Beknazar Yernazarov. Uxlama, quyosh! (qissa)

Chiroq o‘chgan zahoti hujra zulmatga chulg‘andi. Qiziq! Derazadan na shamol, na to‘zon, na issiq, na sovuq kira oladi. Lekin qorong‘ilik kira oladi. O‘zi bilan birga qo‘rquvni ham yetaklab kiradi. Kunduzi birortasi ham yodga tushib, ko‘z oldida elaslamaydigan qo‘rqinchli allanimabalolar paydo bo‘ladi. Hujrada ko‘zingni ochib yotasanmi, yumib yotasanmi, baribir, nomini bilmaydigan, jismini so‘zda ifodalab yoki tasvirlab bo‘lmaydigan narsalar ko‘rinadi. Qorong‘ilik naqadar dahshatli!
Erkin naridan-beri ko‘rpani yuziga tortib, uxlamoqchi edi, biroq uxlay olmadi. Chip-chip terga cho‘mdi. Ko‘rpadan boshini chiqarsa, allanimabalolar kelib qoladiganday tuyuladi. U chidami tugab, ko‘rpaning bir chekkasini qayirib, ko‘zini ochdi. Erkin nafas ola boshladi. Yonida oyisi yotganligidan quvondi, o‘zini sergak tutdi. Endi boyagi qo‘rqinchli narsalar ko‘z oldidan g‘oyib bo‘ldi. U ochiq ko‘z bilan yotganiga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lgandek, kipriklarini bir-biriga tekkizib, ushlab ham ko‘rdi. Xonadagi jihozlarni xuddi ko‘rib turgandek xayolidan o‘tkaza boshladi. Xona eshigining o‘ng tomonida bo‘sh lagan. Uning suvini yotarda onasi tashqariga chiqarib to‘kkanini bilardi. Devordagi mixda onasining paltosi, ro‘moli va bitta chopon har doimgidek osig‘liq turibdi. Hujrada bulardan boshqa ustiga yuk yig‘ib qo‘yilgan sirli eski sandiq bo‘lib, uning ham bo‘yoqlari o‘ngigan, qanday rangdaligini bilish qiyin. Qovurg‘aga kiyikning qo‘sh shoxi ilingan namatcha osib qo‘yilgan. Xayoli shularga yetib kelganida, kiyik shoxi birdan qimirlab ketdi. Soqoli selkillab, kavsh qaytarishga kirishdi. “Menga buncha tikilavermasang”, degandek, goh-goh kavsh qaytarishdan to‘xtab, Yerkinga uzoq tikilib turdi. Ko‘zlarining o‘tkirligi-chi… Gapirib yuboray deydi-yu, yana jimgina kavsh qaytarishda davom etadi. So‘ng tag‘in termilish. Birdaniga ma’rab yubordi. Yerkin cho‘chib tushdi. Muguz osig‘liq o‘rnidan sakrab tushib, suzib oladigandek tuyuldi unga. Qo‘rqinch tobora kuchayib bormoqda. Asta-sekin onasining yuzini siladi. Onasi uning qo‘rqayotganini sezganmi, yo‘qmi, mitti qo‘lchalar yuzini silaganida qimirlamadi ham. Uyg‘otishga oyisidan qo‘rqdi. Bunday paytda u doim: “Yotsang-chi, hali uxlamayapsanmi? Ozgina ko‘z ilintirib olaylik. Hozir dadang kelsa, uxlashga qo‘yadimi?” – deb yoniga ag‘anaydi.
Dadam qayerlarda yurgan ekan? U ertaroq kelganida qo‘rqmagan bo‘lardik. Har kuni ichib keladi. Aroq qayoqdan topila berar ekan-a? (Bu onasidan eshitgan gapi edi.) Qayerlarda ichib yurar ekan? Kimlar og‘ziga quyayotgan ekan? (Bu ham onasining aytganlari.) Dadasi kelib, uyda janjal ko‘tarishini yodga olganida, ertalabgacha kelmasligini istadi. Tong otishi qanday yaxshi! Atrof nurga chulg‘anadi. Bo‘ribosari bilan o‘ynaydi. Dadasi ertasiga kelib, onasi bilan xohlaganicha urishaversin. U uydan chiqib ketadi-da, tashqarida yuraveradi. Kun bo‘yi yonida Bo‘ribosar bor ekan, hech nimadan qo‘rqmaydi.
Erkinga dadasining ichib kelishi va oyisi bilan janjallashishi shunday bo‘lishi kerakdek tuyulardi. Ichib kelishidan qancha qo‘rqmasin, aroqni tashlashiga ham ishonmasdi. Go‘yoki uning ichishi shartdek edi. Chunki onasi har doim “Ichkiliksiz yashay olmaysan, ichishni tashlasang o‘lasan”, – deya javrardi. Mayli, o‘lmay qo‘yaqolsin, ichib yuraversin, janjaldan so‘ng ertasiga “bilmay qolibman” deb yolvoradi, hatto yig‘laydi ham. Katta odamlarning yig‘lagani yomon-da! Yig‘lamasdan ichib yuraversa bo‘lmasmikin? Ichmasa o‘ladigan bo‘lsa Ayimbet bojbonning ola itidek ko‘miladi-da. O‘lganlarning barchasi yer tagiga ko‘miladi deb oyisi aytgan edi-ku.
Ayimbet bojbonning ola iti birdaniga tirilib kelgandek bo‘ldi. Hali ustidan tuprog‘i arimagan. “Meni nega ko‘mding”, degandek tishlarini irjaytirib, irillaydi. “Haf” etib tishlab olay dedi. Yerkin yana cho‘chib tushdi. Ko‘zi ilinayotgan ekan.
Kiyik shoxi yana kavsh qaytara boshladi. Qo‘rqinchli maxluqlar atrofni qopladi. Hujra ichi tobora to‘lib bormoqda. Tezroq tong otib, kun chiqa boshlasa edi. Qo‘rquv g‘oyib bo‘lardi. Kun qayerlarda yurgan ekan? To‘qayning narigi tomonida. O‘rkach-o‘rkach qumlardan ham narida. Kunning qayerdaligiga aniq ko‘zi yetmaydi, ko‘p-ko‘p “nari”larni o‘ylamoqchi edi, ular ham tugab qoldi. Hozircha kundan umid yo‘q, sodir etilganlarini ertaga aytadi. Uyga yorug‘likni kiritib yuborib, o‘ziyoq uyg‘otadi. Barcha aytganlarini uzoq, erinmasdan tinglaydi. Hozir esa oyisi uyquda, qo‘rqinchdan ajratib oluvchi hech kim yo‘q.
Erkin piqillab yig‘lay boshladi. Ko‘z yoshlari yuzini yuvmoqda. Onasi darrov uxlab qolaveradi.
– Hov, Yerkinjon! – onasi bag‘riga bosdi. – Senga nima bo‘ldi?
Erkin battar ho‘ngrab yubordi. Boshi onasi ko‘ksida. Burun qo‘rqinchdan yig‘lasa, endi quvonchdan yig‘layotir.
– Qo‘y, yig‘lama, Yerkinjon. Nimaga yig‘layapsan, qo‘rqdingmi?
– Ha!
– Qo‘rqma. Yoningda men borman. O‘g‘il bola ham yig‘laydimi? Onasining yonida yotib ham qo‘rqadimi?
Chindan-da onasi yonida yotgan bola ham qo‘rqadimi? Oyisi-ku hech nimadan qo‘rqmaydi. Birovga berib ham qo‘ymaydi. U uxlamaydi, faqat uxlaganga o‘xshab yotadi.
Erkin uyquga ketdi.
Quyosh Yerkin bilan qo‘l silkib xayrlashdi.
– Uxlab qaytaman, – dedi u yuzida iliqlik tovlanib.
– Men bilan uxlasang bo‘lmaydimi?
– Bo‘lmaydi-da. Mening ham uxlaydigan uyim bor.
– Har kuni ketib qolaverasan. Aqalli men bilan bir kecha qolsang bo‘lmaydimi? – deb yalindi Yerkin. – Sen ketishing bilan atrofni qorong‘ilik qoplab oladi. Sendan boshqa hech kimdan hayiqmaydigan qo‘rqinchli balolar paydo bo‘ladi. Sen ularni ko‘rganmisan? Attang, senga ko‘rinmaydi-da. Sendan qo‘rqishadi-da.
Erkin quyoshdan qo‘rqib, yashirinib qoladigan bunday balo-qazolarning o‘zidan qo‘rqmasligidan xafa bo‘ldi. Quyoshdek kuchli va o‘tkir nurli bo‘lishni orzu qildi. Attang! Quyoshdek yuqoriga chiqa olganida hamma narsani ko‘rgan bo‘lardi. Dadasining qayerda yurganligini bilardi. Hatto uyiga ham kuzatib birga kirib kelishardi.
– Qayerlarda yurgan ekan? Traktorni ag‘darib, o‘lib qolmasa yaxshi edi!
Oyisining ichdan pichirlab aytgan bu gaplaridan Yerkin vahimaga tushdi. Dadasi o‘lib qoladigandek tuyuldi. “Traktor ag‘darilib ketsa, u o‘lib qoladimi?” deb so‘rashga oyisidan qo‘rqdi. Yana o‘yladi. “Qandaydir yo‘llar bilan bu gapni eshitgan bir kuch traktorning bir g‘ildiragini ko‘tarib yubormasin-da”.
Olisdan traktor ovozi eshitilgandek bo‘ldi. Yerkin nafas chiqarmasdan qulog‘ini ding qildi. Traktor ovozidan uy ichini qamrab olgan qo‘rqinch, shubha-gumon bulutdek tarqalib ketdi. Va o‘sha ovoz eshitilishi bilan derazadan, eshikdan, uning teshiklaridan qorong‘ida ko‘zga ko‘rinmaydigan maxluqlar ham chiqib qocha boshladi. Yerkin dadasining kirib kelishini betoqat kuta boshladi. Biroq anchagacha eshik ochilmadi. Uning tashqarida irkilishi uyga boshqa qo‘rqinchni kiritib yubordi. “Qoramanglay, nega kirmayotir? Bugun ham ichib kelgan-ov…” degan oyisining gap­lari Yerkinning qo‘rqinchini bundan-da oshirdi.
Endi ota-ona o‘rtasida odatdagidek janjal boshlanadi. Oyisi qunishib o‘tirganicha yig‘lab-siqtaydi.
Boymurot so‘kinganicha kirib keldi. Yerkinning mitti yuragi hapriqib, dukirlab, hali o‘tirishga o‘rganmagan qaldirg‘och polaponiga o‘xshab yelvirab turibdi.
– Oygul! Qayoqdasan? O‘rningga ham yotib olgandirsan allaqachon?
Erkin qaltiray boshladi. Yuragi allaqanday kuchli kaftda turgandek, ko‘rpa tagiga sho‘ng‘idi.
– Nima deysan? Hozir gugurtni topib olay. Qopilg‘ir, qayoqda qoldi?
Erkinning qo‘lida gugurti bo‘lganida, tez borib yoqib yuborardi. Xurjunga tiqib qo‘ya berguncha, Yerkinga ham bittasini berib qo‘ysa bo‘lardi-ku.
Gugurtning kichik bir cho‘pi hujradagi qorong‘ilikni quvib chiqdi. Hatto yorug‘lik Yerkin yotgan ko‘rpa ichiga ham kirib, ko‘rpa orasidagi qorong‘ilikka tegindi. Yerkinning xayoliga mitti quyosh kirib kelgandek bo‘ldi. Vujudida kuch va dadillikni his etdi.
– Nega traktor ovozini eshitganing zahoti chiroqni yoqmading? Yoki kiyinishga ulgura olmadingmi?
– Yo‘g‘-e, hozirgina o‘chirgandim. Sen kelgach, yoqarman devdim.
Oyisining qo‘l qovushtirib turishini xayolan tasavvur qildi. Dadasi ovozini ko‘tarib, do‘q ursa, onasi qaltiraydi. Onalarga ham qiyin. Dadalarning tayog‘iga tayyorlanishi kerak. Har kuni ahvol shu. Dadasi kimdandir xafa bo‘lib kelsa, alamini oyisidan oladi.
Erkinga bu xuddi shunday bo‘lishi lozim shartli hodisadek tuyuladi.
– Qani ayt, bugun qayerda uchrashdingiz?
Erkin ko‘rpa ichida yotiboq, onasining yig‘lashga tayyorlanayotganini sezmoqda. Mana, tili bilan ustki labini yaladi. Ko‘zidan chiqqan yosh zumda yonog‘ini yuvdi. Yerkin og‘zida achchiq ta’mni his etdi. Oyisining labidagi yosh tomchisi uning labiga tekkandek bo‘ldi. Beixtiyor labini yaladi. Tiliga labining mayin tuklari tegdi.
– Boymurot, qo‘ysang-chi. Qayerda ham uchrashay?
– Uni men sendan so‘rayapman. Yoki uchrashadigan joyingni men belgilab ketibmidim?
– Yo‘q.
– Bo‘lmasam ayt, bojbonni qayerda ko‘rding?
– Qo‘ysang-chi, Boymurot, hech qayda ko‘rganim yo‘q.
Ko‘rsa nima qilibdi? Har kuni ko‘radi-ku. Oyim ham to‘g‘risini aytsa nima qilarkan? Bugun eshik oldidan o‘tib borayotganida ko‘rib, salom berdi. U “ko‘p yasha, kelin”, dedi va yo‘lidan yurib ketdi. Ko‘rsa nima qilibdi?
– Senga aytayapman. Nega to‘g‘risini aytmaysan?
– Ayta qol, oyi! Ko‘rganingni ayt! – Yerkin ko‘rpa tagida beun “baqira” boshladi.
– Nimani aytay? – yig‘lamsiray boshladi oyisi.
“Bojbonni ko‘rganingni ayt. Shunday desang urmaydi. Ayt, aytaqol, oyi!” Yerkinning yuragi bezovta ura boshladi.
– Aytasanmi, yo‘qmi?
Dadasining ovozidan uning to‘r tomonga o‘tganini payqadi. Onasi bukchayib o‘tirganicha dadasining oyog‘ini quchib, unsiz yig‘layotir. Ko‘z oldida oyisining yosh to‘la ko‘zlari, chuvalgan qop-qora sochlari namoyon bo‘ldi.
– Yo‘qol nari! Tirg‘ilma menga!
– Meni o‘ldir, o‘ldiraqol!
Erkin terga cho‘mildi. Yengil nafas olish uchun kichkina qo‘llari bilan ko‘rpa chetini qayirdi. Ko‘rpa ochig‘idan salqin va yorug‘lik kirib keldi. Yorug‘lik vujudiga dadillik ato etdi.
Oyisi dadasining oyoqlarini qattiq quchgancha, yuzini uning tizzasiga bosib o‘tiribdi. Yerkin onasining yuzini ko‘rmasa-da, betini yosh yuvib turganini angladi.
– Dada! – u o‘zi payqamagan holda yugurib borib, dadasining oyoqlarini quchdi.
