Aziz Said. Bulut nimaga o‘xshaydi? (hikoya)

Vaqt hassasini to‘qqilatgancha tobut ko‘targan odamlarga qo‘shilib, darvozaxonadan chiqib ketdi. Go‘yo hamma yoq bo‘shab qolganday shipshiydam va jimjit bo‘lib qoldi. Vasila momo boshidagi oq ro‘molining bo‘yniga o‘rab bog‘langan ikki pechi yechilib ko‘ksiga tushib qolganini ham sezmas, qayg‘u va g‘amga belangan qaynsingillaru ovsinlar, kelinlaru jiyanlarning ovozlarini ham eshitmas, go‘yo bir umr yelkasida ko‘tarib kelgan zil-zambil yukni yerga qo‘yib dam olayotgan odamday hovli to‘ridagi kursida behol o‘tirardi. Ba’zan tizzasiga qadalgan nigohlari xotinlarning yig‘idan bo‘g‘riqqan yuzlarini, hovliga kiraverishda baxmal to‘shab qo‘yilgan stol ustidagi marhum erining rangli suratini paypaslab chiqar, devor tagida saf tortib turgan katta-katta tuvaklardagi ajnabiy gullar va yo‘lakdagi suv to‘ldirilgan obdastalar oralab timirskilanar va bo‘m-bo‘shlikdan o‘zga ma’ni topolmay yana tizzasiga bosh qo‘yardi.
Vasila momo vaqtning to‘xtab qolganini, to‘g‘rirog‘i, chiqib ketganini his qilib turardi, ammo boshqa narsaga hayron edi – bu bo‘m-bo‘shlik qachon yuz berdi? Butun vujudi, ongu shuuri bilan yuragining eshigidan ichkariga quloq tutdi – bugungi judolikdan na afsus, na qayg‘u, na faryod, hech narsa yo‘q, go‘yo bo‘m-bo‘sh. Bu holini atrofdagilar ko‘rib turganday uyalib ketdi.
Uch, yetti, yigirma degan marakalarni bitta qilib xatmi Qur’on o‘tkazishdi. Uch o‘g‘il belbog‘u ta’ziya choponlarni yechib o‘z uylariga, ishlariga ravona bo‘lishdi. Otamlab yig‘layverib yuragi sanchib yotib qolgan yolg‘iz qizini kuyovi olib ketdi. Ana shu voqealar bilan biroz chalg‘igan bo‘m-bo‘shlik vaqtincha yiqqan qanotlarini yana yoyib oldi.
Mana ikki oydirki, har tong hovli to‘ridagi erining kursisi Vasila momoni chaqirar, u itoatkorona bo‘ysunar, dardmand oyoqlarini bir-bir bosgancha kelib o‘tirar edi. Qolgani bo‘m-bo‘shlik. Ba’zan ko‘ngil so‘rab kirib chiqadiganlarning qiyofalari, so‘zlari shu bo‘m-bo‘shlikda erib ketardi. Unga ba’zan bu uyda o‘zi hech qachon yashamagandek tuyulardi. Hovli-joyi va bolalarining mavjudligi, ular taqdiri, g‘amu tashvishlari ham ana shu bo‘m-bo‘shlik qa’rida ekanligini his qilardi.
Vasila momo o‘tkazgan umrining qayeridadir o‘zini hayot bilan bog‘lab kelgan rishta bo‘lganligini ham tuyardi. Ammo uning nima ekanligini, qachon paydo bo‘lganini va o‘zining borligidan shu paytgacha mujda bermagan bu ojiz nurning nomini bilgisi kelardi.
Vasila momoning kamgap bo‘lib qolgani, kun bo‘yi hovlidagi kursidan turmasligi o‘g‘illarni, qarindosh-urug‘larni, qo‘shnilarni xavotirga solib qo‘ydi. Har zamon xabar oladigan qudasi Gulsum momo bir kuni kuyib ketdi:
– Vasilaxon, erini yerga qo‘ygan bitta sizmi, yuragimizni to‘kib tashladingiz-ku. Mana, qudangiz o‘tganiga uch yil bo‘ldi, hayot to‘xtab qolgani yo‘q, yuribman bolalarga aralashib. Xudoga shukr, uchta o‘g‘lingizni ham el taniydi, qizingiz tinchib ketgan. Shularni duo qilib, boradigan joyingizga borib, mazza qilib yurmaysizmi?..

