Isajon Sulton. Genetik (roman)

Muqaddima

Aytadilarki, bir odam daryo yoqalab kelayotib, kattakon yombi topib oldi. Qo‘ynidan yong‘og‘ini olib, chaqmoqchi bo‘lib uringan edi, yombi bir necha bo‘lakka bo‘linib ketdi. “Yaltiroq bo‘lgani bilan hech nimaga yaramas ekan-ku”, deya afsuslanib uni otib yubordi-da, qirg‘oqda qalashib yotgan oddiy toshlardan biri bilan yong‘og‘ini chaqib yedi hamda murod-maqsadiga yetib, o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.

Birinchi qism

“Tong ota boshladi,
so‘ng uning izidan yer yuzi yorishdi.
So‘ng quyosh chiqdi, hamma yoq yorug‘ bo‘ldi.
Er yigit emaklab bordi, Tangriga yo‘liqdi…”
Qadimiy turkiy bitiklardan

Ona tuproq
(Genetikning birinchi hikoyasi)

Qishloq. Yoz. Jazirama.
Qoq tush mahali baqaterak ostidan zaif bir “puf” yelib o‘tadi.
U – shu makonning mitti epkini. Terak barglarini bir chayqatadi-yu, ariq bo‘yiga o‘zini tashlaydi. Yana birini suv shabadasi deydilar. Qayrag‘ochdan uzoqqa ketolmay, kambar barglar orasida aylanib esadiganiyam bor. Quvvati kuchliroq bo‘lgani sababli sal beriroqqa kelib, issiqda qimir etmay turgan jo‘xorilarning uzun, sariq hoshiyali yaproqlarini chayqatib o‘ynaydi.
Ba’zilari yo‘llarda sho‘xlik qilishadi. Qumoq yo‘ldan ketavering-chi. Yo‘l o‘rtasida yo chetida mitti girdob yasab, tuproq to‘zg‘itib pirillayotgan quyunchani ko‘rib qolasiz. Birozdan keyin o‘z-o‘zidan tinib, mayda xas-cho‘plarni sochib yuboradi.
Yana bir turli shabada tongu shomda bedazor­lar tomondan esadi. Saharlab o‘sha yoqqa ketib, oqshom iziga qaytsa kerak. Bedazorga yetgunicha tomorqalar uzra yeladi. Qo‘shnining ko‘zi ko‘r laychasi uni sezib, huradi.
– Itga o‘xshamay o‘l, muncha hurasan? – deydi ona unga.
Olislardan keladigan qudratli shamol esa tevarakni kulrangga o‘zgartirib yuboradi. Balki chang ko‘targani uchun samo kul tusiga kirar? Avvaliga ko‘klarda yeladi, keyin pastga tushganida benihoya ko‘p tovushlar hosil qiladi. Devor boshidagi guvalaklar bo‘g‘iq guvillaydi. Bo‘g‘otlardan ham shunaqa sas chiqadi. Darvoza yoriqlaridan kirib hushtak chaladi. Hovlida valishga ilib qo‘yilgan tolsavat cho‘plari shirillaydi. Ona dorga osgan kirlarini uyga olib kirib ketgan. Tarang tortilgan chilvir dirillagan sas chiqara boshlaydi.
Daladagi tovushlar esa tamomila boshqa va ayqash-uyqash. Yerdagi no‘xat bilan loviya poyasi uzun, ingichka, tinmay siltanadi. Shamol zabtida xinoning qobig‘i yorilib, ichidagi qizil urug‘larini sochib yuboradi. Makkalar shovullaydi. Daraxtlar ostiga borsangiz shitirlagan, chitirlagan, zirillagan yuzlab saslarni eshitasiz. Bular orasida chiyilloqlari ham bor. Kurmakning uzun poyasi shunaqa tovush chiqaradi. Daraxt shoxidagi qush polaponlari qo‘rqib chiyillashadi.
O‘h-ho‘, uni o‘shanda ko‘rsaydingiz! Yoyib qo‘yilgan kirlarni uchiradi, mo‘rt teraklar, shoxlarini bemalol yoyib yuborgan tol-o‘riklar qarsillab sinadi, tanasining och-sarg‘ish bag‘ri ochilib qoladi.
U ko‘pincha yomg‘ir bulutlarini surib keladi. Bulutlar ham turli-tuman. Oralarida chaqmoqlari bilan keladigani bor, u shiddatli jala quyadi. Tomchilari kichikroq bo‘lsa, hammayoq shovullaydi. Kattaroq bo‘lsa, ko‘lmaklarda pufakchalar hosil qiladi. Bo‘tana suvlar xaslarni aralashtirib oqizadi, ba’zan yalpiz yaproqlarini uzib yuboradi, ular ham xaslarga qo‘shilib oqadi.
Qaylardadir yomg‘ir qirq kecha-kunduz yog‘adi deydilar. Ummonlar uzra shovullab quyadigan jalalar ham bo‘larmish. Balki dunyoning boshqa joylariga borsangiz, yomg‘irlari begona tuyular? Sababi: taftiyu hidi, tovushlari o‘zga. Bizda esa mol-qo‘y isi, kimningdir bolasini chaqirgan ovozi, chechak aralash o‘tloq hidlari aro yoqqan yomg‘ir turfa tovushlar bilan birga, islarni ham hosil qiladi. Avvaliga yer betlarida mitti kulrang nuqtachalar paydo bo‘ladi. Unaqa nuqtachalarni nafaqat yer betida, balki tom ustida ham ko‘rasiz. Tomchilar dov-daraxt, o‘t-o‘lan ustida turib qoladi. Dala-tuzni, tuproq yo‘llarniyu so‘qmoqlarni, o‘rilgan pichanlarni bir xilda qoraytirib-namlab, shivalab uradi. Keyin hamma yoqni shalabbo qilib tashlaydi. Makkapoyalar, yer betida qolib ketgan ashyolar, qo‘radagi eski o‘tinlar – bari birday namlanadi. O‘rmalab ketayotgan chumoli ustiga tushsa, chumoli qo‘rqib to‘xtab qoladi. O‘rgimchak to‘riga tushsa, to‘r egasi apil-tapil qochadi, yomg‘ir ekanini biladi. Hayvonlar bamaylixotir bosh chayqab, rizqini yeyaveradi. Parrandalar esa bostirma ostiga o‘tib oladi.
Yomg‘ir ostida daraxt shoxiga chiqib olib, osmonga qarab qichqirgim keladi.
Qiziq, qushlar yomg‘irda qochib ketmaydi. Qarg‘a, zag‘cha, qaldirg‘och bemalol uchadi. Chumchuq bilan musicha berkinib oladi.
Yomg‘ir yoqqanida ham yoqimli, haybatli ohang yaraladi. Har narsa ayri un chiqara boshlaydi. Tol yoniga borsangiz, daryoday shovullashini eshitasiz. Sababi: barglari uchli, uzunchoq, qayiqchaga o‘xshaydi, yomg‘ir suvi ulardan oqib pastga quyiladi. Terak shitirlaydi, yaproqlari tig‘iz bo‘lgani uchun bir-biriga uriladi. Kattaroq bargli daraxtlarda dag‘alroq tovushlar hosil bo‘ladi. Quruq shox-shabbalar boshqa, xaslar boshqa saslar chiqaradi, xullas, butun borliqqa bastachisiyu ijrochisi tabiat bo‘lmish yomg‘ir musiqasi taralaveradi.
– Hoy bola, beri kel! Ivib ketibsan-ku? Nima bor yomg‘ir tagida?
…Mana shular – qalbim to‘ridagi aziz manzaralar. U makonlarga kirsam, o‘zim ham besh-olti yashar bolakayga aylanib qolaman-da. Kichkina etik kiyib, shamol quritib ketgan loy ko‘chalarni kezaman. Daraxtzorlarni, jingilzorlarni aylanaman, eng mayda hodisalargacha nazar solaman.
Odamlar esa o‘sha hodisalar bilan birgalikda jonlanadi. Bir kechayu bir kunduz tinmasdan esib, yeru ko‘kni quritib ketadigan shamol xayolimda qo‘shnimiz Ubay akaning qichqiriqlari bilan birga sadolanadi. Yana, maktab sinfxonasidagi olov gurillagan qora cho‘yan pechka, deraza tirqishidan kirayotgan yelvizakda sovqotib, quloqchinlarini tushirib saboq olayotgan bolalar, ko‘zga ko‘rinmas havoning zug‘umli hayqirishlari aro patlari yulqina-yulqina, uyasidan nari ketolmay yurgan parrandalar, nihoyatda zerikarli va hech kimga keraksiz dunyo fanlari namoyon bo‘ladi. Yomg‘ir desam, bahor jalasida ba’rab shataloq otgan qo‘zilar bilan bir qatorda bepoyon dalalar ko‘z oldimga keladi, qalbimni shirin hislar chulg‘ab olaveradi. Bol deganida biznikiga mehmon bo‘lib kelgan, olis ajdodlarimizning qaysi bir halqasida qanaqadir aloqasi borligi uchun qarindosh desa ham bo‘laveradigan qishloqdoshlarimizni eslayman. Ular bilan kelgan qizaloqni ko‘rib bir lahzaga qotib qolgandim go‘yo. Qizgina nihoyatda chiroyli edi, ammo chiroyi nimada desangiz, javob berolmasligim ham bor gap. Qarindoshlar o‘shandan keyin qaytib kelishmadi, yashash joyi Dashti Qipchoq ekanini bilsam-da, tasavvurimda juda olis, tushunarsiz g‘alati makonday bo‘lib qolaverdi. Meni dovdiratgan – turli ifodalarni akslantirgan ko‘k-yashil, gavhar ko‘zlarimidi?
U mahallar atlas burmali ko‘ylaklar urf bo‘lgan, tus qora sochi uzun edi… Asalari to‘dasini ko‘rsatganim, uyadan oqib tushgan bolni berganim, tiliga tekizib ko‘rib: “Rosa shirin ekan”, deb minnatdor qaragani ham esimda.
Ongim u manzarani kuchaytirib, ranglarini yorqinlashtirib o‘ziga jo etgan. Ko‘rilgan-bilingan hodisalarning tasavvurda o‘zgarib jonlanishidan xabar topganimdan keyin shunga diqqat qiladigan bo‘ldim, bilsam, aynan men ko‘rishni istagan shaklda jonlantirar ekan.

* * *

Sap-sariq quyosh samoga ko‘tarilganida, osmon bag‘ridagi bir nechta bulut yer betida asta siljuvchi soyalarni va har yer-har yerda osmondan yergacha ingan yorqin nur dastalarini hosil qiladi. Nurlar dov-daraxt va buta shoxlariga zar libosini kiydirsa, bulut ko‘lankalari ularni birpasda kulrangga bo‘yaydi. Oftob ko‘tarilgani sayin butalar, kichik qirlar, og‘ochlarning uzun soyalari qisqarib, o‘ziga o‘xshamay qoladi, kichraya-kichraya, egalari poyida yotgan xufya askarlarga aylanishadi. U askarlar yer betida har yer-har yerda, xuddi dala-tuz tinchini qo‘riqlagan kabi, har do‘ng, har tepa, har buta ostida turishadi, birining miltig‘i, birining kamoni, yana birining qalqoni ko‘lanka bo‘lib ko‘zga tashlanadi. Tevarakda esa asta-sekin ulug‘ bir siljish ro‘y beradi.
Bunday manzaralar qo‘shnimiz Niso xolaning qarovsiz terakzori orasida ham namoyon bo‘ladi. Niso xola yolg‘iz kampir edi, qo‘ni-qo‘shnilar bechoraga har kuni ovqat chiqarishardi. Terakzor osti soya bo‘lgani uchun har narsa g‘alati tarzda o‘sib ketgan, masalan, otquloq barglari naq bir qulochga yetgan, bilsangiz, uning yaprog‘ining iplari bo‘ladi, eng uzun iplar o‘shandan chiqadi. Soya bu yerda harakatlanmas, turg‘un, shu sababli boshqa o‘t-o‘lanlar ham uzaygan, yovvoyi qo‘ziqorinlar odatdagidan ancha katta, hatto o‘rgimchaklar ham kattalashib, ulkan to‘rlar to‘qigan.
Qayrog‘och shoxlari orasidagi asalari to‘dasini o‘sha yerda tasodifan ko‘rib qolganman. Ostidan o‘tib ketayotsam, boshimga, sochlarim orasiga quyuq bir nima tomchilab, yuzimga oqdi. Siypalab ko‘rsam – asal! Suyuq, novvotrang, gul isi anqib turibdi. Tepaga qarasam – baland shox orasida g‘uj asalari to‘dasi! Qaydan kelganiga aqlim yetmadi. O‘sha yerga in quribdi, bol ham to‘plabdi.
Otamga aytsam, o‘ylanib turib: “Qaydandir ajralib chiqib, shu yoqqa kelib qolgandir? Egasini topmasak bo‘lmas, nima bo‘lganda ham birovniki”, dedi.
Lekin asalari sirini otamga Dashti Qipchoqdan kelgan mehmonlar orasidagi qizdan so‘ng aytganman. U qiz kelib-ketgungacha bir-ikki kun ichimga sig‘may yurganman. Otam yoki ukalarim tomorqaning o‘sha xilvat tomoniga o‘tishsa, asalarilarimni ko‘rib qolishmasmikin deya jon hovuchlardim. Asalarilar kechalari qanaqa uxlashar ekan? Qo‘limga fonar olib tunda daraxtga tirmashib, nima qilayotganini ko‘rgim keladi. Lekin tunda bo‘lsa-da chaqib olishi mumkinligi hayiqtiradi ham. Chunki bir-ikki kishini asalari to‘dasi quvlaganini bilaman, qo‘llarini havoda silkita-silkita qochishganini ham eslayman.
Asalari odamdan boshqa kimni chaqishi mumkinligi haqida o‘ylayman.
Chumolini chaqolmaydi, chunki kichkina. Qushniyam chaqolmaydi, pati bor. Hayvonlarniyam chaqolmaydi, sababi – terisi qalin. Unda, kimni?
– Ayiq asalni yaxshi ko‘radi, – dedi otam. – Uyasi bilan qo‘porib olib, panjalarini botirib, yalab-yalab yeydi. Asalxo‘r ayiq bu atrofda yo‘q, bo‘lganida ham chaqolmasligi aniq.
– Unda kimni?
– Odamni-da, – kuldi otam. – Asalini olaman desang, chaqadi.
Dushmani odammikin? Yana aqlim yetmaydi.
Uya asalga limmo-lim bo‘lsa kerak. Har zamonda bir chakillab tomadi. Tomchisiga kaftimni tutaman. Shaffof, tiniq, katta tomchi. Qarasam, daraxt tanasi chumolilarga to‘lib ketibdi. Hammasi bol ishqida o‘rmalashyapti.
U bol qaydan keladi?
Asalari qaydan topadi uni?
Ularni kuzataman. Asalari zirillab uchib keladi, gulkosa ichiga kiradi. U yerda juda nozik, chiroyli changli joyi bor. O‘sha yerda bir nimalarni to‘playdi. Sinchiklab qarayman-u, bolni ko‘rmayman. Arilar birin-ketin uchaverishadi.
O‘sha kuniyoq otam quti topib, yuz-ko‘zini latta bilan o‘rab, uyani olib tushadi. Asalarilar g‘uj bo‘lib ergashadi. Otam uyani quti ichiga soladi, qo‘li bilan asalarilarni haydaydi. Eh-he, ular son-sanoqsiz. Joylagach, menga uzoqdan asalini ko‘rsatadi. Sarg‘ish katakchalarga joylar ekan. Onam bergan kosani olib boraman, tegrasida asalarilar g‘ujg‘on o‘ynagan otam kosaga asal oqizadi. Kosa yarim bo‘lgach, u yerdan uzoqlashadi. Asalarilar biroz quvib keladi-da, ortga qaytadi.
Barmog‘imni tiqib, yalab ko‘raman. Juda lazzatli, tomog‘im qirilib, ovozim chiqmay qoladi.
Dashti Qipchoqdan kelgan qiz menga o‘sha asalni eslatadi. Yuzi novvotrang, o‘shanday shirin bir nimadan darak beradi. Peshonasiga bir-ikki husnbuzar toshgan edi, o‘ziga yarashgani-chi? Qo‘llari ham esimda, alanga oldida o‘tirganimizda ko‘rganim – odatiy qavargan, mehnatkash qo‘llar edi. Ust tarafi qoraygan, kaftining ichi esa nimagadir qizg‘ish, ya’ni, xino qo‘ygan ekan. Rosa gapirganim ham esimda, ajabki, nimalarni gapirganim yodda yo‘q. Gapimni tinglaganida xiyol jilmayishiga mast bo‘lib, o‘zimni ko‘rsatgim kelgani-chi? O‘shanda nima uchundir terakning uchiga chiqib chumchuq polaponini optushgim kelgan edi. Yana, katta to‘nkani ko‘tara olishimni ham ko‘rsatganman. Bular mayli, daraxtu ekinzorlar uzra ucholganimda, qo‘llarimni keng yoyib, ko‘klarda charx urib aylangan bo‘lardim.
Keyin erkak-xotin ayri-ayri ovqatlanishdi. Erkaklar so‘rida, xotinlar ayvonda, u yoq-bu yoqdan juda zerikarli gaplardan gapirib o‘tirishdi. Ota-bobolari shu qishloqda yashashgan ekan, u mahallarda turmush juda xarob, shoyad o‘nglansak deya uzoqlarga ko‘chib ketishganmish. Sochiga cho‘lpi taqib olgan kampir “Nimagayam o‘sha yoqlarga ketgan ekanmiz, darvoza tiq etsa vatanimdan birov keldimikin deb sochim oqardi” deb yig‘ladi. Bu gap-so‘zlar o‘z to‘dasidan ayrilib daraxtga kelib o‘rnashgan asalarilar to‘dasini ham esimga soldi. Taom yeyilib, fotiha qilingach, xuddi shu tartibda joy to‘shaldi, hamma uyquga yotdi. Teraklar ortidan sarg‘ish-qizg‘ish tusli katta oy ko‘kka ko‘tarildi. Yog‘dusi ayvonga tushganida, xayolim u qizning sochlari yoyilib uxlayotganini ko‘z oldimga ro‘para qildi, hatto peshonasidagi bir-ikkita qizg‘ish po‘rsillagan husnbuzarigacha ko‘rsatdi.
Ertasiga saharlab turganimda mehmonlar yo‘q, xayrlashib jo‘nab ketishgan ekan.
– Bir chiroyli qizchasi bor ekan, ismi Intizor emish, – deyishdi xotinlar.
Qizning ismi Asal emas, Intizor bo‘lib chiqqani tasavvurimni o‘zgartirmadi, balki daraxt shoxlaridan tomgan bolni tatib ko‘rib ko‘zida quvonch ila kulgan qiz bilan tunda ko‘tarilgan ulkan oy birlashib, yetib bo‘lmas armonli manzaraga aylanib qoldi. U paytning issiq, tig‘iz havosi, yaproqlar orasidan tushib turgan dasta quyosh nuri hamda o‘sha nur dastalarida yog‘dulanib uchgan kapalagu ninachilar, tabiatning umumiy shovqini aro kimningdir bolasini chaqirgan, kimningdir kulgan, kimningdir ozorli ovozi, hayvon tovushlari va qaydadir shodlanib hurgan kuchuk saslari ila o‘sha tutab turgan nigoh birlashib, qalbimga joylandi.
Men u qiyofa endi sira o‘zgarmasligini, oradan qancha yillar o‘tsa-da, bir xilda malohatli bo‘lib qolaverishini bilmagan ekanman. Safarga ketayotganlar aziz qiyofalarni endi sira ko‘rmayman, deb afsuslanishadi-ku? Oradan shuncha yil o‘tdi, ko‘p kunlarni boshdan kechirdim deyman-u, ichimda haliyam o‘sha bolakay yashayotganini sezib turaman. Manzaralarga qarab quvonsam, u ham qiqirlab kuladi. Asal qiz ham ichimda o‘sha malohati ila o‘zgarmasdan qolgan…

* * *

Asalariday beozor, tartibli hasharot yo‘q deyishadi. Kattalar aytishicha, bol to‘plashidan tashqari, gul-chechakni changlantirar emish. Bahor issiqlarida chaman bo‘lib ochilgan gullar orasida albatta asalari manzarasi bor. “Biz ham asalariday tinmaymiz, – deydi otam. – Ammo tashib kelgan rizqimiz qayda-yu, asal qayda?”
Sigir deyarli barcha xonadonlarda bor. Qaysi o‘tni yoqtirib yeyishini, qay biri zarar ekanini hamma yaxshi biladi. Xotinlar daladan g‘aramlab o‘t o‘rib kelishganini ko‘p ko‘rganman. Taom tayyorlagandagi sabzavot po‘choqlariyu ovqatning qolgan-qutgani berilaveradi. O‘zimizning sigirlarga nima bersangiz yeyaveradi, kurmakni, sho‘rani, makka poyasini, ajriqni, bedani, arpani yoqtiradi. Ajriq tezda suvsatadi, kurmak poyasi suvli bo‘lgani uchun sug‘ormasa­ngiz ham bo‘laveradi. Semizo‘t ichini o‘tkazib yuboradi, bangidevona miyasini aynitib qo‘yadi. Tol, behi, gilos, uzum barglarini oxuriga solsa bo‘ladi, terak bargini bermagin, zahari bor deydilar.
– Xudoi taoloning qudratini ko‘r, – deyishadi kishilar. – O‘tlab-semiradigan, har yili o‘z-o‘zidan ko‘payadigan go‘shtni qayerda ko‘rgansan?
Mol-holga bunday baho meni hayratlantiradi.
– So‘ymasang, sut-qatiq berib yuraveradi. So‘ysang – go‘sht-da…
Kuzda bolalar mol-holni dala-tuzga haydashadi. Bizning sigir esli, kech kirgan mahal uyni o‘zi topib keladi.
Sigir tug‘sa quvonishadi, oqlik deyishadi. Sutining rangi oq bo‘lgani uchunmi? Buzoq oyoqlari titrab-titrab, mayishib-mayishib sigirga intiladi. Sigir uni rosa yalab-yulqaydi, shunda chiroyli yungida palaxsa-palaxsa, qoramtir ho‘l izlar qoladi. Mana shu holat xotinlarning rahmini keltiradi. “Voy bechora, ena-da” deb, ko‘zlariga yosh ham olishadi.
Sigir faqat tuqqanidan keyingina sut bera boshlashini o‘shanda bilib olganman. Ungacha har doim sut beraversa kerak deb o‘ylagan ekanman.
Buzoqcha ko‘zlarini bir nuqtadan uzmay, tumshug‘i bilan turtib-turtib emadi. Goho qattiqroq turtsa, sigir bechora munkib ketadi, ozorlanib, boshini burib mo‘raydi, ammo tepmaydi.
Ilk suti burda-burda, taxir ta’mli bo‘ladi, uni yosh bolalarga berishadi.
Keyin har tong sut sog‘ilaveradi.
Chelakdagi sut ustiga doka yopib, osib qo‘yi­shadi. Ancha turgach, ustini qaymoq boylaydi. Bolalar qaymoqni sidirib olib yeyishadi.
Avvalroq ivitilgan qatiqdan ozgina solib, ustini o‘rab qo‘ysa, qatiq bo‘ladi. Uni matoga o‘rab quyoshga qo‘ysa, pishloqqa aylanadi.
Sut tabiatning hamma joyida mavjud. Masalan, asalari suti. Asli qanaqa ekanini bilmayman, otam olib keladi. Lekin ta’mi taxir bo‘ladi. Go‘daklar, bolalar shamollasa, qoshiq uchida berishadi.
O‘t-o‘lanu daraxtlarning ham suti bor. Momaqaymoqning och-yashil poyasi naychaga o‘xshaydi, ikkiga bo‘lsangiz, achchiq ta’mli oppoq suyuqlik toshib chiqadi.
Qo‘y, tuya sutiniyam ichish mumkin. Echki sutini kasallarga ichirishadi. Mol, qo‘y, echki sutidan qurut yasashadi. Mushuk-kuchuklarning ham suti bor, albatta. Goho dalalarning chetlarida, salqinroq joyda bolalagan it yonboshlab yotganini, ko‘zi endigina ochilgan uch-to‘rtta kuchukvachcha qatorasiga emib yotganini ko‘rib qolasiz.
Yoz jaziramalarida qorni qappayib, zo‘rg‘a yurgan hayvonlarni ko‘rgansiz-ku? Xotinlarning rahmi kelib, oldiga tovoqda yegulik qo‘yishadi. Kechagina irillab yurgan itning zug‘umi g‘oyib bo‘lgan, bolalar yaqiniga borsa ham mo‘ltirab qaraydi. “Menga tegma, ahvolimni ko‘rmayapsanmi deyapti”, deyishadi xotinlar. Yegulikni yeb, keyin lapanglaganicha o‘z joyiga qarab ketadi.
Umuman, sut muqaddas narsa. Yerga sut to‘kilsa, ayniqsa, xotinlarning joni chiqadi, sutni to‘kkan bolasini ayamay urishadi:
– Nega to‘kding, bola bo‘lmay o‘l! Ko‘zing ko‘r bo‘lib qoladi-ya!
Qaysarroq kimningdir fe’lidan so‘z ketsa, “Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi” deb ham qo‘yishadi.
Qo‘shnining bolasining qulog‘i og‘rib qoladi.
– Qulog‘iga sut tomiz!
– Uni qaydan olaman?
– Narigi qo‘shnining kelini ko‘zi yorigan, o‘shanga aytsang beradi.
Sut tomizilsa, quloq og‘rig‘i barham topadi.
Qo‘shni xotinni “Ko‘kal xola” deb chaqirgin, deyishadi. Chunki qo‘ni-qo‘shnining bolasi ochqab yig‘lasa, emizib qo‘yaverar, sutini qizg‘anmas ekan. Tegradagi uch-to‘rt xonadonning bolalari shu tariqa ko‘kaldosh bo‘lib qolishgan. Ko‘kal xola buyurgan ishini ado etgan bolalarga “Emizgan sutim halol bo‘lsin” deydi, sho‘xroqlarini esa “Bergan sutimga rozi bo‘lmayman” deb qo‘rqitadi.
Yoshi kattaroq bolalarga xotinlar “Hozir emizib qo‘yaman” deb po‘pisa qilishi-chi? “E, bor-e” deb to‘ng‘illab nari qochishadi bolalar. Chunki emizib qo‘ysa, mazaxga qoladi.
Chaqaloqchalar qo‘lchalari bilan onasining ko‘ylagiga tirmashib olib, emib yotishadi. U mahalda nigohlari sokin bo‘lib qoladi, iyaklari titrab, oqi xiyol ko‘kimtir, qorachig‘i katta ko‘zlarini bir nuqtaga tikib, miq-miq emaverishadi.

* * *

Mana shu tarz, yomg‘irdan keyingi ko‘chalarning loylari aro uyga kiramiz. Yumushlar barham topib, kech mahali sandal atrofiga tizilamiz. Benihoya qiziqarli matallar vaqti keladi.
Sandal atrofida qariyalar ertak boshlashadi, shulardan biri – Nuh alayhissalom haqida.
…Bir kuni Nuh alayhissalomning xotini non yopibdi. Nonlari qip-qizarib, po‘rsillab pishibdi. Tandirdan uzib savatga solayotsa, qo‘li kuyib, bittasi yerga tushibdi.
– Yengchasi yo‘g‘akanmi?
Engcha – bilakkacha yetadigan, qalinroq matodan ichiga paxta solib tikilgan uzun qo‘lqop. Bir tarafi qorayib-kuyib ketgan bo‘ladi, yomg‘irda namlansa, kuyik isi anqiydi. Xotinlar yangi pishgan issiq nonlarni o‘sha yengcha bilan uzishadi.
– Borakan-u, ammo qo‘liga kiyvolish esidan chiqqan ekan. Yoki non yopaverganidan ilma-teshik bo‘lib ketganmi?
Xullas, non yerga tushganida xotin:
– Hah, o‘lgur, – debdi
Shunda Nuh payg‘ambar aytibdiki:
– Hoy nodon, rizqniyam so‘kadimi odam? Qani, tavba qilib, nonni yerdan olib ko‘zingga sur-chi!
Xotin shunday qilibdi. Yerga tushgan non bo‘lagini olib, puf-puflab ko‘zga surtish odati o‘shandan qolganmish…
Matallarning ko‘pida xotinlar nodon bo‘lib tasvirlanishiga aqlim shoshadi. Tashqariga chiqqanimda ularga qiziqsinib qarayman, sirayam nodonga o‘xshashmaydi.
Payg‘ambar deyishsa, xayolimga to‘n kiyib, beliga belbog‘ bog‘lagan nuroniy, nasihatchi chollar keladi. Aytadilarki, Nuh alayhissalomning uch o‘g‘li bo‘lgan, to‘ng‘ichidan, ya’ni bosh bo‘g‘inidan bizning ota-bobolar tarqagan ekan. U rivoyatga odamning aqli bovar qilmaydi – to‘fon qayda-yu, biz qayda?

* * *

Odamlar hamma narsani o‘zgartirib, jon ato etib olishganiga yana hayron qolasiz. Masalan, nonning joni bormidiki, gapirsa?
– Nonni teskari qo‘yma, gunoh bo‘ladi.
– Nega?
– Rizqing qiyiladi.
– Kuchukni urma!
– Nega?
– Erta bir kun Egamga sendan shikoyat qiladi. Uni kuchli, meni zaif qilib yaratuvding, urib jonimni og‘ritdi, deydi.
– Qiblaga qarab choptirma.
– Nega?
– Moxov bo‘pqolasan.
– Kechasi tashqariga bir o‘zing chiqma.
– Nega?
– Oziqchi opketib qoladi.
“Oziqchi” nimaligini birov bilmasa-da, hamma bolalar undan qo‘rqadi. Bu g‘alati so‘z oziq tishi bilan uyqashligi uchun, nazarimda, o‘xshovsiz tirjayib, oy nuri to‘kilgan kechalarda daydib yuradigan, kurak tishi og‘zidan qoziqday chiqib turadigan bema’ni bir yaratiq qiyofasida gavdalanadi. Bolalarni nega opketadi, birov bilmaydi, ammo katta qozonga suv solib, qaynatib sho‘rva qilib ichadi, deb qo‘rqitishadi.
Qish tunlari uzundan-uzoq, bolalar sandal chetiga tiqilib olib, kattalarning vahimali hikoyalarini quloq qoqmay eshitishlarini ham aytaymi? Odamlarni adashtirib ketadigan g‘alati kishilar, yo‘l yoqasidagi dev, qiz qiyofasidagi ajina, qora yuzli kishi haqida-chi?

* * *

U maskan uzra tunlari yog‘dulangan Oymomo – faqat shu joylarning momosi. O‘zga makonlarda Oy bunaqa ko‘rinmaydi, nomiyam momo emas, deydilar. Tog‘ orasidan qalqqan yoki adoqsiz sahrolarning Oyi butunlay boshqa ko‘rinishga ega emish. Dov-daraxt isi anqigan kechalarda, tutlaru teraklar ortidan havolangan o‘zimizning oy juda aziz.
Tavba, Oy desam, xayolimda Sofiya xolam jonlanadi. Nihoyatda beozor, qalbi yorug‘likka to‘la mushtipar xotin edi. Sofiya xolam desam, yuksak­larda yog‘du sochgan ajoyib Oymomo yodga keladi.
Tengdoshlarim bilan dala-tuzni kezar ekanman, dasht qoraqushiga ko‘p duch kelardim. Boshqa qushlardan farq qilib, hakkalab yurar, xaslar orasidan bir nimalarni izlagani izlagan edi. Necha marta tosh yo kesak otganmiz, lekin biror marta ham tekizolmaganmiz. Odamlar boravermaydigan joylarga xaslardan o‘rab-chirmab, xaltacha shaklida in qurardi. Men ko‘rgan inlar bo‘m-bo‘sh, qoraqush qachonlardir unda tuxum bosib o‘tirgan, nar qush yemish tashigan, so‘ngra jish polaponlarini uchirma qilib, tashlab ketgan bo‘lsa kerak. Dala-tuz sira o‘zgarmadi, nazarimda, ming yillar avval shunday edi, endiyam shunday qolaversa kerak, deb o‘ylayman.
Odamlar hayoti esa o‘sha-o‘sha tarzda davom etardi:
– Hoy, bola bo‘lmay ket! Seni nimaga tuqqanman, dala-dashtda sanqigin debmi? Bor, ishing­­ni qil! Hamma yumush bitta o‘zimgami?
Tevarak nimaga bunaqa? Nega qush uchadigan, qumursqa o‘rmalaydigan, sigir kavsh qaytaradigan, kuchuk huradigan qilib yaratilgan?
Tengdoshlar bilan ham shu mavzuda gaplashib qolamiz:
– Nimaga Xudo bizni odam qilib yaratgan?
– Bir kuni katta bo‘lib, bola-chaqa ko‘rsin deb.
Haqiqatan ham, o‘sha mahalgacha eshitganlarim orasidagi eng to‘g‘ri fikr shu bo‘lib tuyulardi. Butun tevarakning qilayotgan ishi faqat shugina, ya’ni dov-daraxt meva solar, kuzda barglarini to‘kib uyquga ketar, bir necha yil o‘tgach qurib, yo‘qlik olamiga jo‘nardi. Hamma narsa yaratilish va xazonga aylanish hukmi ostida ekan, odam ham shularning biri, deb o‘ylash hayotni osonlashtirardi. Qilar ishing faqat rizq terish, uyga yemish tashish, bola-chaqa katta qilish, shuni eplayolsang, olam gulistonday tuyulardi. Ya’ni, zahmat chekayotgan butun elning hayoti dasht qoraqushinikidan ortiq emas edi.
Mehnatlar esa davom etardi. Samoda o‘zimizning bulutlar suzar, yomg‘iru qorlar yog‘ar, quyosh chiqib-botar, qishloq tepasidan shamollar yelib, tasavvurni juda olislarga – xilvat va bepoyon o‘rmonlarga, ajoyibot o‘lkalariga, ummonlaru muzlar makonlariga olib ketar, ozod-­ozod, odamni sarmast qiladigan go‘zalliklar diyoriga yetaklardi.
Dunyoning qayerlaridadir ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ajoyibotlar bor, biz yashagan qishloq esa tussiz, zerikarli, ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqilgan, ko‘nikilgan makon bo‘lib tuyulardi-da.
– Hoy yashshamagur! Tashla kitobingni! O‘qib odam bo‘larmiding?
– Bor, molga o‘t o‘rib kel!
– Yerni chopib qo‘ymabsan-ku, ahmoq? Necha marta aytaman senga?
Bunday koyishlar bolalarga ko‘p ham ta’sir qilavermas, imi-jimida yumushlarini bitirib, yana o‘yinga mashg‘ul bo‘lib ketaverishardi.
O‘smir o‘n ikki yoshida haliyam bola bo‘ladi. O‘n to‘rtga o‘tganida esa mo‘ylovi sabza uradi, yuzigayu peshanasiga bo‘jamalar toshib, ovozi do‘rillay boshlaganida kattalar nasihatga o‘tishadi:
– Kap-katta bo‘lib qolding, endi ro‘zg‘orgayam qarash. Shu turishda yuravermay, biror ishning boshini tutishni o‘yla.
Qanaqa ishning boshini tutishga aql yetavermaydi. Lekin kattalar nima desa shu: indamay bo‘yin egib ketaverasiz. Yo tomorqada yetilgan meva-sabzavotlarni opchiqib sotasiz, mol-qo‘y semirtirasiz, terak eksangiz, besh-olti yilda imoratga yarab qoladi. Bunga bo‘yningiz yor bermasa, ana, suvchilik yoki traktorchilik qiling… Otangiz to‘g‘ri aytibdi, rostdan ham, bola emassiz-ku?