– Hov, Yerkinjon, senmisan? – yirik kaftlarini uning kuragiga bosdi. – Mening zo‘r o‘g‘lim. Uxlamasdan onasini kuzatib yurgan sendek boladan o‘rgildim! Bu bo‘lmaganida nima bo‘lishini Xudo biladi… Qo‘yib yubor oyog‘imni.
Dadasining beo‘xshov kulgisi ba’zan yakshanba kunlari bozordan barvaqt qaytgandagidek quvonch olib keldi.

“Keldingmi, quyosh”, – dedi Yerkin ko‘zni qamashtirgan o‘tkir nurlarga tik qaray olmasdan o‘ng qo‘li bilan ko‘zlarini to‘sib. Quyosh nurlari qasddan uning ko‘zlarini qamashtirib, o‘ynay boshladi. Yerkin mitti kaftlarini ko‘ziga tutganicha sharaqlab kuldi. Charaqlagan nurlarga go‘dak kulgisi qo‘shilib, atrofni butkul charog‘on etdi. “Kechasi dadam ichib keldi. Oyim bilan janjallashmadi. Salgina koyidi-qo‘ydi. Mengayam tekkani yo‘q. Mening dadam naqadar kuchli! Hech nimadan qo‘rqmaydi. Devlarning ham boshlarini yulib oladi”.
Boymurot har gal mastligida o‘zining kuchliligini aytib, maqtanardi. Chindan ham uning birovdan dakki yeganini eshitmagan va ko‘rmagan Yerkin dadasini ­dunyodagi eng kuchli odam sanaydi. Traktor minib, biror joyini sal turtib yuborishi bilan quchoq yetmas daraxtlarni qo‘porib tashlaydi. Yoxud osmonga yetkazib yuklangan o‘tinli telejkani osmonga bossa-ku, oziq tishlari qayrilgan qobonlar chinqirib yerga ag‘anab tushadi. Kuch degani shunchalik bo‘ladi-ku! Oyisi uni ko‘rsa qo‘rqadi. Biroq gohida dadasi ichib kelganining ertasi kuni onasiga yolborayotganini eshitib qoladi. Shunga ko‘ra oyisida ham kuch bor bo‘lsa kerak. Lekin dadasining mast holda kelib, janjal chiqarayotganida biror marta bo‘lsin oyisi kuchini ko‘rsatmayotganidan taajjublanadi. Ushbu jumboqning yechimini haligacha topa olgani yo‘q. Bu haqda eng yaqin do‘sti bo‘lmish quyosh bilan so‘zlashdi. U ham hozircha yaxshilab tinglash, boshini sarak-sarak qilib ma’qullashdan nariga o‘ta olmayapti. Biror nima deganicha yo‘q.
Bugun dadasining kuchliligini yana bir bor ko‘radi. Ular Bo‘ribosar uchovi ko‘prikni qorovullaydi. Beruxsat o‘tin oluvchilarning ko‘zlarini joyiga solib qo‘yadi.
– Dada, odamlar to‘qayni chopib ola berishsa nima qilibdi? – dedi Yerkin uning ma’nosiga tushuna olmasdan.
– Nima qilibdi? – Boymurot hozir o‘zi javob izlab ko‘rmagan bu savolni o‘ziga berdi va shunchaki og‘ziga tushgan so‘zni qaytarmadi. – Hech nima qilmaydi. Lesxozning odamlari to‘qayni qo‘riqlashlari kerak.
– Shunda lesxozning odamlaridan boshqalari o‘tin olmasligi kerakmi? – Yerkin bunday uch kun ilgari Ayimbet bojbon bilan o‘z uyi qoshiga keltirgan ikki telej­ka saksovulni nazarda tutgandi.
– Olmasligi kerak, – Boymurot shunday deya bema’ni javob qaytardi.
– Unda boshqalar o‘tinni qayerdan olib yoqishadi?
– Qayerdan olishsa, shu yerdan olishsin. Berilmaydi, vassalom. To‘qayni lesxozning odamlari ekkan. Ilgari soy bo‘yidagi eski uylarda odamlar yashagan. Ular mana bu to‘qaydagi daraxtlarni ekkan.
– Bo‘lim boshlig‘ining odamlari bir telejka saksovul oldi deganding-ku.
– Ularga ruxsat qilingan. Ruxsat qilinganlar olaveradilar.
Kim o‘tin olishga haqli, kimga mumkin emasligini aniq bila olmagan Yerkin yana so‘rayverishga botina olmadi. O‘tin olaverishga boshliq degan odamlar haqlidek tuyuldi. Chunki dadasi mast bo‘lib kelgan paytlari ko‘pincha boshliqlarning o‘tin ortgan mashinalarni irkkanligini, qo‘liga pul tutqazganlarini irkmasdan qo‘yib yuborishini talay aytgan edi.
Bu gaplar mohiyatini chuqurroq anglamagan Yerkinning xayoli olisdan eshitilgan traktor ovoziga taqaldi. So‘ngra qorong‘ilikni tilka-pora qilgan yorug‘lik hurkkan ko‘rshapalak singari u tomondan bu tomonga o‘ynoqlab o‘tib turdi. Yorug‘likning ta­yinsiz harakatlari Yerkinni mazax qilayotgandek. Hozir quyosh yo‘q. Shu bois atrofni kuzatish mening chekimga tushgan deyayotganga o‘xshaydi. Be, quyoshdek bo‘lishga senga yo‘l bo‘lsin? Quyosh degani zulmatning kushandasi. Quyosh bo‘lganida o‘tin ortib o‘tgan olddagi traktorchining dadasiga nimalar keltirib berganini ko‘rgan bo‘lardi. Nimagadir dadasi ular bilan iliq xayrlashdi. Traktor yurib ketgach ham xursandligidan hushtak chalib yubordi. Uning nima qilganini kuzatib boradigan quyosh ham allaqachon uyquga ketgan. Aksiga olib Bo‘ribosar u yoqqa jilmay qo‘ydi. O‘zining borishi befoyda. “Kattalarning ishiga aralashma”, deya qaytarib yuborishi aniq. Endi chiranib turishini ko‘ring! Qorong‘ilikni qoq ayirib kelayotgan yorug‘lik Yerkinlarning atrofini kunduzgidek yoritdi. Telejkasiga bosib o‘tin ortilgan traktor ovozi quloqqa chalinishi bilan Bo‘ribosar oldiga hurib chiqdi. U hali traktor yonida hurib, chopqillab kelmoqda.
Traktor ko‘prik og‘ziga ko‘ndalang tortilgan yog‘ochga g‘ildiragi tegib-tegmas to‘xtadi. Traktorchi sakrab tushib, Boymurot bilan salomlashdi.
– Raykom yuborgandi, – dedi.
Raykomning qanaqa kuchli odam ekanligini bilolmay hayron bo‘lgan Yerkin hurayotgan itining bo‘ynidan quchib, kattalarning so‘ziga quloq tutdi.
– Raykom-paykomingni bilmayman. Hujjatlaring bormi?
Devqomat traktorchidan tap tortmasdan so‘zlayotgan dadasi yanada kuchliroq tuyul­di. Bu kuchli odamga ish buyurgan raykom ham anoyi odam bo‘lmasa kerak. Ammo dadam undan ham qo‘rqmaydi. Qanday kuchli!
– Bojbonga allaqachon aytilgan degandan keyin…
Devqomat tek turmay telpagini qo‘liga olib, yirik barmoqlari bilan sochini qimtishga kirishdi.
– Raykom sening o‘tiningga zor emas. Uning nomini sotib nima qilasan? Qani, traktorni uyning yoniga hayda!
– Bo‘ldi-da, inim. Xudo haqqi, qo‘yvoraqol. Yolg‘on gapirayotganim yo‘q. Raykomning tug‘ishgan tog‘asining o‘tini.
– Kimniki bo‘lsa, shuniki bo‘lsin. Qani, traktorni hayda!
Otini tirqiratib Ayimbet bojbon yetib keldi.
– Hoy, Boymurot. Boyadan beri nega irkib turibsan. Qayerga olib borishini aytgandan so‘ng yubora bermaysanmi?
– Nega yuborar ekan? Hujjatsiz yubora olmayman axir!
– Raykomning nomi senga hujjat emasmi? Vaysashni to‘xtat. Yubor traktorni.
– Unda o‘zing turaqol, – dedi-yu Boymurot shartta uyiga jo‘nadi. Ketidan Bo‘ribosar va Yerkin ergashdi.
– Sen bilan ertaga gaplashamiz. Yana ichib olgansan-ku, ahmoq!
Dadasining ichganini ko‘rmagan Yerkin uni oqlab, “ichgani yo‘q, ichgani yo‘q”, deya ichdan pichirlab kelayotir.
– Quyosh, sen uxlamaganingda dadamning ichmaganligini aytib berarding.
Erkinda “dadam qo‘rqib qaytdi-yov”, degan o‘y paydo bo‘ldi. Ammo bu yerda kim kimni yengganiga aqli yetmadi.
Boymurot uyga kirar-kirmasdan oyoqlarini silkib-silkib yubordi. Etiklar birin-ketin yechilib, o‘rtadagi temir pechga borib urilib, yerga dumalab tushdi. Yerkinning oyog‘i uchidan kirgan hadik zing‘illaganicha yuragiga osildi.
– O‘sha hayvonni quritishim kerak! O‘shanga ilakishma desam ham, ko‘zimning tashasini topib…
– Qo‘ysang-chi, Boymurot. O‘zing borsan, unday cholni nima qildim? O‘zingni u bilan bir qiyoslab ko‘rgin!
Bu gaplar mazmuniga to‘la tushunmagan Yerkin janjalning bosilishini kutdi.
Dadasi shuncha kuchi bilan hech nima qilmadi. Yerkinning kutgani bo‘lmadi, lekin dadasi so‘zlashdan to‘xtay demadi.
– Ayimbet bojbonni bilmaysan. U borib turgan yolpildoq. Amalli odamning kavushiga ultaroq bo‘ladi.
“Odam ham kavushga ultaroq bo‘ladimi? Amalli degani qanaqa ekan. Bo‘yi daroz, hammadan kuchli chiqar”.
Dadasining har bir harakatini ko‘zdan qochirmay, eski sandiqqa orqasini tirab tinglab o‘tirarkan, Yerkin ultaroq bo‘layotgan odamni ko‘z oldiga keltirdi.
– Raykom yoki raispolkomning yaqiniman desa bo‘ldi. Rostmi, yolg‘onmi, aniqlab o‘tirmaydi. Bo‘lsa nima bo‘pti? Bojbonmisan, ishingni bil.
“Dadamning kuchini ko‘ring, raykomdan ham, rayispolkomdan ham qo‘rqmaydi…”
– Tortishaverib nima qilarding? Ayimbet bojbon bejizga qo‘rqmasa kerak. Tag‘in nonimizdan ayrilib qolmaylik.
Erkin yig‘ishtirib qo‘yilgan quroq dasturxonga ko‘z yugurtirdi. Shunda qorni ochganligini sezdi. U asta dasturxonga yaqinlashib, qo‘liga non oldi. Shubhalanib eshikka nigoh tashladi. Uning dasturxondan non olganini hech kim payqagani yo‘q. Dadasi va oyisi pech ortiga o‘tib, bir-birovining so‘zini ma’qullashardi.
Erkin sandiqqa suyanganicha uyquga ketdi. Uyqusida tush ko‘ra boshladi.
Erkinning onasi Oygul bilan bojbonning ayoli Fotima otashdon qarshisida so‘zlashib o‘tiribdi.
– Opa, nimasini aytasan, Boymurot o‘qishini bitkazmagan. Bir-ikkitasiga kirgan bo‘lsa-da, keyinchalik tashlab ketgan. O‘qiganida bir narsa bo‘larmidi?..
“O‘qimagandan so‘ng ham icharkan-da. O‘qishga borsam o‘qiyveraman, o‘qiyveraman”. Yerkin o‘ziga shunaqa shart qo‘ydi.
– Albatta, – dedi Fotima Yerkinning xayolini eshitib turgandek, ma’qullagan ohangda. – “O‘qimagan o‘ngmas”, deb bekorga aytilmaydi. Ayniqsa, o‘qishni boshlab, keyin tashlab ketganlardan tuzukroq odam chiqqanini ko‘rmaganman. O‘qimaganlar g‘oyatda o‘jar, omi bo‘lishadi. Bizlar-ku bojbonning oyog‘ini bir etikka tiqib qo‘yamiz.
“Mening dadamga kuch ko‘rsatib yurgan bojbon nahotki, shu ayoldan qo‘rqsa”. U ishonarini ham, ishonmasligini ham bilmay, og‘zini ochganicha hayronu lol qoldi. Deraza chertildi. Yerkin quvonganidan “Quyosh”, deb qichqirib yubordi. Ovozi qattiq chiqsa ham, o‘zidan boshqa birov eshitmadi. Og‘zini og‘ziga bosib so‘zlashayotgan ikki kishi Yerkinning borligiga e’tibor ham qaratganlari yo‘q.
– Tss, – deya quyosh labiga barmog‘ini bosdi. – Jim, gaplariga quloq osma. Tashqariga chiq, gaplashamiz.
– Hozir chiqaman. To‘xta. Derazadan chiqa olmayman.
Eshikdan chiqmoqchi bo‘lib orqasiga qayrilganida oyisi yonidagi Fotimaning o‘rnida Ayimbet bojbon o‘tirganini ko‘rdi.
Ayimbet Oygulning bilagidan chaqqonlik bilan ushlab oldi. Quyosh nuri onasining bilagidan taralayotgandek birdaniga g‘oyib bo‘ldi. Hujrani yana zulmat qopladi.
– Hov, uyalmaysanmi, Ayimbet og‘a?!
Onasining hadikli ovozi eshitildi.
– Qachondan buyon orzu qilaman. Axir “Tun g‘aribniki”, deganlar. Quyosh nuri har kuni so‘nishi bilan shu vaqtni orzu qilardim.
U ilgari mast holda kelganida Yerkin uni quvib solgandi. Yana quvib yubormoqchi bo‘lib o‘qtaldi. Lekin joyidan qimirlay olmadi. Baqirdi, ovozi chiqmadi. “Quyosh, quyosh, qayerdasan, hozirgina bor eding-ku? Tez yetib kel!”
Allaqanday og‘ir narsaning tagidan chiqayotganday tushunarsiz sas uzuq-yuluq quloqqa chalinadi. U nimaning sasi, aniqlash mumkin emasdi. “Quyosh, bojbon tag‘in keldi. Kelsa ayt, deganding-ku. Qayga ketding?”
– Bola bor-ku, Ayimbet og‘a. U uyg‘onib ketadi. Keting, ichgansiz. Uyg‘onsa sharmanda bo‘lamiz. Boymurot kelib qoladi.
– Tunda bola uyg‘onarmidi, Oyguljon? Quyosh botishi bilan uxlab qoladi. Shu alkash boyingni keladi deb qo‘rqma.
