– To‘satdan tap etib o‘lib qolishdan bema’nirog‘i bo‘lmasa kerak. Birinchidan, bu dunyoni tark etganingni anglaguningcha bo‘lmay, behimoya, ojiz va zabun tanangni oborishadi, ko‘mishadi-kelishadi. Hamma sening g‘amingda ado bo‘lgan, yig‘lagan, bevaqt tashlab ketding degan, tobuting ortidan xavotiru g‘ussaga to‘la nigohlar, yerga qadalgan ko‘zlar olomoni ergashgan. Shunday paytda tursang-u, hammani har yoqqa tirqiratib haydab yuborsang. Endimi, desang, meni bilib, menga kuyib qoldilaringmi desang! Bu ikromingni obor endi, desang! O‘zi to‘g‘ri aytishgan, o‘limdan keyin hayot bormi, deb so‘rashganda, sen o‘limga qadar bormi degan savolga javob bera olasanmi? Yo‘qlikdan yana yo‘qlikka qarab ketasan-u, baribir, hech bo‘lmasa yetti kun sening mavjud bo‘lganingni isbotlovchi amallar amalida qolaveradi. Bu yog‘i endi ma’rakalaring boshida turganlarga bog‘liq. Ammo ularga ham ishonch yo‘q. Ko‘zlarini tupuklab turishgani bilan nechtasining niyati mana shu to‘rt xonali uyni qanday qilib o‘ziniki qilib olishda! Bilmaydiki, bilishmaydiki… – javrardi kampir.
Shunchaki, o‘z-o‘zi bilan gaplashgandek so‘zlayotgandek bo‘lsa-da, allakim, ko‘rinmas kimlargadir qarata namoyishchilar sardori kabi baqirardi, kishi bilmas, hatto o‘zi ham payqamay baqirardi kampir… jimgina, sun’iy tishlarini g‘iychillatib…
Uning bu qadar lovullashiga, yuragi qota-qota g‘adirlanib ketishiga qaramay, dunyoga nisbatan alam-adovati har qancha maddalab ketgan bo‘lsa-da, tan olmaslikning iloji yo‘q, baribir nimagadir to‘ymasdi hayotda. So‘nggi nimagadir. Garchi so‘nggi bo‘lsa ham. Shunday ekan, hech bo‘lmasa, manavi ezilgan mandarinning nordongina ta’mi uchun ham yashaganga ne yetsin?
Kampir oshxonaga o‘tib, tartib bilan terilgan likopchalarning eng kichkinasini oldi-da, o‘sha mandarinni so‘lakaylari oqib ketayotganiga qaramay shoshmasdan, hafsala bilan, qo‘llarining qaltirashini payqamaslikka, buni tan olmaslikka urinib archdi. Atrofga mevaning po‘stloqlari shilinishidan zarra-zarra sabzi rang tomchilar sachradi. Sersuvgina, biroz so‘lg‘inligi anchagina ta’m bergan meva tilimchasi lunjini suyuq mazaga to‘ldirib yubordi. Kampir rohatlanib, g‘ulq etib yutindi. Yutindi-yu, ammo bo‘g‘ildi. Ko‘zlariga jiqqa yosh keldi. Quloqlari ostida o‘sha ayolning shang‘i ovozi jarangladi:
– Iloyo san o‘lmagin, o‘lmaslar bo‘lgin, o‘lmay qiynal!!!
Qancha ekan ular? Uning mana shunday o‘lmay yurgani malol kelayotganlar? Bittami yo mingta? “Unchalikmasdir-ov, Stalinmidimki…” – o‘yladi kampir yana kinoya bilan.
Kampirning emas, onasining shu odamdan alami bor edi. So‘nggi kunigacha shuni qarg‘adi.
– Otangni ottirdi, – derdi onasi doim. – Sening otingni Marlen qo‘ydirgan otangni-ya! O‘shanda ismingni eshitgan borki, otangning ustidan kulgandi, uni telbaga chiqargandi, ammo aqlli odamlar otangning soyasiga ko‘rpa to‘shar edi. Qishloqdagilarning tili kelishmay Mayram deb atashdi. Otang ularni so‘kardi. Qizimni o‘z oti bilan atanglar, bu bolshevik bo‘ladi, derdi.
