Isajon Sulton. Men, Onam va O‘rta Yer dengizi (hikoya)

Onam bilan O‘rta Yer dengizi sohilidamiz.

Poyoni ko‘rinmas yashiltob suvlar tinmay dolg‘alanadi. Chag‘alaylar chiyillab uchishadi. Uzoqlarda oppoq yaxta ko‘pikli iz qoldirib suzib bormoqda.

Chap tomonimizda suv qa’ridan bosh ko‘targan kichik tog‘lar ko‘zga tashlanadi. Ustida siyrak archalar o‘sgan, oralarida oqish qoyalar ko‘rinib turibdi. Bu yerlarning havosi toza, chang yo‘q, balki namlik ko‘pligi tufaylimikin? Qizg‘ish yo‘lkalar yiltiraydi, baxtiyor sayyohlar to‘da-to‘da kezishadi. Birontasining yuzida tashvish ko‘rmaysiz.

Boshiga qizil qalpoqcha kiygan yigitcha patnisda choy opkeladi.

– Sorry, do you want a cup of tea or maybe drink some?

– Ha, yaxshimisiz, bolam, – deydi onam. Keyin savol nazari bilan menga qaraydi:

– Choy-sharbat ichasizmi deb so‘rayapti.

– Qanaqa choy ekan?

– Achchiq, qora.

– So‘ra-chi, ko‘k choyi yo‘qmikin?

Kulaman. Bu yerdagilar unaqasini ichishmaydi.

– Rostdanmi? – hayron bo‘ladi onam.

O‘tgan-ketganlar ona-bolaga qiziqsinib tikilishadi.

O‘tiribmiz ikkovlon, tosh ustida.

– Rosa chuqur bo‘lsa kerag-a? – deydi onam, suv shovullashiga, oq chag‘alaylarga mahliyo bo‘lib. – Qara-ya, qanaqa ekan dengiz deganlari?

– Ha, juda chuqur.

– Tavba, xudoyim shuncha suvni yaratibdi-yu ichib bo‘lmaydigan qilib qo‘yganini ko‘r!

Bu makonlarga uni qo‘yarda-qo‘ymay olib kelganman. Shu go‘zalliklarni, shu oromni juda ilinganman. Ko‘rsa zavqlanadi, qalbi quvnaydi deganman. Sahrolaru tog‘-toshlar osha ucha-ucha, nihoyat, manzilimizga qo‘ndik. Ulkan aeroport, odam qaynaydi, har turli kishilar olomoni bir lahza bo‘lsin tinmaydi. Tizilishib ketgan yaltir-yultir do‘konlar, oxiri ko‘rinmas o‘ziyurar zinalar…

– Your attention, please! Flyght Air France number five five two to Paris is boarding now. Passangers are requested to proceed to gate number two two one[1].

Begona tillardagi mana shu shovqin-suron aro onam har yonga alanglaydi.

– Rosa suv ichkim keldi-ya. Boyadan beri izlayman, biror joyda ko‘rmadim?

– Bu yerlarda siz bilgan sharqirab oqib yotgan suvlar yo‘q-da, – deyman kulib. – Sotib olish kerak.

– Yo‘g‘-e? – hayron bo‘ladi onam. – Suvni-ya?

– Siz o‘tirib turing, men hozir…

Borib suv opkelaman. Odamlar suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri idish og‘zidan ichishaveradi. Onam esa o‘ylanib turib “Piyolasi yo‘qmikin” deb atrofiga alanglaydi.

– Shundoq ichavering, qarang, hamma shunaqa qilyapti.

– E yo‘q, qo‘ysang-chi, uyat bo‘ladi.

Qaytib borib, qog‘oz finjon olib kelib, quyib uzataman.

– Bu yerning suvi ichishga yaramaydi, – deb tushuntiraman. – Shu sababli tozalanganini ichishadi.

– Voy, bechoralar…

Bir soatcha vaqt o‘tgach, o‘z uchog‘imizga chiqamizu ko‘zlagan manzilimizga yetib kelamiz.

Bu – dengizning shimoliy sohili. Subtropik iqlimning nam havosi betga uradi. Qaydandir shabada sho‘r isini olib keladi. Biz otini bilmaydigan anvoyi daraxtlar barq urgan, har taraf ozoda, top-toza.