* * *

Tavba, qush desalar, xayolimda uyasida tuxum bosib o‘tirgan dasht qoraqushiyu qora chumchuqlar namoyon bo‘ladi. U manzaralarning harakatli ekani ajab.
Sigir desalar pov-pov ko‘pirib sog‘ilgan, keyin nimagadir yerga to‘kilgan sut manzarasini ko‘raman.
Nega aynan to‘kilgan sut jonlanishiga aqlim yetmaydi.
Insonlarning qiyofalari ham ma’lum voqea-hodisalar bilan birlashib ketgan, kimni eslamay, qaysidir voqeaga bog‘liq holda jonlanadi. Ubay akani shamollar bilan birga tasavvur qilaman, Sofiya xolam oy manzarasi bilan uyqash, Dashti Qipchoqdan kelgan suluv qiz bol va asal hosil qiladi, onamni yalpiz, rayhon hamda gul ochgan chechaklar yonida, otamni qo‘lida bolta yoki arra, kesilgan daraxt shoxlari yoki yaxshilab ag‘darilib chiqilgan maydon o‘rtasida ko‘raman. O‘zimni mana shu manzaralar ichida uchib yurgan bol arisiday tasavvur qilaman, qay manzaraga yaqinlashsam, o‘sha kattalashib, mayda-chuydalarigacha namoyon bo‘ladi.
Yana ancha yillar o‘tgach, ulg‘ayganimdan so‘ng ham sira o‘zgarmagan dalalar aro boshqa ufqlar yuz ko‘rsatishi xayolimga kelmas edi. Hali yana ko‘p voqealar xotiraga muhrlanishini, fursat bo‘lganida har voqeani turgan joyidan olib aylantirib tomosha qila olish mumkinligidan xabarim yo‘q edi-da. Kishilar olamdan bexabar, shu mitti hududda oddiygina umr kechirar edilar. Hech kimning xayoliga kelmas edi: na halokatli bilimlar, hayot o‘rniga o‘lim-u, baraka o‘rniga falokat keltiruvchi rizqlar, na dunyo bo‘ylab kezib yurgan son-sanoqsiz kishilar, na havolarni yangilab, fasllarni o‘zgartirib esadigan mavsum shamollari…

Laylatulqadr

O‘sha yili ro‘za kuzga to‘g‘ri kelgan edi.
Osmon to‘la qush, chirqillay-chirqillay qaylargadir uchib ketishardi. Har birining ko‘chishining ma’lum vaqti bormi? Qaldirg‘ochlar, ko‘kqarg‘alar, turnalar, o‘rdaklar, g‘ozlar, laylaklar ko‘chganiga guvoh bo‘lganman. Baland teraklaru simyog‘ochlarga savatday in quradigan bu qush goho tumshug‘ida ilon ko‘tarib uchganini ham ko‘rganman. Go‘yo odamlar eshitmaydigan bir hukmi ilohiy kelib, bari yoppasiga juda olislarga ravona bo‘lishardi.
Lekin ketmaydiganlari ham bor-ku? Musichayu chumchuqlar qishli-qirovli kunlarda ham uchib-qo‘nib don-dun terishar, odamlar dasturxondagi uvoqlarni shularga rizq bo‘lsin deya atay qor ustiga qoqishardi. Lekin qish qattiq kelgan mahallarda muzlab o‘lib qolgan qushlarni ham ko‘rasiz.
Kattalar bolalarni ro‘za tutishga undashar, tutishmasa ko‘p ham majburlayvermas edilar. Menga ham bobom uch-to‘rt marta po‘pisa qildi, qo‘rqqanimdan “Xo‘p” desam ham, saldan keyin qornim ochqab, taxta qutidagi nonlardan birini bildirmasdan qo‘ynimga solib tomorqadagi makkapoyalar ortiga o‘tib shosha-pisha yeb olganim esimda.
Kishilar nima uchun bunchalar qiynalib ro‘za tutishlariga aqlim yetmasdi. Odamlar och yurishidan Xudoga nima naf? Xudo haqidagi tasavvurim ham yo‘q, hamma undan qo‘rqishini bilardim, chunki kishilar sal narsaga “Xudodan qo‘rqmaysanmi?” deb gapirishganini ko‘p eshitganman. Nazarimda, ro‘za tutish ham shu qo‘rquv tufayli edi, men bobomning ko‘zini shamg‘alat qilib qornimni to‘ydirib olganimdan keyin qo‘l yoki oyog‘im ishlamay qolishini xavotirlanib rosa kutdim, ammo hech nima ro‘y bermagach, “Kattalar aldashibdi” degan to‘xtamga keldim.
Ro‘za oxirlay boshlaganida odamlar orasida laylatulqadr va Xizr buva haqidagi gaplar paydo bo‘ldi. Xizr – o‘zimizning oqsoqollarga o‘xshab ketadigan bir chol bo‘lib, ko‘zga goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay, mana shunday kechalarda el oralab yurar, ro‘para kelganlarning mushkullarini oson qilar emish.
Kechasi odamlar duo qilib o‘tirishar ekan, Laylatulqadrni laylakka o‘xshagan bir qush deb o‘ylaganman. Qanotini qoqib o‘tib ketsa, odamlarning duosi ijobat bo‘lar, hatto ushlab o‘tirgan narsasi tillaga aylanib qolarmish.
Bu borada qo‘rqinchli gaplar ham boriydi.
Bir xotin bolasini emizib o‘tirsa, Laylatulqadr kepqolibdi. Suyunganidan har narsalarni tilabdi, bir mahal bolasiga qarasa, allaqachon tillaga aylanib qolganmish. “Voydod, boylik so‘ramay men o‘lay” deya tilla bolani quchoqlab faryod ura-ura, aqldan ozganmish.
Kimlardir uni kutib tomda uxlashganini ham aytishadi. Avvallari shunday kechalarda men ham uxlab qolar edim. Bu safar qiziqib uxlamadim.
Tun yarmiga borgan mahal, tomorqa adog‘idan, qo‘shnining teraklari ortidan oy samoga ko‘tarilgan, Ubay aka uyiga chiqib ketgan, Xolis ayam bilan Sofiya xolam so‘rida edilar.
Bir mahal kunbotar taraf yallig‘lanib ketdi. Qip-qizil, g‘alati yallig‘ edi u. Yo‘q, sado kelmadi, shunchaki yallig‘landi. Osmonning yarmini enlab oldi. Keyin orasidan juda yorug‘ bir nima tikkasiga samoga ko‘tarildi.
– Voy, ana Laylatulqadr! – dedi Sofiya xolam. Keyin qo‘llari qaltiraganicha duoga qo‘l ochib yig‘lab yubordi:
– Ey Xudojon, o‘zingga shukr! O‘zingga benihoya shukr!
Laylatulqadr shunaqa bo‘lar ekan-da! Yallig‘ning haybati aqlimni shoshirdi, ma’lum vaqtdan keyin so‘nsa-da, odamlar hayajonlanib javrashar, ko‘pchilik uxlamagan, g‘ala-g‘ovur tinmasdi.

* * *

Oradan bir necha kun o‘tgach, o‘sha tunda yallig‘langan sinoatning, shuncha kishilarni yig‘lashga, qismat xo‘rliklari aro yolvorishga undagan hodisaning siri ochildi.
Bizdan olisda, o‘sha asal yuzli qizaloq yashaydigan Dashti Qipchoq tomonlarda harbiylar bor ekan. Yer ostiga raketalar joylashtirilgan ekan. Harbiylar istagani on yer surilib, tubidagi raketa samoga otilarmish. Juda bahaybat, uzoqqa uchadigan narsa bo‘lar ekan. Borib tushgan joyining kulini ko‘kka sovurib yuboradigan qudratga ega emish…
Laylatulqadr hamda Xizr haqida bundan boshqa, kulgiliroq gap-so‘zlar ham yurardi. Shu qishloqlik bir yigit kechasi egatlarga suv tarab yurgan ekan, ittifoqo bir buva suvdan xabar olgani chiqibdi. Dahana tollar ostida ekan. Tunda, oy yorug‘ida borayotsa, haligi yigit buvani ko‘rib, tili kalimaga kelmasdan serrayib turib qolibdi. Keyin jonholatda yugurib kelib, ikki qo‘llab bosh barmog‘ini ushlab olibdi.
– Qanaqa ahmoq bolasan, qo‘yvor qo‘limni! – desayam qo‘yvormasmish.
– Jon buva, duo qiling, ro‘zg‘orimga baraka kirsin. Zahmatda qiynalib ketdik. Ikkita qizim bor, bitta o‘g‘il ham bersin! – dermish yolvorib.
Shu tariqa, tuproq ko‘chalar, guvalak devorlar, loysuvoq uylar, issiqda hansiragan dala-tuz, har narsaga darrov ishonaveradigan sodda odamlar aro ulg‘ayardik tengu to‘sh. Xizri Ilyos, Nuh payg‘ambar, qadr kechalari, odamlar og‘zida yuradigan turli-tuman rivoyatlar tobora uzoqlashib, olislashib borardi.
Sofiya xolam
Sofiya xolam – esini tanib-tanimasdan turmushga chiqqan qishloq ayoli edi. Danakdayligidan onasining yoniga kirib mitti mushtchalari bilan xamir qorgan, hovli supurgan, tomorqada o‘t yulgan, sigir-qo‘ylarga qaragan, qishning sovuqlarida o‘tin ko‘tarib sandalga olov qalagan… shu mehnatlar aro bir kuni kelin bo‘lishni, keng-mo‘l, issiq uyda bolalarini katta qilishni orzulagan bo‘lsa ajabmas.
Men esimni taniganimda esa kap-katta xotinga aylangan, birinchi turmushi buzilib, eri qiz tuqqani uchun haydab yuborgach, oradan qanchadir vaqt o‘tib, yoshi ancha katta boshqa bir odamga turmushga chiqqan edi.
Turmushga chiqqach, uyimizga kelishlari ham sersilib qoldi. Avvallari ko‘p kelardi. “To‘lpoq, vazmin bola eding, daladan qaytishda seni qo‘msab ulovdan tushib qolib, shuncha yo‘lga piyoda kelar, ko‘tarib bag‘rimga bosganimdan keyingina shom qorong‘isida uyimga ketardim” degan edi bir paytlar. Bu gaplarning ma’nosiga o‘shanda aqlim yetsa qaniydi? Uning ma’nosi – shom qorong‘isida, charchagan bo‘lishiga qaramasdan ancha yo‘l bosib, bir-ikki yoshga to‘lib to‘lmagan jiyanini ko‘rishga kelgan xolaning iddaosi emas, balki “Seni judayam yaxshi ko‘rardim” degan iqror ekanini men nodon, keyinroq anglab yetdim.
Sofiya xolam diyonatli, pokiza ayol edi. Unikiga o‘ynagani borardim. Borsam, darrov dasturxon yozib, qand-qurs, turshak opchiqardi. “Jiyanim meni ko‘rgani keldi” deb quvonib ketardi-da. Xolamning tomorqasida katta tut bor edi, shoxlariga chumchuqlar in qurgan bo‘lib, polaponlarini olishga qiziqardik. Lekin tepaga chiqqani qo‘rqardik, chunki u yerda katta ilon boriydi. Ilondan hayiqishimiz beshbattar qiziqtirardi, tut ostiga yaqin borolmasdan, uzoqroqdan turib shoxlariga o‘ralib olganmi-yo‘qmi deya kuzatardik. Mabodo kimdir yurak yutib tut tanasiga o‘rlagani on, biroz kutib turgach, barimiz baravariga “Ilon!” deb baqirsak, botir do‘stimiz o‘sha zahoti o‘zini pastga tashlab tiraqaylab qochsa, qotib-qotib kulardik. Bu yoqda ilon vahimasidan titrasak, u yoqda xolam koyib qolardi:
– Hoy bolalar, tegmanglar! Bechorani Xudo shunaqa, sudralib yuradigan qilib yaratgan. Rizqini izlab yurgan bir maxluq-da, sho‘rlik…
Xolamning ismi boshqa ayollar ismiga o‘xshamasligi hayron qoldirardi. Bizning qishloqdagi ayollarning ismlari Oyniso, Turg‘unniso, Xosiyat, Nazira, Ibodat… bo‘lib, begonaroq bunday ismni hech nimadan xabari yo‘q, umrini dalada dehqonchilik bilan o‘tkazgan buvam qaydan topib qo‘yaqolgan ekan? Tabiiyki, ma’nosini ham bilmasdim. Ayol ismiga “oy” yoki “xon” qo‘shib aytilgani uchun, xolamni hamma “Sofiyaxon” yoki “Sofiyaoy” deb chaqirardi, qishloq tilida u allaqachon “Sapiya”ga aylanib ketgan edi. Sofiyaoy degan ism menga ko‘proq yoqqani uchun, tungi bulutlar orasidan ko‘ringan xayoliy to‘lin oy manzarasini yodimga soladi.
Dasturxon ustida goho tanbeh ham berardi:
– Nonni o‘ng qo‘ling bilan ye!
– Chap qo‘lim bilan yesam nima qipti?
– Chap qo‘ling bilan yesang, qurib shol bo‘lib qoladi.
Men esa bekitiqcha chap qo‘lim bilan nonni ushlab ko‘rar, qo‘lim shol bo‘lib qolmagach, xolamning gaplariga kulardim.
Boshqa o‘gitlari ham shunaqa edi:
– Kalishni o‘ng oyog‘ingdan kiy!
– Nimaga?
– Oyog‘ing ishlamay qoladi!
– Chumolini o‘ldirma, meni nimaga o‘ldirding, deb qarg‘aydi!
– O‘tlarni payhon qilma, ularning ham joni bor, xudo deydi!
Tabiiyki, xolamning taqiqlarining tersini qilib ko‘rar va qo‘rquvlari behuda ekaniga, meni aldaganiga ishonardim.
Xolamning nazarida, har narsaning joni bor va hammasi “Xudo” deb unib-o‘sar edi.
Men ulg‘ayganimda xolam kampir bo‘lib qolgan edi. U nurni, u yuzlarni haligacha sog‘inaman. Goho tun-kechalarda birdaniga ko‘rgim kelib qoladi. Mayin jilmayishini, yuzidagi poklik va musaffolikni qo‘msayman.
Ulg‘aygach, u ismning mazmunidan xabar topdim. “Sofiya” – yunonchada “ilohiy donolik”, arabchada “musaffolik” degan ma’nolarni anglatishini bilganimda, “Albatta xolamga aytaman, eshitib suyunadi” deb o‘ylaganman. U mahal xolamning menga mehri yanada ortgan, “polvon bolam” deb suyar edi. Bir kuni yo‘qlab borganimda shularni hikoya qilib berdim.
– Xola, ismingizning ma’nosi judayam bo‘lakcha ekan.
– Qanaqa ekan?
– Qadim zamonlarda Sofiya degan bir qiz tushida oyning yerga tushganini ko‘ribdi2. So‘ng tush o‘ngidan kelibdi, ya’ni muborak bir kishiga turmushga chiqibdi.
– Rostdanmi? – xolamning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib ketdi. – Shunaqa voqea rostdan ham bo‘lgan ekanmi?
– Ha, xola, bo‘lgan ekan.
– Katta kitoblardan o‘qidingmi?
– Ha, katta kitoblardan o‘qidim.
– Ey Xudoyim, – dedi xolam, ovozi titrab, birdaniga ko‘zining yoshi duv oqib. – Meni shunaqa qilib yaratgan edingmi?
– Xola, nimaga yig‘layapsiz? – deb so‘radim tushunmasdan, biror nojo‘ya gap aytib qo‘ydimmi deya xavotirga tushib.
– Men ham ko‘rgan edim, – dedi ko‘zlari jiqqa yosh xolam, yuziga g‘ayrioddiy bir nur inib. – Kichkina qizaloq edim. Tushimga oppoq soqolli bir chol kirgan edi. O‘shani imosi bilan oy yerga tushuvdi…
– Yo‘g‘-e?
– Ha, bolam, – dedi. – U sirayam katta emas, men tengi bir qizcha ekan. Ikkalamiz qo‘l ushlashib, shudring bosgan tomorqalarda rosa o‘ynaganmiz. Menga o‘zining hikoyasini ham aytib bergan.
– Qanaqa hikoya ekan?
– Oy hikoyasi bo‘ladi-yu, oddiy bo‘lsinmi? Juda ajoyib edi.
– Aytib bering.
– Esimda qolgani shuki, – jilmaydi xolam. – sen ham, men ham bejiz yaralmaganmiz, degan edi. Undan “Bepoyon osmonda bir o‘zing zerikmaysanmi” deb so‘raganimda, “Zerikaman, chunki sendaqa o‘rtog‘im yo‘q-da” degani esimda. Bir kuni Xudoning suygan bir bandasiga turmushga chiqaman, mening yaralishimning hikmati o‘sha bandaning xizmatini qilish, degan edi. Yana, sen ham ajoyib bir kishiga turmushga chiqasan, hayot osmonida oyday balqib, bir etak bolalaring bo‘ladi, to hayoting so‘ngigacha insonlar qalbini yoritib turasan, dedi. Ammo o‘zi haqida neki aytgan bo‘lsa, ko‘pi unutilgan. Balki unutmagandirman? Balki u aytmagan-u, o‘zim shunaqa xayol qilgandirman? Shularni aytgach, “Yur, o‘ynaymiz” deganida qo‘shilib chopganim, shudring­lar oyoqlarimni ho‘l qilgani ham esimda. U mahal kichkinagina qizaloq edim-da… – xo‘rsindi xolam. – Mana, endi qaridim…
Xolamning gaplari u haqdagi tasavvurlarimni butkul o‘zgartirib yubordi. Endi har gal borganimda uni sevintiradigan mayda-chuydalar ko‘tarib borar, ozg‘in qo‘llarini kaftimga olib silar, yuzimga surar, ko‘zimga bosib tavof qilar edim.
Sofiya xolam deyilganida bol, sut va oy bir joyga jamlangani-chi? So‘zi boldan shirin, qalbi sutday oq, yuzi oyday malohatli bo‘lib qalbimning ichidan o‘rin olgani-chi. Yo‘qsa, bug‘doyrang, ozg‘indan kelgan, baland bo‘yli bir xotin edi.

Ubay aka

Ubay aka bizning qo‘shnimiz, baquvvat, yelkalari keng, ovozi qattiq kishi edi.
Asli ismi Ubayd bo‘lsa bordir, xalq uni o‘ziga moslab “Ubay” deb olgan, gohida “Ubaydin” deb ham chaqirishardi.
Otasi issiq kunlarda uyining oldidagi taxta supaga chiqib o‘tiraveradigan indamas qariya bo‘lib, bizlar undan qo‘rqardik. Bir mahallar urushga borgan, tank haydagan de­­yishsa-da, turish-turmushi qahramonlarga sira o‘xshamasdi-da. Ko‘chadan-o‘tgan ketganlarning ba’zilari bosh liqillatib salom berib, ba’zilari ulovidan tushib qo‘shqo‘llab ko‘rishib o‘tishlarini ham ko‘rardig-u, keyin yana o‘z o‘yinlarimizga – teraklari o‘sib yotgan qarovsiz bog‘larga jo‘nab qolardik. Bog‘ teraklarining tubida ulkan bargli otquloqlar, doimo soya tushib turgani uchun rangi aynib ketgan o‘rgimchaklar va ularning katta to‘rlari aro xuddi ertaklar mamlakatidagi kabi kezardik, u yerda uzoq o‘ynay olmasdan, soyalar va tussizliklar ko‘lankalari aro yana quyosh mo‘l-ko‘l charaqlab turgan, mevalari g‘arq pishgan o‘z dalalarimizga chopaqolardik.
Ubay akaning xotini, bolalari ham boriydi. Xolis aya baland bo‘yli, kelishgan ayol bo‘lib, Ubay akaning zug‘um va tazyiqlariga lom-mim demay bardosh beradigan va o‘sha zug‘umlar aro bolalarini tishida tishlab katta qilayotgan bir xotin edi.
Qisqasi, el qatori, bola-chaqa tashvishidagi bir oila. Oftobshuvoqda uzzukun o‘tiradigan, urush ko‘rgan keksa ota, uy ishlari bilan andarmon xotin, birin-ketin yetilib kelayotgan odobli bolalar… ko‘chadan beri kelmaydigan Ubay aka.
Mahalladagilar Ubay aka bilan aytishib qolishdan ehtiyot bo‘lar edilar. Sababi, jini bor deyishardi. Ko‘zining oqidagi xoli o‘sha jin bo‘lsa kerak, degan gaplarni eshitganmiz. Haqiqatan ham, Ubay akaning ko‘ziga tik qarab turish qiyin, g‘alati bir jununi boriydi.
Uyimizda yumushlar bilan mashg‘ul ekanmiz, ba’zan baqirishlari eshitilib qolardi:
– He, turqingga seni!..
Nimaga so‘kinganini bilmayman, saldan keyin Xolis aya biznikiga qochib chiqar, qo‘rqib-hayiqib, rangi bo‘zday oqarib erining jahldan tushishini kutardi. Bir-ikki marta hovlisida uni quvganlarini eslayman, baquvvat erkak pishqirib baqirar, zaif xotini esa oldiga tushib, yig‘lab qochar edi.
O‘sha shiddatiyu jasorati bilan nimagadir onamdan hayiqardi. Goh janjal avjiga chiqqanida onam ularnikiga kirib:
– Hu, Ubay bo‘lmay o‘l! – deb qarg‘ar, keyin Xolis ayani yupatardi.
Ubay akadan men ham qo‘rqardim. Kafti nihoyatda ulkan, birov “Ha?” deb ko‘rishgani qo‘l uzatsa, qo‘shqo‘llab ko‘rishishimiz kerakligi aqlimizga quyilgan, u odam esa biz kabi bolalarni qo‘lini qattiq siqar, shunda et ezilib og‘risa, xoxolab kulardi.
Salga lov etib yonib, janjal chiqaraverardi-da. Oqsoqollar bizlarga urishib-talashmanglar deb nasihat qilishar, ammo kuppa-kunduz kuni ko‘chada yoqavayron bo‘g‘ishayotgan kishilarni ko‘rsak esimiz og‘ib, na qochib ketishni, na yaqin borishni bilmasdan, ham qo‘rquv, ham qiziqish bilan uzoqroqdan tomosha qilardik. Birov insofsizlik qilsa, misol uchun, bozorda mosh-guruchga tosh qirintisi qo‘shib sotsa yoki qo‘yni semiz ko‘rsatish uchun jonivorni orqa tuyog‘i payining ustidan teshib, teri ostiga havo yuborsa, kimdir boshqa birovni aldab chuv tushirib ketsa, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, hammaning ichida bo‘ralab so‘kar, keyin boshini chayqab-chayqab:
– Enangni ko‘rding, hoy xalq! – deb baqirardi. – Bir-biringni aldamaydigan bo‘lmaguningcha, odam o‘rnida ko‘rmaguningcha odam bo‘lmaysan!
Ha, zo‘r edi, urishqoq edi, uncha-muncha kishi bas kelolmas, ammo hassasiga tayanib zo‘rg‘a yuradigan chollardan hayiqardi. Chollar koyib berishsa, xo‘p deb bosh egib, itoatkor bo‘lib qolar, o‘sha bosh egganicha uyiga qarab jo‘nardi.
Bir kuni bostirma ostidagi buqa arqonini uzib, odamlarni quva ketdi. Ubay aka uyda edi. Hamma qochsa ham oyoqlarini kerib, buqaga qovoq uyib qarab turaverdi. Bir mahal hayvon unga qarab intildi. Qarshisiga kelib, yer tepinib shoxlashga chog‘langanida, Ubay aka “He, o‘sha turqingga” deb baqirib, oldinga tashlandi-yu, ulkan mushti bilan peshonasiga bir urgan edi, buqa gangib qoldi. Bu odamdagi qudratni ko‘rsangiz edi! Shoxidan qayirib yerga ag‘dardi, keyin bo‘yniga minib, hanuz qayirganicha “Xolis, arqon opke!” deb baqirdi. Ajabki, buqa ham yuvosh tortib qoldi, shundan keyin Ubay akani ko‘rsa, hayiqib ortiga tisariladigan odat chiqardi.
– Bu buqa endi odam bo‘lmaydi, – dedi Ubay aka, xoxolab kulib. – Shoxi qayrildi-yu? Qassobni chaqirib so‘ydirib, go‘shtini sotvorsang, savobga qolasan!
Yana esimda qolgani: pastak valishlarda yetilgan, nimagadir achqimtir ta’mli qora-ko‘kish uzumlar, mazasi tilni yoradigan tukli shaftolilar bo‘lib, Ubay akanikida mevali daraxt yo‘q edi, yoki bor bo‘lsa ham bir-ikkita bo‘lsa kerak. Balki hamma qo‘shnilarning bog‘u bog‘chalariga birin-sirin bosh suqib, yeyishga arzigulik shirin ta’mli bir nima axtarganimizda Ubay akadan qo‘rqib, hovlisiga kirmagandirmiz? U yog‘i esimda yo‘q. Hozir o‘ylab qarasam, xayolimda Ubay akaning bo‘ralab so‘kinishlariyu Xolis ayaning mumsik qiyofasi qolibdi, xolos.

* * *

“Ubay o‘zini ko‘rsatgisi kelaveradi”, deyishardi kishilar.
Yolg‘iz o‘g‘il edi-da. Xolis ayaning uka-singillari kelib, hovli-dala ishlariga yordamlashishardi. Adashmasam, ayaning bir inisi ham boriydi, uzun bo‘yli, ozg‘in kishi… Ubay aka yerga, mol-holga ham qaramasdi, ko‘pincha ayaning uyida o‘sha ukasi, singlisi yer chopishar, ekin ekishar, ammo uyning erkagi diqqat qilmagach, bir nima unarmidi? Yozda tomorqalar saranjom-sarishta bo‘lgani holda Ubay akaniki qarovsiz bo‘lib chiqardi. Yolg‘iz aya ularni eplay olmasdi, albatta. Bolalar esa yosh edi, katta o‘g‘li singlimning, o‘rtanchasi ukamning sinf­doshi bo‘lib, birga tushgan suratlari hozirgacha bor: uch yashar, ishtonsiz ikki bolakayning iljayib turgan surati.
Mening aqlim sal avvalroq kirgan, shekilli, goho Ubay aka yoniga chaqirib, surishtirardi:
– Ishlar qalay, ukam?
– Yaxshi.
– Qachon endi uylanasiz?
Mana shu savolga orim kelardi. To‘rsayganimni ko‘rib Ubay aka shashtidan tushardi, qarshisidagi xivchinday ozg‘in bolaga zug‘um o‘tkazgisi kelmasmidi, harqalay:
– Uylansangiz, burningiz ko‘tarilib ketmasin-a? – deb qo‘yardi.
Burun ko‘tarilib ketishi nimaligini bilib olgan edim. Bu jumlani ilk bor qachon eshitganimni eslolmayman, ammo burunning ko‘tarilishi – odam boshini orqasiga xiyol tashlab, boshqalarga burnining uchidan nazar tashlashini, ya’ni kibrlanishni bildirardi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Ubay aka qaygadir ishga kirdi.
Endi baqirishlari kamroq eshitilar, chunki uzzukun o‘sha ishida mashg‘ul edi. Tomorqa yanada qarovsiz bo‘lib qoldi, ota qurgan uy yanada cho‘kdi. Orada buva ham olamdan o‘tib ketdi. Har bahorda Ubay akaning o‘g‘illari uy devorini ohak bilan oqlashar, tomorqa esa o‘sha ahvolda yotaverardi. Ubay uy qurmadi, deyishardi odamlar. Ota o‘g‘limga deb qurgach, bolayam vaqti kelib imorat ko‘taradi. Ubay aka uy qurmadi-yu, to‘satdan darvozasi oldida ko‘k rangli yap-yangi mashina paydo bo‘ldi.
“Ubay moshina olibdi!”
Qay tarz olganiga hamma hayron edi. Mashina paydo bo‘lgach, Ubay aka bir-ikki oy ehtiyotlab minib yurdi, keyin u ham qarovsiz holatga keldi. Bir kuni, hammamiz ko‘chada edik, shom qorong‘isi tushib ulgurgan, yozning issiq oqshomi, tevarakni dog‘ bo‘lgan yog‘ isi tutgan, qaldirg‘ochlar yer bag‘irlab uchgan mahal… uzoqda bir mashina ko‘rindi-da, shu tarafga qarab o‘qday uchib kela boshladi.
“Mast kelyapti, qoch”, deb qochdik.
Mashina yonimizdan g‘uvillab o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri simyog‘ochga borib urildi. Qarsillagan ovoz chiqdi, eshigi ochilib, ichidan Ubay aka tushdi. Oyog‘ida zo‘rg‘a turardi. Qiyshayib yotgan moshinaga bir zum qarab turdi-da, keyin qattiq tepdi:
– He o‘sha, turqingga seni!..
O‘zi uyiga kirib ketdi.
Mashina ertalabgacha shu zayl turdi. Ertalab nima qilishganini bilmayman, chiqib qaraganimda yerda oyna siniqlari yotar, mashina esa yo‘q edi.
Bolalar o‘zaro Ubay akaning qilig‘ini aytib kulishar, hamma orzu qilib yuradigan ajoyib mashinani bir pulga olmaganiga hayron qolar edik. Oradan yana bir-ikki oy o‘tib, Ubay aka yana bitta mashina oldi. Eskisi uyining kiraverishda chang bosib rosa turdi, Ubay aka esa yangisini minib yuraverdi.
Ammo uy-joyiga yana qaramadi.
Mahalladagilarning ko‘pi nasihatni yaxshi ko‘radigan kishilar edi, shulardan bir-ikkitasi unga nasihat qilmoqchi bo‘lgan ekan, Ubay aka shunaqa bo‘ralab so‘kibdiki, naryog‘i yo‘q.
Mahallamizning yoshi ulug‘lari xushmuomala, og‘ir-vazmin, biz kabi bolalarga odob-tarbiyaning o‘rnagi bo‘lib ko‘rinsa-da, Ubay akaning ters fe’liga hech tushunmasdik.
Keyin olisga, o‘qishga ketdim. So‘lim, ko‘kalamzor shu maskanimdan uzoqlashdim, begona jilvalar ko‘zni qamashtirdi. Tog‘ning viqoriyu go‘zalligini uzoqdan ko‘r, deydilar, qishlog‘im ko‘zimga benihoya go‘zal, odamlari benihoya ajoyib ko‘rina boshladi.
Ketayotganimda Ubay aka:
– Ha, mayli, – dedi. – Dunyo ko‘ring, ammo burningiz ko‘tarilib ketmasin-a? Qishloqni esdan chiqarib qo‘ymang.
– Xo‘p.
– Yashang, – dedi u birdan to‘lqinlanib. – Men Ubaydinman, bilib oling. Menga bukilganga yetti bukilaman, boshini ko‘targanga o‘n baravar bosh ko‘taraman. Shuniyam unutmasangiz bas.
…O‘sha mahallar Xolis aya… olamdan o‘tib qoldi.
Shunaqangi ich-ichimdan achindim-ki!
Ikki yuzida kulgichi bor, istarali edi-ya! Tandiri bizning devorga tutash, lang‘illatib o‘t yoqqanlari, issiq nonlaridan olib chiqqanlari, onam bir nima deb hazillashsa sharaqlab kulganlari esimda. Bola ekanman, onam “Bor, Xolisxonnikiga kirib xamirturush opchiq” der edi, aya xamirturushga qo‘shib turshakmi-mevami berardi. Hazil-huzulni yaxshi ko‘radigan xotin edi, bo‘ychan, ko‘rkam edi. Jilmayib gaplashardi, men uning qovoq uyganini yo jahl bilan to‘rsayganini hech ko‘rmaganman. Yo‘qsa, biz kabi bolakaylarga ba’zi kishilar yolg‘ondakam po‘pisa ham qilishar edi-da.
Marosimlar o‘tgach, bir kuni xabar olgani kirdim. Ubay aka kiraverishdagi uychada o‘tirgan ekan. Kirib, fotiha qildik. Ubay aka birdan jonlanib ketdi:
– Qani turing, anavi choynakni bu yoqqa oling-chi.
Olib berdim.
– Nonni sindiring, piyoladagi shamani to‘king.
Aytganini qilgach, Ubay aka menga choy quyib uzatdi-da:
– Ana, haliyam o‘zimizni bolasiz, – dedi qoniqish bilan.
Atay qilganini bilib turardim.
– Xolis yaxshi xotin edi, – dedi keyin, o‘ylanib. – Indamaygina yashab, indamaygina o‘ldi-qoldi. Boshqa xotin olsammikin?
Ko‘zlariga qarab, bu g‘alati savolni menga emas, o‘ziga berayotganini sezdim.
– Yo‘q, endi bo‘lmaydi, – dedi keyin.
– Sizga bir gap aytaymi? – dedi katta boshini quyi solintirib, piyolada choyni aylantirib. – Eskilarning bir gapi bor: xotinga zug‘um o‘tkazsangiz, qariganingizda o‘chini oladi. O‘shan-chun bir qattiq, bir shirin gapirishingiz kerak.
Hadeb yaxshi gapiraversangiz, o‘zidan ketadi, erim nima desam ko‘nadi deb havolanadi. Hadeb zug‘um qilaversangiz, tosh ostidagi maysaday ezilib ketadi, hayotdan ko‘ngli soviydi. Mana shu ikkalasining o‘rtasida bo‘lasiz.
Ukam, men Xolisga ko‘p zug‘um qildim. Netayki, tushunib yetganimda u yo‘q. Endi yana uylanib, shu tutumni tutay desam, baribir Xolis bo‘larmidi?
– Yaxshisi, men ham ketaman, – dedi keyin, birdaniga kulimsirab. – Xolis hozir jannatda bo‘lsa kerak.
Jannatdagi xotinlar qanaqa yashashar ekan, bilmayman-u… ammo Xolisim menga ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirganiga aqlim yetadi.
Jannat ham bir bog‘u bo‘ston bo‘lsa kerak-da. O‘sha yerda yumushlarini bajarib yurgandir?
Lop etib borib qolsam, suyunib ketsa ajabmas. Atrofi har qancha chiroyli bo‘lsayam, baribir eri bu yoqda-ku, tatirmidi?
Nima qilsayam, ko‘z ochib ko‘rganiman, borib qolsam, yuz-ko‘zi porlab, pitirlab qolar? Hayotdaligida ishdan kelsam shunaqa bo‘lardi. O‘zidan ketmasin deb yolg‘ondakam qovoq uyib, teskari qarab iljayib qo‘yardim.
Eh, ukam… Hozir o‘ylasam, ichimda allaqancha yaxshi gaplar bor ekan, o‘shalarni aytmabman-da, deb afsuslanaman. Umr o‘tib ketar ekan-ku?
Borib qolsam, o‘sha yoqda aytarman deb ham o‘ylayman.
Qanaqa gapirishimni tasavvur qilsam, kulgim keladi. Meni-ku xudoyim jannatiga kiritmasa kerak, ammo xotinimni ko‘rgani keldim, desam-chi? Kiritmasmidi? Er-xotinni bir-biriga intizor qilib qo‘yarmidi? O‘rtada nikoh bor-u?
Enam ham jannatda bo‘lsa kerak. Ammo Xolis boshqa joyda, enam boshqa joyda. Tasavvurimda enam o‘sha yoqdayam non yopayotganday tuyuladi. Tandirda qizargan issiq nonlar. Men borsam, “Voy, onang cho‘ring bo‘lsin” deb darrov yo‘l-yo‘l dasturxonini yozib, choy damlab kelib, keyin “Hozir somsayam yopib beraman, o‘tirib turgin-a” deb shosha-pisha tandir boshiga ketadiganga o‘xshaydi.
Qaydam, o‘ylayman-u, sira aqlim yetmaydi. Ichim to‘la shiddat-u, nimaga sarflashga hayronman. Goho birovlarga tashlangim ham keladi. Dashtu sahrolarga, tog‘u toshlarga ketsam deyman. Bir yoni tog‘, bir yoni o‘ngir yaylovlarda chayla qurib yashagim, tog‘larga qarab baqirgim, bo‘rilarni tutib, bo‘g‘zini chaynab uzgim keladi.
Hech qayerga sig‘mayman-da.
Eh, ukam… Bu dunyoda yashar holim qolmadi. Bolalar katta bo‘ldi, bari ro‘zg‘orim deb urinib yurishibdi. Gaplashay desam, nimaniyam gaplashardim? Kelinimdan tortinaman, shu uychaga kirib o‘tiraveraman.
– Otamdan qo‘rqar edim, – dedi keyin. – Urushdan qaytib kelgach, indamas bo‘lib qolgan edi. Hech nima demasdi, o‘siq qoshlari ostidan xo‘mrayib tikilib turaverardi. “Ota, nimaga bunaqa qarayapsiz?” desam ham lom-mim demasdi. Hech nima qilmasdi, uy-ro‘zg‘orga qaramasdi, ko‘rgan kuniga shukr qilib o‘tiraverardi. O‘zi gapirmasdi, gapi bo‘lsa enam orqali yetkazardi. Shu, ulg‘ayganimda “Uylansin, bir etak bola-chaqa ko‘rsin” debdi. Ota-ku, gapini ikki qilib bo‘larmidi? Uylanganimdan keyin ro‘zg‘or boshimga tushdi… Xudoga shukr, Xolis yaxshi xotin chiqdi.
– O‘ylab qarasam, Xolisimni rosa yaxshi ko‘rgan ekanman, – dedi xo‘rsinib.
– Shu yoshga kirib, endi bildingizmi? – deb kuldim.
– Ha, qadrini ko‘rsatib qo‘ydi. Hayotdaligida arazlab onasinikiga ketib qolsa, bir-ikki kundan keyin baribiram qaytib keladi, deb bormas edim. Haqiqatan ham, kun o‘tib, bir qo‘lida tuguni, bir qo‘lida bolasi bilan kirib kelaverardi. Onasi o‘tganidan keyin sira ketmadi. Boradigan joyi yo‘q edi-da, qaygayam borsin? Mana, endi arazlab ketgan joyini qara! – dedi xayolchan. Nimanidir eslab yana kulimsiragan edi, yuzi yorishib ketdi. – Baribiram izimdan kelmaydi deb o‘tirgandir?
Bu gapga nima deyishimni bilmas edim. Yo‘q, kutayotgandir, deymi? Yoki, haqiqatan ham kutmayotgan bo‘lsa kerak, deymanmi?
– Sizga bir gap aytaymi, – dedi keyin. – Shu qishloq to‘la odam edi. Bari kelishgan, ko‘rkam kishilar edilar. Farishtaday kampirlar boriydi. Hammasi ketib qolishdi-ya?
Kuzda o‘t-o‘lan sarg‘ayib urug‘larini to‘kib yuboradi. Keyin asta-sekin so‘la boshlaydi. Xuddi birov bir chekkadan o‘rib-g‘aramlab kelayotganday…
Nazarimda, ketganlarning bari o‘sha yoqda, bir ko‘chani to‘ldirib yashashayotganday.
Shu ko‘chamiz o‘sha yoqda ham xuddi shunaqa bo‘ladiganday.
O‘h-ho‘, bu xalq qanaqa edi, siz bilmaysiz-da…
“Eh, Ubay aka! Men bilmasmidim?” degim keladi. Degim keladi-yu… endi Ubay aka ham yo‘q-da…
Yo‘l bo‘yidagi ariqda toza suvlar sharqirab oqardi. Tog‘u toshlardan oqib keladigan, sut kabi oq suv edi. Oltin behilar yetilar, uzumlar katta-katta bosh solib, g‘arq pishardi, uzum zang­larini kech kuzda yerga ko‘mardik. Oqshomlari oppoq yaxtak kiyib, belbog‘lariga pichoq taqib olgan kishilar ko‘chalarda gaplashib turishardi. Birov terak kesardi, tovushi shu yoqqacha kelardi, arra ostidan chiqqan qipiq isigacha tuyardingiz. Har hovlida, valishlar ostidagi o‘choqlarda ovqatlar pishardi. Odamlar pishirgan taomlaridan boshqalarga ilinishardi. Shomda uyida o‘tirgisi kelmasdan, bir-birinikiga chiqar, xotinlar bir yon, erkaklar bir yon, to oy havolab ketgunicha gaplashib o‘tirishardi.
Endi o‘sha odamlarni topolmayman. Ko‘rib gaplashgim keladi-yu, sira iloji yo‘q.
Barini birma-bir eslayman. Hovlilarning suvog‘i to‘kilgan devorlaridagi har guvalak bir qismatdan darak beradi. O‘tib ketgan ulug‘larimizning gap-so‘zlari, bobomning “Hoy, beta’sir” deb chaqirishlari, otamning suyunib kirib kelish­lari… Qay birini aytay, juda ko‘pchilik yo‘q-da.
Shu aylanishda ona qishlog‘imga o‘taman. U yerda tegrasidagi tol shoxlari suvgacha egilgan ulkan hovuz bo‘lardi. Bir chetida larzon-larzon behi pishardi. Bepoyon dalalar aro chopib o‘ynaganlarimiz esimda. Ko‘chalari bolaligimdan tanish, har do‘ngi, har chuquri yod. Ammo u yerdagi kishilar ham yo‘q…

