Oppoq edi boshda bu dunyo,
Ko‘cha oppoq, kechalar oppoq…
Xurshid Davron.
Birinchi soat darsga kechikkan biz uchovlon botirlar yuraklarimizni hovuchlab endigina maktab binosi yonida uchrashib turgan edik, sinf rahbarimiz Bo‘tayevning olahakkanikiga mengzar o‘tkir tovushi kapalagimizni uchirib yubordi.
− Hey-ey, qahramonlaar! – dedi u go‘yo bizdan tortgan barcha sitamlari uchun o‘ch olishning biror yo‘lini topganday g‘o‘ddayib. – Nega kechikib qoldilaring? Tezroq xonaga yuringlar! Senlarni kutib turibmiz − uchastkavoy bilan!
Boshim qotdi. Biz Bo‘tayevga oxirgi marta qachon yomonlik qilgan edik? Hafta oldinmi? Ammo u rejamiz ham sinf rahbarimizni mahv etishga qaratilgan boshqa bir qancha rejalarimiz kabi muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi-ku, oqibatda ana, u yana qarshimizda shaqildoq ilonday buqog‘ini shishirib turibdi! Aslida o‘sha ish eslashga ham arzimaydi va uni amalga oshirish fikri qasddan emas, to‘satdan paydo bo‘lgan edi bizda. Ya’ni sinfxonamizga kutilmaganda kattakon qora ari kirib kelgan edi.
− Vu-u-uy, − deb yuborgandi hamsinf qizlardan biri ariga qarab. – Ja g‘alati turidan ekanmi? Qora ekan!
Ari kattakon bo‘lgani uchun qanotlaridan chiqqan tovush boshqalarning ham e’tiborini tortib ulgurgan, bu vaqtda hammamiz zo‘r qiziqish bilan uni kuzatayotgan edik.
− Bu – qora zambur, eskitdan bor, − bilog‘onlik qilgandi Sadaf. – Enamning tishi og‘riganda, mana shunday zamburni tishlab tuzalib ketgandi.
“Aldayapti!” degan gap deyarli hammamizning xayolimizdan o‘tgan bir payt:
− Hazillashayapti! − deya o‘z fikrinni yumshatibroq ifodalagandi Mirza. − Hech bir zamonda ari − zambur ham tish og‘riqni davolar ekanmi?!
− Davolagan deyapman-ku, − Sadaf bo‘sh kelishni istamagandi. − Enamning aytishicha, buning bir rivoyati bor ekan. Qadimda, avliyolar yashagan davrlarda qattiq ocharchilik bo‘libdi. Shunda bir avliyo o‘z farzandlariga “Xafa bo‘lmanglar. Hali bir davrlar keladiki, odamlar o‘zlaridan ortgan taomlarni ko‘chaga olib chiqib to‘kadi”, deb dalda beribdi. Bu gapdan avliyoning qizining jahli chiqibdi. “E, shunday isrofgarchilik qilishsa odamlar tish og‘riq bo‘lsin-e!” deb yuboribdi. “Unday demang, qizim, undaygina qarg‘amang! – shoshib qiziga o‘tinibdi avliyo. – Tez buning davosini ayting!” Shunda o‘sha avliyoning qizi “Yo ombur davo, yo zambur davo!” degan ekan… Shu-shu, odamlarning tishi og‘riydigan bo‘libdi-yu, sug‘urtirib tashlamasa yo shu noyob qora zamburni g‘archillatib tishlamasa, bu og‘riqdan hech qutilmaydigan bo‘libdi.
− Xo‘p, bu jonivorni tishlasa, tish og‘riqqa davo ekan, lekin chaqsa-chi? Chaqsa nima bo‘larkin? – Sadafning gapini rad etmagan holda, o‘smoqchilab so‘ragandi Qodir. – Adashmasam, birinchi soat sinf rahbarimizning darsi edi-ya?!
− Unday qo‘rqitmanglar-e… – degandi, og‘zi va ko‘zlari katta ochilib, kattakon baliqqa o‘xshab qolgan Mo‘min. – Chaqsa… O‘ldirmay qo‘ymaydi bu!..
Bu payt Mo‘mindan bo‘lak hamma Qodir o‘smoqchilab nimaga shama qilganini anglab ulgurgan, qo‘liga daftarini olib, partalar ustida sakrashib qolishgan edi. Biroq men o‘zg‘irlik qilgandim. Turgan joyimda papkamni uloqtirgandim-u, shiftdan arini urib tushirgandim!
− Gap yo‘q! – iftixor bilan boqib, alqagandi meni Sadaf, − Chingachguk bo‘b ket!
So‘ngra tirik arini qo‘lga oldik. Qanoti va oyoqchalarini yulib tashladik. Ko‘zga tashlanib turgan nishini tepaga qaratib, Bo‘tayevning hozir kelib o‘tiradigan stuliga joylashtirib qo‘ydik. Sho‘rlik sinf rahbarimiz bizga rahbar bo‘lgandan beri birinchi marta shovqin-suronsiz, mana shunday jimgina dars boshlanishini kutayotganimizni ko‘rishi bo‘lsa kerak. U sinfxonaga kirib kelarkan, go‘yo “mina”ni bosib olishdan cho‘chigan askarday hadiksirab qadam tashlar, ikki ko‘zi alang-jalang edi. Har doim nega ovozlaring chiqmaydi, deb bizga ikki-uch qaytadan baqirtirib salom berdiradigan odam, bu gal azbaroyi ishtiyoq bilan bergan salomimizga ham alik olishga ikkilandi. Boshini irg‘ab, nimadir deb g‘udranganday bo‘ldi-yu, ko‘zlarini bizdan uzmasdan sekin joyiga cho‘kdi. Barchamiz uning sakrab o‘rnidan turib ketishini kutib bo‘yinlarimizni ichga tortgan edik, u battar ajablandi. Xiyolgina chayqalib, sutulga yanada o‘rnashibroq o‘tirishga harakat qildi.
Bo‘tayev o‘tirgan joyida yo‘qlama qilganida, kechagi mavzuni so‘rab bilganida ham, biz hamon uning sakrab o‘rnidan turishi va dodlagancha xona bo‘ylab yugurib qolishini umid bilan kutib o‘tirardik. Lekin, afsuski, hali aytganimday rejamiz muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bo‘tayev yozuv taxtasiga yangi mavzuni yozish uchun o‘rnidan turganida qarasak, ari majaqlanib uning kattakon ketiga yopishib qolgan ekan…
Biroq u hozir bizni hafta oldin qilgan bu bezoriligimiz uchun emas, kecha tunda amalga oshirgan rosmana jinoyatimiz uchun sinfga chorlayotgani ehtimoli katta edi. o‘ldimi, ari uchun uchastkavoy chaqirib yurmas…
− Sezib qolishibdi… – yirtilib, pati to‘kilgan yostiqday bo‘shashibgina g‘uldiradi Qodir mening gumonlarimga hamohang. – Buning ko‘p ishni tindirganday g‘o‘ddayib turishidan, ichkarida bo‘larimiz bo‘ladiganga o‘xshaydi…
− Ana, kecha sen ikkalangga aytmovmidim! – go‘yo ichidan bir narsasi uzilganday ingrab yubordi Mirza. – Hammasiga ko‘z yumib, tinchgina o‘tirganimizda bu balolar yo‘q edi!..
Allaqachon ko‘nglim buzilib, juftakni rostlashni o‘ylayotgan esam-da, Mirzaga tashvishlanib qaradim: chunki kecha u hecham unaqa degan emas, hozirdan shu turishi bo‘lsa, ichkariga kiriboq hamma mag‘zavani Qodir ikkimizga ag‘darmasa go‘rga! Axir, aslida… Aslida hammasiga shu Mirzaning o‘zi.., yo‘q Qodir.., yo‘q-yo‘q.., yaxshilab o‘ylab olay-chi… Balki… Balki Sadafning o‘zi sababchi emasmi?!
Sadaaf!.. O-o, Sadaaaf! Ne ajabki ayblab, yerga urib, qum-tuproqlarga belab gapirgan taqdirda ham uning ismi tilginadan sirg‘alib ajib bir kuy bilan chiqadi-ya? Holbuki, jismi ismiga monand, oppoq va bo‘rsildoq yuzlariga kulgichlari yarashgan, ko‘zi qiyg‘och, sochlari patila bu oyimcha biz uch oshna – men, Qodir hamda Mirzaning naq jigaridan urib qo‘ygan edi-da! Bu haqda hech kim gapirmasa ham, butun sinfdoshlarimiz bilar edi shunaqaligini! Hatto Sadafning o‘zi ham bizni to maktabning ilk sinflaridan beri kuydiribgina yurganini yaxshi bilar, shundan hech qaysimizni xafa qilmay, hech qaysi birimizni qo‘ldan chiqarishni istamay, har uchalamizga birdek qosh qoqib, ko‘z uchirib qo‘yishni kanda qilmasdi. To‘g‘ri, u entikishlarimizga javoban shu birgina qosh uchirishdan nariga o‘tmas, juda erib ketgan pallalaridagina bo‘yiga yetayotganidan beri tobora qizil atirgul g‘unchasiga o‘xshab qolayotgan lablarini qimtib, o‘zicha arazlardi. Kinolarda ko‘rganman, qiz bolaning arazlagani – nozlangani, nozlangani – suygani! Uning bunday noz-ishvalariga eng ko‘p duchor bo‘lgani uchun kamina, Sadaf aslida mana bu govkalla oshnalarimni emas, birgina meni, yakka o‘zimni yaxshi ko‘rsa kerak, degan shirin shubha va gumonlarga berilar edim. Nega unday umid qilmay edi? Axir, kechagina – ilk sinf davrlarimiz maktabga birga qatnab yurganimizda unga uydan navvot, parvardalar olib borganim, hatto enam qishda yeyish uchun gazetaga o‘rab savatga joylab qo‘ygan olmalarni-da tashib yedirib yuborganim, bu ishim oqibatda uydan haydalishimga oz qolganigacha hali-hanuz esimdan chiqqan emas-da. O‘shanda Sadaf, yo‘q hozirgi katta qiz bo‘lib qolgan Sadaf emas, sochlarini ikki o‘ram qilib oppoq lentachalar taqib yuradigan qizaloq Sadaf Mo‘min bilan bitta partada o‘tirar, betashvish-beg‘am, bo‘sh-bayov Mo‘minboy esa qanday baxtga ega ekanini xayoliga ham keltirmasdan papkasini yostiq qilib nuqul uyquni urib yotardi. Eh, shu bir Mo‘minga qanchalar havas qilar, Sadafga yaqindan, nafaslarini eshitar darajada yaqinginadan soatlab termulib o‘tirishni men qanchalar istar, orzu qilar edim o‘shanda. Aytgancha, Mo‘min − biz oshnalarning to‘rtinchimiz. Birinchi sinfdan to beshinchi sinfgacha Sadaf bilan bitta partada o‘tirgani uchunmi yo onasning qo‘li shirin pazanda bo‘lgani uchunmi, uncha esimda yo‘q, ishqilib sinfimizdagi qolgan dovdir-sovdir bolalarning ichidan uni o‘zimizga oshna qilib saylaganmiz. O‘ziyam oshnachilikka yaraydigan bola-da, g‘irt ammamning buzog‘i – qayoqqa yetaklasang g‘iring demay ketaveradi! Qisqasini aytganda-ku, go‘dakligida Sadaf bilan bitta partada o‘tirishidan tashqari, mening boshqa bir gal ham unga juda havasim kelgan. Bu voqea o‘sha – biz piyoz ekib, rahmat eshitish o‘rniga tuhmatga qolgan kunimiz, zov bo‘yida bo‘lib o‘tgan edi.
U paytlari biz tarang tortilgan kamon o‘qiday yetuklikni ko‘zlab turgan to‘qqizinchi sinf o‘quvchilari emas, bor-yo‘g‘i beshinchi sinfning tentakkina bolalari edik. Tabiatshunoslik fani malimimiz bizdan sinfimiz bilan dalaga − piyoz ekish uchun hasharga borishimizni so‘rab qoldi.
− Bolalarar, bu shunchaki hashar emas, ochiq dars, − degandi o‘shanda malimimiz. – Shuni ota-enalaringga yaxshilab tushuntirib, ro‘xsat so‘ranglar. Dalaga chiqib terlasalaring, miyalaringdagi ortiqcha suv chiqib ketishi mumkinligini ham aytish esalaringdan chiqmasin.
Biz esa malimimizning gapirish ohangidanoq bu shunchaki hashar emasligini, balki tabiatshunoslik fanidan tabelimizga tushajak besh baholarning garovi ekanini sal-pal anglaganday bo‘lgan edik. Uch-to‘rtta dangasani hisobga olmaganda, darsdan keyin hammamiz turnalarday tizilishib borgandik.
Dalada esa erta bahorning yam-yashil o‘t-o‘lanlari shatoloq otib qochgan bolalarday sochilib yotardi. Osmonda to‘p-to‘p bulutlar misoli o‘yinqaroq bolalarday suzib yurar, quyoshning lohas qiluvchi nurlari ko‘zlarimizni qamashtirib, atay biz bilan o‘yin o‘ynamoqchi bo‘layotganga o‘xshab tuyilardi. Esimda, o‘shanda eng oldinda yugurib borayotgan Sadafning ko‘kishtob ko‘ylagi etaklari hilpirab go‘yo bir bayroqqa o‘xshab qolgan, biz shu bayroqqa tezroq yetishish ilinjidagi sportchilarga o‘xshar edik. Shamol esa bizni nedandir ogoh etishga uringanday, bizdan shoshmaslikni, shoshilmaslikni so‘rayotganday, qancha tez yugursak daladan, osmon-u bulutlardan va… va bahordan shunchalik olislashib borishimizni tushuntirmoqchi bo‘ganday qo‘l-oyoqlarimizga ojizgina chirmashib ortimizda qolib ketar, g‘amgin pichirlagan qariya misoli izimizdan ohista g‘udranib qo‘yardi. Shunday yugurib, tamom holdan toyib zovur bo‘yiga yetganimizda Sadaf qo‘lini ko‘tarib barchamizdan to‘xtashni so‘radi. Hamma to‘xtagach, qo‘llarini tizzasiga tirib, biroz nafas rostlagan bo‘ldi-da, keyin uloqchalarga o‘xshab sakrab-sakrab zovurning tuproq yig‘ilib do‘ngalak bo‘lib qolgan joyiga chiqdi. Do‘ngalakning ortini – zovurni zo‘r diqqat bilan kuzata boshladi. Biz sinfdoshlar uning xayoliga yana qanday qiziq fikr keldi ekan, deb betoqat kutib turibmiz…
− Qani, kim shu yerdan sakray oladi? – deya so‘radi u nihoyat. Bu gapdan so‘ng avvaliga qiziquvchan qiz bolalar, keyin biz o‘g‘il bolalar ham Sadafning oldiga chiqib pastga qaradig-u, sakrash tugul damimiz ichimizga tushib ketdi. Chunki zovur ichi kamida besh metrcha chiqar, sakrab tushgan odamning oyog‘i sinmagan taqdirida ham, to‘pig‘idan chiqib ketishi tayin edi.
− Nahotki, hech qaysilaring sakray olmasalaring-a? Toza quyon yurak ekansanlar-ku! – dedi Sadaf beshafqatlik bilan. – Bu zovur nima bo‘pti! Hindlar bundan ham baland joylardan sakrayveradi.
− Chuqur ekan…
− Anchagina…
− Suvi bo‘lgandayam boshqa gap edi… – chug‘urlasha ketdi qizlar.
Bu umidsizlikka chorlovchi gaplardan keyin yana bir bor bo‘ynimizni cho‘zib zovurdan pastga qaradik, nihoyatda afsuslanib, pichir-pichir gaplasha boshladik.
− Kim sakraydi, qani kim?! – Sadafning bu galgi qat’iy ovoz ohangida beshafqatlik emas, mehr-u muhabbat tolalari eshilib ketgan, umidvor boqayotgan nigohlarida ham ne bir injikish, ne bir shikoyat bor edi. – Faqat qiz bolalar emas, o‘g‘il bolalar sakrasin! Kim sakrasa, o‘sha – g‘olib!
“G‘olib? Nimada g‘olib?! Hali hech qanday o‘yin boshlangani ham yo‘q-ku!” Aftidan barchamiz shuni o‘ylab, tushunolmay turgan edik, kutilmaganda zovur ichiga Mo‘min misoli yarim qop piyozday gursillab tushdi…
Mo‘min?! Qachon qarasa mishqini oqizib yuradigan, itning orqangi oyog‘i Mo‘min?! Hamma hayratda, hamma hayajonda edi. Ammo Sadaf aftidan zovurga aynan Mo‘min emas, boshqa birov, deylik, masalan, mening sakrashimni istagan edi, shekilli, Mo‘minni olqishlash o‘rniga shart o‘grilib, lom-mim demasdan jo‘nab yubordi. Biz esa ketmadik, noixtiyoriy bir tarzda ketolmadik. Oddiy mishqidan bamisoli hind kinosi qahramoniga evrilgan Mo‘minni zo‘r havas, zo‘r ehtirom, zo‘r hasad bilan zovurning ichidan tortib oldik. Ammo eng qizig‘i, Mo‘min zovurdan chiqqach bizning hafsalalarimizni pir qilib:
− Qaysing… Itargan bo‘lsang… otamga aytaman! – deya shing‘illaganiday bo‘ldi.
O, kimdir itarib yuborgan, adashib qulab tushgan, harqalay Sadafning shartini bajargan Mo‘minning o‘rnida bo‘lib qolishni qanchalar havas, orzu qilgan edim men o‘shanda… Ammo bugun, mana bugun o‘spirin yoshga yetib, bo‘yim bilan birga esim ortib, hamma qizlar, ayniqsa, chiroyli qizlar o‘ta ayyor, nihoyatda ochko‘z bo‘lishini anglab turibman. Ha, ularning lab burib, ko‘z pir-piratishlari juda-juda aldamchi, juda-juda soxta bo‘lar ekan, aslida. Aslida ular hech bir yigitni qo‘ldan chiqarmasam, hammasini bir qator qilib itday izimdan ergashtirsam, ko‘zmunchoq qilib qo‘limga taqsam, kaptar qilib barchasiga hovuchlarimda don bersam, degan hiylakor xayollar bilan yurar ekanlar. Har qalay sinfdosh qizlarimizning kecha qo‘limizga tushib qolgan dastmoyalari nainki menga, balki biz to‘rt oshnaning barchamizga shunday o‘ylashdan o‘zga yo‘l qoldirmagan edi.