Birdaniga vaqt qaytib kelganday bo‘ldi. “Boradigan joyingizga borib… Boradigan joyingizga borib… Boradigan joyingizga borib…” Yo‘q, bu erining joni uzilgan kun ketib qolgan vaqt hassasining do‘qillashi emasdi. Bu vaqt poyezdining g‘ildiraklaridan yoxud vaqt tulporining tuyoqlaridan bir maromda taralayotgan ovoz edi. Atrofini va yuragini qamrab olgan bo‘m-bo‘shlik qa’rida nimaningdir, yo‘q, kimnidir qiyofasi paydo bo‘la boshladi. Vasila momo beixtiyor ko‘zlarini osmonga tikdi… Turli shaklu shamoyildagi oppoq bulutlar nimanidir kutayotganday momoga qarab turardi. O‘sha bulutlar…

– Vasila, eng oldinda turgan bulut nimaga o‘xshaydi, ayt-chi?
– Bolishga o‘xshaydi. Shamol boshini qo‘yib yotsa kerak.
– Bekor aytibsan, u otga o‘xshaydi, mening otim, orqasidagi esa arava, xohlasang mindirib olaman.
– Hecham arava emas-da, u ko‘ylakka o‘xshaydi, etaklari uzun.
– Anavi oxiridagi bulut buvangni o‘zi, soqoli oppoq. Yonidagi kichkina, dumaloq bulutcha sen bo‘lsang kerak.
– O‘zing kichgina, dumaloqsan. Botir-tir-tir. Bo‘ldi san bilan o‘ynamayman.
Vasila Eski shahar o‘rtasida qandaydir mo‘jiza bilan omon qolgan tepalikdan g‘izillagancha tushib ketdi. Botir yakka-yu yagona qo‘yini boqib o‘tirishga majbur. Bir-ikki soatdan so‘ng, qo‘lida daftari bilan Vasila yana paydo bo‘ldi.
– Botir, matematikamni yechib ber. Tir-tir deganimni qaytib oldim.
– Qaytib olmasang ikki yamlab bir yutardim, vi-i-i…
Botir tishlarini ko‘rsatdi. So‘ngra daftarni ochib varaqladi.
– Yechib ber, emish, hech bo‘lmasa yordam ber, deb ayt. Osonlarini o‘zing ishlasang ham bo‘larkan.
– Sen ikki sinf yuqorisan, bunaqalar senga oson.
– Bo‘pti. Hozir bulutlar rangga kiradi, shuni tomosha qilaylik.
– Kim ularni ranglaydi, Xudomi?
– Yo‘q, quyosh botayotgan paytda nurlari bulutga tushadi.
– Botmasidan oldin nurlari tushmaydimi?
– Tushadi.
– Unda nega bulutlarni rangga bo‘yamaydi?
– Bilmadim.
– Bilmasang, bilib qo‘y, Xudo qachon xohlasa o‘shanda bo‘yaydi.
– Senga buvang rosa o‘rgatibdi-yu. Bo‘lmasa otlarni, qo‘ylarni ham Xudo rang­laydi dersan?
– Bo‘lmasa kim?
– Zoti shunaqa bo‘ladi.
– Odamni-chi?
– Nima, “odamni”?
– Odamni zoti ham bormi? Afrikada qop-qora odamlar yasharkan-ku.
– Afrika issiq, shuning uchun qorayib ketishgan, balki zoti shunaqa qop-qora odamlardir.
– Kim ularni Afrikaga yuborgan? Ular ham aqlli-ku, nega issiq joyga boradi?
– Hech kim yubormagan, ular o‘sha yerda yashaydi.
– Bekor aytibsan, Xudo yuborgan.
– Hali maktabni bitiray, katta-katta o‘qishlarda o‘qib o‘zim ranglar yarataman. Afrikagayam borib kelaman, kitoblarni olib kelib, isbotlab beraman.
– Kelolmay qolib ketsang-chi Afrikada? Xudo agar xohlasa saniyam, maniyam boshqa joyga yuborishi mumkin. Mana, dadam urushdan qaytmaganlar.
