To‘qsonbosdi mahali edi. Tilovning baytal chopib bo‘lsa-da, poyga olaman, deb karillab yurgan paytlari.
Bo‘sag‘adagi ola po‘stakning ustida “xur-xur” uxlab yotgan mushuk yoniga tushgan choponning shovuriga uyg‘ondi; ko‘zini erinibgina ochdi, cho‘zilib kerishdi, old oyog‘i bilan yuzini yuvdi.
– Pisht-ey! – dedi xo‘jayin asabiy. – Tur, yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma…
Mushuk mushuk bo‘lib, xo‘jayindan dag‘al gap eshitdi. Hurkib turdi-turdi, xo‘jayiniga olazarak qaradi-yu, dumini qisib, chiqib ketdi.
Mushukning hech qursa miyovlamagani Tilovga g‘alati tuyuldi. “Bekor qildim-ov shuni. Xudoning jonzoti-da buyam. Nima aybi bor edi uning?”.
Tilovga nima jin urdi – o‘ziyam bilmaydi. Lekin do‘xtirning so‘nggi gaplari qulog‘idan ketmayapti. Endi nima qiladi? Xotini ham bu yoqda tizillab yig‘lagani-yig‘lagan. Dardini eshitar quloq yo‘q. Tilov u yog‘idan o‘tadi, avraydi – bu yog‘idan o‘tadi, ovutadi, foydasi yo‘q, illo, o‘zining ham ko‘ngli g‘ash. Bu g‘ashlik tobora kuchayib borar, xotinning shishib ketgan ko‘zlariga qarab, yuragi achishadi; nima qilsin, kuygandan kuyib ketyapti. Xotini yukli bo‘lib, ko‘ylagining burmasi kengaya boshlagan mahali suvchechak toshdi. Og‘ir toshdi. Undan so‘ng boshi xastalikdan chiqmadi. Buyam yetmaganday, bemorlikdan zada xotini asabiy bo‘lib qoldi-yu, tez-tez janjal chiqa boshladi.
Dilsiyohlik ortgandan ortib bormoqda edi. Chiroq yoqsa, ichi yorishmaydi. U xonaga o‘tadi – o‘tirgani joy topolmaydi, dahlizga chiqadi – turolmaydi. Uyqusidayam halovat yo‘q. Do‘xtirning gaplariga ishonmay, xotinini sinashta boshqasiga ko‘rsatgani olib bordi ham. Uyam o‘sha gapni aytdi: yukli xotinga chechak chiqsa, qornidagi bola ko‘r bo‘lib tug‘ilishi mumkin ekan… Apparatga ham tushirdi, alomatlari borday, deyishdi… Bilgich el-xalq ham aytdi, eshitgani boshini sarak-sarak qildi.
Uch kunki, ikkisi ham ich-etini yeb yotibdi. Og‘ir – og‘ir, Tilovga og‘ir bo‘ldi-da. Zurriyodini, uning taqdirini o‘ylab bir ezilsa, xotinining holiga boqib, ikki kuyadi. Manavi beozor mushukcha ham ko‘ziga ofat, ajina bo‘lib ko‘rinyapti.
Tilov dahlizga chiqib, eski bir taypoq xontaxta yoniga uzaldi. O‘ng qo‘lini boshiga tirab yotdi-yotdi, bo‘lmadi. Xayoli ming bir xalta ko‘chaga kirib chiqdi.
Nega bunday bo‘ldi, Tilov? Axir ikki o‘g‘ling soppa-sog‘ tug‘ilgan edi-ku?! Durkun bo‘lib katta bo‘lyapti-ku? Urug‘-aymog‘ingda ko‘r yo‘q edi-ku? Yo xotiningning naslida bormikin? Yo‘g‘-a… Uylanayotganingda ota-onang yetti pushtini surishtirgan edi. Yaxshi eslaysan buni. Ayolingning bittagina kamchiligi chiqqan, Jo‘lli soqov degan uzoqroq bir amakisi bor ekan. Surishtirsa, uyam tug‘ma soqov emas ekan: bo‘zbola payti Oqsuv qishlog‘idan tunda yolg‘iz kelayotganda oldidan tuyqus bir sharpa chiqib, otni hurkitgan, baytal o‘zini qirga urib, uni tashlab qochgan ekan. Amakisi qo‘rquv sabab bir muddat butkul tildan qolgan, keyinchalik sal-pal duduqlanib, gapira boshlagan, endi tuzalay deganda odamlar masxaralab, ustidan kulavergani tufayli uyatdan yana gapirolmay, battar tildan qolgan ekan. Soqovlik nasl surmaydi.
