1-daftar
Issiq-sovuqning damini, to‘rtta yomg‘irning namini, bir parcha bulutning g‘amini ko‘tarolmay, bo‘lar-bo‘lmasga hovliqib, hishmalanib, og‘zi ko‘pirib keladigan dovdir sel Aymoq qal’asida Makedoniya podshosi Faylakusning o‘g‘li Iskandardan qolgan manjaniqning butini ayirib qo‘yniga solgandayam, Chingizxon Sartyuzi qo‘rg‘oniga uzunasiga ekib ketgan uchi ayri sixnayzalarni tun qorong‘usida zang-pangi bilan kuraklari orasiga qarsillatib qadagandayam, Qutayba Novqa Ota chinnixonasi ko‘ksini chil-chil qilib, isqotiga tortilgan chiroq siniqlarini sidirib, kuppa-kunduz ko‘zlariga quygandayam bunchalik xo‘rlanmagandi…
Oyqoru Shunqor tog‘larining qishin-yozin qilichday yaltirab turadigan qorlarining oyoq uchlaridan boshlab o‘rmalaydigan buloqlar jilg‘aga, sanog‘iga birov yetmagan jilg‘alar soylarga, Kattasoyu Jum jumsoylar Sanglog‘u Ko‘kjarga bo‘y beradilar. Ko‘kjaru Sangloq Sangzorga do‘nishini, shahar ko‘rgan Sangzor rangi sinib, quchoq yetmas beli qilday bo‘lib, bir ahvolda Qili otini olishini, keyin Arnasoy, Tuzkon, Aydarko‘l oralab Sirdaryoga, Sirdaryodan bulutga ko‘chishini, bulut osmonlarni aylanib-aylanib qor bo‘lishini, yana kelib Oyqoru Shunqorga to‘dalanishi, tog‘larga singishi, archazorlarni yayratishi, buloq bo‘lib ko‘z ochishi, jilg‘a bo‘lib til chiqarib chuldirashi, Sangloqda toshlar bilan quchoqlashib qo‘shiq aytishi, Ko‘kjarda qizlarga qo‘shilib, bo‘rvaklariga yopishib chopishi, Sangzorga kelib etaklarini yig‘ishtirib, erta-indin kelin bo‘ladigan bo‘ysiralardek malohat bilan yurishini, azaliy hayoti shunday kechgani, o‘yin-kulgi bilan o‘tganini tush ko‘rganday bo‘ladi. Yor Yayloq o‘takasini yorib kelgan tulporlar xilvat qirg‘oqda labiga lab bosishini, ne bir bahodirlar yuzlarini yuvib, odam zotiga aytmagan tushlarini u bilan sirlashganini yodga olganda, yuragi o‘ynab, dimog‘i chog‘ bo‘ladi. Quchog‘iga qaynoq to‘shini urgan yalang‘och-yaydoq ayg‘irlarning yelkasiga osilib, suykalanib, bo‘ynilaridan erkalanib oshganlari, yollarini yalab-yulqab tushganlarini qo‘msaydi. Bir vaqtlar Boburshoh birrov qo‘ngan, o‘sha davrlar otdoshi bo‘lgan, hozirda “Sukunat qo‘rg‘oni” atog‘liq tepalikka ug‘ruq qarosi ko‘rinarmikan, degancha ko‘z tikib o‘tadi.
Haddi sig‘masa-da, ahyon-ahyonda, yo‘li o‘ng kelib Turkqishloq oralagan selova sevishganlar yashiringan, pana topgan, masti-mustariq rizq tergan, mashoyixlar bulutday, qaroqchilar quyundek o‘tgan, jahongirlar chong‘i (ot ustidagi tezkor kengash) chaqirgan, devonalar davra solgan, parilar parda osgan, lo‘lilar kapa tikkan, shahidlar chiroq yoqqan, oyog‘i Kattasoyda, boshi Avliyo Otaga yetgan Jarko‘cha shavkatu savobini bo‘yniga munchoq qilgancha, gardu gunohini yuvib Kattasoyga soladi. Kattasoy Jarko‘cha oyog‘ini yuvganidan o‘zida yo‘q taltayadi. Xursandligini ko‘ksi qalqib yon-tevarakka bildirgan bo‘ladi. O‘qotar yalangiga, O‘rtabaland qiriga, Dunyotepaga. Yoqalagan sariqtol, jiyda, yong‘oqlarga ko‘z-ko‘zlagan bo‘ladi. Jiydalar shundoq ham ochilmagan ko‘zlarini battar yumib, ko‘rmaslikka oladilar. Sariqtol ko‘ringanga sarg‘aygancha yelkasi qisilib, kim nima desa og‘ziga qaraydi. Undan gap chiqqandayam birov yelkalab, o‘tin qilmagan. Ketmondastayam. Ushlovi yo‘q. Qadimi yong‘oq yashinlar bilan olishaverganidan, chaqmoq uraverib kallaklangan, bahaybat chandiqlari uzoqdan ko‘rinib turadigan mushtiga iyagini tiragancha, hammasini ko‘rganligini shamolga qo‘shilib boshini xiyol xam qilgancha bildirgan bo‘ladi.
Nay nag‘mani tosh bilan o‘ynagan to‘lqinlardan, karnay dovruq solmoqni sharraklardan, doira zarb sehrini tomchilardan, tanbur nola tortmakni domanaga yuzini urgandagi sasdan, g‘ijjak oh urmakni hansiragan harsang toshlarni o‘zaro gurungidan ilib olganini bilmaganga olib, kulib-kulib xotirlaydi. Ne bir yovni yo‘liga pishqirib chiqqancha g‘ov bo‘lgan kunlarni o‘pkasi to‘lib tiniq eslaydi. Udamali bo‘ylab Balxga yetib, quyuq jiydazor oralaganda birdan sho‘xligi tutadi. Yosh demay, yoshi o‘tgan demay majnuntollar sochini tortqilab, yulqilab o‘ynaydi. Nushiravon, Ko‘chmaariq, Mulkiushr yoqalab o‘ynoqlaydi. Sovuqbuloq bilan uchrashganda sunbulalar yo‘ldan uradi. Sunbul isiga burkanib, sunbulga qo‘shilib sumbulalanadi. Bir isga, bir hisga chayqalib eshiladi. O‘tgan-qaytganning xayolini oladi. Qilig‘i o‘ziga yoqib qoladi. Keyin yana qo‘shiq aytib, o‘ynab-o‘ynab enadi. Shamol endi bunaqa sho‘xliklar yarashmasligini, mavridi emasligini qir tashlab bildirgan bo‘lardi.
