Habib Temirov. O‘sishning yo‘li (hajviya)

Bir korxonada ishlayotganimga hademay o‘n yil to‘ladi. Ammo hanuz oddiy xodim bo‘lib yuribman. O‘zim institutni qizil, ya’ni imtiyozli diplom bilan bitkazganman. U yog‘ini so‘rasangiz, hali talabalik paytimdayoq ilmiy amaliy anjumanlarda qatnashib, qiziqarli ma’ruzalar bilan chiqib, kelgusida egallaydigan mutaxassisligimga oid ixtirochilik takliflari kiritib, nafaqat o‘qituvchi ustozlarning, balki institutimiz muntazam hamkorlik qilib keladigan mana shu korxona rahbarlarining e’tiboriga tushganman. “Diplomni olgan zahoti bizga ishga kelaverasiz”, degandi institutimizning qaysidir ilmiy anjumanida qatnashgan korxona vakili. Va amalda ham shunday bo‘lgan.
Korxonaga ishga kelganimdan keyin ham institutdagi singari g‘ayrat shijoat, faollik va tashabbuskorlik namunalarini ko‘rsata boshladim.
Xullas, bir kuni yurak yutib, ancha yillardan beri ishlaydigan odamoxun o‘rinbosarning oldiga kirib hasrat qildim. Biroq… Shuncha tirishmay, sira ishim yurishmasdi. “Hali yosh mutaxassis, erkalatib yubormaylik, o‘zidan ketib qolmasin”, deyishyapti, mayli, qanoat va qunt bilan mehnat qilaveray-chi, “sabrning tagi sariq oltin” deganlaridek, Nobel bo‘lmasayam, loaqal o‘zimizning biror mukofotga loyiq ko‘rishar”, degan umidda ishlayverdim.
Shu tariqa… hanuz oddiy xodimman.
O‘saman desangiz… axmoq bo‘ling, dedi u tomdan tarasha tushgandek.
Gangib qolganimni ko‘rib, fikriga aniqlik kiritdi:
Ya’ni o‘zingizni ja aqlli, iste’dodli, ishbilarmon qilib ko‘rsatavermang, oshna. Rahbarlar unaqalarni… yomon ko‘rishadi. Mana, siz kelganingizdan beri o‘nlab ixtirochilik takliflari kiritdingiz, xo‘sh nimaga erishdingiz? “Bu falonchining ixtirosi” degan bir varaq qog‘ozgami? Nima foydasi bor uning? Agar o‘sha ixtirolardan loaqal bittasini boshliqning oldiga opkirib: “Mana buni sizning nomingizdan e’lon qilaylik”, deb taklif kiritganingizda bunaqa qilib yurmasdingiz. Buyam mayli. Qarang, qancha qancha olamshumul maqolalar yozdingiz a, hatto xorijiy jurnallarda bosildi. Nimaga erishdingiz? Hech narsaga! To‘g‘rimi? Agar o‘sha maqolalardan loaqal bir-ikkitasiga boshlig‘imizning imzolarini qo‘yib chop etganingizda axvol tamoman boshqacha bo‘lgan bo‘lur edi. Xullas, sal soddaroq bo‘ling…
Hamkasbimning yonidan chiqib peshonamga shapatiladim: “Kallam qursin! Shuncha narsani eplasam u, arzimagan bir… ishni qoyil qilolmay o‘tirsam uyat emasmi? Axir mashoyixlar “Iste’dodli odam o‘z salohiyatini barcha sohada namoyish etishi kerak” deyishgan-ku. Binobarin, xushomadu laganbardorlikni ham qotirishim shart!”
Kechqurun uyga keldim va e’tiborga olinmay g‘aladonimda chang bosib yotgan ixtirolarimdan birini olib, qayta ko‘zdan kechirdim-da, ertasi ertalab boshliqning yoniga dadil kirib bordim.
– Tabriklayman xo‘jayin! – dedim qo‘lini mahkam qisib. U hayron.
– Nima bilan?
– Korxonamizda ishlab chiqarish uchun yangi mahsulot ixtiro qilibsiz.
– Qayerdan bildingiz? Kim aytdi? – hayron bo‘lganini sezdirmaslikka urinib.
O‘zim bildim. Tunov kuni bir taxlam qog‘oz beruvdingiz: “Manovilarni bir ko‘rib chiqing-chi, ishdan bo‘sh payt­larda biroz ijod qilgandik, e’tiborga arzirmikan”, deb. O‘qib qarasam, bebaho kashfiyot qilibsiz. Agar shu ixtiroingiz ishlab chiqarishga tatbiq etilsa, korxonamiz mahsulotlari jahon bozoridagi eng xaridorgir mollarga aylanadi. Mening fikrimcha, bularni tezroq tegishli tashkilotlarga ko‘rsatib, patent, ya’ni ruxsatnoma olish va ishlab chiqarishni boshlash kerak!