Unda nega bunday bo‘ldi, Tilov? Bolang nogiron tug‘ilsa, bir umr o‘zingni aybdor his qilmaysanmi? Xotining-chi? Bolangning o‘zi-chi? Ko‘zi ochiq tug‘ilsa ekan, tik boqib, haqiqatni aytsang… O‘zingning aybdor emasligingni tushuntirsang. Axir u…
Esla, nimadir xatong bor sening. Xotiringdan o‘chgandir. Yo taqdirga tan berib yashaysanmi? Yo‘q, unday qilolmaysan. Nogiron bola ko‘ziga qarashga yuraging dov bermaydi. Axir o‘zing ko‘zi ojizlikning nima azob-uqubat ekanini yaxshi bilasan-ku…
Ana, xotining yostiqni jiqqa ho‘l qilib, narigi xonada yotibdi, bolalaring tashqarida qiyqirib o‘ynab yuribdi. Hech bo‘lmasa, hozir, yolg‘iz paytingda yig‘lab ol. O‘kirib yig‘lasang ham mayli, hech kim eshitmaydi baribir. Shumxabar hammani karaxt qilib qo‘ygan, seni tushunishadi.
Tilovga alam qildi. Ko‘zi yiltilladi. Nimadir ichidan quyilib keldi. Bo‘g‘zi achishdi. Kipriklari ohista ulandi.
E, voh! Ko‘zi yumilishi bilan necha kundan beri o‘ylab o‘yiga yetolmayotgan odamning xayolida yaqin o‘tmishi – talabalik yillaridagi bir manzara chaqinday chaqnab ketdi.
… Yetaklashib kelayotgan ikki yigitni hamma qiyomatlik do‘st derdi. Qurbonjon oqibati bo‘yidan baland Tilovdek oshnasi borligidan terisiga sig‘may yurardi. Nima qilsin, Qurbonjon – nogiron. Ko‘zi ojiz hisob. Dunyoni ninaning teshigidan mo‘ralaganchalik ham ko‘rolmaydi. Uning ko‘zi – Tilov.
Tilov deganlari bama’ni yigit edi. Novcha, bug‘doyrang, ko‘zlari qisiqqina sertavoze bu yigitni misoli Hotamtoy deysiz. Har yerda har kimga poyu patak bo‘lib ketaveradi. Birovning dilini og‘ritmaydi. Sochini kalta kuzab, doim moviy bo‘yinbog‘ taqib yuradi. Yelkasiga kattagina sumkani osvolgancha tinim bilmaydi. O‘qish, ish deb oyog‘i olti. Butun kurs uni yaxshi ko‘radi. Odamshavanda-da Tilovboy. Yelkasi yo‘q ayrimlar: “Zarilga – zaril, Tilovga nima zaril bularni taqimiga bosib yurishning?” deya g‘ayirligi kelar, Tilov esa bunday gaplarga parvo ham qilmasdi. Ota-onasining baqbaqa to‘rasi bo‘lib yurgan u arzandalar do‘stlik nimaligini qayerdan bilsin, axir.
Mana, hozir ham u Qurbonjonni yetaklagancha darsga kirib kelishi bilan kursning yuzi yorishib ketganday bo‘ldi. Faqat burun-qulog‘igacha tuk bosgan falsafa o‘qituvchisi Maxsumov domlagagina bu kechikish xush kelmadi. Qovog‘ini osib, ming‘irlagancha o‘tirishga izn berdi.
Tilov Qurbonjonni o‘rta qatordagi partasiga o‘tirg‘izib, o‘zi yoniga cho‘kdi. Qurbonjon paypaslab sumkasidan brayl yozuvidagi kitobini chiqarib, parta ustiga qo‘ygan edi hamki, yelkasiga kimdir gurs etkazib urdi. Qurbonjonning yuragi qinidan chiqayozdi.