Sayyohlarni kutib olish xizmati allaqachon shay turgan ekan, tez orada saroymonand muhtasham maskanga yetib kelamiz. Oltinkori naqshlar ko‘zni qamashtiradi. To‘xtashimiz bilan xizmatchilar chopib kelib, yuklarimizni olishadi.

– Voy, qo‘ying, bolam, – deydi onaizor, bo‘xchasini olgan yigitchaga. – Yengilgina-ku, o‘zim oboraveraman. Siz ovora bo‘lmang.

Yigitcha hayron bo‘lib qaraydi, keyin aravasini g‘ildiratib bir dunyo yuk bilan kutib turgan boshqa kishilar yoniga ketadi.

– Odobli bola ekan, ta’lim bergan ota-onasiga rahmat, – deydi onam.

– Ona, bularni vazifasi shu.

– Vazifasi shu bo‘lsayam-da, – deydi ona. – Kulib turishini qara. Xo‘mraysa nima qilarding?

Ikkovlon “Oilaviy” deyilgan bir xonaga joylashamiz.

Bunaqa xonalarga bir eshikdan kiriladi, ammo ichkarisida yonma-yon ikkita xonasi bo‘ladi. Har taraf orasta, sochiqlar oqqush shaklida o‘rab-taxlab qo‘yilibdi. Yotoqlarni ko‘zdan kechiraman.

– Hoy bola, – deydi onam. – Kap-katta bo‘lsang ham esing kirmapti-ya? Yech oyog‘ingdagini!

Qarasam, o‘zi oyoqyalang bo‘lib olibdi.

– Bu yerda bo‘laveradi, ona, – deyman. – Har kuni ikki martadan tozalanadi.

– Bekor aytibsan, – deydi onam. – Tozalashar ekan deb oyoq osti qilaverasanmi? O‘sha farroshlar ham birovni bolasi, mehnatini qadrlamaysanmi?

– Xo‘p-xo‘p, – deyman kulib.

* * *

Saharlab onam meni uyg‘otadi.

Eh-he, qanchalar sog‘inganman shu sasni, shu uyg‘otishni. Jilmayib uyqudan ko‘z ochish saodati qanaqa bo‘lishini bilsaydingiz! Onangiz koyib uyg‘otishining farog‘atini tuysaydingiz!

– Hoy bola, tur! Musicha kukulayapti, kun yoyilib ketdi.

Musicha? Bu yerda musicha bor ekanmi?

Rostdan ham qaydandir – bahaybat yaproqli palmalar, to‘p-to‘p shamshodgullar orasidan o‘sha qadrdon sas eshitilyapti. Ko‘z o‘ngimga ayvonimiz, tob tashlagan ustunlar, mixga ilib qo‘yilgan cho‘psavat, xas-cho‘p tashib kukulagan qushlar, barq urib gullagan bodom keladi.

Onam xushhol, jilmayib turibdi.

O‘zimcha hazillashaman, onaizor esa quvnab kuladi. Bunday quvnashini ko‘p yillardan beri endi ko‘rmoqdaman.

Men universitetga kirganimda shunaqa quvnagan edi. Qizim tug‘ilganida ham… Ba’zan bayramlarda, hayitlarda ko‘ylak olib bersam shunaqa suyunardi.

Mana, uzoq ellardamizu ammo ko‘zida o‘sha, o‘zim yaxshi ko‘radigan sevinch uchqunlari.

Yuradi, alanglaydi. Tevarakka razm soladi.

Archalardagi olmaxonlar shoxdan-shoxga chopishadi. Onam ularni ko‘rib, boladay suyunadi. Olmaxonlar odamlardan hayiqishmaydi, bittasi old panjalarida bujurini tutib, kichkina qora ko‘zlarini bizga tikib turibdi.

– Voy, aylanay, – deydi onam. – Munchoq ko‘zchalarini qara! Hay, jonivor kelaqol, o‘rgilay sendan!

…Ovqat mahali restoranga kiramiz.

– Voy-bo‘y, – deydi onam, u yerdagi ne’matlarni ko‘rib.

