G‘afur Shermuhammad. Qo‘shaloq dahmaza (hikoya)

Issiqqina sandalda o‘tirib nonushta qilayotgan edim. Kutilmaganda eshik sharaqlab ochilib, xotin hovliqqancha uyga bostirib kirdi. Uning qo‘lidagi qurum bosgan tandir kosovni ko‘rib, shoshib qolganimdan piyoladagi qaynoq choyni to‘kib yuboray dedim.
– Tez tashqariga chiqing! – dedi u. – Itimiz quturibdi.
– Esing joyidami? Mushukday beozor kuchukchayam quturarkanmi?
Xotinimning qo‘rqqanidan quloqlari bitib qolgan shekilli, gapimni eshitmadi. Loyga botgan kavushini yechmasdan deraza tomon yurdi. Men esa lunjimdagi luqmani chaynamasdan yutib, shosha-pisha hovliga chiqdim.
Kuchugimizning quturgani rost, shekilli. Boyaqish ayanchli angillagancha hovlida u yoqdan-bu yoqqa zir chopyapti. Tili tumshug‘idan chiqib, bir qarich tasmaday osilib qolgan.
– Simba, bah-bah.
Jonivor yugurishdan to‘xtab, menga qaradi. Yo, tavba! Qutursa, mushtdaygina laycha ham ko‘zingga yo‘lbarsday vahshiy bo‘lib ko‘rinarkan. Simbaning menga qadalgan mitti ko‘zlari sovuq yiltirar, irkit tumshug‘idan tinimsiz ko‘pik oqardi. Uning vajohatini ko‘rib badanimdan muzday ter chiqib ketdi. Yaxshiyam vaqtida uyga kirib, eshikni yopishga ulgurdim. Sal imillasam, tashlanib qolardi-yov.
– Obbo, palakat-ey! Bu balo qayerdan yopishdi ekan unga…
– Bo‘lar ish bo‘ldi, – dedi ancha o‘ziga kelib olgan xotinim. – Quturgan hayvon qaytib tuzalmaydi. Tezroq bu sho‘rtumshuqni bir yoqlik qiling.
Tashqariga chiqishga hecham oyog‘im tortmayotgan edi.
– Ozgina kutib tursak, o‘zi biryoqlik bo‘lib qolar…
– Hademay bolalar maktabdan qaytadi, – jerkib berdi xotinim. – Ungacha mergan tog‘angizni chaqirib kelib, kuchukni ottirib tashlang.
O‘ylab ko‘rsam, shundan boshqa chorasi yo‘q ekan. Xotinning qo‘lidan tan­­­dir kosovni olib, istar-istamas tashqariga chiqdim. Baxtimga og‘ilxonaning yonida g‘ujanak bo‘lib yotgan Simba meni payqamadi. Ehtiyotkorlik bilan darvozadan chiqib oldimu, oyog‘imni qo‘limga olib tog‘amnikiga chopdim.
Qodir tog‘am bu xabarni eshitgach, devorga osig‘liq miltig‘ini olib obdon tozaladi. Keyin o‘qlab, besh-oltita patronni cho‘ntagiga soldi.
– Tag‘in kuchuging tishlab olib, ziyon yetkazmasin, – deya egniga qalin jun chakmon kiyib, boshiga mo‘yi to‘kilgan eski telpakni bostirdi.
Uyga yetib kelishimiz bilan Qodir tog‘am miltiq o‘qtalgancha darvozadan mo‘ralab, hovlini kuzata boshladi. Men esa gumburlagan o‘q ovozi qulog‘imga zarar yetkazmasin degan niyatda besh-o‘n qadam narida yurak hovuchlab turibman.
– Kuchuging ko‘rinmaydi-ku?
Tog‘a-jiyan hushyorlikni susaytirmay hovliga kirdik. Boyagina hovlini boshiga ko‘tarib chopib yurgan Simbadan nom-nishon yo‘q edi. Shu payt tandirxona tarafdan allaqanday kuyindi hidi kelayotganini payqab qoldim. Sho‘ring qurg‘ur Simba jon haybatda o‘zini yonib turgan tandirga urganga o‘xshaydi!
Tog‘am miltig‘ini shaylab tandirga mo‘raladi.
– Rasvo bo‘pti, – dedi u jahl bilan. – Kelinning ko‘zi qayoqda edi?
