Olis Qofqoz tog‘laridan boshlanib, vahm solib, girdoblanib oqadigan bo‘tana Furot anchadan beri bezovta. Yerga urug‘ tushish arafasida daryoning o‘zanidan chiqib toshganini yoshi yuzga borib qolgan keksalar ham xotirlay olishmasdi. Buning ustiga, keyingi kunlarda shaharda bo‘g‘iq va og‘ir havo turib qolgan. Quyosh ham ko‘rinmaydi. Go‘yo bulutlar zamindan o‘rlayotgan gardga obdon to‘yinib, uzala tushib olgandek. Ulug‘shaharni fayz tark etgan. Ammo avomning bu bilan ishi yo‘q. Oliy hukmdor fuqaro ko‘ngliga dunyolar havasini solib qo‘ygan: nima qilib bo‘lsa-da, minorani bitirish! Odamlarning na ichishi, na yeyishida halovat bor. Ularning o‘y-xayolini nafaqat yerda, balki osmonda ham hukmron bo‘lish egallab olgan.
Bugun ham ertalabdan havoning avzoyi buzuq, ora-sira yomg‘ir tomchilab qo‘yadi. Keng Sinaar tekisliklaridagi yomg‘ir mavsumini faqat Ulug‘shaharda yashaydiganlar biladi. Furot va Dajla shunday quturadiki, odamlar: “Dunyo endi suvga aylandimi”, degan o‘yga ham boradi. Eng yomoni, daryolar hovuridan tushguncha dalalarning bo‘lari bo‘ladi.
Bulutlar tamom egallagan ko‘kka termilarkan, Hammudaning ko‘ngli g‘ashlandi. Yomg‘ir mavsumi cho‘zilganidan, o‘tgan yili hosilning mazasi bo‘lmadi. U kabi yuzlab dehqonlar ko‘zlangan hosilni ololmay, zamindorlardan ancha qarzdor bo‘lib qolishdi. O‘tgan yili dalalarga o‘roq tushishi arafasida Dajla quturgan bo‘lsa, bu yil hatto urug‘ yerga tushishga ham ulgurmadi.
U oyog‘i bilan toshqindan so‘ng qatqaloqlangan tuproqni ezib ko‘rdi. Qotib qolgan loyqa yoqimli qisirladi. “Daryo qachon tinchlanarkin? – o‘yga berildi u. – Balki u ham norozidir? Ayni haqiqat! U ham norozi!”
Uning ko‘z o‘ngida Ulug‘shaharning qoq markazidan ko‘kka bo‘y cho‘zgan, bulutlar ko‘ksini-da teshib o‘tgan minora. Minora deyishga ham til aylanmaydi – naq qoyaning o‘zi! Minglab odamlar qoplarda, aravalarda tuproq, g‘isht tashir, darg‘azab ishboshilarning ovozlari, ora-sira yuqoridan qulagan yoki og‘ir narsa bosib qolganlarning dodlashlari eshitilardi. Chang-to‘zon ostida qolgan yovvoyi izdihomdan otlarning jon achchig‘idagi kishnashlari eshitilardi-da, kishining yuragidagi g‘ulu va vahimani yanada kuchaytirardi. Ammo quruvchilar o‘zgacha ishtiyoq bilan ishlaydilar.
Ulkan o‘choqlarda pishirilgan g‘ishtlardan, olis tog‘lardan keltirilgan toshlardan qad rostlayotgan minora kishi diliga hadik solar darajada haybatli edi.
Minoraning yuqorisida ishlayotganlar pastdan qaralsa xuddi chumoliga o‘xshab ko‘rinardi. Shunda Hammudaning xayoliga ilk bor: “Odam bolasi o‘zi yaratgan narsasi qarshisida yo‘q bo‘lib ketsa-ya!”, degan o‘y oralagandi. Shaharliklardan biri, ko‘rinishidan savdogar yoki zamindor, uning yelkasiga nuqib: “Ko‘rdingmi buni! Ulug‘shaharliklarning faxri bu, bizning kuch-qudratimiz ramzi!” – degandi. U o‘sha odam aytganidek g‘urur yoki faxr tuyg‘usini emas… qo‘rquvni tuygan, nazarida Ulug‘shahar ahli tamoman jazavaga tushib qolgandi.
– Namuncha xayolga berilding? – nariroqda kuymalanayotgan ayoli Yosida uning o‘ylarini to‘zg‘itdi.
Hammuda qatqaloq yerni bosib, unga yaqinlashdi. Aybdorlardek yelka qisib, iljaydi.
– Hali ham xayoling minoradami? – Yosidaning o‘zi ham mag‘rib ufqida ko‘kka tahdid solayotgan qoya-minora tomon qarab qo‘ydi.
Ayol eridan xavotirda edi. Chunki Hammuda qurilayotgan minorani ko‘rish uchun Ulug‘shaharga borib, bir ahvolda qaytib kelgandi. Uning o‘ng yonog‘i pir-pir uchar, ostki labi bilinar-bilinmas titrar, taajjub ila qarshilab, so‘z kutgan xotiniga anchagacha gapirolmay turgandi. O‘shandan beri u taomga hafsala qilmas, keyingi kunlarda esa hatto o‘ziga ham qaramay qo‘ygandi.
– Ko‘z oldimda minoraning aql bovar qilmaydigan bo‘y-basti, – o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi u. – Odamlar ham hukmdorga ko‘r-ko‘rona ergashayaptilar.
Yosida yog‘och chopqichni tashlab, erining yoniga keldi. Uning ko‘zlariga yolvorgandek termilib, dedi:
– Azizim, hammasini tushunaman, anavi qo‘shnilarimiz, – Yosida ancha narida yer yumshatayotgan dehqonlar – hamqishloqlari tomon bosh irg‘adi. – Tushunishadi. Boshqalar-chi? Shaharliklar seni ne ko‘ylarga solishganini unutdingmi? O‘tinaman, endi bu haqda boshqalarga og‘iz ocha ko‘rma!
Ha, ayoli ming bora haq. Boshiga it kunini solganlarini esidan chiqara oladimi? Shahardan uni toshbo‘ron qilib quvgan odamlar uning gapini yana eshitarmidilar! Bu safar quvg‘in qilib o‘tirishmaydi, minoraning eng yuqorisidan yerga uloqtirishadi…
Quyosh yotog‘iga shosharkan, g‘arb ufqiga ajib va xayoliy yolqin parda tortdi. Qizg‘ish shafaqda ko‘kka g‘azabnok bosh ko‘targan minora cho‘ng qoyaga o‘xshab ko‘rindi. Harchand qaramaslikka o‘zini majbur etsa-da, savqi tabiiy bir kuch uning ko‘zlarini shahar tomon burib yubordi. Har oqshom, dalada ish tugagan paytda negadir shunga odatlanib qoldi. Balki kun bo‘yi uzoq-uzoqlarda g‘o‘dayib, yuraklarga allaqanday qo‘rquv va vahima solayotgan minorani ertasiga, quyosh qaytadan bosh ko‘targuncha so‘nggi marta ko‘rib olish uchunmikin… Kutilmaganda quloqlari ostida tahdidli ovoz yangradi: “Odam nafaqat yerda, balki samoda ham hukmron bo‘lishi kerak!..”
– Bunga baribir chek qo‘yish kerak, – o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi u.
* * *
O‘sha kunlarda Hammuda qandaydir tushkun, odamovi bo‘lib qolgan, ko‘pincha xilvatga oshiqardi. Ko‘nglida bir-biriga zid tuyg‘ular kurashardi. Shunday kunlarning birida u tush ko‘rdi. Tushida… ulkan minora Ulug‘shahar ustiga qulab, hammayoqni vayron qilganmish-da, birorta ham tirik jon qolmaganmish.
O‘shanda Hammuda tushiga qanday ta’bir ko‘rishni bilmagan edi. Oradan bir muddat o‘tgach, xuddi o‘sha tush – qulayotgan minora yana oromini o‘g‘irladi. Aynan bir xil tushni ikki marta ko‘rishi unga go‘yo nimaningdir bashoratiday tuyulib, ko‘ngli g‘ashlanib qoldi. Ko‘p o‘tmay Ulug‘shaharda qurilajak minora haqida ovozalar tarqagach, tushining ta’biri ayonlashdi-qo‘ydi. Odamlar faqat minora xususida gapirishar, bahslashishardi. Oliy hukmdor minora nafaqat Ulug‘shahar, balki butun saltanat ahlini qudratli qiladi, deya nutq so‘zlagandan so‘ng ulug‘shaharliklarning barchasi – yoshu qari, erkagu ayol – yoppasiga quruvchiga, aniqrog‘i, mashaqqatli va og‘ir ishga yollangan qulga aylandi.