Kampir ayanchli iljaydi. Otasi orzu qilganidek ham bo‘ldi. Ammo ota bu kunlarni ko‘ribdimi, Sibirning allaqaysi o‘rmonlarida qashqirlarga yem bo‘lib ketdi-yu…
Otasi juda kelishgan odam edi. Marlen esa onasiga tortgan, kulcha yuzli, bo‘ylari ham uncha baland bo‘lmagan, sochlari tussizgina qiz bo‘lib o‘sdi. Otasi qizini haddan ziyod yaxshi ko‘rardi. Bir safar qizcha qattiq shamollab qoldi. Isitmai otash bo‘lib yondi. Otasi majlisdan tungi uchlardami kelgan ekan, qizidan xabarlashay deb kirsa, Marlen lov-lov yonib yotibdi. Elas-elas yodida: otasidan charm va tamaki hidi taralgani. Keyin hammayoq oppoq bo‘lib ketgani… Bir vaqt chanqab uyg‘ondi. Lablariga suv tutishdi.
– Och qoldim, – hiqillagandi o‘shanda. – Qulupnay yegim kelayapti… – alahsiragandi chog‘i.
Ammo tashqarida kech, seryomg‘ir, shilta kuz. Ertasigami, otasi yana majlisdan, yana juda kech qaytdi. Qizchaning asli odati shu. Tungi ikki yo uchda qistalibmi yo alahlabmi, albatta, batamom uyg‘onadi. Bu palla – qizcha bir uyquni oladigan, otasi ishdan etiklarini gursillatib, horib kirib keladigan payt. O‘sha kun ham otasi kelib, ostona yonida turgan eski sandiqning ustiga o‘tirib etigini yechdi. Onasi ship-ship choy-noniga unnadi. Chovgumda choy shig‘illay boshlagunga qadar otasi kelib, kasallikdan holsizlanib chala uyquda yotgan qizining peshonasini siladi. Qizcha tanish hiddan yalt etib ko‘zlarini ochdi.
– Otajon?
– Men senga qulupnay opkeldim, Marlen, mana, qaragin, – otasi cho‘ntagini uzoq kovlab, u yerdan bir popukqand chiqardi. Bunaqasini Marlen ular rayqo‘mda ishlaydigan Sotim amakilarinikiga borganda ko‘rgan. Rangdor qog‘ozga o‘ralgan bu g‘aroyibotning nima ekanligini tushunmagani uchun unga o‘ramini archib, qo‘llariga tutishganda ham yeyishga jazm etolmagan. Kaftida mahkam siqimlab olgan shirinlik birpasda chilpillab eriy boshlagach, qizcha ijirg‘anib, amallab uni xontaxtaning tagiga tashlab, oyog‘i bilan ichkariroqqa sura-sura, shiradan xuddi kir bo‘lib qolgan kabi kafti, barmoqlari bir-biriga chip-chip yopishayotganidan nima qilishni bilmay qo‘llarini ko‘ylagining etagiga artmoqchi bo‘lgan, ammo keyin kaftida birpasda qotib qolgan shirani ketkazish uchun barmoqchalarini yoyib, dadasiga bildirmay, bu yopishqoq narsadan tezroq qutulish uchun beixtiyor barmoqlarini yalab olgandagina uning ta’mini bildi. Shundagina u o‘sha, allaqanday mushukcha surati tushirilgan qog‘ozga o‘ralgan narsa shirin ekanligini payqab qolgandi. Bu uning hayotidagi birinchi konfeti edi. Shunday narsani xontaxta tagiga, odamlaring oyog‘i ostiga tashlab yuborganidan afsuslandi, ammo qaytib dasturxondan yana bitta popukqand olishga jur’ati yetmadi. Bugun esa otasi xuddi shunday qandning qip-qizil qog‘ozga o‘ralganini ko‘rsatib, jilmayib turardi. Qizcha uni ochib, apil-tapil og‘ziga soldi. Talxir tanglayi hech bir ta’m sezmadi. Shunga qaramay, u toshdek qattiq bu qandni shimiy-shimiy uxlab qoldi.
Shu kundan keyin u qaytib otasini ko‘rmadi. Onasi avvaliga jinni bo‘lib qolayozdi. Qizini qo‘shnilariga tashlab, qayoqlargadir ketar, so‘ng ko‘zlari yig‘idan shishib kelar, munisgina, mushtipargina ayolni endi tanib bo‘lmas, uning qorachiqlari telbavor gir-gir etar, tomog‘ining chetidagi ko‘k tomiri mudom lo‘q-lo‘q tepib turar, hech kimni eshitmas, hech narsani idrok etmasdi. Keyin onasi birdan xuddi shoqoldek uvillashga tushardi. Marlen yillar o‘tgachgina bildi. O‘shanda onasi erining nohaq qamalganini isbotlash uchun idorama-idora yugurgan. Kimlarga yalinib-yolvormagan, ammo erini qaytib ko‘rolmagan ekan. Shu ko‘rgiliklardan keyin onasi ham ko‘pga bormadi. Uni esa bolalar uyiga jo‘natishdi. Dushmanning bolasi ekan-da, qarangki, Marlenning birorta ham qarindoshi chiqmadi. Kimning ham o‘z boshini kundaga tutgisi kelardi. Keyin… mana, o‘lmadi, o‘qidi, ishladi, hatto turmush ham qurdi… Faqat…
Marlen xola ko‘zoynagini topib, televizorni qo‘ydi. Kino berishayotgan ekan. Oloviddin haqida shekilli? Ha, o‘sha.