Novqa Ota suvini ichganda ich-ichi boshqacha bo‘lib ketadi. Yer qolib, osmonda uchishni ilg‘ab oladi. Xayollari tezlashgani barobar, esiyam tiniqlashadi. Zarafshon qavatiga kirgandan keyin Tuyatortar kuchi bilan dunyoga sig‘maydi. Bunday kuchga teng turgan, ikki kiftini tang to‘ldirib suvoriy makon qilgan, lashkargoh bo‘lgan kunlarni es-es eslaydi. Bir narsasini yo‘qotib qo‘ygan-u, nimasini yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydigan bo‘yqizdek orqasiga qarab-qarab kelgancha, Cholko‘ndiga yetganda ixtiyor-beixtiyor gapga ko‘nadi. Sokin tortadi. Shunday bo‘lish kerakligini o‘ziyam sezadi.
2-daftar
Egasiz uyning eshigiga daydi it ham chot ko‘tararmish…
Ega ega bo‘lmasa, nega?
Ustma-ust bo‘layotgan taloto‘p, ur-yiqit, ushla-ushla, quva-quv, qama-qamalardan yurak oldirilib, qo‘radan qochirilgan, qochgan, uloqqan, beega haydov qo‘ylar ko‘zpana soylar, arnayu o‘ngirlar, shamol yetmas kamarlarda bitta-ikkita bo‘lib yig‘ildilar.
Havorda qolganlarga egasi o‘lganday to‘qimi osilib, no‘xtasi uzilib, ayili sudralgan, aftidan eskidan cho‘pon eshagi va eshak yetovidagi ozib-to‘zib ketgan it kelib qo‘shildi. Jonliqlar eshakni qora tortdilar. Haydov bo‘lganlar cho‘pon-cho‘liqli suruvdek ko‘rindi…
Qasd kun ekan, oy og‘ish oqshomida jondor doridi. Do‘ltalar davra olishdi. Qashqirlar to‘dani to‘rt tarafdan o‘rab keldi. Bir boshiga qo‘sh qashqir kelgan jonliqning kuniga to‘zim bersin. Jondorlar avvaliga jonliqlarni hurkitib, quvalab o‘ynadi. Keyin bazm boshlandi. Enasining ortidan zorillab ergashgan qo‘zining yo‘lidan bir emas ikki bo‘ri chiqdi. Boshqasi dovdirab, yo‘lini yo‘qotib, oyoq ostida o‘rmalashgan tusoq chovini shart uzib sherigining oldiga tashladi. Kuchini qayerga qo‘yishini bilmaganlar sutdan ajrab, ko‘kning ta’mini bilib, dirkillab qolgan to‘xlilarni ermakka yonboshiga olib o‘takasini yordi. Ko‘pni ko‘rganlar ko‘zlarga ko‘z qadab jon sug‘urdi. Oz bo‘lsa-da, hidini olganlar dag‘-dag‘ qaltirayotgan jonliqlarni panjalari ostida ushlab, qo‘rquvdan yuragi yorilishini bahuzur tomosha qildilar. Qon to‘lib yorilgan yurak shirin bo‘larmish.
Qo‘rqqanidan vovullashniyam unutgan, qocha-qochning vahimasida qo‘ylarning o‘rtasiga kirib, o‘mgagini yerdan ko‘tarolmay qolgan itni bo‘rilar avvaliga yo tosh, yo kesak deb o‘ylashdi. Itligini bilib yoppasiga tashlanishdi. Jon chiqar titrog‘ida ko‘zlari jovdirab, avvaliga yaltoqlanib, jon umidida g‘ingshishi-yu, lahzada bo‘lari bo‘lganligini anglab, itligi qo‘zib, esiga tushib irillashi bo‘g‘zidan arimay ichaklari talosh bo‘ldi.
Qashqir shovurini sezgan echki borki, turgan joyida to‘rt oyoqda sakrashga tushadi. Bu qiliq jondorlarga avvaliga biroz qiziq tuyulsa-da, qiziqning qizig‘i qon oqizish, qonli lab-lunjlarni tilni bir qarich chiqarib, tamshanib-tamshanib yalash ekanligini unutmadilar. Sersoqollar zo‘r kelganda jonholatda baqirilsa-da, tovush chiqmasligini shunda yo bildilar, yo bilmadilar.
Eshak zoti borki, bo‘rini ko‘rsa, bo‘ri meni ko‘rmasin, deb quloqlarini tushirib, ko‘zlarini berkitadi. Qosh-ko‘zidan to‘daboshi, do‘ltabo‘riligi bilinib turgani ko‘zini berkitib turgan jonivorga yaqinlashdi. Boshqalar ish o‘rgamchi shogirddek qarab turdilar. Do‘lta xotirjam, kashtasini keltirib avval bo‘ynini, keyin navbatma-navbat orqa oyoqlarini kerdi. Ov bunaqa bo‘ladi, degancha sovuq bosiqlik bilan bir hamlada jonliqning kekirtagiga tish bosdi. Aqlni quloqdan olgan boshning og‘ir damsar urib xo‘rsinishini hech kim eshitmadi. Chiroyli va qop-qora ko‘zlardan oqayotgan egasizlik yoshlarining so‘nggi bor yiltillashidek ko‘rgulikdan bo‘zargancha avzoyi buzuq kelgan Javzo oyi o‘ziga tinch, elga notinch bo‘lib belanchak osdi.
