G‘ozi Rahmon. Uch oyoq bo‘ri izidan (hikoya)

Bizda qariyalar qish-qirovli kunlarni to‘qson kun, deb hisoblashadi. Qirq besh kuni – chilla, qolganida qantar og‘adi, yerdan hovur ko‘tarilib, qor turmaydi. Ba’zi hisobdonlar “to‘qsonga” yana o‘n kun qo‘shib “yuz bitdi, hisob bitdi” qilmaguncha ko‘ngli qurchimaydi. Qish Xudoning qahri, deganicha bor ekan. O‘zi qishni maqtab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bu yilgisini… So‘kmoqchi bo‘lib og‘iz juftlashing hamona lablaring bir-biriga xo‘rozqand yalaganday chippa yopishadi. Ko‘rgulik-da…
Xullaski, bu fasl yo yo‘lidan adashdi, ishqilib haddidan oshdi, go‘yo toshqin daryo misol qirg‘og‘idan toshdi.
“Navro‘z”dan keyin “yuz bitdi” o‘tsayamki, yana yigirma kun bosib-bosib, ust-ustiga qor yog‘sa bo‘ladimi?
Hisor va Zarafshonning tutashgan nuqtasidan Qibla tomonga kamon o‘qi misol tortilgan cho‘qqili tog‘ etaklariga enadigan katta-kichik daryolar bo‘yida yastangan qishloq va ovullar yoppasiga qor tagida qolib ketganga o‘xshardi.
Chilla davomida oftob “yilt” etib bo‘yini ko‘rsatmadi. Daryo suvi osma qovun po‘chog‘iday qalin muzladi. Shimoldagi kabi muzni teshib suv olish mumkin. “Qantar”dan keyingisi ortiqcha bo‘lib, charvoning holiga maymun yig‘ladi. Qishga jamlangan xas-xashakdan urvoq ham qolmadi. Qoramol degani o‘zini-o‘zi yeb, “ko‘taram” bo‘lib qoldi. Tappa yotgani qaytib turolmas ekan. Talafot ustiga talafot. Eng yomoni yaqin-yiroqqa olib boradigan yo‘llar yopilib qoldi. U paytlar hozirgiday texnika qayda! Xo‘jalik ixtiyorida bo‘lgan zanjirli, rezinoyoq traktorlar tirkamasi bilan zo‘r-bazo‘r qatnab turadi. Qishlog‘imizda esa Jabborqul deganning yakkayu yagona Gaz – 69 “Villis” mashinasi bor. Uning “oldi” ishlagani uchun qorni yorib, bozor-o‘charga qatnab turadi. Jabborqul o‘ttizdan oshgan, miqti gavdali, “Villis” mashinasi kabi kuchga to‘lgan, tinib-tinchimas, ustiga ustak, yig‘inchoq mardum. Yo‘ldami, cho‘ldami bo‘lak-so‘lak temir-tersak ko‘rib qolsa, chumoliday chiranib uyiga tashiydi. Boz ustiga garaj mudiri emasmi, ehtiyot qismlarni goh oshkor, goh yashirin mashinasiga yuklab olib ketib, omborxonasini to‘ldirib yuborgan. Hatto hech kimda yo‘q “Lukkivoy” mashinasi uchun zaxira motor qilib qo‘ygan. Balki, shuning uchun ham qattiq qishda uning kuni tuqqan.
Qorning ko‘p yoqqani odamlarning charvosi qatori uyli-uysiz tog‘ jonzotlarining ham sho‘riga sho‘rva to‘kdi. Tog‘ malikasi kakliklar ovozini ham taxmon to‘la ko‘rpa-yostiq kabi qavat-qavat bo‘lib yoqqan qor butunlay yutib yubordi. Och qolgan kakliklar nozikta’bligini, izzat-­ibosini unutib, hovlilarga kirib keldi, kimga to‘y, kimga aza, degandek. Tog‘dagi g‘ajir burgutlar to‘da-to‘da bo‘lib, o‘laksa mollar ustida bazmi jamshid qilishadi. Ularga og‘aynichalish bo‘rilar ham bayram das­turxoniga hayallamay yetib kelishadi. Faqat kunduzi emas, tunda ularga navbat tegadi. Bo‘ri o‘laksa yemaydi, degani cho‘pchak. Uch-to‘rt kunlab och qolganida yer titkilab, qo‘ng‘iz terib yeb, sassiq kekirdak bo‘lib yurgan bo‘rilarni ko‘rganlar bor.