Keyin o‘sha tushni yana ko‘rdi. Minora xuddi qudratli bir qo‘l turtib yuborgandek bir yonga og‘di-yu, gulduros solib quladi, atrofni to‘zon qopladi… Hammuda bildiki, bu – ogohlantirish. Shungacha jur’ati so‘nib, tili bog‘langandek yurgan yigit ulug‘shaharliklarni tushidan voqif etishga ahd qildi. Qurilishga kelib, yaqindagina ko‘tarilgan tuproqtepaga chiqib, baland ovozda so‘z boshladi:
– Ey, Ulug‘shahar ahli, so‘zlarimga quloq tuting! Qanday ishga qo‘l urganingizni fikr qiling, o‘ylab ish ko‘ring! Odam bolasi samoda tugul, hatto yerda ham omonat! O‘zingiz o‘ylang, Furot yoki Dajla o‘zanidan oshib, toshqinlar ichida qolsak, qo‘limizdan biror ish keladimi? Yomg‘irlar mavsumi tugashini kutib, kunlar sanashimiz xotirimizdan ko‘tarildimi? Oddiygina bezgakdan har yili necha-necha oilalar yaqinlaridan ayriladi. Shularning o‘zi ojizligimizni ro‘yirost ko‘rsatib bermaydimi?..
Yuz-ko‘zi ter va changdan qora-qura, ust-boshi og‘ir ishdan yag‘ir, yelkasi tosh va xarsangdan ezilgan minglab quruvchilar Hammudaning so‘zlaridan anchagacha jim bo‘lib qolishdi, hatto pashsha uchsa seziladigan sukunat cho‘kdi. Ko‘plar hayratda edi – Ulug‘shaharda hukmdorga qarshi borgan odamning nomi hatto ko‘hna bitik va rivoyatlarda ham uchramasdi. Hammuda esa hukmdorning gaplarini oshkora inkor etmoqda edi.
Odamlar orasidan teridan tikilgan korjoma kiygan, ko‘rinishidan ish boshqaruvchiligi bilinib turgan kishi chiqib, darg‘azab bo‘lib dedi:
– Ey, Ulug‘shahar ahli, kimning gaplariga quloq solyapsiz? Oliy hukmdor sizga nafaqat yerning, balki samoning ham yo‘lini ko‘rsatib berdi. Unga eltuvchi ko‘prik – minora! Hech kim bizga qarshilik ko‘rsata olmaydi! Biz baribir samoga yetamiz va unda ham hukmron bo‘lamiz!..
Olomonga shu so‘zlarning o‘zi kifoya edi.
– Bu odam, – ish boshqaruvchi Hammudani ko‘rsatdi. – Bizning dushmanimiz! Uning jazosini berib qo‘yaylikki, ikkinchi bunday gap-so‘zlari bilan yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lishni xayoliga ham keltirmasin!
Olomon quturdi:
– Jazo! Jazo!
Ish boshqaruvchining ishorasi bilan besh-olti kishi olomondan ajralib chiqib, Hammudaning qo‘llarini qayirib, arqon bilan chandib tashladi. Xuddi shu tuproqtepaga ustun o‘rnatishib, uni shunday bog‘lashdiki, minora qurilishini kuzatishdan o‘zga chorasi qolmadi.
– Ko‘rib qo‘y, – qichqirdi ish boshqaruvchi. – Minoramiz naq samoga yetib boradi, biz yulduzlardan ham yuqoriga chiqamiz, butun dunyo oyog‘imiz ostida bo‘ladi, sen esa yerda, tovonlarimiz tagida qolib o‘lasan!
Hammuda bir hafta ustunga bog‘langan holda och-nahor qolib ketdi. Quyosh sho‘rlikning vujudini jizg‘anak qilar, ochlik va tashnalik benihoya azoblar, har nafas olganida ko‘kka o‘rlayotgan chang-to‘zonni yutardi. Butkul holsizlanib, bog‘langan arqoniga shalvirab osilib qolganidan keyingina uni ustundan yechib olishdi. Nafas olayotgani ham bilinmayotgan yigitning suvsizlikdan yorilib ketgan lablariga, quyoshning ayovsiz tig‘i kuydirgan yuziga boqarkan, ish boshqaruvchi mamnun bo‘lib ishshaydi. Minoraga qarshi chiqqanlarning joni qil ustida bo‘ladi, deb o‘yladi chog‘i.
– Bu aqli noqis minora qurilishiga qarshi chiqqandi! – ish boshqaruvchi ishchilarga yuzlanib, qichqirdi. – U minoraga emas, bizning samoda hokim bo‘lishimizga qarshi edi. Bunga o‘xshaganlar shunday ahvolga tushadi!.. Uni Ulug‘shahardan tashqariga chiqarib tashlanglar! Toki minoraga chiqolmay bir umr armon va alamda o‘tib ketsin!
Olomon jazavaga tushdi:
– Armon va alamda o‘tib ketsin! Armon va alamda o‘tib ketsin!
Madorini yo‘qotgan Hammudani tuproq tashiydigan zambilga solishib, Ulug‘shahardan tashqariga olib chiqishdi-da, yaydoq dalada qoldirib ketishdi. Uni qishloqqa qaytayotgan dehqonlar topib olishdi. Shu tariqa u bir o‘limdan qoldi.
Oradan olti oylar o‘tib Hammuda yana o‘sha tushni ko‘rdi. Minora Ulug‘shahar ustiga quladi…
* * *
Hammuda qo‘li ishdan bo‘shashi bilan mayda-chuyda toshlarni olib yo‘nar, katta-kichik haykalchalar yasar, yasaganlari binoyidekkina bo‘lib, ancha xaridorgir edi. Ba’zi do‘stlari unga buyurtmalar ham berib qolishardi. U mag‘rib tomonlardagi hazoralarda nafaqat odam bo‘yi, balki Ulug‘shahar hukmdorlari saroyi bilan bo‘ylashadigan haykallar yasalishi, ular avom o‘rtasida mo‘jizadek qabul qilinishini ko‘p eshitgandi. Mag‘rib va mashriq o‘rtasida qatnaydigan savdogarlar o‘sha haykallar xuddi tirikka o‘xshaydi, Ulug‘shahardagi haykallar ularning oldida ip esholmaydi, deyishar edi.
O‘tgan yili Ulug‘shaharga Finikiya sohillaridan kelgan karvonning mollari orasida oq marmardan yo‘nilgan, raqs tushayotgan raqqosaning haykalchasi ham bor edi. Uni ko‘rib qolgan Hammuda ijodkorning ta’rifga til ojiz iqtidori va mahoratiga tan bergan, anchagacha raqqosadan ko‘z uzolmay qolgandi. Oddiy tosh bo‘lagidan shunday san’at asarini yo‘nish odam bolasining qo‘lidan kelarmikin, degan o‘yga ham borgandi u.
Quyosh yotog‘iga chekinib, atrof-javonib tun pardasini yopinganida u qo‘lidagi mo‘jaz fil suyagini aylantirib o‘tirarkan, o‘sha raqqosa haykalchasini esladi. Fil suyagidagi sarg‘imtir dog‘lar shamning zaif shu’lasida ham ko‘zga tashlanardi. Uni sham yorug‘iga tutib, yana bir-ikki aylantirib ko‘rgach, xayoliga kutilmagan o‘y kelib qoldi: “Shundan biror haykalcha yasab ko‘rsammikin…”
Ko‘nglida yengib bo‘lmas ishtiyoq ulg‘aygan sayin yasalajak haykalchaning turfa tarhlari xayolida chizila bordi. Shunday narsa yasasinki, ko‘rganlar ijodkor nima demoqchi bo‘lganini anglab yetsinlar, unga tan bersinlar. Shu o‘yi daldasida u kichkinagina pichoqchasini olib, suyakka taxminiy chiziqlarni tortdi… U o‘zgacha shavq bilan ishlar, tizzasiga tashlab qo‘yilgan korjomasi oq kukunga qoplanar, fil suyagi esa asta-sekin haykalchaga aylana borardi. U qancha vaqt o‘tganini, samodagi oy va yulduzlarning yo‘qolganini ham sezmadi. Aft-angori, kiyim-boshi tamom oqqa belangan Hammuda tongga yaqin tayyor bo‘lgan haykalchani ohista yerga qo‘ydi. Tamom erib bitgan shamning so‘nayotgan shu’lasi va quyoshning ilk nurlari qorishgan bir paytda mushtdek keladigan, ko‘kka hadik bilan qarayotgan odam haykalchasi namoyon bo‘ldi. Yaxshiroq razm solinsa, odamning yuzida ilohiy qo‘rquv ko‘rinadi. Tuyqus paydo bo‘lgan xatardan o‘zini himoya qilishga uringandek, qo‘llarini xiyla oldinga cho‘zgan. Ortga tisarilishga tayyor oyoq mushaklari asabiy bo‘rtgan…
– Kim… bu?! – o‘zidan o‘zi so‘radi Hammuda.