Ochig‘i, biz qizlarning shunday daftar-dastmoyalari borligini aynan o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rmasdan, boshqa birovdan eshitganimizda, balki ishonmagan bo‘lardik. Biroq bu ne ko‘rgulikki, Qodir daftarni ashyoviy dalil sifatida qo‘lga kiritibdi. Darslar tugagach, u tomoq qirib, iyak qoqib biz uchovlonga – Mirza, men, Mo‘minga yakka tut tagidagi o‘zimizning tosh yoniga borishni imo-ishoralar qilganda, albatta, hech narsadan xabarimiz yo‘q edi.
Uchovimiz uzun-qisqa bo‘lib hamishagi sardorimiz Qodirboyning izidan yurib borar ekanmiz, yo‘lda Mirza sekingina:
− Nimaga rangi gezarib ketibdi? – deya so‘radi.
− Qo‘yaver, arzimagan gapdir, − dedim men unga ko‘z qisib. − Bu o‘zi shuytadi, obdon vahima qilmasa, hech gapni aytmaydi!
Aslini olganda-ku, yakka tutning tagida hazilakam gaplar gaplashilmaydi. Chunki bu qartaygan tut mana shu pastlikda Chimsaroy ovulimiz paydo bo‘lishi bilan teppa-teng ko‘karib chiqqan, enamning matallariga qaraganda, uni ovulning katta bir Eshon bobosi ekkan ekan.
Enam o‘shanda jerkib, gapirmagani uchun yakka tutning mevasi nega bemaza ekani biz oshnalarga ham sir bo‘lib qolgandi. Lekin besh-olti yil oldin u haqidagi boshqa gaplarni oqizmay-tomizmay aytib berganimdan keyin, Qodir juda ilhomlanib ketgandi.
− Bugundan boshlab shu tutning tagini o‘zimizga qo‘nalg‘a qilamiz! – degandi ko‘zlari mildir-mildir tovlanib. – Eng sirli gaplarimizni shu muqaddas tutning tagiga kelib gaplashamiz!
− To‘g‘ri aytasan, fikringga qo‘shilaman, − deb esnagandi Mirza esa. – Tut bilan tosh turgan joy baland, pastdan kelib birov gap poylamoqchi bo‘lsa, darrov ko‘rib qolamiz.
Biroq Qodir keyinchalik muhim sir deb bo‘lmaydigan arzimas gaplarni aytish uchun ham bizni azza-bazza shu tutning tagiga sudraydigan odat chiqargan, hozir ham uzun-qisqa bo‘lib uning ortidan borarkanmiz, rosti, voqeaning u qadar jiddiyligiga shubham bor edi. Shu uchun, u yerga yetishimiz bilan “Xo‘sh, yana nima bo‘ldi?!” – deb Qodirga kesatishdan o‘zimni tiya olmadim.
− Balo, bo‘ldi! – deya javob qaytardi shunda Qodir. – Baringga ochiq lahad bo‘ldi, eshitdilaringmi?!
Men Qodirni yaxshi bilaman, sal bo‘sh ketganni minib oladi.
− Sen ko‘p tizinglama, iching qotgan bo‘lsa, jahlingni enangga yo mana bu… Mo‘minga qil! – deb undanam baland kelishga urindim shunga. – Tushuntirib gapirsang-chi bunday?
Tahdidimdan so‘ng Qodir uncha-muncha shashtidan tushdi. Yosh g‘iltillab, sarosimali boqayotgan ko‘zlari bilan ko‘zimga biroz tikilib turdi-yu, o‘sha dastmoyani – qizlarimizning shuncha paytdan beri bizdan yashirib kelgan “Dil daftari”ni yuzimga uloqtirib yubordi. Qodir otgan daftar misoli o‘q yegan kaptarday oyoqlarim ostiga tushib, varaq-varaq bo‘lib yotganda ham, qolgan oshnalar hali hech narsadan xabarimiz yo‘q, xususan, men qo‘llarimni cho‘ntakka tiqib, beparvo turar edim.
Qodir nihoyat parvoyimiz palakligiga chiday olmadi.
− Ko‘r… O‘zlaring ko‘ringlar mendan so‘raguncha Sadaf!.. Sadaflaring nima qilib yurganini! – dedi og‘zidan tupuk sachratib, barmog‘ini bigiz qilib daftarni ko‘rsatarkan.
Mirza ikkalamiz u ko‘rsatgan tomonga emas, bir-birimizga qaradik: “Sadaf…laring, dedimi? Bunga es qayerdan bitdi?!”. Dafatrni esa Mo‘min oldi. Savodi yaxshi bo‘lmagani uchun og‘zini uch burchak, to‘rt burchak qilib qodir varoqlarini buklab qayirgan joyidan o‘qishga tushdi. Shundan so‘nggina Mirza ikkovimiz uzun-qiltiriq bo‘yinlarimizni cho‘zib, Mo‘minning yelkasi osha alangladik:
“Sizni judayam ko‘p o‘ylayman… Hindlarning kinolaridagi urishqoq yigitlarni ko‘rganimda, hamisha siz esimga tushaverasiz. Bilaman, aslida sizning o‘sha hindilardan ham kuchingiz ko‘p. Hech bo‘lmaganda ulardan mardroqsiz. Menga kimlardir yomonlik qilmoqchi bo‘lganda, siz ko‘ksingizni qalqon qilib meni himoya qilasiz… Kecha sizni tushimda ko‘ribman. Bu haqida yoza olmayman… Uyat axir… Sadaf”.
− Kimga yozipti-i-i?!! – hali hushimni yig‘ib ololmasimdan, chap qulog‘im ostida chiyillab yubordi Mirza. – Uyatsiz, qiyshanglab kimga yozipti bu harom gaplarini?!
− Bilmayman, chin so‘zim, bilmayman oshna! – dedi, Qodir hamdard topganidan yengil tortganday sachranib Mirzaga qararkan. – Daftarni ham o‘g‘irlab oldim. Agar o‘zlari shivir-shivir qilib sezdirib qo‘ymaganida, o‘lay agar tanaffusda sumkasini kovlash xayolimga kelmasdi!
− Pachag‘ini chiqaraman! – Mirza o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. – Chini bilan aytayapman, kimligini bilsam pachaqlab tashlayman!
Darhaqiqat, Mirza bu mash’um va hayosiz dil izhori kimga atalganini bilishi bilanoq borib bo‘ynidan bo‘g‘ib, ichiga tepib, yerga yotqizib, oyoqlarida ayovsiz piypalab tashlaguday jazavada turar, ayni vajohatini ko‘rib undan yaxshilik kutib bo‘lmasdi. Men esa hamon o‘zimga kelolmasdim. Tush ko‘rayotganday, oshnalarim odam emas − bir ro‘yo, Mo‘minning qo‘lida turgan uvada daftar ham go‘yoki bir sarobday, bema’ni esankirash bilan goh oshnalarimga, goh daftarga qarardim nuqul.
− Sizlab yozishiga qaragan-da, Otabek polvonga bo‘lsa kerak! – Mirza hamon qiziqqonligini qo‘ymasdi. – Bilaman, o‘shanga yozgan! Tunovin, to‘yda hamma polvonlarni yiqitganini aytib, og‘zidan bol tomib maqtayotganidan bir narsani sezuvdim.
− Unday emas, o‘ylab gapirsang-chi… − istamaygina rad etdi Mo‘min.
Mening ham xayolimdan “Otabek polvon bizdan qancha yosh katta-yu… Yo‘q, qo‘shni ovulning biz tengi bolalaridan bittasi bo‘lsa kerak”, degan fikr kechdi.
− Mo‘min to‘g‘ri aytdi, nima bo‘lgandayam bu Otabek polvon emasligi aniq, − dedim keyin ichimdagini sirtimga chiqarib. − O‘ldimi, erta-indin uylanaman degan so‘loqmonday yigit, “bolasi tengi” qiz bilan sevishib yursa!
− Otabek polvon emas, lekin u bo‘lsa, yana-da yomon, − Qodir ham meni quvvatlaganday bo‘ldi. – Uramiz desak… Bir butiga to‘g‘ri kelmaymiz.
Hamisha ham “lov” etib yonib, “puf” etib o‘chadigan Mirza chuqur bir xo‘rsindi-yu, go‘yo shu bilan ichidagi bor dami chiqib ketganday tappa-tashlab yerga o‘tirib qoldi.
− Maqtovdi deyapman-ku, og‘zidan bol tomib maqtovdi… dedi, – kiftini xarsangtoshimizga suyangancha, yap-yangi shimini ham ayamasdan oyoqlarini tuproq ustiga uzatib yuborarkan. − Aslida, men go‘dakligimdanoq qizlarga qoyil qolmaganman, oshnalar. Masalan, ertaklardagi malikalarni olaylik. Yaxshi ko‘radi-yu, yana shahzodaga ajdar bilan olishishni shart qilib qo‘yadi. Mabodo, shahzodani ajdar yeb qo‘ysa-chi, unda nima bo‘ladi, deb o‘ylamaydi hech…
− To‘g‘ri aytasan, − Mirzaning gapini bo‘ldim. – Ertaklardagi sevgi doimo yolg‘on-yashiq va bachkana bo‘ladi. Sevdingmi, ajdarni yengishing shart. Ajdarni yengdingmi, sevilasan! Hayotga sira o‘xshamaydi-da! Agar shu malika ertakda emas, hayotda bo‘lganida, kim bilsin, ajdarning o‘zini tanlagan bo‘larmidi…
− Yashanglar bilog‘onlar! – zo‘rma-zo‘raki iljayib zaharxanda qildi Qodir. – Senlarga qolsa ertakni ham, hayotni ham o‘zlaringga moslab olasanlar. Aytayotgan ertaklaringni to‘qigan ertakchi boboylar ham menimcha qachondir sevib, sevgisiga yetolmagan, keyin shu ertaklarni to‘qigan alamzadalardan bo‘lsa kerak-da. Endi shu xayolparastlarning armonini hayotga qiyoslab, sen ikkovinga o‘xshaganlar halak!
Bu mavzuni birinchi bo‘lib Mirza boshlagani uchun, Qodirning gapi ko‘proq unga botdi.
− Bunchalik o‘zbilarmonlik qilaverma-da! – dedi u qoqi o‘tday yalpayib o‘tirgan joyida. – To‘g‘ri, ertak hayotga unchalik o‘xshamasligi mumkin, ammo baribir sevgi ertakka oz-moz o‘xshab ketadi. O‘zing ko‘rmaysanmi, sevgida ham, ertakda ham bari birday boshqacha. Deylik… Hozir sen yig‘laging kelayapti, shundaymi? Manavi, – barmoq nuqib meni ko‘rsatdi, − nuqul “uh” tortib, bosh qashiydi. Mening o‘tirishim bu ahvol – sezib turibman, shu turishimda Jumaboyning o‘ziman… Sadafga… Sadafga esa bular barining bir tiynlik qizig‘i yo‘q! Axir, boshqacha-ku, oshna! Bular bari juda boshqacha-ku?!
− Sen nima desang deyaver, − Qodirning bo‘sh kelgisi yo‘q edi. – Baribir men ertakchilarni yomon ko‘raman! Chunki ertakni birinchi bo‘lib to‘qigan inson − hayotni birinchi bo‘lib buzgan inson bo‘lib chiqadi! Kamiga u g‘alamis sevgini ham xuddi manavi tutimizni qo‘porganday qo‘porib, ildiz-pildizi bilan o‘sha ertagiga o‘rnatib olibdi! Vooy, ko‘ngilginangga qo‘tir jomashov! Ana endi uni deb hayotmizda sevgi yo‘q. Sevgi bo‘lishi uchun ertakka – buzilgan hayotga o‘tishimiz kerak!
Mirza javob qaytarmoqchi bo‘lgandek gizlanib Qodirga qaradi-yu, nimagadir indamay jim bo‘ldi. To‘g‘ri qildi. Axir, Qodir birinchi sinfdan boshlab a’lochi edi, she’rlar ham ko‘p yodlagan, gapiga yarasha gap topib bo‘ladimi? Bilmadim, aytganlarida ham biroz bo‘lsa-da, haqiqat borday. Holbuki, Mirza ikkovimizni bir qur og‘ziga qaratib, angraytirib tashlaganing o‘zi ham Qodirning aqlliroq ekanini ko‘rsatib turibdi. Men uning qalin va kalta qoshlariga, shu qosh tagidagi jigarrang ko‘zlariga, ikki tomoniga nonpar urilganday mayda sepkil toshgan oq-sariq yuzlariga termulib qoldim. Zap g‘alati bola u, ham deganda omadli bola, deb o‘yladim ko‘nglimda. Ammo yaxshiligina ham, yomon ekanini ham bilib bo‘lmaydi. Uning ancha yillar oldin, hali beshinchida o‘qiydigan paytimiz xolamlarning qishlog‘ida kurash tushib bir bolani yiqitgani, yana mahmadonachilik qilib, bakovulni qoyil qilgani esimga tushdi…
O‘sha yili yozgi ta’tilda enam meni olisdagi xolamnikiga bir haftaga mehmonga jo‘natmoqchi bo‘ldi-yu, men ikkilanib qoldim. Birlamchi, xolamning farzandlari – bo‘lalarim bari katta qiz bo‘lsa, men kim bilan o‘ynayman? Ikkilamchi, bu yoqda oshnalarim – Qodir, Mirza, Mo‘minlarni qoldirib bir o‘zim jo‘nab ketish, men uchun ularning safidan ajrab qolishday tuyilib ketdi.
− Ena, oshnalarimni ola ketsam bo‘lmaydimi? – dedim enamga yalinib. – To‘rtov bo‘lsak, u yoqda bolalar urmasdi-da.
− Haliyam seni hech kim urmaydi, − jerkidi enam. – Xolangga tayinlayman, bo‘lalaringning yetovginasida yurasan.
− Baribir-da. Oshanalarim oldimda bo‘lsa, uyni sog‘inib qolmasidim…
Shu gapdan keyin enam Qodirlarnikiga borib, Qodirning enasiga yolvorib, uni men bilan birga xolamlarnikiga qo‘yib kelgan edi.
Ochig‘ini aytgan-da, Qodir xolamning qizlariga mendan ko‘ra ko‘proq yoqib qoldi. Xolamlarnikida o‘zini mendan ko‘ra erkinroq his etdi. Go‘yo bu yer uning xolasining uyi-yu, men u bilan birga kelgan “ergashvoy”man. Ertalab nonushta paytlari katta bo‘lam Nurinisa qatiq suzsa, Qodir qatiqqa shakar aralashtirishni tortinmasdan so‘rar, xolam og‘ringanday bo‘lib ko‘z tashlab qo‘ysa ham, bilib turib o‘zini bilmaganlikka olardi. “Xolang ziqna ekan, − derdi u tag‘in birov eshitmaydigan qilib, nonushtadan so‘ng ko‘chaga chiqqan paytlarimizda. – Ayollar ziqna bo‘ladi o‘zi. Enam ham biror marta qatiqqa shakar solib bermaydi!”
Yana ko‘chaga chiqib, begona bolalarning oshiq o‘ynashayotganini ko‘rsak, Qodir ular chaqirishmasa ham borib o‘yinga qo‘shilib ketaverardi. Agar bilsangiz, har bitta o‘yinda boshqaruvchi bo‘ladi. Uyushib o‘ynaladigan o‘yinlarda ham bolalar birorta bolaning fikrini hurmat qilib, o‘yin qoidalarini uning gapiga qarab tuzishadi. Qodir begona bolalarning o‘yiniga qo‘shilgan paytlari avvalo bu o‘yinda o‘sha boshqaruvchi bola kim ekanini bilib olar, keyin xushomad qilib, yaxshi gaplar bilan o‘sha boshqaruvchining e’tiborini qozonar, qarabsizki, boshqaruvchi unga yaxshi munosabatda bo‘ayotganini ko‘rib, boshqa bolalar ham Qodirni hurmatlay boshlashardi. Shunda g‘alati bir ish qilardi Qodir. Boshqaruvchi vazifasini bajarayotgan bolani sekinlik bilan chetlatib, o‘yinning boshqaruvini butunicha o‘z qo‘liga olardi. Undanam qizig‘i esa, qolgan bolalar hech narsa bo‘lmaganday o‘ynashda davom etishardi. Hali sizga aytmoqchi bo‘lganim, u bilan bog‘liq kurash voqeasi ham xolamlarnikida, aynan o‘sha kunlarda bo‘lib o‘tgandi.
Kurash haqida biz tushlik qilayotgan paytimizda, xolamning eri – pochchamning og‘zidan eshitdik.
− Bugun olish bor edi, padariga la’nat, ko‘rolmaydigan bo‘ldim, − dedi u kishi yumush bilan allaqayoqqa ketishi kerak bo‘lgani uchun shoshib non kavsharkan. – Qiziriqda yaxshi tiraktir sotilayapti ekan, katta atay qilganday bugun borib ko‘rib kel, dedi.
− Chakki qilasiz-da, − kuldi, dasturxonning bir burchagida non ushatib o‘tirgan xolam. – Sizam manovi ikki polvonni oborib olishtiring, − Qodir ikkimizni ko‘rsatdi, − uloqning kalla-pallasidan yutib kelsa, kechga kallasho‘rva qilardim.
Shunda pochchamning ko‘zlari bir zumda qon talash bo‘ldi. Non kavshashdan to‘xtab, qip-qizarib ketgan o‘sha ko‘zlarini xolamga tikdi. Negadir ancha payt shunday o‘qrayib turdi-yu, yana ishtiyoqsizgina kavshana boshladi.
− Ahmoq… – deb qo‘ydi g‘udranib. – Olishda kalla qo‘yilmaydi… Sen qayerdan bilarding.
Haligina og‘zida kulgi bo‘lgan xolam ham endi nima uchundir mung‘ayibgina qolgan, dasturxon boshidagi bo‘lalarim Nurinisa, Oynisa, Xolnisa, Uljonlar tezgina o‘rinlaridan turishib, biri ishlash uchun tomorqaga, biri og‘ilxonaga, yana biri chelaklarini ko‘targancha soy tomonga jo‘nab qolishdi.