“Quyosh, ana, eshitayapsanmi, tez kel. Sen uxlashing hamon hammasi boshlanadi. Meni sen bilan qator uxlayotir deb o‘ylab Ayimbet bojbon oyimni urmoqchi bo‘lib turibdi”. Tushunarsiz saslar sekinlik bilan ko‘paya borib, so‘ngra hujrani tutib ketdi. Ular zumda hujradan qorong‘ilikni quvib chiqdi. Yerkinning ovozi eshitilib, quyosh kirib keldi. Hujra ichida o‘zidan boshqa hech kimsa qolmagandi. Yugurganicha dalaga otildi. Quyosh allaqachon to‘qayning naryog‘iga borib qolibdi. Qo‘l silkib uzaya boshladi. Quyosh uzoqlashgan sari atrof xiralasha boshladi.
Quyosh ketgan tomonga nigoh tashlab turgan Yerkinni Bo‘ribosarning ovozi cho‘chitib yubordi. Ketidan chopganicha bordi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘zlaridan boshqani unutgan Boymurot bilan Fotima yarim yalang‘och holatda bir-birini quvlashib yuribdi. Yugurishdanmi, kulgidanmi sal charchashgandek. Dadasining qo‘li sal tegishi bilan Fotima xandon otib kuladi. Atrofni achchiq va qo‘rqinchli kulgi birozgacha qoplab turadi. Yerkin uyatdan o‘rtanayozdi. “Dada”, deya qichqirib yubordi. Shunda qaydan kelgani noma’lum katta musht boshiga “durs” etib tushdi. Yerkinning bo‘yni uzilib ketishiga sal qoldi.
Ko‘zini ochib birozgacha qayda yotganini bilmadi. Yurak urishi qulog‘ida aks-sado­­­­ bermoqda. Qushchadek pitirlayotgan yuragi ko‘ksini qoq ayirib, chiqib ketadigandek. Durs, durs, durs. Uy ichini tinta boshladi. Ko‘zi to‘rda yotgan dadasiga tushgandagina o‘zining uyida ekanligini bildi va qo‘rqinchli o‘ylari chekina boshladi. Yonida, qo‘l cho‘zsa yetgudek joyda onasi yotibdi. Ikkalasi ham ko‘rpa yopinmasdan o‘rin-o‘rinlarida uxlab qolibdi.
U tushida ko‘rganlarini esladi. Ba’zilarini o‘ngida ham ko‘rgandi. Ertalab hammasini quyoshga so‘zlab bermoqchi bo‘lib yotdi. Biroq ertalab quyoshning chiqishini kuzata olmadi. Choshgohda uyg‘ongan Yerkin balandlab ketgan quyoshga uzoq termilib turdi. So‘ngra kechasi ko‘rgan voqealarini oyoqlariga suykalib, erkalanayotgan itiga so‘zlab bera boshladi.
– Bojbonning qizlariga qanday yaxshi. Ular ko‘p bo‘lib bir xonada yotishadi. Ko‘pchilik bo‘lganidan yotganda qo‘rqishmaydi.
U maktab-internatda o‘qiyotgan bojbonning ikki qiziga havasi keldi. “Meni ham olib ketishmayapti-da. O‘qisam, u yoqda bo‘lardim. To‘rtinchi sinfgacha Mateke cho‘qaloqdagi maktabda o‘qishing lozim deyishadi. Shundan keyingina internatga olarmish. – Yerkin hoziroq internatga ketadigandek his qildi o‘zini. – Baribir sen o‘qiy olmaysan. Meni ham olib ket deysanmi? Yo‘q, itlar o‘qishmaydi. Quyoshdan so‘rab ko‘ramiz”.
Itni pastda qoldirib, Yerkin baland terakka tirmashdi. Uchiga chiqib kaftida turgan olmani ko‘rganida bo‘m-bo‘sh qalbida bahor tomchilarining tomayotganini his etdi. Tirsillab tomayotgan tomchilar yosh qalbga bir dunyo rohat, shodlik baxshida etayotgandek. Zangori, oq bulutlar to‘dasi sharqdan g‘arb tomon qo‘l silkitib, asta-sekin siljishmoqda. Bulutlar quyosh bilan ham xuddi shunday xayrlashayotir. Ko‘z oldiga kelib qolgan bulutlarni qo‘li bilan yelpib yuborib, borliqni kaftiga joylab turgan Yerkinga goh qiziqib, goh quvonib jilmayadi. Quyosh biladi-da, axir. Yerkin hozir butkul chor-atrofni kaftida ko‘rib turibdi. O‘zidan balandda turgan quyoshning ko‘z oldida qanchadan-qancha narsalar turganini kim biladi deysiz. O‘sha yuksaklikka chiqib olgandami? Undan aslo qaytib tushmas edi. Ba’zida oyisini sog‘ingan paytlaridagina birrov tushib, chiqardi.
Erkin birdaniga uchib ketdi. Qanot qoqmasdanoq tobora balandlab bormoqda. Hajmi uydek bumiga yetib oldi. “Hov!” Quyoshni sovqottirish niyatida bulut yuziga parda bo‘lib tutilar ekan-da. Quyoshni to‘ngdira olmaysan. Uning ko‘zini bosib, yerni qorong‘ilikka botira olmayman. O‘zim yordam beraman.
Erkin uchaverdi, uchaverdi. Bir paytlar yerda oyisi, dadasi yodiga tushdi. Oyisini sog‘ina boshladi. U oyisini izlab, pastga engashdi. Ana, oyisi uydan chiqdi. Eshik og‘zida to‘planib turgan jo‘jalarni ko‘rdi. Oyisi qo‘raga quvib soldi. Uyning o‘ng tomonida o‘sib yotgan jing‘ilning uchidan sindirib olayotir. Sut pishirar paytida shunday qilardi. “Oyi”, deb qichqirdi. Oyisi ovozning qaydan chiqayotganligini bilmay, atrofiga alangladi. Tag‘in “oyi”lagan ovoz eshitildi. Shunda Bo‘ribosar oyisi yoniga yaqin kelib, osmonga qarab hura boshladi.
– Balo ko‘rinadimi bu chirkinga!
Oyisining shunday deyishini bilardi. Bo‘ribosar oyisining oyoqlariga suykalib, battar hura boshladi.
Oyisining Yerkinga ko‘zi tushdi. Og‘zini ochganicha tosh qotdi. Nimalarnidir pichirlab, so‘zlay boshladi. So‘zlarini eshitmayotgan bo‘lsa-da, aytayotganlarini ang­lab turardi.
– Sho‘rlik, qayerlarda yuribsan? – dedi dastlab. Olislab ketganligini bilgach, yalinib-yolvorishga tushdi. – Yerga tush, Yerkinjon! Sal yerda yiqilsang, o‘lasan. E, Xudo, seni osmonga kim olib bordi?!
– Quyosh, – dedi bola. – Quyosh olib ketdi. Uning yonida yursam yiqilmayman. Hammasini ko‘rib turaman. Bojbonning o‘tinni qanday sotganini ko‘raman. Qirg‘ovulni jo‘jasidan ayirib, yig‘latganini ko‘rib, quyoshga kuydirtiraman. Quyoshning yonidan ketishga qo‘rqaman.
– Qo‘rqma, yonimga kelaqol, jonim!
– Dadam urishaveradi. Kechasi sizlar uxlab qolasiz. Shunda yomon qo‘rqaman. Ko‘z oldimda qo‘rqinchli narsalar gavdalanadi. Kiyikning shoxiga jon inadi. Qo‘rada qistiriqlik turgan qobonning, otning quvboshlari kechasi uyga kiradi. Sizlar bexabarsiz. Uyg‘otay desam, ovozim chiqmaydi. O‘lgan hayvonlarning suyagi kirib kelishiga nima deysiz? Bojbon, terisidan telpak tikdirib boshiga kiyib yurgan sariq tulki suyaklarining yig‘isini eshitganda… Sizlar bexabarsiz. Yerda juda ko‘p mudhish hodisalar sodir bo‘ldi. Tartibsizliklar yuz berdi. Osmon tinchgina. Yaxshisi, sizlar ham keling. Kel, kel, oyi!
Qo‘lini silkitayotgan Yerkinning yerga tushib ketishiga bir baxya qoldi. Suyanib turgan daraxt novdasidan bazo‘r ushlab ulgurdi. Yag‘riniga yopirilib kirgan sovuq butun vujudiga tarqaldi. Badanini muzdek ter bosdi. Anchagacha yuragi hapriqib, oyog‘ida titroq turdi.
Erkin atrofni qaytadan kuzata boshladi. Qo‘rqinch to‘la qalbini saldan keyin quvonch egallay boshladi. Chor-atrofga sokin nigoh tashlagach, yana quyoshga tikildi. Oddiy ko‘zga tashlanmas harakatni anglamoq niyatida quyoshga uzoq ko‘z tikdi. G‘arbdan sharq sari siljiyotgan bulutlar to‘dasi quyoshni g‘arb tomon siljitayotgandek.
“Kechasi qanday bo‘lmasin so‘zlashaman”, degan ilinj uning qalbiga cheksiz quvonch bo‘lib o‘rnashdi. Qalbidan mustahkam joy olgan qandaydir kenglik ko‘ngil xonasini junbishga keltirardi. Yuragi sohiliga sig‘mayotgan daryo suvidek toshqinlab, o‘z-o‘zidan qo‘shiq aytgisi keldi. Shodlik va qayg‘uga yo‘g‘rilgan qo‘shiq bora-bora avjiga minib, atrofga tarala boshladi. Kuyni teraklar biridan-biriga o‘tkazib, o‘ynoqi shamollar ovozni olis-olislarga uchirib ketdi. Teraklar uchidan boshlangan ovoz qalin butazorlar orasiga, to‘qay ichidagi ko‘lchalardagi qo‘polliklargacha to‘siqsiz yetib, singib ketdi. Baland tepaliklar, qum barxanlari irkinchsiz o‘tib turdi. Hatto qalin va quyuq bulutlarning ham orasiga kirib borib, ulardan ham oshib o‘tdi. Quyoshgacha borib yetdi. Yerkinning qo‘shig‘ini eshitmagan tog‘-tosh, to‘qay, sahro-cho‘l, hech qanday tirik jonzot qolmadi. Uning ovozi shunchalik qudratli ediki, butun borliq tebrandi. Cheksiz to‘qayzorlar ham, qumli cho‘qqilar ham, suv to‘la daryolar ham, hurkak o‘rdaklar makon bosgan ko‘llar ham, hamma-hammasi beshikda tebranayotgandek tus oldi. Chayqalayotgan daraxtlardagi qushlar shoxlarga mahkam osilib olib, qanotlarini keng yozib, ohangga mos muqomga tushdi. Hamma-hammasini Yerkin o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘tirdi. Shunday qilib uning quyosh bilan qo‘l tutishib, so‘zlashishga qodirligini barcha bilib oldi.
Erkin qo‘shiq aytayotib, quyoshning daraxt shoxlariga ilinib qolganini sezmay ham qoldi. Daraxtdan sakrab tushdi. Bo‘ribosar ikkovlon bir-birini ergashtirib, g‘arb sari chopib ketishdi. Daraxtlar va butalar qoshidan o‘tayotganlarida olisda qo‘shiq kuylayotgan bola-ku degandek, Yerkinning yonida yo‘rtayotgan itiga daraxtlar novdalarini cho‘zib, bir-biriga uzatib qolayotir. Oldinroq ushlashgan novdalar esa o‘zining ziyrakligidan faxrlanishayotir.
Itini ergashtirganicha yugurib, to‘qay ichidagi qum uyumiga yetdi. Qum chetiga oyog‘i tegishi bilan “bizni ham olib ket”, deya tovoniga yopisha boshladi. Qancha oldinga yurgani sari qumlar oyog‘iga shunchalik osilishadi. Hammasi birdaniga “Bizlarni tashlab ketmang, bizlar ham quyoshga boramiz. Usiz yashay olmaymiz. Kechasi qo‘rqamiz”, deya tirmashib qolar edi.
Erkin qum cho‘qqisiga chiqib, nafas rostladi. Quyosh kattalashib, yer chekkasiga yaqinlashib qolibdi. Yerning eng chekkasiga borib, oyog‘ini osiltirib, ufqda osilib turibdi. Oz-moz yer ustini ko‘rib olay deb qarab turibdi.
U qo‘lini birdan bo‘shatmasdan, asta-sekin pastki shoxlarga tusha boshladi. Sekin pastlab borayotir.
“To‘xta, quyosh”, dedi Yerkin hech kimga eshittirmasdan. Biroq uning shivirlaganini quyosh eshitib qo‘ygandi. “Ertaga ertalab barvaqt uchrashamiz. Uyingga qaytaver, Yerkin”.
Har qachongidek, Yerkinning niyati bugun ham amalga oshmadi. U cho‘qqayib o‘tirgan itiga ko‘z tashladi. Bo‘yniga qo‘l soldi. “Iloj qancha, – dedi Bo‘ribosar uzun tilini likillatib. – Bugun ham qolib ketdik. Ertaga ertalab birga jo‘naymiz. Qaytaylik”.
Bo‘ribosar ketishga hozirlanib oyoqlarini cho‘zib kerishdi.
Erkin endi boyagidek yugurmadi. Bo‘ribosar chopgisi kelib, bolaning oldi-ortiga chiqib ko‘zini qizdirib kelmoqda. Bo‘ribosar Yerkinning yugurmayotganidan hayron. Har qalay it-da, itligini qilib, har butaga so‘qligib, yo‘rtib keladi. Goh-goh tilini yig‘ib-qo‘llab, qayta chiqaradi. Atrofdagi qorong‘ilik quyuqlasha boshladi. Yerkinning uyiga borgisi yo‘q. Quyoshning izidan yetib olgisi keldi. Turgan joyidan ko‘tarilib, uchib ketdi. “Vov-vov, meni ham olib ket”, deya g‘ingshigan itiga ham, “hov, qayoqqa boryapsan”, degan daraxtlarga ham javob qaytarmasdan balandlayverdi. Qancha tez uchgan sari, oldidan guvullab chiqqan shamollar to‘sqinlik qilishmoqda. Ko‘k shamoldan endi qutuldim deganida, sariq shamol oldini to‘sadi. Qizil, yashil… Barini qo‘li bilan haydab, uchib kelmoqda. Olisdan quyosh ko‘rindi. Oltindek yarqiragan sariq ot ustida balandga chiqib quyosh kutib turibdi. Yerkinni ko‘rishi bilan oti kishnab yubordi.
– Kelganing yaxshi bo‘ldi. Tonggacha yer yuzini aylanamiz, – dedi quyosh. Bosh ki­yimining manglayiga qadalgan kaftdek narsa yarqirab ko‘zni qamashtiradi. “He-e, butun borliqni yorug‘lantiruvchi shu narsa ekan-da”, deb o‘yladi.
– Mana, olib ketmasang ham yetib keldim.
– Kelishingni bilgandim. Uchishda davom etamiz.
“Bu qanaqasi bo‘ldi, har kuni ko‘rganimda bunaqa uchmasdan siljib yuruvchi edi-ku”.
– Jadal uchib yurmasak boradigan joyimizga ulgura olmaymiz, – dedi Yerkinning fikrini bilgandek quyosh.
“Itni ham olib kelishim kerak ekan-da. Uyam bizlar bilan qidirar edi. Quyoshning otiga mingashib olsak-chi”.