Uning uyqu ola boshlagan ko‘zlari katta-katta ochildi. Xiralashayozgan zehni tiniq tortdi. Haykalchaning qiyofasi unga juda-juda tanish. Avval qayerdadir ko‘rgan. Uning qoshlari chimirildi, beixtiyor o‘yga berildi. Ko‘zlari achishib, yumilib keta boshladi…
– Hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi! – dedi kimdir.
U ovoz qaysi tomondan kelganini bilish uchun atrofga alangladi. Hech kim ko‘rinmadi. Shunday tuyuldimikin, degan o‘y oraladi xayoliga. Qaddini rostlab, ortiga o‘girilmoqchi bo‘lganida qarshisida minglab haykallar turganini ko‘rdi-yu, hayrat va qo‘rquvdan tili bog‘landi. Uni hayratga solgan narsa – haykallar hozirgina o‘zi yasagan haykalchaning ayni nusxalari edi. Ularning bari bir tomonga – Ulug‘shaharga qarab yuzlangan, xuddi kibrga ketgan shahardan o‘zini himoya qilishga uringandek qo‘llarini oldinga cho‘zgan, yuzlarida esa Hammuda yasagan haykalchaning yuzidagidek dahshat qotib qolgandi.
“Bu haykallar qayerdan paydo bo‘ldi?!” – o‘yladi u.
– Hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi! – o‘sha ovoz yana takrorlandi. – Va boshqalarning ham shuni his qilishlarini istaydi.
Nega ko‘rmay qoldi?! Ular shundoq ro‘parasida turishgan ekan-ku! Hammudaning qarshisida, haykallar o‘rtasida oq matoga o‘rangan, soch-soqollari oqargan keksalar turishardi. Qizig‘i, bari ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash. Ular bir qator saflanib olishgan. Yana eng hayratlanarlisi – keksalar va haykallar ortida, siyrak chang pardasi ortida… o‘sha minora elas-elas ko‘rinadi. U gapirolmay qoldi.
– Hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi, – keksalardan biri uchinchi marta takrorladi.
– Siz… haykalchani… nazarda tutayapsizmi? – tutilib-tutilib so‘radi u o‘sha qariyadan.
– Ha.
– Unda… unda anavi haykallar qayerdan paydo bo‘ldi? – u keng maydonni to‘ldirgan haykallarga ishora qildi.
– Ular ulug‘shaharliklar, – dedi boshqa qariya.
– Men… men… ularni yasashni xayolimga ham keltirmagandim, – o‘zini oqlashga urindi Hammuda.
– Bilamiz, – qo‘shildi yana boshqa qariya. – Shuning uchun ham hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi.
Hammuda ularning nima demoqchi bo‘lganini endi angladi.
Qariyalar bir-birlariga qarab olishgach, tasdiq ishorasida birdek bosh irg‘ashdi. Hammuda qo‘rqa-pisa ulkan maydonni ishg‘ol qilgan, minoraga hadik bilan yuzlangan haykallarga qaradi. “Nahotki shularning hammasi men bo‘lsam”, pichirladi uning lablari.
– Xuddi shunday, – deyishdi qariyalar bir ovozdan. – O‘zingdan ortiq narsani gapira olmaysan…
Hammuda ko‘zlarini ochganida quyosh saxiylik bilan nur sochar, uyi yorug‘ edi. Ust-boshi, qo‘llari oppoq chang, qarshisida esa tuni bilan yasagan haykalchasi turardi. Yodiga tushi tushdi: oppoq kiyingan qariyalar, minglab haykallar, chang-to‘zon ichida elas-elas ko‘rinayotgan minora…
– Nega bunday tush ko‘rdim? – ajablandi u.
Endi uning xayolida birgina jumla aylanardi: “Hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi…” Tushiga ta’bir ko‘rishdan ojiz edi.
* * *
Sinaar kunbotishidagi xarobalar to‘g‘risida Ulug‘shahar ahli og‘zida azaldan turfa rivoyat va asotirlar yurar, ular turlicha talqin qilinardi. Ularning birida Buyuk To‘fon tasvirlanar, bani bashar o‘sha to‘fondan omon qolgan sanoqli odamlardan tarqagani hikoya qilinardi. O‘sha rivoyatlarda Sinaar adog‘idagi xarobalar o‘rnida avval hazoralar bo‘lgani, ularning egalari to‘fondan omon qolganlarning avlodi ekani ham aytilardi. Azaldan qiziquvchan bo‘lgan Hammuda xarobalarga ko‘p borgan, tosh qotgan sopolaklardagi ko‘hna bitiklarni ilk bor ko‘rganda hayratdan anchagacha o‘ziga kelolmagandi.
Ko‘ngli Ulug‘shahardan soviy boshlaganidan beri u negadir o‘sha xarobalar ziyoratini qo‘msay boshladi. Safar xaltasini tayyorlayotganida Yosida taajjublanib so‘radi:
– Qayoqqa otlanayapsan?!
– Xarobatepaga.
Yosidaning qoshlari chimirilib, eriga hayratlanib qaradi. Xarobatepa…
– U yerda nima qilmoqchisan?
– O‘zimni topmoqchiman, – xaltasiga mayda-chuydalarini solishda davom etarkan, yarim chin, yarim hazil dedi Hammuda.
– Men ham boraman, – e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda dedi Yosida.
– Xohishing…
…Vaqtning ayovsiz hukmi ostida chuqur sukutga tolgan xarobalar uzoqdan ulkan tepalikka o‘xshab ko‘rinadi. Shuning uchun odamlar uni oddiygina qilib Xarobatepa deb qo‘ya qolishgan.
Qo‘li ishdan bo‘shaganida yoki ko‘ngli ziq bo‘lgan vaqtlarda u Xarobatepaga oshiqar, quyosh tig‘i va yomg‘irlar obdon “savalagan”, nurab, yer bilan bitta bo‘layozgan choldevorlarga termilib o‘tirardi.
Bu safar ham shunday bo‘ldi. U xarobalarni oralab yurib, doim o‘tiradigan joyiga cho‘kdi. Safar xaltasidan kecha tunda yasagan haykalchasini chiqarib, ro‘parasiga qo‘ydi. Erining yoniga o‘tirgan Yosida ajablanganicha haykalchaga tikilib qoldi.
– Bu kim? – anchaga cho‘zilgan jimlikdan so‘ng so‘radi u.
Kutilmaganda xayoliga kelgan o‘ydan Hammuda beixtiyor jilmaydi.
– O‘zimga o‘xshamayaptimi? – ayoliga savolomuz qaradi u.
Yosida nima deyishini bilmay qoldi. U ham shuvoqlari ko‘chgan, ayrim joylarida g‘ishtlari yalang‘ochlangan devorga termildi. Bu choldevorlar orasida Hammudaning qanday ma’no-yu tasalli topishi unga qorong‘i. Agar eridan xavotir olib yurmaganida Xarobatepaga kelmagan bo‘lardi.
Keyingi kunlarda Ulug‘shaharda yomg‘irlar tingan, quyosh atrof-borliqni jingirtob qila boshlagan. Tuproq va qum ostidagi Xarobatepa quyoshning otash nafasidan unsiz azoblanayotgandek, hatto unda vaqt ham to‘xtab qolgandek. Yosida issiqdan lohaslanar, har nafas olganida qaynoq hovur dimog‘ini kuydirgudek bo‘lar, betoqatlanib eriga tez-tez qarab qo‘yardi. Hammudaga esa jazirama ta’sir qilmayotgandek edi. U ko‘zlarini nuragan devordan uzmay o‘tirardi. Shunda… kutilmaganda uning yonidagi haykalcha kattalasha boshlab, rosmana odam kepatasiga kirdi. Haykal-odam hatto… entikib nafas olar, ko‘zlari ola-kula bo‘lgan, yalang‘och soni va qo‘llarining muskullari taram-taram bo‘rtib turardi. Suyakdan qanday yo‘nilgan bo‘lsa xuddi shunday – hayrat va qo‘rquvdan ortiga tisarilishga tayyor, o‘zini himoya qilishga chog‘langandek qo‘llarini ko‘targan…
– Sen… kimsan?! – tili so‘zga aylanib-aylanmay so‘radi Hammuda.
– Men… senman! – unga qaramay dedi haykal-odam.
Hammudaning yodiga bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshash qariyalar va ularning aytgan so‘zlari tushdi: “Hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi!”
– Men?!.. Nega bu alfozda turibsan?
– Devorga qara! – hanuz siyoqini o‘zgartirmay dedi haykal-odam.
Hammuda devorga qaradi. Harchand urinsa-da, shuvalgan paxsadan boshqa narsani ilg‘amadi.
– Hech narsani ko‘rmayapman, – dedi u.