Pochcham hech kim bilan xayrlashmasdan chiqib ketgach, Qodir ikkovimiz kechgacha goh u bo‘lamning, goh bu bo‘lamning ishlariga yordamlashib yurdik. Lekin bo‘lalarimning kayfiyati bugun boshqa kunlardagiga o‘xshamas, hatto bir-birlari bilan ham iymanib, past tovushda gaplashishardi. Kechga borib Nurinisa bo‘lam bizlarni bir chekkaga tortdi.
“Ikkoving buncha baland gapirmasalaring, otanglar karnaychimi, − dedi keyin qo‘limizga to‘rttadan bo‘g‘irsoq tutqazarkan. – Enamning boshi og‘riyapti. Ko‘chaga chiqsalaring hamma olishga ketayotgan bo‘ladi. Boringlar, silaram tomosha qilib kelasilar. O‘zim borsam bitta-yarimtasini yelkamdan oshirib urib, zot olib kelardim-u, qiz bolaga uyat-da…”
Oshnalar bilan ovulimizdan tashqari qo‘shni qishloqlargayam borib olishib tursak-da, rosti, yonimda Qodir bo‘lmaganda, men o‘sha olishga o‘lsam ham bormasdim. Nima qilardim u yerda, faqat begona odamlar bo‘lsa? Lekin o‘sha-o‘sha tap-tormas, kirishimli Qodir bo‘lamning gapidan keyin holi-jonimga qo‘ymadi.
− Yur! Juda bo‘lmasa, ikkalamiz olishib, olgan zotimizni bo‘lishamiz!
Ko‘chaga chiqqach, xolamlarnikiga kelganimizdan beri sinashta bo‘lib qolgan qo‘shni bolalarni axtarib o‘tirishga ham hojat qolmadi. Odamlar quyosh yuzini ufq etagiga yashirishga ulgurmay kurash uyishtirilayotgan maydonga yetmoqchi edimi, shoshib to‘g‘riga ketib borishayapti ekan. Ularning izidan tushdig-u, uncha ko‘p yurmasdan kurash bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan maydonga yetib bordik.
Kurash uchun mo‘ljallanayotgan aylana davra somon to‘shama bilan qoplangan, ikki odam baravari balandlikdan sim tortilib, maydonning qoq o‘rtasiga o‘rnatilgan lampochka hali qorong‘u tushib ulgurmagani uchun xiragina nur sochib turar edi. Men atrofga qarab, tomoshabinlar o‘rnida ayollar va qariyalar, qolaversa, o‘zimiz tengi bolalarnigina ko‘rdim. Kim bilsin ekan, haligina Qodir ikkovimiz ko‘chada uchratgan polvonsifat yigitlar va qizlar qayoqqa berkinib olishgan. Bu haqda Qodirdan so‘rasam, u kalta qoshlarini uyib kayvonisifat qiyofaga kirarkan:
− Asl polvonlar ko‘zga tashlanmay turadi, − dedi. − Ammo zo‘rakan, bu yerda olish bizdagidan ancha katta bo‘larkan!
Shu yerda ozroq timirskilanib turgan edik, oradan picha o‘tib maydonda oyog‘iga yirtiq kalish kiyib, egniga eski to‘n ilib olgan bo‘ydor odam paydo bo‘ldi. Hamma diqqatini bir joyga jamlaganidan, g‘ala-g‘ovur tinib, burchak-burchaklarda pisinib o‘tirgan tomoshatalablar asta chiqib kelaverganidan bildim, u – bakovul edi! Men bakovulning maydondagi somon to‘shamani tekshirib, kurashni boshlashga taraddudlanishiga ajib bir maftunlik bilan tikilib qoldim o‘shanda. Axir, havasga arziydi-da, bakovullik – mansablarning eng kattasi. O‘qituvchi yo maktabning direktori bo‘ladimi, brigadr yo rais bo‘ladimi, bu olamda bari-barisi bakovuldan keyin turadi. Kurash maydonida bir polvon boshqa bir polvonni ming yerga oyog‘ini osmondan qilib urmasin, xaloyiq ming kuchanib “Halol” yo “G‘irrom!” deb baqirmasin, bunga mingta maktab direktori, yana mingta rais kelib aralashmasin, agar shu birgina yirtiq kalish kiygan bakovul tasdiqlamasa, hammasi bekor ketadi.
− Polvonjonlar, davra qurib o‘tirib olinglar, − dedi bir mahal, yosh deyish uchun qari, qari deb aytish uchun ancha yoshlik qiladigan o‘sha bakovul. – Hoy Nurmatning uli, kap-katta jigit sen nimaga daraxtga chiqib olding?! Bilib qo‘y, bola, jigit kishi butini shamoldan asramasa, juda yomon bo‘ladi! Qirqidan keyin ayallarning safiga qo‘shib qo‘yaver unday jigitni!
Shu arzimagan gapga xaloyiq gurra kuldi. Bakovul esa xaloyiqning damini qaytarmoqchi bo‘lganday qo‘lini havoda sermab, baqirgancha davom etdi:
− Aytib qo‘yay, bugun olishni silarga o‘zimizning Safar cho‘pon berayapti. Cho‘pon bovamiz kalxuzdan o‘g‘irlab yegan qo‘ylarining gunohini shuytib yuvmoqchi!
Yana hamma gurillab kuldi-yu, davra chetidan bir kishining norozi ovozi eshitildi:
− Bakovul bova, o‘g‘irlikning ustida ushlagan bo‘sangizam unday demang. Kalxuzning qo‘yining o‘zi tugul, junigayam tekkanim yo‘q!
− Ay-y, olish berayapman deb menga o‘rgatimchilik qilma! – uni jerkib tashladi bakovul. – Cho‘pon zotining hammasi o‘g‘ri bo‘ladi, buni yaxshi bilaman!
Bakovul davradagilarning kulgusi-yu qiyqirishlariga mast bo‘lganday qo‘llarini beliga tirab, davrada biroz u yoqdan bu yoqqa yurdi.
− Jigitlar, avvalo silar gapimni quloqlaringga quyib olinglar! − tilga kirdi yana. – Ota-bovamiz olishib kelgan shu mardi-maydonga chiqib jig‘ilsa, jigit uchun uyat bo‘lmaydi! Hali dunyoga kelib jig‘ilmagan polvon yo‘q! Bu dunyoda baribir zo‘rdan zo‘r chiqaveradi! Hayla, bir umr kuragi yerga tegmagan Shoymardon polvonniyam to‘yda bir qiltiriq jigit chiqib, yelkadan oshirib urganining guvohi o‘zim! Polvon buva shuncha zo‘rlar bilan olishib jig‘ilmay, nimkala polvondan jig‘ilgan! Agar erkak mardi-maydonda kuchini boy berib, or-nomusi uchun jilasa, unga kulmaslik kerak! Lekin olish, deb chaqirgan payti erman degani ayalga o‘xshab nozlansa, suzilib o‘zini taroziga solsa, ana shu katta isnod! Unday jigitning boridan Olloyimning toshi yaxshi! Quloqlaringga quydinglarmi jigitlar? Qani bo‘masa olishni yosh polvonlardan boshlaymiz!
Shunday deb turib, bakovul o‘ziga katta yaktakni polpillatib kiygan, eskirib, kalta bo‘lib qolgan ishtonining ichidan chillashir oyoqlari chiqib turgan bir bolani imlab chaqirdi.
− Nurali malimning takasi, bu yoqqa kel!
Esimda, o‘sha bolaning kurash tushish uchun emas, xuddi qo‘chqor bo‘lib suzishmoqchi bo‘layotganday boshini oldinga chiqarib katta-katta qadamlar bilan bakovulning oldiga borishi kulgili edi. Biroq hech kim kulmadi. Bakovul ko‘zi bilan chamalab, odamlar orasidan unga mos “polvon” qidira boshladi. Ammo-lekin, oyoqlari qiltiriq bo‘lsayam shashti zo‘r ekan u bolaning. Bakovul ketma-ketiga ro‘baro‘ qilgan ikkita bolaniyam chalpak qilib tashladi. Biroq o‘zi talabgor bo‘lib chiqqan bir bola uniyam qiynalmasdan shundaygina qilib kuragini yerga bosdi…
− Errayim polvonning supraqoqtisi Elomonga kim chiqadi?! – deb bakovul endi uni yiqitgan bolaga raqib qidira boshladi. Chamasi biz tengilar keladigan u bola esa katta polvonlarga taqlidan oyoqlarini kerib, bilaklarini mashq qildirib, biror nomzod topilishini kutar edi. U bola chindan shuncha zo‘rmikan yo kerilishi cho‘chitayotganmidi, buyog‘ini bilmadim-u, ammo bolalar bakovulning nigohidan panalab orqaga qochishdi. Ana so‘ng Qodir ikkovimiz hammadan ajralib, maydon chetida so‘ppayibgina qoldik.
− Hoy, sen kandir ishtonli, bu yoqqa kel! – deb Qodirni chaqirdi shunda bakovul.
Qodir bunday bo‘lishini sira kutmagan edi, shuning uchun avvaliga angrayib turdi. Bakovul ikkinchi bor chaqirgandan keyingina ikkilanibroq uning oldiga bordi.
− Kimning ulisan? – so‘radi bakovul.
Atrofiga alanglab faqat begona odamlarni ko‘rayotgan Qodir haliyam jim, talmovsirab turar edi.
− Qo‘rqqaningdan tilingni yutib qo‘ydingmi, nega gapirmaysan?!
− Bakovul bova, bu bola olisdan kelgan, − baqirdi shu payt xolamning qo‘shnisi bo‘lgan bir aka. – Bolta tiraktorchining qarindoshi!
− Ey, gap bu yoqda demaysizlarmi, − deb bakovul qo‘llaridan tutib, haligi kalandimoq bola bilan hech qanday polvon libossiz, yengi kalta satin ko‘ylak va sariq kandir ishtonda turgan Qodirni maydon o‘rtasiga boshlab bordi. – Qani, unda olish! Zotlaring besh so‘m pul bilan, bir belqars!
Boshini baland tutib, ko‘ksini namoyishkorona kerayotgan raqibiga qo‘l uzatib borayotgan Qodirning esa harakatlari qovushmayotgandi. Tomoshabinlarning salobati bosayotgani tufaylimi yo maqtanchoqlikning hadisini olgan raqibidan cho‘chibmi, u nuqul dovdirar, Qodirni shu holida sinfidagi hammani yiqitadigan zo‘r bola desa, o‘lay agar, birov ishonmasligi mumkin edi. Haligi bola ham, menimcha, shunga uchdi. Qodirni qo‘sh poychadan olib yerga bosib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, o‘zi solgan chilning tagida qoldi…
− G‘irrom yiqitdi, g‘irrom! – biroq tura solib, yig‘lamsirab baqirdi u bola. – Chil solganimda atay barmoqlarimni qayirib yubordi!
− Polvonjon, shattalikni borib enangizga qilasiz, bu yer shattalikni ko‘tarmaydi, − deb bakovul uni e’tirozga o‘rin qolmaydigan tarzda qayirib tashladi. – Xaloyiq, mehmon polvonning haloli bo‘lsin! Shuytib, besh so‘m pul bilan, bir belqars uniki!
Ammo Qodir zot uzatib turgan bakovul yordamchisiga ikkilanib qaradi. Pul bilan belqarsni negadir olgisi kelmay, orqaga tisarildi.
− Polvonjon, nimaga tortinayapsan? Yo Elomon uradi deb qo‘rqayapsanmi? – ajablanib so‘radi bakovul. – Qo‘rqma, sen olaver! Agar Elomon g‘ing desa, o‘zim uni cho‘chog‘ini kesib olaman!
− Olmayman… – dedi Qodir esa yana bir qadam orqaga tisarilarkan, iymanish va anchayin hadik bilan.
− Nega olmaysan?
− Oldin… Oldin ovulimning nomini ayting.
− Ovulingni oti nima?
− Chimsaroy!..
O‘shanda Qodir odamlarning ko‘z oldida maktab bolasidan kap-katta yigitga evrilgan, hatto o‘r-qaysar bakovul bovaning o‘zi ham qarshisida bolakay emas, ne bir ulug‘ odam turganday iljayib, yelka qisib, uzoq payt termilib qolgan edi. Uyga qaytayotganimizda men ham unga juda qoyil bo‘lib:
− Bunday chiroyli gap xayolingga qanday keldi? – deya so‘ragan edim, Qodir shivirlab:
− O‘lay agar, o‘zimam bilmayman. Anavi bolaga g‘irromlik ishlatganimdan qo‘rqib, nima deganim ham esda yo‘q, − deb aytdi…
Hozir, ayni lahzada esa holdan toygan g‘arib kabi Chimsaroy ovulining dashtlikka tutashib ketgan adog‘iga ketib borar, xiyonatning qattiq esgan shamolidan silkinib bir-birimizga suyanib qolgan. Oramizda bitta Mo‘minga bizning dard-u hasratimiz go‘yoki unga begona, hamishagiday betashvish, beg‘am, kamiga miq ham etmaydi. Ilgarittan Mo‘minning uncha-muncha ishlarimizga aralashmay, bir chekkada jimgina kuzatib o‘tiradigan odati bo‘lsa-da, negadir shu lahza uning loqaydligi g‘ashimga tegdi. Yerdan bir kesak oldim-da, jahlim chiqib unga otib yubordim:
− Dunyoni suv bossa, o‘rdakka aylanasan-a, nomard! Biz nimalar deb kuyib-pishib yotibmiz-u, sen bo‘lsang g‘iring demaysan! Shu Sadaf sening ham loaqal sinfdoshing-ku, hatto necha yil bitta partada o‘tirganing esingdan chiqdimi?!
Mo‘min yelkasiga zarb bilan urilib, o‘zidan chang qoldirgan kesakning o‘rnini bamaylixotirlik bilan qoqdi. Burnini tortib qo‘yib, biror gunohi uchun uzr so‘rayotgan odamday boshini ekkancha, yana indamay turaverdi. Shunda men, Qodir, Mirza uchalamiz qaysi bir jihatlarimiz bilan bir-birimizga o‘xshashimizni hamda Mo‘min, tut va tosh ham bir-biriga o‘xshab ketishini his etganday bo‘ldim. Axir to‘g‘ri-da, shu o‘zimizning tut bilan toshniyam nima o‘ylayotganini bilib bo‘lmaydi. Ehtimol, ular ham Mo‘min kabi ichida nimalarnidir xayol surar, orzusi, itsaklari bordir, lekin go‘dakligimizdan beri oldiga kelib o‘ynasak-da, bular haqida bizga biror marta gapirgani yo‘q.
− Mo‘min hali bola, o‘z nomi bilan Mo‘min-mishqi! − Qodir g‘ijinib qo‘lini siltadi bir payt. – Sinfdosh, sevgi nimaligini ham, oriyat nima ekanini ham hali tushunmaydi… Qo‘yinglar buni! Undan ko‘ra Sadafni bir yoqli qilaylik.
Ha, bu gal ham to‘g‘ri aytayotgandi Qodir. Sadafning tasavvurimizdagi sevgili – Otabek polvonga kuchimiz yetmagach, Sadaf bilan gaplashib qo‘yaqolgan qulayroq tuyilardi o‘zi menga ham. Biroq Qodirning gapini eshitib, Mo‘minning qo‘y ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi.
− Bir yo‘la… O‘ldiramizmi?!
− Tur-e, ahmoq! – Qodir uni jerkib tashaladi. – O‘ldirarmish! Oldin mishqingni artivol, tentak!
So‘ng tishlari orasida yerga “Chirt!” etib tupurdi-yu, o‘rnidan turdi. Ko‘rsatkich barmog‘ini havolatib, donishmandona gap qildi:
− Lekin to‘g‘ri! Bu bevafo… Hayosiz, yolg‘onchi qizni… Ma’naviy o‘ldirish mumkin!
Rosti, ma’naviyat fani o‘qituvchimizni deb mening “Ma’naviy, ma’naviyat” so‘zlaridan ko‘nglim ozadigan bo‘lgan. Chunki o‘qituvchimiz dars o‘tish o‘rniga nuqul gurung berib o‘tiradi. Gurungida esa, bitta mavzu ming xil bo‘lib takrorlanib, oxiri devorga kelib kalla qo‘ygan moshinday ma’naviyat bilan yakun topaverardi. Ma’naviyat degan sho‘rlik atamani ming buroqqa solib burash mumkinligini, shu o‘qituvchimizda ko‘rganman men.
− Momong qoziga xotin bo‘lgan bo‘lsayam, odamga o‘xshab gapir! – deb yana uni chaqib oldim. – Ma’naviy o‘ldirish deganing nimasi endi?!
Ammo bu safar Qodir gap eshitib o‘tirmadi.
− Kattalar gapirganda og‘zingni yumsang-chi! – dedi achchiqlanib. Keyin oldingi zorlanishi-yu, yig‘lamsirashlari allaqayoqlarga daf bo‘lib, sovuqdan-sovuq tirjaydi:
− Aytmoqchimanki, eng zo‘r yo‘li… Tunda Sadaflarning uyiga borib, yozib chiqamiz! Shu qilganiga uyat gaplar yozib, uni moxovga oshna qilamiz!
To‘g‘risi, shuncha dabdabayu-asasa qilganiga yarasha Qodirdan aqlliroq biror gap kutayotganim uchun mening hafsalam pir bo‘ldi.
− Darvozasiga borib bittagina so‘z yozsang, bir narsa o‘zgarib qoladimi?! Qancha qizlarning darvozasiga borib yozganmiz, ana, ma’nan o‘lgani yo‘q, barisi tip-tirik yuripti-ku!
− Lekin biz bittagina yozmaymiz, ko‘p, judayam ko‘p yozamiz! – bo‘sh kelmadi Qodir. – Faqat darvozasi emas, butun devorlari, ko‘chalarini to‘ldirib tashlaymiz! Aytayapman-ku, nega tushunmaysanlar, yozib-chizib − moxovga oshna qilamiz!