– Men qaytib kelaman… E, qara, sen ko‘ylak degan buluting qip-qizil bo‘lib qolibdi…

Vaqt yetaklab kelgan, unutilgan bulutlar muhrlangan bu lahzalar qancha davom etganini Vasila momo bilmadi. Gulsum momoning “Boradigan joyingizga borib…” degan so‘zlaridan u uzoq uyqudan uyg‘ongandek bo‘ldi. Gapiraverib charchagan Gulsum momo ketishga taraddudlandi.
– Mayli, Vasilaxon, men boray, erta-indin yana kirarman, – dedi.
– Rahmat, quda, “boradigan joyingizga borib yurmaysizmi?” degan gapingizni hech o‘ylamapman.
– To‘g‘ri-da…
– Aytganingizni qilib, ertaga Toshkentga yo‘lga chiqaman.
– Toshkentga?.. Voy esim qursin, qarindoshlaringiz bor-a? Ana, to‘g‘ri qilasiz, yozilib, yurakni shamollatib kelasiz.
Vasila momoning oyoqlariga mador, vujudiga kuch, yuragiga g‘ayrat qaytganday edi. U xonasiga kirib, safarga chiqqanida olib yuradigan chog‘roq sumkasiga ikkita ko‘ylak va ro‘molini o‘rab joyladi. Ko‘pdan ochilmagan shkafning tortmasiga kalit soldi, bir uyum taqinchoqlarga nazar ham qilmay, ikki-uch bog‘lam pul va pasportini uzunchoq charm hamyoniga tiqdi. Oq oralagan sochlarini tarab, qayta turmakladi, azalik ro‘molini bog‘ladi. Va birdan hozir emas, ertaga yo‘lga tushmoqchi bo‘lganini eslab, divan chetiga ohista cho‘kdi. Nigohi xonaning bir yil oldin ta’mirlangan devorlarini, naqsh chizilgan moviy rangdagi shiftini, ko‘pdan buyon zanjiri tortilmaganidan to‘xtab qolgan, odam bo‘yi keladigan qadimiy soatni, burchakdagi qulfi musiqali eski sandiq ustidagi taxmonni bir qur aylanib chiqdi. So‘ngra devordagi gilam o‘rtasiga osilgan suratga kelib to‘xtadi. Bu marhum eri va o‘zining birga tushgan surati edi.
Negadir suratdagi odamlar begonadek yuragi jimjit edi. Erining aql, olijanoblik balqib turgan yuziga mehr va achinish bilan termildi. Shu topda u marhum bo‘lgan yaqinlarining barchasini xuddi ana shunday mehr va achinish bilan eslay olishiga ich-ichidan ishondi. Nega eriga bundan-da ortiqroq tuyg‘u bilan boqa olmayapti. Holbuki qirq besh yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan jufti halolidan ayrilib qolgani uchun yum-yum to‘kilib yig‘lashni, uning jaranglagan ovozini, eshikdan jilmayib kirib kelishlarini sog‘inishni, o‘zining himoyachisiz, beva qolganidan o‘ksinishni istardi. Ammo bu istaklarga o‘zini majbur qilolmayotgan edi. O‘zi ham nimaligini anglolmayotgan bu holati, ojizligi uchun eridan kechirim so‘radi.
Vasila momo tongda kechagi bulutlarni izlab osmonga behuda tikilardi. Vaqtmi, shamolmi oppoq bulutlar suruvini haydab ketgan, osmon ko‘m-ko‘k edi.
Hovli to‘ridagi so‘rining yonida uch-to‘rtta tovuq daraxt ostiga sepilgan non ushoqlari, don-dunni talashib kuymalanar, olma daraxti har zamonda sarg‘aygan yaproqlaridan tashlab ularni cho‘chitmoqchi bo‘lardi. Devor ostidagi tuvaklardagi ajnabiy gullar – balki afrikalikdir – bu kecha ko‘rgan tushlarini bir-birlariga aytib berishar, tonggi shamol esa derazaning ochiq qanotidan chiqib qolgan darpardaning etagini tortqilab, qayerlargadir birga ketishga undardi.