– Ko‘rayapsan! Shundoq ko‘z oldingda!
Devorda hech narsa ko‘rinmasdi. Shunda haykal-odam qo‘llarini tushirib, uni silkita boshladi.
– Qara! Qara! Ko‘rdingmi?!
Birdan Hammudaning ko‘z oldida hamma narsa ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Sal o‘tib idroki tiniqlashdi. Endi uni haykal odam emas, Yosida silkitardi.
– Hammuda! Hammuda! Menga qara, meni eshitayapsanmi?!
Shundagina jaziramaning haddi a’losiga yetgani, ma’lum muddat ongi xira tortganini fahmladi. Ko‘zlariga ko‘ringani ro‘yomi yoki aloq-chaloq tushmi, endi unga ahamiyatsiz edi. U darhol cho‘kkalab, shosha-pisha qarshisidagi devorga yaqinlashdi. Devorga o‘tirgan qalin changni qo‘li bilan sidirdi, sidiraverdi. Kutilmaganda rangi o‘chgan, tars-tars yorilib ketgan koshinlar ko‘rindi. Aql bovar qilmasdi. Hammuda ko‘hna bitiklarda Buyuk To‘fondan omon qolganlarning avlodlaridan bo‘lgan qavm hatto hozir Ulug‘shaharga ma’lum bo‘lmagan koshinlar tayyorlashni bilishi haqida o‘qiganini esladi…
– Biz… biz… nimadir topamiz, Yosida! – hayajonlanib dedi u.
* * *
Uning hayrati cheksiz edi. Yemirilayotgan devorlar ostidagi koshinlar, ulardagi bitik va rasmlarda butun boshli tarix silsilasi yashiringan edi. Yuz-ko‘zidan ter shovullab oqayotgani, ko‘ylagi badaniga chippa yopishib qolganiga ham e’tibor bermay, cho‘kkalaganicha bitiklarni hijjalab o‘qishga tushdi: “O, bepoyon Sinaar… Sen… necha-necha hazoralarga guvohsan. Va, har doim… ularning so‘nishini… jimgina… kuzatib turasan…”
– Bu nima deganing?! – jaziramadan erimning esi og‘ib qoldimikin, degan qo‘rquvda so‘radi Yosida.
– Yosida, bular koshinlardagi bitiklar! – hayajonlanib dedi Hammuda.
– Qanday bitiklar?
– Koshinlardagi! Mana, bularni qaragin! – Hammuda tushuniksiz, uzuq-yuluq shakllar uzra barmoqlarini yurgizdi.
Yosida bu shakllardagi ma’nolarni anglamadi. U ko‘hna yozuvlarni o‘qishni bilmasdi. Hammuda devorning qolgan qismini ham tozaladi. Yana yozuvlar, shakllar ko‘rindi. Bu yozuvlar avvalgilariga o‘xshamasdi. Hammudaning vujudini yengil titroq oldi.
– Yosida… bularning nima ekanligini bilasanmi?
– Yo‘q…
– Bu… yanada ko‘hnaroq yozuv… Bu degani, bu yerda bir necha avlod… bir necha hazora yashagan…
Ko‘hna bitiklarga Ulug‘shaharda ikki-uch keksaning tishi o‘tar, ularning aytganlari avom o‘rtasida xuddi asotir va rivoyat kabi tarqalardi. Yosida ham ana shunday rivoyatlarni ko‘p eshitgandi.
Hammuda esa bobosidan ana shunday bitiklarni o‘qishni o‘rgangandi. Vafotidan avval bobosi Ulug‘shahardagi eng keksa kishi hisoblanar, o‘zining shohidlik berishicha, Furot hamda Dajla o‘zanidan oshadigan mavsumlarni yuz, bir yuz o‘n marta ko‘rgandi. Oppoq soqoli ko‘ksiga tushadigan, qalin qoshlari ostidagi xira ko‘zlari horg‘in boqadigan qariya – Ehudr umrining shomida loy taxtachalarga nimalarnidir bitish bilan kun o‘tkazadigan bo‘lib qolgan edi. Qavmu qarindosh va farzandlar qariganda miyasi aynibdi-da, degan o‘yda uni ko‘pda bezovta qilishmas, yolg‘iz Hammudagina uning pinjiga tiqilib, ishlariga hamroh bo‘lardi. Kulollardek hafsala bilan loy iylab, har xil taxtachalar kesib, ularning nami qochmay shakllar o‘yarkan, keksa Ehudr nevarasiga tushuntirardi: “Manavi belgi – quyosh, bunisi – yer, bu esa suv… Bularni birlashtirib, “Quyoshli zamindagi ummon”, deb o‘qiymiz, tushundingmi?” Belgi va shakllardan ma’nolar chiqishidan murg‘ak Hammuda hayratga tushardi.
Bobosi o‘zidan keyin minglab sopol taxtachalarni jamlagan kutubxonani meros qoldirib ketdi. Ba’zi vaqtlarda Hammuda ularni mutolaa qilar, hatto tonglarni kutubxonada qarshilardi.
– Bobom ham aytgandi! – anchaga cho‘zilgan jimlikni buzdi Hammuda. – Har bir hazoraning o‘z belgi va shakllari bo‘lgan. Koshinlardagi belgi va shakllar ham shunday ekan…
Uning ko‘rsatkich barmog‘i satrlar uzra yugurarkan, lablari ojiz pichirladi:
– “Avlodlar… so‘zlarimizni unutdilar…” Tushunmadim, buni qanday anglamoq kerak? Ajdodlar avlodlarga nima demoqchi bo‘lishgan?..
– Balki yozuvlarning qolganini o‘qirsan? – dedi Yosida.
Aksiga olib koshinning qolgan qismi kuyib ketgan, uning o‘rnida burishiq loy qotib qolgandi.
– Qiziq, – o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi Hammuda. – Bu jumlani oldin ham o‘qigandekman…
– Qanaqasiga?! – ajablandi Yosida. – Bu belgi va shakllarni hozirgina tuproq ostidan ochdik-ku!
Ayoli haq bo‘lsa-da, Hammuda ko‘nglining tub-tublarida xuddi shunday ma’noli shakllarni avval ham ko‘rganiga ishonchi komil edi. Aynan bir xil belgilar, shakllar…
– Issiq avjiga chiqayapti, – dedi Yosida uning o‘ylarini to‘zg‘itib. – Qaytmasak bo‘lmaydi.
Shundagina Hammuda jaziramaning olovli taftini his qildi. Mubham o‘y-xayollar ichida o‘rnidan turib, ko‘ylagini qoqarkan, o‘tirgan joyda qoldirgan o‘sha haykalchaga qarab qoldi. Asta egilib haykalchani oldi. Endi uning butun borlig‘ini haykalcha, hozirgina ko‘rgan belgi va shakllar tamom egallab olgandi…
* * *
Etagi uzun ridoga o‘ranib, asoga tayanib yuradigan keksa Ehudrni Ulug‘shaharning kattayu kichigi tanirdi. Uning atrof-javonibdagi yurtlar, olis va yaqin o‘tmishda o‘tgan hukmdorlar tarixi haqidagi bir-biridan qiziq hikoyalarini avom maroq bilan tinglardi. Umrining oxirgi kunlarida u loy taxtachalarga bitiklar bitishni boshladi-yu, Ulug‘shaharda ko‘rinmay qoldi. Chol ertadan kechgacha mo‘jaz ustaxonasida kun qaritar, goh loy qorar, gohida esa qandaydir matnlarni yoddan o‘qib (ba’zida ular tushuniksiz tilda ham bo‘lardi), qurib ulgurmagan taxtachalarga belgi va shakllarni o‘yib chiqardi. Keyin esa taxtachalar shunday ko‘payib ketdiki, qariyaning o‘limidan so‘ng ularni ustaxonaning shiftiga qadar taxlab tashlashdi. Qavmu qarindoshning unga cheksiz hurmat va ehtiromi sabab, ustaxonaga, undagi minglab sopol taxtachalarga hech kim tegmadi.
Faqat Hammudagina ustaxonaga – kutubxonaga kirar, ko‘plab bitik va ko‘hna matnlarni o‘qir edi.
Bobosining nafaqat ko‘hna bitiklarni ko‘chirish, balki qandaydir tushuniksiz belgi va shakllarda yozuvlar bitish odati ham bor edi. Hammuda avval ularni ko‘rmagan, tabiiyki, ularning qanday ma’nolar berishini bilmasdi. Bobosidan so‘raganida u ma’noli bosh irg‘ab, beozor jilmayar, “vaqti kelganda hammasini o‘zing bilib olasan”, derdi.