– Vov, – dedi Bo‘ribosar Yerkinning xayolini uqib. Yerkin itining hurishidan xayolini yig‘ishtirib oldi. Hech qayerga uchmasdan uyi yaqinidagi jiydazor o‘rtasidagi so‘qmoqdan yurib kelayotgan ekan.
Bo‘ribosar g‘ashlanib hura boshladi. It hurayotgan tomondan mushukning miyovlagan achchiq sasi eshitildi.
Erkin uyida qolgan mushugini eslab, iti hurayotgan tarafga qarab yugurib ketdi. Ko‘ziga yovuz maston kampir elasladi. U mushukni o‘ldirmoqchi bo‘layotir. Yerkin ko‘zlarini ishqalab, qaytadan qaradi. Fotima, rostdan ham Fotima. U mushugini bo‘g‘ayotir. Bo‘ribosar ham Fotimaning nima qilayotganiga tushunmasdan boshini sarak-sarak qilmoqda.
Erkin Fotimaning qoshiga chopqillab yetib bordi. Fotima mushukni chipqiratib bo‘g‘ayotir. Mushuk muqarrar ajaldan qutulish harakatida.
– Voy, qo‘limni tirnadi-yov!
Erkinga ko‘zi tushdi.
– Qaqqayib nega turibsan? Jo‘ja yeyishni ko‘rsatib qo‘yaman bunga! Qarg‘alar ko‘zini o‘yishsin bu chirkinning.
Uchib-qo‘nib mushukning ko‘zini tumshuqlari bilan cho‘qilayotgan qarg‘alar ko‘z oldida elasladi.
– Hoy, senga aytyapman! Nima qip turibsan?
Erkin bora solib Fotimaning qo‘llariga yopishdi.
– Qo‘limni emas, mushukning oyog‘idan ushla.
– Qo‘yib yubor mushukni, osma!
– Yo‘qol, yaramas!
Shunday deya tizzasi bilan urib yuborgandi, Yerkin orqasiga qo‘llarini tirab o‘tirib qoldi.
– Osma emish, jo‘jani tirik qo‘ymasa nega osmas ekanman? Osaman!
Erkin uchib turib, tag‘in qo‘liga yopishdi. “Qo‘yib yubor!” Bu gal urib yuborgani bilan yiqilgani yo‘q. Mushuk Fotimaning semiz barmoqlari ostida tishini takillatib, chinqirayotir. Ko‘zlari kattayib, qinidan chiqib ketay deb turibdi. Mushukning talpinib, miyovlashi Yerkinning jismiga pichoqdek sanchilib, jonini achitdi.
Ajratib olishga ko‘zi yetmagach Yerkin kutilmaganda Fotimaning bilagiga tish urdi.
– Voy, ko‘rnamak, sen qaydan kelding? Itning bolasi!
Ko‘z oldi yarq etdi. Yorug‘likdan umidvor Yerkin yon-atrofning to‘ntarilib borayotganligini sal payqab qoldi.

Erkinning onasi, dadasi bilan birga o‘tirib ovqatlanmaganiga ancha vaqt bo‘ldi. Doim quyosh bilan yuradi. Yerning bir chetidan ikkinchi chetiga har kuni birga boradi. Quyosh bilan yurganda choy icha olmas ekan. U oyisi bilan o‘tirib choy ichishni istadi.
– Endi ikkovimiz doim birga yura bermaylik. Men bora olmayotgan olis-olislarda qaldirg‘ochlar bor. Shunga men borib kelay. Sen yerning yuzasini kuzatib tur, – dedi quyosh Yerkinga.
U bir o‘zi qolishdan qo‘rqsa-da, tepada turishini eslab rozilik berdi. Quyosh yo‘qligida hammasini bir kuzatib ko‘ray.
– Yodingda tut, – dedi quyosh yo‘lga tushish oldidan. – Yerda nima sodir bo‘lsa hech birini e’tibordan soqit qilma.
Quyosh birdan ildamlashdi. U uzoqlashgan sayin atrof xiralasha boshladi. Quyoshsiz yer yuzasini ko‘rib bo‘lmasligini anglagan Yerkin orqasidan baqira boshladi. – To‘xta, quyosh! Sen ketsang qorong‘i bo‘ladi. Atrofni ko‘ra olmayman axir!
– Baqirma! Baqirma! Baqirma!
Ovoz u yoq-bu yoqdan aks-sado berdi. Bu buyruq har xil ovozdan ancha vaqtgacha tak­rorlanib turdi. Turli hayvonlarning suyaklari birin-ketin tizilishib ko‘z oldidan o‘taverdi. Orasida tulkining ham, quyonning ham, shoqolning ham, qashqirning ham skeletlari bor. Ular Yerkinga qiyo boqqanicha ingrab-qaqshab, o‘qrayib o‘tishmoqda. Ketidan gohida uchib yovvoyi parrandalar terilari kelayotir. Yerkinga barisi tanishdek tuyuladi. Ham quvonchli, ham qo‘rqinchli manzaralar davom etmoqda. U “bojbonning qopqon, tuzoq qo‘yib tutgan, miltiqda otib olgan ovlari-ku”, deb o‘yladi. O‘lgan narsalar ham tirilar ekan-da. Ular orasida odam skeleti paydo bo‘ldi. Fotima! Bojbonning xotini. So‘rrashib tishini-tishiga urib kelmoqda. Yerkinning yoniga kelganida tishini g‘ijirlatib o‘tdi. Uning kulib yoxud g‘ijinib borayotganligini bilib bo‘lmasdi.
Ilonni ko‘ring. Uning ham suyagi bo‘lar ekan-da. “Shaqillab” xarakatlangani sari suyaklar bir-biriga tegib, qo‘rqinchli sas chiqaradi. Ichida bitta jo‘ja tuxumni nari-beri yumalatib, bemalol o‘ynab yuribdi. Ilonning egri joyiga yetganda qiyalik tomonga ikkalasi birdek quldiraydi.
Bo‘g‘inlari shaqillab mushuk paydo bo‘ldi. Jag‘ini keng ochib, esnadi. Kuragini kerib, haybat chekdi. Allaqachon yonidan o‘tib ketgan ilon ham qaytib kelib, oti­lishga shaylandi.
– Mening o‘limimga sen sababchi bo‘lding, – dedi mushuk g‘ijinib. – Doim quyosh bilan yurganing bois sen bilan gaplasha olmagandim.
– Men seni undan qutqazmoqchi bo‘ldim-ku, – uning ovozi chiqmadi.
– Meni o‘ldirganda ham bu bor edi. Bitta jo‘jasi va tuxumini yutganim uchun bojbonning xotini urayotganida qo‘rqib turdi, – dedi ilon sigir oyog‘idan tushib qolgan tushovga o‘xshab buralib.
Barcha skeletlar Yerkin tomon siljiy boshladi. Ularning oldida Fotimaning suyagi yumalab kelayotir. Oldiga kelganida oyog‘i bilan tepib yubordi.
“Shaqir, shaqir, shaqir!!!”
Erkin “oyi”, “dada” deya ovozi boricha baqirdi. Uning ovozini o‘zidan boshqa hech kim eshitmadi. Qochmoqchi bo‘lgandi, oyoqlari o‘rnidan qo‘zg‘almadi, qo‘llari harakatga kelmadi. Ko‘zi ham yumilmadi. Tomog‘i qurib, yutina olmadi.
“Ha-a!”
– Hov, Yerkinjon, qo‘rqayapsanmi?
Ovoz olis-olislardan eshitilmoqda. Biroq ko‘ziga hayvonlar suyagidan boshqa hech nima ko‘rinmaydi. O‘kirib yig‘lab yubordi.
Parda orqasidan onasining qorasi ko‘rindi.
– Bu men, Yerkinjon, ko‘zingni och!
Onasining yonidaligini bilgach Yerkin quvonganidan yig‘lay boshladi. Qo‘rqinch ko‘zyoshi ila chekindi.
Erkin atrofga beparvo qaraydigan, kattalarning gaplaridan hadiksiraydigan, qandaydir xavf-xatar bosib keladiganday xavotirda yuradigan bo‘ldi. Ayniqsa, Ayimbet bojbonni, uning xotini Fotimani ko‘rganida xuddi Azroilni uchratgandek qo‘rqinch va kekdan jismini titroq bosardi. Gohida ular ikki tishli ulkan maston kampirga, yovuz devlarga o‘xshab ketadi. Kattalarning yovuzliklarini kimga aytishini bilmay qoldi. Kuchli deb ishongan dadasi ham alohida kuchini ko‘rsata olmayapti. Ba’zida uning hammadan kuchliligiga qalbida shubha tug‘iladi. Xullas, u kattalardan qo‘rqib qoldi. Biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysa daraxtga osib yoki miltiq bilan otib, yoki qattiq tayoq bilan urib o‘ldirib qo‘yadigandek tuyulaveradi.
Kattalarning ko‘nglini qanday ovlashni bilmay boshi qotadi. Oyisi ham Yerkinning ishlarini unchalik xushlamaydi. Biron narsaga unnasa, “sindirib qo‘yasan”, “qo‘lingdan kelmaydi”, “buzasan” deya yaqinlashtirgisi kelmaydi.
Hammasini quyoshga aytib, yorilgisi keladi. U bilan ham so‘zlashadigan kun kelmayapti. U quyosh bilan qachondir so‘ylasha olishiga ishonadi. Katta bo‘lgandan keyinoq yoniga boradi. Quyosh bilan birga yashaydi. Shunda odamlarning yovuzligiga tanbeh berib qo‘yardi-ya, ammo shungacha ham…
Hozircha uning itidan boshqa sodiq do‘sti, hamfikri yo‘q. Shu bilan o‘ynab, ovunadi. Chopqillashib, uzoq-uzoqlarga borib qaytishadi. Charchasa bo‘yniga osilib yuguradi. Har kuni quyosh chiqishini qarshi ololmasa-da, betoqat kuzatib boradi. Quyosh ham qo‘l silkib xayrlashishdan zerikmaydi. Har kuni yer chekkasiga borgach orqasiga, Yerkinlar tomonga bir mo‘ralaydi. Jilmayib qo‘l silkiydi. Quyosh botgach “yur, ketaylik”, deydi Bo‘ribosar cho‘nqaygan holatini tark etib. Ikkovlon bezor qilgan eski tomga – kattalar yashaydigan yerga noiloj chopqillashib qaytishadi.
…Erkin bois bojbonlar uyi bilan orani ochiq qilgan dadasi qo‘shni sholikor sovxozga qatnab, ishlab yuribdi. Ichishni, mast holda kelishini ozaytirdi. Ayniqsa, bundan Yerkin quvondi. U birozgacha chiroqni o‘chirmay dadasini kutib yotadi. Dadasi ham har kuni bir yangilik topib keladi.
– Hali Ayimbet bojbonni ishsiz qoldirishadi, – dedi Boymurot oila a’zolarini so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirib. – Bu haqda sovxozda gap bo‘layotir. Sovxozdagi paxtachilik brigadalari ham sholichilikka o‘tishadi. Yana yangidan sov­xozlar tashkil etilarkan. Ekin maydonlari ham kengaytiriladi. O‘sha hududdagi to‘qaylarni yo‘qotib o‘rniga sholi ekishadi. Shundan keyin ko‘ramiz Ayimbetning holini. Qanaqasiga bojbon bo‘lib yurarkan. Tayinli kasbi ham yo‘q. Oddiy ishchi bo‘lib sovxozga borishdan boshqa chorasi qolmaydi-da. Hukumatning kuchiga qoyilman. “Yusup uy” atrofidagi to‘qayzor tep-tekis maydonga aylanibdi.
“Hukumati kim bo‘ldi ekan? – dedi Yerkin g‘oyatda kuchli narsalarni ko‘zi oldida gavdalantirib. – Devmikin? Yo‘g‘-e, Maston kampirmikin? Yo‘g‘-e. Katta odam chiqar! Har nechuk kuchli odam bo‘lsa kerak. “Yusup uy”dagi to‘qayzorni tekislagan bo‘lsa, quyon bolalari qayga ketganikin? Patlari rang-barang tovlanuvchi qirg‘ovul polaponlari-chi? Ular qayda ketganikin?” U sarosimaga tushdi. Dadasi to‘qaylarni quritganlarni nimaga maqtadi? Endi qushlar, ko‘llardagi baliqlarning holi ne kechadi? Ularning qirilayotganini ko‘z oldiga keltirib, dadasiga umidli ko‘zlarini tikdi, yaxshi javob kutdi.
– Dada, shu to‘qayning hammasi yo‘q bo‘ladimi?
– Nima deb o‘ylovding, o‘g‘lim? Hammasini yo‘q qilishadi. Manavi biz o‘tirgan uy ham, bojbonning uyi ham sholiga o‘g‘it bo‘lib ketadi.
Dadasi bu gaplarni g‘urur bilan aytardi.
– Unda qushlar, quyonchalar, ko‘ldagi baliqlar qayerga borishadi?
– Ularmi?.. Ular ham yo‘qoladi-da. Dunyoda parranda-darrandalarning urug‘i kam deysanmi? Bojbonning ishsiz qolishini aytsang-chi!
Shunda Yerkin dadasini ham, u tilga olgan hukumatniyam azbaroyi yomon ko‘rib ketdi. Oyisi bilan o‘tin tergani chiqqanida, qo‘zi boqib yurganida quloqlari shalvirab, yugurishib yurgan quyon bolalarini ko‘p bora ko‘rgandi. Butazorlar ichida chaqirib turuvchi qirg‘ovullarni aytmaysanmi? Endi-endi uchishni o‘rgangan qirg‘ovul polaponlarini Yerkin ko‘rib, zavqlanardi. Ular bilan talay-talay gap­lashgandi. Endi to‘qay bo‘lmasa, ular ham bo‘lmaydi. Yerkin shularni o‘ylab, qattiq tashvishga tushdi. Mushtdek yuragida alamli og‘riqni his qildi.
…Erkin bugun quvonchli xabar eshitdi. Yoz tugasa, u o‘qishga boradi. Shunga yoz davomida kitob-daftar yig‘adi. Sovxozdagi maktabda o‘qiydi. Ichiga kirib ko‘rmagan bo‘lsa-da, daraxt tepasiga chiqib, maktabni ko‘rgan. Shu maktab sari shirin xayollar qanotida necha martalab uchgan. Ha, bu kunni u sabrsizlik bilan qachondan beri kutardi. Mana, yetay deb qoldi. Doim kulib turadigan, boshini silab erkalatadigan muallimni ko‘radi. Hali unga hammasini gapirib beradi. To‘qaylarni quritayotgan hukumatni ham, parranda-darrandalarni ovlaydigan bojbon va xotinini ham, hamma-hammasini gapirib beradi. Quyoshga borishini ham aytadi… Balki muallim ham birga borar…
Dadasi bugun “Alifbe” olib keldi. Qo‘ltiqqa bazo‘r sig‘adigan kitobning ichidagi suratlarining ajoyibligini aytmaysanmi?! Turfa xil ranglar ko‘zni quvnatadi. Endi Yerkinning do‘stlari ko‘paydi. Ular kitobda tasvirlangan bolalarga juda-juda o‘xshab ketadi. Yerkin kitobini qo‘ltiqlab qo‘y-qo‘zi, echki-uloqlariga ham, itiga ham, daraxtlar shoxida qo‘nib o‘tirgan qushlarga ko‘z-ko‘zlab qaytdi. Hammasining havasi keldi.