* * *
Poyezd shitob bilan yelib borardi. G‘ildiraklardan chiqayotgan bir maromdagi ovoz Vasila momoga tanish va qadrdon edi. Vaqt Vasila momoni hamon davom etayotgan kechagi iztirobli o‘ylardan chalg‘itdi. Jalil akasi bilan to‘ylari o‘tgach, birinchi marta “temir izda yuradigan uy”ga chiqqan edi. To‘rt kishilik xonachada oyog‘ining ostidan chiqayotgan “taqa-tuq” ovozdan avval cho‘chigan, so‘ngra zavqi kelib necha marta taqillar ekan deb sanashga tushgan edi. Sanoq mingdan oshgach, adashib ketar, yana qayta boshlar, mingdan oshgach, yana adashardi.
Ertalab kichik uychaning katta derazasidan qarab angrayib qoldi. Daraxtzorlar, pastak-pastak uylardan iborat qishloqlar, poda-poda qo‘y-sigirlar, yam-yashil dalalar poyezd atrofidan chirillab aylanardi. Avvaliga ularning nega bir joyda turmay, aylanayotganini tushunmadi. So‘ngra o‘qituvchisining yerning aylanishi haqidagi gaplarini esladi.
– Jalil aka, yer aylanyaptimi, biz yerning aylanishini ko‘ryapmizmi? – deb so‘radi. Jalil akasi zavq bilan kuldi, so‘ngra:
– Ha, Vasilam, yer aylanyapti, biz ko‘ryapmiz. Hali seni samolyotlarga olib chiqaman, o‘shanda yerning ustidan biz aylanishimizni ham ko‘rasan. Har bir kuningni mo‘jizaga, hayratlarga to‘ldiraman.
Jalil akasi har doim ana shunday hayajon bilan, chin dildan, chiroyli so‘zlarni topib gapirardi. Va har doim aytgan so‘zining ustidan chiqardi.
Haqiqatan ham Vasila momoning eri bilan ko‘rmagan yeri kam qoldi. Xizmat safarlarida Jalil akasi uni doim o‘ziga hamroh qilar, go‘yo safarga xizmat uchun emas, Vasilani hayratlantirish uchun, Vasila uchun borardi. U ufqdan ufqqa tutash okeanda suzayotgan kema atrofidan suvning charx urib aylanishini ham, osmonu falakka ko‘tarilib to‘xtab qolgandek tuyuladigan samolyot oynasidan bulutlar sahrosini ham ko‘rdi. Qirq besh yillik turmush davomida Jalil akasi bu mo‘jizalarni o‘nlab-yuzlab marotaba tuhfa qildi.
U o‘zining Jalil akasi uchun hamma narsa ekanligini bilardi, ammo eri o‘zi uchun kim ekanligini hech qachon o‘ylab ko‘rmagandi. Ustozmi, do‘stmi, otalarcha, akalarcha mehribonimi, seviklisimi? Yuragining tub-tubida eri u uchun hamma narsa emasligini his qilar, hamma narsa bo‘lishi uchun nima qilishini ham bilmasdi. Ammo u xayolining ostonasiga ham birovni yo‘latmaydigan sadoqatli, evaziga hech narsa talab qilmaydigan fidoyi, hayotini erisiz tasavvur qila olmaydigan vafodor xotin edi. Shunga qaramasdan, uning baxt va masrurlikdan iborat bu hayotini kimdir chetdan turib qachondir tugaydigan spektaklday tomosha qilayotganini ham ich-ichidan his qilib turardi. Ba’zan o‘sha tomoshabin – uning o‘ziday tuyulardi.
Vaqt Vasila momoni javobsiz savollardan qutqarish uchun poyezdning tezligini oshirdi. Deraza qarshisida yantoq va yulg‘unlari qovjiragan biyday sahro chirpirakday aylanardi. Cho‘lning o‘rtasiga qora hoshiyaday tushgan yo‘l esa, bu sahro raqsiga qo‘shilmas, Vasila momoga muhim bir gapni aytmoqchiday, poyezd bilan baravar yugurardi. Biyobonga qadalgan yakkayu yagona tugmachaday pastak kulba g‘izillab o‘tib ketdi…

– Vasila, bilasanmi, tugmani nega o‘ylab topishgan?
– Ko‘rinib turibdiki, Botir akamiz kitobdan yana bir aqlli gap o‘qib kelgan.
– Kitobdan emas, o‘zim o‘yladim.