– Qanaqasiga o‘zim bilib olishim mumkin?! – o‘shanda soqol-mo‘ylovi sabza ura boshlagan Hammuda ajablanib so‘ragandi. – Bularni hech ko‘rmagan bo‘lsam… Men bilgan yoki ko‘rgan bitiklarga o‘xshamasa…
Tusi o‘zgarishsiz Ehudr ko‘zlarini mubham nuqtaga tikib, uzoq jim bo‘lib qolgan, so‘ng tuyqus xayollaridan bosh ko‘tarib, unga yuzlangandi.
– Belgilar, shakllarni o‘rganish, yodlash shart emas, bolajonim. Vaqti kelib ularni o‘z-o‘zidan tushunasan.
Hammuda hech narsani anglamagandi. Shunday bo‘lishi ham mumkinmi?! Noma’lum yozuvlarni tarjimonsiz tushunsa?
Oradan yillar o‘tib bu belgi va shakllarni bobosi kashf etganini tushunib yetdi. O‘ttizdan hatlaganda Hammuda ko‘p qavmlar ishlatadigan belgilar, shakllarni puxta o‘zlashtirdi. Bobosining ayrim sopolaklari, aniqrog‘i, yirikroq lavhlardagi bitiklari hech qaysi yozuvga o‘xshamasdi. Ular kutubxona-ustaxonaning alohida burchida saqlanar, ustiga yashil mato tashlab qo‘yilgandi. Hammuda sopolaklarni Ulug‘shahardagi hamma donishmandlarga, hatto o‘z bitiklaridan boshqalarini tan olmaydigan kohinlarga ham ko‘rsatdi. Ehudrning matnlariga tishi o‘tadigan odam topilmadi. Ulug‘shaharning eng yirik kohini, oliy hukmdor saroyi xodimi “Ehudrning matnlari eng ko‘hna bitiklar bo‘lishi ham mumkin”, degan fikrni o‘rtaga tashladi. Ulug‘shaharning aql sohiblari hayratda edi. Yana boshqacharoq aytilsa, Ehudr katta jumboq tashlab ketgandi…
…Keyin Ulug‘shaharda minora qurilishi boshlandi-yu, Ehudrning bitiklari hammaning yodidan ko‘tarildi…
Xarobatepadan qaytgan Hammuda avvalo Ulug‘shaharning hamisha ochiq turadigan janubiy darvozasi tomon yuzlandi. Uning qarori Yosidani tong qoldirdi. Shaxdam qadam tashlab ketayotgan eriga yetib olaman, deya u ham tez-tez yurar, o‘pkasiga havo tiqilib, boshi aylana boshlagandi. Hammudani esa ayolining ahvoli qiziqtirmas, uning butun borlig‘ini bobosining kutubxona-ustaxonasidagi o‘sha siri ochilmay qolgan matnlarni yana bir bor ko‘zdan kechirish ishtiyoqi egallab olgandi.
Shaharning janubiy darvozasi lang ochib qo‘yilgan, otliq kibor va savdogarlar, eshaklarga mingan oddiy fuqaro va yana ola-quroq olomon – dehqonlar, hunarmandlar, daydi-bekorchilar va isqirt tilanchilar shaharga kirib-chiqishar, darvoza yonidagi qurollangan soqchilar esa kim kirayapti yoki chiqayapti, kuzatib turishardi. Shaharning birinjdan quyilgan og‘ir va ulkan darvozasi, bo‘rtma haykallar ishlangan baland, ustida bir necha otliq bemalol yonma-yon yura oladigan qalin toshdevorlarining o‘ziyoq Ulug‘shahar haqida qo‘rquvga qorishiq tasavvur hosil qilardi-qo‘yardi. Devorlar va darvoza qarshisida esa odamlarning kichkina bo‘lib qolishini ko‘rganda qo‘rquv yanada ulg‘ayardi.
Hammuda har gal shaharga kirayotganida ana shu qo‘rquvni tuyar, bu qo‘rquv toshdevorlarni ortda qoldirgunicha uning vujudini tamom holsizlantirib qo‘yardi.
Bu safar ham shunday bo‘ldi. Yurak urishi tezlashib, nafas olishi qiyinlashdi. Oyoq-qo‘lidan mador ketib, anchagacha qanday ketib borayotganini his qila olmay turdi. “Bu yerni bekorga Ulug‘shahar demaydilar”, o‘y o‘tdi xayolidan. Erining ahvolini sezibmi, Yosida darhol uning qo‘lidan tutdi.
Hammudaning yodiga bobosining hikoyalari tushdi. Hikoyalardagi odamlar bunday toshdevorlar ko‘tarish, birinjdan hayratangiz darvozalar quyishni bilishmasdi. Ular ko‘tarilgan yog‘ochlarga tashlangan matolar – chodirlar ostida yashashardi. Chodirlar ham baland bo‘lmas, katta odam bo‘yini rostlasa boshi shiftga tegardi…
Odamlar Hammudani darrov tanib qolishdi. Hamma unga birdek tikilib qoldi. Ayrimlar yurishdan taqqa to‘xtab, angrayganicha qaragan bo‘lsa, yana kimlardir bir-biri bilan pichirlashishga tushib ketgandi. Asabiy jimlikni do‘konida o‘tirgan baqqol buzdi:
– Bu o‘sha – Ehudrning avlodlaridan bo‘lgan Hammuda! – qichqirayozdi u. – Mana shu minoraga qarshi chiqqan!
– Xuddi o‘sha! – dedi darvozadan kirib, otini yo‘rttirishga tushgan savdogar. – Uni shahardan badarg‘a qilishgan!
– U yana nega keldi shaharga? – qoqsuyak qo‘llarini titilib, dag‘al iplari chuvilib qolgan yenglaridan chiqarib dag‘dag‘a qildi irkit bir daydi. – Men ham tuproq tashidim shu minoraga mehnatim qo‘shilsin deb! Bundaqalar esa ochiqdan-ochiq bizga qarshi so‘zlab yuribdi.
Yosidaning kapalagi uchib ketdi. U dam eriga, dam shovqin solayotgan odamlarga javdirardi. Erining miq etmay turganidan sabri chidamay, dedi:
– Bizning hech qanday qarshiligimiz yo‘q! Axir, biz ham Ulug‘shahardanmiz, ulug‘shaharliklar qaysi yo‘lni tutishsa, biz ham ana shu yo‘ldamiz!..
Yosidaning gaplari odamlarni ancha shashtidan tushirdi. Fursatni g‘animat bilgan Yosida erini sudragudek bo‘lib yurib ketdi. Odamlar indamay ularning ortidan kuzatib qolishdi.
* * *
Ehudr umrining so‘nggi kunlarini mo‘jaz hovli adog‘idagi ustaxonasida o‘tkazdi. Chol uzzukun muk tushib olib, matnlari ustida ishlardi. Qariya charchoq bilmas, taomga hafsala qilmas, xatti-harakatlaridan shoshayotganga o‘xshardi. Keksa vujudini jon tark qilganida ham qo‘lida yog‘och-qalam tutganicha qarshisidagi hali qurib ulgurmagan loy taxtachaga yuztuban yiqilgandi. Qariyaning yuzi aksi qolgan o‘sha taxtacha undan so‘nggi yodgorlik bo‘lib qoldi. Boshqacha aytganda, mazkur taxtacha kutubxona-ustaxonadagi bitiklarga qo‘yilgan muallif-muarrixning imzosi edi.
Hammuda shahardan badarg‘a qilinganidan beri kutubxona-ustaxonaga hech kim kirmaganidan hammayoqni o‘rgimchak to‘ri egallagan, eshik va derazalarga qalin chang o‘tirgandi. Uning yodiga bobosining bashoratomuz so‘zlari tushdi: “Bolajonim, sendan boshqa hech kim bitiklarni o‘qimaydi…” Beixtiyor ko‘zlarida yosh halqalandi, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Bobosi bilgan ekan, nabirasidan boshqa odam bu yerga kirmasligini. U ko‘zlarini artib, o‘ziga yaqin qatordan birinchi sopol taxtachani oldi. Undagi bitik va shakllarni osongina tushundi. U taxtachani qo‘yib, kutubxona-ustaxonaning olis burchiga, ustiga yashil mato tashlab qo‘yilgan qatorga bordi. Matoni olib, o‘ziga yaqin taxtachani oldi. Noma’lum belgi va shakllar, tushuniksiz matn. Bu Ehudr shaharning aql sohiblariga qoldirib ketgan jumboqli matnlar edi. Ikkinchi taxtacha. Unda ham tushuniksiz bitiklar. Tushunmasa-da, hamma taxtachalarni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi. Mashg‘ulotiga shunchalar berilib ketganidan quyoshning ko‘tarilib, so‘ng botgani, atrof-borliqni qorong‘ilik olganini ham sezmadi. Ko‘zi yozuvlarni ilg‘amay qolganidagina kech kirganini payqadi…
Nazarida sopolaklardagi noma’lum bitiklar sirini ochish uning taqdiriga aylangandi.
