Kunlarning birida, tongda chog‘i, umri muhabbat atalmish buyuk tuyg‘udan bebahra o‘tganini anglab qoldi. Ha, bu favqulodda ajoyib sevgi qissasini o‘qib tugatgan kechaning oxirida sodir bo‘ldi. Allaqachon qirqni qoralab qo‘ygan ayol uchun bu g‘alati, notabiiy holat edi. Har nechuk, Shamsiya o‘sha subhidamda nafaqat uyqudan, balki uzoq g‘aflatdan uyg‘ongandek bo‘ldi. Ana, yostig‘i yonida o‘sha kitob. Kecha oqshom uning so‘nggi sahifalarini mutolaa qilayotgan mahal asar bilan birga shirin kechinmalari, xayoliy olamdagi ishqdan sarmast hayoti tugab qolayotgandek orziqqan edi. Kitob tugadi… U, go‘yoki yuksak-yuksaklarda charx urib parvoz qilayotgan qush, zerikarli sohilga qo‘ndi-da, endi hech qachon uchmasligini, ucha olmasligini anglab yetdi. Buni tan olish… juda og‘ir edi.
Erini uyg‘otishi kerak. Bugun nimalarni his qilayotgani haqida gapirish uchun emas, albatta. Mansurning ishga jo‘nash vaqti bo‘ldi. So‘ng bolalarni uyg‘otishi, nonushta tayyorlashi, hammani o‘qishga, ishga kuzatishi, bu orada o‘zi ham taraddudlanib, har kungi yo‘l bilan idoraga ravona bo‘lishi kerak. Odatdagi oddiy kun. Boshqacha bo‘lishining iloji yo‘q…
– Biron joyingiz og‘riyaptimi?
Har doimgi savol. Uni homush ko‘rdi deguncha, Mansur shunday deb so‘rayveradi. Nima desin ekan? «Ko‘nglim og‘riyapti». Yo‘q, bu javob emas.
– Shunchaki, charchadim. Ish ko‘payib ketgandi kecha.
– Hadeb ish, ish deyavermay, o‘zingizga ham qarang.
Bu ham doimgi gap. Lekin bugun unga boshqacha ta’sir qildi. «Ko‘nglingizga ham qarang» deb eshitildi…
Kun bo‘yi qo‘li ishga bormay, parishon yurdi. To‘rt faslning beqiyos joziblarini o‘zida mujassam etgan ilohiy beshinchi fasl qayerdadir gullab yotar, eski yo‘lda bir maromda ilgarilayotgan umr karvoni uni chetlab o‘tib borardi… Kimgadir bu haqda gapirgisi keldi. Gapirib bo‘larmikin? «Bugun o‘ylab ko‘rsam, hech qachon hech kimni sevmagan ekanman», deydimi? Shu yoshda, ayol boshi bilan-a? Bu visol, ehtiros istagi emas, TUYG‘Uga ehtiyoj ekanini kim tushunadi? O‘sha buyuk tuyg‘uni anglashga intilayotgan ayolning ozurda qalbini tushunar odam kim?
O‘sha kuni sinfdosh dugonasi Nurgul sim qoqqanida suyunib ketdi: mana uning najotkori!
– Onam biznikidalar. Seni so‘rayaptilar. Yotib qolgani kel. Mansur akani o‘zim ko‘ndiraman.
Shunday bo‘ldiki, ikki dugona hamma uxlagach, ariq bo‘yidagi supada yulduzlarga termilib, bir mahalgacha gurunglashib o‘tirishdi. Nurgul ziyraklik qildi:
– O‘zingga o‘xshamayapsan. Ishing, oilang tinchmi?
– Hammasi yaxshi. Lekin… men yaxshimasman. Xuddi havo yetishmayotgandek. Kulgili, a?
– Hecham kulgilimas-da. Seni bilaman-ku, kosa tagida nimkosa qilib gapirasan. Nimadir bo‘lgan.
– Aytarli hech narsa, – dedi-da, o‘rtog‘iga yalt etib qaradi: – Sen eringni yaxshi ko‘rasanmi? Yo‘q, sevasanmi?