3-daftar
Ikki boshli kalxat surati tushirilgan xos vagonni yetaklagan parovoz bir narsadan quruq qolgandek hansirab, Samarqanddan sahar mardonlab halloslagancha yo‘lga chiqdi. Atrofni achchiq-sassiq hid bosdi. Xayrlashayotgan bahorning namtob havosiga o‘ralashgan qora tutun ichra poyezd yurar yo‘lini tusmollab borardi. Yana son tekkanidan o‘zida yo‘q xursand, iste’fodagi polkovnik, sud hay’ati raisi Aleksandr Nikolayevich Sokolov vagon-restoranda. Igna yutgan itday oriq poruchik-prokuror va huquq ilmidan bexabar yuzlab askarlar orasidan tanlab olingan to‘rt nafar zobit – hay’at a’zolari raisning qosh-qovog‘iga qaraydilar. Hay’at bazmi jamshid ustida. Qurdagilar Jizzaxga yuborilgan. Shaharni tozalash buyurilgan.
Anchadan buyon ishsiz yurgan, qozonga qorovullik qilib qolgan polkovnik yana qo‘l ostiga odam berganliklari, uniyam esga olib qolganliklarini shu vaqtgacha sezdirmay kelgan bo‘lsa-da, ichiga ikki tomchi kirgach jilovini bo‘sh qo‘ydi. Qo‘lidan hali ko‘p ish kelishini, kelgandayam katta va dovruqli ishlar kelishini unutmaganliklarini har bir a’zoga qayta-qayta uqtirdi. Hazrati Oliylariga tahsinlar o‘qidi.
Bolshoy Mixaylovka stantsiyasida suvxonasini suvga to‘ldirib hayallagan poyezd yana yo‘lga tushdi. Milyutinskiyda o‘tinxonasiga o‘tin g‘amlaydi.
– Meni shaxsan sud hay’atiga boshchilik etish uchun taklif qildilar, – dedi xuddi boshqalar buni bilmaydigandek. – Sudda bu itlarni chivindek ezib tashlayman. Jizzaxning har bir daraxtiga bularning harom jasadini osib qo‘yaman…
Polkovnik shunday degancha, yelkasida zo‘rg‘a ilinib turgan, beo‘xshov qizarib ketgan boshini arang ko‘tarib, restoranning u boshidan-bu boshiga qaragan, ko‘zi o‘tmasa-da, qora-quralarni tusmollab tikilgan bo‘ldi. O‘rnidan turgandi, tizzalari ilkisdan bukildi. Ko‘zoynagi otildi. Tik turgancha, ichmoqchi bo‘lganini og‘ziga olib borolmay, yonboshga ag‘anadi. Shunda poruchik joniga ora tushdi. Suyab qoldi. Prokuror bosh bo‘ldi. A’zolar raisni ko‘targancha xos vagonga olib jo‘nadilar.
Kuropatkino raz’ezdidan shitob bilan o‘tgan poyezd Lomakino stantsiyasi tomon yeldek uchib borar, Qaroqchitog‘ ortda qolgan, G‘ubdin etaklari bosib o‘tilayotgan, hademay Milyutinsk stantsiyasi qo‘ng‘irog‘i ovozi eshitiladi. Poyezdning to‘satdan to‘xtayotganligini bildirgan, bolasini yo‘qotgan ayolday chinqirig‘i va vagonlarning orqama-ketin bir-birlariga qarsillab urilishi yo‘lovchilarning hushini uchirdi. Temir izning adir tirsagidagi burilish ortida, yo‘l ustidagi ko‘zga qadalgan taloto‘p poyezd haydovchisiyu boshlig‘iniyam shoshirib, gangitib qo‘ygan, shundan shoshilinch dastaklarini bosishgan, yo‘l son-sanoqsiz jutga to‘lgan, uzoqdan xuddi bir qishloq odamni qator qilib, tekis otib tashlagandek tasavvur uyg‘otardi. Uning nazdida Oqposhsho askarlarini qo‘zg‘olonchilar yo‘lga olib chiqib o‘ldirgandek tuyulgan, qo‘zg‘olon ishtirokchilarini sud qiluvchi hay’atning shu poyezdda borayotganidan xabar topganlar intiqom uchun poyezdni to‘xtatmoqda edilar. Yana Jizzax qo‘zg‘oloni oldidan egasiz avom temir yo‘llar buzilsa, askar kelolmaydi, degancha Toshkentdan keladigan Kaufman yo‘nalishidagi Ursatovsk va Obruchevo stantsiyalari izini buzganlari yodiga tushgandi.
Poyezd to‘xtagach, bir muddat hech kim tushmadi. Derazayu tuynuklardan harbiy hiyla ishlatilgan, degan fikrda obdan kuzatildi. Tirik jon qimirlagani sezilmagach, qo‘riqchi askarlar harbiy intizom bilan ikkita-ikkitadan tushishdi. Miltiqlarini duch kelgan tomonga nuqib-nuqib dushman qidirishdi. Topilmadi. Keyin so‘kinib-so‘kinib, jutlarni sudrab chetga olishdi. Poruchik qo‘riqchi askarlardan hushyorlikni oshirishni, “tuzemets”lardan har narsani kutish mumkinligini bir qo‘lida to‘pponcha ko‘targancha poyezd zinasida turib, yarim tanasini chiqargancha bot-bot takrorlardi.
4-daftar
O‘yinning zo‘ri yo bozorda, yo mozorda bo‘ladi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Katta, zo‘r o‘yinlarning sopi hamisha o‘zidan chiqarilgan. Hali Jizzax O‘rdasida qirg‘in bo‘lmasdan oldin, O‘rdaning shundoq biqinidagi bozorning ikki qorovuli “otasidan qolgan mulk”ni bo‘lisha olmay janjallashgandi. Bozorning kirdi-chiqdisidan topadigan bir parcha qattiq non ko‘p ko‘rindi. Xudo urgan shunday noshukurlik kunlarning birida ur kaltak-sur kaltak boshlandi. Qorovullar janjal nimadan boshlanganiniyam, nimaga O‘rda o‘t ichida qolganiniyam bilishmadi. Bozorda kunda o‘n urush, yuz janjal. Shulardan biri bo‘lsa kerak, deyishgandi. Keyin bilishdiki, O‘rdadagi jang katta janglardan. Bozor ko‘rganlar bunday kunlarda birovni o‘ylamaydilar. Boshni biror panaga tiqqan ma’qul. Sassiq bo‘lsayam. Tirik qolsa bo‘ldi. Boshqaning ko‘zi oqib tushsayam kiprigi qilt etmaydigan bozor ko‘rgan qorovullar jangga o‘zlaricha aralashdilar. To‘g‘rirog‘i, birovi oldinroq harakat qildi. Paytdan foydalandi. Zang bosgan va to‘pponchaligi qolmagan temirni adovatdagi qorovulning hovlichasiga ko‘mdi. Falonchiyam qo‘zg‘olonga aralashgan, qatnashgan, hovlisining piston joyida to‘pponchasi bor, deb ma’murlarga chaquv yetkazgan. Soldatlar kelgan, ko‘rsatilgan joyni kovlashgan, to‘pponchani topishgan. Qo‘shib hovlining egasiniyam olib ketishgan.