– Men chiroqning quliman, lekin sening do‘stingman! Men sening do‘stingman, lekin chiroqning quliman… – do‘rillardi dev.
– Qulmisan, do‘stmisan? – betgachoparlik bilan jirilladi xushsurat Oloviddin asabiy holda.
– O-o-o-o-h-h-h….
Dev bu haqqoniy savolga ne deb javob berarini bilmay bir joyda chappor urib qoldi. Zerikkan kampir televizor pultini “chirq” etkazib, boshqa kanalga o‘tdi. “…a’lo o‘qishga so‘z beraman”, qarsillab va’da berardi jamalaksoch qizaloq. Uning nimasidir Zahroga o‘xshab ketarkanmi? Ha, kulgichiyam bor, ana. Faqat biroz yoshi kattaroqday. Ammo televizor odamni qari ko‘rsatadi. Buni u yaxshi biladi. Yo‘g‘-e, nimaga Zahrodan katta bo‘lsin? Uni tuqqaniga qirq yildan oshmadimi? Zahro… Zahroginasi… kun ko‘rmay ketgan bolam…
“Iloyo sen o‘lolmay o‘l, sira o‘lma, o‘lolmay o‘l!!!” – shang‘illadi yana qulog‘i ostida o‘sha ovoz. Uf-f… O‘sha tushuntirish xatini baribir yozish kerak. Hech bo‘lmasa direktor bolaning yuz-xotiri uchun. Shu yigitning nimasidir otasining yoshligini eslatadi. Uni ko‘rsa ko‘ngli iyib ketadi. Shuning uchun uning bu iltimosini ham rad etolmagandi.
– Marlen Safarovna! Ochig‘i, men ham sizning bunday qilganingizga… sira ishongim kelmayapti. Ammo maktabda shunday hodisalarning bo‘lishi sha’nimizga yaxshi gap emas. Bilmadim, balki sizning oldingizda yoshlik qilarman, lekin shu sohada ishlayotganimga ham o‘n yil bo‘lib qolibdi-yu, hali bunaqasiga duch kelganim yo‘q. Shu mashmashalarga yangi chiqqan, o‘rinsiz an’analarning ko‘payib ketgani sabab bo‘layotganini ham tushunib turibman. Shunga qaramay… – direktor stoli ustidan qog‘oz-qalam olib, keksa muallima tomonga surib qo‘ydi. – Xullas, sizning ham, mening ham shu dargohda qolish-qolmasligimiz siz yozib beradigan tushuntirish xatiga bog‘liq. Axir, bu g‘avg‘o boshqarmagacha yetib boribdi. Izza bo‘ldim. Lekin baribir sizni xafa qildirib qo‘ygim yo‘q. Shundan kelib chiqib…
Marlen tushunadi. Hozir kimga qiyin, rahbar zotiga qiyin! Nimayam qilsin bu sho‘rlik? Tamom, ishonchni oqlamadingiz, endi tuyoqni shiqillating, demayapti-ku! Nima bo‘lganda ham pedagog-da! Ha, mayli, shu bola uchun yozsa yozibdi-da. Boshga kelganni ko‘z ko‘radi!
– Yozaman, yozaman, – tinchlantirdi direktorni. – Faqat uyda, maylimi, batafsil, yaxshilab uzr so‘rab…
– E-e, batafsilingizni kim o‘qib o‘tirardi? Qilgan ishim uchun uzr so‘rayman, boshqa qaytarilmaydi, deng-qo‘ying, – betoqatlandi boshqa tashvishlari ham to‘lib-toshib yotgan direktor.
Ammo, aytganida turib olmasa, Marlen Marlen bo‘larmidi?
Xola uyiga kelgach, tamaddi qilib oldi, keyin katta, yumaloq, hozirda qanshariga og‘irlik qilib borayotgan ko‘zoynagini taqib, bolalarning diktant daftarlarini tekshirib, baholab chiqdi. Keyin tartib bilan kitob-daftarlar terib qo‘yilgan yozuv stoliga o‘tirib, oppoq qog‘ozga qitirlatib tushuntirish xatini yozishga tutindi va… qo‘llari qaltiramayotganini payqab, miyig‘ida jilmayib ham qo‘ydi.