Qodir qat’iy ishonch bilan gapirar, uning shu ishonchi va tirjaygan basharasini ko‘riboq mening bu yaxshi fikr ekaniga amin bo‘lgim kelardi. “Xo‘p, deyaveray, qaytanga oson ekan” degan xayol kechardi ich-ichimdan. Qodirga qo‘shilib tirjaymoqchi bo‘lib ham turgan edim-u, lekin chap yonimda Mirzaning o‘sha-o‘sha qayg‘uli qiyofada turganiga ko‘zim tushib, o‘zimni tiydim. Hattoki Mirza Sadafni hammamizdan ko‘proq yaxshi ko‘rar ekan-da, deb ham o‘ylab qoldim shu yerda…
− Qodir chin aytadi! Qo-la-ver-sa!.. – deb chala gap qildi Mirza buning isboti o‘laroq. Keyin butun bir segaretning tutunini ichiga yutib, endi chiqarishga chog‘lanayotganday kashandaday mayus bir sokinlik bilan olislarga qarab turdi-yu, − Qo-la-ver-sa, biz bo‘rda yozmaymiz, biz… bo‘yoqda yozamiz! – deb aytdi.
− Bo‘yoqni qayerdan topsak ekan endi? – o‘smoqchiladi Qodir.
− Masxara qilmanglar deb aytmovdim, tunovin ukam veligini qizilga bo‘yash uchun bo‘yoq olgani boribdi. Bozordan bo‘yoq topib chiqsa… Tashqarida qoldirgan veligini o‘g‘irlab ketishgan ekan. Birov boshiga uradimi, ana, yangigina olgan buyog‘i yotibdi uyda!
Maqsadimiz jiddiy ekanini tushungan quyonyurak Mo‘min esa endi tuxumini qayerga tug‘ishni bilmayotgan tovuqday tipirchilab qolgan edi. Biroq u ko‘p bezovtalanib, sarosimalanishi evaziga birgina:
− Qo‘ysanglar-chi, − deb ayta oldi xolos.
Uning bezovtaligini kuzatib o‘tirib, bu qo‘rqib ishtonini xo‘llab qo‘ymasa yaxshi, deya o‘yladim ichimda.
− Mo‘min hozir nima demoqchi, bilasilarmi? – dedim, so‘ng shumligim tutib. – Qo‘ysanglar-chi, qizil bo‘yoqdan qorasi yaxshi, demoqchi. Chunki uning otasi motoskilini bo‘yash uchun kecha bir quti qora bo‘yoq olib kelgan. O‘zim ko‘rganman. Shundaymi, oshna?
Mo‘min istehzo bilan tikilib turganimni ko‘rib, tez ko‘zlarini olib qochdi.
− Otasi bilib qolsa nima bo‘ladi? – ming‘irladi, tag‘in boshini quyi solarkan. − Eslaringdami o‘zi, otasining fe’li qandayligi? Tutib olsa to‘rtalamizniyam ketimizga loy suvab qo‘yadi-ku!
Mo‘minning zorlanishiga e’tibor qilmagan kishi bo‘lib yer tagidan asta Qodirga qarasam, Qodirboy so‘naribgina qolgan, Mirza esa cho‘chiganini allaqachon sezdirib, goh unimizga, goh bunimizga qarayotgan ekan. Nega so‘narmasin Qodir yoki Mirzaboy nega ham talmovsirab kalovlanmasin edi? Ikkalovining ham huv birda Sadafning otasi o‘qituvchimizning qanday giribonidan olgani eslariga tushayotgandir-da! Aslida, bu voqeaga ham ikki yillar bo‘lib qolgan. Bu o‘sha, Sadaf kasal bo‘lib, darslarga qatnay olmay qolgan yil edi…
O‘shanda men nimadir sabab bo‘lib sinfxonamizga salgina kechikib, dars boshlangandan so‘ng kirib borgan edim. Aksiga olib birinchi soat biologiya fani o‘qituvchimiz Sadiovning darsi ekan. Orqavorotdan “nemis” deb laqab orttirgan bu qattiqqo‘l o‘qituvchimiz sinfga o‘zidan bir daqiqa keyin kirgan birorta o‘quvchining darsda qolishiga izn bermasdi.
− Chiqib ket, − dedi u o‘tirgan joyida qisqagina qilib. Men uzr so‘rashdan foyda yo‘q ekanini bilganim uchun, indamaygina tashqariga chiqdim. Ammo ataylabdan eshikni zichlab yopmasdan, qiya ochiq qoldirdim. Qulog‘imni ding qilib, Saidovning dars boshlashini kuta boshladim: qani, bugun kimlar “simyog‘ochga” aylanarkin?
O‘rta bo‘yli, tarashaday qotma, yoshi endigina qirqqa yetgan bo‘lsa ham sochlarining chakka qismi oqarib ketgan Saidov asli kimyo va biologiyadan dars bersa-da, maktabda uning barcha aniq fanlarni suv qilib ichib yuborganligi haqida gaplar yurardi. Shaxsan men uning biror marta ovoz chiqarib kulganini yo birorta bolani yaxshi gap bilan erkalatganini ko‘rgan emasman. Lekin shunga qaramay biz bolalar barchamiz uni g‘oyibona yaxshi ko‘rar, ehtimol, o‘qituvchilar orasida hurmati balandligi, ehtimol rostgo‘y va dovyurak odam deb o‘ylaganimiz uchun, unga taqlid qilishga urinar edik. Men, ayniqsa, dars mavzusini gapirayotganda uning muntazam o‘ynab turadigan yong‘oqday hiqildog‘iga juda havas qilar edim…
Hali hech kimni bir shapaloq urganini ko‘rmaganimiz uchun, biz negadir uni kuchi juda ko‘p, shapalog‘i ham o‘ta qattiq bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edik. Chunki dars paytidan boshqa vaqtlarda jim yurishiga qaramay, hatto direktorimizning o‘zi ham undan hayiqar, boshqa o‘qituvchilarni xonasiga qamab tez-tez so‘kib tursa ham, Saidovni “siz-sizlab” gapirardi. “Siz”lash nima, bir marta Saidovga zovuch bo‘lishni taklif qilib, hattoki rad javobi eshitgan ekan direktorimiz. Boshlang‘ich sinflarni o‘qitadigan malim qo‘shnimiz enamga aytib berayotganini o‘zim eshitganman, “Har bir vazifaning mas’uliyati bor, men o‘qituvchilikning mas’uliyatini zo‘rg‘a ko‘tarayapman o‘zi” degan ekan o‘shanda Saidov. Direktorimiz esa bu gapdan jahli chiqish o‘rniga iljayib-tirjayib soxta mulozamat ko‘rsatibdi: “Rost, o‘rtoq Saidov!.. To‘g‘ri aytasiz, o‘rtoq Saidov!.. Mansab berib, qo‘lingizni bog‘lasak o‘quvchilaringiz ko‘p narsa yo‘qotadi…”
Direkorimizning u paytdagi mulozamati malim qo‘shnimiz aytganchalik soxtamidi, soxta emasmidi, aniq bilmadim-u, biroq Saidov darsni qiziqarli qilib o‘tishi rost edi. O‘shanda ham men sinfdan chiqishim bilan o‘rnidan turib, uning stulni ichkariga surib qo‘yganini eshitdim. Bilaman, endi Sadiov yozuv taxtasining oldida turib olib hiqildog‘ini o‘ynatgancha gapirishga tushadi va to dars tugashiga besh-o‘n daqiqa qolmagunicha, bu stulga qaytib o‘tirmaydi.
O‘zim kutganimday, ko‘p o‘tmasdan uning:
− Eslatib o‘taman, o‘tgan dars mavzuyimiz inson organizmida ovqat hazm bo‘lishi edi, − degan vazmin ovozi eshitildi. – Xo‘p, bolalar… Shunday qilib, ovqat hazm qilish, murakkab fiziolagik jarayon…
Saidov odatdagiday oldingi darsni gapirish asnosida to‘satdan ul-bul o‘quvchini turg‘azib, gapini davom ettirishni so‘rab turdi. Gapini kelgan joyidan davom ettirgan o‘quvchilarni joyiga o‘tqizdi, davom ettirolmaganlar esa, turgan joyida so‘ppayibgina qolaverdi. Mana, endi “Simyog‘ochlar” Saidovning yangi mavzuni taxtaga yozib, u haqida aytadigan gaplarini ham shu holida eshitishga majbur. Yangi mavzuni tushuntirib bo‘lgan Saidov dars tugashiga besh-olti daqiqa qolganda o‘zi surib qo‘ygan stolini tortib, joyiga o‘tiradi. Jurnalni ochib, indamaygina “Uch” ga munosiblarni “Uch” bilan, “Besh” ga munosiblarni “Besh” bilan baholaydi (“ikki” yo “to‘rt” baho qo‘yganini hech eslay olmayman). Xayrlashib, xonadan chiqib ketgachgina jon bitadi bu “Simyog‘och”larga…
Men o‘shanda kimlar simyog‘och bo‘lganini eshitib aniqlayman, deb shu darajada es-hushimni yo‘qotibmanki, Saidov ichkaridan itargan sinfxonaning eshigi “Qars!” etib boshimga urilganda, ko‘zimdan olov chiqib ketay dedi.
− Hoy! – dedi, mening boshimni changallab xijolat bo‘lib turishimni ko‘rgan Saidov. – Boshni avaylash kerak! Turli biolagik va hayotiy omillarga ko‘ra inson har qanday a’zosi shikastlansa, yashab ketishi mumkin, lekin shikastlangan bosh bilan yashash og‘ir.
Uning gapidagi jumboqni tushuna olmay orqasidan qarab qolgan paytim, qo‘ng‘iroq chalindi. Ichkariga kirarkanman, Mo‘mindan pichiralab birinchi so‘raganim Sadaf nega ko‘rinmayotgani bo‘ldi. Hozir shu savolni boshqa birovga berganimda ustimdan kulishi, turli sha’malar qilib gapni ko‘paytirishi mumkin edi. Bu olamda qorin va uyqudan boshqa tashvishi bo‘lmagan Mo‘min esa, albatta, unday qilmadi.
− Enasi qizlardan ayttirib yuboribdi, − dedi yelka qisib. – Buguncha kelolmas ekan.
Eslasam, shu kuni Qodir, men, Mirza uchalamiz bir narsamizni yo‘qotganday noxush bo‘lib yurdik. Ammo afsuski, Sadaf ertasiga ham darslarga kelmadi. Hatto indiniga ham.
− Bunaqasi ketmaydi! – dedi nihoyat rahbarimiz Bo‘tayev Sadaf darslarga kelmayotganining uchinchi kuni. – Birortalaring ertaga uyiga borib, nega kelmayotganini aniqlab kelinglar!
O‘qituvchimizning ushbu buyrug‘i bolalarning bu qulog‘idan kirib, u qulog‘idan chiqib ketganini tusmolladim. Darslar tugagach sinfdoshlar bilan xayrlashdim-da, uyiga shoshilayotgan kishi bo‘lib, yo‘ldagi bir burchakka bekindim. Nihoyat, ular hammalarining qoralari o‘chgach, bekingan joyimdan chiqib, Sadaflarning uyiga qarab yo‘rg‘aladim. Yaxshiyam qadamimni tezlatib, yo‘rg‘alaganim. Chunki men Sadaflarning darvozasiga yetganimda ichidan pishgan Qodir bilan Mirza egizaklardaygina bo‘lib darvoza oldida turishgan ekan. Ular mening yelka qisib kelshimni baqraygan nigohlari bilan kutib oldi.
− Asli manov bilan kim ichkariga kirib Sadafni ko‘rib chiqishga kelisholmay turuvdik, − po‘ng‘illadi, so‘ng kayfiyati tushganini yashirolmagan Qodir. – Nima qilamiz? Endi har uchalamiz yetaklashib kiraveramiz-da, poyezd-poyezd o‘ynagan churvaqalarday.
Mirza ikkovimiz Qodirning kesatig‘ini tushungan bo‘lsak ham, o‘zimizni tushunmaganlikka soldik. Darvoza yonida turib, galma-galdan Sadafni chaqira boshladik. Biz hali bir-ikki marta chaqirishga ulgurmay ichkaridan Sadafning onasi chiqib keldi. Tusi o‘chgan ro‘molini peshonasidan tang‘ib olgan Sadafning onasi nimasi bilandir adabiyot darsligimizdagi shoira rasmini esga solar, yuzidagi qaysi bir ifodalari Sadafga ham picha kelishib ketardi. U nima maqsadda kelganimizni so‘rab ham o‘tirmasdan ne bir aziz mehmonga lutf ko‘rsatayotganday kulimsirab bizni ichkariga boshlagach, uchovlon so‘ppayibgina uning ortidan ergashdik.
Sadaflarning hovlisiga oldin ham bir necha bor kelgan bo‘lsak-da, ularning uyiga bizning ilk marta kirishimiz edi. Kirsak, rangi rangparlashib, lablari esa yana-da qip-qizarib ketgan Sadaf uzatilgan oyoqlariga yopinchiq tashlab, to‘shakda o‘tirgan ekan. Ammo u biz bilgan avvalgi Sadafga sira o‘xshamas, oldingidan chiroyliroq, oldingidan yoqimtoyroq bo‘lib ketgandi. Nainki ko‘rinishi, hatto xatti-harakatlari bilan ham biz bilgan Sadafdan a’loroq edi u. O‘rnidan tura olmayotgani uchun xijolat tortib, iymanib, qizarinib bizni o‘tirishga undar ekan, aldasam non ursin, mening yuragim negadir gursillab, juda boshqacha urib ketdi. Uning boshini egibgina uyalishi, tip-tiniq ko‘zlarini bizdan yashirish uchun iymanib-kulimsirib eski chit ko‘ylagining choklarini ermaklashini ko‘rib, men og‘zimni yopolmay, ko‘zimni esa Sadafdan uzolmay qolgandim o‘shanda.
− Kelinglar-da, bolalarim, shundaygina kelinglar-da, − deb hushimga qaytardi bir mahal Sadafning onasi. Shundagina o‘zimning baqrayib turishimdan xijolatga tushib, shoshib xona ichidagi buyumlarga angraydim. Ehtimol, qolgan oshnalarim ham men qilgan ishni takrorlagan bo‘lsa kerak:
− Jihozlarimizni ko‘rib, ajablanavermanglar, − dedi, Sadafning onasi qo‘lidagi dasturxonni oldimizga yozar ekan. – Kulol, mo‘ndidan suv ichadi degan gap bor, bolajonlarim. Bu jihozlarning barini Sadafning otasi ustachiligidan ortib qolgan yog‘ochlardan amal-oshkor qilib yasagan-da.
Keyin u kishi, aftidan choy damlash uchun chiqib ketdi.
− Kelishlaringni bilganimda, uyni tartibga keltirib qo‘ygan bo‘lardim, − aytdi, onasi chiqib ketganidan foydalangan Sadaf. U kelganimizdan beri birinchi marta ovozini chiqaribroq so‘z qotar ekan, nur tushib yaltiragan bir juft munchoqday porlab turar edi.
− Qanday tartibga keltirarding, o‘zing o‘rningdan turolmayapsan-ku! – dedi bir payt Mirza tomdan tarasha tushganday. Uning bu gapidan Sadafning lablari titrab, uzun, qayrilma kiprikli ko‘zlari esa dakki eshitgan go‘dakning ko‘zlariday javdirab ketdi.
− Sadaf, senga nima bo‘ldi o‘zi? – so‘radim, shunda noqulaychilikni yo‘qotish uchun. – Yaqindagina tuppu-tuzuk eding-ku!
Afsus, bu gapimdan Sadaf battar uyaldi. Uyalib, ko‘zmunchoq taqilgan qo‘llari bilan yuzini berkitib oldi.
− Enam fol ochirib kelgandi… – dedi iymanib.
− Xo‘sh?..
− Suv parilar… hazillashibdi…
− Hazillashibdi?!
− Suygan… Suygan emish… Shu uchun qizing suvni yaxshi ko‘rib qolgan, deb aytibdi…
Mirza “Piq!” etib kuldi-yu, ikki yonida Qodir ikkimizning qovog‘imizni uyganimizni ko‘rib, birdan og‘zini yig‘ishtirib oldi.
− Ishqilib, tuzalarmikansan? – dedi, kelganimizdan beri tushirgan shuncha qovunlarini “terib olishga” urinib. – Qayering og‘riyapti o‘zi?
− Oyoqlarim… Shishib chiqqan. Folbin, qushnoch chaqirib quloq-boshini torttirsangiz, tuzalib ketadi degan…
O‘sha kuni biz kissalarimizni mayiz-parvardalarga to‘ldirib Sadaflarning hovlisi darvozasidan chiqar ekanmiz, Qodir ketgisi kelmayotgandek ortiga alanglab:
− Chit ko‘ylak qizlarga yomonam yarasharkan, − deb qo‘ydi.
− Ha, − beixtiyor uning gapini ma’qulladim men. – Forma kiy deb urishguncha, maktabdagi bari qizlarga chit ko‘ylak kiydirishsa bo‘lardi.
Ertasiga maktabga borib, har uchovimiz Bo‘tayevga Sadafdan eshitganlarimizni oqizmay-tomizmay aytib berdik.
− Madaniyatdan orqadamiz! – g‘udrandi, Bo‘tayev barmog‘ini chakkasiga tirab, burab ko‘rsatarkan. – Suvda o‘ynagan bo‘lsa, shamollagan-da! Ertakdagi Suv parilariga balo bormi!
Ovulda eshitmagan quloq qolmagan mish-mishlarga qaraganda, shundan keyin rahbarimiz Bo‘tayev Sadaflarning uyiga dag‘-dag‘a qilib borgan, lekin omadi kulmay Sadafning muloyim onasiga emas, otasiga duch kelib qolgan ekan.
− Qizingiz nega maktabga bormayapti?! – degan ekan o‘shanda Bo‘tayev.
− Qizim kasal! – deb javob bergan ekan Sadafning otasi.
− Kasal bo‘lsa, do‘xtirdan sprafka yozdirib kelib topshirsin! Maktab enasining uyimas!
So‘ngra Sadafning otasi Bo‘teavning yoqasidan “g‘ippa” bo‘g‘ib olibdi.
− Uv, enasini qo‘shmay gapir! – debdi uni daraxtni qoqayotganday qattiq silkitib. – Yana qaytib hovlimda baland ovozing chiqsa, gapim gap, bo‘yningni arralab, ketinga loy suvab qo‘yaman!
Bu gaplarning necha foizi chin ekanini, rosti men bilmayman. Lekin har qalay, Sadaf maktabga biz borib so‘rab kelganimizdan bir oylar o‘tib keldi. Bilmadim, balki qushnoch chaqirib quloq-boshini torttirgandir, balki ukol-dorilar bilan jo‘ngina davolanib qo‘yaqolgandir, har qalay u butunlay sog‘ayib oldingi sho‘x-shaddod qizga aylangan, shu bilan birga rahbarimiz Bo‘tayevning unga muomilasi tamoman o‘zgarib, Sadafni “sizlab” gapiradigan odat chiqargan edi.