Haqiqatan ham, dunyo miqyosidagi ko‘ngilochar maskanlarning mijozlarga xizmat tizimi behisob yeguliklarni qalashtirib tashlagan. To‘rtta restoranda odam g‘ujg‘on. Kishilar qo‘llarida tovoqchalari bilan aylanib, ko‘ngillari tusagan narsani olishyapti. Taomlarni sanog‘iga yetolmaysiz. Bir tomonda to‘p-to‘p shirinliklaru mevalar, turli xalqlarning tansiq taomlari, italyanlarning har xil pitstsasidan yaponlarning “sushi”sigacha bor. Olaver, deydi zamonaviy marketing. Istaganingcha zavqlan, lazzatlan! Biz faqat sening oroming uchun xizmat qilamiz! Nariroqda ancha-muncha kishi qovurilayotgan tuxumga navbatga turishibdi. Bular – ertalablari quymoq yeb o‘rgangan kishilar. Ba’zilari bola-chaqasi, oilasi bilan kelgan, kalta shim kiygan chol-kampirlargacha bor. Ammo onasi bilan kelgan o‘g‘il ko‘rinmaydi.

Onam ozgina ovqat oldi. Borib, gilos sharbati opkelib berdim.

– Shu xolosmi? – dedim kam yeganini ko‘rib. – Mo‘l-ko‘l-ku, to‘yib yeb olmaysizmi?

– Qo‘ysang-chi, – dedi onam. – Qornim ozgina narsaga to‘yadi. Isrof bo‘lmasin…

* * *

Tevarakni aylanamiz. Palmalar tippa-tik bo‘y cho‘zgan, xitoy atirgullari butaday bo‘lib o‘sib ketgan. Havoda chuchmal is bor. Daraxtlar orasidagi g‘alati chirildoqlar qattiq ovoz chiqarib chirillashadi.

– Muncha baqirmasa? – deb so‘raydi onam. – O‘zimizning chirildoqlarmi shular?

– Yo‘q, boshqacha, – deyman. – Bor-yo‘g‘i ikki kun yashaydi. Juda qattiq chirillab, baqira-baqira yorilib ketadi.

– E tavba, o‘zimiznikilar esliroq ekan-da, – deb kulib yuboradi.

Oqshom qo‘ngan.

– Tavba, kechalariyam bir boshqacha-ya, – deydi onam. – Xudo kechaniyam har turli qilib yaratib qo‘yganini ko‘rmaysanmi?

– Nimasi boshqacha ekan?

– Bilmadim. Chiroyliyu ammo boshqacha-da… Odamlari-chi? Birov bilan birovni ishi yo‘g‘-a…

Tungi kafelar atrofida olomon zich. Kayfu safo maskanlarida havoga mushaklar otiladi. Saldan keyin yonginamizda bir nima qattiq gumburlaydi: musiqiy ko‘ngilxushlik boshlanadi. “Oboraymi?” deb so‘rayman onaizordan.

– Yo‘q, – deydi onam. – Undan ko‘ra yur, dengizga boramiz…

Sarin kechada ona-bola qo‘l ushlashib, sohil tomon ketamiz.

Charog‘on chiroqlar yog‘dusida qoramtir to‘lqinlar yiltiraydi. Kechki shamol turgan, uni “briz” deydilar. Sohil tinch, hech kim yo‘q. Sal nariroqda, palmalar ostida sevishgan juft ko‘zga tashlanadi.

Onam o‘ychan.

– Ona, nimalarni o‘ylayapsiz?

Indamaydi.

Havoga bulut chiqadi. Biz bilganday emas, pag‘a-pag‘a, qoramtir-kulrang. Uni dengiz ichkarisidan shamol surib keladi. Shamol suvni ham, bulutlarni ham birday suradi.

Dengiz dolg‘alana boshlaydi.

– Baliqlari ham bo‘lsa kerak?

– Ha, albatta.

– Bo‘ladi-da, – deydi onam. – Hovlimizni etak tomonidagi kichkina ariqcha bor-ku, bahorda qarasang, o‘shani suvidayam minglab mayda baliq miltillab suzib yurardi. Shunday katta dengizda bo‘lmasinmi?

Yana termiladi.

– Ona, bir joyingiz og‘rimayaptimi?

– Yo‘q, bolam.

– Nimaga boshqacha bo‘lib qoldingiz?

– O‘zim…

Ikkovlon jim qolamiz.

“Onam… o‘zgarib qolibdi-ku?” deb o‘ylayman bildirmasdan razm solib.