Dashti Qipchoq

Nimasini aytay, Dashti Qipchoqdan kelgan u qizgina to ulg‘aygunimga qadar xayolimni asir etdi.
Bahor kelganida gul-g‘unchalar ochiladi. Ularning har biri yomg‘irlaru shamollar aro – yuzi issiqda po‘rsillagan, kulib qarashi bilan yodimda qolgan o‘sha qizning siymosiga aylanadi.
Atlas ko‘ylagi olov yolqinida tovlangani ham esimda. Qo‘llari dag‘al, mehnatda yorilgan, qop-qora sochi qalin edi. Vaqt o‘tgani sayin malohati ortib boravergani-chi?
Har holda, biroz ulg‘ayganimdan so‘ng, uni yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsam kerak, degan to‘xtamga keldim. O‘z fikrimdan o‘zimning orim keldi, yigit ismimga mos tutum emasdi bu. Qishloqda birovni sevib qolgan kishi mazaxga qolishi bor gap. Birov birovga ko‘ngil qo‘yishi juda o‘ziga xos, mahram mavzu hisoblanadi.
Lekin mening aqlu xayolimni Dashti Qipchoq qizi ko‘p yillar band etib yurdi. O‘sha, qayrag‘och shoxlari orasidan oqqan asal bilan uning siymosi birlashib ketdi. Qizargan yuzi, nimagadir moviy tusda porlagan oftob, issiqda rangi o‘zgargan osmon, kishilarni eritib yuboradiganday tuyuladigan yoz hovurlari aro balqib turaverdi. Moviy deganimning sababi – quyoshga tikka qarab tursangiz, birozdan so‘ng tegrasida qizil alanga lovullab turgan moviy olovga aylanib qoladi. Oniy u manzara xayolimga o‘sha moviyligi bilan ko‘chib o‘rnashganiga hayronman.
Qishning qahratonlarida qalbimni isitganini aytmasam ham bo‘lar. U mahal ishq-muhab­batni anglaydigan yoshda emas edim. Lekin uni o‘ylasam, qalbim haroratga to‘lardi. Sovuq uyga o‘tin opkirib yoqqach, kechqurun hamma bir dasturxon atrofiga tizilib taomlangach, uyquga yotganimda ham o‘shani o‘ylayverardim.
Yuragimga kirib kelgan u noma’lum tuyg‘ularni Tangrim ne uchun bino qildi? Nega uni insonlikning eng oliy, eng yuksak tuyg‘usi o‘laroq tanladi? Lekin, bir tomondan, muhab­batimni or deb hisoblar, gunohday tuyulgan o‘sha tuyg‘u ichimda borligidan tortinar, birov bilib qolishini o‘ylasam, yuzim xijolatdan lov-lov yonar, xuddi menga benihoya ishongan otayu onam qoshida kechirib bo‘lmaydigan nojo‘ya bir ish qilib qo‘yganday, ichimda ular bilmaydigan yomonlikni olib yurganday edim. Boshqa tomondan, yetti pusht olisdagi qarindosh bo‘lishsa-da, ular bilan haddimni saqlab gaplashishim kerakligini bilardim. Qishloq shu edi-da, hatto tengdosh qizlar bilan ko‘chada gaplashish nojoiz sanalar, chunki qiz-juvonlar oilalarning, erkaklarning or-nomusi hisoblanardi. Ayollarga ehtiyotsizlik tufayli aytilgan biror gap yoki biror-bir o‘smirning o‘ylamasdan qilgan muhabbat izhori uchun ham janjal chiqar, o‘zini o‘sha qizaloq sha’niga aloqador deb bilgan kimki bor, biri pichoq, biri panshaxa ko‘tarib “ora ochdi”ga kelaverishardi. Ulg‘ayayotgan qizni aka-ukasi, tog‘a-tog‘avachchasi, amakiyu amakivachchasigacha – bari birday ehtiyotlab-himoyalab yurishar, suvga yoki boshqa yumushga bir o‘zini chiqarishmas, kech kirganida to‘y-marosimga borar bo‘lsa, albatta yoniga qo‘riqchi qo‘shib jo‘natilardi.
Xudo haqqi aytamanki, yuragim faqat toza tuyg‘ular bilan to‘lgan edi. Xayolimda nigohining o‘sha mahaldagiday chaqnashi, payvasta tutash qoshlari ostidagi cho‘g‘ ko‘zlarining men bilmagan ifodalari qolgan, xolos. Yana, u bilan benihoya ko‘p gaplashgim, o‘zim bilgan ajoyib joylarni ko‘rsatgim, dala nihoyasida yetilgan nokning qir uchiga chiqib, oltin mevalaridan uzib tushgim kelgan. Katta ariqdan qanday sakrab o‘ta olishimni ham ko‘rsatganman. Menga minnatdor qarashining o‘ziyoq o‘smirlik mazmunimga berilgan baho desam bo‘larmikin? Birgina o‘sha qarash uchun olamdagi ko‘p ishlarni bajarishga tayyorday sezardim o‘zimni.
U qiz ham menga e’tibor qilganmikin? Nima uchun uni yetaklab kelishdi ekan? Qavming, jon-jigarlaring shular, bizlar shu eldan uzilib ketganmiz, bilginu unutmagin, rishtalarni mahkam tutgin, deyish uchunmikin? Kattalarning gapi shunday bo‘lsa bordir, qizning o‘zi-chi? Qarshisidagi novdaday ozg‘in, o‘zini ko‘rsatgisi kelgan bo‘z bola qalbida qiziqish uyg‘otganmikin? Ya’ni, menga bir qadru qiymat berganmikin?
Yashirib nima qildim, goh-goh o‘sha Dashti Qipchoq tomonlarga borgim ham kelardi. Nazarimda, har taraf lang‘illagan sahro, paxsa uylar oldida u qiz shu tarafga bot-bot qarab, yumushlariga urinib yurganday tuyulardi-da. Uniyam, o‘sha qishloqdoshlarimizni ham sahro tutqunligidan qutqarib, farovon yashil bog‘larimizga olib qaytgim kelardi…
Bobom
Bobom – mosh-guruch soqolli, yuzi ajinlarga to‘la, barvasta qariya edi.
U tug‘ilgan mahallarda odamlar juda qashshoq yashashgan ekan. Eski zamonlarning gap-so‘zlaridan gapirib o‘tirardi.
O‘zi novvoy edi. To‘ylarga non yopardi. To‘y noni chiroyli chiqsa, “Xudoyim, o‘zingga shukr” der, azaga yopilgani qiyshiq chiqsa, “O‘zing rahm qilgin” deb qo‘yardi…
Nihoyatda qiyin hayot kechirganmiz, derdi. Kishilar turmush juda og‘irlashib ketganida ham qora kunlarga sabr qilib, rizqlarini yerdan chiqarib yuraverishgan. Bir kunmas-bir kun Xudoning rahmi kelib, umrimizni o‘nglab qo‘yar deb xayol qilishgan.
Eh-he, el qanaqa kunlarni ko‘rmagan deysan? Bora-bora, hayot tirikchilik g‘amidangina iborat bo‘lib qolgan. Jon-jahdi bilan ro‘zg‘orim, bolam-chaqam deb tirishavergach, nimayam bo‘lardi?
Bobom mana shulardan – eski, olis, men tushunmaydigan g‘alati tarixlardan hikoya qilib berardi.
– Bu dunyo to‘rt narsasiz hech nimaga aylanib qoladi, – der edi. – Suv, havo, tuproq, olov. Havo bo‘lmasa, hech kim nafas ololmaydi. Suvsiz tiriklik qirilib ketadi, tuproqsiz ne’mat unmaydi, olovsiz biror narsa pishmaydi. Shuncha maxluqotni to‘rt narsaga muhtoj qilib qo‘yganini ko‘rmaysanmi?
– Rahmatini to‘rtta narsaga joylagan: shamol, yomg‘ir, sut, asal. Shamol kelmasa, havo almasharmidi, dov-daraxt changlanarmidi, bulut kelarmidi? Bulut kelmasa, yomg‘ir yog‘armidi, meva-cheva yetilarmidi, o‘t unarmidi? Sut bo‘lmasa, avlod yetilarmidi, tiriklik bo‘larmidi? Asal bo‘lmasa, shifo kelarmidi?
– Odam degan imoratni to‘rtta ustunda ko‘tarib qo‘ygan: sog‘liq, rizq, shukr, baraka. Sog‘ bo‘lmasang, tomog‘ingdan bitta uvoq o‘tmaydi. Shukr qilmasang, umringga baraka kelmaydi. Ota, ona, juft, bola-chaqa degan to‘rt unsur esa to‘rt tomoningdan o‘rab turadi. Shularni bittasi kam bo‘lsa, ohu zoring osmonlarga yetib zorlanasan. E, tavba…
Umrining oxirlariga borib, jannat haqida gapiradigan bo‘ldi.
– Ro‘za tutsang, kechqurun halvoqand beraman, – der edi.
– Tutsam nima bo‘ladi?
– Jannatga kirasan.
– U nima?
– Oxiri yo‘q bog‘-da. Qara, hamma ro‘za tutyapti. Bir kun kelib qarasang, mana shu kishilarning bari xuddi shu qishloqdagiday bir joyga to‘planishadi.
– Tutmasam-chi?
– Gunoh bo‘ladi.
– Laylatulqadr nima?
– U senga juda katta qadr-qiymat beradi. Shundan keyin neki olsang, oltin bo‘laveradi.
– Xizr kim?
– Katta bo‘lganingda bilib olasan, – keyin ko‘zlari namlanib, soqoli titrab, o‘ksinib shunday dedi: – E voh, o‘zimning xizrlarim bir mahallar shundoqqina kiprigim ustida edi-ya. Qadriga yetmadim, har narsaga chalg‘idim, endi qadrini bilganimda ikkalasiyam ketib qolishdi. Ko‘rgim keladi-yu, ko‘rolmayman, shuncha yoshga kirib munkillab qolgan bo‘lsam ham sog‘inaman…
Bobom sakson to‘rt yoshida jonini Haqqa topshirdi. U mahal men o‘n to‘rt yashar bola edim. Dunyo o‘zining zuhurotlari, voqea-hodisalari bilan birga ongimga to‘fonday quyulardi. Qayerlardadir men ko‘rmagan-bilmagan voqealar ro‘y berayotganini sezib turardim. Kishilar eski televizorlardan ko‘rgan, radiodan eshitgan gap-so‘zlarni gapirib o‘tirishardi. Ertagu afsonalar, urf-odatlar, Xizr alayhissalom rivoyatlari, laylatulqadr kechalari kabi o‘nlab hodisalarning bari zehnimga o‘chmas bo‘lib o‘rnashgan edi.
Ya’ni, tegramdagi kishilar umum bir mazmunni shuurimga quyib bo‘lishgan, endi shu mazmun ila umr kechirishga mahkum edim. Bu baxtiyorlikmi, saodatmi yoki xatomi, aqlim yetmasdi. Lekin o‘zgartirishni istasam ham, o‘zgartirolmasligimni bilardim.

Hayot
(Genetikning ikkinchi hikoyasi)

Bir mening qishlog‘imda emas, minglab qishloqlardagi hayot shunday bo‘lganiga endi aqlim yetadi.
Hovlilar, tutumlar, marosimlar, odamlarning yashash tarzi bir-biriga juda o‘xshash. Masalan, bir hovliga kiring. Ayvon ustunida mixga osig‘liq to‘rtburchak radio bor. Simi qorayib, ba’zi joylari ochilib qolgan. Undan qo‘shiq taralmoqda:

Sim degan vayronaga bormay desam borgim kelur,
Bu sharob achchiq sharob, ichmay desam ichgim kelur…

Qo‘shiq egasi nima uchun u vayronaga borgisi kelishini, nimaga achchiq sharob ichishini tushunib bo‘lmaydi. Bilag‘onroq birortasidan so‘rasangiz, bosh irg‘ab “Ha, Sim – o‘z shahrimiz, qadim zamonlarda ajdodlarimiz xarobalarda yashashgan-da” deb qo‘yadi. Ishonmaslikning iloji yo‘q, chunki qo‘shiq egasining o‘zi aytib turibdi vayrona ekanini…
Darvozaxonaga yaqin joyga, kiraverishga mehmonxona qurilgan. Mehmonxonaga bolalar kirmaydi. Yangi to‘shaklar o‘sha yerga solinadi. Xonadon egasi uni qurbi yetganicha jihozlaydi. O‘zi esa etakroqdagi boshqa uyda kun kechiradi. U imorat ikki xonali, ulardan biri – oshxona. Oshxona ichida o‘chog‘i bo‘ladi. Qishda butun oila mana shu yerda qishlaydi. Chunki yagona issiq joy shu. O‘choqda tinmay o‘t yonadi, gohida sandal quriladi.
Ayvondagi eski radio ovozi shu yerlargacha ham kelib turadi.
– Diqqat qiling. So‘nggi axborot eshittiramiz. Bugun soat oltidan o‘n uch daqiqa o‘tganida, xalqaro ekipajni o‘z bag‘riga olgan kosmik kema fazoga parvoz qildi. Kosmonavtlar o‘zlarini yaxshi his etmoqdalar. Xalqaro kosmik ekipaj parvoz mobaynida turli radiometrik o‘lchovlarni hamda vaznsizlik muhitida inson genetikasi mavzusidagi ilmiy izlanishlarni amalga oshiradi.
Erda esa bir chumoli don ko‘tarib o‘rmalab bormoqda. U – kurmak doni. Urug‘ini yerga to‘kkani bu yilgi yumushini bajarib bo‘lganini bildiradi. Maysalar urug‘ solsa bas, darrov kuzga tayyorlanib yaproq to‘ka boshlashadi. Shu sababli rayhonlar “vazifam bitdi” demasligi uchun urug‘larini chimdib olib tashlasangiz, yanada gurkirab o‘sadi. Chumoli kurmak donini yer tubidagi uyasiga tashib ketayotgani kuz erta kelishining alomati.
Agar qishloqqa qush uchadigan balandlikdan qarasangiz, turarjoylar ozligini, dalalar esa kengligini ko‘rasiz. Dalalarda boshlarini ro‘mol bilan o‘rab, etik kiyib olgan kishilar ko‘rinadi. Har yer-har yerda shiyponlar bor, ularning tegrasi tollar bilan o‘ralgan. Tush mahali dalachilar shu joyga yig‘ilib kelishadi. Issiq kuchayadi.

* * *

Ha, issiq kuchayadi, tuproqdan qaynoq hovur ko‘tarila boshlaydi. Mehnatchilar ochqashgan. Dalaning yovg‘on sho‘rvasi qorayib ketgan katta qozonlarda pishadi. Ichida sabzavot mo‘l, ammo go‘shti yo‘q, shildir suvdan iborat. Oshpazni bakovul deydilar, u ko‘pincha keksaroq kishilardan saylanadi. Tushlikkacha pishirsa bo‘ldi-da. Odamlar yeydigan nonlarini o‘zlari, uylaridan opkelishadi. Ular o‘rtaga qo‘yilganida, har xonadon noni turlicha ekanini ko‘rasiz: birining chekich izi boshqa, birining rangiyu shakli… Yovg‘on sho‘rva ichilgach, biroz u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishadi.
O‘sha issiqda ham qiz-kelinchaklar shiypon ortiga o‘tib, o‘t o‘rishadi. Boyaqish, kimningdir xonadoniga kelin bo‘lib tushgan, endi xizmatini qilishi shart.
– Hali novdadaygina bolakaysan-ku, qo‘y axir, biroz damingni olaqol?!
– Yo‘q, – deydi oftobda qizargan yuzi yanada qizarib. – Bo‘sh qo‘l bilan kirib borsam, ayb bo‘lmasin…
Odamlar ekin-tikinning hamma xususiyatlarini bilishadi. Masalan, chigit bahorda qadaladi, qo‘shquloq bo‘lib chiqqanida yomg‘ir yog‘sa, tuprog‘i qatqaloq bo‘lib qoladi, tesha yoki ketmoncha bilan yumshatiladi. Keyin yagana qilinadi, ya’ni besh-oltita unib chiqqan niholdan bitta yo ikkitasi qoldirilib, qolgani yulib tashlanadi. O‘sha mahal oftobda qizigan kesak isini sezasiz, u is dimoqqa qattiq o‘rnashadi.
Ba’zi dalalarga beda ekiladi. Beda isi yoqimli, ko‘m-ko‘k gullaganida orasida asalariyu kapalaklar uchib yurganini ko‘rasiz. Gohida yer arisi ham bo‘ladi, uning chaqishi xavfli emas. Qovog‘ari qattiq chaqadi, u uch turli. Beozor uchib yuradigan sarig‘i, zug‘umli qizili hamda qorasi bor. Qora qovog‘ari chaqsa, odamni o‘ldirarmish. Kamdan-kam uchraydigan ko‘k tuslisi ham bor, uni ko‘kyo‘talga davo deyishadi.
Arilar deganda yana bir manzara ko‘z o‘ngimda: kuz paytida, katta boshlari osilib turgan uzumlar ayni pishganida, sariq arilar ularga xuddi durday g‘uj-g‘uj yopishib, sahargi ayozda karaxt bo‘lib yotardi. Hamma uxlab yotganida erta turib, o‘sha arilarni terib onamga olib kelib berar ekanman. Qancha koyish eshitsam ham, kaftlarim ari chaqishidan necha bor shishib ketsa ham shu ishni qo‘ymaganim ajab. U g‘alati jonzotlarni bir ushlab ko‘rishga intilmagan bolakay yo‘q bo‘lsa kerak. Ayniqsa, o‘spirinlik paytida qo‘shni bolalar bilan paxsa devorlar tirqishidagi inlariga cho‘p suqib qochgan, noxos chaqib olganida yuz-ko‘zi gupchakday shishib ketib, bir-birini anchagacha mazax qilib yurgan tengdoshlarimni eslasam, bolalikning nodon sho‘xliklaridan hayratga tushaman.
Unday sho‘xliklarni boshidan o‘tkazmagan qishloq bolasi bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman. Ajabo, bu ham tabiatni o‘rganish, sezish, u bilan muloqotga kirishish uchun dastlabki urinish­larning eng oddiy ko‘rinishimikin?
Dala shiyponi – ohak bilan bo‘yalgan katta bino, bir yonida hovuzi, ortida sabzavot tomorqasi bo‘ladi. Hovuz chetida tollar tig‘iz o‘sgan, shoxlarida rizq istab o‘rmalayotgan hasharotlar goho suvga qulab tushadi. Hovuz yonida so‘ri bor, katta kishilar shu so‘rida tushlik qilishadi. Boshqa tollar ostida belanchaklar osilgan. Belanchak – ikkita ingichka tayoqni yonma-yon qo‘yib, qanor qopning matosi tortilib, tepayu pastiga ko‘ndalang kaltaklar qo‘yib yasaladi. U kaltaklar tutdan yo behidan kesib olinadi, agar tol-terak shoxidan qilinsa, sinib qolishi mumkin. Go‘daklar mana shu belanchaklarda uxlashadi, birortasi yig‘lasa, bog‘cha xotin kelib tebratadi.
O‘ynoqi shabadani shu kengliklarda ham ko‘rasiz. Qumloqda bo‘y cho‘zgan salom-alik o‘tining urug‘larini to‘kadi, qaqray boshlagan yer yoriqlaridan mo‘ralagan qoraqo‘ng‘izni qo‘rqitadi, ko‘chaning upaday tuprog‘idan pirilloq yasaydi, qayrag‘och barglarini o‘ynaydi, qizg‘in dalalardagi ekinlarning yaproqlarini yovvosh chayqatib o‘tib, horg‘in dalachilar poyiga kelganida mayin-mayin esadi. “Hah, boringga shukr, juda vaqtida esding-da” deb qo‘yishadi kishilar unga qarata, jonlari orom olib.
Gohida belanchakka tol shoxlaridagi qurt-qumursqalar tushib qoladi. Birortasi chaqib olsa, go‘dak chirillab yig‘laydi. Mayna degan qush bor, hushyor turilmasa, bolaning ko‘zi yiltillagani uchun kelib cho‘qib ketishi mumkin. Shuningdek, beshiktervatar degan hasharot ham bor, u odamning ko‘ziga tashlanadi, deydilar. Old oyoqchalaridagi arrasimon tishchalarini ko‘rsatib, tebrana-tebrana bir sakraganida pardasini qirqib yuborsa, qorachig‘i oqib tusharmish.
Bog‘cha xotin shularning bariga hushyor turishi kerak. Chunki chopiqchi juvonlar bolalariga juda ilhaq.
Chopiq shuki, g‘o‘za tubidagi suv yetib boradigan joyning tuprog‘i ketmon bilan yumshatiladi. Shunda u bemalol suv icha oladi.
– G‘o‘za – eng dangasa ekin, u yoq-bu yog‘ini chopib, qulog‘idan tortib, ildiziga havo bermasang, sira o‘sgisi kelmaydi, – deyishadi kattalar.
Chopiqchi ayollar egat oralarida o‘sgan o‘tlarni yulib-to‘plashadi. Shabada g‘o‘za bargi, yulingan kurmak va pechakning biroz achqimtir isini atrofga taratadi. O‘tlar yulinganida yoki o‘rilganida nima uchundir gurkirab hid taratadi. Shom qo‘na boshlaganida hamma uyiga yo‘l oladi. Qiz-juvonlar o‘rgan o‘tlarini tugib, boshlariga qo‘yib olishgan. Teraklar ostidan, tuproq yo‘ldan qatorlashib ketaverishadi. Ariqda suv jildirab, yalpiz bo‘ylarini sochib yuboradi. Shom qo‘na boshlagani mahal turli islar har yoqni tutadi, negadir tongda va peshinda unaqa bo‘lmaydi. Osh isi keladi – zirvagi qovurilmoqda. Qishloq tomonga qarasangiz, siyrak tutun suzib yurganini ko‘rasiz, u – dog‘langan yog‘ning tutuni. Tarqalib-siyraklashib ketmaydi, yupqa qatlam bo‘lib suzaveradi.
Bolalar ham o‘yindan charchab, uylariga kira boshlashadi. Dalachilar hozirgina ishdan qaytishdi. Nariroqqa “T-28” degan traktor kelib to‘xtaydi, aravasi odamga liq to‘la. G‘aram-g‘aram o‘tlar yerga tashlanadi. Kattaroq o‘smirlar dalachilarning kelishini poylab turishadi, o‘tlarni o‘shalar ko‘tarib borishadi. Qiz-juvonlar bir-birlariga yordamlashib yuborishadi: g‘aramlagan o‘tlarini boshlariga qo‘yib ketaverishadi. Shundan keyin traktor tarillab jo‘naydi: traktorchining ham bola-chaqasi bor, ko‘z tutib turishibdi.
Ha-a, xudoga shukr, kun o‘tdi. Charchadik… Etiklar yechiladi. Qo‘l-oyoq, bel zirqirab og‘riydi. Kunduz jaziramasini o‘ziga singdirib olgan, hali issig‘i ketmagan o‘tlarni sigir-qo‘ylar talashib-tortishib yeydi.
– Ovqatga kelinglaru-uv!!!
Bu – o‘n bitta bolasi bor To‘xta xolaning ovozi. Shunga o‘xshash chorlovlar har hovlida eshitiladi.
Oilalarda bola-chaqa ko‘p. Sababi: vaqti kelib ulg‘ayishganida bir-birini suyasin, yordam bersin. To‘xta xolaning bolalari o‘n bitta bo‘lsa, yana bir mushtipar ayol – Qumri xolaning farzandlari o‘n beshta.
– Hoy bolalar, kelinglaru-uv! Ovqat pishdi-i!
Shu tariqa shom kiradi.
Shom qo‘nganida tevarak sokinlashadi. Oy havolaganida esa biror jon asarini sezmaysiz – hamma uyquga ketadi. Axir, kun mashaqqatli, mehnat zahmatli bo‘ldi, charchoq g‘olib kelmasinmi? Ertaga saharlab turish kerak. Chunki qancha ro‘zg‘or ishi turibdi, buning ustiga, chopiq hali bitmadi. Ko‘proq o‘t g‘amlash kerak. O‘tin-cho‘p yig‘ish kerak, mehnat qilmasa bo‘lmaydi. Sabzavotlar yetildi, yig‘ib olish kerak, makkalarni o‘rib-saranjomlab, donini uqalab qoplarga solish kerak. Qishga tayyorgarlik-da. Qish qattiq kelishi mumkin, g‘amlamasa yanagi bahorga yetib olish mushkul.

* * *

Bolalar o‘n uch-o‘n to‘rt yoshidan dalaga chiqishadi. Yoshroqlarga oson ishlarni buyurishadi, masalan, ariq tozalash. Ariq ichidagi o‘tlar tig‘iz o‘sib, suv oqimini to‘sib qo‘yadi. Ketmon bilan ariqning ham ostini, ham ikki yonini chopib tozalaysiz.
Dalaga sal-pal ko‘zi o‘rgangan o‘smir dori solishga tayinlanadi. “T-28” degan traktorning orqasidagi, tubida teshiklari bor katta yog‘och oxur doriga to‘ldiriladi. Traktor egat oralab yurganida dori temirtishlar ag‘darib ketayotgan tuproq orasiga bir tekisda shuvillab to‘kilaveradi. Bu zaxira dalaning u boshiga ikki marta borib kelishga yetadi. Motor shovqinida ovoz eshitilmaydi, buning ustiga, traktorchi Dalavoy akaning qulog‘i og‘ir. Ikkinchi borib-kelishda traktorchi paykal chetiga to‘xtaydi. O‘smir pastga tushib, qog‘oz qoplardagi dorilarni opkelib o‘sha “oxur”ga ag‘daradi, to‘lganidan keyin yana egatlar orasiga kirib ketaverishadi.
Dorilar bir necha tur. Selitra oppoq, mayda, yum-yumaloq bo‘ladi. Suvga solsangiz, muzday qilib qo‘yadi. Fosfor, karbamid deganlari ham bor. Qizil tusli, ko‘zdan yosh oqizadigan yana birini “kaliy” deydilar. Mana shular dalaga solinishi kerak.
Qaldirg‘ochlar aylanib qiyalamasiga uchadi. “Ularga qarasang, boshing aylanib yiqilib tushasan”, deyishadi. Bultur bir bola qaldirg‘ochlarga mahliyo bo‘lib, temirtishlar orasiga tushib ketganmish. Uning kimligini aytishmaydi. Bir haftacha shu ishda ishlagan odamning badaniga qizil toshmalar toshib ketadi.
Hisobchi aka shundan so‘ng dori soluvchi o‘smirni ishdan ozod qilib, o‘rniga boshqa bolani tayinlaydi. Yangisi ungacha ariq tozalashda edi, dori ishi yanada oson, shu sababli xursand bo‘lib oxurga sakrab chiqadi-da, shodon iljayadi.
Dori solinganidan so‘ng g‘o‘zalar ham, o‘tlar ham gurkirab o‘sib ketadi. Hamma nimagadir ko‘sak sanashga ishqivoz. Agar bir tupda sakkiztadan oshiq bo‘lsa, hosil yaxshi. Ba’zilarida o‘ntadan ham ko‘p bo‘ladi. Paykal chetlaridagi g‘o‘zalar qirqilib, traktor burilib olishi uchun yo‘l ochilgan, u yerning girdo-girdiga makkajo‘xori, mosh, loviya ekilgan. Makkajo‘xori – sigirga yemish, vaqti kelganida egasi uni o‘rib-saranjomlab, uyiga olib ketadi. Makkalar hozir odam bo‘yi bo‘libdi, pishishiga ancha bor. Mosh-loviya yetilmabdi. Ertapishar qovunlar ham bor, o‘smirlar ba’zilarini xom-xatalaligicha yorib yeb qo‘yishadi. Hali pishmagan-u, ammo ta’m kirib ulguribdi. Etini yeb, urug‘larini paykal oralariga tashlab ketamiz.
G‘o‘zaga tushgan ko‘sak qurti juda ochofat bo‘ladi. Bir kuni egat oralariga tashlab ketilgan qovun urug‘larini ko‘sak qurtlari yeb o‘lib qolganini ko‘rdik. Shirasini sezib o‘rmalab kelishgan-u, nimasidir yoqmagan bo‘lsa kerak… Qovun tarkibida ko‘sak qurti uchun zahar borligi tasavvurga sig‘maydi, shunday shirin narsa nahotki zahar bo‘lsa? Uch-to‘rt marta shu ishni takrorlaymiz, har safarida o‘sha yashil jonzotlar halok bo‘laveradi. Odamzot uchun lazzatli narsalar boshqalarga yemish qilib berilmaganini idrok qilamiz. Masalan, mol-qo‘y shakar yemaydi. Asalday shirin narsa ham unga ozuqa emas… Bolalar to‘planib, qay maxluq nimani yemasligini tajriba qilib ko‘ramiz. Eng yaramasi kuchuk bo‘lib chiqadi: oqqand yoki shirinkulcha yegan kuchuklar bor. Boshqalari esa bizga mazali tuyulgan narsalarga qayrilib ham qarashmaydi… Hovlimizdagi olma pishganida ba’zi mevalari ichidan kattakon qurt o‘rmalab chiqadi. Bolalar bilan tomoq og‘riganda ichiladigan suyuq dorilarni u yer-bu yerdan topib, o‘sha qurtlarga sepib ko‘ramiz, jon holatda biltanglab qochsa, doridan qo‘rqar ekan-da deb xulosa ham qilamiz.
Idrok mana shunday barq urib, tevarakdagi hodisalarni o‘ziga singdiraveradi.
Otalar o‘g‘illariga “Kelishingda molga o‘t o‘rib kel” deb tayinlashadi. Aytganini ba’zan qilishadi, ba’zan qilishmaydi. Juda bo‘lmasa, zovur ichidagi sabzio‘tlarni o‘rib kelaverishadi. Sabzio‘tning turgan-bitgani suvdan iborat, oftobga qo‘ysangiz bir tutam bo‘pqoladi. Azbaroyi ota koyimasin deb, amal-taqal o‘rib kelishadi-da. U shumliklarni ota bilmas ekanmi? Ota-ya? Gohida koyiydi, gohida esa indamaydi.
Ilmlar maskani
Qishloq bolalari tong saharlab maktabga yo‘l olishadi.
Sinf partalari qachonlardir jigarrang, keyinchalik yashil bo‘yoq bilan bo‘yalgan, ko‘chgan joylaridan eski bo‘yog‘i ko‘rinib qolgan, ustida siyoh dog‘lari, pichoqcha bilan o‘yilgan belgilar ko‘zga tashlanadi. Kimdir dars mahali yoqtirgan qizining ismini o‘ygan, keyin o‘chirib tashlagan. Xonalarning shifti baland, faner qoqilgan, har sinfda to shiftgacha bo‘y cho‘zgan qora baqaloq pechkalar bor. Sinflarning eshiklari ham baland.
Katta sinflar tushgacha, kichiklar tushdan keyin o‘qishadi.
Daftarlarning ahvoliga maymunlar yig‘laydi. Fizika daftari ichida qushlar, daraxtlar, qo‘lida kamon yoki bolta tutib hayvonlarni ovlayotgan azamat ovchilarni ko‘rasiz. Ular otayotgan o‘qlargacha chizilgan bo‘ladi. Hammaning o‘z qahramoni bor. Masalan, Rasul degan bir bolaning daftarida yaxshi otliq yomon otliqni quvib ketmoqda. Tabiiyki, yaxshi otliq – Rasulning o‘zi.
Er yuzining igna uchicha kelmaydigan nuqtasida hayot mana shunday davom etadi. Har sahar ancha-muncha bola papkasini yelkasiga osib maktabga, odamlar esa dalalarga yo‘l olishadi. U bolalar nima uchun o‘qiyotganini o‘zlari ham bilishmaydi. “O‘qisang odam bo‘lasan” deyishadi kattalar. Odam bo‘lish qanaqa, o‘zi? Hech kim bu bolalarning “odam bo‘lishi”ga ishonmaydi. Ha, maktabni bitirishsa, armiyaga ketishadi, armiyadan kelib uylanishadi. Keyin amakilaru tog‘alar kabi mol-hol boqib yo dalada ishlab yuraverishadi. Hayot shunday davom etadi…
Maktab bolalar ongiga tarix saboqlarini quyadi:
– Ota-bobolaringiz g‘irt johil, savodsiz, zulm ostida ezilib yurishgan. Keyin Davlat kelgan. Xalqni o‘qitib, bilim bergan, maktab­lar ochgan. Elektr toki opkelib, yo‘llar qurgan, moshinalar, traktorlar sovg‘a qilgan… Davlat bo‘lmasa, xalq omochda yer haydab, eshak minib yurgan bo‘lardi.
– Davlat nima?
– U nihoyatda qudratli, aytganini quloq qoqmay ado etish kerak. Yo‘qsa, kulingni yetti pushtingga qo‘shib ko‘kka sovurib yuboradi. Laylatulqadr kechasidagi osmon esingdan chiqdimi?
Davlat haqidagi bor-yo‘q tushuncha shundan iborat.
Ha, tarixni qaydan ham bilardik? Fizika aytadiki: elektr toki ixtiro qilinganiga yuz ellik yil bo‘ldi. Kosmik kemalar fazoga parvoz qiladi, tok kepqolganida fazogirlar televizordan yer yuzidagi insonlarga qarab, kulib qo‘l silkitishadi, olis o‘rmonlardayu muzliklar bag‘rida yana nimalardir sodir bo‘ladi. Birgina bizning qishloqda hayot to‘xtab qolganday… Aytilayotgan gaplar tasavvurdan shunchalar uzoqki, xuddi ertakka o‘xshaydi.
– Tur, molga o‘t sol, ro‘zg‘orga qarash! O‘qib olim bo‘larmiding?
Aslida odamlar farzandlarining bilim olishini, “katta” o‘qishlarda o‘qishini orzu qilishadi, ammo shu sharoitda olgan bilimi “katta o‘qish” ostonasigachayam yetmay, “Bo‘lmadi, ota” deb qaytib kelishidan cho‘chishadi. Shu sababli “Sendan olim chiqarmidi” deb qo‘yaqolishadi.
O‘sha-o‘sha bahaybat texnikalar, ularning loyda qoldirgan izlari. Shamolda taraqlayotgan yo‘l belgilari… Uzundan-uzoq ekin dalalari, egatlar orasida quruq yerga o‘tirib yeyilgan behi ta’mi, maktabdagi darslar… Uzoq tarix olisdan bir jilvalanadi-yu, g‘oyib bo‘ladi.
Nima bo‘lgan edi, o‘zi, tarixda?
Tarix jim edi. Gapirmasdi, indamay turaverardi.
Kattalardan so‘rasangiz, ular ham bilishmaydi. Go‘yo odamlar juda ko‘p asrlardan beri shunday yashab kelishayotganday. Savodsiz, johil ota-bobolar, zulm ostida ezilgan tarqoq xalq… Begona qahramonlar, suv osti kemalari, baland uchadigan stratosfera uchoqlari… Yelkasiga behi novdasidan kamon yasab osib yurgan bolalar… U yoshdan o‘tib, ancha ulg‘ayganlariga esa otasi “uylantirib qo‘yaman” deb po‘pisa qiladigan bo‘lgan… Amal-taqal qilib maktabni bitirib olishsa, nima ishning boshini tutishi noma’lum… O‘sha hayot, o‘sha zahmatlar…
U taassurotlarni, manzaralarni hech bir tarix tushuntirib berolmaydi. Tarix quruq faktlardan iborat. Lekin kishilar qalbidagi manzaralar butunlay boshqacha, jonli, ma’noli, insonlar taqdiridan hikoya qilaveradi.