Shu voqealarni o‘ylab turgan edim, Qodirning mushtini kaftgiga urishidan chiqqan “shart!” etgan ovoz xayolimni jamlashga majbur qildi.
− To‘g‘ri, otasi bilsa shunday qiladi, lekin bilmasa-chi?! – dedi u, o‘zidagi qo‘rquvni allaqayolarga haydab, bir dumalab yana oldingiday dalli-g‘ulli Qodirga aylanarkan. – Bu ishni to‘rtalamiz qilsak va to‘rtalamiz ham hech kimga og‘iz ochmasak, qayerdan biladi otasi? Axir, o‘ylab ko‘ringlar, hammamizning yuzimizga oyoq bosgan bu riyokor, yolg‘onchi qizning xiyonatini kechirib, hech narsa bo‘lmaganday ketaversak, qanday odam bo‘lamiz?!
Mening… Mening tasavvurim ko‘zgusida Sadaf iymanib, uzun-qayrilma kipriklarini pirpiratib yer tagidan boqqanday bo‘ldi. Menga emas… Begona birovga boqqanday bo‘ldi. Olov yondi ichimda. Ichimdagi bu olovning alangasi esa, har qanday qo‘rquv, har qanday hadikni kuydirib-yoqib yuborishga qodir edi.
− Rost! – deb aytdim ich-ichimdan xo‘rsinar ekanman. – Biz qo‘rqoq emasmiz. Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Shunday qoldirsak, sinfdagi qolgan bolalar nima xayolga borishini ham o‘ylaylik… Qolaversa, otasi hozir qo‘shni mahalladagi bir odamning tomini yopayapti, ishdan charchab qaytsa, kechasi dong qotib uxlasa kerak.
Chamamda, xiyonat alamining achchiq tutuni Mirzaning ham ichidan qo‘rquv sharpalarini quvib chiqargan edi. U dadil o‘rnidan turdi. Shimining chang-u gardlarini qoqib, uzoq-uzoqlarga qarab qoldi.
− Oshnalar, men Sadafni hech biringdan kam sevmas edim, − dedi keyin biroz hayajon bilan. – Lekin meni… Bizni shuncha kuyib-pishganlarimizni ko‘zga ilmay, kelib-kelib begona bir yigitgayam xat yozadimi? Sizni ko‘p o‘ylayman, deb aytadimi?! Bizni senlaydi-yu, uni sizlaydi! Qaysi yuz bilan shunday deya oladi?! Tushida ko‘rganmish… Uyat emish… Xudo biladi bu hayosiz qiz tushida nima qilgan? Shunday ekan, chindan bu ishni shundayligicha qoldirib bo‘lmaydi. Yozish, jazolash kerak! Aslida qanday qiz bo‘lsa hammasini ochiq-oydin, hamma biladigan qilib yozib, jazolash kerak!
− Shu, oshnalar, shu! – Mirzaning gaplaridan yanada ilhomlangan Qodir u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Bizdan yetti-sakkiz qadam narida taqqa to‘xtadi-da, kaftini shop qilib havoda sermadi. − Chin aytaman, Sadafni qanchalik yaxshi ko‘rmay, u uchovingdan bittasini tanlaganda, erkakning ishini qilib men chekkaga chiqqan bo‘lardim. Aldasam qasam ursin, agar Sadaf uchovingdan biringni tanlaganda mening ishim yo‘q edi! Lekin bu yerda u faqat sevgimga emas, balki do‘stlarimgayam xiyonat qilayapti! Kechirmayman!.. Kechirmaymiz! Biz barchamiz uni kechirmaymiz!..
Qodir bilan Mirza mening ko‘nglimdan o‘tayotgan gaplarning ham hammasini aytib bo‘lgandi.
− Juda to‘g‘ri! – dedim, gap ma’qullab. – Agar hozir jazolmasak, bu turishda bu qiz maktabni bitiriboq buzilib ketadi!
− Buzilib bo‘lgan! – Qodir bilan Mirza og‘zimga urganday baravariga hayqirib yuborishdi.
− Shu, shu! – aytdim, yana gap ma’qullashdan yaxshiroq yo‘lni topmay. – Buzilmasa, seni o‘ylayman, uyat tush ko‘raman, deb yozib o‘tiradimi…
− Baribir otasi sezib qoladi, baribir… – qo‘rqqanidan rangida rang qolmagan Mo‘min bizga emas, xuddi o‘z-o‘ziga o‘qtirayotganday g‘o‘ldiradi. – Sezib qoladi! Keyin baringni ta’ziringni beradi. Meni aytdi, deysanlar, uchalalaringniyam o‘ldiradi otasi! O‘ldirib qo‘yadi…
Odatdagidan ko‘proq gapirib qo‘ygan Mo‘minning peshonasidan oqqan ter yuzlariga dumalab tushar, burun kataklari torayib-kengayar, yig‘lab yuborguday hayajonli bir qiyofada turardi. Ana, qanday ahvolga solishi mumkin qo‘rquv odamni!
Ayni shu onda yakka tut joylashgan tepalikning ko‘zdan pana yog‘ida kimdir “Aka!” dedi-yu, hammamiz bir sapchib tushib o‘sha yoqqa qaradik. U tarafda esa, tirmizak singlim tirjaygan ko‘yi bizga boqib turar, sin-u sumbatidan gap poylab kelganga o‘xshardi.
− Nima deysan?! – o‘shqirdim unga zardam qaynab.
Lekin u yumush bilan kelgan ekan. Zardamdan keyin darrov qovoq uydi.
− Nega baqirasiz, sizni izlamagan joyim qolmadi-ku? Enam tezda yetib kelsin, sigir sog‘inaman, buzoqni ushlab turadi, deyaptilar.
− Bor! Kelayapti ekan, de! – gapni qisqa qildim men. Arazlagan singlim ortiga qaray-qaray ketib borarkan, biz to u uzoq ketgunicha gaplashmay jim turdik. Juda achchiqlanganim uchun singlim olislashishi bilanoq:
− Agar shunchalik qo‘rqayotgan bo‘lsang, sen ham uning ortidan daf bo‘la qol! – deya Mo‘minga ham o‘dag‘ayladim. Mo‘min… Mo‘min esa, afsuski aynan shu gapimni kutib turgan ekan. U menga “Yalt” etib ko‘z tashladi-yu, sekin burilib, singlim ketgan so‘qmoqdan jo‘nab qoldi… Mirza sarosimaga tushdi. Chamamda, rejamizni hammaga aytib qo‘yadi deb cho‘chidi.
− Mo‘min! Mo‘min, qayt! – deb baqirdi uning orqasidan.
− Qayt, Mo‘min! Qaytd, dedim, oshna! – baqirdi Qodir ham.
Biroq haligina boshini ham qilib, qadamlarini sudrab bosib borayotgan Mo‘min bizning chaqirganimizni eshitmaslikka ahd qilganday yugurib ketdi.
Biz jangga kirmasdan oldin yengilgani ma’lum bo‘lgan lashkarlarday ezilibgina qoldik. Bir-birimizning ko‘zimizga qarashga botinmay, Mo‘min ketgan tomonga tikilamiz…
Shunda Qodir hech kimdan qo‘rqmayotganini, hech narsadan tashvishga tushmayotganini bildirmoqchi bo‘lib, yolg‘ondakam kerishdi.
− Ketsa ketaversin, oramizda bo‘lasayam ishning pachavasini chiqarardi! – dedi keyin.
− Oshna chiqmaydi bundan, doim yarim yo‘lda tashlab qochadi o‘zi! – deb qo‘l siltadi Mirza ham.
Mirzaning gapi esa, mening esimga qiziq bir voqeani solib yubordi.
− Bu nomard tinchgina tashlab ketsa go‘rga, shukr qilaveringlar, − dedim o‘sha voqeani oshnalarimga ham eslatish uchun. – Har qalay yengil-boshlarimiz o‘zimizda-ku!
Mirza va Qodir har qancha og‘iz-burnini yig‘ishtirmoqchi bo‘lishmasin, o‘zlarini tutolmay “piq-piq” kulib qolishdi…
Biz eslab haliyam kulgidan tiyila olmayotgan, shunday og‘ir vaziyatda ham ruhimizni ko‘tarib, ichimizga bir chimdim nur olib kirgan u voqeaning bo‘lib o‘tganiga ham bir necha yil bo‘lib qolgan edi. U paytlar biz hali rosmana go‘dak – bola o‘yindan boshqa aytarli tashvishimiz bo‘lmagan tentak-sentak churvaqalar edik. Bir kuni oldimizdan chiqqan toshchalarni koptok qilib tepib, to‘rtalamiz doimgiday maktabdan qaytayotsak:
− Katta ariqqa nimaga suv kelmayotganini bilasilarmi, − deb qoldi Mirza. – Kanalning suvi qurigan emish. Tizzadan bo‘lib qolibdi o‘ziyam, ko‘lmakchalarda baliqlar ilang-bilang o‘ynab yotgan emish!
− Soz ekan-ku! – dedim bu gapdan mening quloqlarim ding bo‘lib. – Unda baliq ovlagani bormaymizmi? Besh-o‘nta baliq tutsak, Mo‘minning enasi pishirib berardi.
Haqiqatdan ham Mo‘minning tili va qo‘li shirin onasi bizga ajoyib taomlar pishirib berardi, o‘sha paytlar. Birovlarning tomorqasidan baqlajon o‘g‘irlab chiqamizmi yo cho‘zma bilan chumchuq ovlaymizmi, doim u kishiga olib borar, hech kimning ko‘nglini og‘ritmaydigan bu halim ayol esa, keltirganimizga o‘zidan boshqa masalliqlar qo‘shib, mazali ovqat tayyorlar edi. Shuning uchun biz mug‘ombirlar ikkita kartoshka topsak ham, og‘zimizning tanobi qochib, qovurtirib yeyish uchun Mo‘minlarnikiga qora tortib boraverar edik.
− Suv tizzadan bo‘lsa, demak, qarmoqning keragi yo‘q, − Qodir o‘zini zo‘r baliqchiday ko‘rsatib, ichida allanimalarni chamalagan bo‘ldi. – Xo‘sh… Oshanalar, unda darrov uyga borib maktab kiyimlarimizni almashtiramiz-u, ko‘cha boshida uchrashamiz. Qorni ochganlar bo‘lsa, ushlagan birinchi balig‘imizni o‘sha yerning o‘zidayoq kabob qilib beraman!
− Kelishdik! – dedik, biz uchovimiz bir ovozdan. So‘ng men hammadan birinchi bo‘lish uchun uyimizga qarab yer changitib yugurib ketdim. Uyga borib, hech kim bilan gaplashmasdan kiyimlarimni apil-tapil almashtirib ko‘chaga chiqsam, shunda ham Mirza qo‘lini peshanasiga tirab, ko‘cha boshida boshqalarning kelishini betoqat kutib o‘tirgan ekan. Men uning yoniga boruvdim hamki, uzoqdan Qodirning kelayotgani va ishtoni tushib ketmasligi uchun ishtonbog‘idan mahkam ushlab halloslagancha chopib kelayogan Mo‘minning qorasi ko‘rindi. Qodir bizni anchadan beri kutayapti deb o‘yladi chog‘i, kelishi bilan qo‘lidagi narsalariga ishora qildi:
− Kabob tayyorlashga sirka, tuz bilan go‘gurt oldim. Bo‘lmasa kechikmasdim.
− Oshnalar, uzr… – dedi, undan sal keyinroq lopillab yetib kelgan Mo‘min ham. – Kabob qachon pishadi, deb… Bir to‘g‘ram non yeb oldim.
Nihoyat, to‘rt bahodir kanalga qarab surdik. Borib qarasak, kattakon kanalning suvi tizza to‘gil to‘piqdan bo‘lib yotar, har-har joyda ko‘lmakchalar loyqalanibgina ko‘zga tashlanardi. Faqat Mirzaning “Baliq bilanglab yotganmish” degani ozroq lof ekan shekilli, shuncha ko‘lmak kechib, eng kattasi jimjiloqday keladigan itbaliqdan boshaqasini uchratmadik.
− Baliq loyqalarning tagiga berkinib yotgan bo‘lishi mumkin, − dedi Qodir xafsalasi pir bo‘lganini sezdirmaslikka tirishib. – Ket bosti qilamiz! Mo‘min, Mirza ko‘lmakning nargi yog‘iga o‘tib oyoqlaringni uzatib o‘tirib olinglar-da, loyqani bizga qarab surib kelaveringlar. Biz manov bilan bu yoqdan suramiz.
Qodirning fikri ma’qul tushib, xuddi tuproq surgan traktorday oyoqlarimiz bilan loyqalarni uyondan-buyonga sura ketdik. Lekin suvdan chiqib qochgan baqalarni aytmasa, suv ichida sezilarliroq qimirlagan boshqa bir narsani bilganimiz yo‘q…
− Shoshganda kiyimniyam yechmabmiz, − dedim, to‘rtovlon suvdan chiqib, xafa bo‘lib turganimizda.
− Ha… Balchiqqa botganimizni aytmaysilarmi… – Mirza og‘ir so‘lish olib, ishtonidgi balchiqlarni nomoyish qildi. Biroq Qodir hali shashtidan qaytadigan emasdi.
− Baliq tutgani borayapmiz, deb kim uyidagilarga aytgandi? – so‘radi u.
Mirza ikkalamiz bab-baravarigi “Aytmaganman” dedik. Mo‘min yelka qisib, astagina qo‘lini ko‘tardi.
− O‘l! – dedi unga Qodir. – Endi uch-to‘rtta bo‘lsayam baliq obormasak, enangdan uyatga qolamiz! Qani bolalar, oldin hamma kiyimlarni yechib, yoyib qo‘yaylik. Biz baliq tutguncha qurib turadi… – shunday deb turib, so‘ng birdan fikrini o‘zgartirdi u: − Yo‘q, yaxshisi shu qilgani uchun Mo‘min baliq tutmaydi! Mo‘min huv kanal tepasida kiyimlarimizni quritish bilan shug‘ullanadi!
Qarasak, atrofda hech zog‘ yo‘q. Uchalamiz ham yechinib qip-yalang‘och bo‘ldik-da, kiyimlarimizni Mo‘minga berdik. Tezda qurimasa, olov yoqarsan, sirkadan yaxshi tutantiriq bo‘ladi, deb Qodir shu atrofga tashlab qo‘ygan gugurt, tuz va sirkani ham unga tutqazdi.
Biz hali kechishga ulgurmagan ko‘lmakchalarni ishg‘ol qilishga otlanganimizda, baliq tutishga qo‘shilolmayotganidan ranjigan Mo‘min o‘t yoqish uchun yantoq izlab, orqasiga qaray-qaray kanal tepasiga chiqib ketayotgan edi. Qodirning g‘urur qo‘zg‘ovchi gapi qitiq-patimizga tekkan biz bolalar yangi zavq, yangi g‘ayrat bilan ishga kirishdik. G‘ayratimizning zo‘rligidan, ket bosdi qilib sirpanib chiqmagan ko‘lmagimiz kanalda deyarli qolmadi.
− Ay-y!!! – deb baqirib yubordi shunda Mirza to‘satdan. – Bir narsa… Bir narsa oyog‘im osti-da!..
Qodir loyqalarni jon holatda o‘ngdan surdi, men chapdan, uchovimizning oyoqlarimiz tutashib, mosofa qisqarganda haqiqatdan ham bir qarichcha chaqadigan bir baliq suv betiga o‘ynab chiqdi. Uchovimiz baravariga baliqqa tashlandig-u, baliq qay birimizningdir changalimizga urilib, ko‘lmakdan tashqariga otilib ketdi!
− Ehe-hey-ey-ey! Bali-iq! Bali-iq! – biz oshnalar quvonchimiz ichimizga sig‘may, sakrab-irg‘ishlab quruqlikda bilanglab yotgan baliqning atrofida o‘yinga tushar, ayni shu bugun, shu lahza bu yorug‘ olamda bizdan baxtiyorroq odam borligiga ishonib bo‘lmasdi. Zavqimizga badanlarimiz tor kelib, baqirib-sakrashib, bir-birimizni quchoqlab, xazina topgan tentaklarday yerga dumalab qoldik.
− Endi… Endi men sizlarga… – dedi, yotgan joyida hansirayotgan Qodir zo‘rg‘a tili aylanib. – Uni kabob qilib beraman! Menga bir suzgichini… Yo‘q, dumini… E, mayli! Umuman bermasalaringam mayli! Silar yesalaring bas!
Bir muncha vaqt chalqancha yotib, nafas rostlab olganimizdan keyin o‘rinlarimizdan turdik. Oshnalarim va o‘zimning balchiqqa botgan yalang‘och badanlarimizga ko‘z tashlar ekanman:
− Hoy, eslaringdami? – aytdim men kulib. – Zovurdan sakrashimizni so‘raganda Sadaf bizga hindularga o‘xshamaysanlar, deb noligandi. Mana, shu turishimizda hindulardan kam joyimiz qolmapti!
− O‘shanda zovurdan kim sakrovdi? – menga qo‘shilib kula boshladi Mirza. – Mo‘minmidi?
− Mo‘min edi! Lekin sakragani yo‘q, qulab tushgandi u galvars!
− Aslida u payti Sadaf chakana shart buyurgan ekan. Undan ko‘rasi baliq tutib beringlar degandami?! Hozirgiday akang qaragay sharta kanalga ket bosib…
− Voy, voy! Go‘yo baliqni bir o‘zlari tutganday!
− Aytmoqchi, − Qodir Mirza ikkalamizning suhbatimizni bo‘lib, tashvishlangancha tepa tomonga qarab qo‘ydi. – Mo‘min ko‘rinmay qoldimi? Tepaga chiqib qaraylik-chi…
Tutgan yagona balig‘imizni sardorimiz Qodirboyga ko‘tartirgancha, biz “Hindular” kanal tepasiga chiqib borsak, bu atroflarda Mo‘min tugul uning isiyam yo‘q ekan! Teparoqda turganimiz uchun birortaning ko‘ziga chalinmasin degan xijolatda qo‘llarimiz bilan uyat joylarimizni berkitib, u yon-bu yon qarasak, huv narida yonib o‘chgan bir gulxanning tutabgina turganini ko‘rdik. Yaqinlashaverganimizda dimog‘imizga urilgan lattaning kuyindi isi va shu atrofda yotgan sirka bilan tuzning idishidan nima voqea ro‘y berganini taxmin qilish mumkin edi… “Nahotki?!” degandek bir-birvimizga qarashib qotib qoldik biz.