“Chistoserdechnoye priznaniye”… Keyin bir zum bu so‘zning o‘zbekcha talqinlarini izlab, o‘ylanib qoldi. “Chin yurakdan tavba”mi, yo “sof vijdonan iqror?” Unisiyam, bunisiyam rasmiy xatga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, undan tilxatni aynan o‘zbek tilida yozilishini talab ham etishgani yo‘q. Yana jig‘ibiyron bo‘ldi. Yozgisi kelmayotgandi. Lekin shuni yozmasa, bu ayollar kerak bo‘lsa sudlashishgacha borishadi. Kimga zaril unday g‘avg‘o? Xullas, o‘zining husnixatida bor gapni qog‘ozga tushira boshladi:
“Bilasiz, umrimning qirq yildan ortiq davri o‘qituvchilikka sarflandi. Ilk bor mening qo‘limdan birinchi harflarni o‘rganib ketgan bolalarning ko‘pchiligini hozir eslolmayman ham. Umuman olganda, mening vazifam – o‘qitish va bolalarni savodli qilish ekan, hech ikkilanmay va uyalmay ayta olamanki, men shu choqqacha bu burchimni vijdonan va halol uddalab keldim. Chunki men o‘qitgan sinfning bolalari hech qachon qoloq bo‘lishmagan, bunga jur’at ham qilisholmagan. Chunki ularni boshidanoq shunga o‘rgatib, ko‘nikma hosil qilib kelganman. Balki shuning uchundir yoxud hozirda boshlang‘ich sinf o‘qituvchiligiga asosan tajribasiz, o‘quv yurtini zo‘rg‘a tugatib, o‘lganining kunidangina maktabda biror yil dars berib, turmushga yoki dekretga chiqib ketayotgan muallima qizlarning yaxshi natija ko‘rsatolmayotganidanmi, pensiyada bo‘lishimga qaramay, direktor, baraka topsin, mening maktabga chiqib, bolalarga saboq o‘rgatishimni iltimos qilib qoldi. Direktorning taklifiga rozi bo‘ldim-u, o‘quv yilining boshidan bitta birinchi sinfga rahbarlikni oldim. Hammasi xuddi ilgarigidek edi. Nafaqat sinfimdagi, balki maktabdagi barcha o‘quvchilar menga ko‘zi tushishi bilan birdan jimib qolishar, odob bilan salomlashishar, agar kitob-jurnal ko‘tarib kelayotganimni ko‘rishsa, darhol oldimga yugurib kelib, qo‘limdan olishga, ko‘maklashishga shoshishardi. Sizningcha, o‘quvchilarim faqat qahrimdan qo‘rqqanidan darslarimni jim tinglasharmidi? Yo‘q! Aslida jimlik saqlangan, intizom bo‘lgan joyda saboq ham bolalarning qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyilib boradi.
Bundan uch kun oldin dars vaqtida eshik taqillab qoldi. Doskaga yangi harfni yozib ko‘rsatayotgandim. Bo‘r bilan oxirgi nuqtani qo‘yib bo‘ldim-da, shoshilmay borib eshikni ochdim. U yerda yoshi o‘ttiz-o‘ttiz beshlarda bo‘lgan bir yigit qo‘lida ka-attakon tort ushlagancha kulib turardi.
– Assalomu, alaykum Marlen Safarovna! Kechirasiz, ustoz, sizni bezovta qildim… – uzr so‘radi yigit xijolatpazlik bilan.
Uning “ustoz” deganini eshitib, allanechuk bo‘lib ketdim. Nahotki, sobiq o‘quvchilarimdan biri bo‘lsa, o‘yladim o‘zimcha. Meni ham o‘quvchilarim yo‘qlab kelar ekan-da? Ochig‘i, hech kutmagandim. Axir, shu choqqacha maktabda o‘tkaziladigan oxirgi qo‘ng‘iroq tadbirlaridagina birinchi saboqni o‘rgatgan o‘quvchilarim ramziy va rasmiy tarzda meni tabriklashar, shu bilan qaytib yo‘qlashmas, men ham ularning birortasini eslamasdim. Vazifam o‘qitish ekan, bajardim. Ularning ishi o‘qish ekan, o‘qishdi – tamom-vassalom. Ammo qarshimdagi yigitga mehrim jo‘sh urib ketdi. Qo‘lidagi tortga qarab esa, butunlay ko‘nglim yorishdi. Unga minnatdorchilik bildirish uchun: “Kechirasiz, sizni hech eslolmay turibman, qaribman chog‘i”, – deya xijolat bo‘lgandim, yigit darhol tashrifining asl sababini tushuntirdi:
– O‘quvchingiz Sherzod o‘g‘lim bo‘ladi. Bugun uning tug‘ilgan kuni edi. O‘shanga mana bu tortni o‘rtoqlari bilan yeyishsa, bolalar xursand bo‘lishsa, deb olib kelgandim. Iltimos, ustoz, sizga xizmat bo‘lmasa, tanaffusda bolalarni bir mehmon qilsangiz.