– Bugungi bayraming – Xalqaro nogironlar kuni bilan tabriklayman, oshna! – dedi qo‘l tashlagan shivirlab.
Bu yana bir yaqin do‘sti Behzod edi. Uyam nogiron, qismatdosh. Biroq ikkisi ham ilmtalab, behad quvnoq yigitlar. Shunday hazil-latifalari borki, eshitsangiz, etingiz jimirlab, hayron qolasiz. Hozirgina eshitganingiz tabrikning ohangi o‘zgarmaydi hech…
Qurbonjon ham bo‘sh kelmadi:
– Seniyam tabriklayman, “Shahlo”! – dedi shivirlab.
Ular ilk bor tanishuvi chog‘ida bir-biriga: “Sizning ham ko‘zlaringiz shahlomi…” deganini keyinchalik eshitib, kursdoshlar rosa kulgan.
Hozir ham piq-piq kulgi ko‘tarilgani bejiz emas. Ba’zan bu ikkovlon bir-birining oyog‘ini atay bosib olib, jo‘rttaga qattiq chinqirib qolishardi. Tag‘in, ko‘ngliga hazil ham sig‘adi bularning.
– Ko‘zing ko‘rmi? Nega oyog‘imni bosasan? – deya baqirardi Qurbonjon yolg‘ondan.
– O‘zingning-chi? G‘ilaymisan, men bosmadim-ku? – derdi “Shahlo” ham po‘pisa qilib.
Ikkovi ko‘zining paxtasi chiqib, tergab, turtib-surtinishi tinguncha hamma kulgidan qornini ushlab qolardi. Ularning fe’li-xo‘yi hammaga ma’lum, hech kim ajablanmaydi, qaytanga, zavq bilan qo‘shilib kulardi. Bunday chog‘larda, ayniqsa, Tilov yayrab ketardi. Qurbonjonning yelkasiga qoqib, yasha, jo‘ra, yasha, derdi ko‘zlarini ishqalab. So‘ng qo‘ltig‘idan olib, shoshilinch allaqayerlarga ketib qolishardi. Ertasiga dars mahali Qurbonjon og‘zi to‘lib maqtardi.
– Jon do‘stim bu – Tilov. Har kuni institutga qo‘limdan tutib olib kelib, olib ketadi. Kecha hatto bozorga tushib chiqishim kerak, degandim, oborib, uyimga tashlab ketdi. Shunday oqibatli do‘stlarimizdan ayirmasin-da, ishqilib, – deya shukrona keltirib qo‘yardi.
Qurbonjonning maqtanganicha bor. Tilov qayerga borsa, uni yetaklab ketadi. Kino, teatr, bozor, hatto kezi kelganda, o‘z qarindoshlarining to‘yigayam, ma’rakalarigayam hamroh qiladi. Bunga Tilovning tanish-bilishlariyam ko‘nikib ketgan, yetaklasa, bir bechora nogironni yetaklabdi-da, savob ham kerak, deya undan mamnun bo‘lishardi. Goh Qurbonjon, gohida “Shahlo” bilan yetaklashib, chaqchaqlashib yurgan Tilov ko‘cha-ko‘yda ham odamlarning rahmati, olqishini olar, bundan ko‘nglida o‘zgacha zavq ham tuyardi.
Ana shunday kunlarning birida Tilovga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Qishloqdosh-sinfdoshi tug‘ilgan kun qilayotgan ekan. Tilov o‘yladi-o‘yladi, oxiri Qurbonjonnikiga yo‘l oldi. Uning istiholasini eshitib ham o‘tirmadi, birga bora qol, o‘zimning qishloqdosh jo‘ram bo‘ladi, seniyam tanishtirib qo‘yaman, bir yayrab kelasan, deya qo‘yarda-qo‘ymay yetaklamoqchi bo‘ldi. Qurbonjon oyoq tirab oldi, notanish bo‘lsa, men nima qilaman u yerda, oshna, ortiqcha gap-so‘zga qolasan o‘zing, mening turishim bu bo‘lsa, dedi. Tilov Qurbonjonning istiholasini tushunib turgan esa-da, yolg‘iz borishga unamadi. Ranjigannamo tutdi o‘zini. Yo‘l-yo‘lakay, “Shahlo”ni ham hamroh qilishni aytgach, Qurbonjon rozi bo‘lishdan o‘zga chora topolmadi.