Shaharga adog‘siz dabdabayu as’asa bilan kirib kelgan sud hay’ati boshlamasiga shu ishni ko‘rishi, ko‘zini pishitishi, Oq poshsho odamlarining gapini ikki qiladiganlarning ko‘zini moshday ochib qo‘yishi kerak edi. Hay’at ko‘radigan ishlarning gunohkorlari ko‘cha, rasta, bozorlardan tutib kelingan, oddiy tirikchilik ko‘yida kuymalanib yurgan kishilar bo‘lib, chaquvga uchrab oxranka agentlariga pora berolmay qamalgan, ba’zi bir boylar hukumatga sadoqatlarini ko‘rsatish uchun ushlab berilgan kambag‘allar, bemavrid bu maskanda makon topganlar edi.
“O‘ta muhim jinoyatchi”ni soldatlar qurshovida olib kirdilar. Oqlovchining qorasiyam ko‘rinmadi. Sud boshlandi. To‘qillatib stol ustiga qo‘yilgan bir enlik zang bosgan temirning to‘pponcha ekanligini faqat uni ko‘tarib yurganlargina ilg‘ashdi. So‘rov boshlandi.
– To‘pponcha senikimi?
Sobiq qorovul to‘pponcha degan narsani ikkinchi bor yaqindan ko‘rayotganidan qo‘rqib ketdi. Bir marta uyidan ushlab ketishayotganda qo‘liga berib qo‘yishgandi. Qo‘ni-qo‘shni o‘rtasidan qo‘l boyliq, bo‘yinda to‘pponcha bilan soldatlar oldiga tushgandi o‘shanda. Soldatlarning biqinidagi to‘pponchalarga qarashga yurak bo‘lmagan. Rang dam oqardi, dam ko‘kardi.
– To‘pponcha meniki emas.
– Bu dushmanlik va tuhmatdan boshqa narsa emas, – o‘shqirdi prokuror.
Bandi yana nimadir demoqchi bo‘lgandi, taqiqlashdi. Bo‘g‘ziga kelgan so‘z holini o‘zgartirib, bo‘g‘ilganidan yosh bo‘lib tirqiradi. A’zoyi badanini quyuq qora ter bosdi.
Keyin to‘pponchani undog‘iga-bundog‘iga aylantirib ko‘rishdi. Bir zobitni chaqirib, uning ishlash-ishlamasligini tekshirib ko‘rishni buyurdilar. Zobiti shoshib qoldi. To‘pponchaning ishlamasligiga aqli yetmaydiganlar qanday sud o‘tkazayotganiga hayron bo‘lib raisga qaragandi, zahriolud basharaga duch kelib, hayron xayoliyam esxonasidan chiqib ketdi. Oradan bir soatdan ortiq vaqt o‘tdi. Hay’at betoqatlandi. Yana bir zobitni gap nimadaligini bilishga jo‘natdilar. Sukunat.
To‘pponchaning ovozi chiqmayotganligidan bandining betiga qon yugurgandek bo‘ldi. Tetiklandi. Qani endi shu holatda bo‘lsayam umrini o‘tkazaversa. Shunda, shunda birdan osmonu yerni larzaga solib o‘q ovozi eshitildi. Nazarida, xuddi to‘p og‘ziga uni bog‘lab otishgandek hushi qolmadi. Tashqarida, qayerdadir, qandaydir quroldan otilgan daydi o‘q bexato kelib shakar tomiriga urilgandek, tik bo‘y yiqildi. Hay’at a’zolari masala hal, degandek, bir-birlariga royish berib qaradilar. Rais ikki soatdan buyon nimaningdir rasmini solib o‘tirgan, kitob desa kitobga, supra desa supraga o‘xshamaydigan beso‘naqay ikki betli jildni bir-biriga qarsillatib urib, stol ustidagi kumush qo‘ng‘iroqchani kashtasini keltirib chalgancha, sud yakunlanganini bildirdi.
5-daftar
Poyezdlar qop-qora dudga botib, ermakka sovuq shamol quvib keladi.
Graf Lev Nikolayevich Tolstoy: “G‘arbliklar boshqalarni o‘ldirmoq va o‘zlarini halok qilmoq uchun Sharqqa qarab yo‘l oldilar. Sabablar bir-biriga mos kelish qonuniga ko‘ra”, – deb yozganda davr bir bo‘lsa-da, makon boshqa edi. Bir davrning bo‘lak makonida safar yo‘nalishi o‘zgacha bo‘ldi. Shimolliklar Janubga qarab yo‘l oldilar.