Juda yomon ahvolga tushdim. O‘z-o‘zimdan ham kulgim kelar, ham jahlim chiqardi. Bu ota-onalarga nima bo‘lgan o‘zi? Birgina tug‘ilgan kun uchun nafaqat bolasining, balki uning jinqarcha do‘stlarining ham ko‘nglini olish uchun nimalarni o‘ylab topishmaydi? Lekin ularning ko‘zini ochib, harf tanitayotgan o‘qituvchisiga avvalo bir og‘iz rahmat aytish xayoliga kelsa-chi! Ha, mayli, ta’magir bo‘lmay. Bayram bo‘lsa, bayram ekan-da!
Sinfga kirib, tortni stolim ustiga qo‘ydim. Tortga ko‘zi tushgan bolalar birdan g‘imirlab, shivir-shivir qilishga tushishdi. Shu payt qo‘ng‘iroq jiringladi. Mening sinfimdagi birorta ham bola ruxsatimsiz tanaffusga chiqib ko‘rmagan. Shu bois ular pichir-pichir qilishgancha menga termilib turishardi.
– Bolalar! – dedim ularni ko‘p intiq qilgim kelmay tantanavor tarzda. – Bugun sinfdoshingiz Sherzodning tug‘ilgan kuni! Har doim ana shunday aqlli, odobli bola bo‘lsin! Mana bu tort esa bizga ekan. Qani, Nazokat, yonimga kel, – deb sinfboshini chaqirdim. – Bolalarni sanab chiq-da, nechtaligini menga ayt. Men tortni shuncha bo‘lakka kesaman, sen esa eng oxirgi partadan boshlab hammaga tarqatib kelaver.
Shivir-shivirlar bir zumda quvonchli guvirlashga aylandi. Nazokat – farosatli qiz. Birinchi likopchani mening oldimga qo‘ydi, “ustoz, avval sizga”, – dedi dadil erkalanib. So‘ng qizlardan biri unga ko‘maklasha boshladi. Bolalarning qo‘liga tort tekkanlari uni yeyishga tushishgan, navbati kelmaganlar betoqatlik bilan o‘z tegishlarini kutishardi. Men ham tortmamdan kumush qoshiqchamni chiqarib, tortdan kesib olib, yedim. Ajoyib! Qulupnay sharbati singdirilgan. Bir chetda, bolalarni o‘z holiga qo‘yib sekin-sekin shirinlikni tanovul eta boshladim. Sinfni qandaydir ajoyib, shukuhli shivir-shivir va qiqir-qiqir ovozlar bosgan edi. Bolalarning yanayam erkinroq bo‘lishlari uchun deraza tomonga o‘tib, sinfga orqa o‘girib oldim.
Shu payt bolalardan kimdir: “Nazo, bir bo‘lakkina qoldi, boshqalarga yetmay qolmasin”, – deganini eshitdim. Ortimga o‘girilganimda esa Nazokat so‘nggi bo‘lakni, ya’ni o‘z ulushini olib, partasiga o‘tib ketdi. “Ustoz, bizga bermadiz-ku-u”, – deb qoldi bir qizaloq. Ie… Qarangki, ro‘paramda, birinchi partada o‘tiradigan Zilola va Bunyod degan bolalarga shoshilinchda tort yetmay qolibdi. Boshim qotdi. Bolalar ikkita bo‘lsa, tort esa allaqachon bo‘lib berilgan. Buning ustiga o‘zim yeyayotgan tortdan ham faqat kremigina qolgan. Qitmirligim tutdi. Chunki kayfiyatim xush edi. Umuman, kamdan-kam hollardagina o‘quvchilarim bilan hazillashaman.
– E, silar tort yeb nima qilasilar o‘zi, – dedim pinagimni buzmay. Likopchamda qolgan kremlarni yig‘ib, og‘zimga solarkanman, dedim: – Ana endi biz mana bu-unday qilib yeymiz, sizlar tomosha qilib o‘tiraveringlar.
Sinfdagi bolalar gurillab kulib yuborishdi. Zilola va Bunyodning boshi egildi. Keyingi darsga qo‘ng‘iroq chalindi.
