Kechki ovqatdan keyin dadam oziq tishini kavlab turib: «Sizga bildirmay, bitta ish qipqo‘ydik, o‘g‘lim», deb qoldi. Birdan yuragim alg‘ov-dalg‘ov tepdi.
– Uyim kuyibdi-ku, dada! – deb vangilladim men. – Dakang xo‘rozimni oxiri so‘yvoribsiz-da?
Kutilmaganda, dadamning eski tutqanog‘i tutib, «he, o‘sha jipiriq xo‘rozingni…» deya og‘ziga endigina zo‘r berayotuvdi, ayam uning gapini bo‘lib, «qachon esing kiradi, yer yutkur, senga xotin topib qo‘ydik», deb peshanamga musht niqtadi. Shundan so‘ng sal o‘zimga kelib, xuddi uyalayotgandek, sekin boshimni egdim.
Ochig‘ini aytsam, xotinsiz yashash judayam qiyinligini birinchi sinfligimdayoq payqab yetganman. Uyga berilgan vazifalarni bajarolmay, jonim hiqildoqqa kelgan vaqtda, «shu ziqnalar meni bironta a’lochi qizga uylantirib qo‘yishsa o‘lisharmikin», deb ota-onamdan yomo-o-n o‘pkalardim. Mana, bugun niyatimga yetib turibman.
Taqdirning tantiligini qarangki, ayam quyi mahallalik bir qiz bilan to‘yda yonma-yon o‘tirib qolib, ikki og‘izgina gaplashibdi-yu, bor ixlosini beribdi-qo‘yibdi.
– Voy, uning biyronligi, voy, uning donoligi! – deya ochilib-sochilib maqtashga tushdi ayam. – Bodringdan gap ochganimni bilaman, urug‘ni tanlab ekishdan tortib, palak yulishgacha bo‘ladigan ishlarni oldimga bittalab taxlab qo‘ydi. Gapini eshitib, o‘qishni Yoponiyada bitirganmi deb o‘ylaysiz. Akamning keliniyam yuribdi-da, besh yil do‘xtirlikka o‘qib kelib, oshqovoq o‘stirishniyam bilmasdan.
Dadam bir kekirib olgach, gerdayib gap qo‘shdi:
– Sal hovliqmasdan gapirgin! Ishqilib, tuzukroq sinadingmi uni? Masalan, qoraurug‘ bodringdanam gapirib ko‘rdingmi?
– Qoraurug‘ azaldan kamxamak bo‘larkan, – dadamga jahl bilan tikildi ayam. – Aytuvdim-a, bu yil olaqashqadan ekaylik deb. Dunyoda bitta qaysar qolgan bo‘lsa, uyam sizsiz!
Dadam havo ayniyotganini payqab, to‘satdan jiddiy qiyofaga kirdi. Jiddiylashib qovoq uydimi, bilingki, siyosiyroq bir ma’ruza qiladi.
– Ko‘chama-ko‘cha xo‘roz urishtirib yurishni yig‘ishtiring endi, o‘g‘lim, – dedi u menga yuzlanib. – Yaratganga ming qatla shukurki, ajdodimizda zoti past parrandavozlar o‘tmagan. Biz… dehqonmiz!
– Ha, yetti pushtimiz dehqon, – ma’qullab bosh irg‘adi ayam.
Nihoyat, dadamning siyosatiga navbat yetdi:
– Hozirga kelib, davlatimizning hamma umidi dehqondan bo‘pqoldi. Dehqondayam o‘ziga yarasha farosat borligini oxiri tan olishdi. O‘zing bilgan yerga o‘zingga ma’qulini ek, qancha ko‘p narsa topshirsang, bizniyam yolchitasan, o‘zingniyam, deb turishibdi. Ilgari, institutni chala bitirganlar yigirmanchi qavatda o‘tirib, pastda yer chopib yurganlarga aql o‘rgatishardi. Oqibati nima bo‘lganini ko‘rdik. Ota-buvalarimiz bog‘-dalaga yaqin joylarga hatto hammom soldirishmagan, bular dalalarning biqiniga zaharli zavo‘dlar qurishdi. Burungilar yarimlab qolgan hovuzni ko‘rishsa, mahalladagilarni noshudga chiqarishgan, bular kattakon bir dengizni quritvorishdi. Adirlarni bog‘ qilamiz deb, pastdagi bog‘larni zaxlatib chiritishdi, tayyor ekinzorlar ishdan chiqdi…
Men gapning qachon xotin masalasiga kelib taqalishni kutib, dadamning og‘ziga betoqat termildim.
– Xullas, asosiy javobgarlik endi o‘zimizga qolyapti,– deya so‘zini davom ettirdi dadam. – Davlatning ishonchini oqlashimiz kerak. Men bilan seni qo‘lingdan keladigani– bozorlarni bodringga to‘ldirvorish!
Dadamning bu so‘zlaridan keyin mamlakatimizni yanada farovonlashtirish uchun o‘sha qizga uylanishim shartligini chuqurroq his qildim. Boshqacha aytganda, el-yurt fidoyilarining soni shu topda yana bittaga ko‘paydi.
– Kelinbolani bir ko‘rib qo‘yasanmi? – deya men kutayotgan mavzuga ko‘chdi ayam.
Avvaliga «ha endi, xotin bo‘lsa bo‘pti-da», demoqchi edim-u, keyin yigitlik g‘ururim qo‘zib, «mayli, bir ko‘z urishtirib qo‘yaylik», dedim.
Mundoq qaragandayam, ko‘rmay-gaplashmay turib xotin olish bizga o‘xshagan impo‘rtbop yigitlarga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirgi qizlarni har tomonlama sinab ko‘rish kerak. Bodring o‘stirishni bilsa, nima, olim bo‘pketibdimi? Shu ayam bilan dadam doim uzoqni o‘ylamay ish qilishadi-da. Bunaqa jiddiy masalaga bir yoqlama qarab bo‘ladimi?!
Qisqasi, o‘zim kallani joyiga qo‘yib, kelinbolani qattiq imtihon qilmasam bo‘lmaydi. Qani, bir g‘alvirda g‘ildiratib ko‘raylik-chi, o‘sha maqtagan qizlari turupchilikdan nimalarni bilarkin…
1985 yil.