Dadaxon Nuriy. Amerikalik «darvesh»ning orzusi

Bo‘stonliqdagi Yozuvchilar dala-bog‘ida har yili Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan adiblarning an’anaviy shaxmat bahona «Diydorlashuv gurungi»ga Ozod aka asos solgandi. Navbatdagi tadbir «davraboshi»ning ahvoli ancha og‘irlashgan kunlarga to‘g‘ri kelgan, biroq domla ko‘pchilik ijodkorlar ilhaq bo‘lib qolmasin, deya eldan burun Bo‘stonliqqa yetib keldi. Hatto o‘zini bardam ko‘rsatish uchunmi, hol-ahvol so‘raganlarga:
— Amal yomon bo‘larkan. Yilda bir marta qo‘lga tegadigan sizlarni boshqarish imtiyozidan ajralib qolmay deb do‘xtirlarning «hay-hayi»ga ham qaramay kelaverdim, — deya hazil-mutoyiba qilib qo‘ydi.
O‘sha kuni oqshomgacha davom etgan qizg‘in adabiy gurung, dilkash suhbatlar, shaxmat musobaqalariga Ozod akaning o‘zi bosh-qosh bo‘lib, qariyb ikki yuz ijodkor jamul-jam bo‘lgan anjumanga fayz kiritdi.
— Yaxshi bo‘ldi! Viloyatlardan ham ijodkorlarni chaqirib zap ish qilgan ekanmiz. Ko‘plari bilan miriqib gurunglashib oldim. Endi ularni ko‘ramanmi-yo‘qmi, — deb qoldi ustoz Toshkent tomon qaytarkanmiz.
— Nega unday deysiz. Hali bu xil diydorlashuvlarning ko‘pini o‘tkazib berasiz — dedim.
—    Odil bu safargi gurungimizga qatnasholmadi-a?
— Qattiq betob ekanlar, — dedim.
— Ertaga bir ko‘rib qo‘yishimiz kerak… Ronald-chi, Ronald? U «daresh»ni uchratolmadingmi?!
— Ikki marta uyiga bordim. Eshigi qulf. «Taklifnoma»ni «pochta» Qutisiga tashlab kelgandim.
Bo‘stonliq «safari» ta’sir qildimi, ustoz kechasi bilan ancha bezovta bo‘lib chiqdi. Buning uchun, albatta, davolovchi shifokordan «dakki» eshitdilar. Ammo odatdagidek bo‘sh kelganlari yo‘q:
— E, uka. Mashoyixlar ko‘lmak suvga o‘xshab yalpayib yotavermay, iloji boricha harakatda bo‘l deyishgan. Anavu, amerikalik Ronald ham shuni qaytargani-qaytargan…
O‘sha kuni kechga tomon yostiqdan bosh ko‘tarolmay yotgan Odil akani ko‘rib qaytar ekanmiz, domla birdan:
— Ulovni Parkent bozori tomon hayda. Ronaldning eshigini taqillatib ko‘raylik-chi, nima balo, anchadan beri ko‘rinmay ketdi, — deb qoldi.
Darvozani taqillatishga hojat qolmadi: uch kun avval tashlab ketilgan «Taklifnoma»ni hech kim olmagandi.
Ustoz vafotlaridan bir kun oldin yana Ronaldni esladi.
Doktor bolalari, nabiralari oldiga ketgan ekan. Noxush xabarni Amerikada eshitib, «ta’ziyanoma» yubordi. Ko‘p o‘tmay ustoz xonadoniga kirib kelganda ko‘zlaridan tinimsiz yosh quyilar, ayolining yupatishlari ham kor qilmasdi.