Rahbar yuzimga bir muddat sinovchan tikilib turdi.
– Shunaqamikan? Hazillashayotganingiz yo‘qmi? – deb so‘radi.
– Xudo haqqi! – devordim ko‘zimni chirt yumib.
– Mayli, unda… bering-chi, men aytganingizday mutaxassislarning fikrini olay…
Ko‘p o‘tmay, ixtiro boshlig‘imiz nomidan rasmiylashtirilib, ishlab chiqarishga joriy etildi. Korxonamiz bundan tuzukkina daromad ko‘rdi. Va… kamina nihoyat, oddiy xodimlikdan kichikroq bir bo‘linma bosh­liqligiga tayinlandim.
Qarang-a, shuncha yil vaqtimni behuda o‘tkazibman, iqtidoru salohiyat ato etgani bilan aql bermasa qiyin ekan-da. Mayli, endi bu yog‘iga pishiq bo‘laman.
Shu tariqa rahbarimiz tomonidan ko‘rsatilgan rag‘bat tufayli ilhomim jo‘sh urdi. Yangi yangi ixtirolar qilishga kirishdim. Biroq endi ularni rahbarim nomiga rasmiylashtirar va har gal lavozimim bir pog‘ona ko‘tarilar edi. Shu tariqa bo‘lim mudiri, kotib, o‘rinbosar bo‘ldim va nihoyat boshlig‘imiz vazir, men esam korxonamizga rahbar etib tayinlandim. “Endi ixtirolarni o‘z nomimga rasmiylashtirsam ham bo‘lar, elu xalq nihoyat mening salohiyatimni ham ko‘rsin, baho bersin, “bu odam xushomadgo‘yligi va laganbardorligi uchun emas, ilmiy ijodiy iqtidori uchun o‘sgan ekan”, deb o‘ylasin”.
Shu fikr hamda yangicha g‘ayratu ilhom bilan ishga kirishdim. Ammo… Harchand chiranmayin, endi kashfiyotu ixtiro nari tursin, arzigulik bir yangi fikr miyamga kelmas, nuqul “qo‘l ostimdagilarning birortasi kuchliroq bir yangilik yaratib, shuhrat taratib, mening obro‘yimga soya solib qo‘ymasmikan” degan xavotir ichimni kemirar, tunu kun ushbu lavozimda qanday qilib uzoqroq o‘tirish, imkonini topib yana ham yuqoriroq mansab egallash haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. O‘sishning yo‘li esa…
Burnog‘i yili bir yigit ishga kelgan va majlislarda “ishlarni yaxshilash uchun unday qilish kerak, bunday qilish kerak”, deb mahmadanalik qilavergani uchun bosh­liqqa chaqishtirib, ishdan bo‘shattirib yuborgandim. O‘shani qidirtirishga tushdim. Qaysidir bir tijorat do‘konida qorovul bo‘lib yurgan ekan. Shartta qaytarib, o‘zimga yordamchi qilib oldim.
Faqat shart shuki, endi kallangga keladigan gaplarni majlisda emas, qulog‘imga aytasan. Bu idoradagi barcha aqlli fikrlar, muhim taklif kaminadan chiqishi kerak. Xo‘pmi?
Xo‘p bo‘ladi xo‘jayin, dedi yigit qo‘limni o‘pgudek bo‘lib va o‘sha zahotiyoq bir necha ixtiromonand muhim takliflarni o‘rtaga tashladi.
Chiroyli qilib qog‘ozga tushirib ber, men shu bugunoq mutaxassislar bilan maslahatlashaman…
Xayriyat, shu zaylda ishlarim yurishib ketdi. Mahalliy va xorijdagi nufuzli nashrlarda bir necha ilmiy maqolalar chop ettirishga hamda besh oltita ixtirochilik takliflarini kiritib, tegishli guvohnomani olishga muvaffaq bo‘ldim. Endi vazirimizning ko‘tarilishi yoki nafaqaga kuzatilishini kutayapman. Haytovur, buni ul muhtaram zotimizning mendan boshqa ham beminnat vorislari ham sabrsizlik bilan kutib turishmagan bo‘lsa, kaminani yaqin orada yangi bir rutbada ko‘rasiz.
Ha, darvoqe, hoynahoy sizni huv o‘sha, menga qimmatbaho maslahat bergan muovinning keyingi taqdiri nima bo‘lganligi qiziqtirsa kerak. U haliyam muovinligicha yuribdi. Birovga maslahat berish oson. Kallani ishlatib, mansab pillapoyalaridan yuqorilash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.