– Tugma kiyimning oldini yopish uchun qadaladi. O‘ylab, qiynalib yurguncha mendan so‘ramaysanmi?
– Tugmani sir saqlash uchun kashf qilishgan. Mana, masalan, kamzulingni cho‘ntagida pul bor, uning pul ekanligi sir, sening siring. Bilib qolmasliklari uchun cho‘ntakni tugmali qilishadi.
– Botir, o‘n yettiga kirding, mendan katta bo‘lsang ham boladay o‘ylaysan-a? Bozor-o‘charga chiqqanda pulni kissavurlar urib ketmasin deb cho‘ntakka tugma qadaladi.
– Ko‘ylakka, kostyumga, paltoga-chi?..
– Ichidagi odamni o‘g‘irlab ketishmasin deyishadi.
– Kulma. Odamning o‘zi, tanasi boshqalar uchun sir, yuragi ham sir. Shularni berkitib yurish uchun kiyimlarini tugmalab olishadi.
– Aha, tugmang uzilib qolsa, qadab ber deb darrov yugurib kelasan, siring ochilib qolishidan qo‘rqarkansan-da. To‘g‘risini ayt, seniyam siring bormi?
– Hammada sir bor.
– Menga aytasanmi?
– Anavi, uylaringda turgan sahroyi student menga yoqmaydi, yomon ko‘raman.
– Urishib qoldilaringmi?
– Yo‘q, urishish nari tursin, gaplashishni ham xohlamayman.
– Bir gap bo‘ldimi?
– Uni senga tikilib qarashi yoqmaydi, ko‘zida nimalardir bo‘ladi, qandaydir sir borday.
– Ha, unda Jalil akaga, ko‘zingizga tugma qadab oling, deylik bo‘lmasa.
– Hazilga olma… O‘shani chiqarib yuborsalaring bo‘lmaydimi?
– Bo‘pti, kelsa aytaman, qo‘shnimiz Botirga ko‘zingizdagi sir yoqmayapti, boshqa joy toping, deyman.
– Nima, sen uning tarafini olyapsanmi?
– Jinnimisan, Botir…

Bo‘m-bo‘shligi bilan Vasila momoning ko‘zlarini charchatgan, hamon charxpalakday aylanayotgan sahro ustiga shom qizg‘ish choyshabini yopdi. Bundan norozi bo‘lgan poyezd joni boricha chinqirib qo‘ydi. Vaqt kunbotardagi o‘chog‘ida yoqqan katta gulxan kichraya boshladi…

* * *
– Orqangni olovga yaqinroq tutib o‘tir, bolam, badaningga issiq yuguradi, – Shoqosim buva temir pechkaga tarasha tiqarkan isitmadanmi, sovuqqotganidanmi qaltirayotgan talaba yigitga gapirdi. – Sarvi xolang Yangiyo‘ldagi ukasinikiga ketganiga ancha bo‘ldi. Qarasam, hafta bo‘ladiki, mo‘ridanam tutun chiqmaydi. Ijaradagi bolasi boridi, xabar olay-chi, deb kiruvdim. Seni qara-yu, amaki, o‘tin yo‘g‘idi, uy sovuq, deb chiqib kelavermaysanmi?
– Ko‘rpalar bor, sovqotganim yo‘q, – yigitning ovozi zo‘rg‘a chiqdi.
– Sovqotmadimmish, isitmangni balandligidan qo‘l kuyadi-yu.
– Uyni shunaqa qilib isitayotuvdim, amaki, kasal emasman.
– Hazil ham qiladi, shu holiga.
Vasilalarning uyiga Jalil akasi ana shu bahonayi sabab kelib qoldi. Uning eski rivoyatlarni ko‘p bilishi, xushchaqchaqligi Shoqosim buvaga ham, kampiriga ham yoqib tushdi. Bo‘yi uzun, baquvvat, qoshlari qalin, katta-katta ko‘zlari quvnoq, istarali bu yigitga qo‘ni-qo‘shni qizlarning hammasi mahliyo edi. U haqida surishtiraverib, Vasilani holi joniga qo‘yishmasdi.