Xo‘sh, Ozod Sharafiddinov bilan uzoq xorijlik Ronald Xong ismli bu odamni bir-biriga bog‘lab turgan rishtalar nimada?! Bunga javobni domlaning «Dovondagi o‘ylar» kitobidagi «Amerikalik darveshning sarguzashtlari» nomli essesidan topish mumkin. Bizdagi “sarguzashtlar”dan avvalroq kechgan “darvesh” hayoti quyidagicha: Quriyaning Seul shahridan yuz chaqirimcha narida joylashgan viloyatdan parlamentga deputat etib saylangan yirik sarmoyador, el orasida obro‘-e’tiborli janob oilasi boshiga kutilmagan kulfat yog‘iladi. Kechagina 20 yoshini nishonlagan yolg‘iz farzandi avtohalokatda o‘ng oyog‘idan butunlay ajraladi. Yigit bir yil davomida ko‘rpa-to‘shakka mixlanib yotadi. Shu davr ichida otaning sochlari qorday oqarib, qaddi bukiladi. Bir kuni o‘g‘liga shunday deydi:
— Men bir oyog‘ingni lahadga qo‘ygan kunimoq adoyu tamom bo‘lganman. Bunday ahvolda yotaverishingga endi bardosh berolmasam kerak, bolam! O‘zingni qo‘lga ol. Bugundan boshlab seni matonat maydoniga yo‘llamoqchiman. Odam bolasi faqat iroda, kurash bilangina har qanday mushkulotni yengishi mumkin. Ojiz bandaman, deb harakatsiz yotaverish Xudoga ham xush kelmaydi… Sen endi yashash uchun faqat harakat qilishing kerak. Boshqa iloj yo‘q! Mening boyliklarim ham seni baxtli qilolmaydi. Baxting o‘z qo‘lingda, irodayu tirishqoqligingda. Amerikaliklar Seulga kelib, senga o‘xshaganlarga yordam ko‘rsatishayotganmish. O‘sha yerga o‘z oyog‘ing bilan borasan…
Ota amri — xudo amri. Ronald o‘ng oyog‘i o‘rnini bosuvchi qo‘ltiqtayoq bilan xonadonni tark etdi. Karavotga mixlanib yotaverib, ramaqijon bo‘lib qolgan ekan, 20-30 qadam tashlaydi-yu, charchab, vujudini qora ter bosadi. O‘tirib dam oladi. Yana yo‘lga tushadi… Yaxshi odamlar unga ko‘maklashib yuborishadi. Shunda dunyoda mehr-oqibatli insonlar bisyorligiga ilk bor ishonch hosil qildi, u. Kun sayin qadam bosishi yengillashib boraverdi. Bir oy deganda Seulga yetib keldi. «Nogironlarga yordam markazi»ni ham osongina topdi. Yigit ozib-to‘zib, abgor holga kelgandi. Uni yuvib-tarab, alohida xonaga yotqizishdi.
Markaz shifokorlarining gaplariga qaraganda, protez oyoqning yangi rusumi ishlab chiqilibdi. Uni o‘rnatishsa haqiqiy oyoq vazifasini o‘tarmish… Kunlarning birida Ronald otasi bilan orqasidan yig‘lab qolgan onasini tushida ko‘rdi. Otasi, «Ne, yana yotib olibsan-ku! Bunaqada hech qachon hayotda o‘z o‘rningni topolmay, o‘tib ketasan», deb tanbeh bera boshladi.. U uyg‘onib ketdiyu o‘sha kundan e’tiboran «bekorchi xo‘ja» bo‘lib yotaverishni bas qildi. O‘z xonasini tartibga keltirdi. Stol-stullarni artdi. Hatto ancha qiynalib bo‘lsa-da, polni yuvadigan bo‘ldi. Bora-bora hamshiralarga yordamlasha boshladi. Uning harakatchanligi markaz xodimlarini befarq qoldirmas, rahmat aytishar, boshqa nogironlarga Ronalddan o‘rnak olish lozimligini uqtirishardi.
Yangi protez oyoq bilan qiynalmay yuradigan bo‘lib, «sinov»dan ham yaxshi o‘tgan Ronald markazda farrosh bo‘lib ishlash bilan birga shaharda yangi ochilgan nogironlar tibbiy kollejiga kirib o‘qidi va imtiyozli diplom bilan u yerni bitirgach, mashhur protezchi shifokor Tori o‘qishni Amerikada davom ettirish maslahatini berdi.
Uzoq safarga jo‘nashdan avval padari buzrukvori orzu qilganidek «shahdam qadamlar» bilan uning huzuriga kirib keldi.
— Aytganimni qilib, kam bo‘lmabsan, senga ming rahmat, o‘g‘lim, — dedi otasi, — Yana shuni aytishim kerakki, mendan senga meros bo‘lib qoladigan hech qanday boylik yo‘q. Bor sarmoyamizni viloyat markazidagi nogiron bolalar uchun maktab qurilishiga o‘tkazdim. Men nimaiki topgan-tutgan bo‘lsam halol yo‘l bilan orttirganman. Halol pulni savob ishga sarflash bizning avloddan-avlodga o‘tib kelayottan udumimiz. Endi o‘g‘lim, sezib turibman, sen bu tirishqoqliging bilan ko‘p narsaga erishasan! Hayotning achchiq-chuchugini totib, sinovdan o‘tding. «Tani boshqa — dard bilmas», deydilar. Senga o‘xshab nogironlik dardini chekib yotganlar bu dunyoda qanchadan-qancha. Ularga qay darajada qiyinligini o‘z boshingdan kechirib bilding! Endi senga aytadigan otalik nasihatim shu: yo‘lingda uchragan har bir nochor, nogiron odamga yordam qo‘lini cho‘zishni burch deb bilgin. Dardmandlarga hamdard bo‘l! Topganingni ulardan ayama.