− Ablah! – deb uvlab yubordi keyin, Mirza egila solib yerni mushtlarkan. – Laponglab o‘tin topib kelaman deguncha, kiyimlarimiz olovga tushib ketgan! Bizga aytish o‘rniga, quyonni surgan u dovdir!
Odatdagiday tez qizishib, jazavaga tushadigan Mirza a’zador ayollar kabi yer mushtlab, oh-voh qilgan bo‘ldi. Ayollardan farqli o‘laroq faqatgina u taqdirini emas, Mo‘minni qarg‘ar, Qodir bilan men bu gaplariga xayrixoh bo‘lsak ham, Mirzaning tinchib qolishini jim turib kutar edik.
Mirza bor dardi-hasratini to‘kib olgandan so‘nggini men bir-biriga tutashib yonib bitgan borib kiyimlarimizdan qolgan kichik nishonani qo‘limga oldim. Nima qilishimni bilmasdan, dud urib, uning yonida yotgan − qorayib qolgan tuz idishini artdim.
− Qodirboy, − dedim, o‘zimcha Qodirga kesatib. – Sirka tugabdi, go‘gurt yonib bitgan… Tuzingizni nima qilsak endi?
Qodir kalta qoshlarini chimirib biroz o‘ylanib turdi-yu:
− Nima ham qilardik?! Ko‘lmakda shilinib achishayotgan ketlarimizga sepamiz-da! – deb g‘udrandi zarda bilan.
Biz shunday bir-birimizga kesatib, zarda qilib, yer-u tuproqdan alam olib turgan edik, bir mahal men uzoqda kelayotgan bir odam qorasini ko‘rib qoldim.
− Sharmanda bo‘ldik, kimdir kelayapti! – dedim bezovta tortib, panaroq joy topish uchun qochishga shaylanarkanman.
− Shoshma-chi, − deya Qodir meni to‘xtatib qoldi. – Yaxshilab qara, bola ekan…
Biz shundan so‘ng olisda jimirlab ko‘rinayotgan ul ko‘lanka o‘zimizning ablah Mo‘min ekanini tanib qoldik. U o‘n-yigirma daqiqalar orasida xumday boshidan hil chiqib, to‘xtamay yugurgani sababli toliqib-xansirab yonimizga yetib kelarkan, qo‘ltig‘iga qisib olgan shim bilan ishtonni Mirza ikkovimiz tarafga irg‘itdi.
− Oshanlar, manglar! Maktab shimim bo‘lsa ham olib kelaverdim.
Keyin u ikkinchi qo‘ltig‘iga qisib olgan narsasini changallab, Qodirga qaradi. Etagini qayirib, burnini artdi-da:
− Lekin senga bergulik shalvarim qolmadi, Qodir… – dedi aybdorona mo‘ltayib. – Novcharoqsan… Shunga… Otamniki bo‘lsa ham olib kelaverdim…
2.
Bu hayotda shunaqa o‘zi – hammasi yaxshi ketayotgan paytda bitta bemaza buzoq boshini buradi-yu, qolganlarning ham xulqini buzadi. Mo‘min Sadafning otasidan qo‘rqib qochib ketgach Mirza ma’yus tortgan, Qodirning avji past, men ham nima qilishimni bilmay ikkilanib turardim. Go‘yo biz shu yerda soatlar emas, necha asrlardan beri gaplashib o‘tirganmiz-u, nihoyat, gaplashadigan gaplarimiz tugaganday. Quyosh esa, sudralgancha osmonning oxiriga qarab ketar, uning tafti o‘tmaslashgan qizg‘ishtob nurlaridan yakka tut va katta xarsang toshimiz ham olovrang tusga kirgan edi.
Bir payt Mirza yerdan kesak olib, hademay ko‘zdan yo‘qoladigan quyoshga qarab otdi. Gizlanib picha qarab turdi-da, keyin yana bir kesak otdi. Qarab turdi, tag‘in otdi. Otaverdi… Shunda beixtiyor Qodir ikkalamiz ham unga qo‘shilib quyoshni kesaklay boshladik. Biz qancha kesak otsak, ruhimiz shuncha yengil tortar, oramizdagi birdamlik ham shunchalik oshib borayotganga o‘xshardi.
− Men oshnachilikka xiyonat qilmayman! – deb o‘ksikdan-o‘ksik hayqirib yubordi Mirza.
− Men oshnalarimga hech qachon xiyonat qilmayma-a-an! – deya Qodir unga jo‘r bo‘ldi.
Men ham baqirmoqchi bo‘ldim-u, tomog‘imga yig‘i tiqildi. Pichirlabgina:
− Xiyonat qilmayman… Hech qachon xiyonat qilmayman… – deya oldim xolos. So‘ng borib akamday ko‘radigan Qodirni mahkam quchoqlab oldim. Mirza kelib ikkimizni qo‘shib quchdi. Uchalamiz bizni olisdan ko‘rib tentak bo‘libdi deb o‘ylaydigan odamlarni, quyoshni, toshni va butun olamni unutib sakradik. Xuddi baliq tutganimizdagi kabi. Biroq bu sakrashimizda zavqdan ko‘ra qayg‘u ko‘proq edi. Bu sakrashimizda quvonchdan ko‘ra hamdarlik kuchliroq edi. Bu sakrashimiz… go‘yoki bir qasam edi…
Hovlimizga kirib borganimda kun botib, olam ko‘kimtir tusga kirib bo‘lgan edi.
− Qayerlarda sandiroqlab yurgan eding?! – ovozini pastlatibgina so‘radi onam. Savoliga javob kutmasdan buyurdi. – Tez ustingni almishtirib chiq, otang bilsa o‘ldiradi!
Darrov tushundim, demak, otam ham ishdan hozirgina qaytgan va avzoyi buzuq. Onam u kishini battar kayfiyati buzilmasin deyapti. Onamga “Xo‘p” deb, ustimni alishtirish uchun ketayotgan edim, tirmizak singlim yo‘limni to‘sib chiqdi.
− Aka! – dedi u azbaroyi og‘zi qulog‘ida bo‘lgani uchun tovushini zo‘rg‘a pastlatib. – O‘ldilaringiz! Sizlarning hamma gaplaringizni Sadaf opamga aytib berdim!
Mening oyog‘imdan jonim chiqib ketay dedi. Ko‘z oldim tinib, yuragim tez ura boshladi.
− Qaysi gaplarimizni?.. – deya so‘radim shunda ham u balki hazillashayotgandir, degan umid bilan.
− Poylab turib eshitganlarimni-da! Bugun kechasi darvozasiga bemaza gaplar yozib tashlaymiz deganlaringizni!
− Nima… Sen… Sen eshitganmiding?! Nima dedi keyin u?..
− Rosa kuldi! Chimsaroyda bizning darvozamizga bemaza gap yozishga jur’ati yetadigan odam borligiga ishonmayman, chunki otamning qo‘liga tushsa sog‘ qolmaydi, dedi!
− Sababini-chi? Sababini… Nega bunday qilmoqchi ekanimizni so‘ramadimi?..
− Yo‘q… – birdan o‘ylanib qoldi singlim. Turishidan, rejamizning asl sababini buning o‘zi ham bilmasdi.
“Yaxshiyam ishonmabdi!”. Hozir bu chaqimchiga qo‘pol biror gap aytsam, xuddi Sadafga borganday yugura solib otamning oldiga borishi hech gap emasdi. Shu uchun tishimni-tishimga bosdim. Indamay uyga kirib ketdim.
Otamning nima sababdan kayfiyati yo‘q ekanini baribir bilolmadim. Ammo kechki ovqatni barchamiz mustar bir kayfiyatda yedik. Hatto har kuni chakagi tinmaydigan singlim ham otamning qovoq solib o‘tirganini ko‘rib, bugun yer chizib, so‘naribgina o‘tirardi. Odamlar orasida eng yuqimlisi kayfiyat bo‘lsa kerak o‘zi…
Otam ovqatlanish orasida onamdan faqat bir martagina:
− Sigirni sog‘ib oldilaringmi? – deb so‘radi xolos. Onam menga yer tagidan qarab olib:
− Ha, sog‘gandik, − degandan keyin, yana barimizning tilimiz bog‘landi.
Onam dasturxonni yig‘ishtirishi bilan uydan yostiq va yopinchig‘imni olib chiqdim-da, o‘zimga o‘rin solib, yotib oldim. Uydagilarning ham o‘zimga o‘xshab tezroq o‘rinlarigi yotishini istaganimdan shunday qildim. Bu paytda falakka yakkam-dukkam yulduzcha chiqa boshlagan, osmon go‘yo qora libosga burkanganu, yulduzlar shu libosning tugmalariga o‘xshab yiltirab turardi. Ko‘p o‘tmay, onam qabatimdan otam, o‘zi va singlimga ham o‘rin soldi. Ular tin olish uchun joy-joylariga cho‘zilish taraddusida-yu, mening behalovat ko‘nglimning alla yeri orziqib-kuyishadi. Nega buncha dilgir kun bo‘ldi o‘zi bugun, nega buncha dilgir kecha, bilmayman. Balki, Qodir bilan Mirza ham hozir o‘zini uxlaganga solib, yaqinlarining tezroq pinakka ketishini kutib yotishgandir? Sadaf-chi, Sadaf nima qilayapti ekan? Hindlarga o‘xshaydigan o‘sha sevgilisini eslab yotganmikan yoki uxlab, uni tushida ko‘rayaptimikan?! Ehh, rejamizdan xabar topgani chatoq bo‘libdi-da! Yana tag‘in qo‘rqib, aybini izlasa go‘rga – nazariga ilmaganini qarang! Go‘yoki bu ish bizning qo‘limizdan kelmaydi! Asli shu kalandimog‘ligining o‘zi uchun ham ayab o‘tirmaslik kerak uni! Yaxshisi… Yaxshisi uning xabar topgani haqida Qodir bilan Mirzaga aytmayman… Shunda… Shunda ular ahdidan qaytmaydi! Axir, qo‘rqoq oshnani kechirsa bo‘ladi, xiyonatkor sevgilini kechirib bo‘larmidi? Bo‘maydi-da! Masalan, xiyonat qilgani uchun, men o‘zimning yaxshi ko‘rgan itimni ham kechirgan emasman. E, mening itim ham emas edi o‘sha, birovning iti, shunchaki it edi!
Aslida, men u itni ovulning chekkasida yashaydigan bir odamnikidan o‘g‘irlab kelgan edim. Yo‘q, men o‘g‘irlab kelganimda aytarli it ham emas edi, xumbosh, old oyoqlari yo‘g‘on, paxmoqqina kuchukcha edi. Uni o‘g‘irlaganimdan bexabar otam va onam kuchukni qayerdan topib kelding, deb oldiniga tergashdi. Lekin arzanda singilcham o‘ynab, ovunayotganini ko‘rib, indamay qo‘yaqolishdi. “Ziyrak” qo‘ydim, otini. O‘zim nima yesam, teng yarmini berib boqa boshladim. Kuchukchani doim suyib erkalar, imkon boricha begona ko‘zlardan asrashga harakat qilar edim. Qancha qistalang qilsa ham, uni qayerdan topib kelganimni eng yaqin oshnalarim, hatto Qodir bilan Mo‘minga ham bildirganim yo‘q. Faqat bir martagina, hech kimga sotmaslik sharti bilan Mirzaning qulog‘iga aytganman.
Zotdor ekan kuchukcha. Tez o‘sib, sal kam uch oy deganda itmisan, it bo‘ldi. Hamma kuchukvachchalar odamning oyog‘iga kelib suykaltsa, u bunday tilyog‘lamalikni bilmas, juda erkalangisi kelgan paytlardagina yo‘limni to‘sib, kovushimdan tishlab tegajoqlik qilar edi. Maktabdan qaytayotgan vaqtimda esa, u oldimga yugurib chiqar, xursand bo‘lganidan irg‘ishlab ko‘kka shunaqangi baland sapchirdiki, bo‘yi bo‘yimdan baland bo‘lib ketardi…
Gap yotmaydi ovulda! Mening bir yoqdan kuchuk topib kelganimni eshitib, bir kuni itni egasi izlab keldi. Darvoza oldida otam bilan gaplashib turishganini eshitib, uning nima uchun kelganini tushundim.
− Bermayman! – dedim otamga. – Ziyrak bu odamniki emas, uni men ko‘chadan topib olganman!
− Topganing rostmi? Qayerdan topganding o‘zi? – so‘radi otam.
Men atay o‘sha odam yashaydigan emas, ovulning boshqa bir tomonini aytdim:
− Kanal bo‘yidan.
− Balki, o‘sha yoqlarga adashib borib qolgandir. Yo kimdir o‘g‘irlagandir-u, kanal bo‘yiga tashlab ketgandir, − itning egasi menga qovoq ostidan qarab, gapga aralashdi. – Qani, chaqiringlar-chi, o‘zini bir ko‘ray.
Chumchuqlarni qo‘rqitish uchun bu damda itni hovlimiz orqasidagi toklarning tagiga bog‘lab qo‘ygan edik. Vahimaga tushib, yig‘lagim kelib ketdi.
− Bermayman, ko‘rsatmayman ham! – dedim otamga yig‘lamsirab qarab. – Ota, ko‘rsa bu odam baribir meniki deb turib oladi!
Otam ikki o‘t ichida qolganday edi. Birinchidan, mening itni qanchalik mehr bilan boqqanimni va uni qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilar, itni birovga berib yuborib ko‘nglimni vayron qilishni istamasdi. Ikkinchidan… Itning bezbet egasi qarshisida “It baribir meniki, bersalaring ham, bermasalaring ham uni olib ketaman!” deganday xo‘mrayib qarab turibdi.
− Unda bir shart qo‘yamiz, − dedi otam mulohaza qilib ko‘rgach. – Itni men ushlab turaman. Ikkovlaring ikki yonimdan turib, chaqiringlar. It kimning oldiga borsa, o‘shaniki bo‘ladi.
Umid bilan haligi odamga qaradim. U “shart ma’qul” deganday, yelka qisdi.
Mening ichimdagi qo‘rquvim shakarli choy betidagi ko‘piklarday tarqab ketgan edi! Sarosima bulutlari surilib, yuzimga quvonch quyoshi charaqlab chiqqan edi! “Yashasin! – der edim ichimda tantana bilan. – Ziyrak, albatta, mening oldimga keladi! Shuncha paytdan beri faqat mening qo‘limdan ovqat yegan, mendan boshqaga iskalanmagan Ziyrakkinam o‘zimning oldimga keladi! Xuddi maktabdan kelishlarimni kutib olgandek yugurib kelib, bo‘yim barobar sakraydi!..”
Borib itning qozig‘ini sug‘irgunimcha bo‘yinlaridan quchoqlab, tumshug‘idan o‘pib-o‘pib oldim. Keyin ortimdan chopsin, tezroq yetib borsin, deb otam bilan haligi odam yoniga yugurdim. Ipini sudrab men bilan baravar otamning qarshisiga kelgan it o‘sha odamni ko‘rdi-yu, quloqlarini ding qildi. G‘ingshib, bezovtalandi…
Ko‘chaga chiqdik. Otam itni ipidan tutib, ma’lum uzoqlikda qarab turgan anov odam bilan oralig‘imzda turganda, mening og‘zim qulog‘imda edi. Hozir “Ziyrak” mening yonimga yugurib keladi, der edim ishonch bilan, “Hozir… Hozir…”
Lekin… Lekin shunday bo‘lmadi. Otam itni qo‘yib yuborishi bilan, it zanjirini shildiratib egasiga qarab yura boshladi… Baqirib yubordim. “Ziyrak, qayt orqangga!” dedim. Avval zarda bilan, keyin yig‘lab yalindim. “Ziyrakjon, qayt… Qaytaqol, Ziyrakjon…” dedim. Koshki, qaytsa… U faqat bir martagina, yarim yo‘lda men tomonga qayrilib qaradi, xolos. Keyin chirt o‘girilib, egasi yoniga ketib qoldi…
Itini ergashtirib g‘olibona qadamlar bilan ketib borayotgan o‘sha odamning izidan qarab qolar ekanmiz, otam ikkimiz allaqanday cho‘kib, mung‘ayib qolganday edik. Chin, shu paytgacha olamda tengsiz bahodir sanaganim – otam shu taqlid aybdorona qo‘l qovushtirib turishlari bilan, ilk marta menga ojiz va notavon tuyilib ketdi. Yig‘lamasam ham, o‘z-o‘zidan yosh dumalab tushayotgan ko‘zlarim bilan bir otamga, bir itini ergashtirib ketayotgan haligi odamga qaradim-u, hovlimizga otildim…
O‘sha kuni ochlik e’lon qildim. Onam kechki ovqatga chaqirsa bormay, uyga kirib arazlab yotdim. Ko‘z yoshimdan ho‘l bo‘lib ketgan yostiqqa yuzimni bosib yotar ekanman, “Nomard ekansan! Nomard! Hayf senga bergan shuncha ovqatim, hayf shuncha erkalaganlarim!..” deb itni so‘kardim nuqul. Mening bu koyinishlarimni eshik tirqishidan eshitib turganmidi yo nima o‘ylayotganimni sezganmi, bilmayman, bir vaqt onam yonimga kirib keldi.
− Qo‘y, ulim, yig‘lama, − dedi boshimni silab. – Zo‘r ekan iting… Qara-ya, qancha paytdan beri ovqat berib qarashsang ham, o‘z egasini unutmabdi… Boshing omon bo‘lsa, shunaqasidan yana toparsan…
Onamning o‘shandagi boshini egib, yuzimga achinish bilan termilganini eslar ekanman, ich-ichimdan chiqqan olovli nafas dimog‘imni kuydirib o‘tdi. Kim bilsin, chindan ham balkim o‘sha it Sadafdan yaxshiroqdir? Sadaf bilan Mo‘mindan yaxshiroqdir o‘sha it?! Shu choqda ko‘cha tarafda simyog‘ochning uch marta taqillagani eshitilmaganda, kim bilsin, men ho‘ngrab yig‘lab yuborishim mumkin edi. Nima balo, Qodir bilan Mirza yarim tun bo‘lmasidan kelishdimi, dedim shoshib ko‘zlarimdagi namni artarkanman. Yo men shuncha payt o‘y surib qoldimmi? Ma’lum vaqt oralag‘ida simyog‘och yana uch marta jarang sochgach, sekin sirg‘alib yopinchiq tagidan chiqdim. O‘rnimga yostiqni tiqib, biroz uringan edim − g‘ujanak bo‘lib uxlab yotgan odamga o‘xshadi, qoldi.