Talaba yigit kelgandan so‘ng kunda-shunda Botirning oyog‘i bu xonadondan tortila boshladi. Negadir keyingi paytlarda odamovi bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Botir har kuni Vasila bilan ko‘chada turib gaplashar, turli bahonalar qilib hovliga kirmasdi. Vasila sakkizinchi sinf bo‘lgani uchun bitiruv imtihonlari mashmashalaridan iborat o‘z dunyosi bilan yashardi. Jalil akasi Vasilaning darslariga yordamlashar, qiziq-qiziq voqealarni aytib uni kuldirar, kitoblaridan hikoyalar, she’rlar o‘qib berardi. Vasila aka-ukasiz, yolg‘iz qiz bo‘lgani bois bu talaba yigit unga haqiqiy aka bo‘ldi. Shu taxlit ular uchun faqat xursandchilik kunlardan iborat bo‘lgan ikki yil suvday oqib o‘tdi.
Vasila bir kuni yotish oldidan suv to‘latilgan chelaklarning usti ochiq-yopiqligidan xabar olgani hovliga chiqdi. Va buvasining hujrasidan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz kelayotganini eshitdi. Yaqin borib quloq tutdi, buvasi bilan Jalil akasi ekan.
– …Ota, baribir “egasiga topshirsak” deyapsiz-ku. Men uni qanday yaxshi ko‘rishimni bilmaysiz. Inson sevgan odami bilan yashasa baxtli bo‘ladi. Ikki yil bo‘ldi menga uyingizdan joy berganingizga, ikki yildan buyon hayotim o‘zgargan, faqat u borligi uchun tirik yurgandayman.
– Bolam, bilaman, seni qandayligingni ham, ko‘ngling tozaligini ham bilaman. Lekin yurting uzoq, o‘g‘lim. Qizimning o‘zi ko‘ngli yarimta. Onasi yoshligida o‘lib ketgan, otasi urushdan qaytmadi, bizdan boshqa hech kimi yo‘q. Bizni ham dunyoda yolg‘iz umidimiz shu qiz. Bizgayam qancha qoldi bu yog‘i, bilmaymiz.
– Sizga va’da beraman, ota-onasi, aka-ukasining o‘rnini to‘ldiraman. Har oy olib kelaman. Boshqaning qo‘lida u so‘lib tamom bo‘ladi. Men…
– Sendan boshqalarni avlo deyayotganim yo‘q. Xudo o‘g‘limni urushda olib qolib, o‘rniga seni yubordi deb yuribman. Yo‘l uzoq, o‘g‘lim. Yo‘l…

* * *
Yo‘l endi ko‘rinmas, ammo qorong‘ilik qa’rida hamon poyezd bilan barobar halloslab kelayotganiga Vasila momoning ishonchi komil edi. Nima demoqchi unga? Yoki ertaga qay manzilga borishini aytmoqchimi? Vaqt tunning sochiga soch ular, ataylab ertaning bo‘lishini cho‘zardi. “Samarqand non, issiq non… Samarqand non, issiq non…” Kupening eshigi taqilladi…

Eshikni ochishi bilan Botir shartta qo‘lidan ushlab, tashqariga yetaladi.
– Senda gapim bor.
Bir eshik naridagi ularning kichkina hovlisiga kirishdi.
– Uyda hech kim yo‘q, mana bu yerga o‘tir, – dedi u quduq yonidagi tutning kundasini ko‘rsatib. – Kimga tegib, qayoqqa ketmoqchisan, esing joyidami?
– Kim tegmoqchi?..
– Vasila, menga qara. Mana shu uy, buvangni hovlisi, ko‘chamiz, anavi tepalik, mana shu quduq, mana shu… men – sening vataning. Hammasidan judo bo‘lasan. Nima bor u yerda, nima? O‘sha sahroyi akangni sevasanmi?
– “Sevasanmi?..” Sevgi degani qanaqa bo‘ladi o‘zi, nima degani u?..
– Meni masxara qilyapsanmi? Mana bunday bo‘ladi, – Botir Vasilaning yuziga shapaloq tortib yubordi. Vasila yig‘ladi, to‘lib-to‘lib yig‘ladi, turib ketmoqchi bo‘ldi.
– Meni kechir, – dedi Botir. – Ichim yonyapti. Sevgini bilmayman, nimaligini bilmayman, tushunyapsanmi? Lekin seni men olaman. Tegma unga, tegma!