Nurgul, bir damlik sukutdan keyin, hayron jilmayib dedi:
– Tavba, haliyam romantiksan-a. Albatta ha-da!
– Ana ko‘rdingmi! Shu yetishmayapti menga! Unaqa qarama. Ha, erim yaxshi odam. Ammo men uni hech qachon sevmaganman.
Nurgulning ko‘zlari kattalashdi:
– Nima balo, birontasi bilan…
– Ee, qo‘ysang-chi! Men unaqa o‘ldim-kuydimlarni aytayotganim yo‘q. Boshqa birovni hatto tush ko‘rishga qo‘rqaman-ku! Shunchaki, muhabbat haqida bir ajoyib kitob o‘qib, o‘ylanib qoldim. Yuragim bo‘m-bo‘sh ekan. Hech kimni sevmabman.
– Bunaqa gaplar endi bizga yarashmaydi. Kitoblarga ko‘pam ishonma. Hayot boshqa. Boshingni qotirib nima qilasan? Seni jon-dilidan yaxshi ko‘radigan ering bor, yana nima kerak?
– Men-chi? U yaxshi ko‘rsa bo‘ldimi?
Nurgul uni doim tushungan. Ammo bu safar dardini anglamadi. Uxlab qoldi.
«Tavba, qayerdan tushdi boshimga bu savdo? Yo‘q, bitta kitob odamning xayolini bunchalik ag‘dar-to‘ntar qilolmaydi, bu shunchaki bir turtki edi, xolos. Yillar armoni bu. O‘zi qanday odam kerak edi menga? Nega Mansurni sevolmadim? Soddadil, oqko‘ngil, kelishgan yigit edi. Institutda shuncha qiz turib, menga ishqi tushdi sho‘rlikning. «Qishloqi» deb, nazar-pisand qilmadim. Keyin-chi, keyin nima bo‘ldi? Qanday qilib boshim aylanib unga tegdim?»
Shamsiya xayolan o‘sha kunlarga qaytarkan, tarqoq o‘ylari jamlanib, oppoq dalalar tomon yetaklab ketdi…
U Mansurga qayrilib ham qaramasdi, ammo paxta terimi boshlandi-yu, yigitga baxt kulib boqdi. Dalaning bolasi emasmi, paxtani shipirib terardi. G‘o‘zani faqat suratlarda-yu teletasvirlarda ko‘rgan Shamsiya esa terimning birinchi kuniyoq normani bajarolmaganlar safida o‘rtaga chiqib, qizarib turdi. Shunda Mansur joniga aro kirdi: «Mayli desangiz, yordam berardim», taklif qildi yigit qo‘rqa-pisa. Shamsiya «marhamat» ko‘rsatdi – birinchi bor uni tabassum bilan siyladi. Shu-shu yigit bechora Shamsiyaga bandi bo‘ldi-qoldi. Ikki kishilik normani bajarish uchun holdan toyguncha ishlasa ham, ortidan soyadek ergashib yurar, to mavsum tugaguncha undan baxtiyor odam yo‘q edi. Bu baxtiyorlik yig‘im-terim tugashi bilan barham topdi. Shaharga qaytgach, yana hamma o‘z «maqomi»ga qaytdi. Hammasi o‘zgardi, Mansurning tuyg‘ularigina o‘shandayligicha qoldi. Keyingi mavsumni kutib yashadi…
Bu hol har mavsumda takrorlanaverdi. Birovlar yigitga achinar, yana birov uni orsizlikda ayblar, lekin hamma Mansurning devonalarcha sevib qolganini bilardi. O‘h-ho‘, Shamsiya uchun nimalar qilmadi, bu dalli oshiq! Butun institutga dong‘i ketdi, hamma tan berdi. Sevgilisidan boshqa, hamma…
Shamsiya bir orziqib ketdi. Rostdanam, shunday odamni nega sevmadi?
«– Ko‘ngil ekan-da, – o‘yladi u. – Unda nimaga tegdim o‘zi? Bu nima edi – o‘rganishmi, suyanishmi, hurmatmi? Shunchaki, turmushga chiqish vaqti yetgani uchunmi yo? Shunisi to‘g‘ridir. Lekin… rostdanam, endi bu haqda o‘ylashning o‘zi g‘alati».