Ayni shu qishda chakana qo‘y-echkilar dalaga chiqolmay, qo‘tonda bos­tirma atrofida qamalib qolishdi. Och bo‘rilar esa yarim tunda qo‘tonga bostirib kirib, besh-to‘rtta sho‘ri qurigan qo‘yni bo‘g‘izlab, kart dumbasini g‘artcha-g‘artcha tishlab uzib ketishmoqda. Deyarli hammaning hovlisida bitta-ikkitadan arlonmi, qanchiq iti bor. Zormanda ko‘ppaklar kun botishi hamona tezakxona to‘riga kirib olib mizg‘igani-mizg‘igan. Tundagi tala-to‘p xabarini erinchoq o‘t o‘chiruvchilar kabi hammadan keyin biladi. Bilgani hamono dumini likillatib tog‘ tarafga qarab bir-ikki hurib qo‘yadi. “Agar men bo‘lganimda boshqacha bo‘lardi”, deganday.
Qishning o‘rtalarida tog‘ ortidan kelib qolgan uch oyoq bo‘ri hammaning og‘ziga tushdi. Eng yomoni, uch oyoq yarim tunda yolg‘iz o‘zi keladi. Qo‘tonning tomini teshib, yoki tirqishdan kirib olgan shumshuk bo‘ri kuchi yetgancha qo‘y bo‘g‘izlab, qaytishda birontasini yelkalab ketolmaydi. Bir tomoni yarimjon, yo‘rtolmaydi. Shu ketishida manziliga yetib ham borolmaydi. Odamlar keyinroq bilishdi. Uch oyoq alamzada. O‘ch olish istagi uzzu-kun jism-jonini yondirib turadi. Hisob-kitobga qaraganda yuz xonadondan elliktasining qo‘toniga bo‘ri darisa, teng yarmisida uch oyoqning izi qolgan. Yana bilishdiki, bu urg‘ochi bo‘ri. Yoldor bo‘rilar naslidan. Balki bu eng so‘nggisidir. Nima bo‘lsayam u bizning tog‘da yakkayu-yagona. Bo‘ri makonda adashib tug‘ilgan shekilli. Boshi va o‘mgani katta, quloqlari kamon uchiday, burilgan tomonga sanchilaman deydi. Beli va oyoqlari uzun, ko‘kish akbar bo‘ri.
Shu yil kech kuzda qo‘shni Sazag‘on qishlog‘ilik Nortoy mergan (otboqar)ning qopqoniga tushib, keyingi chap oyog‘idan ajralgan. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Ko‘kyolning kalta bo‘lib qolgan va hamon qon to‘xtamay turgan oyog‘ini kim ham davolab, yog‘och oyoq yasab berardi? Sho‘rlik ona bo‘ri o‘z tilida qarg‘ana-qarg‘ana pana o‘ngirda o‘n-besh, yigirma kun ingrab yotib, yarasini yalay-yalay zo‘r-bazo‘r qotirib oldi. Omon qolgan boldir suyagi paraxa bo‘lib singan. Uning bitib ketishi uchun ham nari borsa qirq kun o‘tishi kerak. Buncha kun yotishga sabri chidolmadi. Likillab o‘z to‘dasi tomon yurdi. Zo‘r-bazo‘r to‘dani topib, hidlashdi. Ularning har biri go‘yo achingan bo‘ldi. “Endi biz bilan ov qilolmaysan, to‘da boshi ham bo‘lolmaysan”, deganday iddao bilan nari ketishdi.
– “Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi”, – deya ezildi ona bo‘ri. Yolg‘izlik faqat Yaratganga yarashadi.