Ronald Xong ortopediya bo‘yicha Amerika tibbiyot akademiyasini imtiyozli diplom bilan bitirgunicha doktor Tori o‘z tajribalari asosida oyoq protezining yangicha, ancha qulay rusumini yaratib, og‘izga tushib ulgurgandi. Uni AQShning Detroyt, Michigan universitetlari qoshidagi shifoxonalarga ishga taklif etishdi. Tez orada sohaning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari qatorida nomi tilga olinadigan bo‘ldi. Ronald otasi vasiyatini amalga oshirish maqsadida bir guruh kasbdoshlarini atrofiga to‘plab, «Xalqaro nogironlarga beg‘araz yordam ko‘rsatish fondi» tashkil etdi. Ko‘p o‘tmay bu fond NEW NORE («Yangi umid») nomi bilan «xalqaro nodavlat tashkilot» degan maqomga ega bo‘ldi.
Ronald boshlagan xayrli ishga beg‘araz yordam ko‘rsatish istagida bo‘lgan sarmoyador kishilar, turli tizimdagi kompaniyalar safi orta bordi. Fondga a’zo bo‘lgan ortoped shifokorlar nafaqa yoshiga yetgach, dunyoning istalgan burchiga borib, yordamga muhtoj nogironlar uchun bepul xizmat ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini e’lon qildilar. (Hozir bunday xayriya fondlari Yaponiya, Janubiy Quriyada ham faoliyat olib boradi, yer yuzidagi o‘nlab davlatlarda esa markazlari bor).
Doktor X.Ronald va uning izdoshi doktor L.Kvan kattagina miqdorda nafaqa puli bilan «qarilik ta’tili»ga chiqishgach, ikkovi nomiga Xitoy, Rossiya, Afg‘oniston va Qirg‘izistondan taklifnomalar keldi. Fond ta’sis komissiyasi tomonidan tasdiqlangan dastur va yo‘llanma bilan Kvan Xitoyga, Ronald Rossiyaga qarab jo‘naydi. Ularni Pekin va Moskvada hamkasblari kutib olishadi. Biroq Ronaldning ko‘ngli nimadandir to‘lmayotganday edi. U yoshligidan xotirasiga qattiq o‘rnashib qolgan sharqona hayot, sharqona turmush tarzini ko‘rish ishtiyoqida edi. Rafiqasi va qiziga O‘rta Osiyoni sayr qildirmoq uchun Toshkentga chipta oldilar. Rafiqasi va o‘rtancha qizi bilan qadimiy Samarqand, Buxoro shaharlarini ziyorat etishgach, Farg‘ona vodiysini aylanishdi. Toshkentning so‘lim bog‘-xiyobonlarini sayr qilishdi. Qayerda bo‘lishmasin, xuddi avvaldan tanish mehr-oqibatli kishilar ichida yurganday his etishdi o‘zlarini.
… Xuddi o‘sha kunlarning birida kaminaning telefoni jiringlab qoldi:
— Sizni bir savobli ish yuzasidan bezovta qilyapmiz.
— Marhamat, — dedim.
— Bo‘stonliqni yaxshi bilasiz… Quyidagi adresda Tursunboy ota degan urush qatnashchisi yashaydi. Bir oyog‘i nogiron. Amerikalik mutaxassis shifokor uchrashmoqchi. O‘sha kishini topishga yordam bersangiz.
Xullas, ertasi kuni Bo‘stonliqdagi yozuvchilar dala-bog‘imizda Tursunboy ota bilan janob Ronaldning uchrashuvi bo‘ldi.
— Nega qovog‘ingiz soliq? Xotin xafa qildimi? — deya birdan savol berib qoldi mehmon Tursunboy otaga shasht bilan qarab.
— E, sizday odam meni yo‘qlab keladiyu nega xafa bo‘lar ekanman. Oyoq qurgur, sal ko‘proq yursam, manavu «aravaning gupchagi» og‘irlik qiladimi, og‘riy boshlaydi. O‘tgan kun shaharda siz meni to‘xtatib gapga solganda ham kayfiyatim yo‘qroq edi.