Quyoshning quvonganini aytmaysizmi? Attang, yeta olmaydi-da, agar yeta olganida uyam rasmlarini tamosho qilgan bo‘lardi.
– Kitobing yaxshi ekan. Kitobingni olib o‘qishingga boraver. Sen qayda bo‘lsang ham ko‘rib turaman.
Erkin battar quvondi. “Demak, quyosh ham men bilan birga bo‘ladi”. Shularni aytib, xohlagan kuyini kuylab, qo‘zichoqdek sakrab-sakrab yurdi. Yerkinning kitobi bo‘lganiga barcha-barcha sevindi. Faqat Bo‘ribosargina boshini bir yon qiyshaytirib, ko‘zi mo‘ltirab qarab turdi.
– Sen nimaga sevinmaysan? – dedi itining boshini silaganicha. – Mening o‘qishga borishim yomonmi? He-e… – Biron narsasini yo‘qotib olgandek yuzida sevinchning sezilar-sezilmas izlari qoldi. – Meni tashlab ketadi deb o‘ylayotgandirsan? Hozir oyimdan so‘rab ko‘ramiz. Sen ham birga borasan.
– Oyi, hoy oyi! – dedi kitobini qo‘ltiqlaganicha kir yuvayotgan onasi qoshida tik turib. – Itlar ham o‘qisa bo‘ladimi? – yaxshi xabar eshitgisi kelgandek yoniga yetib kelgan itini ko‘rsatdi. – Manavi Bo‘ribosar ham o‘qishni xohlaydi.
– Bola deb shunga aytadilar-da. Hech zamonda itning o‘qiganini ko‘rganmisan? Itni o‘qitishmaydi.
Bo‘ribosarga eshittirib aytilgan so‘zdan Yerkin xafa bo‘ldi. Kitobini qo‘ltiqlab, uyning ko‘lankasi tomon ketdi.
“Ana, itlar o‘qishmaydi”, dedi Bo‘ribosarga. Yerkin devorga orqasini tirab, oyoqlarini cho‘zib o‘tirdi. It ham ikkala oyog‘i ustiga boshini qo‘yib, “xo‘sh, endi nima deysan”, degandek ko‘zlarini tikib yotdi.
– Itlar o‘qiydi, Bo‘ribosar, sen ranjima. Birga olib ketaman, – dedi Yerkin itining boshini silab. Ich-ichidan iti o‘qimasligidan qattiq ranjidi.
Shundan so‘ng Yerkinning unchalik ko‘ngilxushi bo‘lmadi. Dadasi boshqa kitoblar keltirganida ham avvalgidek sevinmadi. Yonidagilarga ko‘z-ko‘zlab maqtanmadi ham.
Ertaga ertalab Yerkin o‘qishga boradi. Bu kun yaqinlashgan sari qalbida to‘lqin tug‘yon urmoqda. Hech qachon ko‘rmagan sinf, afsonaviy g‘amxo‘r muallimini ko‘rishga intizor. Kechikkan quyoshga maktabga borishini aytib maqtandi. Quyosh jimgina bosh chayqab ma’qulladi. Tunda anchagacha uyqusiz yotdi. Uzoq safarga otlanadigan odamdek uyi qoshidagi hamma narsalarni ko‘zi qiymaydi. Tashlab ketgisi kelmaydi.
Kechasi tushida quyoshni ko‘rdi. Sekin qalqib, pardek uchib kelib, qoshiga qo‘ndi.
– Sen o‘qishga ketaver, – dedi quyosh Yerkinning yelkasiga qo‘l tashlab. – Ertalab ketasan, tush bo‘lganda qaytib kelasan. Itingga o‘zim qarab turaman. Bo‘ribosar ertalab uzatib, tushda oldingga chiqadi. Barcha bolalar o‘qiyotganida, sen qanday qilib o‘qimay yurasan. Hoziroq o‘qishga ket.
Quyosh shunday dedi-yu, zumda osmonga chiqib oldi. Yerkin nokaslarning to‘qay va ko‘llarga qiron keltirayotganligini ayta olmaganidan afsuslandi. “Sholi eksa ilonlar ham suv yutib o‘lib qoladi-ku”. U shunday betartib xayollarin jilovlay olmay xunobi oshdi.
…Ertalab barvaqt uyg‘onib, tashqariga chiqsa ostonada iti kutib turgan ekan.
– Seni olib ketsa bo‘larmikin? Buni dadam va oyimdan so‘rab ko‘ray-chi. “Olib ket”, deyishsa birga ketamiz.
Oyisi og‘ilxonadan bir chelak sut ko‘tarib chiqdi.
– Oyi, itni ham o‘qishga olib ketsam bo‘ladimi? Bo‘ribosarning ham borgisi keb turibdi.
– O‘qishga it ergashtirib borish bo‘lmaydi. Bolalar ustingdan kulishadi. Iting sen kelguningcha qo‘zilarga ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Itingga boshqa topshiriqlaring bo‘lsa berib ket. Iting aqlli, kelguningcha tovuqlaringni ham boqib yuradi.
Oygul o‘g‘lining itini tashlab ketgisi kelmay turganligini sezib, ko‘nglini oldi. Oyisining gaplari quyoshning aytganlariga qo‘shimcha bo‘ldi.
Erkin dadasining traktoriga minishga chog‘lanayotganida iti oyog‘iga suykalib, xayrlashdi. Biroz joygacha traktor ketidan yo‘rta bordi. Yerkindan ham muhimroq narsasini yo‘qotib qo‘ygandek ular ko‘zdan yo‘qolguncha tumshug‘i bilan yer iskalashda davom etdi.
To‘qay adoqlanishi bilan qum tepaligi yonidagi oq maktab ko‘zga chalindi. Yerkinning yuragi ajabtovur hapriqdi.
Yaqinlagan sari maktabning kun yeb, yomg‘ir yuvib ketgan devori aniq ko‘rina boshladi. Olisdan oppoq bo‘lib ko‘rinsa ham, yaqinidan serlab qarasang ancha ko‘rimsiz ekan. Old devorlarining suvoqlari tushgan. Tomidagi uchta mo‘risi boyo‘g‘lilarga atab qurilgandek. To‘zgan mo‘rilarga in qurgan boyo‘g‘lilar, go‘yo musobaqalashayotgandek, birining ketidan birisi mo‘rilar ichiga bemalol kirib-chiqish bilan ovora. Odatda boyqushlar eski tomlarni makon tutishadi. Yerkinning shu maktabda o‘qishiga ishongisi kelmadi.
– Ana, o‘zingdek bolalar o‘qishga kelibdi, – dedi dadasi traktorni maktab yonida to‘xtatib. – Seni oborib partaga o‘tqazishga vaqtim yo‘q. Ishga shoshib turibman. O‘qish tugagach, kelgan yo‘lingdan uyga qaytasan.
O‘zidan yoshi ancha katta bojbonning qizlaridan boshqa bolalar bilan o‘ynab ko‘rmagan Yerkin qisinib-qimrilib, maktab oldida to‘planib turgan yetti-sakkiz o‘quvchiga yaqinlashdi. “Buncha ko‘p bola”, – dedi u o‘zicha, turganlarni ko‘p ko‘rib. Shuncha bola bilan odam qanaqa qilib o‘qiydi?
– Kel, kel!
– Birinchi sinfning ikkinchi o‘quvchisi.
Katta bolalarning bu hazilidan yuzi tandirdek qizib ketdi.
Bolalarga qo‘shilib Yerkin ham maktab ostonasidan hatladi. Changi burqirab turgan tor dahlizdan bolalar g‘ovurlashib kirayotganlarida shiftdagi teshikdan bir gala kaptar uchib chiqdi. Yuqoriga chiqa olmay qolgan bir kaptar maktabning sirtqi eshigi tomon o‘zini urdi. Kimdir tashqi eshikni yopib qoldi. Dahlizga zumda qorong‘ilik cho‘kdi. Ular ichkarida qolgan kaptardek u yoqdan-bu yoqqa yugurishib yurishdi. Bolalar qiy-chuvlashib kaptar uchgan yoqqa sumkalarini uloqtirishdi. Ketma-ket otilgan sumkalar duch kelgan joyga taqillab tegmoqda. Bolalar shovqinidan hurkkan kaptar bilan qorong‘ilik ham shiftdagi teshikdan chiqib kamaya boshladi. Eshik yana ochilganida qorong‘ilik hujrani butkul tark etdi.
Bolalar chuvullashib kiraverishdagi katta eshikli xonaga kirishdi. Yerkin ham ular orasida. Xonaga kirar yerda qora rangli katta taxta devorga qoqib qo‘yilgan. ­Xonada qora partalar. Xona qo‘sh derazali ekan. Ikkovidan ham quyosh yoyilib ­tushib turibdi. “Meni izlab kelibdi”, dedi Yerkin quyosh nurlarini ko‘rib, ichdan ­pichirlab.
Bolalar partalarga o‘tirmoqda. Bir uzun bola: “Sizlarning o‘rningiz oldingi partalar. Birinchi sinflar shu yerda o‘tiradi. Qolgan partalarda boshqa uch sinf o‘quvchilari o‘tirishadi”, – dedi.
Erkin eng baland yeriga o‘tirib, pastroq joyiga oyog‘ini qo‘yib, bolalarga yuzini burib o‘tirdi. Hamma gurillab kuldi.
– Unaqa o‘tirmaydi, – dedi boyagi uzun bola yoniga kelib. – Sen o‘zing o‘tiradigan joyingga oyog‘ingni qo‘yding. Kitob turadigan joyga o‘tirayotirsan. Mana bunday o‘tir.
U to‘g‘rilanib o‘tirgach, bolalar kulgidan to‘xtashdi.
Eskiroq qalpoq kiygan bir kishi kirib keldi. Sinfga jimlik cho‘kdi. Kishi boshidan qalpog‘ini yechib Yerkinga tikildi. Ko‘zlari Fotimaning yonidagi osilay deyayotgan mushukning ko‘zlariga o‘xshaydi.
– Sen nima qilib o‘tiribsan, xo‘rozqanddan bo‘sh qolgan boladek?
Orqadan “tursang-chi”, degan ovoz eshitildi. Orqasida hamma tik turgan ekan. Buning ma’nosini uqmagan Yerkin ham o‘rnidan turdi. Biroq qaddini tik tutib turishga partaning qirrasi xalal berdi.
– Nega ikki bukilib turibsan? Chotingda ishkaling bormi?
Tanglayini takillatib, boshini chayqadi. Hamma kulib yubordi.
– Salom, bolalar, – dedi labini cho‘chchaytirib.
– Salom, muallim, – dedi bolalar chuvullashib. Yerkin ham ilk marotaba muallimga kek bilan salom berdi.
– Qani, o‘rtoq o‘quvchilar, yangi o‘quv yilini boshlaymiz.
– Muallim, qo‘ng‘iroq chalmaymizmi? – dedi chaqqonroq bittasi.
– Mayli, chala qoling. Yangi o‘quv yilida qo‘ng‘iroq chalinsin! Manavi urpoqlari birinchi qo‘ng‘irog‘ini, birinchi muallimini eslab yurishi kerak-ku. Unutayozibmiz, o‘rtoqlar, a-a… bolalar.
Chaqqon bola kesak pech tepasidan kumushrang qo‘ng‘iroqni olib tashqariga otil­di. Yerkinning qulog‘iga ferma qo‘ylari bo‘yinlaridagi qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi. Eshikni ochib, birinchi kelgan bola qo‘lidagi qo‘ng‘iroqni urganidan keyingina “bunday qo‘ng‘iroq maktabda ham bo‘lar ekan-da”, deb qo‘ydi.
– Qani o‘rtoqlar, yo‘g‘-e, bolalar, bizlar madaniyatdan orqada qolganmiz. Bo‘lmasam, manavi birinchi sinfga kelganlarni ota-onasi gul ko‘tarib olib kelganida qanday yaxshi bo‘lardi…
“Bu paytlari gul qolibdimi? Daraxtlar allaqachon gullab ketmadimi? Uzib qo‘ygan bilan so‘lib qoladi. Isiriq, yantoq… Ha, gullar bor ekan-ku”.
– Sen bola, qayerdan kelding?
– Lesxozdan, – Yerkinning o‘rniga kimdir javob qildi.
– Lesxozda o‘sgan odamda madaniyat bo‘ladimi? Madaniyatning hammasi shaharliklarda.
Erkin olib kelib, muallimga uchramay ketib qolgan dadasidan xafa bo‘ldi. “Muallimga topshirib ketganida qanday yaxshi bo‘lardi. Oyim ham Bo‘ribosar bilan kelsa bo‘lardi-ku. Bolalar kulishadi dedi-yov. Bo‘ribosar nima qilayotganikin? Yo‘lni iskalab, meni kutib yurgandir”.
– Bunga qarang, uxlab o‘tiribsanmi? – muallimning tovushi Yerkinni xayol dengizidan olib chiqdi. – Bola tarbiyasi degani g‘oyatda qiyin masala. Muallimlik bo‘lim boshliq yoki brigadirlik emas. Ulardek kattalar bilan ishlashmaydi. Bolalar bilan… Endi dam oling, o‘rtoqlar, a-a… bolalar. Tanaffus.
Muallim “tanaffus” degan paytda bir bola qo‘ng‘iroqni tashqariga olib chiqib chalar ekan-da, “dars boshlaymiz”, deganida tashqaridan ichkariga chalib kirar ekan. Shundan keyin muallim takror-takror “o‘rtoqlar, a-a… bolalar” deya so‘zini davom ettiradi. Yerkin dars davomida qo‘ng‘iroq tezroq chalinishini kutib o‘tirdi.
– Endi darsni yakunlaymiz, – dedi muallim. – Sichqonlar ham qish ozig‘ini yozda yig‘adi. Biz qishki o‘tinimizni hozirdan yig‘aylik. Bizlarga o‘t yoqib, o‘tin keltirib beruvchi storjimiz yo‘q. O‘tinni manavi sinfga yig‘ib qo‘yamiz. Qishda qo‘l keladi. Ogohlantirib qo‘yay. O‘tin yig‘ish paytida sho‘r suvdan ichib yurmang. Chanqasangiz ariqdagi suvdan iching. Sumkalaringizni sinfda qoldiring. Qani, tez chiqinglar. Bu mehnat darsi bo‘ladi.
Erkin qanaqa dars o‘tganligini ham bilolmay rosa charchab qaytdi. Yodida qolgani “o‘rtoqlar, a-a… bolalar” so‘zlari bilan qo‘ng‘iroqni goh ichkarida, goh tashqarida chalib yurgan bolalargina.
Oldidan dumini likillatib iti chiqdi. U maktabda nima bo‘lganini so‘ray boshladi. Yerkin “hech nima bo‘lgani yo‘q”, dedi hayotining yangidan ochilgan ilk sahifasiga ko‘ngli to‘lmay.