Bevaqt yolg‘izlik girdobiga tushib qolgan Ko‘kyol uzzu kun uvullab nola qildi, hamrohlarini chaqirdi. Uning munojoti na Xudoga na qavmlariga yetib bordi. Qaydadir uzoq samo qa’ridan ajdodlar ruhidan elas-elas ovozlar qulog‘iga chalindi-yu, har qancha urinsa ham, ularning nima deganini anglay olmadi. Uzoq tentirab, gandirak­lab, boshi oqqan tomonga yurdi…
Men Ko‘kyolni oxirgi marta ayni tungi soat 11 lar chamasi qishloq adog‘idagi, yo‘l yoqasida – molxona pastidagi uyum qor ustida kattakon qoramol gavdasi ichiga bosh suqib, jigar – bovur yeb yotganida ko‘rdim. Mashina chirog‘i gavdaga tushgani hamona bosh ko‘targan Ko‘kyol qonli basharasini bir ko‘rsatdi-yu, shart burilib, o‘zini qorong‘ulik qa’riga otdi. Ha, bu o‘sha uch oyoq. Hamrohim ham buni tasdiqladi. Unga ham ziyon bergan shekilli, boloxonador qilib so‘kindi ham.
Oradan bor-yo‘g‘i ikki kun o‘tib tunda ishdan qaytayotgan Jab­borqul (Zavgar – garaj mudiri) “Villis” mashinasi bilan uch oyoqni urib ketib, bostirgan. Mantirovka – lo‘m bilan boshiga urib o‘ldirgan. Uyiga opketib terisini shilib, tayyorlov idorasiga topshirib yuborgan. Bungayam qanoat qilmay ikki xo‘jalik raisidan ikkita chuvalang dumli qo‘y undirgan. Ularning barisi bo‘lgan gap.
Endi bu yog‘iga erinmay Ko‘kyolning bosib o‘tgan yo‘llari bo‘ylab yuramiz. Qani, tog‘ ortida nimalar bo‘ldiykan?..
Ko‘kyol degani bor-yo‘g‘i o‘n besh yil burun Shovuz cho‘qqilari belidagi xilvat Bo‘rimakonda to‘rt egizakning so‘nggisi bo‘lib, ko‘zlari yumiq tug‘ilgan, hammadan burun ko‘zi ochilgan, ona bo‘ri birinchi bo‘lib unga ko‘krak tutganidan ma’lumki, uning bir boshqa xislati bor.
Bo‘ri makon degani gadoy topmas joy. Chor tarafi qalin dov-daraxtlar, tikanli butazor. Qop-qorong‘u jar va o‘ngirlar qa’ridagi vahimali soy bo‘lib, soy ichi boshdan oyoq qalin va uzun pufakli qamishzor. Vahimali musiqa chiqarib, tebranib yotadi. Qashqir yoki qarshiquloq degani qayda yotib, qayda turadi? Qayerdan kirib qayerdan chiqadi. Turgan turmushi jumboq.
Aytishlaricha, bo‘ri uyalarini ayniqsa, bolalaganda yoldor ilonlar qo‘riqlar ekan. Na bir ovchi, na bir yo‘qchi cho‘pon-cho‘liq, bo‘rilik soyga kirish tugul, mo‘ralab qarashga ham botina olmaydi. Unga olib boradigan so‘qmoq yo‘llar ham Bo‘riqo‘rg‘onga yetar-etmas taqa-taq yopilib qoladi. Chor taraf nayzasimon uchlik payraxa toshlar bilan o‘ralgan. Qo‘rg‘onning na eshigi, na tuynugi bor. Xuddi ataylab dudama xanjar-pichoqlar bilan o‘rab qo‘yilgan kabi.
Eng qizig‘i, bu makonning bo‘rilari cho‘qqiga tushgan qor parchalari har ikki tomonga teng bo‘linib bemalol enib ketgan kabi bo‘rimakonliklar ham tog‘ning har ikki qanotidan siytiqib pastga tushib, emin-erkin ov qiladi.