Ertasiga bir barvasta ayol shitob bilan xonaga bostirib kirdi-da, birinchi partada o‘tirgan Bunyodning partasiga tap etkazib bitta tort, ikkita “Koka-kola” qo‘ydi. So‘ng sinfdagi bolalarga yuzlanib, shunday dedi:
– Ana endi sizlar qarab turasilar, Bunyod bilan Zilola tort yeydi. He, uyatsizlar, bitta arzimas tortni o‘z o‘rtoqlaringga ravo ko‘rgilaring kemadimi? Odamni qadri bir og‘iz shirinlikdan kam bo‘ldimi? Kecha shularga tort bermay, qancha kalaka qilganlaring uchun o‘zlaringni aybdor sezmaysilarmi? Qani, o‘zlaringni ham bir ko‘raylik-chi, hozir Zilola bilan Bunyod silarga bermay, tort yeydi, silar qarab turinglar.
Ayolning turishidan, gapi, xatti-harakatidan kechagi voqeaga sha’ma qilayotgani bilinib turardi. Men unga bir og‘iz nimadir desam, shu bilan o‘quvchilarning oldida meni yumma talab tashlashga tayyorligini sezib, indamay turaverdim.
Keyin bilsam, kecha bolalar uyiga yetguncha Bunyodni “Tort yeysanmi?” – deb mazaxlab borishibdi. Zilola esa o‘sha kun yig‘lab, uyida rosa to‘polon qilibdi: “Ayajon, ayting, mening boshqalardan nimam kam? Nega ustoz menga tort bermadi? Sanga o‘xshaganlar tort yemaydi, deganimi bu? Axir manam “a’lo”ga o‘qiyman-ku!” – va hokazo… hokazolar…
Bunyodning onasi menga nafrat bilan qarab, chiqib ketayotganda, yo‘lakda yana shovqin-suron eshitildi.
– Qo‘yvoring, – qichqirardi bir ayol. – Men o‘sha uyatsiz muallimaning yuziga qarab, aytishim kerak! Bolalarni xo‘rlashga nima haqi bor uning? Nega sinfdoshlarini mening bolamga qarshi gij-gijlaydi? O‘sha la’nati tort yetmay qolgan ekan, buni bolaga to‘g‘rilikcha tushuntirsa bo‘lmaydimi? O‘zi yosh bolaning oldida ko‘z-ko‘zlab yegani yetmagandek, nega yana ularni kamsitadi?
Bu Zilolaning onasi ekan. Bu xotin ham xuddi Bunyodning oyisiga o‘xshab men bilan yoqalashgani kelibdi. Ularni direktor, ilmiy ishlar mudiri amallab o‘qituvchilar xonasiga olib kirib ketishdi. Birpasdan keyin meni ham chaqirtirishdi. Ayollarning unisi u dedi, bunisi bu dedi. Xullas, bolalar mendan Azroyildan qo‘rqqandek cho‘chisharmish, ularni qanday usullar bilan bunchalik zirillatib olganimni bir Xudo bilarmish, shu sababdan mening masalam pedkengashda ko‘rilishi kerakmish…
Direktorimiz ayollarga mening eng yaxshi o‘qituvchiligimni ta’kidlab, bolalarning gap-so‘ziga uchib, maktabga janjal qilib kelish sira odobdan emasligini tushuntirarkan, ora-sirada menga qarab: “Iltimos, Marlen Safarovna, faqat siz asabiylashmang. Axir tushunasiz-ku”, – deb uzr so‘rasa, ayollarning battar jahli chiqar, “bu xotin direktorni ham burab olgan”, – deyishardi. Nihoyat toqatim toq bo‘ldi.
– Xo‘sh, maqsadlaring nima? – so‘radim xotirjam. – Bu yerga shuncha g‘avg‘o qilib kelib, odamlarni ishdan qoldirishlaringdan maqsad nima?
Ayollar bir zum jimib qolishdi.
– Hoziroq, – dedi shunda Bunyodning onasi. – Butun sinfning oldida bolalarimizdan kechirim so‘raysiz!
“Ahmoq xotin!” – dedim ichimda. O‘lay agar, kulgim ham keldi. So‘ng qat’iy dedim:
– Qo‘lingdan kelganini qil. Men kechirim so‘raydigan ish qilganim yo‘q!
– Unda, – ko‘zlari yonib sannadi ayol. – Menga desa, o‘lib ket!
– Yo‘q, bu kishi o‘lmasin, iloyo uzoq yashasin! Shunday uzoq yashasinki, shu bolaginalar katta odam bo‘lgan kunlarga yetsin. Ana shunda ular kichkinaliklarida bor-yo‘g‘i bir bo‘lak tort tufayli hammaga kalaka qildirib qo‘ygani uchun shuning yuziga tupurib o‘tishsin! Iloyo, o‘lolmay o‘l! – qarg‘adi Zilolaning onasi.