Rim imperiyasi va “Homo Sapiens”

Maktab bolalari o‘zlarining tarixlarini yaratib olishgan.
Shulardan biri – Rim imperiyasi. Temir sovut, uchli dubulg‘a kiygan, uzun nayzali qirraburun kishilar va ikki g‘ildirakli jang aravalari darhol ko‘z o‘ngingizga keladi. Shuningdek, oq matoga chala-yarim o‘rangan hamda boshiga dafna yaprog‘idan gulchambar taqib olgan imperatorlar ham namoyon bo‘ladi. Ulardan biri – Oktavian Avgust degani narigi ko‘chadagi patak soqolli Sami buvaga o‘xshab ketadi. Faqat, Oktavian jingalak sochli, oq yuzli bo‘lsa, Sami buva – sap-sariq kishi. Oktavian ummonni suzib o‘tib, qadimiy bir shaharni ishg‘ol qiladi va unga Karfagen deb nom beradi. U shahar hozir ham bor, faqat nomi boshqa – Kartaxena3.
Bu fan meshlarga havo to‘ldirib, daryolardan suzib o‘tgan yovqur skiflar haqida ham hikoya qilib beradi. Undan ham avval-chi? Bir mahallar yer yuzida maymunlar yashagan, deydi tarix. Davr o‘ta-o‘ta, ulardan bir qismiga aql kira boshlagan. Toshlardan qurol, daraxt shoxidan yoy yasashni kashf qilib olishgan. Bittasi zerikib o‘tirib yovvoyi bug‘doy donini o‘tga tashlasa, qovurilib shirin bo‘lib qolibdi. Shu tariqa bug‘doydan non yopishni o‘rganishgan.
Odam Ato-chi? Momo Havo-chi?
Ular haqida fanda hech gap yo‘q. Ungacha yer yuzida faqat hayvonlar yashagan dedik-ku? Fanlarning uqtirishicha, qanaqadir tasodif tufayli turli-tuman u maxluqlarning bir toifasida to‘satdan aql paydo bo‘lib qolgan. Bu hodisa qanday yuz berganini birov bilmaydi. Maymunsimon mavjudotlarning o‘zlari ham odamga aylanayotganligidan bexabar yuraverishgan. Bir mahal qarashsa, o‘zgarib qolishganmish… O‘zlarida fikr yuritish qobiliyati paydo bo‘lganini anglab yetishguncha ham oradan minglab yillar o‘tibdi… Ana o‘sha toifa keyinchalik o‘ziga Odam deb nom bergan.
Qachondan boshlab insonga ism qo‘yila boshlangan?
Odam nasli ko‘payavergach, ismga ehtiyoj paydo bo‘lgan-da. Uzun bo‘ylisini uzun, kaltasini kalta deb chaqirishgan. Odamzot yanada ko‘paygan, shundan so‘ng farqlab olish uchun yangi ismlar o‘ylab topishga to‘g‘ri kelgan. Toshday qattiq bo‘lsin deya Toshboy, shamolday uchqur bo‘lsin deya Shamolboy… Shu tariqa ismlar urf bo‘lgan…
Lekin tarix kitobidagi eng qadimgi odamlarning ismi yo‘q. Bizga surat qatlaridan tek qarab turishadi. Bir jihatlari o‘zimizga o‘xshab ketadi, biroq oradagi masofaning juda olisligi ham seziladi. Shulardan biri – Teshiktoshdan topilgan neandertal bola. U bizdan ko‘ra yoshroq, sakkiz-to‘qqiz yashar chamasi.

Teshiktoshdan topilgan bola

Hayvon terisidan lungi o‘rab, toshbolta ko‘targan ajdodlar ovga jo‘nashadi. Keksaroqlar g‘orlarda toshni toshga urib, uchqun chiqarib olov yoqishmoqda…
Teshiktoshdan topilgan bolaga juda rahmim keladi.
Nima falokat, qachon ro‘y bergan? Sakkiz yashar bola nega halok bo‘lgan? U-ku topilaqolibdi, boshqalar qani?
Tasavvur uning o‘zimiz kabi qo‘y boqib, kechki shudring tushgan o‘tloqlardan g‘orga qaytganini, olovda et pishirishganini, kechasi yulduzlar chaqnab, oy samoga ko‘tarilganini, yorug‘ida tog‘u toshlar qorayib ko‘ringanini jonlantiradi.
Ishqilib, nimadir ro‘y bergan-u, sakkiz yashar bola muz va tosh orasida qolib ketgan. Baquvvat jussasi, keng peshonasi, o‘siq sochlariga qarab, sakkiz yashar ekaniga ishonmaysiz. Bizning bolalarning ko‘pi tolxivichday ozg‘in, soddayu ishonuvchan, mehnatga endigina kirishgan. U bolakayda esa mehnat zahmati sezilmaydi. Kim bilsin, tarix shunaqa tasavvur uyg‘otadi. Balki, o‘tloqlarda shamol bilan birga yelib, suvlarni sochib cho‘milib o‘ynagandir ham?
Tosh qurollar, boltalar, bug‘doy yanchilgan xarsanglar, toshtovoqlar… Boyagina ovga ketgan kishilar qaytib kelishmoqda. Ularni tarix bizga “Neandertal odamlar” deb tanishtiradi.
Teshiktoshdagi o‘smir o‘zimizning bola bo‘lsa, neandertal kim?
– Neandertal odam yoki “Homo neanderthalensis” – insonning yo‘qolib yoki boshqalar bilan qorishib ketgan vakili bo‘lib, ilk ajdodlari bundan ikki yuz ming yil avval Yevropada, Markaziy Osiyo hamda Oltoy mintaqasida yashashgan, – deb uqtiradi tarix, cho‘tir muallimimiz Sulton akaning ovozi bilan.
Teshiktoshdan topilgan bolaning shahdu shiddati boshqacha:
– Qor rosa qattiq yoqqanida, tog‘ ustidan tushib kelgan oq yo‘lbars go‘daklardan birini olib ketdi, – deydi ko‘zlari chaqnab. – Urug‘ning bor erkagi uning izidan tushdi. Men ham otamga ergashib bordim. Qor bo‘ralab urardi. Kuchuklarimiz oq yo‘lbars izini topishdi, u go‘dakni allaqachon yeb bo‘lgan ekan. Kishilar alamdan baqirishganida qor ko‘chdi. Ancha-muncha odam ko‘chki tagida qoldi…
– Odamlar ko‘p edi, – deydi keyin. – Amakilarim boshqa joylarda yashaymiz deb ko‘chib ketishdi, bizlar esa qolaverdik. Yayloqlarda tuman odam yashardi. Boshqalarni bilmayman, – deb bosh chayqaydi bolakay. – O‘shandan beri shu yerdaman.
– Ke, o‘rtoq bo‘lamiz. Oting nima?
– Er Bug‘u.
Men shu tariqa o‘sha bolakay bilan do‘stlashib olganman. Tengdoshlik hissiyoti fandan ustun kelgan bo‘lsa ajabmas. Er Bug‘u degan u bola to yettinchi-sakkizinchi sinfgacha biz bilan yonma-yon o‘qiydi. Bizlar ulg‘ayamiz, lekin u sira katta bo‘lolmaydi, sevgi-muhabbat pallasi kelganida mayda bolalarga qo‘shilib qolib ketadi.

* * *

Ko‘chalar kuzda loy bo‘lib yotadi. Goho g‘o‘zapoya ortib katta traktorlar o‘tadi. G‘ildiragining tishlari katta-katta, loyda palaxsa izlari qoladi, u izlarga yomg‘ir suvi to‘planib, vaqt o‘tishi bilan qirmizi tusga kiradi.
Loygarchilik bois hamma etik kiyib yuradi. Charm etik qimmat, shu sababli biz kabilarga arzonbaho “tosh etik” deyilganini olib berishgan. Tosh etikning rangi kulrang, usti g‘adir-budir, terisi qattiq, bolalarning oyoqlari tuproqko‘chalarda yalangoyoq yuraverib qotib ketgani uchun “tosh”ligi ham sezilavermaydi.
Kuzda tok ko‘proq keladi, shunda odamlarning uylaridagi televizorlar ishlab ketadi. Lekin baribiram yaxshi ko‘rsatmaydi. Sababi antennada. Bu yerlarda antennalarni juda baland ko‘tarish kerak. Odamlar mistovoqni taxtaga mahkamlab, o‘zlari antenna yasashadi. Kattaroq yigitlar “Shisha quvurcha ichiga simob qo‘yib, ikki tomonidan sim chiqarib ulasang, butun dunyoni ko‘rsatadi” deyishsa-da, bolalar simobni qaydan olishni bilishmaydi. Ba’zi ma’danlarni topsa bo‘ladi, masalan, qo‘rg‘oshinni eski akkumulyatorlardan olasiz. Uni temir kosaga solib o‘tga qo‘ysangiz, saryog‘day eriydi. Yerga shakl chizib, erigan ma’danni o‘shanga quysangiz, istagan shaklingizga kiradi. Lekin qo‘rg‘oshinni antennaga ishlatib bo‘lmaydi.
Antennalar baland xodalarga mahkamlanib, tomga chiqariladi. Uch-to‘rt tomonidan sim tortib mahkamlanadi, yo‘qsa shamolda ag‘anab tushishi hech gapmas. Endi uni sozlash kerak. Bir kishi tomda, antenna tagida, boshqasi yerda, deraza oldida, uchinchisi ichkarida, televizor qoshida.
– Ko‘rsatdimi?
– Yo‘q, o‘ngga bura!
– Endi-chi?
– Yo‘q, chapga bura!
Bir amallab ko‘rsatadigan qilingach, maza qilib kino tomosha qilsa bo‘ladi. Shunaqa mahallar uylarga kirsangiz, ancha-muncha bolakay oldiga qotgan nonni qo‘yvolib, eski sholcha ustida kit ovi yoki taygalar haqidagi kinolarni ko‘rib o‘tirganini ko‘rasiz.
– Nodir o‘lgur, makkadan o‘rib molga sol!
– Sobir, o‘t yulib kel!
– Omon! Suv bermabsan-ku, bo‘kirib yotibdi.
Qayda! Mol yana birpas suv ichmay tursa turaqolsin, kinoning zo‘r joyi keldi hozir!
Eng qiziq yerida chiroq lip etib o‘chadi.
– E-e, zo‘r joyi keluvdi-ya…
– Bo‘ldi, yotinglar! Ertaga sahar turasizlar!
Shu bilan hamma uyquga yotadi…
Ba’zan esa kichkinalarga ertaklar aytiladi – hamma mushtdayligidan yod biladigan, devlaru ajdarlar haqidagi ertaklar.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan… Odamlar tog‘u toshlar orasidagi yaylovlarda yashashar ekan. Bir kuni ularga kattakon dev hujum qilibdi. U kishilarni qamab qo‘yib, ishlatar ekan. Ochqasa, bitta-yarimtasini yeb qo‘yar ekan…
Minglab yillar avval Er Kenja, ya’ni Kenja botir devni o‘ldirgani yo‘l oladi. Oy yanada havolab ketadi. Bulutlarning ost tarafi qorayib ko‘rinadi, ular osmonda uchib yurgan bahaybat maxluqlarni eslatadi. Otasining taftli bag‘riga kirib olgan kenja o‘g‘il ularni hayiqmasdan kuzatadi. Kenja botir kichkina, akalari esa katta. Lekin dev bilan urushgani nimagadir Kenja botir boradi. Sababi – akalar vaqti kelib uy-joyini boshqa qilib chiqib ketishadi, kenja esa ota-ona bilan qoladi. Shu sababli u aqlli, qo‘rqmas bo‘lib ulg‘ayishi kerak.
Bolakay shularni o‘ylay-o‘ylay, ota pinjida uxlab qoladi…

Uch chanoqli muhabbat

– Qani, bolalar, dalaga!
To‘rtinchi sinfdan boshlab to kap-katta yuqori sinf bolalarigacha birin-ketin traktor aravalariga chiqishadi. Traktorda odam tashish anchagacha davom etadi, qachonki bir kuni kanalga ag‘darilib ketib, qiz-juvonlar halok bo‘lgunga qadar. Shundan keyin odamlarni yuk mashinalarida tashiydigan bo‘lishadi, traktor aravalariga esa katta qilib “Odam tashish taqiqlanadi” deb yozib qo‘yishadi.
Xullas:
– To‘rtinchi sinfni yaqinroqqa olib boring­lar!
– Katta sinf yotoqqa ketsin. Baring kap-katta bo‘pqolgansan-ku? Uylantirib qo‘ysa, bola ko‘radigan! Qiyinchilikni ko‘r, pish!
Katta sinf viqor bilan, o‘zining qadrini bilib turadi. Ularning sochlari o‘siqroq, yoqalari ochiqroq. Ularga mumkin, chunki katta sinf.
Kichkina sinf potir-putir chopib-o‘ynab yuribdi.
Ke-etdik dalalarga!
“T-28” tez yursa sakrab-sakrab ketadi, tirkama ham unga qo‘shilib ilkis chayqaladi. Kattaroq sinflar-ku mayli, lekin kichik sinf bolalari tushib-netib ketmasin deya, simto‘rli aravalarga chiqarishadi. Arava borti tashqaridan berkitiladi, qarabsizki, tap-tayyor qafasning o‘zi.
G‘o‘za qator oralarida muhabbat tarannumi yangraganiga hayron qolasiz.
O‘smirlar ulg‘ayib, yigit-qizlar yetilib kelishmoqda. Kimdir kimgadir allaqachon ko‘ngil qo‘yib bo‘lgan. Nazorat qattiq: birovning qiziga ortiqcha gapirib bo‘lmaydi. Otasiga-ku yetib boraqolmas, ammo bu yoqda qizning aka-ukalari, tog‘a-jiyanlari bor-ku? Shu sababli muhabbat izhorining boshqa usullari o‘ylab topiladi. Shulardan biri – uchchanoq.
G‘o‘zalarda uchchanoqli ko‘sak kamyob bo‘ladi. Shu bois topib olingan uchchanoq ehtiyotlab saqlanadi, payt poylab turib, yon egatdagi kimningdir egatiga tashlab qo‘yiladi. Uchchanoqni olsa bas, “tushgan” bo‘ladi.
– Tushdi, tushdi!
Uchchanoqni tashlagan o‘smir iljayib turadi.
– Xo‘p, nima qilay?
– Behingdan berasan.
– Behim o‘zi bitta, xolos.
– Unda paxtangdan berasan.
Va hokazo.
Lekin ishq dardiga giriftor bo‘lganlar uchchanoqqa boshqa ma’no yuklashadi. Aytaylik, oshiqu beqaror o‘smir o‘zi yoqtirgan qizning egatiga uchchanoq tashlab qo‘ydi. Bu eng sodda usul, chunki yerda yotgan uchchanoq o‘z-o‘zidan kelib qolmasligini hamma biladi. Uddaburonrog‘i uni lo‘ppi paxtalar ichiga yashirishadi.
Mana, qizgina uchchanoqni oldi! Hayron bo‘lib atrofiga alanglasa, sal narida qizarib-bo‘zarib, bema’ni iljayib turgan oshiqi beqarorni ko‘radi.
– Afting qursin, buni sen tashladingmi?
– Ha.
– Nimaga tashlading?
– Shunchaki, o‘zim…
Qizgina darhol buning mag‘zini chaqadi. Yo “O‘l, bezraymay” deb terimida davom etadi, yoki indamaydi. Indamasa, olam guliston. Oshiq yana bir dunyo uchchanoqni qizning egatiga opkelib tashlashga tayyor. Beg‘ubor, bolalarcha muhabbatning sofdil izhorlari mana shu tarzda poyoni yo‘q dalalarga yoyilib ketadi. Hali endigina dil izhori qilindi. Qizning munosabati noma’lum. Bordi-yu, sal ro‘yxushlik bildirsa ham, istiqbolda o‘nlab-yuzlab “dovon”lar turibdi. Hali onaga aytilsa, bir yo‘lini qilib u gapni otaga yetkazsa… Ota-ona, aka-singil… Naryoqda qizning ota-onasi, aka-singlisi, qavmu qarindoshi… Shuncha bahaybat to‘siqlar yuksalib turganida birgina uchchanoq mehru muhabbat timsoliga aylanib ketishini ko‘ring.
Yoshlik tarovati jannat ma’volariga aylantirgan dalalardagi o‘smirlarga qarab, Dashti Qipchoqdagi qizgina esimga tushadi. Endi uni yaxshi ko‘rishimni ich-ichimdan tan olganman, biroq yetishib bo‘lmasligini ham bilaman. Afsus, agar oramizda bo‘lganida, egatiga sezdirmay uchchanoq tashlarmidim? Tergan paxtasini, o‘rgan o‘tlarini ko‘tarib shiyponga oborardim. Payvasta qoshlarining, quyuq kiprik­larining, xayolimni olgan gavhar ko‘zlarining malohati yanada ortgan bo‘lsa kerak. Bir kunmas-bir kun uni yana uchratib qolishimga ishonaman, ammo u mo‘jiza qay tarz ro‘y berishini aqlimga sig‘dirolmayman. Balki yana mehmon bo‘lib kelishar? Balki o‘zimiz ularnikiga borarmiz?..
Quyosh ufqqa yonboshlab, kun tugaydi. Hamma uy-uyiga qayta boshlaydi.
Qaytishda mabodo piyoda ketilsa, qizlar bir to‘p, o‘g‘ilbolalar bir to‘p bo‘lib, ko‘pincha qizlar oldinga o‘tib olishadi. Shunda “gap tashlash” boshlanadi.
Gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri “tashlanmaydi”, balki qiyalatib “otiladi”:
– Omon, bugun boshqacharoqmisan? Gapirsam ham qaramaysan? – deydi oshiqu beqaror o‘spirinlardan biri sherigiga qarata, baland ovozda.
Tabiiyki, bu gap Omonga emas, oldinda ketayotgan qizaloqlardan biriga aytilmoqda. Qizgina ham darrov gap nimadaligini sezadi.
– Zaro, o‘zing kecha nima deding?
– Nima dedim? – hech narsadan bexabar Zarofat hayron.
– E, jim ketavermaysanmi? – biqinini chimchilaydi “nishon” qiz. – Anovi mirzaterakka gapiryapman.
“Mirzaterak” – gap otgan o‘smir.
– Omon, hazilni ham tushunmaydigan bo‘lib qolibsanmi? – davom etadi “Mirzaterak”.
Javob darrov keladi:
– Odamga o‘xshab hazil qilsang tushunamanmi, Zaro?
Bunday “gaplashish”larning boshqa turlari ham bor. Masalan, “gap tashlovchi” o‘zi haqida gapiradi:
– Men bugun boshqacharoqmanmi? Gapirsayam indamayman?
Javob ham shunga mos:
– Men kecha bo‘lmag‘ur bir gap aytib qo‘yibman-da, molga o‘xshab.
Hamma sharaqlab kulib yuboradi. Bo‘lmag‘ur gap aytadigan mol qanaqa bo‘lishi mumkin?
– Iya, hazilniyam tushunmaydigan bo‘p qolibmanmi?
– Men esa odamga o‘xshab hazil qilolmaydigan bo‘pqolibman…
Qizlarning o‘z “sheva”si bor, bu – har bo‘g‘inga “z” yoki “b” qo‘shib gapiradigan “sheva”, boshqacha aytganda, “shifr”.
Qizgina Zarofatga “Sen jim ketaver, u menga gapirdi” demoqchi deylik. U gap shunday bo‘lib chiqadi:
– Se-ze-n ji-zi-m tu-zu-r, u-zo me-zen-gaza ga-za-pi-zi-r-di-zi!
Yoki:
– Se-bo-n ji-bi-m tu-bu-r, u-bo me-be-n-ga-bo ga-bo-pi-bi-r-di-bi!
Bu “bidir-bidir”ni qani endi birov tushunsa! Shum qizginalar darrov anglab olishadi. Qo‘llar qavargan, lo‘ppi oq paxtalar barmoqlarni yorib yuborgan, bilaklar tilingan, ammo yoshlik harorati chaqnatgan ko‘zlar, nigohlar, kulishlarning bari hali bir og‘iz so‘z aytilmasidan olamjahon ma’no tashiy boshlaydi.

Ismlar

Juda ko‘p narsalarning o‘z ismi bor.
Qishloqlarning, dashtu cho‘llarning, bog‘laru ko‘chalarning, yobonlarning otlarini aytmay qo‘yaqolay. Dalalar chetida, odamlar tomorqalariga tutash joylarda shoxlari bulutlarga yetguday bo‘lib yong‘oqlar o‘sgan. Kuzda egasi uzun kaltak bilan mevasini qoqib olsa-da, biribir bitta-yarimtasi qolib ketadi. O‘shanday yong‘oqlardan birining nomi – “Abdush”. Yana birining oti – “Qoqosh”. “Abdush” – qobig‘i juda qalin yong‘oq, “Qoqosh” esa po‘sti yupqa, mag‘ziyam ko‘rinib turadi.
“Abdush” ham, “Qoqosh” ham qari, bujur tanasining o‘yiqlari odamning rahmini keltirib, shoxlari har tomonga yoyilib yuksalgan. Yuz-yuz ellik yil avval shu qishloqda yashagan ota-bobolar nevara-chevaralarimning og‘zi tegib yursin deb qadashgan, deyishadi.
Nafaqat yong‘oqlaru noklarga, balki behiyu o‘riklarga ham odamlar ot qo‘yib olishgan.
Uylardagi hayvonlarning ham ismi bor. Masalan, qo‘shnimizning sigirlaridan biri – Kelsinoy. Boshqasining oti esa Davlatxon. Mol-hol egasi uyimga baraka, sarvatu davlat kelsin deya shunday nom bergan.
Kuchuk-mushuklarning ham ismi bor. Ular o‘z ismini bilishadi, chaqirsangiz bosh burib qarashadi.
Dov-daraxtni odamday koyigan kishilarni aytmaysizmi?
– O‘saverasanmi lallayib? Seni meva bergin, bolalarimga rizq bo‘lgan deb ekkanman. So‘laqmonday bo‘lib g‘o‘dayib turishingni qara. Yanagi yil meva qilsang qilding, bo‘lmasa kesib tandirga yoqvoraman!
Gilos javob qilmasa-da, qo‘rqadi. Rostdan ham yoqvorsa-ya, deb o‘ylaydi. Yanagi yili gurros gul ochadi. “Xatardan cho‘chib, tezroq zurriyot qoldiray desa kerak… Shuning uchun o‘simliklar qor-yomg‘irli sovuq kunlargacha urug‘larini yetiltirib, daraxtlar mevalarini pishirib olisharkan-da”, deb xulosa qilaman o‘zimcha.
– Ba’zi o‘g‘illar shunaqa bo‘lishadi, do‘q urmasang buyurgan ishingni bajarmaydi…
Ha, bolalar ulg‘ayib kelishmoqda. Ba’zilarining mo‘ylovi behi tukiday bo‘lib qolgan, ovozlari goh do‘rillab, goh chiyillab chiqadi. Maktabda esa ibtidoiy darslar davom etadi.
– Jo‘g‘rofiya, ummon qanaqa bo‘ladi?
– Oxiri ko‘rinmas, bepoyon sho‘r suv.
– Baliqlariyam bordir?
– Bo‘lmasinmi?
Bizdagi baliqlar mayda, jo‘n. Ko‘zimga juda soddaday ko‘rinadi. Eng kattasi shapaloqday keladi, shuniyam bolalar tutib olgach, ko‘z-ko‘zlab yarim kun ko‘tarib yurishadi. Boshqalari – jimchiloqday keladigan mitti baliqchalar, uvildiriqdan yangi chiqqaniga qarasangiz, ninachi bolasini eslatadi: ignaday keladigan jimit tananing ikki yonida bo‘rtiq ko‘zchasi bo‘ladi.
– Odamlar-chi, bizdaqami?
– Odam Xudoning bandasi, hamma joyda bir xil, bolam. Hamma bir ota-onadan, ya’ni Odam Ato bilan Momo Havodan tarqagan.
– Shuncha odam-a?
– Ha, qachonlardir dunyoda faqat ikkita odam bo‘lgan, xolos.
– Odam maymundan paydo bo‘lmaganmi?
– Tavba qildim de! Inson yer yuzining jonzoti emas. U jannatdan tushgan!
…Sabzavotlar yig‘ishtiriladi. Makkalar o‘rilib, bir-ikkita poyasidan arqon eshib, belidan dastalab boylanadi. Keyin quritish uchun qo‘ralarga tikkamasiga bosiladi. O‘rib olingan yerlarda qoldiq ildizlari tig‘day bo‘lib chiqib turadi, uni “tukuch” deydilar. Ehtiyot bo‘lmasa­ngiz, oyoqni tilib yuboradi, ko‘chirib chetga uyish kerak. Otalar tomorqaga go‘ng solishadi. Keyin yer yana chopib chiqiladi, shunda go‘ng tuproqqa qorishadi. Yomg‘irlar boshlanmasidan tezroq ulgurish kerak, shu sababli erkaklaru bolalar, xotinlaru qizchalar – hamma bab-baravar yer ag‘daradi.
Makkapoya tig‘i bir-ikki marta qo‘limni, oyog‘imni tilib yuborgani, jarohatlangan joyidan och qizil qon sizib chiqqani yodimda. Saldan keyin usti jigarrang tus olib qotadi, ikki-uch kundan o‘tgach, u qobiq ko‘chib, o‘rni nozik pushtirang tusdagi yangi teri bilan qoplanib qoladi. “Toza tuproq sep, o‘z-o‘zidan bitib ketadi” deyishadi kattalar. Gohida shakar sepsa yoki qorakuya surtsa ham bo‘ladi. Buni hamma biladi, mabodo bir joyi jarohatlansa, shu aytilganlarni qilishadi.
…Kuzda mevalar xilma-xil, benihoya shirin bo‘lib yetiladi. Osmonning rangi to‘q moviy tusga kirib sokinlashgan, havoda gohida hilpirab mezonlar uchadi. Behilar uzib olinib somon orasiga joylangan, uzumlar shiftga osilgan. Shaftoli, olma, o‘rik qoqi qilingan. Pomidor ham qoqi qilinadi, o‘rtasidan ikki palla qilib yorib, oftobga quritgani qo‘yaverasiz. Ichidagilarini tog‘oraga to‘kasiz, vaqt o‘tib suvi ketgach, urug‘i qoladi. U och-sarg‘ish tusli, yapasqi bo‘ladi. Bodring urug‘i ham shu tariqa olinadi. Shakli uzunchoq, oq rangli, shilimshiq, xuddi qovun urug‘iga o‘xshaydi. Barini dokaga o‘rab osib qo‘yasiz, chunki yanagi yil yerga qadash kerak…

Kuz

Paxta mavsumi tugaganida qishloq yengil nafas oladi.
Poyonsiz dalalar jigarrang-qo‘ng‘ir tusga kirgan, kuz yomg‘irlari bir xilda yog‘ib, pilchillagan loyga aylantirgan. Shiyponlar huvillagan, bo‘m-bo‘sh. Ochiq eshiklaridan shamol kirib o‘ynaydi.
Ayvondagi radio buni o‘zicha sharhlaydi:
Buncha ham yomg‘ir yog‘odir biz g‘aribning tomiga,
Kimni ham rahmi kelur bechoralarning holiga…

Xalqqa g‘o‘zapoya bo‘lib berildi. Hamma bola-chaqasi bilan g‘o‘zapoya to‘plashga chiqdi.
Ba’zilar traktor opkelishgan. Bu safar “T-28”ga yonlama pichoqli moslama o‘rnatilgan, u g‘o‘zapoyani kesib-qo‘porib ag‘darib ketaveradi. Ortidan loyga bota-bota yurib, to‘plash kerak.
Kimdir montyordan sim olgan, simqirqar bilan g‘o‘zapoya bog‘iga moslab kesib chiqqan. Sim topolmaganlar tut novdasini eshib, shu bilan bog‘lashadi. Novda chayir, qayishqoq, uni bolalar esholmaydi, shu sabab kattalar baquvvat qo‘llarida burab-burab eshishadi.
Bir oilaga o‘rtacha ming bog‘ g‘o‘zapoya kerak.
Gohida tuman tushganida ham odamlar bola-chaqasi bilan dalada kuymanib yurishganini ko‘rasiz.
Ulov topganlar g‘o‘zapoyani traktor aravasiga baland qilib bosishadi, u kelib, darvoza oldiga g‘aram qilib ag‘darib ketadi. Topolmaganlar esa yelkalarida uylariga tashiyverishadi. El o‘n-o‘n besh kun shu tashvish bilan yashaydi. Keyin “jola” mavsumi keladi.
“Jola” deb dalalarga mollarni bemalol qo‘yib yuborishga ruxsat tekkan mahalni aytishadi. “Molni jolaga hayda” degan gap sigirni o‘sha dalalarga oborib boqib kelish kerakligini bildiradi. Bu ish ham o‘smirlar zimmasida. Jola mahali sovuq tushadi, uyquga ketgan daraxtlar novdalarida bulduruqlar paydo bo‘ladi. Bolalar dalalarda qolgan-qutgan g‘o‘zapoyalarni to‘plab, o‘t yoqishadi, kartoshka yoki behi ko‘mishadi, qolib ketgan chigitlarni o‘tga tashlasangiz, chirsillab otiladi.
Kech kuz shu tariqa yoyilib-yastanadi.
Xalq kech kuzda to‘ylar qiladi. Sababi, qo‘li pul ko‘radi.
O‘sha sababli jonini jabborga berib ter to‘kadi. Bola-chaqasini ham ayamay, burnini yerga ishqab-ishqab ishlatadi. Evaziga haqini oladi.
Haqini olgach, endi qishdan ko‘nglim to‘q, bu pul bilan qishdan eson-omon chiqib olaman, deydi.
To‘y qiladiganlarni esa mashaqqatlar kutib turibdi. Sho‘rlik, mol-qo‘yini sotadi, qarz ko‘taradi. Bir amallab tayyorgarlik ko‘radi. Xullas, birin-ketin to‘ylar bo‘ladi.
Qish sovuqlarida odamlar og‘zidan hovur chiqa-chiqa to‘y tomosha qilishadi.
Bir tarafda qiz-juvonlar to‘planishgan, qarshi tomonda yigit-yalang. Katta chiroqlar osilgan, gohida qars etib yorilib ham ketadi. Chiroq o‘chadigan paytlar ham bo‘ladi, shunda o‘rtaga katta gulxan yoqiladi.
To‘y boshlanganida yoshi ulug‘lar yoqtiradigan qo‘shiqlar aytiladi. Elning kattalariga shunaqasi ma’qul.
Qirq yilda bir yigit kelar dunyoga,
Yigit yuzin yerga qaratma, falak!
Yoki:
Nomard ko‘prigidan o‘lsam o‘tmasman,
Karvon bo‘lsam makoniga qo‘nmasman,
Qo‘lidan bir piyola choyin ichmasman,
Mardingni nomardga muhtoj qilmagin…

Odamlar boshlarini chayqab-chayqab eshitib o‘tirishadi.
– Yashavor!
Xalq to‘ylarda qaddini tiklaydi.
Yosh-yalang davraga tovoq-tovoq palov tashishadi. El to‘ylarda, marosimlarda jipslashib qoladi. Hamma bir joyda, o‘zini qavmu qarindoshday tuta boshlaydi.
Maktablarda esa saboqlar boshlanadi. Sinf­xonalar sovuq. Baqaloq pechkalarga o‘tin hamda toshko‘mir yoqiladi. Har sinfda pechka yonida bir paqirdan ko‘mir turadi.
– Salom, fanlar! Salom, fizika, kimyo, jo‘g‘rofiya, tarix! Biz yana keldik!