Mehmon boshini sarak-sarak qilib, yonidagi juvonga o‘girildi:
— Ana ko‘rdingmi xotin, mana shunday erkak bilan yashab kelayotgan bu yerdagi ayollarga qoyil qolmoq kerak.
Bu so‘zlar o‘zbekchaga o‘girilgach, o‘rtada gur etib, kulgi ko‘tarildi. Tursunboy otaning chehrasi ochilib:
— Bularam hazilkash bo‘lar ekan-a! O‘sha kuni «yog‘och oyog‘im»ga tikilaverib, menga «yopishib» olganidan ishpiyon-mishpiyon emasmikan, deb xavfsirab qolgandim, — dedi.
Mehmon uning yelkasiga qoqdi:
— Bor ekansiz-ku! Manavu oyog‘ingizdagi yog‘och «gupchak»ning tashvishini chekmang. Zo‘riga almashtiramiz. Yonida aravachasi ham bo‘ladi.
— Bu aytganlaringiz ancha qimmat tursa kerak-a?
— Savobli ish arzon-garovga qilinmaydi. Shundan bilaveringki, siz uchun hammasi bepul.
Shu kuni Ronald Tursunboy ota bilan ancha gurung qildi. Otaxon mehmonga front xotiralarini, oyoqdan Belorusning qaysi shahrida qanday «ajralgani»ni so‘zlab berdi… Keyin uning tizza ko‘zidan pastki yog‘och «oyog‘i» yechilib, turli o‘lchamlarga solib «andoza» olindi. Ronaldga bu ishlarni bajarishda xotini yordam berib turdi. Yon daftariga chizgilar bilan nimalarnidir yozib oldi. So‘ng Ronald Tursunboy otani sal naridan tikkalab ketgan archazor tog‘ etagiga boshlab keldi. Anchagina yuqorida ko‘zga tashlanib turgan bahaybat yong‘oq daraxtiga ishora qilib:
— Hov, o‘sha joygacha chiqa olasizmi? — deb so‘radi.
Tursunboy ota hayron:
— Men to‘g‘ri yo‘ldan yurolmayman-u, toqqa chiqishga balo bormi! Mehmonga tushuntiringlar! – dedi otaxon.
Biroq mehmon tushunmadi, o‘z aytganida turib oldi:
— Siz qanaqa tog‘ odamisiz! Shunday ajoyib tabiat, musaffo havodan bebahra bo‘lib yuravergandan keyin, albatta, oyoq mushaklari ishlamay, anavu yog‘och «gupchak»day qotib qoladi, arzimas narsaga chidash bermay, og‘riyveradi… Menga qarang, Sizga aytsam, manavunday harakat qilish kerak, — dedi-da, doktor egnidagi kostyumini yechib xotiniga berdi. Atrofda o‘ralashib yurgan bolalardan birini oldiga chaqirib, yelkasiga o‘tqazdi va epchil harakat bilan yonbag‘rlikdan yuqorilab keta boshladi. Bo‘stonliq tabiati haqida ko‘rsatuv tayyorlayotgan Irismat Abuxoliqov boshchiligidagi televideniye xodimlari bu manzarani lentaga tushira boshladilar… Hech kim kutmagan hodisa mehmon tog‘ yonbag‘ridan qaytib tushgandan keyin bo‘ldi: u Tursunboy otaga:
— Siz hech o‘kinmang! Oyog‘ingizni yarmi bo‘lsa ham bor. Meniki esa… — deb shim pochasini to‘pig‘ichaga ko‘targandi, hammaning ko‘zi mayda murvatlar bilan bir-biriga «ulangan» protez oyoqqa tushdi… Mehmon o‘sha kuni Tursunboy ota bilan xayrlasharkan:
— Sizga atalgani menikidan zo‘r, mexanik ravishda harakatlanadigan bo‘ladi. Ana undan keyin baland tog‘larga birgalikda chiqamiz. Faqat kelgunimcha harakatni susaytirmang. Bu siz bilan bizga juda zarur. Ko‘rishguncha! — dedi.
Mehmonning ko‘pchilikni hayratga solgan «tog‘ sayri» haqidagi lavha Toshkent televideniyesi orqali bir necha bor namoyish etildi. Doktor Ronaldni O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga taklif etishdi va «Qani endi ko‘chalarimizda shunday mardona yurib, nogironlarimiz ko‘nglini ko‘tarsangiz behad xursand bo‘lardik», deya istak bildirishdi.