* * *
Hammudaning keyingi kunlarda ko‘ngli ancha notinch, tunlari uxlay olmasdi. U bobosining ustaxonasidan chiqmay qolgan, umrining so‘nggi kunlarini o‘tkazayotgan keksa Ehudrning o‘ziga o‘xshab qolgan edi. Quyoshning chiqib, botayotgani, tun va kunlarning birin-ketin almashayotganini sezmas, butun borlig‘i bilan yozuvlar – belgilarga sho‘ng‘igandi. Bunday vaqtlarda uni ishidan alahsitish befoyda ekanini bilgan ayoli erini o‘z holiga qo‘ydi.
Hammuda belgilarni tushunmasa-da, ularni zo‘r ishtiyoq, hafsala va qiziqish bilan nazaridan o‘tkazar, qanday ma’nolar berishini taxminlardi. Ammo bitiklar ma’nolarini ochavermasdi. Hammudani esa hayratangiz sarkashlik boshqarayotgandek edi…
…Sham erib bitayotganida ham u sopolaklariga tikilib o‘tirardi. Ko‘zlari qum tiqilgandek achishar, boshi lo‘qillar, vujudida mador qolmagandi. Qancha vaqt ustaxonada o‘tirganini bilmadi. Eng alam qiladigani – bitiklar sirini ocha olmadi. Yozuvlarga tikilib o‘tirarkan, ich-ichidan qo‘lidan hech narsa kelmasligini his qildi. Bobosi bu belgilar sirini o‘zi bilan olib ketganiga juda-juda afsuslandi. Yonib tugayotgan sham shu’lasiga qaradi. Hamma narsa ana shu shu’la kabi so‘nayotgandek tuyuldi unga.
Xira tortib borayotgan yozuvlardan ma’no topolmasligini anglagach, beixtiyor boshini uyum qilingan sopolaklar ustiga qo‘ydi. Ruhi va vujudiga allaqanday yengillik yugurdi…
Feruza osmon toqini zabt etgan quyosh saxiylik bilan nur sochadi. Huzurbaxsh shabboda yam-yashil dalalar, palmazorlaru uzoq-uzoqlarga yaslanib ketgan uzumzorlar o‘rtasida yugurib charchamaydi. Qut-baraka yog‘ilib turgan go‘zal vodiy uzra oppoq-oppoq bulutlar soyabon.
Ko‘chalar ravon, tekis, odamlar esa… xiyla o‘zgacharoq. Bo‘y-basti, shakl-shamoyili o‘sha-o‘sha, lekin ularning qarashlari, yurish-turishlari qandaydir o‘zgacha. Ularning nigohida qo‘rquv yo‘q. Ko‘chadan ilgarilab yuqorilansa – keng maydon. Bu yerdagi manzara esa hayratlanarli. Son-sanoqsiz haykallar. Bari oppoq marmardan yo‘nilgan, qiyofasi, ayniqsa, nigohi bir xil. Xuddi ikki tomchi suvdek. Hozirgina ko‘chada ko‘rgan odamlarnikidek. Lablar istehzoli qimtilgan, qarashlarda ozgina kibr, shuningdek: “Bor-yo‘g‘i shumi?” degan savolni o‘qish mumkin.
Nimadandir qo‘rqib, qo‘llari bilan o‘zini himoya qilishga urinib ortga tisarilgan, ko‘zlarida cheksiz dahshat muhrlangan o‘sha haykalchaga bu haykallar aslo o‘xshamasdi.
Haykallar orasida kimdir ko‘rinish berdi. Yurish-turishi juda-juda tanish. Boshi quyi solingan, ketib boradi. U asta ortiga o‘gildi. Bu… Ehudr edi. Keksa, yelkasi bukchaygan qariya emas, ayni kuchga to‘lgan, barvasta va ko‘rkam.
“Bu yerda nima qilib yuribsiz?!” – so‘radi u.
“Haykallarni tadqiq etib yuribman, bo‘talog‘im!” – javob qildi Ehudr.
“Bu toshlarning nimasini tadqiq etasiz?”
“Hamma o‘z qismatidan bahs yuritadi, chirog‘im… Bu haykallar shu hazoraning surati!”
Boshqa so‘z aytmay Ehurd ortiga burilib, yo‘lida davom etdi. Hech qancha o‘tmay haykallar orasida ko‘zdan yo‘qoldi…
Hammuda ko‘zini ochganida qorong‘i ustaxonada ekanini sezdi. Sham erib bitgan, qarshisida bir uyum sopolaklar. Vujudi jiqqa terga botgan. Ko‘z oldida tushi gavdalandi. Haykallar, bobosi va uning aytgan so‘zlari: “Har kim o‘z qismatidan bahs yuritadi…” U bir muddat jim bo‘lib qoldi. Haykalchani yasaganida ham shunday tush ko‘rgan, bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshaydigan qariyalar ham xuddi shunday deyishgandi. Bu safar esa bobosi… Bunda biror ma’no bormikin? Nega bunday tush ko‘rdi? Beixtiyor nigohi sopolaklarga tushdi. Balki shular bilan bog‘liq emasmikin? Ulardagi bitiklar hamon o‘z sirini ochishni istamasdi…
* * *
Qurollangan askarlarni ko‘rib Yosida juda qo‘rqib ketdi. Norg‘ul, mushaklari o‘ynab turgan, lablari qalin yigit oldinga bir qadam tashlab, qahrli nigohini unga tikdi. Yosida ularning kim ekanligini darhol fahmlagandi. Oliy hukmdorning rahm-shafqat hissidan mahrum xos soqchilari. Hukmdor ra’yiga o‘tirmagan ishlar qilgan fuqarolarni jazolash shularning zimmasida. Yosidaning oyoq-qo‘lidan mador qochib, paxsa devorga suyanib qoldi.
– Hammuda degan odam shu yerda yashaydimi? – so‘radi yigit. Dag‘dag‘ali gapirishidan soqchilarga boshliq ekanini payqash qiyin emasdi.
Yosidaning ortidan Hammudaning o‘ktam ovozi eshitildi:
– Menman!
Erining ovozini eshitib, o‘ziga kelgan Yosida shoshib ortga o‘girildi. Hovlidan Hammuda chiqib kelardi. Uning nigohi qat’iy, xuddi savashga kirayotgan jangchidek shaxdam qadam tashlardi.
Soqchiboshi shuncha yo‘l yurib kelishga majbur qilgan odamni yaxshilab ko‘rib olish maqsadida uni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirdi. Dag‘al matodan uzun kiyim, teridan tikilgan shippak kiygan Hammuda soqchiboshining g‘arib tasavvuridagi fitnachi yoki jinoyatchilarga o‘xshamasdi. Soqchiboshi bir muddat ikkilanib turgach, ortidagi askarlarga buyurdi:
– Qo‘lini… bog‘langlar!
Qiziq, avvallari u buyruqlarni hissiz, yuragi achimay beraverardi. Bu safar esa unday bo‘lmadi. Yuragida qandaydir… g‘ashlikni sezdi.
Askarlar Hammudaning qo‘llarini orqasiga qayirib bog‘laganlarida Yosida o‘ziga keldi. Jonholatda o‘zini erining ustiga tashladi. Askarlar bir amallab uni eridan ajratib olishdi. Hammuda ko‘zlaridan duv-duv yoshlar oqayotgan ayoliga yuzlandi.
– Shahardan ket, Yosida! – dedi u.
Yosida hayratdan qotib qoldi. Quloqlariga ishonib-ishonmay erining ko‘zlariga tikildi. Bu safar Hammudaning qarashlari muloyim edi.
– Aytganimni qil, tezroq ket, – dedi u yana.
Askarlar Hammudani o‘rtaga olishib, soqchiboshining ortidan yo‘lga tushishdi.
* * *
…Sinaar kengliklaridagi eng muhtasham bino – hukmdor saroyi. Uzoqdan qaralsa qaldirg‘och inini eslatadigan, avomning bir-birining pinjiga tiqilib olgan past-baland uylari orasida saroy yanada ko‘rkam, ulug‘vor ko‘rinadi. U baland, kungurador devor bilan o‘ralgan bo‘lib, to‘rt tarafida sher boshi tushirilgan bittadan darvoza. Darvozalardan faqat bittasi ochiladi, qolganlari doimo taqa-taq yopiq.