Bechora Simba! Quturgani yetmaganday, peshonasiga olovda jizg‘anak bo‘lib o‘lish ham bitilgan ekan-da… Endi tandirning ham bahridan o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Ko‘nglim buzilib, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketay dedi. Istar-istamas tandirga engashdim. Xayriyat, adashibman. Cho‘g‘i lang‘illab turgan tandirda kuyib, qop-qora ko‘mirga aylanib qolgan nonlar tutayotgan ekan.
Eshik g‘iyqillab ochilib, xotinim uydan chiqdi.
– Simba qani?
– Hozirgina ko‘chaga yugurib ketdi. Quturmay har balo bo‘lsin. Shuning kasriga bir tandir nondan ayrildim.
– Tag‘in bitta-yarimta odamga tashlanib qolsa-ya! – dedim kapalagim uchib.
Tog‘am bilan Simbani axtarib qishloqni kezib chiqdik. Biroq topolmadik. Yo‘limizda uchragan odamlarga vaziyatni tushuntirib, ehtiyot bo‘lishni tayinladik.
– Kuchuging biron kavakda o‘lib-netib qolmagan bo‘lsa, uyga qaytib boradi, – dedi tog‘am.
Ikkovimiz darvoza yonidagi katakning panasiga bekinib olib, Simbani kuta boshladik. Tog‘amning qo‘lida miltiq, menda esa tandir kosov. Xotin bilan bolalar eshik-tuynukni berkitib, derazadan mo‘ralab o‘tirishibdi. Simba darvozadan kirishi bilan tog‘am uni otib tashlaydi. Mabodo o‘qi xato ketsa yoki laycha yengilroq yaralanib, hujumga o‘tsa, miltig‘ini qayta o‘qlagunicha kamina uni himoya qilishim zarur. O‘ylashimcha, mening aralashishimga hojat qolmasa kerak. Chunki tog‘am chumchuqni ko‘zidan uradigan merganlar toifasidan.
Darvozaga tikilib o‘tirib Simbaga rahmim kelib ketdi. Jonivor qanday aqlli kuchuk edi-ya! Katta o‘g‘lim uni mushtday kuchukbachcha paytida allaqayoqlardan topib keluvdi. Uch-to‘rt oyda binoyidaygina kuchukchaga aylandi. Bo‘yi bir qarich, mittigina bo‘lgani bilan hovlimizni uncha-muncha bo‘ribosardan yaxshiroq qo‘riqlardi. Darvozadan begona odam kirsa, sherday tashlanardi o‘ziyam! Uning sharofati bilan qo‘shnilarning dardisar tovuqlari-yu, yarim tunda oshxonani ag‘dar-to‘ntar qilib ketadigan daydi mushuklarning ham qorasi ko‘rinmay qoluvdi.
Qurg‘urning ko‘rinishi ham chiroyli edi. Takanikidek uzun, oqish tusli juni nuqraday yaltirab, ko‘rgan ko‘zni quvnatardi. Kinolarda ajnabiy xotinlar bunaqa kuchukchalarni bolasiday bag‘riga bosib, papalab yurishadi.
Shunday kuchukdan judo bo‘lish og‘ir botadi-da odamga. Yaqin do‘stimning iti o‘lib qolganida xotini-yu bolalari bilan qattiq qayg‘urganini ko‘rib kulgim qistagan edi. Endi bilsam, ungayam oson bo‘lmagan ekan…
Tog‘a-jiyan anchadan beri darvozaga hushyor termilib o‘tiribmiz. Bu orada osmondagi bulutlar yanayam quyuqlashib, izg‘irin shamol esa boshladi. Tog‘am-ku qalin chakmonga o‘ranib olgan, ammo men yupunroq kiyinganim uchun sovuq suyak-suyagimdan o‘tib ketib, oyoq-qo‘lim tarashaday qotib qoldi. Buning ustiga, ochlikdan oshqozonim quldirab, ko‘nglim behuzur bo‘la boshladi. Og‘ilxonada esa kun bo‘yi qarovsiz qolgan g‘unajinning ovozi o‘chmaydi. Xuddi men yeb, u quruq qolganday. Tezroq Simbani biryoqlik qilsak, keyin issiqqina sandalga kirib olib, to‘yib ovqatlanardim. Aksiga olib, bu kasofatdan shu paytgacha darak yo‘q.
Shomga yaqin Qodir tog‘amning toqati toq bo‘lib, o‘rnidan turdi.
– Qorong‘ida mo‘ljalni yaxshi ololmayman, – dedi u. – Lekin sen hushyor bo‘lib tur. Mabodo kuchuging kechqurun qaytib kelsa, yo‘lini qilib, ustidan suv quyib yubor. Quturgan jondorning badaniga suv tegsa, til tortmay o‘ladi.