Xullaski, bo‘riqo‘rg‘onning nodir bolasi akbar bo‘ri Ko‘kyol ham tog‘ning goh u tarafida, goh bu tarafida paydo bo‘lib, yayrab-yashnab, salkam o‘n besh yilcha davru-davron surdi. Munosib juftini topib, beli buralib, ustma-ust to‘rt-beshtadan bola ko‘rdi, suydi, sevildi.
Bolalarini iyib emizdi, ovga o‘rgatib huzurlandi. Ular orasida bo‘larmon bo‘rivachchalarni ko‘rsa, ich-ichidan quvondi. Qaynovi kamlarini tejab-tergadi. Muhimi ov paytidagi sabr-toqat, zarur bo‘lsa bir chimdim makkorlik qilishni ham ipidan ignasigacha o‘rgatdi.
Olaylik, semiz yoki oriq gavdali o‘ljani og‘iz to‘ldirib, katta-katta yutasan. Uni bir chetda ko‘zdan panada chuqur kovlab, yutganingni qayta qusib, ko‘mib qo‘ysang sirkalanib, maromiga yetib pishadi. Ko‘ngling tusaganda borib yesang mazza qilasan, iliging to‘ladi. Yoki hammayog‘i berk qo‘y qo‘toniga kirolmasang, tomni tesh. Buniyam iloji topilmasa, qo‘ton devorini duming kirguday qilib tesh-da, undan dumingni suqib likillat. Buni ko‘rgan qo‘y-qo‘zi yuragi yorilib, tipirchilab qoladi. Bezovta hurkadi. Bitta-yarimta besabr qo‘y-qo‘zi ko‘pincha echki-uloq sakrab qo‘ton devoriga chiqadi-da sen tomonga sakraydi. Tomog‘idan mahkam bo‘g‘asan. Oving oson bo‘ladi. Tog‘dagi g‘ajir-burgutlar bilan oshno tutininglar. Ular osmonda qanot qoqib yurib, uzoqdan turib ham yerdagi jonliqning bejon bo‘lganini hididan sezib, hammadan oldin xabar topadi. Naq o‘sha o‘ljaning ustiga pasayib, aylanib uchib qoladi. Ularni ko‘rganing hamono, o‘sha tarafga lo‘killab chopaver. Sherik bo‘lasan.
Tishlaring orasiga urvoq go‘sht kirib qolsa, g‘ashingga tegadi. Baribir o‘zing kovlab chiqarolmaysan. Shunday paytda tishlaring orasini ko‘rsatib indamay yotsang g‘ajirlar darrov tushunadi.Tish­laring orasiga kirib qolgan go‘sht bo‘laklarini tozalab terib, yeb qo‘yadi. Ana senga beminnat dastyor. Yaxshimi, yomonmi ular sening sheriging. Eng zaruri, odam bolasidan hazar qilinglar. Ular boshda biz kabi to‘rt oyoq bo‘lgan, emaklab yursa ham keyinchalik qaddini ko‘tarib olgan, qo‘lida qora kosovday o‘q otar quroli bo‘ladi. Hay-hay ularning yotgan qopqoniga tusha ko‘rma! Yo‘lingda bir bo‘lak luqmani ko‘rsang, bo‘yningni cho‘zma! Shartta aylanib o‘t! Qayda yursang ham bo‘riliging unutma! Odam bolasi bilan o‘chakishma!
Bolalariga shunday deb ta’lim bergan Ko‘kyolning o‘zi ham Nortoy mergan bilan o‘chakishmaganda, uning qattol qopqoniga tushib bir oyog‘idan ajrab, yarimjon holida Jabborqulning Lo‘kkivoy mashinasi oyoqlari ostida yanchilib ketmagan bo‘larmidi? Aslini olganda Nortoy otboqarni ham behudiga yozg‘irib bo‘lmaydi. Avvaliga ikki toychog‘ini bo‘g‘izlab ketgani uchun o‘sha Ko‘kyolning enasini yo‘qlab yurdi. Keyin qasdlanib izidan tushdi. Yovuzlik qildi. O‘sha gadoytopmas bo‘riqo‘tonga o‘g‘ri mushukday pusib kirib, Ko‘kyolning naqqina to‘rt bolasini olib chiqib, xurjuniga solib opkeldi. Bo‘rivachchalarni g‘ingshiganini ko‘ring.