Kechqurun uydagilar so‘rab qo‘ymagach, zerikarli voqealarni qayta xotirladi.
– Mualliming brigadirlikni eplolmay ishdan haydalgan kishi, – dedi dadasi Yerkinning gaplarini eshitgach. – Qaynilari raykomda ishlagan paytlari o‘qituvchilikni tashlab, brigadir bo‘lgan. Yaqinlari raykomdan ishdan ketgach, uni ham haydab yuborishgan. O‘zi uquvsiz va qo‘pol odam. Yonbosh muallim bo‘lib, qizilda bir yilcha ishlagandi. Endi bu maktabga yuborgan ekan.
Oygul ham, Yerkin ham Boymurotning so‘zini ajablanib tinglab o‘tirardi.
– Ilgarilari odamlar muallimlarning hurmatini joyiga qo‘yishardi, – dedi Oygul suhbatga qo‘shilib. – Bu zamonda muallim ko‘payib ketganmi? Yoki savodsizlarini qishloqqa yuborib, savodlilarini shaharda qoldirganmi? Ishdan bo‘shatilgan borki, muallim.
It bezovta akillay boshladi. “Unga qiyin, – dedi Yerkin ko‘rpani qimtinib. – Bir o‘zi qorong‘ida qo‘rqayotgandir. Yo‘q, it qo‘rqmaydi. Agar qo‘rqqanida yolg‘iz to‘qayga bora olmasdi. Bironta ham hayvonni uyga yaqin yo‘latmaydi. Demak baridan-da it kuchli”. Ancha yergacha hurib borgan itning ovozi tindi. Yerkin “hozir huradi, hozir g‘ingshiydi, hozir talashadi”, deya o‘qtin-o‘qtin nafas olib, tinglab yotdi. Itning ovozi eshitila bermagach, xavotirga tushdi.
Tiq-tiq. Qadam sasi devorni yoqalab, eshikka yaqinlashdi. Eshik oldiga kelib, to‘xtab qoldi. “Kim ekan? Oyim ham uyquda. O‘g‘ri kelmadimikin? Yostiqqa bosh qo‘yishi bilan pishillab uxlab qoladi”. Qo‘rqinchdan hujradagi qorong‘ilik iskanjaga ola boshladi. Jismini ter qopladi. Hujra ichida qo‘rqinchli tinch­lik hukmron. Hujradagi barcha narsalar hoziroq boshlanadigan ulushning yoki qichqiriqning kim tomonidan chiqishini bilmasdan hayron.
Tiq-tiq. Tiq-tiq! Eshik chertila boshladi. Qorong‘ilik qo‘rqinchga aylanib, Yerkinni battar iskanjaga ola boshladi. Yerkinning qo‘zg‘alganini kimdir ko‘rib qolib, “haf” deb yutadigandek, nafas chiqarmasdan ko‘ksidagi ko‘rpani boshi tomon sura boshladi. Ko‘rpa ham qo‘rqayotgandek sekin siljimoqda.
Duk-duk. Duk-duk. Yerkin birovning eshikni mushti bilan urayotganligini sezib yotdi. “Oyi”, deya bir marta shivirlagandi, ovozi bo‘g‘zida qoldi. Ikkinchi marta shivirlashga yuragi dov bermadi. Tashqaridagi odamning eshitib qolishidan qo‘rqdi.
Endi eshikni taqillatib tepishga o‘tdi.
– Och, eshikni och!
Erkinning tomirida qon yugurdi. Qulog‘iga ishongisi kelmadi.
– Och deyman eshikni! Qirilib qolganmisiz?
Eshikni tag‘in tepdi.
– Oyi, oyi, – dedi Yerkin quvonganidan yuragi tars yorilib. – Dadam keldi. Eshikni och deyapti.
– Ha-ya. Traktor kelmagandi-ku.
– Oching eshikni, – degan Boymurotning buyrug‘i va tepkisi Yerkinning gapini tasdiqladi.
– Hov, tinchlikmi? – Oygul talmovsirab eshik tomon yurdi. – Nega traktorsiz kelibdi. Kimsan?
– Meni kutmabmiding?
Eshikni ochib kelib, Oygul chiroqni yoqdi. Zumda xona ichiga yorug‘lik va quvonch kirib keldi. Dadasini ko‘rib Yerkin shodon jilmaydi.
Boymurot shirakayf ekan. Ustki kiyimini yechib, to‘rga otdi. Tik turganicha etigini yechishga kirishdi. O‘zi yecha olmagach, “etigimni tort”, deya Oygulga amr qildi. U chaqqon o‘rnidan turib, etigini torta boshladi.
Dadasining oyisiga qo‘pol munosabatda bo‘lishi Yerkinning g‘azabini keltirardi. Hozirgisi ham o‘tib tushdi. Oyimga nega baqiraveradi? Kuchli odam hamisha ustun bo‘ladi deb o‘ylaydigan Yerkin dadasining kuchliligi yodiga tushib, fikridan qaytdi. Ammo uning dasturxon ustidagi so‘zlari hammadan o‘tkir ekanligini bekorlagandek.
– Traktor yo‘q, – dedi Oygulga. – Topshirdim. Topshirganim yo‘q, tortib olishdi. Boshliqning jiyanlaridan biriga traktor kerak bo‘lib qolganga o‘xshaydi.
– Oxir-oqibat niyatiga yetibdi-da, – dedi Oygul. – Qachondan beri qarindoshlari ko‘payib qolibdi. Bizni chetlamasa edi deb o‘zing ham aytib yurarding-ku.
– Nima qilaylik. Zamon laganbardoru, qarindosh-urug‘larniki bo‘lsa. Hammasi bir urug‘ning odamlari bo‘lgandan so‘ng meni sig‘ishtirarmidi. Barisi yuvindixo‘rlar…
– O‘zing ham kelishib ishlay demaysan. Bir nima desa doim qarshilaysan…
– Begonalar ular orasida ishlamasligi kerak. Axir ular tonnalab sholi, mashinalab o‘tin-cho‘p o‘g‘irlashadi-da. Buni boshqalar ko‘rib qolishadi. Ba’zida mening ham tashishimga to‘g‘ri keladi. Talay tashiganman ham. Shularni aytib qo‘yadi deb qo‘rqishadi. O‘tgan gal so‘z olishib qolganimiz ham bor. Qanday jim turasan? Odamning bunday harakatlarga chidab ishlashi qiyin. Tonnalab sholini bir chuqurga tashitib, yuzini tuproq bilan ko‘mayotir. Men dastlab tushunmadim. Sovxoz rahbarlari topshirig‘i bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyinroq bilsam, bo‘lim boshlig‘i davlat boyligini o‘marayotgan ekan. Chiday olmadim. “Ustingdan tegishli joylarga arz qilaman”, dedim. Ertasiga ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘radagi sholidan asar ham qolmabdi. Shumligini qarang. Qisqa fursatda qaygadir yashirishning uddasidan chiqibdi. Shunday kelishmovchilik oqibatida traktorimdan ayrildim. Uni kechagina askarlikdan kelgan bolaga olib berishdi. Topgan bahonasi “Sen aroqni ko‘p ichasan. Hayf senga traktor”. Ichganda nima? Bu zamonda aroq ichmaydigan odamning o‘zi qolibdimi?! Ichsam o‘z pulimga ichaman. Ichib, ish qoldirayotganim yo‘q. Shularni o‘ylab yonib ketaman. To‘g‘risi, ularni ko‘rib alamimga ichaman. Eh, nimasini aytay. G‘irt ahmoq, nokaslar rahbarlik qilishadi. Ularning o‘zlari emas, stoli ishlaydi. Suyanadigan akam yoki pulim bo‘lganidami. Afsus, diplomim yo‘q-da. Texnikumni tugata olmaganimdan hozir pushaymonman. Eh, attang! Bir boshliqning arzandasi sababidan texnikumdan haydaldim. Hodisa bunday bo‘lgandi. Aroqni suvdek simirib yurgan paytimiz. Lektsiyaga ham kechikib kelardik. Aroq sabab, PMK boshlig‘ining guruhimizda o‘qiydigan bolasi bilan yaqin oshna tutindik. Bir kuni ikkovimiz lektsiyaga ichib keldik. Oshnam guruhdagi bir bola bilan janjallashib qoldi. Ularni ham bezor qilgan bo‘lsak kerak-da. Jo‘ram janjallashayotganini ko‘rib, tek tura olmadim. Borib ayirdim. Lekin o‘qituvchimiz mastligimizni payqab qolib, militsiya chaqirib, berib yubordi. Ketayotganimizda “Endi bu yerga qadam bosmang, o‘qishdan haydalasizlar”, dedi. Haydalsam, haydalgandirman deya ovulga jo‘nadim. Bir oydan keyin texnikumga borsam boyagi boshliqning o‘g‘li, oshnam o‘qiyapti. Mening haydalganligim xususida esa direktorning buyrug‘i osig‘liq turibdi. Mana, haqiqat. Dunyoda aslida haqiqat bormi? Shularning kasriga shaharda tentirab, ichishga battar ruju qo‘ydim. Ichsang salgina bo‘lsa-da, dardlaringni unutib yengil tortasan. Yigit boshi g‘ovg‘ali deganlar. Yigitlik ko‘chasidan yurmaganlar nimaniyam bilishadi. Bizning rahbarlar ichib yurganni mastkunamlikka yo‘yishadi. Katta shaharlardagi obro‘li lavozimlarda ishlaydigan aksariyat odamlar ichkiliksiz ovqatlanishmas ekan, bunday kishilarni “araqxo‘r” deb atash insofdanmi? Yonib ketasan, yonib!
Erkinning dadasi rahbarlarning g‘irromligi, ahmoqligi, ichishning to‘g‘riligi xususida uzoq vaysadi. U o‘zini “bu dunyoda noo‘rin jabr ko‘rib kelayotgan yagona haqiqatchil inson” deb ta’kidladi. “Yaxshilarga amalparastlar joy berishmaydi”, deb nolindi. So‘ngra xo‘rligi kelib, o‘ksib-o‘ksib yig‘lashga tushdi.

Erkin odamlarning sholi o‘g‘irlashiga ishongisi kelmadi. U unday kishilarni yomon ko‘rib qoldi. Uning ko‘z o‘ngida eshikni o‘g‘irlab borayotgan bojbonning xotini gavdalandi.
Erkin dalada o‘ynab yurib, suzma xaltani o‘g‘irlab qochayotgan qo‘shnisining qanchig‘ini payqab qolib, darrov oyisiga bildirdi. Ular itning izidan borib qo‘raga kirishsa xalta allaqachon yirtilgan ekan. Shunda Fotima itni katakka kiritib, rosa savalagan va “Endi qashqirning qanchig‘idek, uncha-muncha qo‘zini yelkasida olib ketaveradi”, degandi.
Erkin shundagina it va qashqirning qanchig‘i o‘g‘rilik qilishini eshitdi. Endilikda esa odamlarning ham o‘g‘irlik qilishini eshitayotir. Qiziq, ular qanaqa qilib o‘g‘irlar ekan?
– Rasvo zamon bo‘ldi-ku, – dedi hali mastligi tarqamagan Boymurot qo‘lidagi piyolani dasturxon chetiga qo‘yarkan. – Odamlarning hammasi faqat o‘z foydasini o‘ylashadi. O‘qituvchilar bo‘lim boshliq, brigadir bo‘lishadi. Sovxoz markazidagi kattakon uch qavatli ming bola o‘qiydigan maktab direktori yaqinda sholi qabul qiluvchi bo‘lib ishga joylashibdi.
– Direktor sholi qabul qilyaptimi?! – Oygul rost aytyaptimi degandek qaytadan so‘radi.
– Ha, nimasiga ajablanasan? O‘qituvchilar omborchilik qilishmoqda.
Erkinning o‘qituvchidan ixlosi butkul qaytdi. Ularning nimaga shunday qilayotganiga fahmi yetmasa ham, muallimlik yaxshi ish emas ekan degan fikr xayolidan kechdi. Undan hech kim qo‘rqmaydi.
– Hozir puling yoki amaling bo‘lishi kerak. Shundagina odamlar sendan hayiqishadi. Puli yo‘q, amali yo‘q, suyanchig‘i yo‘q mendan kim ham qo‘rqsin? Shunday bo‘lgach traktorimni tortib olishdi-da.
“Dadasining suyanadigan kishisi yo‘q ekan-ov. Nega endi, puli bor edi-ku. Bir qopchiq pulni ko‘rsatsa qo‘rqmas ekanmi? Puldan nimaga qo‘rqisharkan? – uning xayollari sachrab ketdi. Savoliga javob topolmayotganida, oldida yana bir savol ko‘ndalang turdi. – Dadamning shunda kuchsiz bo‘lganimi? Kim kuchli o‘zi?”
– Qarindoshing omborchi bo‘lsa teginmasdi, – Boymurot Yerkinning fikrlarini o‘qiyotgandek javob qaytardi. – Hozir omborchidan kuchli odam bormi?
– Omborchi, sholi qabul qiluvchining kuchi nimada?
Erkinning xayolidagi savolni oyisi berdi.
– Vo-ey, qiziq odamsan-da. Bundoq qilib aytganda ombordagi narsalarni o‘g‘irlab, sotadilar. Ming-ming so‘mlik pul bo‘ladi. Bu pullar ministrlar, raykom, rayispolkom o‘rtasida taqsimlanadi. Shundan uning so‘zi – so‘z, gapi – gap. Shunday bo‘lgach, omborchilar quturmay, it qutursinmi?
Erkinga katta odamlarning hammasi dahshatli o‘g‘rilar bo‘lib tuyuldi. Hech nimaga aqli yetmadi. Aniqroq xulosaga ham kela olmadi. Kimlarning kuchliligi yana jumboqligicha qolaverdi. Biroq omborchi, ministr, raykom, raispolkom, boshliq deganlarining har qalay oddiy emas ekanligini angladi. Ammo ularning qandayligi, xavfli tomoni, kuchliligi noma’lumligicha qolaverdi.
Bir kuni dadasi “Shaharga ko‘chish kerak”, degan taklifni aytib qoldi.
– Shaharda ochdan o‘lib qolarmiz, – dedi Oygul taklifga qarshi chiqib. – Hozir zo‘rg‘a kun ko‘rib turibmiz. Shaharda hamma narsa pullik.
– Shaharliklar ochdan o‘layotganlari yo‘q. U yerda yuz so‘mdan kam oylik yo‘q. Ikkalamiz ishga kirib olsak yomon bo‘lmaymiz. Bu yerda kunni tongga ulab, o‘lib-tirilib ishlasang ham oladigan maoshing qirq-ellik so‘mdan oshmaydi. U yerda sakkiz soat ishlab bersang bas. Sen bilan Xudoning ishi bo‘lmaydi.
– Uy-joy masalasi qandoq bo‘ladi? Uy yo‘q-ku.
– Bu yog‘idan tashvishlanma. Uy ko‘p. Istagan odam ijaraga beradi. Bir yil-yarim yil ijarada yashasak, keyin uy qurib olarmiz.