Vasila o‘rnidan shasht bilan turdi.
– Sevgining nimaligini men ham bilmayman. Lekin eshitib qo‘y, seni sevmayman, uniyam sevmayman.
U darchani qars etib yopib chiqib ketdi. Botir orqasidan baqirdi.
– Vasila, Vasila, to‘xta…

Poyezd to‘xtadi. Vasila momo vagon derazasidan nazar tashladi. Yuk surgalagan olomon bilan qaynayotgan vokzal uning qalbidagi bo‘m-bo‘shlik qa’riga singib ketdi. Nigohlari unga nimadir demoqchi bo‘lib, poyezd bilan birga yugurib kelgan yo‘lni izladi. Yo‘l esa ortga – bo‘m-bo‘shlikka qaytib ketgandi. Vaqt vagon zinasidan yerga oyoq qo‘yishi bilan shahar shovqin-suroni uni ajdarho yanglig‘ yutib yubordi. Vasila momoning bir o‘zi qoldi. U kindik qoni tomgan, tug‘ilib-o‘sgan shahriga kelib, ilk bora qayerga borishini bilmay, xayoliga kelgan manzillarga oyog‘i tortmay o‘tirardi.
O‘zlarining hovlisida hozir begonalar yashayotgan bo‘lsa kerak. Buvasi bilan buvisi shu hovliga kelib yashash sharti bilan Jalil va Vasilaning to‘yiga rozilik berishgandi. Olti yil birga yashashgach, chol-kampir birin-ketin omonatlarini topshirishdi. Buvisining bechorahol, serfarzand, uzoq bir qarindoshi bor edi, hovlini ularga hadya qilib, erining yurtiga ketishdi. U har safar Toshkentga yo‘li tushganda buvasi bilan buvisining qabrini ziyorat qilib chiqardi-yu hovliga, mahallasiga bormasdi. Botirni uchratishdan cho‘chirdi, buning ustiga Jalil akasi ham uni yoqtirmasdi.
Bir safar malaka oshirishga kelganda, institutdan chiqib bekatga yo‘l oldi. O‘zidan sal oldinda og‘ir-og‘ir odimlab borayotgan do‘ppili, eskigina kostyum-shimdagi kishini quvib o‘tdi.
– Vasila!
Vasila hayron bo‘lib o‘girildi va uni… ko‘zlaridan tanidi. Sochlari oqargan, peshonada iztirobning qavat-qavat ajinlari. Bir-ikki soniya ko‘zlar gaplashdi.
– Vasila, o‘shanda chaqirganimda nega orqaga qaytmading?
– Bilmayman.
– Nega menimas, uni tanlading?
– Bilmayman. U ham yaxshi odam.
– Ko‘ryapsanmi holimni?
– Meni kechiring.
– Hozir qayt desam, qaytarmiding?
– Yo‘q, qaytolmayman.
So‘ngra vaqt yuraklarni qulfladi, tillarni kalimaga keltirdi.
– Yaxshi yuribsanmi, Vasila? – bu ismni ovoz chiqarib ayta olganidan ko‘ngli orom topganini yuzlari, ko‘zlari aytib turardi.
– Xudoga shukr, rahmat, Botir… Botir aka.
– Bolalar nechta, Vasila? – u bu ismni ro‘parasidagi ayoldan ham ardoqlab aytayotgani sezilardi.
– Uchta. O‘zingizda-chi?
– Bizdayam yetarli.
– Ishlaringiz yaxshimi?
– O‘qiyolmadik, Vasila. Mana… nasibani terib yuribmiz. Sahroyi ering ham yuribdimi? – uning savol ohangidan Vasilaning erini sog‘ligini so‘rash yoki suhbatni davom ettirish istagi emas, erining bu dunyoda haliyam bormi-yo‘qligini bilish, nimadandir ilinj ishtiyoqi sezilib turardi.
– Ha, ishlab yuribdi.
Vaqt qayta bog‘lanishdan mahrum dillarning azobli suhbatini to‘xtatdi.
– Mayli, men boray. Sog‘ bo‘ling.
– Vasila, mana… u bilan yashab yuribsan… o‘sha… sevgi nimaligini tushunib oldingmi? Men haliyam javob topolganim yo‘q.