— Men dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman, — dedi mehmon ularga javoban. — Lekin hech qayerda o‘zbeklarday ochiq ko‘ngil, mehmondo‘st halqni ko‘rmaganman. Ochig‘ini aytsam, rafiqam, qizim bilan yurtingiz kishilarini sevib qoldik. Albatta, yana kelish niyatimiz bor.
Oradan yarim yil ham o‘tmay doktor Ronald o‘z so‘zida turib, Tursunboy ota uchun yasalgan protez «oyoq» va nogironlik aravachasi bilan yana yurtimizga tashrif buyurdi. Ertasigayoq Bo‘stonliqqa bordik. Biroq biz ko‘rishmoqchi bo‘lgan otaxon olamdan o‘tgan ekan. Ronaldning o‘sha paytdagi holatini tasvirlashga ojizman: kun bo‘yi chehrasi ochilmadi, tuz ham totmadi.
Yurtimizda Tursunboy otaga o‘xshash kishilar qatori homiylik yordamiga muhtoj «Afg‘on nogironlari» ko‘pligi ham Ronaldni o‘ylantirib qo‘ydi. U O‘zbekistonda fond markazini ochishga qaror qildi.
Men gurunglardan birida Ozod akaga Ronald va uning nogironlarga beg‘araz yordam ko‘rsatish Markazi haqida so‘zlab bergandim, oradan ko‘p o‘tmay domla huzuriga doktorning o‘zi kirib keldi:
— Kecha televizorda sizni ko‘rdim. Shaxsan tanishmoqchiman. Otim doktor Ronald.
— Eshitganman. Yasama oyoq bilan bir bolani yelkada ko‘tarib, toqqa chiqqaningizni ham televizor orqali ko‘rganman… Lekin bundoq turishlaringizu ko‘rinishlaringizdan mendek kiroyi nogironga o‘xshamaysiz! Gapim yuz foiz rostligiga ishonavering!
Tarjimon xonadon sohibining so‘z o‘yiniga monand nozik iborani topguncha oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Nihoyat, obi-tobiga yetkazib qilingan tarjimadan mehmonning chehrasi yorishib, kulib yubordi:
— Avvallari yigitligimda o‘xshardim. Keyinchalik o‘xshamay qolganman. Demak, shundoq turishim ham yomon emas! Xohlasangiz o‘zimga o‘xshatib qo‘yaman, — dedi qaddini g‘oz tutib.
— «Bunaqa o‘xshatish»ingizga faqat amerikaliklar chidash bersa kerag-ov… Taxminan «oyoq»laringiz qanchadan turadi?
— Juda qimmat! — dedi doktor beparvogina.
— Ana, aytdim-ku, bizning bunaqa chillaki oyoqlar qimmat narsaga dosh berolmaydi, mayishib ketadi.
— Sizga bepul! — deb qo‘ydi Ronald ovozini balandlatibroq.
— E, tavba, bekordan-bekorga ish qilinishini endi eshitishim. Nima, mening shox-butog‘im bormi? — bo‘sh kelmadi Ozod aka.
— Hamma qatorisiz.
— Unday bo‘lsa, mana, ikki yildan beri shu yerda faoliyat olib borayotgan ekansiz, qani aytingchi, oddiygina «oyoq» bilan haligi chinakam odamning o‘ziga «o‘xshatib» qo‘yadigan mexanik protez oyoqning bahosi qancha bo‘ladi? Aytavering, o‘zbeklarda «hisobli do‘st ayrilmas», degan gap bor.
— Aytaymi? Sakkiz mingdan o‘ttiz minggacha!
— So‘mdami?
— Dollarda!
— Voy-bo‘y, ichida motori ham bo‘ladimi, deyman.
— Shunga yaqinroq. Lekin barcha xarajatlarni homiylarimiz ko‘tarishadi. Amerikada har xil yo‘nalishdagi xayriya jamg‘armalari ko‘p. O‘zbekistondagi «New Nore» — «Yangi umid» nogironlarga bepul xizmat ko‘rsatish Markazimiz ham xayriya yordami asosida faoliyat olib boradi.
— Unday bo‘lsa, — dedi Ozod domla gapning dangaliga o‘tib, — ko‘nglimdagi odam ekansiz! Endi shu savobli ishga menam yoningizda turib, ozgina hissa qo‘shsam, nima deysiz?
— Qanaqasiga? — hayron bo‘lib so‘radi mehmon.