Avvaliga chuchmal harakat bo‘lib tuyulgan, iskabtopar olimlar yordamida o‘ljaning cho‘g‘i aniqlanib, so‘lakni keltiradigan ishtaha yo‘li ochilib, urush o‘chog‘iga o‘tin qalangan, keyingi ochiq bosqin yaralariga po‘stin kiydirish uchun keltirilgan poyintar, bachkana sabablar bir-biriga to‘g‘ri kelmasa-da, kelgandek ko‘ringanini istashgani uchungina oqiyam-sarig‘iyam o‘ylab ko‘rishni o‘ziga ep ko‘rmasdi: Nikolayning tuprog‘i tilla Turkiston zaminiga ishqivozligi va bu ishqivozlikning, birinchi navbatda, tiyiqsiz generallar, tajovuzkor zobitlar, och askarlarning kayfiyatiga mos kelishi; ham G‘arb, ham Sharq urushlarida sharmanda bo‘lgan Chor armiyasining qurolsiz aholini ezishga va ayni vaqtda baroq ko‘ppakdan qo‘rqar, sumangi sanqini quvar qudratini namoyish etishga bo‘lgan chegara bilmas zavqi; aqli tang qotib, qilichi zang bosgan tor ko‘ngilli beklarning zarni ko‘rganda ko‘zini zarnigor kasali butunlay qoplashining mutloq aniqligi; to‘rt ovora bir butundan ko‘ra yarimta-yurimta bo‘lsayam azoni betahorat chaqirilgan nomi aytilib turishni istashdek harom xayollar og‘ushining ustun kelishi; qandaydir olomonning bunday saxovatli yerlarda yashashlikka allaqachon huquqi bekor qilinganligini go‘lligiga borib anglamayotganliklarini anglatish hirsi; sersuv, unumdor yerlarda mujiklar egalik qilishlariga shaxsan Oliy hazratning o‘zi fatvo berganligi; shuning uchun, aytaylik, Jizzaxdek geosiyosiy, barcha yo‘llar uchrashadigan, quruq cho‘p ham gullab tilla tug‘adigan yerda, yana shaharda sartlar (o‘zbeklar)ning yashashlari to‘g‘ri emasligini tushunmayotganliklari; qirg‘inga din emas, zulm va zo‘ravonlik sabab bo‘lganligini anglashni istamaslik; badgumonlikning siyosatga aylanganligi; hukm yuritishda mantiqning ayniyat qonuni buzilgan timsoh sofizmi kundan-kunga sanoqsiz tishini qayrab, qon tepgan kekirdagini ko‘rsatayotgani va bu buzuqilikning tarafdorlari zo‘ravonlar ekanligi; malaka hosil bo‘lish egri chiziqlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri nayzalarga, qilichlarga aylanganligi; egoizmning egotsentrizmga allaqachon yem bo‘lganligi; uyat va hayosizlik hissidan mahrumlikning hukumat deb atalishi; yaxlit reflektor harakatlar sistemasidagi qismlarning o‘z ishini birin-ketin bajarishdan iborat funktsional qonuniyatning buzilishi; his-tuyg‘ular uyg‘otuvchi manbalarning tubanlashganligi; bosib olmishlarning bosib olinmishlardan savod va odob darajasining pastligi sezilganligi va bunaqa savod anchadan buyon savod sanalmasligini anglamayotganliklari; Andijon qo‘zg‘olonida Britaniya, Jizzax qo‘zg‘alishida Turkiyaning qo‘li bor, deb ayyuhannos solinishi va oxir-oqibatda bu gap-so‘zlarning pilta miltiq sassig‘idek jiyig‘i chiqqanligi; bahamjihat bo‘lib, tinch-totuv yashashni xush ko‘radigan Turkiston ahlini o‘zini-o‘zi yeydigan olakanalar makoniga aylantirish istagi; haqiqatni bilish san’atining mantiqiy usullar va metodik qoidalar sistemasining xudbinlik manfaatlariga bo‘ysundirilishi kabi million-millionlab sabablari bor edi.
Poyezdlar hayhotdek vagonlarni yukka to‘ldirib zo‘riqqancha, havoni bulg‘agancha kelgan yeriga qaytadi…
6-daftar
Rais qachondir, nimadandir, juda qattiq qo‘rqib, yuzi shu holatda qotib qolganligi, kiprik qoqmasligi, mudom baqrayib turishi, tomoq qirishidan zahar tomishi bilan nom chiqargan edi. Prokuror savodsizligini egnidagi hashamdor formasi bekitib turadi, deb o‘ylaydiganlardan bo‘lib, zobitlarni naqshinkor xumlarga o‘xshatganlar xato qilmasdi.
So‘roq paytida rais bandilardan bir-ikki og‘iz gap so‘ragan bo‘lib, boshini avval o‘ng tomonga, keyin chap tomonga burib, navbatni hay’at a’zolariga havola etar, biroq ularda ham gapirish istagi topilmasdi. Ro‘yxatga belgi, chiziq chizish bilan ovora edilar. Prokuror va himoyachining gaplaridan so‘ng qo‘llaridagi qalam bilan bandiga o‘tir ishorasini qilishar, so‘roq navbati boshqasiga kelardi. Shu zayilda bir kunda rejaga asosan yuz odamning ishini ko‘rish vazifasi zimmalariga yuklangandi.
Savol-so‘rovning qattig‘i savodsizda bo‘ladi. Go‘shtga yetgan itday navbat prokurorga tegishi bilan ko‘zoynagi va sap-sariq qoshi oralatib avval ro‘yxatga, keyin bandiga boshdan-oyoq tikbo‘yin qarab, qurbaqani avrayotgan ilondek bo‘ynini beo‘xshov cho‘zib-cho‘zib, avval o‘ng bosh barmog‘ini chap yengiga, keyin chap bosh barmog‘ini o‘ng yengiga tiqib, xuddi bilaklariga tegib ketgan yenglarini ajratgandek kiborlar qilig‘ini qilib, ko‘ngilni aynitar darajada qo‘sqi-qo‘lansiq-palag‘da tovush bilan ishini boshlardi. Odatda, bandi prokurorning savoliga tushunmas, qayta so‘rashga jur’at qilolmas, qayta so‘rash mumkinligini o‘ylab ko‘rmagan ham yoki javob bersa-da, prokurorning nayrang to‘riga o‘z ixtiyori bilan bo‘lmasa-da, qat’iyatsizligi, go‘lu ovsarligi ortidan ilinib qolardiki, gapirayotgan gapi o‘ziga zarar keltirayotganligini fahmlamasdi. U endi qayerdan bilsinki, bir “gap” uchun nainki bir uy yo o‘n uy, balki minglab uylar kuyib ketsa, xonumonlar tutasa, nafaqat bir shahar, balki butun boshli bir mamlakat xarob bo‘lsa…
Ammo, tarjimon prokurorning ayyorligini payqab qolib, savollarga sharh berib, avom tushunadigan tilga o‘gira boshlaydi. Shu tariqa uch-to‘rt bandi prokuror changalidan qutulishga erishdi.