* * *

Jo‘g‘rofiya bizlarga vulqonlar qanday otilishini tushuntiradi. Yer ostida lavalar hosil bo‘lishi, ummonlardagi ulkan baliqlaru sakkizoyoqlarning ko‘chishi, tabiiy ofatlar, materiklar, qit’alar, tog‘lar, dengizlar haqida shunaqangi berilib hikoya qiladiki, hayratdan ko‘zlarimiz katta-katta ochilib eshitib o‘tiramiz. Uchqur tasavvur materiklarning yuzaga kelishini, tog‘lar yer qa’ridan qay tarz bosh ko‘tarib chiqishini, nabotot va hayvonot qanday paydo bo‘lib, yo‘qolib ketishini jonlantiradi, xayollarni Nil daryosi bo‘ylariga, undan Dajla va Frot sohillariga yetak­laydi. Fir’avnlar makonlari, ezilib-bukilib ishlayotgan minglab qullar uzra aylanamiz.
Ha, fanlar maktab mobaynida benihoya ajoyib hikoyalarni goh quruq ilmiy, goh jonli til ila so‘ylab beradi. Ammo u hikoyalarni bilishimizdan ne foyda ekanini aytmaydi. Qishloq uzra o‘ynagan nur va soya o‘yinlari boshqa ellarda boshqacha jilvalanishini, botayotgan yoxud chiqayotgan quyosh yog‘dusi dengiz dolg‘alarida palaxsa-palaxsa, to‘q sariqdan qirmizigacha ajab jilolar hosil qilishini, to‘lqin qarsillashi qanaqa bo‘lishini, ikki dengiz suvi sirayam aralashib ketmasligini, quruqlik dunyosida neki bor, suv dunyosida ham borligini, quruqlikda esadigan shamollar suv ostida oqim deb atalishini, yollari hilpirab chopadigan gurros otlar u olamda suv otlari deyilishini… barchasi ila bizlarni mahliyo aylaydi-yu, ammo…
Shu qishloqdan chiqolmasligimizni, u bilimlar hech qachon kerak bo‘lmasligini, maktab tugagach, bir ro‘zg‘orning boshiga kelishimizniyu el qatori bizlar ham guvalak quyib, imoratlar solib, dalalarda ishlash bilan birga, tomorqamizda yetilgan meva-chevalarni bozorga olib borib sotish bilan tirikchilik qila-qila umrimiz o‘tib ketaverishini aytmaydi. Aytgandayam nima o‘zgarardi? Taqdir yozug‘i shu emasmi – hamma bir tanu bir jon, bahamjihat bo‘lib, bir-birini suyab-qo‘llab hayot kechirmoqda. Hali yosh-ku, ruhini cho‘ktirib nima qildim, katta bo‘lsa o‘zi bilib olar, deydi.
Qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish, bo‘lish… Pifagor teoremasi qachon, kimga kerak bo‘laqolibdi? Gauss qonuni-chi? Bular ham mayli, kattaroq sinfga o‘tganingizda tamomila notanish, yaramas va bo‘lmag‘ur bilimlarga ro‘para kelasiz. Logarifm cheksizga nima uchun intiladi, intilganida qiymati nima uchun birga teng bo‘lib qoladi? Sinus-kosinuslar-chi? Undan ko‘ra, o‘quvchilarga “Bir kilo paxta og‘irmi, bir kilo toshmi?” deganga o‘xshash boshqotirma savollar ma’qulroq bo‘lsa-da, hammamiz oliy matematikada bir xilda muvaffaqiyatsiz davom etamiz. Ularni anglab olish tugul, nomiga til kelishmaydi-ku? Logarifm qishloq tilida “Lagaripm”ga aylangach, Pifagor degan yunon olimining ismi Pifago‘r bo‘lib qolgach, nimayam kutardingiz? Sir bo‘lmasin, shuniyam aytay, butun boshli qishloqdan kimdir institut yoki universitetga o‘qishga kirib qolsa, xuddi mo‘jiza ro‘y berganday, u gap butun qishloqqa yoyilib ketar, “kallali bola” haqida afsonalar paydo bo‘lar, keyinroq u afsonaviy yigit yo shaharlarda qolib ketar, yoki qishloqqa qaytib kelib, el hayotiga qo‘shilib, “o‘zimizning” odamga aylanardi.
– Sigirni kuniga bir tog‘oradan yem berib yemlayversang, bir oyda necha kiloga semiradi?
– O‘ttiz kiloga.
– Kallang bormi?
Savolga qarang! Ana, yelkaning ustida dum-dumaloq bo‘lib turibdi-ku? Sochiyam, soch ostida ko‘zu qulog‘iyam bor. Koyishlar shu tarz davom etaveradi:
– Kalla degan narsa aslo yo‘q senda!
Bir mahallar Dashti Qipchoq qizi shu ko­­yishni eshitib, taajjublanib jilmayib qo‘ygani ham esimga keladi.
Uchqur tasavvurning qilmishlari ham qishloq bolalarining tutumi kabi oddiy va sho‘x. Koyish eshitgan bolaning kallasi xayolda darrov g‘oyib bo‘lib qolar, keyin boshini izlab yurganining kulgili tasviri paydo bo‘lardi. Adabiyotni aytmaysizmi? “Ma’no sohibjamoli yuzidan pardani ochdi” deyilsa, o‘zimiz qatori maktab­­ga borib-kelib yurgan, guldor ko‘ylak kiyib ro‘mol o‘ragan sinfdosh qizlardan birining sho‘x iljayib turgani ko‘z oldimizga kelib, sharaqlab kulib yuborardik. “Sohibjamol” degan so‘z esimga Dashti Qipchoq qizini ham soladi. Lekin, uning siymosi darslikdagi oq yuzli, uzun kiprikli nozik malaklarga o‘xshamaydi, Dashti Qipchoq qizining borlig‘ida hayot jo‘shqinligi, yoshlik tarovati gurkiragan, oftobda qizargan yuzida qizg‘in harorat barq uradi. Ajabo, bizlar ulg‘ayganimiz sayin uning xayolimdagi siymosi ham ulg‘aygan, o‘smirona xususiyatlari g‘oyib bo‘lib, bo‘y yetgan qizning balog‘at tarovati taraladi. Qora sochi uzun edi-ku, yanada uzaygandir? Sirli jilmayishining fusunkorligi yanada ortgandir?
Xullas, bir tomonda mutlaqo keraksiz fanlar yillab bolalarning ongiga natijasiz qu­­yilgan, boshqa tomonda esa o‘z bolalariga, zurriyodlariga ishonchsizlik ruhiyati hukmron bo‘lgan pallalarning shirin va alamli yodi bular…

* * *

– O‘simlik nimadan iborat? – deb savol berdi bir kuni Botanika.
Hamma tushunmay hayron qarab turardi. Botanika pechkaga o‘t qalab, ustiga choynakda suv qo‘ydi, keyin baland ovozda yana:
– Xo‘sh, o‘simlik nimadan iborat? – deb so‘radi.
– Ildizdan, tanadan, yaproqdan, guldan…
– Bekorlarni beshtasini aytibsiz!
Bekor nima-yu, uning beshtasi qanaqa bo‘ladi?
– Xo‘p, nimadan?
– Hujayradan!
“Hujayra” so‘zi bizlarga yondosh sinfdagi qoramag‘iz qizaloq – Hojira bilan uyqash kelgani uchun, tasavvurda beso‘naqay, o‘xshovsiz bir nimani namoyon qiladi.
– Bilib qo‘ying, har qanday tirik jon hujayradan iborat.
Keyin darslikni ochib, anjirga o‘xshagan yapaloq bir nimani ko‘rsatdi:
– Mana shu – hujayra! U o‘zidan ko‘payish xususiyatiga ega. Ikkiga bo‘linadi, keyin to‘rtga, sakkizga… Xullas, shu tariqa ko‘payaveradi.
Mantiq bularni hisoblab chiqib, muallimning gapini yolg‘onga chiqaradi. Sababi, tinmay ko‘payaversa, xamirday ko‘pchigan bir nima paydo bo‘ladi.
– Xullas, o‘simlik hujayrasi tarkibida tsitoplazma bor, tsitoplazma ichida esa xromosoma bo‘ladi…
Anjir, olma, nok, yong‘oq, uzum, shaftoli… bularning bari hujayralar ekan. Ichida tsitoplazmasiyu xromosomasi bilan, albatta. Bizlar ham hujayradan tarkib topgan ekanmiz. Qisqasi, bir to‘p hujayra sanalmish biz boshqa to‘p hujayrani paqqos tushirar ekanmiz. Sigir deyilgan bir to‘p hujayra ochqasa bo‘kirarmish, kuchuk deyilgan yana bir hujayra to‘plamini tepsangiz angillarmish va hokazo.
Kulgi o‘z yo‘liga-yu, endi bizlar shu fanni ham o‘rganishga majbur edik.
– Bahorda sellar loyqalarni olib kelib ekinzorlarga yoyadi, – dedi Botanika. – Ular orasida turli-tuman o‘t urug‘lari bo‘ladi. So‘ng­­ra tuproq borki, undan nabotot unib chiqadi. Rangu tusi, shaklu shamoyiliga aql shoshadi. Biroz vaqt o‘tgach, tevarakda gul ochmagan narsa qolmaydi. Bodringu pomidorlar sariq, gilosu o‘rik oq rangda gullaydi, olma turiga qarab har rangda barq uradi, tikanlar moviy gul chiqaradi. Oqishu qizg‘ish, ingichkayu qalin ildizlar tuproq bag‘riga kirib borib, ma’danlarni so‘rib oladi, o‘simlik bag‘rida kimyoviy jarayonlar ro‘y beradi. Shularning bari quyoshga intiladi. Yaproqlari yorug‘likni to‘yib-to‘yib, xuddi chaqaloq sut emganday emadi, oftob ularda shavq paydo qiladi, kechgacha nurga to‘yingan o‘simlik tuni bilan uni boshqa narsaga aylantiradi. Yoniga odam kelganini sezadi, o‘zini chog‘laydi, meni bir nima qilib qo‘ymasin deb hurkadi. Axir, u ham siz singari tirik jon. Masalan, birov urib-so‘ksa yoki xatar sezsangiz, baqirib-chaqirasiz, qochasiz, u esa joyidan siljiy olmaydi, chunki ildizi yerda-ku?
Ularni shamol, asalarilar, qushlar chang­latishi haqida ham aytdi. Ayniqsa, mevalar haqidagisi qiziqarli bo‘ldi, tasavvur ular orasidan nima uchundir anorni ajratib oldi. Qishloq xotinlarining mehnatda qavargan qo‘llari, qizargan ol yonoqlari, kampirlarning bujur kaftlarini tamsil etadigan mumsik va o‘ksik buta timsolga aylandi. Boshqalari esa bunday xususiyat kasb etmadi. Mevasiz teraklar, shamolda larzon chayqaladigan tollar, behilar, olmalar, uzumlar ham nima uchundir odamlarni tamsil etmay, faqat anorgina odamga o‘xshab qoldi.
Muallim muqovasi eskirib ketgan bir kitobni qo‘limga berib, bir sahifasini ochib, “O‘qi” dedi tantanavor ohangda. O‘qiy boshladim:
– Shak yo‘qki, “quvvai tabiiya” ilhomlantirilgan va vakil qilingan vazifasi bilan biror moddaga duch kelganida uni bekor qoldirmaydi. Agar u modda keragidan ortiq bo‘lsa, o‘z ishini ikki marta orttiradi. Ikki hissa orttirish ba’zan bir necha marta ham takrorlanadi. Bu hodisalarning barchasi o‘simliklarda uchratiladi. Bir-biriga yopishgan qo‘shaloq mevalar, bitta po‘choq o‘rab turgan qo‘shaloq mag‘izlar. Ikki marta orttirishda ko‘payish va bir-birining ichiga kirib ketish ham bo‘ladi, ichida o‘zi kabi limu mavjud bo‘lgan limu bunga misoldir.
Goho “quvvai tabiiya” to‘liq ikki hissa qilish ishini tamomlay olmaydi-da, a’zolarni turgan joylariga loyiq orttirib qo‘yadi. Chunki odatdagiga va yaroqlilarga qaraganda ortiqcha bo‘lsa ham, o‘ziga tegishli o‘rinlarda turadi…
– Tushundingizmi?
– Ha.
– Nimani tushundingiz?
– Bilmadik…
Biologiya ustozimiz davom etadi:
– “Quvvai tabiiya”ning ma’nosi tabiiy quvvat degani! Beruniy bobo aytyaptiki, yaratiqlarning paydo bo‘lishi, o‘sishi va ko‘payishini boshqarib turadigan bir kuch bor. Jon ana o‘shadir. Daraxtlardagi qo‘shaloq mevalarning, egizak bolalarning qanday paydo bo‘lishini tushuntiryapti. Aytyaptiki, zuryod yoki meva yetilishi uchun moddalar yetarli miqdorda bo‘lishi kerak. Agar ular keragidan ko‘p bo‘lsa, u quvvat bir kurtak negizida o‘shanga o‘xshash yana bir hosil yaratadi. Qo‘shaloq mevalar yoki egizak­lar paydo bo‘lishi sababi shunda deyapti. Agar o‘z ishini tamomlay olmasa, oshiqcha bir a’zo yasaydi-da, ishini tugallangan deb hisoblaydi. Masalan, odamdagi qo‘shimcha barmoqlar yoki ortiqlar shunga misol.
Yana tushunmaymiz. “Quvvai tabiiya” o‘z ishini qilsa qilavermaydimi?
– Beruniy kim?
– Juda katta olim, sizning ajdodingiz! Mana shu gaplarini ming yil avval aytib ketgan!
To‘g‘ri. Ming yil avval yashagan bo‘lsa, ming yil oldin aytadi-da. Oldinroq yoki keyinroq aytishining iloji yo‘q-ku?
– U mahalda dunyo hali sanashniyam tuzuk-quruq bilmas edi, gap shunda!
Bo‘lsa bordir. Lekin biz oddiy odamlarmiz, unaqa narsalarga aqlimiz yetavermaydi.
Mana shu gap juda ko‘p takrorlanadi. Kishilar o‘zlari bilmaydigan narsalar haqida gap ketganida “Ha, endi biz oddiy, jo‘n odamlarmiz-da”, deb istehzoli iljayib qo‘yishadi. Buni bolalar ham o‘zlashtirib olishgan.
– Shu kitob senga! – dedi Botanika, burushiq qo‘llarini yelkamga qo‘yib. – Uning nomi “Osorul-boqiya”2. Men tez kunda nafaqaga ketaman, sog‘lig‘imning mazasi yo‘q. Katta bo‘lsang, eslab yurarsan…
– Rahmat! – dedim bu tushunarsiz kitobni nima qilar ekanman, deya hayron bo‘lib.
Shundan so‘ng u darsda davom etib, tabiiy tanlanish degan jarayon haqida ham gapirdi. O‘simliklar paydo bo‘lganidan beri millionlab yillar o‘tganmish. U mahallar odamlar yashaganmi? Yo‘q, yashamagan. Ular Teshiktoshdan topilgan neandertal odamdan sal avvalroq paydo bo‘lishibdi. Tegradagi kishilarga razm solsangiz, shaklu shamoyili, qiyofasi har turli ekaniga hayron qolasiz. Masalan, bir sinfdoshimizning sochlari sariq, ko‘zlari esa bahor osmoniday ko‘m-ko‘k. Ba’zilari qo‘yko‘z, ba’zilarning ko‘zlari esa qiyiq. “Qon suradi”, deyishardi kishilar. Sariq ekanining sababi, yetti pushtining qay biridadir shunaqa kishi bo‘lgan. Qiyofa har yetti avlodda bir qaytadi. Yetti pushti surishtirilishi shundan. Ajdodining kim ekani ham surishtiriladi. Sababi, avlodida bir yaramas o‘tgan bo‘lsa, qanchadir vaqt o‘tib, yuzaga chiqib qolishi mumkin, degan gaplarni eshitasiz. Bular, tabiiyki, o‘simlik va daraxtlar misolida ham tushuntiriladi. Umuman, odamlar va daraxtlar munosabati xilma-xil va allaqachon bir-biriga mazmunan yaqinlashib ketgan. Misol uchun, kelinchak ota uyiga arazlab kelsa, “Bir ko‘chat tutib ketishi uchun qancha vaqt kerak, sabr qilgin”, deydilar.
Muallimimiz nafaqaga ketgach ham, darslarimiz yana bir muddat davom etdi. Keyin botanika o‘z joyini zoologiyaga bo‘shatib berdi. Zoologiya o‘rnini esa anatomiya, so‘ngra umumiy biologiya oldi. Shu tariqa bizning maktab faslimiz nihoya topdi, shuncha yil olgan keragu nokerak bilimlarimiz bilan hayot bag‘riga yo‘l olaqoldik.

* * *

Bir avlod bolalari shu tarz ulg‘ayishadi. Bu orada otalar keksayishadi.
Bir hayqirsa, ovozi yetti qishloqqa yetadigan qudratli otalar beli bukchayib, hassa tayanib yuradigan oqsoqollarga aylanishadi.
Ko‘ngli bo‘sh bo‘lib qolganini aytmaysizmi?
Bir qarasangiz, chopqillab o‘ynab yurgan nevarasiga qarab, mehri tovlanib:
– Odobingdan aylanay, otam, – deydi. – Qo‘lingni ko‘ksingga qo‘yib, jimitday bo‘lib salom bersang, ko‘zimga yosh keladi-ya. Bobong qurbon bo‘lsin senga, otajonim, – deydi. – Qa­­ra-ya, otam o‘tib ketuvdi, o‘rniga sen ota bo‘lding!
Yana bir qarasangiz, “Jonim onam”, deydi qiz nevarasiga qarab. Dastyor bo‘lib qolding-a. O‘rim soching belingga yetib, chelaklarda suv tashiysan, hovlilarni supurasan, hamma yoqni saranjom-sarishta qilib qo‘yadigan ajoyib qizaloq bo‘lib voyaga yetding. Onam o‘tib ketuvdi, chehrasini qo‘msab-sog‘inardim, o‘rniga xudoyim seni berdi. Biringizni otam, biringizni onam deyman-da, yana kimim bor mening bu dunyoda?
Hay attang, ulug‘larim bu kunlarni ko‘rishmadi. Bo‘y-bastingizga zor bo‘lib, ko‘zlarini tika-tika o‘tib ketishdi.
Bolalarim, hayotim bo‘yi sizlarni deb zahmat chekdim. O‘tgayam, cho‘qqayam sizlarni deb kirdim. Kamolingizni ko‘raman deb orzular qildim.
Jon bolalarim, ilm olinglar. Axir, men ham fazolarga, yulduzlarga qiziqardim. Naylayin, turmush og‘ir ekan. Otamning yoniga kirishim, beliga mador bo‘lishim kerak deb, tuproq ichida o‘ralashib yuraveribman. Qarasam, umr o‘tib ketibdi.
O‘zim ham yulduzday chaqnagan bola edim-ku? E voh, umrimni nimalarga sarfladim, deb o‘ksinadi.
Bizning zamon shunaqa edi. Ilm olsang ham, qishloqda kimga kerak bo‘lardi? Endi hamma yo‘llar sizniki, bolalar. O‘qinglar, katta bo‘ling­lar, el boshiga kelib yurt so‘ranglar, deyishadi.
Ammo nima uchun buncha armon, afsus, o‘kinch, iztirob?
Bolalar esa… bir-biridan o‘zg‘ir, shaddod, ammo otasining hurmatini biladi. O‘zini izzatiniyam biladi, ko‘zlarida aql-farosat balqib turibdi…
O‘tgan yillarning hikoyasi mana shulardan iborat. Bu davr oralig‘ida ulg‘aygan ming­lab-millionlab kishilar shu manzaralarni yod bilishadi. U hayot onglarga sizib kirib, allaqachon toshga yozilganday muhrlanib ulgurgan.
Endi o‘charmidi?
Yo‘q, sira o‘chmaydi.

IKKINChI QISM

Genetikaga kirish
(Genetikning uchinchi hikoyasi)

Bundan bir yarim asr avval Chexiya monastirlaridan birining monaxi – Gregor Mendel degan odam no‘xat ustida tajribalar o‘tkazib, sariq hamda yashil no‘xatni chatishtirishda hosil bo‘lgan barcha navlar sariq bo‘lib qolganiga diqqat qaratgan edi. Ikki tur o‘simlikdan sariq nav kuchlilik qilgach, yashili qayoqqa ketaqoldi? Bu g‘alati holat Mendelni juda o‘ylantirib qo‘ydi. Shuningdek, tirish bo‘rtiq va silliq urug‘li o‘simliklarni chatishtirgan edi, keyingi hosildagilarning hammasi silliq urug‘li bo‘lib qoldi.
Shundan so‘ng monax g‘alati shu ishga butun borlig‘i bilan kirishib ketdi. Chatishtirishlarning ikkinchi avlodida har o‘ntadan yettitasi sariq, uchtasi esa yashil bo‘lib chiqdi. Keyingi avlodda yana kutilmagan alomat kuzatildi, ya’ni silliq sariq va bo‘rtiq yashil urug‘lar chatishtirilganida, yashilu sariqning xususiyati o‘zgarib, silliq yashil hamda bo‘rtiq sariq navlar yuzaga keldi.
Mendel tasavvuri keng odam edi. Barcha ulkan kashfiyotlar oddiy hodisalar zamirida yotishini bilardi. Bunday holat inson irsiyatida ham uchrarmikin, deb bosh qotirdi. Insonlar ham o‘simligu daraxtlar singari bir-birlari bilan chatishadilar, lekin ba’zilarining avlodlari bir-birlariga o‘xshasa, boshqalaridan turli qiyofadagi farzandlar tug‘iladi. No‘xat hamda loviyada kuchli nav faqat birinchi avlodda ustunlik qilsa, uchinchi avloddan keyin ajralish yuzaga keldi. Ilk navlar kuchli, bo‘liq hosil bersa, keyingilari ota-onaning kuchsiz taraflarini olib unib chiqdi. Insonlarda-chi? Afsuski, Mendel u chalkashliklarning qonuniyatlarini topolmasdan dunyodan o‘tib ketdi.
Oradan ancha yillar o‘tgachgina, boshqa olimlar Mendel kashfiyotlariga e’tibor qarata boshlashdi.
Bu orada fan hujayra deb atalgan xazinani allaqachon kashf etib bo‘lgan edi.
Aytaylik, cho‘lda ketib boryapsiz, dedi u. Kaftingizga bir siqim qum oldingiz. Unda nechta zarra bor? Mingtami, yuz mingtami? Sanashning iloji yo‘q. Qumdan yaratilgan odam vujudida-chi, qancha bo‘lishi mumkin?
Ha, inson tanasi hujayra deyilgan juda mayda zarralardan iborat. Ular qumdan minglab marta kichik: faqat mikroskop ostida ko‘ra olasiz. Hajmi, rangi, shakli bir-biriga o‘xshamaydi, go‘yo qor zarralarining betakrorligini yodga soladi. Aksariyatida qobiq ostida shaffof suyuqlik bo‘ladi, uning ichida esa o‘simlik urug‘iga o‘xshagan yanada kichik zarralar joylashgan.
Tirik jon egalarining bari, shu jumladan o‘tlaru daraxtlar ham hujayradan tarkib topgan. Ularning ba’zilari bor-yo‘g‘i bitta hujayradan iborat, ba’zilarida esa bir necha ming. Insonda esa taxminan ellik trillion hujayra mavjud. O‘ylasangiz qo‘rqib ketasiz, shularning bari bir nizom va tartib ichida hayot kechirish bilan birga, vujud tirikligini ta’minlab turadi.
Keyinroq esa hujayra tarkibidan genlar ajratib olindi. Xromosoma deb ataladigan zarra ichida yashirinib yotgan hukmi ilohiy to‘satdan tirik jonning yaratilish sirlari tomon yo‘l ochib berdi. Ha, yaralish deyilgan ulkan jarayon gen deb ataladigan benihoya mitti moddalar bag‘ridagi buyruqlar bois, o‘z qonuniyatlaridan sira og‘ishmasdan davom etib kelmoqda. Mikroskop ostida buralib-chuvalib yotgan u hukm o‘rami qay tarz ko‘z, quloq, yuz, soch, suyak, mushak, tana a’zolari bunyodga kelishining, o‘sib-rivojlanishining va hayot degan ajoyib jarayonni takomillashtirishining tamal qonuniyatlari bo‘lib chiqdi. Bu esa jon egalarining bor-yo‘g‘i bir hujayradan paydo bo‘lishi sabablariga juda kuchli isbot bo‘lib qo‘shildi.
Mendel benihoya mukammal shu me’moriy saltanatga inson aralashuvi mumkinligini isbot qilib ketdi. Bilimlar olamidagi mutlaqo yangi bu kashfiyot har qanday tirik jonzotni istagan shaklda o‘zgartirish mumkinligini, benihoya murakkab tirik organizmlarni xohlagan tarzda bunyod eta olishni va’da qilardi.
Ammo, jon-chi? Ko‘zga ko‘rinmas mitti zarralar yo‘qlik olamlaridan keladigan o‘sha mehmon uchun mukammal bir mehmonxona hosil qilar ekan, uning o‘zi qayda? Shu mahalgacha jon deyilgan unsurning faqat alomatlari ko‘rilgan, o‘zining ne ekani esa jumboqligicha qolmoqda. U mehmon shunchalar azizki, naslu nasabining ham azizligini ta’kidlash uchun ota va ona qiyofasi baxsh etilib, vujud de­­yilgan xonai xurshidga ularning qosh-ko‘zlari, yuz-chehrasi ham naqsh etilmoqda!
Mendel ilohiyotchi faylasuf ham edi. Unga qadar olimlardan Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino olam mukammalligi aro insongina zoti oliy ekanini, barcha tirik yaratiqlarda faqat jon bor esa, insonda undan tashqari ruh ham mavjudligini ta’riflab ketishgan. Mendel ham shu fikrni davom ettirdi: ona qornida homilaga jon kirgani hamono yaratilgan u vujud a’zolari ishga tushadi hamda uch oy o‘tgach, ruh puflab kiritiladi. Uning kimligi, yaxshi yoki yomonligi hozircha Tangri taologagina ayon. Top-toza, musaffo inson ruhi o‘sha muhtasham vujudga kirgachgina odam paydo bo‘ladi. Mana shuni “Bir inson dunyoga keldi”, deydilar.
Modomiki “kelgan” ekan, u holda, qayerdan?
Tana deyilgan ma’voda u bilan birga o‘sib-ulg‘ayar ekan, har narsani mushohada qiladi, taqqoslaydi, turli-tumanliklarni ko‘rib tafakkurga toladi, sevadi, nafratlanadi, quvonadi, iztirob chekadi. Shu tariqa, faqat mazmunlar ila to‘yina-to‘yina, vaqt-soati kelgach, yana o‘zga makonlarga ravona bo‘ladi. Vujudday ajoyib san’at asari esa daraxtlarning kuzgi barglari kabi tussizlashib, xazonga yuz tutib, olam tuproqlariga qo‘shilib-qorishib ketadi. Shunda “Falonchi olamdan o‘tdi” yoki “Dunyodan ketdi” deydilar.
Qay tarzda, qayerga ketaqoldi?
Keltirayotganu ketkizayotgan kim?
Bunday ifodalar faqat insongagina qo‘llanishi-chi? Hayvonlar, qurtu qushlar, dov-daraxtlar ham unib-o‘sib, hosil berib yoki nasl qoldirib xazonga aylanar ekan, ularga nima uchun “olamga keldi” yoki “abadiyatga qovushdi” deyilmaydi?
Shu jarayonlarning bari birlashib, inson bolalari olamga bilim va mazmun uchun kelishlarini ta’kidlovchi rad etib bo‘lmas haqiqatni namoyon qilardi. Dunyoga tashrif buyurgan ruh yetarli mazmun bilan to‘yinmagach, shayton izmiga kirishi, buzg‘unchiliklar sodir qilishi aqlga sig‘adimi? Mendel yer yuzidagi barcha buzg‘unchiliklarning va falokatlarning asosiy sababi johillik degan xulosaga keldi. Ne uchun yaratilganini, ne uchun dunyoga kelganini bilmaslik, o‘zini hayvon nasliga mansub deb ishonish, shu ajoyib tana ichidagi ruhning qaydan kelganini va qayga ketishini tafakkur qilmaslik uni haqiqatan ham tuban darajaga keltirib qo‘yishi shubhasiz. Ro‘y bergan yuzlab urushlar, qotilliklar, haqsizliklar tarix bag‘ridan onglarga qarata qichqirib turmoqda, dedi Mendel. Mehru muhabbat faqat insonga xos ekanini, boshqa biror-bir jon egasi u ne’matlarga noil bo‘lmaganini ko‘rmayapsizmi? Olamdan olib ketadigan narsangiz ham o‘sha mazmunlar ekani ongingizga yetib bormayaptimi?
Shunday bo‘lsa-da, undan keyingi olimlar shiddat bilan yangi jon egalarini yaratish shavqiga berilib ketishdi.
Inson mukammal emas, deyishdi ba’zilari. Mukammal bo‘lganida qarib-qartayarmidi, har turli kasalliklarga duchor bo‘larmidi? Mana, o‘zingizni o‘zingiz yaratib oling, deya yaratilish tamalining qopqalari lang ochilmoqda. Yana biroz sabr qilsangiz bas, dunyoni istagan shaklga keltira olasiz. O‘z vujudingizni qaytadan yaratasiz, tomirlaringizda doimo kuch-quvvat oqadigan, umr kuzining keksalik va ajal degan ofatlari kor qilmaydigan darajaga yetasiz.
Ilk genetik tadqiqotlar shu zaminda boshlangani sir emas. Turli-tuman boy-badavlat kishilar o‘z sarvatlarini tadqiqotlar uchun ayamay sarflashardi. Axir, yaqindagina odam bolasi zaif mavjudot hisoblanmasmidi? Aqlu tafakkuri bois, o‘zidan kuchli yaratiqlaru balolarga bas kela olish uchun qurollar ixtiro qildi, mustahkam uylar, to‘g‘onlar qurdi, hayvonlarni bo‘ysundirdi, chaqmoqlaru shamollar hosil qilishni o‘rgandi. Ha, endi to‘la hukmronlik zamoni keldi, chunki u har narsadan g‘olib chiqdi.
Shuningdek, kasallik hosil qiladigan mikroorganizmlarning ham tirik jonzot ekani, ko‘payib-urchishi va hayot kechirishi aniqlandi. Fanlar oldida yana bir muhim vazifa ko‘ndalang bo‘ldi: jonli deyilgan yaratiqlar genga ega bo‘lishi shart deb belgilandi. Shu tariqa, hayvonlaru o‘simliklardan tortib to odamni halokatga yetaklaydigan, quritib-qovjiratadigan turli-tuman kasallik qo‘zg‘atuvchilariyu taomlaru mevalarni achitadigan, yer tublarida jarayonlar hosil qiladigan, toshlarni yemiradigan, xamirni ko‘pchitadigan bakteriyalargacha tiriklar safiga kelib qo‘shilaqoldi.
Mendelning hayot va o‘lim qonuniyatlari haqidagi u risolasi boshqa tur yuzlab asarlar orasida qolib ketdi. Dunyo yangilanishga yuz burmoqda, endi asrlar osha eskirgan xulosalar hech kimga keraksiz, allaqachon hamma biladigan gaplarga aylanib qolgan, zamonaviy fan esa yangi ufqlar sari dadil odimlardi.
Keyingi yuz yil ichidagi muttasil tahlillar hamda tadqiqotlar davomida esa to‘satdan… odam bolasining yaralish qonuniyatlariga daxl qilish halokatli ekani ayon bo‘ldi. Inson genlari juda mustahkam himoyalangan bo‘lib, undagi salgina o‘zgarish ham jon egasini yo‘qlik sari yetaklab ketardi. Shundan so‘ng insonni genetik o‘zgartirish fikridan qaytildi, ko‘pchilik o‘lkalarda bu tur tadqiqotlarni qonunan taqiqlandi. To‘g‘ri-da, inson ustida tadqiqot o‘tkazib, u mukammal tizimni o‘zgartirish asnosida uning ayni damda bo‘lg‘usi ota, ona yoxud farzand ekanligi nazarda tutilsa, otadan yoki onadan o‘tgan mutlaq genlarning o‘zgarishi natijasida boshqa shaklu qiyofa olgan yangi jon egasining “Otam qani? Onam qani?” degan savollariga kim javob bera oladi? Javharidan o‘zgartirilgan u mavjudotni kim odam deb tan oladi? Mudhish taqdirlarni yaratish g‘oyalari shu tariqa abadiyan hibs qilindi. Faqat irsiy kasalliklar hamda tibbiy genetika izlanishlariga ruxsat berildi, xolos. O‘simliklar genetikasi esa kutilmaganda shiddat bilan rivojlandi. Chunki yorug‘dan bahra oladigan hamda tuproqdan ne’mat yaratadigan shu oddiy jonzotlar gen o‘zgarishlariga ancha moslashuvchan bo‘lib chiqdi.
Mana shu ma’lumotlarning barchasi dunyo genetika markazlarining ilm xazinalarida jild-jild risolalar va ma’lumotlar ko‘rinishida saqlanmoqda edi. Olamning qayerlaridadir tirik organizmlar tuzilishi ustida tadqiqotlar muttasil olib borilayotgani va maxfiy tutilayotgani ayon, o‘simliklar va daraxtlar dunyosiga aloqador barcha bilimlar esa oshkor bo‘lib, tez orada u yana bir boshqa tizimga – tijoriy tizimga xizmat qila boshlagani ham sir bo‘lmay qoldi.