Kunlar o‘taverdi, o‘taverdi. Shamsiya o‘sha kitobni ko‘zdan nari joyga yashirib qo‘ydi…
– Allo?
– Bu «Mevazor ko‘chasi – 17»mi?
– Ha.
– Ne’matov Mansur sizga kim bo‘ladi?
Shamsiya biroz o‘ng‘aysizlanib javob berdi:
– Erim. Siz kimsiz?
– Opa, markaziy shifoxonadan bezovta qilyapmiz. Faqat siz vahima qilmang. Eringizni hozirgina olib kelishdi.
Shamsiya shilq etib kresloga o‘tirib qoldi.
– A?!
– Avtohalokat ro‘y bergan. Faqat vahima qilmang, hali umid bor…
Qanday qilib ko‘chaga chiqdi-yu, kasalxonaga qanday yetib kelganini bilmaydi. Ichkariga kiritishmadi. Yuz ifodasi mavhum oq xalatlilar bezovta kirib-chiqayotgan eshik oldida zor yig‘lab o‘tirdi. Agar Mansur… Usiz qanday yashaydi? Usiz yashash mumkinmi o‘zi? Borlig‘i, har nafasi, har lahzasi Mansur bilan edi-ku! Bolalar-chi? Yo‘q, yo‘q, yo‘q!
Anchadan beri tinmayotgan telefon qo‘ng‘irog‘ini payqab qolgan paytda, miyasiga yashin tezligida bir o‘y urildi: Telefon! Kimlargadir xabar berishi kerak! Qudrat akaga aytishi kerak, u nimadir qiladi. Cho‘ntagidan chiqardi-yu… qotib qoldi. Mansurning raqami! Miyasida soniyasiga o‘nlab o‘ylar charx urdi. Halokat joyidan topib olishgan bo‘lsa kerak. Titroq qo‘li bilan yashil tugmachani bosdi, gapirishga esa majoli yetmadi.
– Shamsiya?
Vo darig‘, erining ovozi-ku! Beixtiyor jonlantirish xonasi eshigiga qaradi.
– Shamsiya! Nega indamaysiz, tinchlikmi? Necha marta qo‘ng‘iroq qildim, olmayapsiz. Qayerdasiz?
Shamsiya duduqlandi:
– Siz… Siz… qayerdasiz?
– Men qayerda bo‘lardim, ishdaman! Nega yig‘layapsiz? Nima bo‘ldi?
Shamsiyaning qo‘lidan telefon tushib ketdi…
…Mansurning iliq kafti. Mehr to‘la nigohi.
– Tuzukman, dadasi, tura qolay?
– Yo‘q, turmaysiz. Bolalar ovqat qilishyapti. Chaqirishsa chiqamiz. Ungacha yoningizda bo‘laman.
Shamsiya behol jilmaydi.
– Pasportingizni Qudrat akaga nega beruvdingiz?
– Tinib-tinchimas-da bu Qudrat aka! Firmasiga mahsulot olish uchun ishonchnoma kerak ekan, oddiy rasmiyatchilik. Iltimos qiluvdi, yo‘q deyolmadim. «Borguningizgacha hujjatlarni tayyorlab turaman» deb, kecha pasportimni olgandi. Falokatni qarang. Yuzidan tanib bo‘lmas darajada ekan, cho‘ntagidagi hujjatga qarab… Bunaqa bo‘lishini kim bilibdi deysiz! Sizni qiynab qo‘ydim.
– Hechqisi yo‘q. O‘zi yaxshimikan, Qudrat akangiz?
– Ha, hushiga keldi.
– Xayriyat, – deya Shamsiya bir lahza jim qoldi va eriga mehr bilan tikildi: – Mansur aka?
– Labbay?
– …
U erining qo‘llarini mahkam siqdi. Ilgari anglamagani, buyuk bir TUYG‘Uni his etdi. Ayol yig‘lab yubordi…
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son