Shaharga ko‘chish haqidagi gap-so‘zlar Yerkinga alohida ta’sir qildi. U eng muhimi shaharlik bo‘lib yashashiga quvondi. Chunki o‘qishga qatnagan ozgina davr ichida shahar haqida juda ko‘p ertaklar eshitdi. Birining tepasiga biri qurilgan qavat-qavat uylar, chumolidek g‘imirlagan kishilar, hisob-sonsiz mashinalar, umrida ilk bor ko‘rgan Qobilbekning do‘koniga o‘xshash do‘konlar. Undagi ko‘zni qiziqtiruvchi har xil narsalar, tepasini bosganda jaranglab, tanaffus bo‘lganligini bildiruvchi sehrli qo‘ng‘iroqlar ko‘z oldidan bir-bir o‘ta boshladi. Faqat nomini eshitib, o‘zini ko‘rmagan narsalarini xayolida jonlantirdi. “Uy tepasiga uyni qandoq qurarkan? Mashinalar xuddi chumolilardek tizilishib yursa kerak”.
Yangilik kun sari havasini oshira bordi. U quvonchini iti Bo‘ribosar va quyoshga bildirardi. Tirruv-tirruv… Turnalar tizilishib janubga qaytishmoqda. Yerkin har kuni ularning ovozini eshitishi bilan to ular ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunlaricha orqasidan qarab turadi. Ular safida olislarga uchishni istaydi. Yaqinda shaharga ko‘chib ketishi yodiga tushib, fikridan qaytdi. “Oq yo‘l, turnalar. Yaqinda bizlar ham sizlarga o‘xshab bu yerni tark etib, shahar sari uchamiz”, deya qo‘l silkitib, xayrlashib qolardi.
Erkin katta-katta umidlar og‘ushida yurar, yaqin kunlarda boshlanajak ertaklardagidek hayotni orziqib kutardi. Yaxshi odamlarni sog‘indi. Ishonchi komil, yangi makon unga shirin orzu-umidlar, quvonchli damlarni hadya etadi. Hamma-hammasi o‘ylaganidek bo‘ladi. U yerda quyosh bilan doimo uchrashib turadi.

Erkinlarning ko‘chishi adoqsiz qayg‘u bilan boshlandi. Ne tongki, u o‘zining eng yaqin do‘sti, sirdoshi – Bo‘ribosaridan ayrildi. Shaharga it olib borib bo‘lmas emish. Iti bilan to‘qayzor ichidagi uyda qolishini o‘yladi. Bo‘ribosaridan ajralishni oldinroq bilganidami, ko‘chishga aslo rozilik bermagan bo‘lardi. Mashinaga yuklar ortilib, jo‘nash arafasida turganidagina bilib qoldi. Mashinaga chiqmasdan itini quchoqlab yig‘ladi. “Olib ketaylik”, deb yig‘ladi, yolvordi. Bunga javoban dadasi yelkasi osha mushti bilan qattiq zarba tushirdi. Aytgani bo‘lmadi, it qoldi. G‘ingshilab, yig‘lab-yig‘lab qoldi. “Meniyam olib keting”, degandek, changli yo‘llarda mashina ketidan uzoq chopib bordi. So‘ngra soy qirg‘og‘idagi tepalikda cho‘nqayib o‘tirganicha, mashinani achchiq ko‘z yoshlari ila kuzatib qoldi.
Mana, chiroyli bulbullar sayragan to‘qay ham, shalpangquloq quyonchalar ham, quyruq pati o‘roqdek egilgan, doimo kun nurida tovlanib turguvchi qirg‘ovullar ham, vafodor iti Bo‘ribosar ham, ko‘plab marta yolg‘iz o‘zi, “qovun-qovun” o‘ynab, soya­sida beg‘am bolaligi kechgan to‘rang‘illar ham, hammasi-hammasi ortda qoldi. Ularsiz qalbi bo‘m-bo‘shdek. Halitdan sog‘ina boshladi. Hali bosib o‘tilib bo‘linmagan ovul yo‘lini, uning ikkala bo‘yidagi butalarni birma-bir ko‘zdan kechirdi. Ular ham qiymasdan qolayotgandek, mashina ketidan yugurishib, Yerkinlar bilan ketishga talpinayotgandek tuyuldi. Mashina katta yo‘lga burilayotganida “yarq” etib quyosh nuri ko‘ziga urildi. Yerkin ko‘zida qotib qolgan yoshlarni artib, quyoshga beun termildi.
– Xafa bo‘lma, – dedi quyosh mayin jilmayib. – Bo‘ribosaringni o‘zim ko‘rib turaman. Sening qayerdaligingni unga aytib turaman. Balki seni ko‘rgani borar.
Erkin ham mayin jilmaydi. Uning yuzidagi kulgi izlaridan cheksiz quvonch, ishonchni payqasa bo‘lardi. Shaharga yaqinlashishi bilan izg‘igan odamlar, mashinalar Yerkinning xayollarini to‘zitib yubordi. Itini ham unuttira boshladi. Biri tepasiga biri qurilgan uylar tizilishib, allaqanday bir devning o‘yin uchun solib ketganidek taassurot qoldiradi.
Erkinlar mingan mashina shunday ko‘p uylarni ortda qoldirib, bir uyning yonida to‘xtadi. “Shunchalik ko‘p uydan, uy yetmaydi degani nimasi. Oyim shaharda uy ko‘p bo‘lishini bilmasa kerak-da”.
Qorni osilgan bir kishi tomorqasining chekkasiga qurilgan mo‘jaz uyga boshlab keldi.
– Mana, narsalaringizni shu yerga tushiring, – dedi tepakal. – Bu kelinmi? Barakalla!
Boymurotning topgan uyi shu ekan.
– Ilgari uzoqdan qatnashgan qarindosh bo‘lsak, endi yaqindan jon qo‘shni bo‘lamiz. “Qiyomat kuni qo‘shnidan”, deganlar. Manov kenjatoyingizmi? Juda yaxshi!
Erkinning shahardagi hayoti mana shunday boshlandi. Hozircha hamma narsa hali ochilmagan sirli bir voqeadek bo‘lib turibdi. Odim sayin bir yangilik. Gohi-gohida ko‘chadagi itlarni ko‘rganida beixtiyor Bo‘ribosari yodiga tushadi.
Tun hamma yerda ham bir xil bo‘lib, quyoshni sog‘intirarkan. Shaharning farqi – tunlarda yulduzlarni siriqlar boshiga ilib qo‘ygandek, behisob chiroqlar porlab turar ekan. Hozircha ularni zulmatning vahimali va jirkanchli harakatlari burkab turgandek. “Ammo quyoshga teng kela olmaydi!”
Shahar maktabi qishloqnikiga nisbatan kattaligi, o‘quvchilari ko‘pligi, taxta poli bilangina farqlanib turardi. Yerkinning bu yerda o‘qiy boshlaganiga ikki kun bo‘ldi. Bojbonning xotiniga o‘xshab xo‘mrayib yuradigan shaharlik o‘qituvchi Yerkinga unchalik ham ma’qul tushmadi. O‘qrayib qaraganida qochgani joy topa olmaysan.
– Shahar maktabi ovul maktabi emas, – dedi kelgan kuniyoq o‘qituvchi. – Dars qoldirmaysan, har kuni tayyorlanib kelasan. Kechikib kelish kechirilmaydi.
“Yangi kelgan bola”, deya o‘quvchilar Yerkinga hurpayishib qarashadi. “Qishloqi”, deya uncha mensishmaydi. Qo‘shni ayol ham qo‘polligi bilan bojbonning xotiniga o‘xshab ketadi. Kecha o‘qishdan qaytayotganida tomorqasiga kirgani uchun qo‘shnisining mushugini ayamay savalayotganiga ko‘zi tushdi. Ayol ketgach, Yerkin yerda jonsiz cho‘zilib yotgan mushukning yoniga borib, junini silay boshladi. Azbaroyi rahmi kelganidan beixtiyor ko‘zlari yoshga to‘ldi. Allamahalda mushukka jon inib, sekin boshini ko‘tardi. Yerkin yarador mushukni qo‘lida ko‘tarib, qo‘ra darchasidan uyiga o‘tkazib qo‘ydi.
Ertalab Boymurot barvaqt ishga otlandi. Oyisi har kuni Yerkinni maktabga kuzatib ish izlagani ketadi. Ko‘chama-ko‘cha, idorama-idora yurib ish topa olmay horib-charchab kechqurun uyga keladi. Shaharda mahkamalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, hech biridan ish topa olmadi. “Umidsiz shayton” deganlaridek Oygul bugun ham bir idoraning eshigini qoqishga ulgurish uchun Yerkinni shoshiltirdi. Yerkin ham uydan tezroq chiqa qolmadi. O‘qishga boray desa mushugini tashlab ketishga ko‘ngli chopmaydi. Maktabga o‘zi bilan birga olib ketishga oyisi ruxsat bermasligi aniq.
Erkin onasidan yashirib, mushugini qo‘yniga tiqib, maktabiga jo‘nadi. Qalbi sevinchga to‘la. O‘tayotganlar ko‘rib qo‘ysin degandek, yoqasidan mushugining boshini chiqarib qo‘ydi.
– Bu nimasi? – dedi yonginasidan o‘tayotgan bir o‘quvchi mushukka ko‘zi tushib. – O‘qishgayam mushuk olib boradimi odam?
– …
– Mayli, olib boraver. Muallim mushugingni qo‘lingdan yulib olib, derazadan otib yuborib, o‘zingning ham ketingga bir tepadi hali…
Erkinning qalbini qayg‘u egalladi. Mushugidan ajrab qolish xavfi odimlagan sari yaqinlashib kelayotgandek. Agar derazadan otsa… Mushukning holiga voy. Itidan ayrilgani kamdek, mushugidan ham ayrilib qolsa-ya?
– Kirsang-chi, bola! Darslar boshlanib ketdi-ku! – navbatchi o‘qituvchining shunday buyrug‘i uni sinfga shoshiltirdi.
– He, nimaga kech kelding? – dedi o‘qituvchi shundoq ham sovuq yuzini yanada sovutib.
Qo‘ynida arang nafas olayotgan mushuk qimirlay boshladi. So‘ngra engagi ostidan kallasini chiqardi. Bolalar duv kulishdi.
– Bu tag‘in nimasi? – deya o‘qituvchi yaqinlasha boshladi. U paltosi tugmasini yechgan zahoti mushuk yerga sakrab tushdi.
Endi derazadan otib yuboradi, deb o‘ylagan Yerkin bolalarning qattiq kulgisining achchiq qiyqiriqqa aylanib borayotganligini anglolmay qoldi.

Shaharda quyosh bilan uchrashib, sirlashish qiyin bo‘larkan. Baland uylarning ortidan quyoshning chiqayotgani ham, uyquga borayotgani ham ko‘rinmaydi. Tush paytida balandda uchratasan. So‘zlashgan paytingda ham eshitmaydi. Quyoshga qarab gapirayotganingni odamlar ham ko‘rib qolishadi. Quyosh shahardan uzoqlab o‘tarkan. Shundanmi, odamlar o‘rtasida betartiblar ko‘p uchrarkan. Quyosh botmay tepaliklardan qarab turganida ularga ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lardi-da.
Quyoshdan itini so‘ray olmaganiga ancha vaqt bo‘ldi. “U har kuni quyosh bilan suhbatlashib, mening qayerda yurganligimdan xabardordir”.
Bunday fikrlar Yerkinning miyasida har kuni takrorlanar edi. Quyoshdan uzoqlab ketganiga kechalari qiynalib yotadi.
Shaharga kelgach, ish joylari uch marta o‘zgardi. Dadasi ham o‘zi singari ishsizlar bilan topishib oldi. Oygul chiqindilarni ortuvchi bo‘lib ishga joylashmaganida kim bilsin hollari nima kechardi?
Bir kuni Boymurot uch yigitni ergashtirib kelib, kayfi safo qilayotganida uy egasi kelib, uyni tezda bo‘shatib qo‘yishini talab qildi.
– Kelasi yildan boshlab mebel narxi osharkan, – dedi u. – Shunga bu yil arzon vaqtida ikki-uch stenka olib qo‘ymoqchimiz. Uni shu joyga qo‘ymasak, boshqa joy yo‘q.
Stenkaning nimaligini bilmasa ham Yerkin uyga bahaybat biron narsani olib kelib, o‘zlarini chiqarib yuborishini tushunib qiynaldi. Oyisi ham…
– Sen xafa bo‘lma, birodar, – dedi birinchi kishi Boymurotning yelkasiga qoqib. – Bizlar bilan marmar suvash ishiga o‘tsang hammasi joyiga tushadi. Lekin ungayam tanish kerak. Bizlarda ancha-muncha diplomli yigitlar, muallimlar ishlashadi.
Mastlarning ajabtovur gap-so‘zlari, shahardagi tushunarsiz harakatlardan Yerkinning boshi qotdi. Ayniqsa “Puling bo‘lsa uy olasan”, degan so‘zlari uni taajjublantirdi. Uyning pulga sotilishini ilk marta eshitgan edi u. Chunki ovulida qancha uylar egasiz yotibdi. Ularni so‘rayotgan bitta ham odam yo‘q. Shaharliklar qo‘liga nima ilinsa shuni sota berarkan-da.
Tun yarmida eshik qoqildi. Oygul ishdan charchab kelib, o‘zini to‘shakka otardi. Bugun ham tosh qotib uxlayotgandi. Boymurotning ishi soatli bo‘lmaganligi bois, dam olishga tunning xohlagan paytida kelaveradi. Bunga uydagilar ham ko‘nikib qolishgandi.
Dadasining ovozini eshitib Yerkin chaqqonlik bilan eshikning ilgagini tushirdi. Dadasining shirakayfligini payqadi. Jismiga qo‘rqinch o‘rnashdi. Borib oyisini uyg‘otdi. Oygul erining yana ichganligini o‘g‘lidan eshitib, “o‘rgangan odat qolmas ekan-da”, deya ichidan norozi ohangda ming‘illadi.
– Bizlar bir barakasiz xalq bo‘ldig-ov, – deya boshladi so‘zini ichkari kirishi bilan. – Bu rahbariyatdanmi yoki o‘zlarimizdan? Bilmadim, nimaga o‘xshab ketdik. Bunday xo‘rlikka ko‘nib, chidab yurgandan o‘lgan afzal. O‘lish kerak. Yoki bo‘lmasa…
Bu dahshatli gapni eshitganida Yerkin titrab ketdi.
– Nima gap? Tinchlikmi? – dedi Oygul muloyim ohangda erining to‘rga uloqtirgan kiyimlarini yig‘ishtirayotib.
– Sen nimani ham bilarding, xotin. Potratning bari shu yoqda ekan. Yonib ketasan, yonib.
– Nima gap? Tushuntiribroq gapirsang-chi?
– Men yigitlarning gapi bilan marmar suvoqqa borib yursam, bizlarni qullardek ishlatayotgan ekan-da! Qul ekanmiz.
– Kim ishlatayotgan? Nega qulsizlar?