— Yo‘li oson. Mana, ko‘rib turibsiz — oilam, bolalarim, nabiralarim, yana shogirdlarim atrofimda parvona. Xohlasam, bu «super aravacha»da, xohlasam mashinada istagan joyimga borib kelaman. Lekin shunday nogironlar borki, na aravacha, na mashinaga ega. Qo‘ltiqtayoqqa muhtojlar ham yo‘q emas. Menga atalgan homiylik pullarini o‘sha beva-bechoralarga sarflasak, — mehmon o‘ylanibroq qolgandi, domla aravachani unga yaqinroq keltirib: — Ha, endi dardimiz mushtarak, o‘y-xayolimiz hamohang bo‘lgandan keyin yo‘q demang-da, — deb qoldi.
Doktor o‘rnidan turdi, qaddini bukib ta’zim qilganday bo‘ldi va ustozning mo‘jazgina gavdasini bag‘riga bosdi. Shu kundan e’tiboran ezgulikka tashna ko‘ngil sohiblari ruhan bir-biriga yaqin bo‘lib qoldilar. Ronald o‘z yumushlari bilan qanchalik band bo‘lmasin, Ozod aka huzuriga tez-tez kelib turar, o‘z navbatida domla ham u faoliyat ko‘rsatayotgan markazga tashrif buyurib, O‘zbekistonnning turli mintaqalaridan ko‘mak so‘rab keluvchi keksayu yosh nogironlarga ko‘rsatilayotgan muolaja usullari bilan tanishar, eng zamonaviy texnik qurilmalar bilan jihozlangan protez yasash tsexini aylanib, Ronaldning shogirdlari bajarayotgan mohirona mehnat jarayonini kuzatardi.
Shunday paytlarda «taftishchi» maqomida tashrif buyurib qoladigan Ozod akani Ronald savolga tutardi:
— Qachongacha bu “super aravacha”ni haydaysiz? Nahot men bilan yonma-yon yurishni istamaysiz? Sizbop eng «zamonaviy motorli» protezni ham tayyorlashimiz mumkin.
Ozod aka unga javoban:
— Men homiylarning beg‘araz yordamidan ikkinchi marotaba foydalanib, o‘z nomimni suiiste’mol qilmayman, — derdi.
Ular orasidagi bir necha yilga cho‘zilgan do‘stona munosabatlar «Amerikalik darvesh sarguzashtlari» asarining yozilishiga sabab bo‘lgandi. Asar aynan «Avvallari darveshlar faqat bizning sharqdagina bo‘ladi, deb o‘ylab yurardim. Adashgan ekanman — darveshlar bizdan ancha olisda — Bahri muhit ortidagi Amerikada ham istiqomat qilisharkan», degan jumlalar bilan boshlanib, Ronaldning mamlakatimizda amalga oshirayotgan ezgulikka oshufta darveshona ishlari jozibali tashbehlar bilan bayon etilgan…
Ozod akani xotirlash kechasida bir-ikki bor Ronald bilan uchrashdik. So‘ng ko‘rinmay qoldi. Yaqinda Xalqaro nogironlar kuni arafasida namanganlik shoir ukamiz Jamoliddin Muslimdan maktub oldik. U «Ustoz Ozod Sharafiddinov o‘z kitoblarida ta’rif etgan doktor Ronald janoblari viloyatga tashrif buyurib namanganlik nogironlarga 20 million so‘mlik protez, tikuv mashinalari, bolalar kiyim-kechagi tarqatgan»ligi haqida yozib, shu xususda maqola e’lon qilingan «Namangan haqiqati» gazetasi sonini ham qo‘shib yuboribdi.
Toshkentdagi “New Hore» (Yangi umid) Markazi»ni hamkasbimiz I.Abduholiqov bilan qiynalmay topdik. Doktor Ronald maxsus jihozlangan keng va yorug‘ zalda 15 ga yaqin nogiron erkak-ayollar bilan «chiroyli va shaxdam qadam tashlab yurish» (bu shior devorning ko‘rinarli joylariga o‘zbek va ingliz tillarida yozib, osib qo‘yilgan) mashqini endi tugatib turgan ekan. U bizga nigohi tushishi bilan yuzlarida tabassum balqib, quchoq ochganicha istiqbolimizga kela boshladi.
— Hecham sakson uch yoshga kirayotgan qariyaga o‘xshamaysiz! — dedik so‘rashar ekanmiz.
— Mana bular mening yoshligim, — dedi doktor atrofini o‘ragan mijozlarga ishora qilib.
Biz yuz-ko‘zlarida xiyol charchoq alomatlari sezilib turgan «mashq»chilar bilan so‘rashar ekanmiz, ularning ayrimlarini savolga tutdik.