Momaqaldiroq

Momaqaldiroq qanday hosil bo‘lishini ko‘rganmisiz?
Yomg‘irga homila qora bulutlar qat-qat, uyur-uyur to‘planib-pasayib kelgan mahal, havoda begona shamollar o‘qtin-o‘qtin zabt urib, dov-daraxtni shovullatgan kez, bir-ikki yomg‘ir tomchisi har yer-har yerda zaif shitir hosil qilgan pallada ko‘kni yorib chaqnagan chaqin shiddatidan so‘ngra yangraydigan gumburlagan sado hayrat, shavqu zavq va hayiqish hosil qiladi. Chaqin samo qamchisi bo‘lsa, momaqaldiroq – o‘sha qamchi bulutlarga urilganining ovozi.
Men momaqaldiroq oldidan bir lahza tek qoladigan tabiat aro yoyloqlarning nimanidir kutayotganday tahlikada titragan o‘t-o‘lanlarini, jonzotlarini, dov-daraxtini ko‘p kuzatganman. Momaqaldiroq havoni larzaga keltirganida, ortidan keladigan yomg‘irni sezishini, qad rostlashini, intiqligini ko‘rganman.
Yana, o‘tlaru maysalar, bori nabotot chaqmoqdan qo‘rqishi-chi? Qurtu qush oldindan sezib, berkinib olishi-chi? Aqlu tafakkuri yo‘q u jonzotlarga bunday sezimlarni kim bergan?
Bilganlarim ongimda momaqaldiroq sodir qilganga o‘xshardi. Ammo hali chaqin ko‘rinmadi-ku? Bilim bulutlari yerga yanada yaqinlashganida, ko‘kni tikkasiga yorib yuboradigan u samoviy qilich qudratini hozircha shu guldurosgina ifodalamoqda edi, xolos.
Bir mahallar, sarg‘aygan makkajo‘xorilari issiqda hansiragan, odamlariyu tabiati bir-biriga o‘xshash makonlardan chiqib kelgan qora ko‘z bolakay, ya’ni men o‘zimda paydo bo‘lgan ilm chanqoqligini qanday qondirishni bilmasdim. Yigirma uch yoshimga qadar o‘zim bilgan dov-daraxt va o‘simliklarni ildizigacha o‘rganib chiqib, biologiya ilmiga xos neki bor, hammasini singdirib olgach, shuurim yana va yana bilim istardi.
Maktab darslarida qayta-qayta o‘tilgan “Fikr sohibjamoli yuzidan pardasini ochdi” degan gapning mazmunu mohiyati endi aqlimga yetib kelayotgan, haqiqatan ham, u suluvning husnu jamoli shunchalar maftunkor, inson hayotini tubdan o‘zgartirib, o‘ziga tamomila mahliyo qilar darajada jodugar, minglab asalarilar to‘plagan toza bol kabi xushta’mu shifobaxsh ekaniga ishonardim. Ichimdagi “ilm shaytoni”ni qanday tinchlantirishning yo‘lini topolmasdim.
Aqlu tafakkurim yildirim tezligida ko‘rgan-bilgan voqea va hodisalarni taqqoslab, xulosa chiqarar, shiddatidan o‘zim hayratlanardim. Fan cho‘qqilari sari intilar ekanman, tegramda yana odamlar va voqealar jonlanardi.
O‘sib-ulg‘ayish mobaynida neki ko‘rgan bo‘lsam, fanlar yorug‘ida ular mutlaqo boshqacha jilvalanardi-da. Masalan, quyoshga qora shisha orqali qarasangiz, yog‘dusi oqish bo‘lib qoladi. Yoki ninachi ko‘ziga o‘xshatib ishlangan oynadan boqsangiz, bir xil tusli osmon turli bo‘lak­larga bo‘linganini ko‘rasiz.
Tevarakda neki tirik jon bor, bari nihoyasiz hukmi ilohiy ila turli-tuman aql yetmas jarayonlar ichida edi. Har tirik jon zaruriy ma’danlaru kimyoviy birikmalarni o‘z tanasi bag‘ridan chiqarib zurriyodiga tutar ekan, ularni hosil qilishni qay tarzda o‘rganaqoldi? Sut deyilgan, el nihoyatda e’zozlaydigan va muqaddas deb biladigan ne’mat tarkibidagi qo‘shaloq organik moddalarni, shifo, davo va ozuqa bo‘ladigan yuzlab unsurlarni qon va et oralarida hosil qiladigan qudrat nima? Shularni o‘ylaganimda olovning sirayam olov emasligini, balki zarralar harakati haddan tashqari tezlashganida kuchli energiya ajralib chiqishini va moddalar xususiyatini o‘zgartirishini kuzatardim. Bular orasida eng ajoyibi suv ekaniga hayron qolar, havodagi ikki zarra birlashib zilol hosil qilishini tushunolmasdim. Har holda, shu ikkovlon birlashganida uchinchi bir modda paydo bo‘lishi ham azaldan iroda qilingan qonuniyat bo‘lib, qudrat egasi agar istasa, uni buzib yuborishiga va yer yuzining barcha olimlari birlashganida ham suv hosil qilolmasligiga aqlim yetib turardi.
Etilayotgan bug‘doylar, meva-chevalar, sabzavotlar, ildiz yordamida tuproqdan notanish ma’danlarni so‘rib olib, olmaga, nokka, gilosga, qulupnayga aylantirayotgan, yer ustidayu ostida, shoxu novdalarda, yaprog‘u ildizlarda taram-taram, dona-dona, g‘uj-g‘uj, qo‘sha-qo‘sha yoki tizim-tizim mevalar hosil qilayotgan hukmlarni ko‘rib, uni harakatga keltiradigan, joriy qiladigan hamda barq urdiradigan yana bir qudrat mavjudligini sezib-bilib turardim.
Nazarimda, “jon” o‘sha edi!
Bir mahallar, o‘rib olingan makkapoyalarning yerdan chiqib turgan qoldiqlari qo‘l-oyoqni tig‘day tilib yuborishini, jarohatdan och-qizil tusli qon oqib chiqib, tezda qotishini aytgan edim.
– Qo‘lingni tilib oldingmi?
– Ha, makkapoya ildizi tig‘day ekan. Kesib yubordi.
– Ehtiyot bo‘lmaysanmi? Ustiga toza tuproq sep yoki qorakuya surt!
Fan bu hodisaning qanday sodir bo‘lishini shunday ayon qiladi. Qarang, nimalar ro‘y berar ekan? Son-sanoqsiz asab tolalari uzra “Bu odam qo‘lini kesib oldi” degan xabar vujudning har tarafiga chaqmoqday taraladi. “Diqqat! Badanning qo‘l qismida jarohat bor. Vujudning bir butunligiga putur yetdi!” O‘sha zahoti ko‘miklarda, iliklarda, suyak va qon oralarida aql bovar qilmas ishlar boshlanadi. “Kesilgan joyni himoya qilish uchun bizga mudofaa askarlari lozim. Kesilgan joyni tiklash uchun to‘quvchilar, tiklovchilar, butlovchilar, ma’danlar kerak!” Jarohatdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan “dushman”larga qarshi kurashish uchun immun tizimi askarlari o‘sha zahoti guros-guros jo‘nab ketishadi. U joyda harorat ortadi, chunki yuqori haroratda begona jon egalari tezroq halok bo‘ladi. Kesilgan joy usti jigarrang qobiq bilan qoplanadi, sababi – begonalar kirib kelolmasin! Qobiq ostida esa tiklash ishlari muttasil davom etadi. Zararlangan tomirlar, uzilgan asab tolalari, teri qavatlari birin-ketin yangilanadi. Nihoyat, avvalgi holiga kelgach, vujud oralaridan yana buyruq keladi: “Tiklash ishlari nihoyasiga yetdi! Barcha a’zolar mo‘tadil ishlamoqda. O‘rab olingan joyning himoya qobig‘iga endi hojat yo‘q!” Qobiq ostidagi “ishchi”lar uni tutib turgan son-sanoqsiz iplarni kesishgach, jarohat ustidagi qobiq o‘z-o‘zidan ko‘chib tushadi… Tiklanish, ya’ni regeneratsiya hayot degan sirli unsur yashnatib turgan barcha tirik mavjudotlarda shu tarzda ro‘y beradi. Ko‘z ko‘ra-ko‘ra o‘rganib ketgan, go‘yo o‘z-o‘zi­dan ro‘y berayotgan shu ishni, ongsiz hayvonu o‘simliklarni qo‘yaturing, oliy tafakkur egasi bo‘lmish odam bolasining o‘zi boshqar­yaptimi? Aslo yo‘q. Zohiran oddiy, lekin mohiya­tan juda murakkab jarayonlarning bari vujud genlaridagi hukmlar bois ro‘y bermayaptimi?
Men yetib kelgan fan chegaralaridagi o‘ziga xos bilimlar, transgenlar3, mutatsiyalar4, tirik jon bag‘rida ro‘y berayotgan turli-tuman jarayonlar, kurashlar, g‘alabayu mag‘lubiyatlar… Virus yoki bakteriya ko‘rinishida tanaga kirib kelgan son-sanoqsiz “dushman” askarlari, ularga qarshi kurashadigan immun tizimining mukammal mudofaasi… Bag‘riga Koinotni jo aylagan Inson… Hamda shu vujudni paydo bo‘lganidan to umr so‘ngiga qadar ipidan-ignasigacha zarra-zarra boshqarib turgan ilohiy boshqaruv… “Mana endi istaganingni qil, – deb hayqirmoqda edi men tanlagan fan, shaytoniy qahqaha ila. – Yaratilish qonuniyatlarining tamaligacha hukmingni o‘tkaza olasan. Xohlasang, jahannam maxluqlarini yarat. Sigir boshli chivin, timsoh boshli qo‘y yoki uch boshli odam paydo qilish batamom iznu ixtiyoringda. Yer yuzidagi millionlab sudraluvchi, uchuvchi, o‘rmalovchi, sakrovchi, suzuvchi jonzotlarning yaralish qonunlari qarshingda muntazir. Olamlar Xojasi seni Koinot sarvari deb sharaflaganiga endi imon keltirasanmi? Qachonlardir yaratilgan va bugun ta’bingga mos kelmay qolgan narsalarni bemalol o‘zgartiraver, yo‘qsa bu qudrat, bu imkon senga o‘z-o‘zidan, shunchaki berilibdimi?
Er yuzidagi tiriklik hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishga qodir bir odam bolasi misli ko‘rilmagan shu nizom aro minglab yillardan buyon davom etayotgan ajoyib hayotning yaralish sirlari qarshisida ortiga tisarilmasinmi, hayiqmasinmi, titramasinmi? Hamda ijod shavqi aro yana olg‘a intilmasinmi?
O‘zgarib ketgan zamonaviy dunyoda hayot kechirayotgan jon egalariga “tuzatish” kiritish Tangri irodasiga qarshi chiqish emas, balki uning yerdagi elchisi o‘laroq, olamga hukmronlik qilish, o‘zgartirish, yangilash degan ma’noni bildirmaydimi?
Bir zamonlar “Inson mukammal emas” deb da’vo qilganlar qatorida, “Bundan millionlab yillar avval yaratilgan yaratiqlarning ba’zilari eskirdi” deganlar ham bor. Ularning gaplari haqiqatga yaqinmi? Nahotki, Olamlar Xojasi yaratiqlarni zamonga moslab qo‘yishni bandasiga ravo ko‘rgan bo‘lsa? Masalan, k ye ch k u z m a h a l i u z u m n o v d a l a r i n i ye r g a k o‘ m a m i z. Sho‘rlik, to‘satdan kelgan sovuqda titrab-dovdirab, ne qilarini bilmay turadi, ajalim yetdimikin deya qo‘rqadi. Ha, qish qattiq keladi shekilli, ko‘milmasa, sovuq uradi. Muzlagan yerni o‘yib, yo‘g‘on zanglarni halqa-halqa o‘rab, ustidan makkapoya va tuproq bostirish zahmatini boshdan o‘tkazganlar bilishadi. Tarkibidagi “eskimos” deb ataladigan genlarni o‘zgartirish bilan bu muammo barham topishi mumkin. Ilmning o‘yinlarini qarang! Eskimoslar – Grenlandiya muzliklarida yashovchi, muzdan uylar qurib yashaydigan kishilar. Xalq nomining navga berilishi ham fandagi g‘alati hodisalardan biri. Lekin ilmda bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Masalan, choyning bir turi “hind” deb, qahvaning bir turi esa “afrikalik” deb ataladi…
Dunyoning eng ilg‘or laboratoriyalarida olamdagi uzum navlarining nusxalari saqlanadi. Ularning genlari allaqachon o‘rganilib, xaritalari tuzib bo‘lingan. Qishloqdagi odamlarning muammosi hal bo‘lishi uchun o‘sha navning gen xaritasini topish, “sekvenser” degan uskuna yordamida uzum genining o‘sha qismini “kesib” qo‘yish kerak. Shunda tanasida oqadigan suyuqlik xususiyati o‘zgarib, sovuqqa chidamli bo‘lib qoladi. Bir uzumgina emas, sovuqdan aziyat chekadigan anorlaru anjirlar ham yolvorib turganday. Ajab, “”eskimos” genlari ularda ham bor. Hujayrasining javhariga o‘zgartirish kiritilsa kifoya.
Lekin jon deyilgan noma’lum unsur u hujayraga kirarmikin? Hayot kechirishiga, o‘sib-unishiga ko‘maklasharmikin? Yoki yaralish hukmidan chiqqan u zarrani tark etarmikin?
G‘oyalar… umidlar… orzular ham ilm hududlariday bepoyon, bitmas-tuganmas…
Ufqlarga qadar yastanib yotgan, ustida qaldirg‘ochlar tinmay aylanib uchadigan, orasiga kirsangiz nafas olish qiyinlashadigan dalalardagi g‘o‘zalar-chi? Bizda iqlim tez o‘zgaradi, ilk terimdan keyinoq yomg‘irlar yog‘ishi mumkin, u esa hosil sifatini aynitadi. Dunyoda g‘o‘zachalik ko‘p va chuqur o‘rganilgan o‘simlik bo‘lmasa kerak. Uning bag‘ridagi uch milliard kimyoviy harf bilan ifodalangan matn sirlariga termilib o‘tirarkanman, odamlarning mehnatlari, qator oralaridagi uchchanoqlar, yeyilgan behilar ko‘z oldimga keladi. “B u j u d a d a n g a s a o‘ s i m ­l i k – d a, – deydi ulug‘larimizdan biri, ketmonini yerga qo‘yib, peshonasidagi terini artib. – U yoq-bu yog‘ini chopib, qulog‘idan tortib, ildiziga havo bermasangiz, sira o‘sgisi kelmaydi”. Shunday bo‘laqolsin, lekin uni tezroq, tolasi uzunroq bo‘lib yetiladigan qilishning usullari bormi? ”Bor, – deydi Genetika. – Q i sh l o q t ye r a k z o – r i d a g i o t­­ q u l o q l a r esingdami? U yerdagi daraxtlar baland o‘sib, nurni to‘sib qo‘ymaganmidi? Otquloq barglari va undagi tolasimon tomirlar shu sababli bo‘rtib, o‘sib-uzayib ketmaganmidi? Soyada qolganidan xavotirlanib tezroq gullab, erta urug‘ sochmaganmidi? Esla, esla… Quyosh nuri tikka tushadigan joydagilari unaqa emas edi. Axir, bari birday otquloq-ku?
Ha, o‘simlik nurga intiladi. Uni to‘sib qo‘ysangiz, savqi tabiiy ila yorug‘lik qayoqdaligini sezib, o‘sha yoqqa qarab o‘sadi. Yorug‘ kamaysa, kuz kelyapti deb o‘ylab, qo‘rqadi. Kuz unga hayot tamom bo‘lganini, ajal elchisi yo‘lda ekanini bildiradi. Uzum shu sababdan mo‘ylovlarini har yonga yoyib tepaga intiladi, hatto daraxtlarning qir uchigacha chirmashib chiqib boradi. Qovoq ham shunday, dastalab bosilgan g‘o‘zapoyalar tepasigacha o‘sib, katta-katta oshqovoq soladi. Kungaboqarni-ku aytmay qo‘yaqolay. Xullas, g‘o‘zani yorug‘likdan tamomila mosuvo qilsak, nur izlab g‘ovlab ketishi mumkin. “Chilpish” degan jarayonning mohiyati ham shunda, ya’ni o‘simlik shunday boshqariladi. Uchidan chilpilgan o‘simlik o‘sishdan to‘xtab, ko‘sakka zo‘r beradi, chunki “Kimdir kelib meni chilpib qo‘ydi, tezroq hosilimni beraqolay, kuz kelguncha ulguray, bo‘lmasa yana chilpib tashlashi hech gapmas”, deb o‘ylaydi…
Shoshma! Mabodo, uni nurning hammasidan emas, ma’lum qismidan judo qilsak-chi?
– Fizika!
– Labbay.
– Quyosh nurini yoyib bera olasanmi?
– Marhamat. Quyosh nurining ko‘rinadigan spektri bir qancha ranglardan iborat. Chapdan o‘ngga qarab, binafsha, ko‘k, yashil, sariq, qizil va uzoq qizil nurlarga bo‘linadi, – deydi Fizika, maktabdagi keksa ustozim Abdunazar akaning ovozi bilan.
– Biologiya, g‘o‘za fotosintezi uchun eng muhim nur qaysi?
Biologiya esa yana bir ustozim – Hoshimboy akaning ovozi bilan javob qaytaradi:
– Hammasi, lekin o‘simliklar qizil hamda uzoq qizil nursiz yashay olmaydi, u o‘simlikning yuragi va ko‘zidir!
– U holda, “uzoq qizil” nurni kesib qo‘ysak-chi?
– Bu haqda ma’lumot yo‘q. Genetikadan so‘rayqol.
– Genetika, nima qilaylik?
Genetika fani butunlay boshqa sas ila javob qaytaradi:
– Uning gen xaritasidan “uzoq-qizil” nurga javob qiladigan joyini topib, o‘sha yerdagi genlarni “o‘chirib” qo‘yish kerak.
Genetikaning javobi to‘g‘ri. Ammo qanaqa qilib “o‘chirsa” bo‘ladi?

Ustoz

– Assalomu alaykum, ustoz.
– Vaalaykum assalom. Genlar ustidagi urinish­laringizdan xabarim bor. Bularning bari yaxshi, lekin, sizga bir narsani aytib qo‘yishim kerak.
– Marhamat, ustoz.
– Nega buyurilgan tajribalarni qo‘yib, boshqa ishlar bilan shug‘ullanib yuribsiz? Xayolingizda mustaqil olimga aylandingiz-da endi?
– Yo‘q, albatta. Katta ustozga bu g‘oyani aytgandim.
– Bulardan naf yo‘q – baribir hech narsa chiqmaydi, qiyin masalalar. Xo‘p, katta ustoz nima dedilar?
– Katta ustozga ma’qul bo‘ldi. Biroq, men ko‘pchilik “hech narsa chiqmaydi” deganiga ikkilanib turibman, desam, u kishi “Biz – o‘zbekmiz! Boshladingmi – chiqmasa ham oxirigacha yetkaz!” dedilar. Yana “Bilib qo‘yinglar, sizlar qilayotgan ishlar, sizdagi intilish va ma’naviyat, ko‘zingizni yonib turishi eng katta xazinadir” deb alohida ta’kidladilar. Juda ruhlantirib yubordilar!
– Ha-a… U kishi albatta ruhlantiradilar-da, darrov havolanib ketaverasizmi? Bilib qo‘­­ying, sizdan avval ham bu yerda hazilakam odamlar ishlashmagan. Qanchadan-qancha olimlar xalq uchun ter to‘kkan.
– To‘g‘ri aytasiz, ustoz, lekin harakat qilish, sinab ko‘rish kerak, deb o‘ylabman. Chet ellarda shunday tadqiqotlar bor ekan!
– Avval laboratoriyadagi ishlarni bajaring. Halitdan o‘zingizni chet eldaman deb his qilmang!
– Tushundim.
– Xalqlar paydo bo‘lishi haqida ham tadqiqotlar boshlagan emishsiz. Bu qanaqasi? Bu borada dunyoning manaman degan olimlari allaqachon o‘z farazlarini e’lon qilib bo‘lishgan, ularga qarshi chiqish nodonlikdan boshqa narsa emas. Ustiga ustak, bir millatni qadimiy deb boshqalarini kamsitish yaramaydi! Chet el… Iqlimni, suvni, havoni, tuproqni hisobga olmasdan, olamshumul ishlarni boshini tutaman deyish xomxayol-ku? Esingizdami, Tokioda yaratilgan transgen noklar Yevropada tuproqqa qadalganida, bir necha yil o‘tib, hosil bermay qo‘ygani? Transgenlar unchalik maqbul g‘oya emas! Dori-darmonlar-chi? O‘zga iqlim kishilarida sinab ko‘rilgan dorilar bizning odamlarga naf keltirishiga kafolat bormi? Olamda barcha jonzotlarga bir xilda ta’sir qiladigan yoki hamma hududlarda birday hosil beradigan kashfiyot yaratib bo‘lmaydi, shuni yodingizda tuting. Har sohaga intilavermasdan, buyurilgan ishlarni bajaring!
– Xo‘p bo‘ladi, ustoz.
Ichimda ustozimning dakkilaridan ozorlansam-da, “Begona gen o‘rniga o‘simlikning o‘z genlarini ishlatsam-chi”, deb o‘yga tolaman, shu fikrim to‘g‘riroqday ko‘rinadi. Balki ustozga ma’qul bo‘lar? Natijani ko‘rsatsam fikri o‘zgarar? Shunday o‘ylar bilan ishimga shoshilaman… Katta ustozning ruhlantiruvchi fikrlarini eslab, bir seskanib qayta uyg‘ongandek bo‘laman, zehnim teranlashib, qalbimda daryoday to‘lib-toshayotgan jo‘shqinlik paydo bo‘ladi.

Intizor

– Qaydan ilmga mahliyo bo‘ldim, qaydan ham shu jodugar sehriga kirib qoldim? Gohida bu urinishlarim besamarmikin deb o‘ylab qolaman. Ammo, niyatlarim, orzularim top-toza, musaffo-ku? Fan oldida inson shaxsiyati nima bo‘pti? Men bo‘lmasam, kimdir shu ishni qilishi kerak-ku? Tavba, olamda ba’zan meni anglay oladigan hech kim yo‘qmikin, deb o‘ylayman. Balki sen menga qanot bo‘larsan? Hafsalam pir bo‘lib, qilayotgan ishimning istiqboliga ishonchim qolmay yoki shu ishlarimning qadriga birov yetarmikin deb ruhim susaygan mahallarda yuragimga quvvat baxsh etarsan?
– Qanaqa qilib sizga qanot bo‘lay, oddiy bir ayol bo‘lsam?
– Esingdami, Dashti Qipchoqdan biznikiga mehmon bo‘lib kelganing? Senga asalarilar to‘dasini ko‘rsatganim?
– Ha, albatta, esimda. Meni rosa hayron qoldirgan edingiz.
– O‘sha mahallarda har narsadan hayratlanadigan jo‘n bir bolakay edim. Ilm meni o‘zgartirdi. Endi xuddi asalari kabi, to‘pimdan ajralib uchgandayman, bilim chechaklari uzra zarra-zarra, qatra-qatra bol to‘playotgandayman. Bir men emas, ilm yo‘lini tanlagan har qanday odam shunday o‘zgarishi shubhasiz. Xuddi yuksaklardan kengliklarga boqayotgandayman, voqea-hodisalarni, hayotni kuzatayotgandayman. Bunaqa narsalarni qishloq bolasi yetti uxlab tushida ham ko‘rmas edi. Turmush bois ilm chanqoqligini zo‘rlab so‘ndirib, hayot degan tegirmonga kirib ketgan qanchadan-qancha zukko do‘stlarim esimga keladi. O‘zim bor-yo‘g‘i bir fan yo‘lining boshlanishidaman-u, hammaga ilinaman. Jo‘shib-jo‘shib so‘zlab bersam deyman. Eh-he, aytadigan qancha gaplar bor!
– To‘g‘ri, ammo aytganingizdan nima naf?
– Naf deysanmi? Men juda g‘alati bilimlarga ro‘para keldim. Bolalik hayotimiz yodingdami? Odamlar zahmat yuki ostida edilar. Onglar ezilgan, hayot kechirish uchungina mehnat qilishardi. Dalalarda “bolam-chaqam” deb kuymanib yurgan suvchilar, chopiqchilar, ketmonchilar, traktorchilar, bog‘ oralarida har bir daraxt shoxiga ko‘z tikkan bog‘bonlar… Qishloqlarda mol-hol boqib, yer ag‘darib, o‘tin to‘plab, o‘t o‘rib yurgan kishilar, velosipedini yeldirib yurgan bolalar… Shularning barchasiga “Siz benihoya ulug‘siz! Xayol yetmas qadar mukammalsiz!” deydigan ahvoldaman.
– Nima kashfiyot qildingizki, sizni shunchalar hayajonga solibdi?
– Xuddi yo‘l ustida yurib kelayotib, xazina topib olganman-u, qiymatiga hayron bo‘lib turgandayman… Ozgina qoldi. Sen mening yuragimga mador, qalbimga quvvat bo‘lib turaqol. Biroz vaqt o‘tsin, shu aytgan gaplarimning haqiqiy isbotlariga yetib boraman!

* * *

Son-sanoqsiz kimyoviy harflar bilan ifodalangan gen belgilari orasidan aynan nurga intilishni nazorat qiladigan qismini topish, uni “o‘qish”, kerakli qismini “kesib” olish hamda o‘zgartirish mushkul ish bo‘lib chiqdi. Nihoyat, olti yildan so‘ng begona gen ishlatmasdan, g‘o‘zaning “uzoq qizil” nurga mas’ul geni “o‘chirilgan” nav o‘stirishga muvaffaq bo‘lindi. U odatdagidan o‘n kun erta yetildi, kasalliklarga chidamliligi ortdi, tolasi esa, men aytgan kabi, ancha uzaydi. O‘z genlari ishlatilgan, ya’ni “sopi o‘zidan chiqarilgan” bo‘lsa-da, bu yangi navning fe’l-atvorini o‘rganish uchun yana bir necha yil kutish kerak, chunki, Mendel tajribasidagi kabi, ma’lum vaqtdan so‘ng unda ajdodlaridagi biror-bir nomaqbul xususiyat jonlanib ketmasmikin degan xavotirim bor edi…
Shuning barobarida, rizqu ro‘zimiz – bug‘doy hamda anor ustidagi izlanishlarimni ham tengma-teng olib borardim.
Eng sifatli bug‘doy navi ham bizning iqlimda istalgan hosilni bera olmaydi. Sababi, salqin havo, yomg‘irlardan keyin kunlar birdaniga isib ketgani uchun bag‘ridagi yelimsimon moddasi tez qotib qoladi. U “qotmasligi” uchun bug‘doyga namroq iqlim zarur. Demak, bug‘doydagi yelimsimon moddani tez qotishiga javobgar gen o‘chirib qo‘yilsa, noni ancha sifatli chiqadi, degan umidli o‘ylar sira tinchlik bermaydi.
Anor esa… Har hovliga ko‘rk bo‘lib turgan, qalin po‘st bag‘rida inju donalarini tuhfa etgan bu buta, nazarimda, juda zaif, o‘ksik, hurkak. Odamlar boshqa daraxtu butalardan ko‘ra anorga ko‘proq mehr ko‘rsatishadi, kuz sovuq kelsa, eski-tuski to‘shaklar bilan o‘rab-chirmashadi yoki avaylab yerga ko‘mishadi. Uni sovuqqa chidamli qilish uchun, Genetika aytganiday, “eskimos” genlari qayda ekanini aniqlash kerak. Shunda ajoyib bu buta quvvatlanib, qishning qirovlaridan sog‘-omon chiqa oladi, har hovlida, har xonadonda ko‘rk taratib, barq urib yashnaydi. “Eskimos” har bir o‘simlikda bormi? Bor, albatta, buning uchun uning hujayrasiga maxsus fermentlar asosida ishlov berib, gen halqasini ajratib olish, undagi son-sanoqsiz kimyoviy timsollar orasidan aynan o‘sha qismini topish zarur.
G‘o‘za, bug‘doy, uzum, anor… Har birining o‘z kushandasi bor. Xo‘sh, zararkunandalar ilashmasligi uchun nimalar qilsa bo‘ladi?
– Esingdami, bir kuni qovun urug‘larini qator oralariga tashlab ketgan eding? Ertasiga kelib qaraganingda nimani ko‘rding?
– Kelib qaraganimda, ko‘sak qurtlari o‘sha urug‘ni yeb o‘lib qolganini ko‘rdim.
– Demak?
Ko‘sak qurti yetila boshlaganida juda ochofat bo‘lib ketadi. Sababi – oqsilda. U to‘la yetilib, tuxum qo‘yishi uchun oqsil kerak. Oqsil esa, boya aytganimday, hujayra tarkibidagi uch asosiy makromolekulaning biri. Genetika uning ham ma’lumot tashishini uqtirmoqda… Mayda jon egalari ham kuzdan qo‘rqishadi, shu sababli jon-jahdi bilan kerakli moddalarni topib, nasl qoldirishga intilishadi. Bizdagi qovunlar esa juda shirin, urug‘idagi oqsil ko‘sakdagidan ancha ko‘p. Mana, nima uchun ular o‘simlikdan tushib, qovun urug‘iga intilishgan ekan! Shoshma, balki dalalarga solingan zaharli moddalarning ayrimlari qovun urug‘ida to‘plangandir-u, halok qilgandir? Yo‘q, unday bo‘lishi mumkin emas. O‘simlik o‘zi zaharlansa ham avlodini, ya’ni urug‘ini omon saqlaydi. Qolaversa, “quvvai tabiiya” ko‘sak qurtini ham mukammal qilib yaratgan, o‘ziga zarar keltiradigan narsaga duch kelsa yemasligi aniq… Bizlar lazzatli deb hisoblagan ne’matlarni yemaydigan “aqlsiz” sigir-qo‘ylar esimga keladi. Demak, qovunda ko‘sak qurti bexabar qanaqadir tabiiy modda bor!
Biokimyo qovun urug‘i tarkibidagi “peptid” degan o‘sha moddani darhol topib beradi, molekulyar formulasini ham ro‘para qiladi. Endi g‘o‘za tarkibiga uni kiritsak bas, ko‘sak qurti hech qachon yaqinlasholmaydi! U peptid g‘o‘za xususiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasmikan? O‘simlik begonasiramay qabul qilarmikin? Bu haqda ma’lumotlar bormi?
Ma’lumot dunyoning boshqa bir chetida ekan: amerikalik bir olim xuddi shu peptidni shakarqamishdan, hindistonlik yana biri esa yirik patsimon paporotnikdan ajratib olib, g‘o‘zaga payvand qilibdi!
Demak, to‘g‘ri yo‘lda ekanman-da? Yo adashyapmanmi?
Fan g‘o‘za hamda shokolad daraxti – kakaoning genetik tuzilishi bir xilligini ta’kidlamoqda. Bu degani – kakaoning o‘ziga xos chidamlilik genlari kiritilsa, g‘o‘za begonasiramay qabul qiladi. Qarabsizki, kasallikka chidamli butunlay boshqa nav yaratilishi mumkin. Yoki tabiiy shokolad ifori anqib turadigan tola olsa bo‘larmikan? Nega ajdodi kakaodagi ta’m beruvchi genlar g‘o‘zada ishlamayapti, axir ular yo‘qolmagan, saqlanib qolgan-ku? Genetika shunaqa savollarni ro‘para qilaveradi. Qaysi navning hayotiy genlari qaysi jaydari g‘o‘za naviga o‘tkazilsa, muvaffaqiyatga erishish mumkin? Kutilmagan hukmlar ishga tushib, kakao singari ko‘p yillik yoki hozirgidek besh oyda emas, sakkiz oyda yetiladigan navga aylanib qolsa-chi?
Har qanday o‘simlik ustida mana shunday tadqiqotlar qilish mumkin. Genetika shunaqa fan. Lekin biologiya bilan aloqador qismi uning juda kichik bir bo‘lagi. Olamda tibbiy genetika degani ham bor. Afsuski, men u yo‘ldan bormadim, yo‘qsa, irsiy yoki o‘limchil kasalliklarni batamom yo‘q qiladigan usullarni topishga uringan bo‘lardim. Juda oddiy qilib aytadigan bo‘lsam, masalan, kasallik paydo qiladigan virus ham tirik jon. U o‘zining nima ekanini bilmaydi, hayvonu o‘simlikday bir narsa, quvvai tabiiya unga “Qulay joy topib, urchib-ko‘paygin”, deb buyruq bergan. Inson vujudiga kirgan u jonzot aslida o‘z hayoti uchun kurashadi, yashash jarayonida zararli moddalar hosil qiladi. Ammo u ham oziqlanishi kerak-ku? Ozuqani esa qondan oladi… Uni halok qiladigan, gen tizimlarini buzadigan moddalar yuborsak-chi? Albatta, halok bo‘ladi. Lekin millionlab farazlarni tahlil qilish uchun dunyodagi yuzlab ilmiy markazlarning quvvati ham yetmaydi…
Mening taqdirimdagi “fikr sohibjamoli” yuzidan pardasini xiyol ochganida, bor tirik maxluqotning yaralish sirlari tubiga tushib boradigan mana shu fan orqali modda yaralishining hikmatlari aro yangi bir yo‘nalishni – “genlarni boshqarish” degan usulni hadya etdi.
Lekin o‘zim ham tirik jonman-ku? Olamdagi barcha tirik jonzotlar kabi qulay sharoitda yashashim, oziqlanishim kerak-ku? Nahotki, men kabi ko‘pchilik olimlarning taqdiri Mendel taqdiriga o‘xshash bo‘lib chiqsa? Yetib kelgan xulosalarim – shu bugunning xulosalari-ku? Kelajak kashfiyotlari emaski, o‘z xalqimdan, zamonamdan ilgarilab ketgan bo‘lsam? Nega oddiy kishilar orasida ilm-fan mohiyatini tushunadiganlar, uning yo‘llarini ochib beradiganlar ko‘p emas? Axir, bir mahallar olimini ardoqlagan, ko‘klarga ko‘targan el shu emasmidi? Nega kishilarning dardu fikri kundalik hayotdangina iborat? Nega?

Do‘st

– Salom, do‘stim.
– Salom.
– Nimalar qilib yuribsan?
– Shu, o‘zing bilgan ishlar.
– Olimlik degin… Xo‘sh, foyda qalay bo‘lyapti?
– Bilmadim… Bir kuni foydasi ham tegib qolar.
– Qarasam, ancha horg‘insan, ishing og‘ir bo‘lsa kerak. Undan ko‘ra, qo‘y o‘sha faningni, kel qishloqqa. Yordam beray, bir do‘kon och. Odamlarga sovun, choy, gugurt kabi mayda-chuydalar doimo zarur, shularni sotib kun o‘tkazaqol. Qarabsanki, bir yil ichida hammasi izga tushib ketadi. Nima deysan?
– Rahmat, maslahating uchun. Lekin men u ishni eplolmayman.
– Nega eplolmas ekansan, axir, olimsan-ku? Maktabni zo‘rg‘a bitirgan bolalar ham tuppa-tuzuk kun ko‘rib yurishibdi. Ana, Falonchi oltinchi sinfdan keyin darsgayam bormagan, hamma uquvsiz deb ustidan kulardi. Bugun eng badavlat odamlardan biri, kim ko‘rsa qulluq qilib so‘rashib ketadi… Qara, ozib-to‘zib ketganingni.
– Mening yo‘lim boshqa-da.
– Shunaqa deysan-u… Narigi qishloqda bir odam universitetda ishlaydi, bolalarni o‘qishga kiritib pul topadi. Tagida qo‘sha-qo‘sha mashina, hashamatli imoratlar. Sen esa… Shukr, do‘kon ochib kam bo‘lmadik, turmushimiz joyi­­da, har hafta ikki-uch kun choyxona… Aytmoqchi, qilgan u-bu kashfiyotlaringni chetga sotsang ham yaxshi pul beradi deyishadi, shu gap rostmi?
– Yo‘q, mumkin emas. U kashfiyot o‘zimizda qolishi kerak.
Boshqalarga o‘tib ketsa nima bo‘ladi?
– Unda vaqti kelib o‘sha kashfiyot negizida yaratilgan yangilikni ulardan sotib olishga majbur bo‘lamiz.
– Eh, birov sening kashfiyotingga qararmidi? Uy-joyingga, kiyim-boshingga qaraydi odamlar.
– Hamma gap shunda-da, do‘st. Axir, o‘zgarishni ko‘rmayapsanmi? Kecha odamlarning ko‘zi och edi. Mashina deding-a, u katta orzu edi. Bugun hammaning ikkita-uchtadan mashinasi bor. Kechagina odamlar dala-dashtda u-bu ekib, mehnatini qilib yurardi. Esingdami, ustoz­larimiz ham mol-hol boqishardi, ekin-tikin qilishardi. Endi hayot o‘zgarib ketdi-ku? Sen do‘kon ochding, boshqa birov nimalardir ishlab chiqaryapti… Hali vaqti kelib, odamlar ilmning mohiyatini ham tushunib qolishadi. O‘shanda ko‘rasan hayotning gurkirashini… Men juda katta maqsadlarning boshini tutganman, u yo‘limdan qaytsam, umrimning oxirigacha afsuslanib yashasam kerak.
– Nima o‘zi, qiladigan ishing? Eshitdim, uni bunga chatishtirib, yangi nav chiqarar emishsan…
– Ular o‘z yo‘liga. Hozir zo‘r bir ishning boshida turibman. O‘shani oxiriga yetkazib olsam bas.
– Nima ekan u ish?
– Senga qanaqa tushuntirsam ekan? Bizning izlanishlarimizga ko‘ra, dunyodagi eng qadimiy xalqlardan biri ekanmiz. Esingdami, tarix darsligida Teshiktoshdan topilgan bolaning surati bo‘lardi…
– Ha, esimda, sochlari peshonasiga o‘sib tushgan ibtidoiy bola.
– Biz undan ham qadimiy ekanmiz. Eh, aytganim bilan tushuntirolmasam kerak!
– Mayli-yu… undan nima naf? Masalan, men o‘sha gaplarni bilmasam ham, maza qilib yashayap­man-ku? Faqat, qorin qo‘yib yuborganim chatoq bo‘ldi, nega desang, yurganimda lapanglab qolyapman… Bilsam, bundan ham yaxshi yashaymanmi?
– Albatta, do‘st. Bundan yuz baravar, ming baravar yaxshi yashaysan.
– Ha, mayli, o‘zing bilasan. Agar u-bu yordam kerak bo‘pqolsa bemalol, doim yoningdaman, sira tortinma.
– Rahmat, do‘st.

