Anvar Obidjon. Sovigan ko‘ngil (hajviya)

Shu topda u ko‘zimga yanada sovuq ko‘rinib ketdi. Aftimni tirishtirib, yuzimni chetga o‘girdim.
Kayfiyatim tushganini payqayotgandek, «ilgarilari mendan joningizniyam ayamas edingiz, endi me’dangizga tegdim shekilli», deyayotgandek tuyuldi. O‘ng‘aysizlanib, ko‘zimni yerga qadadim.
U esa go‘yo ta’nani davom ettirdi: «Balki, mendan qutulmoqchidirsiz?»
«Ha!» deb baqirgim va bir yo‘la orani ochiq qilib qo‘ygim keldi-yu, to‘satdan ikkilanib qoldim: «Balki, usiz menga juda qiyin bo‘lar…»
Shunda u birdan tutoqib ketgandek, «Siz nomardsiz!»– deya zahrini to‘kkandek bo‘ldi.
– Mayli, men nomard bo‘laqolay! – nihoyat dadil turib o‘shqirdim unga o‘chakishib. – Endi sendek zaqqum bilan sirayam yaqin bo‘lolmayman!
… O‘sha-o‘sha, chekishni butunlay tashlab yubordim.
1978 yil.