Abdullayeva Zarifa (ko‘p bolali ona. Andijon):
— Omborxonada hisobchi bo‘lib ishlardim. Tom qulab tushib, o‘ng oyog‘imdan ajralib, butunlay yurolmay qolgandim. Hozir yangi protezda bemalol yurayapman. Albatta, hammasi bepul.
Xudoyorov Botir (Toshkent):
— O‘ng oyog‘im to‘pig‘imgacha yo‘q. Mashina bosib ketgan. Ancha vaqt qiynalib, qo‘ltiqtayoqda yurardim. Bu yerda mexanik protez qo‘yishdi. Bir haftadan beri mustaqil yurishni mashq qilyapman.
Mavlonov Olimnazar (Surxondaryo):
— O‘ng oyog‘im og‘ir yuk ostida qolib ketgan. Yurolmasdim. Hozir protezda harakat mashqini o‘rganyapman. Doktor Ronald juda talabchan hamda quvnoq, mehribon odam. Sog‘ odamlardan ham yaxshiroq yurib ketasan, deb kishi ko‘nglini ko‘taradi.
Mirzaqulov Baxtiyor (Toshkent):
— Avariya bo‘lib, bir oyog‘imdan ajralganman. Yaqinda bu yerda yangi protez qo‘yishdi. Mashqlar davomida hech qanday og‘riq sezmayapman. Janob Ronald erta-indin javob bersa kerak…
Tojiboyeva Feruza (Namangan):
— O‘n ikki yoshimdan oyoqlarim ishlamay, yurolmay qolgandim. 1998 yili janob Ronald uyimizga borib, ko‘rdi. Oyoqqa turg‘azib yuboramiz, dedi. Bu yerga olib kelib, davoladi. Haqiqatdan protez yordamida yurib ketdim. Yilda bir marta markazga kelib, 3-4 kunlik “ko‘rik”dan o‘tib ketaman. Do‘xtir hech narsa olmaydi. Uyga borganda, chopon kiydirsak ham, qaytarib, otamga kiydirib qo‘ygan…
Shu yerda hozir bo‘lgan xizmatchi xodimlarning gaplariga qaraganda doktor Ronald faqat yurakdan minnatdorlik bildirib yozilgan xatlarni asrab-avaylab saqlarkan. Ularning soni bir necha mingdan ortiq.
Serhasham binoning protez yasash tsexida qo‘ligul mohir ustalar ter to‘kishar, haqiqatan Ozod aka ta’riflab yozganidek, ularning ish uslubi «zargarona» edi… Bu yerda qattiq mehnat intizomiga rioya etiladi. Ishga qabul qilinuvchilar obdon «sinov»dan o‘tkaziladi. Chunki ichadigan, chekadigan, muomalasi qo‘pol kishilar bajaradigan ish ham ko‘ngildagiday bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi Ronald.
Tayyor mahsulotlar omborxonasining bir tomoni oyoq-qo‘llari yaxshi rivojlanmay, beli mo‘rt bo‘lib tug‘iladigan bir oylikdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan chaqaloq hamda bolakaylarbop «muolaja kiyimlari» bilan to‘la edi. Ayniqsa, oyoq kiyimlarining turli shakl-shamoyilda bo‘lsa-da, chiroyli va bejirimligi odamni lol qoldiradi. Qay birini olib, yerga yoki kaftingizga ursangiz, rang-barang shu’lalar porlab, yoqimli muzika yangraydi.
Bu xildagi jajji «kashfiyotlar» hayotning banogoh sinovlarini ilk bor boshidan kechirayotgan murg‘ak qalblarga ozgina bo‘lsa ham shodumonlik baxsh etish uchun yaratilgan ekan. Nogiron chaqaloq va bolalarga atalgan ushbu sovg‘alarni yaqinda yangi yil tuhfasi sifatida janob Ronaldning katta kuyovi o‘z hisobidan jo‘natibdi.