Er Bug‘u

– Er Bug‘u, men ulg‘aydim. Sen esa haliyam sakkiz yoshingda qolaverding.
– Ha, gaping to‘g‘ri.
– Bilasanmi, elimda senga o‘xshab ketadigan juda ko‘p odamlarni uchratdim. Yoyiq yuzli, keng peshonali, qirraburun… Agar katta bo‘lganingda, sen ham shu qiyofaga kirgan bo‘larding.
– Bizning urug‘ shunaqa-da. Amakilarim yelkador, suyaklari yo‘g‘on, baland bo‘yli, lekin tog‘alarim boshqacha, sariq sochli, ko‘k ko‘zli kishilar edi…
– Ayt-chi, qanaqa yashardingiz?
– Yozda odamlar o‘tloqlarga ko‘chishardi. Qishloqda, tosh o‘choqlarda et pishirishardi. Erkaklaru xotinlar ovga chiqishardi. Arpani tosh orasida yanchishardi. Otlarimiz, kuchuklarimiz bo‘lardi. Hamma to‘p bo‘lib yashardi. Ular orasida chiroyli, ko‘kko‘z bir qiz ham boriydi.
– Qishloqda? U mahallar qishloq bormidi?
– Bo‘lmasinmi? O‘ngirlar orasidagi bexavotir joyga qishlagani ko‘chardik, uni qishloq der edik. Yozda yaylovlarga jo‘nab ketardik, uni yozloq deyishardi. Uyurni suvlashga olib boradigan joyimiz suvloq, ov qilinadigan joylar esa ovloq edi.
– Afsus, otang bekor seni o‘zi bilan olib ketgan ekan.
– Olib ketmaganida sen bilan tanisharmidik?
– Endi tosh ostidan sira chiqmaysanmi?
– Yo‘q, chiqolmayman.
– Bir mahallar o‘ynagani chiqarding-ku?
– Unda sen ham yosh eding-da. Endi katta bo‘lding.
– Qara-ya, o‘shanda men qishloqda, sen Teshiktoshda, dunyo esa juda keng ekan. Yana bir gap aytaymi?
– Aytaqol.
– O‘sha mahallar yer yuzida odamzot juda oz bo‘lgan ekan. Sen “Amakilarim, tog‘alarim boshqa joy izlab ketishdi” demaganmiding? Men o‘sha amakiyu tog‘alaring izini topdim. Hozirgi dunyoning ikki olimi sening tos suyagingdagi mitoxondrial gen o‘ramlarini tekshirishganida, avvalroq topilgan Oltoy va Yevropa odamlari bilan bir xilligini aniqlashdi. Sen qolib ketgan o‘ngirdan esa yovvoyi otlarning, tog‘ echkilarining, kiyik va ayiqlarning suyaklari topildi.
– Aydim-ku, odamlar ko‘chishdi deb.
– Ha, sening qabiladoshlaring Tiyonshondan oshib o‘tishgan, Dashti Qipchoqdan o‘tib, o‘rmonlar aro muz diyorlariga qadar yetib borishgan. Keyin u yerlardan ham o‘tib ketishgan. Bu voqea ellik ming yil avval ro‘y bergan.
– Yil nima?
– Ellik ming marta qish, ellik ming marta bahor kelgan. Sen hayot haqidagi hikoyangni davom ettiraqol.
– El doim birga edi. Xotinlaru bolalar meva terar, don to‘plashardi. Toshlarni qalab o‘t yoqardik. Tosh qizigach, ertalabgacha sovimasdan turaverardi. Erkaklar ovga ketishardi. To‘ylar bo‘lardi…
– U mahal… to‘ylar ham bo‘lganmi?
– Bo‘lmasinmi? Bo‘z yigit bilan bo‘y qiz er-xotin bo‘lsa, to‘y qilmasinmi? Yoyloqda uylar oldidan “Ho‘-o‘ el, to‘yga-a!” deb ot choptirib o‘tadigan jarchi bo‘lardi. Qishlarda tizza bo‘yi cho‘g‘ qilinardi. Hamma shuni tegrasiga o‘tirib olardi.
– Bizdayam shunaqa-ku?
– Ov mo‘l bo‘lsa, barini terilarga o‘rab, muzli g‘orga olib borib qo‘yishardi. Qishda et ozaysa, o‘sha muzlagan go‘shtdan opkelgani borardik. Ba’zilarini Ko‘k Tangriga qoldirardik.
– Ko‘k Tangri kim?
– Bilmaysanmi, tepada ko‘k osmon, pastda qo‘ng‘ir yer yaratilganda, ikkisining o‘rtasida odam bolalari paydo bo‘lishgan… Dunyoni Tangri yasagan-ku? Otalarimiz jonliqlarni o‘shanga tashlab kelishardi. Tangri ularni olib ketardi.
– Qanaqa qilib?
– Ko‘kdan chaqmoq tushib kuydirib yuborardi.
– Chaqmoqlar ko‘p bo‘larmidi?
– Juda ko‘p bo‘lardi. Yerga sanchilganlarini o‘zim ko‘rganman. Kelib urilgan joyida katta-katta sariq toshlar paydo bo‘lib qolardi. Bir-biriga ursang, bo‘linib ketardi. Xotinlar o‘sha toshlardan taqinchoqlar yasab taqib yurishardi.
– Boshqa qabilalar-chi?
– Tog‘ ortida yana kimlardir bor, ular uzoq qarindoshlarimiz deyishardi. Gohida kimlardir o‘sha yoqqa ketishar, qish o‘tgach qaytib kelishardi. Tog‘ ortidagi mevalar ham, hayvonlari ham boshqacha, der edilar.
– Uzumlar bormidi?
– Ha, daraxtlarga chirmashib o‘sadigan yovvoyi uzumlar boriydi. Olmayu anorlar ham bo‘lardi. Bir kuchugim boriydi, anor yer edi.
– Yo‘g‘-e?
– Ha, anor topsa, nimagadir g‘ajib-g‘ajib yeb olardi. Uni bo‘ri yorib tashladi. Ammo go‘shtini yemadi. Bo‘ri kuchuk go‘shtini yemas ekan.
– Qishda po‘stakni to‘shak qilib solib o‘tirardik, qo‘y pufagini shishirib o‘ynardik. Odamlar juda jips edi. Biror xotin bola ko‘rsayam, biror qariya o‘lsayam to‘planib olishardi.
– E tavba, hayotning o‘zgarmaganini ko‘r… Yaxshiyam, tarix darsligida seni uchratib qolganim. Senday o‘rtoqni yana qaydan topardim.
– Qaydam…
– Bo‘pti, yaxshi qol. Men juda katta ishning boshidaman. Nasib qilsa, eng qadimgi ajdodlarimizni ham topaman, seni yer tubidan olib ham chiqaman.
– Mayli, yaxshi bor.

Hukmi mutlaq

O‘simliklar va hayvonlar hayoti o‘z yo‘lida davom etaveradi, ammo eng mukammal hisob­langan, insonning har bir hujayrasi ichiga joylangan genetik hukmu iroda aqlni benihoya shoshirib, hayot deyilgan, xayolu tasavvur qamrab ololmas ulkan qudratdan xabar beradi.
Axir, Afrikada zanjilar, Amerikada va Avstraliyada qiziltanlilar, Kichik Osiyoda past bo‘yli qoracha kishilar, Uzoq Sharqda qiyiq ko‘zli sariqtan odamlar yashashini nazarda tutsak, men tug‘ilib o‘sgan maskanlarda dunyo insonlarining deyarli barcha qiyofalari uchrashi shuurda ulkan savol hosil qilmaydimi? Turli-tumanliklar aqlni shoshirar, Tangri taoloning qudratidan hayiqishga, tadqiqot va izlanishlardan voz kechishga undardi. Biroq bilishga bo‘lgan tiyiqsiz ishtiyoqdan voz kechishning ham sira iloji yo‘q edi.
Yurtim qishloqlaridagi qiyiq yoki qo‘y ko‘zli, yumaloq yoki uzunchoq yuzli, qoramag‘iz yoki oq, yapasqi yoki qirraburun, tor yoki keng peshonali, keng yo tor o‘mrovli, mayda oq yoki katta sarg‘ish tishli, qalin qisqa yoki uzun ingichka qoshli, qora yoki sarg‘ish sochli, ko‘k yoki yashil ko‘zli insonlarning barchasi birday o‘zini shu xalqqa mansub deb bilishi… jonliq so‘yishlar, sham yoqishlar, alas qilishlar, childirma do‘p-do‘plariyu ot dupuriga mos doston ohanglari, ertaklaru matallar… juda olis zamonlardan xabarlar olib kelardi. Ular qatida bepoyon yaylovlar ifori, shamol suronlari, jala shovuriyu o‘tlar isi borligi-chi? O‘zim istagan ma’lumotlarni tarixlardan topolmasdim, tarix ikki-uch ming yil nari-berisidagi voqealardan uzuq-yuluq hikoya qilar va jimib qolardi. Birorta solnoma undan avvaldagi ajdodlarimdan xabar berishga qodir emas edi.
Shu sababli o‘simliklar genetikasi muammolaridan og‘ishgan holda, insoniyat tarixi yozib qo‘yilgan, odam geni deb atalmish muhtasham solnoma burmalariga intilishdan o‘zimni tiyolmasdim. Biologiya fanidan olgan bilimlarim tarixni to‘ldirganiga quvonardim. Ko‘z o‘ngimda hali-hanuz issiqda hansiragan dalalar, bahoriy o‘tloqlardagi bedayu kurmak islari, shom mahali qishloq uzra suzgan yupqa ko‘k tutun qatlami, mol-qo‘y ba’rashlari, kuchuk vovillashlari kabilar juda qadimdan beri davom etib kelayotgan manzaralarni hosil qilardi.
Ko‘zga ko‘rinmas zarralar bag‘ridagi chalkash raqam va timsollar qarshisida ekanman, qaysi qismi ne uchun javob berishini, qay biri soch, qosh, yuz, quloq, burun, ovoz, hid uchun mas’ul ekanini tushunolmay qiynalardim. “DNA”ning5 vujud tuzilishi va shakl paydo bo‘lishiga oid qismlarini bo‘laklarga bo‘lib, ajratib olguncha qancha qiynaldim. Maqsadim – o‘sha qismdagi ma’lumotlar yer yuzining qaysi hududlariga yoyilganini izlab topish edi.
Uzundan-uzoq halqalar zanjiri meni ajdodlar qoldirgan izlar sari yetaklab boraverdi.
Har bir avlod o‘zi haqidagi ma’lumotlarni farzandiga joylab ketmoqda. Masalan, mening genlarimda ota-onamning, bobomning hamda uning bobosining tana tuzilishi, qay kasalliklarga chalingani, vujudi qay darajada quvvatli ekani-yu qaysi sulola ila chatishgani haqidagi ma’lumotlar saqlangan. O‘sha chiziq bo‘ylab ilgarilab borar ekanman, kutilmagan manzaraga duch keldim! To‘satdan bo‘yim birdaniga o‘sganday, dunyoning yarmini enlar qadar ulkanlashganday bo‘ldim. Ruhim samolarga qadar yuksaldi. Bu mening xalqim tarixi borasidagi birinchi kashfiyotim bo‘ldi.

Birinchi kashfiyot

Dunyo bo‘ylab xalqlarning ko‘chishlari va joylashishlari haqidagi turli-tuman ma’lumotlarni o‘rganar ekanman, Yunon orollari genotiplari orasida yuz-ko‘zi Sofiya xolam bilan quyib qo‘yganday o‘xshash kishilar qiyofalarini uchratdim. Oltoy tog‘lari orasida yashagan kishilar bobom bilan uyqash, Tiyonshon etaklarida yashagan yana bir qadimiy jangovar xalq esa Ubay akaga qarindosh bo‘lib chiqdi!
Shular yorug‘ida qarasam, Sofiya xolamning, bobomning hamda o‘zimning nasl yoshimizni hisoblab, natijaga aqlim ishonmadi: men aniqlagan genlar sulola yoshining ellik ikki ming yil ekanini ko‘rsatib turardi!
Tafakkur yildirim tezligida moziyga sho‘ng‘idi. Yaqin o‘tmishdagi bosqinlar, sho‘rishu g‘avg‘olar, imperiyalar, istilolar, “Devoni lug‘otit turk” zumda ortda qolib ketdi. Alp Er To‘nga hayqirgan, olamga Iso payg‘ambar kelgan zamonlarda mening xalqim ellik ming yoshda edi! Muso payg‘ambar ikki dengiz suvi uchrashgan joyda Xizr bilan suhbat qurgan, Sulaymon payg‘ambar shamolni bo‘ysundirib olam uzra kezgan mahallarda o‘z Tangritog‘i etaklarida ozod va hur hayot kechirgan, Er To‘nga o‘limidan shoyon ozorlanib, dunyoning eng qadimiy marsiyasini bitgan, donishmand Tunyuquq va Bilga hoqon o‘gitlariga quloq osgan, zurriyodlariga adolat va mardlik o‘gitlarini bera-bera ulg‘aytirayotgan dono el edi!
Men uzun bo‘yli, yo‘g‘on suyakli, xiyol qiyiq ko‘zli qorachadan kelgan inson genotipiga mansubman. O‘z elimning kishilari genomlari sari safar qilar ekanman, o‘tkir zehnli, teran nigohli yana bir do‘stimning irsiyati hech kutilmaganda sakson ming yil nariga borib taqaldi. Ha, sakson ming yil avval bir sulolaning chaqnoq ko‘zli yigiti bilan boshqa bir sulolaning suluv qizi chatishganida, shu silsila paydo bo‘lganini bildirdi.
Gen so‘qmoqlari aro kezar ekanman, hayrat va shodlikdan qichqirar darajada edim. Ha, shonli Jaloliddin, To‘maris, Shiroq kabi biz bilgan tarix juda yaqin, qo‘l yetadigan masofada, Kayxisrav bosqini, Chin istilosi kechagina ro‘y bergan… Xalq esa Alpomishdan ham, Afrosiyobdan ham ulug‘, benihoya uzoq zamonlardan beri, bo‘hronlaru xatarlar, ofatlaru halokatlar aro birday jips, bardam yashab kelmoqda desam, asrlar o‘tgani sayin tobora navqironlashib, yosharib borayotganini aytmaysizmi? Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xabarlar joylangan mangu zarralar insoniyat yer yuzi bo‘ylab tarqala boshlagan mahallardayoq sulolalarimning mag‘rur qad ko‘targanini, el tuzib, davlat qurib yashaganini, bu tuproqlar esa insoniyat taraqqiyoti yo‘lida buyuk shohbekat, oltin beshik bo‘lib xizmat qilganini bildirardi!
“Tepamda Ko‘k osmon yorlaqagani uchun, ostimda qo‘ng‘ir yer-suv tarbiyalagani uchun elimni, davlatimni vujudga keltirdim…”
“Qora xalqim, mahkam bo‘l! Davlatingni, qonun-qoidalaringni qo‘ldan berma. Yo‘qotma sen davlatingni, hoqoningni… Ajralma odatlaringdan, istaklaringdan, xalqingdan, shon-shuhratingdan. Yigitlik sharafing uchun, aka-ukalaring qudrati uchun…”6
Bu shunchalar uzun va mashaqqatli zafar yo‘li ediki, safar karvonlari, hayqirgan lashkarlar, olamda adolat va tenglik o‘rnatishga ahd qilgan ulug‘ lashkarboshilar, allomalar, mutafakkirlar yulduzlarday charaqlab turishar, tarix benihoya shon-sharafga burkangandi!
“Ey, dunyo” deb hayqirsam arzimasmidi? Ulug‘larning avlodi o‘laroq, bunga haqqim yo‘qmidi!

Ikkinchi kashfiyot

Er yuzida odam bolasi bino bo‘lganidan so‘ng, jazirama o‘lkalardan Tiyonshon tomon buyuk ko‘chishlar nihoyasiga yetgach, kishilar bepoyon yashil o‘tloqlar, sarin tog‘ o‘ngirlari, qizil mevali na’mataklar, tevarakni o‘rab olgan turli-tuman yovvoyi hayvonlaru yo‘lbarslarning qutqulari, bo‘rilarning hamlalari aro turli taraflarga yo‘l olganlar!
Ko‘p yillar davom etgan bunday safarlar mobaynida qoru muzliklardan oshib o‘tishgan, ummonlar qarshisida cheksiz suvlarga termilishgan, quyoshi botmaydigan makonlarda olam sirlariga aqli yetmay, nega kech kirmayotganiga hayron bo‘lib, Tangri taolo yoyib-tekislab, ulkan tog‘larni qoziq kabi qoqib qo‘ygan makonlardan o‘tishgan. Bir qavmning aka-ukalari shu tariqa dunyoga tarqalgan.
Inson genotiplarining olam uzra yoyilish xaritasiga nazar tashlab, jahonning narigi chetidagi xalqlar bilan bu burchidagilar bir-biriga qon-qarindoshligini, tomirlaridan bog‘langanini ko‘rdim.
Shunday ham bo‘laqolsin. U holda qishlog‘im-chi, xalqim-chi? Bu yorug‘ olam aro elimning, ulusimning o‘rni qayerda?
Shunda…
– tong sahardan dalaga chiqib, yuz-ko‘zlariga ro‘mol o‘rab mehnat qilayotgan dalachilar,
– poyonsiz yaylovlarda suruvini, uyurini, otarini, podasini yoyib yuborgan cho‘ponlar,
– cho‘llarda, dashtlarda, o‘ngirlarda, tog‘ oralarida, yoyiq kengliklarda, suv bo‘ylarida, cho‘qqilar tagida, sahro qumlarida, bir-biriga o‘xshamaydigan turli iqlimlarda hayot kechirayotgan, bir tilda so‘zlashadigan va o‘zini shu elga mansub deb biladigan son-sanoqsiz odamlar,
– tol tagidagi belanchaklarda uxlab yoki yig‘lab yotgan bolalar,
– el uyidan olib kelgan masalliqlardan pishirilayotgan doshqozondagi ko‘pning ovqati atrofida yig‘ilgan chopiqchilar,
– to‘ylarda gurillagan gulxanlar, urf-odatlar, kuy-qo‘shiq ohanglari…
– marosimlarda guros-guros to‘plangan kishilar,
– azalarda bir-birini bag‘riga bosayotgan erkaklar, belini boylab yig‘layotgan ayollar,
– tomlarga turshak yoyayotgan qizaloqlar, kelilarda jo‘xori tuyayotgan juvonlar,
– bolalarim yesa, to‘yimli bo‘lsin deya qo‘y yog‘i qo‘shib patir qorayotgan xotinlar,
– uylarida xalqqa pichoq, etik yasayotgan ustalar, duradgorlar, suvoqchilar, tom ustalari,
– kuyovga deya kashta tikayotgan qizlar,
– nihollarni bir-biriga ulab yangi nav yaratgan bog‘bonlar,
– otlaru sigirlar, qo‘y-echkilardan tortib to daraxtu o‘tlar tabiatini mukammal biladigan ming-minglab kishilar…
– to‘y gulxani atrofida aylanayotgan yosh kelin-kuyovlar,
– hali yuz-ko‘zidan o‘smirlik nishonalari ketmagan, ammo bag‘riga chaqalog‘ini bosib dalasiga shoshilgan kelinchaklar…
– “bolamning bolasiga” deya bir bo‘lak halvoqandni belbog‘i qatiga joylab, nevarasi qoshiga borayotgan munkillagan bobolaru momolar…
…tumonat insonlarning tashvishli, quvonchli, ezgin, shodon, shukrli, sabru qanoatli qiyofalari – barcha-barchasi sassiz ishlab turgan analizatorlar va sekvenserlar aro avlodlaru sulolalarning sharaf to‘lqinlarini namoyon qilaverdi.
Bu topilma ruhiyatimni eng yuksak samolarga olib chiqib, yulduzlar bilan tenglashtirib qo‘ydi. Hamda yuragimning tub-tubidan otilib chiqqan shon-sharaf hayqiriqlari tafakkur osmonlarini titratib yubordi:
Hoy, dalalarda, ekinzorlarda bolam-chaqam deya ter to‘kayotgan muborak ota!
Hoy, “Mening bolamdan olim chiqarmidi, yetti ajdodim mehnat ichida o‘tdi, olma tagiga olmadan boshqa nimayam tushardi?!” degan o‘ksik zot!
Ey, ota izmidan chiqmasdan, tushgan jo­­yimda unib-o‘sib, bola-chaqali, uvali-juvali bo‘lay deb uzatilib ketayotgan qizaloq!
Hoy, qancha bolalarni voyaga yetkazib, har biri bittadan non ko‘tarib kelganiga shukr qilib o‘tirgan mushtipar ona!
Ey, qoshu ko‘zi bobolarimga o‘xshaydigan, bor orzusi topganini to‘ylarga sarflashu elga osh tortish bo‘lgan do‘st! Hoy amakimning o‘g‘li, ukamning zurriyodi!
Uyg‘on! Uyg‘on! Uyg‘on, axir!
Qon ko‘pirmoqda, har bir hujayra “Uyg‘on!” deya qichqirmoqda edi.
Ajdodlar yodi shu qon ichra jo‘shib oqmoqda, har hujayraga, har a’zoga kirib, qiltomirlar bo‘ylab yoyilmoqda, har insonga “Ulug‘san!” deb uqtirmoqda, ong aro qachon bir chaqin yarqirab ketar ekan, deya ilhaq kutmoqda, “Uyg‘on! Uyg‘on! Uyg‘on!” deya, har yurak urishida bir to‘lqin bo‘lib hayqirmoqda edi.
Ey el, ey ulus! Minglab qishloqlardagi ming­lab bolalardan bittasining ongida ilm chaqini yarq etdi. Kel, ko‘r, u nimalarni paydo qildi?
Bittagina bolang, “Nonushtamda, ko‘zimning oldida tinchgina o‘tir”, demaganing uchun, ilm olishiga yo‘l ochib berganing uchun olam sirlari tubiga yetaqoldi!
U bola bor-yo‘g‘i o‘zining kimligini bilib qoldi, xolos. Shugina bilim uni qanchalar jo‘shtirdi, yuksaklarga ko‘tardi. El-yurt xazinalari uzra shodon jilmaydi, osmonday qaddi-bastini ko‘rsatdi, butun dunyoga sarmast bo‘lib nazar soldi…
Ey el, ey ulus! U bolang genetika degan fanning sas-sadolarinigina tinglay oldi. Sen haqingda kimyo ne deydi? Oliy matematika, astronomiya, fizika, tarix ne deydi? Dunyoning qanchadan-qancha ilmlari qarshingda ehtirom bilan ta’zim aylashiga ishonchim komil. Sababi – nihoyatda qadimiy, nihoyatda sharafli, ulug‘san, ular esa sening sha’nu shavkatingga xizmatkor edilar. Nechun tek qolding? Nega o‘z qobig‘ingga o‘ralding? O‘ z t a f a k k u r i n g d a n o‘ z i n g n ye u ch u n ch o‘ ch i y s a n ?
El-ulus orasidan go‘yo Ubay akaning ovozi keladi:
“Qish kelganida urug‘lar qobig‘iga o‘ranib oladi-da. Izg‘irinlarda, muzlamalarda shu tarz jon saqlaydi. Bahorda esa har yoqda har turli ne’mat gurkiraydi, egiz-egiz hosillar yetiladi. Uni dunyoda hech nima to‘xtatib qololmaydi.
Qani, bahor kelaversin-chi…”

Qishloq

– Nihoyatda qadimiysiz, tarixingiz ellik ming yildan ziyod, deydimi?
– Ha, shunaqa.
– Hamma qatori yuraversa bo‘lmasmikin? Nima zaril boshni qotirib, to‘g‘rimi?
– Tavba, rosa qarib-qartayib ketgan ekanmizu bilmaganimizni qarang. Unda manavi o‘ynab yurgan bolaning yoshi ellik mingu yetti yil ekan-da?
– Ha-ha-ha!
– He-he-he!
– Buni qayerdan bilaqolibdi?
– Gen degan bir narsa bo‘larmish. O‘shani ichiga “kirsangiz”, ajdodlaringizga xos barcha ma’lumotni o‘qiy olarkansiz.
– E tavba! U narsa… bizdayam bor ekanmi?
– Ha, tirik jon zotining barida bormish.
– Xo‘p, nima qipti shunday bo‘lsa? Bozorga borib, meni tarixim juda qadimiy desangiz, odamlar og‘zi qolib, orqasi bilan kulmaydimi?
– Ha-ha-ha!
– He-he-he!
– Ana, shunaqa ham dedingiz. Birov bitta nonni tekinga berib qo‘yarmidi?
– E, non-non deysiz? Nondan boshqa dardingiz yo‘qmi?
– Yo‘q-da. Yo sizning dardingiz bormi? Bularning bari havoyi gaplar. Mingta shap-shapdan bitta shaftoli yaxshi, deyishgan mashoyixlar.
– Shoshmang, mashoyix nima?
– Bilmasam. Shunaqa deyishadi-ku…
– Hozirgina shaftolini gapirdingiz-a? O‘shani yilda ikki marta hosil beradigan qilaqolsin, hammaga foydasi tegadi. Anorni sovuq urmaydigan qipti-ku? Mana, bizdan so‘rasin, mingta yangilikni aytib beramiz.
– Hay-hay, unday demang. Axir, shaftolini narxi tushib ketadi-ku?
– E, aytmoqchi, buyog‘i ham bor-a…
– Birodar, oshni damladingizmi?
– Yo‘q hali, zirvagi yana biroz qaynasin.
– Yaxshi, unaqa gaplarni keyinroq gaplashamiz. Aytmoqchi, Genetikni o‘zi qani?
– Bugun kelmadi.
– Hay attang… Menga uning bir gapi ta’sir qildi.
– Qaysi gapi?
– Odamlarning ongi taraqqiyotdan orqada qolib ketyapti, dedi-ku? Buning ma’nosi nima?
– Gapiraveradi-da. Qanaqasiga taraqqiyotdan orqada qolar ekanmiz? Men, masalan, eng so‘nggi rusumli televizordan ikkitasini uyimga osib qo‘yganman, tomda sun’iy yo‘ldosh antennasi dunyoning bir yuzu o‘nta mamlakatini ko‘rsatadi. Sovutkich deysizmi, isitkichmi, bari muhayyo. Nima, taraqqiyotdan orqada qolyapman deb endi “Boing” sotvolaymi?
– Ha-ha-ha!
– He-he-he!
– Shoshmang, “Boing” nima?
– Juda katta, zamonaviy samolyot.
– E qoyil-e, shuniyam bilasizmi?
– Bo‘lmasam-chi? Dunyodan boxabar bo‘pturmasang, hayotdan orqada qolib ketasan-ku?

* * *

– Omon!
– Ha?
– Tur, molga suv ber!
– Allaqachon suvini berganman, ona.
– Unda boshqa ishga urin. Nimalar qilyapsan, o‘zi?
– Kitob o‘qiyapman.
– Sen hayotning kitobini o‘qi! O‘qib olim bo‘larmiding? Otang suvchi, bobong suvchi, olmani tagiga olma tushadi-da!
– Unaqa emas. Otam ham, bobom ham vaqtida o‘qiy olishmagan.
El bepoyon, har burchida har turfa odam, lekin bu Omon deganlari doimo shunday tanbehlarni eshitadi.
Kishilari yaylovlarda mol-qo‘y boqib yuradigan qishloqlarda ham shu gap. Omon u yerlarda ham bor.
– Omon?
– Ha?
– Qo‘ylarni yoyib kel.
– Yoyib keldim-ku?
– Unda qo‘yxonani tozala. Nima qilyapsan?
– Kitob o‘qiyapman.
– Sendan olim chiqarmidi? Otang cho‘pon, bobong cho‘pon…
– Axir, ota, yulduzlarga qiziqaman. Har yulduzni bitta quyosh deydilar. Har quyosh atrofida sayyoralar aylanarmish. Balki o‘sha sayyoralarning birortasida hayot bordir?
– Eh bolam-a… Nima qilasan boshingni og‘ritib? Elga qara, ko‘rgan kuniga, yegan noniga shukr qilib yuribdi. Bir odamga nimayam kerak bo‘lardi, qorni to‘ysa, usti but bo‘lsa bas-da. Har xil narsalarga miyangni suyultirgandan ko‘ra mehnat qil, ro‘zg‘orga qarash. Ukalaring ham katta bo‘lib kelishyapti, hali oldinda qancha tashvish bor…
– Balki o‘qishga kirib ketarman?
– Kirsang kiraver, ammo senga qaydan pul topib beraman? Shuncha yil yedirdim-ichirdim, yetar. Qolganiga o‘zing aravangni tort.

Chaqin
(Genetikning to‘rtinchi maktubi)

Olimlar yolg‘izlikka mahkum bo‘larmikinlar?
Fazo singari sovuq va bepoyon tafakkur qorong‘iliklarida bir yog‘du, bir shu’la izlab, taxminlar, farazlar, muvaffaqiyatsizliklar va umidlar aro kezar ekanlar, yuraklariga, qalblariga quvvat izlay-izlay topolmasdan, bilimlardan mutlaqo uzoq, yeb-ichish dardidagi kimsalarning bo‘lar-bo‘lmas nodon gaplaridan ozorlanib uzlatga chekinib ketisharmikin?
Yoki, bu bilimlar, bu sirlar odamni o‘zi bilan o‘zi qolishga, zulmatlar aro yolg‘iz daydishga undarmikin?
Nima bo‘lganida ham, qarshimda odam aqlu xayolini hayron qoldiradigan haybatli sirlar ochilmoqda edi.
El-yurtni kezar ekanman, har yerda ilmga chanqoq, ko‘zlari chaqnagan, ammo kechagi qiyin va zahmatli turmushning shuurlarda saqlanib qolgan quyqalari hanuz hayot tashvishlariga aylanib, onglariga bosim o‘tkazib turgan o‘smirlarga duch kelardim.
Yoyilib-yastangan o‘lkaning qayeriga bormang, odob bilan salom beradigan, kattalar oldida hurmat saqlashga odatlangan dastyorlar hoziru nozir, nigoh esa shu ingichka gavdada nihon iste’dod uchqunlarini ilg‘ab olishga urinardi. Poyonsiz yaylovlarda kishilar bilan birga o‘tirib, qo‘y go‘shti qovurilganida, orasta ekinzorlar adog‘idagi so‘rilarda ayron ichilganida, bolalar qir bag‘rida ot choptirishganida, tandirda non yopilganida, dasht kishilarining “qora uy” deb ataydigan o‘tovlaridan go‘dak yig‘isi taralganida… har turli qiyofayu shamoyildagi kishilarning barini buyuk bir o‘zak birlashtirib turgani, ko‘zga ko‘rinmas bir qudrat mana shu chehralardayu urf-odatlarda yashayotgani ham sezilardi. O‘zimning o‘smirligim bilan taqqoslaganimda esa, onglarda o‘zgarish borligini, odamlarda turmushga munosabat o‘zgarayotganini payqash qiyin emas edi. Kishilarda ishtiyoq paydo bo‘lgan, o‘spirinlarda, qizaloqlarda endi hayot degan girdobdan chiqishga urinish, ilm olishga qiziqish uyg‘ongani sezilardi.
U uyg‘onish, u qalqinish bolalar ongidagina emas, shaharu qishloqlarda yashayotgan, har turli yumushlar bilan kun kechirayotgan yuzlab-ming­lab kishilarning ongida ham sodir bo‘lishi, shiddatlanishi, ota-onalarda kelajakni ko‘ra olish qobiliyatining uyg‘onishi kabi sharoitlarni taqozo etardi. “Ko‘rgan kuningga shukr qil, sabr-toqatli bo‘l” degan azaliy matal endi o‘z xususiyatini o‘zgartirmoqda, o‘rnini “Hayotda o‘z o‘rningni top, qobiliyatingni namoyon qil” degan boshqa bir qoida egallayotgani ko‘rinardi.
Genetika sirlarini o‘rganib olgan odam qadriga olimlardan boshqa kim ham yetardi? Yangilikning joriy qilinishi nimalarga olib kelishini boshqa kim ham tushuna olardi?

Sofiya xola qabri ustida

Jonim xolam, boringizda o‘zingiz nur taratardingiz, dunyodan o‘tdingiz-u, nazarimda, endi ismingiz ham nur tarata boshladi.
Kichkinaligimda “Seni juda yaxshi ko‘rardim, daladan qaytayotganimda uyimga borish o‘rniga, bir ko‘rib bag‘rimga bosib ketay deb qoshingga kelardim”, deganlaringiz shuurimda jaranglamoqda.
Mana, aytganingizday, ulg‘aydim. Olim ham bo‘ldim.
Esingizdami, menga rosa ishonardingiz. Sendan boshqacha bir odam chiqadi, Xudodan doim shuni so‘rayman, der edingiz. Fan yo‘lida ma’lum bir joyga yetib kelganimda, “Xolajon, o‘sha gaplaringiz ro‘yobga chiqdi”, deb, chiroyli ko‘ylak, guldor ro‘mol olib ziyoratingizga boray desam… yo‘qsiz!
Esingizdami, bir tola sochingizni olib ketgan edim. Uni o‘zim bilgan fan yordamida tahlil qilib ko‘rganimda, shodligu o‘kinchimdan yig‘lab yubordim-ku?
Qoningizda dunyoda eng qadimiy deb hisob­langan genlar bor ekan-ku?
Uni genetika “Momo Havo geni” deb ataydi. Qachonlardir, juda olis zamonlarda, yer yuziga jannatdan tushgan ilk ayol – muqaddas Momo Havo merosi! Fan uning egalariga “Momo Havo qizlari” deb nom bergan. Sizning gen burmalaringizda o‘sha ajoyib va muqaddas halqalar yulduzday charaqlab turganini, o‘rala-o‘rala, Somon yo‘li shaklini olganini ko‘rdim-ku?
Ey voh, qanday ulug‘ zotlar ekansizlar! Bolaligimda, qonimda ne borligini o‘zim bilmay o‘ynab-kulib ulg‘ayar ekanman, u mehr, u taftlar doimo yodimda. Qadoq qo‘llaringiz issig‘ini yuzimda haligacha sezaman. Uzluksiz mehnatu zahmatlar ichida juda oddiy, el-yurt orasida hayot kechiribsiz-u, bag‘ringizdagi juda katta xazinani menga qoldirib ketibsiz!
Genetika aytadiki, bolaning barcha iste’dodi unga ota-onadan meros bo‘lib o‘tadi. Bola onadan “X”, otadan esa “Y” xromosomani oladi. U nima? Otayu onaning butun borlig‘i haqidagi xabarlardir. Farzand esa o‘z navbatida, uni o‘zi haqidagi ma’lumotlar bilan to‘yintirib, bolasiga uzatadi… Xalq tilidagi “Jannat onalar oyog‘i ostidadir” yoki “Ota rozi – Xudo rozi” degan hikmatlarni ilm qanday shu’lalantirganiga qarang! Ko‘z o‘ngimga maktab sinfxonasiga ilmoqli harflar bilan yozib qo‘yilgan bayt ham keldi. Och moviy mato ustiga to‘q qirmizi harflar bilan “Boshni fido ayla ato qoshig‘a, Jismni qil sadqa ano boshig‘a”7 deb bitilgan bayt ma’nosining ildizlariga qarasangiz-chi! Sulolalar paydo bo‘lganidan shu bugunga qadar o‘z bag‘rida zurriyodni dunyoga keltirgan yuzlab ota-onalarning qonida, homiladan homilaga, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan asriy xabarlarni o‘qisangiz-chi?
Yodimga o‘smirlik chog‘larimiz, sinfdosh qizlarimiz, ota-onamiz yoniga kirib qilgan mehnatu zahmatlarimiz ham keldi. Axir, qiz bola nozik bo‘ladi, uni avayla, og‘ir ish qildirma deyishmasmidi? Onam, xolam, ukalarim, singillarimning dalalardagi mehnatlarini eslaganimda esa qalbimda shunday nido ham to‘fon urdi: hoy el, hoy ulus, necha yillar o‘zing yetti bukilib ishlaganing yetmasdan, ayolingni, qizlaringni nega dalalarga yubording? O‘t g‘aramlarini boshida ko‘tartirding? Gulday qomatini mayishtirib yer ag‘dartirding, ketmon urdirding? Bilaklarini qaqshatib o‘tin yordirding? Axir, bor shonu shavkating uning gul gavdasida nihon ekan-ku? Ko‘cha-ko‘yda yot nigohlardan avaylagan holingda, o‘zini nega avaylamading? Nima bo‘lgan edi senga, ko‘zingning oqu qorasini nechun shu ko‘yga solding?
Aqlim to‘lishib, shu singari ko‘p narsalarni anglab yetganimda, afsuski, ulug‘larimdan ayrildim. Ha, otam-onam, ishonganlarim dunyodan o‘tishdi. Biroq, el barhayot, qudratli, hanuz bir jonu bir tan bo‘lib, o‘z o‘zagi atrofida mustahkam yashab kelmoqda. Hozir yolg‘izman desam ham, tegramda akalarim, ukalarim, singillarim, opalarim, amakilarim, tog‘alarim – butun boshli xalq to‘lqinlanib turibdi. Aminmanki, ona naslimni tahlil qilganimda Momo Havoning muborak izlarini topganim kabi, padarimning naslini tadqiq qilsam, javharida Odam Ato genlarini ko‘rishimga ishonchim komil.
Nega el haqida yonib-to‘lqinlanib so‘z aytishimning boisini sezyapsizmi? El nimaligini ota-onamni tuproqqa berganimda bildim. Aza to‘nini kiyib, uyimiz oldida turar ekanman, men taniganu tanimagan, bilganu bilmagan yuzlab kishilar, keksalar, o‘rta yoshlilar, yigitchalar, o‘smirlar kelib quchoq ochar, hamdardlik bildirib ketar edilar. Axir, o‘shanda xalq meni bag‘riga bosgan ekan-ku? Yupatgan ekan-ku?
Zimmamda meni ulg‘aytirgan, dalda bergan, har kunimda yonimda bo‘lgan shu el oldida yana bitta ulug‘ vazifa qoldi. O‘shani bajara olsam, qushday yengil bo‘lib, hayotimdan rozi, umrimdan qoniqib yashagan bo‘laman.
Qarang, axir:
“Yigit shoshilib qaytmoqda. U ezgu xabar olib kelmoqda. Bilib qo‘ying, bu – yaxshi!..”8
Bir necha yil o‘tgach…
Choyxona.
– Hoy ulfatlar, aqlingizni shoshiradigan yangilik bor.
– Pul-mul yutib oldingizmi?
– E yo‘q… Oyog‘im kuyib qoldi.
– Obbo, xudo saqlasin. Nima bo‘ldi, o‘zi?
– Kecha kechqurun dunyo xabarlarini ko‘rib o‘tiruvdim, deng.
– Xo‘sh-xo‘sh?
– Avval Gaitidagi to‘fonni, keyin dunyo bo‘ylab xalqlarning ko‘chishini ko‘rsatdi.
– Iya, xalqlar hozir ham ko‘char ekanmi?
– Urush bo‘layotgan joylarning odamlari bor-budini tashlab, boshqa yoqlarga ko‘chib ketishyapti-ku? E tavba, deb ko‘rib yotaverdim.
– Unda kuymagan edingizmi?
– Yo‘q, keyin kuyib qoldim. Chunki xotin choy opkeldi.
– Juda cho‘zdingiz-da? Xotiningizning choy opkelishi yangilikmi?
– Ha-ha-ha!
– He-he-he!
– Shunday qilib, yangiliklarni ko‘ryapman deng. Birdaniga o‘zimizning Genetikni ko‘rsatib qolsa-chi?
– Yo‘g‘-e? Dunyo xabarlarida-ya?
– Ha-da. Men o‘sha payt kuyib qoldim. Xotin angrayib, qaynoq choyni oyog‘imga to‘kib yubordi.
– Genetikni nimaga ko‘rsatadi?
– Darrov qizimni chaqirdim. O‘zim chet tilini tushunmayman, qizim esa biladi. Xullas, Genetigimiz juda katta kashfiyot yaratibdi. Dunyo genetika mukofoti unga berilibdi.
– Uni qara-ya! Nima kashfiyot emish?
– Keyin o‘zi gapirdi. Men falon qishloqda tug‘ilib-o‘sganman, dedi. Agar o‘sha yerda dunyoga kelmaganimda, bu kashfiyotlarimni qilolmagan bo‘lardim, dedi. O‘zimizning dalalarni, ekinzorlarni, odamlarni aytdi. Xalqimning benihoya ulkan bir madaniyati bor, men o‘sha madaniyatni qalbimga singdira-singdira odam bo‘ldim, uning bor-yo‘g‘i bir qirrasi meni olim qildi, dedi.
– E tavba! Shularni barini chet tilida gapirdimi?
– Ha, xuddi o‘z tilimizda gapirganday ravon, burro. Bir marta tutilsayam mayliydi. “Tavba, tanimasangiz ajnabiy deb o‘ylaysiz”, dedi qizim. G‘o‘za, uzum, anor, bug‘doyning yangi navlarini yaratibdi. Lekin mening asosiy kashfiyotim bu emas, deydi. Asosiy kashfiyotim elimning, xalqimning ildizlarini topganimda, qanchalar ajoyib, qadimiy va qudratli ekanini isbotlaganimda, deydi.
– Qanaqa qilib isbotlabdi?
– O‘zimizning odamlarning qonini tahlil qilsa, kimningdir sulolasi ellik ming, kimnikidir yetmish ming yilga teng bo‘lib chiqibdi. O‘sha joydan turib butun dunyoga “Mening yurtim insoniyatning oltin beshigi, dunyo taraqqiyotining shohbekati”, deb gapirdi!
– Demak, ho‘v bir safar aytgan gapi rost ekan-da? Lekin uncha tushunmadim. Xalq qadimiy bo‘lsa, qariyalarga o‘xshab keksayib, munkillab qolmasmikin?
– Yo‘q, unday emasmish. Qanchalar qadimiy bo‘lsa, shunchalar quvvatli, muhtasham bo‘ladi, deydi.
– Tavba… Mukofoti qancha emish?
– Bilmadimu, lekin bunaqa narsalarga juda katta pul berishsa kerak. Hali kelsa ko‘rasiz, undan boy odam qolmaydi bu atrofda.
– Darrov mashina olsa kerak. Keyin dang‘illama imorat ham quradi, albatta.
– Ha, kuchayib ketar ekan-da?
– Aslida ilm ham mol. Kimdir ilm sotadi, kimdir sovun…
– Ha-ha-ha!
– He-he-he!
– Xabarchi aytdiki, bunday kashfiyotlarning ahamiyati juda katta. Chunki kashfiyot qaysi davlatga taalluqli bo‘lsa, sotib olganlar o‘shanga pul to‘lasharmish.
– E, zo‘r ekan-ku!
– O‘zi, shu bolada bir nima boriydi. Ho‘v bir gal aytgan gaplari yodingizdami?
– Ha, hamma gapi g‘ij-g‘ij aql… Bilsangiz, men ham anchadan beri bolalarni bir amallab o‘qitish kerak deb o‘ylab yuribman. Ko‘ryapsiz-ku, zamon o‘zgarib ketdi. Bundan keyin, o‘qimagan odam non topolmaydi, shekilli.
– To‘g‘ri. Lekin yana bir gapniyam aytib qo‘yay: hamma olim bo‘pketaversa, podani kim boqadi?
– Mana, biz-da.
– Ha-ha-ha!
– He-he-he!..