Soqchilar qurshovidagi Hammudani shu darvozadan ichkariga olib kirishib, saroyning yuqori oshyoniga olib chiqishdi. Bu yer keng zal bo‘lib, alohida ziynatlangan edi. Zalning ikki devoriga ilingan mash’alalardan ichkari ancha yorug‘. Oyoq ostiga yotqizilgan, yuzasiga hafsala bilan ishlov berilib, silliqlangan toshlar, devorlardagi turfa afsonaviy mavjudotlar tasvirlangan koshinlarda mash’alalar akslanib, ajib jilvalanar, zalga xayoliy, odamning tasavvuriga ham sig‘maydigan manzara berardi. Shahardagi oddiy fuqaro hayoti boshqa olam bo‘lsa, bu yerdagisi tamoman o‘zgacha. Hammuda o‘zini bir dunyodan ikkinchisiga qadam qo‘ygandek his qildi. Unga qarama-qarshi tomonda beligacha yalang‘och mulozimlar qo‘l qovushtirib, oliy hukmdor tashrifini kutib turishardi.
Nihoyat, boshqa mulozimlari ihotasidagi hukmdorning o‘zi ham ko‘rinish berdi. U og‘ir qadam tashlar, qovog‘i soliq, qarashlari vazmin, go‘yo tuzalmas xastalikdan azoblanayotgan bemorga o‘xshardi. Mulozimlar uning rioyasida qadam tashlardilar. U Hammudaga e’tibor bermay taxtiga borib o‘tirdi.
Hukmdorni endi ko‘rayotgan Hammuda fuqaro itoatini ham unutib, unga qiziqish bilan tikildi. Zamin kamlik qilib, osmonlar hukmdorligiga da’vo qilgan odam. Oddiy fuqarodan hech qanday farqi yo‘q. Osmonlarga hukmfarmolik qilish unga nega kerak? Shunda uning ko‘z oldidan tushidagi haykallar va ular orasida yurgan bobosi o‘tdi. Ayniqsa, bobosining serma’no nigohi uning ko‘z oldidan ketmay qoldi. Go‘yoki unga nimadir demoqchi bo‘layotgandek. Kutilmaganda uni sarosimalik o‘z zabtiga oldi. Nazarida… ustaxonadagi sopolaklar o‘z sirini ocha boshlagandek edi.
Hukmdor taxtiga o‘tirgach, Hammudaga sinovchan tikildi.
– Senmi o‘sha Ehudr avlodlaridan bo‘lgan Hammuda? – so‘radi u uzoq davom etgan jimlikdan so‘ng.
– Ha, hukmdorim, – saroyga kelganidan beri endi bosh egib, ta’zim qildi Hammuda.
– Sen haqingda ko‘p eshitdik, – davom etdi hukmdor. – Shaharda har xil bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatayotgan ekansan, shundaymi?
Hammuda befoydaligini bilsa-da, ko‘pdan beri dilini qiynab kelayotgan o‘ylarni aytishni zarur deb topdi.
– Hamma narsada men… qanday tushuntirsam ekan, buyuk qonuniyatni ko‘raman. Doim bir vaqtda quyoshning chiqishi va botishi, kun va tunning almashishi… hamma-hammasida. Inson bularning tartibini buzishga qodirmi? Hech! Hatto, mana, o‘zanidan oshgan Furot oldida ham chorasiz! Shunda anglaymanki, inson bolasi olamda hokimi mutlaq bo‘la olmaydi. Sababi, u ham ana shu qonuniyatlarga bo‘ysunib yashaydi. Insonning dunyoga kelishi, o‘sib-ulg‘ayib, qarigandan so‘ng yo‘qlik dunyosiga doxil bo‘lishida uning chorasizligini anglash, o‘qish mumkin.
Hukmdorning ko‘z o‘ngida itoatkor fuqaro emas, isyonkor odam bo‘y berdi. Hukmdorning nazarida bu odamning siymosida vayronkor va tajovuzkor kuch mujassam edi. Soniya sayin bu kuch ulg‘ayar, uning qarshisida esa hukmdor o‘zini tobora ojiz sezardi. Bundan bir necha daqiqalar avval Hammudani izmiga bo‘ysundirgan sarosimalik endi hukmdorni muvozanatdan chiqardi. U bunga chiday olmay o‘rnidan turib ketdi. Kosasidan irg‘ishga tayyor ko‘zlari ola-kula bo‘lib, qon qochganidan yuzi kesak tusiga kirdi.
– O‘zingni kim deb o‘ylayapsan! – saroyni boshiga ko‘targudek bo‘kirdi u. – Hamma gaplaring safsata! Yer va samoga men hukmdor bo‘laman! Men! Men!
Jazavasi qo‘zigan hukmdorning siyoqi Hammudaga juda tanish ko‘rindi. Uni hukmdorning so‘zlari emas, aynan tahdidli kepatasi hayratga sola boshladi. Umrida birinchi marta ko‘rayotgan bo‘lsa-da, uni ko‘pdan beri taniydigandek edi. Uni avval ham ko‘rgan. Lekin qayerda, qachon? Biroq hech eslolmasdi.
– Minora – mening qudratim! – davom etdi hukmdor. – Minora bu menman!
U qo‘lini paxsa qildi. Shunda Hammuda hayrat va dahshatdan qotib qoldi: hukmdorning bu holati unga tushida ko‘rgan o‘sha haykallarni eslatardi! Xuddi o‘sha haykallar. Uning yurak urishi tezlashib, tomog‘i quruqshadi.
– Nega indamaysan? – g‘azabnok so‘radi hukmdor.
Hammuda uning ko‘zlariga tik qaradi.
– Hukmdorim… bizning o‘rnimiz yerda, samoda emas…
– Bas! – hukmdorning guldurak ovozi devorlarni titratgudek akslandi. A’yonlar va mulozimlar hukmdorning qahrli nigohini uchratib qolishdan cho‘chib, ko‘zlarini yerga qadashdi.
– Qanday hadding sig‘di menga qarshi chiqishga?!
– Hukmdorim, men aslo sizga qarshi chiqqanim yo‘q, – dedi Hammuda. – Men sizga… – kutilmaganda u jim bo‘lib qoldi va tuyqus so‘yladi: – Men sizga… azaliy haqiqatni aytdim.
Hukmdor itoat zanjirini uzgan fuqarosini jallod ixtiyoriga topshirmoqchi bo‘ldi-yu, so‘nggi soniyalarda ahdidan qaytdi. Qasos olishga ulguraman, degan xayolga bordi. Tez orada minora bitadi, bunga shubha yo‘q. Ana o‘shanda hukmdor minoraning eng yuqori oshyoniga ko‘tarilishini mana bu nobakor o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi kerak. Minoraga ko‘tarilgan avom orasida bu isyonkorga joy bo‘lmasin. Va aytgan bu beibo so‘zlariga afsus qilsin. Xuddi g‘alaba qozongandek, hukmdor shirin entikdi.
– Marhamatimiz keng, – dedi u kutilmaganda hovuridan tushib. – Joning hozircha omon bo‘lsin, istagimiz shu.
A’yon va mulozimlar hukmdor g‘azabidan tushganiga ancha yengil tortishdi.
– Buni zindonga tashlanglar! – buyurdi hukmdor.
Eshik yonida qo‘l qovushtirgan soqchilar darhol Hammudaning qo‘llarini orqaga qayirishdi-da, turtib-surtib tashqariga olib chiqib ketishdi…
* * *
Kichkinagina tuynukchadan ichkariga sizgan yorug‘lik zax devorlarni arang yoritadi. Agar shiftdan tomayotgan tomchining ovozini demasa, o‘lik sukunat hukmron. Hammuda bu yerga tashlanganiga qancha bo‘lganini ham esidan chiqardi. Quyoshning chiqishiyu botishi unga farqsiz. Surati ichkarida, siyrati… bobosining ustaxonasida. Ko‘z oldidan o‘sha bitiklar o‘taveradi, o‘taveradi…
Oxiri yerdan tosh bo‘lakchasini olib, devorga o‘sha bitiklarni tushira ketdi. Ustaxonaga taxlangan sopolaklardagi bitiklar miyasiga shundoq naqshlanib qolganidan ularni adashmay, bexato yozardi. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmadi. Ortiga bir qadam tisarilib devorga qaradi-yu, avval ko‘zlariga ishonmadi. Uning qo‘llari titrar, tili so‘zga aylanmasdi. O‘sha belgi-yu bitiklarni qanday bo‘lsa shundayligicha yozgani yoki sopolaklardagi biror nuqtani ham qoldirmagani uchun emas, balki ularni tushunayotgani tilini bog‘lagan, madorini olgandi. Ishongisi kelmasdi: u Ehudrning shu daqiqalargacha maxfiy qolgan matnlari sirini ochgandi! Har bir belgi, bitikning ma’nosini tushunmoqda edi. O‘zini qo‘lga olgach, devorga asta yaqinlashdi. Titroq qo‘li bilan bitiklarni silab, pichirlab o‘qishga tushdi. Go‘yo bitiklar hali zamon yana ma’nosini yashirib oladigandek, yozuvlar mazmunini anglashga ulgurmay qoladigandek shoshar, shoshgani sayin tutilib qolardi. Nihoyat, so‘nggi belgiga yetib kelib, tomog‘i aql bovar qilmas darajada quruqshagani, a’zoyi badani jiqqa terga botganini tuyqus angladi. Bobosining bitiklari mash’um bashorat edi. Yodida qolgan eng so‘nggi jumla lablaridan zaif un bo‘lib uchdi:
– “Keyin odamlar Sinaardan quvildilar…”
U bir muddat o‘qiganlariga ishonmay turgach, jonholatda o‘zini eshikka urdi. Qalin yog‘ochdan ishlangan eshikni mushtlarkan, qichqira ketdi:
– Hoy, eshikni ochinglar! Ochinglar eshikni! Oliy hukmdorga aytadigan so‘zlarim bor!..