Otam onam va singlim uxlashayotganiga ishonch hosil qilgach, paypaslanibgina so‘ridan tushdim. Ohitsa yurib darvozamizgacha bordim-u, undan u yog‘iga yugurib ketdim. Simyog‘och tagida meni kutayotgan oshnalarimning oldiga borganimda, Qodir qo‘ltig‘iga allanarsa qistirib olgan, Mirzaning esa qo‘lida nimadir bor edi. Kelishim bilan u:
− Nega kechikib qolding, – deya jerkimoqchi edi, Qodir:
− O‘chir, ovsar! O‘zing kelishilgan vaqtdan uch soat oldin hammani uyg‘otib chiqayapsan! – deb uni qayirib tashladi.
Mirza bosh qashiyman deb qo‘lini ko‘targandagina, tuning g‘ira-shirasida u ushlab olgan narsa velosiped bo‘yashda ishlatiladigan cho‘tkachalar ekanini bildim. Hammasi ravshan: Qodirning qo‘ltig‘idagi bo‘yoq qutisi!
− Uzr, oshnalar, hech vaqt o‘tavermadi, − dedi Mirza xijolatpazlik bilan. – Shu desalaring, nimanidir rejalashtirsam bo‘ldi, uyqum o‘chadi! Anavining qo‘rqoqligiyam toza jahlimni chiqardi-da…
− Gaping chin, − ma’qulladi Qodir. – Aslida tashlab qochmasdan Sadafning otasidan hayiqdim yo qorong‘uda qo‘rqaman desayam uni birov majburlamasdi. To yettinchi sinfgacha qorong‘uda tashqariga chiqishga qo‘rqishini hammamiz bilardik-ku!
Handalakning tilimiga o‘xshab ketadigan oy bulutlar orasidan poyloqchilik qilayotgan odamday mo‘ralab turardi. Biz uydan qanday chiqqanimiz haqida past ovozda gaplashib, sekin-sekin Sadaflarning ko‘chasi tomonga keta boshladik. Shunda o‘zimda Sadafdan o‘ch olish istagi negadir so‘na boshlaganini, u mardona tuyg‘ularim o‘rnini sarosima va tahlika kabi tuban hissiyotlar egallay boshlaganini sezdim. Go‘yo gaplariga quloq solgan kishi bo‘laman-u, g‘ira-shira ko‘rinayogan yuzlariga termulib oshnalarimning ham ichlarida nima o‘ylayotganlarini bilib olishga urinaman. Eng ko‘p e’tiborimni Mirzaning xatti-harakatlari, gap-so‘zlari tortdi. Mirza menga o‘xshab qo‘rqmayotganga, bu ishni tezroq oxiriga tekazib, tezroq xotirjam tortmoqchi bo‘layotganga o‘xshab tuyiladi, nazarimda. Ha, Qodir dovyurak bola, lekin tirishqoqlik borasida baribir Mirzadan ortda qoladi. G‘aroyib kuyinchaklik bor Mirzada. Hamma narsani tez qabul qilib, tez unutadi. Biror ishni boshlaganda-chi, to tugatmaguncha o‘ziyam tinchimaydi, boshqalarniyam tinchishiga qo‘ymaydi.
Esimda, uch-to‘rt yilcha oldin bir gal u sinfimizga rangi quv oqargan, qovoqlari kirtayib, ko‘zlari olaygan holda kirib kelgandi. Ehtimol, siz odamning bir kunda bunchalik o‘zgarib, ozib-to‘zib ketishini ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak. O‘zim ham bir marta – faqat o‘shanda ko‘rganman. U paytlari o‘qituvchimiz halicha “Sen to‘rtalang biriksang, bir boyqushlikni boshlaysan” deb to‘rtalamizni sinfning to‘rt burchagiga o‘tqizib qo‘ymagan, men Mirza bilan, Qodir Mo‘min bilan, yana ot aravga mingashganday oldinma-ketin partalarda o‘tirar edik. Bir ko‘rishdayoq Mirzaga biror narsa bo‘lganini bilgan esam-da, men hech narsani sezmayotganday pismiqlanib uni kuzata boshladim. Mirza esa g‘am va charchoq to‘la nigohlarini mo‘ltiratib, hamma narsaga loqayd bir kayfiyatda o‘tirar, shu holida ishtonini xo‘llab qo‘yganini aytishga cho‘chiyotgan go‘dakka o‘xshardi.
Yomonroq ish bo‘lganiga aniq ishonch hosil qilganimdan so‘ng, orqamga qayrildim-u, Qodirning qulog‘iga shipshidim:
− Qara… Mirzani kimdir urgan bo‘lsa kerak!
− Yo‘g‘-ay?.. – Qodir avvaliga ajabalanib Mirzaga ko‘z tashladi, keyin afti vajohatli tus olib, birdan mushtlarini tugdi: − Senga aytmadimi, kim ekan o‘sha “polvon”?!
Qodirning balandroq ovozda gapirib yuborganidan xavotirlanib Mirzaga qaragan edim, Mirza hamon o‘sha-o‘sha po‘sti shilingan so‘taday shumshayib turgan ekan. Biroq Mo‘min gapimizni eshitib, oraga suqildi.
− Otasi urgandir-da, − dedi u. – Boshqa bo‘lganda o‘ziyam aytardi-ku.
− Unday bo‘lsa, chatoq… − mushtini ishlatolmasligidan afsulanib, qovoq uydi Qodir.
– Otalarga hech kimning kuchi yetmaydi! Mayli, ketishimizda o‘zimizning tut tagida so‘rarmiz, nimaga urdiykin otasi.
Darslar tugagach, Qodir aytganiday biz Mirzani o‘zimizning tut bilan toshimiz yoniga boshlab bordik. Undan nima gap ekanini so‘ragan edik, Mirza gapirish o‘rniga izillab yig‘lab yubordi.
− Oshnala-ar… – deb aytdi yig‘i orasida. – Men… O‘gay ekanman!
Bu yangilikdan uchalamiz ham hang-u mang bo‘lib, og‘zimizni yopolmay qoldik. Mirzaning izillab past tovushda yig‘lashi, katta gunoh ish qilib qo‘ygandek ko‘zlarimizga qaray olmasdan boshini egib turishi bizni chunonam hayratga solardi. Shunda ham birinchi bo‘lib Qodir o‘zini tutib oldi.
− O‘ylab gapirayapsanmi?! Qanaqasiga o‘gay bo‘lishing mumkin? Bu gap qayerdan chiqdi? – so‘radi tajang bo‘lib.
− Shunaqasiga, oshnalar… – Mirza battar ezilib, battar egilib shang‘illagancha javob qaytardi. – Qulog‘im bilan eshitdim. Kecha maktabdan qaytganda uyga kim keldi ekan, deb eshikka qulog‘imni tutsam, enamning mehmonga kelgan dugonasi shunday dedi. “Asrab olgan uling katta bo‘b qolgandir”, deb aytdi…
Ana, gap poylashning oqibati! Mirzanning ota-onasiga o‘gay bo‘lib chiqayotganidan emas, uning izillab yig‘lashi va qayg‘uli ahvoliga rahmim kelib xafa bo‘lib ketdim. Mo‘minning ham titroq nafas bilan, burnini sho‘lqillatib tortgani eshitildi.
− Mirza, oshna… Oshna qo‘ysang-chi… − dalda berishga oshiqdi Qodir. Mirzaning shundog‘am mayishib borayotgan yelkasiga qo‘l tashlab, osilib oldi. – Mayli-da… Baribir ota-enang bor-ku! Yo ular senga uydan ket deb urishayaptimi?!
Halicha izillayotgan Mirza bu daldadan keyin azza-bazza arillab yig‘lashga tushdi. Qodir xato gap aytganini tushunib, Mirzaning yelkasidan qo‘lini olarkan, Mo‘min ikkovimiza aybdorona qaradi. Endi Mirza xo‘ngrab, ko‘ksidagi bor nafasi bilan xo‘rsinib-o‘ksib yig‘lar, biz unga ko‘zlarimizni javdiratib, hamdardlik bilan qarab turishdan boshqa chora topmas edik.
Oradan qancha fursat o‘tdi, esimda yo‘q, bir mahal Mirzaning ko‘z yoshlari qurib, bir nuqtaga qaragancha jimib qoldi. Odam ko‘z yoshlarini artmasa-yu, u yuzida qurisa, idishdagi suvning mavjlanishini eslatuvchi ko‘zlari esa yig‘idan toliqib, bir nuqtaga qarab turaversa, juda qo‘rqinchli ko‘rinar ekan.
Uning tinchib qolganini ko‘rib, Qodir yana dalda berishga urinib ko‘rdi.
− Oshna, sen yaxshisi bilganingni bildir-ma, − dedi aqllilik bilan. – Agar bilganingni bildirsang, ular buni bilib qolishadi. Shunga biz ham hech kimga bildirmaymiz.
Mo‘min ikkalamiz Qodir asli qanday aqlli gap aytmoqchi bo‘lganini uncha tushunmasak ham, shoshib uning gapini ma’qulladik. Mirza esa, o‘zimiz bilgan tinib-tinchimas, o‘jar-qaysar Mirza esa, ayni paytda ammamning buzog‘iday yuvosh tortib qolgan, kim nima desa bo‘ynini solintirib turaveradigan siyog‘i bor edi.
Qodir tantanovor qilib endi Mirzani hech qachon yolg‘iz qoldirmasligimiz kerakligini e’lon qildi, chunki haqiqiy oshna shunday og‘ir kunda bilanar ekan. Ushbu talabga Mo‘min ikkovimiz jon-dilimiz bilan rozi bo‘ldig-u, lekin Mirzaning bundan ko‘ngli to‘lgani sezilmasdi.
Shu kundan boshlab uchovlon so‘zimizga binoan tushki o‘n ikkida Mirzalarnikiga borib uni maktabga yetaklaydigan, maktabda ham nuqul atrofida girdikapalak bo‘ladigan, dasrlardan so‘ng yana birgalashib uyiga qo‘yib qaytadigan odat chiqardik. G‘amgin va indamas bo‘lib qolgan Mirza bundan mamnun bo‘lsa kerak, har qalay yetovimizdan bosh tortib, norozilik bildirmas edi. Bular barisi esa shunday g‘alati tarzda yakun topdiki, eslasam menga haliyam nimalardir anglashilmay sir bo‘lb qolganday tuyilaveradi…
Yakshanba kuni katta ariq bo‘yidagi tolzorda o‘ynab yurgan edik, g‘ovak ichidan chumchuq polaponning qattiq chirqallagani eshitildi. Bizning chumchuqlarni o‘ldirmaslik, chumchuq poloponlariga zarar bermaslik to‘g‘risida bitimimiz bor edi.
− Chiqarib, nega chirqillayotganini ko‘ramiz-u, yana joyiga solib qo‘yamiz! – dedi, Qodir o‘sha bitimni eslatmoqchi bo‘lganday. Keyin qo‘lini tirsagigacha tiqib, g‘ovak ichidan birvarakiyiga uch-to‘rtta poloponni chiqarib oldi. Lekin afsuski, poloponlarning uchtasi allaqachon nobud bo‘lib mayda qumursqalar yopisha boshlagan, ulardan faqat bittaginasi tirik, u ham bo‘lsa, og‘zini katta ochib, jon talvasasida yemish so‘rardi…
− Enasi bilan otasini birov ushlab olgan bo‘lsa kerak… – dedim men xomush tortib.
− Ilon tutib yegan bo‘lishi ham mumkin… – Qodir qoshlarini chimirib, labini tishladi. – Qani shu yerda bo‘lib qolsa, tayoq bilan urib boshini yanchardim!
− Oshnalar, bitta yo‘li bor! – dedi shunda Mo‘min hovliqib. – Cherdagimizda chumchuq bola ochgan. Enam chiqarib bosib qo‘ygan supurgilarning shundoqqina tagida. Buni olib borib, o‘sha inga solib qo‘ysak-chi?!
Mo‘minning rejasi yomon emas edi. Uchovlon endigina temirqanot bo‘lishga ulgurgan qorni och poloponni olib, ularnikiga yugurdik. Ota-onasiga o‘gay ekanini bilgan o‘sha kundan beri biz nima ish qilsak befarq qaraydigan Mirza ham lo‘killabgina ortimizdan ergashdi. Ammo galalashib cherdakka chiqqanimizda, Qodir poloponni tez uyaga joylashtirish o‘rniga o‘ylanib, biroz turib qoldi.
− Ma, oshna, − dedi, istar-istamas qo‘lidagini Mirzaga uzatar ekan. – Mayli, bu ishni sen qilaqol.
Mirza bundan xursand bo‘lmasa ham, lekin rad etmadi. Ming mashaqqatlar bilan emaklab borib, poloponni supurgilar bosib qo‘yilgan joyga − chumchuqning ko‘zga tashlanib turgan ini oldiga qo‘yib keldi. Aynan shu paytda bezovta chirqillab ona chumchuq ham paydo bo‘ldi.
− Tss! – deb ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi Qodir. – Qani hamma kartonlarning panasiga, endi yemish yedirishini ko‘ramiz!
Biroq bizning mo‘ralab turishimizdan seskangan chumchuq ancha palla chirqillab, polaponlari oldiga bormadi. Qimir etmay turaverganimizdan keyingina yomonlik qilmoqchi emasligimizni tushundi chog‘i, nihoyat, borib ini labiga qo‘ndi. Kutilmaganda haligi begona poloponni cho‘qilab, uyasidan chiqarib tashlashga urina boshladi. Ammo begona polopon hadeb uyaga qaytib kirishga tirishar, ona chumchuq tumshug‘i bilan deyarli qoniga bo‘yab tashlagan bo‘lsayam, uyani tark etgisi kelmasdi… Bunday adolatsizlikka chiday olmagan Qodir sapchib o‘rnidan turgan ediki, biz kutilmaganda Mirzaning “piq-piq” etib yig‘layotganini eshitdik…
Mirza piqqillagancha narvondan tushib jo‘naganda, uning ortidan hech baloga tushunolmay garangsib qarab turar edik.
− Tegma nozik bo‘lib qoldi! Salga yig‘layveradi! − dedi Qodir ranjib.
− To‘g‘ri! – Qodirning gapini ma’qulladim men. – Ota-enasiga o‘gay bo‘lib chiqqanidan xafaman, lekin o‘ziyam bunday erkalik qilavermasin-da!
− Oshnalar, men kecha Mirzalarnikida yotib qoluvdim, − gap yetkazishni qoyillatadigan Mo‘min naq quloqlarimizga kelib pichirladi. – Enasi bilan otasi Mirzani tobi yo‘q, ichida qurti bo‘lsa kerak, do‘xtirga olib boramiz, deyishdi… Ichida qurti borligi rost bo‘lsayam, menimcha, Mirza bizni aldagan, u – o‘gay emas.
− Nimaga shunday deyapsan? – beixtiyor, xuddi Mo‘minning o‘ziga o‘xshab pichirlab so‘radim men.
− Bildim-da! Otasi bilan enasi uniyam, ukalariniyam siz-sizlab yotibdi… O‘gay bo‘lsa sizlarmidi?
− Qo‘ysang-chi, − Mo‘minni biror kattaroq sir-asrorni bilib olibdi, deb o‘ylaganim uchun hafsalam pir bo‘ldi. – Mirzaning enasi hammani sizlaydi o‘zi. Mana meniyam, sen ikkalangniyam sizlab gapiradi hamisha.
− Mo‘min to‘g‘ri aytadi! – negadir mendan bo‘lakcha xulosa yasadi Qodir. – Ena-otalar hammani sizlashi mumkin, baribir o‘gay bolasini sizlamaydi… Adabiyot kitobimizdagi “Olqor” hikoyasi eslaringdami, qancha qiynaydi o‘gay ota-onasi?! Shu aldaganiga yana birga o‘ynaylik deb kelsin, Mirzaning ta’zirini berib qo‘yaman!
Biz avval Mirzaning ko‘ngliga qarashga qanday tantanavor qasamyod qilgan bo‘lsak, Mirzani qaytib erkalatmaslikka ham o‘sha kuni xuddi shunday dabdaba bilan kelishib oldik. “Agar endiyam burnini sho‘rqillatib yig‘laydigan bo‘lsa, mushtimdan yeydi!” deb aytdi hatto Qodir.
Ammo… Ammo chamasi biroz shoshgan ekanmiz. Mo‘minlarnikida tushlikka uning enasi tayyorlagan chalopni ichib, uch oshna kattakon to‘shakda dumalashib yotgan edik, to‘satdan xonaga Mirzaboy kirib keldi.
− Oshnala-a-ar… – dedi, u yovvoyi qarash qilib turganimizga parvo qilmasdan xush-xandon iljayarkan. Hech kim eshitmayaptimikin, deganday bir-ikki orqasiga alanglab oldi:
− Oshanala-a-ar.. Oshanalaar, enam o‘zimni enam ekan!
Mo‘min ikkovimiz o‘z-o‘zidan tirjayib uni tabriklamoqchi bo‘lib turgan edik, Qodirning imlab qo‘ygani hushimizga qaytardi.
− Bir boshidan gapir, nimaga bunday deyapsan? – so‘radi, Qodir qovog‘ini ochmasdan.
Mirza battar iljaydi, yaqinimzga bo‘ynini egib keldi:
− Shu… Boya borib enamdan so‘radim… Asrab olganlaringiz rostmi, dedim. Enam qotib qoldi! Haykalday qotib, ranglari ham oqarib ketdi! Yana so‘raganimdan keyingina “Kim aytdi, ukangni asrab olganimizni senga kim aytdi?!”, deb so‘radi. Men, “Aldamang, ukamni emas, meni asrab olgansizlar, dugonangizning gapini o‘z qulog‘im bilan eshitdim”, dedim. Yig‘lab yubordilar shunda. Keyin kuldilar… Qasamlar ichdi. “Hech qaysingni asrab olganimiz yo‘q, bolaning asrandisi bo‘lmaydi”, deb aytdi!..