– Nega, nega? Har kvadrat metriga qirq so‘mdan pul yozib, shundan uch so‘minigina bizlarga berarkan. Qara, shunga hamma ko‘nib yuribdi. Hatto, diplomli yigitlar – muallimlar ham sirtdan kelganlarning berganini olib, ishlab yuribdi. Haqi uchun tortishay demadi. Sirtdan kelganlarning har birining tagida “Jiguli”, burunlari osmonda.
Bu gaplardan keyin ko‘p o‘tmay Boymurot pichoq yeb, kasalxonaga tushdi. Palatadoshlarining aytishicha “o‘ldi” deb tashlab ketishibdi. Umri bor ekan, tirik qolibdi.
Ona-bola zor-giryon yig‘lashdi. Oygulning nolasi olamni tutdi.
– Ko‘zsiz Xudo, – dedi faryod urib. – Biz bechoralarga bir nazaringni solma­ding-ov.
Erkin Xudoning kimligini aniq bilmasa ham, o‘zlariga yordam bermayotgan berahm birovdir deya fahmladi. Kimligini so‘rashdan tortindi.
Dadasi pichoqning ozoridan uyda uzoq yotib qoldi. Da’vo qilib, hech qayga bormadi ham. “Baribir pullik kishiga bas kelib bo‘lmaydi”, deya o‘yladi. Uy ichida bo‘layotgan gap-so‘zlarni jimgina tinglab o‘tiradigan Yerkin boshqalarning o‘shanaqa yengib yuravermasligini ichdan tuyar edi. Hali katta bo‘lsin, bularning hammasini quyoshga aytib beradi. Undaylardan dadasining o‘chini olib beradi.
“Qanday bo‘lmasin quyoshga duch kelaman”, deya o‘ylardi u.
Boymurot kechasi bilan qattiq og‘rib chiqdi. Bot-bot hushidan ketib, alahsiraydi. Allakimlarning ismini aytib, so‘kinadi. Tong otgunga qadar Yerkin uxlamasdan oyisiga ko‘maklashdi. Ertalab Yerkinning ham harorati oshib, boshi lo‘qillab og‘rib chiqdi. O‘qishdan qoldi. Oygul chiqindilar ortadigan ishiga qo‘shimcha kecha-kunduz ishlaydigan bolalar bog‘chasida ham farroshlik qilardi. Ikkala bemorni uyda qoldirib, Oygul ishga ketdi.
Tushlikdan keyin Yerkin dasturxonni zo‘rg‘a yig‘ishtirdi. Darmoni yo‘q. Emak­lab borib, to‘shakka yotdi. Ko‘z oldini qalin tuman qoplab, qo‘rqinchli narsalar paydo bo‘ldi. So‘ng quyoshni, ovulida qolgan itini ko‘rdi. Shod-xurram o‘ynadi. Quyosh bilan suhbatlashdi. U borgan yerlarga bordi. Ko‘zini ochib qarasa, ko‘p yillardan keyin qaytib kelgandek tuyuldi. O‘z uyida yotganligini sezgach, bir necha kun uxlagan bo‘lsam kerak deb o‘yladi. O‘rnidan bazo‘r turib, karavotda yotgan dadasiga qaradi. Uxlayotgan ekan. Uning xayoliga to‘satdan sinfdoshlari bilan muallimi kirib keladigandek sezilib, asta siljib uy ichini tartibga keltira boshladi. U sinfdoshlarining kelishiga so‘zsiz ishondi. Botir va Olim betob bo‘lib qolganida muallimi bolalarni olib borgandi.
– Betob bolalarning holidan albatta xabar olish kerak, – degandi shunda muallimi. – Betobning ko‘nglini so‘rasang, sog‘ayib ketgandek his qiladi o‘zini. Quvonadi, do‘stlikning qadriga yetadi. So‘ngroq Sarsengulning papasidan ham hol-ahvol so‘raymiz. Katta odam. Bazaning boshlig‘i. Qizining sinfdoshlari tashrifidan u ham quvonib qoladi. Boshi osmonga yetadi. O‘zim boshlab boraman.
Erkinning ko‘z oldiga ularning kelishga tayyorlanayotgani keldi. O‘z-o‘zidan sevindi, jilmayib ham qo‘ydi. O‘quvchilarning muallim bilan kelishi qanday yaxshi-ya! Dadam hov, Yerkinjonning sinfdoshlari, muallimi kelibdi-ku, deya quvonib, o‘rnidan turadi. Ular birin-ketin borib, hol-ahvol so‘rashadi. Tez kunda sog‘ayib keting, deyishadi. Yerkin ularni ko‘z oldida jonlantirganicha devorga suyanib ancha o‘tirdi. Biroq Yerkinning o‘ylaganidek bo‘lmadi. Kechqurun ishdan horib-charchab oyisi keldi. Bularga qarab unsiz termilayotgan Boymurotga:
– “Tez yordam” chaqiraylikmi? – deya ishda eshitganlarini bayon qila boshladi. – “Tez yordam”ni chaqirsang keladi deydi. Kasaling og‘ir bo‘lsa kasalxonaga o‘zi eltib yotqizadi deydi.
– Ey, doktoringni qo‘yib tur. Sog‘ayarmiz-da, – dedi Boymurot ularning kelishiga ishonmay.
– Odamlar aytganga chaqira qolaylik degandim-da.
– Bizlardeklarning chaqirganiga kelmasa kerag-ov…
Bu so‘z Yerkinning badaniga igna sanchgandek ta’sir qildi. Chindan o‘zlarining kimligini o‘yladi. Doktor kelmaydi. Muallim va sinfdoshlari ham kelmaydi. Katta ishdagilarga borsalar kerak?
Sog‘ayib o‘qishga borganidan keyin muallim ham, o‘quvchilar ham undan kasal bo‘lib qoldingmi deb so‘rashmadi. So‘raydi degan umidi butunlay puchga chiqdi.
– Spravkang bo‘lmasa og‘riganingga kim ishonadi sening? – shu gapi bilan muallim Yerkinning so‘nggi umid uchqunlarini ham so‘ndirib tashladi.

Erkin kundan-kunga o‘qishdan soviy boshladi. Maktabda hammadan kuchli, qo‘rqinchli kishilarning bolalari ko‘p ekan.
– Sen maktab direktorini urib ketay deding-ku, – dedi Olim yugurib sinfga kirgan Yerkinning egnidan itarib.
– Direktorni men urdimmi?
– Nima endi, urib ketmoqchimiding? Hov, sen zo‘rsan-ku, – deya Olim Yerkinni mensimay egnidan tortdi.
Erkin uni itarib yubordi. Olim chalqanchasiga yiqilib tushdi. Sinfdagilar chuvullab yuborishdi.
– Olimni yiqitdi-ku.
– Sen kimga kuch ko‘rsatayapsan?
– Papasi seni qamatib yuboradi-ku.
O‘quvchilarning ko‘pchiligi jo‘jaxo‘rozlanib Yerkinni o‘rab olishdi. Sarsen degan bola “nega bizning jo‘rani urasan?” deb yoqasiga yopishdi. Yerkin uniyam urib yubordi. Yig‘lamsirab yana yopishdi. Unga Olim yordamga keldi. Ikkovlashib Yerkinni do‘pposlashdi. Ularni hech kim ajratmadi. Faqat o‘qituvchi kelishi bilan o‘rinlariga tarqalishdi.
Erkinning qattiq xo‘rligi keldi. Ko‘ziga kelgan yosh va o‘ksikni qaysarlik bilan qaytarib turdi. O‘quvchilar har tomondan qichqirishib, muallimga bo‘lgan voqea xaqida kim oldin aytishga musobaqalashayotir.
– Boymurotov, bu yoqqa chiq! – dedi muallim darg‘azab ohangda.
Erkin dadil qadam tashlab, muallimga yaqinlashdi.
– Qani, sen nimaga tinch yurmaysan? – qulog‘idan tortdi. – Echkining orqasi qichishsa cho‘ponning tayog‘iga suykanadi deyishadi. Olimning otasi seni ota-onang bilan qo‘shib sotib yuboradi-ku. Ministrning o‘g‘liga nega suykalasan sen ahmoq?! Omborchining o‘g‘lida qanday ishing bor edi?
“Omborchi” deganida dadasi aytib kelgan maktab direktorligini qo‘yib, omborchi bo‘lgan kishi yodiga tushdi. U bizning maktabimiz direktoridan ham kuchli ekan-da.
Muallim qancha baqirib-chaqirib, quloqlarini burasa ham Yerkin yig‘lagani yo‘q. Qaysarlik qilib turaverdi. Endi Yerkinning yomon va qo‘rqinchli odamlar to‘g‘risidagi ro‘yxatidan manavi ministr, omborchilar joy egalladi. U bularning hammasini jirkanchli kishilar sirasiga kiritdi.

O‘z yo‘lidan ketib borayotgan Yerkinning ro‘parasidan militsioner chiqib qoldi. U birdan mushukni uchratgan sichqondek tipirladi. Shunda u “militsiyada imon bo‘ladimi, shunchaki yursang ham qamab tashlaydi”, degan dadasining mastlikda aytgan gaplarini yodiga tushirdi. Yerkin qo‘l-oyoqlari birdaniga sovib borayotgandek. “Militsioner hozir yonida to‘xtab “nima qilib yuribsan?” deb so‘raydi. O‘qish paytida qochib yurganingni bilsa, bilagingdan mahkam tutib, qamab tashlaydi. Dadam, oyim qayerda yurganligimni bilishmaydi”.
Militsioner yonidan o‘tib ketdi. Yerkin “Uxx” deganicha og‘ir nafas olib, yurishini ildamlatdi. Militsioner undan olislayotgan esa-da, orqasiga burilib, chaqirib qoladiganday tuyuldi.
Savlatli uch qavatli bino oldiga yetib, ichkariga kirmoqchi bo‘ldi-yu, ammo eshik og‘zida turgan militsionerga ko‘zi tushib, shartta ortiga qaytdi. Ko‘cha oralab yurishda davom etdi. Tag‘in bir qavatli bino oldida to‘xtadi. Ish so‘raydigan joy shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, kirsammi, kirmasammi degan xayolda ancha ikkilanib turdi. Shisha eshikli bino eshigi oldida bir cholga duch keldi.
– He bola, nima qip yuribsan? Kimni izlab kelding?
– Ish izlab keldim, – deya javob qaytardi Yerkin.
– Ish? – so‘radi chol bolaning gapini yanglish eshitmadimmi deya xayol qilib.
– Ha, ota, ishlay degandim.
– Ota-onang bormi? – o‘smoqchiladi chol. – Sen hali ishlashga yoshlik qilasan. Katta bo‘lganingda bu yerdan senga ish topilmas o‘g‘lim. Bu shaharda sen tugul, kattalar ham ish topa olishmaydi.
U yura-yura bozorga borib qoldi. Ayollar bellariga etak tutib, manti, pirojniylar sotishmoqda. Kabobpazlar ko‘mir tutunini burqiratganicha, sixlarga terilgan kaboblarni yelpiyotir. Yerkin qattiq ochiqqanini sezdi. Manti sotayotgan semiz ayolning qarshisida biroz turib qoldi. Og‘zidan so‘lagi oqib, yegisi kelib, turib qoldi.
– Endi manti o‘g‘irlagani chiqibsanlar-da? – shunday deb semiz ayol Yerkinga tikildi. – Qarang bularni, uylaridan ovqatlanmay qo‘ygan. Ota-onasi shunga o‘rgatgandir-da.
Erkin chopganicha odamlar orasiga singib ketdi. Xo‘rligi kelib, yig‘lab yuborishdan o‘zini arang tutib turardi. Oyim ham men kabi ochiqib oldiga kelgan bolani quvib yuborsa kerak. Bir manti berganida kamib qolarmidi?
Piyodalab stantsiya tomon qadam tashladi.
Vagon qoshida yig‘ilishib o‘tirgan yigitlar yorug‘ olamda o‘zlaridan boshqa kishi yo‘qdek, osmonni boshiga ko‘tarib kulishib, chaqchaqlashib o‘tirishibdi.
– Hov jo‘ra, sen nimaga kelmading? – dedi bittasi yonida turgan Yerkinni endi ko‘rib turgandek. – Ana, bo‘shagan shishalar. Olgin-u tuyog‘ingni shiqillat.
– Men ish axtarib keldim, – dedi Yerkin uning ishorasiga tushunmasdan. – Menga shisha kerak emas.
Hammasi gurra kulishdi.
– Sen tugul bu yerga otang ham yaqinlay olmaydi, – dedi devqomat bittasi mo‘ylovini tikraytirib. – Yaxshisi, anavi shishalarni olgin-da daf bo‘l.
O‘tirganlar yeb qo‘yadigandek yalt etib qaradi. Olti juft ko‘z berahmlikning alangali olovini purkab turgandek tuyuldi. Yerkin ko‘zini bosib, ho‘ngrab yig‘laganicha o‘z yo‘lidan yugurib keta boshladi. Orqasidan “To‘xta! To‘xta!” degan ovozlar eshitilardi. O‘tirganlarning achchiq va jirkanch kulgisi chor-atrofni tutib ketgandek go‘yo. Temiryo‘l vagonlari ham, yo‘l chetidagi tepaliklar ham, bari-bari qah-qah urib kulayotgandek. Kimga va nimaga kulayotganligini bilishmasdi.
Erkinning oyog‘i bir narsaga ilinib ketib, yuztuban yiqildi. Peshonasi, tizzasi toshga urildi.
Anchadan keyin hushiga keldi. Hamon kulgining jarangi quloqlari tagida yangrab turardi. U emaklaganicha, u yoq-bu yoqqa quloq tutdi. Atrofda jimjitlik. Og‘zidagi tuproqni artdi. Og‘riyotgan boshini ushladi. Ikki chakkasi zirqillab turibdi. Ko‘zlari qinidan chiqib ketgudek. Mitti qo‘lchalari peshonasidagi mushtdek g‘urraga tegdi. Qalbida allakimlarga cheksiz nafrat uyg‘ondi.
Uning ko‘zi tepalikda cho‘nqayib o‘tirgan itga tushdi. Sog‘inchdan ko‘ziga yosh keldi. “Bo‘ribosar”, dedi u. Bo‘m-bo‘sh qalbini bahorning sarin shabadasining lazzatli ifori to‘ldirdi. It qoshiga keldi. Yerkin epchillik bilan uni tutib olib, bo‘ynidan quchdi. Ko‘ziga yosh oldi. Qushlarni, onlarni bari-barini sog‘indi. Uyasiga kirib ulgurmagan quyoshga nigohi tushdi. O‘rnidan otilib turdi.
– Yur, ketdik, Bo‘ribosar! Yur, yur! – dedi itni shoshirarkan, qalbi sevinchdan xapriqib. – Sendan boshqa Bo‘ribosarlarga boramiz. Tez yur, quyoshga yetib olamiz. Quyosh bizlarga hammasini aytadi. Endi quyosh bilan birga bo‘lamiz. Unga hammasini so‘zlab beraman. Yur, yur! To‘xta, quyosh! Buguncha uxlamay tur! Uxlama, quyosh! Sen uxlasang, hamma qilmishga qo‘l urishadi. Uxlama, quyosh, uxlama!

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 12-son