Prokuror bildi. Endi tarjimonning ko‘ziga qattiq tikilib, savollarini dona-dona qilib talaffuz qilar, lekin tarjimon diqqat qaratmas, ishiga sobit turardi…
Prokuror ko‘rdiki, ov baroridan kelmayapti. Tarjimonga tashlandi.
– Siz, Mirzo Abduholiqzoda, menimcha, savollarimni noto‘g‘ri tarjima qilyapsiz. Bir og‘iz gapimni doston qilib yetkazishning nima zaruri bor. Gapimga gap qo‘shmay, aynan tarjima qilishingizni talab qilaman!
– Prokuror janoblari, siz adabiy tilda gapiryapsiz, agar men gapingizni aynan va so‘zma-so‘z tarjima qiladigan bo‘lsam, qishloq odami sizga nima deb javob beradi? Javob bergan taqdirda ham savolga muvofiq kelmaydi, anglashilmovchilik yuzaga keladi. Agar savolingizni ochiqroq, aniqroq bayon qilsangiz, mening sharh berib o‘tirishimga hojat qolmasdi.
– Bu yog‘i sizning ishingiz emas! Vazifangiz – aynan tarjima qilish, tushundingizmi? Siz menga yo‘l ko‘rsatmang! Men o‘z ishimni yaxshi bilaman.
– Kechirasiz, janob prokuror, mening vazifam savolingizni bandiga tushuntirib berish, toki u savolga tushunib javob bersin, zero, bu yerda insonning taqdiri, hayot-mamoti haqida gap ketyapti.
– Takror aytaman, savolimga ilova qilmang, men nima desam, aynan tarjima qiling, sizni bu yerga tarjima qilish uchun olib kelganlar, – degancha qahr bilan stolga musht soldi.
Hay’at, bandiyu soqchilar, tekinidan quruq qolgandek yig‘ilgan tomoshabinlar bir cho‘chib tushdi.
Tarjimon sud raisiga murojaat etdi:
– Rais janoblari, meni harbiy sud majlisi tarjimonligidan ozod qilishingizni so‘rayman. Men prokuror talabini bajara olmayman va vijdonim oldida gunohkor bo‘lishni istamayman.
Sud tanaffus e’lon qildi. Keyin maslahat xonasiga prokurorni chorladi.
– Aleksandr Nikolayevich, tarjimonning xatti-harakati jonimga tegdi.
– Bu yerda hissiyotga berilmaslik kerak, azizim Vasiliy Petrovich. Ma’lumotingiz, unvoningiz vazifangizga to‘g‘ri kelmasligi vajidan Toshkentda ozmuncha odam bilan sanu manga borib sizni so‘ramaganmidim. Mana, ko‘rib turibmiz, tajribangiz ham haminqadar…
– Aleksandr Nikolayevich, o‘zingiz bilasiz, buncha odamni aybdor deb topish uchun nachalnik oxrankaning bir protokoli kamlik qiladi. Birgina guvohimiz bor. Lekin, uning “tanimayman” deyishi ham asossizga o‘xshayapti. Shuning uchun men yuristcha gaplar bilan ularning boshini gangitib, o‘z tilidan ilintirmoqchi bo‘layapman. Tarjimon esa ishimga xalal beryapti, agar u xalaqit bermaganda qanchasini tumshug‘idan ilintirardim. Buning o‘rniga ruschani yaxshi gapira olmaydigan chalasavod tarjimon topganimizda yaxshi bo‘lardi.
– Vasiliy Petrovich, juda soddasiz-da, nima, Toshkent qaroridan xabaringiz yo‘qmi? “Bu itlarning hech biriga omonlik yo‘q”, degan gapni eshitmaganmisiz?
– Qanday xabarim bo‘lmasin. Yuristlik mahoratingni ishga sol, degan edingiz, shunga amal qilib…
– Yaxshi, tayinlaganimdek, chalkash savollar bilan chalg‘iting, gap oling. Prokuror degan nomingiz bor. Ruschani tushunmaydigan mahalliylarga e’tibor qaratmayman. Siz ham shundoq qiling, biroq ruschani biladigan advokatlar va tomoshabinlar chatoq. Ular qanaqa odamligini bilib bo‘lmaydi, demakki, ishonib ham. Mabodo masala qanday hal bo‘layotganining isini olsalar, hukumat sha’niga bo‘lmag‘ur ovozalar tarqatadilar. Albatta, hukumat bundaylardan qo‘rqmaydi, lekin harbiy sudimizning nozik jihatlari bor. Tushungandirsiz? Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, hozir chiqib, tarjimondan kechirim so‘raysiz. Bu shaxsiy ish emas, umum ishi. Umumga foyda keltirish uchun shaxsiyning bahridan o‘tish kerak. Shu ishingiz bilan ochilgan pardani yopgan bo‘lasiz, – dedi do‘ltabo‘riday yovuz bosiqlik bilan. Keyin qo‘shib qo‘ydi.
– Bu yerni hozircha Turkiston deydilar.
7-daftar
Yulduzlar, minglab yulduzlar tartib bilan G‘arbdan Sharqqa aylanadi. Yer shari millionlab jondoru jonliqlar boshini yelkalab, o‘z o‘qi atrofida Sharqdan G‘arbga tomon o‘giriladi. Bir tanasiga bir bosh berilgan odam qayoqqa yurishini bilmay, ko‘ringanga qo‘shilishib jo‘naydi.
Avvaliga yigirma mingdan ziyod erkak zotini so‘roq-so‘rovsiz o‘qqa duchor qilgan, keyin o‘q ham xayf deb hisoblanib, sovun surtilgan dorlarga tortilgan shahar va shahar atrofi bo‘ri talagan qo‘radek huvillab qoldi. Kunduz kuni qidirib, qari chol va norasida go‘daklardan o‘zga erkak zoti topilmas bo‘ldi. Qochgandan qirilgan ko‘p bo‘ldi. Egasiz ekinzorlar odam bo‘yi g‘allasini ko‘tarolmay yer bilan bitta bo‘lib yotar, ishlashga qurbi yetganlarni ilingani o‘ldirilgan, qocholgani bedarak, ushlangani turmada, sud bo‘lgani Sibir, “omadi chopgani” mardikorlikka olinib, uchi-qiyri yo‘q o‘rmonzorlarning gadoy topmas, borsa-kelmas xilvatlariga jo‘natilgan edi. Shaharning ushlangan joyidan vagonlarga urilgan daydi-duydi, och-yalang‘och, soch-soqoli bitlab, hademay yetib keladigan mujiklarga bo‘shatish lozim.