Qaddini tik tutib, mag‘rur yurishlari o‘sha-o‘sha, biroq… avvalgi shiddati sezilmaydi. Sekinroq, avaylabroq qadam bosadi. Men oldin ko‘rmagan, payqamagan ko‘p xavotirlar bor bu qiyofada.

Shu mahalgacha onam hali tetik, o‘zini oldirmagan deb o‘ylar ekanman. Bir oz yursa tinkasi quriyotgani, og‘zi quruqshab “Suv yo‘qmikin” deyishlari, saldan keyin o‘tirgani joy izlab alanglashlari… Qo‘lini ko‘zlariga soyabon qilib uzoq-uzoqlarga qiynalib termilishlari… keksalik degan bir kuz fasli onamning umr bog‘iga yetib kelganini ko‘rsata boshlabdi.

Ha, onam o‘zgaribdi. Menga boladay itoat qilishi-chi? Boshqa yo‘lakka qarab ketaversa “U yoqqa bormang” desam, “Xo‘p” deb ortiga qaytishlari, qayga borsam ergashishlari, xuddi bolamday itoatkor bo‘lsa-da, bu ham yetmaganday, chiroyli manzaralaru xushta’m yeguliklarni ilinishlari… bir zavqimni keltirsa, bir xavotirimni oshiradi. Har diydor onida yonida bo‘lib, shularni sezmaganimni qarang.

Qush tovushi yana xayolimni bo‘ladi.

“Tavba”, deydi onam.

– O‘zimizda Zuhra aya degan bir xotin bor, – deydi keyin. – Toshkentga kelayotganida tomog‘iga non uvog‘i tiqilib qolibdi. Suv ichsayam ketmasmish, yo‘talsayam chiqmasmish. Toshkentga yetib kelib, endi do‘xtirga oboramiz deb turishsa, o‘g‘li yelkasiga bir urgan ekan, otilib chiqib ketibdi degin. Bir musicha non uvog‘ini shundoq cho‘qibdiyu pir etib uchib ketibdi. Xudoyim o‘sha qushchani rizqini shuncha joydan tomog‘imning ichida olib keldi-ya, bitta musichani rizqi deb jonim qancha qiynalganinini aytmaysizmi, deydi. Biz ham el-yurtdan uzilib shuncha olisga kelganimizning bir hikmati bordir, yo‘limizni bejiz shu yoqqa burmagandir?

* * *

Onam hardamxayol, qoshlarini chimirib-chimirib, bir nimalarni o‘ylayapti.

Tik qadli shamshodlarga, ulkan chinni atirgullarga termiladi, yam-yashil barqut yaproqlarini silab ko‘radiyu xayoli o‘zida emas.

Tag‘in dengiz bo‘yiga chiqamiz, o‘sha yerdagi taxta o‘rindiqlardan biriga o‘tiramiz.

– Yana nimalarni o‘ylayapsiz, ona?

Tirish yuzlariga, o‘zim yaxshi ko‘radigan g‘adir-budir qo‘llariga to‘yib-to‘yib qarayman. Onam uzoqlarga tikiladi, o‘ylarini bilib bo‘lmaydi.

Bir mahal ko‘zidan yoshi duv etib oqib ketadi.

– Ona? Nima bo‘ldi?

– Bilmasam, – deydi o‘zini to‘xtatolmay. – O‘pkam to‘lib ketdi, jon bolam.

Tevarakka termiladi, ro‘molining uchi bilan mijjalarini artadiyu hech o‘zini bosolmaydi.

– Nima bo‘ldi, axir?

– Enang… – deydi yosh boladay hiqillab. – Kelishimizda dunyoda shunaqa chiroyli joylar bor, sizga ilindim devding-ku? Men ham enangga ilinib ketyapman…

Elkalari silkinib-silkinib, o‘pkasi to‘lib-to‘lib yig‘laydi. Ne qilarimni bilmayman.

Bir gapiradi, bir o‘ksinadi.

– Bolam-chaqam deb sira tinmasdi boyaqish. Issiqlardayu sovuqlarda jonini jabborga berib urinardi. Dalalarda ishlardi, yetmaganiga sigirga yemish bo‘lsin deb tutqator oralarida o‘t o‘rib, o‘shancha joydan boshiga qo‘yib ko‘tarib ham kelardi. Shom qo‘nib-qo‘nmay ovqatga urinib ketardi, ertalablari allaqachon sut sog‘ib, hovlini supurib, o‘choqda choy qaynatib ulgurgan bo‘lardi. Shu joylarga qaraganim sayin esimga enang kelyapti…

Dengiz shovullaydi, to‘lqinlari ko‘piklanib oyoqlari ostiga bosh uradi-da, ortiga qaytadi.