To‘rt qavatli binoning uzun koridori adog‘ida joylashgan kenggina, oldi ayvonli yorug‘ xonada bizlarni Ronaldning rafiqasi Suyen xonim ochiq chehra bilan kutib oldi. Bu yer ular istiqomat qiladigan «apartament» (uy) ekan. Xonadon bekasi xuddi o‘z xo‘jasiga o‘xshab, aslo «o‘zgarmagan» qirq yoshlar atrofidagi juvonga, hatto hozir bizda namoyish etilayotgan Quriya kinoserialidagi «Imperator ayol»ga ham o‘xshab ketardi. Dasturxon ustida ancha vaqt gurunglashib o‘tirdik. Bo‘stonliqdagi birinchi uchrashuvni, Tursunboy otani esladik. Shubhasiz, Ozod akaning hazil-mutoyiba gaplari, dilbar suhbatlarini yodga oldik. Gap orasida uy sohibi xuddi yosh boladay zavqi jo‘shib, o‘zbekchaning ingliz-koreyscha «qurama» lahjasida «Ozod aka yozgan: men darvesh, men darvesh» deb qo‘yadi.
Ha, bu odam rostmana «darvesh» bo‘lmasa, shu yoshga kirib ham «quyulmay» boshqalar tashvishida «yog‘och oyog‘i» bilan yelib-yugurarmidi, viloyatma-viloyat yuzlab chaqirim yo‘l bosib, o‘z «hamdard»laridan xabar olib, ularning o‘ksik ko‘nglini ko‘tararmidi…
—    Nima kamchiliklar bor? — so‘raymiz janob Ronalddan.
—    No-o, problem! Hammasi yaxshi! — deya javob beradi u.
—    Nabiralar nechta bo‘ldi? — yana savolga tutamiz mezbonni.
— O, juda ko‘p! Yuringlar ko‘rsataman, — u o‘rnidan turib, to‘rdagi xosxonaga boshlaydi.
Ichkariga kiriboq to‘rt tomon devor yuziga tartib bilan ilingan juda ko‘p fotosuratlar «galareyasi»ga ko‘zimiz tushdi. To‘g‘rida kattalashtirib ramkaga solingan ko‘hlikkina uchta ayol (o‘rtadagisini tanidik, ilk bor Bo‘stonliqqa chiqqandi), zabardast yigitlar va qo‘llarini baland ko‘targanicha jilmayib turgan sakkizta o‘g‘il-qizning surati ko‘zga tashlanib turardi.
— Bular bizning qizlarimiz, kuyovlarimiz va ularning farzandlari, Ronald ayniqsa nabiralarini juda sog‘inadi. Menam. Kunora kelinglar, sog‘inib ketdik, deb Amerikadan qo‘ng‘iroq qilishadi. Ayniqsa, nabiralarning ovozini eshitsak, juda g‘alati bo‘lib ketamiz! — deya tushuntirish beradi Suyen xonim. So‘ng shu oilaviy surat yonidagi, moviy dengiz bo‘yida qad rostlab turgan ikki qavatli oppoq koshona binoga ishora qiladi. — Bu bizning Kaliforniyaning San-Diyego shahri yaqinida dengiz sohilida joylashgan oromgoh uyimiz. Ronaldning o‘zi loyihasini chizib, qurdirgan… Yilda 10-15 kunga borib, turib kelamiz, xolos. Doktorning boshqa vaqti yo‘q. Bu yerdan bo‘shamaydi… Ha, manovu surat endi tarixiy bo‘lib qoldi. Pekindan yuborilgan. Shaharning Sunn-II dahasidagi doktor Kvan boshqargan «New Nore” markazining umumiy ko‘rinishi…
Uy bekasining aytishicha, bu surat ancha oldin, doktor tomonidan «esdalik» uchun yuborilgan. Shu yilning boshlarida Xitoydan taklifnoma kelibdi. Ronaldning qariyb ellik yillik qadrdon do‘sti doktor Kvan o‘limi oldidan: “Ishimni hamkasbim Ronald davom ettirsa yaxshi bo‘lardi”, deya vasiyat qilgan ekan. Lekin, bu darvesh qariya tushmagur shuncha qadrdon bo‘lib qolgan yaxshi odamlarni, ayniqsa, yordamimga ilhaq bo‘lib, ko‘z tikib turgan nogironlarni tashlab qayoqqa ketaman, deya xatni g‘aladonning bir burchiga tashlab qo‘yibdi.
Biz Ozod akaday ulug‘ inson asari bosh qahramoni bo‘lgan tinib-tinchimas bu ajoyib «darvesh» bilan xayrlasharkanmiz:
— Shuncha yoshga kirib, shuncha ishlar qilibsiz. Armoningiz qoldimi? — deya savolga tutdik.
— Yo‘q! — dedi u, — bir orzuyim bor xolos. U ham bo‘lsa, o‘zbekistonlik nogironlar hamma qatori boshlarini baland tutib, shaxdam qadamlar tashlab yurishlarini, chehralaridan doim kulgi arimasligini ko‘rish!