Shundan buyon bu ayolning shu so‘zlari qulog‘im ostida jaranglaydi.
Mana shunaqa gaplar. Hozir bu xatni sizlarga uyda yozayapman. Qon bosimim oshibdi. Davolanayapman. Ammo endi baribir ishga chiqmas ekanman, nega kechirim so‘rashim kerak? Direktor meni kechirsin, yo‘q, to‘g‘ri tushunsin. Umuman, arzimas janjalni deb bolalarni tashlab ketish hech hayotimda bo‘lmagan ediku-ya, ammo bilib turibman, bu gal mening bunga kuchim yetmaydi. Chunki endi o‘lmaslik uchun harakat qilishim kerak. Nega deysizmi? Qani, o‘sha qarg‘ish amalga osharmikin, shuni bilish uchun. Qani, o‘sha mening yuzimga tupurishi kerak bo‘lgan bolalar bir kun kelib ota-onasining ham betiga tuflamasmikin?
Meni nohaq xafa qilishdi, demoqchi emasman. Faqat bir narsaga tushunmayman. Biz hayotning ne-ne qahr-zarbini jimgina, indamay yutamiz-u, ba’zida o‘sha yutuvlar ichimizda bijg‘ib yota-yota arzimagan sabab tufayli birdan portlaydi. Shunda hammani bosamiz, yanchamiz, yo‘q qilib tashlagimiz keladi. Mening bu bolakaylarda hech bir alamim yo qasdim yo‘q edi. Shunchaki noo‘rin pallada aytilgan betayin bir gap noxush mazmun kasb etib ketdi. Menga o‘lim, ya’niki umr tilab yotgan ayolni yaxshi bilaman. Eri tashlab ketgan. Uning ko‘ziga men o‘sha bevafo, bolasining alimentini to‘lamay, ko‘chalarda “Neksiya”sini vag‘illatib haydab yurgan eri bo‘lib ko‘ringandirman-da, bo‘g‘ib qo‘yishga yetgulik shashti bor edi. Uni ham tushunaman. Chunki bevalik nimaligini men yaxshi bilaman. Yetim edim, beva qolib, ikkinchi karra yetim bo‘lgandim. Shuning uchun men o‘zimni xuddi boshqalardek beko‘st his etishim mumkin bo‘lgan bitta joy – bolalarning burunlarini “sho‘rq-sho‘rq” tortish saslariyu, pichir-pichirlariga to‘la shu sinfxonalar, doska bilan latta edi. Shunday ekan, men o‘zimning shu hududimda qat’iy va shafqatsiz bo‘lsam mumkin emasmi? Hayot shunday ekanki, dadang doim ham senga shirinlik olib kelmasligi mumkin, ammo vaqti-vaqti bilan, talxirligi og‘zingda bir umrga yetgulik bemaza ta’m bo‘lib qolishiga qaramay, taqdiring to‘satdan hadya etgan luqmasini totmay ilojing yo‘q. Axir bu ham bir nasiba-da. Mening nasibamda bir tomchi siyoh tommagan, oppoq qog‘oz kabi toza bo‘lib kelgan o‘qituvchilik faoliyatimda shunday sinov ham bor ekan, uni bemalol, hech bir fojiasiz qabul qilaman. Garchi bundan buyon maktabga qaytib chiqmaganim sababini o‘sha ayollar: “Bolalarimizni mazax qilgan Marlen Safarovnani ishdan oldirib tashladik”, – deb tushunib, kerilaverishsin. Ammo baribir hech kimdan kechirim so‘ramayman! Hech kimdan!
Marlen yozganlariga nuqta, sana, imzo qo‘ygach, tilxatni qayta o‘qib ham ko‘rmadi. Deraza tomonga termilgancha qoldi. Tokchada Zahroning rasmi doimgidek unga kulib qarab turardi.
“Dugonamning tug‘ilgan kuniga ketayapman”, – degandi o‘sha kuni u emranibgina.
Ha, shunday degandi. Ruxsat berasizmi, borsam maylimi emas, ketayapman dedi. Tugma qadab o‘tirgan onaning jahli chiqdi. Qizini qanchalik yaxshi ko‘rmasin, baribir unga nisbatan qattiqqo‘l edi. Ammo keyingi paytlarda qizi uning bu qattiqligini unchalik pisand qilmay qo‘ygandi. Qiqirlab kulib, shartta uning bo‘ynidan quchoqlab olar, Marlen bir zumda erirdi-qolardi. Hozir ham shu nayrang ishlatilishini bilsa-da, baribir qizini tergay ketdi.
– Hech qayoqqa bormaysan! Darsingni qil-da, o‘tir!