Har ehtimolga qarshi bolalarni ham tog‘amga qo‘shib yubordik. So‘ng xotin bilan maslahatlashib, uyga ikki chelak suv kiritib qo‘ydik.
Jo‘rttaga qilganday, tog‘am ketishi bilan Simba hovlida paydo bo‘lib qolsa deng! O‘zi juda ziyrak kuchuk edi. Uni otib tashlamoqchi bo‘lganimizni sezganga o‘xshaydi.
Simba derazadan qarab turganimizni ko‘rib, asta oldimizga keldi. Badbaxtning ahvolini ko‘rib battar ezilib ketdim. Bir kunda ozib-to‘zib, kumush tusli junlari kul sepilganday xira tortib qolibdi. Paxmoq dumini osiltirib, sharpaday sudralib yuribdi. Tumshug‘idan chiqib qolgan tili ko‘karib, do‘mbiraday shishib ketgan. Angillashga ham holi kelmay, ora-sira bo‘g‘iq tovushda xirillab qo‘yadi.
– Voy, bechora! Adoyi tamom bo‘pti-ku, – dedi xotinim yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
– Boyaqishga yordam berishimiz kerak, – dedim xo‘rsinib. – Suvni ber menga.
– Balki quturmagandir? Ertagacha shoshmay tursak bo‘larmidi…
– Senga bundan ortiq qanaqa isbot kerak? – dedim battar jahlim chiqib. – Ko‘zlari hammasini aytib turibdi-ku.
Xotinim suv to‘la chelakni qo‘limga tutqazib, nari ketdi. Men asta derazani ochdim. Simba shundoqqina ro‘paramda cho‘nqaygancha menga ma’yus qarab turibdi.
– Bizdan rozi bo‘l, Simba!
Chelakdagi suvni ustidan sharillatib quyib yubordim. Simba chap berishga ulgurmadi. Boshidan tortib, paxmoq dumigacha jiqqa ho‘l bo‘ldi. Ojizgina xirillab, jonholatda darvoza tomonga yugurdi.
Kechqurun xotinim bilan ancha payt Simbaning qiliqlari, yaxshi xislatlarini eslab o‘tirdik. Ikkovimizning ham kayfiyatimiz tushib ketgan edi. Xotinim orada bir-ikki marta ko‘zyoshi ham qilib oldi.
O‘lguday charchagan edim. Gapirib o‘tirib uxlab qolibman. Allamahalda xotinim turtkilab uyg‘otdi.
– Hovlida birov yurganga o‘xshaydi, – dedi u vahima bilan. – Boyadan beri allaqanday shovqin eshitilyapti.
Nafasimni yutib quloq soldim. Tashqarida shamol uvullar, ora-sira hovlining goh u burchagidan, goh bu burchagidan son-sanoqsiz shishalarning jarang-jurungini eslatadigan ovoz eshitilib qoladi. Mayingina, zaifgina, lekin yurakka qo‘rquv soladigan sirli bir tovush!
– Chiroqni yoq-chi, – dedim kiyina turib.
– Qurib ketsin! Shu paytda elektr o‘chib qolibdi.
Timirskilanib derazani topdim-da, tashqariga mo‘raladim. Hammayoq zim-ziyo, yilt etgan yorug‘lik yo‘q. Nuqul shishalarning shaldirashi-yu, allaqanday tapir-tupur ovoz eshitiladi. Bir payt sirli shovqin deraza tomonga yaqinlashib kela boshladi. “Balodan hazar”, – deya shu zahoti pardani yopib, to‘shakka kirib oldim.
– Nima ekan? – so‘radi xotinim xavotir bilan.
– Bilmasam… Qorong‘ida hech narsa ko‘rinmayapti.
Kutilmaganda shaldir-shuldur ovoz shundoqqina derazaning ortidan eshitilib, oyna qitirlaganday bo‘ldi. Yana allaqanday xirillash ham qo‘shildi. Xotin sho‘rlik meni mahkam quchoqlab oldi. Isitmasi ko‘tarilgan bemorga o‘xshab a’zoyi badani dag‘-dag‘ titraydi. To‘g‘risini aytsam, o‘zimning ham ahvolim unikidan pesh emas. Shaldir-shuldur ovozlar sira tinay demaydi. Kun bo‘yi quturgan kuchuk mashmashasi, kechqurun bu dahmaza… Rosa boshog‘riq kun bo‘ldi-da o‘ziyam.