Jizzax shahri, Bog‘don va Sangzor vuluslarida qariyalaru yoshi qaytganlar, ayollaru bolalardan bo‘lak qo‘zg‘olonda ishtirok etganligini gumon qilish mumkin bo‘lgan hech bir zot qolmadi. Egasizlarga qo‘zg‘olon ishtirokchilarini zudlik bilan tutib berishlari haqida buyruq berildi. Mabodo uch kunda buyruq bajarilmaydigan bo‘lsa, aholi uy-joyidan mosuvo bo‘lib, cho‘lu biyobonga badarg‘a etilishi oldindan tuzilgan rejaga asosan ma’lum qilindi.
1916 yil 7 avgust. Soat o‘n ikki. Farmon o‘qib berildi. Unga ko‘ra egasiz el biyobonga surgun qilingan. Kun qizigandan-qizigan. Sallotlar va otliq kazaklar qilichu nayzalarini yalang‘ochlab, miltiqlarini o‘qtalib, notavonlarni to‘rt tomonga haydab shahar chetidagi dala – Uchtepaga to‘pladilar. Och sallotlar aholining oxirgi burda nonini qo‘lidan yulqib, shu joyning o‘zida kavsh qaytarar, bir burda qotgan noni bor odam gunohkor sanalgan kun edi.
Egasidan ixlosi qaytgan itdek bo‘yni egilgan hardamxayol ulus otliqlar oldiga tushdi. Nomigagina ko‘ylak-ishton vazifasini bajaradigan latta-puttaga yopinganlar giryonu nolon dashtga qarab sudraldi. Badbaxt dalaga yuzlangan go‘daklar, ayollar va keksalarning ohu vohi olamni buzdi. Tashnalik azobidan lablari gezarib sudralayotgan minglab qari-qartang, ayolu go‘daklarni osmondan oftob, yerda tosh kuydiradi. Oldinda giyoh ham unmaydigan, o‘z oti o‘zi bilan Badbaxt dala. Orqada miltiq va qilich o‘ynatgan sallotu otliq. Bir boshga qo‘shotliq mirzo tig‘ ko‘targan. Madorsiz, yiqilganni qo‘ndog‘ va tepkini zo‘ri o‘ziga keltirib qo‘yar, otlig‘ining og‘zidan “sobaki” tushmas, solloti “sukina deti” degancha bet-ko‘zing demasdi.
Asad oyi dimiqqancha yarmi senga, yarmi menga degandek qilichini tik ko‘tarib chiqdi.
8-daftar
Poyezdlar janubdan shimolga surgun etilganlarni, shimoldan janubga yangi yer egalarini peshma-pesh tashiydi. Shimolga ketayotgan vagonlardan chakillab qon, zahardek yaltirab zardob tomadi. Zardoblar temir izlarni teshib yuborgudek bo‘ladi. Poyezdlarning qilig‘i shamolga yoqmaydi. Uni tag-tugi bilan azot ko‘tarib urgisi, ayniqsa, eng boshida kelayotgan, qora tutuni bilan dunyoni bulg‘ayotgan qozonqorinni yomon ko‘radi. Ichi dardga to‘lib ketadi. Dardi chang-to‘zon bo‘lib osmonga o‘rlaydi. Tentirab to‘rt tomonga chopadi. Dardlarini daryo tushunadi. Daryoning dardi shamolnikidan ziyod ekanligini sarg‘aygan ikki beti – domanasi bildiradi. Daryo daryo bo‘lib bunchalik xo‘rlanmagandi. Hushini esxonasidan chiqargan narsa Kattatog‘ning qadim archalarining g‘orot etilishi, O‘smat Ota, Navqa Ota, Bog‘mozor Ota mozorotlari ustigacha yastanib kelgan archazorning bir boshidan kesilib yuziga otilishi edi.
Necha bir bosqinda archalar elni asragandi. Pana bo‘lgandi. Bir tup tizza bo‘yi archani birov kesolmasdi. Bir archada qirq yigitning rizqi bo‘ladi, degancha el archani asrar, archa tog‘ni bezar, shodliklar buloq bo‘lib, qo‘shig‘i daryoga oqardi. Kattatog‘ning bir shoxidan engan suvga Samarqandu Buxoro, bir shoxiga kunchiqish betdagilar tirikchiligi qarab qolgan. Poyezdman degani shaqildoq ilondek biltanglab keldi-yu, hammaning rangi o‘chdi. Ega, ega bo‘lmasa nega, – degan gaplar shu vaqtlarniki deyishadi.
Daryo o‘z onasi, o‘z bolalarini oqizib ketayotganidan, qutqara olmayotganidan, qutqarishga kuchi yetmasligidan qirg‘oqlarga bosh urib yuguradi. Dard og‘ir, ko‘rgulik zil keladi. Balolig‘ bosinqiratadi. Alamini kimdan olishga, hasratini kimga aytishga aqli yetmay qo‘liga ilinganni olib chopadi. Qirg‘oqlar etagini toshga to‘ldirib ortidan ergashadi. Ming yillar oldin ikki tog‘ni murosaga keltirib, oradan yo‘l ochganiga pushaymon bo‘lay deydi-yu, shashtidan qaytadi. Shamol bir daryo betida, bir qirg‘oqlarda yalangoyoq izillaydi. Ko‘z ko‘rgan yeridan ajragan, kamiga yetti bo‘lakka nimtalangan, yo‘rgakdek g‘o‘lalangan archaning dardi bu dunyoga sig‘maydi. G‘o‘lalar suv yuzida, po‘rtanalarda aylanishar ekan, bir-biriga bosh qo‘yishib, goh girdobda, suvo‘rada uymalanib qolishadi, goh sharraklarda yuraklarini hovuchlab, ko‘zlarini chirt yumib olishadi. Hali daryodan changakda tomog‘idan tortib chiqarilib, sergitib, quritilib, poyezdlarning o‘chog‘iga o‘tin bo‘larlariyam bor. O‘shanda ularning ohini birov eshitmaydi. Eshitgan tushunmaydi. Tushungan teskari qaraydi.
