum Ochilovich o‘tirgan joyidan o‘rmalab kompyuterga yaqinroq bordi.
– Qani?! Qani, ko‘r-chi, nimalar yozibdi, masalan…
Xurshid monitorda paydo bo‘lgan nemischa matnni hijjalab o‘qishga tutindi. Otasi goh unga, goh ekranga betoqat ko‘z tashlab turardi.
– Nimalar yozibdi, tezroq aytsang-chi?
Anchadan so‘ng Xurshid otasiga taajjub aralash xayolchan tikildi.
– Gapira qolsang-chi, masalan, nega so‘narasan? – dedi Qayum aka battar betoqatlanib.
– Bir yil avval bizda malaka oshirib ketgan toshkentlik professor Moyliyevga uchrashinglar, u barcha muammolaringizni hal qilib beradi, deyishibdi.
– Nima?! – Qayum Ochilovich bir sapchib tushdi, – Moyliyevga?! Anovi Boltaboyning bolasigami?!
Xurshid hanuz xayolchan, bosh irg‘adi.
– Ha, Ernazar Boltayevich Moyliyevga, ana, ishonmasangiz, o‘zingiz qarang, aniq-tiniq manzillari bilan yozib qo‘yilgan. Markaziy Osiyodan bizga murojaat qilgan barcha bemorlarni o‘sha professorga yo‘llayapmiz, Ernazar Boltayevich yetuk mutaxassis, deb yozishibdi.
Qayum Ochilovich hech narsaga tushunmasa-da, o‘g‘li ishora qilgan, ekran yorug‘idan yog‘dulanib turgan bitiklarga bir zum angrayib qaradi.
– Bundan chiqdi… bundan chiqdi, masalan… unga hatto nemislar ham tan bergan ekan-da, a, – dedi arang g‘udranib.
– Ha, shunga o‘xshaydi.
Shu payt xontaxta ustida yotgan Qayum akaning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Ammo o‘z xayollari bilan andarmon ota uni payqamadi. Xurshid uzatib, telefonni qo‘liga oldi.
– Dada, onam qo‘ng‘iroq qilyapti, gaplashasizmi?
Qayum Ochilovich hardamxayollik bilan telefonni qulog‘iga tutdi.
– Al-yo.
– Assalomu alaykum, yaxshi yetib oldingizmi, dadasi?
– Ha, yaxshi.
– Xurshidjon, kelinim, nevaram qalay? O‘ynab-kulib o‘tirishgan ekanmi?
– Ha, hammalari tuzuk, senga ko‘pdan-ko‘p salom aytishyapti.
– Salomat bo‘lishsin, ilo-yo, haligi… – deb bir zum jim qoldi ona, – haligi, Xurshidjonning xatiga javob kelibdimi?
– Ha, kelibdi, onasi, kelibdi. Germaniyaga ovora bo‘p yurmanglar, masalan, Toshkentda juda zo‘r do‘xtur bor, o‘shanga uchrashinglar, masalan, unga biz ham tan berganmiz, deb yozishibdi.
– Kim ekan o‘sha do‘xtur, dadasi?
– Professor Moyliyev!
– Iya?! Anovi Boltaboyning bolasimi?
Qayum Ochilovich viqor bilan tomoq qirib oldi.
– Sa-al o‘ylabroq gapirsinlar, Boltaboy emas, Boltaboy tog‘a deng, axir. Masalan, u bizning ona urug‘dan-a… Palagi toza kishilar…
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 11-son