Erkin Usmon. “Bermud uchburchagi” (hajviya)

Korxonaga yangi ishga tayinlandimu, o‘zim uchun birinchi kashf qilgan narsam, boshlig‘imizning xonasini orqavarotdan «Bermud uchburchagi» deyishlarini bilib olganim bo‘ldi.
Nima uchun u yerga kemalaru samolyotlarni yutib yuboradigan joyning nomini qo‘yishganini anchagacha tushunolmay yurdim. Chet eldan, xizmat safaridan qaytgan kunim hammasi ma’lum bo‘ldi-qo‘ydi.
— Safar qalay o‘tdi? — iljayib qarshi oldi boshlig‘imiz.
— Juda yaxshi. Taassurotlar zo‘r, — javob berdim men.
— «Yurgan daryo» deganlari shu-da! Barakalla! Xo‘sh, nimalar olib keldingiz? — yana so‘radi u.
— Sizga ko‘pdan-ko‘p salomlar olib keldim…
— Uni qo‘yaturing, — so‘zimni bo‘ldi boshlig‘imiz, — yana nima?
— Yana?.. Rangli fotosuratlar… Kitoblar… — dedim hech nimaga tushunolmay.
— Yana? — qovog‘ini uyib menga sinovchan tikildi boshlig‘imiz.
— Yana… yana o‘zimga bitta charm kurtka oldim…
— Ana shulardan gapiring! — chehrasi ochildi boshlig‘imizning. — Yana nima?
— Yana… Manavi diplomat sumkani oldim, — dedim tizzamdagi sumkani ko‘rsatib.
— Qani, qani, ko‘raylik-chi? — dedi boshlig‘imiz qo‘llarini cho‘zib va stol ustiga qo‘yib sumkani ochdi. — Voy-bo‘! Zo‘r-ku! Timsoh terisidanmi deyman? Yaxshi, yaxshi. Bu nima?
— Avtoruchka, — hayron bo‘ldim men. — Uchida kichkina chiroqchasi ham bor ekan, kechasi yozsa ham bo‘larkan…
Boshlig‘imiz avtoruchkani “shiq” etib ochib, yozib ko‘rdi.
— Zo‘r, zo‘r! Yaxshi yozarkan. Shunda sizning hisobotingizga imzo chekamiz-da endi. A?..
— Mayli, mayli, — dedim men hamon garang bo‘lib.
Boshlig‘imiz yana sumkani kavladi.
— Bu nima?
— Bu… Hisoblash mashinasi. Kalkulyator. Hisoblagan raqamlaringizni aytib turarkan…
— O, dahshat-ku! — xushnud jilmaydi boshlig‘imiz. — Gugurtdekkina ekan. Yaxshi, yaxshi. Endi maoshu mukofot pullaringizni shunda hisoblaymiz-da? A, labbay?
— Mayli, mayli, Sayfi Soqiyevich, — dedim bo‘shashib.
— Bunisi-chi?
— Bunisi qalamtarosh ekan. Havasim kelib oldim. Juda safarbop ekan. Qaychisiyam, pichog‘iyam, tirnoq tozalaydigan egoviyam, vino po‘kagini ochadigan buramasiyam, otvyortkasiyam bor ekan…
— Ana shunaqasidan qidirib yurgandim, — dedi boshlig‘imiz qalamtaroshni tortmasiga solib. — Rahmat sizga! Bu-chi?
— Bunisi yon daftarcha ekan. Yozib bo‘lgandan keyin shundoq barmoqlaringiz bilan silasangiz, yozuvlar o‘chib ketarkan, — tushuntirdim men.
— O, zo‘r, zo‘r! — dedi boshlig‘imiz qihillab kulib. — Chet elliklar balo-da! Qoyilman! Endi shu daftarchaga «Shularni hurmatli boshlig‘imiz Sayfi Soqiyevichga sovg‘a qilaman», deb yozib berasiz-da, uka! Esdalikka!
— Mayli, — dedim men hafsalam pir bo‘lib va yozib berib, uning xonasidan ship-shiydon bo‘lib chiqib ketdim…
Yo‘lakda bir xonada o‘tiradigan hamkasbim ko‘rindi.
— Ha, qalay, yaxshi keldingizmi?
— Rahmat, — dedim xo‘rsinib.
— Qalay bo‘ldi? Nimalar olib keldingiz? — yana so‘radi u.
— Hech vaqo, — dedim qisqagina qilib.
— Ie, qayerga borgandingiz o‘zi? — ajablandi hamkasbim.
— «Bermud uchburchagi»ga, — dedim alam bilan.
— A? — iljaydi hamkasbim va qah-qah urib kulib yubordi. — Ha-a, tushunarli, tushunarli. Men ham «Bermud uchburchagi»ga uch-to‘rt marta borib kelganman!
— Hammasini yutib yubordi, la’nati, — dedim men hasrat bilan, — diplomat sumkaniyam, avtoruchka, kalkulyator, qalamtarosh, yon daftarchayam qulog‘ini ushlab ketdi.
— E, siz oson qutulibsiz, og‘ayni, — iljaydi hamkasbim, — men o‘tgan yili xizmat safaridan qaytganimda «Bermud uchburchagi» bitta kostyum-shim bilan videomagnitafonni yamlab yuborgan edi.
— Ana xolos! — deb yubordim men.
— Bunisi holva, — davom etdi hamkasbim, — «Bermud uchburchagi» avvalgi bosh buxgalterimizning o‘zini yutvorgan!
— Yo‘g‘-e? — hayron bo‘ldim men. — Qanaqasiga?
— Buxgalter boyaqish safardan sovg‘a-salomsiz kelgan ekan.
— Nima qibdi?
— Nima qibdimish? — kuldi hamkasbim. — Keyin ketdi. Oxir-oqibat, ariza yozib bo‘shab ketishiga to‘g‘ri keldi…

* * *

Mening ariza yozishimga hojat qolmadi. Keyingi xizmat safaridan kelganimda Sayfi Soqiyevichning o‘zi yo‘q edi. Aytishlaricha, «Bermud uchburchagi» bu safar uning o‘zini yutib yuborgan emish…