Biroq hech kim uni eshitmadi. Balki, eshitsa ham e’tibor bermadi. U bu azim shaharda yolg‘iz qolgan edi. Buni alam bilan his qilgan Hammuda eshikka suyandi. Shu alfozda qancha o‘tirganini sezmadi… Shitirlagan ovozdan cho‘chib, ovoz kelgan tomonga yuzlandi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, hozirgina belgi-yu bitiklarga to‘ldirib tashlagan devordan… oppoq matodan rido kiygan, ko‘zlari avvalgidek xira, so‘nik emas, balki porlab turgan, qaddi tik Ehudr tushib kelardi. U xuddi zinadan tushib kelayotgandek salmoq bilan qadam tashlardi. Hammuda beixtiyor o‘rnidan turib, bobosi tomon yurdi. Ehudr go‘yo hozirgina qayergadir chiqib ketib yana qaytib kelgandek nabirasiga bir qarab qo‘ydi-da, qayerdandir paydo bo‘lib qolgan kursiga o‘tirdi.
– Seni ko‘rganlar yuz yoshga kirdimikin, degan xayolga boradi, bolajonim, – dedi u yoqimli jilmayib.
– Men… hali o‘ttizga ham kirmadim-ku…
– Aytaman-da… – Ehudr hozirgina chiqib kelgan devorga qarab, o‘zining matnlarini taniganidan yuzi yana-da yorishib ketdi.
– Buni qara, bolajonim, seni shunchalar azobga qo‘yaman, deb o‘ylamagan ekanman, – davom etdi u. – Oxir-oqibat bu bitiklarning sirini ochibsan-da, qoyilman senga!
– Nahotki… nahotki shaharning qismati shunday bo‘lsa?!
– Shaharning nomi… Bobil bo‘ladi, chirog‘im. Ya’ni, tug‘yon va kibrga berilgan shahar.
– Najot yo‘qmi unga?
– Bolajonim, Bobil o‘zining qismatini o‘zi belgiladi, – dedi Ehudr. U ridosi ostidan qator haykalchalarni chiqarib, Hammudaning qarshisiga birma-bir terib chiqdi.
– Bularni tanidingmi?
Hayratdan Hammudaning tili bog‘landi. Axir bu o‘sha… tushida ko‘rgan haykallar-ku! Bobosi bularni qayerdan oldi ekan? Ajab, birovning tushidagi narsalarni qo‘lda tutib, ularni yonma-yon terib bo‘lsa-ya!
– Esingda bo‘lsa o‘shanda senga “haykallarni tadqiq etib yuribman”, degandim, esladingmi?
– Tushimdami?
– Ha.
– Esimda…
– “Bu toshlarning nimasini tadqiq etasiz”, deb ham so‘raganding. Qanday javob berganim ham yodingdami?
– Yodimda. “Bu haykallar shu hazoraning surati”, degandingiz…
– Xuddi shunday, bolajonim, Ulug‘shahar endi Bobil bo‘ldi! – uning ko‘zlariga jiddiy tikildi Ehudr.
Yigitning vujudini muzdek ter qopladi.
– Faqat mana shu haykalchagina omon qoladi, – Ehudr qo‘ynidan boshqa haykalchani oldi.
Hammuda hayratdan toshdek qotib qoldi: bu o‘zi yasagan o‘sha haykalcha edi.
– Bu haykalcha Bobil ahlidan guvohlik berib turadi! – Ehudr shunday degach o‘rnidan turdi.
– Bu yerdan ket, bolam, so‘nggi so‘zim shu!
U ortiga o‘girildi. Belgi va bitiklar bitilgan devor tomon yurdi.
– To‘xtang! To‘xtang! – qichqirib yubordi u.
…U ko‘zlarini ochganida hamon eshikka suyanganicha o‘tirardi.
* * *
Qamoqxona eshigidagi zanjirning shiqirlashidan o‘ylari to‘zg‘idi. Eshik og‘ir surilib ochildi. Avval soqchi ko‘rindi.
– Mahkum, ayoling kelibdi. Narsalarni ol-da, gapni qisqa qil! – buyurdi u.
Hammuda eshik tomon oshiqdi. Ostonada Yosida ko‘rindi. Uning yuziga qo‘rquv ko‘lanka solgan, ko‘zlari jonsarak edi.
– Nega shahardan ketmading? – Hammudaning birinchi aytgan so‘zlari shu bo‘ldi.
– Nega?! Axir sen shu yerdasan-ku!
– Ketishing kerak, Yosida, fursat borida ketishing kerak! – eri gaplaridan es-hushini yo‘qotgan odamga o‘xshardi.
– Meni qo‘rqitma, azizim… – Yosidaning ko‘zlarida yosh halqalandi.
Kutilmaganda tashqarida nimadir gumburladi. Chaqmoq chaqib, qamoqxonaning quyosh nurlari yetib bormaydigan olis-olis burchaklarini ham yoritib yubordi. Ikkovi cho‘chib eshik tomon qarashdi. Shoshqaloq oyoq tovushlari, kimlarningdir baqiriqlari eshitildi. Bir muddat ikkilanib turgan Hammuda tashqariga chiqdi. Qamoqxona nozirlari, soqchilari qayoqqadir yugurishardi.
– Nima bo‘ldi? – eriga xavotirlanib qaradi Yosida.
– Nimadir bo‘ldi shekilli…
Hammuda gapini tugatishga ulgurmadi. Kutilmaganda qarshilaridagi devor avval ikkiga ajradi-da, ag‘anadi. Ko‘z oldilarida qiyomat qo‘payotgan shahar namoyon bo‘ldi. Soniya sayin kuch olib quturayotgan shamol yo‘lida uchragan narsani chirpirak qilardi. Hammuda beixtiyor ortiga tisarilib, xuddi unga kimdir hujum qilayotgandek qo‘llari bilan o‘zini himoya qilmoqchi bo‘ldi. Yosidaning xayoliga eri yasagan o‘sha haykalcha tushdi-yu hayrat va qo‘rquvda qotib qoldi. Shamol quturgancha hammayoqni chang-to‘zonga o‘rar, Hammuda esa qo‘llarini ko‘targancha qayoqqadir iltijo bilan tikilardi.
– Hammuda! – Yosidaning asablari bunga dosh bermay qichqirib yubordi.
Hammuda ayolining chinqirig‘idan o‘ziga keldi. Chang-to‘zon pardasi ortida endi tog‘dek qad rostlagan minora ko‘rindi. U… bir tomonga og‘a boshlagan edi! Yigit nafasini yutganicha minoraga tikilib qoldi.
– Qulayapti… – pichirladi Hammuda.
– Nima?! – hech narsaga tushunmadi Yosida.
– Ulug‘shahar… Bobil qulayapti!
Hammudaning ko‘z oldidan Ehudrning sopolaklaridagi bitiklar birma-bir o‘ta boshladi. Ehudr Ulug‘shahar ustidan shafqatsiz hukm o‘qigandi. Endi qulayotgan minora ustida bo‘ron quturardi. Minoraga go‘yo jon kirib, titrab-qaltirar, bo‘ron esa uni ermak qilib, uvullardi. Hammudaning nazarida qulayotgan minora ustida bo‘ron raqsga tushayotgan edi! U sopolaklardagi bitiklarni baqirgancha takrorlay boshladi:
– Yerda ular tarqaldilar! Ko‘paydilar! Yer kamlik qilib, samoga ko‘z tikdilar! Ko‘prik-minora qurish vasvas etdi qavmlarni. Ko‘prik ularni samoga emas, yer tubiga eltdi. Ko‘prik ustida g‘azabnok bo‘ronlar raqs tushdi…
U bir zum bo‘lsin tin olmasdi. Bo‘ron kiyim-boshlarini tortqilar, sochlarini yulgudek bo‘lar, ammo u bunga parvo qilmasdi. Keksa Ehudrning sopolaklarida bitilgan har bir belgi, ishorani yoddan aytib qichqirardi. Bular Ulug‘shahar hazorasi ustidan o‘qilgan shafqatsiz hukm edi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 7-son