– Mehnatlar, zahmatlar, qanchadan qancha qiyin-mashaqqatli kunlar, o‘ylasam, ichim to‘lib ketyapti. Otang, singillaring, qo‘ni-qo‘shnilarim… bari ko‘z oldimga kelib turishibdi. Bolajon, bu joylar nihoyatda ajoyib ekan… Umrim bino bo‘lib ko‘rganim dasturxonda bir burda non-choy, nonpalov, yovg‘on bo‘ldi. Yetti pushtim yetti uxlab tushiga kirmagan joylarga opkeb qo‘yding-u… Mana, ertaga tong ham otadi. Shu chiroyli suvlar adog‘idan quyosh chiqib keladi…

O‘ksinishlarini ko‘rib, mehr bilan bag‘rimga bosaman, ummonlarning erkin shamoli yulqilayotgan ro‘molini tuzataman. Mushtdaygina, yosh boladay bo‘lib bir nimalarni gapirayotgan onaizorimni yupatolmay halakman.

– Jon bolam, ketaylik o‘zimizni yurtlarga, – deydi ona. – Sen sira xafa bo‘lma, ammo men bunaqa joylarda yurolmas ekanman.

* * *

Saharlab yana sohilga chiqamiz.

– Voy, to‘lqinlanishini! – dedi onam, sohilga shovullab urilayotgan katta-katta dolg‘alarga boqib. Keyin xuddi odamday hol-ahvol so‘raydi. – Hay, yaxshi yotib turdingmi sen ham?

Onaizorning kayfiyati yaxshi.

– Dengizdan ham hol-ahvol so‘raydimi?

– So‘ramaydimi? Shu bechorayam xudoyimni maxlug‘i…

To‘lqinlar kelib, yana oyog‘iga bosh urishadi.

Onam dengizga qarata shunday deydi:

– Bo‘pti, biz ketyapmiz. Yaxshi qol.

Qirmizi yo‘laklardan borayotsak, onaizor birdaniga to‘xtaydi. Daraxt shoxida bir nimani ko‘rib, jilmayadi. Qarasam – olmaxon! Qo‘lida hanuz bujuri, munchoq ko‘zlarini tikib turibdi.

– Sen ham borgin biz tomonlarga, xo‘pmi? – deydi onam, olmaxonga.

Yuklarimizni tartibga keltiraman. Ha, onaizorning kayfiyati yaxshi, hujjatlarni to‘g‘rilagunimcha bo‘xchasini tizzasiga qo‘yib, shohlar saroyidan qolishmaydigan orom o‘rindiqlarining bir chetida o‘tiribdi.

Bepoyon dengiz sohillari shu tariqa ortda qolib ketadi.

Eh ona, deyman. Qadimiy shaharlarni, suv ustidagi manzilgohlarni, g‘or-qishloqlarni, shoh saroylariniyu ko‘hna ibodatxonalarning ulug‘vorligini, bepoyon ummonlardagi ulkan yunusbaliqlarni, kechalari o‘zidan nur taratib suzadigan dengiz ajoyibotlarini ko‘rsataman degan edim. Haqiqatan ham uzoq yillar sira tinim bilmadingiz, tomorqalardayu dalalarda joningizni jabborga berib mehnat qildingiz. Issiq qayta boshlagan yoz oqshomlarida oila jamuljam, ko‘nglingiz qoniqish ila to‘lib-to‘lib ovqatlar pishirdingiz, shuncha bolani voyaga yetkazaman deb urinib-tirishdingiz. Ajoyib yelkanli kemalarni, kuy chaladigan qoyatoshlarni ko‘rsataman degan edim-ku? Ha, dunyo shunaqa keng, ajoyib, shularga mahliyo bo‘lib, qalbingiz bir dam yayraydi, degan edim…

Bo‘lmadi-ku?

* * *

…Aeroportga kelamiz. Safar qaridi.

Notanish tillardagi turli tuman e’lonlar orasidan birdaniga issiq, qaynoq bir so‘z yangraydi:

– Your attention, please! Flyght Uzbekistan Airlines number two seven two to Tashkent is boarding now. Passangers are requested to proceed to gate number two two five[2].