Ana endi Ko‘kyol quturib ketdi. Har tunda to‘dasini ergashtirib kelib, birgina Nortoyning emas, qo‘ni-qo‘shnilarning ham qo‘y-echkilarini qirib ketadigan bo‘ldi. Axiyri bunga chidolmagan qo‘ni-qo‘shnilar Nortoynikiga bos­tirib kirib, hovlisida yashirib yotgan bo‘rivachchalarni shu yerning o‘zida otib tashlashdi. Keyin qopga solib, ikki qir naridagi oshuvga olib chiqib ko‘mib yuborishdi. Isiriq tutatib, hidlarni yo‘qotishdi. Baribir Ko‘kyol pajmurda bolalarining jasadlarini topib oldi. Ularni yalab-yulqib, tunni tongga uladi. Yaratganga munojot qilib, osmonga bo‘ynini cho‘zib, shunday uvilladiki, tog‘u toshlar larzaga kelib, osmon gumbazida chaqmoq chaqqan kabi chandiq tushdi. Bu nolakor uvilloq Nortoyning qulog‘iga ham yetib turdi. Ammo eti junjikmadi. Issiqqina ko‘rpa ichida uyoqdan buyoqqa to‘ntarilib ketidan ovozli yel chiqarib, o‘sha ovozga mos xurragini davom ettirdi. Ko‘kyol esa Sazog‘on taraflarga qadam bosmaydigan bo‘ldi. Nortoy mergan “bor-e“ deb qo‘l siltab ketsa bo‘lardi. Nomardning yo‘lini tutdi. Otasi Hayit mergandan qolgan eski bo‘ri qopqonlarni otga o‘ngarib chiqib, bir o‘tar bo‘ri yo‘llariga qo‘yib tashladi. Agar Ko‘kyolni qo‘lga tushirsam naqd otamning qilganini qilaman, deb maqtanardi u. Har maqtanganda o‘ng bilagidagi shapaloqday qora xolida o‘sgan yunglarini chap qo‘li bilan silab-siypab qo‘yardi. Hayit mergan bir gal katta bo‘rini qop­qonga tushirib, bo‘yniga zanjir solib qishloqqa yetaklab kelgan. Uyma-uy olib yurib, bir tutam yungigacha yuldirib, cho‘pon-cho‘liqdan, irim-sirimchidan choy-chaqa undirgan. Lekin Hayit mergan Nortoychalik nafsi o‘pqon, borib turgan surbet va manman emasdi. Buni qarangki, kunlardan birida shaharlik boyvachcha Nortoyning uyiga yegulik-ichkilik tuguncha bilan keldi. Ikovlon shakarguftorlik qilishdi. Ikkita aroqni gazaksiz ichishgach, boyvachcha yorildi:
– Ako mergan, agar urg‘ochi bo‘rining terisini shilib, andomi bilan kesib bersangiz, men uni tumor qilib qo‘ltig‘imga osib yuraman. Buyog‘i mening foydamga. Sizga esa ikki ho‘kizning pulini beraman, kelishdikmi, qo‘lni tashlang!