Uchinchi kashfiyot

Inson sochi, tirnog‘i yoki qonini tekshirganingizda, avvalo hujayra ichiga kirib borasiz.
U endi menda, bir mahallar o‘quvchi ekanimdagi kabi kulgili taassurotlar hosil qilmaydi. Balki muhtashamlikdan, mangu qonuniyatlar hukm surayotgan oliy saltanatdan darak berib, nihoyatda go‘zal va mukammal bo‘lib ko‘rinadi.
Yadro ichiga kirib borsangiz, xromosomaga duch kelasiz. Uning bag‘ridagi DNA deb ataladigan molekula ichiga milliard-milliard ma’lumotlar joylangan.
Bu ajoyib san’atga odam aqli shoshmasdan iloji yo‘q. Homila paydo bo‘lishidan to umrining oxiriga qadar butun vujud ishini mukammal nazoratda tutib turadigan unsur mana shu!
Odamlarning gen xaritasini oxirigacha tuzish hali hech kimga nasib qilmadi. Har inson hujayrasidagi milliardlab timsollarni kim ham o‘qib chiqa olardi? Ishonchim komilki, u hududda yana ulkan sirlar yashirinib yotibdi. Xromosoma tarkibidagi ipsimon burmalarning instinkt va qobiliyatlarga mas’ul qismlari, hayot va mamotga aloqador bo‘laklari hali oxirigacha o‘rganib chiqilmagan.
Sirlariga boqar ekansiz, shunchalik tengsiz san’at hisoblangan tiriklik shami so‘nganida, ya’ni abadiyat olamlarining aziz mehmoni bo‘lmish jon o‘z makonlariga jo‘naganida, vujud parchalana-parchalana jonsiz moddalarga aylanib, tosh-tuproqqa behuda qo‘shilib ketaverarmikin, deb ham o‘ylaysiz, albatta.
Mening eng katta kashfiyotim o‘simlik navlari genlarining o‘zgarishida yoki xalq tarixini o‘rganishimda emas, insonni inson aylagan ulug‘ bir hikmat negizida bunyodga keldi.
Genlar o‘zidan avvalgi nasllar haqida ma’lumot tashishini hozir hamma biladi. Bir odamning genini o‘rganar ekansiz, ota-onasidan tortib qachonlardir olamda yashab o‘tgan ajdodlari kim bo‘lgani, necha yil umr ko‘rgani, qay qiyofaga ega ekanidan to qanaqa kasalliklar bilan og‘riganigacha ayon qiladigan xabarlar avloddan-avlodga shu sirli burmalar qatida o‘tib kelishi barchaga ayon.
O‘sha tarix yashiringan halqalar qarshisida ko‘p tunlarimni o‘tkazdim. Instinktlar, immun tizimi jarayonlari, ajdodlar hayoti sirlarini o‘ziga jo aylagan turli-tuman tushunarsiz timsollar ichida noma’lumlari ham bor edi. Ba’zi joylarida bir xildagi ma’lumotlarning qayta-qayta takrorlanganini ko‘rdim. Har avlod almashganida ularga yana boshqa turdagilari qo‘shilib qolganiga, gen halqasi yanada uzayganiga shohid bo‘ldim.
Fan tilida “Oltmish to‘rt genli kalit” deb nomlanadigan u halqaning sir-sinoati nimada? Nega har avlodda takrorlanmoqda? Nega o‘zgarmas ravishda nasldan-naslga o‘tib kelayotir? Uning juda mustahkam himoyalanganining sababi ne?
Dunyo olimlari bu haqda bosh qotirishgan, har kim uning bir qismini “o‘qishga” uringan, taxmin va farazlar ko‘p. Kimlardir inson fe’l-atvori, kelajakka intilish qobiliyati, uzoq umr ko‘rishining siri mana shu kalitda deb taxmin qilgan.
Benihoya haybatli va ko‘zga ko‘rinmas “quvvai tabiiya” jonli narsalarda rangu tus, ta’mu lazzat paydo qilishini bosqichma-bosqich kuzatar ekansiz, beixtiyor tosh gulga, temir oltinga aylanayotganiga ham guvoh bo‘lasiz.
Bir kuni nihoyatda charchadim, derazani ochdim. Shamol turib, hazrati Beruniyning “Osorul boqiya”si varaqlarini ochib o‘ynay boshladi. Beixtiyor kitobga ko‘z tashladim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qachonlardir ustozim ta’lim bergan o‘sha sahifa ochilib qolibdi.
U musaffo davrlarimning xotirasi ongimda uyg‘onib ketdi. Qanday bola edig-a? Qanday ajoyib davrlar edi-ya?
Hazrat Beruniy yozar edi:
“Shak yo‘qki, “quvvai tabiiya” ilhomlantirilgan va vakil qilingan vazifasi bilan biror moddaga duch kelganida uni bekor qoldirmaydi. Agar modda keragidan ortiq bo‘lsa, u quvvat o‘z ishini ikki marta orttiradi. Ikki hissa orttirish ba’zan bir necha marta ham takrorlanadi.
Goho “quvvai tabiiya” to‘liq ikki hissa qilish ishini tamomlay olmaydi-da, a’zolarni turgan joylariga loyiq orttirib qo‘yadi. Chunki odatdagiga va yaroqlilarga qaraganda ortiqcha bo‘lsa ham, o‘ziga tegishli o‘rinlarda turadi…”
Bu yerda ham gap hayot haqida ketmayaptimi?
Ha, mutafakkir bobomiz sirli olamlardan kelib-ketadigan, borliqni jo‘shishga, yaratishga, shavq ila yuksaklarga bo‘y cho‘zishga, hosil berishga undaydigan “jon” deyilgan unsurni “quvvai tabiiya” deb atamoqda. Ularni “jonli yaratiqlar” deb atamoqda, paydo bo‘lish sabablarini izohlamoqda.
Shunda ongimda bir chaqin yarqirab ketdi.
Ko‘zlarimga ishonmasdan, qayta-qayta o‘qir, ming yil olisdan u zotning ovozi kelayotganday, nasllar va irsiyatlar sirlari haqida donishmandona so‘zlayotganday edi.
“U hodisalardan ba’zilari turli zamonlarda davr bilan tartibsiz yuzaga chiqmay, tasodifiy yuz beradi. Tasodifan yuz bergan hodisa vaqti o‘tgach, uning faqat xabari qoladi, xolos. Bunday xabarlar rostligiga shartlar mavjud bo‘lsa va ularning o‘tgan zamonda yuz berishi mumkin narsa bo‘lsa, garchi uning qanday vujudga kelishi xayolga keltirilmagan va sababi bilinmagan bo‘lsa ham, bunday xabarni qabul etmay chora yo‘q…”
Axir, men ham inson vujudidagi xabarlar ustida bosh qotirmoqdaman-ku?
“…Garchi uning qanday vujudga kelishi xayolga keltirilmagan va sababi bilinmagan bo‘lsa ham, bunday xabarni qabul etmay chora yo‘q…”
Ha, bag‘riga ota haqidagi ma’lumotlarni jo aylagan yuz millionlab hujayradan bittasigina ona hujayra bilan birlasha oladi. Shuncha hujayradan bittasigagina, eng sog‘lom, eng maqbuligagina ruxsat tegadi. Yuz milliondan qay biri jo aylanishini Beruniy tasodif deb atamoqda. Avlod mana shu tarzda paydo bo‘ladi.
Shoshma! Avlod dedimmi?
Ey Parvardigor!
Axir, ota-ona o‘zi haqidagi butkul ma’lumotni – umri, hayoti, ko‘rgan kunlari, chekkan dardu ozorlari… hamma-hammasini yangi paydo bo‘layotgan naslga shu tarz o‘tkazib bermayaptimi?
Bir-birini benihoya e’zozlagan, sevgan, qanchadan-qancha kunlarni birga o‘tkazgan, suygan, ardoqlagan ota-ona hali ignaning uchicha ham kelmaydigan homilaga, nikoh deyilgan qudratli hukmi ilohiy ila abadiyan birlashgan bir zarraga o‘zlarini shu tarz, butkul jo aylashmayaptimi?
“Jonim bolam! Bizlar hayotda tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashadik. Orttirgan bor iste’dodimiz, qobiliyatlarimizni senga meros qilib bermoqdamiz. Bizlar hali yoshmiz, ammo hayotning o‘zgarmas qonuniyati shuki, vaqt-soati kelganida albatta sendan oldin ketamiz. Ketar ekanmiz, umr yo‘llarida qoqilib-suqilmagin, oldingda biror muammo ko‘ndalang bo‘lsa dovdiramagin deya, topgan-tutganimizni javharingga jo aylab ketmoqdamiz”, demayaptimi?
Men tushunolmay turgan timsollar ko‘zimning o‘ngida qiymatli xazinalarga aylana boshladi. Ha, o‘sha noma’lum halqalarning barchasi hayot mobaynida orttirilgan qobiliyat va iste’dod “kalit”laridan iborat, ko‘zimning o‘ngida sulola-sulola to‘lqinlangan avlodlar biridan-biriga tobora boyib-ortib boruvchi meros qoldirishayotganini ko‘rib turardim. Ularning ba’zilari “ozorlangan” genlar edi. Ya’ni hayot qiyinchiliklarida ezilgan, qiynalgan ajdodlar o‘sha kalitlar bag‘rida o‘z zahmatlarini ham qoldirib ketishgan edi!
Bu shunchalar ulkan xazina ediki, ongimda qachonlardir sodir bo‘lgan barcha savollarga birdaniga javob berardi. Nega el orasidan iste’dodlar hamisha chiqavermaydi? Nega barcha bir xilda sabru shukr ichida yashashni ma’qul ko‘radi? Nega kelajakka intilmaydi, nega qat’iyat va sabot bilan yuksaklarni ko‘zlamaydi? Sulolalar almashgan davrlaru yuzlab yillarning tarixi ham ko‘z o‘ngimda shundoqqina namoyon bo‘lib turardi.
El qanchalar qadimiy bo‘lsa, iste’dod va qobiliyat kalitlari soni ham shunchalar ko‘p edi!
Bu, demak, elning har bir bolasi yuzlab ajdodlarining o‘shanday merosini bag‘rida saqlab kelayotganini, singan va nuqsonli genlar ma’lum avlodlarning mashaqqatlar girdobida yashaganini ko‘rsatsa-da, agar ma’lum sharoit yuzaga kelsa, u kalitlar har bir avlodda, har bolada birday “ishlab” ketishini va el aro benihoya ulkan qalqinish, ong to‘foni ro‘y berishini ko‘rsatib turardi.
Men – taniganlar “Genetik” deb nom bergan, dalalarida mehnat qila-qila, daraxtlaru maysalarning, hayvonlaru qushlarning xususiyatlarini bila-bila ulg‘ayib, nihoyat, ota-bobolaridan meros qolgan iste’dodi bilim deb atalgan chaqmoq tufayli ochilib ketgan bitta farzand – shu muhtashamlik va ulug‘lik qarshisida lolu hayron, insonlarning o‘ziga ishonchini benihoya orttirib yuboradigan, barchani jipslashtiradigan shu bilim qarshisida yuragim achisha-achisha turardim. Axir, ne ko‘rgiliklarni ko‘rmadi bu el! Ne sho‘rishlar orasidan o‘tib keldi bu el! Mehru muhabbatim benihoya ortib ketgan, urf-­odatlar, marosimlar, aytimu qo‘shiqlar… barchasi ongimda birvarakayiga aylanar, ajdodlar esa u xabarlar qatidan jim boqib turishardi. Qishloq hayotida ko‘rgan-kechirganlarim, mushohadalarga undagan har bir voqelik, hayot tarzimizu urf-odatlarimiz, odob-axloqqa chorlovchi hikoyalaru quloqqa chalingan ma’noli o‘gitlar, eshitgan dakkilarimiz, turmush tashvishlari, zahmatliyu bayramli kunlar meni ilmlar sirini o‘rganishga undagan, fan tilida aytsam, “genlarimni ishlashga chorlagan” ulug‘ va donishmand Ustozga aylandi! Shubhasiz, shunday muhitda o‘sib-ulg‘aygan har bir bolada buyuk imkoniyatlar bor edi! “Katta odam” bo‘lib “katta ishlar”ga qo‘l urish uchun esa sabr-toqat, hurmat, ishonch, orzu-havas, intilish, mehnat, ortga bir nazar tashlay olish kabi xislatlar bilan yashash va ularni hayot davomida uyg‘otib borish kerak ekan!
Qalbim istagan ulug‘ bilimga mana endi yetib kelgan edim! Endi faqat, bu kashfiyotlarni shuncha yillar o‘zining kimligidan bexabar yashab kelgan, hayoti yot g‘oya egalari tomonidan atay oddiylashtirib-jo‘nlashtirilgan, ko‘rgan kuniga qanoat qilib, “Bizlar jo‘n odamlarmiz, unaqa ishlarga aqlimiz yetmaydi”, deya, topgan nonini bola-chaqasi bilan tinchgina yeb o‘tirishni saodat sanagan shu kishilarga yetkazishgina qolgan edi, xolos.
Mening saodatim ham shunda edi!
Eng oddiy urf-odatlarining bari birday jilolanar, mangu hikmatlardan so‘zlardi. Esingizdami, ayollar sulolaning or-nomusi sanalishi haqidagi gap-so‘zlar? Uni ilm butunlay o‘zga yog‘du ila nurlantirganiga qarang! Ajdodlar merosi, aqlu zakovat kalitlari bolaga asosan onadan o‘tishini, ba’zan esa har ikki tomonning eng yaxshi xususiyatlarini o‘zida jamlashini bilsangiz, faxru g‘ururga to‘lmasmidingiz? Uzoq safarga ketgan kishilar qaytib kelishsa, yurt tuprog‘ini ko‘zga surishadi. Axir, har qiz, har ayol qiymatli xazina, o‘z bag‘ridan anvoyi ne’matlar yetishtirgan vatan tuprog‘iday aziz ekan-ku? Shu sababdan ham el o‘z qizlarini, ayollarini, onalarini e’zozlab, sha’nu shavkati uchun ko‘ksini qalqon, jonini qurbon qilar, ko‘z qorachig‘iday avaylar ekan-da?
Ana endi ich-ichimdan kelgan xitobni ko‘ring!
“Etar endi! Bas endi! Qoningizda buyuklik mavj urmoqda. Bir chaqnasa, dunyoni titratar chaqmoqlar tek turibdi. O‘zingizga ishonmadi­ngiz, mendan olim chiqarmidi, dedingiz. Otam cho‘pon, bobom cho‘pon, ota-bobodan qolgan hayotni yashayveray, men ko‘rmaganni bolalarim ko‘rar, dedingiz. Yetar, bas, axir! Bolalaringizga ishoning! Sizdagi bu tutumlar ham nasldan-naslga o‘tmoqda. Yuzlab asrlar aro mavjlanib oqayotgan qon hayqirig‘iga quloq tutmaysizmi? Dunyoning eng nodir, eng noyob ne’mati behuda oqaversinmi? Iste’dod bilimdan quvvat olishini bilasiz-ku? Bilim degan tuproq qanchalar bo‘liq bo‘lsa, unda o‘sgan daraxt mevasi shunchalar mo‘l va yetuk bo‘lishini aqlingiz aytib turibdi-ku? Qarang, axir, hayotingiz yaxshilandi. Kecha jo‘xori unidan zog‘ora yer edingiz, bugun bug‘doy deganingizning o‘nlab turi sizga muntazir. Kecha bolalaringiz iligi puch, zaif edi, bugun gurkirab o‘sgan. Qop-qora ko‘zlariga bir qarang: ishonuvchanlik bilan, har gapingizni hikmat deb ro‘y-rost boqmoqda. Ongi esa o‘zi istayotgan narsaga juda mushtoq. Bering axir, u shuurga o‘zi istayotgan zilolni – ilmni!
Katta megapolislarning odamlari beton orasida bitta chechakniyam o‘stira olmaydi. Bor-yo‘g‘i bir rayhon o‘stirish uchun biolog chaqirishga majbur, chunki tabiatdan bexabar. Shuningdek, ularning bir-birlariga ehtiyoji ham yo‘q, neki istasa shundoqqina ko‘z o‘ngida muhayyo. Siz esa benihoya jipssiz, ruhan bir-biringizga juda yaqin, har kun, har marosimda yelkadoshsiz. O‘zingizga ham, bolalaringiz shuuriga ham insoniylik ilmi, tabiat ilmi go‘daklikdanoq quyilib bo‘lgan: tog‘u toshda ma’danlar qay tarz paydo bo‘lishidan tortib nabotot fe’l-atvorigacha – tevarakning bor sir-asrorini bilib olgansiz. Farosatli kishilar nihoyatda bo‘liq bu tuproqqa albatta aql urug‘ini qadashmaydimi?
Hoy, yurt bolalari, har biringiz bag‘rida bir gavharni jo aylagan xazinasiz. Yo‘q-yo‘q, gavharning o‘zisiz! Benihoya qiymatlisiz, betak­rorsiz, nodiru noyobsiz. Qirralaringizga el-ulus jilo bergan, yarqirab-tovlanmoqdasiz. Tevaragingizda kun kechirish degan g‘alati jarayon shayton qiyofasida, sizni chalg‘itish uchun bo‘y ko‘rsatib turibdi. Yuzlab ajdodlaringiz meros qoldirgan iste’dod zarralari esa saodat lahzasini kutib qoningizda, tomirlaringizda jim kezmoqda. Bir qalqinsangiz, kelajak sari uchar yulduzday otilar quvvatingiz bor, qalqining axir!
Kimga, nima deb hayqiray? Hayot degan ulkan daryo to‘lqinlanib oqmoqda. Siz ham mavjlari aro oqib ketaverasizmi? U daryoni boshqarish, barakotli tuproqlarga burish, misli ko‘rilmagan hosillar olish vaqti kelmadimi?
Qarang, bolalaringizni qanday ajoyib qilib o‘stirdingiz. Shunchalarki, sizdan oldin taomga qo‘l uzatmaydigan, kirib kelsangiz darrov o‘rnidan turib salom beradigan, mabodo uy ichida o‘tirgan bo‘lsangiz, hurmatingiz yuzasidan tomga chiqishga tortinadigan zurryod tarbiyaladingiz. El haqi, qo‘ni-qo‘shni haqi degan qonuniyatlarni ongiga singdirdingiz. Yuragida imonini, ishonchini quvvatlantirdingiz. Nihoyatda bo‘liq bir zamin tayyorladingiz. Hayot, ya’ni “quvvai tabiiya” esa, rosa kuchga to‘ldi. Endi unga neki ekilsa, gurkirab egiz-egiz hosillar beradi. Olmaysizmi, axir, hosilingizni?

XXI-asr. Kartaxena. Kolumbiya.
(Butunjahon Genetika anjumanida so‘zlangan nutq)

Hurmatli do‘stlar, aziz ilm kishilari!
O‘ylaymanki, mazkur mukofot bilan men emas, balki mehnatlarim taqdirlanayotir. Hayot davomidagi ilm mashaqqatlari, inson ruhining zahmatlari, shon-shuhrat va sarvat ilinjida emas, balki bir insonning avvallari ko‘rilmagan yangi kashfiyot yaratish yo‘lidagi urinishlariga e’tibor qaratilayotir.
Bugina emas, umr deb atalgan tiriklik hayoti aro o‘z borliqlarini bizlarga meros qilib qoldirib ketgan ajdodlarimiz – zarralari qonimizda hayot manbaiga aylangan, bag‘rimizda yashayotgan ulug‘larimiz, ota-bobolarimiz ham e’tirof etilmoqdalar.
Bugungi dunyoning fojiasi – kishilar o‘z ruhining ilmga va tuyg‘ularga chanqoqligini, faqat shundangina orom olishini unutib qo‘­­yishganida, o‘z-o‘ziga ishonmaslik hissiyotlari paydo qilgan bilimsizlik tanazzuli aro turmush degan chambarga o‘ralib qolishganida deb bilaman. Vaholanki, Tangri taolo har kimning fitratiga bir iste’dod gavharini joylagan. Umr mashaqqatlari aro o‘z ruhiyati jilvalarini so‘ndirgan, misli ko‘rilmagan yangiliklar yaratishga qodir zako quvvatini faqatgina kun kechirish degan jo‘n ehtiyojga sarflab yuborgan yuzlab-minglab kishilar o‘zlarining qanday nodir zot ekanliklaridan bexabar hayot kechirishmoqda, turmush tegirmonida muttasil aylanishmoqda.
Shu sababli insoniyatning butun kuch-quvvati iste’dod yulduzlarining chaqnashiga yo‘naltirilishi shart deb o‘ylayman. Qarang va tafakkur qiling. Olamda behikmat yaratilgan birorta o‘simlik, daraxt yoki jonzot yo‘q. Bular o‘z hayotidan tashqari, boshqalar foydalanishi uchun hosil ham beradi. Koinotda yagona bo‘lgan Inson oddiy yaralarmidi?
Shuningdek, diqqatingizni muhtaram olimlarimizdan birining zakosiga mansub, jonsiz narsalarning ham xotirasi mavjudligi haqidagi kashfiyotga qaratmoqchiman. Tasmalarga yoki ma’dan bag‘irlariga yozilgan tovush, ovoz va tasvirlarni barchamiz yaxshi bilamiz. Shuning­dek, oddiy unsur hisoblanmish suv o‘zi shohid bo‘lgan narsalarni xotirasiga yod aylashidan, ya’ni ummon suvlari o‘z bag‘rida ro‘y bergan voqealar, yomg‘irlar o‘zlari bino bo‘lgan joydagi hodisalar xabarlarini olib, dunyo bo‘ylab kezishidan yoki muzga aylanib, bag‘rida tarixlarni saqlashidan xabardormiz. Jonsiz hisoblangan unsurlarniki xotirasi bor, tirik hisoblangan nabototning yoki jon egalarining xotirasi bo‘lmasmidi? Koinot gultoji sanalmish inson vujudining tamal hujayralariga joylangan xotira esa benihoya ulug‘, muqaddas va buzilmas, Odam bolalari hayotini bag‘riga olib, har tomirda oqmoqda.
Sulolalar, nasllar o‘z borliqlarini mana shunday tarzda abadiyatga muhrlamoqdalar.
Bizlar benihoya muhtasham olamda shu tarz hayot kechirmoqdamiz. Butun borliq – Tangri taolo inson oldiga yozib qo‘ygan saxovatli dargoh, tabiat – mukammal dasturxon esa, shularning barchasi inson hayoti qanchalar ulkan qiymat kasb etishini bildirib sodir bo‘lmoqda.
Hayot saodati esa mehru shafqatda, Yaratgan Tangri qudratini doimo his qilib, mohiyatan juda qisqa hisoblangan shu umr aro mehru muhabbat, olijanoblik, pokiza niyatlar ila hayot kechirishdadir.
Shuni ham aytmoqchimanki, bizlar otalari yonida chopqillab borayotgan bolakaylarning mitti barmoqlari padar qo‘lidan sira ayrilmasligi uchun ham iste’dodlarimizni ro‘yobga chiqarishimiz shart.
Yuzlariga balog‘at husnbuzarlari toshib, bir-biriga ko‘ngil qo‘yayotgan yoshlar doimo baxt­­li bo‘lishsin, bizlar ularning saodati uchun ham birlashishimiz kerak.
Hayotda ko‘pni ko‘rgan keksalar olamdan ketar chog‘larida ortda qolganlardan rozi bo‘lib, jilmayib vidolashsinlarki, tez orada barchamiz jamuljam, saodat onlarida yana yuz ko‘rishgaymiz, deya. Qismatlar o‘zgarsin, o‘lim degan qazoi qadar armon va afsuslarni emas, jannat oromlari va shodliklarini olib kelsin!
Qismatlarning o‘zgarishiga misollar juda ko‘p. Bizlar tegramizdagi voqealarga har doim ham to‘g‘ri baho beravermaymiz. Masalan, odamlar selni falokat deb o‘ylashadi, vaholanki, u shirali tuproqlarni dalalarga olib kelib yoyadi. Daraxtlarni sindirib o‘tadigan shamollar aslida havolarni yangilaydi, baraka urug‘larini uchirib keladi, dov-daraxtni changlaydi. Hamma yoqni enlab, yo‘llarni to‘sib yoqqan qorlar tuproqqa o‘g‘it, dasturxonga rizq-ro‘z bo‘ladi. Kuchli chaqinlar chaqib, momaqaldiroq gumburlagan onlarda esa yer betida o‘z-o‘zidan oltin yombilar paydo bo‘ladi.
Ixtiyorimizdagi shu bemisl qudrat ila jahannamiy yaratiqlarni paydo qilish ham, insonga ajal keltiruvchi kasalliklarni batamom yo‘qotish ham mumkin. Bu xuddi yadro texnologiyasiga o‘xshaydi: undan shaharlarning kulini ko‘klarga sovuradigan qurollar ham, kishi tana a’zolarini zarra-zarra ko‘ra oladigan uskunalar ham ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bunday mo‘jizalar Yaratgan Egamning shafqati va marhamati bois ato etilgan, albatta. Genetika ham ana shunday qudratli bir ilmdir. Misol uchun, siz o‘limchil hisoblangan saraton kasalligi qanday kelib chiqishini yaxshi bilasiz. Saraton – tanamizdagi atigi bitta hujayra umum ishni, ya’ni vujud barkamolligi uchun bajarayotgan vazifasini qo‘yib, o‘z holicha yashay boshlaganidan kelib chiqadi. Immun tizimi uni o‘z hujayrasi deb taniydi. Bizlar gen tizimlarini o‘sha halokatli hujayrani tanib oladigan qilib o‘zgartirsak, dunyoda birorta kishi bu kasallik bilan og‘rimaydi. Bu misolda juda katta ibrat bor. Insoniyat – ezgu maqsad uchun jipslashgan yaxlit vujud, ellaru uluslar uning hujayralaridir. Ya’ni, kimdir umum maqsaddan chalg‘ib, o‘z manfaati uchungina yashay boshlasa, insoniyat deb atalgan ulug‘ organizmda ham o‘limchil xastalik­lar ro‘y beradi. Aqlu tafakkur quvvatlarimizni ezgu manzillar sari yo‘naltirsak, insonni butkul saodatga eltuvchi yo‘llarni ham topa olamiz.
Lekin genetika shuncha masalalarni hal qilgani holda, qanchalar yuksakka ko‘tarilsa-da, baribiram xizmatkordir. Siz texnologiyaning so‘nggi yutuqlari asosida yaratilgan zamonaviy uchoqlarni yoki fazoviy tadqiqot uskunalarini yaxshi bilasiz, ular naqadar murakkab bo‘lmasin, oddiy kishilarga xizmat qiladi.
Bizlar mana shuni chuqur anglab olishimiz zarur. Inson muhtashamdir. Hatto so‘nggi onini yashayotgan paytida, ajalning qirmizi shafaqlari oxirgi bor yallig‘langanida ham uning bir nafasi bor. U – “Meni kechir”, “Seni yaxshi ko‘raman” yoki “Mendan rozi bo‘lingiz” degan ajoyib so‘zlarni ayta olish uchun qoldirilgan nafasdir. Ha, odamzot qalbi o‘lmas, ruhi hamdardlik va shafqat tuyg‘ulariga to‘la ekani bilan qutlug‘dir. Bizning barcha urinishlarimiz mana shu yo‘lga – uni ulug‘lashga, sharaflashga va e’zozlashga yo‘naltirilishi shart.
Goho qiyin, goho oson tuyuladigan shu ajoyib hayot aro umr kechirar ekanmiz, zurryodlarimizning istiqbol yo‘llarini ochib berishimiz ham shart. Toki ularning aqlu zakovati ezuvchi mehnatga emas, yaratuvchilikka, bunyodkorlikka yo‘nalsin. Hayotda o‘zini namoyon etsin, el ishiga yarasin, inson deb atalmish oliy xilqat saodatiga xizmat qilsin, umr osmonida quyosh bo‘lib charaqlasin. O‘ziga, o‘zligiga ishonsin, toki vaqti soati yetib, bizlar yonida bo‘lmagan payt­larida ham yaxshini yomondan o‘z tafakkuri va bilimi bilan ajrata olsin, tabarruk ajdodlar “qon”ini munosib davom ettirsin. Bular – dunyoga kelib-­ketayotgan, kelajakka, istiqbolga, yuksaklarga ko‘z tikkan milliardlab insonlardan biri o‘laroq, o‘z eli bag‘rida yetishib chiqqan bir bolaning, o‘zbek Genetigining samimiy o‘tinchi, yorug‘ umididir!
Menimcha, bizning boshqa yo‘limiz yo‘q!
E’tiboringiz uchun rahmat.

Xotima

Daryo haybat solib oqardi.
Sohilida turli toshlar qalashib yotardi. Orasida tog‘ cho‘qqilarining jigarrangu qoramtir, oqar daryolarning suvi silliqlagan oqu targ‘il, dashtu dalalar bag‘rida paydo bo‘lgan cho‘tiru qo‘ng‘ir toshlar sachroq suv tomchilaridan ho‘llanib, yiltirab turardi.
Daryo bo‘ylab kelayotgan bir yigitcha ular orasidan oltin yombi topib oldi.
Qiziqib, sinchiklab razm soldi. Yombi nimaligini u bilardi. Bunday qiymatli narsalar momaqaldiroq gumburlab, qattiq chaqmoqlar yerga kelib urilganida paydo bo‘lishidan, shamollar qay tarzda jala bulutlarini surib kelishidanu ne’mat yomg‘irlari qay qonuniyatlar asosida yog‘ilishidan, bo‘liq tuproqlar ustida mo‘l rizqlar qay tarz yetilishidan xabardor edi.
Shuningdek, daryolar qayerdan boshlanishini, chaqmoqlar qanday bunyodga kelishini, hamma yoqni buzib-ayqirib jo‘shgan sellar qay sabab­larga ko‘ra falokatdan barakaga aylanib qolishini, shu qimmatbaho tosh o‘zi paydo bo‘lgan mahalda ro‘y bergan voqea-hodisalarni xotirasida saqlashini ham bilardi.
Shuning uchun avaylab qo‘yniga soldi hamda o‘zini voyaga yetkazgan aziz manzillariga ravona bo‘ldi.
U – tevarakdagi yuzlab qishloqlarda, elning tutumlari, odatlari, aytimlari, dostonlari, qo‘shiqlariyu matallarini ongiga singdira-singdira ulg‘ayib, hayotga endigina qadam qo‘yayotgan yuz minglab yoshlardan bittasi edi, xolos.
Bor-yo‘g‘i shu.
Elning bittagina bolasi!

* * *
“…Tong ota boshladi, so‘ng uning izidan yer yuzi yorishdi.
So‘ng quyosh chiqdi, hammayoq yorug‘ bo‘ldi.
Er yigit emaklab bordi, Tangriga yo‘liqdi.
Yigit baxt tiladi, Tangri baxt berdi. Og‘ilda yilqing bo‘lsin, umring uzoq bo‘lsin, dedi.
Bilib qo‘ying: bu – yaxshi…”

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 10-11-son