Tug‘ilgan kun sohibi ko‘rimsiz, aftidan, talaba zoti yashashi mumkin bo‘lgan xarob hujra eshigini ochar ekan, bir Tilovga, bir uning yonidagi nogiron yigitlarga qaradi, so‘ng shoshilinch ichkariga manzirat qildi. Tilov hamrohlarini, keyin dasturxon atrofida yastanib o‘tirgan mezbonning o‘n chog‘li do‘stini bir-bir tanishtirib chiqdi. Dasturxon odmigina tuzalgan bo‘lsa-da, fayzli edi.
Gurung avjiga chiqqanda, Qurbonjonga, azbaroyi davraga yaqinlik hissini uyg‘otish uchunmi, harqalay, jon kirdi. Tilov haqida juda ohorli ta’riflar berdi. Maqtovga “Shahlo” ham ora-sira qo‘shilib turdi. Hojatbaror, shinavanda do‘stini kishi bilmas maqtashdi. Eshitganlar hali-hamon oqibat, do‘stlik degan narsalar borligini aytib, shivir-shivir qila boshlashdi.
Bir mahal Tilovning uyali telefoni jiringlab qoldi. Tilovboy, tog‘lik emasmi, xuddi otasining “Bog‘i Erami”da yurganday, butun mahallani boshiga ko‘tarib, gaplashdi:
– Alo? Nurmat? Senmisan? Ha, nima gap? Nega ko‘chada qolasan? Qayerda? Ha, yo‘lkiraga puling qolmadimi? Ie, uzr, jo‘ra, mendayam shu ahvol, hemirim ham yo‘q edi-ya…
Keyin Tilov davraga bir ko‘z yugurtirdi-da, muhim bir maxfiy gapni aytmoqchiday, turib, narigi xonaga chayqala-chayqala chiqdi. Qo‘li bilan telefon uchini bekitib, past ovozda shivirladi:
– Nurmat, jo‘ra, manzilni aytaman, shu yerga kelgin, bir ilojini qilamiz. Pul chiqmasa, ana, yonimda ikkita nogiron kursdoshim bor. Taniysan ularni. Shulardan bittasini yetaklab ketasan. Avtobusga ham, metroga ham pul to‘lamaysan… Yetaklovchisiman deysan, bo‘ldi. Yetaklovchilargayam “imtiyoz” bor-da… Voy-bu, nega tirik tovon bo‘larkansan? Ichingni og‘ritadimi tekin ulov? Kela qol endi, oshna…
Tilov ko‘zlari suzilib, telefonning qizil tugmasini bosdi. Xayolan doim pulga zoriqib, qarz so‘rab yuradigan bechorahol Nurmatni ko‘z oldiga keltirdi. “Xayriyat, – deya o‘yladi. – Yaxshiyam, shu invalid kursdoshlarim bor. Uch yildan beri o‘qishgayam, ishgayam, bozorgayam tekin borib yuribman… Ham savob, ham tekin ulov, deganday…”.
Tilov bizga tanish bazm dasturxoniga qaytib kirganida, Qurbonjon haliyam u haqida, odamgarchiligi to‘g‘risida mamnun bo‘lib so‘zlab o‘tirgan edi…
…Mana, Tilov o‘sha oqshomdagi gaplarni hozirgiday esladi. Ikki nogiron oshnasining maqtovlari moyday yoqib tushgani, mezbon jo‘ralariga ko‘zini qisib, qara, qanday savob ishlar qilib yuribman, degani, mastlik ekan, kamiga, nogiron yigitlarning har bir gapini qo‘l ishoralari bilan ko‘rsatib, kalaka qilgani, ko‘chada pulsiz qolib, ijara uyiga yetolmay qolgan Nurmatga “jonli tekin yo‘l chiptasi” – “Shahlo”ni qo‘shib yuborgani – barcha-barchasini tip-tiniq xotirladi.
