Atrof zimiston. Yuragim hijil…
Tish-sh! Quloq soling-a, orqamdan pisib kelayotgan ajinalar shivir-shivir qilishyapti. Kaminani bo‘g‘izlamoqchimikin ular? Ana, eshityapsizmi?
Yo‘q. Baqaterakning barglari shildiryapti shekilli. Shabada esib turibdi-da.
Atrof zimiston. Yuragim bejo!
Yo alhazar! Bunisi qanaqa maxluq endi? Hezalaklarga o‘xshab kulyapti. Tishi arrasimon bo‘lsa-ya…
Uf-f, shundan qo‘rqib o‘tiribman-a. Boyo‘g‘li ekan. Uchib ketdi yaramas.
Atrof zimiston. Yuragim taka-puka!!
– A-a-a!
Nega baqiryapman? To‘g‘ri, baqirish kerak. So‘qmoqning qoq o‘rtasida bir ko‘zli odamyutar turibdi. Ko‘zlarining yonishini qarang.
– La ilaha illollo! La ilaha…
Shoshmang-chi. Bular tillaqo‘ng‘izlarmi deyman? Ha-ya! To‘planib olishibdi… Tfu!
Atrof zimiston. Yuragim pachava!!!
Erkakchasiga tan oladigan bo‘lsam, qorong‘ilikni bolalikdan jinim suymaydi. Lekin, boshga tushgandan keyin…
Gap shundaki, rahbarlikka tayinlandim-u, g‘alvalardan asabim taranglashib, yuragim g‘ijimlaydigan bo‘pqoldi. Vrachga borgan edim, u kechalari sokin joylarda sayr qilib turishimni maslahat berdi. Mana, davolanishni boshlab yubordim.
1978 yil.