Zorlangan Sangzor bo‘ladi. Zorlangandan Sangzor zorlanadi.
Shunday kunlarning birida temir yo‘lning ikki chekkasini, sassiq shpallar orasini yorib qizg‘aldoqlar bosh chiqaradi. Bir-birining qo‘lidan mahkam ushlagan qizg‘aldoqlar. Xuddi vagonlardan chakillab tomgan qonlarning izsiz yo‘qolib ketmaganligini ta’kidlagandek, qad rostlaydilar. Shahidlar chirog‘idek, yo‘q boshidek qip-qizil bo‘ladi. Shamol ularni taniydi. Kela-sola yuzlarini silaydi. Suvsab qolgan bo‘lsa kerak, deb shoshgancha bulutni quvib, oldiga solib keladi. Qizg‘aldoqzor to‘yingan bo‘ladi. Tog‘lar ko‘zlarini ishqalab hayratdan yoqa ushlolmay qoladilar. Ularga qo‘shilgisi keladi. Toshlar takbir aytadilar. Tuxumboshlar toshcha bo‘lmaydilar. Shunda ikki tog‘dan o‘ziga yoqa yasab olgan Temir Qopqani Ilono‘ti tarafdan kelgan parovozning hammayoqni jiyitib o‘tishi buzadi. Ko‘zi achib, nafasi tiqilgan dara yoqa tutamlagancha dang qotadi. Qizg‘aldoqzor tik turib qarshi oladi. Qo‘rqmaydi. Bu boshlar temir izlarga qo‘yilish uchun yaratilmaganligini bildirib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Xayol qiladi. Xayolida borliq alvondan-alvon emish. Hatto Badbaxtdalayam. Shamolga aytmoqchi bo‘lgandi, Yalang‘och ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi. Qizg‘aldoqzor tushungan bo‘ldi, yelkalariga parchinlangan izlarni shamolga qo‘shilib bir siltab oladi. Ko‘pni ko‘rgan shamol yana o‘ng esishidan umidvor bo‘ladi. Hurillab, yam-yashil archalarni qadimgidek pirpiratgisi keladi. Yalang‘och oyoqlarini suvga solib, bir qo‘lini Tangi, bir kaftini Chong‘i qirlariga tiragancha tek qotadi. Bir ko‘ngli daradagi g‘orga kir, deydi. Boshqasi qo‘li boyliq bo‘lmagan bir o‘zi qolganini iddao qiladi. Dunyolarni tentirab-tentirab, aylanib-aylanib kelarkan, yo‘lma-yo‘l sabolar sochini mahkam o‘rib yupatadi, shabboda ko‘nglini yoritadi, mushtipardek hilpillabgina turgan yelpin ko‘nglini ko‘taradi, garmselni hovurdan tushiradi, suron solishga sillasi yetmay qolgan to‘zonlarga to‘zim tilaydi, dovulga aylanmoq orzusidagilarga quvvat bo‘ladi, kamonlarga o‘q bo‘lish g‘ayrati bilan o‘sayotgan novdalarni silab-siypab o‘tadi, yelkasiga kun, ko‘ksiga epkin tegishiga ilhaq mustarinlarga nigoh tashlagancha, ko‘pga qo‘shilganlar ohudek ulib, sherboladek kulib, daryoni dardidan damma-dam darak olgani qaytib kelaveradi.
Katta ayriliqlar va ulug‘ topishishlar haqidagi qo‘shiq yolg‘iz aytilmasligini sag‘analardagi yoziqlar eslatadi. Kuyiniyam.
Hur shabboda, hurillagan shamol, hurlik olib keladigan shamol yo‘liga ko‘z tikkan Oy ulug‘ armon kuyiga esh bo‘ladi. O‘zini o‘n ikkiga bo‘lib ulug‘ armonlar qo‘shig‘ini, ulug‘ armonlar ushalishi qumsovi qo‘shig‘ini aytib, o‘zi aylanib, o‘zi o‘rgilib, o‘rog‘ini el boshidan avaylabgina sirmaydi.
Sunbula-yo, sunbula…
Bu dunyoda bormikan-a, yurak bag‘ri butuni,
Bu dunyoda bor bo‘lsa, yurak bag‘ri butuni,
Qog‘ozdan o‘choq qilay-a, guldan qilay o‘tini.
Sunbula-yo, sunbula…
Yangi oy – Sunbula elga tinch, o‘ziga notinch bo‘lgancha, qoshi ikki yoqqa osilib, ahli asrorga sir ulashib yosin tortadi. Katta yulduzlar azaliy o‘rinlarida itoat bildirib, hurmat va sukut bilan bo‘yin egadilar. Yo‘qolgan yulduzlar o‘rni o‘pirilib tushgan egasiz ochiq go‘rdek mung‘ayadi. Charxi falak, og‘ma falak otiga yarashig‘ yo‘lida davom etadi. Yulduzlarning o‘tish yo‘lidagi to‘g‘ri ko‘tarilish hisobini topish hammaniyam qo‘lidan kelavermaydi. Cho‘mich yulduz to‘nkarig‘liq qozonda yulduz shopirib turaveradi…
Mirrix mag‘rur kezadi. Qaragan, yuzlangan tomonidagi yashnagan narsalarni qiyratmay qo‘ymaydi. Zuhraga qaragan, Zuhra qaragan jonlar orom oladi. Orzu yulduzi – Atorud kimga yaqinlashsa orzu-tilaklarga ko‘milib, orzulari orzularga ulanib, ulab yashaydi. Quti o‘chmaydi. Yetti qaroqchi tutqich bermay ko‘chib yuradilar…
Egalik itlarning hurishiyam dadil-dadil chiqadi. Egasini ko‘rganda, albatta.
Ega ega bo‘lmasa, nega.
Erkalik egalik uyga yarasharmish…
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son