“Eh, nodon! – dedi xo‘rligi kelib. – Aslida men, o‘zim ko‘r bo‘lgan ekanman… Savobim bir tanga, gunohim ming tanga bo‘lgan ekan-ku. Xudo jazomni berdimi endi?
Qurbonjon! Behzod! Bilgan, sezgan bo‘lsanglar, nega men ablahning betimga tupurmadinglar? Bilmagan bo‘lsanglar, yaxshi, lekin nega men bunday edim? Endi, mana, o‘zimning ham tug‘ilajak bolamning ko‘zi… yo‘q, aytishga tilim bormayapti. E, voh, nega axir? Sizlarni yaxshi ko‘rishim haqiqat edi. Lekin ko‘nglimning bir chetida baribir ustingizdan ozgina kulgim kelgani, sizlarni yetaklab, odamlar ko‘ziga yaxshi ko‘ringim, doim sizlardan foydalangim kelganini hech kimga aytmaganman, aytolmaganman-ku?! Ie, nimasini aytay, jo‘ralar! O‘tgan umr ham otilgan o‘qday gap ekan, hech narsani ortga qaytarib bo‘lmas ekan…
Eldim-yugurdim. Biznesmen tanildim. Qaranglar, bir umr biznes qilibman. O‘ylasam, sizlarni ham biznes qilibman-a… Ay, men o‘zimni odam sanab yuribman-a…
Tilovning yelkasi silkinib-silkinib, yuzini bolishga qo‘ydi.
… Oyi-kuni yaqinlashib, ingrab, xotini belgi berdi. Tilovning o‘pkasi to‘lib, onasini qo‘shib, tog‘-tosh oralatib, Morsaroyga olib bordi.
Ko‘k xalat kiyib, xonaga kirib kelgan o‘sha – bolaning taqdirini aytgan do‘xtirdan ham, novcha doyadan ham ko‘zini olib qochdi…
Ayolini do‘xtirlarning qo‘liga topshirib, ikki ko‘zi yerda, indamaygina chiqib ketdi. Tug‘uruqxona atrofida quyuq daraxtzor tagidagi o‘tirg‘ichga cho‘kdi. To tunga qadar jilmadi. Ko‘nglidan o‘tganini yolg‘iz o‘zi bildi.
Bir mahal tungi chiroq yorug‘ida shovqin solib bir sharpa paydo bo‘ldi.
– Bo‘riyevaning eri siz emasmi, aka? – deya so‘radi hamshira qiz.
Tilov jon holatda o‘rnidan turib ketdi.
– Menman!.. – dedi qaltirab. – Nima bo‘ldi? Tinchmi?
– Tinch bo‘lganda-chi! Tabriklaymiz! O‘g‘il-a! – dedi jilmayib. Uning jilmayishi xiragina tungi chiroq yog‘dusiga qo‘shilib, butun borliqni yoritib yuborganday bo‘ldi. Biroq Tilov hamon jim turar, suyunchitalab hamshira esa tabassum bilan, ortiq gap aytolmay, undan javob kutardi.
Bir tuki o‘zgarmagan Tilov xomush, go‘yo aza tutayotganday, hamshiraning qo‘liga ozroq pul tutqazdi. So‘ng og‘ir qadam bosib, tug‘uruqxonaga qarab yurib ketdi.
Yo‘lakda boyagi ikki shifokorni – peshonasidan reza-reza ter chiqib turgan doya va do‘xtirni uchratdi.
– Do‘xtir, ayolimiz yaxshi qutulib oldimi? Chaqaloqning… to‘rt muchasi sog‘mi? – dedi zo‘rg‘a boshini ko‘tarib.
Do‘xtir jilmaydi.
– Uka, – dedi. – Hech xavotir olmang! Ona-bola soppa-sog‘lom! Ba’zan do‘xtir ham adashadi… Apparatni ham odam yaratgan…
Tilovning yuragi dukkillab urib ketdi.
“Xayriyat! – dedi. – O‘zingga shukr, Xudoyim! Beadad shukr…”