G‘afur Shermuhammad. Yuqumli odat (hikoya)

Normurod ham ko‘p qatori ichib turadi. Lekin kishini xursand qiladigani, u ba’zilarga o‘xshab “o‘chib” qolmaydi. Davralarda o‘tirib qolsa, sheriklarini birma-bir yiqitib, hech narsa ko‘rmaganday turib ketaveradi. Shunga yarasha el-ulusning orasida hurmati baland. Ba’zi xotinlar mast bo‘laverib bezor qilib yuborgan erini: “Normurodga o‘xshab ichsangiz o‘lasizmi?” – deya yozg‘irishadi.
Buning ustiga, Normurod juda mehmondo‘st. Bot-bot ulfatlarini uyi­ga chorlab, ziyofat berishni yaxshi ko‘radi. O‘zi kambag‘algina yigit, lekin himmati uncha-muncha boylarnikidan ziyod. Bir marta tuzini totgan odam ancha vaqtgacha uni og‘zidan bol tomib maqtab yuradi.
Yaqinda Normurodnikiga uzoqroqda yashaydigan jiyani Mirzaboy mehmon bo‘lib keldi. Bundan uning boshi osmonga yetdi. Tog‘a-jiyan anchadan beri ko‘rishmagani uchun bir-birini sog‘inib qolgan ekan. Kechqurun to‘kin das­turxon ustida rosa hangoma qilishdi. Birin-ketin bo‘shayotgan shishalar ikkovining ham qulfi-dilini ochib yubordi. Lekin ko‘p o‘tmay Mirzaboyning ko‘zlari suzilib, o‘tirgan joyida chayqala boshladi. Gap-so‘zlaridan maza qochdi. Normurodning ikki yilcha o‘sal yotib, bultur qazo qilgan onasini eslab ko‘ziga yosh oldi.
– Bittayu bitta momomning qadriga yetmadim, tog‘a! – dedi u ko‘ksiga mushtlab. – Uni hali-beri o‘ladi deb o‘ylamabman. Bilganimda kunda-kunora kelib ahvolidan xabar olmasmidim… Momojonim-ov!
Aslida mast bo‘lishning ijobiy jihatlari ham yo‘q emas. Ba’zilar to‘yib ichsa, ko‘ngli yumshab, ancha odamshavanda bo‘lib qolishadi. Mirzaboy ham rahmatli momosi kasal yotganida biron marta qorasini ko‘rsatmagan edi. Ichkilikning sharofati bilan ana shu xatosini tan olib, chin dildan nadomat chekib o‘tiribdi.
Lekin shakarning ham ozi yaxshi deyishgan. Qo‘yib bersa, Mirzaboyning marhum kampirga atab marsiya aytadigan shashti bor. Normurod uni to‘shakka yotqizdi-da, go‘dakka alla aytganday bir amallab uxlatdi.
Normurodning ozgina irimkashligi ham bor. U ochilgan shishadagi aroq oxirigacha ichilmasa, cho‘ntakdan baraka ko‘tariladi degan gapga ishonadi. Shuning uchun yarimlab qolgan “yarimta”ni o‘zi bo‘shatib qo‘yishga qaror qildi.
Xullas, ayvonda yolg‘iz o‘zi bazm qurib o‘tirgan edi. Kutilmaganda mehmonxonadan uvullagan ovoz eshitilganday bo‘ldi. U avvaliga qo‘shnimizning kuchugi uliyotgan bo‘lsa kerak degan xayolda unchalik e’tibor bermadi. Ammo vahimali ovoz tobora zabtiga olib, bir chekkada uxlab yotgan xotini ham uyg‘onib ketdi.
– Ichkarida bo‘ri uvullayaptimi?
Mehmonxonada jiyani yotgani esiga tushib, Normurodning kapalagi uchib ketdi. Xontaxtaning tagida yumalab yotgan bo‘sh shishani qo‘liga olib o‘sha yoqqa yugurdi. Eshikni sharaqlatib ochib, mehmonxonaning chirog‘ini yoqdi. Xayriyat, uyda bo‘ri yo‘q ekan…
Unda vahimali ovoz qayerdan kelayotgan ekan? Qavat-qavat ko‘rpachada yalpayib uxlab yotgan Mirzaboy uyqusida osmonga qarab uv tortardi.
Odam bolasi chin dildan uvullasa, bo‘ri-yu shoqollar ham uyatdan yer chizib qolarkan. Mirzaboy ham bu ishning juda hadisini olgan shekili, cho‘zib-cho‘zib, ohangdor nola qilyapti. Ba’zan nafas olmasdan biriga ikkinchisini ulab yuboradi. Ovozida cheksiz g‘am-g‘ussa, hasrat bor. Eshitgan odamning ko‘ngli buzilib, ko‘ziga yosh keladi.
Normurod xotinining oldida juda izza bo‘ldi. Jiyanini turtkilab-siltalab bir amallab uyg‘otdi.
– Nega uvullaysan? Yoki biron joying og‘riyaptimi? – deb so‘radi undan.