Vasila “Xayr” dediyu, qadamlarini tezlatgancha Botirdan uzoqlashdi. Bu voqeaga ham o‘ttiz yilcha bo‘lib qoldi. Hozir Botir yetmishni qoralab, Botir buva bo‘lib qolgandir…

Vasila momo da’fatan kupeda anchadan buyon yolg‘izlik sukut saqlab o‘tirganini sezib qoldi. O‘zini olib kelgan ham yolg‘izlik poyezdimidi yoki?! Hamma vagonlar bo‘sh, hech kim yo‘q. Kupe derazasi ham tiriklik va hayot qo‘shig‘ini kuylab ro‘parasidan suzib o‘tgan manzaralarni xotirlagancha, yo‘lovchilardan bo‘shab, huvullab qolgan vokzalga tikilgan ko‘yi xayolga tolgan. Vasila momo uni qo‘lidan ushlab bekatgacha olib kelgan yolg‘izlikning nigohlaridan qutulish uchun taksiga o‘tirdi…
Taksidan tushib hangu mang bo‘lib qoldi. Qani, uning beg‘ubor bolaligi o‘tgan hovlisi, qani… ularning uyi? U to‘rt tomonga alanglar, kimdir aziz narsasini o‘g‘irlab ketganday yuragi alag‘da edi. Ichkari ko‘chadan, issiq non to‘la bolalar aravachasini yetaklagancha, bir kelinchak chiqib keldi.
– Opoqi, birortaning uyini qidiryapsizmi?
– Mana shu yerda hovlilar bor edi, Shoqosim otaning hovlisi, keyin… Botir buvaning hovlisi, ko‘rmayapman…
– Bu mahallaga tushganimga uch yil bo‘ldi, avvalgilarni bilmayman. Kutib tursangiz, oyijonimdan so‘rab chiqaman.
Kelinchak aravachasini qoldirib, ichkari ko‘chaga kirib ketdi. Birozdan so‘ng shoshib qaytib keldi.
– Oyijonim u hovlilar buzilib yo‘l tushgan, dedilar. Sizni chaqiryaptilar, ko‘rinishingizni aytuvdim, man tanisam kerak, dedilar.
Vasila momo darvozaga ro‘para bo‘lganda, so‘ridan inqillab tushgancha bir kampir peshvoz keldi.
– Siz so‘radingizmi, aylanay, Shoqosim buvani?.. Vo-o-oy, Vasila emasmisan, adashmadimmi?.. Vasila-a-a, o‘zgarib ketibsan, qani-qani bir bag‘rimga bosay.
– Samiya opa, o‘zizmisiz? Ming yil bo‘ldi sizlarni ko‘rmaganimga, – Vasila momoning eri o‘lganidan buyon birinchi marta ko‘ziga yosh keldi.
Turmushu bola-chaqalarning so‘rovi tugagach, Samiya opa:
– San ketding, sinfdoshim Botir yomon kuydi-da. Armiyaga ketdi, keldi. O‘qishgayam kirmadi. Sandan boshqa dardi yo‘q edi. O‘ttizigacha uylanmadiyam. Odamam shunaqa yaxshi ko‘rarkanmi?..
– Uylari buzilibdi, ko‘chib ketishganmi?
– Voy eshitmaganmisan, o‘lganiga yetti yil bo‘ldi-yu…

Bo‘m-bo‘shlik qa’ridagi so‘nggi tasvir ham erib ketganday, o‘zini hayot bilan bog‘lab turgan so‘nggi rishta ham uzilganday edi. Vasila momo nima yuz berganini anglamay qoldi. Qudasining “boradigan joylarga borib” so‘zlari baxsh etgan kuch vujudini tark eta boshladi. U Samiya opa bilan xayrlashib chiqqach, oyoqlariga nima deb buyruq berishniyam bilmay, beixtiyor osmonga ko‘z tashladi. Ko‘m-ko‘k osmonda oppoq bulutlar karvoni unga tikilgancha muallaq turardi. Oldindagi bulut otga o‘xshardi. Orqasidagi esa aravaga. Botir uni shu aravaga mindirmoqchi edi. Oxiridagisi – soqoli oppoq buvasining o‘zi, yonidagi kichkina, dumaloq bulutcha Vasila edi…

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 6-son