– Chiqib qaramaysizmi? – dedi xotinim zarda bilan. – Erkak kishisiz axir!
Tog‘amning miltig‘ini olib qolish esimga kelmaganini qarang. Hech qursa tandir kosov yonimda bo‘lganida ham mayli edi. Aqli bor odam bunday paytda quruq qo‘l bilan tashqariga chiqmaydi. Istar-istamas o‘rnimdan turdim. Borib, derazaning rafiga musht tushirdim.
– Yo‘qol bu yerdan! – deya baqirdim tomog‘im bo‘g‘ilib. – Yo‘qsa, hozir miltiq bilan peshonangdan darcha ochib qo‘yaman!
Sirli maxluq haybatimdan cho‘chidi shekilli, oynani timdalashni bas qilib, shaldir-shuldur qilib qochib qoldi. O‘zimga bo‘lgan ishonchim ortib, ancha yengil tortdim.
– Qo‘rqma, xotin, maxluqni haydab yubordim. Qaytib uyga yaqinlashmaydi.
Shu kuni ertalabgacha hovlimizda shaldir-shuldur ovoz tinmadi. Bunaqa paytda ko‘zga uyqu kelarmidi? Bir-biridan vahimali o‘ylardan miyam g‘ovlab ketdi. Bir paytlar buvam rahmatlidan eshitgan edim, shomdan so‘ng jin-ajinalar yer yuziga chiqib, tonggacha izg‘ib yurarkan. Bitta-yarimta odam yo‘lida uchrab qolsa, ziyon-zahmat yetkazishdan toymas emish. Yanayam kim biladi deysiz? Bu dunyoda odam bolasining aqli yetmaydigan sinoatlar oz emas. Ishqilib, ertaga xo‘roz-po‘roz so‘yib, qon chiqarib yubormasak bo‘lmaydi-yov!
Aksiga olib, tun achchiq ichakka o‘xshab cho‘zilgandan-cho‘zildi. Er-xotin bir-birimizning pinjimizga kirib, nafasimizni ichimizga yutgancha sirli shovqinga quloq tutib yotibmiz. Kutilmagan sinov ikkovimizni bir-birimizga juda yaqinlashtirib qo‘ygan edi. Bu orada shamol tinib, shishalarning jarangi onda-sonda eshitila boshladi.
Nihoyat, katakdagi qizil xo‘roz cho‘zib-cho‘zib qichqirdi. Uning xirqiroq ovozi qulog‘imga nayning sadosiday yoqimli eshitildi. Pardaning tirqishi yorisha boshlaganda yelkamdan tog‘ ag‘darilganday yengil tortdim.
Xotinim tongga yaqin uxlab qolgan edi. Uni uyg‘otib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan o‘rnimdan turib, eshikni ochdim. Tashqarida gupillab qor yog‘ar, hammayoq oppoq tusga kirib ulgurgan edi.
Tuyqus tanish shaldir-shuldur ovoz shundoqqina yonimda eshitilsa bo‘ladimi! O‘rnimda qo‘rqoqroq odam bo‘lganida yuragi yorilib ketishi ta­yin edi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ostonada Simba menga yaltoqlanib qarab turibdi!
Kechagi vajohatidan asar ham yo‘q. Do‘mbiraday shishib ketgan tili allaqachon o‘z holiga qaytgan. Takanikiday uzun junlariga osilib turgan son-sanoqsiz sumalakchalar yurganida bir-biriga urilib, shaldir-shuldur ovoz chiqaradi. Avvaliga hech narsani anglolmay, unga baqrayib qarab qoldim. Oqshom Simbaning ustidan bir chelak suv quyib yuborganim esimga tushdi-yu, hammasini tushundim. Bechoraning jiqqa ho‘l bo‘lgan junlari kechagi sovuqda muzlab qolibdi…
Simba quturmagan ekan.
Ma’lum bo‘lishicha, laychasi qurg‘ur qo‘shnimiz Bahrom akaning hovlisida mollarga pishirilayotgan qaynoq kunjarani yalab qo‘yib, tilini kuydirib olgan ekan. Mushtdaygina kuchukning badnafsligi shuncha tashvishga sabab bo‘lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?
Simba-ku omon qoldi, lekin uning dastidan katakdagi tovuqlar aziyat chekadigan bo‘ldi. Chunki o‘sha kuniyoq qizil xo‘rozni so‘yib, ixchamgina marosim o‘tkazib yuborgan edik.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son