– Voy, O‘zbekiston dedimi? – atrofiga alanglab so‘radi onam.

– Ha ona. Toshkentga uchadiganlar falon joyga borsin, deyapti.

– Otingdan aylanib ketay, qulog‘imga biram issiq eshitildi-ya, – deydi onam. – Yuraqol, bolam.

Onam menga xushhol qarab turar, nigohida sevinch balqirdi. O‘sha, men universitetga o‘qishga kirganimdagi, qizalog‘im tug‘ilganidagi, yangi ko‘ylak olib berganimdagi sevinch…

– Umrim bino bo‘lib dengizni ko‘rmagan edim, – deydi onam, o‘ychan. – Qara-ya, nihoyatda bepoyon, shovullaydigan bo‘lar ekan. Xalqini shu boqar ekan-da…

– Tavba, kimdir shunaqa joylarga kelib mahliyo bo‘lib, maza qilib dam olib ketsa, meni o‘ylaganlarimni qara, – deb xushhol kuladi. – Endi, shunaqaman-da, bolam. El-yurtsiz dengiziyam, tog‘iyam tatirmidi?

– Mana, shuncha kun yurdigu yeganim ichimga tushmadi. Xudo yaratib qo‘ygan shu mo‘jizalarni bir o‘zim ko‘rayotganimdan iymandim. Singillaring, amma-xolalaring, tog‘ayu amakilaring, tumonat xalq turibdi u yoqda. Qo‘shni to‘y boshlab qo‘yuvdi, tog‘ang qiz chiqarmoqchiydi…

Keyin chig‘anoq parchasini ko‘rsatdi.

– Shuni olvoldim, – dedi. – Suvda chiroyli ko‘rinadi deding-ku? Oborib ko‘rsatay, qulog‘iga tutib shovullashiniyam eshitishsin. Xudo xohlasa, keyingi gal hammamiz kelamiz, o‘shanda maza qilib yayraymiz.

Nimayam derdim? O‘h-ho‘, shuncha odamni olib kelish osonmi? Lekin onamning so‘zlari qalbimga quvvat baxsh etdi. Ha, albatta kelamiz. Axir, bir o‘zim uchun emas, yaqinlarim, jigarlarim uchun ter to‘kaman-ku? Shularning quvnashi, yayrashini istayman-ku? Bir mengina emas, yurtda hech kim yolg‘iz o‘zi uchun urinmaydi. Ko‘pchilik uchun, ro‘zg‘orim, bolam-chaqam, otam-onam, qavmu qarindoshim deb zahmat chekadi-ku?

– Albatta kelamiz, – dedim onaizorga. – Dunyo go‘zalliklarini ko‘rish uchun, ajoyibotlarni hayrat ila tomosha qilish uchun, yaqinlarimiz, jigarlarimiz, mehribonlarimiz, bola-chaqamiz bilan kelamiz.

– Hammamiz birgalashib-a? – so‘radi onaizor.

– Hammamiz birgalashib, o‘zimizning odamlar bilan!

– Ha-a, yaxshi bola bo‘psan, – deb alqab qo‘yadi meni…

Tekshiruvlardan o‘tarkanmiz, xizmatchi qizlardan biri onamga qaray-qaray, nihoyat yonimizga kelib so‘radi:

– Sorry, where do you fly? Er-Riyadh? Paris? Jeddah?

– Kechirasiz, qayoqqa ketyapsizlar, Ar-Riyodgami, Parijgami, Jiddagami deb so‘rayapti, – deb tushuntirdim onamga.

– Uyga! – deb javob qildi onam menga bir qarab, yoyilib jilmayib. – Uyimizga-da, bolam…

(“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, №5, 4352. 29.01.2016).

______________________________________________

[1] Diqqat qilingiz! 552-reys bilan uchuvchi “Eyr Frans” Parij uchog‘iga chiqish e’lon qilinadi. Yo‘lovchilar 221-uchish yo‘lagidan samolyotga chiqishlari mumkin.

[2] Diqqat qilingiz! “O‘zbekiston Havo yo‘llari”ning 272-reys bilan Toshkentga uchadigan uchog‘iga chiqish e’lon qilinadi. Yo‘lovchilar 225-uchish yo‘lagidan samolyotga chiqishlari mumkin.