Kayfi tarqab ulgurmagan Mirzaboy javob o‘rniga qontalash ko‘zlarini xunuk olaytirib qo‘yib, yana o‘zini to‘shakka tashladi. Normurod bir tekis yotsa ovozi o‘char degan umidda uning boshidan yostiqni olib qo‘ydi. Lekin hayal o‘tmay jiyani yoqimsiz xonishini qolgan joyidan davom ettirdi. Uning dastidan Normurod ertalabgacha mijja qoqmay chiqdi.
Mirzaboy choshgohga yaqin hech narsa bo‘lmaganday bardam-xushchaqchaq bo‘lib uyg‘ondi. Aftidan, oqshom uvullaganida ichidagi g‘uborlari yuvilib ketgan bo‘lsa kerak. Lekin Normurodning ahvoli maqtagulik emas edi. Uyqusizlikdan kallasi battar og‘irlashib, qovoqlari do‘mbiraday shishib ketgan. Quloqlarining tagida qovog‘arining g‘o‘ng‘illashiga o‘xshagan shovqin eshitiladi. Nahorlikda bir-ikki piyola ichsam o‘zimga kelarman deb umid qilgan edi. Lekin bu tadbir ham kor qilmadi. Mirzaboyning esa battar qulfi-dili ochilib ketdi. U ancha vaqt bir nimalarni valdirab o‘tirdi, biroq Normurodning qulog‘iga hech narsa kirgani yo‘q.
Nihoyat Mirzaboy tog‘asining dasturxoni enigayam-bo‘yigayam kengayishini tilab duo qilib, o‘rnidan turdi.
– Bir-birimizdan uzoqlashib ketmaylik, tog‘a, – dedi u keta turib. – Vaqt topib siz ham biznikiga yotadigan bo‘lib boring. Miriqib gurunglashamiz.
– Nasib… – deya g‘o‘ldiradi Normurod yon tomonga qiyshaya boshlagan kallasini qo‘li bilan to‘g‘rilab qo‘yib.
Mirzaboy u bilan quyuq xayrlashib, uyiga jo‘nadi. Normurod kun bo‘yi jiyanining ahvolidan qayg‘urib yurdi.
– Odam haddini bilib ichmasa qiyin-da, – dedi u kechqurun xotiniga. – Sho‘rtumshuq bu ketishda adoyi tamom bo‘ladi. Buguncha mehmon deb izzatini qildim. Biron kun uyiga borib, yaxshilab nasihat qilib kelmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Jonday jiyanim, ichim achiydi-da.
Ko‘p o‘tmay Normurod tog‘alik burchini ado etish uchun jiyaninikiga yo‘l oldi. Shu ketganicha ertasi kuni shomga yaqin chayqala-chayqala uyiga kirib keldi. Mirzaboynikida ham mehmondorchilik quyuq bo‘lgani ko‘rinib turardi.
– Jiyanni rosa tuzladim, – dedi u xotiniga maqtanib. – Biznikida qilgan bemazagarchiligini… ro‘y-rost betiga aytdim. Odam degan bo‘riga o‘xshab ulisa, hayvondan nima farqi qoladi… dedim. Og‘zimga kelganini qaytarmadim. Nasihatim ta’sir qildi kallavaramga! Sho‘rqillab yig‘lab qo‘yaverdi… “Keliningiz ham shu odatimni yuzimga solaverib bezor qildi. Tavba qildim, tog‘ajon, ertadan boshlab ichishni kamaytiraman” deb so‘z berdi… Ishqilib, borganim yaxshi bo‘ldi, xotin…
– Ha, qoyillatibsiz, – uni ma’yus kuzatib o‘tirgan xotini ma’noli bosh chayqab qo‘ydi.
Normurod jiyaniga pand-nasihat qilaverib charchagan shekilli, bir piyo­la choy ichishga ham holi kelmay uxlab qoldi. Xotini odatdagiday ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon bo‘lib kechroq yotdi. Lekin ko‘zi ilinar-ilinmas shundoqqina yonida eshitilayotgan allaqanday qo‘rqinchli ovozdan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qavatida chalqancha uxlab yotgan eri do‘rdoq lablarini cho‘chchaytirgancha bo‘ri bo‘lib uvullardi…
Xullas, boyaqish Normurod savob ish qilaman deb kutilmaganda shunday illatga duchor bo‘lib o‘tiribdi. U juda oriyatli yigit. Kunda-kunora uvullab, uydagilarning ham, qo‘shnilarning ham tinchini buzayotganidan doim ko‘ngli xijil bo‘lib yuradi. O‘zini dami o‘tkir domlaga o‘qitdi, qo‘shnoch kampirga alaslatdi, lekin foydasini sezmadi. Yaqinda azza-bazza shaharga borib, katta do‘xtirlarga ham ko‘rinib keldi. “Hozircha bu kasallikning davosi topilgani yo‘q, – deyishibdi ular. – Biron yangilik bo‘lsa, o‘zimiz xabar beramiz. Ungacha siz bemalol uvullayvering, buning hech qanday zarari yo‘q”. Shundan beri Normurod umid bilan do‘xtirlarning xabarini kutib yuribdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son