O‘shanda Mirza zavq-u shavq bilan, o‘pkasi va og‘zi to‘lib gapirar ekan, shu egilib turgan holida bo‘yi ikki-uch metrcha o‘sib ketganga o‘xshar, ayni paytda Qodirdan musht yeb qarab turadigan yuvosh bolaga sira o‘xshamasdi. Mirzaning bu shashti cho‘chitib qo‘yganmidi yo hammasi yaxshilik bilan tugaganiga xursand edimi, har nechuk Qodir ham yumshab, tishining oqini ko‘rsatishga majbur bo‘lgandi…
Lekin oradan yillar o‘tib ulgurgan, “Mirza rostdan asrandimi? Umi o‘zi asrandi yoki ukasimi?” kabi savolar hozir bizni ortiq o‘ylantirmay qo‘ygan, hatto bu gaplar Mirzaning o‘zining ham, balki, esidan chiqib qolgan bo‘lsa kerak. Shu fursatda esa biz uch ajralmas oshna – “Uch mushketyorlar” tun qorong‘usida intiqom olish uchun ketib borardik. Ertakdagi mushketyorlarning qilichi bo‘lsa, bizda bo‘yoq cho‘tkalari bor, mana shuning o‘ziyaq uchovimizning ulardan botir ekanmizni isbotlab turibdi! Faqat tun endi ko‘zimga g‘ujanak bo‘lib yotgan qora devga o‘xshab ko‘rinar, mildir-mildir qilayotgan yulduzlar go‘yo uning sanoqsiz ko‘zlariday meni vahimaga tushirayotgan edi…
Biz Sadaflarning ko‘chasiga yaqinlashganimiz sari qadam olishimiz sekinlashayotganini, gurungimiz mavzusi ham maqsad qolib ortiqcha bir yoqlarga uloqib ketayotganini payqab qoldim. Oxirgi muyilishda esa Qodir yurishdan to‘xtadi.
− Oshnalar, shu yerda gartak dam olamiz, − dedi so‘ng sir boy bermaslikka urinib, azza-bazza cho‘nqayib o‘tirib olarkan. – Oyoq ham uvishdi, voy-vuy, hamma joyim-ay…
Mirza ikkimiz ham Qodirning yon veridan cho‘nqayar ekanmiz, sukut saqlab, qorong‘uda nuqul bir-birimizning kinodagi habashlar ko‘ziga o‘xshab yiltirayotgan ko‘zlarimizga qarar edik. Pismiqqina emasmanmi, men shu yerda o‘zimni ko‘rsatishning zap o‘rni kelganini tushundim.
− Chin, ozgina oyoqqa dam beraylik, − dedim quvlik bilan. – Buyog‘i Sadaflarning darvozasiyam ko‘rinay deb qoldi…
Bu gapimdan keyin Mirza ko‘zlarini olib qochdi, Qodir o‘tirgan joyida so‘naribgina qoldi. Mening ko‘nglimdan esa “O‘l ikkoving! Sadafning bu gaplardan xabardor ekanini bilmay shuncha, oranglarda eng dovyuragi o‘zim ekanman!” degan fikr kechdi.
− Mirzaboy, bo‘yoqni ochavermadik-da, − deb temirni issig‘ida bosdim shunga. – Sadafning otasi chiqib.., tag‘in shoshib qolmaylik.
Ammo Qodir, baribir Qodir ekan.
− To‘g‘ri aytasan! – deb ayyorlikda mendanam o‘tib tushdi u. – Ma, unda sen ochaver. Manavi bo‘yoq, manavinisi poki!
Aslida men bo‘yoqni ochishga jur’at etmasam, oshnalarim ham uni ishlatishga haddilari sig‘masligi aniq edi. Lekin g‘ururim ustun keldi, Qodirning qo‘lidagi narsalarni olishdan tiyila olmadim… Poki bilan bo‘yoq idishi og‘zidagi gardishni qirqa boshlaganimda, oshnalarimning nigohi o‘ljasini poylayotgan mushukning ko‘ziday o‘t sochayotgan edi. Ko‘p o‘tmay, atrofga bo‘yoqning hidi anqib, idish ichidagi suyuqlik tovlanib ko‘zga tashlandi…
− Qizili… – dedi Mirza shunchaki nimadir deyish zaruratini tuyib. – Bir chizilsa bas, o‘lsayam o‘chmaydi.
Keyin hammamiz bir qancha payt jimib va tinchib qoldik. Shunda Qodir odatdagi va’zxonlik mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladigan fursat kelganini bildi chamasi.
− Kunduzi nima deb qasam ichganimiz eslaringdami, oshnalar? – dedi u past ovoziga qat’iyat berisha tirishib. – Biz xiyonatni kechirmaymiz! Sira-sira kechirmaymiz! Hayosiz, riyokor qizning ta’zirini beramiz!
− Moxovga oshna qilamiz.., − deya go‘yoki kesatganday hafsalasizgina luqma tashladi Mirza. Uning ovozida tushkunlik bo‘lgani uchun ham, Qodir o‘zini eshitmaganday tutdi.
− Ko‘z oldilaringga keltiringlar, u nima qilganini! − dedi, gapida davom etarkan. – Qancha payt bizning yaxshi ko‘rishimizni bilib, bilmaslikka olib yurgan bu pismiq qiz nima qilib qo‘yganini o‘ylanglar! O‘sha daftardagi besharm, buzuq gaplarini eslanglar, axir! Shunga chidab bo‘ladimi?!
Mening esa… Mening esa ko‘z oldimdan negadir o‘sha mash’um daftar emas, huv kasal payti borganimizda rangpar yanoqlari qizarib, ko‘zlarimizga qaray olmasdan eski chit ko‘ylagining choklarini o‘ynagan Sadaf keldi. Mirzaga qarasam, Mirza ham xatni o‘ylayotganga uncha o‘xshamas, bejo tortib turishidan, ko‘proq Sadafning otasi haqida o‘ylayotgandek edi.
Shunda… Shunda o‘z gaplaridan o‘zi ilhomlangan Qodirning kasali qo‘zidi! Qahramonlik degan kasali qo‘zidi! Senlarga gap hayf, deganday shitob bilan o‘rnidan turdi-da, mening qo‘limdan og‘zi ochiq buyoq idishini, Mirzaning qo‘lidan cho‘tkani tortib olib, Sadaflarning uyi tomon keta boshladi. Bu fursatda Mirza ikkimizga Sadaflarning uyi tomon qora tortishdan ko‘ra, yo‘lboshchimiz Qodirsiz mana shu joyda qolish vahimaliroq edi.
Tez-tez yurib borayotgan Qodirning orqasidan biz ham yo‘rtib ergashar ekanmiz, Mirza ikkimiz qay jihatlarimiz bilandir bo‘ynidan ip bog‘lanib yetaklanayotgan itlarga o‘xashab ketardik.
Bizdan uch qadam oldindagi Qodir Sadaflarning tanish darvozasi yaqiniga kelib ortiga o‘girilganda, hilol nurlari uning ayovsiz va mardonovor yuzini yoritib yubordi.
− Biz xiyonatni kechirmaymiz! – deb aytdi u.
Nihoyat, endi orqaga qaytishning imkoni yo‘q edi! Men Mirzaning qo‘lidagi cho‘tkalarning birini olib, uni mushtumimda siqarkanman, tutilibgina Qodirning so‘zlarini takrorladim:
− Biz… xi…yonatni.. kechirmaymiz!
− Kechirmaymiz! Hech qachon kechirmaymiz! – shivirlab jo‘r bo‘ldi Mirza ham.
Ko‘zlari yonib, vujudi titrab, hayajon bilan turgan Qodir Sadaflarning sirlanganday oppoq tovlanib turgan darvozasi tomon bordi-da, cho‘tkani qizil bo‘yoqqa botirib, bugun kunduzidan beri Sadafni shuncha haqoratlab aytishga haddimiz sig‘magan juda xunuk bir gapni hijjalab yozdi. “Sadaf j…” deb yozdi! Men bu xunuk gapdan dovdirab, bir qur o‘zimni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsam ham, darrov hushimni yig‘ib oldim. Tishimni tishimga bosib, ichimdagi bor nafratim, bor jur’atimni to‘plab, borib Qodir yozgan gap oldidan undan ham besh battar so‘z yozdim… va… va shu payt ko‘zimdan bir tomchi yosh dumalab ketdi…
Mirzaning ko‘z oldimda darvozaga uzangan qo‘llari yomon qaltirardi. Bilsam, u ham menga o‘xshab yig‘layotgan ekan. Sinchiklab qaradim, Qodirning ko‘zlarida ham yosh… Oxiri… Oxiri biz uchovimiz ham ochiq-oshkora yig‘lab yubordik! “Xiyonatni kechirmaymiz!” deya pichirladik uchovimiz ham… Nafrat-u hayajon, shiddat-u qo‘rquv bilan o‘qib to‘ng‘iz tuk tashlaydigan eng jirkanch gaplarni darvozaga muhrlashga kirishib ketdik. Yozdik, yozaverdik, sira to‘xtamadik!.. Bir payt Qodir qo‘lidagi cho‘tkani shart yerga tashladi-da, bizlarni qoldirib ura qochdi. Mirza ikkimiz ham uning ketidan yugurar ekanmiz, ko‘ksimga urilib, oyoqlarimga chirmashib ortda qolayotgan shabada mening yodimga beshinchida o‘qiydigan paytimiz huv o‘sha piyoz polizidan haydalganimizni solar edi…
Ha, hamma voqea xudda shunday bo‘lib o‘tdi! Kecha tunda uchalamiz tiraqaylab qochib o‘z-o‘z uyimizga kirib borgan, bizning nima jinoyat qilganimizni esa, menimcha, hech kim payqamagan edi. Boshqalarni bilmadim, shaxsan men tuni bilan uxlamasdan yurak hovuchlab chiqdim, shuning uchun ham hozir qizargan ko‘zlarim bilan goh oshnalarimga, goh qirq qadamcha narida gerdayib turgan Bo‘tayevga javdirab qarar edim.
− Nima deb o‘ylaysilar… – dedi, rangi oqarib borayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi nafasigacha bodichiligini saqlab qolishga urinayotgan Qodir o‘zini tetik ko‘rsatib. – Sadafning otasi bizni ursa… uchastkavoy oracha qilarmikin?
− Albatta-da! – dedim men alamli kinoya bilan. – Oracha qiladi, keyin peshanalarimizdan bittadan o‘pib, uchalamiga “Faxriy yorliq” beradi!
Bu gapimdan so‘ng Mirza chaqchaygan ko‘zlarini Bo‘teavdan uzmasdan, oyog‘i tagiga ham qaramay surinib-toyinib qochib jo‘nadi. Zora shu jonkuyarligim jonimga oro kirsa, deb endi uni tutmoqchi edim, Qodir bilagimdan qisdi.
− Qo‘y, ketaversin, − dedi gapga uncha qovushmayotgan lablari bilan shivirlab. – O‘zing tushunasan-ku, kimning aybi bo‘lsa, o‘sha qochadi!
− Buzoqni qochgani somonxagacha! – o‘shqirdi ayni shu paytda Bo‘tayev. – Jo‘jalaring qochgan bo‘lsayam, sen xo‘roz bilan tovuq aslo qocha ko‘rma! Bugun qo‘limdan baribir qutula olmaysanlar!
Ko‘tarilma, gurrilik tan-joniga singib ketgan Qodir o‘zini xo‘roz deb atashganidan shu yerdayam ilhomlanmay qolmadi. Orqasida birov sekinlik bilan surayotganday sudraklanib, Bo‘tayevning yoniga keta boshladi. Men ham xuddi shu taqlidda uning ortidan ergashdim. Bo‘tayevning halitdan ko‘p sonli dushmanlarini yanchib tashlagan qo‘mondonday sevinayotgani ko‘rinib turar, bizni sinfxonaga tezroq olib borishga oshiqayotganini yashirib uddasidan chiqmas edi.
Ammo u quloqlarimizdan tortib sinfxonaga olib kelganda, sinfdagi manzara biz kutganimizdan anchayin o‘zgacha ekan. Ya’ni Mo‘min doskada enasi bilan birga turar, Sadafning otasi bilan uchastkavoy deraza oldida qaqqayishgan, qolgan bolalar joy-joylarida. Hatto Sadafning o‘zi ham biroz ajabsingan, xafa bo‘lgan, ammo ma’naviy o‘lish u yoqda tursin, baloyam urmagan bir tusda o‘z joyida o‘tiribdi.
Mo‘minni bunday ko‘rgan Qodir men bilan ko‘z urishtirib olganida, unda ortiq bodilikdan asar qolmaganini ilg‘adim. Va ayni damda o‘zimning ham ichimga o‘t tushdi: “Mirzaga to‘nkashdan foyda yo‘q, Mo‘min hozir barimizni qo‘shib sotadi!” Ko‘zlarim bilan meni ayta ko‘rma, deb imo-ishoralar qilayin desam, kamiga u yerdan bosh ko‘tarmaydi – ehtimol, mudhish sotqinlikka o‘zini shunday tayyorlayotgandir…
− Xullas, hali aytganimday, Mo‘minboyning o‘zi shunday qilmaydi, − Bo‘tayev tomdan tarasha tushganday gap boshlab, Qodir bilan menga qo‘lini bigiz qildi. – Uni yo‘ldan ozdiradigan asli bular bo‘lgan! Buzmakorchiliklarni doim bular boshlaydi-yu, kasriga shu yuvosh bechora qolib yuradi o‘zi. Siz Mo‘minni emas, oldin bularni so‘roq qiling, hurmatli uchastkavoy!
Bo‘tayev, balki, o‘zini biror kattakon sud majlisidagi qoralovchiman deb o‘ylayotgandir, lekin uchastkavoy hozirgi holatida sud hakamidan ko‘ra qiyin tenglamani yechishga qiynalatyotgan matematika o‘qituvchisiga o‘xshab ko‘rinardi. U peshanasini tirishtirib bizga nomigagina qaragach, yana ko‘zlarini bosh egib turgan Mo‘minga lo‘q qildi.
− Unday demang domillasi, − xavf sezgan moki tovuqdan tipirchilab qoldi Mo‘minning enasi. – Oshanalarini ham birvarakayiga aybdor qilmang-da. Mo‘minjon bu ishni bilmay qilgan… Shunday degin, Mo‘min, ayt o‘zing, bolajonim, bilmasdan qildim degin, − deb o‘g‘lini qistalang qila boshladi.
Xudo urdi, degan xayoldan tizzalarim qaltirab ketdi. Hozir gapni Qodir ikkovimizga loy chaplashdan boshlaydi, keyin esa sho‘lqillaydi, sumrayadi, xullas, o‘zi oppoqqina bo‘lib oladi, deb vahimaga tushdim.
– Bilmasdan qilgan bo‘lishi mumkin, lekin men nimaga bunday qilganiga haliyam tushuna olmayapman, − baxtimizga Mo‘minning tilga kirishiga yo‘l qo‘ymay gap boshlab qoldi Sadafning otasi. – Hammasi g‘alati… Tong otishiga ancha bor edi. Ko‘nglim bir narsani sezib tashqariga chiqsam, darvoza tarafdan “tiqir-tiqir” ovoz eshitildi. Tayin gapki, o‘g‘ri deb o‘yladim! Darvozaning osonlikcha ochilmasligini bilganim uchun, uyning ortidagi devordan oshib, asta pisib keldim… Qarasam, shu! Qishloqning nargi chekkasidan bir o‘zi qorong‘uda kelishga qanday qilib qo‘rqmadi ekan, asti hayronman…
Men endi qo‘rquvni ham unutib, ajablangan kuyi bir Mo‘minga, bir Sadafning otasiga qaradim. “Nimalar deyapti bu odam? Axir, Mo‘min biz bilan bormagan ediku? Bizdan oldin bordimikin, keyinmi?! Keyin borgan bo‘lsa, u yerda nima qilgan?!..” kabi sanoqsiz savollar ongimda g‘ujg‘on o‘ynay boshladi.
− Xuddi siz aytganingizday, men uchun ham juda g‘alati, − uchastkavoy ensasini qashib, gapga aralashdi. – Ish faoliyatimda bunaqa voqeani hali uchratgan emasman… Tutqanog‘i yo‘qmidi o‘zi bu bolaning?
− Yo‘q-yo‘q, hecham unday emas! – Mo‘minning onasi qo‘rqib ketib, uchastkavoyga javdiradi. – Hozir o‘zi aytadi… Mo‘min, nega bunday qilganingni tushuntir bolam? Yana seni tutqanoq ekan, degan gaplar tarqab yurmasin… Yo… Yo Sadafdan xafamiding, jon bolam?
Shu payt Mo‘min ortiq paysalga solmay, go‘yo hamma jumboqqa nuqta qo‘ymoqchi bo‘lganday kutilmagan bir jur’at bilan boshini yerdan adl ko‘tardi.
− Xafa emasdim! Men Sadafdan sira-sira xafa emasdim! – deb aytdi, o‘ziga unchalik xos bo‘lmagan ham qat’iyatli, ham ezg‘in bir ohangda. Ajablanarlisi, u bu gaplarni aynan Sadafga qarab turib aytdi – bamisoli sinfda undan boshqa birov yo‘qday, bamsoli Sadafning o‘zigagina hisob berishi kerakday…
− Unda nega benzin bilan yuvib darvozaning bo‘yog‘ini ko‘chirding, axir?! Kim bilsin, balki, uyni yoqmoqchi bo‘lgandirsan?! – so‘radi uchastkavoy.
− Men darvozani shunchaki… Shunchaki boshqatdan oqqa bo‘yamoqchi edim!
Mo‘minning yuz-ko‘zlarida g‘ayrioddiy ifodalar bilan Sadafga tik boqib aytgan ushbu gapidan butun sinf sharaqlab kulib yubordi. Bu kulgu orasida esa Sadafning sayroqi qushchalar ovoziday yoqimli va jarangdor kulgusi ajralib turar, uning Mo‘minning nigohlariga termulgan qiyg‘och ko‘zlari zavq, minnatdorlik va nomini men tanib bilmaydigan allabir sirli tuyg‘ularga to‘la edi…
2019 yil, 1-21 avgust.
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 5-6-son