Bu safar qizi indamay kelib uning bo‘yniga osilmadi. Yuziga tik qarab turaverdi. “O‘ziz biror marta tug‘ilgan kunimni qilib berganmisiz? Yana boshqalarnikigayam qo‘ymaysiz… Axir sinfimizdan hamma boryapti-ku”, – dedi yig‘lamsirab.
– Nima bo‘pti? Hamma qilgan narsani qilishing shartmi? Keyin… dugonangning uyi uzoqda, daryo labida. Xavotirlanaman, qizim.
“Qizim” degani hamon Zahro yugurib kelib uni quchib, cho‘lpillatib yuzlaridan o‘pdi “A-a, demak borsam bo‘laveradi, a? Xavotirlanmang, daryoning yaqinigayam yo‘lamayman. Nima sovg‘a olay? Kitob, a? Baribir kitob yaxshi. Hozir, mana”, – qiz shoshib javonni titkiladi.
– Topdim! Manavi kitobni olaman. “Yo‘qolgan dunyo”. Yaxshi-a? Ketdim, ketdim, oyijon! Hali Durdonaga dasturxon tuzatishga ham yordamlashvorishim kerak.!
So‘ng balo-qazodan qochgandek, hatto maktab formasini ham almashtirmay chopqillab ketgandi Zahroginasi. Sochlariga taqilgan lentalari, atirgulga o‘xshash oppoq lentalari bir lip etdi-yu, darvoza ortida g‘oyib bo‘ldi. Keyin daryodan birinchi bo‘lib ana shu lentalarini topishdi. O‘zi esa keyinroq topildi. Uning oyoqlari suv o‘tlariga o‘ralib qolgani uchun oqib ketmagan, ammo shafqatsiz suv o‘tlari oqib ketishdan asrab qolgani barobarida suv yuziga qalqib chiqishiga ham xalal bergan ekan.
O‘shanda Marlen bir tomchi ham ko‘zyoshi to‘kmagan, ammo tug‘ilgan kunini nishonlamoqchi bo‘lgan Durdonaning onasi dodlab yig‘lagan edi: “Atigi bir chelak suv, qizim, yugurib bir chelak suv olib kel, degandim! Mana, bolalarim kechayu kunduz shu daryodan suv tashiydi, kechayu kunduz! Tilimga tirsak chiqsa bo‘lmasmidi shu qizga ish buyurguncha?”
Nazarida o‘shanda bu ayol unga qarata: “He, o‘l, qizingni shundan shu yoqqa yuborgandan ko‘ra, unga ko‘zim uchib turganmidi? Boshimizga shu balo kerakmidi!” deyotganday tuyulgan. Ammo o‘zi-chi, nega o‘shanda o‘zi ham: “Senga mening qizimdan boshqa xizmatkor topilmadimi? O‘ylamay-netmay yosh bolani daryoga jo‘natasanmi? Xo‘p, o‘zingnikidan-ku qo‘rqmas ekansan, axir bu birovning omonati, demadingmi?” – demagan bo‘lsa-da, keyin ming-ming bor, ichida, kechalari iz-iz yig‘lagan paytlari, bo‘g‘ilib, bo‘g‘riqib, kimni, nima deb sannayotganini hatto o‘zi ham tushunmay aytdi. Ammo o‘shanda emas! Kechagi ayollar esa… Balki ular haqdir? Ona bo‘lgach, bolasini himoya qilishi kerak-da. Faqat…
Zahroni tuproqqa topshirgach, qishlog‘idan umuman bosh olib ketdi. Shundan buyon yolg‘iz edi. Shundan buyon yovuz. Ammo birovga tilamadi bundayin qismatni. Ish ovutdi uni, ana shu mishiqi bolakaylar yupantirdi. Ulg‘ayishgach, uni hech qachon eslamaydigan, yo‘qlamaydigan, ammo undan olgan saboqlari tufayli hayotda boshqalarga nisbatan kamroq qoqiladigan bolalar…
Ich-ichidan uvillardi bu nafrat, odamlarga, xotinlarga, bu dunyoga nafrati. Lekin bildiki, aslida faqat bolalarning yuragida yiltillabgina qolgan zaif bir tuyg‘u tufayli, onalikmi degan, qizigami nasib etmay ketgan yoki o‘zi bir paytlar ololmay qolgan bir his bilan sevib kelgan, ammo sira buni sirtiga chiqarmagan ekan. Bu hisni u mana endi, boy berib bo‘lgandan keyin bildi. Uyining bir-biridan ozoda to‘rtta xonasini ham mandarinning xushbo‘y isi gurkirab tutib yotar, kampirning ko‘zlari esa yuragi kabi huvullagan, qup-quruq edi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 4-son