Boya aytganimday, Nortoy otasidan oshib tushdi. Otboqarlikda “kattasini maydalab” boyib ketdi. Binoyiday sog‘-sandal, xushro‘ygina xotini ustiga xotin oldi. Sal kunda bir suruv bola-baqraning qurshovida qoldi. Ularning ham rizqini Xudo beradi, hademay kattasi kichigini boqadi, davrimni suray, deb o‘z nafsining quliga aylanadi. Yarim palla tarvuzday qorinchasi kattarib, ma’raka qozonday bo‘ldi. Bitta shirvoz qo‘zi yoki uloq go‘shtini toshtamirga solib, chala-chulpa pishirib hech kimni sherik qilmay ikki juft aroq bilan pok-pokiza tushirib, tovushqonni tirik yutgan ilon kabi to‘lg‘anib, ikki-uch kun qoq yerda ag‘anab yotadigan bo‘ldi. Oxirida yilqilarni yig‘ib, to‘dalash, qopqonlarni ko‘rib kelishga ham yaramay qoldi. Bu orada bo‘ri qopqonning zo‘ri ish qildi. Ko‘kyol keyingi oyog‘idan po‘lat qopqonga ilindi. Jon holatda rosa urindi. Ancha joygacha og‘ir temir va zanjirli kundani sudrab bordi. La’nati kunda orqadan sudralib borib, bora-bora ikki tosh orasiga qisilib qoldi. Avval o‘lmasang, ana endi o‘l! Xuddi shu payt uzoqdan odam qorasi ko‘rindi. Ko‘kyol kuchanib tortdi, bo‘lmadi. Akbar bo‘rining tiriklay qo‘lga tushgisi yo‘q. Alam ustida bir ing­radi-yu, qopqonga ilingan oyoqni o‘z tishlari bilan avaylamay uzib tashladi. Bo‘rini oyoqlari boqadi. Qolgan uchovigayam ming shukur. Biroq qochsa qutulolmaydi. Quvsa yetolmaydi. Uning Ko‘kyolligi qoldimi? Uzilgan oyog‘iga qo‘shilib, Nortoyning nafsi o‘pqoniga tushib ketdi. Nochor va g‘arib bo‘lib, o‘tgan tunu kunida Nortoy semizni shunday qarg‘adiki, bu qarg‘ishni odamzot tiliga tarjima qilib bo‘lmaydi. Yo‘lini topib o‘zbekchaga o‘girsang va yozib chiqsang ham Nortoyu Jabborqulga o‘xshaganlar o‘qimaydi. Falokat bosib o‘qisa ham uqmaydi. Biroq bitta yupanch bor. Uyam bo‘lsa Xudoga solmoq. Men qilaman o‘ttiz, Xudo qiladi to‘qqiz. Shu to‘qqiz ham o‘ttizni yamlamay yutadi. Bir enaning ikki emchagini emib kattargan yer farzandlari bir-biroviga , o‘z-o‘ziga xiyonat qilgani yomon-da…
O‘sha yili Nortoy otboqar otdan yiqilib, umurtqasi uzilib, bir umrlik to‘shakka mixlanib qoldi. O‘zicha, buyam bir tasodifda deb o‘ylab, tavba-tazarru qilgani yo‘q. Og‘ziga tutqazganni pishillab yeb yotibdi. Faqat shu tuvak tutgani yomon.
Tinib-tinchimagan Jabborqul esa loy yo‘ldan mashinasi bilan toyib, jarga quladi-yu, xayriyat, joni omon qoldi. Hammadan zo‘r “Villis”ni tiklab bo‘lmadi. Ketini qisgan boy bo‘ladi, degan naql bo‘rilarga aytilgan shekilli, doim dumini chotlari orasida olib yuradi. Sirayam ketini ko‘rsatmaydi. Shuni sezdimi, Jabborqul ham ketiga “po‘stak bog‘ladi”… Hozircha, tovba-tazarruga o‘rin yo‘q.
Bugunga kelib o‘sha tog‘lar avval o‘rmon xo‘jaligiga keyin qo‘riqxonaga aylandi. Ermakka chumchuq otadigan merganchalarning behujjat miltiqlari yig‘ib olindi. Ayovsiz kesilgan dov-daraxtlar tanasidan durkun novdalar o‘sib chiqdi. Bir paytlar Oqtovga arazlab ketgan qobonlar qaytib kelayotir.
Faqat Yaratganning hukmiga amal qiladigan Ko‘kyolning bolalari esa bexavfu xatar yuribdi. Akbar bo‘rining g‘amli hikoyasi esa o‘tmishga aylangan.